OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Donald Xenig. Boʻsh xona (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifDonald Xenig
Asar nomiBoʻsh xona (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Kriminal belletristika
Mualliflar
   - Donald Xenig
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov (rus tilidan)
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Boʻsh xona (hikoya)
Donald Xenig

Eshik kaliti buralganda gʻichirlagan tovush chiqdi va Karl bir lahzaga toʻxtab, qorongʻi uyga koʻz yugurtirdi. «Qiziq,-oʻyladi u,-uxlayaptimikin? Uygʻonmadimikin?». Ammo Karl Bogan bu fikrni darhol miyasidan quvib chiqardi. Pichoq kelib suyakka qadalgan, hozir unga baribir edi. Xotinining har kungi janjal va ayblovlari uning asablarini ishdan chiqargandi.

Karl ichkariga kirib endi zinadan koʻtarilmoqchi boʻlganida qorongʻulikdan xotinining ovozi eshitildi:

-Karl.

Karl Bogan birinchi pogʻonadayoq qotib qoldi. U xotini hozir qaerda turganini bilardi-mehmonxona burchagida. Har safar janjallashadigan boʻlsa Laura negadir oʻsha yerga turib olardi.

-Pistirmalaringga allaqachon koʻnikishim kerak edi,-dedi u,-ammo har safar meni choʻchitib yuborasan. Nimaga chiroqni yoqib qoʻymading?

-Nima uchun yoqib qoʻyishim kerak?-savolga savol bilan javob qaytardi Laura Bogan. Qorongʻi boʻlishiga qaramasdan, Karl uning qimtilgan lablari va nafratdan chaqnayotgan koʻzlarini ilgʻadi.-Nima uchun yoqib qoʻyishim kerak? Aytib qoʻysang boʻlarmidi?

-Men qaerdan kelayotganimni oʻzing yaxshi bilasan,-dedi Karl.

-Yoʻq, bilmayman, bilishni ham xohlamayman. Menga qilgan xiyonatlaring haqida vijdoning uygʻonmaguncha aytishingni xohlayman...

-Iltimos, Laura, yana boshlama.

-Yoʻq, boshlayman. Boshlayman! Xiyonatingni bas qilmaguningcha gapiraveraman.

-Yoki uydan ketib qolmagunimcha.

-Sen hech qachon bunday qilmaysan.

Hozir boshlanadi. «Uydan ketib qolsang qanday kun kechirasan? Sening puling ham, tayinli ishing ham yoʻq. Sen mening uyimda, mening pulimga yashayapsan, menga shuning uchun uylangansan. Men senga bir paytlar ishonganim va sevganim uchun chidab kelyapman…».

-Ovozingni oʻchir!-qichqirdi u xotini bu gaplarni yuzinchi marta qaytarishidan oldinroq.-Laura, nahotki shu paytgacha koʻnikmading?

-Chunki men senga koʻnikib qolganman, Karl, sening qiliqlaringga emas. Dunyodagi hech qaysi ayol erining xiyonatlariga koʻnika olmaydi.

-Nahotki koʻplab oilali erkaklar boshqa ayollar bilan uchrashib turishlarini bilmaysan?

-Bu gaping bilan oʻzingni oqlamoqchimisan, Karl?

-Sening oldingda ham, boshqasining oldida ham oʻzimni oqlashga hojat yoʻq,-javob qaytardi Bogan. Uni yaqinlashib kelayotgan boʻron oldidan paydo boʻladigan sukunat qamrab oldi.

«Oʻzini kim deb oʻylayapti,-gʻazablandi u.-Nahotki u la’nati pullari Karlning vujudi va ruhiga egalik qilishga huquq beradi deb oʻylayapti?».

Bogan xotirjamlik bilan xotiniga yaqinlashdi. U qonida xotiniga nisbatan qahr koʻpirib-toshayotganini his qildi.

Laura uning bu harakatidan choʻchib ketdi.

-Karl!-Uning ovozi qoʻrquvdan qaltirab chiqdi.-Unday qil...

Ammo kech boʻlgandi. Karl uning tomogʻidan boʻgʻib oldi. Laura tiz choʻkib qoldi va ogʻzini katta ochgancha unga dahshat bilan tikildi. Ularning koʻzlari orasini sanoqli santimetrlar ajratib turar, Karlning koʻzlarida sovuq uchqun va xotinini butunlay bir yoqli qilishga qat’iy qaror qilgani koʻrinib turar, xotinining koʻzlarida esa oʻlimdan oldingi dahshat ifodasi qotib qolgandi.

Bogan qoʻllarini boʻshatdi, xotini yerga quladi. Bir ozdan keyin oʻziga kelgan Karl atrofga alangladi. «Qiziq,-oʻyladi u,-bu xonada qotillik yuz berdi, ammo xonada hech narsa oʻzgarmadi».

Karl Bogan mehmonxonaga kirib pardalarni yopdi va chiroqni yoqdi. U kurtkasini yechib kresloga oʻtirdi va sigaret tutatdi. Karl oʻtirgan joydan xotini jasadining bir qismi koʻrinib turardi. U oʻylay boshladi. «Endi nima qilish kerak?».

Kutilmaganda Bogan qandaydir uyni buzishayotib inson suyaklarini topib olishgani haqidagi xabarni oʻqiganini eslab qoldi. Politsiya ayol kishiga tegishli bu suyaklar yertoʻlada kamida ellik yil yotganini taxmin qilgandi. Uni kimdir oʻldirgan, qolgan umrini esa bemalol, xavotirlanmay oʻtkazgan.

Karl yertoʻlaga yoʻl oldi. U choʻkich bilan tsement polni oʻydi va hayajondan titragancha yumshoq yerni qaziy boshladi. Soʻngra yuqoriga chiqib xotinini yertoʻlaga olib tushdi va hozirgina qazilgan qabrga qoʻydi.

Burchakda qum aralashtirilgan tsement solingan qop turardi. Karl suv olib keldi va qabr ustini suvay boshladi. Tirqishlardan quyoshning ilk nurlari tusha boshlaganda u ishini tugatgandi.

Bogan eski toʻqima kursiga oʻtirdi va qabrdan koʻzini uzmay sigaret chekdi.

Demak, endi Laura yoʻq, ammo uning yoʻqolib qolishi shubha uygʻotishi mumkin. U haqiqatga yaqin biror narsa oʻylab topishi kerak. Laura ikkisi qoʻshnilar bilan unchalik ham yaqin emasdilar. Laura «barcha qoʻshnilar erimning xiyonatkorligi haqida bilishadi» degan oʻyda ulardan uyalib, hech kim bilan aloqa qilmasdi.

Karl uning Kaliforniyadagi uzoq qarindoshlariga Laura ogʻrib qolganligi haqida xat yozib yubordi. U qarindoshlari kutilmaganda kelib qolmasliklari uchun unchalik ham boʻrttirib yozmadi. Oʻsha kunning oʻzida Bogan toʻrtta xat yozdi va har biriga bir hafta oraliqda sana yozdi. Bu xatlarda u Lauraning salomatligi yaxshilanganini, keyin birdaniga yomonlashgani va nihoyat, uning vafot etganligini bayon etdi.

Uchinchi kuni Karl Bogan qotillik qilganidan beri uyidan chiqmaganligini sezib qoldi. U qoʻrquvga hojat yoʻqligini, uyida yoʻqligida hech kim kelib jasadni kavlamasligini tushunar, ammo xavotir hissi uni tark etmasdi.

Uni turfa oʻylar iskanjasidan telefonning jiringlashi qutqardi. Qassob Bogan xonimning nima uchun buyurtmani olgani kelmaganligini soʻradi.

-Hammasi joyida,-javob qaytardi Karl.-Shunchaki Bogan xonimning ozgina mazasi qochib qoldi.

U qassobning Lauraga salomatlik tilashini eshitib boʻlgach, goʻshakni qoʻydi.

Telefon qoʻngʻirogʻi uni oʻylashga majbur qildi. Avvaliga u hammasi joyidaligini, keyin esa xotini kasal boʻlib qolganini aytdi. Bundan buyon ehtiyot boʻlish lozim. Qoʻshnilar unchalik ham ahmoq boʻlmasliklari mumkin. Qachondir bir kuni kimdir Bogan xonimning anchadan beri koʻrinmay qolganini sezishi va keraksiz savollarga koʻmib yuborishi mumkin.

Bundan tashqari, Lauraning dugonalari ham boʻlishi mumkin. Karl xotinini va uning fe’l-atvorini juda yomon bilganini endi tushundi. Karl kun boʻyi uyda boʻlmas, ba’zan esa bir necha kunlab yoʻqolib ketardi. Xotini u yoʻq paytda nima bilan shugʻullanganini, kimlar bilan, nimalar haqida gaplashganini qaerdan ham bilsin.

Tushlik qilib olgach, u bir oz mizgʻib olmoqchi boʻldi, ammo keyin bu qaroridan afsuslandi. U dahshatli tush koʻrdi. U uygʻonmoqchi boʻlar, lekin qattiq uyqu bunga yoʻl qoʻymasdi. U karavotda sovuq terga botgancha toʻlgʻanardi. Tushida Laura qabrdan chiqmoqchi emish. Laura tsementni tirnar, tinmay chinqirarmish. Tirnash ovozi borgan sari kuchayar, keyin esa boʻgʻiq zarbalarga aylanar emish. Sement polda yoriqlar paydo boʻlibdi. Butun uy zilziladan larzaga kelgandek titragan paytda Karl oʻrnidan sapchib turib ketdi va atrofga alangladi. Uyda sukunat hukm surardi. «Judayam jimjit», oʻyladi u vahima bilan. U yertoʻlaga qarab yugurdi. Shoshilganidan qoqilib tushib boʻynini sindirib olishiga sal qoldi. Sement polda hech qanday yoriq yoʻq edi. Unga nima boʻlyapti, nahotki aqldan ozayotgan boʻlsa? Karl hammasiga oʻzi aybdor ekanligini tushundi. U uydan chiqmay faqat qotillik haqida oʻylayvergani uchun shunaqa tush koʻrgan.

Karl Bogan uyidan tashqariga chiqdi va shu zahoti xuddi yelkasidan togʻ agʻdarilgandek oʻzini yengil his qildi.

-Yaxshimisiz, janob Bogan?

Uning yuragini qoʻrquvning sovuq changali gʻijimladi. U bor kuchini toʻplab yonboshiga oʻgirildi va qaychi bilan butalarni tekislayotgan qoʻshni ayolga koʻzi tushdi.

-Yaxshi,-javob qaytardi u xotirjam gapirishga urinib.

-Bogan xonim-chi? Uni deyarli bir haftadan beri koʻrmadim.

Boshlanyapti! Laura oʻlganiga endi uch kun boʻldi, bu xotin esa bir haftadan beri koʻrmadim deyapti. Tez orada qoʻshnilar orasida boshlangan gap-soʻzlar uni qotillikda ayblash bilan yakunlanadi.

-Uning mazasi yoʻqroq,-arang gapirdi Karl Bogan.

Qoʻshni xuddi Laurada biror ishi bordek boshini chayqadi.

-Mabodo yordamim kerakmasmi, janob Bogan?

-Yoʻq, rahmat.

-Bogan xonimning kasali ogʻir emasmi?

-Bilmadim.

-Doktor chaqirdinglarmi?

Unga ayol shubha bilan qarayotgandek tuyuldi. Xudoga shukr, ish hozircha uni qotillikda ayblashgacha yetib bormadi. Hozir bu xotin uni Laurani doʻpposlaganlikda va bechora Laura kaltak izlari yoʻqolmaguncha uyidan chiqishga uyalayotganlikda ayblaydi.

-Ha. Doktor unga orom kerakligini aytdi. Tinchlik va orom.

-Koʻrib chiqsam boʻladimi? Unga shoʻrva pishirib berishim mumkin.

-Yoʻq, yoʻq, rahmat,-dedi Karl shoshib-pishib. Ichida esa «Nima boʻlyapti oʻzi? Nimadan qoʻrqyapman?», dedi.-Rahmat, Van-Nays xonim, oʻzim qarayapman.

-Ammo siz ishga ketganingizda…-Demak, qoʻshnilar uni haliyam ishlaydi deb oʻylashadi. Yaxshi, ammo bu Van-Nays oʻtaketgan qiziquvchan va qaysar ayol. U Lauraning yoniga kirmaguncha qoʻymaydi. Jin ursin!

-Men hamshira yollamoqchiman.-Bogan bu gapni juda tez aytdi va bu qiligʻi uchun ichida oʻzini soʻkdi.

Marjeri Van-Nays jilmaydi. Hamshira haqida gapirib toʻgʻri qilibdi. Qoʻshnining koʻzidagi shubha shu zahoti gʻoyib boʻldi. Qiziq, kerakli joyda va kerakli paytda aytilgan kichkinagina yolgʻon qanday moʻ’jizalarga qodir.

Karl uyiga qaytdi va eshikni ichidan berkitib oldi. U Van-Nays xonim bilan boʻlib oʻtgan suhbatni toʻligʻicha eslashga urindi. Albatta, u oʻzini xotirjamroq tutishi lozim edi. Ammo Marjeri kutilmaganda shoʻrva koʻtarib Laurani koʻrgani kirmasligiga uning ishonchi komil edi.

Umuman olganda, hamshira haqidagi fikr yomon emas. Toʻgʻri, u haqiqiy hamshira yollay olmasdi, ammo uy yigʻishtiradigan, ovqat pishiradigan ayolni topishiga hech kim xalaqit bermasdi. Shunday qilish kerakki, bu ayol yuqoriga chiqmasin va Bogan xonimni koʻrmasin. Bogan xonimning ahvoli ogʻirligini va oʻzidan boshqa hech kim uning yoniga kirmasligi shartligini aytish mumkin.

Ertasiga mahalliy gazetalardan birida uy bekasi kasaldan turguncha uy ishlarini bajarib turadigan ayol kerakligi haqida e’lon chiqdi. Ikki kundan keyin eshik qoʻngʻirogʻi jiringladi.

Karl eshikni ochdi va ostonada baland boʻyli, istarali, lablari chiroyli va koʻzlari aqlli boqadigan ayolni koʻrdi. U qoʻlida e’lonlar sahifasi ochilgan gazetani ushlab olgandi.

Ayollar bilan munosabatda boy tajribaga ega boʻlgan Bogan uning qirqqa ham kirmaganini va sir saqlay oladigan ayollardan ekanligini bir qarashdayoq sezdi. Ehtimol, vaqti kelib u sirini mana shu ayolga aytishi mumkin.

Betta Kul uning savollariga qisqa-qisqa javob berdi.

-Agar zarur boʻlsa hamshiralik ham qilishim mumkin,-qoʻshib qoʻydi u.

-Yoʻq, yoʻq, bunga hojat yoʻq!-bosh chayqadi Bogan.-Siz faqat uy ishlarini bajarasiz va ovqat tayyorlaysiz. Bogan xonimga tinchlik kerak.-U bir oz jim turgach, qoʻshib qoʻydi:-Doktor uni haftada bir marta kelib koʻrib ketadi.

Kul xonim unga sinchkovlik bilan tikildi. Karl uning nimadir soʻramoqchiligini, ammo soʻrashga botinolmayotganini sezdi.

-U farzandli boʻlishi kerak edi, ammo…-dedi Karl Bogan. Betta afsuslangandek xoʻrsinib qoʻydi.-U judayam zaif.-Karl koʻzlarini yerga qadadi, ammo ovoziga yaxshilikdan umid qilayotgandek ohang berishga urindi.

Yarim soatdan soʻng ular hamma narsani kelishib oldilar. Kul xonim ertalab keladi, birinchi qavatni yigʻishtiradi va Bogan xonim uchun ovqat tayyorlaydi. Karl ovqatni Laura yotgan xonaga olib chiqadi, uni ovqatlantirgach, idishni olib tushadi.

-Laura sizning qoʻlingiz shirinligini aytib maqtadi,-dedi u birinchi kuniyoq.

-Rahmat.

Bogan uni diqqat bilan kuzatdi. «Koʻrinishi yomonmas», oʻyladi u. Ba’zan Karl ayol ham unga boshqacha koʻz bilan qarab qoʻyayotganini sezib qolardi. U ayolning achinayotganini va bu oxiri nimaga olib kelishini bilardi.

Oradan bir hafta, keyin ikkinchisi oʻtdi. Har kuni ertalab va tush payti Karl patnis koʻtarib Lauraning boʻm-boʻsh xonasiga kirar, eshikni ichidan qulflab olib ovqatlanishga tushardi. Ba’zan esa Kulga Lauraning nomidan biror gapni aytardi. Soat toʻrtda Betta uyiga ketar va Karlning oʻzi yolgʻiz qolardi.

Bir kuni u Bettani avtobus bekatigacha kuzatib qoʻydi.

-Bogan xonim qalay?-qiziqdi Betta Kul.

-Afsuski, oldingidek,-qaygʻu bilan bosh chayqadi Karl,-hech qanday oʻzgarish yoʻq. Kecha siz ketgandan keyin doktor keldi. Uning aytishicha, yaxshi tomonga oʻzgarish boʻlmabdi. Laura devorga tikilgancha miq etmay yotibdi.

-Bola haqida oʻylayotgan boʻlsa kerak.

-Boʻlishi mumkin,-dedi Karl.

Ular bekatga yetib kelishganida ayol unga tik qaradi va bir oz ikkilanib soʻradi:

-Tuzalib ketishiga umid bormi, janob Bogan?

-Gap ikkimizning oʻrtamizda qolsin,-dedi Bogan,-yoʻq. Doktor indamayapti, ammo uning koʻzidan tuzalishiga umid yoʻqligini koʻryapman.

-Sizga achinaman, janob Bogan. Sizga hozir qanchalar ogʻirligini oʻz tajribamdan kelib chiqib bilaman. Yolgʻizlik hissi menga yaxshi tanish.

-Balki bir-birimizning kayfiyatimizni koʻtararmiz?-kutilmaganda Karlning ogʻzidan shu soʻzlar chiqib ketdi.

U Betta javob qaytarmaydi deb oʻylagandi, ammo uning javobi hayratlanarli boʻldi:

-Agar Bogan xonimga biror kun qoʻshningiz qarab tursa, kinoga borishimiz mumkin.

Shunday qilib, har kuni kechqurun Boganlarning uyida «qoʻshnisi» oʻtirib turadigan boʻldi. Karl yana ayol kishi bilan uchrashishni boshlaganidan xursand edi. Kul xonimning yolgʻizligi ham barham topdi.

Karl Bogan xotini oʻlayotgan kishiga oʻxshamasdi. Ular raqs tushishar, kontsertlarga borishardi.

-Karl, sen tufayli men yana oʻzimni yoshligimga qaytgandek his qilyapman,-dedi bir kuni Betta Kul.

-Men ham. Hayotimizni oʻzgartirishimiz kerak.

-Uchrashuvlarimizni bas qilishimiz kerak deb oʻylaysanmi?

-Albatta yoʻq,-dedi Bogan.-Bu fikrni miyangdan chiqarib tashla, Betta. Biz hayotimizdagi noxush damlarni yengishga urinayotgan insonlarmiz xolos.

-Bu qancha vaqt davom etadi deb oʻylaysan?

-Bilmadim,-u yelkasini qisdi.-Laura hali ham yotibdi.

-Bu bir umr davom etishi mumkin.

Karl Bogan bu bir umr davom etmasligini tushunib turardi. Nimadir qilish kerak, lekin nima? Toʻgʻri, u Laurani «oʻldi» deyishi mumkin, ammo unda boshqa muammo paydo boʻladi. Uni koʻmmaslikning iloji yoʻq. Oʻlim haqida guvohnoma olish kerak. Tobut tayyorlatish kerak. Lauraning oʻlimi koʻplab muammolarni keltirib chiqaradi.

Bir kuni u hatto Bettaga hammasini aytmoqchi ham boʻldi. Karl bu ayol uni sevishiga aslo shubha qilmasdi, sevgi esa ayolni qulga aylantiradi. Uzoq oʻylanishlardan soʻng u bu fikrdan voz kechdi. Yana bir bor tavakkal qilishni istamadi.

«Vaziyatdan chiqishning eng yaxshi yoʻli,-oʻyladi Karl,-Lauraning gʻoyib boʻlishi. Laurani kasalxonaga olib borib qoʻyganini aytadi. Uning jasadini esa, haligi gazetada oʻqigani singari ellik yildan keyin topishadi. Kim ham oʻzidan oʻzi kelib yertoʻlani kavlardi?».

Karl qoʻlida patnis bilan ikkinchi qavatga koʻtarilarkan, shu haqda oʻylardi. U kursiga oʻzini tashladi va parishonxotirlik bilan ovqatlana boshladi. Uyni sotish mumkin. Harholda, ancha-muncha pul boʻladi. Toʻgʻri, Lauraning bor boyligi oldida uyning puli arzimagan pul boʻladi, lekin nima ham qilsin.

Kutilmaganda Bogan qotib qoldi va ovqatlanishni bas qildi. Uning miyasiga xotinining pullarini ham egallash mumkinligi haqidagi fikr kelib qoldi. Buning uchun Lauraning oʻrniga Bettadan foydalanish mumkin. Jasadni faqat tobut tayyorlaydiganlar koʻradi, lekin ular Lauraning oʻrnida Betta yotganligini bilishmaydi. «Ajoyib fikr!», Karl hayajondan sakrab turib ketdi. Ammo Bettani oʻldirishdan oldin hammasini yaxshilab oʻylab olish kerak.

U boʻsh idishlar bilan oshxonaga qaytganida Betta soʻradi:

-Ovqatning hammasini yedimi?

-Ha,-bosh silkidi Karl unga diqqat bilan tikilgancha.

-Karl, meni sevasanmi?-kutilmaganda soʻrab qoldi Betta.

-Betta, oʻzing bilasan-ku. Tepada ham faqat sen haqingda oʻyladim.

-Agar u oʻlsa, sen meni har doimgidek sevasanmi?

-Hozirgidan ham qattiqroq sevaman,-uni ishontirdi Bogan, Betta nega bunday deyayotganiga tushunmay.

-Xudoga shukr, Karl! Bunga oz qoldi.

-Nimani nazarda tutyapsan?

Betta Kul boʻsh idishlarga qarab miyigʻida kuldi, soʻng Boganga nigohini burdi.

-Men ovqatga zahar qoʻshib qoʻydim. U bir ozdan keyin oʻladi.

Karl Boganning rangi oqarib ketdi. Soʻngra birdaniga oʻtkir ogʻriq boshlandi. Uning jigʻildoni xuddi oʻt ketgandek qizib borar, Karl polda tirishgancha jazavaga tushardi.

Betta unga hayron tikilib turardi. Karl jon berishdan oldin unga qarab «ahmoq» deyishga ulgurdi xolos.