OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifDino Butssati
Asar nomiEynshteyn bilan iblisvachcha (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Italiyan adabiyoti
Boʻlimlar
   - Ekzistensializm
Mualliflar
   - Dino Butssati
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonUzoq Joʻraqulov (Rus tilidan)
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Eynshteyn bilan iblisvachcha (hikoya)
Dino Butssati

Kuz oqshomlarining birida Albert Eynshteyn Priston (Nyu Jersi shtati) yoʻlkalari boʻylab kezib yurar ekan, bir gʻayritabiiy voqeani boshidan kechirdi. Uning oʻz holiga tashlab qoʻyilgan oʻy-fikrlari bu damda zanjiridan xalos boʻlgan it misoli daydishar, oʻz sohiblarini nazar-pisand qilishmasdi. Qizigʻi shundaki, ayni befayz va behalovat lahzalar Eynshteynni umr boʻyi intilgan-u, ammo roʻyobiga umidi soʻngan orzusi bilan qovushtirdi. Kiprik qoqqudek fursat ichida u makon evrilishiga guvoh boʻldi, uning nigohi, xuddi siz ushbu varaqni chor tarafdan koʻrib turganingizdek, oʻzga olamni birbutun qamrab oldi.

Garchi, insoniyat koʻzlari ilgʻay oladigan makondan oʻzga oʻlchamda ham olamlar mavjudligi allaqachonlar isbotini topgan boʻlsa-da, bunga hamon inson tafakkuuri uchun jumboq boʻlmish voqelik deya, shubha bilan qarab kelinadi. Goʻyoki oʻsha olam bilan biz yashayotgan olam oʻrtasida koʻrinmas bir devor bordek oʻzining uchqur tafakkuri qanotida tobora koʻkka yuksalib borayotgan inson nogahon shu devorga peshonasini uradi-da, parvoz nihoya topadi. Na Platon, na Pifagor, na Dante, bugun hayot boʻlganlarida ham, ushbu devorni ishgʻol qila olishmagan boʻlardi, illo, bizning miyamiz bunday haqiqatlarni sigʻdirishga qodir emas.

Zotan, dunyoda oʻsha begona olam sarhadlarini tajriba va uzluksiz riyozat orqali egallash mumkin, deya fikr qilguvchilar ham yoʻq emas. Yer yuzida paravozlar suron solib kezar, domna pechlari guvillar, urush va oʻlim vahshati davom etar, soʻlim xiyobonlar oshiq-ma’shuqlar boʻsalari tovushiga bezabonlarcha some’lik qilar, bir soʻz bilan hayot oqimi oʻz yoʻlida oqar ekan, qandaydir darveshnamo olimlarning mislsiz riyozatlari orqasida bir lahza oʻsha makon chegaralariga qadam qoʻyganlari, uning sir-sinoatlaridan voqif boʻlaroq, koʻz yumguncha oʻtgan vaqt orasida ortga qaytganlari, inson oyogʻi yetmagan choʻqqini zabt etganlari haqida afsonalar yuradi.

Biroq ushbu buyuk hodisotdan kimsa xabar topmaydi, birov u qahramonni tabriklamaydi ham, na tantanalar, na intervyular uyushtiriladi, na qahramonga biror nishon berishadi. Chunki bunday hodisalar xoslar uchun maxsus. Qahramon bu haqda bor-yoʻgʻi «Men u dunyoga borib keldim», deyishi mumkin, vassalom. Axir unda oʻzga olamda boʻlganini tasdiqlovchi na biror surat, na hujjat-dalil bor.

Voqean, shunday hodisa roʻy berib qolgudek boʻlsa, oʻz tafakkurimiz vositasida oʻsha oʻzga olamga tirqish topa olsak – biz uchun mavhum bir formuladan boshqa narsa boʻlmagan, bizdan tom ma’noda tashqarida boʻlgan olam ayni chogʻda hayotimizning oʻziga aylanadi. O! U lahzalarda oʻzligimizdan, qaygʻu, quvonch, tashvish atalmish yuklarimizdan biratoʻla xalos boʻlamiz. Inson tafakkuri naqadar bepoyon-a!

Xuddi shunday voqea, osmon billuriy ranglarga chulgʻangan, shahar chiroqlari goʻyo Zuhro yulduzi bilan bahs boylashgandek, u yer, bu yerda miltillay boshlagan ajoyib kuz oqshomlarining birida professor Albert Eynshteyn bilan ham sodir boʻldi. Uning qalbi – oʻsha sir-sinoatga boy bir parcha goʻsht – Xudoning marihamatini his qildi. Zero, Eynshteyn donishmand odam edi. Dunyo havaslariga parvo qilmasdi. Ammo ayni lahzalarda u oʻzini odamlar izdihomidan yuksaklarda his qildi. Non ushogʻiga intizor gado favqulodda bir xumcha oltin topib olgandi goʻyo.

Goʻyo Eynshteynning nomunosib oʻylariga jazodek, sirli haqiqat qanday paydo boʻlgan boʻlsa, shunchalik kutilmaganda, daf’atan koʻzdan yoʻqoldi. Ayni damda professor hozir boʻlgan makonining oʻziga tamomila notanish ekanini anglab qoldi. U chetlari jonli devor bilan toʻsilgan uzun yoʻlak boʻylab ketib borar, atrofida imorat tugul biror tirik jon koʻrinmasdi. Yoʻlak oxirida sariq-qora zebra tusida boʻyalgan, shiftini sharsimon chiroq yoritib turgan benzakalonka koʻrinardi, xolos. Yon tarafdagi skameykada, chamasi mijoz yoʻqligidan zerikibgina bir zanji oʻtirardi. Uning egnida ish kombinizoni, boshida esa beysbol shapkasi bor edi.

Eynshteyn uning yonidan indamay oʻtib ketmoqchi edi, biroq zanji oʻrnidan turib u tomon odimladi.
— Janob!-dedi u.

Zanji oʻrnidan turgach, barzangi kelbati, xushbichim yuzi, bor boʻy-basti bilan mukammal bir afrikalikni oʻzida mujassam etgani koʻzga tashlandi. Tun qorongʻusida jilmayar ekan, marjondek tishlari yarqirab koʻrinardi.
— Janob,-dedi u,-sizda gugurt topilmaydimi?-va choʻgʻi soʻngan sigareta bilan unga yaqin keldi.
— Chekmayman,-Eynshteyn javob bera turib toʻxtadi, toʻgʻrirogʻi uni qiziqish va hayronlik toʻxtatgan edi.

Shunda zanji soʻradi:
— Balki menga aroq puli berarsiz?

U mirzaterakdek naynov, navqiron, ustiga-ustak surbetgina edi.

Eynshteyn choʻntaklarini timiskiladi.
— Bilmadim-da… Yonimda sariq chaqa ham topilmasov… Sayrga pul olib chiqadigan odatim yoʻq…Rosti gap afsusdaman…-der ekan ketishga chogʻlandi.
— Shunisiga ham qulluq,-dedi zanji,-ammo, ma’zur tutasiz…
— Yana nima?-malollandi Eynshteyn.
— Siz menga keraksiz. Bu yerga asli shuning uchun kelganman.
— Men kerakman?! Nima gap oʻzi?!
— Menga keraksiz,-takrorladi zanji,-bir muhim ish yuzasidan. Buni faqat qulogʻingizga aytishim mumkin.

Ayni damda tun pardasi yanada quyuqlashgan, bunga sari zanjining tishlari olldingidan ham oppoqroq koʻrinardi. Zanji Eynshteynning qulogʻiga engashdi.
— Men – jon olguvchi farishtaman,-shivirladi u,-joningni olgani keldim.

Eynshteyn bir qadam ortga chekindi.
— Menimcha,-dedi u ovozi jiddiylashib,-menimcha, koʻproq ichib qoʻyganga oʻxshaysan, ogʻayni.
— Men – oʻlim farishtasiman,-ta’kidladi zanji,-qara…

U jonli devordan yam-yashil bir novdani sindirib oldi. Oradan lahza oʻtmay uning qop-qora qoʻllarida yashnab turgan barglarning rangi siniqdi, soʻlishga tushdi, soʻng esa kulga aylandi. Zanji bir puflab kaftidagi kulni koʻkka sovurdi.

Eynshteyn boshini egdi.
— Jin ursin. Demak, kunim bitibdi-da…Qanday qilib – shu ahvolda, tun qorongʻusida, yoʻlning qoq oʻrtasidami?!..
— Menga shunday buyurilgan.

Eynshteyn atrofiga olazarak boqdi, tirik jondan nishon yoʻq edi. Hammasi avvalgidek: uzun yoʻlak, pastlikda chiroqlar moʻltiraydi, chorraha tomondan avtomobillar qizil koʻzlarini tikadi.

Falak gumbazida yulduzlar jimiri, Zuhro yulduzi quyi ingan.

Eynshteyn chuqur tin olib dedi:
— Menga qara, birodar, bir oy muhlat berolmaysanmi? Tugata olmagan bir muhim ishim bor, shuni yakunlagan kunim kelsang degandim. O’tinaman faqat bir oygina…
— Kashf etmoqchi boʻlgan narsangni,-ta’kidladi «zanji»,-men bilan boradigan joyingda soʻzsiz topasan.
— Bu boshqa-boshqa narsalar: u dunyoda mehnatsiz topilgan kashfiyotning qiymati nima boʻlardi. Mening kashfiyotim esa odamlar uchun koni foyda. O’ttiz yildan beri shuning ustida ter toʻkaman. Orzuyim ushalay deganda-ya…

«Zanji» ishshaydi.
— Bir oy deysanmi?..Mayli, ammo muddating yetgandan soʻng qochib qolishni xayolingga ham keltirma. Osmonga chiqsang oyogʻingdan, yerga kirsang qulogʻingdan tortib olaman.

Eynshteyn yana nimadir demoqchi boʻlib boshini koʻtarganida, suhbatdoshidan asar ham topmadi.

Bir oy deganlari hijrondagi oshiq uchun qanchalar koʻp muddat boʻlsa, ajalini kutayotgan bechora uchun soniyadan-da qisqa ekan. Soniya nima boʻpti bir nafas singari shiddatkor va aniq. Mana u oʻtdi-ketdi. Eynshteyn va’dasiga vafo qilib, belgilangan joyga yoʻl oldi. O’sha benzakalonka, oʻsha skameyka, unda «zanji» oʻtiribdi. Faqat bu safar u kombinizoni ustidan harbiylar kamzulini kiyib olgan: axir havo sovib qolgan-da.
— Men keldim,-dedi Eynishteyn uning yelkasiga turtib.
— Qalay, ishlaringni bitirdingmi?
— Yoʻq, tugata olmadim,-ogʻir xoʻrsindi olim,-menga yana bir oy muhlat ber! Qasam ichaman. Bu safar tugataman. Ishon, kunu tun quldek ishladim, baribir ulgurmadim. Ammo arzimagan ish qoldi.

«Zanji» orqa oʻgirib oʻtirgan holatida yelka qisdi.
— Siz – Odam bolalari, hammangiz bir goʻrsiz. Sizga mudom nimadir yetishmaydi. Sira birovdan minnaddor boʻlmaysiz. Bir soniya ortiqroq yashash uchun tiz choʻkib oyoq oʻpishga-da tayyorsiz. Bahona topishni-ku qiyib qoʻyasiz.
— Men qilayotgan kashfiyot oʻta murakkab. Hali inson zotiga nasib etmagan…
— Boʻldi, bilaman, bilaman,-gapni shart kesdi «zanji», -hikmat toshi yaratmoqchisan, shundaymi?

Shundan soʻng har ikkisi jim qolishdi. Sertuman, sovuq kuz oqshomi etni junjuktiradi. Bunday tunda uyda yotganga ne yetsin.
— Men nima qilay endi?-soʻradi Eynshteyn.
— Boʻpti ketaver…Lekin bir oy koʻz ochib yumguncha oʻtib ketadi.

Chindan ham bir oy koʻz ochib yumguncha oʻtib ketdi. Vaqtning bu qadar ochofatligi shunda bilindi.

O’sha dekabr tunida izgʻirin esar, yakkam-dukkam chirindi xazonlarni oʻynatar, olimning bosh kiyimi ostidan chiqib turgan oppoq sochlariga changal solardi. O’sha benzakalonka, bu safar skameykada boshiga qalin salla oʻragan oʻsha «zanji» sovuqning zoʻridan dildirab oʻtirardi.

Eyniishteyn unga yaqin kelib, yelkasiga dadil turtdi.
— Men keldim.

«Zanji»ning sovuqdan tishlari takirlar, kamzoʻliga oʻranib olgandi.
— Ha, senmisan?
— Men.
— Demak, tugatibsan-da?
— Xudoga shukur, tugatdim.
— Yuz yillik oʻyini intiho topibdi-da! Har holda armoning qolmagandir? Boqiylik sirini ochgandirsan?
— Ha,-Eynshteyn jilmayib javob qilar ekan, yoʻtalib qoʻydi,-nafsilamrini aytganda hammasi joyiga tushdi.
— Ketdikmi boʻlmasam? Safarga tayyormisan?
— Albatta, kelishganmiz-ku.

«Zanji» ilkis sakrab turdi va shunday qahqaha otdiki, faqat iblisgina bunday kulishi mumkin edi. Keyin oʻng qoʻlining kursatkich barmogʻi bilan Eynishteynning qorniga bir turtgan edi, u muvozanatini yoʻqotib, oyogʻida zoʻrgʻa turib qoldi.
— Yaxshi, yaxshi keksa qaroqchi…uyingga joʻna, tez boʻl, yugur, bu sovuqda oʻpkangni oldirib qoʻymasingdan… Hozircha menga keraging yoʻq.
— Meni qoʻyvormoqchimisan? Unda bu koʻrsatgan hunaringni qanday tushunish kerak?
— Bularning barisi ishingni tezroq tugatishing uchun edi, vassalom. Men maqsadimga erishdim…Seni shunday qoʻrqitmaganimda, kim bilsin yana qancha choʻzar eding?!
— Mening ishim?.. Buning senga nima qizigʻi bor?

«Zanji» tirjaydi.
— Menga-ku kerak joyi ham yoʻgʻ-a… Koʻrmaysanmi, rahbariyat, yer osti dunyosining hukmdori – ustozim iblis… Uning aytishicha, avvalgi kashfiyoting ham shaytanat dunyosi uchun katta foyda bergan. Bunda shaxsan sen aybdor boʻlmasang ham, shunday boʻlgani rost. Senga bu yoqadimi, yoqmaydimi ixtiyoring oʻzingda, janob professor, lekin kashfiyoting jahannamga mislsiz foyda olib keldi… Endi yangi kashfiyotingdan foydalanishni oʻylayapmiz.
— Boʻlmagan gap!-norozi chinqirdi Eynishteyn.-Dunyoda undan bezararroq narsa bor ekanmi? Bu shunchaki formula, mutloq mavhumiyat xolos…
— Yashshavor,-qichqirdi iblisvachcha, yana olimning qorniga turtar ekan.-Yashshavor, azamat! Seningcha meni bu yoqqa oʻynagani yuborishganmi? O’ylaysanki, ular xato qilishganmi?.. Yoʻq-yoʻq, sen yaxshi ishlading. Zulmatdagi ogʻalarim sendan xursand boʻlishadi endi!.. Eh sen bilganingda edi!..
— Nimani, nimani bilganimda edi?

Ammo iblisvachcha gʻoyib boʻlgan, atrofda na banzakalonka, na skameykadan nishon bor edi. Yolgʻiz tun, izgʻirin shamol va uzoq chorrahadagi avtomobil chiroqlarigina koʻzga tashlanardi…