OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifErkin A’zam
Asar nomiJannat oʻzi qaydadir (hikoya, qissa, iqralar)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Modernizm
Mualliflar
   - Erkin A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, Bosh tahririyati, Toshkent — 2007
Hajm295KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/11
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Bir yil bitiklari
(Hikoyalar, kinoqissalar, dramatik asar va publitsistik miniatyuralar)



iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Jannat oʻzi qaydadir (hikoya, qissa, iqralar)
Erkin A’zam

Erkin A’zamning ushbu kitobiga uning asosan keyingi bir yillik ijodiy maxsuli jamlandi. Turli janrga mansub bu asarlarni zamon va zamondoshlar qaqidagi bezovta oʻylar birlashtirib turadi.

Toʻplamdan, shuningdek, adibning «Tafakkur» jurnaliga moʻljallab yozgan publitsistik iqralari ham oʻrin olgan.

Hikoyalar

Yozuvchi

«
Shukur aka ham bogʻini yaxshi koʻrardi...
Ushbu kamtarona mashqimni hikoyachiligimizning
piri — rahmatli Shukur Xolmirzaev xotirasiga
bagʻishladim. Rozi boʻlsin.

Muallif
»

U oʻrtamiyonagina yozuvchi edi. Bu endi har baloni oʻqiyverib osmonga sapchiydigan boʻlib qolgan bizga oʻxshash «dono»larning fikri. Albatta, u Mark Tven, Daniel Defo, Janni Rodari yoki Prishvin singari buyuk salaflarini birmuncha oʻqigan, bugun bolalar dunyosini zabt etgan Garri Potterni ham elas-elas eshitgan, bizning davra bayroq qilgan Joys, Prust yoki Dos Passos degan mashhuri jahonlardan esa mutlaqo xabarsiz bir «lodon» edi. Boz ustiga — uncha-muncha yozgani maktab darsliklariga kiritilganiga qaramay, umr boʻyi biror mansab-martabani koʻrmagani uchunmi, yo oʻzi ham oʻlgudek tortinchoq, xokisorligi sababmi, «katta» adabiyot vakillari orasida kiroyi salmogʻi yoʻq, bizga oʻxshaganlar-ku odam hisobiga qoʻshmaydigan kampisand qalamkash edi.

Ammo, oʻrinsiz andishani chetga qoʻyib gapirganda, u maydonda ot surib yurgan dongdor otaxonu akaxonlarning koʻpchiligiga nisbatan asl adabiyotga yaqinroq, hatto uning sodiq fuqarosi edi. Darvoqe, fuqarosigina emas, jafokash mardikori ham ediki, bu xususda mavridi kelganda soʻzlanar. U yolgʻon yozishni bilmasdi, chunki uydirma toʻqish qoʻlidan kelmasdi. Sirasi — u yozadigan narsalarga gʻirromlik aralashtirib boʻlmas, bunga zarurat ham yoʻq edi.

U rasmona adiblar singari bolalik chogʻlaridanoq yozuvchi boʻlishni diliga tugmagan, ilk ijodini she’r bilan boshlab, devoriy gazetalarni obod qilmagan edi. Uning ustoz shoirlarnikiga oʻxshagan ibratli bir tarjimai holi ham yoʻq, bolalik kunlarida ertak soʻylab berguvchi buvisi ham boʻlmagan — tuqqan onasi kimligini bilmaydigan shum yetimda buvi nima qilsin! U nihoyati bir oʻzi ixlos qoʻygan adabiyot muallimidek boʻlishni tilardi, xolos. Qarangki, kelib-kelib shu muallim uning hayotini oʻzgartirib yubordi. Tabiat mavzuidagi inshosini oʻqib u «Kelajakda sendan yozuvchi chiqadi!» dedi. Unday-bunday kishi emas, aynan — yozuvchi! Bu gap taqdir xukmidek yangradi. Yoʻqsa, uzoq bir togʻ qishlogʻida telbanamo bir kampirning qoʻlida musht yeb oʻsgan bu besohib yetimcha bir kun kelib shunday odam boʻlishni xayoliga keltira olarmidi?

Koʻp yillardan keyin, hamma narsa pulga chaqiladigan zamon kelganda ma’lum boʻldi: u yozuvchilik qilmaganida binoyidek bogʻbon boʻlar ekan. Bogʻbonlik yaxshi-da, bori naqd: yetishtirgan meva-chevangizni bozorga olib chiqishga iymansangiz, oʻzi soʻrab kelib, arzon-garov boʻlsa-da, koʻtarasiga ortib ketadigan biror chaqqon juftgarchi har doim topiladi! Nimagadir andarmondek chetga oʻgirilib turasiz, beradiganini berib ketadi. Ijodiy ishni yigʻishtirib butunlay bogʻbonlikka oʻtishga esa ori yoʻl bermasdi: shuncha yil nonini yeb, yaxshimi-yomonmi, shu tufayli nom taratib, endi zamon sal yuz burganda muqaddas ahdga xiyonat qilish nomardlik emasmi?!

Voqean, uning bogʻbonligi oʻsha adabiyotga muhabbatining chambarchas bir boʻlagi edi; bu boqqa, bogʻbonlikka ham adabiyot orqali kelgan. U asosan tabiat mavzuida yozardi. Tabiatni odamlar dunyosidan kam bilmas, unga chinakam moʻ'jiza deb qarar edi. Oʻzingiz oʻylang-da: bir qarich choʻpni yerga suqsangiz, bir kuni u novda-niholga aylanadi, oʻsadi, kurtak tugadi, butoq chiqaradi, tanasi yoʻgʻonlasha-yoʻgʻonlasha, shirin-shakar meva beradi! Shunday ne’matlar bilan tirik-da odamzod! Bunisiyam mayli, tasanno, bahor keldi deguncha barq urib gullashi-chi! Kuzda xazonga doʻnib yurakni hazin-hazin hislarga chulgʻashi-chi! Qish faslida oppoq qor malikasiga aylanishini aytmaysizmi! Moʻ'jiza boʻlmay nima bu?!

Biratoʻla bogʻbonlikka oʻtib ketmaganining tagʻin bir sababi — bu atrof-javonibda, ayniqsa, chala qurilgan mana shu qoʻrgʻonda uni hamma «domla» deb atardi. Nega «domla»? Domla boʻlgach, xomtoku payvanddan boshqa yana biror hunar ham kerak-ku! Iya, shunday hunar bor-ku oʻzi!

(Keling, biz ham uni «domla» deb atayqolaylik. Yaxshidir-yomondir, bir adibni «domla» atasak, rostakam domlalar martabasidan tushib qolmas! U yogʻini aytsangiz, yozuvchi qavmi ham aslida muallim: adabiyotni sev deydi, yaxshi boʻl, yomonlikdan tiyil, deydi! Mabodo uni boshqa biror nom bilan atagudek boʻlsangiz, bu tangu tor, maydagap davrada darrov «Kimni yozibdi? Kim ekan? Nima debdi?» qabilidagi har xil shubha-gumonlarga botib yurasiz — kimga zaril?! Domla, domla, vassalom! Domladan koʻpi bormi? Salla oʻragani ham, sallasiz va’z aytgani ham — domla-da!)

Asli bu nomni unga dastavval yozuvchi rais qoʻygan edi.

Unda qahramonimiz hali yoshlar nashriyotida muharrir boʻlib yurardi. Bir kuni direktor uni xuzuriga chorlab, istarasi issiq, oʻzi juda bahaybat bir odam bilan tanishtirdi. Poytaxtga tutash bogʻdorchilik tumanlaridan birida kolxoz raisi ekan. Qarang, mash'al rais boʻlaturib, shu odam ham dardi bedavoga yoʻliqibdi — yozar ekan! Yozmasa turolmas ekan! Ay, bogʻ-rogʻingga qara, hosildorlikni oʻyla, yillik rejalarni sharaf bilan ado etib orden-medal olsang, qaxramon boʻlsang-chi, anoyi banda! Bulardan ortsang, mehnatkashlarning holidan xabar ol, beva-bechoraga qayishgin, inson! Yoʻq-da, qoʻli qichiydi. Yozmasdan turolmaydi!

Direktor tanishtiruvdan maqsadini yashirib oʻtirmadi:
— Rais buvamizning koʻlyozmalari nashriyotimiz rejasida turibdi!

Muharrir peshonasini tirishtira-tirishtira yillik rejalar roʻyxatida bunaqa qoʻlyozma borligini eslayolmadi.

Roʻyxatda boʻlmasa, direktor aytganidan keyin boʻladi-da, nodon!

Raisning qoʻlyozmasi qarab boʻlmaydigan bir ahvolda edi. Boz ustiga, «soqov» moshinkada koʻchirilgan bu dardisarni poytaxtga qatnab oʻqigan oʻsha yerlik bir adabiyot muallimi oʻzicha tuzatmoqchi boʻlib battar rasvo qilgan ekan — xuddi a’lochi oʻkuvchining «toʻppa-toʻgʻri» yozilgan inshosiga oʻxshaydi: «borgan edi», «kelgan edi», «aytgan edi». a’lochisi qurgʻur ham anovi dongdor otaxonu akaxonlarning kitoblarini oʻqib qoqbosh boʻlgan-da!

Xoʻsh, bu yogʻini nima qilish kerak? Nashriyot rejasiga kirgan qoʻlyozma otligʻ jonivor kitob boʻlib chiqishi shart! Ayniqsa — direktor buyurganidan keyin! Boʻlim mudiri ham bir gapni takrorlagani takrorlagan: «Odam qiling! Odam qilasiz, tamom!»

Muallifning nimasidir muharrirga yoqqan edi.

Direktor vazifa yuklayotganda shunday bahaybat odam, yana deng — rais, mash'al rais unga allaqanday iliqlik bilan tikilib turdi.

Xudoyligʻini aytganda, havaskor muharrir — adabiyot muallimining tahrirlari orasidan nimadir yilt-yilt koʻrinib qolardi. Nashriyot muharriri direktor huzuriga kirib, qoʻlyozmaning asl «raisi» nusxasini soʻrattirdi. Oʻsha kunlar rais yigʻim-terim bilan band, dahmazani uning Olashovur degan shoʻx-shalayim shofyori keltirib berdi. (Rais buvamiz yozishdan koʻra, kishiga laqab taqishga usta ekan: Olloshukurni u hazil aralash shunday atardi. Keyinchalik qahramonimiz bu chindan ham olashovurroq yigit bilan rosa sirdosh ulfat boʻlib ketdi.)

Muharrir direktordan ikki hafta ruxsat olib (ikki oy soʻrasa ham yoʻq demasdi oʻshanda), uyiga qamalib oʻtirdi-da, qoʻlyozmani boshqatdan yozib chiqdi. Qoʻlyozma uncha-munchasidan qolishmaydigan, «toʻyga borgudek» bir asarga aylandi.

Kitob chiqqanidan soʻng uch-toʻrt kun oʻtib muallif toʻppa-toʻgʻri muharrir oʻtiradigan xonaga kirib keldi. Muharrirning salomlashgani choʻzgan qoʻlini doʻstonasiga bir chetga siltab, quchoqlasha ketdi.
— Rahmat, domla!

Rais quruq rahmat bilan cheklanadigan nokas emas ekan. Shanba kuni Olashovurni yuborib, uni kolxoziga taklif qildi. «Bogʻi Eram»ining oʻrtasidagi bahavo shiyponda «chortang» ziyofat berdi. Toʻn yopdi. Ertasiga ham quruq qaytarmadi.

Ziyofat qizigan chogʻi umrida bunday izzat-ikromni koʻrmagan muharrir shoʻrlik kelgusi ijodiy hamkorliklarga soʻz berib yubordi.

Hademay matbuotda «xoʻjalik tashvishlaridan ortib shundoq ajoyib asar yozgan rais buva»ni sharaflovchi qoʻsha-qoʻsha taqrizlar paydo boʻldi. Shuncha kitob chiqarib yozuvchining oʻzi bu kadar ta’rif-tavsif eshitmagan edi. Lekin muallifdan ortiq quvongan boʻlsa quvongandirki, aslo gʻayirligi kelgani yoʻq — axir, oʻzining mehnati!

Oʻsha paxtaband taqrizlarning aksariyat mualliflarini u keyinchalik hosil bayramlariga bagʻishlangan tantanalarda, ayniqsa, «Bogʻi Eram»dagi gavjum toʻkin-sochin ziyofatlarda koʻp bora uchratdi. Ular yozgan taqrizlaridagi gaplarni bu yerda alyorga ay-lantirib, dasturxonda turgan shampan vinosi misol koʻpirtirib takrorlashardi. Rais — muallif mehmonnavozlik tashvishlariga band boʻlib, bu hamdu sanolarni negadir birmuncha loqayd, parishonhol eshitardi.

Bir yil oʻtar-oʻtmas, kattakon ombor daftariga pala-partish bitilgan yangi qoʻlyozma keldi nashriyotga. Xayriyat, bu safar unga adabiyot muallimining qoʻli tegmabdi — Oʻtgan galgi xizmatlari evaziga u maktab direktorligiga koʻtarilib ketgan boʻlsa ajab emas. Lekin endi qoʻlyozmani «odam qilish»ga ikki hafta u yoqda tursin, hatto ikki oy ham kamlik qilardi.

Behisob xoʻjalik tashvishlari boshidan oshib-toshib yotgan, oʻzi bahaybat, ogʻirkarvon bir odam azza-bazza qoʻliga qalam olishga fursatu hafsalani qayoqdan topar ekan? Muharrirning bu taajjubiga javoban muallifning mahrami Olashovur se-kingina «sekret»ni ochdi. Rais buva har erta tonglay idorasiga kelib, bir qoʻlida dastroʻmol, peshonayu bagʻbaqalarini arta-arta, ikki betdan qogʻoz qoralamasa, koʻngli joyiga tushmas ekan. Qizgʻin «e’jod» damlarida Olashovur unga paydar-pay choy damlab berib turar emish: ilhomingizga baraka! Oʻz navbatida biz ham bu jasoratga tahsin aytmasak uyat boʻlar: quntu hafsalangizga ofarin, rais buva!

Aslida, ermakka qogʻoz qoralash unchalik mush-kul ish emas: jindak vaqtu ishtiyoq boʻlsa — kifoya. Rostakamiga kitob yozish, yozganda ham yaxshi yozish esa — qiyin, oʻh, juda qiyin! Chala-chulpa qogʻozga tushgan gaplari kitobga aylanib, bebiliska hamdu sano eshitib turgan martabali muallif buni qaydan bilsin?!

Lekin raisning bilganlari ham kam emas ekan. U direktor oshnasi bilan kelishib, «domlasi»ga ikki oylik ta’til olib berdi-da, uni biratoʻla «Bogʻi Eram»ga koʻchirib ketdi.

Yop-yorugʻ, shinamgina xona. Xuddi mashhur she’rdagidek derazasi oldida bir tup oʻrik oʻsgan. Toʻgʻri, hozir oppoq gullarini toʻkib, yoz fasliga monand siporoq kepataga kirgan. Tevarak-atrof jimjit. Sukunatni moshinkaning toʻxtab-toʻxtab chiqillashigina buzadi, xolos. Necha mahal demang — obu ovqat tayyor. Qorovul chol xizmatda. Pazanda-oshpaz ham oʻzi. Yoshi muharririmizdan xiyla ulugʻrogʻ-u, lekin xizmatga qolganda chaqqon. «Eshon, hoy!» desangiz — bas. Ba’zida, indamasangiz, qoʻpol, qoq-quruq barmoqlari bilan yozuv moshinkasini ham artib, yaltiratib qoʻyadi. Kamgap, sezgir. Oʻrnini biladi.

Uning hisobidan ham gapni shoʻx-shalayim Ola-shovur gapiradi. U koʻpincha tun-allamahalda paydo boʻladi. Bir olam xabaru hangoma bilan. Shiyponda oʻtirib qittak-qittak qiladilar. Olashovur gohida oʻzidan novcharoq, arzimagan gapga ham haholab kulib yuboradigan erkakshoda bir ayolni boshlab keladi. «Hoy, Eshon!» deb qoʻyadi koʻrsatgich barmogʻini labiga koʻndalang qilib. Muharririmiz bergan nomdan mamnun oshpaz-qorovul «tushundim, tushundim» degandek sirdoshlarcha bosh qimtib, oshxona tomon zipillaydi. Uch kishilik jarang-jurung bazmdan soʻng Olashovur qaqildogʻini qoʻltiqlab chekkaroqdagi xonaga kirib ketadi. Ketayotib, «Dugonasi bor!

Qalay, domla?» deb qoʻyishni ham unutmaydi. Xoli bu maskanda zerikib, koʻnglida bir nimalar gʻimirlasa-da, sipo muharririmiz sir boy bermay qoʻlini koʻksiga qoʻyib iljayadi: «Rahmat, rahmat. Oʻzlari koʻraversinlar». U yoqdan bir damgina haholash eshitilib turadi-yu, keyin tun sirlariga singib jimib qoladi.

Haftada bir-ikki bor oqshomlari bu yer gavjumlashib ketadi. Poytaxtdan tashrif buyurgan nozik mehmonlar. Kechasi bir mahalga qadar charogʻon shiypon fayzga toʻlib, u yoqdan kulgi-qahqaha eshitilib turadi. Soʻng birdan hammayoq suv quygandek tinchib qoladi. Mehmonlar joʻnagan — shahar yaqin.

Bunday kezlarda sertashvish mezbon — muallif ba’zan muharriridan xabar olgani kiradi. «Qalay? Boʻlyaptimi?» «Boʻlyapti, rais buva». «Ketyaptimi?» «Ketyapti, rais buva». «Yashang, domla!» Andak shirakayfroq muallif ushoqqina muharririni ter hidi kelib turgan haybatli bagʻriga bosadi. Kun boʻyi moshinka chiqillatish asnosi necha bor shoʻrlik muallifning «qoʻllarini sindirib», yetti pushtining goʻriga gʻisht qalab charchamagan muharrir — mehrga zor banda xuddi umrida koʻrmagan qiblagohi yo jigargoʻsha ogʻasining isini tuygan kabi raisning keng-moʻl, sermuruvvat bagʻrida erib ketadi. Biroq ertasi kuni yana shu ahvol. Ombor daftaridagi aji-bujilarni tatalay-tatalay, «Rais buvamiz bunday demoqchilar shekilli» deya ulardan jumla yasarkan, turib-turib joni chiqqudek boʻladi: «Hah, yozaman degan qoʻllaring sinsin! Hah, yozuvchilikni havas qilmay padarlaringga la’nat!» Qaniydi, mana shu singari bir eminlik sharoiti boʻlsayu mardikorchilikning basharasiga besh marta tupurib, oʻtirib olib oʻzingiz istagan narsani yozsangiz! Qaniydi! La’nat! Ming la’nat!

Ana shunday diqqat boʻlgan paytlari chiqib u bir aylanib keladi. Toriqib-toliqqan odam bogʻ kezib charchamaydi. Bu goʻshadagi yagona yupanchi ham shugina oʻzi. Daraxtlarning oldida bir-bir toʻxtab, goʻyo ular bilan tillashadi, sirlashadi.

Kechqurun boʻlajak ziyofat yuzasidan alohida farmoyish bergani kelgan rais bir kuni uni ana shunday bogʻ sayri chogʻida uchratdi.
— Bogʻimiz zoʻr-a?
— Zoʻr, zoʻr, rais buva!
— Bogʻi Eram-da bu! Giyohigacha oʻzim oʻtqazib, oʻzim katta qilganman! — dedi rais raisona bir viqor bilan. — Siz ham menga oʻxshab dov-daraxtga ishqibozmisiz deyman-a, domla?
— Soʻramang, rais buva. Jonu dilim-ku bu!

Rais «da-a» deya unga bir lahza tikilib turdi-da, keyin nechundir oʻychan odimlab iziga qaytdi.

Ertasi kuni tushdan nari Olashovur paydo boʻlib, «Yuring, sizni bir aylantirib kelay» deya muharrirni moshinasiga oʻtqizib, kolxozning shaharga tutash serdaraxt bir manziliga olib bordi. U yoq-bu yoqni koʻrsatib:
— Qalay, ma’qulmi? — deb soʻradi. — Sersuv, obod joylar-a? Hademay bu yerlar ham talash boʻlib ketsa kerag-ov.

Qaytishda muharrir bu yurishlaridan maqsad ni-maligini soʻraganida, balodan boxabar Olashovur negadir qozonning qopqogʻini ochgisi kelmadi:
— Biz topshiriqni bajardik, domla. Borib oʻsha yoqlarni bir koʻrib kelinglar, devdilar xoʻjayin, mana, aytganlarini qildik. U yogʻini oʻzlaridan soʻraysiz.

Oradan hafta oʻtib, bu gal endi raisning oʻzi ham qoʻshilib — uchovlon shu yerga yana kelishdi.

Daraxtzorning uch-toʻrt imorat qad rostlay boshlagan koʻrkamroq tarafida uzunchoq bir parcha yer simtoʻr bilan puxtagina qilib oʻrab qoʻyilgan edi.
— Domla! — dedi mirishkor nazari bilan shu yerga tikilib turgan rais. — Koʻzni bir yumib-ochasiz. Mana shu joy — sizniki! Buyursin, omin!

Muharrir tili kalimaga kelmay serrayib qolgan edi.

Rais nari-beri yurib allanimani chamaladi-da, negadir Olashovurga qarab uqtirdi:
— Uy mana shu yerdan tushadi. Bir xonayu bir dahliz. Ortiqchasi nima kerak ijodkor odamga, toʻgʻrimi, domla? Ikki oy ichida bitishi shart. Chiroq-pirogʻiyu suv-puvi bilan. Kuzaklarga borib domla koʻchib kiradilar. Tushunarlimi, Shovurbek? Gap

tamom!

Kechalari yotib uyqusi kelmaydi deng muharririmizning! Koʻnglida bir quvonch gupurib, oʻrinlaridan turib ketaveradi. Odam boʻlib kun koʻrmagan boshiga bundayin omad qaydan keldi-ya, yo Olloh?

Oʻziga oʻxshagan bir benavo, dardmand xotini uzoq yili qazo qilib, uylangan yakkayu yolgʻiz oʻgʻli va ikki nevarasi bilan muharrir — beshovlon Chilonzordagi uch xonali katalakdek uyda istiqomat qilardi. Mana, xudoyim berdi! Yetti uxlab tushiga kirmagan orzu bir lahzada roʻyobga chiqdi-qoʻydi.

Muharrir oshigʻich tarzda shaharga tushib, necha yillik qalam haqi hisobiga yigʻilgan, hali xazonga aylanib ulgurmagan jamgʻarmasini omonatxonadan pok-pokiza koʻchirib oldi va uni yakshanba kuni xabarlashgani kelgan raisning qoʻliga tutqazmoqchi boʻldi.
— Buni choʻntagingizga solib qoʻying, domla! — dedi rais qovogʻini uyub. Soʻng, muharrir qistalangiga olib qoʻymagach, shofyoriga imo qildi: — Mayli, ol, Shovur. Mebel-pebel, televizor-pelevizorga sarflarsan.

Imorat «muddatidan oldin» — kuzakka qolmayoq bitdi hisob. Egasi bir quchoqlik koʻch-koʻronini koʻtarib kelib joylashdi. Shu ixchamgina boshpanaga boqib koʻzi toʻymaydi deng — Oʻziniki! U fursatni qoʻldan bermay kechagi ordona bogʻning bir boʻlagini xususiy boqqa aylantirishga kirishib ketdi. Ishni dov-daraxtning saragini sarakka, puchagini puchakka ajratishdan boshladi. «Bogʻi Eram»dan koʻp gulu koʻchat keltirib oʻtqazdi, payvandboplarini bilganicha payvand qildi, qurigan yoki bachki shox-butoqlardan ayamay voz kechdi. Xullas, kelasi koʻklamga qadar bogʻini yashnagan bir chamanga ay-lantirmaguncha qoʻymadi. Oʻziyam shu mavsumdayoq undan soʻrab, bundan surishtirib binoyidek sohibkor boʻldi-qoldi.

Bu orada rais buvamizning kechmishnomasi bosma-xonadan yaltirabgina kitob boʻlib chiqdi. Yana qoʻsha-qoʻsha taqriz, yana maqta-maqta, yana «Bogʻi Eram»da ziyofatlar.

Qoʻsh kitobning muhtaram muallifi sifatida raisimiz mamnuniyatlar bilan adiblarning rasmiy roʻyxatiga ham tirkaldi.

Voh darigʻki, bu qoʻshaloq quvonchlar koʻpga choʻzilmadi. Saratonning adoqlariga borib rais tappa toʻshakka mixlanib qoldi. Ayni shu faslga nomdosh, na shoh, na gadosi chora topa bilgan sovuqdan-sovuq bir dardga yoʻliqqan edi u. Muharrir hafta sayin qatnab valine’matining ahvolidan xabar olib turdi. Soʻnggi ziyoratlaridan birida otasi yo bir ogʻasi boʻlib qolgan bu odamning nadomat aralash aytgan gaplari sira esidan chiqmaydi.
— Shu, siz — shoirlarga ham tan bermadim-da, domla, — degan edi lahadning ogʻziga borib qolgan odam hamon tetik bir ovozda. — Menday bir omi, toʻporidan ham shoir yasadinglar-a, qoyil! Pul, mol-dunyo degani har qanday vallomatini ham quturtirmay qoʻymas ekan. Yoshingu soch-soqolingning andishasini qilmasangki, likobcha koʻtarib sahnasiga ham chiqsang-da! Tavba, boʻlmasa, men bir dalavoy dehqonga kim qoʻyuvdi shoirlikni! Hay, ahmoq kallaga kelgan ul-bulni qoralagan boʻlsak qoralagandirmiz. Lekin xizmat sizniki-ku! Mehnatni siz qildingiz-ku! Shuni bilmay men bir lodonu ovsarmidim? Nima zaril deng-a! Mana, hammaginasi qolib ketar ekan... — Ajab bir errayim odam edi rahmatli — shu holida hazil gaplar qilganiga nima deysiz! — Yo oʻsha kitoblarimizdan birortasini olaketsammikan? Esdalikka-da. Boshginamning tagiga qoʻyib yotardim. Savol-soʻroqlaridan boʻshaganda oʻqib-oʻqib, a? U yoqda boʻsh vaqt koʻp boʻlarmish-ku. Shudgor tashvishi boʻlmasa, oʻgʻit deb, balo deb chopmasangiz... A, domla, nima dedingiz?

Oʻzi-ku narigi dunyoga bir parcha kafan bilan ketdi, ammo goʻring nurga toʻlgurdan mana shu bogʻ meros, yoʻq, esdalik boʻlib qoldi. Esizgina, mardikorchilik qilib boʻlsa-da, oʻsha bagʻrikeng insonning pushtipanohida yurgan kezlari, endi oʻylab koʻrsa, muharririmizga bir davru davron ekan! Keyin davron charxi bir aylandiyu goho oʻn-yigirma yillarda ham koʻrilmaydigan voqea-hodisalar sanoqligina oylar domanasida sodir boʻlib ketdi. Bir vaqtlar yuzlab odam ishlab, gurillab turgan nashriyot koʻz ochib yumguncha bir hovuchgina jamoa jon saqlaydigan gʻarib bir chillaxonaga aylanib qoldi. Ijodiy xodimlar oʻtiradigan xonalarni allaqanday firmayu shirkatlar egallab oldi. Yoʻl-yoʻlaklarda ham bemalol yurib boʻlmas, eshik oldiga qadar turli-tuman doʻkoncha bosgan edi. Hojatxonaga kirganda choʻntak kavlama-sangiz, qoʻriqlab oʻtirgan badfe’l kampir kaltak bilan haydab soladi. Kechagina direktorga somsa tashib yurgan yugurdak bolalar bugun unga zoʻrgʻa salom berar, koʻzlari alang-jalang, odamni vahimaga qoʻyadigan bir talvasa ichida «Biznes! Biznes qilamiz!» deyishar edi. Oʻzingizni chetga olmasangiz, biznesiga qoʻshib yana bir balo qilib yuborishdan ham toymasdi ul kasofatlar!

Chiqargan kitobi negadir hech qayga oʻtmay qolgan nashriyotimiz endi ana shular hisobidan — ijara haqi evaziga kun koʻra boshladi. Tabiiyki, bunday sharoitda, har qancha mohiru tajribali boʻlmasin, nafaqa yoshiga borib qolgan, buning ustiga «eskicha» fikrlaydigan — qoʻshma gap boʻlaklaridek ergashib yurishga, moslashuvga yo «katta»ga oʻshak tashishga noqobil muharrirga jamoada oʻrin yoʻq edi. Oʻzi ham uzoqdan qatnayverib qiynalib yurmaganmidi, shartta boʻshadi-qoʻydi.

Xoʻsh, endi tirikchilik qanday oʻtadi? Buning ham yoʻlini yangi zamon oʻzi koʻrsatib berdi. Ta’bir ma’qul sanalsa, nashriyotni u uyiga — mana shu boqqa koʻchirib keldi. Gap 6u yoqda ekan deng! Sarson boʻlib har kuni ishga qatnab yurmaysiz, bir tutam maoshga koʻz tikib, rahbariyatning qosh-qovogʻini poylamaysiz. Birgina alamli, armonli jihatini aytmaganda, bari sodda, bari naqd! Moʻmay biznes!

Yopiray, yozuvchiligu kitob chiqarib nom taratishga ishqiboz buncha koʻp ekan! Lekin, ayonki, adib atalmoq uchun avvalo kitob bitmoq, kitob chiqarmoq uchun esa avvalo uni yozmoq lozim boʻladi. Masalaning shu tomoni ishkal edi. Talabgorlar orasida hali yozilmagan kitobini koʻrish orzusida yurganlari ham topilardi. Rais rahmatli baharnav insofliroq ekan — Oʻz qoʻli bilan ul-bul qoralardi. Bularga endi boshdan-adoq yozib berish kerak. Ajab zamon boʻldi-da: olimi chetda qolib, zolimlari olimlik da’vosi bilan chiqa boshladi. Kimning hamyoni gʻozliroq boʻlsa, qoʻlidan keladimi, yoʻqmi — kitob yozish, kitob yasash poygasiga kirishdi. Koʻlidan keladiganlar esa bu tomoshadan lol — ularning hamyoni quruq; quruq hamyon bilan bosmaxonaga yakinlashib boʻlarmidi? Bundaylarning ba’zisi daftar-qalamini momosidan kolgan sandiqqa tashlab, tirikchilik izmiga tushib ketdi. Ammo shu orada bir toifaga — uquvi haminqadar boʻlsa-da, qoʻli qichib, yozmasdan turolmaydigan chaqqonlarga xudo berdi. Ular «ob-havoga mos», bozorbop asarlarni qatorlashtirib tashlayverdi — haligi qoʻlidan ish keladiganlar turli sabab bilan chetga chiqib ketgan-da; bos, davring keldi, bosib qol!

Lekin, avvalo, bunday «e’jod» namunalarini kitob surobiga keltirish kerak-ku! E, buning chorasi bor: huv shahar chekkasidagi bir bogʻda hamma «domla, domla» deb ataydigan beminnat, arzonchi bir mardikor qalamini rostlab yoʻlingizga koʻz tikib oʻtiribdi!

Birovlarning nomidan, birovlarning qiyofasiga kirib yozish, soʻz topib, jumla yasash zahmatlaridan bezor boʻlganida domla shoʻrlik alam bilan oʻrnidan turib ketardi: shuni yozgan qoʻlginalaring sinsin-a, yozuvchilik da’vo qilgan tilginalaring uzilib tushsin-a!

Ammo nachora — yeydigan ogʻizni chandib qoʻyib boʻlmasa! Oʻsha olatasir zamon arafasida asli volidasining uzoqroq xolasimi, ammasimi sanalgan anovi yalmogʻiz kampirning zulmlaridan qochib nomi elas-elas ma’lum ota yurtiga ketishni orzu qilgan oʻksik bolaligi toʻgʻrisida dov-daraxtga hasrat shaklida yozilgan ardoqli-arzanda qissasi jurnalda bosilib, allaqachon kepakka aylangan qalam haqiga bor-yoʻgʻi bir qutigina tozaroq sigaret sotib olgani esida. Keyin uni qadrdon «Saraton»dan avval — har erta bir donadan avaylab yigirma kun chekkani ham yodida!

Domlaning birdan-bir ermagi, ovunchogʻi mana shu bogʻ, mana shu daraxtlar edi. Bu vaqtga kelib u — bir chekkasi azbaroyi kamxarjlik, undan ham burunroq kashandalik yoʻtali sabab — sigaretdan voz kechib, nos otishga oʻtgan; iyagiga bir tutamgina soqol ham qoʻyib olgan, tepa sochining barakasi ketib, boshiga kalampirnusxa doʻppi bostirib yurar edi. Raftoridan zamonaviy yozuvchiligiga birov ishonmas, «domla-domla»lar ham qoʻshilib, bilmaganlar uni yangi paydo boʻlgan dindorlardan deb oʻylar edi.

Aslida dindor uning oʻgʻli edi. Allaqayda xattotlik qiladigan oriq, rangpar bu yigit oyda bir-ikki daf'a tuguncha koʻtarib xabar olgani kelar, ota-bola oʻrik tagidagi chorpoyada gaplari qovushmayroq xiyla zamon bir-biriga termilib oʻtirar, oʻgʻil ketishga chogʻlangandagina oʻrtada ikki ogʻiz savol-javob boʻlar edi.
— Haliyam oʻqiyapsanmi?
— Alhamdulilloh.
— Namozingni oʻqisang oʻqi, lekin hushyor boʻl, bola!
— Asta’furulloh deng, dada!

Domla bu kalimani ichida takrorlab qoʻyar, lekin ma’no-mohiyatini durustroq anglamas edi.

Domlani begʻaraz yoʻqlab turadigan yana bir zot — eski qadrdoni Olashovur. Darvoqe, bu laqab rahmatli rais bilan birga ketgan, u endi Olloshukurgina emas, rasmonasiga Ollohshukur — Ollohga shukrona aytib haj qilib kelgan hoji. Gapiradigan gapi — oyati karimayu hadisi shariflardan. Ikkovlon goho chorpoyada oʻtirib oʻsha yaxshi kunlarni, aziz otaxonlari — rahmatli raisni entika-entika eslashadi, soʻngra dov-daraxt, payvandu koʻchatdan gurunglashadi.

Domla undan negadir har gal huv anovi qaqildoq xotinni soʻragisi keladi, ammo istiholaga boradi: kimsan — hoji buva, noqulaydir!

Domlaning yana bir pinhona yupanchi bor — sutchi xotin. Har erta shu ayol sut koʻtarib kelganida koʻngliga ajib bir nur kirgandek boʻladi. Biror sabab bilan u koʻrinmay qolsa, oʻzini kayga qoʻyarini bilmay dilgʻash yuradi. Aytishlaricha, eri koʻp yildan buyon toʻshakda — shol emish. Ammo nojoʻya biron fikrni xayoliga yoʻlatmaydi domla. Zinhor-bazinhor!

Sutchi xotin gohida past-baland ikki oʻgʻilchasini ham ergashtirib kelardi. U aslida sogʻlom, shirinsoʻz bir oddiy qishloq ayoli edi. Oylab shaharga tushmay, ayol zotini kam uchratadigan domlaga esa bamisoli farishta boʻlib koʻrinardi. Holbuki, domlaning oʻzi bir vaqtlar unchalik ham farishta emas edi. Rahmatli xotinidan keyin u orqavarotdan «Saxiyxon» deb atalgan bir musahhih juvon bilan uncha-muncha muomala qilib yurib, xotinlardan koʻngli qolgan. Laqab deganlari bekorga qoʻyilmas!

Ollohshukur hoji hali Olashovurlik kezlaridayoq, vallomat raisning qavatida yuraverib, koʻp baloga aqli yetadigan pishiq-puxta sinchiga aylanib qolgan ekan. «Koʻrasiz, hademay bu yerlar talash boʻlib ketadi» deb bashorat qilgan edi, mana, aytgani keldi. Atigi uch-toʻrt yil ichida gird-atrofda shunday hovlilar qurilib, shunday imoratlar qad rostladiki, koʻrganning aqli shoshadi. Domla bularga parvo qilmas, oʻzining mana shu kaftdekkina bogʻiyu ixchamgina kulbasi koʻziga ne bir ajabtovur goʻshadek tuyular edi.

Ammo keyingi ikki yil orasida yon-verida bir manzara paydo boʻldiki, bahaybat qasrning poyida gʻaribona mungʻayib turgan kulbani koʻrib, har qanday olijanob odam ham «buni zudlik bilan bu yerdan gumdon qilish darkor» degan fikrga kelishi tayin edi. Allaqanday nomdor bir boyvachcha ekan, avval soʻl tomondagi katta-katta ikki joyni birlashtirib, bor hashamatini namoyish qildi. Soʻngra domlaning oʻng tarafidagi hozircha bekor turgan daraxtzorni ham egallash harakatiga tushdi.

Darvoqe, dastavval bu yerlarda Yormat paydo boʻldi. (Aslida uning ismi boshqa; maxallaga ixtiyoriy ravishda kayvoni boʻlib olgan Saidjalol «Akaxonning gumashtasi, ishboshi» deganidan keyin, «Qutlugʻ qon»dagi boyning gumashtasi xayoliga kelib, domla uni oʻzicha Yormat deb atay boshladi.) Boʻyi Obid Asomdan sal tikrogʻ-u, vahima-siyosati unikidan oʻn chandon zoʻr. Akaxonning oʻzi shu orada yo ikki, yo uch marta koʻrindi, xolos — hamma ishni mana shu shovvoz bitirdi! Qoʻlida «sotka», tagida «Damas», bir zum tinmaydi. Kechayu kunduz yigirma-oʻttizlab mardikoru har raqam usta, vahimali boʻkirguvchi «MAZ»u «KRAZ»larga shu birgina jon — bosh! Yoqa ushlamay, ofarin demay ilojingiz yoʻq.

Xolisan aytganda, shularning sharofati bilan qishda loyi, yozda tuprogʻi koʻpchib yotadigan qoʻrgʻon koʻchasi bir tekis qilib asfaltlandi, gaz quvuri keldi, kechalari chiroq oʻchib qolmaydigan boʻldi. «Har baloning bir nafi ham bordur» deb mashoyixlar bilib aytgan ekan.

Hovli-hasham bitishi arafasida bir kuni yaltiragan «Mersedes» haydab ajabtovur bir yoshgina xonim keldi. (Har balodan boxabar Saidjalolning keyin shipshitishicha, akaxonning kenjatoy-erkatoy xotinlaridan ekan. Bu hovli-haram asli shu xonimga atab bino qilinayotgan emish.) Qansharida qora koʻzoynak, oʻyinqaroq qizaloqlardek yengil irgʻishlab u bahaybat darvozadan ichkari urib ketdi-yu, chorak soatga qolmay qaytib chiqdi. Keyin koʻchada bir zum oʻylanib turgach, toʻppa-toʻgʻri domlaning bogʻiga kirib keldi. Ayvonchasida nimagadir unnab yurgan domla bilan xuddi eski tanishlardek bemalol salomlashdi-da, borib chorpoyaning bir chetiga oʻtirdi. Alanglab bogʻni tomosha qila boshladi.
— Voy, buncha salqin bu yer! Voy, bogʻingiz buncha chiroyli-i!
— Keling, keling, qizim, — dedi kutilmagan tashrifdan shoshib qolgan domla. — Oʻtib, ana, bogʻni aylaning. Mevalardan uzib yeng. Tortinmang, dehqonchilik. Oʻzim ekkanman.
— Toʻgʻrisini aytaymi? — dedi xonim allaqanday sirli jilmayib. Soʻng osmon barobar baland qoʻshni devor tomon ishora qildi: — U yoqdan koʻra sizning bogʻingiz yoqdi menga!
— Rahmat, rahmat, — deb qoʻydi domla taltayib. — Bu yoq ham oʻzingizniki. Xohlagan paytingizda keling, dam oling, marhamat.
— Siz yozuvchi ekansiz-a? Mening togʻam shoir! Radiodan beradigan hamma qoʻshiqlarni togʻam yozganlar!

Domla bir dasta anvoyi gul saralab, qoʻliga ikki dona nashvati tutqazib xonimni koʻchaga kuzatdi.

Uch kunmi, toʻrt kun oʻtib akaxonning oʻzi bilan ham tanishdi.

Bir kech nimadir yumush bilan eshikka chiqqan edi, qoʻshni darvoza oldida qatorlashgan antiqa-antiqa moshinalar yonida soʻzlashib turgan mehmonlar safidan bir kishi ajralib chiqib, domla tomon kela boshladi. Qirq-qirq besh yoshlar chamali novcha, xushsurat yigit. Bosh-oyoq qop-qora libosda.
— Domla — sizmi? — dedi u iliqlik bilan qoʻl uzatib. — Da-a, pisatel! Bogʻingiz zoʻrmish-u, hamma aytyapti! Bunday bir taklif ham qilmaysiz-a, qoʻshni!
— E, kelsinlar, kelsinlar, — dedi domla xijolatdan beixtiyor qoʻl qovushtirib. — Marhamat.
— Mayli, mayli, keyin. Hali biznikiga oʻtasiz. Shoirlaringiz ham boʻladi. Eng kottalari!

Baland devor boʻgʻotlariga «koʻz qisib» turadigan turli-tuman chiroqchalar shodasi osilgan, oʻrtadagi koʻshksimon shiyponidan oʻynoqi shu'lalar porlab yotgan oʻrdadek hovlida shu kecha bir mahalga qadar bazm davom etdi. Chamasi, shahardagi boshqa toʻy-tantanalarni tashlab, sara xonandayu sozandaning bari shu yerga yigʻilgan edi. Boz ustiga, yetti mahallaga eshitarli qilib kuchli karnaylar ham oʻrnatilgan!

Domla hech qayoqqa chiqmadi. Eshik-derazasini berkitib, yoz kuni ichkarida qamalib yotdi.

Deyarli har hafta takrorlanadigan bunday tong-otar bazmlar chogʻi u koʻpincha uyga kirib ketar, ammo hammayoqni larzaga solib gupillayotgan zamonaviy sozlar sadosidan na biror nima oʻqiy olar, na yozuv-chizuv qilar, dimiqqan xonada asabiylashib oʻtira-oʻtira uyqusi qochib, azonga yaqingina bir muddat koʻzi ilinar edi.

Mana, qariyb ikki yildirki, halovat, osoyishtalik degan gaplarni tushingizda koʻrasiz! Hovli-joy qurilayotganda-ku ogʻir moshinalarning shovqini, ustayu mardikorning baqir-chaqiri, har turli taq-tuq, tarillashu gʻirillash, chang-toʻzon kabilar bezor qilgan edi, endi esa ahvol — bu!

Aslida, hovli egalari bu yerda muqim yashamaydi, faqat bazmu ziyofat kechalari yoki shanba-yakshanba kunlari basseynda choʻmilgani kelishadi: tagʻin shalop-shulup, qiy-chuv. Saidjalolning guvohlik berishicha, shunday alomat uy-joyning nimasidir kenja kelinimizga ma’qul boʻlmagan. Hozir bir bogʻbon, bir qorovulu yugurdak bola qarab turadi.

Yonma-yon qoʻshni boʻlaturib, domla bu hovliga qadam bosmagan, ul qoʻshqavat ajib koshonani, tepasi qubbasimon ul kungurador shiyponlarni, suv tubiga oʻrnatilgan rangdor chiroqlari kechasi kamalaksimon jilva koʻrsatadigan ul marmar basseynni kirib koʻzi bilan koʻrmagan deyilsa, ishonadigan odam topilarmikan? Aslida esa shunday — domla bularning jabrini bas deguncha koʻrgan, ammo qandaydir irim qilibmi, boshqami, ishqilib shu yoqqa oyogʻi tortmagani rost.

Bu yoqda bazmu ziyofat, bu yoqda — domlaning oʻng tarafidagi daraxtzor oʻrnida yana allanimabalo qurish taraddudi boshlangan; zora bunisi nozikta’b kelinimizga ma’qul kelsa! Yana shovqin-suron, yana tarillashu gʻirillash, yana qum-shagʻal, chang-toʻzon! Chidaysiz. Chidayolmasangiz — yo qochib qutuling, yo oʻlib! Qochib qayga borasiz? Bosh urgan tuynugingiz-da — tagʻin bir gʻalva! Unisi esa sizning qoʻlingiz-da emas; jonning shirinligi-chi! Yagona chorasi — chidamoq!

Ana shunday tarang kunlarning birida — Oʻrgangan qulogʻini kar qilib domla chorpoyada kitob varaqlab yotgan edi — qoʻqqisdan Yormat kirib keldi. Yonida — Saidjalol. Senga nima deng? Choponining barini beliga bogʻlab, xohlagan xonadoniga ishshayibgina kirib boraveradi. U yerda koʻrgan-eshitganini keyin bir zumda butun qoʻrgʻon boʻylab yoyib chiqadi. Yuziga solsangiz, «ha, shu — koʻrdim, eshitdim» deya baqrayib turaveradi. Birovga doʻstmi, dushmanligini oʻzi ham bilmasa kerak. Mavhum, mujmal nusxa!
— Gap bunday, domla, — dedi pakana Yormat daromad-paromadsiz, uning koʻkragiga oʻzicha doʻstona, aslida betakalluflarcha shapatilab qoʻyib. — Bogʻni bizga berasiz!
— Qanaqa bogʻ? Nega? Nima uchun? — dedi dovdirab domla.
— Sizga, — Yormat savol-pavolni eshitmagandek, qoʻshni daraxtzor tomonni koʻrsatdi, — mana bu yoqdan zoʻr bir uy qurib beriladi. Buningiz nima, uymi shuyam?! Bundan oʻn barobar zoʻr boʻladi. Zamonaviy!
— Oʻn barobar zoʻr! — deya uni quvvatlab qoʻydi dalloli ham.

Shu tobda birov joningni ber desa, domla balki oʻylab koʻrarmidi — bu bedodliklardan toʻyib ketgan odamga sabil jon nima kerak? Lekin — 6u bogʻ!.. Qancha mehr, qancha mehnat sarflangan!
— Yormatjon ukam, oʻylab gapiryapsizmi oʻzi?

Domlaning ogʻzidan chiqib ketgan begona ismga gumashta parvo ham qilmadi. Uning asl nomidan koʻra muhimroq ishlari bisyor edi.
— Bogʻingiz katta xovliga qoʻshiladi, akaxonning topshirigʻi shunday! — deya hukm kildi Yormat. — Boʻlmasa, oʻrtada qolib ketasiz-da. Har jihatdan noqulay. Aytib qoʻyay, domla, siz yutyapsiz!
— Qoʻshiladi! Siz yutasiz, domla! — dedi Said dallol xuddi oʻzi ham bir nima yutadigandek.
— Oʻylab koʻring, zoʻr variant! Ha, darvoqe, akaxonning sizga boshqa bir topshirigʻiyam bor. Kitob yozib berasiz! Akaxonning hayotidan. Kam boʻlmaysiz, domla! Kelishdig-a?
— Ukam, koʻrib turibsiz, men bir yolgʻiz, keksaygan odamman. Iltimos, tinch qoʻyinglar meni.

Yormat shartta burilib eshik tomon yurdi.
— Tem bolee! Bir kun baribir bizniki boʻladi bu bogʻ!

Shu kecha domla tun-yarimda qattiq bir ogʻrikdan uygʻonib ketdi. Hammayogʻini ter bosgan. Nuqul kekirgisi keladi. Goʻyo shunday qilsa, yengil tortadigandek, ogʻriq pasayadigandek. Ammo harchand urinma-sin, kekirolmaydi. Uning oʻrniga ogʻzidan zaharolud bir suv keladi, xolos. Ichi yonib-yalligʻlanib ketayotgandek, ichak-chavogʻini ayovsiz bir panja gʻijimlab burayotgandek...

Tongga qadar yerda dumalab, voy-voylab chiqdi. Bir balo boʻlganga oʻxshaydi, tezda doʻxtirga borish kerak.

Ertalab turib bir azobda eshik-derazasini mahkamladi, keyin qoʻlida ul-bul solingan yelimxalta, darvozasi oldida gʻujanak boʻlib yoʻl poylamoqqa tushdi: zora biron moshina oʻtib qolsa!

Ittifoqo bir «Damas» koʻrindi. Yormat! Domla battar gʻujanak boʻlib oldi. Sezgir gumashta vaziyatni darxol angladi. Moshinasini shartta orqaga burib, qoʻyarda-qoʻymay domlani qoʻltigʻidan olib unga oʻtqizdi. Yoʻl boʻyi biron ogʻiz churk etmay, bemorni shu yaqin oʻrtadagi kasalxonaga eltib tashladi.

Domlaning eski dardi qoʻzgʻab, oʻn ikki barmoqli ichagida torayish — burishiq hosil boʻlgan ekan. «Kesish kerak! — dedi doʻxtirlar. — Aks holda yorilib ketishi mumkin!»

Kesdilar, yordilar. Uchinchi kunimidi, domla oʻziga keldi.

Biroq — balo degani egizak tugʻilgan. Domla oyoqka turib yura boshlaganining ertasi kuni kechga yaqin tumbochka ustidan nimadir olmoqchi boʻlib uzalganida nogahon koʻkragini changallab, karavotdan osilib qoldi. Yurak xuruji!

Tagʻin qaytib uni jonlantirish boʻlimiga oʻtkaz-dilar. Ahvoli xiyla ogʻir edi. Doʻxtirlarning boshi qotgan: keksa odamga bunday qaltis ikki dard birdan yopishsa!..

Qaydandir darak topgan Ollohshukur hoji kunora shu yerda. Mullavachcha oʻgʻil ham ertadan kechgacha shu atrofda. Yana kimi bor edi? Hemiri bir choy-chaqa evaziga azza-bazza kitob yozdirib ketgan anovi azamat shogirdlar qayda ekan endi?

Mayli, mayli, boshga tushganni — koʻz koʻrar. «Ana ketdi, mana ketdi» boʻlib yotgan bandasi na bir nimani koʻradi, na bir nima qulogʻiga kiradi. Shunday ekan, gapni bu yoqdan eshiting.

Bu yoqda — qoʻrgʻonda tinib-tinchimas korchalon Yormat, doim tayyor hangomatalab Saidjalol yoni-da, domlaning bogʻiga kirib, eniga-boʻyiga qadamlab uni oʻlchayotir. Keyin chorpoyada oʻtirib ikkovlon allanimalarni chamalaydi, moʻljallaydi, qandaydir rejalar tuzadi. Xullas, kasalxonadan bir sas chiqsa — bas!

Kutilgan xabar esa kelavermadi. Shu orada ni-

madir boʻldiyu barcha tadbir-tadorik taqa-taq toʻxtadi. Hashamatli hovliga qulf solindi. Tevarak-atrof suv quygandek birdan jimjit boʻlib qoldi. Hammavaqt hozir Yormat ham qayoqqadir gʻoyib boʻlgan. Uyidan ilonmi, chayonmi chiqqan Saidjalolgina choponi barlarini beliga chirmab, xonadonma-xonadon bosh suqib charchamaydi: «Eshitdingizmi? Eshitdingizmi?»

Domla kasalxonada uzoq yotdi. Lekin, buni qarangki, tuzala boshladi. Ruhida ham ajib bir oʻzgarish, tozarish roʻy berayotgandek. Faqat bogʻini sogʻingani sogʻingan.

U kasalxonadan chiqqanining ertasi sutchi xotin keldi. Yonida oʻgʻilchalari. Kimdandir eshitgan ekan. Xabar ololmaganini aytib, xijolatomuz uzrxohlik qildi. Chorpoyada oʻtirib birpas hol-ahvol soʻrashdilar. Koʻngli kundek yorishib ketgan domla bogʻini oralab, ikki chelakka toʻldirib meva-cheva terib keldi. U kelgunicha — besh-oʻn daqiqa ichida — ayol ayvonchadagi poʻpanak bosib ketgan idish-tovogʻini chinnidek qilib qoʻyibdi. Keyin ming bir istiholayu iymanishlar bilan olgan chelaklarini oʻgʻillariga koʻtartirib joʻnarkan (bolalarning esa bu ma’mur bogʻdan, saxiy amakining yonidan jilgisi yoʻq), kir-chiri boʻlsa, bajonidil yuvib berishini aytdi.

Na gap-soʻzlarida, na xatti-harakatida erkak ki-shining koʻngliga gʻulgʻula soladigan biron ishorat boʻlsa-chi! E xudo, mana shunday mehribon, pokiza ayollar ham bor-a dunyoda!

Bir oʻlib-tirilgan odam endi boshqacha yashamoqqa qaror bergan edi. Bu yogʻi qancha qolgani noma’lum, nimadir ish qilmoqqa ulgurish kerak. U endi tevarak-atrofga beparvo, nega hammayoq bunday jimjit, sokin deb ham bosh qotirmas, oʻzi bilan oʻzi, koʻngil dunyosiga shoʻngʻib ketgan edi. Oldinda kuz nishona berib kelar, kechalari salqin, bunday havoda qiyqirib choʻmilishu yovvoyi bazm qurishlarga balo bormi, degan xayolga borar edi oʻzicha. Darhaqiqat, quvnoq yoz mavsumi tugab, koʻpchilik shaharga qaytgan, qoʻrgʻon huvillab, gaplashadigan odam ham qolmagan hisob.

Yozuvchi yeng shimarib, dardmand kunlarida koʻnglida tugʻilgan kitobini yozishga kirishdi. «Abadiy ogʻochlar» deb nomlangan bu asarda daraxtlar hayotini odamlar hayotiga mengzab tasvirlash niyat qilingan edi. Buning uchun uzoqqa bormoq yo bosh qotirmoq hojati yoʻq — Oʻz umrini bir sidra eslasa, bogʻidagi daraxtlarni sinchiklabroq nazardan oʻtkazsa, kifoya. Taassufli joyi shundaki, bu oddiygina muqoyasada odam bolasi yutqazmogʻi azaldanoq muqarrar qilingan. Mana, karillagan rais buvamiz endi yoʻq, idorasi oldidagi chinor esa hamon gurkirab turibdi. Yoki, deylik, siz bu dunyodan ketasiz-u, ne azob-mashaqqatlar bilan tiklagan uy-joyingiz, oʻstirgan bogʻingiz qoladi — ordona! Loaqal oʻzi oʻtqazgan bir ogʻochchalik — yogʻochchalik ham boʻlolmasa-ya odamzod?!

Havo mayin, muloyim, shoir aytganidek — «u endi yondirmas, yaltirar faqat». Chorpoya ustiga xontaxtani qoʻyib olgan, ana shu orombaxsh ma’sumiyat qoʻynida oʻtirib yozuvchi kun boʻyi moshinkasini chiqillatgani chiqillatgan. Yonida sutchi xotinning kenja oʻgʻilchasi. Ertalab oyisi bilan kelgan-u, tixirlik qilib shu yerda qolgan. Har zamon serbaraka bogʻni aylanib, meva-cheva terib, maynayu chumchuklar bilan oʻynashib keladi. Keyin xontaxtaning bir chetidan joy olib, u ham oʻzicha yozuv-chizuv qiladi. «Sendan yozuvchi chiqadi-yov» degan maqtovdan taltayib, oldidagi qogʻozga battar yopishadi.
— Amaki, vergul zoʻrmi, nuqtami? — deb soʻraydi boʻlajak adib yozuvidan bosh koʻtarib.

Qanchalab kitob bitib, umr boʻyi muharrirlik qilgan odam bolaning shugina savolidan lol, oʻylanib qoladi.
— Nuqta zoʻr boʻlsa kerak-da. Verguling bir gapda bir nechta boʻlishi mumkin, nuqta esa — bitta!
— Lekin vergulning dumi uzun-ku?!
— Vergul — gap hali davom etadi degani. Nuqta qoʻyildimi, demak — bas, tamom!
— Darrov tamom boʻlgandan koʻra, davom etgani yaxshi emasmi?

Yozuvchi shogirdchasiga qarab daf’atan baqrayib qoladi: «Tamom boʻlgandan koʻra, davom etgani yaxshi... Nimaning? Ajabo!»
— Sendan zoʻr yozuvchi chiqadi-yov! — deya bolaning boshini silab qoʻyadi keyin.

Ana shunday begʻubor, fayzli kunlarning birida, nihoyat, koʻpdan buyon kutilgan, ammo befayz odamning oʻzi paydo boʻladi. Choponi barlarini beliga oʻragan, ishshaygancha kelib u chorpoya chetiga oʻrnashadi. Yozda Chortoqda dam olgan ekan, kecha qaytibdi.
— Eshitgandirsiz-a, domla, — deydi xabarkash suyunchi olmoqchidek, koʻzlari bejo yiltillab. — Siz kasalxonada yotganda qoʻshningiz qamalib qoldi!
— Ie, chatoq boʻpti-ku! Nima ayb qilgan ekan?
— Bu yogʻini eshiting-da, — deydi allanechuk zavq bilan kasofat. — Qamoqda oʻzini osib qoʻyibdi!
— Yoʻgʻ-e?! Shundoq yosh yigit-a? E, shoʻrlik! Attang, attang!
— Qilma — toparsan, deydilar-ku!
— Yormatimiz-chi, u qaerda ekan?
— Yana bir akaxonning pinjiga kirib, ayshini surib yurgandir-da, kim bilsin! E, unaqalarga balo ham urmaydi, domla, oʻylamang! Ular doim suvdan quruk chiqqan, ha! Chortoqqa ketishimdan oldin Oloy bozorida uchratganday boʻluvdim. Aytaymi, kim bilan ekan? Boyvachchaning huv artistga oʻxshagan kenja xotinchasini koʻrgansiz-a? «Mersedes» haydab kelardi-ku. Xoh ishoning, xoh ishonmang, oʻshaginani qoʻltiqlab yuribdi! Qotib kopman-a!
— Qoʻying shunaqa gaplarni! — deydi yozuvchi birdan ta’bi kirlanib. — Manovi shoʻrlikka achinadi odam. Shundoq yigit-a!
— Nimasiga achinasiz, domla, nimasiga? Shuncha mol-dunyo yigʻdi, yedi, ichdi, yurdi, surdi — yetar! Birovga choh qazisang — Oʻzing tushasan, deydilar-ku. Mana — tushdi! Siz esa...

Yozuvchi nogahon titrab ketadi. Oʻqrayadi. Qattiq oʻqrayadi.
— Hammamiz ham oʻlamiz, Jalolxon!

Bu gap «Tur endi, xalaqit beryapsan menga!» degani ham edi.

Shunda hamon yozuv-chizuvdan bosh koʻtarmay oʻtirgan shogirdning «ilhomi joʻshib», ustozini yana savolga tutadi:
— Amaki, soʻroq belgisi zoʻrmi, undovmi?

Aralashqoʻrgʻon

Musofirning oʻrtancha qizini Kattakonning kuchugi qopgani xabari kelganda biz qoʻrgʻon ogʻzidagi qoʻlbola choyxonamizda qartabozlik bilan mashgʻul edik.

Ie, qachon? Qanday qilib? Oʻsal emasmikan? Hamma taajjubda: jonivorning jagʻi bir zum tinmagan edi-ku, akillay turib ham qopar ekanmi?

Hamma birdan gʻazabga mindi.
— Bedodlik! Borib turgan bedodlik bu! — dedi jamoatchi muxbir E.Safar oʻrnidan sapchib. — Bir bechora musofirning bolasini-ya! Yozish kerak! Yozaman!
— Oʻtiring, inim, — deya uni bosib qoʻydi oqsoqol. — Keyin yozarsiz. Darvoqe, bir urinib ham koʻruvdingiz shekilli? Avval bunday bir maslahatini qilaylik. Qoidasi shu.

U har ishning qonun-qoidasini biladi, shuning uchun ham oqsoqollikka da’vogar. Masalan, «Mana shu ariq» deb gap boshlasangiz, «Ariqlik-ka-ku arigʻ-a, lekin ichida suv ham oqadi-da» degan qabilda aql oʻrgatishni yaxshi koʻradi.
— Buni bir balo qilmasak, tinchlik yoʻq, akaxonlar, — dedi daydi shopir. — Oʻzim oʻldiraman! Kuchala topsam, bas!
— Shaharma-shahar yurasiz, bir chimdim kuchala yoki margimush qahat boʻptimi?!

Fan nomzodining 6u gapiga dotsentning azaliy gʻayirligi qoʻzidi:
— Tavba! Kuchala ana — Eskijoʻvada! Surmaning suyugʻiyu ignaning teshigidan oʻtgan tuyagacha topiladi! Kuchala shart ekanmi, jimjiloqdek keladigan igna ham kifoya-ku! Bir changal xamir yo bir tuyur goʻshtga joylabgina!
— Voy, voy, oldin u kasofatga yaqin borishni ayting! — deya vahima qildi fan nomzodi.
— Hovliqmanglar, birodarlar, — dedi doimiy murosasoz oqsoqol. — Avval Kattakonning oldilaridan bir oʻtaylik. Qoidasi.
— Nima deb oʻtasiz u kishimning oldilaridan? — dedi sipo oʻtirgan doʻkondor ensasi qotib. Bugun uning ishi yurishmagan — bir yillik moʻljali amalga oshmay, qoʻrgʻonda ikir-chikir doʻkoncha ochishga doir qogʻozlari atama ulashuvchi idoradan yana qaytgan, jamoatchilik asosida javlon uradigan ezmaroq alloma «Hemiri bir attorlikka Temurxon naslidan boʻlmish sulton Ulugʻbekning muborak nomini qoʻymoq — gunohi azim, supermarket ochsangiz, ana unda oʻylab koʻrarmiz», deya dilini xufton qilgan edi; «Kenja oʻgʻlimning oti — Ulugʻbek» degan vaj-korsoni xisobga olinmadi. Bu yokda esa, hali dargumon yotgan oqsoqollik dastmoyasiga u xam da’vogar. — Xoʻsh, itingizga kuchala yo igna berib oʻldirsak maylimi, deb soʻraysizmi?
— Shunchalik nodon ekanmiz-da, a? — dedi oqsoqol pinhona raqibiga oshkora oʻqrayib. Soʻng asli yoʻq etagini qoqqandek qoʻl siltab chorpoyadan tushdi-da, kasaba uyushmasi a’zolari, yoʻgʻ-e, ahil mahalla ahlini bebosh-etakchisiz qoldirib, hovlisiga qarab joʻnadi.

Oʻzini oʻzi saylagan oqsoqolning ztak silkib ketishi — arazi chorpoyadagilarni hovurdan tushirmadi.
— Kattakonning shpioni bu odam! — deb qoʻydi uning ortidan doʻkondor.
— Qandoq bedodlig-a! — derdi kasbi yuzasidan ham adolattalab E.Safar figʻoni oshib. — Shoʻrlikning bolasi!
— Boz ustiga, musofir boʻlsa!
— Shuni ayting! Ota bolam-chaqam deb ertayu kech toʻrva koʻtarib poy-piyoda bozorga qatnagani qatnagan. Oʻzi bor-yoʻgʻi manovi sanatoriyga qorovul. Pulni qayoqdan toparkan-a?

Kimning qayoqdan nimani qanday topishi ham bizning mavzumiz zdi.
— Oʻzi shu odam nega musofir? Qay goʻrdan kelgan? — deb qoldi daydi shopir.
— Kim bilsin, biror poyiz-moyizga osilib kelgan-da, keyin musofir atalib ketgandir, — dedi oʻzi ham asli allaqayoqlik boʻlgan dotsent. — U yogʻini soʻrasangiz, hammamiz ham musofirmiz, ogʻayni. — Keyin alohida bir ta’kid bilan qoʻshib qoʻydi: — Bu dunyoda.

Xuddi devor ortida turib bu gap-soʻzlarni eshitgandek, shu payt qoʻrgʻon darvozasi ogʻzida musofirning oʻzi koʻrindi. Boʻlgan kor-holdan bexabar, odatdagidek, yelkasida bozortoʻrva, parvoyi falak, munkaygancha loʻkillab kelyapti.

Hamma birdan hushyor tortdi. Lekin hech kim ogʻiz ochib churq etmasdi. Nima desin? Hali hodisaning tafsiloti aniq emas. Balki, kuchuk anchayin bir hamla qilgandir oʻquvchi qizga, qoʻrqitgandir, xolos. Noxush gapga suyunchi olib nima zaril? Mana, oʻzi hozir uyiga boradi, eshitadi, xabar topadi, vassalom.

Chorpoyaga yondosh kelganda yukini yerga qoʻyib, musofir biz tarafga bir ta’zim qildiyu yana toʻrvasini yelkalab qoʻrgʻon oralay yoʻrtib ketdi.

Hamisha shunday: salomini beradi-da, oʻtadi-ketadi. Koʻchib kelganiga bir yillardan oshgan, ammo mahallaga aralashmaydi. Aralashgulik holi ham yoʻq — musofir-da.

Oʻzi bir gʻarib musofir-u, ajabtovur koshonada yashaydi. Aytishlaricha, kattaroq lavozimda oʻtirgan prokuror qarindoshining pinhona hovlisini yomon koʻzlardan qoʻriqlash uchun atay koʻchib kelgan bu yerga. Qaydam, qoʻrgʻonda bunaqa hovli-joy yagona emas: kimdir-birov nomigagina yashab turadi, asl egasini esa dunyoga jar solib axtarganda ham topolmaysiz!

Qarang, shunday koʻrimsiz, pachoqqina odamning husnda biri biridan ziyoda uch qizi borki, qoʻrgʻondagi jami boʻzbola shularga oshiqu shaydo! Mana, endi oʻsha qurmagurlarning oʻrtanchasiga Kattakonning arzanda iti chang solib oʻtiribdi!

Ota boriboq qoʻngʻiroq qilgan shekilli, bir mahal qoʻrgʻon darvozasida «Tez yordam» moshinasi paydo boʻldi. U chorpoya yonidan shuvillab oʻtib bogʻkoʻchaga shoʻngʻidiyu hayal oʻtmay iziga qaytdi. Moshinaning yon derazalariga oq parda tutilgan, ichida kimlar borligini koʻrib boʻlmas edi.

Davrada hodisaning tafsilotiga qiziqish kuchayib turganda doʻkondorning qayoqqadir otlangan yasan-tusan xotini oʻtib qoldi. Tergamoq uchun uning yoʻlini toʻsib chiqqan er qaytib kelib, masalaga uncha-muncha oydinlik kiritdi.

Endi ma’lum boʻlishicha, kamxarj qoʻlga ul-bul berib, albatta, Kattakon hovlisini qoʻriqlashni, tabiiyki, anovi jagʻing tinmagur la’natiga ham ovqat-povqat tashlab turishni musofirga topshirib qoʻygan ekan. Qiz shoʻrlik suyak-puyak koʻtarib borsa, koʻcha boʻyidagi panjara bilan oʻralgan bogʻchada bogʻlogʻliq yotgan kasofat yechilib ketganmi, gʻippa tish solibdi! Qaeriga? Ishkal, ishkal. Harholda, qiz bola, nozikroq joyi emish.
— Obbo-o! — Otashin E.Safar sakrab joyidan turdi. Nafaqaga chiqqunicha jamoatchi muxbir maktabda boshlangʻich sinflarga dars bergan, bunga tugʻma jizzakiligi ham qoʻshilib, xiyla asabiy boʻlib kolgan edi. — Bu ishga endi koʻz yumib boʻlmaydi, oʻrtoqlar, darhol bir chorasini koʻrishimiz kerak! Men — yozaman! Kattakon boʻlsa — Oʻziga! Bu nima bedodlik, axir?!

Davra ahli battar mutaassir boʻlib, junbushga keldi. Endi qartabozlikka ham xush qolmagan edi. Barchaning koʻnglida mubham bir isyon hissi alangalanar, lekin aniq nima qilmoq kerakligini hech kim bilmas edi.
— Bugunoq kuchala topmasam, meni bu davrada qaytib koʻrmaysizlar! — deb yubordi olis manzillarda chambarak aylantirib yuraverish jabridan chapaniroq boʻlib ketgan daydi shopir. — Aytib boʻladimi, bizdayam churvaqadan uch-toʻrttasi bor!
— Halitdan oqsoqollik talashguncha, manovi kuchuk masalasini hal qilishni oʻylash kerak, — dedi tabiatan muloyimroq fan nomzodi kutilmaganda. — Kelinglar, kimki shu kuchukni bir yoqli qilsa — Oʻsha bizga oqsoqol, oʻshani saylaymiz! Gap shu!

Hukmdek yangragan bu gapdan hamma lol, birin-ketin chorpoyani tark etdik.

* * *

«Biz» deganimiz — biz, E.Safarning ta’biricha, «mana shu xalqning bir boʻlagi». Muxbirimiz toʻgʻri aytadi: sobiq kasaba uyushmasi arbobi — oqsoqol, negadir kamdan-kam odam oʻqiydigan sersahifa gazetaning jamoatchi muxbiri E.Safar (xat-xabarlari shunday imzo bilan chiqadi), ikki nafar fan nomzodi (biri dotsent), «uch-toʻrt churvaqa»siga rizq qidirib yurt kezadigan daydi shopir, yangi zamondan ruhlanib, koʻzi tushgan joyda doʻkon ochishni maqsad qilgan doʻkondor va hokazolar — xalq boʻlmay nima?!

Biz shanba-yakshanba kunlari goh choshgoh, goh oqshom chogʻi mana shu qoʻlbola choyxonamizda toʻplanib qartabozlik qilamiz: «durak», «pirra» deganday. Doʻkondor aralashib qolganda oʻrtaga pul-mul ham tikiladi. Mahallamizning toʻngʻich fuqarolaridan hisoblangan oqsoqol sermeva hovlisidan bir likob olma yo uch-toʻrt bosh uzum koʻtarib keladi. Choy koʻpincha yaqinroq manzildan — yonma-yon yashaydigan ikki fan zahmatkashining uyidan chiqadi. Galma-gal. Qip-qizil «Damas»ida shahardagi «toʻchka»laridan xabar olib qaytgan doʻkondor yonimizdan oʻtayotib bir-ikki shisha anovi sabildan tashlab ketadi. Keyin pomidor-bodring koʻtarib xonaki kiyimda oʻzi ham safimizga qoʻshiladi. Hali roʻyxatdan oʻtmagan boʻlsa-da, bippa-binoyi, beminnatgina choyxona!

Oʻyin asnosi undan-bundan gurung ketadi. Asosan, qoʻrgʻonimizni tezroq mahalla sifatida rasmiylashtirish, choyxonamizni epaqaga solib, atrofini obodonlashtirish, iloji boʻlsa, kelajakda yoniga ixchamroq bir hujra ham qoʻshish kabi hozircha xom xayollar. Xoʻsh, kim qiladi bu yumushlarni? Mahallani roʻyxatdan oʻtkazishni-ku muxbirimizga yuklasak boʻladi: tilli-jagʻli, qoʻlida qalami bor, oʻzi ham chaqqongina. Boshqa masalalarda kimdan imdod soʻrash kerak? Ie, Kattakonimiz-chi! Bizga qoʻshilib qarta oʻynamasa ham, oʻzidan bilib, mana, qoʻrgʻonning ogʻzini ikki yondan silliq gʻisht bilan bejirim qilib koʻtarib, gajakdor temir qopqa oʻrnatib berdi-ku, bu yogʻiga ham qarab turmas! Mahallada elektr, gaz yo telefonga aloqador nimaiki muammo yoki chiqim boʻlsa — doim shu odam balogardon. Dalolat qilib borgan oqsoqolimizdan surishtirib ham oʻtirmay, darrov choʻntak kavlaydi. Ha-a, nimasini aytasiz, zoʻr odam, olijanob! Faqat shu kuchugi bezor qildi-da, it egasiga oʻxshamas ekan.

Iya, oshini yeganingizdan keyin oʻchogʻining tutuniga ham chidaysiz-da, bratan! Chidaymiz, chidaymiz, quloqlar ham oʻrganib qoldi oʻzi. Shugina bir zum akillashdan toʻxtasa, nimasinidir yoʻqotganga oʻxshaydi odam. Bu ham mahallaning bir fayzi-da. Mayli, akillasa — akillayversin, vovullasa — vovullayversin. Kuchuk boʻlgandan keyin akillaydi-da — vazifasi. Qaytaga yaxshi — zamon qaltis, har xil yot nusxa bu yoqlarga doriyolmaydi. Akillasin! Shunday deysiz-u, ammo rosa...

Nihoyat, asosiy masalaga oʻtiladi. Mahallaning nomi-ku tayin — «Aralashqoʻrgʻon», bunga atama ulashuvchi anovi idora e’tiroz bildirmasa kerak; xoʻsh, oqsoqollikka kimni saylaymiz? Ana shunda davra bir qalqib, ikki tarafga boʻlinadi. Oʻrtadagi koʻziru joʻker, chilligu tappon-mapponlar aralashib-chalkashib ketadi. Oʻyin oʻz-oʻzidan barham topib, har ishning qoida-rasamadini biladigan, nimagadir rahbarlik qilmasa turolmaydigan oqsoqolimiz bilan davri kelib doʻkondor boʻlgan qoʻshnimiz goh pinhona, goh oshkora choʻqisha boshlaydi. Unisi rahbarlik tajribasini pesh qiladi, bunisi — temir sandiqqa bosayotgan sarmoyasini. Biz — tomoshabin, biz — muallaq bir tarafkash. Aslida, bizga baribir. Biz — oddiy xalq-da!

Tajribakor oqsoqolga qarshi zamona zayliga mos ilgʻor fitna usullarini qoʻllab mohirona kurashayotgan doʻkondor dam-badam koʻrkam chorpoyaga koʻz qirini tashlab, panjara boʻyoqlarini silab-silab koʻyadi.

Chorpoya — benihoya kengish, bahaybat, baquvvat. Boz ustiga — naqshinkor, qadimiy, shohona degulik. Buni chegaradoshimiz boʻlmish tashlandiq dam olish uyidan yetti-sakkiz kishi arang koʻtarib kelganmiz. Toʻgʻrirogʻi, devordan oshirib olganmiz. Bepoyon bogʻning shox-shabba bosgan xilvat bir goʻshasida oyoqlari sinib, boʻyoqlari koʻchib yotgan edi. Dastlab buning daragini keltirgan — daydi shopir. Toliqtirarli safarlardan qaytganida u churvaqalarining chugʻur-chugʻuridan qochib temir-beton devordan lippa osharkanu soya-salqinda qiyshayib yotgan mana shu shaloq chorpoyada uxlay-uxlay miriqib olar ekan. Bekor yotgan bu matohni mehnatkashlar tasarrufiga oʻtkazish tashabbuskori esa, tabiiyki, sobiq kasaba uyushmasining xalqparvar arbobi — oqsoqol edi. Qolgan dahmazalarni, oʻz navbatida, doʻkondor zimmasiga oldi. Oʻzi bosh boʻlib chorpoyani qayta ta’mirlatdi, ustma-ust ikki qatla zangori tusga boʻyatdi. Qarabsizki, futur yetgan, yaroqsiz bir uyum yogʻoch, bamisoli, loʻlilarning qoʻlidan oʻtib bozorga chiqqan qoʻtir-qirchangʻidan guldek samanga aylandi-qoldi. «Bosh usta»ning surbetlarcha pisandasiga koʻra, bu ishga yarim «koʻba» asil taxta, olti kilocha nemis boʻyogʻi sarflanganmish. Qani, sendan nima chiqdi, mirquruq oqsoqol?

Dotsentimizning lof urishicha, bir zamonlar dehqondan yetishgan, eski chorigʻini eshik tepasiga osib qoʻyib, muhtasham mansabxonasiga kirganda ham, chiqqanda ham peshonasini urib oʻtadigan doʻlvor davlat arbobi mana shu chorpoyada yonboshlab choyxoʻrlik qilishni yaxshi koʻrar ekan. Ishchi-dehqon saltanatini mustahkamlash tashvishlaridan horigach, biqiningizdagi xumchoynakda «raisi» choy, tepangizdagi asriy argʻuvon yaproqlariga tikilib, porloq kela-jak haqida shirin xayollar surish qandoq maza, qandoq huzurbaxsh! Bugun esa, mana, shu chorpoyada biz oʻtiribmiz — Oʻsha bobomiz orzu qilgan zamon vakillari. Oʻrtada qarta, fikru zikrimiz — kimnidir «ahmoq»qa chiqarish. Tuzni joyiga qoʻyib qoʻying! Ha-a, ana shunday! Valet koʻzir sizdanmi? Koʻtarasiz, davay! Hozirgina damangizni bosdim-ku! Koʻz bormi, koʻz? Gʻirromlik ham evi bilan-da, oʻrtoq! Yoʻq!

Yoʻq dedimmi, yoʻq! Mening qoʻlim edi! Boʻlmasa, qarta qaytadan suziladi, tamom! Mana, oʻzim bir chiylab beray!

Bu olaquroq toifa qaydan paydo boʻlgan oʻzi?

Uzoq yili shahardagi uy-joyimiz yangi «halqa» yoʻliga tushib, bizga mana shu manzildan yer tekkan edi. Markazdan chetroq boʻlgani sabab, qurbiga qarab-da, kelgan — keldi, qurgani — qurdi; kelmagani, qurolmagani birovga «hadya» qildi, sotdi, almashtirdi, xullas, ajabtovur bir jamoa, maskan barpo boʻldi. Sersuv, unumdor yerlar. Bittagina imzo bilan bunaqa koʻrkam ma’voni bizga oʻxshaganlarga tortiq qilib yuborgan amaldor, chamasi, yo shinam mansabxonasidan chiqib kelib qarovsiz yotgan bu «tupkaning tubi»ni koʻrishga eringan, yo E.Safar toifasidagi gʻalvachilardan tezroq qutulish maqsadida arzanda imzosini bosganu yuborgan. Agar charvisi erishidan qoʻrqmay azza-bazza kelganida, uch-toʻrt yil domanasida qandoq obod maskanga aylanishini hechqursa bir tasavvur qilib koʻrganida bormi, bu atrofda minba’d bizdaqalarni uchratolmas edingiz! (Lofchiroq dotsentning aytishicha, bir asr muqaddam bu yerlar mashhur Mirzakarimboyning huv Yoʻlchivoy gʻayrat koʻrsatgan serhosil ekinzori boʻlgan emish. Qaydam, buning toʻgʻri-notoʻgʻriligini Oybek domla tirik boʻlganida, oʻzlaridan soʻrash mumkin edi — bugun esa ishonmoqdan oʻzga chorangiz yoʻq.) Bir tomoni dongdor dam olish uyining devori bilan toʻsilgan, bir tomoni — serdaraxt sanatoriyga tutash. Etak tarafda esa qatorlashib imorat tushgan. Tap-tayyor qoʻrgʻon-da! Kimdir bu joy ahlini qurama, aralash degandek gap qilgan ekan, mahallaning nomi oʻz-oʻzidan «Aralashqoʻrgʻon» boʻlib ketdi. Toʻgʻri-da, daydi shopiru oddiy nafaqachidan tortib, sobiq vaziru vahimali prokurorlargacha shu yerda!

* * *

Musofirning qizini it qopmaganda biz hali-veri, kun tikkaga kelmaguncha oʻrnimizdan qoʻzgʻalmas edik: shanba kuni, bekorchilik, jaydari gurung, oʻyin zavqi!

Oʻtiraversak, tushdan nari qoʻrgʻon darvozasida kumushrang «Lasetti» moshinasi koʻrinadi. Kattakon! Shunda hamma birdan sergak tortadi, kimdir joyidan nimxez boʻlib, kimdir qoʻlini beixtiyor koʻksiga yuborib ehtirom koʻrsatadi — katta odam-da!

Orqa oʻrindiqqa joylashib olgan Kattakon, qansharida qora koʻzoynak, biz tomonga horgʻin oʻgirilib, nishonxoʻr dohiy taomilida erinchoqqina qoʻl toʻlgʻab qoʻyadi: haliyam oʻtiribsizlarmi, hay, oʻtiraveringlar!

Uning izidan birov havas, birov hasad bilan, kimdir esa zavq, allaqanday umidvorlik aralash tikilib qoladi. Ba’zida bir chimdim gʻiybat ham qilib olamiz, lekin beozorgina: bilib boʻladimi, oramizda aygʻoqchisi oʻtirgandir!

Bugun esa chorpoyada odam yoʻq edi, uning tashrifidan hech kim xabar topmadi. Chorpoyani kimsasiz holda koʻrib oʻzi ham taajjublangandir. Boʻlgan hodisadan hali gʻofil-da.

Kattakon deganimiz aslida xipchagina, oʻrtamiyona jussali bir odam. Lekin dami-siyosati zoʻr! Aytishlaricha, yaqin-yaqinga qadar vazir boʻlgan ekan. Hozir ham chakana emas — vazirlikdan-da moyliroq, chala, yoʻgʻ-e, deyarli shaxsiy bir dovrugʻdor korxonaning xoʻjayini emish. Roʻbaroʻ kelganingizda boshini bir yonga solintirib, aftingizga taajjublangandek, ammo beozor tikilib turaveradi. Bunday paytda uncha-muncha odam undan savol soʻramoqqa ham jur'at etolmaydi. Goʻyoki soʻz boshlasa, qandaydir xunuk bir hol sodir boʻladigandek, baayni osmon uzilib yerga tushadigandek tuyulaveradi. Oʻzi esa salom-alikdan boʻlak gap gapirmaydi. Vazmin, indamas. Yo pisand qilmasmikan? Ishqilib, sirli odam. Kattakon-da!

Kattakon kunda-kunora, koʻpincha kechki salqinda kelar, boshida yosh-yalang rasm qilgan soyaboni serbar qalpoqcha — beysbolka, kalta shim — shorti kiyib olib itining atrofida girdikapalak boʻlib yurar edi. Goh asilzoda seru sinorlar misoli, zanjirlarini shiqirlatib arzandasini sayr qildiradi, goh shunday salobatli odam irgʻishlab u bilan oʻynashadi, goh, labida sigaret, buklama kursichasida jonivorga oʻychan tikilib uzoq-uzoq oʻtiradi. It jinnisi!

Bu erkatoyni sayr qildirish marosimini koʻrsangiz! Avval, yaqinlashayotgan balodan ogoh etmoqchidek, Kattakonning sersalom haydovchisi oʻn-oʻn besh qadam narida uchragan qoʻni-qoʻshnini chetga surib, yoʻl ochadi. Hamma devor-devorga qapishib qolgach, gardanida — yaltiroq piston qadalgan endor charm boʻyinbogʻ, har tarafga qarab irillay-vishillay, xoʻjasi yetagida savlat bilan itning oʻzi oʻtadi.

Boz ustiga, har kuni ayni choshgoh mahali baland darvoza oldida kumushrang «Lasetti» paydo boʻlib, yoʻlda ketayotib ham qoʻrgʻonda koʻringan odamga qoʻlini koʻksiga qoʻyib salom beradigan keksaroq haydovchi Sindbodga (itning laqabi shunday) azza-bazza ovqat keltirishini ayting! It shundagina, tumshugʻi tagidagi taomga andarmon boʻlibmi, bir dam akillashdan tinadi. Qoʻrgʻon ahli esa birdan hushyor tortib, xavotirga tushadi: nima gap, tinchlikmikan?

Gap shundaki, Sindbod bir kecha-kunduzda ikki martagina omonat tanaffus bilan vakillashdan toʻxtaydi. Xoʻjayini yoki sersalom haydovchi kelganida va qoʻrgʻon ahli uyquga ketganda. Darvoqe, shunda ham tinmaydi, negaki, uxlayotgan odamni tushida it quvlashi mumkindir, ammo bu paytda u akillash sasini eshitmaydi.

E.Safarning muvaffaqiyatsizlikka uchragan (faktlari tasdiqlanmadi!) tanqidiy maqolasidan keyin hamma «Kattakonning kuchugi» deb atay boshlagan bu maxluq aslida jimitdekkina laycha yo joʻn-jaydari koʻppak emas, nakd yoʻlbarsdek keladigan bir balo! Jazavaga tushib vovullaganida ovozi qoʻrgʻondagi jami imorat devorlarida akslanib, chor atrofdan baravar sado beradi — xuddi quturgan itlar galasi ichida qolgandek boʻlasiz!

Kattakonning oʻzi bu yerda muqim yashamaydi. Hatto bir kecha ham kelib yotmagan. Goho hordiq kunlari kalta-kulta kiygan bir toʻp zamonaviy yigit-qiz qiy-chuv bilan basseynni boshiga koʻtarib shalop-shulup choʻmilib ketishini aytmasa, uyda deyarli odam boʻlmaydi.

Qoʻrgʻon ichida bir «ichan qal'a»dek bu hovli mahallaning etak tarafida. Asli ikki yil burun qamalib, qamoqda oʻzini osib qoʻygan huv nomdor boyvachchaning koshonasi edi bu. Hovli endi goʻyoki mana shu battol it uchungina sotib olingan — u koshonaning qoʻriqchisi emas, koshona uning atigi bir boshpanasi edi.

Kattakonning mahallaga aralashmasligiga sabab dimogʻdorligidan emas, avvalo, koʻp ishli odam, bekorchi qartabozligu safsata sotib oʻtirishga fursati yoʻqdir. Hovlisiga keladi-da, birpas kuchugi bilan tillashib, koʻngil yozib ketadi, vassalom. Navroʻz arafasimidi, halfana osh qilmoq boʻlib uni ham taklif etdik. «Shungayam maydalashib oʻtiradimi?» deya, odatdagidek, yonidan kattagina pul chiqaribdi. Masalaning mohiyati tushuntirilgach esa, buni rasmiyroq bir tadbir fahmlagan chogʻi, rostmi-yolgʻonmi, oqsoqolning pichirlab axborot berishicha, «Gapiramanmi? Nima deyin? Galstuk-palstuk taqish shart emasmi?» deb soʻragan emish. «Qoʻying-e, hali shorti-porti kiyib anovi boʻribosarini ham yetaklab kelmasa edi!» dedi kimdir ensasi qotib. Yoʻq, na oʻzi, na boʻribosari koʻrindi — kelmadi. Shu-shu, biz ham koʻnikib ketdik: sen — Iso, men — Muso.

Ammo insof bilan gapirganda, Kattakonning birovga ziyoni yoʻq. Aksincha! Mahalla ahli nomidan uni-buni vaj keltirib, oqsoqol undan pul undirgani undirgan. Juda saxiy, serhimmat odam. Qoʻrgʻonda biron bir yoʻsinda hamiyat koʻrsatmagan xonadoni yoʻq hisobi. Kim darvozasi yonida uyulib yotgan tsementidan soʻraydi, kim — qolgan yogʻoch-taxtasini, kim — tashqari bogʻchasida sarjinlab qoʻyilgan guldor gʻishtiga ishqiboz, yana birov — omborxonasidagi ortib qolgan antiqa kafeliga. Xuddi nimadir aybi uchun barchadan qarzdordek, indamay borini chiqarib beraveradi. Alomat hotamtoy!

Kattakonning himmat eshigini dastlab ochgan odam mana shu oqsoqolimiz boʻladi.

* * *

Endi-endi namozning mashqini olayotgan oqsoqol tutila-tutila peshinlikni oʻqib dahlizga chiqqanida, «ta’til kunlari buvisiga yordamga kelgan» qiz nevarasi burchakda turgan telefon goʻshagini tutqazdi:
— Anuv, dotsent amaki.
— Ha domla, yana nima gap? — dedi oqsoqol goʻshakni qulogʻiga tutarkan, ensasi qotibroq. Nima gapligini eshitib bilgach esa, soʻradi: — Bu pismiqi shart kimdan chikdi oʻzi?
— Aytsam, ishonmaysiz — qoʻshniginamdan! — dedi dotsent allanechuk badxohlik bilan.
— Kesakdan — Oʻt deng? U kishimga nima ekan? Yo savdogar bilan biron oldi-berdisi bormi?
— Unisini bilmadim, oqsoqol, lekin dotsentlikka oʻtolmay alamzada boʻlib yurgani aniq. «Publikatsiyam yetmay qoldi», deydi-yu, aslida buningizning kavushi toʻgʻrilab qoʻyilgan!
— Anovi olibsotar nima qilmoqchi ekan, xabaringiz yoʻqmi?
— Hali eshikda turgan edim, «Damas»ini gʻizillatib shaharga joʻnadi. Doʻkon-poʻkonida bir kor-hol roʻy bergan koʻrinadi.
— Besh qoʻlingni ogʻzingga tiqmay oʻl deng!
— Bu yogʻi endi oʻzingizga qoldi, oqsoqol, — dedi xabarkash ruhlantiruvchi ohangda. — Boʻshashmaysiz! Biron chorasini topish kerak, ha! Bilasiz, biz — siz taraf. Oʻshanda bizning devor masalasi ham hal boʻlib qolar-a, nima dedingiz?
— Hay, bir gap boʻlar, domla, — deya goʻshakni joyiga qoʻyarkan, oqsoqolning xunobi oshdi: — Kampirning dardi — Gʻoʻzada. Bir qarich yerni deb qachondan beri boʻgʻishasanlar. He, olim boʻlmay oʻllaring!

Oqsoqol eran-qaran hovliga chiqib, ayvon chetida pomidor tuzlab oʻtirgan kampiridan soʻradi:
— Kenjang koʻrinmaydi? Yana biqinib olib she’r toʻqiyaptimi?

Rostdan ham, boya choyxonadan kelganidan buyon shu bolaga koʻzi tushmadi. Ta’tili boshlangach, qachon qaramang, ayvon devoriga oʻrnatilgan koʻzgu oldida qoʻqqayib turib sochini taragani taragan. Ota ertalab bogʻ etagida betartib qalashib yotgan anovi temir-tersakni saranjomlab qoʻyishni buyurgan edi. Bari oʻsha-oʻsha ahvolda turibdi.
— Hali podvalga tushib ketgani, salqin deb. Boshi ogʻriyotganmish. Sizdan sal oldinroq allatovur boʻlib kirib keldi. Rangi oʻchgan. Qaydam.
— Chaqir!

Zinapoyada sochi hurpayib ketgan yoqavayron oʻgʻlini koʻrib oqsoqolning battar jigʻibiyroni chiqdi:
— Nima qilib yotibsiz, shoir?
— Nima qilay? — dedi oʻgʻil koʻzini ishqab. — Doim masxaraga olaverasiz!
— Bugun sochlari taroq koʻrmaganday?
— Hadeb tarayveradimi, deb urishasiz-ku oʻzingiz!
— Davangirdek yigitning bekor shalpayib yurishini qarang!
— Nima qil deysiz, ayting! — Oʻgʻil kutilmagan-da hoʻngillab yubordi. — Shoir-shoir deysiz, nima, anaqaga oʻxshaymanmi?!

Oqsoqol birdan boʻshashdi, ammo zahrini oxirigacha sochmay qoʻymadi:
— Mana shunday sasib yotaver! Yigit emish! Yigit degani biror ish koʻrsatmasa, yigit ekanmi?! Qoidasi.

(Shunchaki, otalarcha bir javrash yoʻlida ogʻzidan chiqib ketgan bu gapiga u keyin rosa pushaymonlar yedi.)

Oqsoqolning boshi qotgan, oʻzi ham nima qilishini bilmas edi. «Kimki shu kuchuk masalasini bir yokli qilsa — Oʻsha bizga oqsoqol!» debdi-ya anovi pismiq koʻzoynak! Oʻrgildim sizday saylovchidan!

Rostini aytganda, azaldan oqsoqolning kattakonlarga toqati yoʻq. Kasaba uyushmasi rahbari sifatida u umr boʻyi oddiy mehnatkashlarning manfaatini himoya qilib, zavod direktorlari bilan olishib kelgan. Afsuski, doim yon bermoqqa, murosaga majbur boʻlgan. Aks holda, oʻsha jonajon mehnatkashlarning oʻzi unga qarshi chiqishi, navbatdagi saylovda nomzodini qoʻllamasligi tayin edi.

Xoʻsh, bugun-chi? Toʻppa-toʻgʻri Kattakonga roʻbaroʻ boʻlib, «Gap bunday, aka, kuchugingizni gumdon qilasiz — mahalla-koʻyning talabi shu!» deb shartta ayta oladimi?

Aslida, bu — qulay bir imkoniyat. Shu ishning uddasidan chiqolmasa — Aralashqoʻrgʻonda obroʻ-e’tibor ham yoʻq, oqsoqollikni ham tushingizda koʻraverasiz!

Oqsoqol xud-bexud, ozoda engil-boshi bilan nevaralari tuprogʻini oʻynatib yuborgan yalang hovli sahniga oʻtirib qoldi.

Bor-budini mana shu zormonda hovliga sarflab, oqsoqol bultur bir masalada tang ahvolga tushgan edi. Boyagi erkatoy bir amallab oʻqishga ilindi-yu, shartnoma pulini toʻlashga kelganda qoʻl savil kaltalik qildi. Boz ustiga, yordami tegdimi, tegmadimi, oʻrtada turgan bachchagʻar ham kattaroq soʻragan edi. Shahardagi ikki akadan esa roʻshnolik yoʻq, xotinlari oʻrab-chirmab olgan. Ana shunda nochor qolgan oqsoqol, qoʻshnichilik bahona, baxt — tavakkal, bir oqshom Kattakonning hovlisiga oʻtib bordi. Uy egasi, odatdagidek, itini oʻynatib oʻtirgan ekan. Hol-ahvol soʻrashuv asnosi «qurgʻur shartnoma»dan soʻz ochganida Kattakon buklama kursisidan vazmin qoʻzgʻalib, kalta shimining orqa choʻntagidan shartta bir dasta koʻk qogʻoz chiqardi. Vahimaga tushgan oqsoqol «Yoʻq, yoʻq, naqdi kerak emas!» deya turib olgach, bir haftaga qolmay korxonasidan shartnoma haqini koʻchirib berdi. «Qarzdor boʻldik-da, ikki-uch oygina sabr qilarsiz» degan oʻtinchga u «E, qoʻyavering, qoʻshnichilik-ku!» deya beparvo qoʻl siltab qoʻygan edi. Bundan tashqari, uning mahallaga koʻrsatgan beminnat marhamatlari-chi!

Shuncha gapdan keyin qayga borib boʻladi, musulmon? Yana deng, ertangi oqsoqollik masalasi ham Kattakonning damisiz bitmasa kerak! U tutun qaytarsa, tamom, ishning pachavasi chiqadi.

Bogʻ tarafdan, qoʻlida likobcha, yerga toʻkilgan oʻrik qoqilarini terib kelayotgan kampiri oqsoqolni bu alfozda koʻrib, sarosimada qoldi:
— Voy, bu nima oʻtirish?! Nima qildi sizga?

Shu chogʻ derazadan nevarasining chinqiroq ovozi eshitildi:
— Dedul, dedul! Sizni anuv muxbir amaki chaqirvottilar!

* * *

Aralashqoʻrgʻonda Kattakondan hech nima undirmagan, undan qarzdoru tilqisiq boʻlmagan birgina odam bor edi: E.Safar!

Jamoatchi muxbir uyiga keliboq, boshini changallab Kattakonning kuchugiga qarshi chora izlamoqqa tushdi. Bu baloi baddan eng koʻp jabr koʻradigan oʻzi ekan, oʻylab qarasa. Uyi naqd roʻparada, bir devorni demasa, xuddi oʻzining hovlisida vovullayotgandek — chidab koʻring-chi! Tabiatan tajang emasmi, turib-turib baqirib yuboradi: «Boʻldi-e, padaringga la’nat!» Jonivorning padari betayin; tayini boʻlganda ham bir tajangning oʻshqirigʻini tushunarmidi, parvo qilarmidi! Tushunadigan, parvo qilishi mumkin boʻlgan «dodasi» esa onda-sonda keladi. U keladigan fursatni muxbir yaxshi biladi, bunday mahalda damini ichiga yutadi. Bazoʻr. Chidaydi.

Lekin bir kuni chidayolmadi, toqati toq boʻldi — Oʻtirib olib «Kattakonning kuchugi» degan feletonnamo maqola yozdi-da, oʻzi hamkorlik qilib turuvchi sersahifa gazetaga olib bordi. Tanish muharrir uni oʻqib koʻrib, «Xabar topsalar, akaxonimiz bizdan xafa boʻladilar-a! Bunchalik ekan, bir siqim xamirmi yo goʻshtga igna tiqib oldiga tashlasangiz-ku, olam guliston. Shunga ham gazetami, E.Safar?! — deya matohini qoʻliga tutqazdi. Qalamkashlik vijdoni qoʻzidimi, keyin sal yumshab, maslahat berdi: — Mayli, mana shu moʻ'tabar gazetamizni oldiga toʻshab qoʻying, roziman. Qorongʻi tushishini poylab-da». «Iya, oldiga yaqinlashtirarmidi u battol?!» dedi E.Safar figʻon aralash. Muharrir «bilganingizni qiling» degandek nochorgina yelka qisib qoʻydi. Aftidan, Kattakonning yana bir hovlisi muharririmizning mahallasida, u yerdagi «xonanda»si biznikidan ham «xushovoz»roq boʻlsa kerak.

Jamoatchi muxbir bir muddat oʻzicha arazlab, sinashta gazetasi bilan aloqani uzib ham yurdi.

E.Safar qoʻshni hovlidan kelayotgan muttasil vakillash ostida bosh qotira-qotira, bir yoʻlini topgandek boʻldi. Kattakonga mahalla ahli nomidan ochiq xat yozib murojaat qilish kerak! Modomiki, biror kimsa unga roʻbaroʻ boʻlib, dangal arz qilolmas ekan, shundan oʻzga chorasi yoʻq!

Muxbir bor qalamkashlik mahoratini ishga solib xomaki bir matn tuzdi. Jamoatchilik fikrining ifodasi boʻlmish bu matnda andak lutf, jindak iltimos, zarradekkina talab ham bor edi. Bir joyiga «Afsuski, mazkur it hatto jamoatchi muxbir E.Safarning ijodiy ishlariga xalal bermoqda» degan pisanda ham qistirib ketilgan.

Bu murojaatnoma-iltimosnoma-talabnomaga birinchi boʻlib oʻzi imzo chekdi. Keyin, kechki «choyxonabazm»gacha ham sabri chidamay, birin-birin qoʻshnilariga qoʻngʻiroq qila boshladi.

Doʻkondor shaharda ekan, xotini aytdi. Magazinlaridan birrav xabar olgani ketganmish. Mana shu chala choyxona biqinida ham doʻkoncha ochmoqchi u yebtoʻymas. Bu ishda Kattakondan biror nima undirish ilinji ham yoʻq emasdir. Axir, doʻkonchani bir balolar bilan toʻldirish kerak-ku, aks holda, nomi ulugʻ-u, suprasi quruq bu katalakka kim qadam bosardi?! Qolaversa, unga baribir — soliqchi yo melisaning dami qaytarib turilsa, bir emas, oʻnta it baravar vovullaganda ham parvo qilmaydi u. Doʻkon ochishni oʻylaydi. Fikr-zikri shu bilangina band.

Daydi shopir ham qayoqqadir izgʻib ketibdi. Kuchala qidiribmikan?

Boya choyxonada mardona shart qoʻygan odam — fan nomzodi xatga imzo chekishdan nomardlarcha bosh tortdi. Kattakon unga telefon oʻrnatishda yordam qilgan ekan — uzdirib tashlashi mumkin! Nomzod esa telefonsiz yashayolmaydi: shaharda onasi ogʻir yotgan emish.

Dotsent gapni qisqa qildi:
— Keling, muxbir, shu ishga aralashtirmang meni! Imzobozlikka xushim yoʻqroq. Bachkanalik-ku bu!

E.Safar ham sanchib oldi:
— Ochigʻini gapiravermaysizmi, doʻstim! Kattakon bizning direktor bilan qiloʻtmas qadrdon ekan, deb kerilgan siz emasmidingiz?!

Oqsoqollikka da’vogar esa, murojaatnomani eshitgach, bir muddat oqsoqollarcha mulohazaga berildi-da, soʻng:
— Betamizlik boʻlmasmikan, muxbir ukam? — deya istihola bildirdi. — Harholda, katta odam!
— Katta boʻlsa, itini tiyib qoʻysin-da! Bir kuchukning evini qilolmaydimi shunday odam?!
— Mayli, mayli, qizishmaylik, — dedi oqsoqol tagʻin uning yuziga suv sepgandek. — Bunday qilsangiz-chi, Safarboy — shu arizangiz sal imzosizroq boʻlsamikan?

Muxbir uning oqsoqollarga xos esarroqligidan ranjimadi — hozir buning mavridi ham emas, aksincha, pandavaqiligidan kuydi:
— Imzosiz xat anonimka hisoblanadi, oqsoqol! — Hisoblanaversin, mayli, lekin egasiga yetgani hisob-da!
— Xoʻp, kim yetkazadi?
— Kim? — Oqsoqol yana mulohazaga ketdi. — Azza-bazza qoʻliga berish noqulaymi deyman-ov, muxbir ukam. Shuginani asta eltib darvozasi tagiga tashlab kelinsa qandoq boʻlarkan-a?
— Kim tashlab keladi, xoʻsh?

Oqsoqoldan sado chiqmadi.

— Oʻzlari-da!
— Men?!
— Oqsoqollikka da’vogar boʻlib yurgan sizmi, menmi?!

Goʻshak bir zum jimib qoldi-da, keyin shiq etkizib qoʻyib qoʻyildi.

E.Safar qoʻlidagi qogʻozni parcha-parcha qilib yirtdiyu yugurib hovliga chiqdi, bor ovozi bilan boʻkirib yubordi:
— E, boʻldi-e, padaringga la’nat! Fonogramma degani ham bunchalik jonga tegmas!

* * *

Kechki qartabozlik bazmiga E.Safardan boshqa hamma yigʻilgan. Uning qonbosimi oshib, uyida yotganmish. Battar boʻlsin! Yozgʻuvchi, igʻvogar!

Oramizdan hech gap oʻtmagandek, hammamiz ahil qoʻshni, jonajon ulfat siyogʻida oʻtiribmiz. Oʻsha gurung, oʻsha manzara. Yangiligi shuki, daydi shopirning aytishicha, xonavayron boʻlayozgan dam olish uyiga boshqa direktor tayinlanibdi. Juda «krutoy» emish.

Biroq, serhimmat doʻkondor koʻtarib kelgan obi-novvotga pichoq sanchilgan zahoti favqulodda hol roʻy berdi: qoʻrgʻonimiz osoyishtaligiga «fayz» bagʻishlab turgan Kattakonning kuchugi tuyqus akillashdan toʻxtadi-qoldi! Jimjitlik! Gʻalati boʻlar ekan — zarur bir nimasini yoʻqotib qoʻygandek hamma bir-biriga qaragan, hammaning qulogʻi ding: tinchlikmikan?

Xiyol oʻtib bogʻkoʻcha tarafdan qiz bolaning chinqirigʻi keldi:
— Dedul! Dedu-ul! Sizni babul chaqirvottilar. Tez kelarkansiz! Te-ez!
— Obbo-o, nevara-ku! — Endigina oʻrtadagi qovunga qoʻl choʻzgan oqsoqol oʻrnidan ogʻir qoʻzgʻaldi. — Namuncha? He, babul-dedulingdan seni! Nima gap ekan-a?

Salginadan soʻng nima gapligi ma’lum boʻldi. Aql bovar qilmaydigan gap! Oqsoqolning kenja oʻgʻli naqd Kattakonni otib qoʻyibdi!

Qovun soʻyilganicha, tuz — tuzligicha, valet — valetligicha, koʻzir — koʻzirligicha qoldi, hamma baravariga oʻrnidan turib ketdi.

Rasvo kun boʻldi oʻzi bugun!

Rostdan ham, chorak soatga yetmay, ketma-ket ikkita «Tez yordam» moshinasi zuvillab shu tarafga oʻtdi. Xunuk bir ish boʻlganiga endi shubha yoʻq edi.

Eshitgan borki, nima gapligini bilgisi, voqea sodir boʻlgan joyni oʻz koʻzi bilan koʻrgisi kelar, ammo yaqin yoʻlamoqqa hech kimning yuragi dov bermas edi. Kattakondek odamniki otgan boʻlsa!..

Uncha-muncha tafsiloti kechga boribgina, yolgʻizlikdan koʻngil siqilib, odam koʻchaga chiqqisi, kim bilandir dardlashgisi kelaveradigan zavol pallasi chorpoyaga yigʻilganimizda ayonlashdi.

Oqsoqolning kenjasi Kattakonni otib qoʻygani rost ekan. Lekin u Kattakonga nisbatan biror yomonlik qasdida boʻlmagan, zinhor-bazinhor — anovi la’nati kuchukni oʻldirish maqsadidagina borgan. Sekin hovliga yaqinlashib, koʻcha tomondagi baland, jimjimador panjara bilan oʻralgan bogʻchada jagʻi-jagʻiga tegmay vakillab turgan yaramasni moʻljallab tepkini bosganida nogahon darvozadan lop etib, qoʻlida yaloq, Kattakon chiqib qolgan! Birov oʻq borib uning qoʻliga tekkan, desa, boshqa birov (asta’furulloh!) naqd ogʻziga, deydi. E.Safarning oʻziga oʻxshagan tinib-tinchimasroq xotini Kattakonning ogʻiz-burnidan qon oqqanini devor tirqishi orqali koʻrganmish. Boʻlsa — bordir.

Asli, bunaqa hodisaning guvohi ikkita boʻladi: uni sodir etganlaru tepadagi Egam. Taxmin-tusmollar esa — mingta!

Miltiq-chi, bola miltiqni qayoqdan olibdi? Yertoʻlalarida zanglab yotgan ekan, oʻshani topib obdon tozalabdi, moylabdi, chumchuq otish bahonasida bir-ikki dapqir ishlatib ham koʻribdi. Shundan keyingina... Bu maynaotarni esa oqsoqolga hov bir zamonlar tajriba almashgani Irqutga borganida kasabadosh oshnalari sovgʻa qilgan ekan. Sovuq qurolni oqsoqol oʻshandoq joydan qanday opkelgan deng? Sovgʻa qilgan odam xatlab ham bergandir. Atigi bir mayda-moʻljal ov miltigʻi boʻlsa, koʻtarib kelavergan-da.

Bola-chi, bolaning oʻzi qaerda ekan hozir? Oʻsha zahoti juftakni urganmish. Qayoqqa qochganini hech kim bilmaydi. Jinoyat qilgan-da! Mana, endi oqsoqolimiz koʻchaga chiqolmay, yuragini changallab, ustma-ust dori yutib oʻtiribdi. «Men aybdorman, men aybdorman!» der emish nuqul. Negadir melisaga xabar qilinmabdi bu voqea.

Xoʻsh, shugina oʻspirinning bu darajaga borishi, kelib-kelib Kattakonning kuchugiga miltiq oʻqtalishiga sabab nima oʻzi? Oʻch olmoqchi boʻlgan. Musofirning haligi shoʻrlik qiziga oshiqi beqaror emish-da bola! Keyingi kunlarda unga atab bosim she’r bitib yurgan ekan. E, shunday demaysizmi! Yo tavbangdan ketay, koʻngil deganlari alomat narsa boʻlar ekan-da, a!

Ertasi kuni — biz hamon choyxonamizda oʻtirardik — matrab koʻtargan besh-olti itquvar paydo boʻlib, bu noxushliklarning asl aybdori — Kattakonning yalmogʻizini shovqin-suron bilan yopiq moshinaga bosib ketdi. Shunda qoʻrgʻon bolakaylariga xudo berdi — hov katta yoʻlga qadar moshinaning ketidan vovullab borishdi.

Oradan bir kunmi, ikki kun oʻtib, qoʻrgʻonda hayratomuz bir vahima tarqaldi: eshitdingizmi, Kattakonimiz quturgan emish! Arzanda kuchugidan yuqibdi-da! («Battar boʻlsin! Qilmishiga yarasha!» deganlar ham topildi, qarang.) Erta-indin doʻxtirlar kelib, mahalladagi katta-kichik hammadan qon olib, tekshiruvdan oʻtkazarmish. Demak, musofirning qizi ham... Ha-da, nozikroq joyidan qopgan ekan uning, qirq kun qornidan ukol olib yotarmish-ku!

Umuman, bu savdolarda koʻp narsa noayon, jumboq edi. Hayotda ham shunday emasmi oʻzi?

Kattakonimiz qaytib qoʻrgʻonda koʻrinmadi. Aytishlaricha, koshonasini sotuvga qoʻyganmish. Avval, kimdir-birov uni sotib olibdi, degan gap ham chiqdi. Bekor ekan. Egasi qimmatroq soʻraganmish. Rosa tanti, bagʻridaryo odam edi-ku? Oʻzi hech kimga buyurmagan xosiyatsizroq hovli ekan shu.

Kattakonning gʻoyib boʻlganidan qoʻrgʻonda kimdir xafa — moʻljallagan ne bir ishini bitirolmay kolgan, kimdir xursand — bergan qarzini qistab qolishi mumkin boʻlgan dardisar endi yoʻq. Odamgarchilik yuzasidan unga ichi achiganlar ham topildi, albatta.

Oqsoqolimiz hamon uyida chilla saqlab oʻtiribdi. Koʻngli bezovta. Melisadan odam kelib qolmasmikan deb, dori ichgani ichgan. Oqsoqollik orzularini endi xayoliga ham keltirolmaydi. Oʻgʻil esa allaqayoqlarda qochib yuribdi. Birov Qozogʻistonda emish, desa, kimdir Rossiya tomonlarga ketvorgan, deydi. Ishqilib, noma’lum.

Musofirning oʻrtancha qizini ikki oylardan soʻng ota yurtidagi ammasiningmi, xolasiningmi, tutal-tutal, gʻalcharoq oʻgʻliga yeng ichida uzatib yubordilar. Kim bilib oʻtiribdi — qishloq joy, lozim-pozim kiyib yurar!

Dam olish uyining «krutoy» direktori bir kuni toʻrt ishchisini boshlab kelib, ana shu savdolarning bevosita shohidi boʻlgan alomat soʻrimizni, tarixiy ashyo sifatida, qaytib koʻtarib ketdi. «Hechqursa, boʻyogʻimning pulini bersin!» deya talay vaqt gʻalva qilib yurdi doʻkondor. Bu mashmashani adolatli hal etmoq qasdida qalam charxlab borgan E.Safarni kechqurun direktorning moshinasi oʻlardek mast ahvolda keltirib uyiga tashladi. Shu-shu, dami ichiga tushib ketdi jamoatchi muxbirning.

Ertayu kech akillash sadolariga toʻlib turgan Aralashqoʻrgʻonimiz shu tariqa tinchidi-qoldi.

Kinoqissalar va dramatik asar

Suv yoqalab

Keng-moʻlgina hovli. Uch tomon imoratning oʻrtasi baland ishkom. Ishkomdan naryogʻi kuyuk daraxtzor bogʻ.

Saratonning oxirlari. Sahar chogʻi.

Oʻng qanotda saf tortgan oldi ochiq oshxona, ombor, somonxonayu sayisxonalar tarafdan tosh terilgan yoʻlka boʻylab oltmish besh yoshlardagi devqomat, vajohatli bir odam kelmokda. Yelkasida uzun ok yaktak, qoʻlida mis obdasta — xilvatda tahorat olib qaytmoqda.

U qoʻlidagi obdastani ishkom ostidagi supa chetiga qoʻyib, sement zinapoyadan toʻrdagi uyga kirib ketadi.

Ichkaridan nomoz oʻqiyotgani eshitiladi.

Endi oʻsha kishini supa labida choʻnqayib oʻtirgan holatda koʻramiz. Supa poyida tik turgan xotini Musallam opa obdastani baland koʻtarib, ohista jildiratib suv quymoqda. Suv tomchilagandek imillab tushadi.

Er ana shu suvga tikilib allanimalarni pichirlaydi — kecha koʻrgan tushini soʻzlamoqda.

U pichirlayotir, lekin biz eshitamiz:
— Tavba... Ajab tush! Yigitlik davrim emish. Mana shu supada xuddi mana shu taxlit choʻnqayib oʻtirgan emishman. Tepamda otam, norozi, tanbeh berayotganmish: «Tutni nimaga kesding, besoʻroq? Senu meni toʻydirib, kiydirib turgan daraxt shu edi-ku! Bolaligingda oʻzing shoxma-shox tirmashib tut terib yurarding... He, noinsof!» Rahmatli nimadan norozi ekan, qiziq... Kampir, — deydi u keyin boshini koʻtarib xotiniga, — shu supaning oʻrtasida tut-mutimiz bormidi, eslaysanmi?
— Tut? — deydi Musallam opa anqovsirab, boʻshagan obdastani beixtiyor koʻkragiga bosarkan. — Tutimiz huv ana — bogʻning etagida.

Er ensasi qotgandek unga bir nazar tashlab, oʻrnidan qoʻzgʻaladi.

U supadan tushib, vazmin bosib bogʻ sari yoʻnaladi.

Musallam opaning qoʻlidagi obdasta yerga tushib ketib, sharaqlab qopqogʻi ochiladi, tagida qolgan bir-ikki tomchi toʻkiladi.

Mana, uy egasi, qoʻli orqasida, bogʻini aylanib yuribdi. Bir-ikki daraxtning oldida toʻxtab, tanasini silab-silab qoʻyadi, shoxlariga nazar soladi.

Dov-daraxt barg tashlay boshlagan. Ba’zilari suvsizlikdan quvrab-qovjirab qolgan. Yer tars-tars yorilib yotibdi. Xullas, tashlandiq bir manzilning oʻzginasi!

Bogʻ kezayotgan odam, nihoyat, etakdagi qoʻshni devorga tutashib oʻsgan bujur tut tagiga keladi.

Bahaybat daraxt qarib, tepa shoxlari qurib yotibdi. Xuddi koʻkka qoʻl choʻzib faryod chekayotgan motamsaro kampirga oʻxshaydi.

Unga tikilarkan, uy egasi xomush bosh chayqaydi:
— Bu emas... Hikoyamiz qahramoni mana shu kishi — Bolta Mardon.

* * *

Bolta Mardon darvozaxona oldida, bir qoʻlida ikki buklangan qamchi, xurjunlari qappaygan qashqa otining jilovidan tutib betoqat boʻlib turibdi. U «siyosat» libosida, boshida somon shlyapa!
— Chaqir endi! — deb dagʻdagʻa qiladi oshxona ogʻzida yengining uchini tishlab shumshaygan xotiniga.

Musallam opa bizga koʻrinmayotgan tarafdagi allakimlarga jonhalpida, tahlika aralash ishora qiladi: boʻlinglar, boʻlinglar, baloga qolasizlar!

Chap qanotdagi koʻrkam imoratdan koʻzlarini ishqay-ishqay oʻrtancha oʻgʻil — Qodir chiqib keladi. Qovoqlari shishgan, jigʻibiyron. Orqasidan koʻhlikkina xotini koʻrinadi. Uning qoʻlida sigaret bilan gugurt.
— Shanba kuniyam tinchlik yoʻq ekan-da! — deb toʻngʻillaydi Qodir, yoʻl-yoʻlakay koʻylagini egniga ilarkan. — Baloga qolgan — surnaychi! Anovi toshkentlik bodi qani? Kenja Botir! Boy-chi, boy?
— Biz tayyor, aka! — deydi «ota uy»ning zinapoyasida turgan Botir kerishib.

U kechagina kelgan — Toshkentdan atay chaqirtirilgan! Kiyim-boshida, navqiron qiyofasida shunga yarasha bir ohor. Lekin oʻzi xomush, oʻychan.
— Boyvachchangniyam aytdingmi? — deb soʻraydi Bolta Mardon hamon jonsarak bir koʻyda turgan xotiniga oʻqrayib.

Chap tomon devor uzra yuksalgan hashamatli qoʻshni shiyponda toʻngʻich oʻgʻil — Amirning boʻy-basti koʻrinadi.

U sportcha kiyimda, qoʻlidagi toshlarni oʻynatib mashq qilmokda.
— Ha, dada, toʻyga tayyorgarlikmi? — deydi kenja ukasiga koʻz qisib.
— Bogʻning ahvolini koʻr, oʻgʻlim! — deydi Bolta Mardon daf’atan shashtidan tushib. — Daraxtning ham joni bor axir, qargʻaydi.

Amir qoʻlidagi toshlarini asta qoʻyib, panjaraga suyanadi.
— Shungayam ovora boʻlib yurasizmi? Toʻrt-besh moshina suv yuboraman — olam guliston-da!
— Biror moshina benzin ham qoʻshib yuborsang ziyon qilmasdi! — deydi Qodir piching bilan.
— Iya, Qodirboy, bosh ogʻriyaptimi deyman, — deya aka ham achitmoqchi boʻladi.
— Benzin sabilning hidi yomon-da, ogʻrimoq tugul, birdan aylantirib tashlaydi boshni!
— Ha boʻldi, boʻldi endi! Aravakashligingizni biling siz! — deydi Amir ukasini jerkib. — Toʻrt-besh moshina suv nima boʻpti, dada! Ovora boʻlib suv yoqalab yurmanglar deyman-da.

Bolta Mardonning figʻoni chiqib ketadi:
— Ota-bobong moshinada suv tashib tomorqa sugʻorganmi, inson?!
— Sizlar bilan borardim-u, — deydi Amir boʻshashib, — bugun Termizdan kattamiz kelmoqchi. Kechqurun uyda...
— Bormasang — borma! Men seni ne niyatlar bilan doʻxtirlikka oʻqitib edim-a. Esiz, esiz!
— Dada, men oʻgʻrilik qilayotganim yoʻq-ku!
— Unisini bilmadim-u, lekin dunyoda shunday kasb-hunarlar bor: oʻgʻrilik qilsang-qilmasang — Oʻgʻriga oʻxshayverasan!
— Hech shu fe’lingiz qolmadi-qolmadi-da, dada. Ertalabdanoq odamni...
— Hah, seni zamonga boq deb oʻrgatgan otangga la’nat! — deydi Bolta Mardon achchiq bilan otini darvoza tomon yetaklab.

Amir shiyponida soʻppaygancha qoladi.
— Dada-a...

Guzar koʻchasi.

Bolta Mardon otda, odatlanganidek, savlat toʻkib boryapti. Yelkalarida belkurak, ikki oʻgʻil orqasidan kelyapti.

Ota-bolalar suv yoqalagani joʻnagan.

Muyilishdagi supachada bir moʻysafid devorga suyanib, mudragandek bir koʻyda oʻtiribdi. Yoz kunida boshida yargʻoq telpak. Koʻzi koʻrmaydi — ojiz. Oʻzicha mingʻirlab xirgoyi qiladi. Oʻzicha mast. Ajabo, nimadan sarxush ekan u? Zulmatda oʻtayotgan umridan qanday bir nur topdi ekan?

(Darvoqe, bu koʻhna zotni biz «Erkak» filʼmida ham uchratganmiz.)

Bolta Mardon jilovni tortadi — ot toʻxtaydi. Otliq choʻntagidan olgan pulni buklab, orqada kelayotgan oʻgʻli — novcha Botirga tutqazadi-da, chol tarafga imo qiladi: eltib ber.

Moʻysafid xirgoyidan toʻxtab, paypaslab pulni oladi. Qorachoʻgʻi soʻnik koʻzlarida, chechak izidan bujur-bujur yuzida jilmayishga oʻxshash bir ifoda zohir boʻladi.
— Rais, oʻzingizmi?
— Oʻzim, oʻzim, Hamro bobo.
— Bu yigit kenjangiz, shundaymi? Xuv Toshkandlarda oʻqiydigan, a? Kelgan ekan-da? Ha balli, balli.
— Topdingiz, topdingiz! — deydi Bolta Mardon Botirga gʻolibona koʻz qisib.
— Yaxshi joylardan ato etsin, omin! — deya duo qiladi moʻysafid. Soʻng barmoqlari orasidagi pulni toʻlgʻab soʻraydi: — Buni nima qilay, rais?
— Xoʻrozqand olib yeysiz, Hamro bobo! Kecha deng, rahmatli otam, oshnangiz, tushimga kiribdi. Bir tilovat qilib qoʻyarsiz. Irimi-da.
— Tilovat irimiga emas, chin ixlos bilan qilinadi, rais!
— Bilaman, bilaman. Biz sizga ishonamiz-da, Hamro bobo.
— Suvga baliq tashlamoqqa otlanibsiz-da? Bolta Mardon yana kenja oʻgʻliga ma’noli qarab qoʻyadi: koʻrdingmi, avliyo bu chol!
— Suvdan baliq tutmoqqa, Hamro bobo!
— Men boshqa gapni aytayotibman, rchis. Xizr alayhissalom bilan Muso alayhissalom bir yoqqa ketayotib edilar. Xizr alayhissalomning qoʻllarida qorni yorib tozalangan, tuzlangan bir baliq bor ekan. Shu nimarsa ariqdagi suvga tushib ketibdiyu baliq jonlanib, koʻzlari shartta ochilibdi! Xoʻsh, bunisiga nima deysiz?
— Xudoning qudrati-da.
— Shunday, shunday. Suv keltirganu suvni koʻrganning yoʻli oydin boʻladi, rais. Suv — yorugʻlik. Huv naqldagi «Yaxshilik qilginu suvga ot — baliq bilar, baliq bilmasa — xoliq bilar» degan gaplar qofiyasi uchungina aytilmagan!
— Boʻldi, boʻldi, endi tushundim, — deydi Bolta Mardon.

Chol qoʻlidagi qogʻozni bepisandgina yonboshiga tashlab, duoga qoʻl ochadi: — Umringizga baraka bersin, Boltaboy, omin! Bolta Mardon ham yuziga fotiha tortib, egar qoshidan jilovni boʻshatadi. Ot yoʻlga tushadi.

* * *

Yoʻl keskin soʻlga — togʻ tarafga qayrilgan joyda, sersoya gujum tagida bir chorpoya bor. Unda mudom besh-oʻn bekorchixoʻja toʻplanib olib, oʻrtada bir choynak choy, dunyoning ishlaridan hangamalashib oʻtiradi. Davra — olaquroq: yetmish yashar mudroqi chol ham shunda, turmush tashvishlaridan horigan ayolmandroq keksayu kechagina harbiy xizmatdan qaytgan qirchillama yigit ham shunda. Hangamatalablar oʻtgan-ketganni toʻxtatib gapga tutishadi, oʻzlaricha maslahatu nasihat berishadi. Bozorliq koʻtargan birov-yarimi shularning yonida tin olib, bir dam nafas ham rostlaydi. U ketgach, shoʻrlikning izidan muhokamasi boshlanadi.

Bu yerni goʻyo bir qoʻlbola choyxona deysiz. Choy koʻpincha yaqin atrofdagi biror hovlidan chiqadi. Shuni maydalab gap sotishadi.

Bunday manzil har qishloq, har bir guzarda topiladi.

Bolta Mardonni koʻrib davra jonlanadi.
— Yoʻl boʻlsin, rais bobo? Bunday, lashkar tortib...
— Bogʻ-rogʻ quvrab qoldi, Jumaqul, — deydi otliq behafsala. — Shunga bir korizga — quloqboshi tomonga oʻtib kelay.
— Bu yil suv masalasi chatoq, — deydi Jumaqul — korjomaga oʻxshash yakrang libos kiygan oʻrtayashar kishi. — Mening ham chorbogʻim qaqrab yotibdi.
— Yuring boʻlmasa, billa-billa suv yoqalaymiz.
— Quloqboshida Oʻrin Jaga oʻtiribdi deb eshitaman. U battoldan suv soʻrab boʻlmas. Raisning togʻasi!
— Suvni pullab yotganmish zangʻar! — deya luqma soladi yoshroq bir kishi. — Hech balodan tap tortmaydi u. Uch marta kamalib chiqqan rasvo bir qirriq-da!
— Eski oshnomiz ekan-da, — deydi Bolta Mardon beozor kulib otining biqiniga niqtarkan. — Bermay koʻrsin-chi!
— Hay, siz otdasiz-ku, Bolta aka, yuzingizdan oʻtolmas, — deb qoʻyadi Jumaqul.

Haligi bilagʻon gap qoʻshmay turolmaydi:
— Jaga otliq tugul, otasi tirilib kelsayam tanimaydi!

Bolta Mardon ketadi-yu, odatdagidek, izidan gapi qoladi.
— Necha yil dovruq solib davron surgan odamning ahvolini koʻring — suv yoqalayman deb yuribdi bugun!
— Hali baquvva-at. Siyosatini qarang!
— Siyosat qiladimi, qilmaydimi, davri oʻtdi-da endi. Hammanikiyam shu, joʻra.
— Lekin oʻgʻillari joy-joyini topgan. Amiri — benzinga xoʻjayin...
— Doʻxtirlikni tashlab, azza-bazza benzinfurush boʻlib ketdi-ya shu odam? Qoyil-e, sherimard!
— Anovi begonasirabroq turgan pason — kenjasimi? Toshkandda oʻqiydi-ya? Sal koʻproq oʻqib yubormadimi shu bola? Yo u yoqda...
— Aspirant u, aspirant, — deb qoʻyadi bilagʻon. — Olim!
— Ha-a, qarang. Boʻladiganning bolasi-da!
— Rais singlisi bilan quda boʻlmoqchi deb eshitdim. Mayram bevaning qizini mana shu oʻgʻliga olib bermoqchi shekilli.
— Shahar koʻrgan bola — koʻnarmikan?
— Koʻnmay qayoqqa borardi, ukam? Raisning fe’lini bilasan-ku!

Yaxshiyamki, shu payt koʻchadan avlodlik bir odam oʻtib qoladi. Jumaqulning oshnasi ekan.
— Xoʻ-oʻ, Choriboy! — deb chaqiradi u. — Bir maydon oyoq ilib keti-ing. Zoʻr gurung boʻlyapti bu yerda!

Koʻktosh guzari biqinidagi baland yalanglik gavjum. Aksariyati qizil-yashil, guldor libosli xotin-xalaj, bola-baqra. Bir toʻdasi onalarini javratib beriroqda koptok tepish bilan ovora. Qiy-chuv avjida.

Bilmagan, yaxshilab qaramagan odam bu yerda yo bir topilmas matoh sotilyapti, yo moʻltoni maymunini oʻynatyapti, deb oʻylamogʻi tayin. (Darvoqe, yalanglik chetida mayda-chuyda sotadigan bir-ikkita qoʻlbola doʻkoncha ham bor.) Andak zehn solib qaralsa, manzara ayon boʻladi. Gird-atrofdagi anovi turli-tuman aravachayu eshak-ulovni koʻryapsizmi? Tunuka chelaklarning taqirlashiyu mis koʻzalarning jarang-jurungini eshityapsizmi?

Ha balli, bu yerda suvga navbat turilibdi! Bu tevarak-javonibda birdan-bir suv quvuri mana shu.

Muzdek chashma suvi, chuchuk suv, zilol suv, ichaman desangiz — kepqoling! Buni ham yelimshishalarga solib, biror shovvoz biznes boshlab yubormagunicha qonib-qonib ichib qoling!

Bir lahza shu manzaraga ma’lul boqib turgan Bolta Mardon otining sagʻrisiga achchiq qamchi soladi. Ot ham jahl bilan yoʻrtoqlab ketadi.

Ortda qolgan oʻgʻillardan oʻrtanchasi kenjasiga nimadir deya yaqinroqdagi doʻkonchaga qarab chopadi.

Botir halloslab otga yetib olganida boyadan beri biror daf'a orqasiga oʻgirilib qaramagan ota soʻroqlab qoladi:
— Akang qayoqqa ketdi? — Sigareti qolmagan ekanmi, — deb gap boshlaydi-yu, akasini «sotib» qoʻyayotganini sezib, tilini tishlaydi Botir. — Yoʻq-yoʻq, chanqabdi. Koka-kola ichmoqchi. Hozir yetib keladi, dada.

* * *

Quloqboshi. Togʻdagi buloqlardan tomchilab yigʻilgan suv koriz orqali oʻtib mana shu shohariqqa tushadi. Etak-dagi kattakon qishloq, bogʻ-rogʻlar asosan shu ariqdan suv ichadi. Suv korizning poyonidagi koʻlsimon dahanadan taksimlanadi. Demak, taqsimotchi mirob hazilakam odam emas. Ayniqsa, yil qurgʻoq kelgan yoz oylari u raisdan oldingi boʻlmasa-da, keyingi arbobga aylanadi.

Bunday moyli joyga odatda raisga yaqinroq, ishonchli odam oʻtiradi. Hozir bu yerda Oʻrin Jaga xoʻjayin. Mirob ham, arbob ham oʻzi.

Qishloqda uni koʻrgan katta-kichik zir titramasa ham, bir seskanishi bor. Vajohati chatoq-da. Koʻzlar chaqchaygan, oʻqdek teshaman deb turadi. Basharani har xil chandigʻu tirtiq «bezagan». Oyoq-qoʻl va badanning-ku sogʻ joyi yoʻq — vatanga muhabbatdan tortib behisob ishq jafolarigacha turli yoʻsinda ifodasini topgan. Yurganda boʻynini ichkari tortib, xuddi hoziroq mushtlashuvga kirishib ketadigan kabi, mushtlari koʻkrakda shay, xezlanib, atrofga bezovta alanglab yuradi. Qisqasi, oʻtgan asrning elliginchi-oltmishinchi yillaridagi xudo urgan bezorini koʻrmadim demang!

Oʻrin Jaga quloqboshini rasmona qarorgohga aylantirib olgan. Beriroqda, ulkan chinor soyasida zangori stol-stul — oshxonaniki. Stol ustidagi magnitofondan Sherali sayrab yotibdi. Chinor tanasiga qoziq qoqilib, ilgichdan oʻtkazilgan kiyim-kechak shunga osib qoʻyilgan; orasida guldor galstuk ham koʻrinadi. Faqat televizoru telefon yetishmaydi, xolos.

Bosh mirob — Oʻrin Jaganing oʻzi, egnida toʻr mayka, qoʻllari boshiga yostiq, buklama karavotda yalpayib yotibdi. Kim keldi, nima deyapti, itmisan, bitmisan — parvoyi falak!

Bolta Mardon, qoʻlida buklangan qamchi, uning tepasida turibdi.
— Jaga inim, nima, meni tanimay qoldingmi? — deydi ajablanib.
— Oʻzingiz tushungan odamsiz-ku, rais bobo! Suv makkaga ketyapti. Makkajoʻxori — davlatniki. Siyosiy masala! Rais vallomati kelsayam bir qatrasini bermaysan, degan. Tamom!
— Bolta Mardonga-chi?
— Bolta Mardonning davri oʻtgan!
— Oʻtmaydi! Tur, dahanani och!
— Hazillashmang, rais bobo! Zakunni buzyapsiz!
— Zakunchi! Zakunni mendan himoya qilasanmi? Sen-a?! Yo pirim-ey...
— Raislar buzadi-da zakunni!

Qoni qaynab ketgan Bolta Mardon qamchisini sermaydi:
— Tur-e joyingdan! — Soʻngra burilib, xurjundan qovun-tarvuz olayotgan oʻgʻillariga amr qiladi: — Bor, dahana-pahanasini buzib tashlaysan!

Ellikdan oshib qolgan odam, echkidek sakrab oʻrnidan turadi. Karavoti tagidagi belkurakni olib, ularga qarata miltiq yasaydi:
— Toʻxta — otaman!

Ham kulgili, ham xavfli vaziyat! Oʻrin Jaga kutilmaganda belkurakni bir yonga uloqtiradi-da, Bolta Mardonni quchoqlab oladi:
— Sizga yoʻq deb boʻladimi, rais bobojon! Koʻr boʻlaman-a! Oxirgi safar siz oraga tushmaganingiz-da, turmada chirib ketardim. Ammo-lekin, hamma ishning qonun-qoidasi bor, oʻzingiz bilasiz-ku!
— Shundan kelmaysanmi, kasofat! Suvni och, keyin gaplashamiz. Qodir otasining koʻzini shamgʻalat qilib, qoʻynidan olgan gazetaga oʻrogʻliq allanimani karavotdagi koʻrpachaning orasiga tiqib qoʻyadi.

* * *

Sarband. Pastga — qishloqqa ketadigan ariqning ogʻzi toshu chim bilan shibbalab tashlangan. Aka-uka, qoʻllarida belkurak, oyoqyalang boʻlib olib shuni buzmoqda.

Oʻrin Jaga chaqqon sakrab ularning yoniga tushadi.
— Nari tur-e, salaga! — deya aka-ukani ikki yoqqa surib, belkurakni oʻzi qoʻlga oladi.

Dahana keng ochilib, shoharikdagi suvning teng yarmi izdiz bosib ketgan novsimon oʻzandan sharqirab pastga oqa boshlaydi.
— Boʻladimi, rais bobo? — deb soʻraydi mirob belkuragini qoʻldan qoʻymay. — Yoki bu yogʻini ham... — Bas, bas, Oʻrinboy, — deydi kulib tepada turgan Bolta Mardon. — Bor ekansan-ku!

* * *

Bosh mirobning qarorgohida qoʻlbola ziyofat. Qovun-tarvuz soʻyilgan, nonlar ushatilgan. Pomidor-bodring, yaxna goʻsht. Jaganing qoʻlida aroq quyilgan piyola.
— Birgina qoʻl ketadimi, rais bobo? Xoʻ-oʻv davrlaringizni eslab-da, ba niyati shifo...
— Boya oʻzing aytding-ku, bizning davrimiz oʻtgan!
— Xay, xay, benavat. Qodir bolaga ruxsat berarsiz boʻlmasa?
— Qodir... — Bolta Mardon oʻrtanchasiga ta’naomuz boqadi. — Oʻzi biladi. Yosh bola emas endi.

Qodir hamshishasiga qarab titray-qaqshay qoʻl toʻlgʻaydi: yoʻq, yoʻq, keyin!
— Bularingiz sizdan qoʻrqyapti, rais bobo. Boʻlmasa-ku, oʻlguday ichsa kerak, — deydi Oʻrin Jaga va qoʻlidagi piyolani baland koʻtarib: — Boʻpti, bizga oq fotiha bering. Ol, Oʻrin Jaga! Yo hayot, yo oʻlim! — deya ichib yuboradi. Piyolani hidlab oʻzicha «gazak» qilgach: — Kechirasiz-da, rais bobo, — deb qoʻyadi.
— Mayli, mayli. Yoshliqda boʻladi-da. Senam bora-bora odam boʻlib ketarsan, Oʻrinboy.

Bu gapni maqtov bilib, Oʻrin Jaga jez tishlarini koʻrsatib iljayadi.
— Shu, sizning davringiz ajab zoʻr davrlar ekan-da, rais bobo!
— Nimasi zoʻr ekan?
— Suv jonivor serob edi-da. Oqi-ib yotaverardi.
— Nimaga shunday edi-ya, Jaga inim? — deydi Bolta Mardon uni ermak qilgandek.
— Fayzli odam edingiz-da.
— Nima, endi, raislikdan boʻshab, befayz boʻlib qoldikmi?
— Yoʻgʻ-e! Hammayoqni yosh bola bosib ketdimi deyman-da. Manovi Samarga oʻxshagan mishiqilar!
— Raisingni aytyapsanmi? Nima qipti uni, tuppa-tuzuk-ku!
— Rais emish! Jipiriq! Oʻzimning qoʻlimda katta boʻlgan.
— Sening qoʻlingda oʻsganlar rais boʻlib ketaversa, hazilakam odam emas ekansan, Oʻrinboy! Bilmay yurarkanmiz-da.
— Nima deyapsiz, rais bobo, Toshkentlarda paxanlik qilganman-a! U yogʻini oʻzingiz bilasiz...

Shu orada Oʻrin Jaga yana bir piyolasini urib oladi.

Botir nariroqda, mirobning karavotida bir parcha qoyuzga allanimani yozibmi, chizibmi, oʻychan oʻtiribdi.
— Se-en, Jaga inim, kayfingni surib yotaver, — deydi Bolta Mardon qoʻzgʻalib. — Biz endi suv yoqalab ketdik.
— Peshingacha oqsa boʻlar?
— Kechgacha deyaver endi, Oʻrinboy!
— Iy, iy, iy! Bir boqqa-ya?
— Oʻsha boqqa boshqa bogʻlardan oʻtib boradimi, axir! Yoki oʻzginang moshinada eltib berasanmi?
— E, boʻldi-i, rais bobo! Bir ogʻiz soʻzingiz! Kerak boʻlsa — suv ertalabgacha sizniki! Samar-pamari kapeyka menga!
— Hay, hay, Oʻrinboy, insof qiling! — deydi Bolta Mardon kulib, otining boshini hovli-bogʻlar tomon burarkan.
— Dada, men hozir yetib boraman, — deydi Qodir. — Oʻrin akamizda bir gapim bor edi.
— Qolib ketma, bola!

Ikki ulfat shosha-pisha bir piyoladan ichadilar.
— Qolgan suvniyam agʻdarib beraymi? — deydi Oʻrin Jaga mardlikdan joʻshib.
— Yoʻgʻ-e, rais kepqolsa!.. Makkazorga ketayotgan ekan oʻzi... — Makka emish! Davlat emish! Oʻzining huv adir etagidagi oʻgʻrincha ekinzoriga oqib yotibdi, bilding! Boboylarning davri boshqacha edi, bratan, boshqacha! Senlar bilmaysan — salagasanlar-da. Bolta Mardon deb qoʻyibdilar, Bolta Mardon! Damida osh pishardi-ya! Suv-ku suv, kerak boʻlsa, jonimni ham berishga tayyorman men bu odamga!.. Olsang-chi!

* * *

Suvchilar boya kelgan katta koʻchalarini qoʻyib, endi hovli-tomorqa, bogʻu bogʻot oralab suv yoqalab ketadilar. Bu ishning turgan-bitgani dahmaza! Suvni undirganingiz-ku bir sari, keyin uni to tomorqangizga yetkazib borguncha joningiz halqumingizga keladi. Koʻpchilikning bogʻ-rogʻi, ekin-tikini suv koʻrmay qurib-qovjirab yotibdi. Hovlisining ichidan suv oʻtdimi, bas, uni kim bogʻlab keldi, qanday boshlab keldi — surishtirib oʻtirmay paykali tomon burib olaveradi: qoʻlingdan kelganini qil! Suv hech kimning shaxsiy mulki emas. Xudo ato etgan ne’mat u. Egam uni hammaga barobar ulashadi. Suv — tekin. «Suvtekin» deganlari ham shundan. Demak, u — xalqniki! Men ham xalqman, xalqning bir boʻlagiman. Bor, ishingni qil!

Suv yoqalaganning oldida ana shunday mashmashayu mojarolar, goho yoqa boʻgʻishishlar, urish-janjal, hatto undan-da battarlari yoʻl poylab turadi.

Xoʻsh, sobiq boʻlsa-da, rais bobomiz suv yoqalasa, qanday boʻlar ekan?

Yoʻq, boshlanishi silliq kechadi. Harholda, quloqboshiga yaqin joylar, nari-beri suv koʻrgan. Bir hovlidagina andak toʻxtamoqqa toʻgʻri keladi: ayqirib oqayotgan suv qoʻshni paynovdan chiqishda sustlashibroq qolgan ekan.
— Hoʻ suv oʻgʻrisi, oʻzingni koʻrsat bunday bir! — deb baqiradi Bolta Mardon otdan boʻylab.

Botir darrov borib devorga tirmashadi.
— Shoshma, oʻzi kelar.

Darhaqiqat, devor osha maykachan bir yigit koʻrinadi. Birov soʻz soʻramasdanoq tavalloga tushib, bidirlay ketadi u:
— E, e, rais bobo! Assalomalaykum. Suv sizdanmidi? Bilmabmiz-ku. Bizdan oʻtibdi-da, uzr. Oʻtgan daf'a tomorqani sugʻorganda bir paykalgina qolgan edi. Xudo berdi deb, shunga burib qoʻyibman-a suvingizni. Sizniki ekanini bilganimda, oʻlayki agar...
— Boʻpti, boʻpti, oʻzingni bos. Bizning oshna qalay? Sal tuzukmi ishqilib?
— Yotibdilar, — deydi yigit birdan ma’yus tortib. — Oʻsha soz, oʻsha ahvol. Oyoqda jon yoʻq-da.
— Soʻrab, salom aytib qoʻy. Yoʻl tushganda bir kirarman.
— U kishiyam sizni koʻp gapiradilar. Armiyada billa boʻlgan ekansizlar-da... Iya, Botirboymi? Koʻrmabman, qarang. Gunoh qilgan odam mana shunday dovdirab qoladi, ha. Oʻqishlar bitay deb qoldimi?
— Rahmat, rahmat, — deb qoʻyadi Botir hafsalasizgina.
— Rais bobo, men hoziroq suvingizni qoʻyib yuboraman!
— Hovliqma, bola. Bir paykalgina, deyapsan-ku. Qonib olsin, qoʻyaver. Gunoh deysan — bu yoqda bir ariq suv oqsa-yu, u yoqda yer qaqrab yotsa, gunoh boʻlmaydimi?
— E yashang-e, rais bobo! Rahmat.

Mojaro oldinda ekan.

Etagi devorsiz — changalzor bir boqqa moʻralaganlarida oltmish yoshlardagi miqti bir odam, oʻspirin nevarasi yenida, apil-tapil ekinlariga suv tarab yotibdi.
— Ie, hormasinlar, hormasinlar! — deya otda changalzorni yorib ichkari kiradi Bolta Mardon. — Kafan tekin deb oʻlaverish ekan-da, Bozorboy?!

Bozorboy deganlari oʻgirilib uni koʻradi-yu, ammo sap-sariq basharasida biron bir oʻzgarish sezilmaydi. Indamay burilib ishini qilaveradi.
— Endi suvga xoʻjayinlik qilishlari qolgan ekan-da, qulluq boʻlsin! — deydi u bir ozdan keyin toʻngʻillab. — Suv — elniki, hammaniki!
— Elniki boʻlsa, hammaniki boʻlsa, uyingda sasib yotmay, charvingni eritib oʻzing quloqboshiga chiqib kelmaysanmi?!
— Oʻ-oʻ rais, kattaligingni boshqaga qilasan, xoʻpmi? Davring oʻtdi sening! — deydi Bozorboy belkuragiga engak tirab. — Yo, meni qamatib yuborganing esingdan chiqdimi?
— Sen oʻzingni oʻzing qamatgansan, banda! Bir yildayoq omborni shilib, ship-shiydam qilganing uchun, nima, koʻkragingga orden taqsinmidi?!

Shu payt halloslab yetib kelgan Qodir, bir gʻayratiga oʻn gʻayrat qoʻshilgan chogʻi, toʻppa-toʻgʻri Bozorboy tomon xezlanib qoladi.

Botir bir chekkada indamay kuzatib turibdi.
— Bu yoqqa oʻt, tentak! — deydi Bolta Mardon oʻgʻlidagi oʻzgarishni payqab jahl bilan. — Manovi ariqni toʻs! Bir qatrayam oʻtmasin! Suv berib boʻpman men bu xumsaga!

Aka-uka bir-biriga qoʻymay ishga kirishib ketadi.
— Zamona zoʻrniki boʻldi, e xudo! — deydi boʻshashib qolgan Bozorboy javrashga tushib. — Nima, men bechoraning xaqqim yoʻqmi? Men suv ichmaymanmi?
— Icharsan, — deydi Bolta Mardon changalzor qoʻradan chiqaturib. — Men oʻlgandan keyin!
— Tezroq oʻl boʻlmasa!
— Ogʻzingni yum-e, enagʻar! — Qodir belkuragini koʻtarib Bozorboyga tashlanmoqchi boʻladi.
— Qayt! — deya changalzorni qamchilaydi Bolta Mardon. — Oldimga tush! He, hayvon! Indamasa... Sen, oʻgʻlim, birpas shu yerda qarab tur, — deydi soʻng Botirga tayinlab.

Kuchlar nisbatidan alami kelibmi, Bozorboyning oʻspirin nevarasi ular ortidan kesak otib qoladi. Bobosi belkuragini pushtaga otib, uy tomon yuradi.

* * *

Mana, suv yoqalashning hangomasiga ham yetib keldik. Tomoshaning qizigʻi bu yoqda ekan. Yonma-yon ikki hovli. Egizaklarniki: oldingisi — Husanniki, keyingisi — Hasanniki. Aka-ukaning ikkalasi ham bama’ni, oʻqimishli yigitlar.

Bolta Mardon otda, devor osha indamaygina kuzatib turibdi.

Oʻrtadagi pastak devorni eshak qilib minib olgan atlas koʻylakli ayol qoʻshni hovliga qarab shangʻillamoqda:
— Suv mening hovlimdan oʻtsa-yu, avval siznikini sugʻorsinmi? Ho-o, bekorlarni aytibsiz!

Qoʻshni hovlida belini roʻmol bilan tangʻib olib supa labidagi jomda kir yuvayotgan ayol bilaklaridan sovun koʻpigini sidirarkan, murosa qilolmay ovora:
— Sizlar yaqindagina sugʻorgan edilaring-ku, Karomatoy? Mana, menikini qarang — qaqrab, taqron boʻlib yotibdi!
— Kerak boʻlsa, har hafta sugʻoraman! Ha-a, alam qilyaptimi? Soliqchiga tegib oling edi, boʻlmasa!
— Ibi, ogʻzingizga qarang, ovsinjon, bu nima deganingiz?
— Ogʻzim joyida, deganim — shu! Meniki qolib, suv bekordan-bekor siznikiga oʻtib ketaverar ekan-da? Anoyingni topibsan!
— Oʻzi kelib turgan suvga ham soliq sol boʻlmasa!
— Hoy kelin, tush devordan! — deydi nihoyat Bolta Mardon sabri tugab. — Ayb emasmi? Kim aytadi senlarni bir qorindan tushgan ikki aka-ukaning xasmi deb! Sen qaysisiniki oʻzi?
— Husanboyniki, — deb javob qiladi qoʻrqa-pisa devordan sirgʻalib Karomat. — Husan soliqchini bilasiz-ku, rais bobo!
— Xoʻsh, ayt-chi, Husan kattami, Hasanmi?
— Suv menikidan oʻtadi-ku, rais bobo!
— Sen keyin ichasan!
— Ibi, rais bobo, suv — kichikdan emasmi?
— Bu matalingni borib enangga aytasan, qizim! Tushundingmi? Gap shu: avval Hasan ichadi, keyin — senlar! Sening ering undan keyin tugʻilgan... — Shunda Bolta Mardon, oʻzi kutmaganda, beixtiyor xotiraga berilib ketadi: — Otasi choyxonaga chikib jar solgan — «oʻgʻil koʻrdim» deb. Uning izidan ukasi chopib borgan — «aka, yana bittasi bor ekan» deb. Rosa xangoma boʻlgan. Kechqurun, poda qaytar mahali edi. Men endigina rayondan kelib idoramning eshigini ochayotuvdim. Adashmasam, anovi kosmonavt xotin osmonga uchgan kun edi. Ha-ha, shunga mitingkaga borib edim. Raykoʻm bobo «Shu kuni tugʻilgan qizining ismini kim Valentina qoʻysa, suyunchisiga — kajavali bitta «IJ» mototsikli!» deb e’lon qilgan. Buni eshitib egizaklarning otasi bir emas, ikki karra afsuslangan. Mana, koʻrib turibmiz, bekorga afsuslanmagan ekan u shoʻrlik...

Darvozaxonada koʻringan Husan soliqchi ikki hatlay keladiyu xotinini bilagidan tortib chetga otadi:
— Bu yoqqa oʻt-e, enagʻar! Uzr, rais bobo. Qoʻl tegmaydi boqqa qaragani. Ish koʻp.
— Mayli, mayli, Husanboy, soligʻingni yigʻib boʻl-chi, roʻzgʻorgayam vaqt toparsan, — deydi achitio Bolta Mardon. — Oʻrgildim-e, Valentina, — deb qoʻyadi keyin gʻudranib oʻzicha.

Otliq devor yoqalab borarkan, yuqoriroqdagi bir hovlidan shovqin-shaboxun eshitiladi. Orasida Qodirning ham ovozi bor.
— «Suv sening shaxsiy mulkingmi? — deb chinqiradi kimdir. — Hammayam odam! Huquqi teng!»
— «Huquqing teng boʻlsa, oʻzing opke suvni!»
— «Raisga boraman!»
— «E, menga desa, xudoga bormaysanmi!» — Hay, nodon-a! Asta’furullo! — deb qoʻyadi Bolta Mardon.

* * *

Kattakon bir yongʻoqning tagiga kelganlarida devor buzigʻidan daraxtlar oralab supada oʻtirgan toʻrt-besh kishi koʻrinadi. — Shoʻrlik Omonboyning ta’ziyasi, — deydi Bolta Mardon Botirga qarab. — Bosib oʻtsak boʻlmas.

Shu choq, qoʻlida uzun xivich, Qodir kelib qoladi.
— Sen bolani orqada qoldirib boʻlmas ekan, — deydi ota norozi ohangda. — Oldinga oʻtasan endi. Botirboy, sen bir yuqori oʻrlab, anovi Bozor kasofatnikidan xabar ol-chi. U bachchagʻarga ishonib boʻlmaydi. Eski oʻgʻri-da.
— Undan beridagisini aytmaysizmi! — deydi Qodir joni chiqib. — Damin kalning xotinak oʻgʻli. Ashula muallimi bor-ku, oʻsha. Qarasam, suvni hovuzchasiga burib oʻtiribdi. «Ha, kraningda ham suv bordir?» desam, «Bolalar koʻlda choʻmilishni yaxshi koʻradi» emish! «Choʻkib ketsa nima boʻladi?» deganimni bilaman — «Gaping buncha sovuq, alay-balay» deb rosa chinqirdi. «Oʻzing sovuq, oʻzing choʻkib oʻl, he, erkakka oʻxshagan!» deb suvni arang agʻdardim-a bu yoqqa! Oʻgʻillarini ikki tarafga yoʻllagach, Bolta Mardon otining jilovini egar qoshiga mahkamlab, pastak darcha tomon yuradi.

* * *

Toʻrda oʻtirgan rangpar, iyagida toʻrttagina moʻy tikkayib turgan oq qalpoqli qori bola tilovatini tugatgach, yuzga fotiha tortiladi. — Boltaboy, shu, otdaligingizda koʻp savob ishlar qildingiz-u... — deya soʻz boshlaydi bir chol.

Marhumning besabr, befarosatroq oʻgʻli gapni ilib ketadi:
— Toʻgʻri aytasiz, bobo. Otam rahmatlini ham bir oʻlimdan opqolganlar. Ichaklari buralib kolganda mana shu kishi moshinalarida Termizga oborganlar. Shunday, a, rais bobo?
— Esda yoʻq ekan, jiyan, — deb qoʻyadi Bolta Mardon.
— Eslab koʻring, eslaysiz. Oʻzim billa borganman-ku!
— Balki. Ish bilanmi, majlis-pajlisgami ketayotgan boʻlsam kerak-da.
— Bu yerning doʻxtiri «oʻladi» degan odam, mana, qarang, yana oʻn besh yil yashadilar. Oʻn besh yil-a!
— Xudo rahmatiga olsin, — deydi Bolta Mardon. Boyagi chol boshlagan gapini unutmagan ekan:
— Shuncha yil otda yurdingiz-u, suv masalasini bir yoqli qilmadingiz-da, Boltaboy!
— Anovi togʻni teshib, Durdaraning suvi shunday bir endirib yuborilsa — olam guliston edi-ya! — deydi sira jim oʻtirolmaydigan ta’ziyagir. — Hashar yoʻli bilan ham bitirsa boʻlardi. Hamma chiqardi, kafilman agar! Boynagi Qurbon qoʻngʻirot ham deputatlik davrida bu ishga bir kirishdi-yu, keyin oxiriga yetkazmasdan tashlab qoʻydi. Uni yana bir bor saylaganimizda, kim bilsin, balki...

Bolta Mardon sekin uh tortib qoʻyadi — indamaydi.
— Aytishga oson-da, Nabiboy, — deydi chol. — Mana, bugun toqqa hashar tugul, toʻrt-besh tangadan toʻplab beramiz deng, qani, necha pul yigʻilarkan?
— Puli boʻlmasa, bitini bersinmi, bobo? — deb luqma tashlaydi yoshroq bir kishi.
— Rais unda kommunist edi, — deydi qishlik movut shlyapa kiygan keksaroq odam salmoq bilan soʻz boshlab. — Yuqoridan soʻramay ish qilolmasdi. Oʻzidan bilib biror yumushni boshlagan odamning kallasi ketmasayam, harqalay, omon qolmasdi. Toʻgʻri aytyapmanmi, Boltaboy?

Bolta Mardon vazmingina bosh irgʻab qoʻyadi.
— Shu masalani hal qilmagan ekanmiz-da, qarang, — deydi xoʻrsinib nihoyat. Soʻng siniq kulimsirab qoʻshadi: — Xalq qiynalsin, xalqqa yomon boʻlsin, keyin bir kuni bizni la’natlasin deganmiz shekilli-da... — U gapini yakunlamay, oʻgirilib ta’ziyagir oʻgʻildan soʻraydi: — Bobo necha kun yotdi?
— Yotganlariyam yoʻq hisobi. Kechqurun sal inqillab turib edilar, ertalab turib koʻrsak...
— Yelday kelib, selday ketgani shu-da odamzodning, — deydi chol rivoyat oxangida. — Umr deganlari — huv arikdagi suvday gap. Oʻtadi-ketadi.

Befarosat ta’ziyagir bu gal ham qoʻshiladi:
— Qani deng oʻsha suv! Bu yil qurgʻoq keldi-ku! Shu vaqt Botir paydo boʻlib, supaga chiqib tizzalaydi.

Yana tilovat. Yana fotiha.
— Oʻzingizni ovora qilibsiz-da, rais, — deydi gurungchi chol. — Oʻgʻillarnimi chiqarsangiz boʻlarkan bu ishga.
— Mana, oʻgʻillar ham yuribdi suv yoqalab. — Ha, shundaymi? Baraka topsin.

* * *

Botir qaytib Bozor sariqnikiga qorovullikka joʻnaydi. Bolta Mardon otini oʻz holiga qoʻyib, bogʻ-bogʻot oralab ketayotir.

Jiydazordan oʻtayotganida qandaydir chorbogʻ etagidan qiqir-qiqir kulgi eshitiladi. Juvon kishining ovozi.

Ot jilovi tortiladi. Quloqlar ding!
— «Esimdan ham chiqib ketgan...»
— «Xat-pat yozib turadimi ishqilib? Pul-mul deganday?..»
— «Koʻp boʻldi — hech gap yoʻq».
— «Kayfini surib yurgandir-da. Sen bu yoqda mana shu bogʻday qovjirab yotibsan...»
— «Boʻldi-boʻddi! Anovi yalmogʻiz kepqoladi hozir!»
— «Qaynonangmi?»
— « Yalmogʻizim».
— «Koʻrsa — koʻrar! Kelin kerak boʻlsa, oʻgʻlini topib kelsin! Chorbogʻini sugʻorib turgan boʻlsak...»
— «Boʻldi, boʻldi, jo-on Qodir aka...» Qars!

Devor osha qarsillab qamchi tushadi.
— Oʻt bu yoqqa, juvonmarg!

Juvon oʻzini jiydazorga uradi, kalovlanib qolgan Qodir esa devor kemtigiga yopishadi.

Bolta Mardon gunohkor oʻgʻlini oldiga solib, qamchi sermab borayotir.

Qodir gandiraklaydi, yuz-boshini changallab olgan.
— Uyalmaysanmi, hayvon? Birovning xasmi boʻlsa...
— Eri yoʻq. Rossiyaga ketgan, — deb gʻoʻldiraydi Qodir oʻzini oqlashga urinib. — Oʻzi...
— Buning gapini! He, nomard! Birov sening xo-tiningga ham... Nima qilarding, a, itvachcha?!
— Ikkoviniyam soʻyib tashlardim! — deydi birdan ovozi titrab Qodir.
— Ha-a, yigit ekansiz-da! Nima, boshqalar yerdan chiqqanmi?!

Qodir shartta burilib choʻkkalaydiyu oʻzini yuztuban tashlaydi.
— Dadajon! Tavba qildim, dadajon!

Bolta Mardon otdan bir yonga qiyshayib, ayamay oʻgʻlining yagʻriniga qamchi soladi.
— La’nat senday farzandga! Qodir beoʻxshov hoʻngillab yigʻlaydi.
— Tavba qildim, dadajon!

Bir lahza boyagi holatda qiyshayib qolgan ota chap koʻksini siypalay-siypalay qaddini rostlaydi. — Tur oʻrningdan, — deydi birdan boʻshashib, horgʻin ovozda. — Quloqboshidan xabar olib kel. Suvning shashti pasayganday...

* * *

Jiydazor. Boyagi gunohkor juvon bir pushtada shumshayibgina oʻtiribdi. Tizzalarini quchoqlab olgan. Yigʻidan koʻzlari qizargan. U yerdan koʻmir boʻlagiga oʻxshash qop-qora allanimani olib, zarang pushtaga yirik-yirik qilib yozadi:

«Endi nima boʻladi»

Bir zum oʻylangach, oxiriga soʻroq alomati va ikkita nuqta qoʻshib qoʻyadi.

* * *

Zulfiyaning uyi. Choqqina hovli. Hammayoq orasta, saranjom-sarishta. Ayvon labida oyoqlarini osiltirib omonatgina oʻtirgan Bolta Mardon ustunga suyanib pinakka ketgan. Bir qoʻlida shlyapa. Qamchisi yerga tushib yotibdi.

Bu holatni koʻrgan odamning negadir rahmi keladi.

Hovliga yugurib kirgan durkungina qoracha juvon — Zulfiya taqqa joyida toʻxtaydi.
— Ibi, dadajon, qachon keldingiz? Bolta Mardon erinibgina koʻzini ochadi.
— Darvozada otingizni koʻrib, chopdim. Qachon keldingiz?
— Bu nima yurish? Hammayoq ochiq-sochiq... — deydi qovogʻini uyub Bolta Mardon.
— Mehribon dadajonimdan! — Zulfiya chopa kelib otasini quchoqlab oladi, choʻlpillatib oʻpa ketadi. — Doriga chiquvdim. Voy, Jahongir uyda edi-ku, ichkarida dars tayyorlayotuvdi. Charchab, uxlab qolgan-da. Koʻp dars qiladi shu bola!
— Kattang koʻchama-koʻcha toʻp tepib yurgandir?
— Yoʻ-oʻq, aqlli u. Chizgan chizigʻimdan chiqmaydi. Ikkoviyam! Darsga ketgan. Tushdan keyin oʻqiydi-ku, ikkinchi smena. Oʻzim haligina maktabdan kelib, birrav...
— Dorixonada nima qilib yuribsan?
— Oʻtim ogʻriydi, dada, bilasiz-ku. Shunga febixolmi degan yangi dori chiqibdi. Ayb oʻzimda. Har baloni aralashtirib yeyaveraman. Xay, oʻylamang, tuzalib ketar. Oʻzingiz yaxshimisiz? Enam? Maktabdan boʻshayolmayman deng, darsim koʻp. Suv yoqalab yurganmishsiz? Shu ish sizga nima kerak, dada?
— Tirikchilik-da, qizim. Oʻzing qalaysan? Qiynalmayapsanmi ishqilib?
— Zoʻr! Qiynalsam — mana, siz borsiz. Murtini bolta kesmas akalarim, ukalarim bor! Xudoga shukr, hech nimadan kamchiligim yoʻq. Hammasi zoʻr! Aytganday, Botirboy keptilar. Kuyovbola. Toʻyni qachon boshlaymiz endi?
— Avval ukangni koʻndiraylik-chi. Eringdan xat-xabar bormi?
— Bir yilginasi qoldi, dadajon. Hademay kep-qoladi, xudo xohlasa. Bariga anovi togʻlik oshnangizning arzandalari aybdor! Oʻsha baloni bunga keltirib berar ekan-da. Saqlash uchun. Men, goʻrsoʻxta, hech gapdan bexabar yuraveribman. Oʻzi, bilasiz-ku, unaqa narsalarni ogʻziga olmasdi. Hatto popiris ham chekmagan. Mayli, bunisiyam bor ekan-da peshonamizda.
— Peshonang... — deydi Bolta Mardon allanechuk ezilib. — Hammasiga men aybdorman, qizim.
— Ibi, nimaga? Qiz maxluq — palahmonning toshi, der edingiz oʻzingiz. Esingizdami? Oʻsha palahmondan otdingiz — mana shu hovliga kelib tushdik! Boʻldi. Hammasi yaxshi, xudoga shukr... Siz bularni koʻp oʻylamang, dadajon, xoʻpmi?
— Xoʻp, xoʻp, Zulfinjon. Sening gapingni ikki qilib boʻlarmidi?
— Hah, dadajonimdan!

Zulfiya otasining pinjiga kirib olgan, xuddi erkatoy qizaloqdek, goh uning bet-boshini silaydi, goh mahkam quchoqlab oʻpadi.
— Uyat! — deya bir mahal joyidan sakrab turadi u. — Bu oʻtirishimni qarang! Dahanama-dahana chopib, ochiqqansiz. Hozir goʻsht qovurib kelaman!
— Yoʻq, yoʻq, tamaddi qilib olganman, — deydi Bolta Mardon oʻrnidan qoʻzgʻalib. — Dahanalarni aylanmasam boʻlmaydi, qizim. Darvoqe, tomorqang suv ichganmi?
— Baraka topkur qoʻshnimiz, huv Hakimboy joʻrangizning oʻgʻli-da, tunov kuni suv bogʻlab kelgan ekan. Koʻllatib sugʻorib oldim.
— Ha-a, malades. Polvon qiz!
— Kechqurun oʻtaman, dada. Amirboyingiznikida yana ziyofat emish-ku. Termizdan mehmon kelarmish.
— Har balodan xabardor-a bu shayton!
— Yoʻq, boya Azizbek kelib ketdi. Yangam ayttirib yuboribdilar. Manti tugishga qarasharkanman. Botiringizni koʻrmaganimga ham qancha boʻldi!..

Odatdagidek, Bolta Mardon otda. Magazinning yonida qaqqaygan qoʻlbola dorixona oldida turibdi.
— Voy, boyagina qizingiz — Zulfiya opam soʻragan edilar-a shu dorini, - deydi qosh-koʻzi boʻyalgan sotuvchi qiz.
— Berdingmi?
— Keyin olarman, dedilar. Pullari yetmadi shekilli. Xay, nasiya olib ketavering, desam — koʻnmadilar. — Shundan toʻrt-beshtasini oʻrab ber!

* * *

Bolta Mardon Zulfiyaning darvozasi oldida otining jilovidan ushlab turibdi. — Ha dadajon, tinchlikmi? — deydi hovlidan yugurib chiqqan Zulfiya.

Negadir uning koʻzlari qizargan.
— Yigʻlagan koʻrinasan, qizim? Nima boʻldi?
— Barmogʻimni ari chaqib oldi!
— Shungami? Kap-katta ayol-a! Qani, koʻrsat-chi. Zulfiya qoʻqqisdan otasining boʻyniga osilib yigʻlab yuboradi.
— Sizni sogʻindim... Sogʻinib ketdim, dadajon! Beixtiyor Bolta Mardonning ham oʻpkasi toʻlib keladi. Ota-bola bir-biriga yopishib yigʻlamoqqa tushadi. Qogʻozga oʻralgan dori oyoq ostida...

* * *

Bu dunyoning gʻavgʻosi buncha koʻp! Bolta Mardon qamchisiga iyak tirab, kishibilmas, er-xotinning mashmashasiga quloq tutgan. Qutichadekkina hovli. Qarovsizroq. Usti-boshi kir-chir uch-toʻrt bolakay, ota-onaning diydiyosiga tamoman beparvo, nimadir oʻyin bilan mashgʻul.

Er — aft-angori qoramoyga belangandek bir barzangi — supa labida choʻnqayib oʻtiribdi. Ketmonsi-fat kaftlari bilan qulogʻini bekitib olgan.
— Hoʻ-oʻ, bas qil endi! Quloq-miyani yeb qoʻyding-ku, enagʻar! — deb qoʻyadi har zamonda doʻrillab.

Ayvonning tagida, bir qoʻlida supurgi, birida lattadek hilvirab turgan allaqanday qogʻoz — mushtdekkina xotin hovlini boshiga koʻtargudek chinqirayotir:
— Mayli, kelib oʻtirsin — mana hovli, mana joy! Lekin manovi yetimchalaringni sudrab men qay goʻrga boray, ayt?!
— Obbo-o! Nima deyapti-ya bu shangʻi?!
— Bilaman — Oʻsha! Oʻsha suyuqoyoqdan boshqa hech kim qilmaydi bu ishni! Mana shu oʻyilgur koʻzlarim bilan oʻzim koʻrib edim-a! Hu, xolangning toʻyida, Bogʻboloda, senga muqom qilib oʻynagani, senam koʻzingni loʻq kilib oʻsha manjalaqiga tikilib oʻtirganing esingdan chikdimi? Ha-a!..
— Eh, xudoyim-ey! Qayoqdan topding-a bu gapni?
— Boʻlmasa, nimaga shuncha joydan oqib kelgan bu sabil mening hovlimga, mening arigʻimga yetganda ilinib qoladi?

Shundagina mojaroning paynovini anglagan Bolta Mardon bu yokdan turib hayqiradi:
— Boʻlmasa, ariq-parigʻingni tozalab qoʻygin-da, musulmon!

Eru xotin serrayib qoladi.
— Hoy kelin, qanaqa qogʻoz ekan oʻzi u? Bu yoqqa ber-chi!

Er shoʻrlikka birdan jon kiradi — irgʻib turib xotinining qoʻlidagi hilvirab, bir cheti yulinib qolgan shum qogʻozni olasolib, devor osha Bolta Mardonga uzatadi.

Binafsha boʻyoq chaplanib ketgan qogʻozga qoq oʻrtasidan kamon oʻqi oʻtgan yurak tasviri tushirilib, tagiga «Baribir seni yaxshi koʻraman!» deb yozilgan ekan.
— Bu qogʻoz meniki, — deydi Bolta Mardon ilkis bosh koʻtarib. — Men yozganman buni!

Er-xotin bir-biriga qarab qoladi.
— Ibi, rais bobo, rostdanmi? — deydi badrashk xotin birdan boʻshashib. — Siz?.. Uyat boʻlmaydimi?
— Yaxshi koʻrish uyat ekanmi? Nima, men odam emasmanmi? Sening eringga birovlar xat yozar ekan-u, menga yozmaydimi? Yoki men birovga yozolmaymanmi? Gap bunday, kelin: boʻlmagan joydan gʻavgʻo qoʻzgʻab oʻtirguncha, eringga qara, bola-chaqangga, manovi hovli-joyingga qara! Tushundingmi? Oʻzingga ham bir nazar tashlab qoʻysang ziyon qilmas!

Bolta Mardon shartta burilib bu yerdan jilarkan, haligi qogʻozni nariroqda oʻz xayollari bilan band boʻlib turgan Botirga uzatadi:
— Senikimidi? Boya quloqboshida bir nimani yozib-chizib oʻtirganday koʻrinuvding... Devor ortidagi mashmashadan uncha bexabar Botir qogʻozni olib koʻz tashlaydiyu duv qizaradi va uni kaftida gʻijimlab, ariqda quvlashmachoq oʻynab oqayotgan suvga tikilib qoladi.

* * *

Egasizmikan, tashlandiq bir yalanglikdan oʻtayotib ota-bola birdan toʻxtaydi. Ularning diqqatini gʻalati bir hol jalb etgan. Devorlari yemirilib nuray boshlagan gʻaribroq hovlining burchak devori ostidagi moʻridan dam-badam allaqanday mis koʻza koʻrinib, suvga toʻlgach, gʻoyib boʻladi.

Botir otasiga savolomuz, taajjub bilan boqadi. Otda oʻtirgan Bolta Mardonning koʻzi devordan ichkarida.

Ortidan qarasa navjuvonlardek xipchagina koʻrinadigan, aslida yoshi xiyla oʻtinqiragan bir ayol koʻzasini toʻldirib oʻrnidan turadi-da, mayisha-mayisha eltib daraxtlarining tubiga qoʻyadi.

Bu hol uchinchi bor takrorlangach, Bolta Mardon Botirga:
— Shu hovliga ozroq suv och, oʻgʻlim, — deydi. — Anovi koʻk toshni surib qoʻysang kifoya.

Botir otasiga malolli qaraydi:
— Bunaqada ertagayam suv bormaydi hovlimizga!
— Aytgan ishni qil!

Bolta Mardon otidan tushib, uni bukri behiga bogʻlaydi-da, oʻgʻliga «Sen pastlab boraver» deya, oʻzi ajib bir chaqqonlik bilan devor kemtigidan oshadi.

Suvga qaytib kelayotgan ayol uni koʻrib, qoʻlidagi koʻzasi tushib ketadi. Bir seskanib, shosha-pisha roʻmolining uchi bilan ogʻzini toʻsib oladi.
— Ibi, aka, sizmi? Assalomalaykum, — deydi gʻalati bir titroq bilan.
— Bormisan, Sharofat?
— Shukr, shukr, aka.
— Bogʻni xarob qilibsan-ku?
— Nima qilay, aka, benavo bir beva boʻlsam...
— Necha yil boʻldi... Oʻlganiga?
— Shu yil kuzakda besh yil boʻladi.
— Yomon odam emas edi. Moʻmin-qobilgina.
— Yaxshimi, yomonmi, xudo rahmat qilsin endi. Bolta Mardon devor tagida zanglab yotgan eski belkurakni olib, u yer-bu yerdan suvga yoʻl ochmoqqa kirishadi.

Bir mahal nafas rostlash uchun qaddini koʻtarib, beixtiyor uy tarafga nazar tashlaydi. Qaraydiyu turgan joyida qotib qoladi: ajab manzara!
— Yotavba-a!.. — deydi yoqasini ochib tuflab qoʻyarkan. — Bu ne sinoat boʻldi ekan? Xuddi kecha tushimga kirganining oʻzginasi-ya!..

Pastak kulbadan berirokdagi loysupa oʻrtasida bahaybat bir tut boʻy choʻzgan edi!
— Tanasining ayriligi ham oʻsha-oʻsha, kavagi gʻorning ogʻziga oʻxshashligi ham... Yo qudratingdan!

Talay zamon shu taxlit hushi ogʻib turgan Bolta Mardon nihoyat:
— Sharofa-at, — deya, nima qilarini bilmay shu atrofda shox-shabba terib yurgan ayolni chaqiradi. — Birpasgina shu supangda oʻtirsam maylimi?
— Ibi, bu nima deganingiz, aka? Yuring, uyga kiring.
— Yoʻq, Sharofat, menga shu yer ma’qul, — deydi Bolta Mardon. Keyin oʻzi ham kutmagan bir gap ogʻzidan chiqib ketadi: — Endi uyingga kirdim nima, kirmadim nima!..

Ayol unga ayanchli bir qarash qilib, kulbasiga kirib ketadi.

Supaga kelib joylashgan Bolta Mardon angrayib tutga tikilgani tikilgan. Tarvaqaylagan shoxlariga qaraydi, kavagini koʻzdan kechiradi.

Ayol uydan bir kosa qatiq bilan dasturxon koʻtarib chiqadi.

Mehmonning oldiga dasturxon yozgach, borib loy-suvoq ayvonining bir chekkasida mushtdekkina boʻlib oʻtiradi. Odatdagidek, roʻmolining uchi bilan dahanini toʻsib olgan.

Bolta Mardon qatiqqa non toʻgʻrarkan, oʻziga oʻzi gapirgandek soʻzlanadi:
— Shu qishloqda men kirmagan, men koʻrmagan hovli-joy yoʻq deb yurardim. Ajabki, bu uyga biror marta boʻlsin qadam bosmagan ekanman. Xuddi balosi borday, qochib oʻtardim-a...
— Janozasiga keldi deb eshitib edim-ku?
— Kelganman, kelganman. Darvozaxonadan qaytib ketib edim.
— Buning ustiga, xudoyim bizni tirnokdan ham qisdi deng. El-ulusga bunday bir toʻy-ma’raka ham qilolmadik... — Hasratlari eskib bitganmi, ayol birdan chehrasi yorishib, orzumandlik bilan soʻraydi: — Kenjangizni uylantirdingizmi, aka? Boya koʻrib edim, suv yoqalab yurgan ekan. Bir yigit boʻptiki!..

Bolta Mardon unga oʻqdek tikiladi:
— Shu bola seniki boʻlardi, Sharofat... Ayol titragudek boʻlib oʻrnidan turadi.
— Gapirmang, aka, gapirmang!
— Tuzingga rozi boʻl, Sharofat. Mana, endi armonim qolmadi.
— Eski savdolarni qoʻzgʻab nima qilasiz, aka! Taqdiru peshona deng. Sizda qanday armon boʻlsin? Sherday-sherday oʻgʻillaringiz bor, qizingiz bor. Oʻzingiz shuncha yil elning boshida yurdingiz. Hozir ham birovdan kamu kamchilik joyingiz yoʻq... — Toʻgʻri aytasan, Sharofat, shunday. Oʻziga shukr!

* * *

— Boyagi kampir kim edi, dada? Hovlisiga kirdingiz-ku? — E, bir gʻarib shoʻrlik-da, oʻgʻlim...

Bolta Mardon qiyshayib, yer bagʻirlab oʻsgan yoʻgʻon bir tokning tanasida oʻtiribdi. Botir otasiga roʻ-baroʻ, yertokning baland pushtasida choʻnqaygan.

Suvligʻidan xalos boʻlgan qashqa nariroqda yer iskab yuribdi.
— Botir, gap bunday: shu, ammangning qiziga koʻngling boʻlmasa, ochiq aytaver, toʻy qoladi! Biron karmi, koʻrmi topilar ungayam. Koʻnglingga qara, bolam! Lekin uylansang, shunday birovini topib xotin qilginki, sira-sira joningga tegmasin! Necha yil oʻtsa ham! Bunisi endi har kimgayam nasib etavermaydi, albatta. Boʻlmasa, bu savdo — bir umrlik azob. Shu gapim esingizdan chiqmasin, Botirboy!

Kenja Botir taajjubda qolgan. Ota xomush, soʻzida davom etadi:
— Tagʻin bir gap, oʻgʻlim. Ertaga bir kun orqamda qolmasin-da. Sen endi yosh bola emassan, bilib qoʻyganing ma’qul. Noligan — noshukur deydilar. Enangni aytaman-da, yaxshi xotin. Yuvosh. Mana, senlarni tugʻib berdi, katta qildi. Oʻzim ham undan biror yomonlik koʻrmadim. Lekin koʻngil kurgʻur he-ech... Bilmadim — nimaga... — Bolta Mardon daf’atan hushyor tortadi. — Boʻldi, turdik. Sen anovi koʻprikning naryogʻidagi hovlidan bir xabar ol-chi...
— Uygayam yaqinlashib qoldik, dada. Bu suvingiz qachondan beri tinmay oqib yotibdi. Hammayogʻimizni bosib ketgan boʻlmasin tagʻin! — Mayli, oʻzing bilasan, Botirboy.

* * *

Kimsasiz bir sayhonlik. Uzoqda otini yetaklagancha Bolta Mardon yolgʻiz ketib borayotir. U tobora olislab, allaqanday daraxtzor ichida koʻzdan gʻoyib boʻladi.

* * *

Amirning dangʻillama hovlisi. Marmar basseynga sharillab suv tushyapti.

Hovlida chopa-chop avjida. Koʻpchiligi yosh-yalang, kelin-kepchak. Allanimalarni koʻtarib u yoqdan-bu yoqqa oʻtishadi.

Hovli oʻrtasidagi, ziyofat dasturxoni hozirlanayotgan baland shiypon zinapoyasidan, ikki qoʻlida ikki likobcha, Zulfiya chiqib borayotir.

U chetlanib, yuqoridan tushib kelayotgan yangasi — Amirning semiz xotiniga yoʻl boʻshatadi.

Etakroqdagi oʻrik tagida pichogʻini tishlab olgan qassob yigit mushtumi bilan sidira-sidira, daraxt shoxiga osilgan qoʻyning terisini shilmoqda.

Bogʻning xilvatroq burchagida nozik mexmonlar tashrifiga atab yangi «inshoot» paydo boʻlgan. Atrofi rangdor sun'iy charm bilan toʻsilgan bir joy. Tepasiga suv bochkasi oʻrnatilgan. Zamonaviy hojatxona.
— Vot, xozyain, primi, — deydi ichagʻonligi basharasiga bitib qoʻyilgan naynov usta ichkariga moʻralab turgan Amirga.

U osilib yotgan chilvir ipni pastga tortib koʻrsatadi — shigʻillab unitazga suv toʻkiladi.
— Malades, Genka, malades! — deydi Amir ustaning yelkasiga qoqib va orqasida turgan oʻgʻlining qoʻlidan gazetaga oʻrogʻliq bir nimani olib unga tutqazadi. — Bizning hojatxonalar ularga toʻgʻri kelmaydi-da, — deb uqtiradi anqayib qolgan oʻgʻliga. — Qogʻozni anovi yerga qoʻyib qoʻy.

Keyin Amir boyagi chilvirni oʻzi tortib koʻradi. Shigʻillab pastga suv tushadi.

Qoʻlbola hojatxonadan chiqqan suv qoʻshni ariqqa qarab oqadi. Basseyn toʻlay-toʻlay deb qolgan...

* * *

Koʻchada otini yetaklab kelayotgan Bolta Mardon ertalabki koʻzi ojiz moʻysafidning yonidan oʻtadi. — Baxayr, Boltaboy! Murod hosilmi ishqilib?
— Bir navi, Hamro bobo!
— Xotirjam boʻling, boʻtam, oʻqildi. Xudo xohlasa, ijobat boʻlgay!
— Qulluq, qulluq.
— Bu deyman, suvlar ham endi bir-biriga qoʻshilib-aralashib ketgandir-a, Boltaboy?
— Nima deganingiz, bobo, tushunmadik-ku?
— Bahri ummonga kuyilganda ham aralashmaydigan jannat suvini aytaman-da. Orada harirdek bir nimarsa boʻlarmish — qoʻshilmoqqa, aynimoqqa qoʻymasmish shu. Agar aralashsa, bilingki, roʻzi qiyomat yaqin! Eski kitoblarda shunday yozilgan, ta-gʻin kim bilsin!
— Boʻlsa bordir, kim bilsin!

Quloqboshi.

Bu yerda hozirgina bir mojaro kechgani ayon.

Sochlari hurpaygan, shopmoʻylovining yarmi yulinib masxara bir qiyofaga kirgan yoqavayron Oʻrin Jagani ikki-uch melisa moshina tomon sudrab borayotir.

Pastda — sarbanddagi koʻlchada bet-boshi hoʻl, kiyimlari shalabbo bir kimsa suv kechib yuribdi. Samar rais. Bir qoʻlida shlyapa, ikkinchisini paxsa qilib u bandi etilgan mirobga doʻq urayotir.

Melisalarning changalidan xalos boʻlmoqqa urinib oʻzini har yoqqa otayotgan Oʻrin Jaga ham, koʻzlari ola-kula, oʻzicha nimadir deb baqiradi, oʻtayotib alamidan supa labida turgan allaqanday alyumin idishni (kanistr) bir tepib agʻdaradi. Idishning ogʻzi sustroq buralgan ekanmi, undan sizgan sargʻimtir suyuqlik (benzin shekilli) ariqqa qarab oqa boshlaydi. Moshinaga chiqish oldidan bandi qoʻlidagi sigaretni yelkasi osha chertib yuboradi. Lahza oʻtmay oʻsha tomonda alanga koʻtariladi.

* * *

Bolta Mardon darvozasiga yaqinlashganda aravachali bir mototsikl toʻxtab, undan Qodir tushadi. Mototsikl kajavasiga yirik-yirik qilib «VALYeNTINA» deb yozilgan va oʻsha kosmonavtning skafandrdagi rasmi solingan. — Quloqboshidan kelyapman, — deydi u sarosimada. — Jagani milisa olib ketibdi. Rais bilan yoqalashib, suvga itarib yuborgan ekan. Hozir quloq-boshida raisning oʻzi...
— Hay, ular — et bilan tirnoq. Bitishib ketar, — deydi Bolta Mardon allanechuk beparvo.
— Dada, kechiring. Maktabda shu qizga koʻnglim bor edi...
— Koʻngil bergan odam shunday soʻgshayib qoladimi?!
— Oʻzingiz...
— Nima — Oʻzim? — Bolta Mardon oʻgʻliga oʻqrayadi. — Ota deganing paygʻambar boʻptimi!..

Shu vaqt darvozadan Botir koʻrinadi. Tashvishmand.
— Dada, ertaga yana chiqamiz shekilli. Suv yoqalab...

Bolta Mardon churq etmay, otini yetaklab ichkari kirib ketadi.

Aka-uka bir-biriga tikilib qoladi. Qodir choʻntagidan sigaret chiqaradi.
— Mengayam bering bitta, — deydi Botir.
— Chekmasding-ku?
— Chekmas edim...

Tonggi manzara takrorlanadi.

Ana, Bolta Mardon, qoʻlida obdasta, yoʻlka boʻylab tahorat olib qaytayotir...

Mana, ichkaridan nomoz ovozi...

Hovli kimsasiz — hamma qoʻshni hovlida.

Ana, yelkasida toʻn, Bolta Mardon yolgʻiz bogʻ oralab yuribdi...

Daraxtdan xoliroq joyga chiqib, osmonga tikiladi u. Osmonni bulut bosgan. Tund. Notinch.
— Tavba...

Mana, nihoyat, uy egasi bogʻ etagidagi, Amirning hovlisidan chiqadigan ariq boʻyida...

Suv paynovdan bir qulochcha beri oʻtganu qurib qolgan!

Bir muddat shu holga tikilib turgan odam, iyagini qashlay-qashlay nari ketadi.

U tagʻin daraxt oralashga tushadi...

Tevarak qorongʻilasha boshlagan...

* * *

Qoʻshni hovli yop-yorugʻ, charogʻon. Shiyponda allaqachon ziyofat boshlangan.

Toʻrda — sipo kiyingan silliq-silliq mehmonlar. Oltmishlarga yaqinlashgan tepakal kishi — «asosiy katta» oʻrtada oʻtiribdi. Yonida oʻta zamonaviy libosdagi suluv bir jonon. Qizimi, yo?..
— Basseyn tayyor, Alisher aka!
— Yashang, Amirboy, qoyil!

* * *

Oʻsha hovlidagi oshxona. — Dadam bechora bir oʻzlari oʻtirgan boʻlsalar kerag-a, ena? — deydi piyoz archiyotgan Zulfiya tashvishlanib.
— Avvali oqshomdanoq yotib olish odatlari bor, — deydi Musallam opa. — Ayniqsa, bugun, charchab kelgan boʻlsalar...

Botir oʻsha hovli darvozasi oldida turibdi. Yolgʻiz. Sarxushroq. Qoʻlida telefon, Toshkent bilan gaplashmoqda.
— Men ham... Juda! — deydi u ehtiros bilan.
— Nigor! Ayting-chi, bir kuni kelib joningizga tegib qolmaymanmi?
— Necha yil oʻtsa ham-a?
— Siz-chi?
— Ungayam biron karmi, koʻrmi topilarmish. Dadam aytdilar.
— Yoʻq, tushunmadingiz. Shunday bir naql bor. Bizda. — Indin. Ha, ertadan keyin boraman...

* * *

Qorongʻida bogʻ kezib yurgan odam nogahon munkib ketadiyu bir daraxtni quchoqlab oladi. U daraxt tanasi boʻylab sirgʻala-sirgʻala yerga oʻtirib qoladi. Soʻng sekin orqaga ketib, yerga chalqancha choʻziladi. Muallaq qolgan qoʻllar bir zum titrab turgandek boʻladi-da, shalop etib ikki yonga tushadi. Qoʻshni shiypondan yogʻilayotgan bir tutam nur ochiq koʻzlarni yoritib, choʻgʻdek yalligʻlantirib yuborganu ulardan qaytgan gʻayritabiiy bir shu'la tepadagi, shamolda qaltirayotgan yaproqlar aro yalt-yult etib akslanadi...

Daraxt barglarini shitirlatib, yomgʻir shivalay boshlaydi.

* * *

Qoʻshni shiypon. Bazm avjida. — Saratonda yomgʻir-a! Chudo, chudo! — deydi «asosiy katta» kaftlarini bir-biriga urib, quvnab. — Kavkaz! Nastoyashiy Kavkaz! Chto tam Kavkaz — jannat! Jannat-a!
— Atay zakaz qilganmiz-da, aka!
— Qoyil, Amirboy! Yashang! — Zoʻridan bitta boʻlsinmi, Alisher aka? — Amir pastdagi chorpoyada oʻtirgan san'atkorlarga qarab hayqiradi: — Boshla, Juma!..

* * *

Vishillagan shamol aralash yomgʻir kuchaygandan kuchayadi. Goʻyo qorongʻi daraxtzor qa’rida choʻzilib yotgan jasadni suvga koʻmib yubormaguncha qoʻymaydigandek... Qoʻshni hovlida yangragan yalla yomgʻir shovqinini bosib ketgudek...

Yurak tuygularim aytaman sizga,

Oʻzim oʻsma qoʻyay shoʻx qoshingizga.

Arazlamang, jonim, arazlamang...

Yomgʻiru toʻzonga basma-bas, bogʻ-bogʻot oralab qorongʻida yonarqurt misoli yalligʻ taratib bir ilon sudraladi. Suv oʻrniga ariqda olov oqayotir, olov...

* * *

Ertasi kuni. Marhumni dafn etgan tobutkashlar koʻchani toʻldirib qaytmoqda.

Kechagi kundan bizga tanish-notanish koʻpchilik shu safda. Ana — mahmadana ta’ziyagir oʻgʻil; ana — otasi bemor yotgan «suv oʻgʻrisi»; ana — bir soat ichida tugʻilgan Hasan bilan Husan; ana — birovlarga oʻlim tilaydigan badnafas Bozor sariq; ana — gurungga ishqiboz chol, bekorchi tanbal Jumaqul, rashkchi xotinidan dakki yegan er...

Oʻrin Jaga toʻdadan chetrokda — bir oʻzi kelayotir. Moʻylovsiz. Tanish qiyin. U dam-badam yengi bilan koʻzyoshlarini artib qoʻyadi.

Yoʻlning yarmiga kelganda saf boshida borayotgan hassakashlardan biri — marhumning kenja oʻgʻli nogahon akalaridan ajralib, bir tor koʻchaga kirib ketadi. Buni koʻrgan birov-yarim uzrli holga yoʻyib, ahamiyat bermaydi.

* * *

Bizga tanish hovli. Oʻrtasida qari tut oʻsgan supaning bir chetida tizzalarini quchgancha boqqa qarab kechagi ayol oʻtiribdi. Egnida koʻk koʻylak — motam libosi.

Hovliga kirgan yigit asta kelib ayolning kiftiga qoʻl tekkizadi.

Ayol ogʻir qoʻzgʻalib joyidan turadiyu yigitning yelkasiga bosh qoʻyadi.
— Bandalik ekan-da, bolam...

Yigit beixtiyor tepaga qarab, burgutdek quloch yozgan ulkan tutga tikilib qoladi.

Qadimiy tut uning koʻz oʻngida yashnab turgan azamat bir daraxtga aylanadi...

Zabarjad

«
Отим ориқ, манзилимга етолмайман-о…
Қўшиқдан
»

Yoz kuni. Tushdan keyingi sokinlik.

Ayqirib oqayotgan soy yoqalab oʻttiz besh-qirq yoshlar chamali bir kishi yengil xirgoyi qilib kelmoqda. Vaqtichoq, qadam olishlaridan andak shirakayfligi bilinadi.

Narigi tomonda — quyuq daraxtzor chorbogʻ etagidagi tikroq sohilda, oldida har xil qoʻgʻirchoq, oʻyinga mashgʻul boʻlib oʻtirgan olti-etti yashar qizaloq soy yoqalab kelayotgan kishiga koʻzi tushib shodon qiyqiradi:
— Dadajon! Dadajon!

U oʻrnidan turayotib oldinga munkiydi va oyogʻi ostidagi qoʻgʻirchoqlariga qoʻshilib sirpana-dumalay soyga tushib ketadi.

Qizaloq suv yuzasiga bir qalqib chiqadi-yu, jonholatda tipirchilay-tipirchilay choʻka boshlaydi.

Narigi qirgʻoqdan oʻzini suvga tashlagan ota uch-toʻrt hamlada qizga yetib oladi-da, uni boshi uzra baland koʻtarib sohil tomon otib yuboradi. Keyin oʻzi ikki-uch marta talpinib yuzaga chiqadi-yu, birdan koʻrinmay ketadi.

Suv sathida uyurmasimon halqalar hosil boʻladi, qizaloqning turli-tuman qoʻgʻirchoqlari oʻsha doira boʻylab aylana boshlaydi.

Sohil uzra esini yoʻqotib qoʻygan qizaloqning chinqirigʻi yangraydi:
— Dada-a-a! Dadajo-o-on!

* * *

Zabarjad degan bir... qiz deymizmi endi, juvonmi... oppoq yelkalari ochiq, guldor choyshabni ichkoʻylak misoli qoʻltiqlari ostidan oʻtkazib tangʻib olgan, eshik yonboshidagi elektr tugmachasini bosib, charogʻon vannaxonaga kiradi. Allaqanday sirni anglab yetmoqchi yo nimanidir salmoqlab koʻrayotgan kabi qoʻlidagi gʻijimlangan oq roʻjaga bir nafas tikilib turadi. Koʻnglidan kechgani esa bunday:
— Shugina kerakmidi sizlarga? Mana, tamom!

U roʻjani vannaga otadi-da, joʻmrakni ochib yuboradi. Sharillab oqqan suv goʻyo bir zum qon tusini oladi — jomga tushiboq qip-qizil qonga aylanayotir!

Koʻzida yosh halqalangan Zabarjad bir seskanib, jomga diqqat bilan tikiladi. Yoʻq, suv! Oddiygina suv. Andak xira tortgandek, xolos.

Vanna devoriga yopishtirilgan zarhal tasvirdagi yarimyalangʻoch ishvakor jonon sirdoshlarcha koʻz qisib qoʻyadi.

Zabarjad roʻparadagi doirasimon koʻzguga soladi oʻzini. Sochlari betartib hurpaygan, koʻzining surmasi chaplashgan.

Yuzini har maqomda burishtirib koʻradi, tilini chiqarib oʻzini masxara qilgan boʻladi.
— Koʻnglingiz joyiga tushdimi, jonim? Battar boʻling!

Soʻngra koʻzgu tagidagi joʻmrakda yuzini yaxshilab yuvib, tagʻin aksiga boqadi: shoʻx nigohlar oʻsha-oʻsha, kulgichlar oʻsha-oʻsha — biror narsa oʻzgarmagan! — Hech gap emas ekan-ku!

* * *

Tangu tor oshxona. Deraza yonidagi yemak stoliga tirsak tirab bir kishi oʻtiribdi. Maykachan. Chekyapti. Oʻrtayashar. Sochiga oq oralab qolgan. Yuzi koʻrinmaydi.

Zabarjad orqadan kelib uni boʻynidan quchadi, sochlariga yuzini suykaydi. — Dadamning ham sochlari shunday edi. «Nega boshqalarning sochi qop-qora-yu, sizniki bunaqa?« deb soʻrasam, »Men kul sepib olganman-da», derdilar.

Zabarjad stolni aylanib oʻtib, haligi kishiga roʻbaroʻ oʻtiradi. U ham stolga tirsaklab, suhbatdoshiga tikiladi.
— Pushaymon qilyapsiz-a? Boʻlgani boʻldi endi, doʻstim, oʻylamang! Bu ishda boy bergan men-ku, sizga nima? Lekin oʻzim hecham afsus qilmayapman. Qaytaga, qushdek yengil boʻlib qolganga oʻxshayman. Orzum shu edi, mana, yetdim. Besh yil boʻldi-ya! Endi sizdan boshqa biron erkak bu ostonani koʻrmaydi. Zabarjad soʻzim! Yo kelsinmi, maylimi? Gapirsangiz-chi, axir! E-e-e! — Zabarjad xuddi yosh bolaga doʻq qilayotgandek bir jazava bilan stolga shapatilaydi. Soʻng birdan yumshab, jilmayadi. — Toʻgʻrisini ayting, kutmaganmidingiz? «Qari boʻlsa ham — qiz yaxshi» degan gapga endi ishongandirsiz? E, kim ham ishonardi — Oʻttizlardan oshib, shu vaqtgacha!.. Uyatsizman-a? Qip-qizil sharmanda! Urib-urishadigan ering, uyaladigan bolang boʻlmaganidan keyin odam bora-bora mana shunday behayoga aylanar ekan, doʻstim!

Oʻrtada turgan chinni tarvuzga pichoq sanchilar-sanchilmas (soʻyayotgan kishining faqat qoʻli koʻrinadi), u paqqa ikkiga boʻlinib ketadi. Qondek qip-qizil! Zabarjad tarvuz pallasiga changal urib «yuragi«ni ajratib oladi-da, stol uzra uzalib »doʻsti»ning ogʻziga majburan tiqadi. — Qoʻpolman-a? — deydi qilmishidan kuyingandek. — Qoʻpolman. «Sen, Zabar, asli oʻgʻil bola boʻlib tugʻilishing kerak edi, nimadir xato ketgan-da», derdilar dadam. Rostdan ham, oʻgʻil bola boʻlganimda bunday yurmasdim. Iy-y, yoʻq, yoʻq, shunday — qiz bola boʻlganim yaxshi! Oʻgʻil bola boʻlganimda sizni qayoqdan koʻrardim, toʻgʻrimi? Oʻgʻil bola... Mana koʻrasiz — Oʻgʻil boʻladi. Aniq, a-aniq! Oʻzingizga oʻxshagan: qoravoy, indamas. Agar... mabodo qiz boʻlib qolsa, duch kelgan birortasiga shartta tegib olaman, Zabarjad soʻzim! Qiz bola otasiz oʻsmasligi kerak. Otasiz oʻsgan bittasini, mana, koʻrib oʻtiribsiz!

* * *

Zabarjad yengil-engil hatlab zinapoyadan tushmoqda. Ikkinchi qavatdan oʻtayotganida orqadan birov tovush qiladi:
— Zabar, Zabar, ishga ketyapsanmi? — Baliq oviga! — deydi Zabarjad bepisand oʻgirilib.

Yon tarafdagi salqi zanjirlangan eshik tirqishi¬dan soch-soqoli oʻsib ketgan qoʻsqi bir bashara chala koʻrinadi.
— Meniyam billa opketsang-chi! Suvga tushib ketmagin deb belginangdan quchoqlab oʻtirardim.
— Qarmoq-parmogʻing yoʻq-ku, Zokir, — deydi savdoyi qoʻshnisining bu kabi shilqimliklariga koʻnikib ketgan Zabarjad beozor kulimsirab.
— Mening qarmogʻimni koʻrmagansan-da, hey qiz! — deydi Zokir ochiqcha betamizlikka oʻtib. — Vo-ey, buning figurasini qarang! Shimlar tarang, koʻkraklar dirkillagan! Oʻlib qolaman, vo-ey!
— He, aynimay oʻl! Devona!

Oʻylamay aytgan gapiga chuv tushgan Zabarjad uch zinani bitta qilib pastga otiladi. — Mengayam opke baligʻingdan. Laqqasidan boʻlsin, hey! — deb qoladi «zanjirband».

* * *

Sersoya hovli oʻrtasidagi shiyponchada doimiy ulfati Yura piyon bilan domino oʻynab oʻtirgan oltmish yoshlardagi chuvakkina odam — Zokirning otasi Vosil amaki yoʻlakdan chiqqan Zabarjadga koʻzi tushib, oʻzicha yayrab ketadi:
— Ha, Joʻraboyning qizi! Kelinchakka oʻxshab qolibsan, toʻy qachon? — Sizga har kuni toʻy-ku, Vosil amaki! — deydi Zabarjad xushhollik bilan; asli begʻubor shu shoʻrlikka rahmi keladi doim.
— Yoʻq, sening toʻyingda toʻyib bir ichib armondan chiqmoqchiman-da, qizim. Oshnam rahmatlini eslab!
— Kuyov topilmayapti, amaki, kuyov yoʻq!
— Senday nozaninga qaramasa, yigitman deganlarining koʻzi qayoqda ekan-a!
— Oʻzingiz kelin qilaqolmaysizmi?
— Zokirgami? E, u senga toʻgʻri kelmaydi — turemshik!

Ikkinchi qavat derazasidan hayqirgan ovoz keladi:
— Kim turemshik, hoʻ piyonista! Oʻzi koʻnib turibdi-ku, bosish kerak!

Vosil amaki xira pashshani haydagan kabi deraza tomon qoʻl toʻlgʻab qoʻyadi: bas qil!

Zabarjad uzun bogʻichli soʻmkachasini yelkasidan olib, kavlay-kavlay ulfatlarga yaqinlashadi. Kaftida gʻijimlagan pulni bilintirmaslikka tirishib Vosil amakining choʻntagiga tiqib qoʻyarkan:
— Kuyov topsangiz — suyunchisiga, — deydi pichirlab.

Vosil amaki soʻniqibgina yerga qaraydi.
— Rahmat, qizim. Peshonang ochilsin iloyim.

Yura piyonning koʻzi chaqnab ketadi, qizga umid va havas bilan boqadi. Keyin engashib, qoʻlbola stol tagidan qizgʻish shishani oladi.
— Davay!

Deraza tarafdan yana shangʻillash eshitiladi:
— Necha soʻm ekan, hoʻ piyonista? Bir tiyinini ham qoldirmay menga berasan, bilding! Endi u mening qayligʻim-ku! Kechqurun menga baliq opkeladi, oʻzi aytgan! Vosil amaki asta boshini koʻtarib derazaga qaraydi. Bir lahzada koʻzlari qizarib qolibdi.

* * *

Zabarjad uyni aylanib oʻtib yoʻlkaga burilganida uchinchi qavat derazasidan ayasining sasi keladi:
— Hoy boyvuchcha, anovi tasqaraga nega pul berasan? Zabarjad yoʻlidan toʻxtab, derazaga yuzlanadi:
— Kimga? Qanaqa pul?
— Hali derazadan oʻzim koʻrdim-ku!
— Rahmim keladi, aya. Ichim achiydi koʻrsam.
— Menga rahming kelsin! Sen yetimchalarni xorligu zorlikda boqib katta qilgan onangga iching achisin!
— Yaxshi odam-ku, aya! Doim dadamni gapiradi. Oʻrtoqlari edi.

Derazadan engashib olgan Vazira opa battar tutaqadi:
— Qanaqa oʻrtoq?! Bir joyda ishlagan, xolos. Hay, ana, shunchaki bir qoʻshni! Yaxshi odamni xotini tashlab, qizinikiga borib oʻtiradimi, a?! Yaxshi odam pushtikamaridan boʻlgan farzandini zanjirga solib qoʻyadimi?! Yaxshi odam qizi tengi birovdan sadaqa oladimi?! Yaxshi odam boʻlsa, ertayu kech...
— Boʻldi, boʻldi, aya! Qoʻni-qoʻshni eshitadi. Nima qilsin bechora? Oʻzingiz bilasiz-ku!
— Ana, jinnixonaga eltib topshirsin!
— Aya! Har kim ahvolini oʻzi biladi. Bittayu bitta oʻgʻil!
— Hali sen chiqqan zahoti Dilya oʻrtogʻing telefon qiluvdi, — deydi Vazira opa negadir darhol shashtidan tushib. — Ishxonangning oldida kutarmish. Gapi bor ekan.
— Gaplari boʻlsa, oʻzlari kelib meni opketmaydilarmi u tannoz xonim! — deydi Zabarjad yoʻlga tusharkan, nimadir nash'a qilib. — Taglarida — «Neksiya»! Dilya Dubay! — Hoy, kirporoshok esingdan chiqmasin-a!

* * *

Mikroorganizmlar tadqiqoti instituti.

Soʻmka-poʻmkasini qoʻyib, oq xalat kiyib chiqqan Zabarjad tez-tez yurib maydon chetidagi daraxtlar soyasida turgan «Neksiya»ga yaqinlashadi. Yaltir-yultir yasanib olgan Dilya kimgadir «Nima oʻylasangiz oʻylayvering! Bugun kelmaysiz, tamom! Toje mne!» deb jahl qiladi-da, qarsillatib telefonchasini buklaydi.
— Qani, gapirsinlar, — deydi moshinaga kirib uning yoniga oʻtirgan Zabarjad.
— Oʻtiribsan mikroblarga yem boʻlib?
— Mikrob emas, savodsiz, foydali mikroorganizmlarni tadqiq etish instituti!
— Bari — bir goʻr!.. Ketyapman, oʻrtoq!
— Yanami? Oʻsha yoqqa?
— Boshqa qayga boʻlardi! Bu safar olti oyga!
— Yetar deyman.
— Yetmaydi, Zabar! Menga yetmaydi! Sening-ku dadang oʻlgan edi, men bir qari kampirning qoʻlida tirik yetim boʻlib oʻsganman. Koʻzim och. Boʻlsa, yana koʻproq boʻlsin deyman. Shunaqa. Dugonangning fe’lini bilasan-ku, oʻrtoq! Bola katta boʻlib qolyapti. Kelajakda oʻqishini oʻylashim kerakmi — kerak! Uchastka qurmoqchiman. «Dom» jonga tegdi — burilolmaysan, tangu tor. Keyin — men ham odamday yashashga haqqim bormi, yoʻqmi?!
— Yasha, yasha. Ruxsat berdim.
— Kulma, Zabar. Anovi soʻtakning ahvolini oʻzing bilasan. Uyga bir soʻm topib kelolmasa! Qoʻlidan bir ish kelmasa! Ketiga tepganimga ikki yil boʻldi, oʻrtadagi oʻgʻil bahona, sirtiga suv yuqtirmaydi-ya! Xuddi hech nima boʻlmagandek, «Uyingning kalitini tashlab ket« emish! Ijaraga qoʻyib pul ishlamoqchilar! »Yebsan», dedim. Eshitding-ku hali. Ijara qoʻyadigan boʻlsam, oʻzim qoʻymasmidim! K chemu eto mne! Toʻrt pul chiqadimi, yoʻqmi, shuncha remontimning dabdalasini chiqazib tashlaydi. Bilaman, marjabozlik qilmoqchi bu. Oʻrgildim sizday marjabozdan! Holing menga ma’lum-ku. Qoʻlingdan biror ish kelganida men bunday sarson boʻlib yurarmidim! Kalitimning bittasini senga tashlab ketmoqchiman, Zabarjad. Loyimiz har joydan boʻlgani bilan eski oʻrtogʻimsan, maktabda billa oʻqiganmiz. Haftada bir-ikki bor gulga suv quyib ketsang bas. Gullarimni koʻrgansan, Arabistondan kelgan antiqa gullar. Menga qara, Zabar, biratoʻla kelib menikida yashab tursang-chi? Shaharning qoq markazi, hamma sharoit muhayyo. Hu-uv Sirgʻalingdan sakillab yurguncha! U yoqdan semiribroq kelsam, arzon-garov qilibmi, balki butunlay oʻzingga bervorarman. A, nima deysan?
— Gul-pulingga qarab turishim mumkin, lekin uying oʻzingga buyursin, jonim!
— Mana shunday tantiliklaringga borman-da, Zabar! Sa-al menga oʻxshaganingda-ku oʻzim bilardim nima qilishni. Sendaqasini koʻrsa, oʻlib qoladi ular! Olti oyda ogʻiz-burninggacha toʻlib ketasan! Boʻldi, boʻldi, tumshaymang. Bildik — siz farishta, Vazira kennoyim ham oʻpmagan huru gʻilmonsiz! Ja-a boʻlmasa, dengizlarda choʻmilib kelarding!
— Suvni yomon koʻraman.
— Yomon koʻrarmish, qoʻrqsang kerak-da? Choʻmilsang — shundoq mazaki, iliqqina! Tanangdagi bor gardu gʻuborni yuvib ketadi.
— Seni-ku oʻnta dengizda choʻmiltirib olsa ham befoydadir!
— Dengiz emish, okeanda degin! — Dilya tantilik bilan qiqirlaydi. — Oʻzing kimga asrab yuribsan bu mulkni, hayronman? Koʻtarasiga bervormaysanmi?!
— Egasi chiqib qolar, — deydi Zabarjad sirli jilmayib. — Koʻtarasavdoni sen qilasan!
— Voy, haliyam anovi... Boshingga urasanmi uni! Yoshi katta boʻlsa, bola-chaqali, oʻziyam bir xunuk, tasqara! Lekin-chi, Zabar, toʻgʻrisini aytsam, oʻsha odamingning bir balosi bor-ov. Ji-im oʻtirsayam, gapirmasayam, yonidan ketging kelmaydi-ya! Bunday bir yoshrogʻini topsang-chi, oʻrtoq! Qachongacha yurasan qulf solib?!
— Yoshi ham bor. «Diplomat».
— Ho-o, zoʻr-u! Hah, pismiq, yashirishini qarang!
— Yoʻq, sen oʻylagandaqamas. «Diplomat« koʻtarib yuradi, xolos. Keys bor-ku, oʻshani. Koʻzini loʻq qilib, "Sevaman!" deydi. Oʻzi mendan besh yosh kichik! Shunisini aytsam, "Sizsiz yashayolmayman!" deydi tirrancha. Oʻzicha bir balolarni javraydimi-ey! Qochib ketging keladi. Izimdan tentigani tentigan. Hozir ham shu atrofda yurgan boʻlsa kerak. »Diplomati»ni qoʻltiqlab!
— Da-a, birkam dunyo ekan-da, — deydi Dilya daf’atan ma’yus tortib. — Zaba-ar, bir gap soʻrasam maylimi? Anovi «doʻstim-doʻstim» deganingni rostdan ham yaxshi koʻrasanmi? Ayt, nimasini?
— Shunisini bilmayman-da. Bilganimda-ku... Oʻzim bilardim!
— Men ham birovni yaxshi koʻrgim kelyapti, — deydi Dilya koʻzida yosh halqalanib. Soʻng birdan hoʻngrab Zabarjadni quchoqlab oladi. — Senday. Senga oʻxshab. Chin yurakdan! Havasim keladi senga, oʻrtoq, ishon! Men odam boʻlmadim, Zaba-ar! Yurishimni qara! Shuyam hayot boʻldimi, dugonajon? Bir tiyin! Bu hammasi bir tiyin, ishon!

Zabarjad nogoh jini qoʻzigan Dilyani hurpaygan sochlarini tartibga solgandek boʻlib silay-silay yupatarkan, institut darvozasi oldida u yoq-bu yoqqa alanglab kimnidir qidirayotgan hamkasbi Donoxonga koʻzi tushadi.
— Xafa boʻlmaysan, oʻrtoq, meni soʻrab chiqishdi shekilli.
— Mayli, mayli, boraqol, — deydi Dilya birdan «motami» arib, boyagidek sovuq, oʻktam qiyofaga kirarkan. — Meniyam tashvishlarim bir dunyo! Bilet, viza-piza deganday. Ketishdan oldin oʻzim uylaringga oʻtaman. Vazira kennoyimga salom aytib qoʻy, xoʻp? Dilya moshinasini shiddat bilan orqaga surib, katta yoʻlga soladi.

* * *

Direktor qabulxonasi.

Eshikni taraqlatib ichkaridan Zabarjad chiqadi. Rangi oʻchgan. Lekin yuzida allaqanday telbavor bir tabassum. Oʻzi oʻlgudek qarimsiq, ammo rosa yasan-tusan kotiba ayol oʻrnidan turib ketadi:
— Nima gap? Tinchlikmi?
— Kompʼyuter sindi shekilli, — deb javob qiladi Zabarjad gʻalati zaharxanda bilan. — Bosh ham yorilgandir.
— Voy, nega sinadi? Nima yorildi deysiz?
— Siz sindirmaganmisiz? Siz yormaganmisiz?
— Voy, nega sindiraman? Esimni yebmanmi! Bundoq tushuntiribroq gapirsangiz-chi, Zabarjadxon, nima gap oʻzi?
— Men esimni yedim, Xatira opa! Yod-podingiz boʻlsa, paxtaga tomizib tez opkiring. Doʻxtir chaqirsangiz ham boʻladi.
— Voy-voy, domlaga biror nima boʻldimi? — Kirganda koʻrasiz!

* * *

Tajribaxona. Toʻrt taraf oynaband javon, oʻrtada uzun-uzun stollar. Besh-oʻn chogʻliq oq xalatli ayol uzunchoq shisha idishlarni koʻtarib u yoqdan-bu yoqqa ivirsib yuribdi.

Oʻzgacha bir vajohatda kirib kelgan Zabarjad koʻpchiligining e’tiborini tortadi. Odatdagi pichir-pichir, oʻzaro ma’noli qarashlar. Zabarjad indamay joyiga oʻtib, xalati choʻntagidan ruchka oladi-da, bir varaq qogʻozga allanima yoza boshlaydi.

Boyagi Donoxon hadiksirabgina uning boshiga keladi.
— Himoyaga tegishli biror yangilik bormi deyman. Nega chaqirgan ekanlar?

Zabarjad yozuvdan bosh koʻtarib, atay barchaga eshitarli ovozda «hisob» beradi:
— Shanba kuni chet ellik mehmonlar bilan Chorvoqqa chiqarkanmiz! Dam olishga. Ikki kunlik. Men domlaga referent boʻlib borarmishman!

Har yoqdan luqma eshitiladi:
— Voy, yaxshi-ku! Maza qilib kelasiz-da.
— Bahonada himoyangizdan gap ochilib qolar.
— Oʻtgan gal, bahorda Barno boruvdi, eslaringdami? Biotexdan.

Zabarjad yozib boʻlgach, shaldiratib qogʻozni stoldan oladiyu ikki hatlab, yonboshdagi javon ortida yozuv-chizuv qilib oʻtirgan laboratoriya mudirining stoliga eltib tashlaydi.
— Men ishdan boʻshadim, Gulnoz Rahimovna! Mana, arizam! Xayr sizlarga! U apil-tapil ish oʻrnini yigʻishtirib, soʻmkachasini kiftiga iladiyu chiqadi-ketadi: bay-bay! Hamma hangu mang.

* * *

Zabarjad eshikdan chiqqani hamono gʻiybat aralash muhokama boshlanadi:
— Shu qizning ajab qiliqlari bor-da! Sal narsaga toʻnini shartta teskari kiyadi-qoʻyadi. Hay, Chorvoqqa chiqib kelsa nima qipti? Tem bolee, domla oʻzlari taklif qilibdilar. Ham sayohat, ham tijorat deganday, himoyasi yurishib ketarmidi balki. Kalit oʻzingning qoʻlingda boʻlsa, qulfingni birov besoʻroq ocha oladimi, ayting! — Zabarjadxonga ham oson tutib boʻlmas. Dissertatsiyasi tayyor boʻlganiga bir yildan oshdi. U yoqda ana, Barnoxonga oʻxshaganlar hashar bilan ishini bitirib olyapti. Alam qilib ketgandir-da. Necha yillik mehnat!
— Buning ustiga yoshi ham oʻtib boryapti deng. Anovi sabil miyaga uradi-da!
— Domlasi qurgʻur ham haqini olmasdan qoʻymaydigan! Huv tatar qiz ham shunday bir mojaro bilan ketib qoluvdi, eslaringdami?
— Xatirani-ku qabulxonasiga qamab, qaritib boʻldi. Qorovullikdan boshqasiga yaramay qolgandir endi.

* * *

Zabarjad ikkinchi qavatga tushganida koridorning oxiridagi deraza rafida turgan tanish «diplomat»ni koʻrib qoladi. Bir zum ikkilanib toʻxtaydi-yu, keyin shahd bilan oʻsha yoqqa qarab yuradi.

Mana, anovi sullohning oʻzi! Xushsurat, qaddi-qomati raso. Risoladagidek kiyingan: qora kostyum-shim, oq koʻylagu galstuk. Qoʻlida gul, iljayibgina turibdi. — Yana keldingizmi? Sizning boshqa ishingiz yoʻqmi? Men sizga nima degan edim oʻtgan gal?!
— Sevgan koʻngil nima qilsin, axir? — deydi surbet tirjayib.
— Menga qarang, shoir-poir emasmisiz mabodo?
— Qanaqa shoir? Nega?!
— Toʻgʻri gapiraversangiz boʻlmaydimi? E, hammang jonimga tegding! — Zabarjad jazava ichida keysga chang soladiyu uni deraza osha pastga uloqtirib yuboradi.
— Voy, voy, bu nima qilganingiz, Zabarjadxon?

Zabarjad shu zahoti shashtidan tushib, soʻraydi:
— Ichida nima bor edi?
— Bir shisha konʼyak. «Anhor».
— Yana?
— Shokolad. Oʻzingiz yaxshi koʻradigan achchiq xilidan.
— Yana?
— Yana... dissertatsiyam. Papkada edi.
— Yuguring! Tez! E, shoshmang, necha pul boʻladi hammasi?

Zabarjad sarosimada soʻmkachasidan bir siqim pul olib jabrdiydaning choʻntagiga tiqadiyu yov quvgandek, undan oldin koridor boʻylab chopib ketadi. Zinapoyaga yetib orqasiga oʻgiriladi: oshiq shoʻrlik mum boʻlibgina qotib qolgan! — Ilmiy ishlaringizga muvaffaqiyat!

* * *

Zabarjad institut binosidan yelib chiqadi-da, eshik oldida bir dam toʻxtab, oʻylanib turadi. Soʻng ildam yurib binoning chap biqinidagi terakzorga kiradi. Oʻt-oʻlanlar orasidan keysni topib, dastroʻmoli bilan u yoq-bu yogʻini artadi.

Xomush, parishon holda eshikdan koʻringan egasining qoʻliga uni tutqazarkan:
— Uzr, jahlim chiqib turuvdi, — deydi Zabarjad. — Qarang-chi, qoʻlyozmangiz hoʻl boʻlmabdimi?
— Qoʻlyozmam? — deydi yigit battar gangib. Keyin beixtiyor qizning amriga boʻysunib, tizzasi ustiga qoʻyib keysni ochadi. — Yoʻq, hatto sinmabdi ham... Men endi nima qilay, Zabarjadxon?

Zabarjad bu savolga nima deyishini bilmay lab tishlab qoladi.
— Nima qilardingiz, u yoq-bu yoqni koʻrasiz...

Soddadil yigit alanglab rostdan ham ikki tarafiga nazar soladi. Bir tomondan dikirlab qoʻgʻirchoqdek bir qiz oʻtadi, ikkinchi tomonda — ertalab Dilyaning moshinasi turgan daraxtlar tagida «Tiko»siga suyanib, qoʻlida koʻzgucha, bir qiz oʻziga oro bermoqda.
— Koʻp-a? — deydi yigitga qoʻshilib oʻzi ham oʻsha tomonlarga qaragan Zabarjad shoʻxchan kulib. — Davosi shu!
— Lekin yurakka buyurib boʻlmaydi-ku, Zabarjadxon! — deydi bechora kitobiy oshiq hasratli ohangda.

Zabarjad yaqin borib, opalarcha bir mushfiqlik bilan uning yuzini kaftlari orasiga oladi:
— Mening yuragimga buyurib boʻlarkanmi, ukajon?! Siz hali yoshsiz, qiz degani ana — son mingta! Keling, shunday boʻlgani ma’qul.

Omadsiz oshiq asta buriladiyu, boʻyni bir yonga qiyshaygan, «diplomat»ini osiltirib koʻchaning naryogʻiga qarab yoʻl oladi. Oʻz-oʻzidan diydasi yoshga toʻlgan Zabarjad qimirlayolmay joyida turib qoladi.

* * *

Qator telefon budkalarining biridan Zabarjad yigʻlagudek bir alfozda «doʻsti»ga arz qilayotir.

Qoʻshni budkada ikki yosh oshiq-ma’shuq bir-biriga qapishgan koʻyi, goʻshakni goh unisi, goh bunisi olib kim bilandir soʻzlashayotir. — Siz tengi, siz tengi shekilli, — deydi Zabarjad xunobi oshib. — Ha, professor. «Qizim, qizim«lab yurardi, yaramas! Yoʻq, rahbarim boshqa. Yaxshi odam, aytganman-ku sizga... Orqa xonasiga opkirib, allanimabaloni kompʼyuterda koʻchirib berishimni soʻradi. Oʻzim ham sezganday boʻldim-a. Xatirasi qabulxonada saqich chaynab oʻtiribdi, oʻsha koʻchirsin edi! "Himoyangizni keyingi chorakka qoʻymoqchimiz, Zabarjadxon, shunga nima deysiz?" deb soʻradi avval. "Siz nima desangiz shu-da, domla, rahmat", dedim. "Men nima desam shumi? Gapingizda turasizmi? Shanba kuni vaqtingiz qalay?" Keyin — Chorvoq-porvoq, hali aytdim-ku! Koʻchirib boʻlib oʻrnimdan turayotsam, »Ish bitganda qochish ekan-da!» deb tashlanib qolsa boʻladimi! Pishillab! Bir sassiq! Harom! Kompʼyuterini itarib yuborib, klaviatura bilan soldim boshiga!.. Toʻgʻri, toʻgʻri, yaxshi ish boʻlmadi. Chidayolmadim-da. Nima, boshi ochiq bir yetimcha ekan deb yopishaverish kerakmi? Oʻzim ham jinniman, bilasiz-ku!.. Ha, ha, hammaga shunday. Hayvo-on! Direktor boʻlsang — Oʻzingga! Keyin — boʻshadim! Ha, yozdim arizasini... E, bilmasam. Bugun vaqtingiz bormi? Doim shunday — ish, ish! Kim bor? Odam? Men-chi, odammasmanmi?!

Qoʻshni budkadagilar endi tamomila yaktan boʻlib ketgan — Oʻpishayotir. Haligina talash goʻshak esa keraksiz buyumdek yerga osilib yotibdi.

Zabarjad alam bilan teskari qarab oladi. Yo tavba, bu yon budkada undan ham battar manzara!

Tashqarida shovillab yomgʻir quymoqda.

* * *

Rahbar kishining kabineti.

Uzunchoq stolning ikki tarafida toʻrt-besh odam mahtal boʻlib oʻtiribdi. Xona egasining oʻzi nariroqda, bularga orqa oʻgirib, qoʻl telefonida kim bilandir soʻzlashmoqda. Toʻgʻrirogʻi, telefonda birov betoʻxtov vaysayapti, u esa yakkash quloq solib turibdi. Ahyon-ahyonda uzuq-yuluq bir nimalarni soʻrab qoʻyadi, xolos. Oʻrtayashar bir odam. Sochiga oq oralab qolgan. Yuzi koʻrinmaydi.

Stol yonida betoqat boʻlib kutayotganlar derazaga qarab bosh chayqab qoʻyadi: yomgʻir!

* * *

«Yigʻlayotgan» telefon budkasi. Yomgʻir sasi aralash budka ichidan Zabarjadning zorli ovozi eshitiladi:
— Koʻrgim kelyapti, ha-a! Juda-juda! Oldingizga boray, maylimi? Shundoq eshikdan bir qaraymanu ketaman, xoʻpmi? Nima? Endi nima qilaman? E, hammasidan bezdim! Shu shahringizdan ham! Mana, mendan ham hamma bezor-ku! Boshimni olib ketsammi deb qoldim. Qishloqqa. Ammamnikiga. Birgina oʻsha kampir tushunadi meni, xolos! Boshqa hech kimga kerak emas ekanman! Bildim — he-ech kimga! Boʻpti, qaytib sizga telefon qilmaganim boʻlsin! Ha-a, Zabarjad soʻzim — shu! Hoʻngrab yigʻlayotgan Zabarjad budka eshigini taraqlatib chiqib, egni yupun, boshyalang, yomgʻir qa’riga uradi oʻzini.

Yomgʻir toʻrlari oralab bebaxt, aftoda bir koʻyda ketib borarkan, qoʻlida osiltirib olgan soʻmkachasi koʻlmak suvlariga tegay-tegay deydi. Bu yoqda — budkada haligina jonquloq boʻlib turgan goʻshak yerga osilib yotibdi. Endi nokerak, ortiqcha bir buyum! Goʻyo u ham baxtsiz, u ham yigʻlayapti. Hamma yigʻlayapti! Olam koʻzyoshi qilyapti!

* * *

Kimsasiz bir bogʻning oʻrtasidagi koʻshksimon shiyponchada Zabarjad yolgʻiz, shumshayib oʻtiribdi. Biqinida soʻmkachasi, ogʻzi ochiq. Tizzasida kaftdekkina surat. Dadasi. Termilgani termilgan.

Keyin avaylabgina suratni soʻmkachasiga soladi-da, undan bir quti sigaret bilan gugurt oladi. Noʻnoqlik bilan sigaret qutisini ochadi, qovushmaygina bir donasini labiga qistiradi, urina-urina gugurt chaqadi. Labi choʻchchaygan, aftini kulgili tarzda burishtirib bir-ikki dapqir ichiga tutun tortadi-yu, birdan koʻzlari olayib, oʻqchib yuboradi. Oʻpkasi uzilgudek boʻlib yoʻtala boshlaydi.

«Kashanda» qoʻlidagi sigaretu gugurtni alam bilan bir yoqqa otib, yuzini changallab oladi. Barmoqlari orasidan tevarak-atrofni shalabbo qilib yogʻayotgan yomgʻirga tikiladi.

Yomgʻir tuyqusdan taqqa tinib, quyosh chiqib ketadi. Osmonda beqasam kamalak koʻrinadi. Moʻ'jiza!

* * *

Bejirim ta’mirlangan, shifti oynaband hashamatli xona. Qayoqqa qaramang, Dilyaga koʻzingiz tushadi. Toʻrt taraf devoru javonlar, past-baland tumbalar ustidan Dilya sizga boqib turadi. Har xil kayfiyatda, turli holatlarda, Turkiya deysizmi, Hindistonu Arabiston deysizmi, ishqilib, oʻshanday maftunkor manzillarda olingan katta-kichik suratlar. Bari oʻziga mos antiqa qasnoqlarga joylangan, did bilan osib-terib chiqilgan. Odam oʻzini yaxshi koʻrishni mana shu Dilyadan oʻrgansa boʻladi!

Toʻrdagi qoʻshtoʻshakda bizga tanish haligi oʻrtayashar, sochiga oq oralagan kishi yostiqqa bosh qoʻyib yuztuban yotibdi. Zabarjad oʻsha-oʻsha «libos»ida, uning beliga minib olgan, boʻyin-boshlarini mehr bilan, hafsala bilan uqalaydi — massaj. Mana, Dilyaxonim, koʻrib qoʻying!

Tagʻin oʻsha «bir aktyor teatri» — Zabarjadning labi labiga tegmaydi.

Mayli, shoʻrlik qiz dardini toʻkaversin, sizu biz ora-orada Dilyaxonning ajib-ajib suratlarini tomosha qilib turamiz, demakki, undan-da maroqli sarguzashtlariga sherik boʻlamiz.
— Bilasizmi, qachon yaxshi koʻrib qolganman sizni? — deydi «massajchi« qiz. — Bir-rinchi koʻrishimdayoq! Zabarjad soʻzim! Huv, esingizdami, Dilya bilan oldingizga boruvdik-ku, oʻshanda. Singlisini ishga joylamoqchi boʻlib. U qaerdadir siz bilan tanishib olgan ekan. Erkaklar bilan til topishishga, ayniqsa, ish bitirishga usta-da. Toʻgʻri aytyapmanmi, Dilya? — deya Zabarjad shoʻxlik bilan qoʻshtoʻshak uzra devorga osigʻliq ishvakor portretga qarab oladi. — "Birga yurasan" deb turib oldi. Siz asosan Dilya bilan gaplashdingiz. Menga bir marta ham qaramadingiz. Yoʻq, Dilya bidir-bidir qilgan, siz nuqul yerga tikilib ji-im oʻtirgansiz. Oʻshanda xuddi ilgari-ilgaridan tanish, yaqin bir odamimdek boʻlib tuyulgansiz menga. Xayrlashayotib oʻrningizdan turganingizda "Voy!" deb yuborishimga sal qolgan. Men sizni negadir novcharoq kishi deb oʻylagan ekanman. Oʻrtaboʻygina ekansiz. Mendan sal balandroq. Keyin oʻz-oʻzidan sizni koʻrgim kelavergan. Esingizdami, har baloni bahona qilib oldingizga boraverardim? Lekin, "Hoy qiz, senga nima kerak oʻzi, nega hadeb mening oldimga kelaverasan?" deb soʻramagansiz sira, jerkib ham bermagansiz. Men allanimabalolarni vaysayverardim, siz indamaygina kulib eshitardingiz. Biror marta boʻlsin biror nimaga sha’ma qilmagansiz-a, qoyi-il! Men esam nuqul boʻyningizga osilib yigʻlagim kelardi. Oldingizdan chiqqach, yigʻlab-yigʻlab qaytardim uyga. Qoʻymadim-da ishqilib! Shunga ham, mana, besh yil boʻpti-ya, qarang! Yaxshiyam, erga tegmaganim! Huv, yoshligimdayoq er qilib ketganimda — sizni koʻrmasdim, tanimasdim, dahshat! Oʻshanda rosa koʻp sovchi kelgan. Kelardi-yu, keyin izsiz ketardi. Sababini menga bildirmay, ayam oʻtirib olib yigʻlaganlari yigʻlagan edi. "Otasi yoʻq ekan", "Uy-joylari yupqaroq", "Bir balosi boʻlmasa, shu yoshgacha uyda oʻtirarmidi!" Bunday gaplarni men keyinroq eshitdim. Bora-bora sovchi kelganda oʻzim chiqib gaplashadigan, hatto savdolashadigan boʻlib qoldim. Betim qotib ketdi-da. Rasvo fe’limni bilasiz-ku. Bir-ikki bor haydab ham yubordim sovchi-povchisini. Hozir ham kelib turadi ba’zan. Xotini oʻlgan yo ajrashgan, qari-quri. "Bor-e!" deyman. Ayam shoʻrlik boʻlsa, "Bu ketishda Zokir jinnidan boshqasi seni xotin qilmaydi!" deb yozgʻiradilar. Shunday bir qoʻshnimiz bor, turmada yotgan, savdoyi. Toʻgʻrisini aytaymi? Sizni koʻrgandan keyin erga tekkim kelmay qolgan! Oʻshangacha dadamdan boshqa hech kimni yaxshi koʻrmaganman-da. Zabarjad soʻzim! Yoʻq, yoʻq, xayolingizga unday gap kelmasin! — "Massajchi" nozik bir erkalik bilan »mijozi»ning yagʻriniga shapatilab qoʻyadi. — Hech narsangiz kerakmas menga! Keraklisini oldim! Endi har-har zamonda uzoqdan bir koʻrib tursam ham mayli. Maylimi, ayti-ing! (Yana boyagidek shapati.) Ochigʻi, sizni yaxshi koʻramanmi oʻzi, yoʻqmi, bunisiniyam bilolmay qolaman gohida. Siz yoshi katta, baobroʻ bir odamsiz. Men-chi? Hecham toʻgʻri kelmaydi, bilaman. Lekin sizdan boshqasini oʻylayolmasam nima qilay?! (Yana shapati. Bu gal endi biqinlarga, boshqa yoqlarga.) Boʻldi endi, turing! Taltayib yotishlarini! Nima, men sizning xotiningizmanmi?! Boring, qolganini, ana, kennoyimiz qilsinlar! Turing endi deyapman! Bu bolaning yotishini qarang, tavba!

* * *

Kechki payt.

Zabarjad horgʻin, boʻshashibgina zinapoyadan chiqib kelayotir. Ikkinchi qavatdagi tanish eshikning zanjiri shiqirlab, tanish bashara koʻrinadi. Derazadan poylab turgan shekilli.
— Qani baliq?
— Baliq? — deydi Zabarjad parishonlik bilan. — Qanaqa baliq?
— Laqqa!
— Voy-y! Esimdan chiqibdi-ya, Zokir. Ertaga opkelaman, ertaga!
— Men oʻzingni aytyapman! Hozir zanjir-panjirini sindirib tashlay¬man, kir! Turmadan oʻrganib kelgan shunday priyomlarim borki, dod deysan!
— Do-od! — deydi shoʻxligi tutib Zabarjad. — Boʻldimi?
— Boʻlmadi. Qarmogʻimni koʻrsataymi senga? — Shunday deb bu devona bejoroq bir qiliqqa chogʻlanadi.
— Qarmoq-parmogʻing boshingdan qolsin! He, jinni!
— Kim jinni? Kim jinni? He, onangni... Shal-lab!

Zabarjad qochib eshiklarining oldiga chiqadi.
— Shu sen aytgandaqa boʻlish ham qoʻlimdan kelmadi, e xudoning bandasi! — deydi Zabarjad oʻziga oʻzi va beixtiyor peshonasini devorga tirab turib qoladi.

Ichkarida choʻzib qoʻngʻiroq jiringlaydi: peshonasini eshik yonboshidagi tugmachaga bosgan ekan.

Eshikni ayasi ochadi:
— Tinchlikmi?

Zabarjad boshini baland koʻtarib tantanavor e’lon qiladi:
— Otpuskaga chiqdim!
— Poroshok qani?
— Poroshok... yoʻq! Baliq ham yoʻq!
— Nima balo, mastmisan?

Ichkaridan boʻgʻiq, dardmand ovoz eshitiladi:
— Zaba-ar, keldingmi? Tagʻin qancha kutay?
— Senga qarab oʻtiribdi. Meni bilasan, qoʻllarimda jon yoʻq. — Xoʻp, xoʻp, aya. Bugun endi kech boʻpqoldi-ku. Ertalab-da.

* * *

Choshgoh pallasi.

Vannaxona. Boshqasi. Kamtarin, gʻaribroq. Soqol qoʻygan davangirdek bir yigit jom ichida enkayib oʻtiribdi. Ikki qoʻlini jomning ikki chetiga tirab olgan. Ishtonchan. Pushtirang «futbolka» bilan kalta lozimcha kiygan Zabarjad hansirab uning boʻyniyu yagʻrinlariga sovun surtmoqda.
— Qoʻllaring biram yumshoq, biram yoqimliki, Zabar! — deb qoʻyadi nogiron uka.
— Lolaniki bundan ham yaxshi boʻlsa kerak. Barmoqlari uzun-uzun, oppoq!
— Shu qizni tanimas ekanman-da, a, opa?
— Koʻrgansan, koʻrgansan. Roʻparadagi «dom«dan. e’tibor bermagandirsan-da. Kuning shoshilinch safarlarda oʻtardi, taq-taq, paq-paq. »Terrorchi»! — deya shoʻxlik qiladi ukasiga Zabarjad, joʻmrakni baralla ocharkan. — Har kuni soʻraydi seni. Zoʻr qiz!
— Shuni bir opkelmaysanmi, Zabar? Balki tanirman ham.
— Avval Moskvaga borib kelaylik, keyin, Sur'atjon, xoʻpmi?
— Ha-a, toʻgʻri aytasan.

Tashvishmand, gʻamboda Vazira opa kattakon sochiq koʻtarib kiradi.
— Qoʻltiqlarini ham yuvdingmi?
— Hammayogʻi chaqaloqday top-toza! — deydi Zabarjad sochiqni olib ukasining boʻyniga tashlarkan. — Endi bir oy suvga tushmasa ham boʻladi!

* * *

Yotoq boʻlmasi. Devorda Sur'atning harbiy libosdagi surati.

Zabarjad nogiron ukasini qoʻltigʻidan koʻtarib kelib toʻshakka yotqizadi. Xuddi yosh boladek burnidan chimchilab qoʻyadi.
— Ana endi yotaverasan maza qilib.
— Moskvaga qachon boramiz, opa?
— Kuz kelsin. Zoʻr doʻxtirlar otpuskadan qaytgan boʻladi. Ham salqin.

* * *

Oshxona. Kuymanib yurgan Vazira opa oʻzicha nola qiladi:
— Shunday tinch zamonda kelib-kelib mening bolamga oʻq tegsa-ya! Men bularni otasiz, qandoq azoblar bilan katta qildim! — Keyin bu yoqqa kirgan qizidan soʻraydi: — Lola, Lola deysanlar, kim u? — Bordir-da birorta Lola, kim bilsin, — deydi Zabarjad yaxna choyni bankasi bilan koʻtarib icharkan. — Uningizga aytib qoʻying, aya, et-betini oʻzi tozalasin!

  • * *

Zabarjadning xonasi. Toʻrda yozuv stoli, stul. Stol taqalgan devor boʻylab shiftgacha osma kitob javonlari.

Bir yon devorga odmiroq gilam osilgan, roʻpara¬dagisida — ota-onaning baxtiyor kelin-kuyovlik surati.

Yozuv stolining bir burchagida otaning keyinroq olingan yana bir surati jajji qasnoqqa solib qoʻyilgan.

Xonaning berigi qismi tikuv-bichuvga moslangan — chevarlik. Burchakdagi tikroq xontaxta ustida tikuv moshinasi. Uning yon-verida turli-tuman gazmolu matolar uyilib yotibdi; har xil moda jurnallari.

Eshikka yaqin toshoyna oldida boyvuchcharoq bir juvon hozirgina qoʻldan chiqqan alomat libosini kiyib oʻzini u yon-bu yon koʻz-koʻz qilmoqda. Zabarjad, boʻynida oʻlchov anjomi, juvonning atrofida girdikapalak.
— Ma’qulmi? Menimcha, yomonmas. Choklari yana bir dazmollansa, guldek boʻladi-qoladi.
— Gul — sizning qoʻlingiz, Zabarjadxon! — deydi juvon uni quchoqlab. — Egnimdan chiqargim kelmaydi-ya! Yo shundoq ketaversammikan?

Eshik qoʻngʻirogʻi jiringlab, bir zumdan soʻng Vazira opa bosh suqadi.
— Voy, muborak boʻlsin! — deydi u yasama jilmayib. — Biram yarashganki! Zabar, seni chaqirib kepti.
— Kim? — Qoʻshni, — deb qoʻyadi Vazira opa sovuqqina.

* * *

Zinapoya maydonchasi.
— Assalomalaykum, Vosil amaki. Keling. Oʻzi pachoqqina bu odam odatdagidek — shirakayfroq. Ammo bir vaqtlardagi olimu ziyoliligini oxirigacha boy bermagan. Boʻynida allaqachon urfdan qolgan ensiz galstuk, boshida — Gʻijimlangan boʻlsa ham shlyapa. Allanechuk tantanavor. Ogʻzi qulogʻida.
— Ishing besh, Joʻraboyning qizi! Gaplashib qoʻydim. Kechqurun uyida kutadigan boʻldi ikkalamizni. Oloy bozorining orqasida dangʻillama kvartirasi bor. Tanishuv, ziyofat! Oʻsma-surma deganday, hozirligingni koʻraver.
— Qayoqqa boramiz oʻzi? Nega?
— Kuyovkoʻrarga! — deydi Vosil amaki astoydil ajablanib. — Oʻzing aytuvding-ku toping, deb!
— Kim ekan u kishi?
— Rosa badavlat! Boyvuchcha boʻlib ketasan! Institutimizda zamdirektor edi. «Jiguli«siyam bor. Minasan. Dadangni tanirdi. »Joʻraboy rahmatlining qizi boʻlsa mayli», dedi. Shu, xotini oʻlib, bir oz yakkalanib qolgan-da.
— Boʻpti, borganimiz boʻlsin! — deb yuboradi Zabarjad oʻzi ham kutmaganda. — Buyam bir variant! Yo chikka, yo pukka, nima dedingiz?
— Chikka boʻladi, ishonaver, chikka! — deydi Vosil amaki tamshanib. Keyin eshik sasini eshitib sarosimada zinapoya tomon yoʻrgʻalaydi. — Soat ikkilarda pastda kutaman!

* * *

Eshikdan toʻrva-xaltasini koʻtarib yangi libosda boyagi juvon chiqadi. — Uzr, Zabarjadxon, vaqtim ziqroq edi. Pastda xoʻjayinning moshinalari poylab turibdi. Tagʻin ikkita zakazim bor sizga. Keyingi safar qoʻshnilarimniyam opkelaman. Anovini stolingizning ustiga qoʻydim. Rahmat.

* * *

U bilan xayrlashgach, Zabarjad dahlizda allanechuk tirishibroq turgan onasiga duch keladi.
— Nimaga kepti? Yana pul soʻrabmi? — Aya! — Zabarjad zarda bilan xonasiga kiradi. Kiradiyu stoliga koʻz yugurtirib, beixtiyor chiyillab yuboradi: — Qani?!
— Olib anovi pulga qoʻshib qoʻydim, qizim. Moskva uchun, — deydi orqasidan kelgan Vazira opa aybdorona ohangda. — Sening qoʻlingga tushsa, darrov har yoqqa sochasan.

Bir lahza gezarib turgan Zabarjad shartta buriladi-da, gʻamu gʻurbatlardan kichrayib, bir burda boʻlib qolgan onasini quchoqlab oladi.
— Ayajon!

* * *

Abdulaziz akaning uyi.

Kattakon mehmonxona. Vosil amaki ta’riflaganidan ham ziyoda: gilamlardan tortib qandilgacha, divandan tortib stol-stullargacha — hammaginasi asl, noyob, bu yaqin yurtlarning mol-matohi emas. Abdulaziz aka deganimizning oʻzi — lunjlari shishinqiragannamo, oltmish yoshlar chamali barvasta kishi — bir zum dasturxon boshida tinib oʻtirmaydi. Oʻz uyida oʻzini allanechuk noqulay sezayotgandek goh uni, goh buni bahona qilib oshxonasiga chiqib kelaveradi. Saranjom-sarishtali odam koʻrinadi.

Lof boʻlsa ham besh-oʻn mehmonga moʻljallab rosa did bilan tuzalgan uzun dasturxonning toʻrida «vakil ota» — Vosil amaki. Kelganidan buyon ogʻzi ham, qoʻli ham tingani yoʻq. Konʼyakni aroqqa qoʻshib simiryapti. Oʻzini xoʻjayindek tutadi: Abdulaziz, ul yoʻqmi, Abdulaziz, bul yoʻqmi.

Asli shoʻx-shaddod Zabarjad, qoʻlida vino quyilgan billur qadahni aylantirib, stolning bir chetida «biram iboli-hayoli kelinchak» misoli qimtinibgina oʻtiribdi. Yoshi ulugʻ mezbon har qoʻzgʻalganida xijolat chekkanidan u ham oʻrnidan turib ketayozadi.
— Joʻraboy rahmatlining qiziman deng, — deb gapni uzoqdan boshlaydi Abdulaziz aka nihoyat. — Koʻp qobiliyatli odam edi dadangiz. Hayot boʻlganida hozir kattakon olim boʻlib ketardi.
— Doktorligi ham tayyor boʻlib qoluvdi-da oʻzi! — deya luqma tashlaydi Vosil amaki navbatdagi qadahni simirib.
— Oʻzingiz nima ish qilasiz, qizim?
— Mikrobiologman, — deydi Zabarjad sipolik bilan yerga qarab. — Laboratoriyada ishlayman.
— Ha-a, durust. Ilmiy ish ham qilayotgandirsiz?

«Vakil ota» bu gal ham boʻsh kelmaydi:
— Erta-indin himoyaga tayyor turibdi-ku!
— Shunaqa de-eng? Muvaffaqiyat tilaymiz!

Joyida tinib oʻtirolmaydigan bu odam tagʻin qoʻzgʻalib:
— Vosiljon, damlayveraymi? — deb soʻraydi mehmonidan.
— Oshing qochib ketarmidi? Oʻtiribmiz-da!

Zabarjadga xijolatomuz jilmayib qoʻyib, Abdulaziz aka oshxonasi tomon chiqadi.
— Qachon keladi endi? — deb soʻraydi Zabarjad Vosil amakidan.
— Kim?
— Aytgan odamingiz.
— Mana shu-da! — deydi sanchqi urib tarvuzdan gazak qilayotgan Vosil amaki. — Oʻzi yaxshi bola ammo, koʻryapsan-ku!
— Voy, rostdanmi? — deya beixtiyor xandon otib yuboradi Zabarjad, boyagi sipoligidan asar ham qolmay. — Zoʻr-u!

Kayfi oshib qolgan Vosil amaki yonboshiga tashlab, fitnachimonand pichirlaydi:
— Koʻnaversang-chi, lodon qiz! Ikki oʻgʻli hovli-joy qilib ketgan. Oʻzini koʻrib turibsan — bir gramm ham icholmaydi! Jigari chatoq. Hammasi oʻzingga qoladi!

Shu mahal dahlizda tapir-tupuru gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir eshitilib, xonaga oʻttiz-oʻttiz besh yoshlardagi qaddi-qomatli, boyvachchasifat bir yigit kirib keladi.
— Iya, Vosil amakimiz-ku! Assalomaykum, — deya kelib u bilan qoʻshqoʻllab koʻrishadi. Soʻngra Zabarjad tomon oʻgiriladi-da, koʻz uzolmay qoladi. Oʻzi amaki bilan hol-ahvol soʻrashayotir-u, nigohi qizda. Suqlanib tikilgani tikilgan.
— Joʻraboyning qizi, — deydi tanishtirib Vosil amaki. — Men olib keldim. Mehmonga. Adang uchalamiz oʻrtoq edik. Sen eslayolmasang kerak, Zafar, yosh bola eding unda.
— Adamni koʻndirib bersangiz-chi, Vosil amaki, — deya Zafar shartta muddaosiga koʻchadi. — Hovliga opketmoqchiman. Oyoq tirab turib olganlar: oʻlaman, sattor — hech qayoqqa bormayman! Bitta oʻzlari, keksa odam, nima qiladilar bu yerda, oʻzingiz ayting!
— Adangning oʻrnida boʻlganimda men ham shunday derdim. Oʻz uyim — Oʻlan-toʻshagim. Buncha mol-mulkni tashlab qayoqqa ketsin?!
— Bunimi? Sotamiz yo ijaraga qoʻyamiz, vassalom!
— Menga qara, Zafarbek, — deydi aljirabroq qolgan Vosil amaki oʻzicha nasihatga tushib, — yosh boshingga gʻalva orttirib nima foyda senga?! Buning turgan-bitgani dardisar-ku! Ayshingni surib oʻzing yashayvermaysanmi hovlida! Ke, yaxshisi, men bilan milligrammdan qilsang-chi, lodon!
— Moshinadaman, — deydi Zafar hafsalasi pir boʻlib, sovuqqina.

Bexosdan Vosil amakining jini qoʻzib ketadi:
— Ich desa ichmasang, bir gapga unamasang, moshinadaman deb osmondan kelsang — tur, ket! Nima qilasan kattalarning ishiga aralashib?!
— Ie, ie! — deb qahr bilan oʻrnidan turadi Zafar. Anovi suqsurdan koʻngil uzolmay bazoʻr eshik sari yurarkan, lagan koʻtargan otasiga duch keladi.
— Hi? Oshga oʻtirmaysanmi? — deydi boʻlgan gapdan bexabar Abdulaziz aka.
— Oshingizni anovi odam yesin! Men ketdim! Eshik taraqlab yopilgani eshitiladi.

* * *

Zinapoya maydonchasi. Vosil amaki panjaraga osilib arang tushib boryapti.

Abdulaziz aka Zabarjadning yelkasiga kaftini qoʻygan, xijolatomuz uzrxohlik qiladi: — Koʻnglingizga kelmasin, qizim. Vosiljonning odatini bilsangiz kerak. Hafta— Oʻn kunda birrov kelib eshik-derazamning changini artib ketadigan odam boʻlsamidi, deganday gap qiluvdim, xolos. Ertalab qoʻngʻiroq qildi, yoʻq deyolmadim. Mayli, bahonada mana tanishib oldik. Lozim topsangiz, kelib turing. Ayangizni ham olib keling. Eshigim ochiq sizlarga. U kishiga mendan salom aytib qoʻyasiz, xoʻpmi? Duo qilaman — munosibingiz uchrasin!

* * *

Zabarjad Vosil amakini tramvaydan zoʻrgʻa ortmoqlab tushadi.

Bekatdan jilayotgan tramvay oynasidan yoʻlovchilar ularga taajjub bilan qarab qoʻyadi. Mana, ular yoʻlka boʻylab uzun-qisqa boʻlib kelishayotir. Vosil amakining tizzalari mayishib-mayishib ketadi, Zabarjad uning qoʻltigʻiga kirib olgan.

Hovlilariga yaqinlashganda Vosil amaki bir siltanib qizning himoyasidan chiqadi.
— Ichgingiz kelganda aytarsiz, Vosil amaki, — deydi Zabarjad mutlaqo gina-kuduratsiz, samimiy jilmayib. — Yana boramiz. Yaxshi kishi ekanlar.
— Qizim! Qizim! — deya koʻzi yoshga toʻlib hiqillamoqqa tushadi Vosil amaki. Qoʻllarini koʻksiga chalishtirgan, egila-egila ta’zim qila boshlaydi. — Seni qizimdan ham ortiq koʻraman, ishon! Bolaligingda mana shu hovlida oʻzim koʻtarib yurardim seni. Oʻ-oʻ, qandoq davrlar edi! Hamma yosh, hamma xursand! Endi-chi? He-ech kim yoʻq! Birgina Zokir! Zokirni bilasan oʻzing... Uf-f! Dadang qanday yigit edi-ya! Joʻravoy emas, mirovoy edi u, mirovoy!

Vosil amaki shartta buriladi-da, toy-toy qilayotgan bola misoli tap-tap bosib shiyponchasi tomon yuradi. Zabarjad soʻmkachasini kiftiga tashlab uy yoʻlagiga kirib ketadi.

* * *

Derazada Zokirning telba qiyofasi namoyon boʻladi. — Hah, shal-lab! Otang tengi odam bilan padrushka qilib yurasan-u, menga baliq opkelmaysan! Laqqasidan boʻlsin menga, laqqasidan!

* * *

Zabarjad nimqorongʻi dahlizda tuflisini yechib, odatlanganidek, devordagi oynaga nazar tashlaydi: alvastiga oʻxshagan bir balo!

Oshxona tarafdan Vazira opaning ovozi eshitiladi: — Zabar, oʻzingmi? Ammajoningdan xat keldi!

Zabarjad shosha-pisha oshxonaga kiradi.
— Nima debdilar? Qani?

Vazira opa xalati choʻntagidan olib bergan maktubni u derazaga tutib oʻqiy boshlaydi:
— Yozuvining chiroyliligini! Nuqta-vergullari ham joy-joyida. Adolat kelin yozgan. Maktabda a’lochi boʻlgan-da. Qani, nima gap ekan? Unga salom, bunga salom. Falonchi ham qolmasin, salom, salom. «Azbaroyi jigargoʻshalik, rahmatli iniginamning arvohini qoʻriqlab shuncha yildan beri chorbogʻida uning chirogʻini yoqib oʻtiribman. Endi bas, charchadim, bu yogʻi qarib ham qoldim. Fayziboy meni tumanga koʻchirib ketmoqchi. Kelib mulklaringga endi oʻzlaring egalik qilinglar».

Qoʻshni boʻlmadan nogiron Sur'atning tovushi keladi:
— Zabar, bugun ham koʻrdingmi? Nima dedi?
— Hovli tarafga oʻtganim yoʻq bugun. Erta-perta koʻrarman, — deb javob qiladi Zabarjad parishonlik bilan. Soʻng tepasida turgan Vazira opaga yuzlanadi: — Xoʻsh, ayajon, borib mulkimizga egalik qilamizmi? Oilamizning toʻngʻichi Shuhratbekingiz nima derkanlar bunga?
— Boya qoʻngʻiroq qiluvdim. «Shu kunda rosa ishim koʻp, chiqolmayman. Zabarjad borib sotib kelaqolsin», deyapti. Biznesiga qoʻshmoqchi shekilli.

Beti qotib ketgan shaddod qariqiz birdan achchiqlanib, behayolik bilan mushtini chuchvara qiladi:
— Mana! Dadaginamdan qolgan mulkni-ya?! Biznes bahona, Shoiraxonining boʻyniga yana bir tilla zanjir osmoqchidir-da! Bekorginaning beshtasini yebdi! Sotsak sotarmiz, lekin u erkatoyingizga bir tiyin ham yoʻq! Moskvaga qancha pul ketadi, bilasizmi?! Ertagayoq joʻnaymiz, xoʻpmi, aya?
— Esing joyidami oʻzi? Sur'atni kimga tashlab ketasan? — Nogahon lablari gezarib, Vazira opa jazavaga tushadi: — Bilsang, oʻsha tashlandiq mozoristoningga qadam ham bosgim yoʻq! Bordim deguncha, eski dardim yangilanib, yana motamga botaman! Sen bor, sen bor! Sen qotil bor! Dadang seni deb, sening oʻrningga!.. Dadang choʻkkuncha sen choʻkib oʻlsang boʻlmasmidi oʻshanda! Badbaxt! Shumoyoq! Ado qilding meni, sharmanda!

Vazira opa uvillagancha oshxonadan chiqib ketadi.
— Aya! Aya! Nima boʻldi sizga?! — deya chinqiradi Zabarjad yuzini changallab.

Hayal oʻtmay qoʻshni xonadan Vazira opaning tahlikali chorlovi eshitiladi:
— Zabarja-ad! Buni qara!

Zabarjad chopib chiqsa — Sur'at, nogiron ukasi, hech nima boʻlmagandek, derazaga osilib turibdi!
— Voy! Nima qilyapsan, jinni?!
— Oʻzim, — deya ayanchli iljayadi Sur'at.
— Qanday bording u yerga?
— Oyogʻim sal qimirlagandek boʻldi. Hovliga bir qaramoqchi edim.
— Voy, xudoyim-ey! Voy, tavba-a! — deydi suyunishini ham, kuyunishini ham bilolmay qolgan shoʻrlik Vazira opa yoqasini changallab. Keyin hangu mang ona-bola bu bebosh nogironni suyab kelib oʻrniga yotqizadilar.

* * *

Avtovokzal. Telefon budkasi. Boʻgʻiq shovqin ichida Zabarjad erkalik aralash bir zarda bilan gapirmoqda:
— Ha, ketayotuvdim. Qishloqqa. Ammamnikiga. Sizni bir koʻray devdim-da. Oʻzim, shunday. Nima-a? Iloji yoʻq? Uzoqdamisiz? Qaerda, qaerda? Doim shunday! Boʻpti, endi telefon qilmayman! Hech qachon! Meni endi qaytib koʻrmaysiz, ha! Zabarjad soʻzim! Oʻsha yoqda oʻzimni Qizilsoyga tashlab, choʻkib ketaman! Ayam shunday deb qargʻadilar meni. Toʻgʻri-da, bunday sarson boʻlib yurgandan koʻra choʻkib oʻlganim afzal! Siz bilmaysiz mening hayotimni! Nima-a? Balandroq gapiring!

* * *

Shahar tashqarisidagi dalahovli. Choshgoh payti. Kattakon oʻrik soyasidagi chorpoyada totuv oila ahli xushvaqtlik bilan choyxoʻrlik qilib oʻtiribdi.

Xonadon egasi — bizga tanish oʻrtayashar odam, qoʻl telefonini qulogʻiga mahkam bosgan, tosh yoʻlka boʻylab daraxtzor bogʻ tomon ketmoqda. Bu gal ham u bizga orqa oʻgirgan. Bu gal ham biz u kishining yuzini koʻrolmaymiz.

* * *

Boyagi telefon budkasi.
— Har yoz dam olgani borardik. Chorboq oʻzimizniki edi-da, buvamdan qolgan. Rosa maza qilardik: olma, oʻrik, uzum deysizmi! Chorbogʻimizning etagidan Qizilsoy degan tezoqar bir anhor oʻtgan. Bir kuni oʻshaning boʻyida oʻynab yurib, nimadir boʻladiyu dumalab ketib, suvga choʻka boshlabman. Buni qarangki, xuddi shu mahal dadam soy yoqalab oshxoʻrlik ziyofatidan qaytayotgan ekanlar. Shartta suvga tashlab, meni qirgʻoqqa otib yuboribdilar-u, oʻzlari choʻkib ketibdilar. Ammamning aytishlaricha, suzishga rosa usta ekanlar. Lekin oʻshanda nima hodisa yuz bergani noma’lum. Shunday qilib, otasiz bir yetimchaga aylanib qolganmiz, doʻstim! Endi bilgandirsiz mening kimligimni?! Ana shunday kasofat, shumqadam qiz bu! Balki shuning uchun tolei kelmay, shoʻrpeshona boʻlib yurgandir? Oʻzingiz oʻylang, otasiga qotil boʻlgan ana shunday bir badbaxtning bu dunyoda tirik yurishga haqqi bormi?! Yoʻq! Yoʻq!.. Oʻlsam, meni eslab-eslab qoʻyarsiz-a? Ayti-ing!

Худкушликни хоҳлаётган қизнинг кейинги гапларини йўлга чоғланаётган автобусларнинг шовқин-сурони босиб кетади.
* * *

Haligi kishi bogʻning xilvat bir burchagiga borib, toʻnkaga oʻtiradi. Cheka boshlaydi. Boshi xam. Yuzini yana koʻrib boʻlmaydi.

* * *

Tuman markazidagi gavjumroq bekatda orqa oʻrindiqni egallab kelgan ikki bozorchi ayolni qoldirib, chang bosganidan tusini aniqlab boʻlmaydigan «Tiko» pildirabgina oʻrnidan qoʻzgʻaladi.
— Ketdikmi, Zabarjad opa? — deydi nimdosh olachipor harbiy libos kiygan haydovchi yigit — Azamat. — Buningiz issiqda erib qolmaydimi? — Erisa erir, — deb qoʻyadi Zabarjad tizzasidagi barkashdek keladigan tortga erinchoqlik bilan nazar tashlab. — Ta’mi qoladi-ku. Ammam yaxshi koʻradilar.
— Kattaligini! Butun Qizilolmaga yetadi-yov!

Moshina sal yurgach, yoʻl boʻyidagi «Qizilolma» deb yozilgan gʻarib, omonat taxtachadan soʻlga burilib, tepalik tomon oʻrlaydi.

Olisdan koʻkish-qoramtir togʻ tizmalari koʻrinadi. Tanish manzaralar.

Tovushi pastlatib qoʻyilgan magnitofondan hofiz nola qilayotir:

Tushimda koʻrsa-am edi-i-i...
— Har kuni qatnaysanmi shaharga?
— Ikki martadan. Ba’zan uch marta.
— Namuncha?
— Moshinani sal turtib qoʻyib, qarzdor boʻlib qolganman, Zabarjad opa!
— Iya, oʻzingniki emasmi bu?
— Qayoqda! Ijaraga olganman, ijaraga!
— Egasi kim? Nima ish qiladi xoʻjayining?
— Xoʻjayin — xoʻjayin-da! Mana shunday toʻrtta «Tiko«si, ikki »Damas»i ertayu kech shaharga qatnab turibdi — ishlab nima zaril unga?!
— Qishloqda qoʻshni ekanmiz, Azamatjon, soʻrayversam boʻlar — uylanganmisan?
— Qayoqda! Shu yil boʻlmoqchi edi toʻy. Yanagi yilga qoladi endi. Toʻngʻichman. Dadamiz kamxarjroq odam. Jamila kutadimi, yoʻqmi — bu yogʻiyam ishkal. Otasi direktor-da.
— Kutadi! Yaxshi qiz boʻlsa — kutadi. Kutmasa...
— Toʻyga aytsam kelasizmi, Zabarjad opa?
— Chorbogʻni sotmasam, kelarman balki, — deb qoʻyadi Zabarjad xayolchan.
— Qaysi chorbogʻni? Nega sotasiz? Mulk-ku u! — deydi ajablanib Azamat. — «Er kishi yer sotmas, yer sotgan — er sanalmas», deydilar dadam.
— Dadang toʻgʻri aytibdilar. Lekin men er emasman-ku, Azamat?
— Er boʻlmasangiz ham, erkakka oʻxshaysiz! — deydi Azamat iymanibroq.

«Tiko» navbatdagi doʻnglikdan oshib bir shoʻngʻiydiyu serdaraxt qishloqcha oralab ketadi va soy boʻyida joylashgan hovlilardan birining darvozasi oldiga kelib toʻxtaydi.

Azamat chaqqonlik bilan tushib, mashinaning orqasidagi ikkita katta-katta toʻrvani olib yerga qoʻyadi.
— Qachon qaytmoqchisiz, Zabarjad opa? — deb soʻraydi keyin. — Qachon desangiz, mana, moshina tayyor!
— Hozircha oʻzim ham bilmayman, Azamatjon, — deydi Zabarjad soʻmkachasidan pul chiqarib uzatarkan.

Azamat bir qalqib, orqaga tisariladi.
— Urib oʻldirsangiz ham sizdan pul olgan — nomard!
— Voy, nega?
— Toʻyimga kelib oʻynab berasiz! — deydi Azamat savdoga chek qoʻyib. — Biznikida ham mehmon boʻling, Zabarjad opa. Ana, tol tagidagi koʻk darvoza! — Rahmat, Azamatjon. Jamilangga salom!

* * *

Mastura amma istiqomat qiladigan chorbogʻ.

Darvozadan kirganda — eskicharoq andozada, ammo pishiq-puxta qurilgan ixchamgina uy-joy. Imoratga tutash ishkomdan naryogʻi ozroq rezavorligu qolgani — soy boʻyigacha oʻrmonga oʻxshash quyuq daraxtzor. Bogʻ birmuncha qarovsiz, yovvoyiroq. Balki shunisi ma’quldir — eski xotiralarni yodga soladi. Darvoqe, bunday kattakon joyni eplab turish ham oson emas.

Ishkom ostidagi soʻrida shu yaqin atrof jamoati jam desa boʻlar. Oʻrinoyning tashrifini eshitib, uni koʻrgani kelgan qoʻshni kelin-kepchagu bola-baqra — bari shu yerda. Barining ogʻzida — Oʻrinoy: Oʻrinoy keptilar, Oʻrinoy opkeptilar, Oʻrinoy opam berdilar, aytdilar, kuldilar...

Oʻrinoyning oʻzi toʻrda — mushtdekkina boʻlib qolgan, biroq hamon tetik-bardam, koʻzlari tiyrak boquvchi ammajonining pinjiga suqilib, erkalanib oʻtiribdi. Amma ham juvon degulik bu kap-katta qizni xuddi tantiq qizaloqdek tinmay yalab-yulqaydi, silab-siypaydi:
— Iniginamdan qolgan yodgorim! Ukaginamning oʻrniga — Oʻrinoyim! Hah, ammang koʻzlaringdan! Hah, ammang qoshlaringdan!

Qoʻshni xotin-xalaj bir-biriga mehribon bu amma-jiyanga, aniqrogʻi, shahardan kelgan jiyanga havas bilan termiladi.

Jaydari meva-chevaga toʻla dasturxonning oʻrtasidagi barkashdek tort, chetlari «emirilaverib», likobchadek boʻlib qolgan. Bola-baqraning ogʻiz-burni, dastu panjasi shira-sharbat.

Boyagina xonaki kiyimda ichkari kirib ketgan Adolat kelin bir mahal qimtinibroq, lekin shaharbop alomat libosda chiqib keladi. Endi hammaning e’tibori oʻsha yoqda. Qoʻyib bersangiz — soʻridagi har bir qiz-juvon shu tobda Adolat kelinning oʻrnida boʻlib qolsa!
— Voy, muncha chiroyli!
— Yarashganini qarang-a!
— Xuddi anovi televizorda koʻrsatadigan artist ayolga oʻxshadilar-qoldilar!

Mastura kampir ham kaftini peshonasiga tutib oʻsha yoqqa tikiladi.
— Ha-a, oʻxshabdi. Bu kishiyam shaharlik boʻlmoqchi oʻzi!
— Ammajon, — deydi Oʻrinoy — Zabarjad uning qulogʻiga pichirlab, — soʻmkamda koʻp bunaqasi! Mana bulargayam bersak, xafa boʻlishmasmikan? Bir-ikki martagina kiyilgan, xolos.
— Nimaga xafa boʻlar ekan, aylanay? Jon deydi! Koʻziga surtib-surtib kiyadi-ya! — Amma uni tagʻin ta’riflashu alqashga tushib ketadi: — Hammasini oʻzginasi tikkan! Hah, chevar jiyanimdan! Ammasiga mehribon jiyanimdan! Bir qoʻlginasi doim shu yoqda! Topgan-tutganini yuborib turadi. Ana, dadaginasining qabriniyam shu qiz obod qilib qoʻyibdi! Hah, boʻylaringdan ammang!
— Boʻldi, tomosha tamom! Kir uyga!

Bu ovozni eshitib, «koʻrgazmada turgan maneken» — Adolat kelin zipillab ichkariga urib ketadi.

Erkak kishining nafasidan hurkib qoʻshni xotin-xalaj ham asta qoʻzgʻala boshlaydi.

Yelkasida ketmon, devdek boʻlib bogʻ tarafdan chiqib kelgan Fozilboy onasining qarshisida toʻxtaydi:
— Ena, bu buloq deganingiz meni sarson qiladigan! Vaqirlab qaynagani qaynagan-a! Axiyri, soy tomonga burib yubordimu koʻnglim joyiga tushganday boʻldi. — Soʻngra Zabarjadga yuzlanib: — Jajad, — deydi, — chorbogʻingdan suv chiqqan, eshitgandirsan? Buloq! Shifobaxsh!

Mastura kampir oʻgʻlining ogʻziga yopishadi:
— Hoy bola, bu nima deganing? Bu qizning ammasi atagan oyday oti bor — Oʻrinoy!
— Qoʻyavering, ammajon. Bolalikdan meni shunday deb oʻrgangan. Ismimni eplab aytolmaydi-da. Men ham buningizni «qishloqi«, "Qoʻpolbek" deyman-ku, koʻngliga olmaydi sira. Oʻziyam har gapida »biz endi bir qishloqi-da» degani degan.
— Bolaliging huv soyning boʻyida qolib ketgan, bolam! Endi ayb boʻladi.

Bu dashnomni eshitmagandek, Fozilboy «Jadad, Jadad» deya ermak qilgancha uyi tomon yuradi.
— Oʻzimiz qoldik, endi soʻrasam boʻlar, — deydi Mastura kampir ovozini pasaytirib. — Ukaginang Sur'atbek oyoqqa turib ketdimi? Nima qilgan oʻzi unga?
— E, operatsiya payti oʻqni olayotganda bir tomiriga tegib ketganmi... Kuzda Moskvaga olib bormoqchiman.
— Umrginangdan baraka top, qizim! Otaginalaring yoʻq, bir-birlaringga ana shunday mehribon boʻlinglar doim.
— Ammajon, boraqolaylik, — deydi Zabarjad bezovta boʻlib.
— Endi kech boʻldimi deyman-da, qizim.
— Yoʻq! Yoʻq! — deya tajanglik bilan oyoq tirab oladi Zabarjad. — Hozir borgim kelyapti! Sogʻinibman. Ana, shundoq soyning naryogʻida-ku. Ikki qadamgina! — Men bir tahorat qilay boʻlmasa, — deydi Mastura kampir malolli qoʻzgʻalib. — Sen ham turib yuz-qoʻlingni chayib ol, qizim.

* * *

Qabriston.

Obodgina bir qabrning boshida amma-jiyan shumshayibgina oʻtiribdi. Zabarjadning egnida Adolat kelinning halpillagan odmi koʻylagi, boshida roʻmol. Mastura kampir pichirlab oyat oʻqimoqda. U duoga qoʻl ochganida Zabarjad xuddi nogahon hushdan ketgandek gup etib qabrning ustiga oʻzini tashlaydi-da, faryod chekib yuboradi:
— Dada! Dadajonim! Nega bizni tashlab ketdingiz, nega? Qoʻying edi, men choʻkib ketay edi oʻshanda! Men oʻlib ketay edi! Birga choʻksak ham mayli edi! Birga oʻlsak ham mayli edi! Joningizga zomin boʻlib, sizga badal qolib men nima qildim bu dunyoda, dadajon?! Shuncha yildan beri bu kasofatingizni nega yer yutmaydi, dada?! Dadajo-on!

Oʻzini yoʻqotib qoʻygan Mastura kampir sarosimada jiyanining boshiga kelib, yelkasidan torta-torta uni oʻrnidan qoʻzgʻatmoqchi boʻladi. Ammo madori yetmay, yonboshiga choʻkkalay tushadi.

Ajabo, har qanday odamni ezib yuboradigan bu figʻonu nolalardan keyin ham uning diydasi qup-quruq — yosh qolmagan-da!
— Hoy, jinni boʻldingmi, Oʻrin? Esingni yigʻib ol, bolam! Shuncha yil oʻtib haliyam koʻnglingdagi dogʻ arimagan ekan-a, tavba-a! Dadaginangning arvohini bezovta qilma, qizim. Sen norasidaning biror gunohing boʻlsa, arvoh kechirgandir endi. Bu dunyoda kimni qoldirib, kimni olib ketish — xudoyimning izmida. Mana, men bir shumkampir, yuribman-ku tirik! Iniginamning boʻlsa, suyaklari qora tuproqqa qorishib yotibdi!.. Mastura kampir nogahon bir qalqib, jiyanining ustiga tappa tushadiyu uv tortib yuboradi.

* * *

Hovli. Oqshom. a’lochi kelin hammayoqni supurib-sidirib, chinnidek qilib qoʻygan; oʻzi hozir oʻchoqboshida kuymanib yuribdi. Fozilboy negadir koʻrinmaydi.

Zabarjad soʻrida — rasmonasiga oʻrin-toʻshak qilib yotibdi. Boshini tangʻib olgan. Tepasida oʻtirgan Mastura kampir ichida allanimalarni pichirlab, qoʻlidagi kosadan uning yuziga suv sepadi. — Koʻz tekkanmi yo birov-yarimning suqi kirganmi, uchinibroq qolibsan-da, bolam. Hechqisi yoʻq, oʻzi kelgan — Oʻzi ketadi. Ma, qolganini ichib yubor. Ich! Oʻzingning bulogʻingdan! Ertalab, xudo xohlasa, otday boʻlib turasan! Zora, yoʻllaring ham ochilib ketsa!..

* * *

Choshgoh. Chet-chetiga rayhonu jambil ekilgan gulzor boʻyida kursi qoʻyib, amma-jiyan gurunglashib oʻtiribdi.
— Kecha oʻtakamni yording-a, qizim! Xudoga shukr, bugun chehrang ravshan. Ranging bir tiniq, bir tiniqki! — Mastura kampir Zabarjadning yanoqlarini silab qoʻyadi. — Suvning ishi bu. Bir xosiyati bormi deyman, unisi-bunisi kelib xumu koʻzasini toʻldirib ketyapti — bilmasam. Ichsa, odamning dili yorishib, oʻzini bardam sezarmish. Yasharganga ham oʻxshab qolarmish. Boʻlsa bordir — aziz-avliyolar oʻtgan joylar! Oʻzim lekin tatib koʻrganim yoʻq. — Amma sekin uh tortib, hafsalasiz qoʻl siltaydi: — Endi buni ichdim nimayu ichmadim nima — bu yogʻi yaqin qolgan boʻlsa! — Ammajon, shu kecha biram maza qilib uxlabmanki! Oʻz-oʻzidan xursa-and boʻlib turdim ertalab. Huv bolalik vaqtlarimdagina shunday boʻlardi.
— Tomiringga yaqin turibsan-da, bolam. Suyaklaring joy-joyiga tushib, xotirjam uxlagansan. Mana, yoʻqlab kelding, borib ziyorat qilding — dadaginangning ruhi shod boʻlgan chiqar.
— Amma, esingizdami, toʻplanishib kelardig-a: dadam, ayam, Shuhrat, men. Bir safar kelganimizda, bahormidi, oʻriklar gullab, hammayoq chaman boʻlib yotgan ekan. Anovi ayvonda koʻp odam yigʻilgan. Hamma xursand. Guldor doʻppi, beqasam choponcha kiygan Shuhrat dodlab boqqa qarab qochgan. Xatna toʻyi boʻlsa kerak-da... Ammajon, doim qalampirmunchoq hidi kelardi sizdan. Shundoq yaxshi koʻrardim shu hidni!
— Hammaginasi esida turibdi-ya!
— Yoʻq, amma, hammasi emas! — deydi Zabarjad birdan mahzun tortib. — Anovi kunni eslayolmayman. Harchand urinmayin — sira-sira esimda yoʻq. Faqat siz aytgan gaplar yodimda qolgan. Huv anovi joyda, olmaning tagida loysupamiz boʻlardi. Oʻsha yerda nima uchundir yigʻlab oʻtirganimda aytgansiz: «Endi Qizilsoyga yaqin borsang, oʻldiraman, juvonmarg! Dadang seni qidirib ketib, mana, haliyam qaytgani yoʻq». Kecha bir tush koʻribman, ammajon. Gʻalati tush. Dadam oʻshanda oʻlmay qolgan emishlar. Ikkalamiz ham choʻkishga choʻkibmiz-u, bir kishi bizni qutqarib qolibdi. Uchalamiz qirgʻoqda turganmishmiz. Bunday qarasam, dadam bilan haligi kishi bir odamga aylanib qolibdi... Men oʻsha odamni bilaman, amma.
— Kim ekan u?
— Siz tanimaysiz. Toshkentda u.
— He, tush-da, qizim, tush.
— Ajoyib tush, — deb qoʻyadi Zabarjad oʻychan.

Kechagi shaharbop libosni egniga ilib qayoqqadir otlangan Adolat kelin ularning oldiga keladi.
— Nimani kiysangiz ham sizga yarashadi-ya, opa! — deydi u Zabarjadning egnidagi oʻzining odmi koʻylagiga havas bilan qarab. — Ena, men ota-onalar majlisiga ketdim. Oʻgʻlingiz kelsalar, ovqat ana, qozonda.
— Hay, bor, bor, — deydi Mastura kampir ensasi qotib, tizzalarini changallagancha oʻrnidan qoʻzgʻalarkan. — Men ham kirib birpas boshimni qoʻyay, Oʻrinoy. Kecha senga alagʻda boʻlib, uyqum qochgan edi. Yotsam, peshin namozigacha yotarman. Sen ham turib chorbogʻingni bir aylanib kel, qizim. Borib anovi buloqni koʻr. Bilasan-a qaerdaligini?
— Topib olarman, — deydi Zabarjad joyidan turib. — Shifobaxsh ekan-ku! Birdan yasharib ketsam-a! — Bundan ortiq yasharib qayga borarding, bolam?!

* * *

Chorbogʻning xilvat bir burchagidagi keksa oʻrik tagida koʻz ochgan chashma. Girdiga doirasimon shaklda bir tekis qilib kulrang tosh terilgan. Bir chetginasidan ariqcha ochilib, etak tomonga burib yuborilgan. Tevarak-atrofi nam.

Buloq boʻyidagi toʻnkadan yasalgan qoʻlbola kursida oʻtirgan Zabarjad, kaftiga iyak tirab, xayolchan nigohini suvdan uzmaydi. Zilol suv ostidagi mayda toshchalar orasidan sizib chiqqan tutunsimon nimadir yuzada avval pufakchalar hosil qilib aylanadi. Soʻngra bu hol tezlashib, vijir-vijir mavj paydo boʻladi. Bir mahal qarasangiz — atrofga zarra sochib, rasmonasiga vaqir-vuqur qaynay boshlaydi.

Bu holat har oʻn-oʻn besh daqiqa orasida takrorlanib turadi. Zabarjad shu manzaraga termilib oʻtirarkan, chashma sathi tinchib, suv tiniqqanda koʻz oʻngida tanish bir qiyofa namoyon boʻladi. «Doʻstim»!

Bir vaqt boʻyniga ogʻir bir nima tekkanini sezib, u sapchib tushadi. Qarasa — ishshayib orqasida Fozilboy turibdi, shuning ketmondek kafti ekan.
— Iya, odamni qoʻrqitib yubording-ku, Qoʻpolbek!
— Biz endi bir qishloqi-da, Jadad, padxoʻdni bilmaymiz. Ha, bulogʻingni tomosha qilyapsanmi? Zoʻr buloq bu!
— Yoshbuloq de! Ichgan odam yashararmish-ku!
— Nima, sen qarib qopsanmi?! Qarigan deb, ana, Adolni aytsa boʻlar. Hozirdanoq aftiga qaraging kelmaydi — hammayogʻi bujmaygan. Boʻlmasa, sendan toʻrt-besh yoshlar kichik u!
— Qoʻysang-chi! Xotining bippa-binoyi! Sen bilan yashasam edi, men undan beshbattar boʻlardim. Qoʻpol! Qishloqi!
— Jada-ad, — deydi Fozilboy kutilmaganda koʻzlari gʻalati yiltillab, — bir narsa soʻrasam maylimi? Bir martagina oʻptir, Jadad!
— Iya, bu nima deganing, Qoʻpolbek? — deydi qiqirlab Zabarjad. Keyin shoʻxligi kelib, chakkasini tutadi: — Ma, oʻp!

Fozilboyning tus-avzoyi oʻzgaradi:
— Bor-e, yosh bola boʻldimmi men senga?!
— Yosh bolaning gapini qilyapsan-da oʻzing!
— Nima, biror joying kamayib qolarmidi? Shaharlik-ku sen!
— Voy-voy, buning gapini qara-ang! Endi bildim: sen qishloqi emas, qip-qizil toʻpori ekansan! Undan ham battari — yovvoyi!
— Boʻldi, boʻldi, Jadad! Shaharlik ekan deb, nima, hazillashib ham boʻlmaydimi senlarga?! — Fozilboy keyin birdan past tushib oʻtinadi: — Ammangga gullab yurmagin tagʻin! Shunchaki bir havasim kepketdi-da senga...
— Xoʻp, xoʻp. Aytmayman hech kimga. Tumanga koʻchmoqchi emishsan, rostmi? — deb soʻraydi Zabarjad mavzuni oʻzgartirish maqsadida.
— Ha, shunday niyat bor. Bir-ikki yil u yerda yashab, keyin Toshkentgami, Samarqandgami ketaman koʻchib!
— Voh, voh, sizga koʻzi uchib turgan ekan-da shaharning!
— Oʻzing bilasan-ku, Jadad, hozir hamma narsa shaharda — pul ham, boshqasiyam!
— Boshqasi — nima u? — deydi shaddod Zabarjad bu doʻlvor ammavachchasini tagʻin kalaka qilmoqchidek.
— E, bor-e! Sen oʻzi azaldan shunday — ustimdan kulganing kulgan! Biz endi bir qishloqi-da.
— Sen ketsang, kim qoladi bu yerda? Qishloq yaxshimasmi, Fozil? — Sen qol! Qol! Hammang «qishloq, qishloq» deb oh-voh qilasan-u, shaharga qochasan! Qishloqda faqat Fozilboy yashasinmi?!

* * *

Ammavachchalar yonma-yon, daraxtzor oralab kelyapti.
— Siz ham bir ajab hazil qildingiz-da boya, Fozilboy? — deydi kulib Zabarjad. — Yoʻq, Zabarjad, — deydi Fozil taqqa toʻxtab, qizga tik qaraydi, — hazil emas edi!
— Bor-e! — deya qoʻlidagi butoqni silkib poʻpisa qiladi Zabarjad.

Fozil shartta buriladiyu ayiqdek lapanglab uy tomon ketadi.

Haligi butogʻini koʻndalang tishlab Zabarjad uning ortidan qarab qoladi.

* * *

«Tiko» qishloq oralab oʻtib, doʻnglikka oʻrlaydi.

Zabarjad shaharga qaytayotir. Tizzasida kattakon bir shisha idish. — Nima bu, Zabarjad opa? — deb soʻraydi Azamat. — Suvmi?
— Suv.
— Shundan oʻsha yoqqa suv koʻtarib borasizmi?! Qishloqning suvi boshqacha-da, a?
— Yoʻq, buloq suvi bu. Chorbogʻimizdagi buloqdan. Tarkibini tekshirtirgani opketyapman. Biror natija chiqib qolsa, keyin balki...
— Deylik, chiqib qolgudek boʻlsa-chi? Nima qilasiz?
— Unda sen bilan maslahatlashib biror qarorga kelarmiz-da, Azamatjon, — deydi xayolchan jilmayib Zabarjad.
— Aytmoqchi, tunov kuni Jamila sizni koʻribdi. Doʻkonchaning oldida turgan ekansiz. Tanishligimizni aytsam, qani ishonsa!
— Toʻydan gapir, Azamat!
— Boʻladi! Kelgusi yil. Siz va’dangizni unutmasangiz — bas!

Bu safar ham magnitofondan nola qiladi hofiz: Tushimda koʻrsa-am edi-i-i...

* * *

Tanish charogʻon vannaxona. Eshigi lang ochiq. Shovillab jomga suv tushayotir. Jomni nomahram koʻzdan toʻsib turgan xira-shaffof «chimildiq» ortida esa, suv ostida charx urib bir malak choʻmilayotir. Parda ortidan uning faqat maftunkor qaddi-qomati koʻrinadi, xolos! Goho suv bilan shodon qiyqirib oʻynashgani, bir nimalar deb arzi hol qilganlari eshitiladi, xolos!

Ul malakning bor husnu malohatidan bahramand boʻlish, ajabki, jom devoridan boqib turgan anovi ishvakor jononga nasib etgan! Malak u yonga qayrilsa ham koʻz qisadi, bu yonga qayrilsa ham koʻz qisadi. Nima demoqchi bu fitnakor? — Ha, havasing kelyaptimi? Kuyib oʻl!

Vannaxonaning eshigi moʻ'jazgina oynaband ayvonchaga roʻbaroʻ. Ayvoncha eshigi ham lang ochiq. U yerda bizga chala tanish (yuz-koʻzini koʻrmaganmiz-da hali), sochiga oq oralagan oʻrtayashar kishi derazaga qarab chekib turibdi. Vannaxonadan kelayotgan uzuq-yuluq sas-sadolarga, nolayu adolarga diqqat bilan quloq tutgan.
— Endimi? Biznes qilaman. «Shifobaxsh suv bekasi«! "Parisi" desa nokamtarinlik boʻlar-a, toʻgʻrimi? Mayli, mayli. Bir vrach yigit bilan kelishib qoʻydim. Yoʻq, asli oʻsha yerlik. Xususiy profilaktoriy ochaman. "Yoshbuloq" dam olish maskani! Siz borib dam olasiz. Suvlaridan ichib sochlaringiz qorayadi. Huv, Turkmanboshiga oʻxshab! Hazil, hazil. Yashara boshlaysiz. Yasharasiz, yasharasiz, yana yigit boʻlasiz! Innaykeyin... Voy, unda men ham yashara-yashara, chaqaloqqa aylanib qolaman-ku?! Chaqaloq boʻlgim kelmayapti sira! Qayta-boshdan bola boʻlamanmi? Yana Qizilsoyga choʻkamanmi? Yana dadam!.. Yoʻq, yoʻq, aslo! Barining joy-joyida qolgani ma’qul, nima dedingiz? Aqlliman-a? Ammajonim ham shunday deydilar. U kishi tagʻin nima dedilar, aytaymi? »Sen ikki kishining oʻrniga, ikki kishining umrini yashayapsan», dedilar. Dadamning, ham oʻzimning! Ana, bilib qoʻying! Ha, rosa dono kampir!.. Endi nima qilardim — Oʻgʻlim bilan yashayveraman! Boshqa hech narsa kerak emas menga, bildingiz! Oʻgʻlingizni koʻrgani kelarsiz? A? Ayti-ing!

Kutilmaganda telefon choʻzib-choʻzib jiringlaydi. Zabarjad bir daqiqa taajjubda tek qotadi: egasiz uyga kim qoʻngʻiroq qilishi mumkin?

Keyin daroz takkursida turgan jimjima telefon goʻshagiga asta qoʻl uzatadi. Dilbar!
— Zabar?! Sen nima qilib oʻtiribsan u yerda?

Zabarjad ayb ish ustida qoʻlga tushgandek dovdirab, tutilib qoladi:
— Oʻzing... Oʻzing aytuvding-ku gulga suv quy, deb!
— Quydingmi?
— Quyganman. Quyib turibman.
— Qalay, yotoqdagi jannatgul ochildimi?
— Ochilgan, ochilgan. Gullab yotibdi.
— Rahmat, shukriya, mersi... Zabar, qovun chiqdimi?
— Qanaqa qovun?
— Yeydigan-da, jinni!
— Ha, bor. Bozorda. Koʻp.
— Bunday qilasan, oʻrtoq! Hozir borib bitta ko-otasini olasan. Hey, xonpatir esingdan chiqmasin! Qip-qizil, singib pishganidan ol.
— Nechta boʻlsin? Qanaqa qilib joʻnataman senga?
— Joʻnatmaysan, lox! Uyga opkelasan, qovunni soʻyasan, huv yaxshi koʻrgan tebranma kreslom bor-ku, oʻshanga oʻtirib olib maza qilib yeysan. Oxirigacha! Tushunding?
— Nimaga? Unaqasini bitta oʻzim qanday yeb bitiraman?
— Bitta oʻzing boʻlmasa, anovi doʻstingni chaqirarsan. Senga ruxsat.
— Keyin-chi, nima qilay?
— Keyin — Oʻzing bilasan. Namuncha tupoysan-a!
— Dilya, tushunmayapman gapingga: qovun, patir...
— Men uchun yeysan, oʻrtoqjon! Meni eslab!
— Xoʻp, xoʻp. Aytganingday boʻladi. Mening bu yerdaligimni qayoqdan bilding, Dilbar?
— Deyarli har kuni telefon qilaman. Qilaman-u, indamay quloq tutib turaveraman. Uyimning, gullarimning hidi kelganday boʻladi. Sogʻindim, dugon, shundoq sogʻindimki!.. Goʻshakdan Dilbarning piqillab yigʻlagani eshitiladi. Zabarjad «Voy-voy, nima boʻldi senga, Dilbar?» deganicha qoladi, aloqa uziladi.

* * *

Kiyim-kechagi joylangan safar xaltasi yelkasida, suvli idishni qoʻshqoʻllab koʻkragiga bosgan Zabarjad hovlilariga buriladi-yu, yuragi taka-puka boʻlib, turgan joyida taqqa toʻxtaydi.

Yoʻlaklarining ogʻzida bir toʻp odam! Ikki qator kursi qoʻyib roʻbaroʻ oʻtirishibdi. Ayrimlari tanish — qoʻni-qoʻshni. Yura piyon doʻppi kiyib olgan. Nima gap ekan? Nima gap?! Ular orasidan bir kishi turib, Zabarjad tomon kela boshlaydi. Abdulaziz aka! Bu yerda nima qilib yuribdi u kishi?
— Assalomalaykum, — deydi qaltirab Zabarjad.
— Yaxshi yuribsizmi, Zabarjadxon? Bexabar koʻrinasiz, qizim. Bandachilik ekan. Vosil amakingizdan ayrilib qoldik. Oʻgʻli pichoqlab qoʻydi. Kecha chiqarganmiz.
— Vay-y-y!

Zabarjadning qoʻlidagi salmoqligina shisha idish yerga tushib ketib, paqqa yoriladi. Oyoq ostiga suv sachraydi. Hammayoq hoʻl!

Zabarjad shosha-pisha choʻnqayib yirikroq shisha boʻlaklarini yigʻib oladi-da, beton ariq boʻyidagi axlat qutisiga tashlab keladi. Qolgan mayda siniqlarni Abdulaziz aka boshmogʻi bilan toʻplay-toʻplay, ariq tomon surib qoʻyadi.
— Spirtmidi? — deb soʻraydi allanechuk xijolatomuz.
— Suv edi. Qishloqdan.
— Suv?!
— Buloq suvi-da. U yoqda koʻp. Yana opkelaman, oʻylamang.
— Shunday boʻlib qoldi, qizim, — deya Abdulaziz aka boyagi mavzuga qaytadi tagʻin. — Bir vaqtlar tuppa-tuzuk olim edi. Begʻubor, dali-gʻuli odam. Kishining hayotiga bir darz ketsa, keyin uni yamab olish qiyin boʻlar ekan-da. Buning ustiga, bilasiz, anovi sabilga ham ruju qoʻygan edi... Hay, siz endi kiravering uyingizga. Oʻting. Anovi yoqdan aylanib oʻtib ketavering. Hechqisi yoʻq. Zabarjad qoʻlini koʻksiga qoʻyib Abdulaziz akaga ta’ziya izhor etgan boʻladi-da, keyin u kishi koʻrsatganidek, devor yoqalay borib, boshi xam, asta sirgʻalibgina yoʻlakka kiradi.

* * *

Ikkinchi qavatga chiqqach, tanish eshik qarshisida bir zum toʻxtaydi. Eshik lang ochiq. Ichkaridan xotin-xalajning past, boʻgʻiq ovozi eshitilayotir.

* * *

Negadir oʻzlarining eshigi ham ochiq! Zabarjad hayron boʻlib dahlizga qadam bosadi-yu, serraygancha qotib qoladi.

Roʻparasida — Sur'at, oyoqlari shol boʻlib yotgan ukasi, xuddi hech nima koʻrmagandek, qoʻllarini koʻksida chalishtirgancha devorga suyanib turibdi! — Vo-oy!

Agar qishloqdan koʻtarib kelgan shisha idishi boya sinib qolmaganida, hozir yerga tushib chil-chil boʻlmogʻi muqarrar edi!

Oshxona tarafdan qoʻlini sochiqqa arta-arta Vazira opa chiqadi.
— Ie, Zabar, keldingmi? Eshitgandirsan? Koʻrgilik-da, qara! Bechora Vosil aka!
— Aya, buningiz?!.
— Oʻshandan beri sal-pal qadam bosadigan boʻpqoldi, opasi! Xudoga shukr! Men shoʻrlikning ohu zorim xudoyimga yetdimi deyman... Lekin, ta’ziyaga tushib chiqaman, deb halitdan beri hol-jonimga qoʻymaydi-ya! Endigina oyoqqa turgan odam! Oʻzing tushuntir bunga.

Ayasi bilan naridan-beri koʻrishib-omonlashgan Zabarjad ukasini mahkam quchoqlab olgan, yuz-koʻzlaridan choʻlpillab oʻpgani oʻpgan.
— Rostdanmi? Voy, rostdanmi?! Xudoga shukr-e! Ukajonim! Men senga shunday bir moʻ'jiza suv opkeldimki! Ichding — ertasiyoq toychoqday dikirlab ketasan! Ana, bittasi soʻmkamda. Hali quyib beraman, koʻrasan! Ta’ziyaga esa ertaga billa tushib chiqamiz, xoʻpmi? Bugun endi kech boʻldi, noqulay.

Zabarjad Sur'atni tirsagidan tutib yotoq joyiga olib kiradi-da, oʻzi oyoq tomoniga oʻtiradi.
— Lola...
— E, Lola ham, Rayhonu Binafsha, Ra’noyu Nargis, Nilufaru Jasmingacha — hamma-hammasi endi seniki, Sur'atbek! Ishonaver!
— Yoʻq, Lola...
— Bularning bari — bir gulu giyoh, ukaginam! Mehr qoʻymasang, parvarish qilmasang — hammasiyam qurib, qovjirab, xashaki bir oʻtga aylanib qoladi. Keyin bir kuni oyoqosti ham boʻlib ketishi mumkin!

Sur'at Zabarjadga baqrayib qolgan: «Bu qizning esi joyidami oʻzi? Yo qishloqqa borib jin-pinga chalinib keldimi, nima balo?!»
— Men manovi hovlidagi Lolani aytyapman, opa! — Men ham shuni, shularni gapiryapman-da, ukam!

* * *

Namozshom chogʻi. Ona-bola oshxonada choyxoʻrlik qilmoqda.
— Boshqa yana nima gaplar, aya? — Kelib oʻzing koʻrgan-bilganing — shu! Aytganday, Dilya oʻrtogʻing kelib, kalitini tashlab ketdi. Gullariga suv quyib turarmishsan. Bir yasangan, bir yasangan! Buncha pulni qayoqdan olarkan-a bu qiz? Keyin — ishxonangdan Gulnoz Rahimovna deganing qoʻngʻiroq qildi. Ikki marta. Arizangni kimgadir bermaganmishmi-ey, direktor¬laring qaygadir koʻtarilib ketganmishmi-ey! Ishqilib, gaplariga unchalik tushunmadim shu xotinning. Borganingda oʻzing bilib olarsan. Hay, qani, gapir! Chorbogʻni nima qilding? Sotdingmi? Kimga? Necha pulga?
— Chorbogʻ sotilmaydigan boʻldi, aya!
— Sotilmaydi?! Nega?
— U — mulk! Buvamdan, dadamdan qolgan mulk! Uni har kimga sotib boʻlmas ekan. Ammam aytdilar. Qaydam, balki butunlay sotilmas. Sababini yaqin orada bilasiz.
— Tavba-a!
— «Er kishi yer sotmas, yer sotgan — er sanalmas». Eshitganmisiz?
— Buniyam ammajoning aytgandir?
— Yoʻq. Azamatning dadasi aytgan!
— Azamating kim, voy?
— Xalq aytgan bu gapni, ayajon!
— Xalq?!

Vazira opa esi ogʻgudek bir holatda Zabarjadga tikilib qoladi: «Bu qizga yo bir balo boʻlgan, yo anovi yosuman kampir rosa oʻqitib joʻnatgan! Endi nima qildim-a, xudoyim! Shoʻrlik boshimga bu savdo ham bormidi?!»

* * *

Egnida xalat, boshiga kattakon sochiqni salla qilib oʻragan bir malak ayvoncha derazasidan hovliga tikilib turibdi. Hovli qorongʻi, shivalab yomgʻir yogʻayotir.
— Endi uchrashmaymiz! — deydi malak alam bilan derazadan pastga qarab kimgadir. — Hech qachon! Shu zahoti toʻsatdan chaqmoq chaqnaydiyu moshinaga oʻtirayotgan odamning yuzini bir zum yoritib oʻtadi. Nihoyat, biz u zotning diydorini koʻrmoqqa muvaffaq boʻlamiz.

Ammo u — kim? Kimga oʻxshaydi u? Nega shu choqqacha yuzini yashirib keldi? U — sizmi? Yo — bizmi? Bu — suygan koʻngilning oʻzigagina ayon! Buni suygan koʻngildan boshqa hech kim bilmaydi!

Tillaqurt misoli choʻgʻlanib turgan allanima (sigaret!) qorongʻilik qa’riga uchib ketadiyu moshina eshigi qarsillab yopiladi.

Suygan koʻngil nido qilib qoladi:
— Men sizni yaxshi koʻraman! Yaxshi koʻrama-a-an!

Qorongʻi bir tunda yomgʻir shovqini aro yangragan yigʻi aralash bu nido chaqmogʻu momaqaldiroq sadolariga qoʻshilib ketadi.

TAMOM

Jannat oʻzi qaydadir

Erkin A’zam. Jannat oʻzi qaydadir (dramatik qissa)

Publitsistik miniatyuralar

Buyuk umidlar pallasi

Bugun insoniyat buyuk bir hayajon qurshovida turibdi. Bobo tarix uchinchi ming yillik sahifasini ochdi. Bu — aslida odam bolasi barmoq bukib sanashni oʻrganganidan buyon oʻtgan necha-necha ming yilliklardan birigina, xolos. Lekin melodiy hisobda jumlai jahon e’tirof etgan sana bu. Demak, sahih, inobatli sana.

Biyron soqiy tantanavor alyor aytadi: «Biz dunyoda eng baxtli insonlarmiz! Biz yangi asr odami boʻldik! Ikki asr, ikki ming yillik belbogʻida yashamoq har kimga ham nasib etavermaydi...»

Darhaqiqat, tarixning mana shunday avj pallasini koʻrmoq va ikki asr, ikki ming yillik nasibasini tatimoq, avvalo, taqdiri azalning hukmi, yorugʻ peshonamizdagi qutlugʻ bitikdir. Bunday buyuk saodat sizu bizga nasib etganining oʻzi ilohiy siylov emasmi, aziz zamondosh!

Odam bolasi qaysi asr, qay zamonda dunyoga kelmasin, umid bilan nafas oladi, baxtu omadga intilib yashaydi. Buyuk orzu — shu. Eng yuksak omol - shu.

Xoʻsh, behalovat, algʻov-dalgʻovli yigirmanchi asrimiz ana shu maqsad sari kiroyi bir pillapoya boʻla oldimi? Noshukurchilik xudoga xush kelmas. Biz shu asrda dunyo yuzini koʻrdik, shu asr soʻngidagina xalqimiz saodat sohillariga musharraf boʻldi.

Donolar yangi yuz yillikni turli nomlar bilan atamoqda. Biz uning avvalambor tinchlik asri, insoniylik asri boʻlishini tilaymiz. Odamzod nihoyat zulm va zoʻravonlik yaroqlariyu yovuzlik musobaqasidan voz kechib, eng ulugʻ insoniy amal — baxtu iqboldan bahs etadigan, shu borada bellashuvlarga kirishadigan yuz yillik boʻlishini orzu qilamiz. Buyuk umidlar pallasidir bugun!

Bu yuz yillikda ham millatimizning ikkinchi ming yillikdagi togʻdek iftixorlari — Sohibqiron bobomizning azmu shijoati, adolatpeshaligi bizga yor, hazrat Navoiyning tengsiz dahosi esa charogʻbon boʻlgusi. Ilohim, xalqimizni yorugʻ yoʻlga boshlab, unga buyuk kelajak bashorat etgan zotlarning murodi hosil boʻlsin!

Yangi asrda biz siz bilan ana shu bob, ana shu manzillarda uchrashmoqni niyat qilganmiz, muhtaram mushtariy.

Inshoolloh, niyatimiz yoʻldoshimiz boʻlgay!

«Tafakkur», 2001 yil, 1-son

Vatan qanday yuksaladi

«Davlatni oddiygina oshpaz xotin ham boshqara olsin!» — Yoʻqsillar dohiysining bu shiori endilikda ermakka aylanib ketgan. Dohiy bu naqlni ijtimoiy tenglikka misol tariqasidami, anchayin oshpaz xotinlarning koʻngliga boribmi, aytgan boʻlsa ajabmas. Ammo jahon inqilobi tashvishlaridan horib, qorni ochiqqanda ogʻzidan chiqib ketgan shu safsataga oʻzi ham ishonmagani aniq.

Oshpazmi yo oqsoch xotinmi davlatni boshqarolmaydi, albatta. U agar rostdan ham pazanda boʻlsa, oshxonasidan chiqmay, kartoshka-piyozini archib, nari borsa, oʻsha davlatboshilarga, mayli, yoʻqsillarga ham karamshoʻrvasini qaynatib beraversin. Shu kifoya undan.

Deylik, dohiyning orzusini amalga oshiraman deb oshpaz davlatni boshqarsa, davlatni idora etishi lozim koʻrilgan kishi esa yeng shimarib makkajoʻxori ekmoqqa tushib ketsa, toʻrt amalni chala-chulpa oʻzlashtirgan yana birovi moliya vazirligini da’vo qilib-chiqsa, doʻkondagi qassob shoirlikni, bozordagi kazzob qonunshunoslikni havas etib koʻz ochirmay qoʻysa... haqiqiy ijtimoiy tengligu inson huquqlari degan gaplar yuzaga chiqadimi oʻshanda? Balki. Lekin unda dunyoning ostin-ustun boʻlib ketmogʻi ham naqd gap. Mixail Bulgakovning «Ityurak» asaridagi moʻ'jizakor professor Preobrajenskiyning soʻzlarini eslang: «Odam oʻz ishini qoʻyib boshqa ish bilan shugʻullandimi, bilingki, bir kor-hol roʻy beradi».

Dunyoni nima saqlab turibdi boʻlmasa? Uning muvozanat posangisi kimning qoʻlida? Bizningcha, chinakam mirishkorning, chinakam qobiliyat sohibining, bir soʻz bilan aytganda — Oʻz ishining ustalariyu oʻz oʻrnida turganlarning qoʻlida!

Biz, mana, oʻn yildirki, ozod va obod Vatan orzusida yashamoqdamiz, mehnat qilmoqdamiz. Bunday Vatanni kim barpo etadi? Vatan qachon orzudagidek boʻlib qad rostlaydi? «Amerika ochmoq»qa hojat yoʻq: Vatan har kim oʻz oʻrnida vijdonan mehnat qilsagina bir narsali boʻladi. Vatanni anchayin chalamulla, chaladehqon, chalaishchi yoki chalaarbob — ya’ni joʻn bir havaskorlar bunyod etolmaydi. Ammo biz umidli dunyoning orzularini, deylik, oddiy muallimning maorif vaziri boʻlmoqqa halol intilishini yoki bir bogʻbonning qoʻshiq aytib dovruq taratishini taqiqlash niyatida emasmiz. Aslo. Zinhor-bazinhor. Eplasa, qoʻlidan kelsa — kandini ursin! Biz chala-chalalarga, badanida bir nima boʻlsa-boʻlmasa, notavon koʻngil, har ishni orzu qilib, oʻzini har yoqqa urib birovning oʻrnini egallamoqqa urinadigan nomunosib da’vogarlarga qarshimiz, xolos. Axir, hamma ham arbob boʻlavermaydi, hamma ham shoir boʻlavermaydi. Axir, Vatanning qoʻy-qoʻrasiyu podasi ham boʻladi, uni ham kimdir boqishi kerak. Bu ham sharaf, hech biridan kam boʻlmagan sharaf.

Gap — jamiyatda har kim oʻz oʻrnida turib, har ishni astoydil ado etishida. Vatan oʻshanda yuksaladi.

2001

Boy boʻlayin desangiz...

Oʻgʻil otadan soʻraydi:
— Dadajon, ayting-chi, boy boʻlmoq uchun nima qilish kerak?
— Boy boʻlmoq uchun... — deydi-yu, kutilmagan savoldan dovdirab qoladi ota. Nima desin? Qanday javob qilgani ma’qul?

Oʻgʻli shunday savol bilan murojaat etmagan amerikalik balki koyinar, ammo sharqlik otaga bu gap malol kelishi aniq. Oʻzini aybdor sezib, ichida iztirob chekadi u: demak, men munosib ota boʻlolmabman-da? Demak, roʻzgʻorini, bola-chaqasini yayratib qoʻya olmagan bir noshud ekanman-da? Vo darigʻ!

Boy boʻlmoq deganda oʻgʻil nimani nazarda tutyapti? «Mersedes» minish, hashamatli qasr qurish, Kanar yo Bagam jannatlarida yallo qilishnimi? Bunga erishganlar kam emas. Bunga erishish mumkin. Lekin yashashdan maqsad shumi? Shuginami?

Eshitgandirsiz, turmushi nochorroqlar qolib, aksariyat mulkdoru badavlat odamlar pul ishlab kelmoq uchun chet ellarga oshiqayotir. Oʻn ming soʻmim yuz ming boʻlsin deydi, yuz ming soʻmim... Nega bunday? Taajjublanarli hol emasmi bu? Axir, dunyodagi bor pulga egalik qilib boʻlmaydi-ku? Boʻlganida ham, narigi dunyoga orqalab ketish iloji yoʻq. Qolaversa, behisob mol-mulk sohibi boʻlgan ba’zilar mamlakatma-mamlakat bor-budini goho bachkana bir koʻngilxushliklarga sarflab-sovurib yuribdi-ku? Bundan chiqdi, bari behuda ekan-da? Demak, xudo berganiga shukru qanoat qilibgina oʻtirish lozim ekan-da?

Yoʻq, biz bunday demoqchi emasmiz. Aslo. Halol, peshona teri bilan topilgan har qancha boylikka yana boylik qoʻshilsin, uni topgan shovvoz-sherimardga sharaflar boʻlsin. Qani edi, bizdan ham zakovat kuchi bilan milliard-milliardlab sarmoya yiqqan mashhur dasturchi Geytsga oʻxshaganlar chiqsa! Qani edi, faqat mol-mulk vasvasasida emas, savob dardida yurgan serhimmatlar bizda ham paydo boʻlsa!

Lekin bizni boshqa narsa tashvishga solmoqda: har yoʻl bilan boʻlsin, boylikka intilish hissi... yoʻq, hirsi!

«Bir zumda boy boʻlmoqni xohlaysizmi?», «Falon oʻqishga kirmoqchi boʻlsangiz, omadingizni sinab koʻring!» Bu kabi da’vatu e’lonlarga ishonadigan boʻlsak, bir zumda boy boʻlmoq imkoni bor ekan, ter toʻkib mehnat qilishdan nima foyda? Oʻqishga kirish bilimga emas, omadgagina bogʻliq boʻlsa, bosh qotirib, kitob varaqlamoqqa na hojat?

Bu yakkash iste’molchilikka asoslangan kayfiyat, xudbinlik, boringki, qimorbozlik psixologiyasi emasmi?!

Bunday qarash, bunday yondashuvlar bilan Vatanni obod, elni farovon qilib boʻlarmikan, bilganlar aytsin!

Ustoz Asqad Muxtor bilib aytgan: «Baxt — boylikda, desangiz, hamma — baxtsiz. Chunki aqlliga koʻp narsa kerak emas, axmoq esa baribir toʻymaydi».

Biz oʻgʻil otadan birinchi galda mana bunday deb soʻramogʻi tarafdorimiz:
— Dadajon, ayting-chi, asl odam boʻlmoq uchun nima qilish kerak?

2001

Inson oʻzing...

Bulturgi «sahifa»larimizdan birida «Mana, yangi asrga qadam qoʻydik — odam, odamzodning tabiati ham oʻzgararmikan?» degan mazmunda mulohaza yuritgan edik. Yangi asrdan koʻp narsa kutganimiz, nihoyat, inson asl insoniy mohiyati sari yuz burar deb umid qilganlarimiz rost.

Xoʻsh, umidlar oqlandimi, yangi yuz yillik xayrli boshlandimi? Yovuzlik, bedodlik illatlari sarqitga aylanib, oʻtmishda qolib ketdimi? Hayhot! Ayniqsa, dunyoni larzaga keltirgan Amerika fojiasidan keyin bu savollarga ijobiy javob berish mushkuldir.

Nega bunday? Olam-ku azal-azaldan ikki qutbga — yaxshilar va yomonlarga boʻlingani ma’lum. Xayr, biz ya x sh i-yu, ular yo m o nmi? Yoʻq, ularning nazarida biz yo m o nmiz, jamiki hamoqat uchun biz aybdormiz. Kim haq? Azaliy savdo!

Lekin muqaddas dini islomni jahonaro obroʻsizlantirish bilan barobar bu razolatni hech zamonda, biron bir yoʻsinda oqlab boʻlarmikan?!

Roʻy bergan mash'umiyatni dunyo ahli turlicha sharhladi: diniy e’tiqodlar muhorabasi, islom ekstremizmi, Isroil sababiyati, Amerikaning zoʻravon siyosatiga qarshi isyon, demokratiyaga, zamonaviy taraqqiyotga yovvoyilarcha hujum va hokazo. Bu qarashlarda ham jon boʻlsa — ehtimol. Ammo, bizningcha, barining zamirida xom sut emgan bandaning ojizligi, manfaat balosi, hokimiyat vasvasasi yotibdi. Qolgani — bir niqob, anchayin bahona, xolos. Har-holda, avliyo Nostradamusning Sharqning Gʻarbga — musulmon dunyosining nasroniylar ustiga yurishi toʻgʻrisidagi daqqi bashoratini amalda isbotlamoq uchungina bunday qiyomat qoyim sodir etilmagani aniq.

Biroq telbalikka yana shunday begunoh qon toʻkish yoʻli bilan qarshi kurashmoqdan boshqa chora yoʻqmikan? Bugun ya x sh i insoniyatni tashvishga solayotgan savol shu. Jahon tartibotini oqilona oʻzanga burishga doir tadbirlar qoʻllamoq — ne-ne aqllarni band etib turgan muammo ham shu.

Ammo hamma gap kelib-kelib tagʻin oʻsha azaliy jumboq — inson, inson ma’naviyati, insonning hanuz noraso tabiati masalasiga taqalmoqdaki, bu yaqin besh-oʻn yillarda hal etiladigan savdo emas. Bu birgina mamlakat, u har qancha ulkan, adolatpesha boʻlmasin, uddalaydigan vazifa ham emas.

Mana necha yildirki, Oʻzbekiston rahbari jahon ahlini birgalashib shu baloning oldini olishga chorlab keladi. Afsuski, tanasi boshqa — dard bilmas. Boshingizga tushgandagina koʻzingiz ochiladi. Shunday boʻldi — bugun jumlai jahon bir mushtga doʻnib, razolatga qarshi kurashga otlandi.

Lekin ming-ming chaqirim naridan turib aql oʻrgatish qanchalik oʻngʻay boʻlsa, oʻsha oʻt-olov chatnab yotgan oʻlkaga qoʻshni yashab, unga nisbatan odilona siyosat tutish shunchalik qiyin. Hazoron shukrki, yovuzlik oʻchogʻini barbod etishga bel bogʻlagan dunyo jamoatchiligini quvvatlagani holda Oʻzbekiston qoʻshni afgʻon yurtiga munosabatda birdan bir toʻgʻri yoʻlni tanladi. Besaranjom hamsoyadan hovlingizni sotib qutulishingiz mumkindir, ammo Vatan — peshonadagi mangu bitik!..

Insoniyat boshiga xavf solib turgan 6u balo bugun-erta daf etilar, dunyo yengil tin olib, osoyishtalik izmiga qaytar, lekin koʻngilni baribir oʻsha «la’nati savollar» tinch qoʻymasligi muqarrar: qachon odamzodning koʻzi ochilar ekan, qachon bu bebaqo dunyoda odamdek yashab oʻtish saodatini tugal anglab yetar ekan u?..

Oʻzingga insof bersin, ey banda!

2002

Yuzga kirish... shartmi?

Keksalarimizning yaxshi koʻrgan duosi: «Umring uzoq boʻlsin, bolam!» Tavallud tantanalarida ham shu tilak: «Yuzga kiring! Mingga kiring!»

Yuzga kirish shu qadar ulugʻ omolmi? Yuzga yetolmagan, bunday baxt nasib etmagan odam nima qilsin?

Aytishlaricha, inson bemalol yuz-yuz yigirma yil umr koʻrishi mumkin ekan. Afsonalarda bundan ham ziyod, hatto uch yuz-besh yuz yillab umr koʻrgan alomat zotlar haqida naql qilinadi. Lekin sizu biz afsona qahramonlari emasmiz. Bu yorugʻ dunyoda paymonamiz oʻlchovli. Tarozusi Yaratgan egamning izmida.

Bu olamning sarvari Muhammad alayhissalom bor-yoʻgʻi oltmish uch yil umr koʻrganlar. Ul zoti sharifning ummati boʻlmish Yassaviy hazratlari esa shu marraga yetib, «Qolgani harom!» deya etak silkib, yertoʻlani makon tutganlarini bilamiz. Qarangki, xudoning qudrati bilan u kishi, rivoyatga koʻra, yana shuncha yashagan ekanlar.

Bu har ikki siymoning ham dahosi, tabarruk amallari, hikmatlari dunyo turguncha turgusi.

Xoʻsh, uzoq yashashdan maqsad nima? Odamzod yuz yoshga yetganda ham navqiron davridagidek tetik-bardam tursa, zavqu shijoati soʻnmasa-ku koshki edi! Ammo — tabiatda tolikish, eskirish, yemirilish hodisasi, jamiyatda esa yangilanish, oʻrin almashuv qonunlari ham borki, bular tirik mavjudotga xos xudbinlik mayllarini aslo tan olmaydi.

Boʻlmasa, «maqsad na ediki, jahona kelding...» Ajabo, hayot shami lipillay-lipillay, nihoyat, paymona toʻlgach — ayni soʻnggi soniyada inson hayotning asl ma’nosini anglab yetgandek, buyuk bir sirni kashf etgandek boʻlarmish. Shunda umr banogoh, u har qancha uzoq, bardavom boʻlmasin, bir nafaslik fursatdek tuyularmish. «Vo darigʻ! Toʻrt kunlik dunyo ekan-da bu! Hatto Iskandari jahongir ham ustun boʻlolmagan-a unga!» deya oh urishlar shundan.

Balki, hayotning buyuk haqiqati, buyuk siru jumbogʻi shudir? Oliy mantiq, oliy haqiqat ham shundadir?

Yoinki, isyonkor Mashrab aytgandek, bu toʻrt kunlik dunyoning «ketiga shattalab oʻtmoq» lozimmi? Ammo mashoyixlar oxiratdan ogoh etadi: besh mahal namozdan oʻzga hamma ishning pushaymonligʻi bor...

Deylik, bandasi uzundan-uzoq yashasa-yu, umri poyonida qoʻlidan hech ish kelmay qolib, hech kimga keraksiz, doʻstga zor, dushmanga xor, hatto bola-chaqasiga ham dardisar, nochoru notavon bir koʻyga tushsa... Bunday umrguzaronlikdan ne naf?! Hazrat Navoiy bekorga aytmagandirlar:

Yuz yil kishi umr tilar, bil

Kim, sabr kerakdur anga yuz yil...

Biz nega yoshi ulugʻlarga ehtirom koʻrsatamiz, qariyalarimizni qadrlaymiz, hatto hukumat miqyosida tadbirlar qoʻllaymiz? Bir yil boʻlsa ham, bir kun boʻlsa ham shular hayotdan rozi boʻlib ketsin. Negaki, bunday qismat kezi kelib oʻzimizning ham boshimizda bor. Bugun biz ularni qadrlasak, e’zozlasak, ertaga bir kun...

Bizningcha, odamzodning umri uning necha yil yashagani bilangina emas, oldiga qoʻygan maqsadining salmogʻi, ezgulikka nechogʻli xizmat qilishi va alal-oqibat shu maqsadning naqadar roʻyobga chiqqani bilan belgilanadi.

Ezgu maqsadingiz yor boʻlib yuz yil, ming yil yashang, doʻsti aziz!

2002

Shoshmasdan shoshiling

«Istiqlol yillaridagi oʻzgarishlar asrlarga tatigulikdir» degan muqoyasa birovlarga balandparvoz mubolagʻadek tuyulishi mumkin. Darhaqiqat, besh-oʻn yillik davrni qanday qilib yuz yilliklarga tenglashtirib boʻladi?

Gap shundaki, tarix gʻildiragi hamisha ham bir maromda aylanmaydi. Shunday zamonlarni bilamizki, goʻyo odamzod asrlik gʻaflat uyqusiga ketgandek, goʻyo oʻsha muddat tarix silsilasida butunlay boʻlmagandek. Na ijtimoiy-siyosiy hayotda bir oʻzgarish bor, na ilmu fan yoki madaniyatda. Xalqimiz bunday turgʻunlik holatlarini ham koʻp bor boshdan kechirgan. Uzoqqa bormay, yaqin oʻtmishimizni bir eslab koʻrsak kifoya.

Yigirmanchi asrning soʻnggi oʻn yilligi dunyo hayotida, ayniqsa, xalqimiz taqdirida qanday oʻzgarishlar yasaganini ta’kidlash bugun endi eski bir haqiqatni takrorlashdek boʻlib qoldi. Tarix gʻildiragi shunday shiddatga kirganki, lof boʻlsa ham, hatto kechagi gap gohida xuddi huv bir vaqtlar boʻlib oʻtgandek tuyuladi.

Maqsadimiz — chapdast muxbirlarga oʻxshab istiqlol zamonidagi yangiligu oʻzgarishlarni birma-bir sanab qayd etish yoki ularni aytib gʻururlanish emas. Buni bilgan — biladi, bilmagan, balki bilgisi kelmagan kimsaga ming karra takrorlash ham befoyda. Oldingdan oqqan suvning qadri yoʻq, hammamiz shu jarayonning qaynoq qozonidamiz, binobarin, bu oʻzgarishlarning munosib bahosini kelajak odamlari berar, oʻylaymanki, ular oʻshanda hayratdan yoqa ushlasa ajab emas.

Rost, biz zamon shiddatini qoʻldan bermadik, ayni chokda, kechagina ilk bor davlatchilikka erishib, demokratiya ohanrabosida erigan misol, «naqd Amerika boʻlaman» deya chirangan ayrim «tezkor»larga oʻxshab oʻzimizni har yoqqa urmadik ham. «Shoshmasdan shoshiling» degan naql dasturilamalimiz boʻldi. Yil boshida oʻtgan umumxalq soʻrovi va uning natijalari aynan shuni isbotlab turibdi. Albatta, bir yil-ikki yilda darrov murod hosil boʻlib, hayotimiz gullab-yashnab ketmasligini yaxshi bilamiz. Biroq shu yoʻlda zalvorli qadam qoʻyilganining oʻziyoq tarixiy burilish deya atalmoqqa loyiq.

Oʻtgan oʻn bir yil mobaynida Vatanda kechgan oʻzgarishlar har birimizning hayotimizda aksini topdi. Demak, Vatan bilan qadam-baqadam biz ham oʻsdik, biz ham oʻzgardik. Ta’bir joiz koʻrilsa — umrimiz, takdirimiz boyidi. Hayoti zamon dolgʻalaridan chetda, bir tekis, eslagulik kiroyi voqealardan xoli kechgan odam naqadar qashshoq!

Lekin biz orzu qilgan jamiyat oʻz-oʻzidan barpo boʻlmasligini shu Vatanning fuqarosiman degan har bir inson teran anglamogʻi kerak. Uni loqayd tomoshabinlar mamlakati emas, chinakam ijodkorlar mamlakatiga aylantirish uchun baqadri hol harakat qilmogʻi darkor. Chetda turgan odam... chetda qolib ketaveradi.

Shoshmasdan shoshilaylik, aziz zamondosh! Toki shiddat zamoni «attang» zamoniga aylanmasin.

2002

Uyat boʻladi

Ustoz Abdulla Qahhorning «Uyat» degan maqolasi bor. Unda mazkur tushunchaga axloqiy jihatdan yondashilib, bu — insonni hayvondan ajratib turuvchi tuygʻudir, degan yoʻsinda tavsif berilgan.

Men maqolaning mazmunini dastlab televizor orqali adibning oʻz ogʻzidan eshitgan edim. Oʻshanda ne-ne dolzarb ijtimoiy-madaniy muammolar qolib, ustozimizning anchayin bir axloqiy mavzuda, qolaversa, bolalik-yoshlik chogʻlarimizda har qadamda eshitadiganimiz tanbehnamo bir soʻzga («Uyat boʻladi!») bu qadar urgʻu berib soʻz yuritgani menga erish tuyulgani rost.

Keyinchalik esa, xususan, soʻnggi yillarda uyat hissi faqatgina axloqiy tushuncha emasligiga bot-bot amin boʻlmoqdaman. Nazarimda, bu soʻzning mohiyati xiralashib, umuman, shu tuygʻuning oʻzi susayib, gohida ahamiyati tamoman yoʻqolib ham ketayotgandek tuyuladi. Boʻlmasa, kechagina ayb sanalgan uncha-muncha qilmishlarga bugun fazilat deb qaralmasa-da, harqalay, odatdagi bir hol sifatida beparvo munosabat qilinayotganiga nima deysiz!

Va’da beramiz-u, ustidan chiqmaymiz. Xijolat chekish yoʻq.

Bandasining koʻziga tik qarab yolgʻon gapiramiz. Tap tortish qayoqda!

Birovning haqini paqqos uramiz-u, koʻzimizni loʻq qilib turaveramiz. Bor, qoʻlingdan kelganini qil!

Har tadbirni qoʻllab, oʻzganing tagiga suv quyamizu oʻrnini egallaymiz. Insof-andisha — «eskilik sarqiti»!

Farzandlarimizning onasini har turli bozorlarga yoʻllab, mushtiparning topib kelganiga «inomarka» olib minamiz. Nomuslarga oʻlmoq qani?!

Mol-dunyomiz oʻgʻrilik, haromxoʻrlik orqasida orttirilganini hamma biladi, oʻzimiz ham bilamiz. Loaqal, yerga qaramoq, qizarmoq xayolimizga kelsa-chi!

Kirdikorlarimiz olamga ovoza, biz esa adlu insofdan lof uramiz. Oxiratda ham bir iloji topilar...

Uyalmaymiz, uyalmaymiz...

Nomusu vijdon, haromu haloldan soʻz ochgan «eskicharoq» odamga bozorni, bozor iqtisodiyotini roʻkach qilamiz. Bozor... bizdan oldin ham bor edi, bizdan keyin ham boʻlar. Dunyo — bozor oʻzi. Lekin u hargiz sharmandaligu yuzsizlikning niqobi emas. Hayvonot bogʻi degani ham emas. Agar shunday boʻlganida, «uyat»dan boshlab lugʻatdagi shu tur soʻzlarning barchasini birma-bir oʻchirib chiqmoqka toʻgʻri kelardi. Unda, ehtimol, lugʻatning oʻziga ham ehtiyoj qolmas...

Ana oʻshanda chinakamiga sharmandalik boʻlar... Xudo ana shunisidan asrasin deng!

...Xijolatdan qizara bilgan banda naqadar gʻolib!

2002

Jahon keng...

Keyingi yillar dunyoda nima boʻlyapti oʻzi? Qayoqqa qaramang — urush-toʻpolon, qoʻporuvchilik, bosqinu buzgʻunkorlik! Goh ketma-ket samolyot qulagan, goh shahru kentlar yongʻin girdobida, goh beomon selu koʻchki, portlov, zilzilayu balo-battar! Bulari yetmagandek, odam bolasi bir-birining qoniga tashna, bir-birining etini yegani yegan! Boz ustiga, nomlariga til kelishmaydigan har xil dardlar, kasalliklar... Xullas, tinchlik yoʻq, xotirjamlik yoʻqolgan. Bu yoqda esa turli-tuman bashoratgoʻylarning ogʻzi tinmaydi: oxirzamon yaqin, falon kuni qiyomat-qoyim boʻladi, dunyoni yer yutadi, suv bosadi, quyosh portlab ketadi, osmoniy kuchlar junbush uryapti, jin koʻzadan chiqdi, inson xudoning qahriga uchradi va hokazo.

Chindan ham, nima boʻlyapti oʻzi dunyoga? Nahotki, inson bu rub'i maskunda shu qadar ojiz, chorasiz, tanho? Nahotki, ertangi kunni butunlay zulmat qoplagan, ignaning uchidek ham umid shu'lasi qolmagan boʻlsa?

Oʻzingizni bosing, janoblar! Biz bu niyatda dunyoga kelmaganmiz. Bizni xudoyim bunday qasd bilan yaratmagan. Dardini bergan davosini ham berar. «Kengga — keng dunyo» deydilar. Shoirimiz bilib aytgan: «Fe’lingizni kengroq qiling, domlajon, koʻzingizga koʻringaydir keng jahon!»

Jahon keng. Keng jahonda gʻalvayu gʻavgʻo moʻl boʻlmogʻi ham tabiiy. Qolaversa, oqsoch moziy bu kabi serdolgʻa zamonlarni kam koʻrmagandirki, donolar unga «tarixning tigʻiz pallalari» deb nom bergan. Binobarin, «Azizim, dunyoga bevaqt kelib»miz!» deya nadomat chekmoqqa shoshilmagan ma’qul. Shukr, shu kamtarin umrimizda olamjahon nar-sani koʻrdik-koʻryapmiz, bildik-bilyapmiz. Nasib qilgani-da! Xudo bergan yetmish-sakson yillik fursat dunyodan paqqos bexabar, qora gʻaflatda, temir devorlar ichida yolgʻon-yashiqlar bilan oʻtib ketmogʻi hech gap emasdi. Darvoqe, umrimizning talay qismi shu taxlit kechdi desak ham boʻladi. Sun'iy yulduzlar «abadiy» porlaguvchi olis poytaxtda ahyon-ahyon bagʻoyat tarixiy ma’rakalar oʻtkazib turilardi, ahyon-ahyonda munkillab, allaqachon esi ogʻib qolgan biror «byuro a’zosi» bizni tashlab ketardi, ahyon-ahyonda gadoytopmas bir qishloqdagi nazarnogir doʻkonchaning noinsof sotuvchisi shoʻrlik xaridorning haqidan besh tiyingina urib qolib, olamga fosh etilardi... Bas, qolgan bari joyida, suv quygandek jimjit edi.

Biz bilgan dunyo shunday edi. Chunki biz dunyodan bexabar edik. Bilgan-eshitganimiz — chirib borayotgan kapitalistik jamiyatlarda inson quldek xoʻrlik bilan kun kechirardi, qorni nonga toʻymay, har kuni ish tashlab koʻcha-koʻyda namoyish qilib yurardi (bunday bekor yurgandan keyin qorni qanday toʻysin!), hammayoqda qirgʻinu quvgʻin!..

Oʻrtadagi devor quladiyu dunyo ochilib ketdi. Endi, zarur kelganda, lof boʻlsa ham, Eski Joʻvadagi somsapazning tandirda qoʻli kuyib qolganiyu ne sababdan bu hol roʻy bergani yoki olis Rio-de-Janeyrodagi chala oʻlik — koʻp yillik uyquda yotgan kampir arining gʻingʻillashidan bir chuchkirib koʻzini ochgani — Oʻsha soatda olamga oshkor boʻladi.

Bugun dunyoda sir degani qolmadi. Bu holni axborot boʻroni, globallashuv jarayoni ham deydilar. Birovga yoqar, birovga yoqmas, zamonning hukmi shu. Albatta, bu xush-noxush xabarlar insonga bevosita boʻlmasa, bilvosita ta’sir qilmogʻi turgan gap. Koʻngilda besaranjomlik qoʻzgʻaydi. Nachora, yorugʻ dunyo oʻzi besaranjom. Tinch-farogʻat dunyosi esa har bandaning oldida...

Zamonga hech vaqo boʻlgani ham, uni hech jin urgani ham yoʻq. Urgan boʻlsa, oʻsha jinni koʻzadan chiqargan — Oʻzimiz, uni ichimizdagi iblisga xizmatkor qilib qoʻygan ham oʻzimiz! Inson ana shu haqiqatni tan olib, zarur xulosalar chiqarsa... samolyot kamroq qulaydi, urush-janjallar barham topadi, tabiiy ofatlar ham pisand boʻlmay qoladi...

Koʻp yil oʻlim holatida yotgan kampirning bir chuchkirib hayotga qaytgani esa, istang-istamang, xush xabar, umidbaxsh xabar, nima dedingiz?

2003

Kitob urmasin...

«...Nega siz — yozuvchilar kitobdagi hayotga oʻquvchilaringizni ishontirdingizlar? Axir, hayot boshqa, kitob boshqacha ekan-ku! Sizlar yozgan asarlarni oʻqib hayotni kitobiy tasavvur qilgan biz — Oʻquvchilarning gunohi nima?»

Hayot boshqa, kitob bir boshqachaligi... rost. Adabiyot, badiiy asar hayotni aks ettiradi deymiz. Bunisi ham toʻgʻri. Lekin — aynan emas! Keling, masalaning nazariy jihatlarini qoʻyaturayligu hayotning oʻziga qaytaylik. Hayotning maftunkorligi balki uning norasoligidadir... Badiiy asar aslida ana shuni raso shaklda koʻrmoq orzusidan tugʻilmaydimi? Adabiyotning sehru jozibasi ham shunda emasmi? Deylik, hayot aynan koʻz oʻngimizdagidek, bor-budi bilan batafsil tasvir etilsa, ishonavering, unday asarni oʻqib chiqadigan odamni topolmaysiz!

Ammo bizga yoʻllangan maktubdan yuqorida keltirilgan koʻchirma kishini daf’atan sergak torttiradi. Darvoqe, kitobga ishonib yashagan odamning gunohi nima? Kitobni «hayot darsligi» deydilar-ku. Hamonki, unga bu qadar e’tiqod qilinar ekan, demak, u chindan ham muqaddas hodisa. Lekin kitobiy gʻoyalaru tamoyillarga sigʻinibgina, «dagʻal» hayot girdobiga tushib, ora yoʻlda qolganlarga nima maslahat bergan ma’qul? Kitobdagi gaplar bari uydirma, ishonmang, «mullaning aytganini qiling-u, qilganini qilmang» qabilida ish tutmoq lozim, debmi?

Aslo! Odamzodni san'atdan, adabiyotdan 6u tarzda bezdirish, uni ideallardan judo qilmoqqa urinish jamiyat ma’naviy hayotini qashshoqlashtiradi, vahshiyatga yoʻl ochadi. Adabiyot, san'at — hayot boʻronlarida chorasiz qolgan insonga taskin qidiruvchi, umid baxsh etuvchi, ezgulikka da’vat qilguvchi qudratli kuch, dono maslahatgoʻy. Undan voz kechib boʻladimi, ayting!

Biroq unga koʻr-koʻrona taqlid qilib yashamoq ham kishi imkoniyatlarini toraytirib, cheklab qoʻymaydimi? Bu hol goho fojialarga olib kelmaydimi? Hayot atalmish buyuk moʻ'jizaga, mayli, harchand ibratli boʻlmasin, biron bir kitobiy andoza asosida yondashuv aqldanmi?!

Maktub muallifi maktabda eng namunali oʻquvchi boʻlgani, kelajakka zoʻr umidlar bilan qarab, kitobda yozilgandek yashamoqqa tirishgani, orzulari moʻlligi, butun umr toʻgʻrilik, halollik deb yurgani-yu, bugungi kunga kelib esa hayotda oʻrnini topolmay qolganidan shikoyat qiladi.

Darhaqiqat, hayotda bunaqalar ham yoʻq emas. Ayniqsa, davr oʻzgarishlari ayrimlarning «halovati»ni buzgani, odatiy maromdan chiqarib yuborgani ma’lum. Ammo buning uchun badiiy adabiyotni, kitobni ayblash oʻrinlimi? Sababni boshqa yoqlardan qidirmoq lozim emasmikan? Qolaversa, hazrat Navoiy achchiq aralash aytganlaridek, «ipak qurtichalik himmating yoʻqmu?»

Adabiyot boshqa, hayot boshqaligiga shubha yoʻqdir. Nima, biz birovning koʻnglida tugʻilgan adabiy qahramon emas, jonli odam ekanimizga biron shubha bormi?.. Bunda nimani tanlash — har kimning shaxsiy ishi. Ekkaningizni — Oʻrasiz!

Voqean, kitobga, kitob mutolaasiga ragʻbat susayib ketgani bor gap. Bir varaq kitob koʻrmasdan ham 6e-hisob mol-dunyoga ega boʻlish yoinki shuhrat taratib, baxtiyor yashab oʻtish mumkin ekan, qarang! Kitobxonlik u yoqda tursin, hatto, zarur kelganda mardikor yollab kitob yozdirish koʻproq urf boʻlib qolgani ham sir emas. Lekin, unutmaslik kerakki, har ishning oqibati, uvol-savobi bor. Agar biz uni-buni vaj koʻrsatib azaliy soʻzdan, kitobdan shu tariqa yiroqlashib boraversak — ifoda tanlamoq oʻrni emas, aytaveraylik — bir kuni kelib kitob urishi bor...

Kitob ursa, yomon uradi.

2003

Jannat qidirib...

Toʻrt-besh yil boʻldi — xorijda uzoq muddatli xizmat safarida yurgan doʻstim hovli sotib olish niyatida ekanini aytib, surishtirib koʻrishni iltimos qildi. Gazetadagi e’lon boʻyicha telefonda bir odam bilan «savdolashdim». Hovlining narxini eshitib kapalagim uchib ketdi. Egasi shunga yondosh ichkari hovlisini ta’riflab (basseyn, sauna, billiardxona, qishki bogʻ), uni ham qoʻshib sotishini aytdi. Bunisining bahosi oldingisidan beshbattar edi. «Oʻzim Amerikaga koʻchib ketyapman, — dedi u. — Inson dunyoga bir marta keladi, yashagandan keyin odamga oʻxshab yashash kerak-da». «Har yerda bordir toshu tarozu» naqlini eslatib, Amerikada hovli-joy qilish oson emasdir-ov, degan mazmunda soʻz boshlagan edim, «Bilaman, uch marta borib keldim. Uy-joyim tayyor, villa sotib olganman, — dedi suhbatdoshim. Keyingi izohi esa meni batamom lol qoldirdi: — Koʻrib turibsiz, ogʻayni, Oʻzbekistonda tirikchilik qiyinlashib ketdi. Eshitgandirsiz, kecha non yana qimmatlashgan emish...»

Mayli, birodar, oʻzingizcha jannatni koʻzlab turgan ekansiz, nima derdik — oq yoʻl! Ammo, mutlaqo maxfiy sir boʻlsa-da, hijrat oldidan birgina savolga javob berib ketsangiz: shuncha mol-mulk, shuncha sarmoyani qaerdan, qay yoʻsinda topdingiz? Amerikadan orqalab kelmagandirsiz, hoynahoy? Yo choʻlu biyobonda bir oʻzingiz dastgoh oʻrnatib, dollar ishlab chiqarmagandirsiz? Mana shu «noni qimmat» yurt, shu yurtdagi vatandoshlaringiz tufayli orttirilmaganmi oʻsha sarvat?! Qora qozonini qaynatish ilinjida ertayu kech ter toʻkib yurganlar qancha, bilasizmi? Ular nima qilsin?..

Urganchni yogʻiy bosganda, «Shayx oyoq ostida qolmasunlar, oʻgʻlon va ushoqlari birlan qal'adan chiqib ketsunlar, degan taklif boʻldi. Hazrati Shayx aytib yubordilarkim, yaxshilikda men bu xalqning tamomi birlan oshno va doʻst-yor erdim, emdi yomon kunda nechuk bularni tashlab borayin...» Najmiddin Kubro jon saqlash imkoniyatini rad etibgina qolmay, dushmanga qarshi yuzma-yuz jangga kirishib, vatan ozodligi yoʻlida halok boʻlgani ma’lum.

Yaxshi yashashni, farovon turmushga intilishni taqiqlab boʻlmaydi, albatta. Chet ellarga chiqib mablagʻ orttirib kelish (qaytib kelish!) ham olqishga loyiq tashabbus. Qolaversa, erkin dunyoning qonunlariga koʻra, qaysi yurt, qay mintaqada umr kechirmoq — har kimning shaxsiy ishi. Lekin qaerda, qay manzilda dunyoga kelmoq, qay goʻshada kindik qoni toʻkilmogʻi — bu endi bandasining shaxsiy ishi emas, bu — taqdiri azal, qismat. Ana shu qismat roʻy bergan makonni esa v a t a n deydilar. Vatan — muqaddas, uni sevmoq, unga sadoqat iymondandir. Aksincha — uni qadrlamaslikni, sinov kunlarida uni tashlab, xayoliy jannat qidirib yurganlarni nima deb atamoq kerak? Ertaga bir kun Vatan qaddini rostlaganida ular yana qozonning boshida paydo boʻlib qolmasmikan? Oʻshanda nima vaj qilisharkan? «Inson dunyoga bir marta keladi, yashagandan keyin tugʻilib oʻsgan yurtda yashash kerak-da...»

Bizga oʻxshagan lodonlarni koʻring, odamzod dunyoga ikki marotaba keladi, deb oʻylar ekanmiz, chogʻi...

Vataning nechta, vatandosh?..

2003

Shukru qanoat

Shoʻro zamoni edi, bir ustozimiz dala hovli qurmoqda ekan, biz — shogirdlarini bir-ikki marta hasharga aytdi. Borib jilla bir joyni obod qilganimiz yoʻq — domlaning eski qadrdoni boʻlmish boysunlik chapdast ustaga qoʻl uchi qarashgan boʻldik, xolos. Asli maqsadimiz ham shu bahonada domlamizga yaqinlashish, u kishining davrasidan bahramand boʻlish edi. Shunga erishdik hisobi.

Oradan ikki-uch oymi oʻtib, ustoz yana hasharga chaqirdi. «Dacha bitgan edi-ku, domla, tagʻin nima ishi qolgan ekan?» «Endi oʻsha oʻzlaring qurgan boloxonasini buzish kerak...», dedi domla horgʻin kulimsirab. Sababini soʻramoqqa hojat yoʻq edi: bir-ikki kun burun markaziy gazetada felʼetonnamo maqola chiqqan, unda hashamatli uy-joy qurgan ziyolilar katorida kommunist domlamizning xam nomi tilga olingan edi. Demak, ana shu «hasham»ni kamaytirmoq lozim.

Imorat aslida moʻ'jaz bir xonayu bir dahlizdan iborat boʻlib, boysunlik ustaning qoʻli qichibmi, ustiga choqqina bir rovon ham koʻshilgan edi. (Oʻsha yillari Kavkaz kurortlarida dam olganlar koʻrgan: domlamizning «qasr»ini u yerdagi imoratlar qarshisida, uzr, tovuqxona ham deb boʻlmasdi. Yoki kavkazliklar yoppasiga partiyasizmidi?..)

Oʻzimizning qoʻlimiz tekkan binoni buzmoqqa koʻnglimiz boʻlmadimi, hasharga bormadik. Ustozimiz ham negadir bizdan ranjimadi.

Zamon yangi boʻldi. Endi, qoʻlingizdan kelsa — saroy quring, samolyot sotib oling, birov bir nima deyolmaydi. Erkinlik. Lekin, ajabki, fursat topildi deguncha iqtisodiy qiyinchiliklardan, turmush norasoliklaridan noliymiz, shikoyat qilamiz-u, bugungi hoyu havaslarimizning chek-chegarasi yoʻq. Endi, har qancha dabdabali boʻlmasin, bitta hovli-joy bizga tor, bitta mashina kamlik qilyapti. Qaniydi, shulardan qoʻsha-qoʻsha boʻlsayu koʻrgan doʻstu dushman hasaddan kuyib oʻlsa!

Hoyu havaslarimiz hakalak otib koʻpaygani bor gap. Xoʻsh, nima kamaydi? Bunga ham misol yetarli: insof, halollik... Yoʻq, eng avvalo — shukru qanoat yoʻqolib boryapti, shu hisni boy berdik. Qanoatni bilmagan insonda halovat boʻlmaydi. Mol-dunyo vasvasasiga berilib, aksariyat oʻtayotgan umri, hayot, hayotning asl ma’nosi haqida oʻy surmoqqa, mulohaza qilmoqqa fursat topolmaydi. Va taassufki, goho bunga ulgurmay ham oʻtadi...

Bugungi dabdabayu as'asalarni koʻrganda ustozimizning oʻsha kamtarin kulbasi, boloxona mojarolari esimga tushadi. Zamon oʻzgardimi, bizmi? Ha balli, zamonga qarab biz ham oʻzgardik. Ammo yaxshilik, halollik tarafgami? Unda shukru qanoat deganlari qayda qoldi?

Keling, hadeb jaydari savolni qalashtiravermay, qadim bir hikmatni ham yodga olaylik: jahongir Iskandar bu dunyodan nega qoʻli ochiq ketibdi?

Sizu bizning ilinjimiz nimadan, zamondosh?

2003

San'at - kimniki?

Katta bir anjumanda shu haqda bahs ketdi. Aslida-ku, san'atning egasi ma’lum: u — xalqniki, «san'atshunos» Lenin bobo aytib ketgan. Proletar adiblar keyin bunga qoʻshimcha qildilar: xalqdan olib — xalqqa beramiz!

Qulluq! Lekin — bekordan-bekorgami? Mushuk tekinga oftobga chiqarkan-da? Qachondan beri? Ayniqsa, bozor iqtisodiyoti sharoitida-ya?!

Modomiki, san'at xalqniki ekan, xalqqa ma’qul boʻlishi kerak, shunday emasmi? Keyingi yillarda xalqqa ma’qul kelayotgan, xalq entikib tomosha qilayotgan yoki oʻqiyotgan asarlar, qarangki, turli «shunos-shunos»larning e’tiroziga sabab boʻlayotir: chuchmal, sayoz, hazmi yengil, koʻchabop. Deylik, zamonaviy ishq-muhabbatni, boyvachchalarning shirin-shakar hayotiyu yasama jannatni «tarannum etuvchi», aksariyati tuban tuygʻularni qitiqlashga moʻljallangan yaltiroq tomoshalarga ishqiboz yopirilib keladi, chinakam san'at asarlarining esa xaridori kam! Nega bunday? Xalqimizning didi pasayib ketdimi? Umuman, san'at deganlari xalqni ergashtirishi — oldinda yurishi kerakmi yoki mayda mayllarning dastyori boʻlishi kerakmi? Boz ustiga, oʻzi uchun asar yozadigan, oʻzi uchun kino oladiganlar toifasi chiqib qoldi. (Buni koʻrsa, «proletkulʼt»chilarning jon-poni chiqib ketardi: san'at — san'at uchun emish-a!) Mayli, zamon erkin, bilganingni qil — matohingni oʻzing oʻqi, oʻzing koʻraver! Yoʻq-da. Bunaqalarga darrov homiy ham, har turli haybarakallachi ham topilaqoladi. U yogʻi kimning shoʻri, a, labbay?

Anjumandagi munozaraning mazmun-mohiyati shu ruhda edi. Talab ham shunga yarasha qoʻyildi: hammayoqni bemaza kuy-qoʻshigʻu sayoz «e’jod» namunalari bosib ketdi, bizga badiiy yuksak asarlar kerak!

Ie, unaqa asarlar iqtisodiy jihatdan oʻzini oʻzi qoplamaydi-da, qolaversa, chinakam yuksak san'at yaratish hamyonga ham bogʻliq! Homiy toping, kallani ishlatish kerak! Kalla-ku ishlayapti, lekin xam yuksak badiiy asar yaratishga, ham uni homiybop (demakki, ommabop) etishga kallaning oʻzi kamlik qiladi-da!

Oʻsha anjumanda qatnashgan oddiy bir tomoshabinning gapi esda qoldi: «Asar ham qiziqarli, tomoshabop boʻlsa, ham bama’ni, ibratli boʻlsa!»

Koshki edi!

San'at jamiyatdagi mavjud munosabatlardan ifoda topishi, shunga qarab rivojlanishi ma’lum. Bizningcha, ma’naviyat va ma’rifatni shior qilgan jamiyatda bevosita nafsu manfaat bilan baholanmaydigan sohalarga ham oʻrin qolishi lozim.

«Jevachka» chaynash osonmi, bodom chaqish? Qaysi biri foydali? Boyagi muammo ana shu narsa tugal farqlab yetilgandagina yechiladi.

Ammo san'at buni kutib turishi kerakmi, nima deysiz? Tuyaning dumi yerga yetishiga esa shubhamiz bor.

Savobning yoʻli – pinhona

Buni qarangki, aynan shunday yil kelishini kutib yurgandek, nihoyat, bizning koʻnglimizda ham mehr-muruvvat hissi uygʻondi, sovgʻa-salom qilib mehrga zor bir dargohga borar boʻldik. Oʻsha maskanning mutasaddisiga qoʻngʻiroq qilib, niyatimizni aytganimizda u rosa quvondi va «tashrif kuni»ni aniqlagach, «Televizor yo gazeta-pazetadan odam chaqiraylikmi?» deb qoldi. Tadbirni yoritish uchun...

Televizorda koʻrganimiz bir manzara yodga tushdi. Qaysidir xayriya jamgʻarmasiga baraka topkur bir xalqaro tashkilotdan uncha-muncha muruvvat yordami kelgan ekan, shuni zoʻr tantana bilan ehtiyojmand keksalarga topshirdi. Xayr-ehson qilganga ham, uni vijdonan tarqatib berganlarga ham ming tashakkur, albatta, lekin bu tarzda namoyish etmoq shartmidi, degan andishalarga bordik. Qolaversa, sadaqa (boshqa soʻzni qoʻllash qiyin) tutqazilganlardan biri koʻp yillar kattakon lavozimlarda oʻtirib elga xizmat qilgan baobroʻ otaxon edi. U kishi balki oʻsha tuhfadan minnatdor boʻlgandir, ammo biz oʻkindik. Negaki, otaxonning koʻzga koʻringan farzandlari bor, bu holdan ular ham koʻp xursand emasdir.

Bundan toʻrt-besh yil burun yurtda har turli puldor chiqib, boʻlar-boʻlmasga elga osh bermoqni odat qilgan edi; oʻzlari poʻrim liboslarda eshik oldida qoʻr toʻkib, kelgan-ketganga viqor bilan boqib turishardi: koʻrib qoʻying, biz mana shunaqa hotamtoymiz! Oʻzini bilgan birov-yarim mardum osh emas, tosh yeganga oʻxshab ketardi bu yerdan.

Yangi boylarimiz, chamasi, shu taxlit bir zamonlar elga qayishgan mashhur muruvvatpeshalarimizga oʻxshamoq boʻlgandir. Lekin, aslida, koʻpchiligining ustoz Abdulla Qahhor naql qilgan «savobchi» boydan farqi yoʻq edi. Yodingizdadir, qahatchilik yillari bir shoʻrlik beva uch-toʻrt yetimchasini ergashtirib bir burda non tilab kelganida boy ota «Yaqinda bir masjid qururman, oʻshaning savobi seniki boʻlur» deya «himmat» koʻrsatgan ekan...

Bizning bugungi boyvachchalarimiz ham tezda «eslarini yigʻib» oldilar. Hadeb doshqozonlarda osh damlayverishdan ish chiqmasligini bilib, qasru saroy qurib nom taratish musobaqasini boshlab yubordilar. Yon-atrofdagi kamxarjroq qoʻshnilarga «dom» «hadya» etiladiyu eski hovlilar oʻrniga basseyn, sauna, tennis maydoni degandek... Dabdabali hovli toʻylariga oʻsha hovlilarning avvalgi egalari ham taklif qilinsa-ku, harna, rahmat der edik...

«Mehr va muruvvat yili»ga atab hukumatimiz maxsus dastur tuzdi. Dasturki, sizu bizga oʻxshagan toʻrt muchasi sogʻ, noni butunlargacha e’tibordan chetda qolmagan. Bunisiga endi chinakamiga rahmat aytmay ilojimiz yoʻq. Navbatdagi vazifa — ana shu olijanob rejani bekam-koʻst bajarish, ya’ni muruvvat mevalarini ega-egalariga tayin yetkazish. Ortiqcha jar solmasdan, tantanali tadbirga aylantirmasdan, insoniy sha’nni tahqirlab emas, avaylab, insofu andishalar bilan. Bu borada ham hukumatimiz ibrat koʻrsatishiga aminmiz: anovi «saxovatpesha» boylarga ham, bizga ham — barchamizga. Mehr-muruvvat koʻz-koʻz etilsa, minnatga aylanadi. Minnatning esa toshi ogʻir, u gunoh, kufr hisobida.

Himmat qilavering, mayli, suv yo baliq bilmasa... Xoliq bilar!

Savobning boshqa yoʻli yoʻq.

2004

Meni saylang, meni saylang...

Hamza Hakimzodaning shunday satrlari bor. Maktabda oʻqiganmiz. Boshqalarni bilmadim-u, bu gap menga oʻshandayoq erish tuyulgan: oʻzini bilgan odam qanday qilib «meni saylang» deyishi mumkin? Manmanlik, nokamtarinlikka kirmaydimi bu ish? Meni saylang, men boshqalardan koʻra yaxshiroqman, aqlliroqman, munosibroqman; meni saylasangiz, sizni otli qilaman, tuyaga oʻtqazaman, meni saylang... Toʻgʻri, matn hajviyroq, satirik ohangda. Boz ustiga, «burungi saylovlar»dan naql etadi.

Xoʻsh, bugungi saylovlar-chi? Bugun, sizu biz sodda tasavvur qilganimizdek, xalq oʻz vakillarini oʻz-oʻzidan tanib-bilib tanlaydimi? Saylovoldi tashviqotiga hojat yoʻqmi? Bor! Boʻlganda-chi! Buning uchun manaman deb xalq huzuriga bormoq lozim boʻladi: aks xolda, siz qatori deputatlik da’vosi bilan maydonga chiqqan besh-olti nomzod orasidan uloqni ilib ketish — xomxayol. Bu jarayonda esa goho mavjud qonun-qoidalar ham, odob-axloqu adlu insof deganlari ham pisand boʻlmay qoladi. Eng muhimi — natija, bayroq — Gʻolibniki!

Shu bayroq ostida nimalar va’da qilinmaydi deysiz?! Olisdan-olis togʻ qishlogʻiga gaz olib boriladi, oʻru qirlar osha tep-tekis asfalʼt yoʻl oʻtkaziladi, muallimu vrachlarning maoshi bir necha barobar oshiriladi, koʻrimsizgina oʻrtahol maktab universitetga, goho akademiyaga ham aylantiriladi, hammaning oʻgʻil-qizi, bilim-pilimidan qat'i nazar, turli oʻqishlarga joylanadi, adolatsizlik deganidan-ku dunyoda asar ham qolmaydi... Xullas, mashhur intermediyada kulgi qilinganidek, kelinning onasiga — konfet fabrikasi, togʻasiga — araq zavodi, oʻlgan buvisiga — yangi kafan... Shunday moʻ'jizakor, hotamtoy vallomatni saylamay boʻladimi, ayting?!

Ammo bugun xalqimiz anoyi emas, har turli va’dayu vasvasalarga uchmaydi. Mamlakat parlamenti hayotida kutilayotgan tub oʻzgarishlardan hamma xabardor, qolaversa, bugun deputat deganlarining mavqe-maqomiyu burch-vazifalari ham oʻzgacha. Endi qonun chiqarishni kimga ishonmoqni siyosiy partiyalaru tashabbuskor guruhlar, demakki, xalqning oʻzi hal qiladi.

Chamasi, mahalliy hokimiyat tizimlari, oʻrgangan koʻngil-da, bu jarayondan chetda turolmas. Oʻzining nomzodini ilgari surish huquqidan rasman mahrum boʻlgan (darvoqe, bunga na hojat: kattakon mansab kursisidan voz kechib, serdiqqat qonunnavislikka oʻtadigan sherimard topilarmikan?) ba’zi bir hokimlar endi jiyan-piyani yoki beli baquvvatroq oshna-ogʻaynilari tarafida turib harakat qilsa ajab emas. Yana deng, senat atalmish bir joziba ham turibdi bu yoqda...

Lekin, baribir, asosiy imkoniyat xalqning qoʻlida. Zoʻr mas’uliyat ham uning zimmasida. Bu gal endi oynadan oʻpkalamoqqa yoki pushaymon barmogʻini tishlab qolmoqqa haqqimiz yoʻq. Buning uchun barcha qonuniy asoslar ham, yangicha sharoitda faoliyat koʻrsatishga shay turgan asil, fidokor nomzodlarimiz ham yetarli. Tillani jezdan farqlamoq esa sizu bizdan, odil vatandosh!

Shunda, ehtimol, tilla tillaligini qilar, axir!

2004

«Jonajon» ukaxonlar

Viloyatlarimizdan biriga anjuman qilgani bordik. Kazo-kazolar safida. U yerda rezaroq bir mansabda oʻtirgan sobiq kursdoshimni ham, bahonada, koʻrish niyatim bor edi — Toshkentda uchrashganimizda «Biz tomonlarga bir oʻtgin-a» deb koʻp qistardi. Uni koʻrdim, lekin u meni koʻrdimi-yoʻqmi, bilolmay qoldim. Gap shundaki, salomlashuv chogʻi men unga intilib-entikib qoʻl uzatdim, u ham qoʻl choʻzdi-yu... koʻzi boshqa yoqda edi. Koʻzi biz bilan borgan kattakonlarda va har kuni boʻlmasa ham kunora uchrashib turadigan «oʻzining» hokimida edi.

Mansabdorlarni hamma yaxshi koʻradi, hamma ularga ixlos-ehtirom bilan boqadi deb boʻlmas. Ayniqsa, oʻzidan bir-ikki pogʻona yuqoriroq turadigan «xoʻjayin»ga koʻpchilik pinhona gʻashlik bilan qaraydi, uni ochiqdan-ochiq yomon koʻradiganlar ham topiladi, albatta. Biroq ana shunday «beodob», «betamiz» kimsalar ham kattaroq amaldorga duch kelganda, hechqursa, soxta tavoze bilan iljayishga majbur: hayot-mamoti uning qoʻlida boʻlmasa hamki, mayda-chuyda biror manfaati shu shaxsga bogʻliq, qolaversa, kattaga e’tibor, odamgarchilik degan taomillarimiz haqqi-hurmati degandek.

Lekin shunday bir toifa borki, ismi amaldorni koʻrganda azbaroyi ixlosdan naqd titrab-qaltirab qoladi. Shunda chin otasini roʻpara qiling-chi, oʻgirilib qararmikan! Negaki, u amaldorni yaxshi koʻradi, amaldor desa jonini ham bermoqqa tayyor; kattami, kichikmi, hurmatga arzirlimi, arzimasmi, unga farqi yoʻq, biror mansab sohibi boʻlsa, bas — yalaydi, yulqaydi, yalayverib «junini teskari» qilib yubormaguncha koʻngli joyiga tushmaydi.

Amaldorlar — oramizdan chiqqan saralarimiz, tanlangan-saylanganlarimiz. Ammo ular ham oʻzimizga oʻxshagan odam, shox-poxi yoʻq. (Garchi ayrimlariga tikilibroq qarasangiz, shoxdorga ham oʻxshaydi... «Buning nima fazilati bor ekan oʻzi?» deya turli shubha-gumonlarga borasiz.) «Eshak bozoriga dallol» boʻlish ham oson emasligi ma’lum. Demak, biror karomati boʻlsa kerakki, shunday kursini egallabdi. Lekin u kursi har qancha baland, har qancha mustahkam boʻlmasin, baribir omonat — bir kuni kelib boʻshamogʻi, kursidor akaxonimiz yana «oʻzimiz qatori» boʻlib qolmogʻi muqarrar. Unda nega bu qadar kibru havo? Kechagina safimizda yurganida tuppa-tuzuk edi-ku? Yoki «davring keldi — sur, begim»ni darrov shior qilib ulgurdimi? Mansabning nima balosi borki, shunday odamni buzdi, aynitdi?

Yoʻq, mansabdorni koʻpincha oʻzimiz buzamiz, oʻzimiz aynitamiz, koʻtar-koʻtar bilan osmonga chiqarib qoʻyamiz-u, keyin yerga tushirolmay xunob boʻlib yuramiz. Bunda ayniqsa anovi rahbarparast toifaning xizmati zoʻr. U bor ishini yigʻishtirib qoʻyib, yangi amaldorning pinjiga kiradi, har yoʻlini topib, u bilan doʻstlashmoqqa intiladi, otasi qatori boʻlsa ham ukaxonlik, xizmatkorligu dastyorlikni pesh qiladi — xullas, uning «odami»ga aylanmaguncha yotib kechasi uyqusi kelmaydi. Amaldor esa bora-bora oʻzining «shoxi» borligiga chippa-chin ishonadi. Ana endi bunga shubha bildirib koʻring-chi, naqd hasadgoʻy, dushman atalasiz-qolasiz!

Bu gaplarni kim bilmaydi dersiz? Balli. Keling, siz bilmagan bir holni xijolatlar bilan e’tirof etay: sobiq kursdoshimning oʻsha qiligʻini koʻrib, meni ham shayton yoʻldan urdi — bir kun boʻlsa ham amaldor boʻlish istagi tugʻildi kaminada. Bunisiga nima deysiz? Xom sut emmagan bandasi... bormikan?

Qaydasiz, jonajon ukaxonlar?

Ammoki qoʻrqaman, keyin — amaldan ayrilganimning ertasi kuni sizlarni qaerdan topar ekanman...

2005

Koʻz-koʻz qilmang — koʻz tegar

Ustoz Ozod Sharafiddinov gazetadagi bir maqolasida «Hadeb reklama koʻrsataversa, televizorni urib sindirgim keladi» degan edi.

Men televizorimni sindirolmayman — kuzim qiymaydi, yaxshisi, unga qaramay qoʻyaqolaman. Chunki bema’ni reklamalarga qarshi kurashib koʻrganman. Qoʻlimdan hech narsa kelmagan.

Bir muhokamada tamaki reklamasi xususida anchayin mulohaza bildirganimda «zamonaviy» akaxonlarimizdan biri dabdurustdan «Nima, siz bozor iqtisodiyotiga qarshimisiz?» deb dagʻdagʻa qilgani yodimda.

Albatta, bu jahonshumul, mutaraqqiy tizimga qarshilik qilish befoyda. Kishini, nihoyati, reklama bahonasida sodir etilayotgan ayrim aldamchiliklar tashvishga soladi.

Bozorga mol chiqargan odam hech qachon uni yomon demaydi. Artib-surtadi. Koʻz-koʻzlaydi. Ta’rif-tavsif etadi. Oxir-oqibat qoʻlingizga tutqazib, pulingizni olgachgina tinchiydi. Haloli boʻlsin!

Bugungi reklamachilar esa pulingizni shilgandan keyin ham tinch qoʻymaydi. Radio, televizor, gazeta-jurnal, simyogʻochu turli-tuman peshtoq va devorlar — qayoqqa qaramang, goh molini, goh «koʻrsatadigan» xizmatini, goh oʻzini koʻz-koʻz qilib turadi. Qochadigan joy topib koʻring-chi!

Matohing shu qadar zoʻr, oliysifat ekan, uni tiqishtirishga namuncha jon koyitasan, birodar, degingiz keladi. Bozor-da, bozor!

Gap shundaki, koʻpincha qingʻir yoʻllar bilan kelgan yoki bozori kasodroq matoh ana shunday zoʻr berib reklama qilinadi. Dod degudek boʻlsangiz, sotib olmagin edi, koʻrmagin, bormagin edi deydiganlar ham topiladi.

Eng bezor qilgani — dori-darmon reklamasi. Qorin toʻygʻizadigan noz-ne’matlar turib allanima-balo «moʻ'jizaviy» hapdorilar ta’rif-tavsif etiladi. Ichsa — Oʻlgan odam tirilib ketarmish, yesa — munkillagan chol yosh yigitga aylanib qolarmish! Afsuski, shunday choʻpchaklarga laqqa tushadigan anoyi «oʻlik»lar ham, yoshligini tush koʻrib yurgan xomxayol chollar ham kam emas. Shoʻrlik, reklama qurbonlari!

Yoki, deylik, besh yuz soʻmlik lotoreyaga bir emas, uchta (!) yengil moshina yutgan yigitcha ekranda bor-yoʻgʻi velosipedli boʻlgandek iljayibgina tursa... kim ishonardi bunga? Yolgʻonni ham eplash kerak-da!

Reklamaga tushmagan nima qoldi? Insof, uyat, andisha emas, gʻirromlik, qalloblik shiorga aylanib ketmadimi?

Nimaiki hadeb koʻz-koʻz qilinaversa, bilingki, yo bir illati, yo nozikroq bir sababi bor!

Yoʻq, biz bozor munosabatlariga ham, uning zarur vositalaridan hisoblangan reklama siyosatiga ham qarshi emasmiz. Aslo. Bu jarayonni tartibga soladigan, oʻrni kelganda nazorat qiladigan maxsus tashkilotlar tuzilganidan ham xabardormiz. Ammo shular bahonasida surbetlik, gʻirromligu qalloblik namoyishi avj olib ketishidan xavotirimiz borligini ta’kidlamoqchimiz, xolos.

Xayriyat, ustozning televizori hozircha butun. Demak, insof-andisha deganlari hali tugab bitmagan. Umid — shundan.

2005

Toʻymas

Bir odam chet eldan koʻp pul bilan keldi. Avval bir nechta xonadon — kvartira sotib oldi, keyin shaharning egasizroq manzilidan zoʻr joy qilib, imorat qurdi. Bitta emas, albatta — qoʻsha-qoʻsha. Ta’riflash shart boʻlmasa kerak. Darvoqe, shu orada bir talay qoʻshmayu xususiy korxona ham barpo etdi. Maxsulot chiqardi, foyda oldi, duo ham olgandir. Qabul boʻlsin.

Lekin oʻzi tinim bilmadi. Odamga oʻxshab bemalol, bahuzur yashamadi hisob. Va ana shu banda bir kechada oyoq uzatdi-qoʻydi. Ajal.

Bu umrdan savollar qoldi: oʻlibgina ketar ekansan, shuncha dahmaza nimaga kerak edi? Odamzod bir burda non bilan ham toʻyadi-ku! Yashayman deganga odmiroq bir boshpana ham kifoya-ku! «Oʻzingizning yegan-ichganingizu koʻngildan chiqarib birovga berganingizgina — sizniki, qolgani bekor!» Ajdodlarning hayot xulosasi shunday. Unda buncha doʻkon-dastgoh ne darkor edi?

Koʻz toʻymaydi, koʻz! Bitta hovlim ikkita boʻlsin deydi, ikkita moshinasi toʻrtta boʻlishini xohlaydi. Orzu-havas esa chek-chegarasiz — Sahroyi Kabir! Jon-chi? Bir martagina ato etiladigan umr-chi? Yoʻq, boshqalar oʻlsa oʻlar, men hali-veri oʻlmasam kerak, deb oʻylaydi. Muqarrar ajal bilan shartnoma tuzmoq boʻladi. Behuda xayol! Mayli, oʻlsam, orqamdagi bola-chaqamga qolar-ku, deb yuholigiga taskin ham izlaydi oʻzicha. Toʻgʻri, yiqqani qoladi. Solih merosxoʻrlar birini ikki qilib, asrab-avaylab, nomini eslab-xotirlab tursa-ku, harna, aks holda — ne-ne azobu mashaqqatlar evaziga toʻplangan mol-davlat isqot, sabil, sadqai sar!

Zamon odamlari nafs balosiga giriftor boʻlgani ayon. Xoʻsh, zamon aybdormi yo zamon bergan erkinlikni birgina nafs erkinligi deb bilgan odamzodmi? Umr deganlari, hayotning mazmuni deganlari shuginami? Bu yorugʻ olamga mol-dunyo yigʻish ilinjidagina kelgan ekansan-da, ey banda? Boʻlmasa, bebaho umrni bebaqo dunyoga shu tariqa sarflashda yana qanday mantiq bor?

Koʻz faqat koʻrmoq, toʻymoq uchungina emas, bilmoq, anglamoq, demakki, oqibatni, oxiratni oʻylamoq uchun ham berilmaganmi odamzodga?!

Lekin, ajabki, Iqbol Mirzo taajjub va taassuf ila aytganidek:

Qarasam, beshikdan tobutga qadar

Birov umr soʻrar, yana birov — zar.

Berganga bittasi koʻpdir, birodar,

Olganga mingtasi kam koʻrinadi.

Umr ato etding, dunyo ne’matlarini ayamading, shukr. Endi bandangga insof ham bergil, yo Olloh!

2005

Zarchopon

Umringizda zarchopon kiyganmisiz? Kiymagan boʻlsangiz yosh ekansiz. Koʻnglingiz toʻq boʻlsin, Xudo umr bersa, hali ellikka, oltmishlarga kirasiz. Ana oʻshanda yelkangizga albatta zarchopon iladilar. Yoʻq, xato ketmadik — aynan iladilar. Negaki uni oʻsha zahoti yechib, taxlab qoʻyasiz. Sandiqning tubiga. Sandiqning mulki endi u. Agar koʻpayib, unga sigʻmay ketsa, tashvishlanmang, buning yoʻli oson: yaqin birodaringiz erta-indin ellikkami, oltmishgami kiraman deb turibdi!

Zarchopon kiyib koʻcha-koʻyda yurgan odamni uchratganmisiz? Biron bir havasmand ajnabiy yoki ulusning anjumaniga otlangan xonandami, navozandami boʻlsa kerak-da. Ularga mayli, ularga yarashar. Sizu biz esa istiholaga boramiz: koʻrgan nima deydi? Har biriga alohida-alohida «Men ellikka yo oltmishga kirdim, birodar, meni muborakbod eting!» deb izoh berol maysiz-ku!

Darhaqiqat, zarrin toʻn kiygan odam oʻzini kamida Amir Olimxondek xis qilsa kerak. Boz ustiga andak sarxushroq boʻlsa, odmi kursini bir tepib, «Taxtim qani?» deya rasmona taxt qidirib qolmogʻi ham hech gap emas.

Bu matoh oʻzi koʻp qimmat keladi. Zardek ipakdan bino boʻlgan-da. Mehnati ham serdiqqat. Kunda kiygani koʻzingiz qiymaydi. Kiyganda ham yolchimaysiz: noqulay, issiq-iligʻi yoʻq. Yelkaga tashlab suratga tushsangiz endi — boshqa gap. Nevara-chevaraga esdalik. Boshqa biron fazilati yoʻqdek.

Bor, bor! Boya aytildi-ku — toʻy-hashamda zoʻr sovgʻa! Ammo tuhfani olgan odam uni kiymaydi-da (bunisi ham ta’kidlandi)! Unda ham (sandigʻida) toʻrt-beshtasi yotibdi. Sovgʻaga atab qoʻyilgan.

Shu hisobda deng, birgina toʻn bir necha odamning yelkasini koʻradi...

Lekin gap faqat zarchopon ustida ekan-da, deb oʻylamang. Zarchopon — ehtirom belgisi, qutlugʻ udumimiz, albatta. Qolaversa, u hali holva. Milliy turmushimizda, afsuski, riyoga oʻxshab ketadigan bunaqa xoʻjakoʻrsin sipogarchiliklar bir dunyo! Kelinchakning hayitida nomchiqararga yuboriladigan behisob, koʻpincha uvol ketadigan, besamar togʻoralar ham shu siradan.

Ajabo, yigirma birinchi asrga ham shu kabi yaltir-yultir «togʻora»lar bilan oʻtdig-a! Bu hol taraqqiyotmi yoki tushovmi?

Ellikka kirdingizmi, oltmishga? Yelkani shaylayvering...

2005

Yalash boshqa, siylash boshqa...

Shoʻro zamonida bir yozuvchi boʻlardi. Yaxshi yozuvchi edi, koʻp bama’ni asarlar yozgan. Lekin kampisandroq, nazardan chetda yurardi. Boz ustiga, xotin-bolasi tashlab ketgan, soʻqqabosh. Sababi — piyonista edi.

Shu odamni bir kuni hamshishasi maqtab qolibdi: siz undoq yozuvchisiz, bundoq yozuvchisiz! Umrida dadilroq biror ta’rif eshitmagan haligi shoʻrlik kaftini qulogʻiga karnay qilib yalinarmish: «Yana bir maqtang, yana, yana!»

Shirin soʻz — jon ozigʻi, kimga ham yoqmaydi deysiz! Ammo u xushomadu yaltoqilikka aylanib ketsa-chi? Unga gʻaraz, ta’ma aralashsa-chi?

«Podshoning eshagini maqtab, otini min» degan gap bor. Bu bir eski naql, albatta. Bugun endi podshoyu podsholik degan narsalar yoʻq. Qolaversa, podsho janoblari kelib-kelib eshak minmagandir. Eshak jonivor yarashgan boʻlsa, Xoʻja Nasriddinga yarashgan.

Podsho, eshak, afandilar zamoni-ku oʻtgan, biroq huda-behuda maktov, koʻtar-koʻtar, silliq xushomadlar qolgan. Shular orqasida ish bitirishlar qolgan. Ta’mayu yaltoqilik qolgan. Bozor bahona, xatto urchib ham ketgan.

Xoʻsh, kim maqtaladi? Ish tushgan odam-da. Ish bitirish uchun. Kimga ishingiz tushadi? Amaldorga-da. Iya, u zot maqtov zamiridagi zaharni sezmaydimi? Sezishga sezadi-yu, tob berolmay qoladi. Erib ketadi. Odam-da. Loydan, gildan bino boʻlgan.

Shu tariqa oʻrtadagi ish bitdi deylik. Ikki tomon ham goʻyo rozi. Sen — menga, men — senga.

Aslida ular bir-birini aldadi, laqillatdi. Hojatmand tiliga bol surtib hojatbarorning tamomi joyini yalab chiqdi. Yalangan esa makruh soʻlak aralash koʻpikdan hazar qilmadi — huzurlandi.

Aslida bu «oldi-berdi»ning pora, poraxoʻrlikdan farqi kam. Ma’naviy poraxoʻrlik, xolos.

Qani, bu oʻyinda kim yutdiyu kim yutqazdi? Bizningcha, yalagan yutdi — ishini bitirib oldi-da. Yalangan esa mohiyatan aldandi, masxara boʻldi — chuv tushdi.

Jamiyat, taassufki, hamon shu kabi haqoratlarga loqayd, chidab keladi. Va hatto bu hol koʻpincha ragʻbatlantiriladi ham. Zararkunanda hasharotlarga munosabat borasida qonun chiqishi mumkindir, xushomadga qarshi bunday chora qoʻllash imkonsiz — shirinsuxanlik bilan yaltoqilikning chegarasini aniqlash oson emas-da. Shundan kuyibmi, hazrat Navoiy masalani keskinroq qoʻygan ekanlar:

Chun xushomad demakni boshlasa kosh

Kim, tutilsa dami, kesilsa tili.

Oʻsha zamonlardan beri yalaymiz, yalanamiz. Tilimiz uzilib tushmaganiyu oʻzimiz olqindiga aylanib ketmaganimizga balli!

2006

Oʻzingiz ham oʻqiganmisiz?

«Hammamiz uchun hurmatli» Brejnevdan qolgan bir anekdot koʻpchilikning yodida boʻlsa kerak. Bosh kotibligu yana hokazo mansab-martabalari kamlik qilibmi, «Tiklanish» degan xotiranoma yozib, sobiq Ittifoqning birinchi raqamli «bosh adibi»ga ham aylangan edi u zot. Gazetayu radio-televidenieda faqat shu gap, ne-ne allomai zamonlar faqat shu asarni ta’riflagan! Oʻshanda dongdor muallif siyosiy joʻralaridan biriga bunday maslahat solgan ekan: «Hamma zoʻr-zoʻr deyapti, oʻzim ham bir oʻqib koʻrsammikan shuni, nima deysan?»

Avvaldanoq aytib qoʻyaylik: davlatu siyosat arboblariga da’vo qilgulik joyimiz yoʻq. Ularning yoʻrigʻi oʻzga. Bizni butunlay boshqa hol tashvishga solyapti. Kitob bituvchi koʻpaydi! Umrida qalam ushlab koʻrmagani ham adiblik da’vosida qoʻsha-qoʻsha kitob chiqaryapti. Badiiy asar yozish-ku hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi; mayli, yozsin, oʻqitadigan odamini topsa — yozaversin, haloli boʻlsin!

Ammo birgina muallif oʻttiz-qirqlab monografiya, uch yuz-toʻrt yuz ilmiy maqola yozishiga nima deysiz? Ilmiy maqola-ya! Bunday mahobatli roʻyxatni koʻrganda kishi yoqasini ushlab qoladi: Tolstoy boʻl-e! Kitobu risola yozib beradigan uskuna-puskunasi bormikan yo? Surishtirib koʻrsangiz, hurmatli muallifimiz koʻpincha yo arbob, yo katta bir ilmiy muassasaning rahbari ham boʻlib chiqadi. Demak, u zot yo oʻzi yozmaydi, yo ishxonasiga oʻxshatibroq rahbarlik qilmaydi. Buning sirini ilmiy doiralarda koʻpchilik biladi. Siri shundayki, oʻsha darsligu qoʻllanmalarni olib qarasangiz, muqovada kamdan-kam hollardagina bir kishining imzosini uchratasiz. Kamida ikki nom, boʻlmasa — uch-toʻrt muallif! Xoʻsh, buni aslida kim yozgan? Balolarga qolishdan qoʻrqmay aytadigan boʻlsak, kitobning asosi aksariyat hollarda nomi roʻyxatning oxirrogʻida turgan kimsaga tegishli boʻladi!

(Hadeb oʻzgalardan olmay, oʻzimizdan ham bir latifa qoʻshib ketaylik. Quyon kitob yozib, maslahat soʻragani boʻrining oldiga eltibdi. «Nega bu yerda mening nomim yoʻq?» deb boʻrivoy oʻzining ismini qoʻshib qoʻyibdi. Keyin muallif kitobini yoʻlbarsga olib boribdi. Yoʻlbarsvoy ham ismlarini tirkabdilar. Sherga navbat kelganda u roʻyxatni koʻrib, «Quyon bu yerda nima qilib yuribdi?» deya uning nomini oʻchirib tashlagan ekan...)

Bunday asarning «ustida» koʻpincha butun boshli bir brigada mehnat qiladi — hashar. Ustoz uchuq, ustozning shon-shuhrati yoʻlida. Ustozning oʻzi esa qoʻliga qalam olib biror nima yozishiga ham shubha qilasiz.

Undan keyin, ana, nashriyotu tahririyatlarda yeng shimarib adabiy negrlar, mardikorlar oʻtiribdi...

Kimga kerak bunday «e’jod»? Qoʻlingizdan kelmasa, kitob yozmay oʻtsangiz ham birov urishmaydi. Dunyoda nom qoldirishning boshqa yoʻllari koʻp.

Toʻgʻrisi, bu qalloblikdan koʻrsa birgina odam naf koʻradi — mualliflar roʻyxatining boshida turgani!

Zarari esa — siz bilan bizniki, kitobxonniki!

...Kitobingizni oʻzingiz ham oʻqiganmisiz, ustoz?

2006

Hoziriylar

«...Siz aytayotgan kimsalar — hoziriylar, — deydi hamsuhbatim. — Bugunning, bir kunginaning odamlari». «Hoziriylar»? — deyman ajablanib. — Shunday soʻz bor ekanmi?» «Boʻlmasa — boʻlar. Lugʻatga kirmagan gap koʻp-ku. Shu kunning, hozirning bandalari, yoʻq, bandilarini «hoziriy» demay nima deysiz?»

Odamzod kechagi kunini eslashi, qoʻmsashi, u bilan faxrlanishi mumkin, ammo oʻtmishi uchun yashamaydi. Buning iloji yoʻq. Besamar ham.

«Paygʻambar ham bugunini koʻribdi», «Dam shu damdir, oʻzga damni dam dema», «Buguningni koʻrib tursang-chi, ertaga bir gap boʻlar» degan naqllar foniy umrning barcha fasllariga birday daxldor qat'iy aqida yoki hikmat emas, anchayin bir mavridi gap, xolos. Lekin atrofga nazar soling-a: oxiratni-ku qoʻyaturaylik, oqibatini, hatto ertasini ham paqqos unutib, yakkash ayni shu oʻtayotgan kuni, dami, daqiqasining quliga aylanib qolganlar qancha!

Ertangi savol-javobdan qoʻrqsa, andisha qilsa, odam odamni xoʻrlarmidi, odam odamga firib berib, riyo qoʻllarmidi, oʻtkinchi dunyo matohiga insonlik sha’nini almashtirarmidi ?!

Bir dumalab boyvachchaga aylangan mardum yaqin birodarini, nochorroq hamsoyasini oyoq uchida koʻrsatadi! Omadi chopib biror mansabni egallagan boshqasi oʻzini dunyoning doʻkayi chogʻlab, kechagina bir mayizni boʻlib yegan hamdamiga osmoni falakdan kelib muomala qiladi! Nega bunday? Negaki — bugunning egasi, bugunning xoʻjayini u! Ertangi kundan qoʻrqmaydi. Ertangi kun ham oʻzimniki deb oʻylaydi. (U kimniki boʻlishini qaydan bilibsan, ey osiy banda?!)

Sirasini aytganda, bunday «kunbaychi»lar hamma zamonda boʻlgan. Ammo bugun rosa urchib ketganining sababi nima? Umumfarovonlik haqidagi kechagi choʻpchaklarga ishonadigan odam qoldimi bugun? Oʻlimlikka deya tiyinlab yiqqan jamgʻarmasi bir kunda somondek sovurilgan bechoraning ahvolini tasavvur qiling! Bozor sharoitining asosiy gʻildiragi deganimiz biznes esa tole milidek beqaror: yo chikka, yo pukka. Gardkamiga-da. Boz ustiga — maktab koʻrmasdan ham bippa-binoyi kun kechirish mumkin ekan, qarang! Kelajak kafolati — besh yillik tahsil shahodatnomasiga goho olgʻirlik «talanti» tirkalmasa, muddaoga erishish qiyin. Ayrim din peshvolari ham oqibatu oxirat tashvishlari qolib, bu dunyoning boshqa oʻyinlariga berilib ketdi... Xullas, jamiyatdagi oʻtish davriga xos bunday sinovlar ba’zi «toshi yengil»roq kimsalarni gangitib, bir kunning asiriga aylantirib qoʻygani bor gap; bugunning gashtini sur, ertaga — xudo poshsho!

Ajdodlar ertasini, ya’ni bugungi kunni oʻylamaganida — sizu biz dunyoga kelarmidik, bugʻdoy boshoq tortarmidi, ogʻoch meva tugarmidi, yurt koʻrib turganimizdek koʻrkam, obodon boʻlarmidi...

Ertaga xam kun bor. Ertaga ham, xudo xohlasa, tong otajak, bobo Quyosh yuz koʻrsatajak. Unga tik qaramoq-ku mushkuldir, bir-birovimizning yuzimizga, koʻzimizga qarash azobidan qoʻrqaylik, bugunning zavqi bilan mast yurgan ey hoziriylar!

2006

«-Ov», «-ov»... «-vich», «-vich»...

Hali shoʻro zamoni edi, moskvalik bir olim doʻstim «Nega sen a’zam-ovsan?» deb qoldi. Hayron boʻldim: «Familiyam shunaqa». «Iya, sizlarda ham «-ov» qoʻshimchasi bormi? Ruschasiga ekan-da...»

Arabcha-oʻzbekcha ismga tirkalgan bu qoʻshimchaning bema’ni, beoʻxshovligini ilk bor oʻshanda anglaganman. Darhaqiqat, men nega a’zam-ovman?

Bundan yigirma yillar muqaddam bir kitobim nashrga tayyorlanayotganda muharrir Xurshid Davron unga «Erkin A’zam» deb imzo qoʻyishni taklif qilgan, lekin men illo-billo koʻnmaganman. Istixolaga borganman-da: shoir emasman, Gʻafur Gʻulom yoki Abdulla Qahhor boʻlmasam! (Bugun endi birov familiyamga «-ov» qoʻshib aytsa, ensam qotadi, hatto haqoratdek tuyuladi.)

Ha, kechagi zamonda «oʻrtoq Falonchiev» atalmoq sharaf edi, jamiyatda ma’lum bir pogʻonani egallaganingizni anglatardi. Yalang Eshmat Toshmatdan koʻra, Eshmat Toshmatov, ayniqsa, Eshmat Toshmatovichning e’tibori, shubhasiz, baland edi. Bizning Boysunda «Falonchi «yuf» boʻpti!», «U kishim endi «yuf»-da!» degandek hasad-havas aralash gaplar ham yurardi.

Shoirimiz aytganidek, «oʻzga erur imlo bu kun». Bugun endi nomingizni istagan shaklda yozdirishingiz, oʻzgartirishingiz yoki taxallus tanlashingiz mumkin. Ana, ilk she’riga qofiya qidirib yurgan bolalar ham oʻziga «Parvoz», «Viqor» deya taxallus qoʻyib olyapti. Zamon erkin, ixtiyori!

Istiqlolimizga peshvoz chiqqan dastlabki qonun davlat tili haqida edi. Unga ham oʻn yetti yil boʻldi. Lekin kamina hamon -ovman! Nega? (Albatta, gap men haqimdagina borayotgani yoʻq.) Oʻsha tarixiy hujjatda ism-familiyamizni milliy-an'anaviy shaklda yozishga izn berilgan edi-ku! Shu choqqacha necha kishi bunga amal qildi — ismi sharifini rasman oʻzgartirdi? Umuman, shunga shaxsiy va ommaviy ragʻbat bormi oʻzi?

e’tirof etaylik — sezilmayapti. Loaqal «eski» ism-familiyalarning turli rasmiy xujjat yoki gazetalardagi imlosiga nazar soling. Ayniqsa, deputatlikka nomzodlar roʻyxati yoki lavozimga tayinlovlar e’lon qilinganda koʻrsangiz! Siz Doʻstqoraev deb yurgan odam «Daskaraev» boʻlib chiqadi. Ortiq misol keltirishga hojat yoʻkdir, chunki rasmona toʻgʻri yozilganini kamdan-kam uchratasiz.

Insof bilan aytganda, 17 (oʻn yetti!) yil ozmuncha muddat emas. Bu davr mobaynida butun-butun davlatlarning ham nomi oʻzgarib ketgani ma’lum. Nega boʻlmasa bizda bu qadar sustkashlik, hafsalasizlik?! Balki oʻsha qonunimizni amalga oshirish yuzasidan maxsus yana bir qonun kerakdir? Keyin uni bajarish uchun ham bir qonun...

Axir, milliy oʻzlik degani — Oʻzimizdan, oʻzi-mizning nomimiz, har birimizning ismi sharifimizdan boshlanmaydimi? Oʻzini bilgan mardum ismini buzib yoki oʻzgacha — yot maqomga solib atashlariga qanday chidaydi? Toʻgʻri, bu ishning ma’lum rasmiyatchiliklari bor — vaqt kerak, hafsala kerak. Lekin shunga hafsala qilmagan... millat sanaladimi? Ertaga bir kun buni avlodlarimizga nima deb tushuntiramiz?

«-Ov», «-ov», «-ov»... «-vich», «-vich», «-vich»... Ohanrabongiz bunchalik zoʻr boʻlmasa!

2006

Andishasiz andishalar

Koʻp narsani yashiramiz. Hamma biladi, oʻzicha gapiradi, ammo oshkora aytilmaydi. Andisha qilinadi. Buning nomini sipogarchilik ataymiz. Biz shunday bagʻrikeng millatmiz deb faxrlanamiz ham.

Yodingizdadir, kechagi zamonda rahnamolik qilgan «ogʻa»lar bizni «baran» deb atar edi. Suyib emas, albatta — kulib, masxaralab aytardi. Biz ham haqqimizni qoldirmasdik — Oʻshalarning oʻzini balchiqxoʻr bir maxluqqa mengzab gapirardik. Ular ham, biz ham «kim» yo «nima»ligimizni bilardik. Holbuki, rasman qardosh, birodar edik. Nega boʻlmasa bunday kamsitish, haqorat? Bu haqda esa ogʻiz ochilmasdi: oʻrtada andisha, sipogarchilik bor. Bu — koʻcha-koʻyda, tramvay-avtobuslardagina «ish beradigan» mayda gap hisoblanardi.

«Baran» degani — qoʻy. Qoʻy — yuvosh, beozor, serbaraka jonivor. Yuvosh boʻlishning nimasi yomon? Lekin nega boʻri yo yoʻlbars emas-u, aynan «baran»? «Baran»ning ajdodlari aljabrni kashf etgani, tibbiyotga asos solgani, Amerikalarni bashorat qilgani, boringki, dunyoning choragida hukm surgani ahli jahonga ma’lum edi-ku!

Qadimgi yunonlar qanday xalq boʻlganini bilamiz. Kishilik madaniyati, falsafasining tamal toshlari dastavval oʻsha afsonaviy yurtlarda yaralganidan ham xabarimiz bor. Bugungi greklar-chi? Kunduzi ozroq ishlab, salqin oqshomgacha uyquni urib, keyin tun boʻyi koʻngilochar manzillarda vaqtixushlik qilib chiqadi. Ketma-ket qahva ichadi. Tamakini burqsitadi. Uzoq yashaydi. Chor taraf dengiz. Soʻlim goʻshalar. Oddiygina odamlar. «Mashhur yunon donishmandlarining avlodi shularmi?!» deya bir moʻ'jiza kutib, taajjub bilan boqasiz ularga.

Nega bunday? Insoniyat qarish sari, tanazzul sari yuz tutganmi? Yoki buning boshqa sabablari bormi?

Mustaqillikka chiqqanimizga oʻn besh yil boʻldi. Erkin, ozod millat endi hadeb ulugʻ ajdodlariyu erishgan yutuqlari bilangina magʻrurlanavermay, oʻziga, turmushiga, fe’l-atvoriga tanqidiy qaramoqqa ham jur'at, jasorat topmogʻi lozim. Shunda koʻp narsa oydinlashib, ertangi kunning tiniq manzarasi ayon boʻladi.

Shunda yana bir laqab orttirib yurmaymiz.

Yorugʻ kelajakni orzu qilgan xalq har qanday manmanlikdan voz kechib, aslida kimligini, kimlarning avlodidan ekanini uning har bir nasli qaytadan isbotlab turmogʻi darkor! «Ulgʻaygan, shakllangan millatgina oʻziga tik, mardona qaray biladi». Kimning gapi bu? Fikr mohiyatan toʻgʻri boʻlsa, kim aytganining nima ahamiyati bor? Kim gapirayotganiga emas, nima deyayotganiga qara, deb oʻgit beradi ulugʻ Navoiy.

Ustoz Erkin Vohidov «Agar «Oʻzbegim»ni bugun yozsam, boshqacha yozgan boʻlardim» degan edilar bir suhbatda. Bizningcha, bugun ul mashhur asar «qasida» deb atalmas edi...

«Nega xalqqa tosh otyapsan?» deydigan «xalqparvar»larga esa javobimiz bunday: biz ham shu yurtning farzandi, shu xalq — bizniki, biz — shu xalqniki. Lekin endi «baran» atalgimiz yoʻq. Shuni ta’kidlamoqchi edik, xolos.

Siz-chi, muhtaram vatandosh?..

2006

Koʻlankasi maydondir

Majlisu mashvaratlarda kimning soʻzi inobatliroq hisoblanadi, bilasizmi? Albatta, bosh rahbarning-da, dersiz. Toʻgʻri, shunday boʻlmogʻi ham kerak. Lekin yana bir odam bor...

Xizmat taqozosi bilan bir ijodiy hay'atga a’zo boʻlib qolganmiz. Biz «chet» a’zo, ya’ni bevosita oʻsha sohaning xos odami sanalmaymiz. Muhokamalarda el qatori tegishli ovozga egamiz-u, biroq faqat «ommaviy sahnalar»da. Soʻzimiz kesmaydi, hal qiluvchi quvvati yoʻq. Negaki...

U sohaning bir zoʻri bor. Oqsoqol. Haqiqatan ham xizmat qilib qoʻygan zot. Istasa — qilni qirq yoradi. Donishmand. Neki unvonu orden-medalʼ boʻlsa, barini olib ulgurgan. Xullas, anovi «eshmatjon»lardan. (Eslarsiz, u zamonda har sohadan «ishonchli»roq bir vakil tanlanardi-da, jamiki imtiyoz shu odamning boʻyniga ilinardi. Deputat ham oʻzi, delegat ham oʻzi, laureat ham oʻzi! Osh ham Eshmatjonniki, goʻshtu toʻsh ham shuniki!) Boz ustiga, bu kishi bir vaqtlar mana shu doʻkonga xoʻjayinlik ham qilganlar. Binobarin, soʻzlari — soʻz! Ogʻiz ochib e’tiroz bildiray desangiz — ustoz, piri komil, «aptartet»!

Bir gal oʻta muhim bir masala muhokama qilinayotganda ajrim navbati shu odamga kelib, u kuppa-kunduzi oqni qora (aniqrogʻi, qorani oq) deya turib oldi. Ahli hay'at mulzam, rahbargacha mum tishlab qolgan. Hay'at — bir taraf, «savlat» — bir taraf! Vaziyat tarang. Shunda janjalkash da’vogarning oʻzi oʻrtaga chikdi: «Bunday hay'atni tarqatib yuborish kerak! — dedi u tantanavorlik bilan. — Muhtaram ustozning fikridan boʻlak bu yerda aytilgan hamma gap — bir pul, safsata!»

Ishlab chiqarishga oid odatdagi biror mashmasha boʻlganda yoʻrigʻi boshqa edi. Soha nozik — ijod sohasi. Did masalasi bor oʻrtada. Uni na quloch bilan oʻlchab boʻladi, na taroziga solib!

Bunda birgina mezon hal qilishi mumkin — vijdon!

Ie, shunday muhtaram zot — vijdonsizmi? Asl haqiqat qay tarafda ekanini bilmasmidi u? Bilganda-chi! Balki shu yerda oʻtirgan hammadan, har bir a’zodan yaxshiroq bilar, anglar, his etar edi! Nega boʻlmasa bunday yoʻl tutdi? Gap shundaki, bunga oʻxshagan koʻp mashmashayu mojarolarni koʻrgan u. Koʻra-koʻra charchagan. Hafsalasi qolmagan. Bir yogʻi — keksalik. Shirin-shakar soʻzlarga muhtoj. Da’vogar uning ana shu joyini moʻljalga olgan. Ehtimol, boshqa usullar bilan ham koʻnglini topgandir...

Qani, ayting-chi, bunday vaziyatda qanday yoʻl tutish lozim? Qolaversa, bu manzaradan xulosa nima?

Bizningcha, bilib-bilmay, xulosani boyagi janjalkash da’vogar aytib qoʻydi: «Bunday hay'atni tarqatib yuborish kerak!»

Xoʻsh, keyin-chi? Keyin... orqaga emas, oldinga qaramoq darkor, vassalom!

2006

Namkashlik

Bir adibimiz shikoyat qilib qolsa deng: «Nimai-ki yozmayin, boshimga balo yogʻiladi-ya! Kimni yozibdi? Nima deb yozgan? Kimga qarshi? Nima demoq-chi?.. Yo fantastikaga oʻtib ketsammikan-a?»

Fe’limiz tormi, adabiy muhitimiz biqiqroqmi, harnechuk, san'at asariga ana shunday joʻn, ibtidoiy munosabat ham borligi rost. Yozuvchi mavzuni osmondan olmaydi, albatta: adabiyotning vazifasi — hayotni aks ettirish. Lekin koʻzgudagidek aynan emas-da. Bunda muallif badiiy obrazlar orqali nimanidir yoqlaydi, nimalarnidir rad etadi, uni goh mehr, goh qahr bilan tasvirlashi mumkin. Ammo zinhor-bazinhor shaxsan birovni qoralash yoki undan oʻch olishni maqsad;qilmaydi. Aslida, bu narsa chinakam san'atning tabiatiga ham yotdir.

Shoʻro adabiyotida «umumlashtirish», «tipiklashtirish» degan tushunchalar boʻlardi. Masalan, asarda maktab oʻquvchisining muallimiga keskinroq mulohaza bildirgani ham kechirilmas shartakilik hisoblanar, «Sovet oʻquvchisi sovet pedagogiga shunday muomala qilishi mumkinmi?!» deya darhol masala qoʻzgʻatilar edi. Balki, hayotda shunaqasi ham boʻlgandir? Balki, oʻsha oʻqituvchi shunga loyiqdir? Yoʻq, baribir — mumkin emas! Oqibatda adabiyot 6u holni tanib boʻlmas darajada silliqlashtirishga, goho zarbulmasal usuliga oʻtishga majbur edi.

Bilasiz, poydevor mustahkam boʻlmasa, zarur choralari koʻrilmasa, devor avval zax uradi, shoʻrlaydi, bora-bora suvogʻi koʻchib, oʻpiriladi, bir kuni qarabsizki, nurab tushibdi.

Ayrim odamlar ana shunday namkash devorga oʻxshaydi. Saratonning shamolidan ham nam tortadi. Chunki tagzamin moʻrt, sust. Kim haqdadir nimadir deyildimi, bas, uni darhol oʻziga oladi, darhol voyvoylab, qarshi chora qoʻllamoqni boshlaydi. Deylik, asar qahramoniga «gʻilayroq edi» deb tavsif berilsa boʻldi — bir akaxonimizga tegib ketishi muqarrar, «qulogʻi ogʻirroq edi» deganda esa — bizga, Erkin A’zamga. Tavba, koʻru kar kammi deng bu dunyoda!

Ibn Arabiy shogirdi bilan ketayotsa yoʻlda bir kishi uchrab, unga rosa haqorat yogʻdiribdi: siz undoqsiz, siz bundoqsiz. Ustoz sukutini buzmaganini koʻrib shogird taajjublangan ekan, «Qoʻyaver, — debdi Ibn Arabiy. — Axir, men u aytgandaqa emasman-ku».

Chumchuqdan qoʻrqib tariq ekmagandek, biri Gulxaniyga shogird tushib zarbulmasal bitsa, biri fantastikaga oʻtib osmoni falak tasviriga kirishsa, real hayotni kim yozadi? Nuqul shunday asarlarni oʻqiyverganidan Yer odami oʻzga sayyoralikka aylanib ketmaydimi?

Vahimaga oʻrin yoʻq. Bu masalani Yerda turib ham hal etsa boʻlar. Realist adiblarni «osmonga quvish» shart emas. Ular ham yon-verimizda ishini qilib yura-versin. Avvalambor, oʻzimizning fe’l-atvorimizga, qiliq-qilmishlarimizga bunday bir razm solib qaraylik. Xoʻsh, gʻirrom yo munofiq emasmizmi? Doʻstu yorga xiyonatimiz yoʻqmi? Firibgarligu qalloblikdan hazar qilamizmi? Pora, xushomadgoʻyligu laganbar-dorlikka tobimiz qalay? Uni-buni qoʻyib turaylik, Xudodan qoʻrqamizmi oʻzi?..

Ana shunda oynadan oʻpkalamoqqa hojat qolmaydi.

2006