OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Durbek Qoʻldosh. Shikor (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifDurbek Qoʻldosh
Asar nomiShikor (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Durbek Qoʻldosh
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm39KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shikor (hikoya)
Durbek Qoʻldosh

1494 yil qahraton qishi Fargʻona mulkida qalin qorlari, qattiq sovuqlariyu, achchiq izgʻirinlari bilan odamlar yodida koʻp yillar qoladigan boʻlib oʻtib borardi.

Tong otgan hamono Umar Shayx Mirzo saroy kutvoli[1] Muhammad Qavchinni yonlariga olib, butun hisor ichkarisini aylanib chiqdilar... Eshik ogʻaga muhim va kerakli vazifalarni topshirgan hukmdor, unga oʻz yumushlarini bajarish uchun izn berdi-da, qal’aning eng chetiga joylashgan otxona tomon yoʻl oldi...

Shohruxiya va Oʻratepa orasida Sulton Ahmad Mirzo bilan boʻlib oʻtgan soʻnggi jangdagi magʻlubiyat alami ruhi – kayfiyatini ancha tushirib yuborgani kechagiday Umar Shayx Mirzoning yodida... Omad yuz oʻgirdimi, sipohu navkarlar orasida jangovarlik ruhi yetishmadimi, ne boʻlganda ham oʻsha magʻlubiyat roʻy berdi, oʻn yildan oʻtibdiki, uni hali-hanuz tahlil qilib, goho-goho koʻngil oynasidan oʻtkazib turadi... Xotira yozuv emas ekanki, oʻchirib qutulsang! Hukmdor hayotida alamli, iztirobli damlar edi oʻshanda. Singan koʻnglini tungi bazmlardagi chogʻir va ma’junlar tugul, haramdagi goʻzal malikalar ham ololmay qolgandi...

Saltanatni shuur va shamshir ostida birlashtirish, boshqarish avvalo xon atrofidagi kishilar ahdu sadoqatiga va sipohu navkarlarning jangovar ruhiyatiga bevosita bogʻliqligini, bunga erishmoqning birdan bir yoʻli har qanday vaziyatda kishilar orasida boʻlish ekanligini yanada chuqurroq anglab, bu jabhada shaxsan oʻzi mas’ul boʻlgan tomonlarni oʻylab borar, oyogʻi ostidagi qorning musaffo tong havosida taratayotgan vazmin gʻarchillashlari ham quloqlariga kirmasdi...

Umar Shayx Mirzoga koʻzi tushgan Hasan miroxur[2] darhol qoʻl qovushtirib, ta’zim bajo keltirdi. Chorpo ogʻasining kallai saharlab oʻz xizmat joyida ekanini koʻrgan podsho suvsar telpagiga ingan qorni qoqib, otxona ayvoniga oʻtarkan:

– Mir Hasan! Kecha uyingga ketdingmu yo otlar birla qoldingmu? – dedi miyigʻida kulib.

Hukmdorning kayfiyati andak baland ekanligini sezgan miroxur:

– A’lohazrat! Qishning baland avzoyi koʻrinib turibdur... Qor toʻxtay demaydur, sovuq ham alamjon tutqon... Shunday havoda bir kecha, ikki kecha jonivorlar yonida boʻlib turmasak bizlarga miroxurlik chikora.., – dedi mas’uliyat hissi bilan.

Uning javobidan, bu yerda bajarilayotgan batartib ishlardan, saranjom-sarishtalikdan mamnun boʻlgan Umar Shayx Mirzo uzun shoti qoʻyib, baland gʻaramdan epchillik bilan beda tushirayotgan axtachilarga koʻz qirini tashlab qoʻydi-da, faqat oʻzigagina xizmat qiluvchi otlar saqlanadigan maxsus boʻlmaga oʻtib bordi... Ichkaridan quritilgan pichanning kishi koʻnglini yayratuvchi xush hidi dimoqqa urildi.

Qatorning boshida turgan Qorabayir oʻz egasini tanib, «Kurt-kurt» qilib, suyib chaynayotgan bedasini ham tashlab, oxurdan bir siltab boshini koʻtardi-da, qalin yollarini silkitgancha kishnab yubordi...

Hukmdor jilmaygancha otning tekis peshonasidagi oppoq xolini mehr bilan silab qoʻydi... (Axir u, olampanohning jangovar doʻsti-ku! Oddiy ot emas, jang koʻrgan ot! Toʻgʻri, bir gʻalaba nashidasini, bir magʻlubiyat alamini birga totishgan...) Keyin bir oz narida tavoze’ bilan turgan Hasan miroxurga ichki qoniqish bilan yuzlanib:

– Ertagalik shikorga qay birini tavsiya qilasen, Mir, – degandi, u bir zum sukut saqlab dedi:

– Menga qolsa, a’lohazrat, Doʻnonni minib, zaxirasiga Qora bulutni olgʻaningiz ma’qulmikin...

– Nechun?

– Nega desangiz, a’lohazrat, bu asovlarda chopmaganingizga ham ancha boʻlibdur. Otlar yurakdagilarini ayta olmasalar-da, biroq, sizning xizmatingizni bajarishni juda-juda orzulashgan. Avvalo, siz nima desangiz shu, qolaversa, podshohim, yettov otingiz ham tavsan otlar! Biri-biridan uchqur!..

Hasan miroxur: «Axir, qancha suyukli boʻlmasin, bir xotiningiz bilan doim birga boʻlishlik adolatdan emas-ku», demoqchi boʻlgandi, tiliga chiqarishga yuragi betlamay, shunchaki jilmayib qoʻya qoldi.

* * *

Bugun tong sahardan Boburjon ham oʻz oʻrnida emas. Derazadan qorning koʻpligini koʻrib quvonib ketganidan apil-tapil bet-qoʻllarini yuvdi-da, hech kimga sezdirmay tashqariga otildi.

Kichik toshhovuz boʻyidagi maydonchada «harbiy istehkom» qurish uchun (oʻzi yoqtirgan mashgʻulotlaridan biri) qor toʻplashga tushib ketdi. Gʻayrati joʻshib hash-pash deguncha bir qancha qorni dumalatib, katta-kichik toʻpchalarga aylantirib qoʻydi. Kattalarday koʻzlari bilan chamalab, maydon oʻrtasiga belgi qoʻydi-da, toʻplarni doira shaklida zich qilib «inshoot»ning poydevoriga oʻrnatdi. Oʻzi yasab olgan andavaga oʻxshash taxtacha bilan avval tepasini, soʻng yon-atroflarini erinmay tekisladi. Keyin kichikroq qor dumaloqlarini olib, uning ustiga hafsala bilan taxlab, devor tiklay boshladi.

Boburjon ikki kun tish ogʻrigʻidan azob chekdi. Oxiri kecha tunda saroyning xos hakimi-hoziq Abdumalik Boqi, eng mukammal muolajasi ham foyda bermagach, Poshsho buvi roziligi bilan, oʻsha tishni olib tashladi-yu, koʻzlari yarq etib ochildi. Irodasi mustahkamligi bois tabib oldida aqalli «voy» deb qoʻymadi. Aslida sunnatga yotqizganlarida ham churq etgan emas.

* * *

Boburjon yasayotgan «qal’a» devorlari boʻyi bir qulochga borib qoldi. Yana koʻtarish kerak! Bir oʻziga ancha ogʻirlik qilyapti. Ishning zalvoridan terlab-pishib ketdi. Badani qizib, egnidagi qunduz yoqa kalta poʻstinchasini yechdi, yoniga qoʻyib, ustiga bir zum oʻtirdi-da, suvsar moʻyna telpagini boshidan oldi. Toʻlqin-toʻlqin boʻlib ketgan qop-qora sochlari orasidan oppoq hovur koʻtarilib turibdi. Bir oz suv ichgisi kelganidan roʻparadagi binoning boʻgʻotida osilib turgan qator shaffof sumalaklardan bir nechasini qor bilan urib tushirdi. Tish ogʻrigʻi bergan azoblar yodiga tushdi-yu, ularni qoʻliga olmadi.

«Qorni yana toʻplash kerak, koʻtarish kerak, – deb koʻnglidan oʻtkazdi. – Bu balandlikdagi devor, qal’a uchun yetarli emas! Hech boʻlmaganda, hozirgiga ikki barobar qilib koʻtarsam, unda bir nav». Shularni oʻylab, oʻrnidan irgʻib turuvdi hamki, uzoqdan Xonzoda begimning kuyinchak ovozi eshitildi.

– Boburjon-u, hoʻ, Boburjon!

Xonzoda begim tez yurib keldi-da, inisi qilgan ishlarni koʻrib, kapalagi uchib ketdi.

– Voy-buy! Bu qoʻrgʻonni kim qurdi?!

– Men desam ishonasizmu, opajon?

– Axir, kechqurun betob edingiz-ku! Hech kimga bildirmay sovuqqa nega chiqib oldingiz?! Poshsho buvimlar bilib qolsalar bilasizmu, sizni nima qiladilar?!

– Siz oshkor etib qoʻymasangiz bas, u kishi bilmaydilar.

Xonzoda begim bir oz yumshab soʻyladi:

– Agar u kishi bilmasliklarini xohlasangiz, darhol oldimga tushing!

– Xoʻp boʻladi, opajon. Yana, hech boʻlmaganda, ikki-uch qator koʻtarib qoʻyayin, soʻng...

Amirzoda fe’l-atvorini yaxshi bilgan Xonzoda begimning ham bolaligi tutib ketdimi, yo inisiga koʻmak bergisi keldimi, u ham qor toʻplashga kirishdi. Inshoot «qal’a» koʻrinishini olgandi. Koʻngli bir oz taskin topgan, amirzoda shibbalash ishlarini hali chiqib qilaman deb moʻljallab qoʻydi. Moʻ‘jazgina qor qoʻrgʻonga havas bilan tikilganlaricha opa-uka ichkariga yurdilar. Muyulishga yetganlarida Xonzoda begim orqasiga oʻgirilib:

– Boburjon, bilasizmu bu qurgan qoʻrgʻoningiz uzoqdan nimani eslatadi?

– Yoʻq,opajon, ayting-chi!

– Axsi qal’asini! – deb qoʻydi egachi ichki iftixor bilan jilmayib.

* * *

Choshgohga bormay saroyning bosh darvozasi oldida nogʻora va karnay sadolari yangradi. Oʻtkir unli Jakbar jarchining otda yurib:

– Olampanoh shikor ixtiyor etdilar! – degan jarangdor ovozasi uzoq-uzoqlargacha eshitilib turardi.

Bir muddat oʻtib, haybatli bosh darvoza lang ochilib, ark ichidan tavsan otlarini gijinglatganlaricha bir guruh suvoriylar chiqa boshladi. Saf avvalida, koʻrkam arabi Doʻnon otida, podsho hazratlari –Umar Shayx Mirzo koʻrindi.

Olampanohning belini oltin toʻgʻa qadalgan enli sargʻish charm kamar siqib ushlab turganiga qaramay, yoʻgʻon, dum-dumaloq qorni egarning qoshigacha yopgan edi. Sovuqdan sersoqol yuzlari loladay qizarib ketgan. Oʻng tarafda sadoqatli beklaridan biri, qalin oʻsiq qoshlariga qor inib qolgan Shirimbek borardi. Egarning qoshini mahkam tutgan bek sal engashgan holda qandaydir qiziqarli voqeani aytib berayotgan boʻlsa kerak, olampanohning yuzida nim tabassum. Bugungi shikorda qatnashishdan pinhona bosh tortganmi, doimo xonning chap tarafini suqilib boʻlsa ham egallab yuruvchi Ahmad Tanbalning qorasi koʻrinmaydi. Oʻrnini tulki moʻynasidan moʻgʻulcha qalpoq kiyib olgan, koʻzlari ayyorona qisiq Shayx Mazidbek egallagandi. Undan keyin moshguruch soqoli yoqimtoy yuziga yarashib turgan Xoja Husaynbek koʻrindi. Uning kayfiyati bir qadar balandligi qaysidir qoʻshiqni past ovozda xirgoyi qilib borayotganidan ham bilinib turardi. Safda Hasan Ya’qubbekni, Qosimbek qavchinni, Vays Logʻariy va boshqa bir necha beklarni tanib olish qiyin emasdi.

Xayriyat, Boburjonga ham shikorda qatnashish uchun ruxsat berilibdi. Boz ustiga, olampanohning eng suyukli oti Qorabayir ustida oʻtiribdi.

Haliga qadar Qorabayirga podsho hazratlaridan boʻlak hech kimga minish uchun ruxsat berilgan emasdi! Buni boʻlgʻusi taxt vorisiga boʻlgan ulugʻ ishonchga ishora deb tushunish kerak! Boburjonning yonida ikki qadrdon doʻsti: qoʻlidagi chakas[3]ga bir juft shunqor qoʻndirib olgan, qotmadan kelgan chuvak yuzli yosh qushchi Muhibali, loʻppigina kulcha yuzi sovuqdan qizargan, jilmaygancha qiziq-qiziq hangomalar soʻzlab borayotgan (saroyda jiddi hazil ustasi Xursandbek togʻoyining oʻgʻli) Abobakr koʻzga tashlanadi.

Shikor rejasiga koʻra, avval, birinchi manzil qilib Ilamish[4]ning soʻl sohiliga yaqin joydagi xon hazratlarining yozgi kichik chorbogʻi belgilangandi. Boburjonlar Umar Shayx Mirzo boshchiligida shoxlari qalin qordan egilib yotgan, baland daraxtlar oʻrab turgan chorbogʻ hududiga kirib kelganlarida atrof saranjom-sarishta qilinib, yozgi katta ayvon atroflari, yoʻlaklar qordan ochib qoʻyilgan edi. Ular bilan ketma-ket bakovullar, qushbegi va qoʻrchilar tasarrufidagi otliqlar, koʻchma oshxona anjomlari, ov qurollari, oʻq-yoylar solingan sadoqlar yuklangan aravalar, keyindan oʻnga yaqin zotdor tozi itlarni yetaklab bosh itorchi – Qobil sovuq kirib keldi.

Podshoh hazratlari chavgon maydoniga oʻzi uchun tikilgan, salobatli tillorang xos chodirga koʻz qirini tashlab qoʻyarkan, zinbardor koʻmagiga ham e’tibor bermay salobat bilan otdan tushdi. Naqshindor oʻrma qamchisi bilan tizginni uning qoʻliga tutqazarkan:

– Qorning tingani xoʻp yaxshi boʻldi! Bu, izlar koʻrinib, shikor baroridan kelishi nishonasi, janoblar! – deb qoʻydi. Hamma bir ovozdan hukmdorning gaplarini ma’qullaganday boʻlishdi... Xonning soʻzlari saydgarlar qalbida jangovarlik ruhini uygʻotib qoʻygandi...

Ayricha ilhomlangan Shayx Mazidbek hukmdorga yuzlanib:

– A’lohazrat! Rad etmasalar, bir taklifim bor edi, – deb qoldi.

Hukmdor shikorga aloqador muhimroq biron maslahat aytarmikan deganday, unga jiddiy tikilib:

– Xoʻsh, bek, qanday taklif ekan? Eshitaylik-chi?– dedi.

– Olampanoh rozi boʻlsalar, sovuqqa qarshi, bir kosa chogʻir-u, bir boʻlak yaxna goʻsht birla tadbir oʻtkarib olsak, baxayr ish boʻlurmidi degandim...

Bu taklif nafaqat chogʻir ahliga, balki xonning oʻziga ham ma’qul tushib turgan boʻlsa ham, u taqvodor beklardan Ali Darveshga qarab:

– Bu masalada Xuroson oʻgʻlonining fikri qanday ekandur? Tadbir degani, dagʻi, sabuhiy boʻlib qolmaydimu?! – dedi. Xonning mayin mutoyibasidan hammalari miriqib kulib olishdi.

Ali Darvesh shosha pisha xushomad qilganday:

– Avvalo, olampanoh qarshi boʻlmasalar, bu tadbir chogʻir ahli uchun amri vojibdur... Ikkilamchi: hademay osh vaqti kirib keladur, sabuhiy muddatining oʻtkanigʻa esa ancha boʻlibdur, – deb qoʻydi.

Podshoh hazratlari ham bir oz jilmaygandek boʻlib: «Bobolarimiz, maslahatli toʻy tarqalmabdur», – deganlar ekan, degancha Boburjonni yoniga olib, xos chodiri tomon ildam yurib ketdi...

Koʻp oʻtmay ular shohona liboslarini uloqchilarning maxsus kiyimlariga oʻxshash kiyik teridan tikilgan, qalin poshnali mixchoʻp, ontarma etik, charm shim, mayin echki yungi solinib, pishiq qilib qavilgan tugmali kamzul, yenglari kaltaroq qora chakmonga almashtirib chiqqanlarida ayvonchadagi katta chorpoya ustida dasturxonlar solinib, hamma narsa muhayyo qilib qoʻyilgan edi...

Oftobachi chaqqonlik bilan egila borib, hukmdorning qoʻliga iliq suv tutdi. Bolalar oʻyinni afzal koʻrishib, qor boʻron bilan ovundilar va dasturxonga yaqin kelmadilar.

Tadbirdan keyin, a’lohazrat bosh asosiy katta suvoriylar safi oʻngga, daryo boʻylab yuqoriga, Boburjonlar esa, ustoz Alp Bahodir sarkorligida, oqim boʻylab pastga qarab yoʻl oldilar...

Bolalar hech qancha yurmasdanoq qorda quyon, kiyik, yana sal narida toʻngʻiz izlariga duch kelishdi...

Muhibali qoʻlidagi yogʻoch qoʻndoq – chakasda oʻtirgan ikki shunqordan birini Boburjonning bilagiga qoʻndirib, qushlarning boshidagi qalpoqchalarni avaylab olib qoʻygandi, ularning oʻtkir koʻzlari birdaniga yorugʻlikka chiqib, oppoq qor qoplab olgan borliqqa moslasholmay, bir zum bir nuqtaga tikilib qoldilar... Bir oz oʻtgach, oʻzlariga kelib jonlandilar... Muhibali qoʻlidagi qushni qulogʻiga (ovchilar irimi bilan) bir nimalarnidir pichirlab-tayinlab, uchirib yuborgandi, u qanotlarini patirlatib, tikkasiga havoga koʻtarila boshladi...

Bir daqiqa oʻtar-oʻtmas Boburjon ham qoʻlidagi shahbozni bir siltab qoʻyib yubordi. Xuddi kelishib olganday, ikkala qarchigʻay ikki tarafga uchib ketishdi.

Muhibali qoʻyib yuborgan qush hech qancha vaqt oʻtmasdanoq shiddat bilan pastga shoʻngʻidi... «Voajabo! Qanday jonzotni koʻrib qoldi ekan», deb qoʻydi Muhibali. Qush qanotlarini ikki yoniga mahkam qimtib olib, shunday uchqurlik bilan pastlab borardiki, (keyingi suhbatlarda Abobakr: «Men oʻq tegdimikin deb oʻylabman» deb, aytib yurdi), uch-toʻrt soniyadayoq koʻzga koʻrinmay qoldi... Hayron boʻlgan Muhibali va amirzoda darhol otning tizginini shunqor chovut solgan tomonga burdi. Amirzoda ham darhol Qorabayir boshini oʻsha tarafga toʻgʻriladi. Ne koʻz bilan koʻrishsinki, shunqor kichikroq chuqurlikda yirik bir quyonni panjalari ostida mahkam changallagancha qoʻyib yubormay, oʻljasini tortib olmoqchi boʻlayotgan tulki bilan olishayotgan ekan... Qush choʻqib olgan boʻlsa kerak, tulkining tumshugʻidan tinmay qon oqardi... Muhibali jilovni qoʻyib yuborib, tulkiga qarata oʻq uzdi, tegmadi. Boburjon ham tezda kamonini olib otdi, oʻchakishganday u ham xato qildi. Ayyor tulki oʻljadan umidini uzgan boʻlsa ham, buncha koʻp qurollangan tarafdorlar oldida qochib qolishni ham unutgan edi... Shu payt tulki biqiniga oʻq sanchildi. Mergan Alp Bahodir edi.

Ustoz shoshilmay qurolini joyiga qoʻydi-da, otdan sakrab tushib, oʻq zahridan majolsiz qolgan tulkini boshiga choʻqmor bilan yengilgina urib tinchitdi... Tulki toʻrtala oyogʻini choʻzgancha qor ustida jon berdi. Shunqor, shundan keyingina koʻtarilib, voqealarni sinchkovlik bilan kuzatayotgan Muhibalining oldiga qoʻndi. Muhibali qushning changalidagi quyonni boʻshatib olarkan:

– Tulkiga oldirmayman deb, jonivor tovushqonni shunday changallabdiki, tirnoqlari tanasiga kirib ketibdi-ya! – deb qoʻydi.

Hamma hozirgina roʻy bergan voqea bilan mashgʻul boʻlgani uchun Boburjon uchirgan ikkinchi shunqor unutilgan edi. Oʻljalarni yirik kanop iplar bilan toʻqilgan ov xaltasiga tashlab borishar ekan, uzoqdan, yer bagʻirlab uchib kelayotgan shunqorni koʻrib sevinib ketishdi... Qarchigʻay toʻgʻri kelib, changalida semiz qirgʻovul bilan Boburjon minib olgan Qorabayir ustiga qoʻndi. Oʻljani koʻrgan amirzoda, quvonchi ichiga sigʻmay, «Ofarin, shahboz!», deb qoʻydi.

Ovda bay ochilganidan koʻngillari toʻlgan, kayfiyati baland saydgarlar pastga ketayotganda, Boburjon ustoziga yuzlanib soʻradi:

– Ustoz, shuncha moʻljallab urgʻon boʻlsak ham, men va Muhibali otgʻon oʻq nega nishonga tegmaydur?

Alp Bahodir sipolik bilan shogirdiga qarab:

– Avvalo, amirzodam, har qanday vaziyatda, mumkin qadar oʻzni toʻxtatib, soʻng sovuqqonlik bilan kamondin oʻq uzish talab qilinadi. Esingizda boʻlsa, bu toʻgʻrida avval ham soʻylagʻonmen. Qani, qoʻlingizni koʻrsatingchi, – deb qoldi.

Boburjon shoshib ikkala qoʻlini ham yozib koʻrsatgandi, ustoz:

– Qani, kamon otish payti barmoqqa taqib olinadigan zihger? Uningsiz kamonni yaxshi otib boʻlmaydur! Hud, noxun[5]siz tamburdan yaxshi kuy chiqarib boʻlmagʻondek, har qancha moʻljalni toʻgʻri olgʻoningiz bilan kamondan ham yaxshi otib boʻlmaydur, – deb ta’kidlab qoʻydi.

Xijolat boʻlib ketgan Boburjon ham, Muhibali ham shosha-pisha choʻntaklaridan zihgerlarini qidirib qolishdi...

Shunqorlar shu tariqa, ketma-ket toʻrt-besh marotabadan ovga solindi. Ular biror marta ham oʻljasiz qaytmadilar... Hatto bir safar oʻzlaridek yirtqich, abjir sassiqqoʻzan va yirikkina kalamush ham tutib keltirdilar. Kemiruvchi oʻlimga mahkum qilinib, sassiqqoʻzan qoʻyib yuborildi.

Muhibali taklifi bilan endi qushlar, dam berish uchun, qafaslariga solib qoʻyildi.

Mana, nihoyat oʻq-yoy bilan ov qilish payti yetib kelgandi. Suvoriylar shu maqsadda yana ham quyiroqqa, qishi bilan odam qadami yetmagan ovloq joylarga qarab jilib ketdilar... Sohildagi yulgʻunzorlar orasida tuyoqlari bilan qorni titkilab, qurigan maysalarni yeb yurgan bir toʻp xongul kiyiklari koʻzga tashlandi. Imkonni qoʻldan chiqarmay darhol shirgʻa[6] qilinib, atrof mumkin qadar oʻrab olindi. Kiyiklar xatarni sezib, atrofga tum-taraqay qocha boshladilar... Shu payt, biri kutilmaganda Boburjon yonidan oʻqday oʻtib ketdi. Bu, amirzoda hayotidagi birinchi katta ov, yirik jonzotlar bilan birinchi toʻqnashuv edi. Boburjon har qancha oʻzini qoʻlga olib otmasin, kiyik birinchi oʻqiga chap berdi. Sadogʻidan ikkinchi oʻqni olib ulgurmay kiyik boʻyniga oʻq sanchildi. Amirzoda chapdastlik bilan Qorabayir boshini kiyik qochgan tomonga burib, jilovni boʻshatdi-da, poshnasi bilan biqiniga salgina niqtab qoʻydi... Jonivor xuddi shuni kutib turganmi, bamisoli quyunday yelib ketdi. Qorabayir shiddatini koʻrgan Alp Bahodir ta’qib qilayotgan ikkinchi kiyikni tashlab, darhol amirzodaga yordam berish uchun oshiqdi. Boʻynidagi nayza zaxmidan kiyik qadamlari sekinlay boshlagandi... Boburjon hayajonini bosib, xotirjamlik bilan ikkinchi oʻqni uzdi. Oʻq toʻgʻri nishonga tegdi! Kiyik tamomila holsizlanib qolayotgani bois tuyoqlarini qordan sugʻurib olishi ham qiyinlashib borardi... Ketma-ket kelayotgan Alp Bahodir, oʻljaga yaqin kelib qolgan boʻlsa ham, olishuvning yakuniy qismini amirzodaning oʻziga qoʻyib berdi. Boburjon otni toʻxtatib, epchillik bilan sakrab tushdi-da, oʻzini bazoʻr yurib borayotgan kiyik ustiga otdi. Ikkovlari ham yiqilib, yarmigacha qorga botib ketdilar... jonivor jon talvasasida boshini siltab yuborgandi, shoxining uchi Boburjonning pastki labiga kelib tegdi. Alp Bahodir buni koʻrmay qolgan boʻlsa ham:

– Amirzodam, kiyik hech qayoqqa qocholmaydur, faqat shoxlariga ehtiyot boʻlsangiz bas! – deb ta’kidlardi. Chindan ham quvonmay, hayajonlanmay boʻladimi, axir, amirzoda bundayin katta shikorlarda ilk bor bevosita ishtirok etayotgan boʻlsa!

Kiyikni qorda bosib, bor kuchi bilan ushlab turgan Boburjon, ustozi ovozi eshitilib, koʻngli taskin topganday boʻldi... Ustoz dandon sopli pichoq bilan oʻlja tomogʻiga tigʻ tortib qoʻydi. Shundan soʻnggina kiyik bir ikki majolsiz harakatlar qilib, qor ustida jon berdi. Amirzoda ustoz uzatgan burgʻuni chalmoqchi boʻlganda pastki labi zahm yeganini bildi. Burgʻu ovozini eshitgan yordamchilar darhol oʻlja tashiydigan katta yogʻoch chanalarni chaqqonlik bilan sudrashgancha chopib kelishdi.

Sovuq avji har qancha baland boʻlmasin, Boburjonning gʻayratu shijoatiga zarracha ta’sir qilolmay, faqat ikki yuzini loladay qizartirib qoʻygandi, xolos. Ustoz Alp Bahodir Boburjonning oʻziga aytmasa ham, otda kattalardek erkin, har qanday vaziyatda muvozanatni yoʻqotmay oʻtirganidan xursand boʻlib, hoʻ oʻsha, Chindan keltirilgan yogʻoch toʻpchogʻida orttirgan tajribalari qoʻl kelayotganini esladi. Ichki bir qoniqish bilan shogirdiga qarab, miyigʻida jilmayib qoʻydi...

Hammalari birin ketin, avvalgi joyga kelishganda hech kim koʻrinmasdi...

Boburjon qorovul turgan yordamchilardan Muhibali bilan Abobakrni soʻradi.

Yordamchilar ular pastga qarab, bir kiyikni quvib, ot choptirib ketishganini aytishdi.

Boburjon ustoziga qaragandi, u ketdik degan ishora qildi. Amirzoda bilan Alp Bahodir otlari boshini darhol oʻsha tomonga burishdi...

Bir joyda qordagi izlar ikkiga ayrilganday koʻrindi... Otda chopib borayotiboq birrov koʻz urishtirib olishdi-da, Boburjon toʻgʻridagi, Alp Bahodir esa chapdagi izni qoralab ketdi.

Boburjonning oʻng tomonida Ilamishning hayhotdek oʻzani, chap tarafida esa qalin toʻqayzor yastanib yotibdi. Kunduzi boʻlishiga qaramay, bu joylarga odam bolasining bir oʻzi kirib borishi xavfli edi. Changalzor qalinligidan har yer-har yerda, jonzotlar «yasab qoʻygan» ombirga oʻxshash pastqam darchalarni, tor, ensiz yoʻlakchalarni uchratish mumkin edi. Fikri-xayoli doʻstlarida boʻlgan amirzoda shiddat bilan chopib borayotib kichikroq ochiq joyda bir necha boʻri endigina qoʻlga tushirgan kiyikni qor ustida tortqilashib gʻajishayotgani ustidan chiqib qoldi, Qorabayir xatarni oldindan sezib qolgan chogʻi (tizgini tortilmay turib), quloqlarini chimirgancha taqqa toʻxtadi.

Boburjon vaziyatni anglab, filhol qilichini sugʻurdi-da, hech ikkilanmay yirtqichlardan himoyalanishga kirishdi.

Boʻrilar toʻrtta: qalin, paxmoq junlari hurpayib oʻsib ketgan kattasi – ona boʻri, qolgan uchtasi – ancha ulgʻayib qolgan bolalari ekan. Ona boʻri oʻljasini qizgʻanganidan qon oqib turgan oʻtkir tishlarini koʻrsatib, xirillagancha otga yaqinlasha boshladi... Bahaybat kallasini osiltirib olgan yirtqich ogʻzini ochgancha roʻparadan tashlandi. Buni kutgan Qorabayir qattiq kishnab yubordi-da, bir siltanib orqa oyoqlarida turib oldi.

Navbatdagi hamlani hushyor turib poylayotgan Boburjon shay qilichini oʻta chaqqonlik bilan yirtqichning boʻyni aralash boshiga tortib yubordi.

Axsikentning dunyoga dongʻi ketgan mohir ustalari yasab bergan damashqiy poʻlat shamshir boʻrining, terisi bilan etinigina emas, balki birmuncha mustahkam ustixonini ham qirqib, oʻng qulogʻi tagidan boʻynining ancha joyini ochib qoʻygan edi.

Kutilmaganda yelday uchib kelgan Alp Bahodir chaqqonlik bilan qilich solib, ramaqi joni bilan xirillab turgan boʻri boʻynini uzib tashladi.

Hayajonlar bir oz bosilgach, Boburjon Alp Bahodirga yuzlanib soʻradi:

– Ustoz, vaziyatdan xabar topib keldingizmu yoki tasodifan?

– Nega endi tasodifan boʻlarkan, amirzodam, axir, Qorabayir sirli kishnab, xatardan voqif qilib qoʻydi-ku! – deb xotirjam javob qaytardi Alp Bahodir.

Ustoz va amirzoda shogird jang maydonini qoldirib, bir-birlariga mehr koʻzlari bilan tikilganlaricha yonma-yon hamrohlari tomon yelib ketdilar.

Ular aravalar turgan joyga yetib kelganlarida podsho hazratlari Boburjon va sheriklarini chorlash uchun joʻnatgan itorchiga duch kelishdi... Kattalar sal avvalroq shikorni tugatib, bir talay oʻljalar bilan chorboqqa kelib boʻlishgan ekan. Tillorang xos chodir roʻparasidagi ochiq joyga yoqilgan katta gulxan atrofini hukmdor boshliq saydgarlar shirgʻa qilib egallab olishibdi.

Shundaygina tekislab qoʻyilgan qor ustiga aylana qilib yozilgan nam oʻtkazmaydigan yupqa charm dasturxonlarda yoz mevalaridan tortib barcha nozu ne’matlar toʻkib tashlangan...

Oʻljalar ortilgan yogʻoch chana darhol hukmdor qarshisiga keltirildi. Xon yoshlar qoʻlga kiritgan oʻljalarni bir-bir, sinchkovlik bilan koʻzdan kechirdi. Hamma- hammasini – quyondan kiyikkacha, tulkidan boʻrsiqqacha havas bilan koʻrib chiqdi. Bir payt ular orasida yotgan qirgʻovulga koʻzi tushib, uni darhol qoʻliga oldi-da:

– Oʻhoʻ-hoʻ!.. Bu ishinglar koʻp ajib boʻliptur! – dedi, baland ovozda. Mamnun borib amirzoda yelkasiga qoʻlini qoʻyib: – Biz koʻpchilik boʻlsak ham bironta parranda urolmadik, toʻgʻrimi, janoblar, – degandi, barcha saydgarlar chin dildan: – Toʻgʻri, toʻgʻri, a’lohazrat! – deb ta’kidlashib, yosh ovchilarni ragʻbatlantirdilar. Hukmdor qirgʻovulni dasturxonchi qoʻliga tutqazarkan: – Bakovulga ber! Jastalasin! – deb qoʻydi amirona. Soʻng engashib, iz tushmagan qordan bir hovuch oldi-da, avval kaftlari, keyin sermoʻy bilaklariga ishqaladi. Xizmatkor xonning hovur chiqib turgan qoʻliga egilib sochiq tutdi. Chogʻir sal boʻlsa-da oʻz kuchini koʻrsatib, hukmdorning butun badanini qizdirib, bagʻrini keng, koʻnglini esa yanada yumshatib ulgurgandi...

Ikki oʻqli uzun aravada bir juft maral, bir necha xongul kiyigi, beoʻxshov boshi otning kallasidan ham ulkanroq, soʻyloq tishi qonga belanib toʻngʻiz va boshqa hayvonlar yotardi. Toʻngʻiz degan mahluqni umrida birinchi marta yaqindan koʻrayotgan Boburjon hayratlanib turgandi Mir Gʻiyos togʻoyi:

– Amirzodam! Bu tunqusni atayin janob Boboquli Bobo Alibekka atab otduk! – dedi, uni ibodat qilmay yurishiga pisanda qilib... Bu gapdan bir necha kishi piqirlab kulib yubordi.

Boburjon bolalarcha samimiyat va jiddiylik bilan:

– Togʻoyi! Axir islom kishisi uchun tunqus goʻshti harom qilingan-ku! – deb qoʻydi taajjublanib.

Noxush muloqot qulogʻiga chalinib qoldi chogʻi, xon Mir Gʻiyosga yuzlanib:

– Janob bek! Davrada yoʻq kishini gʻiybat qilish yigitga yarashmas! – deb tanbeh berdi.

Nooʻrin hazilidan xijolat boʻlib ketgan bek, ikki qoʻlini koʻksiga qoʻyib, hukmdordan uzr soʻradi. Vaziyatni yumshatish uchun Alp Bahodir suhbatga qoʻshilib:

– Janoblar! Tunqus otgʻoninglar koʻp yaxshi boʻlibdur. Buning goʻshtini amirzodamizning palangchalariga bersak, ayni muddao boʻlur, – degandi, bu taklif hammaga ma’qul tushdi. Aslida bu toʻngʻiz, ovchi itlardan birini, soʻyloq tishlari bilan qornini yorib, oʻldirgani bois, oʻlimga mahkum qilingan ekan.

Shu payt ularni oʻrab turgan beklardan biri luqma tashladi:

– Amirzodam, qirgʻovul xoʻp chiroylik ham semiz erkan! Uni lochin birla ushladinglarmu yo kamondan otib oldinglarmu?

– Togʻoyi, savolingizga bu kishi javob bergani ma’qul, chunki doʻstim Muhibali shu ishning ustasi sanaladur.

Boburjon iymanib turgan qushboz ovchini oʻrtaga tortdi.

Kattalar salobati bosib qoldimi, Muhibali zoʻrgʻa:

– Albatta, qush bilan tutildi, janoblar, – deya oldi, xolos.

– Lochinlaringizni bir koʻraylik-chi? – qiziqishib qoldi beklar.

Muhibali shunqorlardan birini chakasiga qoʻndirgancha olib kelgach, ular:

– Bu lochinmu yo qirgʻiymu? – deb soʻrashdi.

– Janoblar! – Muhibali ishtiyoq bilan soʻzga kirishdi. – Avvalo, bu qushning nomi sizlar aytgʻoncha lochin ham, qiygʻir ham, qolaversa, sor ham emas! Kitoblarda bu qushning nomi shunqor deb yozilgʻon, amalda ham xuddi shunday! Shimol taraflarda buni yana itolgʻu deb ham atashar ekan. Lochin degani bundan ushoqroq boʻlib, u bilan kichikroq jonzotlar ovlanadur! Ustozim aytishlaricha, qiygʻir va sor birla ov qilingʻoni hali hech bir joyda yozilmagʻon emish.

– Uqob emasmu unda? – deb soʻrab qoldi kimdir.

– Yoʻq taqsir! Uqob ham emas! Uqobning jussasi bundan koʻra ulkanroq boʻladur!

Kimdir:

– Qalpoq qushga nega kiydirib qoʻyilgʻon? Boshi sovuq yeb qolmasun debmu? – deb soʻragandi, yengil kulgi koʻtarildi.

Muhibali oʻta bosiqlik bilan davom etarkan:

– Yoʻq, janoblar bu qush, sovuq oʻlkalarning qushi boʻlganidan xeyli mahkam sovuqlarga ham chidaydur! Qalpogʻi koʻzlarini toʻsib turishi uchun xizmat qiladur, shunday tursa, qush hech narsadan choʻchimaydur!

– Oyoqlaridagi tushovi nega qoʻyilgʻon, aytib bering?

– Janoblar, bu juda yirtqich qush! Osmonda ham, yerda ham oʻljasiga bir usulda tashlanadi, ya’ni avval oyoqlari bilan tepib, zarba beradi va agʻanatishga urinadi. Qayish tasma, oʻljasini tepganda, oyoqlari kerilib yoki oldinma-ketin boʻlib ketmaslikdan saqlaydur, qolaversa, zarba kuchini oshiradur! Mana, qaranglar, u xalqa bilan mahkamlangan.

Muhibali qoʻli bilan qushning zarangday qattiq oyoqlariga bogʻlangan yupqa temir halqachalarni koʻrsatib qoʻydi.

– Bular uchun eng katta oʻlja qanday jonzot?

– Hozircha qushlarimiz yosh, katta boʻlganlarida kiyik bolasini ham bemalol ovlay oladur...

Beklar xursand boʻlishib:

– E-he, qaranglar-a, janoblar, qush ovining ham oʻziga yarasha koʻp xilvat tomonlari bisyor ekanu bilmay yurgan ekanmiz, mana bilib oldik, – degancha qulluq qilishdi. – Umringiz ziyoda, martabangiz baland boʻlsin, ukajon. Kelgusida ulugʻ qushbegi boʻling!

Yo tavba! Chin yurakdan qilingan duo ijobat boʻlganini... Kimdandir shohnafas chiqib ketgan boʻlsa ajab emas. Chunki oʻsha chuvak yuzli, qotmadan kelgan, ogʻir-bosiq yigitcha – Muhibali, bir umr Boburjonning sadoqatli doʻsti, suyangan hamrohi, maxsus ovchisi boʻlib yurgan, hamda vaziri a’zamlik lavozimiga erishgan![7]

* * *

Bolalar uchun ichkarida alohida joy hozirlangan edi. Suhbat tugagach, Alp Bahodir bosh boʻlib, oʻt yoqib ilitib qoʻyilgan katta, keng xonaga kirib bordilar. Ichkarida nam tortib ketgan ustki kiyimlarini yechib tashlab, qoʻllarini yuvishgancha, did bilan bezatilgan dasturxonga oshiqishdi. Ertalabdan beri sovuqda ot choptirib yuraverib qorinlari ochiqib ketgan boʻlsalar ham ustozning dasturxonga qoʻl uzatishini kutishib turgan saydgarlarga qarab Abobakr:

– Janoblar, birovga ifsho qilmayman deb soʻz bersanglar, birgina iltimosim bor edi, – deb qoldi.

Hamma qiziqib: «Qanday iltimos ekan, ayting, ayting?! Hech kimga aytmaymiz!», – deb va’da berishdi.

– Unday boʻlsa, janoblar, hali shikor payti, otdan yiqilganimni hech kimga aytmanglar, – deganicha doʻstlariga javdirab qaragandi, hamma rozi boʻldi.

– Boʻpti, boʻpti, xotirjam boʻling, gap shu yerda qoladi – deya, Boburjon va’dani hammaning nomidan mustahkamlab qoʻydi. Shundan soʻnggina ular xotirjam boʻlib dasturxonga qoʻl uzatdilar...

* * *

Tashqarida kattalar bazmi qizigandan qizib borardi. Atrofni larzaga soluvchi shodon qahqahalar, hayqiriqlar, sokin, musaffo havoda uzoq-uzoqlarga ham eshitilib turardi. Ayniqsa, podsho hazratlarining koʻngillari chogʻ, kayfiyatlari osmon qadar baland edi. Qoʻlidagi kosa toʻla chogʻirni koʻtarib, sipqorib qoʻydi-da, gazak uchun bir boʻlak kabob goʻshtini ogʻziga solib, qoʻllarini artdi. Soʻng qorda yalangoyoq «chavgon maydonini yuz qatla aylanib beraman» deb, beklar bilan shartlashgan Qosimbek qavchinni zimdan kuzatarkan, mushti bilan kaftiga bir urgancha:

– Tasarrufimda shunday azamat yigitlardan ikki-uch pora boʻlgʻonda erdi... Ulugʻ Bobom orzu qilgʻon Chinni ham olgʻon boʻlur edim! – deb qoʻydi gʻurur bilan.

Podshox oldiga choʻziqroq shakldagi zarrin chinni idish keltirildi. Dasturxonchi sochiq bilan avaylab qopqoqni ochgandi, oppoq bugʻ koʻtarilib, shar¬qona pazandachilik talabi boʻyicha yuksak mahorat bilan lolarang qilib butunicha pishirilgan haligi semiz qirgʻovul koʻrindi. Antiqa taomdan dimogʻni qitiqlovchi xushboʻy hid taralib turardi. Umar Shayx Mirzo undan bir chimdim olib, tatib koʻrarkan, dasturxonchiga qarab:

– Tahsinga loyiq! Ol buni, hammaning ogʻzi tegsun! – deb tayinladi. Saxiyligi tutib: – Bu ishi uchun bakovulga bir qoʻchqor berilsin! – deb yubordi.

Bunaqangi bazmlarda olampanoh mehri daryo kabi joʻshib ketar, koʻngliga yoqib qolgan kishisiga eng qimmatbaho, noyob narsalarni hadya etib yuborar, keyin mutlaqo achinmas edi. Saxiylik, bagʻrikenglik, qoʻli ochiqlik kabi olijanob xislatlar a’lohazratga ulugʻ bobolaridan meros boʻlib oʻtgani shubhasiz. Shundan boʻlsa kerak, Ulugʻ xon ota – Yunusxon Umar Shayx Mirzoni uch kuyovidan ortiq koʻrar, ular xuddi ota-boladay boʻlib ketishgandi.

Umar Shayx Mirzo baland himmatli va ezgu niyatli podshoh ekanligini shundan ham bilsa boʻlardiki, Yunusxonga avvaliga Oʻsh, soʻngra Margʻilonni inoyat qilib yubordi.

Boburjonlar oʻtirgan xonaga kirib-chiqib turgan xizmatkorlardan biri: –Janoblar, beklar birla shartlashgan Qosimbek togʻoyi chavgon maydonini yalang¬oyoq kezayotir, – deb xabar berdi. Qiziqarli tomoshani koʻrgani hammalari tashqariga chiqdilar.

Boburjon qorda chopayotgan Qosimbek qavchinga koʻzi tushishi bilan ustoziga yuzlanib:

– Ustoz, yoʻq demasangiz men ham chopsam? – deya taklif aytdi, qop-qora koʻzlarini pirpiratib.

Alp Bahodir shogirdining yuzidagi gʻayrat-shijoat ifodasidan zavqlanarkan, «mayli, oʻzingiz bilasiz» deganday yelkalarini qisib qoʻydi.

Boburjon filhol etiklarini yechib, poychalarini shimarar ekan, buni koʻrgan beklar yoqa ushladi.

Bir zum oʻtib haligi xizmatkor shoshib kelib, «Togʻoyi, sizni olampanoh yoʻqlayotgan emish», deb qoldi. Alp Bahodir oʻsha zahotiyoq tavoze bilan hukmdor huzuriga bordi.

Umar Shayx Mirzo bir oz tashvishli ohangda soʻradi:

– Siz ruxsat berdingizmu, janob Alp Bahodir?

– Ha, olampanoh! Tashvishlanishga mutlaqo oʻrin yoʻq! Amirzodamning muborak tanalari bunday sovuqlarga chiniqib ulgurgan, inshoollo, qaytaga yana chiniqadi.

A’lohazrat ichki qoniqish bilan bilinar-bilinmas jilmayib qoʻydi.

Boburjon Qosimbek qavchin yonida endigina besh-olti davra aylangandi hamki, musobaqa tugab qoldi.

Dasturxonchilardan biri shu yerning oʻzidayoq Qosimbek qavchin beklardan yutib olgan oʻnaklarni toʻplashga tushdi. Qatorda a’lohazrat ham patnisga bir narsa tashlaganday boʻldi.

Gʻolib yirik-yirik kepakiylarni terib olarkan, «qolgani oʻzingga», deb qoʻydi, xushomad bilan patnisni koʻtarib turgan dasturxonchiga. Hazilkash beklardan biri dedi:

– Janob Qosimbek! Yutuqni dasturxonchi bilan emas, balki amirzodamiz birla boʻlishingiz lozim edi! Nega deganda oxirgi davralaringizga u kishi yordam berib yubordi-ku!

Bu hazildan hammalari miriqib kulishdi. Soʻng Qosimbek qavchin Boburjonga ta’zim aylarkan, Umar Shayx Mirzo oʻtirgan tarafga ma’noli bir qarab qoʻyib:

– Amirzodam hozir hech qanday moyanaga muhtoj emaslar! Bu kishining ulushlarini, xudo xohlasa, katta boʻlganlarida halol xizmatim bilan qaytaraman, –dedi samimiy.

Bu javob Umar Shayx Mirzoga ham ma’qul tushganday boʻlib, asta bosh irgʻab qoʻydi va mugʻanniy hofiz Xoja Husaynbekni surishtirdi.

Xizmatkorlar bir zumda Xoja Husaynbekni bakovullar yonidan topib kelishdi. U ta’zim bilan xon qoshiga kelarkan, koʻtarinki ruhda soʻz qotdi:

– Olampanoh, amringizga muntazirmen!

– Biz, axir sizni nimaga ham tilar erduk, tamburingiz shu yerdamu? Qani, bir koʻngillarni eriting-chi!

Xoja Husaynbek tabassum bilan ta’zim qildi.

– Bosh ustiga, olampanoh! Qoʻlimizdan kelgʻoncha!

– «Navoi tamburiy»dan boshlang! Saftisiga «Ushshoq»ni chalasiz!

Tamburdan sado taralgach, atrof suv quyganday jimib qoldi. Ketma-ket bir juft kuy, uchta mumtoz qoʻshiq ijro etildi. Shirali ovoz chindan ham dillarni rom qildi, xususan, xonning bahor toshqini kabi joʻshgan yuragini yanada toshirib yubordi.

Davradagi xush kayfiyatni buzmaslik uchun harakat qilgan oftobachi uzoqdan ot choptirib kelayotgan chopar Abdulvahob shigʻovulni tanib, rikobdorga koʻzi bilan imo qilib qoʻydi. U davrani tashlab, shoshib chopar istiqboliga peshvoz chiqdi.

Shigʻovul otdan tushib, rikobdor yuziga ham qaramay, bir bosh irgʻab, tizginni tutqazdi-da, ildam qadam tashlab, xon huzuri tomon yurib ketdi... «Muhim xabar keltirgan» degan oʻy bilan hech kim uni toʻxtatishga botinolmadi. Toʻrt-besh qadam qolganda, qorga tiz choʻkib engashib, ta’zim bajo keltirdi. Soʻng hukmdorga naysimon qilib oʻralgan muhrli xat tutqazdi.

Umar Shayx Mirzo xatni gʻilofidan chiqardi, u yoq-bu yogʻiga razm solgach, qoshlarini chimirgancha, shoshilmay oʻqiy boshladi...

Mutolaa chogʻida hukmdor chehrasi ikki karra jiddiylashib, ikki karra yorishdi. Oxiri xizmatkorni chaqirib buyurdi:

– Boburjonga yetkaz!

Xat Ulugʻ xon ota Yunusxondan edi.

Bir zum oʻtgach ichkaridan bolalarcha shodon qiyqiriq eshitildi. Chunki Ulugʻ xon ikki nabirasi uchun chilla chiqishi bilan oʻtkazadigan aqiqa toʻyiga Boburjonni ham lutfan taklif qilgandi!.. Yunusxon elga beradigan toʻylar bir-ikki haftasiz tugamas, katta koʻpkarilarsiz, dorbozlarsiz, kurashlarsiz, qolaversa, koʻzga koʻringan mutriblaru taniqli qoʻgʻirchoqbozlarsiz oʻtmas edi.

Boburjon muhtaram bobosi maktubidan boshi koʻkka yetgudek sevindi. Soʻng oʻzi bir parcha qogʻozga shosha-pisha ikki enlik xat yozdi: «Otajon! Ruxsat etsangiz, shomga qolmay saroyga yetib borsam. Bugungi saboqlarim qolib ketishini istamasmen. Sizni suyib ardoqlaguvchi Bobur».

Umar Shayx Mirzo xatni oʻqib jilmaydi, axir, ne baxtki, bugun bir emas, ikki xat oldi. Biri Toshkandan, ikkinchisi Andijondan! Qisqa mulohazadan soʻng birdan qiyofasi jiddiylashdi.

– Yoʻq! Birga keldik, birga qaytamiz! Qani yigitlar, bugunga yetar, safarimiz qaridi... Ilohi omin, xudo omadimizni bersin!..

Shikor ahli yoʻlga chiqqanda kechki qora sovuq zabtiga ola boshlagandi.


  1. Kutvol - Qal’a boshligʻi (komendant)
  2. Miroxur - Podshoh otxonasining boshligʻi
  3. Chakas - Ov qushlari qoʻnib turadigan yogʻoch qoʻnoq
  4. Ilamish - Qoradaryoning oʻsha davrlardagi nomi
  5. Noxun - Tambur chalgan paytda koʻrsatkich barmoqqa taqib olinadi (mediatr)
  6. Shirgʻa - Oʻljani davra qilib iskanjaga olish
  7. Bobur Mirzo vafotidan keyin, buyuk Boburiylar saltanatiga hukmdorlik qilgan Akbarshoh, bobosining ulugʻ doʻsti deb bilib, Muhibalini Dehlining hokimi vazifasiga tayinlagan. Bu ulugʻ insonning yorugʻ dunyoda qilib oʻtgan ishlari bugina emas... Oʻsha Muhibali, Nizomiddin Ali Xalifai Farobiy nomi bilan, qush ovining sir-asrori toʻgʻrisida, oʻz davrida (XVI asr oʻrtalarida) dunyoga mashhur «Boznoma» deb nomlangan fundamental risola ham yozib qoldirgan