OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifDino Butssati
Asar nomiInsonning ulugʻligi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Italiyan adabiyoti
Boʻlimlar
   - Ekzistensializm
Mualliflar
   - Dino Butssati
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonRahimjon va Farrux Otauli (Rus tilidan)
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Insonning ulugʻligi (hikoya)
Dino Butssati

Qorongʻulik qoʻyniga choʻmgan qamoqxona eshigi ochilib, nazoratchilar soqolli jikkakkina cholni ichkariga itqitganlarida vaqt allamahal boʻlib qolgan edi.

Qariyaning soqoli oppoq va oʻziga yetgulik darajada kattagina edi. U nimqorongʻi xona boʻylab ojizona nur taratar va bu mahbuslarda muayyan taassurot uygʻotdi. Qorongʻi boʻlgani uchun chol avvaliga xonada oʻzi yolgʻiz emasligini anglamadi.

Bu yerda kimdir bormi?

Savolga zaharxanda va alamzada poʻngʻillash tarzida javob qaytdi. Keyin mahalliy taomilga binoan har kim oʻzini tanitib boshladi:

Rikkardon Marchello, – dedi bir boʻgʻiq ovoz, – oʻgʻrilik, ogʻirlashtiruvchi holatlarda.

Betstseda Karmela, – xuddi bochkaning ichidan chiqayotgandek boʻgʻiq ovozda dedi yana bir mahbus. – Firibgar-retsidivist.

Oʻzini tanitish davom etdi:

Marfi Luchano, zoʻrlash.

Lavataro Maks, begunoh.

Soʻnggi soʻzdan keyin xonani gulduros kulgi tutdi. Mutoyiba hammaga xush yoqqan edi: Lavatarodek qoʻllari qanchadan-qancha begunoh jonlarning qoniga boʻyalgan ashaddiy bosqinchi, oʻtaketgan gunohkorni kim ham bilmaydi deysiz?

Espozito Enea, qotillik! – Bu mahbusning ovozida farxlanish ohangi zuhur koʻrsatdi.

Muttironi Vinchentso, – bu ovoz butkul gʻolibona ohangda yangradi, – padarkushlik... Xoʻsh, sen-chi, qari burga, sen kimsan oʻzi?!

Men... – javob qildi yangi mahbus. – Toʻgʻrisini aytsam, oʻzim ham bilmayman. Meni ushlab hujjat koʻrsatishimni talab qilishdi. Biroq menda hech qachon hech qanaqa hujjat boʻlgan emas.

Bundan chiqdi, daydilik ekan-da, – dedi kimdir istehzo bilan. – Laqabing nima?

Mening otim Morro, laqabim esa... hmm-hmm... Ulugʻ.

Demak, Ulugʻ Morro. Xoʻsh, yomon emas, – munosabat bildirdi zulmat qa’ridagi bir ovoz, – oti-zoting senga anchagina kattalik qilar ekan: u senga oʻxshaganlarning oʻntasiga yetib ortar ekan.

Toʻppa-toʻgʻri, – muloyimlik bilan ma’qulladi qariya. – Biroq bu yerda mening gunohim yoʻq. Laqabimni menga avval-boshda kalaka qilib qoʻyishgandi. Nachora, endi hech nima qilib boʻlmaydi. Ochigʻini aytsam, bu laqab mening boshimga bitgan balo boʻldi. Mana, masalan... biroq buning tarixi juda uzoq-da...

Qani-qani, borini toʻkib solaver! – mahbuslardan biri cholga qoʻrslik bilan qichqirdi. – Bizning vaqtimiz oshib-toshib yotibdi!

Boshqalar bu gapni qizgʻin qoʻllab-quvvatlashdi. Qamoqxonaning biri biridan zerikarli oddiy kunlarida har qanday ermak – bayram!

Boʻpti, mayli, – noiloj rozi boʻldi qariya. – Kunlardan bir kuni shahar – nima edi nomi, mayli bu muhim emas – shahar boʻylab kezib yurganimda, dangʻillama chodirlaru u yoqdan bu yoqqa turli xil noz-ne’matlarni tashib yurgan xizmatkorlarga koʻzim tushdi. Aftidan, katta bir bazmga tayyorgarlik koʻrilayotganga oʻxshaydi, omadim chopdi deb sadaqa soʻrash uchun ularga yaqinroq keldim. Hali ogʻiz ochib ulgurmagan edim, boʻyi kamida ikki metr keladigan bir daroz mening yoqamga chang solib, baqirib-chaqira ketdi: «Mana, oʻgʻri, men uni tutib oldim. Kecha xoʻjayinimizning ot yopinchigʻini shu odam oʻgʻirlagan. Tagʻin uyalmay-netmay kelib turishini qaranglar-a! Ana endi oʻzingdan koʻr, hozir qovurgʻalaringni sanab qoʻyamiz!» «Mening qovurgʻalarimnimi? – dedim. – Axir, men kecha bu yerdan oʻttiz milcha olisda edim, qanaqa qilib...» «Hoy aldoqchi, kuni kecha seni oʻz koʻzlarim bilan koʻrdim-ku. Qoʻlingda yopinchiq bilan qochib ketayotgan eding-ku!», – deb baqirib haligi barzangi meni chodir tikilgan keng hovli tomonga sudralakladi.

Men tiz choʻkib yana yolvordim: «Rost aytyapman, kecha bu yerdan oʻttiz mil olisda edim. Shahringizga birinchi bor kelishim. Ulugʻ Morro soʻzim!» «Nima-nima?! – deb beixtiyor qichqirdi haligi barzangi menga koʻzining paxtasi chiqib qarar ekan. «Ulugʻ Morro soʻzim!» deb takrorladim men. U boʻlsa, endi birdan xoholab kulib yubordi: «Nima, sen hali Ulugʻ Morromisan? Hoy, odamlar, eshitmadim demanglar, bu yoqqa kelinglar, manovi bitliqiga qaranglar, oti «Ulugʻ Morro» ekan buning!» Keyin menga oʻgirilib soʻradi: - Ulugʻ Morroning kimligini bilasanmi oʻzi?!» «Mening oʻzim Morroman, boshqa Morroni bilmayman» dedim. «Bilmasang bilib qoʻy, Ulugʻ Morro, - dedi haligi yaramas, – aynan bizning muhtaram xoʻjayinimiz boʻladilar. Sen gadoy, ularning ismlarini oʻzlashtirib olishga qanday hadding sigʻdi?! Ana endi oʻzingdan koʻr!.. Ana, xoʻjayinning oʻzlari kelyaptilar!..»

Darhaqiqat, qarasam, baqir-chaqirlardan bezovtalanganmi, xoʻjayin chodirdan chiqib biz tomon kelyapti. Bu odam boy savdogar ekan. Boy boʻlganda ham, shahardagi, ehtimolki, bu yorugʻ olamdagi eng boy odam ekan. Xullas, oʻsha odam mening yonimga kelib aftimga qaradi. Keyin soʻrab-surishtirdi. Axiyri kuldi: sadaqa soʻrab turgan qandaydir gadoyning oʻzi bilan adashligi, aftidan, unga kulgili tuyuldi. Soʻngra u xizmatkoriga meni boʻshatishni buyurdi. Uyiga taklif qildi. Xazinalarga liq toʻla muhtasham xonalarini, hattoki tilla bilan qimmatbaho javohirlar saqlanadigan zirhlangan xonani koʻz-koʻz qildi. Qornimni yaxshilab toʻydirishlarini buyurdi. Shundan keyin aytdiki: «Sening oti-zotingga bogʻliq bu hangoma, bechora oqsoqol, shuning uchun ham qiziqki, Hindistonga safarim chogʻida xuddi shunday bir voqea mening boshimdan ham kechgan edi. U yerda oʻz molim bilan bozorga chiqib borgan edim, odamlar qanaqa qimmatbaho buyumlar bilan savdo qilayotganimni koʻrib atrofimda uymalashib qolishdi. Kimligim-u qaerdan kelganimni soʻrab-surishtirishdi. «Meni Ulugʻ Morro deydilar!» – deb javob qildim. Ular boʻlsa, qoshlarini chimirib menga tanbeh bera ketishdi: «Ulugʻ Morro deysanmi? Seningdek oddiy olibsotarda qanaqangi ulugʻlik boʻlishi mumkin?! Insonning ulugʻligi – uning aqlida-ku! Bu dunyoda Ulugʻ Morro faqatgina bitta, u ham bizning shahrimizda yashaydi. U mamlakatimizning faxri-iftixori! Sen loʻttiboz oʻzingning maqtanchoqliging uchun hozir uning huzuriga borib kechirim soʻraysan!»

Shunday deya mening qoʻllarimni bogʻlab, oʻzim bu dunyoda borligini mutlaqo bilmaydigan ana oʻsha Morroning oldiga olib borishdi. U mashhur olim, faylasuf, matematik, astronom-u astrolog boʻlib, barcha uni qariyb Xudo deb bilishar ekan. Hayriyatki, u anglashilmovchilik boʻlganini darrov tushundi-da, kuldi. Qoʻllarimni yechishni buyurdi. Xos xonasi, rasadxonasi, oʻzi oʻz qoʻllari bilan yaratgan moʻ'jizaviy uskunalarini birma-bir menga koʻrsatib chiqdi. Keyin shunday dedi: «Bu voqea, ey olis oʻlkalardan kelgan jahongashta savdogar, shuning uchun ham qiziqki, Levanta oroliga sayohatim chogʻida men ham xuddi shunday bir koʻrgilikni boshimdan kechirgan edim. Men bir vulqonning boshiga uni tadqiq qilish uchun poyi-piyoda yurib koʻtarilayotgan edim, bu yerliklarnikiga oʻxshamaydigan ust-boshim shubha uygʻotganmi, qaydam, bir guruh navkarlar yoʻlimni toʻsishdi. Mening kimligimni soʻrab-surishtirishdi. Oti-zotimni aytgan zahotim meni zanjirband qilib shaharga olib ketishdi. «Hali sen oʻzingni Ulugʻ Morro deb hisoblayapsanmi? – deyishdi ular. – Seningdek bechorahol muallimda qanaqangi ulugʻlik boʻlishi mumkin?! Ulugʻ Morro bu yorugʻ olamda bitta-yu bitta, u ham boʻlsa, orolimizning egasi, qoʻliga qilich tutgan jamiki jangchilarning eng qoʻrqmas-qahramoni! Albatta, bizning hukmdorimiz sening kimligingni bilgan zahoti boshingni tanangdan judo qilishimizni buyuradi!» Ular shunday deya meni oʻzlarining vajohati har qanday odamning kapalagini uchiradigan hukmdorlariga roʻpara qilishdi. Yaxshiyam men uning tilini topib, gap nimadaligini tushuntira oldim. Shunda qahri qattiq deb ta’riflangan hukmdor bu ajoyib-gʻaroyib oʻxshashlikdan kulib, meni zanjirdan boʻshatishlarini buyurdi. Qimmatbaho sarupolar bilan siyladi. Oʻzining qasri oliyiga taklif qildi. Jamiki yaqin va olis orollardagi xalqlar ustidan qozongan gʻalabalarini namoyish etuvchi dalillarni koʻrsatdi. Oxirida shunday dedi: «Bu tasodif, ey mening ismimni zimmasida koʻtarib yurgan allomai zamon, shuning uchun ham qiziqki, Yevropa deb ataluvchi olis joylarda jang qilib yurganimda men bilan ham xuddi shunday voqea sodir boʻlgan. Oʻzimning yengilmas lashkarim bilan oʻrmon oralab ketayotgan edim, kutilmaganda soch-soqoli oʻsib ketgan togʻliklar oldimizdan chiqib, meni toʻxtatib soʻrashdi: «Sen kim boʻlibsanki, qurol-yarogʻingning shaqir-shuquri bilan oʻrmonimizning tinchini buzyapsan?» Nomimning oʻzidanoq ularning qoʻrqib-qaltirab qolishiga qattiq ishonib «Men Ulugʻ Morroman» dedim. Biroq ular qoʻrqishning oʻrniga meni masxaralab kulib aytdilarki, «Ulugʻ Morro deysanmi? Sen hazillashayotgan boʻlsang kerak-a? Seningdek daydi itga oʻxshab sanqib yurgan oddiygina bir jangarida qanaqangi ulugʻlik boʻlsin?! Insonning ulugʻligi – nafsini tiyishi bilan ruhining yuksakligida emasmi? Bu dunyoda birgina Ulugʻ Morro bor. Insonning haqiqiy ulugʻligini oʻz koʻzlaring bilan koʻrib qoʻy deb hozir biz seni uning huzuriga olib boramiz» Shunday deb ular meni kichik bir oʻraga boshlab borishdi. Qarasam, gʻaribgina chaylada ust-boshi yupungina, soqoli oppoq bir chol oʻtiribdi. Aytishlaricha, u butun umrini tabiatni tomosha qilib, Xudoga ibodat qilib oʻtkazgan ekan. Toʻgʻrisini aytsam, bunday vazmin-xotirjam, tirikligidan mamnun, ehtimolki, baxtiyor insonni umrim bino boʻlib hech koʻrmagan edim. Biroq, nima qilay, hayotimni tubdan oʻzgartirish endi mening uchun juda-juda kech...

Xullas, orolning qudratli hukmdori – donishmand allomaga, alloma – boy savdogarga, savdogar – uyiga sadaqa soʻrab kelgan yalangoyoq qariyaga shularni aytib beribdi. Hammalarining ismi Morro ekan. Buning ustiga, har biri u yoki bu sababga koʻra «Ulugʻ» degan laqab olishgan ekan.

Chol oʻz hikoyasini tugatganida qorongʻi qamoqxona boʻylab mahbuslardan birining ovozi taraldi:

Agar mening miyam aynib qolmagan boʻlsa, bundan chiqdi, ana oʻsha chayladagi badbaxt oqsoqol – demak, eng Ulugʻ Morro – bu sen boʻlib chiqyapsan, shundaymi?

Sizlarga nima desam ekan, bolalarim, – savolga javoban na ha, na yoʻq demay oʻzicha mingʻirladi chol. – Hayotda nimalar boʻlmaydi deysiz!

Shunda hamma bir muddat jim qoldi. Zotan, ba’zi narsalar odamni jiddiyroq oʻylab koʻrishga majbur qiladi. Hattoki uchiga chiqqan muttahamlarni ham!