OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Dino Butssati. Tuxum (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifDino Butssati
Asar nomiTuxum (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Italiyan adabiyoti
Boʻlimlar
   - Ekzistensializm
Mualliflar
   - Dino Butssati
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tuxum (hikoya)
Dino Butssati

Xalqaro Binafsha Xoch tashkiloti oʻn ikki yoshgacha boʻlgan bolalar uchun qirollikning yozgi saroyi qoshidagi bogʻda «pasxa tuxumini ovlash» boʻyicha katta bayram shodiyonasi tashkil etdi. Chipta narxi – yigirma ming lir.

Tuxumlar pichanlar gʻaramiga yashirib qoʻyiladi.

Qoidaga koʻra, bolakay topib olgan barcha tuxumlar unga qarashli boʻladi. Bu tuxumlar har xil shakl va turda – shokoladli, metalli, kartonli boʻlib, har birining ichiga ajoyib sovgʻa solingan.

Xizmatkor Jilda Sozo bu xususda xoʻjayini Dzernattaning uyida eshitib qoldi. Sinora Dzernatta, garchi bu unga sakson mingga tushsa-da, oʻzining toʻrtala bolasini bayramga olib borishga jazm qilib turgan ekan.

Jussasi jikkakkina, yigirma besh yoshlardagi ayol, toʻgʻri, goʻzal emas, lekin hunuk ham emas, shoʻx va gulgun yuzli, tabiatan xushfe’l, ammo bir qadar odamovi boʻlgan Jilda Sozo ham oʻzining toʻrt yashar qizchasini xursand qilmoqchi boʻldi. Qizaloq yoqimtoy, yaxshiku-ya, biroq, afsuski, ota mehrisiz oʻsyapti-da.

Uzoq kutilgan kun keldi: kichkinagina Antonella yap-yangi paltocha, bejirimgina shlyapachada zodagonlarning bolalaridan hecham farq qilmasdi.

Jildaning oʻzi aslzoda xonim boʻla olmasdi, chunki kishi koʻrgilik kiyimi yoʻq edi. Shunga qaramasdan, bu mushkul vaziyatdan chiqish yoʻlini topdi – boshiga yarqiroq bir niqob kiyib oldi: qarabsizki, oqbilak boʻlmasa-da, har qalay, zodagonlar xonadonining Jeneva yoxud Nevshatelda tahsil koʻrib diplom olib kelgan maxsus tarbiyachisi boʻldi-qoldi!

Jilda belgilangan vaqtda qizchasi bilan qirollik bogʻining darvozasi oldiga kelib toʻxtadi-da, goʻyo bekasini qidirayotgan tarbiyachidek atrofga alanglab qaray boshladi. Shu asnoda mashinalar birin-ketin kelib toʻxtab, ulardan «tuxum ovi»da qatnishishga shoshayotgan bolakaylar tushaverishdi. Sinora Dzernatta oʻz bolasi bilan kelib qolgan edi, Jilda koʻrib qolmasin deb oʻzini panaga oldi.

Nahotki barcha urinishlari behuda boʻlsa? U tiqilinch va toʻpolonda chiptasiz oʻtib ketishni moʻljal qilgan edi, biroq hadeganda qulay vaziyat kela qolmasdi.

«Ov» soat uchda boshlanadi. Beshtakam uchda hukumat mashinasi kelib toʻxtadi: undan Rimdan kelgan qandaydir vazirning xotini ikki bolasi bilan tushib keldi. Xalqaro Binafsha Xoch tashkilotining prezidenti, maslahatchilari-yu mas’ul xodimalari muhtarama mehmonni kutib olishga shoshildilar. Ana shunda, nihoyat, Jilda mushtoqlik bilan kutgan qulay vaziyat tugʻilib qoldi.

Shunday qilib, tarbiyachi niqobini kiygan xizmatkor bogʻning ichkarisiga kirib oldi-da, yoʻl-yoʻlakay qizchasiga tegishli pand-nasihatlarni berdi: oʻzingni yoʻqotma, oʻzingdan kattaroq va abjirroq bolalar oldida boʻsh kelma...

Sayxonlig-u oʻtloqzorlarga katta-kichik gʻaramlar uyib tashlangan edi. Bitta gʻaramning balandligi hatto kamida uch metrcha kelardi – kim bilsin, uning tagida qanday tuxum yashirib qoʻyilgan, ehtimol hech nima yoʻqdir.

Signal ovozi eshitilib, start yoʻnalishi oldidagi tasma kesildi. Bolalar misli koʻrilmagan bir shiddat bilan «ov»ga otildilar.

Kichkintoy Antonella bu boy bolakaylarning oldida dovdirab qoldi. U bir gʻaramdan ikkinchisiga qarab yugurar, ammo qoʻlini gʻaram ichiga tiqishga jur’at qilolmasdi. Boshqalar esa, bu vaqtda kattakon shakoladrang, qip-qizil, oppoq, muhimi – sehrli sovgʻalarni bagʻriga olgan tuxumlarni koʻksiga bosgan koʻyi onalari tomon yeldek uchardilar.

Mana, nihoyat, Antonella ham bir gʻaramga ohista qoʻl suqib, qandaydir qattiq va silliq bir nimani tuydi: aftidan, tuxum ancha bahaybat edi. Suyunganidan oʻzini yoʻqotib, «Topdim! Topdim!» deya qichqirib yubordi-da, tuxumni chiqarib olmoqchi boʻldi. Lekin shu payt bir bolakay ashaddiy regbistdek chaqqon tashlandi-da, tuxumni koʻksi bilan qopladi. Soʻng Antonella uning kattakon pasxa tuxumini qoʻlida tutgan koʻyi yugurganicha oʻzidan uzoqlashayotganini, yugura turib ortiga burilib qaraganini, hatto tilini chiqarib uni masxara qilganini koʻrdi.

Qanchalik olgʻir-a bu bolakaylar. Soat uchda oʻyin boshlangan edi, oradan oʻn besh daqiqa oʻtib-oʻtmay jamiki tuxumlar oʻz egalarini topdi. Faqatgina Jildaning qizchasi quruq qoʻl bilan atrofga alanglab qarar, onasi kiygan soxta niqobni qidirardi. Uning koʻzlari jiqqa yoshga toʻlgan, lekin oʻzini yigʻidan tiyishga jon-jahdi bilan urinardi: bu bolakaylarning oldida hoʻngrab yigʻlash katta sharmandalik boʻlib tuyulardi unga.

Shu payt yetti yoshlardagi qandaydir tillarang sochli qizaloq ajoyib pasxa tuxumlarini naq bir quchoq qilib koʻtarib oʻtaverdi. Mana buni oʻlja deydilar!

Antonella unga havas bilan tikilib qoldi.

– Nima boʻldi, sen hech nima topmadingmi? – mehribonlik bilan soʻradi oʻsha qizaloq.

– Ha, hech nima.

– Istasang, mendan bittasini olishing mumkin.

– Rostdanmi? – suyunib ketdi Antonella. – Qaysi birini olay?

– Kichikrogʻini ola qol.

– Shunisini olsam maylimi?

– Mayli, ola qol.

– Rahmat! – Qizchaning koʻzlari quvonchdan porlab ketdi.

– Sening isming nima?

– Inyatsiya, – dedi tillasoch qizaloq.

Shu payt novchagina ayol, aftidan, Inyatsiyaning onasi kelib ularning suhbatiga qoʻshildi.

– Nega tuxumingni bu qizchaga berding?

– Men berganim yoʻq, uning oʻzi oldi, – poʻngʻilladi Inyatsiya: bolalar ba’zan tushunarsiz makkorlikka jazm qilishadi.

– Yolgʻon! – qichqirdi Antonella. – Uning oʻzi berdi-ku!

Bu qalin qogʻozdan bejirim qilib yasalgan chiroyli tuxum boʻlib, hoynahoy qutiga oʻxshab ochilar edi-da, ichidan qandaydir oʻyinchoqmi-qoʻgʻirchoq chiqardi.

Mojaroni koʻrib, Binafsha Xoch tashkilotining oppoq kiyingan ellik yoshlardagi xodimasi ularning oldiga keldi.

– Nima boʻldi, jajji qizaloqlarim? – soʻradi u kulib turib. Biroq uning kulgisi qandaydir muzdan ham sovuqroq edi. – Sizlar nimadandir norozimisizlar?

– Yoʻq-yoʻq, hammasi joyida, – javob qildi Inyatsiyaning onasi. – Faqat manovi maymuncha, bilmadim, kimning qizi ekan, mening qizchamning qoʻlidan tuxumini tortib olibdi. Arzimas narsa! Har qalay, men uchun! Mayli, ola qolsin shu! Yur, ketdik, Inyatsiya! – Shunday deb ona qizini yetaklab ketdi.

Lekin mas’ul xodima mojaro toʻla yechimini topdi deb hisoblamadi.

– Sen u qizning tuxumini tortib olganmiding? – soʻradi u Antonelladan.

– Yoʻq, uning oʻzi menga beruvdi.

– Nahotki? Sening oting nima oʻzi?

– Antonella.

– Antonella, familiyang-chi?

– Antonella Sozo.

– Onang qaerda?

Shu payt Antonella onasini koʻrib qoldi. U bor-yoʻgʻi bir necha qadam narida nima boʻlayotganini jimgina kuzatib turardi.

– Ana, mening onam, – deb koʻrsatdi qizcha.

– Shu ayolmi? – soʻradi mas’ul xodima.

– Ha.

– U murabbiya emasmi?

Jilda ularga yaqinlashdi.

– Bu mening qizim.

Xodima unga hayron boʻlib boshidan oyogʻigacha razm solib qaradi.

– Meni kechirasiz, sinora, sizning chiptangiz bormi oʻzi? Qani, marhamat qilib koʻrsating-chi!

– Mening chiptam yoʻq, – Antonellaning yonida turib javob qildi Jilda.

– Chiptangizni yoʻqotib qoʻydingizmi?

– Yoʻq, menda chipta aslida yoʻq edi.

– Demak, siz chiptasiz oʻtgan ekansiz-da, a? Bu butunlay boshqa gap! Bunday taqdirda, qizcha, tuxumni qaytarishga toʻgʻri keladi. – Shunday deya tuxumni Antonellaning qoʻlidan yulib oldi. – Sizlarga uyat emasmi? – tanbeh berdi yana. – Qani, marhamat qilib tezda bogʻni boʻshatib qoʻying-chi!

Qizcha toshdek qotib qoldi. Uning koʻzlariga shunaqangi gʻam-gʻussa choʻkdiki, bosh ustidagi osmon ham kutilmaganda qorayib ketgandek boʻldi.

Mas’ul xodima tuxumni qoʻlida koʻtargan koʻyi magʻrur odimlab uzoqlashar ekan, Jildaning gʻazabi qattiq junbushga keldi. U qalbida yigʻilib qolgan tahqir, xoʻrlik, puchga chiqqan umid bilan sarobga aylangan istakni ortiq jilovlashga mutlaqo qodir emas edi endi. Natijada u alifboning «g», «b», «s», «sh» va boshqa harflari bilan boshlanuvchi jamiki qoʻpol soʻzlarni ayolning ortidan peshma-pesh yubordi.

Atrofga oliy tabaqaga mansub zodagon ayollar bilan ularning ajoyib pasxa tuxumlarini koʻtarib olgan bolalari darrov yigʻildilar. Ayrimlar Jildaning baqirishlarini eshitib, qoʻrqqanlaridan qochib qoldilar. Boshqalari gʻazab bilan soʻz qotdilar:

– Qanday sharmandalik! Janjalga balo bormi!

Bolalarning oldida-ya! U ayolni shu zahoti hibsga olish kerak!

– Ket! Yoʻqol! Agar politsiyaning qoʻliga tushishni istamasang, tezroq yoʻqol bu yerdan, yaramas! – tahdid qildi mas’ul xodima.

Antonella shunaqangi gʻam-alam bilan yigʻladiki, bu yigʻi toshni ham eritib yuborgudek edi. Jildaning boʻlsa, hushi oʻzida emas edi: gʻazab, uyat, nafrat, qahrdan kuchiga kuch qoʻshilgan edi goʻyo.

– O’zingiz uyalmaysizmi? Shu bechora kichkintoyning tuxumini tortib olishdan siz uyalishingiz kerak edi, siz! Ha, men emas, siz uyaling, pastkash!

Ikki politsiyachi yugurib kelib, Jildaning qoʻlidan tutishdi.

Jilda battar jazavaga tushib qichqirdi:

– Qoʻyvoring, menga qoʻl tekkizmang! Ablahlar!

Ular ayolning qoʻllarini qayirib darvoza tomonga sudradilar.

– Biz bilan boʻlimga borasan! Qamoqqa tiqish kerak buni! Hokimiyat vakillarini haqorat qilishning oqibati qanday boʻlishini bilib qoʻysin!

Baquvvat erkaklar shu jikkakkina, nimjongina ayolni bazoʻr tutib turishar edi.

– Yoʻq! Yoʻq dedimmi, yoʻq! – qichqirdi u. – Qani mening qizim?! Qoʻyvoringlar meni, ablahlar!

– Oyi! Oyijon!

Antonella uning etagiga yopishdi. Qizaloq titrab-qaqshab hiqillab yigʻlar ekan, toʻpolonda uni u yoqdan bu yoqqa siltashardi.

Jildani endi oʻntacha odam – erkak va ayollar bosishga urinishardi.

– Bu ayol aqldan ozibdi! Tiydirish koʻylagi kerak!

Qamoqqa tiqish kerak buni!

Bir zumda politsiyaning usti yopiq mashinasi yetib keldi-da, uning orqa eshigi ochildi. Mashinaga tiqish uchun Jildani koʻtardilar. Binafsha Xochning mas’ul xodimasi Antonellaning qoʻlchalaridan mahkam ushlab turdi.

– Sen men bilan ketasan! Men uni – sening onangni hali shunaqangi tavbasiga tayantirayki!..

Hech kim nohaqlikni koʻrib-bilib, jonidan-qonidan oʻtkazib turgan odam gʻayritabiiy kuch-qudratga ega boʻlishi mumkinligini xayoliga ham keltirmasdi.

– Oxirgi marta ogohlantiraman: yaxshilikcha qoʻyvoring! – qichqirdi Jilda, uni mashinaga zoʻrlab tiqmoqchi boʻlayotganlarida. – Qoʻyvoring dedim, yoʻqsa oʻldiraman!

– Boʻldi, bas! Olib keting uni tezroq! He, oʻl bu kuningdan!.. – qizchani oʻzining oldida bazoʻr ushlab turar ekan, qichqirdi xodima.

– Hali shunaqami! U holda birinchi boʻlib sen oʻl, ming la’nat senga! – jon-jahdi bilan yulqinar ekan, qichqirdi Jilda.

– E Xudo! – oqbilak oyimcha oh deb yiqildi-da, shu zahotiyoq jon taslim qildi.

– Mening qoʻlimni ushlab turganing uchun endi navbat senga! Keyin navbat senga! – xitob qildi xizmatkor.

Ayolni oʻrab turgan odamlar toʻdasi oʻz-oʻzidan yoyildi. Politsiyachilardan biri mashinadan tashqariga agʻdarilib tushdi-yu jon asari yoʻq holda yotib qoldi.

Jilda yana bir soʻz aytar-aytmas ikkinchisi ham uning ortidan yiqildi.

Atrofdagi hamma tomoshatalablar dahshatdan dong qotib qoldilar. Endi Jilda unga yaqinlashishga jur’at qilolmayotgan olomon orasida yakka oʻzi turardi.

Ona Antonellaning qoʻlidan tutib shahd bilan olgʻa intildi.

– Qani, yoʻlni boʻshat hammang!

Hech kim unga yaqin kelishga jur’at qilolmagach, oʻz-oʻzidan yoʻl boʻshab qoldi. Biroq politsiyachilar yigirma metrcha orqadan unga ergashdilar. Sirenaning chiyillashidan qoʻrqqan tomoshabinlar turli tomonga qocha boshladilar: qoʻshimcha kuch – tez yordam, oʻt oʻchirish, politsiya mashinalari oldinma-ketin yetib kelgan edi. Qoʻlga olish harakatiga rahbarlikni politsiya boshligʻining oʻrinbosari oʻz zimmasiga oldi. U buyruq berdi:

– Brandspoytlarni tayyorlang! Koʻzni yoshlatuvchi gaz!

Jilda qoʻrquv nimaligini unutgan edi, ortiga shahd bilan burilib qaradi:

– Qani, mard boʻlsang oldimga kel!

Insoniy sha’ni toptab-tahqirlangan ona koʻksida boʻysinmas bir ilohiy kuch qaynab-toshmoqda edi.

Qurollangan politsiyachilar halqasi uni tobora qurshovga olib kelaverdi. Tahdidli xitob yangradi:
— Qoʻlingni koʻtar, ey badbaxt! Ogohlantiruvchi oʻq tovushlari ham eshitildi.
— Senlar hali yolgʻiz oʻzimni emas, qizim ni ham oʻldirmoqchimisanlar! - qichqirdi Jilda. - Yoʻlimdan qoch hammang!

Shunday deya u oʻz yoʻlida dadil davom etdi. Ayol hech kimga barmogʻini ham tekkizmasa-da, «oldingi safda kelayotgan» olti nafar politsiyachi baravariga yer tishladi.

Shunday qilib, u uyiga yetib oldi. Bu shahar chekkasidagi atrofi yovvoyi oʻt-oʻlanlar bilan qoplangan ulkan va koʻrimsiz bir inshoot edi. Politsiyachilar uyni qurshovga olishdi.

Politsiya boshligʻi qoʻlida ovoz kuchaytirgich bilan oldinroqqa chiqdi: barcha uy egalariga besh daqiqa ichida binoni boʻshatib qoʻyish taklif qilindi. Isyonkor ayolga esa, jiddiy koʻngilsizliklarning oldini olish maqsadida qizchasini oʻz ixtiyori bilan topshirish tavsiya etildi.

Jilda yuqori qavatdagi derazadan boshini chiqarib tushunarsiz tarzda nimalardir deb qichqirdi. Qurshovga oluvchilar halqasi bir zumda baayni koʻzga koʻrinmas toʻsiqqa duch kelgandek taqqa toʻxtadi-qoldi.
— Qayoqqa? Saflar mustahkamlansin! - buyruq yangradi.

Lekin hattoki ofitserlar ham qoqila-surina ortlariga chekindilar.

Butun binoda Jilda bilan qizchasidan boshqa hech kim qolmadi. Aftidan, ayol qizchasiga yegulik tayyorlayotgan edi, sababi moʻridan ingichkagina tutun chiqib tepaga oʻrlay boshladi.

Atrofga asta-sekin qorongʻulik choʻkmoqda edi. Bino tegrasiga esa, Yettinchi motorlashtirilgan polkning zirhli mashinalari tizilishtirib qoʻyildi. Jilda yana oynadan qarab nimadir deb qichqirdi. Ogʻir zirhli mashinalardan bittasi turgan joyida sapchib, nimagadir toʻnkarildi-qoldi. Undan keyin ikkinchisi, uchinchisi, toʻrtinchisi... Qandaydir sirli kuch ularni baayni yengilgina oʻyinchoqlardek chor tarafga otib boshladi. Ular borib tushgan joylarida yalpayib, bir uyum temir-tersakka aylanaverdi.

Favqulodda qamal holati e’lon qilinib, BMTning maxsus qoʻshini chaqirildi. Atrof-javonibdagi butun bir tuman aholisi boshqa joyga koʻchirildi. Tong saharda bombardimon boshlandi.

Jilda bilan Antonella ayvonga chiqib, bu qiziq tomoshani bamaylixotir kuzata boshladilar. Nima uchunligi noma’lum, bironta bomba uyning ustiga kelib tushgani yoʻq. Ularning hammasi nishonga uch yuzmi-toʻrt yuz metr qolganida havoda portlab ketmoqda edi. Keyin Jilda yotoqxonaga qaytib kirdi, chunki qizchasi kuchli portlash tovushidan qoʻrqib yigʻlay boshlagan edi.

Ularni tinkasini quritish yoʻli bilan qoʻlga olishga qaror qilishdi. Suv ta’minotini toʻsib qoʻyishdi. Lekin, baribir, har kuni ertalab va kechqurun moʻridan oʻsha-oʻsha tutun chiqaverdi - demak, Jilda qizchasiga yegulik pishirmoqda edi.

Generalissimuslar hujumni soat X ga belgilashdi. Ayni shu soatda, xuddi qiyomat qoyim boʻlandek, bir necha chaqirimlik joyda yer zir titradi. Bronetank kuchlari birgalikda aniq yoʻnaltirilgan hujum boshladilar.

Jilda tagʻin derazadan boshini chiqardi.
— Boʻldi-da endi! - qichqirdi u. - Meni tinchimga qoʻyasizlarmi-yoʻqmi?

Qandaydir bir koʻzga koʻrinmas qudratli kuch tank saflarini buzib tashladi: ajal yuklangan temir-poʻlat mastodontlar (qadimda yashagan bahaybat filsimon hayvonlar) nimagadir qars-qurs qilib parchalanmoqda va ishdan chiqqan ma’danlar qabristoniga aylanmoqda edi.

BMT Bosh Kotibi oq bayroqni baland koʻtarib oldinga chiqdi. Jilda qoʻl ishorasi bilan uning uyga ki-rishiga ijozat berdi.

BMT Bosh Kotibi xizmatkor bilan tinchlik bitimi tuzish yuzasidan muzokara yuritish umidida kelgan edi: mamlakat oʻlar ahvolda turibdi. Xalq bezovta-behalovat. Qurolli Kuchlar butkul holdan toygan. Ahvolni qanday oʻnglash kerak endi?..

Jilda mehmonni qahva bilan siyladi. Shundan keyin shartini aytdi:
— Men qizalogʻim uchun pasxa tuxumini xohlayman. Uyning yoʻlak boshiga oʻnta yuk mashinasi kelib

toʻxtadi. Ulardan turli kattalikdagi mislsiz darajada goʻzal tuxumlar tushirildi-da, taklif qilindi: mana, qizaloq marhamat qilib tanlab olaversin! Ulardan bittasi hatto diametri oʻttiz besh santimetrlik sof tilla tuxum boʻlib, usti qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan edi.

Antonella oʻsha mas’ul xodima oʻzining qoʻlidan tortib olgan tuxumga aynan oʻxshaydigan, rangli qogʻozdan yasalgan kichkintoygina bir tuxumni tanlab oldi.

Rus tilidan Otauli tarjimasi

«Yoshlik» jurnalining 2010-yil 4-sonidan olindi.