OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifDoris Dyorri
Asar nomiMavsum oxiri (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Olmon adabiyoti
Boʻlimlar
   - Postmodernizm
Mualliflar
   - Doris Dyorri
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonZohir A’lam (Rus tilidan)
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mavsum oxiri (hikoya)
Doris Dyorri

Zeppning aytishicha, vodiyda binafshalar ochilganmish. Zepp – koʻtargichlarga xizmat qiluvchi boʻlib, bu yerga barvaqt yetib kelib radioni yoqar, gondolalarni yoqib, osib chiqardi. Keyingi uch oy ichida Lili vodiyga bor-yoʻgʻi toʻrt martagina tusha oldi. Har bir tushishi oʻn ikki markaning boshini yerdi. Zepp koʻtargichlarga bosh-qosh boʻlsa-da, bu sarf-xarajatdan Lilini saqlay olmasdi, chunki toʻlovlarning barchasi togʻ changʻisi kombinatining kompyuteri orqali amalga oshirilardi. Boz ustiga vodiydagi qishloq ham xuddi bu yerdagi qorli togʻdan zerikarli edi.

Onasi oʻshanda, men uchun shu ishni qilgin, umringda bir marta-gina boʻlsa-da, iltimosimni bajargin deb rosa yalingandi. Shunda Lili xoʻp dedi va oqibatda Xirgialm togʻining choʻqqisida «Xirsh» otelida yuz kun xizmat qildi. Bu vaqt ichida u na changʻi uchishni, na snoubord boshqarishni oʻrgandi. Lekin har kuni onamning iltimosiga nega koʻndim-a, deb oʻzini koyirdi.

Onasining chalakam-chatti, yomon boʻyalgan sochlarini, rangpar va kasalmand yuzlarini, horgʻin koʻzlarini, ayniqsa hamma ofitsiant-larnikidek osilinqirab shishgan oyoqlarini har koʻrganda achinib ketardi. Achinmayman derdi-yu, uddasidan chiqmay achinaverardi. Ayniqsa, bosh barmogʻi koʻkarib shishib, tirnogʻi ostidan biroz yiring sizib chiqadigan oyogʻini koʻrganda, oyoqlarim shunaqa boʻlib qolishini istamayman, sira ham istamayman, deb oʻyladi-yu, ammo oʻshanda onasining oʻrniga toʻrt oy ishlab berishga koʻndi. Oqibati esa mana bu. Haligacha mehmonxonaning atrofi uch yarim metrlik qor uyumlariga toʻla. Vodiyda esa Zeppning aytishiga qaraganda qizlar paypoq kiyishmay qoʻyishgan.

Dekabrdan beri Lilini oqlik qamragan. Oqlik atrofini oʻragandan tashqari kalamush dori singari ichiga ham kirib zaharlayotgandek boʻlardi. U esa nihoyatda yashil rangni sogʻingandi. Atrofini yashillik qoplashini juda-juda orzu qilardi.

Uning xonasida gullar rasmi bilan bezalgan fototaqvim osigʻliq turardi. Lili har bir gulning nomini yod olgan va uyquga ketishda shivirlab ularni takrorlaydi: moviy safsargul, dafna, suvyigʻar, oqyoʻsin, sariq safsar, kavushoʻt, ayiqtovon, Alp atirguli, Alp edelveysi, gazak oʻt, mojor gazakoʻti. Gabor, Marta, Zoltanlardan, mojorgazak oʻti qanaqa boʻladi, deb soʻraganda, umuman, bunaqa oʻtni eshitishmaganini aytishdi. Bu venger er-xotin oʻgʻillari bilan uch kishi boʻlib har yili qishda Jirshhalmda ishlashar, aprelda esa ikki hafta dam olib, keyin Vengriyadagi Bolaton koʻli otellarida ishlashga ketishardi. Ozgʻin, uyatchan Zoltan nima uchun ota-onasidan ketib qolmaydi, degan savolni Lili koʻp oʻylardi. Boʻsh vaqtida oynadan tashqariga tikilib oʻtiraveradi. Shuningdek, qachon menga gap otadi deb ham kutardi. Ingichka devorning narigi tarafida yashovchi Zoltanning ba’zan tez-tez ingrangani eshitilardi. Albatta-da, derdi Lili, bechora yolgʻizlikdan jinni boʻlib qolmasligi uchun nimadir qilishi kerak. Uch oyni yigitlarsiz yolgʻizlikda oʻtkazish qancha-lik qiyin boʻlishini hech tasavvur qilolmasdi.

Zepp-chi? «Mehribon, yeb qoʻygudek qaraydigan» muloyim Zepp. Yuz kunlik yolgʻizlikdan Lili unga taslim boʻlishiga sal qoldi. Mavsum tugashiga oʻn sakkiz kun qolgandi. Biroq, xuddi shu kuni kutilmaganda Oʻtpurkar Ajdar paydo boʻldi.

Avvaliga Lili u haqda hech narsa bilmagani uchun, faqat bu togʻdan qochib ketishni oʻyladi, xolos. Gobor unga taskin berish uchun dumbasidan chimchilab-chimchilab qoʻydi. Ishga kirishishganda Gabor bilan Zoltan oppoq koʻylak, qora charm jilet kiyib olishadi. Otasi Gabor boʻyi pastroq va semiz, oʻgʻli Zoltan oriq va naynov. Salfetkalarni taxlasharkan Gabor ba’zan salmoqlanib oʻgʻliga vengerchalab nimalarnidir uqtirardi, ba’zan esa oʻsha ishlarini indamay qilishadi. Gaborning xotini Marta esa oʻchoqboshida, zalga kamdan-kam chiqadi. Mavsum oxirlagani uchun vujudida charchoq, yuzi boʻzargan koʻrinadi va undan hamisha goʻsht hidi keladi. Lili etemaslar aqidasida ekanligi uchun Martaning oʻrnida ishlash fikrining oʻzi- ni aqliga sigʻdirolmaydi. Marta hamisha, boshini chayqab, sogʻliq uchun ishim zararli deydi-yu, shuncha yildan buyon pishloq quymogʻi, qirol omleti, ismaloqli quymoqlarni pishiraveradi.

«Mavsum oxiri» degan soʻzlar restoran xizmatchilari uchun oʻzga ma’no anglatadi. Lekin baribir hali mavsum tugamagandi. Otel xoʻjayini frau Pfefferle yil fasllarining har biri oʻz bezagiga ega boʻlishi kerak degan niyatda, vodiydan butoqlar olib kelgan va tuxumlarni osib qoʻyishni moʻljallagandi. Shuning uchun hammani tuxum boʻyab, rasm chizishga jalb etdi. Yangi yilga ular pufak puflashgan, fashingda[1] konfet sochishgan va ahmoqona shlyapalar kiyishgandi.

Hozir esa frau Pfefferle qayerdandir joʻja tulumlarini topib kelgan, xizmatdagilar ularga qoʻlbola peshbandlar kiygizishgandi. Lili momiqqina joʻja tulumini olganda uning tumshuqchasi kaftiga qattiq sanchildi. Lili oʻzida gʻayrioddiy irganish his etadi. Gabor buni sezmay, qoʻlini yelkasiga qoʻyarkan, Lilimiz juda ta’sirchan-da, degancha, joʻjani undan oladi. Lili qoʻliga pichoqni olib hammani oʻldirib tashlagisi kelardi.

Voy sichqoncham, deb erkalaydi onasi har hafta u bilan telefonda gaplashganda. Hafta sayin onasining ovozi tetiklashayotgandek tuyuladi Liliga. Va Lili onasining oyogʻi u aytayotgandan ancha tez tuzalayotganini tushunadi.

Lili bu togʻ choʻqqisiga 27 dekabrda qor boʻroni paytida yetib kelgandi. Daraxtlar uzra chayqalayotgan gondola yakka oʻzi edi. Oʻzini juda yomon his etardi oʻsha daqiqalarda. Lekin, gandolaga tushmasdan oldingi ruhiyati ham undan yaxshi emasdi. Chunki surunkali bazmlar, bola boʻlib qolishga qarshi ichilayotgan dorilar, aldoqchi yigitlar ich-etini yeyayotgandi.
– O!– deya xitob qilgandi frau Pfefferle uni ilk bora koʻr-ganda.– Xitoy qizchasi. Ha, Rita bir ogʻiz aytib qoʻysa boʻlardi!

Lili boshini silkitib qoʻydi. Uning bu harakati pashsha haydayotgan otning kalla qimirlatishining aynan oʻzi edi.
– Har bir xonaga oʻn ikki daqiqa vaqt ajratiladi,– deb yoʻriq bergandi frau Pfefferle.– Angladingizmi, oʻn ikki daqiqa sochiqlarning faqat polga tashlangani yuviladi.

Ertasiga mijozlarning oʻz xonalarida naqadar choʻchqalik qilishini oʻshanda bilgandi Lili. Toʻrtinchi xonaga oʻtganda oʻkirib yigʻladi.
– Rita ham birinchi kunlari itga oʻxshab uvillardi,– dedi frau Pfefferle.

Lili bolaligidanoq koʻkrak qafasida kattakon bir qushning qamalib qolib, potirlab uning qovurgʻalariga urilayotgandek tuyganini his qilardi. Lili bu tuygʻudan qutulish uchun har narsa qilishga tayyorligini koʻp oʻylagandi. Keyinchalik, onasining pastki labi titray boshlaganini koʻrgan zahoti xonadan chiqib ketardi. Onasi uni bemehr qiz deb oʻylardi va yuragidagi hamma gapni aytib olibgina oʻkirib yigʻlashga tushardi.

Yoʻq, togʻlar afsonaviy maftunkor emasdilar. Oftob charaqlab tursa, Lili oʻzini ularning oldida koʻrinmas darajada kichik, Alp choʻqqilarini tuman qoplasa oʻzi adashib yoʻqolib qoladigandek, sezardi.

Birinchi kunlari karavotlarni yigʻishtirib, choyshablarni qaytadan yozib tekislashning oʻzidanoq qoʻllari peshin ovqatiga dasturxon tuzashni boshlardi. Va bu ishni hali oxiriga yetkazishmasdan, changli botinkalarini doʻpillatib mijozlar kirib kelardi.

Lili kelganining toʻrtinchi kuni Yangi yil bayrami oʻtkazishgandi. Yarim kechaga borganda hamma mijozlar tashqariga chiqishdi. Peshayvonning bir tarafida toʻplanishib, qoʻl telefonlar zoʻr-bazoʻr ishlasa-da, gapga tushib ketishdi.

Hammaning yuzida frau Pfefferlening oʻpichlaridan qizil izlar qoldi. Atrofini mayda ajin qoplagan, xaltachalari osilib qolgan koʻzlaridan yosh oqardi otel egasining. Yangi ming yillik bilan! Barcha raqsga tushadi!– deb e’lon qildi u. Ba’zi bir mijozlarning ermak mushaklarni otishayotganini Lili kuzatib turardi. Rang-barang mushaklar qorongʻu osmon ichiga kirgan zahotiyoq oʻchib, izsiz yoʻqola-dilar. Oʻzining hayoti ham hali ochilmay turib mana shunday izsiz yoʻqolib ketishi mumkinligi xayoliga kelib, Lili dahshatga tushdi. U pastga tashlanib, gondolaning oldidagi telekamera qarshisiga turdi-da, yenglarini shimarib, yalangʻoch qoʻllarini baland koʻtarib u yoq-bu yoqqa solladi, lekin shu daqiqadayoq oʻzining qiligʻidan oʻzi uyaldi va oʻzini nihoyatda yolgʻizlikda tuydi. Bu holat «Kirsh» tele-filmlaridagi bir manzaraga oʻxshardi.

Yaxshiyamki, koʻkraklaring xitoylarnikiga oʻxshagan kichkina emas, deb takrorladi onasi. Lekin Lilining koʻzlari baribir qisiq va qiyiq edi. Bogʻchada unga Xitoy Liliyasi (piyozguli) deb ot qoʻyishgandi. Onasi Liliyadan boshqa ot topolmagan ekan shekilli. Liliyaga ota boʻlgan oʻsha odamning otini onasi yaxshi eslolmasdi: yo Le Fyun, yo Fen Lyu edi. Rozenxeymdagi xitoy restoranchasida ofitsiant boʻlib ishlardi, u kishi. Maktabdaligi paytidayoq, Lili onasi ishlaydigan navbatdagi restoranning stollaridan birida oʻtirib darsini tayyorlar ekan, oʻla qolsam ham ofitsiant boʻlmayman, derdi ichida.

Lili yenglarini shimarib nazorat kamerasi oldida turgan yangi yil kechasidan keyin Zepp har kuni koʻtargichni oʻchirib qoʻyib, restoranda oʻtirar, meva sharbatini asta simirarkan, Lilidan koʻzlarini uzmasdi. Yirik gavdali, togʻ oftobida qoraygan, panjalari ham katta-katta edi. Ishqu muhabbat savollaridan uch oy qantarib yurilgan shu kishi ham Lilining diqqat nazariga tusha boshladi. Zepp vodiyda ochilgan binafshalar haqida gap boshlaganida, Lili tushundiki, tez orada undan binafsha gul oladi. Lili tushundi. Sal oʻtmay shokoladli ham boʻladi.

Mavsum tugashiga oʻn sakkiz kun qolganda, kichik jussali, sochlari qizgʻish rangga boʻyalgan, hushqomat professor ayol boshchiligida bir guruh talabalar kelishdi. Ayolning qaysi soha oʻqituvchisi ekanligini Lili oxirigacha ham bilolmadi. Professor piyoz boshogʻi nusxa soatini stolga qoʻyardi, talabalar daftarlarini ochib shosha-pisha uning aytganlarini yoza boshlardilar. Har ikki soatda tanaffus e’lon qilinardi. Lili termosda qahva keltirardi. Ulardan faqat bittasi choy ichardi. Va bu yigitlarning eng chiroylisi edi. Boʻyi baland, toʻlqinsimon sochlari qop-qoraligi ayni Liliniki kabi edi. Nikel qolipli koʻzoynagi ortidan boqib turuvchi koʻzlarining koʻm-koʻkligi xuddi gazan oʻt gulining qoʻngʻiroqlari rangiga oʻxshardi.

Yuzining koʻp chiziq va belgilari farishtalarning tasviriga oʻxshab ketardi. Shuning uchun Lili u yigitga oʻzicha «ulkan farishta» deb ot qoʻydi.

Ertalab, nonushtada yigit ovqatga engasha turib joʻjaga koʻzi tushib burnini jiyirib qoʻydi. Uning joʻjaga bildirgan xuddi mana shu munosabati Lilini qoyil qoldirdi. Yigit oʻgirilarkan, bexosdan tirsagi bilan Lilining koʻziga tegib ketdi. Kechirim soʻragandi, Lili hechqisi yoʻq ma’nosida qoʻl siltadi. Ammo koʻz koʻkarib chiqdi. Endi har uchrashishganda yigit xijolatga tushadi. Lili esa kulib vujudida titroq sezadi. Yigitning xonasiga kirganda kiyimlarining tartib bilan ilinganini yoki stulga terib qoʻyilganini, chiqindilar esa chelakka tashlanganini koʻrib undan minnatdor boʻldi. Tish choʻtkasi ham yangi edi. Foydalanayotgan dezodoranti ham, soqolini qiradigan ustarasi ham, xullas hammasi Liliga yoqdi, karavotning yonidagi stolda turgan kitobni koʻrdi. Ajdar yili. 2000 yilga xitoycha yulduzlar jadvali. Kitobni avaylab olib, oʻzining tugʻilgan 1979 yilni ochdi. Tugʻilgan yili echki burji ekan. Hamma tanishlarim bunga rozi boʻlsalar kerak deb oʻyladi. Oʻqiy boshladi: Echki faol, gʻayratga toʻlib-toshgan. Faqat juda tezsan. Sal hovuringni bosib harakat qil. Xohlaganingni qoʻlga kiritolmasang ham xayol, orzularga berilasan. Oʻzingda boridan koʻproq narsaga egalik qilmoqni istaysan. Toʻgʻri deb toʻngʻilladi Lili. Lekin hayot senga xayrli boqadi. Hayot menga xayrli boqadi, shivirlaydi Lili. Eski boshqa barcha burjdagilar bilan oson chiqishadi. Faqat Quyon bundan istisno. Quyonga kelganda echkining sabri chidamaydi. Xoʻroz, ot, it bilan birga boʻlsa oxiri yaxshi boʻladi.

Tushlikning taomnomasiga «qizil karam va qiyma bilan saygʻoq jarkobi» deb yozib qoʻygandi. Mijozlar oldilariga tortilgan gʻoz goʻshtiga hayron boʻlib qarashardi. Ulkan farishta xoxolab kuldi:
– Demak saygʻoqning qanotlari boʻlarkan-da?

Lili qizarib ketdi. Tushlik tugagandan soʻng Lili peshayvonga yugurib chiqib ulkan farishtani koʻrmoqchi boʻldi. Olisda koʻtargichlar guvillab oʻyingohdek koʻrinayotgan changʻichilarni qiyaliklardan tepaga tortib ketardilar. Balki uning qizil kombinizoni trassada koʻrinib qolar? Changʻi uchishni oʻrganmaganiga birinchi marta attang qildi.

Ey hayotjon, mehribonlik qil, deb shivirladi u.

Qayd jurnalidan uning familiyasi va tugʻilgan yilini topdi: Peter Bryukler, 1976 y. 7 iyun. Xitoy taqvimidan solishtirib 76 yilnning Ajdarligini aniqladi. Demak, Farishta – Ajdar ekan-da. Oʻtpurkar Ajdar koʻklarga uchdi. U qudratli va taniqli boʻladi. Oʻziga ittifoqdosh topadi. Vaqti bilan oilaviy baxtini topadi. Ammo Oʻtpurkar Ajdar yolgʻizlikni yoqtiradi, oʻzini zohir etishda unga yordam darkor... Ajdarni Ilon, Sichqon, Maymun burjidagilar tortadi. Ot bilan Echkida Ajdar bilan birga boʻlish imkoni bor. Imkon bor. Imkon bor, oʻylaydi Lili. U hali bu yerda bir hafta yashaydi. 10–17 mart: Ajdar uchun qiyin keladi. Ozgina ehtiyotsizlik qilinsa, falokat yuz berishi mumkin. Uydan chiqmagani yaxshi.

«Echki»ga maslahat: Elektr asboblaridan ehtiyot boʻlib foydalaning. Sevib qolgan Echki bir hafta ichida masalasini hal etmasa kech boʻladi. Aks holda hech qachon hal etolmaydi!

Peter oʻziga «Kuyla mavr» tortini buyurganda yuragi bir orziqib tushdi.
– Changʻi uchish yaxshi oʻtdimi?

Hayron boʻlgan yigitning qoshlari chimirildi. Koʻtargichlar kunduzgi ishlarini tugatishdi. Zepp unga kichkina togʻ binafshasini sovgʻa qildi. Lili sovuqqina qilib «rahmat» dedi.

Peter oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Lili binafshani peshbandi tagiga yashirib oshxonaga kirdi. Gulga koʻzi tushgach Marta: «Mana, qor erisa, yana muhabbat boshlanadi», – dab mingʻirladi.

Ob-havoning changʻi uchishga mos kelishini Lili juda istardi. Axir bor-yoʻgʻi besh kun qolgandi-da. Ajdar uchun ham Echki uchun qiyin keladigan hafta. Seshanba kuni mikrotoʻlqinli isitgichning simi ochilib ketdi. Chorshanba kuni Gaborni kuchli gripp yiqitdi. Payshanba kuni Marta kasal boʻldi va Lili oshxonada yordam berishga majbur boʻldi. Juma kuni Lili charchab ketganidan oyoqda zoʻrgʻa turardi. Ajdar bilan oradagi munosabat bir qadam ham olgʻa jilmadi. Har kuni ertalab u Lilining koʻzi haqida soʻrar, koʻzning koʻkargani rangini oʻzgartirardi, xolos. Sevib qolgan Echki oʻz masalasini hafta ichida hal etishi kerak. Aks holda hech qachon hal etolmaydi.

Uning uchun faqat bir kun vaqt qolgandi. Lili faqat bir narsani, u na faqat sevib qolgan, balki yigitning batamom shaydosiga aylanib es-hushini yoʻqotgan Echki edi. Lekin imkoniyatdan foydalana olmayotgandi.

Oʻzlarining oxirgi kunlarida talabalar oʻyin tashkil etishdi. Bunda bironta kimsaning nomi yozilgan qogʻoz odamning peshonasiga yopishtirilar va u odam bu nomni topishi kerak edi. Lili ular orasida vinomi, kokteylmi, tarqatib yurardi. Qizlar oʻzini juda sipo tutishar, yigitlar esa asta-sekin qiziy boshlagandilar. Uning yigiti, faqat suv yoki choy ichar, zerikar, biroq chidab oʻtirardi. Birdan u oʻrnidan turdi-da, hojatxona tomon yurdi.
– Koʻzguga qarash yoʻq,– deb baqirishdi uning ortidan.

Lili uning ketidan yoʻtaldi. U hojatxonadan chiqqanda Lili «voy!» deb xitob qildi. Yigitning peshonasidagi qogʻozga bir koʻtarilib yana joyiga yotdi. U Liliga engashdi-da, shivirladi:
– Men kimman?
– Oʻtpurkar ajdar,– dedi hayajonda Lili, lekin darrov savolni tushunib,– Garri Potter,– deb javob berdi.
– Bu nimadir oʻzi?
– Koʻzoynak taqib yuradigan, sehrlashni biladigan yosh bola.
– Shunaqami? – dedi Peter koʻzoynakni toʻgʻrilab.

Ikkovi nima qilishini bilmay turganda zalga hovliqib boshqa talaba chiqib soʻradi: – Koʻzguga qaradimi?
– Yoʻq,– dedi Lili.

Peter unga engashib shivirladi.
– Oʻyinlar yoqmaydi menga.

Lilining tizzalari bukilib, shunday zinaga oʻtirib qoldi. Kaftlari terlab, ogʻzi qurib qoldi. Echki va Oʻtpurkar Ajdar. Oʻtpurkar Ajdar va Echki.

Kechasi Lili uxlay olmadi. Xayolida ikkovi birga edi. Birgalikda sayyora uzra toʻgʻri Xirxalmga qarab yurib kelishardi. Bu juda tabiiy edi. Mantiqqa toʻgʻri kelardi, Lilining fikricha. Echki va Oʻtpurkar Ajdar. Hayot unga mehribonlik qiladi. Soat uchda qor yogʻdi. Katta-katta laylak qor. Tashqaridagi chiroqlarning yorugʻida qogʻoz parchalari uchib yurgandek tuyulardi.

Yana, yana yogʻsin, koʻproq yogʻsin. Hammayoqni qor bossin, shivirlab iltijo qildi Lili tangriga. Lekin shu ondayoq qor uchqunlari kichrayib, kichrayib keyin qor butunlay toʻxtadi.

Lili soat yetti boʻlmasidanoq nonushtaga uni kuta boshladi. Peter toʻqqizda keldi. Lili unga kruassadan olib qoʻygandi. Peter tabassum bilan minnatdorchilik bildirib oʻtirdi-da, ovqatga tutindi. Yigit qizil changʻi kombinezonini kiyib olgan edi. U derazadan qorni kuzatib, oʻzicha baholardi.
– Bugun ehtiyot boʻlish kerak,– dedi Lili.– Qor hoʻlroq.
– Ha, oxirgi kun yiqilib tushsam ahmoqlik boʻlardi,– dedi Peter, keyin chiqib ketdi. Biroz turib Lili uning changʻida trassadan oraliq stansiya tomon ketayotganini koʻrdi. Yaltirayotgan qor nigohini qamashtirayotganidan Lili koʻzlarini qisdi. Shu payt orqadan kelgan Gabor kaftini qizning yelkasiga qoʻydi.
– Barchasi tugadi. Mavsum ham, qor ham. Mana bu rasvogarchilik ham tugaydi,– dedi u va kaftini oldi. Kaftini olgan soniyada uzoqlashayotgan Peter korjomaning yaltirashidan paydo boʻlgan nuqta ham yoʻqoldi.– Oʻzingni asra, qizaloq, men seni doim eslab yuraman,– sekin qoʻshib qoʻydi Gabor.
– Hayot menga mehribonlik qiladi,– dedi Lili baland ovozda dona-dona qilib.
– Bu toʻgʻri,– gʻoʻldiradi Gabor.– Faqat uni mahkam ushlash kerak.

Gabor burchakdagi divanda kiyik surati bilan bezatilgan yostiqni olib qattiq silkitib koʻrsatdi. Yostiqdan mayda chang toʻzidi. Oftob nurida yaltirayotgan bu changni ikkovi kuzatib turishdi. Chang batamom yotgan edi-ki, Lili peshbandini yechib otib, yoʻlakka chiqdi-da, qoziqdagi kurtkani yulqib olib, koʻtargich tomon yugurib ketdi. Qoʻllarida titroq-la avtomatidan bilet uzdi. Soʻng gondolaga oʻtirib, oraliq stansiyaga ketdi.

Olis pastlikda trassadan tushayotgan changʻichilardan qor yuzida chiroyli yoy izlari qolardi. Lili qancha tikilmasin qizil nuqtani topolmasdi. Oraliq stansiyada u nazoratchining darchasini qoqdi. Zeppning unga koʻtarilgan nigohida aks etgan osmonning koʻkligi haqiqatan samoviy va goʻzal edi. Hayajonlangan Zepp kattakon bir kaftlarini bir-biriga ishqadi.
– Lilim,– dedi u.– Senmisan?
– Zepp,– dedi Lili uning gapini boʻlib,– bir iltimos bor.
– Nima desang ham mayli.
– Katta iltimos. Men gondolaga oʻtirib tepaga koʻtarilganimda, ikki minutga uni toʻxtatasan. Faqat ikki minut. Iltimos!

Zepp taajjubda qotib, tikilib qoldi.
– Men, osmonga yaqin joyda ikki minut qolishim kerak.
– Nimaga?

Lili nigohini yerga qaratdi:
– Men sevib qoldim,– deb gʻudrandi.
– Shunaqa degin.

Zepp boshqaruv pulti tomon teskari oʻgirildi.
– Mumkin emas. Favqulodda hollardagina toʻxtatishga ruxsat bor.

Lili ogʻirligini u oyoqdan-bu oyoqqa solib ancha kutdi. Changʻichilar uchib kelib, yonginasida tirgʻalib toʻxtardilar. Juda uzoq kutdi. Nihoyat qizil chaqmoqdek trassani yorib kirib Peter paydo boʻldi. Lili gondola uchun navbatga turdi-da, to Peter orqasidan, navbatga turguncha boshqalarni oʻtkazib yuboraverdi. Peter kelganda siljiy boshladi. Ikki qadam oʻgirildi. Peter koʻzoynagini yechdi-da:
– Salom,– dedi hayron boʻlib.
– Voy, salom.
– Nahotki dam berishdi?
– Yoʻq, ishlar chiqib qoldi.

Lili taqdirga iltijolar qilardiki, gondolaga ikkovini yolgʻiz chiqarsin deb. Hech boʻlmasa shu imkoniyat kerak edi unga.

Aytganidek, gʻirchillab tepaga koʻtarila boshlagan gondolada ular ikkovlon edilar. Xirshxalmning choʻqqisiga yetti minut vaqt bor edi. Lilining yuzida ikkilanuvchi, qat’iyatsiz tabassum paydo boʻldi.
– Changʻilaringiz qani? – qiziqdi u.
– Men uchishni bilmayman.
– Shunday qorli togʻda ishlaysiz-u, changʻi uchishni bilmaysizmi?
– Bizlarning bari bir vaqtimiz yoʻq.
– Bechora,– Peter boshini chayqadi.

Ular jim qolishdi. Atrof jim-jit. Pastda archalarning qoramtir uchlari teskari tomonga oqardi.
– Huv, ana u yerda kecha qor koʻchdi,– dedi togʻ yonbagʻridagi katta qor dogʻni koʻrsatib.
– Ha, hozir xatarli paytlar.
– Koʻzingiz yaxshimi?
– Ha, hammasi oʻtib ketdi. Rost, – javob berdi Lili.
– Ba’zan juda qoʻpol boʻlib ketaman.

Ular bir-biriga qarab jilmayishdi. Keyingi choʻqqidan soʻng Xirshxalm kelishini Lili bilardi. Tamom. Imkoniyat yoʻqotildi. Birdan-bir imkoniyatni yoʻqotdi. Lili chuqur xoʻrsindi.
– Safsargul, dafna, suv yigʻar, oq yoʻsin, sariq safsar, ayiq-tovon, Alp atirguli, Alp edelveysi, gazak oʻt, mojor gazak oʻti, – dedi bir nafasda Lili.
– Ha-ha, – kalovlandi Peter.
– Tez orada gullar ochiladi.
– Ha, – dedi Peter.– Tez orada ochiladi.

U kuldi. Oʻzining farishta sifat kulgisi ila jilmaydi. Lili faqat uning kulib turgan lablarini koʻrardi.
– Men – Echkiman,– shivirladi Lili, buni tashida aytdimi yo ichidami – oʻzi ham anglamay.
– Nima dedingiz?
– Xitoy taqvimi boʻyicha, Echkiman.
– E-e, shunaqami.

Oraga yana jimlik choʻkdi. Shunda Peter tushundi.
– Mening Xitoy taqvimimdan oʻqib olgansiz-a?
– Yoʻq, yoʻq, yoʻq,– xijolat boʻldi Lili.– Men buni ilgaridan bilaman.

Peter bosh irgʻadi.
– Axir xitoy qiziman-ku. Biz bu narsalarni yaxshi bilamiz.
– Ha, toʻgʻri, toʻgʻri,– dedi Peter.– Biz bir xitoydan kelgan ofitsiantning ishini koʻrayotgandik. Kitob menga shuning uchun kerak boʻlgandi. Ofitsiant oʻzining muchali otligini, ot esa Ilondan qoʻrqishini vaj qilib, «qasddan ogʻir tan jarohatlari yetkazgan» moddasidan qutulib qolmoqchi edi. Biz huquqshunoslikka oʻqiyapmiz. Professor opamiz esa ekzotik sud ishlarni yaxshi koʻradilar.

Lili muloyim kuldi. Gondola chayqalib ketdi.
– Echkilar kimdan qoʻrqadilar?
– Faqat quyonlardan.

Peter jilmaydi. Lilining yuragi toʻxtab qolgandek boʻldi.
– Men quyonman,– asta gapirdi Peter.
– Yoʻq,– e’tiroz bildirdi qiziqqonlik bilan.– Xato aytdingiz! Siz – Oʻtpurkar Ajdarsiz!
– Oʻtpurkar Ajdar?
– Xuddi shunday. Oʻtpurkar Ajdar.
– E, ha. Bir marta menga aytgandingiz. Lekin unaqa emas, men – Quyonman.

Lili polga tikilib qoldi. Agar oʻsha yerda gondolaning tagini ochadigan va pastga qulash imkonini beradigan tugma boʻlsa edi, u bir soniya ham ikkilanmay shu tugmani bosgan boʻlardi.


  1. Fashing – maskaradli karnavalli diniy bayram. Ruslarning maslenitsasi davriga toʻgʻri keladi.