OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifErkin A’zam
Asar nomiBizning togʻa (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Erkin A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm30KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/23
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bizning togʻa (hikoya)
Erkin A’zam

Balki eshitgan chiqarsiz, togʻamizning ismi gʻazanfar. Supraqoqdisiga mehri boʻlakchamidi, rahmatli bobomiz uni azza-bazza dabdaba otiga mindirib, erinmay, allanechuk maroq bilan nomini juftlab «Muhammad gʻazanfar» deb atardi. Bunday sharafga munosib koʻrilgan farzandga muomala ham, tabiiyki, oʻzgacha boʻladi: kenja bolam, sen je, bolam. Salkam yuz yil umr koʻrgan koʻhna odamning choponi etagida voyaga yetgan zumrasha ana shu yuz yillik hayot tajribasini sabiylik zehniga bamisoli ohanrabo mahkam joylab olgan, yetti yoshdayoq yetmish yashar chollardek salmoq bilan mulohaza yuritadigan boʻlib qolgan edi. Unga dam-badam maslahatlar solinishini ayting: «Kelasi bozor anovi qisir qoʻyni savdoga qoʻyib, puliga uch-toʻrtta tuvcha sotib olsak, shunga siz nima deysiz, mulla Muhammad gʻazanfar?» yoki: «Mulla Muhammad gʻazanfar, bogʻ etagidagi huuv ikki tup olmaning tanasida chumoli koʻrgandek boʻldim, chirishini kutmay shularning bahridan kechsakmikan, devdim...» Xotiringiz jam boʻlsinki, bunday paytda mushtakkina tirmizakdan, muqarrar ravishda, turmush tashvishlarida chiyralib ketgan tajribakor moʻysafidni-da qanoatlantiradigan bama’ni bir taklif chiqardi.

Qazosi yetib bobomiz olamdan oʻtgach, urugʻimizning soʻzga yetar oqsoqollariyu yoshi ulugʻ akalari bir chetda qolib, barcha ma’raka-marosimga kenja togʻamiz Muhammad gʻazanfar bosh boʻlganida, keyinchalik esa u oʻz-oʻzidan rahmatli bobomizning oʻrnini ishgʻol etganida hech kim ajablanmaganining sababi ana shunda. Oʻtgan oʻtdi, oʻrniga munosib oʻrinbosar qoldi — yoshining nima ahamiyati bor, toʻgʻrimi?

Lekin, bobomiz bu dunyodan koʻz yumgach, togʻamizning boloxonador ismi sharifi ham ta’sir koʻrdi. Ba’zi birovlar, ayniqsa, bilmagan begonalar togʻamizga ishi tushganda paygʻambarimizning muborak nomlarini aytardi-yu, ummatlarining asl ismiga kelgavda hafsalasi yetmasdi. Begona boʻlmasak-da, biz — xesh-tabor uni rahmatli bobomiz oʻtqazib ketgan dabdaba otadan qarindoshlarcha ayab-avaylab pastga tushirib, toqqina qilib «gʻazanfar» deb ataymiz. Ammo — yuz-koʻziga emas, orqa-varotdan, oʻzaro eslagan-netganda. Boshqa vaqt andak tabassum, andak istehzo bilan — «togʻa», «togʻamiz». Shukrki, xudo bizni togʻadan qismagan, nordek-nordek togʻalarimiz bor. Lekin ularni nomi bilan ataymiz, masalan: Samandar togʻa, Iskandar togʻa. Kenjavoyga kelganda esa — yoʻq, nomlarini tutmoqqa izn berilmaydi, u kishi — yakto, yagona, u kishi — togʻa, togʻamiz, vassalom! oʻzlari bizdan uch-toʻrt yosh berida-yu, shunday deb ataymiz. Demay koʻring-chi! Majbursiz. Enamiz majbur kiladi. Arzanda ukasi, ya’ni — boʻlajak togʻamiz hali hoʻl etagini beliga bogʻlab, buloqi burnini shoʻrillatib yurgan kezlaridayoq biz uni «togʻa» demoqqa majbur edik. U goʻyoki bashorat qilingan kelajagini oʻsha vaqtlardayoq tuflab beliga mahkam tugib yurardi, burnining shoʻrillashlari ham karomatdan ajab alomat! Bugun esa, xohlang-xohlamang, ammo «togʻa» demay koʻring-chi, naqd boshingizni yoradi. Har gapida ikki karra «jiyan» deb turganidan keyin, gohvda ham «togʻa», ham «amaki» deb yuborasiz!

Hali aytdik: togʻamiz bizdan yosh (u boboning keyingi xotinlaridan), lekin shu holiga urugʻimizdagi jami ulugʻlarga bosh. Goʻyoki, toʻqson yettiga kirib olamdan oʻtgan rahmatli bobomiz avlodimizning bor or-nomusigʻsh mana shu kenjasiga vasiyat qilib, qulf-kalitni oʻzi bilan olib ketgan («Bobongizning vasiyati shunday boʻlgan, jiyan, bobongizning!»). Oʻlimi oldidan eshikni mahkam tambalatib, kelajak yetti pushtimizga tegishli vasiyatlarini ham shunga qoldirgan goʻyo.

Togʻamiz — Oʻrniga qarab, albatta — birda kuydi-pishdi, birda sipo-some kayvoni; qarindosh-urugʻda biron bir mayda-katta majlisu mashvarat usiz, uning maslahatiyu yoʻl-yoʻrikdarisiz oʻtmogʻi ravo koʻrilmaydi. Allaqachon iyagiga bobosoqol bitgan nevara-chevarali otamiz ham u kishimdan maslahat soʻramoqqa majbur. Kechqurun devor-darmiyon qoʻshningizni chaqirib bir nafas chaqchaqlashmoqchi boʻlsangiz ham togʻadan izn olmogʻingiz shart. («Shu hamsoyangiz moli mardumxoʻrroq, jiyan, hushyor boʻlasiz-da. Kechagi bozor deng, bitta tirraqi echkini otasining narxiga pulladi-ya, noinsof! Tagʻin oʻzingiz bilasiz, jiyan. Aytdim-qoʻydim. Bobongizning vasiyati»). Oʻzingiz «bilakoʻrmang», zinhor-bazinhor. Kasofat bosib, biror yoʻrikda u kishim gʻofil ish tutsangiz bormi, hech ikkilanmay, togʻamiz endi yoʻq, deyavering. Araz, yuzkoʻrmaslik. Oraga qoʻygan odamingiz bir dunyo dilsiyohlik bilan qaytgan. «Unaqa jiyanni bilmaymiz, birodar, — deganmishlar. — Borib ayting, togʻa-pogʻasi yoʻq, oʻlgan». Azza-bazza, betingizni qattiq qilib oʻzingiz roʻbaroʻ boʻlib, ming bir tavallo etib koʻring-chi, biron ish chiqarmikan! «Hay, oʻzingiz bilasiz, hay, yoʻlingizni bersin»lab turaveradi sovuqqinasiga. Oxirida zoʻr-bazoʻr yumshagan boʻladi. «Har ishning rasmi bor-da, jiyan», deydi xuddi qarz bergandek qilib.

Rasmi shuki, uch-toʻrt kishini uyga chaqirasiz, togʻani esa shaxsan borib taklif etasiz. Bitta qora qoʻyning, bir necha «oq qoʻy»ning boshini olib... yarash oshi! Boshqasi hisobmas — rasmi shu.

Qarindosh-urugʻ neki bir maslahatga jam boʻlsa, jumlai davra gʻazanfarboyning ogʻziga qaramogʻi, u kishi hali qadamranjida etmagan boʻlsa, istiqboliga koʻz tutmogʻi shart. Bunaqa paytda tajangroq otamiz: «Shu ukang!.. — deydi enamizga. — Shu ukang xotinday maydagap, xotinday oʻshakchi-ya!» «Nima qilay, chol? — deydi enamiz nochor javranib. — Sizning oringizni ortmoqlab ovora-da shoʻrlik ukaginam!»

Nihoyat, toqatlarni toq qilib gʻazanfarboy keladilar. U kelganda esa, otamiz birdan girdikapalak boʻlib, «Toʻrdan oʻting, gʻazanfarboy, toʻrdan oʻting»ga tushib qoladi. Gʻazanfarboy toʻrni qoʻyib, ranglari bir alvon, opasini, ya’niki, bizning enamizni chetga imlaydi. Ma’ni-dod asnosi u kishining «Apa-a! Apa-a!» degan, enamizning esa, «Nima qilay, ukajon, zamonasi ekan-da» degan nolayu afgʻonlari eshitilib turadi.

Ma’lum boʻladiki, gʻazanfarboyning boʻy yetgan jiyanlari, ya’niki, bizning singlimiz (ammo shu tobda uning bizga singil ekani aslo hisobga kirmaydi) bugun tagʻin koʻchaga boshyalang chiqibdi! Uni koʻrib orkash togʻaning nomusi kelibdi. Bor gap shu. Boʻlmasa-ku, koʻcha toʻla qiz-juvon, shu kunda boshiga roʻmol oʻraganini topib koʻring-chi! Mayli, ular bilganini qilsin, har kimning goʻri boshqa, lekin, kimsan — Gʻazanfarboyning jiyani... Hay, hay!

Bu naqllarni oʻqib, davrdan ortda qolgan allaqanday biqiq bir kimsa koʻz oldingizga kelgan boʻlsa kerak. Yanglishasiz! gʻazanfar togʻamiz zamonaviy odam: maktabda mehnatdan dars beradi, muallim. Ha, «domla» desa ham boʻlaveradi. Darvoqe, Bulgʻoriyada unga shunday deb murojaat qilganlar. Ishonmasangiz, ana, oʻzidan soʻrang.

Un yillar burun u qadrdon oshnasi Ibod sartarosh bilan, xalqaro madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga hissa qoʻshmoq niyatida, arzon-garov yoʻllanmani choʻntakka urib, doʻst va birodarlar yurti Bulgʻoriyaga sayohatga borib kelgan. Mana, oʻn yildan beri, toʻrt odam toʻplangan joyda shuni naql qiladi. Allaqachon oyogʻi osmondan boʻlib ketgan xalqaro siyosat bobidagi bor bisoti shundan iborat. Aytishicha, oʻshanda bir bulgʻor unga: «Bizlar ham asli turkmiz, domla», deganmish. Gurungaing shu joyida shoʻx-shalayim ukamiz luqma tashlaydi: «Rostdan ham shunday dedimi, togʻa? Sizni rostdan «domla» dedimi?» Togʻamiz bir seskangandek boʻlib, oʻqrayadi: «Jiya-an!» Keyin yana: «Jiya-an!» Bu dunyoda soʻrab boʻlmaydigan narsalar ham borligini, binobarin, koʻpdan-koʻp savollarga ochiqdan-ochiq javob berilmasligini hali bilmaydigan betamiz jiyan battar xuruj qiladi: «Domla» degan boʻlsa, surishtirib koʻrmabsiz-da, balki bizga oʻxshab u ham qoʻlingizda oʻqigan chiqar? — Bola bolaligiga tortib hujumning bu yogʻini susaytirib yuboradi: — Ularning ota-bobolari oʻzimizdan borib qolgan, deyishadi-ku...» Sezgan boʻlsangiz, halidan beri «biz», «biz» deb gapiryapman. Biz deganim — men bilan Amir. Ikkalamiz ham togʻamizga birdek jiyan: men katta opasining, Amir oʻrtanchasining farzandi. Lekin, men yaxshi jiyan, Amir — yomon. Mening hamma ishim — mirquruq bir sohani tanlaganimu «igna bilan quduq qaziyverib» tagi zaminni ilma-teshik qilib yuborganimga qaramay, hamon birim ikkiga doʻnmay shoʻltillab yurganim, Toshkentdan uylanganimu musofir boʻlib shu shaharda yashab qolganim — bari-bari yaxshi, ming bora maqtovlarga sazovor, eng muhimi, togʻamizga ma’qul; Amirning «sayqali zamin» Samarqanddagi dongʻi ketgan savdo oʻqishlarini bitirib, yogʻli-yogʻli joylarda ishlaganiyu qishloqda har qanaqa shahardagidan qolishmaydigan dabdabali imoratlar solib, amir Olimxondek davr surib yashayotgani ham, shu kunlarda ayniqsa oshigʻi olchi turib, tijorat orqasidan dunyo kezib yurgani ham — bari-bari yomon, nopoklik, eng muhimi — togʻaga ma’qul emas. Negaki...

«Boʻlangizning zoti past» deydi togʻamiz. Xudoga shukr, boʻla-boʻlavachchalarimiz koʻp, ammo oʻzidan nari surib «boʻlangiz» deganda togʻamiz faqat Amirni nazarda tutadi — nomini ham atamoqni ep bilmaydi. Boʻlamizning zoti bir tarafi oʻzlariga taqalishi hammaga ma’lum, lekin bunday paytda togʻamiz aynan sobiq pochchasi — Amirning otasini nishonga oladi. Bu ota-oʻgʻildan nozikta’b togʻamizga nima jabr oʻtgan — bir xudoga ayon, toʻgʻrirogʻi, u yogʻi mujmal, munozarali bir gap.

Amir boʻlamiz — koʻngli ochiq, qoʻli ochiq, aksariyat savdo ahliga xos kirishimli, sal narsaga yon beruvchi hamiyatli yigit. U menga juda mehribon, «boʻlajonim»lab boshiga koʻtaradi. Bolalikdan birga oʻsib, biror marotaba janjallashmaganmiz. Kisqasi, xudo berganini birodarlari bilan boʻlishadigan hotamtoy, muruvvatli inson. Uning togʻamizga nisbatan ham biron bir kek-gʻarazini sezmaganman, hamisha bagʻrini ochib muomala kiladi. Toʻgʻri, andak kinoya aralash, andak pichingu istehzo bilan. Ammo bunga ham togʻamizning oʻzi aybdor.

Sababi menga qorongʻi bu ziddiyat togʻa-jiyanning oʻrtasida azaldan bor edi, desa buladi. Bu, tabiatan bir-birini xush qoʻrmaslik — iqi suymaslikmi yoki arzimas bir narsadan boshlangan bolalik arazining tobora chuqurlashib adovat chohida aylanganimi, ishqilib, men bilmayman, bilmayman. Bobomizning kenjatoy-erkatoyi xarxashayu janjal evaziga boshqalardan undirgan neki narsasi boʻlsa menga ilingani ilingan edi, «oʻgay» jiyan — Amirga esa odatdagi yovqarashdan oʻzga hech vaqo yoʻq. Bunday chogʻlarda bechora Amir qoʻzlari yoshovsirab menga iljayib turardi. Hozir ham shunday. Biroq endi u togʻamizning bunday ayirmachiliklarini koʻrganda beparvo, shoʻxchan koʻz qisib qoʻyadi, xolos. Bolalikdagi singari koʻzi yoshlanmaydi.

Togʻa-jiyan oʻzaro yovlashib-yoqalashib yurarkan, oʻrtada menga maza! Ikkalasi ham men bilan soz. Sezishimcha, meni bir-biridan qizgʻanadi, bir-birining gʻiybatini kelib menga qiladi. Biriga suyukli boʻla, biriga suyukli jiyanman. Gohida, shular men tufayli yovlashib yurmaganmikan, degan oʻylarga ham boraman. Goʻyo ikkalasi alohida-alohida mening oldimda nimanidir isbotlamoqchidek...

Ularning mening toʻyimga Toshkentga kelishi ham kiziq bir hangoma boʻlgan. Manzildan adashmaslik uchun, shaharga kiraverishda toʻy anjomlari ortilgan mashinalarni boshlab boradigan bir taksi yollashibdi. Inqilob xiyobonini aylanishda yoʻl boshlovchi mashina oʻtgan zahoti «kizil chiroq» yonib qolibdi. Uning izidan kelayotgan «mehmon» mashinani esa milisa toʻxtatibdi. Odatdagi mashmasha: «Nimaga qizil chiroqqa haydading?» «Koʻrmay qoppiz, kechirasiz». «Qaysi biringni kechiray, pravani choʻz!» «Iya, oldindagi taksiga indamasdan, bizni — mehmonni tutasizmi, tarafkashlik ekan-da?» «U qoidani buzgani yoʻq, siz — buzdingiz!» «Undan orqada qolsak, adashar edik-da, aka...»

Axiyri, mashinada qoʻr toʻkib oʻtirgan qudaboshi — beqasam choponli devqomat togʻamiz tushadi. Avval kaftini toʻldirib, shoshilmay nosini otadi. «Qani, oshna, tinchlikmi?» deydi keyin milisa bolaga, naqd osmondan kelib. «Bizda-ku tinchlik, — deydi milisa bola,— sizda bilmadim». «Ha endi, bir kelib edik shahringizga mehmon boʻlib...» «Sizdaqa mehmon koʻp shahrimda, — deydi milisa bola battolligiga borib. — Har biri sizga oʻxshab qoidani buzaversa, shaharda shahar qoladimi, aka!» «oʻv uka, odamgarchilik degan gaplarni eshitganmisan? Musulmon millatidanmisan oʻzi?» Bolaning shu joyda aybginasi bor ekan chogʻi, indall-sini aytib qoʻyaqolibdi: «Millatim... milisa, bildingizmi?!» «Bildim, bildim, — debdi togʻamiz uni nozik joyidan tutib, — koʻrinib turibdi muomalangdan. Pagoning ham bor ekan, hali top-toza. Ke, uka, pravani qaytib ber, yaxshilab bir duo qilaylik, mana shu pagoningda osmondagiday yulduz bodrab ketsin iloyim, xoʻpmi?» «Boshshi qotirmang, aka, loʻlilikni borib qishlogʻingizda qilasiz!» «Hoʻv-v, bersang — berding, boʻlmasa, hozir Muhammad Yusufning oldiga boraman!» deydi togʻamiz soʻngti chorasini ishga solib. (Shoir machchoyi sayohatlaridan birida menga qoʻshilib borib, togʻaga mehmon boʻlgan, ikkalasi rosa chiqishib qolgan, togʻa uni Toshkentdagi naqd eng dovruqli odam deb bilar edi — muxlislik dardi yomon-da!) «Yusuf? Muhammad? — deydi yigit milisaligiga borib, bepisandlik bilan. — Kim u, mullami?» «Shoir, xomkalla, shoir! «Koʻnglimda bir yor»ni yozgan zoʻr shoir! Shunday shoirni bilmaysan-u, katta shaharda gʻoʻddayib yurganingni qara!» Nodonligidan mulzam boʻlgan milisa bola achchiq ustida qoʻlidagi qogʻozga tamgʻa bosay deganida togʻamiz ogʻzidagi nosini uzoqqa tupurib, alam bilan poʻpisa qiladi: «oʻv-v, oʻgʻilbola, biz tomonlarga ham borarsaan, qoʻlginamga ham tusharsa-an bir kun!..» Milisa bola esa umrida Toshkentdan bir qadam nari chiqmagan, chiqib dunyoning bir chetidagi togʻu toshlar orasida biqinib yotgan allaqanday gadoytopmas goʻshaga borib, azza-bazza «qoʻlga tushmoq» niyati ham yoʻq.

U zoʻr hafsala bilan qoʻlidagi «haydovchi odamning joni»ga bigiz uraman deb turganida keyingi mashinadan asta Amir boʻlamiz tushib keladi. Boʻlamiz savdo xodimlariga xos bir ehtiyotkorlik va mulozamat bilan milisa bolani chetta imlab, uncha-muncha odamning tishi oʻtmaydigan bir tilda ikki ogʻiz gaplashadiyu qoʻl siqishib xayrlashuv barobari kerakli muomalani bitiradi; haydovchilik guvohnomasini eson-omon «qutqarib», uni negadir keltirib togʻamizning qoʻliga tutqazadi. Bu ishni atayin qiladimi, beixtiyormi, harqalay, ahmoq Amir shu oʻrinda nihoyatda katta xatolikka yoʻl qoʻiganini aytib oʻtmasak boʻlmaydi.

Ular oʻrtasida shu tariqa yana bir adovat tugʻildi. Bu yoqda hamma toʻy taraddudi bilan band, togʻamiz esa tumshayib, tund boʻlib yurdi. Kechqurun toʻy boshlangan qahvaxonadagina kelinning sipo, sertavoze togʻasi bilan topishib qolib, chiroyi sal ochilgandek boʻldi. Ikki togʻa toʻyni esdan chiqarib, oʻzaro shakarguftorlikka shoʻngʻib ketdi. Ammo buni ham xudo koʻp koʻrgan ekan.

Bir mahal quloqlarni qomatga keltirib darang-durung boshlanib qolmaydimi! Gurung zaha yeganidan ranjigan nozik tomon — quda togʻa «Shu, sal pastroq chalsa boʻlmasmikan» deya tilak bildiribdi. Toʻyga mas’ul tomonning vakili sifatida joʻmard togʻamiz shartta oʻrnidan turibdi-da, «shovqinchilar»ning kattasini xursand kilib, muddaoga erishibdi. Buni koʻrganmi, koʻrmaganmi, ataymi, atay emasmi — xullas, oʻlgur Amir ham borib haligi yoʻl bilan togʻamizga, teskari ish qilib kelibdi. Yana quloqlar batang! «oʻgay» jiyanining qilmishidan bexabarmi, boxabarmi, togʻamiz tagʻin borib boyagi amalni qoʻllabdi...

Bu hol, bu musobaqa bir necha bor takrorlangach, puldor raqibiga bas kelmogʻiga koʻzi yetmaganmi, umum-koʻpchilikning ra’yi (shular orasida biz — kelin-kuyov ham bormiz) — shovqinsevarlikka qarshi bormoqni ep bilmaganmi, togʻamiz toʻyxonaga sigʻmay, arazlab turib uni tark etibdi.

Uylangan biz-u, orada togʻa-jiyan talay vaqt araz-duraz qilib yurdi. Umuman, ularning bir-biriga tum-shuq koʻrsatib yurishiga bahona doim tayyor edi.

Musofirchilik, bobomizning janozasiga yetib borolmadim. Ma’rakasi kuni unchalik ahamiyat bermab-man, keyin qarasam, tagʻin odatdagidek — togʻa bir yonu jiyan bir yon. Kechgan gapni ikkalovi ikki xil talkin qilib gapiradi.

Bobomizning «etti»si kuni, egnida chopon-belbogʻ, darvoza tagida turgan togʻamiz nariroqda Amir boʻlamiz oʻzibop bir-ikki joʻrasi bilan hadeb hiringlashayotganini eshitib qolibdi. Bunday diqqat qilsa — behad nojoʻya, shakkokona hangoma. «Sattor, Sattor, — der emish benamoz Amir uzangi-yoʻldosh joʻrasiga, — bizning bobo bilan sening momang yoshligida don olishgan, deb eshitib edim, hozir ular jannatda topishib, «svidaniya» kilib yurgan boʻlsa kerag-a, nima deding?» Hiring-hiring. Kufri oshib togʻamiz ul shakkok nevaralarning oldiga boribdi. «Bobongiz oʻldi, jiyan, shunga kulyapsizmi?» «Endi-i, togʻa, — debdi Amir battar tirjayib, — bobomizning toʻyi bu». «Toʻy boʻlsa, karnay-surnay chaqiring. Arzanda qizidan arzanda nevarasi boʻlasiz, sizdan lozim».

Amir boʻlamizni xushlamaslikka, oʻzining hisobicha, togʻamizning ming bir asosi bor edi.
— Boʻlangizning zoti past, jiyan, zoti! — der edi u har gal jizgʻanagi chiqib. — Siz bilmaysiz. Hech kim bilmaydi. Otasi qasamxoʻr uning. Buzuqi. Gapirsangiz tilingiz kuyadi, eshitsangiz, qulogʻim bitsin iloyim, deysiz. Aytsam — ishonmaysiz. Oʻz koʻzim bilan koʻrganman... Esiz apam! oʻzingiz bilasiz, jiyan, rahmatli xolangiz necha yil toʻshakka mixlanib yotdi! Xotin bu yoqda hiqillab yotibdi, pochchajonimizni boʻlsa bir kecha Anor bevanikidan chiqib kelayotganida koʻrib edim, jiya-an!.. — deya figʻon kilardi orkash togʻamiz. — Buni koʻrgan koʻzlarim oʻyilib tushgani yoʻq, jiya-an!
— Hoʻ qachongi gap bu, togʻa! Xolamiz rahmatli, mana, oʻzingiz ham aytib turibsiz, necha yil oʻrindan qimirlamay yotdi. Erkak kishi, nima qilsin, axir? A keyin uylandi-ku oʻshanga.
— Mayli, mayli, qarshilik yoʻq. Lekin, marhumning yil-pilini oʻtkazib, soʻngra qilinadi-da bunaqa ishlar. Rasmi shunday. A bizni chaqirsin edi, oldimizdan bir oʻtib maslahat solsin edi. Yoʻq, yoʻq. Oʻlsam — koʻkayimdan, chirisam — suyagimdan ketmaydi bu, jiya-an!

Xolamiz oʻlganda togʻamiz oʻn toʻrt-oʻn besh yoshlarda boʻlgan. Demak, rasmanasini olganda, pochchamiz oʻshanda oʻlgan xotinining ukasini — Oʻn toʻrt-oʻn besh yashar tirrancha qaynisini azza-bazza chaqirib, uylanish xususida unga maslahat solmogʻi kerak ekan... Attang. Nodon pochcha!

Bultur mehnat ta’tilida qishloqqa borganimda togʻamizdan chiqqan ilk luqma shu boʻldi: «Eshitgandirsiz, jiyan, boʻlangiz tus qirning boshiga qasr qurdi!» Boshqalar ham faqat shuni takrorlardi: «Ha, ha, eshitdingizmi, eshitdingizmi?»

Eshitdik, eshitdik. Borib koʻrdik ham. Yozning kuni shabadasida oʻtirib birpas yayradik ham. Baraka topsin boʻlamiz. Lekin, qurgani qasr-pasr emas, bahavo, koʻrkam manzarali joyga did bilan solingan anchayin bir shiypon, xolos. Tevaragi oʻrab olib obod qilingan, pastdan suv tashib daraxt-paraxt koʻkartirilgan, har yogʻida gulu chechak chaman, yashnab turibdi.

Boʻlamiz bizni ilk bor u yerga taklif qilaturib, kelgusi rejalari, ya’ni togʻda juda katta, zamonaviy, kerak boʻlsa, vertolyot ham qoʻnadigan bir dam olish maskani qurish niyati borligini atay koʻpirtirib gapirganida oʻsha davrada men tufayligina yurgan togʻamiz ham bor edi. Taklifga javoban u kishi uzun-uzun qoʻllaridan koʻkraklarida salb yasab: «Qulluq, qulluq. Oʻzlaring boraveringlar, bahuzur. Biz rozi, biz tavba qildik», dedilar negadir zahralari uchib. Amir ham ortiq qistab oʻtirmadi, uning pisandayu zamzamalariga ham parvo qilmadi — eti oʻlib ketgan.

Qolgan «dardi»ni togʻamiz keyin aytdi:
— Ul dabdabayu ul as'asani koʻrdingizmi, jiyan? Hayf, hayf. Haftaning yetti kuni ana shunday maishat. Bir toʻda ulfati bilan qayoqdagi sayoq oʻyinchi qizlarni eltib, bazmi jamshid qilib yotadi. Bu ishlarning savol-javobi bordir axir bir kun! Koshonalariga «Amirtepa» deb nom qoʻyib olganlar. Bir-ikki nordonroq gap bilan izza qilmoqchi boʻlsam — qayoqda! «Afgʻonga oʻtayotib amir Olimxon shu joyda toʻxtab nafas rostlagan ekan, oʻshaning nomiga qoʻydik-da, togʻa», deydi kasofat suv yuqtirmay. Sening oʻsha amir Olimxondan nima farqing bor? Amir Olimxon ham shunchalik davr surmagandir! Mana, koʻrib turasiz, jiyan, bu korchalon boʻlangiz shu ketishda butun togʻu toshni egallab, yurtimizga oʻzining nomini qoʻyib yuborishdan ham toymaydi hali! oʻz ogʻzi bilan aytib turibdi-ku!
— Qoʻyavering, togʻa, — deyman murosa yoʻlini axtarib. — Bizdan ham chiqsin-da! Hechqursa, gilamining bir cheti oʻzimizniki boʻladi, ziyon qilmas.

Togʻamiz daf’atan qaynab ketadi:
— Jiya-an! Jiya-an! Togʻangizni bilmas ekansiz. Shuning gilamiga oʻtirguncha, borib huv anovi taqron yerga oʻtiraman, zaxga oʻtiraman, zaxga!.. — Keyin birdan, kutilmaganda hovuridan tushib, dard bilan, alam bilan oʻychan bir ovozda pichirlaydi: — Jiyan, mana, siz oʻqigan, bilgan olim odamsiz, ayting-chi, nahotki, dunyo endi shu boʻlangizga oʻxshaganlarning qoʻliga oʻtib

ketsa?! Radiosiyam, televizoriyam kechayu kunduz javragani javragan: pul top, pul top, qaerdan boʻlsa ham, qanaqasiga boʻlsa ham pul top, boy boʻl, millioner boʻl! Ha, ma’qul, boy boʻlganga, badavlat boʻlganga nima yetsin, axir! Lekin mehnat bilan, mashaqqat bilan, ter toʻkib topiladi-da davlat degani ham! Bular aytayotgan hiyla-nayrangdan keladigan bebiliskasi kufr emasmi, jiyan, harom-ku!

Yozning oʻrtalarimi edi, osmondan tushgandek boʻlib togʻamiz Toshkentga kelib qoldi. Toʻgʻri ishxonamga kirib keldi. Biz tomonda turadigan bir hamkasbimizning shalaq «Moskvich»ida kechqurun uyga keldik. Obu osh, gurung. Aytishicha, togʻamiz atayin biz bilan maslahat qilgani kelibdi. Amirtepaning (bu nomga endi hamma koʻnikkan, hatto qaysar togʻamiz ham!) qoq toʻgʻrisidagi baland qirga chiqarib koʻshksimon imorat solmoqchi ekan, shunga mening ruxsatim kerak emish. Nega aynan mening ruxsatim? Imorat mening nomimda boʻlarmish-da. Amir boʻlamizning shiyponidan oʻtsa oʻtarmishki, aslo qolishmasmish!

Bu taklif menga allaqanday bachkana, havoyidek tuyuldi. Qolaversa, menda na mablagʻ, na istak-inti-lish bor.
— U yogʻidan gʻam yemang, jiyan, bizga qoʻyib bering,— dedi togʻamiz togʻalargagina xos bir joʻmardlik bilan. — Siz bir ogʻiz «xoʻp» desangiz bas, u yogʻiga ishingiz boʻlmasin. Qishloqqa borgan-qolganingizda yor-joʻralaringiz bilan chiqib birpas boʻlsayam oʻynab-yayrab kelasiz. Bu dunyo faqat anovi korchalonlarniki emas-ku!

Maqsad tushunarli: sen zoʻrmi, men zoʻr? Taklifga nima deyishimni bilmay, hazilga burmoqqa majbur boʻldim:
— Qurgandayam-chi, togʻaboy, zoʻr qilib qurasiz! Amirniki bir qavatli boʻlsa, bu kamida ikki oshyonli boʻlishi kerak!
— Ana bu boshqa gap, jiyan!

Togʻamiz ertasi kuni shahar aylangani chogʻlanarkan, kechagi gap shunchaki hazil, boshqa biron zarurroq ish bilan kelgandir, deb gumon qilgan edim, kechqurun vokzaldan qoʻngʻiroq boʻldi: biz qaytyapmiz, jiyan, xayr-xoʻsh.

Qishloq yangiliklaridan eshitib turibmiz. Togʻamiz Toshkentdan boriboq ovoza qilib yuboribdi: olim jiyanimiz bizni rosa siyladi! Olim — olim-da, koʻchada uloqib yurgan qallob tijoratchi emas-da! Yor-doʻstlarini ham aytib, bizni «Volga»sida uyiga olib bordi, ziyofat berdi, ertasi shahar aylantirdi. Keyin bir dasta yuztalikni oldimizga tashlab, «Togʻaboy, — dedi, — Oʻzingiz bilasiz, mening qoʻlim tegmaydi, ilmiy ishlarim koʻp, mana shu pulga Buramaqirning tepasidan bizga atab bir joy qilsangiz, anovi Amirqulning shiyponidan ziyoda boʻlsa boʻlsinki, aslo kam boʻlmasin! Qancha aqcha kerak boʻlsa, tortinmang — bor!»

U yoqdan keladigan bunga oʻxshash lof-qoflarga koʻnikib qolganman, parvo qilmadim. Ammo uchqur xabarlar tobora jiddiy tus kasb eta boshladi. Togʻamiz, aytganida turib, rostakamiga ishga kirishib ketganmish. Boʻzbola-boʻzbola uch oʻgʻlini safarbar etib, Buramaqirga toshu shagʻal tashib yotgan emish. Togʻamizning maktabda mehnatdan dars berishini aytgan edim-u, qoʻli gul duradgor usta, topish-tutishi ham shunga yarasha moʻmaygina ekanidan xabaringiz yoʻqdir hali. Boz ustiga, bobomizdan kenja botirga qolgan mevazor bogʻdan chiqadigan daromad har qanaqa boyvachchanikidan kam emas.

Ishonchli manbalarning xabar berishicha, «imoratim» qariyb bitay-bitay deb turgan emish. Qora ishlari allaqachon tugab, bir-bir yarim oy ichida pardozdan ham chiqarmish. Ana oʻshanda shaxsan oʻzim borib, imoratni tantanali tarzda qabul qilib olarmishman. Qabul marosimiga atab boqilayotgan qoʻy ham semiribgina qolganmish. Amir Olimxon boʻl-e!

Aytishlaricha, boʻlamizning shiyponi bahavoroq joyga qurilgan oddiy bir boshpana boʻlsa, «meniki» qoʻsh oshyonli chinakam koʻshk emish! Buni koʻrgan Amirboyvachchaning gʻayirligi kelib, shiyponi oʻrniga uch qavatli qasr tiklamoqni rejalab yurganmish. «Aytib qoʻyinglar, oʻpkasini bosib olsin, — deganmish sherimard togʻamiz. — Yoʻqsa, boʻsh keladigan ahmoq yoʻq, kerak boʻlsa, basma-basiga, narvon qoʻyib osmongacha ham uy tiklamoqqa qurbim yetadi!»

Albatta, bu ajabtovur togʻa-jiyan haqidagi aql bovar qilmas savdolarni oʻqib, nahotki, shunaqa afandinamo qarindoshlar ham boʻlsa, deb kularsiz, taajjubga tusharsiz. Kulmang, taajjubga ham oʻrin yoʻq. U yurtning odamlari oʻzi shunaqaroq. Biri togʻam, biri boʻlam boʻlsa, xoʻsh, men nega unaqamasman, ularga oʻxshamayman? Chunki men Amirtepayu (qarang, endi hech kim ajablanmaydi bu nomga!) Buramaqirni oshib oʻtib yurt koʻrdim, turfa odam koʻrdim, eng keragi — kun chiqishiyu kun botishini oʻz vaqgida kuzatdim! Ular esa shu nasibdan bebahra: umrlari bino boʻlib na kun chiqishini koʻrgan, na kun botishini. (Shunda ham hikmat koʻp ekan-da, birodarlar.) Bu yurtda oftob kech chiqib, erta botadi — kunchiqari ham togʻ, kunbotari ham togʻ. Ana shu choʻng togʻlar iskanjasidagi vatanlarini oʻlar dunyoning naqts markaziyu oʻzlaryni xuddi osmondan oyoq osiltirib tushgan — xudoning mehriga sazovor bandalardek his etishadi.

Bu mardumning Amirtepayu Buramaqir osha oʻzga dunyolarga aralashuvi — bamisoli jonbozlik, hayot-mamot ishi. Unaqa odamni yo vatanfurush sanaydilar, yo qahramon qila ulugʻlaydilar. Shu hisobda togʻa-jiyanning ikki qirning tepasiga chiqarib betma-bet imorat qurgani shunchaki kimoshdi yoki «sen zoʻrmi, men zoʻr» oʻyini emas, zinhor-bazinhor unday emas...

Togʻamizning oyogʻiga toʻsin tushib ketib, oʻsal boʻlib uyda yotganmish, degan xabarni eshitdimu «oʻh, xudo urdi!» deya bunda oʻzimni aybdor sanab, shosha-pisha yoʻlga chiqdim. Borsam, hovlining oʻrtasida qanot yozgan bahaybat gujum tagidagi supada betob deganimiz, oyogʻi taxtakachlangan, loʻlabolishga oʻmgan tashlangancha, hov narida pomidor joʻyaklariga suv tarab yurgan oʻgʻliga baqirib-chaqirib koʻrsatma berib yotibdi: naryogʻini toʻs, tez boʻl, yuvib ketadi; anovining hosilini koʻtarib qoʻy, galvars, chirib yoʻq boʻladi, axir!..

Men kutgan narsaning butunlay teskarisi chiqdi. Togʻamizning inkillay-sinqillay xikoya qilishicha, gap boshqacha boʻlgan ekan.

Amirtepadagi shiyponga oʻt tushib, yongʻin roʻy be-ribdi. Egasi bir oymi-ikki oydan buyon tijorat ishlari bilan chet elda ekan, «osh» joʻralari danap-sanaplarini eltib bas deguncha bazm qurishibdi, shunda badmastlik tufaylimi, beboshlik orqasidami, shiyponga oʻt ketibdi. Xayriyat, odam ziyon koʻrmabdi. Egasi hali bexabar, u hamon Amerikami, Turkiyasida «Daydib» yurganmish; — Nahs oralagan-da, jiyan, nahs, — derdi togʻamiz. — Harom pulga kelgandan keyin shu-da!

Shumxabarni eshitibdiyu «mening» imoratimni chala tashlab, togʻamiz Amirtepaga chopibdi. Borsa — anovi tayyoriga bakovul «osh» joʻralardan urugʻliqqa ham yoʻq, hammasi qochib ketgan. Hartugul, xudo asrab shiyponning omon qolgan joylari ham bor ekan. Togʻamiz darrov oʻgʻillarini boshlab borib, vayronani kuyindilardan tozalatibdi; «mening» imoratimdan ortib qolgan yogochu toʻsinlarni eltib, shiyponni tiklash-ta’mirlashga kirishibdi. Erta-indin bitiraman deganda — bolalari maktabda ekan, yakkaqoʻllik qilibdi— toʻsin tushib ketib, tizzasidan pastini... Egasi kelib qolmasin, deb tirishgan-da.

Hovlining bir chetidagi oʻgʻliga atab qurilayotgan chala imoratga tikilgan koʻyi tushunqiramay turganimni koʻrib, togʻamiz alam-iztirob bilan boʻkirib yubordi:
— Boʻlmasa, kelib mendan koʻradi-da, jiya-an!
— Yoʻgʻ-e, togʻa, jin uribdimi, axir! Amir boʻlamiz unchalik emas.
— Baribir zoti past... Mayli. Lekin, falonchining dongʻi Dongʻjstonga ketgan shiyponi yonib ketibdi, desa, kimning jiyani u, deb soʻraydimi mardum — soʻraydi! Shu isnodni qanday koʻtaraman dedim-da, jiya-an! Mana endi, oyoqning boshiga yetib, bu yil anovi pomidor savil ham kechikib ketdi! — shunday deb togʻamiz sugʻorish ishlari ketayotgan paykalga yuzlandi-yu, chayon chaqqandek baqirib yubordi: — Oʻv, oʻv, men senga nima deb edim, ukkagʻarning uli, suvni toʻxtat, axir, tomirini yuvib ketadi! — Soʻngra, baribir koʻngli toʻlmadimi, oʻzini shartta supadan tashlab, taxtakach oyogʻini sudragancha, paykal sari alpong-talpong emaklab ketdi.

Bu besaranjom jonni endi toʻxtatib boʻlmasdi. Shu ketishda, agar qoʻyib bersangiz, huv Buramaqirning uchida oynalari oftobda yalt-yult jilolanib turgan tomoshabop imoratgayu undan qaytib «raqibi»ning Amirtepadagi kasofat shiyponiga ham emaklab borishi mumkin.

Koʻrib qoʻying, ana shunday bizning togʻa!

1994