OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifDino Butssati
Asar nomiYozuvchining siri (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Italiyan adabiyoti
Boʻlimlar
   - Ekzistensializm
Mualliflar
   - Dino Butssati
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yozuvchining siri (hikoya)
Dino Butssati

«Men adoyi tamom boʻlgan odamman, lekin baxtiyorman. Har qalay, men qoʻlimdagi kosani tag-tugiga qadar sipqorib ulgurganimcha yoʻq. Toʻgʻri, judayam oz boʻlsa-da, hali ichida nimadir bor. Uni soʻnggi tomchisiga qadar totib koʻrishdan umidvorman. Agar yana ozgina yashay olsam, albatta: anchagina keksayib qolganman, bir oyogʻim toʻrda boʻlsa, bir oyogʻim goʻrda.

Mana, talay yillardan buyon hamma mening ijodiy tanazzulga yuz tutganimni, yozuvchi sifatida uzil-kesil va tamomila «oʻlib boʻlganimni» uqtiradi. Bu xususda ochiq-oshkor aytmasalar-da, oʻzlaricha shunday oʻylaydilar. Mening e’lon qilgan har bir yangi asarim qiyalik boʻylab pastga qarab qoʻyilgan yana bir qadam sifatida baholanadi. Shunday, tobora pastlasha-pastlasha, oxir-oqibat, boshi berk koʻchaga kirib turibman.

Hammasiga avvalo oʻzim sababchiman. Men oʻttiz yildan koʻproq vaqt mobaynida ongli ravishda, avvaldan puxta oʻylangan reja asosida asta-sekin, biroq toʻppa-toʻgʻri tubsiz chohga qarab yoʻl yurib keldim.

Boshqacharoq aytganda, deb soʻraysiz siz mendan, sen oʻzing shu koʻrgilikni istab, oʻzingga oʻzing choh qazidingmi, bundan chiqdi?

Ha, shunday, xonimlar va janoblar, xuddi shunday. Men oʻz ijodimda avvaliga koʻz qamashtirar yuksakliklarga koʻtarildim. Mashhurlik shohsupasiga chiqdim. Jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotdim.

Omadim yurishgandan yurishaverdi. Shu ketishda yanayam yuksakroqlarga parvoz qilishim mumkin edi. Agar istasam bas, ortiqcha zoʻriqishlarsiz toʻla va mutloq shuhratga erishgan boʻlar edim.

Lekin men istamadim.

Buning ustiga, men batamom boshqacha yoʻl tanladim. O’zim erishgan yuksaklikdan (e’tiboringiz uchun, ijodda, mayli, Himolay demay, har qalay, Montorozaning eng baland choʻqqisiga mengzagulik anchagina yuksak koʻrsatkichlarga erishganman!) sekin-asta pastga tushishni ma’qul koʻrdim. Yuqoriga koʻtarilayotganimda sakrab-sakrab oʻtganim ayni oʻsha yoʻlni quyiga tushayotganimda boshqacharoq tarzda bosib oʻtishga ahd qildim.

Ayanchli ahvolda past ketishning butun achchiq alamini tatib koʻrishim kerak edi. E’tibor bering, ayanchli, biroq faqat bir qarashdagina shunday. Zotan, men bu asta-sekin tushishdan chinakamiga huzur-halovat tuydim. Shu bugun kechqurun men sizga hammasini batafsil tushuntirib bermoqchiman. Dil sandigʻimda uzoq saqlangan botiniy sirimni ochib koʻrsatmoqchiman. Arzi holim sahifalarini gʻilofga joylab, ustini yelimlab qoʻyaman, toki ular men bu dunyoni tashlab ketganimdan keyingina ochib oʻqilsin.

Qirq yoshimda ijodiy yutuqlar ummonida chappor urgancha qulochkashlab suzar ekanman, kamina oʻz-oʻzimga qattiq maftun-mahliyo edim, biroq, haytovur, ajoyib kunlardan birida koʻzim ochildi.

Olamshumul shon-shuhrat, dovruq, as’asa-dabdaba, xalqaro e’tirof, mashhuri jahonlik – aynan shularga men butun jon-jahdim bilan intilgan edim-a, buni qarang! – kutilmaganda koʻz oldimda oʻzining qip-yalangʻoch nochor-notavonligi bilan yaqqol namoyon boʻldi-qoldi.

Mashhuri jahonlikning moddiy jihatlari meni qiziqtirmas edi. Chunki oʻsha paytlardayoq anchagina boy, oʻzimga toʻq edim. Xoʻsh, yana nima kerak?.. Qarsaklar, gʻalaba nashidasi, jimjimador sarobmi?.. Ayni shularni deb qancha erkak va ayollar shaytonga oʻz jonlarini sotmadilarmi? Har gal bu osmondan yogʻilgan chalpakning urvogʻini tatib koʻrganimda ogʻzimda uning achchiqdan-achchiq, koʻngilni aynituvchi ta’mini his qiladigan boʻlib qoldim. Mashhuri jahonlikning eng oliy darajasi nima, deb soʻradim oʻzimdan. Javob ham topdim. Nihoyati shundan iboratki, koʻchada ketayotganingizda odamlar alanglab qarashadi-da, oʻzaro shivirlashadi: ana, koʻryapsanmi, ana u!.. Shugina, xolos! Buning ustiga, e’tibor bering, hatto mana shu asossiz huzur-halovat ham faqatgina mashhur siyosiy arboblar yoxud shon-shuhrat gulchambariga oʻralgan kinoyulduzlarninggina chekiga tushar ekan, xolos. Hozirgi paytda oddiygina yozuvchiga e’tibor berishlari uchun – bilmadim, qanday moʻ‘jiza yuz berishi kerak.

Ustiga ustak, medalning orqa tomoni ham borligini aytmaysizmi! Taniqli yozuvchining kundalik hayoti qanchalik doʻzax azobiga aylanib qolishini siz bilasizmi oʻzi: bitmas-tuganmas majburiyatlar, muxlislarning xatlari-yu telefon qoʻngʻiroqlari, intervyular, uchrashuvlar, matbuot anjumanlari, radioda chiqishlar va boshqa shular kabi behisob-bemaza dahmazalar. Lekin meni qoʻrqitgan narsa bular emas! Kaminani qattiq sergak torttirgan va bezovta qilgan kuch butunlay boshqa narsa! Men shuni sezib qoldimki, shaxsan oʻzimga qariyb hech qanday huzur-halovat baxsh etolmaydigan har bir ijodiy yutugʻim... koʻpchilikni qattiq azob-uqubatlarga giriftor qilar ekan! O, mening ijodiy hayotimdagi eng quvonchli lahzalarda doʻstlarim va qalamkash birodarlarimning bezovta-behalovat avzolari oʻzimda qanchalik achinish, rahm-shafqat hislarini uygʻotganini bilsangiz edi! O’zim bilan eski qadrdonlik va umumiy manfaatlarning mustahkam rishtalari orqali mahkam bogʻlangan ajoyib-ajoyib yigit-qizlar, vijdoni uygʻoq zahmatkashlar – nega endi ular azob chekishlari kerak?!

Ana oʻshanda men hammasini taroziga qoʻydim-da, yaxshigina tushunib yetdimki, kaminaning ijodiy parvoz ishtiyoqi atrofimdagilarni qanchalar azob-uqubatlarga giriftor qilmoqda ekan... Shu yaxshimi? Gunohkorman – bu xususda avvalroq oʻylab koʻrmagan ekanman. Endi esa, chuqur mulohaza qilib, oʻzimcha qattiq vijdon azobini his qilmoqdaman.

Yana bir narsani tushunib yetdim: agar shu shiddat bilan ijodiy yuksalishda davom etaversam, yangidan-yangi shuhrat gulchambarlariga sazovor boʻlishim muqarrar.

Lekin bu holda yana qancha odamlarning yuraklari torayib, qon bosimi oshib, oʻzini qoʻygali joy topolmay qolar ekanlar? Axir, shu koʻyga solishim ularga nisbatan insofdanmi?!. Bu dunyoi dun turli xil azob-uqubatlarga toʻla. Biroq hasad-baxillik inson qalbiga eng chuqur, eng qonli, uzoq vaqtgacha ming bir mashaqqatlardan keyin ham bitishi dargumon boʻlgan jarohat muhrini bosuvchi tuygʻu ekanki, odam bolasining bu nochor-notavon ahvoliga qarab turib koʻnglingda rahm-shafqat, mehr-muruvvat hislari beixtiyor joʻsh uradi.

Endi men oʻz gunohimni yuvishim kerak – bundan boshqa chora yoʻq! Shunda men uzil-kesil bir toʻxtamga keldim: Xudoga shukr, anchagina xayrli ishlarni qilib ulgurdim. Hozirga qadar men, omadi kulib boqqan odam, oʻzimga oʻxshaganlarga koʻpdan-koʻp ozor berib keldim. Endi esa, ularni xotirjam-xursand qilib, ularga omadimni bosh-butun qaytaraman! Azoblarga chek qoʻyish – axir, mana shu emasmi – quvonch? Axir quvonch avvalgi kechirilgan azoblar oʻrnini bossa yomonmi?

Ish sur’atini susaytirmagan holda yozishda davom etaverishim kerak, toki hech kimda «oʻz ixtiyori bilan voz kechdi, tashlab qochdi» degan noxush taassurot uygʻonmasin. Bu ish mening hamkasblarim koʻnglida yetarli taskin-tasalli, kutilgan quvonchni uygʻotishi amrimahol. Yoʻq, yaxshisi hammasini ahmoq qilish kerak, chalgʻitish kerak, iste’dodni eng gullab-yashnab turganida sir saqlab, goʻyo ilhom bulogʻi qurib borayotgandek, tobora yomonroq yozish kerak, tamom-vassalom.

Toki mendan yangi ijodiy parvozni kutayotgan odamlarni oʻzimning ijodiy tanazzulim – past ketishim bilan allanechuk yoqimli taajjublarga solay!

Vazifa bir qarashdagina yengil! Zotan, rangsiz-tussiz, ochiq-oshkor oʻrtamiyona asar yozish oson ish deb oʻylovchilar u1179 .attiq yanglishadilar. Aslida, hammasi anchagina ogʻir va buning ikkita muhim sababi bor.

Birinchidan, munaqqidlarni qattiq bir silkitib, ularni oshirib maqtash odatlaridan voz kechishga majbur qilishimga toʻgʻri keladi. O’sha paytda nafosat koʻrgazmasida alohida oʻringa ega, obroʻsi baland, ulkan adiblar qatoriga mansub edim-da. Meni oshirib maqtash qariyb qat’iy rioya qilinishi zarur boʻlgan qoidaga aylanib ulgurgan edi. Munaqqidlar esa, ma’lumingizkim, hamma narsani joy-joyiga qoʻyib boʻlganlaridan keyin, qani endi ularni oʻz fikrlaridan voz kechishga majbur qilib koʻring-chi! Ular mening yozadiganimni yozib boʻlganimni sezisharmi ekan, yoki oʻzlarining oshirib maqtashlardan iborat baholarida qattiq oyoq tirab turib olaverarmikanlar?

Ikkinchi sabab. Qon deganlari oddiygina suv emas-da, azizlar! Siz oʻzimdagi daholikning asov yulqinishlarini boʻysindirib, uni bosib turish menga oson boʻldi deb oʻylaysizmi?! Nechogʻli joʻn va oʻrtamiyona boʻlib koʻrinishga urinmayin, iste’dod yolqini oʻzining ilohiy kuchi bilan satrlararo sizib yuzaga chiqib qolishi ehtimoldan holi emasdi-da, axir.

Chinakam soʻz san’atkori uchun joʻngina qalamkash boʻlib koʻrinishning turgan-bitgani azob, hatto agar oʻzingizni aslingizdan yomonroq qilib koʻrsatishni astoydil istaganingizda ham.

Har qalay, bu ishni bir amallab uddalashga muvaffaq boʻldim. Yillar oʻtishi bilan men oʻzimning tutqich bermas tabiatimni jilovladim. Iste’dodsizlikni shunaqangi nozik, qoyilmaqom qilib koʻrsatishni oʻrganib oldimki, shuning oʻziyoq ulugʻ iste’dodning aniq-ravshan dalili boʻla oladi. Men birin-ketin, biri biridan boʻshroq kitoblar yozaverdim. Badiiy ifoda va hayot haqqoniyatidan ming farsah yiroqdagi bu qadar lanj, ensa qotirar darajadagi soxta qoralamalar mening qalamim ostidan chiqqanini kim ham oʻylabdi deysiz! Bu yozuvchining asta-sekinlik bilan oʻz joniga qasd qilishiga barobar ish edi.

Mening yangi paydo boʻlgan har bir asarimdan keyin doʻstlarim va hamkasblarimning chiroylari ochilib, yuzlaridagi ajinlari yozila bordi. Men u bechoralarni asta-sekinlik bilan hasadning ogʻir yukidan xalos qilaverdim. Natijada, ularning oʻzlariga boʻlgan ishonchlari yana orta bordi. Yashash ishtiyoqlari kuchaydi.

Eng muhimi – meni qaytatdan astoydil sevib boshladilar. Qisqasi, yayrab-yashnab boshladilar. Qanchalar uzoq vaqt ularning naq boʻgʻizlarida suyakdek tiqilib turgan ekanman-a men! Endi esa, oʻta ehtiyotkorlik va gʻamxoʻrlik bilan ularning jarohatlariga malham bosib, oʻzlarini qushdek yengil his qilishlariga imkoniyat yaratib bermoqdaman.

Qarsaklar susaydi. Men oʻzimni soyaga oldim. Lekin taqdirimdan minnatdor edim. Atrofimdagi munofiqlarcha soxta maqtovlarga yoʻgʻrilgan xitob-undovlar iskanjasidan xalos boʻldim. Endi meni sidqidil muhabbat va samimiy minnatdorchilikning qaynoq toʻlqinlari chulgʻay boshladi. Doʻstlarimning ovozlarida barchamizning yoshlik chogʻlarimizdagi, hali insoniy tubanliklarning koʻchasidan ham oʻtmagan va olis-olislarda qolib ketgan yaxshi kunlardagi kabi toza, begʻubor-begidir, oliyhimmat munosabat ohanglarini qayta ilgʻay boshladim.

Bu qanaqasi boʻldi, deb soʻraysiz siz mendan, demak, sen atigi besh-oʻntagina hamkasblaring uchungina yozgan ekansan-da, bundan chiqdi? Yozuvchilik sharafi nima boʻldi? Adabiy jamoatchilik-chi? Sen koʻngillarini yorishtirishing mumkin boʻlgan, bugungi kunda yashab turgan va kelgusida tugʻilajak koʻpdan-koʻp kitobxonlar-chi? Demak, sening san’ating, mahorating aslida ham haminqadar ekan-da, a? Demak, iste’doding shu qadar nochor-notavon ekan-da?

Javob beraman: ha, siz haqsiz, doʻstlarim va qalamkash birodarlarim oldidagi qarzim – butun bashariyat oldidagi majburiyatimga taqqoslaganda hech narsa emas, albatta. Lekin men oʻz yaqinlarimni, butun sayyoramiz boʻylab sochilgan koʻzga koʻrinmas kitobxonlarimni, uchinchi ming yillikda keladigan avlodlarni zigʻircha ham xafa qilmaganman. Butun hayotim davomida Parvardigori Olam zimmamga yuklagan sharafli vazifani yashirin ravishda sidqidil ado etdim. Ilohiy ilhom qanotlarida uchar ekanman, men oʻzimning asl mohiyatimni yorqin aks ettiruvchi asarlar yozdim. Ular meni ertadir-kechdir osmoni-falakka koʻtarib, shon-shuhratning eng baland choʻqqisiga olib chiqa oladi. Ha, ular allaqachon yozilib yotoqxonamdagi katta bir qutiga taxlab qoʻyilgan. Naqd oʻn ikki jild! Siz ularni mening vafotimdan keyin oʻqiysiz. O’sha paytda doʻstlarimning qaygʻurishlari uchun sabab boʻlmaydi. Marhumning hamma ayblarini oson kechirib yuboradilar, hatto uning oʻlmas asarlar yozganini ham! Toʻgʻri, oʻshanda doʻstlarim nopisandlik bilan istehzoli kulishadi-da, bosh chayqab turib aytadilarki, «Qanaqangi ablah ekan-a, u hammamizni dogʻda qoldirib ketibdi-ya! Biz boʻlsak, u qarigan chogʻida yosh boladek boʻlib qoldi deb oʻylabmiz-a!..»

Nima boʻlganda ham sizga...»

Yozuv shu yerda uzilib qolgan edi. Keksa yozuvchi oʻz dilnomasini tugatolmabdi. Sababi jon taslim qilibdi. Uni yozuv stoli oldida oʻtirgan holda topishibdi. Oq qogʻoz ustidagi singan qalam bilan yonma-yon uning sochlari oppoq oqargan boshi oʻzining eng soʻnggi va eng ulugʻ xotirjamligida harakatsiz yotar edi.

Yozuvni oʻqigach, yaqinlari yotoqxonaga kirdilarda, qutini ochdilar. U yerda jami oʻn ikki dona qalin qogʻoz taxlamini koʻrdilar: taxlamning har biri yuz bet!.. Mutlaqo yozilmagan, hatto bir belgi ham qoʻyilmagan...

Rus tilidan Otauli tarjimasi

«Yoshlik» jurnalining 2010-yil 4-sonidan olindi.