OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifDino Butssati
Asar nomiHavo sharchasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Italiyan adabiyoti
Boʻlimlar
   - Ekzistensializm
Mualliflar
   - Dino Butssati
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonOtauli
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Havo sharchasi (hikoya)
Dino Butssati

Yakshanba kuni ertalabki toat-ibodatdan soʻng ikki avliyo – ulardan birini Oneto, ikkinchisini Kotib deb atashardi – «Miller» firmasining qora charm sirilgan oromkursilariga qulaygina joylashib olib, pastga – Yerga qaradilar-da, bu ajoyib-gʻaroyib odamlar qavmi nimalar bilan mashgʻulligini aniqlashga urindilar.

– Menga shuni ayt-chi, Kotib, – soʻradi avliyo Oneto uzoq muddatlik sukunatdan keyin, – sen oʻz hayotingda baxtli edingmi?

– Shuyam gap boʻlibdi-yu! – kulib javob qildi hamsuhbati. – Yerda hech kim baxtli boʻlolmasligini bilib turib soʻraysan-a!

Shunday deya u choʻntagidan bir quti «Malboro» chiqardi.

– Chekasanmi?

– Rahmat, bajonidil, – dedi avliyo Oneto, – odatda ertalablari oʻzimni chekishdan tiyaman-ku, biroq bugun bayram sharafiga... Har qalay, oʻylashimcha, ayrim hollarda...

– Sen oʻzing-chi, shu «baxt» deganlarini aqalli biron marta his qilganmisan? – uning gapini boʻldi Kotib.

– Oʻzim-ku, his qilmaganman, biroq aminmanki...

– Yaxshisi, sen anavilarga qara, qara! – xitob qildi avliyo Kotib, pastga imlab. – Ular bir necha milliard, bugun yakshanba, buning ustiga, ayni subhidam – eng yoqimli payt, ob-havoning ham yaxshiligini qara – oftob charaqlab turibdi, biroq jazirama emas, mayin shabada, daraxtlar bilan oʻt-oʻlanlarning ayni gullab-yashnagan payti. Ustiga ustak, ularning Yerida «iqtisodiy moʻ’jiza» – goʻyo barcha murod-maqsadiga yetgan. Xoʻp, oʻsha milliardlar orasidan aqalli bittagina baxtiyor odamni koʻrsat-chi menga, aqalli bittasini – undan koʻpini talab ham qilmayman. Agar topib bera olsang, seni qoyilmaqom tushlik bilan mehmon qilaman.

– Yaxshi, – dedi Oneto va shoshilmasdan nigohi bilan pastdagi chumoli uyasidek gʻujgʻon oʻynagan mitti sayyorani elak-elak qila boshladi. Birdaniga omadning kulib boqishiga umid qilish kulgili edi: bu ishda kamida bir necha kunlik serzahmat tadqiqot yuritish kerak boʻladi. U buni yaxshi tushunardi, biroq baribir tavakkal qilishga toʻgʻri keladi. Kotib miyigʻida kulganicha uning harakatlarini diqqat bilan kuzatib turdi (miyigʻida kulgisi zaharxanda emas, begʻaraz kulgi edi, aks holda uning nimasi avliyo boʻldi!)

– Omadni qara, topganga oʻxshayman! – Oneto oromkursidan sapchib turib birdaniga qichqirib yubordi.

– Qani, qaerda?

– Ana, maydonda! – shunday deya adirlikdagi oddiy bir shaharchani barmogʻi bilan nuqib koʻrsatdi. – Ana, odamlar cherkovdan chiqib kelyapti-ku... ana, qizaloqni koʻryapsanmi?

– Oyoqchalari qiyshiq qizaloqmi?

– Ha-ha... Faqat diqqat bilan qara, nazardan qochirma.

Rostdan ham ogʻir hastalikdan keyin toʻrt yashar Norettining oyoqchalari andak qiyshiq, ingichka, nimjon boʻlib qolgan edi. Uni onasi qoʻlidan yetaklab ketayotgan edi. Koʻrinishlaridan kambagʻalgina oila ekani aniq-ravshan sezilib turar edi. Toʻgʻri, qizaloqning egnida gul qadalgan oppoqqina yakshanbalik koʻylak edi, lekin bu ham onaga, aftidan, anchagina qimmatga tushgani ayon edi.

Cherkov eshigi oldi gul sotuvchilar bilan gavjum edi. Ayrimlari avliyolar tasvirlangan ikonalar va medallarni sotmoqda, aftidan, shaharning avliyo homiysiga bagʻishlangan bayram nishonlanmoqda edi. Boshqa birlari havo shari bilan savdo qilayotgandi. Uning bosh ustida turli rangdagi havo sharchalarining ajib guldastasi muallaq parvoz qilib turar va salgina epkinda goʻzal tebranar edi.

Mana, qizaloq havo sharchalari sotuvchisining oldida qotib qoldi-da, onasiga butkul mulzam qiluvchi bir tabassum bilan unsiz iltijoga limo-lim koʻzlarini qadadi. Bu qarashda shunaqangi qizgʻin xohish-istak, shunaqangi qalb iztirobi va ishtiyoqi zuhurlanib turar ediki, qarshisida doʻzax hukmdori ham chidayolmay qolgan boʻlardi. Ehtimol, bunday favqulodda kuchga faqatgina bola nigohi ega boʻladi (balki kaltak yegan itning nigohi ham!), chunki ular kichkintoy, zaif-ojiz va ma’sum-begʻubordirlar.

Shuning uchun ham ruhshunoslik ilmini yaxshigina biladigan avliyo Oneto qizaloqqa e’tibor qaratdi. U shunday mulohaza yuritdi: sharchaga ega boʻlish istagi shu qadar kuchliki, agar Xudo berib onasi bu istakni qondirsa, qizaloq, shak-shubhasiz, baxtli boʻladi – ehtimol bu baxt uzoq davom etmas, koʻpi bilan bir-ikki soatga choʻzilar, lekin baribir u chinakamiga baxtli boʻladi. Ana oʻshanda u garovda yengib chiqadi.

Avliyo Oneto pastda, shaharcha maydonidagi manzarani aniq kuzata olardi, biroq qizaloq onasiga nima degani-yu, onasi unga nima deb javob qilganini eshitolmasdi. Bu hech kim hech qachon tushuntirib berolmaydigan gʻalati ziddiyat edi: jannatdagi avliyolar baayni qudratli teleskopdan qarayotgandek yer yuzida nimalar boʻlayotganini aniq-tiniq koʻrib turardilar. Biroq yerdagi shovqin-suron, baqir-chaqir, umuman, tovush va ovozlar tepaga yetib kelmasdi (har qalay, keyinroq amin boʻlamizki, favqulodda kamdan-kam uchraydigan holatlar bundan mustasno). Bu avliyolarning asab tizimini koʻcha harakatlarining yovvoyi shovqin-suronlaridan asrab-avaylash maqsadida koʻrilgan chora boʻlsa kerak-da.

Ona Norettining qoʻlchasini siltadi, shunda Oneto daf’atan qattiq qoʻrqib ketdi. Chunki odamlar orasida anchagina keng tarqalgan qabihlik qonuniyatiga muvofiq ravishda hammasi kutilganiga batamom zid yakun topmogʻi mumkin edi.

Zotan, Norettining ma’sum nigohlarida ayon koʻrinib turgan sidqidil oʻtinch oldida jahonning eng mustahkam zirh bilan qoplangan lashkarlari ham ojiz qolishlari muqarrar edi, ammo-lekin muhtojlik bundan istisno. Muhtojlik unga bemalol bardosh berishi mumkin: huvillagan boʻm-boʻsh choʻntakda yurak ham, mehr-shafqat ham yoʻq! Qandaydir bir kichkintoy qizaloqning dardi-dunyosi, xohish-istagi bilan hisoblashib oʻtiradimi u!

Yaxshiyamki, Norettini oʻrnidan qoʻzgʻotishga onaning kuchi yetmadi. Qizaloq oʻsha-oʻsha onasidan koʻz uzmay tikilib turaverdi va bu qarashning kuchi, agar bunaqasi mumkin boʻlsa, yanada qat’iyatliroq, yanada qaysarroq mohiyat kasb etdi. Avliyo koʻrdiki, ona sotuvchiga nimadir deb, qoʻlida bir necha chaqalarni sanadi-da, uzatdi. Qizaloq esa, jajji barmoqchasi bilan och-sariq sharchaga ishora qildi. Sotuvchi bogʻlamdagi eng tarang, eng chiroyli bir sharni chiqarib uzatdi.

Endi Noretti onasi bilan yonma-yon odimlar ekan, oʻziga ishonmay koʻzlarini katta-katta ochib, qadamlariga mos ravishda ipcha ustida quvnab sakrayotgan sharchaga termulardi. Ana shunda avliyo Oneto quv tabassum qilib avliyo Kotibni tirsagi bilan turtib imladi. Kotib ham tabassum qildi: avliyolar garovda hamisha yutqazishga tayyor, agarda bu insoniy gʻam-kulfatni zigʻircha kamaytira olsa!

Sen kimsan, ey Noretti, yakshanba kuni subhidamda qadrdon shaharcha maydonini qoʻlidagi sharcha bilan kesib oʻtayotgan qizaloq? Sen – cherkovdan chiqib kelib, baxtiyorlikdan porlab turgan kelinchaksan, sen – erishilgan gʻalabani nishonlayotgan malikasan, sen – hayratdan oʻzligini yoʻqotgan olomon yelkasiga koʻtargan gʻoyatda goʻzal va xushovoz xonandasan, sen – olamdagi eng boy va goʻzal ayolsan, sen – ulkan va baxtiyor muhabbat, gul, musiqa, oy, oʻrmon va quyoshsan, sen – shularnng barchasisan... Chunki oddiygina bir shishirilgan sharcha seni shunday baxtiyor qila oldi. Va sening bemajol betob oyogʻing endi kasal emas, endi u Olimpiadada lavr gulchambariga burkangan yoshgina sport ustasining chayir va chopqir oyogʻi!

Avliyolar oromkursining tirsaklagichi osha ona bilan qizaloqni kuzatishda davom etdilar: ular butun shahar boʻylab oʻtib, chekkadagi gʻariblar mahallasiga kirdilar. Ona uyga kirib ketdi – uning ishlari koʻp edi – Noretti esa, sharcha ipini qoʻlida mahkam tutgan koʻyi tosh ustiga oʻtirdi-da, nigohlarini shardan yoʻlovchilarga koʻchirdi, aftidan, barcha bebaho xazinasiga havas bilan qarayotgandek tuyuldi. Garchi quyosh nurlari xoʻmrayishgan baland binolar orasida qolgan bu jinkoʻchaga tushmasa-da, qizaloqning tabiatan unchalik chiroyli boʻlmagan, lekin oydin ruhsori atrofni yorishtirib-nurafshon qilib turar edi.

Qizning yonidan uch nafar bolakay oʻtayotganida, garchi oʻtaketgan bezori boʻlsalar-da, hattoki ularni ham qandaydir bir kuch qizaloqqa oʻgirilib qarashga majbur qildi. Qizaloq ham ularga qarab kuldi. Shunda uchovlondan biri nihoyatda tabiiy bir harakat bilan labida tutab turgan tamakini oldi-da, uni havo sharchasiga bosdi. Sharcha paq etib yorilib, haligina osmoni-falakka magʻrur boʻy choʻzgan ip uchidagi bujmayib shaklini yoʻqotgan bir hovuch yelimcha bilan birga qizaloqning tizzasiga kelib tushdi.

Noretti nima boʻlganini daf’atan tushunmadi va ovozlari boricha xoholab kulgan koʻyi qochib ketayotgan uch takasaltangning ortidan hang-mang boʻlib qarab qoldi. Nihoyat, sharchasining endi yoʻqligini, hayotidagi yagona quvonchidan mahrum etishganini anglab yetdi. Yuzchasi gʻalati tarzda tirishib, uni yengillatish imkonsiz boʻlgan ogʻir dard-alam qamrab oldi.

U shunday hoʻngrab yigʻladiki, xuddi mutlaqo tuzalmas dahshatli fojea roʻy bergan-da, endi uni hech nima bilan ovutib boʻlmaydi. Osoyishta jannat ma’volariga, haligina aytganimizdek, yerdagi shovqin-suronlar yetib bormas edi: na motor tovushlari, na oʻq ovozi, na odamlarning oh-faryodlari, na atom bombasining portlashi... Biroq qizaloqning jon-jahdi bilan yuragi oʻrtanib yigʻlashi jannatning barcha burchaklarida eshitildi va uni butun tag-tugi bilan larzaga keltirdi. Garchi jannat abadiy osoyishtalik va shodlik maskani deya toʻgʻri aytilsa-da, har qalay, hamma narsaning cheki-chegarasi bor! Adolat posbonlari inson iztiroblariga loqayd qarashlari mumkinmi, axir!

Sharchaga bogʻliq lavha oromijon huzur-halovat ogʻushiga choʻmgan avliyolar uchun kutilmagan zarba boʻldi. Mangu yorugʻlik saltanati ustida soya paydo boʻlib, yuraklarni beixtiyor ezib yubordi. Qizaloq qaygʻusini qanday qilib aritish mumkin?

Avliyo Kotib oʻz doʻsti Onetoga jimgina tikildi.

– Naqadar qabihlik! – xitob qildi avliyo Oneto va endigina tutatgan tamakisini uloqtirib yubordi.

Yerga tushar ekan, u oʻzidan uzun, moʻ’jizaviy jilvalangan yorugʻ iz qoldirdi. Va pastda – yerda koʻpchilik yana uchar likopchalar haqida gapira boshladilar.

Rus tilidan OTAULI tarjimasi

«Sharq yulduzi» jurnalining 4-sonidan olindi.