OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Dino Butssati. Taqiq (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifDino Butssati
Asar nomiTaqiq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Italiyan adabiyoti
Boʻlimlar
   - Ekzistensializm
Mualliflar
   - Dino Butssati
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Taqiq (hikoya)
Dino Butssati

Nimasini aytasiz, bizda she’riyat taqiqlanganidan buyon hayot boshqacha boʻlib qoldi. Endi na avvalgi koʻngil ozishlar, na yurak oʻynatuvchi ilhomlanishlar, na behuda xayolparastliklar bor. Ish — yolgʻiz ana shu narsa haqiqiy qadriyatga aylandi; odamzod ming yillardan buyon nechuk bu haqiqatni anglab yetmadi ekan — aql bovar qilmaydi.

Xalqni millat baxt-saodati yoʻlida aynan buyuk ishlarga da’vat etuvchi, muhtaram nazoratchilarimiz elagidan oʻtgan ayrim gimnlargina odatdagi chegaradan chiqmaydi, xolos. Ammo ularni she’r deb boʻladimi? Ne baxtki, ular she’r emas. Ular mehnatkash ommaning ruhini chiniktiradi-yu, biroq tizginsiz va oʻynoqi xayol parvoziga xalal bergani bergan. Masalan deganingizda, bizda haligidaqa sevgi qiynoqlariga giriftor boʻlgan yuraklar sharhiga imkon bormi? Qora mehnatdan boshqasini bilmaydigan bizning jamiyatimizda xalqning ruhiy quvvati hech bir foydasi yoʻq — bunisi shundoq ham barchaga ayon — zavqu safoga boy berilishiga toqat qilib boʻladimi, axir?!

Tabiiyki, hayotni bu qadar keng miqyosda yaxshilashga qaratilgan tadbirlarni kuchli hukumat koʻmagisiz amalga oshirishning imkoni sira ham topilmagan boʻlardi. Noib Nitstsari boshqarayotgan bizning hukumat aynan ana shunday — kuchli va shuning barobarida demokratiyali hukumatdir. Boz ustiga deng, demokratiyachilik unga zarur fursatda — shunisi kammidi endi!— choʻyandek mushtini ishga solib qolishga hargiz monelik qilmaydi. She’riyatni taqiqlash haqidagi qonunning ashaddiy tarafdorlaridan biri Taraqqiyot vaziri noib Volter Montikyaridir. U, nafsilamrini aytganda — millat irodasining ifodachisi va mudom, ta’bir joiz koʻrilsa, yuksak demokratiyaviy gʻoyalar yoʻlini tutib kelgan shaxs. Xalq ruhiyatning bunday chirkin holati ifodalangan matohni oʻqib oʻtirishga toqat qilolmasligi-ku kundek ravshan bir narsa edi. Gap bu munosabatni butun jamiyat baxt-saodati uchun qat’iy huquqiy me’yorlar asosida mustahkamlab qoʻyishda qolgan edi.

Ta’kidlash joizki, mazkur qonun fuqaroga koʻpam tashvish keltirmaydi. Zero, kamdan-kam qonunlargina xalq uchun ushbu qonun kabi beziyon boʻlishi mumkin. Toʻgʻri-da, bizda shu paytgacha kim ham she’r oʻqibdi deysiz! U biror mardumning gazagiga dori boʻlganmidiki, oʻqilsa? Qonunda ma’n etilgan she’riy bitiklarni davlat va xususiy kutubxonalardan terib olish hech bir qiyinchiliksiz amalga oshirildi; boz ustiga, bu tadbir, goʻyo yelkamiz ogʻir yukdan nihoyat xalos etilgani kabi, umumiy bir koʻtarinkilik va mamnunlik vaziyatida kechdi. Mahsulot ishlab chiqarish, buyuk inshootlar qurish, taraqqiyot koʻrsatkichlarini tobora oshirish, sanoat va savdoni mustahkamlash, milliy salohiyatimizni yuksaltirish maqsadidagi ilmiy izlanishlarni qoʻllab-quvvatlash, naqliyotni muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun yanada koʻproq kuch-quvvat sarflash (qanday ajoyib soʻz!) — dangalini aytadigan boʻlsak, mana, poeziya degani nima, muhtaram vatandoshlar! Yashasin texnika, aniq hisob-kitob, talabni, tonnalarni, metrlarni, baho koʻrsatkichlarini, bozor narxlarini, tannarx va san’at asarlari deb ataluvchi matohlarning (agarda ular zarur deb topilsa) hayotiyligini sinchiklab oʻrganishga asoslangan turmush tarzi!

Noib Volter Montik’yari qirq besh yoshda. U xiyla novcha va salobatli zot; ana qoʻshni xonadan uning xandon otib kulgani eshitilmoqda. (Unga keksa shoir Osvaldo Kanning qanday adabini bergaylari haqida hikoya qilmoqdalar. «Axir, men endi she’r yozmayapman-ku, — deya qichqirdi u shoʻrlik, — ont ichaman, oʻn besh yildirki she’r yozmayman! Don sotib kun koʻryapman — tamom-vassalom«. »Lekin avvallari yozarding-ku, hayvon!»— Bejirim kiyingan, boshiga shlyapa bostirib, qoʻliga hassatayoq tutgan cholni shunday haqoratlar ila axlattepaga uloqtirdilar). Noibning kulgisiga quloq tuting, qanday kulmoqda? Ha, ishonavering, bu odam oʻziga pishiq va uncha-munchaga qoqilmaydi. Ayvon panjarasiga arang suyanib, kechki shafaq libosidagi osmonga termuladigan va goʻzal xonimlar haqida baytlar oʻqiydigan lapashanglar ham odam boʻptimi! Montikyari ularning yuztasiga tatiydi!

Umuman, boʻlarini aytadigan boʻlsak, noibni qurshagan olamda hamma narsa aniq va ijobiydir. O’zi ham mutlaqo toshbagʻir odam emas. Ish xonasi devorlariga taniqli musavvirlarning asarlari osib tashlangan; ular koʻzni jimirlatib yurakka daxl qilmaydigan mavxum chizmalardir. Bu yerda xona sohibining — pokiza ma’naviy qadriyatlar homiysining beqiyos musiqiy ta’bidan dalolat beruvchi ohang tasmalari ham mavjud; tabiiyki, ular orasidan Shopenning chuchmal asarlarini topishingiz amrimahol, ammo Xindemitning barcha musiqalari toʻla-toʻkis yigʻilgan. Kutubxonalar toʻgʻrisida gap ochadigan boʻlsak, u yerda ilmiy asarlar va hujjatli kitoblardan tashqari, hordiq chiqarar kezlarda oʻqish uchun moʻljallangan koʻngilochar asarlar ham yetarlicha. Shubhasizki, bular barchasi — hayotni hech bir qoʻshib-chatish va loʻttibozliklarsiz, haqiqiy tusda tasvirlashga harakat qilgan mualliflarning kitobidir; ularni mutolaa qila turib, xudoga shukrki, koʻnglingizga gʻulgʻula tushishi va demakki, tarbiyangiz buzilishidan tashvishga tushmaysiz — garchi avvalgi zamonlarda (endi bunga ishonish qiyin) bunday holga yoʻl qoʻyilibgina qolmay, ragʻbatlantirilgan boʻlsa-da, unga mutlaqo aql bovar qilmaydi.

Noibning qahqahasi yoqimli, eshitib maza qilasiz. Bu qahqaha zamirida qanchalar qudrat, iroda, umid, amaliy ishga ishonch yashirin! Lekin u biz tasavvur etayotgan kabi xotirjammi? She’r degan yaramas matoh tag-tugi bilan quritilganiga uning ishonchi komilmi?

Bir kuni oqshom mahali u uyida qandaydir ma’lumotnomani koʻzdan kechirib oʻtirar ekan, huzuriga xotini kirib keldi.
— Volter, sen Jorjina qayoqqa daf boʻlganini bilmaysanmi? —dedi u hovliqqan holda.
— Yoʻq, xabarim yoʻq. Nima, biror kor-hol yuz berdimi?
— U, borib darsimni tayyorlayman, degan edi. Ammo xonasida yoʻq. Chaqirib ham koʻrdim — biror sas-sado eshitilmaydi. Qidirmagan joyim qolmadi.
— U hoynahoy bogʻda boʻlsa kerak.
— U yerda ham yoʻq!
— Unda biror dugonasinikiga ketgandir-da?
— Allamahalda-ya? Nimalar deb vaysayapsan, ana, poʻstini dahlizda osigʻliq turibdi-ku!

Er-xotin xavotirga tushib butun uyni agʻdar-toʻntar qilib chiqdi. Qani, qiz topilaqolsa! Montikyari hatto tomga ham chiqib koʻrishga ahd qildi — hechqursa, vijdoni xiyla taskin topadi-ku. Bu yerda — tom shiftiga tiralgan toʻsinlar ostida bir uyum boʻlib yotgan latta-putta, zski lash-lushlar ustida sokin va sirli shu’la oʻynaydi. Yorugʻlik tom shiftidagi yarim doira shaklidagi tuynukdan tushmoqda edi. Uni kimdir ochib qoʻygan. Anchagina ayoz boʻlishiga qaramay, uning qizi, goʻyo samoga mahliyo boʻlgan kabi, qoʻllari bilan tuynukka yopishib, jim qotib turardi.

Tanho oʻzi bu yerda nima qilyapti? Noibning koʻnglida alamli, noxush shubha boʻy koʻrsatdi va u zoʻr berib undan xalos boʻlishga tirishdi. Biroq bari behuda.

U bildirmaygina qizini kuzata boshladi, qiz esa boyagi holicha miq etmay, bor vujudi bilan koʻzlarini katta ochib, qandaydir moʻ‘jizaning shohidi boʻlgan kabi, uzoq-uzoqlarga termulardi.
— Jorjina! — Qizcha sapchib tushdi va jonholatda qayrilib qaradi, yuzi boʻzdek oqarib ketgan edi. — Sen bu yerda nima qilyapsan? — U lom-mim demadi. — Sen bu yerda nima qilyapsan? Gapir!
— Hech narsa qilayotganim yoʻq, tingladim, xolos.
— Tinglading? Nimani tinglading? Jorjina boshqa bir soʻz demasdan pastga chopib ketdi, zinadan uning oʻkirib yigʻlagani eshitildi va asta-sekin yigʻi tovushi uzoqlashib bordi.

Noib tuynukni yopdi, ammo ketishdan oldin tepaga bir nigoh tashladi: uning shubhalari tarqamagan edi. Jorjina u yerda nimani koʻrib qoldiykan? Qiziq, bu yerda tinglaydigan narsa bormi? Lekin, shunga qaramay... Axir, bu yerdan tomlarning boʻgʻotiyu ship-shiydam daraxtlar, shohkoʻchaning narigi tomoni boʻylab choʻzilgan zavod korxonalari-yu oʻn besh kunliklar chamasi boʻlib qolgan, shaharga oydin tus berib, odatdagidek shu’lalar taratuvchi boʻzargan oy, uzun soyalaru bulutlarning tovlayishidan oʻzga hech vaqo koʻrinmaydi-ku?! Berilib tinglaydigan biron bir tovush ham yoʻq. Tomlardagi eski toʻsinlarning gʻichirlashi va shahar boʻylab taralib, ohistagina — kechaning aynan shu daqiqalaridagi ishlab chiqarish sur’atining tabiiy holda pasayishishi toʻliq mos ravishda tinchib borayotgan, nafas sasiga oʻxshash quloqqa zoʻrgʻa chalinadigan tovush bor, xolos. Barchasi shu qadar oddiyki, hech bir qizigʻi yoʻq. Ehtimol… (Tom sovuq, cherepitsalar oraligʻidagi tirqishlardan muzdek havo sizib chiqadi.) Ehtimol, aynan oʻsha yerda — toʻlishayotgan oy nuri bilan banogoh oʻzgacha tusga kirgan tomlar ustida — insof bilan aytganda, hatto noib Montikyarining oʻzi ham buni inkor etishga jur’at qilolmaydi — bu kajraftori falakning oʻzidek qadim she’r degan balo pusinib, nenidir kutib yotgandir? Qarangki, hatto bolakaylar, shu pokiza vujudlar ham, garchi hech bir zot u hakda gapirgan boʻlmasa-da, oʻsha baloning ta’mini his etadi. Butun shaharda shu ahvol! Goʻyo qandaydir fitnaga hozirlik koʻrilayotgandek. Ma’lum boʻladiki, bu la’natini qonunlar bilan ham, jazolar bilan ham, ommaviy mazaxlash bilan ham gumdon etishning imkoni yoʻq ekan-da? Demakki, ular erishgan narsalar bor-yoʻgʻi boʻhton, jaholatini mukofot bilib munofiqlarcha maqtanish, qalbaki e’tiqoddan iboratmi? Xoʻsh, Montikyarining oʻzi-chi? Nainki uning koʻnglida ham she’r tuygʻusi yashirinib yotgan boʻlsa?

Salgina fursat oʻtib mehmonxonada xotini roʻbaroʻ keldiyu savolga tutdi:
— Volter, nima, bugun mazang yoʻqmi? Rangingda rang qolmabdi-ya!
— Qoʻysang-chi bu gapingni. Men oʻzimni otdek his qilyapman. Hatto vazirlikka borib kelsammi deb turibman.
— Shu paytda-ya? Bir tishlam non ham yemasdan-a?

Montikyarining koʻngli alagʻda. U uydan chiqdi, ammo mashinaga oʻtirishdan oldin bir lahza xayolga toldi. Bugun ne bois oy bu qadar yop-yorugʻ? Va oʻzicha bunday xayol ne oqibatlarga sabab boʻlishini chamalab koʻra boshladi. Soat allaqachon oʻn yarimga borib qolibdi, shahar kun boʻyi davom etgan ogʻir mehnatdan soʻng tinchib, orom ola boshlagan. Ne boʻlganda ham uning nazarida bugungi oqshom havoning oʻzi qandaydir boshqacha, unda arang ilgʻab olinadigan hayot zarbi, anavi, deyarli qop-qora soyalar ogʻushida qandaydir tushuniksiz kuchlar hukm surayotgani seziladi; bamisoli kimlardir quvurlardan chiqayotgam tutunlar, daraxtlar tanasi, oʻchirib qoʻyilgan yonilgʻi qozonlari ortiga yashirinib, bir-biriga zoʻrgʻa anglashiladigan ishoralar qilayotgandek; goʻyo kimningdir isyonkor tuygʻulari tun paranjisi ostida betinim she’rni qutqarish chorasini izlayotgandek va daf’atan uni topadigandek...

Hatto Montikyarining oʻzi noiloj holda e’tirof etadiki, uni ham qandaydir gʻalati tuygʻu azobga solmoqda. Ne qilsinki, osmon gumbazi ostidan uning boshiga ham shu’lalar marjoni yogʻilmoqda edi. Ne chora borki, uning yogʻilishi hukumat haroriga batamom zid edi! Goʻyo ust-boshiga koʻzga koʻrinmas oʻrgimchak toʻri ilashib qolgan kabi, u beixtiyor egnidan nimalarnidir sidirib tashlamoqchi boʻldi.

U beixtiyor sergak tortib, mashinani haydab ketdi. Nihoyat, shahar markaziga yetib keldiyu, oʻzini bir oz yengil tortgandek sezdi. Bu yerdagi nurafshon chiroqlar — harqalay, unga shunday tuyuldi — oy shu’lasidan koʻra yorqinroq boʻlib koʻrinardi. Montikyari vazirlik binosiga kirdi va keng zinadan chiqib, sokin yoʻlak boʻylab ish xonasi tomon yurdi. Chiroqlar oʻchirilgani bois derazadan oʻsha la’nati yogʻdu tushib turar edi. Faqat bir eshik tirqishidan chiroq nuri miltirab koʻrinardi. Vazir oʻsha eshik yonida toʻxtadi. Bu — mudom raqamlarga koʻmilib yuradigan ilmiy tadqiqot boʻlimining boshligʻi, oʻta rasmiyatchi va ijrochi professor Karonesning xonasi edi. Ajabo, unga ne boʻldi ekan? Noib Montikyari eshikni ohista ochdi.

Karones u tarafga orqa oʻgirib oʻtirardi. Styli ustida moʻ‘jazgina chiroq shu’la sochib turar, u boʻlsa bot-bot toʻxtab va anchagina xayolga tolib nimalarnidir qogʻozga bitar edi. Bunday lahzalarda u oʻzi ham bilmagan holda qalamni labiga bosar va ilhomini axtargan kabi, nigohini ayvondagi oy nuriga yoʻgʻrilgan shisha eshikka qadardi.

Bu oqshom Montikya yana bir insonni gʻayriodatiy va hatto noravo mashgʻulot ustida qoʻlga tushirmokda edi. Ilgarilari Karones hech qachon ishda bu qadar kech qolib ketmasdi.

Montikyari serpat gilam ustidan jimgina yurib Karonesning tepasiga keldi va uning yelkalari osha astagina egilib, professor qoralayotgan qogʻozga koʻz qirini tashladi:

O zabonsiz yogʻdu, sen nechuk
Ma’dan korxonalarining qop-qora qurum
Devorlari osha chiqasan kulib?
Afsonaviy sehrli chiroq
Tilsiz toshni yoritdi hatto.
Senga borar yoʻl lekin uzoq —
Bir umrlik yoʻl erur raso!
Men toliqqan nigohim bilan
Atrofimga qarayman, hayhot!
Sening nuring etar namoyon:
Qanday gʻarib bizning bu hayot!
Koʻp sehrli va tanti dunyo,
O’n besh kunlik oy,
Narsalar olami...
O’zing ayirmagin bulardan, Xudoy!

Shu misralarni oʻqigach, vazir bir qoʻlini Karonesning yelkasiga qoʻydi va bunday dedi:
— Professor, shu ish sizdan chiqdimi?

U boʻlsa qoʻrquvdan tosh kabi qotib nimalardir deb valdirardi.

«Professor, shu ish sizdan chikdimi?!» Ammo shu onda qoʻshni xonadagi telefon jiringlab qoldi, keyin yana qaydadir uzoqda — yoʻlakning oxirida telefonga til kirgandek boʻldi. Soʻngra uchinchi, toʻrtinchi bor telefonlar jiringlay ketdi... Va shu tariqa sokinlik qoʻynidagi binoda, goʻyo javonlarga, chang bosgan pardalar ortiga bekinib olgan yuzlab odamlar orziqib kutilgan ishoradan nihoyat xabar topgani kabi, sirli ravishda hayot qayta jonlandi. Dastlab kimlarningdir moʻralab qaragani quloqqa chalindi, keyin butun tevarak-atrof shivir-shivir gaplar sasiga toʻldi. Soʻng-soʻng kimlarningdir tanish ovozlari, nimagadir da’vat etgani, shartta-shartta buyruq bergani, eshiklarning sharaqlab ochilib-yopilgani, yugurib borayotgan odamlarning olatasir shovqini, uzoqdagi baqir-chaqirlar eshitildi...

Montikyari eshikni lang ochib, ayvon tarafga nazar tashladi. Vazirlik tegrasidagi bogʻda nimadir boʻlganu barcha chiroqlar oʻchgan. Buning oqibatida oy nuri yanada yorqinroq va noxushroq koʻzga tashlanadi. Ikki yoki uch kishi qoʻllarida mash’ala tutgan holda oydin shu’laga burkangan xiyobondan chopib ketdi. Keyin yosh oʻspirin qizil kamzulini silkitib ot choptirib oʻtdi. Ana, bino oʻrtasidagi ravonning ikki tarafiga bashang kiyingan, koʻzni qamashtiruvchi qilich taqqan ikkita harbiy kelib turdi. Ana, ular qilichlarini samoga irgʻitdilar. Yoʻq, ular — qilich emas, gʻalaba mushaklari. Nogʻora-karnayning yangroq ovozi bir taraldi-yu, olomon tepasidagi tilla ravoq kabi, havoda muallaq turib qoldi.

Montikyariga hech bir izohning hojati yoʻq edi. Shundoq ham barchasi tushunarli: inqilob yuz berdiyu uning vazirligi qulatildi.

Ruschadan Polvon Otabek tarjima qildi.