OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifDmitriy Voskoboynikov
Asar nomi«Alximik bilan uchrashuv»
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Dmitriy Voskoboynikov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Adabiy suhbatlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonOzod Sharafiddinov (Rus tilidan)
Hajm33KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
Suhbat Rus tilida «Literaturnaya gazeta»ning 2003 yil 3-9 sentyabr sonidan olindi; tarjim «Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 44-45-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Alximik bilan uchrashuv»
Dmitriy Voskoboynikov

Biz Paulo Koelo bilan bundan bir yil muqaddam — u Moskvaga kelganida tanishgan edik. Oʻshanda uning Rossiyadagi noshirlari Interfaks agentligida adibning matbuot konferentsiyasini oʻtkazmoqchi boʻlishgan. Men shu agentlikda xizmat qilardim. Biroq men uning ijodi bilan ancha avval — 1998 yilning qishida tanishishga muvaffaq boʻlganman. Davosda Butunjahon iqtisodiyot forumi majlislar zalining foyesida braziliyalik muallifning kitoblari sotildi. Uning nomi shu choqqa qadar menga tanish emasdi.

Oʻzim uchun yangi iste’dod egasini kashf etish ishtiyoqida uning «Alximik»ini sotib oldim va ertasiga kun boʻyi bu ajoyib kitob mutolaasi bilan band boʻldim. Moskvada tanishganimizdan keyin biz Paulo bilan elektron pochta orqali maktublar almashib turdik. Shu yil iyul oyining boshida esa adibning gumashtasi menga qoʻngʻiroq qilib, Koelo men bilan suhbat qilish uchun uchrashishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Uchrashuvda uning «Oʻn bir daqiqa» deb atalgan soʻnggi romani toʻgʻrisida ham (Rossiyada bu asar 6 sentyabrda sotuvda paydo boʻldi, lekin menga uning qoʻlyozmasini avvalroq berishgan edi), shuningdek, umuman, turmush toʻgʻrisida ham suhbat boʻlishi kerak edi. Uchrashuv Frantsiyaning Janubi-gʻarbidagi Garb shaharchasida boʻlib oʻtdi.
— Sizning «Oʻn bir daqiqa» deb atalgan soʻnggi asaringiz atayin bestseller boʻlish uchun moʻljallab yozilgan, shekilli. Butun jahonga taniqli adib muhabbat va seks toʻgʻrisidagi mulohazalari bilan oʻrtoqlashadi va asarining bosh qahramoni sifatida fohisha ayolni tanlab oladi. Hatto romanning nomi ham kishining diqqatini jalb qiladi va kitobxonlar ommasini oʻziga tortmay qolmaydi — sizning nuqtai nazaringiz boʻyicha, jinsiy aloqa oʻrta hisobda ayni oʻn bir daqiqa davom etar ekan. Yuksak ma’naviyat egasi sifatida tanilgan adib tijoratchi yozuvchiga aylanib ketayotgani yoʻqmi? U asarlarining adadini koʻpaytirish ishtiyoqiga tushib qolmayaptimi?
— Har qanday kitobda ham tavakkalchilik bor, lekin men nomus masalasida hech qachon tavakkal qilmagan boʻlardim. Men bu asarimni tugatganimda, birdan vahimaga tushib qoldim, nogahon, birdaniga koʻnglimga kitobxonlar meni tushunmay qolishlari mumkin-ku, degan xayol keldi. Agar shunday boʻlsa, men kitobxonlarimdan ancha-munchasini yoʻqotib qoʻyardim. Lekin keyinchalik butunlay boshqa bir toʻxtamga keldim: mabodo, shunday boʻlgan taqdirda ham hech kim oʻzim uchun juda muhim boʻlgan mavzuda halol kitob yozganimga shubha qilmasa kerak. Ehtimol, kimdir bu kitobni oʻqib xijolat chekar, kimgadir u uncha ma’qul boʻlmas, lekin hamma bu kitobni avvaldan belgilab qoʻyilgan qoidalar va talablarga rioya qilib yozmaganimga zarracha gumon qilmasa kerak. Meni lol qoldirgan joyi shundaki, kitob e’lon qilingan joylarda u qisqa fursatda fantastik bestsellerga aylanib ketdi. Hozir siz bilan ikkovimiz suhbat qurib turgan bir paytda, kitob frantsuz bestselleri roʻyxatida ikkinchi oʻrinni egallab turipti. (Uch hafta muqaddam u birinchi oʻrinda edi.) Braziliya, Italiya, Portugaliyada kitob birinchi oʻrinda. Agar ma’naviy qadriyatlar haqida gapiradigan boʻlsak, mening nazarimda, bizning seksga munosabatimiz bir tomonlama va munofiqonadir. Bu shunday sohaki, bu sohada biz oʻzimizga yolgʻon gapirishga erk beramiz, buning ustiga, yolgʻon gapirsak, buni yaxshilikka yoʻyamiz. Biz birovni aldamoq uchun emas, balki birovga xushomad qilmoq uchun yaltoqlanib yolgʻon gapiramiz, biroq bundan yolgʻonimiz haqiqatga aylanib qolmaydi va butun bizning mohiyatimizga, umuman, bizning yolgʻonga munosabatimizga ta’sir koʻrsata boshlaydi.
— Kitobning asosiy mavzui bosh qahramon Mariyaning kundaligida ifodalab berilgan: kim bizning qalbimizni junbushga keltirsa, jismimizni olovlantira olmaydi va aksincha. Shuning uchun bizning vazifamiz — seks bilan muhabbatning sinteziga erishmoqdan iboratdir, siz «sakral seks» deb atagan narsaga yetishmoqdir. Shveytsariya bozoriga oʻzini solgan braziliyalik fohisha izlagan narsasini bir rassomdan topishga muvaffaq boʻladi. Rassom — badavlat, lekin unda ham seksual hayotidan qoniqish yoʻq. Fohisha maqsadiga yetguncha oʻnlab va hatto, ehtimolki, yuzlab mijozlarning qoʻlidan oʻtadi, necha-necha martalab hayotdan, odamlardan koʻngli qoladi. Biroq siz muammoni juda murakkablashtirib yubormayapsizmi? Axir, koʻp hollarda, ayniqsa, biz yosh boʻlgan chogʻlarda va butun olam biznikidek tuyulgan kezlarda, Muhabbat bilan Seks oʻrtasida chiroq yoqib qidirsak ham ziddiyatni topa olmas edik-ku. Ular uygʻunlik bilan bir-birini boyitadi. Ancha oʻtib, yosh ham bir joyga yetib qolganda yo tuygʻular soviydi, ehtiroslar soʻnadi, yoxud turmush mashmashalariga oʻralashib qolamiz, yoki unisi ham, bunisi ham baravar sodir boʻladi. Shundoq ekan, oʻzingning izlab topgan ma’shuqang yoki oshigʻing bilan ruhiy va jismoniy yaxlitlikni tuymoq uchun nahotki fohishalik yoki yana boshqa maishiy buzuqliklar orqali oʻtish shart boʻlsa?
— Bizlar bola ekanimizda koʻzga koʻrinadigan va koʻrinmaydigan olamlar bir-biriga ancha yaqin boʻladi. Biz qay bir timsollarni yoxud harakatlarni koʻramiz-u, ularning zamirida tuygʻu, sezgi yoxud intuitsiya yashirinib yotganiga aqlimiz yetadi. Ancha vaqt oʻtgandan keyingina biz hamma narsani bir-biridan ajratib boʻla boshlaymiz, negaki, jamiyat ta’limini olganmiz. Jamiyat esa bizga oʻrgatadi: boshqa biron tarzdagi emas, ayni jismoniy voqelikkina ahamiyatga molik. Ammo aslida esa jismoniy voqelik emas, balki ayni oʻsha — boshqa voqelik bizning dunyomizga ta’sir qilish qudratiga ega va undagi muvozanatni kuchliroq buza oladi. Qoʻrquv, muhabbat yoki gunohkorlik shunaqa tuygʻularki, agar ular bizning qalblarimizga kirib oʻrnashib olsa, bizning dunyomizni jismoniy hodisalarga qaraganda kuchliroq darajada agʻdar-toʻntar qilib yubormogʻi mumkin. Minglab yillar mobaynida seks ustiga har xil ta’qiqlar va man qilishlar qalashtirib tashlangan edi. Biz ikki tanning nikoh ittifoqi orqali bir-biriga qovushishini ikki qalbning nikoh ittifoqidan ajratib, boshqa-boshqa qarashga moyilmiz. Men kitobimda oldinga surmoqchi boʻlgan tasavvur shundan iboratki, biz tom ma’noda bir-birimizga yaqin boʻlganimizda, jismonangina yaqin emasmiz, balki ruhan ham yaqinmiz. Endi bir ogʻiz gap — kitobning vujudga kelish tarixi toʻgʻrisida. Men koʻpdan beri seks haqida yozmoqni niyat qilgan boʻlsam-da, kalavaning uchini topolmay yurardim. Men xippilar avlodining vakiliman va yigitlik davrim boʻronli seksual janglarda va poʻrtanali ishqiy oʻyinlarda oʻtgan. Oʻsha kezlarda men juda koʻp narsalarni bilib olgandim. Men tarixda «Erkin muhabbat» gullab-yashnagan benihoya oʻziga xos bir davrda yashaganman. U kezlarda biz deyarli hamma man qilishlaru ta’qiqlarni butkul portlatib yuborgan edik — buning uchun antibiotiklaru homilaga qarshi tabletkalarga ming rahmat! Ammo mening kitobimga olib boradigan yoʻlni yorituvchi yoʻlchi yulduzni sira topolmasdim. Buning sababi shundaki, men kitobni oxiridan boshlamoqchi edim. Bu inson hayotidagi shunday daqiqa boʻlmogʻi kerak ediki, bu daqiqada biz jinsiy aloqada yoki seksda qalbimiz bilan jismimiz bir-biriga qoʻshilib ketishining ahamiyati naqadar katta ekanini anglab yetamiz. Kitob esa kallamda yashashda davom etardi. Shunday qilib, desangiz, kunlardan birida Jenevada kitoblarimga dastxat yozib berayotib, bir fohisha bilan tanishib qoldim va u bilan yolgʻizlik toʻgʻrisida gaplashdim. Bizning koʻpchiligimiz gʻayri shuuriy tarzda qalbimiz bilan jismimizni bir-biridan ajratib qaraymiz. Fohisha ayol bizdan farqli oʻlaroq bu ishni ongli tarzda qilishini gapirib berdi va bu yukni yelkasida koʻtarib yurishi juda-juda qiyin ekanini aytdi. Toʻsatdan koʻnglimga «Ana shundan boshlash kerak», degan fikr keldi. Axir, biz hammamiz shu muammoga duch kelamiz-ku! Oʻz munosabatlarimizda koʻp ham bogʻlanib qolishni istamaymiz, negaki, aziyat chekishdan yoki hafsalamiz pir boʻlishidan qoʻrqamiz. Mariyaning boshiga tushadigan sinovlar uning uchun qanchalik xatarli boʻlsa, boshqa istagan odam uchun ham shunchalik xatarlidir. Baxtimizga, Mariya sinovlarni yengib oʻtadi, lekin oramizdan birontamiz ham muayyan bilimlarga ega boʻlmoq uchun ana shu sermashaqqat va aziyatli yoʻlni, albatta, yengib oʻtmogʻimiz kerak, deb oʻylamayman. Biz oʻzimizning sheriklarimizga halol muomala qilishni oʻrganib olsak, shuning oʻzi kifoya. Men «uning» kundaliklaridan foydalanib, seksual hayot va muhabbat bizga in’om etadigan bilimlarni oʻzlashtirish jarayoni haqidagi oʻz fikrlarimni bayon etdim. Bu esa poyoni koʻrinmaydigan olis yoʻldir. Hayotimizning boshlanishida bizda bir bokiralik boʻladi. Bu toʻgʻrida Uilyam Bleyk yozgan. U aytgan narsa soddalik yoki anoyilik emas, ayni bokiralikning oʻzi. Bu shunday bir holatki, unda siz butun olam uchun bagʻri ochiq bir kimsasiz, hamma narsaga qiziquvchan, har narsani bilishga intiladigan odamsiz va oʻsha holatda shu paytgacha oʻzingizga ma’lum boʻlmagan hissiyot dunyosini oʻzlashtira boshlaysiz. Biroq, oradan koʻp oʻtmay, toʻsatdan qulogʻingizga quya boshlashadi — emishki, seks iflos narsa, u ta’qiqlangan va bagʻoyat xavfli narsa, seks bilan shugʻullanish kerak emas. Keyinchalik esa biz ana shu ekkanimizning hosilini oʻrib olamiz... Mening kitobimda bir joyi bor. Unda Mariya «seks — oʻz ustingdan nazoratingni yoʻqotish san’atidir», deydi. Bir vaqtning oʻzida siz ham yetaklovchisiz, ham oʻzingiz yetakda. Ham ustozsiz, ham shogirdsiz. Siz uzluksiz ravishda oʻynayotgan rolingizni almashtirib turasiz — axir, energetik oqimlar ham xuddi shu tarzda qorishib, aralashib ketmaydimi? Biroq siz oʻzgacha oʻrgatar ekansiz, boshqa odamga qaraganda nimanidir ortiqroq bilganingiz uchun shunday qilmaysiz, buni qilishingizning boisi shuki, siz oʻzingizning ichki ovozingizga rioya qilasiz, oʻz impulslaringizning nidolariga quloq osasiz, impulslaringiz esa akademiyalarda kasb etadigan bilimlaringizdan koʻra teranroq va donoroq...
— Sizning kitobingiz Parij aeroportida Mariya va Ralfning romantik uchrashuvi bilan xotimalanadi. Biroq bu uchrashuv sizga voqealarning intihosidan koʻra koʻproq ibtidosiga oʻxshab ketadiganday tuyulmayaptimi? Yetti yillardan keyin bosh qahramonning ahvoli nima kechadi? Masalan, voqealarning quyidagicha tus olish ehtimoli bor, desak xato boʻlarmikin: ular sekin-asta bir-birlaridan charchaydilar yoki asta-sekin bir-birlarining koʻngillariga uradilar. Shundan keyin hamma narsa aylanib, yana asliga qaytadi. Goʻzal kunlardan birida qoʻqqisdan Ralf molbertini koʻtaradi-yu, kafega joʻnab qoladi, u yerda xuddi Mariyaga oʻxshagan, lekin undan yoshroq va undan koʻra talabchanligi kamroq bir qizni uchratishdan umidvor boʻladi. Mariya esa yana Braziliyaga qaytishni oʻylay boshlaydi — axir puli bor, boʻlganda ham ancha-muncha. Yurtiga qaytib borib, Kopakadamadagi biror soʻtak yigitni ishq san’atiga oʻrgatish bilan shugʻullansa ham ehtimol. Siz fikrimga qoʻshilmaysizmi?
— Hamma narsa roʻy bermogʻi mumkin. Faqat bitta narsa roʻy bermaydi — ular bir-birini tark etishmaydi. Agar qalbda muhabbat yashasa, har qanday qiyinchilikni yengib oʻtish mumkin. Muhabbatni oʻz-oʻzidan voqe boʻlib qoladigan bir narsa, deb oʻylash kerak emas. Muhabbat — har kuni fath etilishi kerak boʻlgan bir narsadir. Ijozatingiz bilan men kitobning oxiriga qaytsam. Ha, kitob chindan ham «xeppi end» bilan, ya’ni «murodu maqsadi»ga yetish bilan xotimalanadi. Oʻzim ham shu xotimani olib tashlasammikin, deb oʻylab yurib edim, negaki men hikoya qilib bergan voqea ertak emas. Ammo Mariyaning prototipi hayotda qanchadan-qancha chinakam azob-uqubatlarni boshidan kechirganini eslab, bunday qilmaslikka qaror qildim. Aytgancha, men oʻzim oila qurganimga hozir 24 yil boʻldi. Bu yillar mobaynida men oʻzim ham, xotinim ham juda keskin darajada oʻzgardik. Biz u bilan birinchi marta uchrashganimizda, men hali taniqli yozuvchi emas edim, lekin taniqli yozuvchi boʻlishni orzu qilardim. Eh-he, qanchadan-qancha harakatlarim behuda ketdi! Xotinim rassom boʻlmoqchi edi. Biz hayotdan oʻz yoʻlimizni qidirdik. Oʻshandan beri xotinim besh yoki olti marta butkul oʻzgardi, men ham. Bir kuni men Bayrutga borib qoldim. Shaharni qayta tiklashmoqda edilar. Men mahalliy odamlardan «Bu ishni nechanchi marta qilyapsizlar?» deb soʻradim, «Yettinchi marta», deb javob berishdi. Men yana savol berdim: «Nega endi shahringizning joyini oʻzgartirib qoʻyaqolmaysiz? Axir, shahringiz hamisha bir-biri bilan harb olishib yotadigan mamlakatlarning yoʻllari kesishgan chorrahaning qoq oʻrtasida joylashgan-ku?» Ular menga: «Ie, nimalar deyapsiz? Bu gapingizni ikkinchi gapirmang. Biz bu joyni yaxshi koʻramiz!» deb javob berishdi. Nikoh toʻgʻrisida ham xuddi shu gapni aytish mumkin. Ba’zan uning buzilishiga yoʻl qoʻyib berish ham kerak, lekin keyinchalik — shu odamning oʻzi bilan nikohni qaytadan tiklamoq kerak. Lozim boʻlsa, buni yana va yana qilmoq lozim. Men qahramonimning prototipi bilan oʻtgan yili oktyabr oyida uchrashgan edim, sentyabrda u bilan yana uchrashish niyatidaman. Ular hozircha Ralf bilan birga baxtiyor hayot kechirishayapti. Hayotdagi Ralf undan ikki baravar katta — uning yoshi 50da. Ular oʻz hayotlarida juda koʻp narsalarni boshlaridan kechirdilar va bu jarayonda juda koʻp narsani anglab yetdilar. Mening nazarimda, bu — juda muhim. Jumladan, ular biz uchun qadrli narsani qanday asrab qolish yoʻllarini bilib olishdi. Koʻpchilik odamlar yangi tajriba orttirishdan qoʻrqishadi. Ular oila qurganda yoki birinchi marta ishga joylashganlarida, yoxud hayotlarida ilk bor ijtimoiy maqomlarini oʻzgartirayotganlarida bu ishlari umrbod ketadi, deb oʻylaydilar. Mening fikrimcha, faqat bir muncha vaqt oʻtgandan keyingina, bir qadar hayotiy tajriba bilan boyigandan soʻnggina biron muhim narsa borasida, jumladan, nikoh masalasida odam zimmasiga muayyan majburiyatlar olishi mumkin.
— Kitobdan kinoga. Lorens Fishbern «Matritsa» filmida Morfius rolini ijro etarmish, sizning eng mashhur asaringiz «Alximik» boʻyicha ishlanadigan filmda stsenariy muallifi va rejissyor boʻlarmish. Shu rostmi? Esimda — bir yil muqaddam siz oʻz vaqtida bema’nilik qilib, Gollivud studiyalaridan biriga qissangizni ekranlashtirish huquqini sotganingizni, endi esa shu huquqni qaytarib olish uchun hatto million dollar badal toʻlashga ham tayyor ekaningizni kuyinib gapirgan edingiz. Oʻshanda nima boʻlgan edi oʻzi?
— «Alximik»ni ekranlashtirish huquqini «Uorner brazers»ga sotganimga ancha boʻldi. Buning uchun hozirga qadar afsus chekaman. Oʻshandan beri asarlarimni ekranlashtirish huquqini boshqa hech kimga sotganim yoʻq. Asarimni kinoga olmoqchi boʻlganlarga ham ancha vaqtgacha parvo qilmay, goh u stsenariy yoqmaydi, goh bunisi yoqmaydi, deb bahona qilib kelganman. Ular matbuot xodimlarini yigʻib, «bu filmni jinimdan battar yomon koʻraman», deyishimdan juda qoʻrqishardi va har qanday qilib boʻlsa-da, koʻnglimni olishga urinardilar. «Alximik»ni ekranlashtirish huquqi 1993 yili sotilgan edi. Oʻshandan beri oʻtgan oʻn yil mobaynida men studiyalarning takliflariga beparvo qarab keldim. Lekin uch oymi-toʻrt oymi boʻldi — menga doʻstim, taniqli musiqachi Piter Geyberuel qoʻngʻiroq qilib, «Paulo, bu gal rozilik bermasang boʻlmaydi. Ularga ham bir imkoniyat berib koʻr. Lorens Fishbern tuzuk odam, u oʻzini sizning Koinotingizga daxldor deb hisoblaydi», dedi. Men rozi boʻldim. Yaqinda Fishbern menga oʻzining stsenariyini joʻnatdi. Iyulning oxirida esa u bilan Londonda uchrashdik. U Iordaniyadan juda qiziqarli bir taklif olipti. Ular filmni shu mamlakat hududida suvratga olishni taklif qilishipti. Lorens bunga rozi boʻlipti. Jeremi Ayrons Inglizni oʻynaydi. Fishbernning oʻzi Alximikni ijro etadi. Ammo Choʻponning rolini oʻynaydigan odamning familiyasi esimdan chiqib qolipti. Albatta, hali hamma narsa oʻzgarib ketishi mumkin, lekin hozircha Fishbern mening kitobimni qanday ekranlashtirish kerakligini yaxshi tasavvur qiladi. U menga aktyor va rejissyor sifatida juda yoqadi. (Men uning «Kunlardan birida — hayotda» degan filmini koʻrganman.) Biz haqiqatan ham bir xil koordinatlar tizimida hayot kechiramiz. Shuning uchun, keling, hammasi yaxshi boʻlishidan umidvor boʻlaylik.
— Sizga «Alximik»dek kitobni ekranlashtirish umuman mumkin emasdek tuyulmadimi? Negaki, har bir kitobxon undan oʻzining qalbiga yaqin biror narsa topadi.
— Men bironta kitob ham ekranlashtirishga yaramaydi, deb hisoblayman. Chunki har bir kitobxonning kallasida oʻzining filmi charx urib turadi. Lekin men yuqorida aytganimdek, xatoga yoʻl qoʻydim. Endi nima iloj bor? Bundan buyogʻiga ham ohi zor bilan oʻtish kerakmi? Yoʻq, bunday qilmayman. Bu xato meni koʻp narsaga oʻrgatdi. Boshqa xech qanaqa huquqlarni sotganim yoʻq.
— Binobarin, biz sizning asarlaringiz asosida ishlangan boshqa filmlarning paydo boʻlishini kutmasligimiz kerak ekan-da?
— Yoʻq. Lekin ijodi meni qoyil qoldirgan biron san’atkorni uchratib qolsam, yana bilmadim. Men, masalan, eronlik Samira Mahmadbafning hamma ishlarini yoqtiraman. Men chindan ham bu ayolni kitoblarimdan birortasi boʻyicha ishlanadigan filmning rejissyori sifatida koʻrishni istar edim. Biroq hozircha bu voqea roʻy bergani yoʻq.
— Siz yaqindagi intervyularingizdan birida: «Bugun dunyoda bir inqilob asta sodir boʻla boshladi, lekin u matbuotning nazaridan chetda qolib kelmoqda», degan gapni aytdingiz. Odamlarning ongida qaror topayotgan yangicha siyosiy tamoyillarga siz muxtasargina qilib, «tiriklay oʻlmoq» deb ta’rif bergan edingiz. Buning ma’nosi — sayyoramizda sodir boʻlayotgan hamma voqealarni qiziqish bilan tahlil qilib, tub mohiyatini anglash va ularning oxiriga qadar bu voqealarda faol ishtirok etmoqdir. Ha, chindan-da Port-Allegrida boʻlib oʻtgan ijtimoiy anjumanlarni ham, Eronda urushga qarshi oʻtgan million kishilik namoyishlarni ham eslash mumkin. Lekin shunday boʻlsa-da, menimcha, siz adashyapsiz. Esingizdami — bu urush boshlanmasdan avvalroq siz ispan gazetasi «Mundo»da «Umumiy qirgʻin qurolini mahv etish boʻyicha amaliy qoʻllanma» degan sarlavha bilan hajviy asar e’lon qilgan edingiz. Hajviyada BMT taftishchilariga bu qurolni AQSh prezidenti Jorj Bushning yotogʻidan, uning krovati tagidan qidirishni tavsiya etgandingiz. Maqolada bir muncha koʻtarinkiroq ruhda «Amerika xalqi nimalar boʻlayotgani toʻgʻrisida oʻziga toʻla hisobot berarmikin?» degan savolni oʻrtaga tashlagan edingiz. Mana endi biz AQShda keng koʻlamda oʻtkazilgan jamoatchilik fikrini oʻrganish boʻyicha soʻrovning natijasi bilan tanishib turibmiz. Natijalardan shu narsalar ma’lum boʻlyapti: aholining uchdan bir qismi chindan-da bunday qurolni topishga astoydil ishonar ekanlar. Urushni boshlash haqidagi qarorni ma’qullaganlarning yarmidan koʻpi, umuman, ana shunaqa astoydil ishonganlardan. Tahlilchilar bu hodisani ifodalash uchun maxsus atama ham oʻylab topishipti. Bu — «kognitiv dissonans» degan atama ekan. Uning ma’nosi shunday: odamning voqelik haqidagi tasavvuri voqelikka mos kelmaydi, u sodir boʻlayotgan hodisalar haqidagi haqiqatni idrok etishga yo qodir emas, yoki istamaydi. Yoki yana bir gʻalati narsani tilga olaylik. Bizning uchrashuvimizdan biroz oldinroq «Liberason» gazetasi Frantsiyaga kelib ketadigan Amerika turistlarining soni 80 foizga kamayib ketganini ma’lum qildi. Xoʻsh, bu qanday ma’noni anglatadi? Olomon urushning maqsadga muvofiqligiga shubha qilganlardan oʻch olmoqdami?
— Agar turistlarning soni kamaygani toʻgʻrisida gaplashadigan boʻlsak, menimcha, amerikaliklar Frantsiya boʻladimi, Rossiya yoxud Braziliyami, umuman, biror yoqqa borishga koʻrqib qolishgan, negaki, Jorj Bush hamma yoqda amerikaliklarni yomon koʻrsatib qoʻydi. Amerikaliklarning oʻzlarini qoralash kerak emas. Hozir siz bilan biz suhbatlashib turgan bir fursatda Bush ham, Britaniya premeri Bler ham tanqid oʻqlariga roʻpara kelib turipti. Ommaviy qirgʻin quroli masalasiga mening unchalik ham tishim oʻtavermaydi, lekin ajab emaski, agar ular uni topgan boʻlsa, buni oshkor qilmay, oxirigacha sir saqlab turishga ahd qilgan boʻlishlari mumkin. Ana shunda ular "Okey, mana oʻsha qurol», deyishadi-yu, bir zarba bilan hamma aksil harbiy noroziliklarga barham berib qoʻyaqolishadi. Ular bemalol Makiavelli ruhida ish tutaverishlari mumkin. Balki ular qurolni topolmasdirlar ham. Lekin har nima boʻlganda ham, imonim komilki, Iroqdagi urush Vulfovits bilan Ramsfeldning (birlari — AQShning mudofaa vaziri, ikkinchilari uning muovini) Yaqin Sharqdagi geosiyosatini chippakka chiqardi, chunki ular bu siyosatga butun dunyoning munosabati qanday ekanini oʻz koʻzlari bilan koʻrdilar. Ular jangda gʻolib kelishdi, lekin urushda yutib chiqqanlari yoʻq. Esingizdami, ular Iroqdan keyin darhol Suriya va Eron toʻgʻrisida gap boshladilar, keyin koʻp oʻtmay, bu haqda gʻoyat ehtiyotkorlik bilan ogʻiz ochadigan boʻlib qolishdi, chunki tushunib qolishdi — boshqa mamlakatlar bilan til topishmasa, doimiy ravishda boshlari tanqiddan chiqmay qoladi. Agar bordi-yu, «kognitiv dissonans» toʻgʻrisida gapiradigan boʻlsak, u nafaqat hozirgi ana shu vaziyatga, balki umuman bizning kundalik hayotimizga xos narsadir. Biz oʻzimizga yoqmagan narsani payqashni istamaymiz va bu bir emas, bir kun fojia bilan tamom boʻladi — biz yoʻlimizda qoʻyilgan tuzoqlardan biriga tushib qolganimizni bilmay qolamiz. Ehtimol, birinchi yoki ikkinchi qopqonga chap berib qolarmiz, lekin uchinchi qopqonga ilinmogʻimiz muqarrar.
— Har qalay, siz haq boʻlsangiz kerak. Lekin, bilasizmi, Paulo, ba’zan odam oʻzini chimchilab olgisi keladi — bularning bari sarob emasmikin, deb oʻylaysan kishi. Masalan, 14 iyul kuni Prezident Jorj Bush soʻzma-soʻz shunday degan edi: «Saddam Husayn ommaviy qirgʻin qurolini yaratish dasturiga egami-yoʻqmi — eng asosiy masala ana shunda. Bu savolga bizning javobimiz bor: «Ha, bunga hech qanday shubha yoʻq!» Biz unga nazoratchilarni yurtiga kiritishiga imkon berdik, lekin u nazoratchilarning kelishiga yoʻl qoʻymadi. Shuning uchun biz uni hokimiyatdan chetlatishga qaror qildik. Mana, endi men rosa hayron boʻlib, oʻylanib oʻtiribman. Nahotki hamisha qovogʻidan qor yogʻib yuradigan, BMTning oʻziga ishonib berib qoʻyilgan nazoratchilari bilan birga Iroqni taftish qilishni juda-juda istagan Xans Bliks qayoqda qoldi? Axir, nazorat ishlarini davom ettirishga Xans Bliksga yoʻl bermagan AQShning oʻzi emasmidi? Negaki, bu oʻjar shved Pentagonning koʻrsatmalarini dalil-isbotsiz qabul qilishni xohlamagan edi-da! Ertasi kuni «sifatli» amerika gazetalarini koʻzdan kechirib chiqdim — Jorj Bushning tahqiromuz gap-soʻzlari haqida lom-mim deyilmagan. Shunday katta gʻalvalar boʻlib turganda, atamalarning almashtirib qoʻyilishi — muayyan va topilmagan «ommaviy qirgʻin qurollari» degan atama urushga mujmal va mavhum «bu qurolni yaratish dasturi» degan atamaning muomalaga kiritilishi — arzimagan mayda gapday koʻrinadi. Yana bularning hammasi imi-jimida qilinadi. Siz esa mart oyida Jorj Bushga ochiq maktub yoʻllab, unda shunday gaplarni aytgan edingiz: «Endilikda biz hammamiz ojizlik nima ekanini yaxshi bilamiz. Endi biz unga qarshi kurashmoqni va uni oʻzgartirish yoʻllarini oʻrganib olamiz». Nahotki, siz chindan-da buni amalga oshirish mumkin, deb hisoblasangiz? Sizning maktubingizdan keyin sodir boʻlgan oʻsha voqealardan soʻng men mash’um «kognitiv dissonans» xastaligiga sizning oʻzingiz chalinmaganmisiz, degan toʻxtamga kelishga koʻproq moyil boʻlayapman. Bu oʻrinda amerikaliklarning uchdan bir qismidan farqingiz faqat bir narsada: ular nimalar sodir boʻlayotganini bilmaydi, siz esa bilasiz, lekin boshqacha oʻylashni xohlaysiz».
— Yoʻq, bu toʻgʻri emas, menda mutlaqo bunaqa narsa yoʻq. Bush toʻgʻrisida gaplashadigan boʻlsak, siz uning asablariga bagʻishlangan internet-saytlar bilan tanishsangiz, juda koʻp qiziq narsalarni bilib olishingiz mumkin. Uning bayonotlarini koʻp ham jiddiy qabul qilaverish kerak emas. Boshqa tomondan qarasak, yaqinda bir kongressmen — demokrat (uning familiyasi xotiramdan koʻtarilipti) siz aytgan narsani qayd qildi: u ham sizga oʻxshab, avvaliga «ommaviy qirgʻin qurollari» toʻgʻrisida gapirganini, endilikda esa «dastur» masalasi oʻrtaga tashlanganini qayd qildi. Hatto endilikda yana allaqanday taftish ham oʻtkazilar emish. Biroq men yana bir marta takrorlashni istayman — ommaviy qirgʻin quroli bilan bogʻliq mojarolarning hammasi odamlarni ahmoq qilishga qaratilgan Makiavelli ruhidagi juda mugʻombirona bir oʻyin boʻlishi mumkin, xolos. Bizning fikrlarimizda «kognitiv dissonans» qancha koʻp boʻlsa, biz shuncha zaiflashib qolamiz. Agar nafaqat uning soʻzlariga, balki tashqi qiyofasi, qoʻl harakatlari, yuz ifodalariga ham e’tibor berilmasa, bugungi Bushning 4-5 oy avvalgi Bushdan farq qilishini sezmaslik mumkin emas. U oʻzining jozibasini yoʻqotib qoʻydi. Koʻzlari butunlay boshqacha boʻlib qoldi. Ehtimol, u «bitta yolgʻonni oʻn ming marta takrorlasang, u haqiqatga aylanib qoladi», degan aqidaga amal qilishga oʻtgan boʻlishi ham mumkin. U oʻzini tobora noshoyista his qilayotgani, oʻziga ishonchi kamayib ketgani yaqqol koʻrinib turibdi. U hozir ham oʻzining avvalgi gaplarini koʻp takrorlayapti, lekin endi bu soʻzlar bizni unchalik ishontirmayapti. Men bu urushda AQSh yutib chiqdi, deb oʻylamayman. Bu urush hali kamida yana oʻn yil davom etadi. Bush buni endi tushuna boshladi, va ehtimolki, u bugun xato qilib qoʻyganini anglab yetgan boʻlishi ham mumkin. Albatta, u televidenieda chiqish qilib, hammaning koʻz oʻngida xato qilganini tan olishi mumkin emas, ammo Amerika iqtisodiyoti uchun ham, har kuni qurbon boʻlayotgan Amerika soldatlari uchun ham, amerikaliklarning oilalari uchun ham Iroq urushining oqibatlari gʻoyatda muhim va ogʻir. Urushni boshlaganlar «Biz Iroqni ozod qilamiz», deb bong urishganda, odamlar voqealarning butunlay boshqacha tarzda rivojlanishini kutgan edilar. Guras-guras iroqliklar koʻchalarda qoʻllarida gullar bilan amerikalik soldatlarni muborakbod qilishadi, shodliklaridan doʻppilarini osmonga otishadi, deb oʻylashgan edi. Amalda esa ularga har kuni zarba berayotgan dushmanga ega boʻlishdi. Shubha yoʻqki, hali biror narsani bashorat qilishga vaqt erta, buning ustiga, men olim ham, siyosatchi ham emasman, ammo sogʻlom fikrlaydigan va hozirgi muayyan vaziyatda «kognitiv dissonans»ga ega boʻlmagan bir odam sifatida oʻylaymanki, Iroq AQSh uchun yangi Vetnamga aylanib qolishi hech gap emas. Amerikaliklar, Vetnam masalasida tegishli xulosalarni chiqarib olganmiz va uning takrorlanishiga yoʻl qoʻymaymiz, deyishadi, ammo hozirning oʻzida, menimcha, obroʻ-izzatlaridan butunlay mahrum boʻlmay turib, askarlarini sekingina olib chiqib ketish toʻgʻrisida oʻylay boshladilar. Lekin bu mening taxminim, xolos.
— Paulo, keling, Iroqdan umumbashariy masalalarga oʻtaylik. Sizning qurbaqa toʻgʻrisida muxtasargina bir asaringiz bor. Garchi u ilmiy asoslangan boʻlsa-da, juda mahzun va qaygʻuli. Agar baqani oʻzi yashagan hovuzning suvi toʻldirilgan kastryulkaga solib qaynatilsa, baqa qimir etmay, turgan joyida pishib qolarkan, biroq baqani qaynab turgan suvga tashlasangiz, u kastryulkaning ichidan oʻqday otilib chiqib ketar ekan, hamma yogʻi kuygan boʻlsa-da, tirik qolar ekan. Qissaning hissasi mana man deb koʻrinib turipti. Ammo hozir dunyoga bir nazar tashlasangiz... Bugungi «ommaviy madaniyat»ni bilasiz — tunu kun uzluksiz davom etadigan «tele-kino-kingo seriallar» hammayoqni bosib ketdi. Bunday sharoitda yangiliklar koʻngilochar ermaklarga aylanib qoldi, ermaklar esa har xil behayo tafsilotlar va yalangʻoch manzaralar bilan madaniy hayot hodisalari sifatida taqdim etilmoqda. Bularning barchasi boyagi masalingizni eslatmaydimi — odamlar kastryulkada asta qaynatilayotgan qurbaqalarning holiga tushib qolayotgani yoʻqmi?
— Yoʻq, unchalik emas. Nyuton aytganidek, butun dunyoda tortishish qonuni mavjud. Lavuaze aytganidek, har qanday harakat qarshi harakat tugʻdiradi. Mayli, 40-60 yoshlilar «ommaviy madaniyat»ni muhokama qilishsa qilishaversin, lekin allaqachon odamlarning yangi avlodi paydo boʻlgan — ularning «ommaviy madaniyat»ga oʻxshash narsalar bilan uncha ishi yoʻq, ular muloqotning oliy darajadagi usulini egallab borishmoqda. Bu usul — Internet deb ataladi. Internet avval-boshdanoq «ommaviy madaniyat»ga qarshi turadigan harakatni barpo etadi. Bu aksilharakat siyosiy, sotsiologik jihatdan individual harakatga ega, «global qishloq» deb atalmish narsa oʻrniga biz orqaga — qabilaviy tuzum tomonga qarab harakat qilsak ajab emas. Internetda «ommaviy madaniyat»ning qoʻpoldan-qoʻpol, bahaybat va besoʻnaqay gavdasini barpo qiladigan virus mavjud. Agar bu virus ishga tushib ketsa, «ommaviy madaniyat» hozirgidek bizning oʻrnimizga nima muhim va nima nomuhim ekanini hal qilmay qoladi. Aytgan gaplarimga yana ba’zi bir gaplarni qoʻshimcha qilmoqchiman. Bu yil hozircha olamshumul voqealardan uchta voqea sodir boʻldi — Iroqdagi urush, «Matritsa» filmining ekranga chiqishi va Garri Potterning sarguzashtlari haqidagi yangi kitobning paydo boʻlishi. Bundan besh-olti yil muqaddam biror kitobning nashr etilishi butun jahon miqyosida juda katta hodisa boʻlishi mumkinligini tasavvur ham qilib boʻlmasdi. Garri Potter tevaragidagi mashmashalar ommaviy axborot vositalari tomonidan koʻtarilgan shov-shuv bilan izohlanadi, degan gaplar toʻgʻri emas. Ommaviy axborot vositalari unga e’tibor kuchaytirmasdan oldinroq kitobning bozori chaqqon boʻlib ketgan edi. Menda bu kuzatuvimni tasdiqlaydigan shaxsiy tajribam ham bor. Toʻsatdan aql bovar qilmaydigan toʻs-toʻpolon boshlandi, lekin bunga ommaviy axborot vositalarining daxli boʻlgani yoʻq. Bozorning chaqqon boʻlib ketishiga sabab shu boʻldiki, odamlar kitob toʻgʻrisida bir-birlariga gapirib bera boshladilar. Nomi noma’lum qavmlar kitob haqida bir-birlariga gapirishar ekanlar, «Voy, hali oʻqiganingiz yoʻqmi? Albatta, oʻqib chiqing-a!» deya xitob qilishardi. Ommaviy axborot vositalari qanday qarashni singdirishga harakat qilmasin, shunga oʻxshash munosabat hamisha boʻladi va bu, albatta, juda yaxshi narsa. Bu jihatdan Internetning yordami juda katta, chunki u ommaviy axborot vositalarining qusurlarini toʻldiradi.
— Har nima deganingizda ham, sizning yana bir ixcham asaringizni tilga olmay oʻtolmayman. Bu asar yaponlarning karp baligʻi toʻgʻrisida. U shunisi bilan mashhur ekan, tevarak-atrofidagi muhit yoʻl qoʻyib beradigan darajagacha katta boʻlaverar ekan. Agar kichkina hovuzchada yashasa, boʻyi 5-7 santimetrgacha borar ekan, agar katta koʻlda yashasa, bundan uch baravar katta boʻlar ekan. Karpdan farq qilaroq, deb yozasiz siz, odamlar oʻzlarining oʻsish chegaralarini oʻzlari belgilaydi. Oʻz-oʻzidan ayonki, bu yerda ma’naviy oʻsish toʻgʻrisida gap ketyapti. Agar siz oʻsib-ulgʻaygan hovuz sizga tor kelib qolsa, unga moslashmoq kerak emas, balki bahri muhitni izlab yoʻlga otlanmoq kerak. Ammo siz boshqa bir narsa toʻgʻrisida oʻylab koʻrmadingizmi? Zamondoshlarimizning koʻpchiligi — ular togʻoradagi suvga tashlab qoʻyilsa ham, oʻzlarini shoyista his qilishaveradi, shekilli. Faqat togʻoraga yem vaqtida tashlab turilsa bas.
— Hozir vaziyat oʻzgara boshlayapti. Odamlar oʻzlarining ichki kuch-quvvatlari chegarasiz ekanini tobora koʻproq anglab borishyapti. Qay bir tarzdagi cheklashlarni oʻzimiz belgilashimiz bizga munosib emas. Cheklashlarni hayotning oʻzi belgilaydi, biz esa bu cheklashlar chegarasidan chiqib ketishdan qoʻrqmasligimiz kerak. Uilyam Bleyd yozgan: «Nafsni tiyolmaslik va mechkaylik yoʻli donolik ehromiga olib boradi». Bizni tevarak-atrofdan bahaybat Koinot qurshab olganini bilgan holda, biz shunga qaramay, nima uchundir tevaragimizdagi boʻshliq ustidan nazorat oʻrnatishga qodirmiz, deb oʻylaymiz. Bu — borib turgan bema’nilikdir. Hayot ustidan nazorat oʻrnatib boʻlmaydi va, yana shunisi ajoyibki, u hamisha kutilmagan tuhfa-in’omlarga toʻla. Istalgan bir kuni shunday voqea roʻy bermogʻi mumkinki, u hayotimizni yo yaxshi, yo yomon tomonga burib yuborishi hech gap emas. Biz koʻzimizga koʻrinib turgan hamma narsani nazorat ostiga ololamiz, deb oʻylaymiz, lekin bir narsani tushunib yetmaymiz: Koinotimizdagi muvozanatni bizning koʻzimizga koʻrinmaydigan narsalar buzadi. Biz ularni koʻrishga qodir emasmiz. Baxtimizga, buni tobora koʻproq odamlar anglab boryapti. Ular hozircha koʻpchilikni tashkil qilmaydi, lekin ellik yildan keyin dunyo oʻzgarib ketadi.
— Siz oʻylaysizki, ellik yildan keyin sayyoramizda yashaydigan odamlarning koʻpchiligi...

— Bahri muhitni tanlab oladi.