OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifEd Leysi
Asar nomiMerosxoʻrni yoʻqotish (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Kriminal belletristika
Mualliflar
   - Ed Leysi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonShavkatbek (Rus tilidan)
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Merosxoʻrni yoʻqotish (hikoya)
Ed Leysi

— Mister Kolombo, meni tanimasangiz kerak. Meni Uilyam Senford deyishadi. «Mayerpark ayrplayens» ishida advokatlik qilganman. Menga xususiy izquvar kerak.
— O’sha ishda koʻrsatgan karomatlarim uchun nega men haqimda ijirgʻanib gapirmayotganingizdan taajjubdaman, mister Senford, — dedim men xushmoumalalik bilan.
— O’tgan ishga salovat, mister Kolombo. Hozir gap boshqa ish ustida ketayapti. Menga shunday inson kerak.
— Politsiyaga murojaat qildingizmi?
— Bu politsiyaning ishi emas. Men sizni yollamoqchiman.
— Yaxshi, — yelka qisdim men. — Lekin men kuniga yuz ellik dollar olaman.
— Roziman, — bosh irgʻadi Senford. — Stiven Massinini topish kerak. Bir yarim yil muqaddam uning amakisi qazo etgan. Undan 800 ming dollardan ziyod meros qolgan. Stivenga 18 mingi tegishi kerak. Vasiyatnoma shartlariga koʻra, barcha merosxoʻrlar pulni bir vaqtda olishlari kerak. Boʻlishishni barcha intizorlik bilan kutmoqda, Siter Massinidan tashqari, albatta. U yoʻqolgan. Bir necha oy ilgari men uni nihoyat Nitssada topdim va xat yozdim. U rassom. Stiven pulni pochta orqali joʻnatishni soʻradi. Men esa unga barcha merosxoʻrlar bir vaqtda yigʻilishlari kerakligi tushuntirdim. U uchib kelishga rozilik berdi. Ikki hafta muqaddam mister Massini Qoʻshma Shtatlarga qarab uchgan. Siz Kennedi nomli aeroportda halokatga uchragan samolyot haqida eshitgan boʻlishingiz tabiiy. Stiven tirik qolgan uch yoʻlovchining bittasi boʻlgan. Jismonan jarohat olmagan boʻlsa-da, shok holatida boʻlgan. Bu haqda gazetalardan oʻqigach, ertasi kuniyoq kasalxonaga qoʻngʻiroq qildim. Tibbiy koʻrikdan bir soat oʻtgach, Stiven Massini kimgadir sim qoqqan. Uning oldiga yoshgina xonim kelgan va ular birgalikda chiqib ketishgan. Men barcha gazetalarga e’lon berdim, lekin u hanuzgacha qoʻngʻiroq qilgani yoʻq.
— Stiven boshqa qarindoshlari bilan aloqa qilib turganmi? — soʻradim men.
— Yoʻq, u qarindoshlari bilan gaplashmagan. Ota-onasi vafot etgach, u chet elga chiqib ketgan va hanuzgacha Fransiyada yashab kelgan. Merosxoʻrlar uning toʻsatdan gʻoyib boʻlganidan juda norozi. Ular oʻz pullarini intiqlik bilan kutishmoqda.
— Qiziq, u yana gʻoyib boʻlgan. Yosh rassom uchun 18 ming chakana pul emas. Stiven uylanganmi?
— Boʻydoq, — javob berdi advokat. — Men uni hech qachon koʻrmaganman. Menda hatto uning fotosurati ham yoʻq. Qarindoshlariga kelsak, ular ham uni soʻnggi marta ancha yillar avval, u 4 yoshdaligida koʻrishgan. Hozir u 26 yoshda.

U ketgach, men nufuzli kredit firmasidagi tanishimga qoʻngʻiroq qilib, Senford va Stiven Massinini tekshirib berishni soʻradim. Soʻng kasalxonaga yoʻl oldim. Omadim bor ekan. Ikki hamshira mister Massinini tasvirlab ketishdi: boʻyi biru sakson, baquvvat, vazni 80 kilodan kam emas. Sochlari tim qora, yuzi oddiy, birorta farqli belgisi yoʻq. Uning yoshi oʻttizlar atrofida, deyishdi. Koʻrikdan bir soat oʻtgach allakimga qoʻngʻiroq qilgan. 20 daqiqalardan soʻng uning yoniga hayajon iskanjasidagi 25 yoshlardagi mallasoch xonim kelgan. Massini esa hech qanday maslahatlarga quloq tutmasdan, javob berishlarini talab qilgan.
— U palatadan qoʻngʻiroq qildimi? — umidlanib soʻradim.
— Ha.
— Demak, operatorlaringizda u qoʻngʻiroq qilgan raqam saqlanib qolgan boʻlishi kerak? Uni aniqlasam boʻladimi?

Besh daqiqadan soʻng men telefon kompaniyasidagi tanish yigitga qoʻngʻiroq qilib turardim. Telefon allaqanday Fil Uellsga tegishli ekan. Yarim soatdan soʻng men Kuinsda edim. Uells bitta mashinaga moʻljallangan garajli, bundayroq oʻtlogʻi boʻlgan kichikroq uyda yasharkan. Men yordamchim Al Pitersga avtomat-telefondan qoʻngʻiroq qilib, Uelssning uyini tonggi beshdan boshlab kuzatishni tayinladim.

Ertalab sakkizda ishda edim. Soat oʻnda sugʻurta kompaniyasidagi tanishimga qoʻngʻiroq qildim.
— Mister Stiven Massini haqida bizda hech qanday ma’lumot yoʻq. Menimcha, u ishsiz boʻlsa kerak... Endi Uilyam Senford haqida. Biz bunday mijozlarni «katta tavakkalchilar» deb ataymiz. O’tgan yili u «Mayerpark ayrplayens» aksiyalarida kasodga uchragan. Amaliyotlaridan yiliga 20 ming dollarcha foyda koʻradi, lekin shahar ostonasidagi hashamatli uyda yashaydi, ikkita klubga a’zo, ikkita qimmatbaho avtomobili bor. Uylangan. Bu uning uchinchi xotini, juda goʻzal, qimmatbaho taqinchoqlarni yaxshi koʻradi. Sendford qulogʻigacha qarzga botganlardan. Badavlat oilada tugʻilgan. Boyvachcha amakisi bor, merosining hammasini Senfordga qoldirib ketishi kerak. Amakisi 79 yoshda, lekin hamon haftasiga bir marta golf oʻynashni kanda qilmaydi. Hammasi shu, Fred.

Men unga tashakkur aytdim va Fil Uelssni ham tekshirib koʻrishni iltimos qildim. Soʻng seyfdan mitti eshitish moslamasi — qoʻngʻiz va mini-magnitofonni oldim. Telefon kompaniyasi emblemasi tushirilgan kombinezonni kiyib, Fil Uelssning uyiga joʻnadim.

Al Peters oʻzining shaloq aravasida uydan 100 metrcha narida oʻtirgancha, qogʻoz stakandan apelsin sharbatini simirardi.
— Hozircha hammasi tinch, Fred, — hisob berdi u. — Hech kim kirgani ham, chiqqani ham yoʻq.

Men mashinamga qaytdim. Boshimdagi beysbol shapkasini qoshimgacha tushirib, qalin moʻylov va ikkita tukli soʻgal yopishtirdim-da, Uelsslar uyiga yoʻl oldim. Magnitofonni Alning mashinasida qoldirdim. Mitta quloqlik va bloknot ham tutqazdim.
— Nima qilishni bilasan-a, Al? Ular nima haqida gaplashishsa yozib ol! Men bir soatdan soʻng qaytaman.

Eshikni yaxshigina qomatga ega mallasoch xonimcha ochdi. Uning nimadandir asabiylashayotgani shundoq koʻrinib turardi. Koʻzining osti qorayib, salqigan, kechasi uyqu haqida oʻylamagani ham rost.
— Missis Uells, hududlaringizda uzilish roʻy bergan. Biz hamma telefonlarni tekshirib chiqayapmiz.
— Mening telefonim yaxshi ishlayapti.
— Ehtimol. Lekin qisqa tutashuv roʻy bergan boʻlsa, bu boshqa telefonlarning ishiga oʻz ta’sirini oʻtkazishi mumkin. Tashvishlanmang, missis Uells, bu koʻp vaqtni olmaydi.

U meni arzon mebellar bilan jihozlangan mehmonxonaga boshlab kirdi. Men operator bilan «gaplashdim», goʻshakni yechib, garchi xonim meni kuzatayotgan boʻlsa-da, bilintirmasdan qoʻngʻizchani joylashtirdim. Goʻshakni yigʻib, gudokni tekshirdim va qoniqish hosil qilgandek bosh irgʻadim.
— Hammasi joyida! Rahmat, mem.

Bir soatdan soʻng uning raqamini terdim.
— Missis Uells, sizni Stiven Massinining doʻsti bezovta qilyapti...
— Siz adashdingiz, — gapini keskin boʻldi u.

Men yana takrorladim.
— Missis Uells, goʻshakni qoʻymang. Siz mister Massinini kasalxonadan olib ketganingizni bilaman. Men unga katta pul berishim kerak. Agar siz...
— Men sizga notoʻgʻri raqam terdingiz dedim-ku?! Meni tinch qoʻying! — u zarb bilan goʻshakni irgʻitdi. Mallasoch xonimni qoʻrqitib, Al Piters oldiga shoshdim.

* * *

— Juda oddiy, Fred, — jilmaydi u. — Ikkinchi qoʻngʻirogʻingdan dam oʻtmay u Stivensga qoʻngʻiroq qildi. U «Devenport» mehmonxonasining 121-nomerida yasharkan... — Mister Stivensga? Adashmayapsanmi? Stiven Massinigamasmi?!
— Mister Stivensga. Sening qoʻngʻiroq qilganingni aytdi. Men hammasini yozib oldim, — Al bloknotini ochdi. — «Tashvishlanma, Roza, — dedi oʻsha Stivens. — Agar u yana qoʻngʻiroq qilsa nima haqida gapirayotganini tushunmaganingni ayt. Roza, balkim Nyuarkka oyingnikiga bir necha kunga borib kelarsan? Qachon qaytishingni oʻzim bildiraman». — «Men bu rolni ortiq oʻynay olmayman, azizim. Qoʻrqayapman». — «Hech narsadan qoʻrqma, azizam. Tinchlan. Bilasanmi nima, oldimga kel. Seni soat ikkida kutaman».

«Devenport» mehmonxonasi aeroportning yonida joylashgandi. 121-nomerning eshigini boʻylari uzun, yelkalari keng, sport kiyimi va oq koʻylak kiygan erkak ochdi.
— Xoʻsh? — dedi u menga ogʻzidan viski bugʻlarini purkab. — Nima sotasiz?
— Biz gaplashib olishimiz kerak, mister Massini, — dedim men nishonimni koʻrsatarkanman.
— Xususiy izquvar! — hiqilladi Massini. — Qani haqiqiy fir’avnlarni chaqirib qolmasimdan, tuyo­gʻing­ni shiqillat-chi!
— Marhamat, chaqiring, mister Massini. Aftidan mening tashrifimni notoʻgʻri tushunganga oʻxshaysiz. Men sizga 18 ming dollar taqdim etmoqchiman.
— Sizni advokat Senford yubordimi?
— Ha, u. Nega siz unga qoʻngʻiroq qilmadingiz? U vasiyatnoma shartlarini bajarishi kerak, axir!
— Unga aytib qoʻying, qachon istasam oʻshanda u bilan koʻrishaman.
— Nahotki sizni meros qiziqtirmayotgan boʻlsa? — hayron boʻldim men. — 18 ming dollar oz pul emas...
— Bilmayman... Men ertaga Fransiyaga qaytib ketishim kerak, oʻsha pullarni deb soliqchilar katta muammo paydo qilishlari mumkin.
— Senfordga qoʻngʻiroq qilib, boʻlmasa shular haqida ayting.
— Qachon xohlasam, oʻshanda qoʻngʻiroq qilaman, — dedi u va zarda bilan eshikni yopdi.

Men xollda Senfordga qoʻngʻiroq qildim va Massinini qayerdan izlashni aytdim.
— Rahmat, mister Kolombo. Men ishingizdan toʻliq qoniqish hosil qildim. Sizni ortiq bezovta qilmayman.

Endi ovoz uzatuvchi qoʻngʻizchani olshim kerak. Kelajakda uni topib olishsa, muammo yuzaga kelishi mumkin. Men kechqurun bunga urinib koʻrdim. Uyga kelgach, sugʻurta kompaniyasidagi tanishimga qoʻngʻiroq qildim.
— Uelsslarning umumiy daromadi 9400 dollar. Uylari 20 ming turadi. 15 mingi garovda. Ular uyni toʻrt yil muqaddam turmush qurishganda sotib olishgan va jihozlashgan. Xotini koʻchmas mulk bilan savdo qiluvchi kompaniyada mashinistka boʻlib ishlaydi, eri esa «Trans-Yevropa havo yoʻllari» aviakompaniyasida chiptalarni bron qilish bilan shugʻullanadi.
— Bu yaqinda anavi samolyot halokatga uchragan aviakompaniya emasmi? — soʻradim men.
— Ha. Aytmoqchi, Fil oʻsha halokatda qurbon boʻlgan.

Men kutubxonaga borib, Kennedi nomli aeroportda sodir boʻlgan halokatga oid barcha maqolalarni yigʻib, oʻqib chiqdim. Fil Uells ha­qiqatdan ham halok boʻlganlar roʻyxatida qayd etilgandi. Aviakompaniya xizmatchisi sifatida u bepul uchgan. Uni tanasida ism va familiyasi oʻyib tushirilgan chaqmoqli yon­dirgich orqali tanib olishgan.

Kechqurun men mashinamni Roza Uelss yashaydigan kvartal tomon burdim. Uning uyi oldida toʻrtta politsiya mashinasi va bir toʻda tomoshatalablar turishardi.
— Shunaqa gaplar! — bosh irgʻadi Al. — Bu missis Uells deganlari sening Massininingni boshiga yetgan koʻrinadi. Ular ayolni bugun tushdan soʻng mehmonxonada uning jasadi va qotillik quroli bilan birga topishgan.

Men undan magnitofonni oldim, ishga borib tasmaning hammasini eshitib chiqdim. Massini qoʻngʻiroq qilgan edi.

«Narsalarni yigʻishtir va qoʻngʻirogʻimni kut, azizam. Yonimga Senfordga ishlaydigan xomsemiz izquvar kelib ketdi. Tezda joyimizni oʻzgartirmasak boʻlmaydiganga oʻxshayapti.

«Lekin u seni qanday qilib topdi? — qichqirdi Roza. — Men hozir bu mashmashalarga aralashib qolganimdan juda-juda afsusdaman, Fil».

«O’zingni bos, asalim. Men unga hech qanaqa meros kerakmas, deb javobini berib yubordim. Joylashib olishim bilan senga qoʻngʻiroq qilaman. Hech narsadan qoʻrqma, Roza. Biz tezda boyib ketamiz».

Shundan soʻng yana bitta qoʻngʻiroq boʻlgan.

«Azizam, men yangi joyga joylashdim, — deb xabar qildi tanish erkak ovozi. — Xona kichkina, lekin toza. Hozir men Long-Aylenddagi «Monro» otelidaman. Soat hozir 2:40 boʻlibdi. Yaxshisi mashinaga chiqma. Sen bu yerga...»

Uni oʻq ovozi uzib qoʻygandi.

«Fil? — baqirib yuborgan Roza Uells. — Fil? Nima boʻl...»

Goʻshakdan qisqa gudoklar eshitilgan.

Men yana bir marta soʻnggi suhbatni diqqat bilan eshitib, Al Pitersga qoʻngʻiroq qildim va Stiven Massinining oʻlim vaqtini aniqlashni soʻradim. Soʻng tungi soat uch boʻlishiga qaramasdan, Uilyam Senfordga qoʻngʻiroq qildim.
— Zudlik bilan uchrashishimiz kerak, — dedim. — Stiven Massini oʻldirilganidan xabar topgandirsiz?
— Menga politsiyadan qoʻngʻiroq qilishdi. Ular hamyonidan mening xatimni topishgan ekan.
— Men yarim soatlarda yetib boraman. Meni koʻchada kutib turing.

Senford meni chiroyli shlyapa, yengil plashch va qoʻlqopda kutib oldi. Choʻchqa terisidan ishlangan qimmatbaho qoʻlqopni koʻrganimda yuragim hapriqib ketdi. U yonimga oʻtirdi va men kutayotgan savolni berdi:
— Men bilan uchrashayotganingizni biror kishiga aytdingizmi, mister Kolombo?
— Yoʻq.

Men mashinani joyidan qoʻzgʻatdim. Menga bir savol tinchlik bermasdi: U qachon toʻpponchasini chiqaradi. Men tashlandiq yoʻlga burildim va toʻxtadim.
— Nega toʻxtadik, mister Kolombo?— soʻradi Senford. Hamon uning qoʻllari tizzasida edi.
— Gaplashib olishimiz kerak, — dedim men. — Siz meni yoʻqolgan merosxoʻrni topish uchun yolladingiz. Men vazifani bajardim. Lekin hozir qidiruv qotillikka aylanib ketdi.
— Shuning uchun meni issiq toʻshagimdan chiqarib oldingizmi, Kolombo? Mening bu qotillikka mutlaqo aloqam yoʻq, uni missis Uells oʻldirgan.
— Senford, u oʻldirmagan. Men uning telefoniga qoʻngʻizcha oʻrnatgandim. Telefondagi soʻzlashuvlar yozilgan plyonka ana orqa oʻrindiqda. Qoʻyib berishim mumkin. Sudmedekspert Massinini kunduzi soat 3 larga yaqin oʻldirishganini aniqlagan. Soat 2:40 da u Massini bilan oʻz uyi­dagi telefonda gaplashgan. Soʻng goʻshakdan oʻq ovozi kelgan. Bu plyonka Roza Uelssga metin alibini taqdim etadi.... Siz oldin porteni hushidan kettirib, Massinini oʻldirib, Rozani «Monro» oteliga kelguncha kutib turgansiz. U xonaga qa­dam qoʻyishi bilan boshiga urib, qulatgansiz, qotillik qurolini tashlab, ketgansiz. Uni mehmonxona nomerida jasad va qotillik bajarilgan qurol bilan birga topishgan.
— Fantastik hikoya, — dedi sekingina Senford. — Nima, meni shantaj qilyapsizmi, Kolombo?
— Men pul haqida biror narsa dedimmi? Bekor meni yollagansiz, Senford. Men axborotlarni qunt bilan oʻrganib chiqaman. Sizning kasod boʻlganingiz ham menga ma’lum, Massiniga tegishli merosning bir qismini ham ishlatib yuborishga ulgurgansiz. Merosxoʻrlarni esa Stiven Massinini hech topa olmayotganingiz haqidagi choʻpchak bilan laqillatib yurgansiz. Amakingizning oʻlimi moliyaviy muammolaringizni hal qilishidan umidvor boʻlgansiz. Afsuski, merosxoʻrlardan biri Stivenni topgan. Siz unga xat yozishga majbur boʻlgansiz. U halokatga uchragan samolyotda bu yoqqa shoshgan. Har qanday holatda ham siz uni oʻldirardingiz. Siz uchun muhimi — sudda vasiyatnomaning tasdiqlanishi hamda pul toʻlanishini kechiktirish boʻlgan. Stivenning kasalxonadan ­sirli yoʻkolishi siz uchun juda ma’qul holat edi. Lekin bu vaqtinchalik holat edi. Siz qanday yoʻl bilan boʻlsa-da, uni topib, ogʻzini berkitishingiz kerak edi. Shuning uchun meni yollagansiz.
— Kolombo, nimalar deyayotganingizni oʻzingiz ham bilmaysiz. Men sizni gʻoyib boʻlgan merosxoʻrni topish uchun yollaganman. Bunda hech qanday qonunga xilof narsa yoʻq. Siz Stivenni topdingiz. Uni esa oʻldirib ketishdi. Mening bunga aloqam yoʻq.
— Uning oʻlimi vasiyatnomaning tasdiqlanishini yanada chigallashtiradi. Siz hozir kechayu-kunduz amakingizni tezroq jonini olishi uchun xudoga yolvorib yotgan boʻlsangiz kerak. Lekin Senford, hamma gap shundaki, men Stiven Massinini topolganim yoʻq.
— Men bu gaplarni eshitishga ortiq toqat qilolmayman. Meni tezroq...
— Stiven Massini aviahalokatda qurbon boʻlgan, — uning gapini boʻldim men. — Tirik qolgan uch omadli insondan biri Fill Uelss edi. Siz oʻshani otib qoʻygansiz. O’zining atrofida tutab yotgan jasadlarni koʻrib, u murdalardan birining hamyonini chiqarib, oʻzining chaqmoqtoshini unga tashlab qoʻygan va Stiven Massiniga aylangan. Soʻng u xotiniga qoʻngʻiroq qilib, kasalxonadan chiqib ketgan. Uning nima oʻylagani ma’lum. Missis Uells sugʻurta summasini oladi, aviakompaniyani sudga berib, ishni yutib chiqadi. Boyigach, ular chet elga koʻchib chiqishni rejalashtirishgan. Aviahalokatda yongʻin shu qadar kuchli boʻlganki, murdalarni tanib olish haqida gap-soʻz boʻlishi mumkin emas. Fil sizdan 18 ming dollarni olishni juda-juda istagan, lekin bu juda katta tavakkalchilik edi. Axir u haqiqiy Massini qanday koʻrinishga ega ekanligini bilmagan, qarindoshlar bilib qolishidan choʻchigan... Senford, siz esa barcha havaskor qotillar singari bir talay xatolarga yoʻl qoʻygansiz. Magnitofon plyonkasida missis Uelssning alibisi borligini aytmay qoʻyaqolay. Siz Uelss-Massini berkinib yotgan joydan xabardor yagona kishi boʻlgansiz. Mening qoʻngʻirogʻimdan soʻng siz «Devenport»­ga shoshib, portedan Massini koʻchib chiqayotganini aniqlagansiz. Uning ketidan boshqa mehmonxonagacha borgansiz. Nomerga kirgach, u darhol xotiniga qoʻngʻiroq qilgan. Siz esa yoʻlakda, eshik oldida turib hammasini eshitib turgansiz. Tez orada missis Uelss kelishini eshitib, vaziyatdan foydalanib qolishni maqsad qilgansiz — merosxoʻrni oʻldirib, barcha aybni Rozaga agʻdarishni oʻylagansiz.

Uilyam Senfordning yuzi terdan yaltirardi. Nihoyat, u qisqa stvolli toʻpponchasini chiqardi.
— Baribir nimaga erishmoqchi boʻlganingizni tushunmayapman, Kolombo, — dedi u. — Menga vaziyatdan chiqish uchun yoʻl qoldirmayapsiz. Sizni oʻldirishimga toʻgʻri keladi.

U toʻpponchani oʻng biqinimga tiraganda oʻzimni gʻalati tarzda juda yengil his qildim. Nihoyat u qurolini chiqarib, shu yoʻl bilan qotillikni boʻyniga olgan edi!
— Qoʻllarim rulda turibdi, — dedim tez-tez men. — Tepkini bosishga shoshilmang. Buni qilishdan avval bardachokka qarang. Hozir siz aytgan va eshitgan narsalarning hammasini politsiyachilar eshitib turishibdi. Bardachokni oching, Senford!

U bardachokni ochdi va ovoz uzatuvchi qurilmagan koʻzi tushdi.
— Amal qilish radiusi 600 metr, — dedim men.

Kutilmaganda yoʻlni juda yorqin faralar yoritib yubordi.
— Siz qurshovdasiz, Senford! — dedi megafon orqali Al Pitersning yonida turgan kapitan. — Qurolni tashlab, mashinadan chiqing!

Butalar orasidan vintovka bilan qurollangan ikki politsiyachi chiqib keldi.
— Mashinadan chiqing, Kolombo! — Advokat kuchi boricha toʻpponchani biqinimga tiradi. — Sizdan qalqon sifatida foydalanaman.

Unga boʻysunish oʻrniga uning toʻpponcha oʻshlab turgan qoʻllariga tashlandim. Biz kurashayotganimizda politsiyachilar mashinaga yetib kelishdi. Ular eshikni ochishganda Senford oʻq uzdi.

Men kuchli zarbani his qildim. Koʻz oʻngim qorayib, koʻnglim behuzur boʻlib ketdi. Xudoga shukrki, oʻq oʻtkazmas jilet kiyishni unutmagandim. Lekin osh­qozonim doim bezovta qilib turadi...