OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifErkin A’zam
Asar nomiNavoiyni oʻqigan bolalar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Erkin A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm25KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/23
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Navoiyni oʻqigan bolalar (hikoya)
Erkin A’zam

1

«
Hazrat Navoiy hamda bir navoiyshunosga bagʻishlanadi.
»

Malikaning «ketaman» deganiga parvo qilmabmiz — na men, na Janob. Parvo qilgulik holatda emas edik: oʻyin-kulgi, sarmastlik. Yangi yil kirgan, yangi yil boshlangan. Yosh umrning yana bir yili, uzundan-uzoq. Shuning dastlabki kechasi, bir kechaginasi. Yaldo kecha, yallo kecha. Vaqt degani, soat millari goʻyo bir nuqtada toʻxtab qolgan — yoshlikka, yoshlik zavqlariga mahliyo. Qoʻshiq aytib charchamaymiz, tinglab charchamaymiz, tomoqlar boʻgʻilmaydi, bosh ogʻrimaydi, irgʻishlayverib tolmas oyoqlar battar xuruju xumor qiladi. Mayli, vaqt oʻtsa oʻtaversin, oldinda moʻl. Faqatgina tong otmasa — bas.
— Oyim dori ichib oʻtirgan boʻlsalar kerak, men ketdim!

Koʻchaga chiqqanimizda dunyoni qor bosgan edi. Toʻzon, tuman. Bir qadam narini koʻz ilgʻamaydi. Shu qiyomatda Yalangʻochga yetib borish kerak. Iloj yoʻq, oyisi dori ichib oʻtiribdi. Yana birpasgina kutsa-ku olam guliston edi — hademay tong otadi. Ana oʻshanda dori ichadimi, sirkami — koʻngli tortgani. Injiq, besabr xotin ekan. Onasini koʻrginu qizini ol. Yoʻq, Malika... yaxshi baribir!

Janob Malikaning toʻrvasini (Yangi yil bazmiga somsa pishirib kelgan edi) koʻtarib olgan. Xushomad. Sadoqatli it. Xira pashsha. Ham gʻashim keladi, ham kulgim qistaydi: zarurga-ku zarur, qudagʻay xola, sizga nima zarur?

Shunaqa bir alomat toifa bor. Doimo ergashib, suykalishib yuradi. Soya, sharpa. Oʻzi mustaqil holda biron ishning uddasidan chiqolmaydi. Sevib-sevolmaydi, ketib-ketolmaydi. Mudom birovlarning ma’shuqasiga koʻz tikkani tikkan. Kulgili va ayanchli joyi shundaki, gohida oʻsha oshiq-ma’shuqlar oʻrtasida vositachilik ham qiladi: gap tashish, xat-pat degandek. Oqibat — pinhona umidlar bilan yura-yura, dogʻda qolib ketadi. Bechora Janob! Qoʻlida kattakon toʻrva, mashina tutaman deb yelib-yugurishini qarang. Joni jabborniki. Mayli, yuzta joni boʻlsa, bari-bari oʻshaning, ya’ni— Malikaning yoʻlida nisor! Shu qiliqlarini yuziga solsangiz, «Sen uchun-da, joʻra! Birga oʻqiymiz-ku, joʻra!» deydi yerga qarab. Mehribon joʻra, shum raqib!

Qor qoʻynida, harir-koʻkish toʻzon ichra xira miltillagan uchta chiroq bazoʻr sudralib kelayotir. Nihoyat! Ikkitasi yer bagʻirlagan, uchinchisi teparoqda. Ikki qoʻlida ikkita dur, peshonasida oltin jigʻa...

Janob yoʻlning oʻrtasiga chiqib fidoyilarcha turib oladi.

Koʻk belbogʻli sariq mashina, milisaning mashinasi. Ichida ikki odam, hokimiyat vakillari — yonlamasiyu koʻndalangiga kamar taqqan, yelkalarida zarrin tasma, peshonada toʻgʻa, mis toʻgʻa... Xudo urdi!

Janob tap tortmaydi. Anovinaqa ashyo-anjomlardan unda yoʻq, albatta, lekin gʻururi oʻziga yarasha, til-jagʻdan ham xudo qismagan. Bir yoqda Malikaning oldida mulzamlik, boz ustiga oʻlgudek sovqotib ketyapti.
— Yangi yil muborak, taqsirlar!
— Qulluq, qulluq.
— Bizlarni lutfan Yalangʻochga olib borib tashlanglar, iltimos.
— Qizilidan bitta boʻladimi? . — Insof qiling-da, taqsir!
— Eshikni yop! Taqsiir!..

Xayriyat, savdomizni Malika eshitmaydi. U bozor joyidan nariroqda — bekatda qunishibgina, mushfiq bir qiyofada turibdi. Oʻn soʻm emish-a! oʻn soʻmga oʻn marta borib kelsa boʻlar Yalangʻochga. Shu tobda ikkalamizning choʻntagimizni qoqishtirib qaraganda ham oʻn soʻmga yetishi gumon. Oʻzimizni qoʻshib hisoblaganda ham. Ayniqsa, hozir, shu yupun, mirquruq holimizda. Lekin — koʻngil qurgʻur osmoni falakda, osmon barobar gʻururu da’voga toʻla. Qizdan pul soʻramoq — gunohi azim, oʻlimning oʻzginasi. Birimiz shoiru birimiz Janob boʻlsak! Yana deng — ikkalamiz ham oshiq. Birimiz oshkora, birimiz pinhona. Choʻntaklar bu ahvol. Ma’shuqa bekatda sovuqdan diydirab turibdi. Oyisi uyda dori bilan suvning nisbatini chamalayapti. Oʻjar, oʻzboshimcha qiz esa, xushtorlari boʻlmish ikki landavurning noshudligiga chidab, qorboʻron kechasi allaqayoqlarda tentirab yuribdi.

Koʻp oʻtmay boshqa bir mashina koʻrinadi.
— Besh soʻmingni chakkangga yopishtir, uka! Yalangʻoch dunyoning ketida-yu!

Koʻchada qorovullik kilayotganimizga bir soatlar boʻlay deyapti. Yana andak chidab bersak tong otadi. Malikamizning koʻziga koʻrinmaslik uchun ikkalamiz yoʻlning ikki yoqasiga goʻyoki arqon tutganmiz.

Yana bir mashina. Oldingi oʻrindiqlarda poʻstinga oʻrangan ikki yigit. Janob jonholatda oynaga yopishib, yolvoradi:
— Jon ogʻaynilar, iltimos!..

Insof degani bor ekan-ku!

Apil-tapil kirib mashinaga oʻrnashamiz. Ikki poʻstin oʻzaro gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir qiladi. Gaplari qulogʻimizga kirmaydi — izgʻirin etni uvada, ustixonlarni ilma-teshik qilgan. Malikaning qoʻlini kaftlarim orasiga olganman: muz, barmoklari zirillaydi.
— Qaysi tomonga, akaxonlar? — deb soʻraydi poʻstinlardan birovi.
— Aytdik-ku, Yalangʻoch tarafga!
— Bular-chi?
— Oʻsha yoqqa.
— Sizlar-chi?..

Mashina negadir yoʻl yoqasida toʻxtaydi. Gap soʻragan poʻstinli Janobdan «bir minutga» chiqishni iltimos qiladi. Ular sal nari ketib, nima haqdadir soʻzlasha boshlaydi. Bir mahal eshik shartta ochilib, Janob qoʻlimdan tortadi:
— Tushinglar! Tez! Bu mashinada ketmaymiz!

Malika ikkovimiz hang-mang boʻlib mashinadan tushamiz. Mashina shu zahoti kiyim-boshimizga qor aralash shaltoq sochib shiddat bilan joʻnab qoʻyadi.
— Nima boʻldi oʻzi? — deyman gangib.

Janob meni chetroqqa boshlaydi.
— Bizlarni, sen bilan meni uy-uyimizga olib borib qoʻymoqchi...
— Nega... Malika-chi?
— Uni... uni.. — Janob yuzini chetga buradi. — «Biz opketaylik», deydi maraz!

Battar, tovonimga qadar muzlab ketaman. Alam, tahqir va sovuqdan dod deb yuborgim keladi. Qani, ovoz chiqsa! Chiqqanida kim eshitardi? Eshitganda nima!

Endi mashina kutish befoyda. Malikani oʻrtaga olib chor-nochor yayov yoʻlga tushamiz. Yoʻl toygʻoq, manzil uzoq. Bir-birimizga suyanishib ketib boryapmiz. Soʻz yoʻq, sado yoʻq. Sovuqdanmi, charchoqdanmi, shu qadar karaxt boʻlib qolibmizki, allaqanday mashina yonginamizga kelib toʻxtaganini ham payqamabmiz. Qordek oppoq «Volga».
— Yoʻl boʻlsin, yoshlar?

Umidsiz, hafsalasizlik bilan, ammo uchalamiz ba-avar javob beramiz:
— Yalangʻochga.
— Oʻtiringlar.

Tushimizmi bu, oʻngimiz? Ishonar-ishonmas mashinaga kiramiz. Ichkarida, haydovchining biqinida bir juvon ham bor ekan. Egnida qorqizlar kiyadigan yoqa-engi paxmoq poʻstincha, boshini ixchamgina qilib oq sholroʻmol bilan tangʻib olgan.
— Yaxshimisizlar? Yangi yilinglar bilan! — deb qoʻyadi u eshitilar-eshitilmas ovozda.

Xijolatdan shosha-pisha biz ham ularni bayram bilan qutlagan boʻlamiz.

Mashina sekin qor kechib jiladi. Issiqdan a’zoyi badanlarimizga jon oralay boshlaydi. Orqadagi koʻrinmas karnaylardan oʻychan bir navo taralmokda. Tanbur. Xushboʻy atir hidi... Janob ikkalamizning ham xayolimizda bir oʻy: bu rohat-farogʻat hali qanchaga tusharkan? Kamida yuz soʻm soʻraydi-yov. Mayli, Malikani uyiga eltib qoʻyaylik, qolgani bir gap boʻlar. Bor-budimizni qoqishtirib beramiz. Besh soʻm ham chiqmasa kerak. Soʻka-soʻka tushirib yuborar. Bu yogʻi tong yaqin, oʻlib qolmasmiz. Oʻlib qolsak ham Malika koʻrmas. Unamasa, izza qilamiz, yonidagi juvondan uyalar. Ayol kishining oldida bizdaqa qashshoq talabalar bilan savdolashib oʻtirmas, oʻldimi! Xushroʻy juvonga oʻxshaydi. Ma’shuqasimikan? oʻzi qari-ku, oʻttiz beshlarda bor... Boʻlmasa kimi? Qaysi ahmoq bayram kechasi xotinini bunday davron qilib mashinaga solib yuradi?!

Toʻpori Janob, hech kutilmaganda, ehtirosli tovush bilan baytxonligini boshlab qoladi:

Oshiq oʻldum, bilmadim, yor oʻzgalarga yor emish,
Olloh-olloh, ishq aro mundogʻ balolar bor emish...


Tun. Qor. Mashina shahar markazi boʻylab ohista yeladi. Ikki yonda, boshlar uzra rangin chiroqlar silsilasi. Biz tushgan kema ana shu turfa yogʻdular bagʻrida suzib borayotir. Quloqlar ostida tanbur navosi. Tantanavor bir namoyish. Oldinda bir juft oshiq-ma’shuq, orqada bir juft. Birgina odam ortiqcha. Lekin bu safar bazmini, bu fusunkorlikni shu kimsaning dardli ovozi, oʻqiyotgan otashin misralari uygʻunlashtirib, obod etib turibdi.

oʻrtanurmen, koʻngliga andin asar boʻlgʻaymu deb,
Boʻlsa ta’sir, anga holimdin xabar boʻlgʻaymu deb...


Bildik, Malikaning oldida oʻzlarini koʻrsatmoqchi! Izhori muhabbat, ochiq-oshkor! Qarasam, haddidan oshyapti, tobora xiralashib ketyapman. Yodaki bisotimni kavlashtirib, «Sango-mango» laqabli domlamiz tazyiq ostida oʻrgatgan gʻazallardan ayni shu vaziyatda kinoyaomuzroq jaranglaydigan bir bayti xayolimga keladi:

Ishq ayladi yuz oqilu farzonani rasvo,
Ne ayb, agar qildi bu devonani rasvo.


Shu tariqa zimdan kurash boshlanadi: sen zoʻrmi, men zoʻr? Malika, oʻzing bahola! Malika esa taajjubda: bir balo boʻlganmi bularga, favqulodda gʻazalxonlik, begona birovning mashinasida!..

«Begonalar»ga bizning bu qiligʻimiz negadir erish tuyulmaydi, dalda bergan kabi juvon qarab-qarab qoʻyadi. Chamasi, bu hol ularning ham koʻngliga hamohang.

Sirasi, biz — ikki talabgor hozir istihola nimaligini bilmasdik. Koʻr edik, kar edik. Bizning ilohimiz hozir — yakkash muhabbat, bayt, gʻazal, qoʻshiq. Bunga esa ayni tobda hamma narsa muhayyo edi.
— Ke, endi «jon» payroviga oʻtamiz, — deydi otashin qiyofaga kirgan Janob.

Shoh baytlar. Navoiy bobo qulogʻimizga shivirlab turibdi.

Janob boshlaydi:

Jongʻa yoʻq koʻnglumdinu koʻnglumgʻa yoʻq jondin xabar,
Menga ne oʻzdin xabar, ne koʻnglum olgʻondin xabar.


Men kursimizdagi Safar noʻnoqqacha hamma yod biladigan mashhur baytni shafe keltiraman:

Jism aylarmu figʻon, boʻlgʻoch nafas jondin judo,
Aylagil ondin judo, qilgʻuncha jonondin judo.


Janob tap-tayyor:

Jongʻa zulmungni nechakim koʻnglung istar, oncha qil,
Men cheka olgʻoncha demon, sen qila olgʻoncha qil.


Navbat meniki. Ammo hadeganda mendan sado chiqavermagach, yakkam-dukkam bisotim ado boʻlganini sezib, raqibim mushoira maydonida yolgʻiz qoladi. Battar avju tantana qiladi u:

Mehr koʻp koʻrguzdim, ammo mehribone topmadim,
Jon base qildim fido, oromijone topmadim.
Shunda men ham boʻsh kelmaslikka tirishaman:
Jonimdin oʻzga yori vafodor topmadim,


Koʻnglumdin oʻzga mahrami asror topmadim.
— E, xoʻsh-e, salomat boʻlgaylar! — deydi Janob tirsagimdan chimdib. — Mirzo Bobur-ku bu!
— Navoiyniki emasmi?

Janobning jigʻibiyroni chiqadi:
— Navoiy deganing nimasi! Tabarruk zotlarning nomlarini toq aytib boʻlmaydi. Shakkoklikka yotadi bu. Nizomiddin Mir Alisheri Navoiy, muxtasarroq aytish lozim boʻlganda — mavlono yoki hazrati Navoiy degan ma’qul.
— Ma’qul, ma’qul, — deb qoʻyaman irimiga, bemavrid bu saboqdan ensam qotib.

Biz bugun yigirma birinchi asr boʻsagʻasida turibmiz. Oʻtgan asrlar adabiyotiyu ularning namoyandalari olisda qolib ketgan. Biz endi Lorka, Ximenes, Uitmen, Neruda ruhida yashamoqqa oshiqamiz. «Navoiy zamonida qolib ketgan» yolgʻiz odam kursimizda mana shu — Janob, Janobiddin Sayfiddinov; laqabi — Janobiddin Savdoyi yoki janob Janob. U hamon Navoiy zamonida yashaydi, oʻsha qadim Hirot muhitidan nafas oladi. Shundan, gap-soʻzlari odamga erishroq, oʻzi ham picha savdoyiroq tuyuladi. (Qaydam, oʻz navbatida biz uning nazarida havoyilarga oʻxshab koʻrinsak kerak.) Qizlarimiz uni ochiqdan-ochiq «nenormalniy» deb ataydi, biz esa masxara aralash — «navoiyshunos».

Darhaqiqat, uning gapirgan gapi — Navoiy, Navoiyga doir biron yangilik topmagan kuni darsga kelmaydi. «Menga qolsa, hazrati Navoiyni oʻqiganga — nomzodlik, uqqanga doktorlik unvonini berardim, — deydi. Keyin oʻzicha kuyunib, komil ishonch bilan ta’kidlaydi: — Toki ul zotni oʻqimas ekan, uqmas ekan, bu xalq odam boʻlmaydi». Biror nimadan nolib, hasrat qilsangiz yoki besabab, bemavrid suyunsangiz — xullas, unga sharhi dil aylasangiz, mudom bir xil, qisqagina maslahat olasiz: «Hazrati Navoiyni mutolaa qiling, hamma javobni oʻsha kishidan topasiz». U turib-turib, masalan, olamshumul bir jiddiyat bilan gapirib qoladi: «Kecha tun boʻyi kamina oʻzimcha fikr etdim va shunday xulosaga keldimki, Navoiy hazratlari odam bolasi emas ekanlar...» «Ie-ie, bu nima deganing?» «Avliyo ekanlar, paygʻambar! Negakim, oddiy odam bolasining quvvai iqtidori bunchalikka qodir boʻlmas. Yoʻq, ishonmayman, hargiz!»

Biz, oddiy odam bolalari, hali aytilganidek, darsda Navoiyni oʻtib boʻlganmiz, Janob esa hamon oʻsha muhit, oʻsha mavzular bilan mashgʻul: kurs ishi, eski-tuski qoʻlyozmalar, ilmiy jamiyat, navoiyshunoslar yigʻini... Qandaydir toʻplamda bir-ikkita kichik-kichik maqolalari chiqib, «Sango-mango» domlamizning yaqin maslahatgoʻyiga aylandi, kursda ham birmuncha obroʻ qozongandek boʻddi.

Bizni bogʻlab turgan narsa — u bilan ikkalamiz bir yurtdanmiz, birga oʻqiymiz, keyin... yoʻq, bu bizni bogʻlab turmasdi, bizni oʻzaro raqibga aylantirgan edi. Mana, shu baytbarakning mazmunidan ham ayon.

Uni deb shunchalik jangu muhoraba ketyapti-yu, Malikaning parvoyi falak, toʻgʻrirogʻi, xayoli boshqa yoqda: oyisi bor dorilarini ichib bitirmay uyga yetsam deydi...

Manzilga yetganimizda qiziq boʻldi. Malikalarning torkoʻchasi boshida mashinadan tushib, Janob ikkovimiz iymana-iymana choʻntaklarimizni titkilayotgan edik, mashinaning egasi qoʻl siltadi:
— Qoʻyinglar-qoʻyinglar, kerakmas!

Bizning oʻzi quruq «rahmat»dan boʻlak hech vaqomiz yoʻq edi.
— Oʻzlaringga rahmat. Omon boʻlinglar, — dedi u mashinasini iziga burib olarkan. — Navoiyni... hazrat Navoiyni unutmagan oʻzbek bolalaridan pul olsak, uyat boʻlar, gunoh! Shunaqa emasmi?

Uchalamiz koʻcha boshida serrayib turib qoddik.
— Ana, qaranglar, — dedi Janob hayajon bilan, — hazrati Navoiyning ruhi poklari bizni qoʻlladi!

Afsuski, bundan bu yogʻiga uni hech kimning ruhi qoʻllamadi: Malika menga mayl bildirgani koʻrinib turar, uni endi bir oʻzim kuzatishim lozim edi. Shunda, xayrlashuv pallasi Janob ikkovimiz bir daqiqa bir-birimizga tikilib, boya boshlagan mushoiramizni xayolan yakunlagan boʻldik.

Janob:

«Voyu yuz ming voykim, tarki muhabbat qildi yor,
Bilmayin qoldim menu qilmay xabar ayrildi yor».


Men:

«Hildi dushman rahm baskim, qildi javr izhor doʻst,
Ey koʻngul, dushman top emdi, tutmagʻil zinhor doʻst».

Janob:

«Koʻnglung istar yorlar birla hamisha shod boʻl,
Mendinu kimdinki, koʻnglung istamas, ozod boʻl».



2

Men Malika bilan yaqinlashgan sari Janob mendan uzoqlashardi. Mendangina emas, jamoatdan ham. Hech kimga aralashmaydigan odamovi, yakkamoxovga oʻxshab qoldi. Endi koʻrgan-koʻrishganda sovuqqina salom-alik qilardik, xolos. Bu orada oʻqishlarni bitirdik, koʻcha-koʻchasini topib har kim har yoqqa toʻzib ketdi. Yurtdoshlik, kursdoshlik hurmati, bir paytlardagi chatish xotiralar haqqi, atayin xabar yuborganimga qaramay, Janob toʻyimizga kelmadi. Balki toʻgʻri qilgandir, uning oʻrnida men boʻlganimda ham bormas edim.

Shu tariqa begonalashib, Janobiddin mening, Malika ikkimizning hayotimizdan goʻyo chiqib ketdi. Xuddi oʻzaro kelishib olgandek, umumiy bir gunohimizdek, uni eslamay ham qoʻydik. Aytishlaricha, sharqshunoslik institutida yurganmish. Eski qoʻlyozmalarning changini artib. Uzoq yili qaysi bir jamoat yigʻinida koʻrdim ham. Koʻzoynak taqib olibdi. Fan nomzodi. Navoiyshunoslikka oid bahstalab mavzularda sharhlari chiqib turadi. Shu borada shov-shuvli bir masalani qoʻzgʻab yurgani ham qulogʻimga chalingan edi.

Uylanmadi. Eshitishimcha, «Hazrati Navoiy tutgan yoʻriqdan borib, toq oʻtmoqni ixtiyor etdim», der emish...

Keyin — mana shu xabar...

3

...oʻsha kuni u kechki reys bilan Samarqandga uchishi kerak ekan. Qoʻlida Navoiy davriga oid kashfiyot darajasida muhim hujjat, navoiyshunoslar anjumanida qatnashishi, ma’ruza qilishi lozim. Ilmiy sessiya ertaga ertalab ish boshlaydi.

Lekin aeroportda nima hamdir boʻladi-yu, samolyotga chiqish oldidan «Kechiqdingiz, odam toʻlib qoldi» degan bahona bilan uni reysdan qoldirib yuboradilar. Bu soʻnggi reys ekan. Alamiga chidayolmagan navoiyshunos toʻpolon koʻtaradi, yoʻlini toʻsgan haligi ma’mur bilan jiqqamusht boʻlishgacha boradi. Mojaroga shu atrofda aylanib, jamoat oʻrtasida tartib oʻrnatib yurgan militsiya kapitani aralashadi. Mashgʻulot topilganidan quvonib, u shartta kelib navoiyshunosning qoʻlini qayirib oladi. Tartibbuzarni xosxonasiga eltib, hujjatlarini tekshiradi, soʻroq qilgan boʻladi. Gap-soʻzlari birmuncha havoyiroq tuyulganiga qaramay, dardu da’vosini eshitgach, yumshaydi, yupatadi: «Hechqisi yoʻq, ogʻayni. Bunaqasi boʻlib turadi bizda. Birortasini shoshilinch uchirib yuborish kerak boʻlgandir-da. Sizga maslahat: bu kecha uyga borib maza qilib damingizni oling. Ertaga azonlab kelsangiz, men oʻzim tonggi reys bilan joʻnatib yuboraman».

Bu va’dani omonat choʻntagiga joylab sal-pal hovuridan tushgan navoiyshunos, kapitanning huzuridan chiqqach, oʻylab boshi qotadi. Ijara uyi shaharning narigi chekkasida, azonlab bu yerga yetib kelmogʻi dargumon. Boz ustiga xoʻjaykasi bilan aytishib qolib, boshqa joyga koʻchmoqchi, uch kundan beri esa bir talaba hamqishlogʻining katalagida tunab yuribdi. Shoʻppayib bu kech ham kirib borishi noqulay — ertalab xayrlashib chiqqan.

daf’atan xayolida bir fikr tugʻilib, aeroportning biqinidagi baland binoga qarab yuradi. Bir hisobda samolyotdan qolib ketgani foydaga. Bu kecha shu yerda bafurja oʻtirib qoʻlidagi qogʻozlarni saranjomlaydi, anjumanda bayon etajak mulohazalarini puxtalab olaDI...

Qachon, qaysi mehmonxonada boʻsh joy boʻlgan?! Ammo, navoiyshunos xiralik qilib yopishib olgach, ma’mur xotin iygandek boʻlib uning pasportini varaqlab koʻradi-yu, basharasiga otib yuboradi: «Propiskangiz shaharda-ku, boring, uyingizga borib yoting!»

Masalaning bu jihatini oʻylab koʻrmagan navoiyshunos sarosimada qoladi. Keyin zoʻr berib yalinmoqqa tushadi. Foyda chiqmagach, doʻq-siyosatga oʻtadi. Ma’mur xotin ham boʻsh kelmaydi, tahdid chorasini qoʻllaydi: «Hoziroq bu yerdan daf boʻlmasang, milisa chaqiraman!» «Milisani men oʻzim chaqiraman», deydi navoiyshunos koʻnglida bir ilinj bilan va mehmonxonadan chiqib boyagi maslahatgoʻyining oldiga yuguradi. Kapitanga ahvolni tushuntirib, «Mehmonxonaga sim qoqib, bir kechaga joy olib bering, taqsir, — deya iltimos qiladi. — Navoiyshunoslikka hissa qoʻshgan boʻlasiz».

Kapitan nimadandir diqqat boʻlib oʻtirgan ekanmi, boyadan beri qimmatli vaqtini oʻgʻrilab bezor qilgan bu nusxaning oʻzini tutishi, gap-soʻzlari endi shubhaliroq tuyulib, ijirgʻanish bilan soʻraydi: «Nimalar deyapsiz oʻzi, ogʻayni? Qanaqa navoiyshunoslik?» «She’r, gʻazal deganini tushunasizmi oʻzi? — deydi navoiyshunos uning bepisand ohangidan ranjib. — Mir Alisher Navoiy degan zotni eshitganmisiz?» «Ha, «Munojot»ni yozganmi?» Navoiyshunos bu gapga sal tirishadi-yu, sir boy bermay: «Mana, u kishi nima debdilar...» deya gʻazal oʻqimoqqa kirishadi.

She’r ohangi ta’sir qiladimi yo omi koʻringisi kelmaydimi, kapitan: «Bizning ulugʻimiz ham yozadilar, u kishi qoʻshiq yozadilar! — deydi faxr-iftixor bilan va tortmasidan piyozning poʻstidek yupqagina bir kitobcha olib, mehr bilan avaylab stolga qoʻyadi: — Mana, u kishining kitoblari! Ayniqsa, bitta qoʻshiqlari bor, zoʻr! Eshitgandirsiz, «O-o, kechalar...» deb aytadi».

«Ha endi, sizning ulugʻingiz qayoqdayu hazrati Navoiy qayoqda! — deydi navoiyshunos, dardi-holi esida yoʻq, astoydil bahsga kirishib. — Unaqalar butun bor — ertaga yoʻq. Oʻtadi-ketadi. Hazrati Navoiy esa... Mana, quloq soling...»

Hazrat Navoiyning davri oʻtgan, bugun oʻzgacha davron ekan. Kapitan ana shu davronning fidoyi, koʻru kar gumashtalaridan edi. U qoʻshiqnavis ulugʻining muxlisi, muxlisi ne, sadoqatli quli, sanoqsiz mirgʻazablaridan biri edi. Bir muddat odamshavanda boʻlib koʻringan bu kimsa, mirgʻazabligi esiga tushib, yana asliga qaytadi. Yaqin bir soatdan buyon boshini qotirayotgan mana bu telbanamoning andishasizligiga achchigʻi keladi. Oʻzidan pastroq bir mirgʻazabga buyuradiki, bu shakkokni anovi xonaga olib kirib boplab adabini bersalar, to ulugʻning ulugʻvor qoʻshiqlariga hamnavoz boʻlmagunicha darralasalar...

«Kimsani dard ahli deb, sirrimga mahram ayladim,

Oʻz-oʻzumni kuch bilan rasvoi olam ayladim».

Shakkok boltadan qaytmaydigan xilidan boʻlib chiqadi. Hammayogʻi moʻmataloq, ogʻzi-burni qon holiga, boyagi lafzini qoʻymaydi: «Ulugʻing shoir-poir emas, oʻtkinchi! oʻshanga sigʻingan senlar esa — qonxoʻr jallod!» Keyin oʻz-oʻzidan sovuq iljayib bayt oʻqiydimi-ey, gʻazal oʻqiydimi-ey...

«Dahrdin mehru vafo qilma havas,

Elidin gʻayri jafo qilma havas».

Hibsxonaga oq xalat kiygan ikkita norgʻul-norgʻul yigit kirib kelganda shakkok, koʻzlarida yoshi shashqator, hamon ovozini baralla qoʻyib gʻazal oʻqiyotgan boʻladi. Norgʻullar uni tappa yerga bosib, oyoq-qoʻlini bogʻlashadi, a’zoyi badanini ombirdek siqqan allaqanday ridoga oʻrab, «Tez yordam» mashinasiga tiqishadi.

Shakkok bu yerda bemorga aylanib, bir em bilan besh kun koʻzini ochmay yotadi. Oltinchi kuni oʻziga ke-lib, hovliga oʻrmalaydi. Qaerga tushib qolganini qoʻrib, hoʻng-hoʻng yigʻlaydi. Ammo hech kim parvo qilmaydi, hech kim hayron ham boʻlmaydi. Chunki bu yerda undan ham qattiqroq hoʻngrab yigʻlaydiganlar serob ekan.

Shu zayl asta-sekin ahvoliga koʻnikadi, bundagi tartib-qoidaga boʻysuna boshlaydy; oʻziga oʻxshagan birodarlariga aralashib, elakishib, baytu gʻazallar oʻqib yuradi. Ular orasida «Navoiy», «shoir» degan laqablar orttiradi. Ilk daf'a bundan xabar topganida, ya’ni — kimdir «Hoʻ Navoiy» deb chaqirganida u birdan koʻkarib ketadi, soʻng shifoxonani boshiga koʻtargudek toʻpolon qiladi. Shunda uni tutib olib yana emlaydilar...

Bir kuni yoʻlaqda farrosh kampirga pul qistirib, sharhi ahvoli bayon etilgan maktubni joʻnatishni soʻraydi.

Xizmatdosh hamkasblari hech gapdan bexabar, uning Samarqandda bunchalik uzoq qolib ketganiga ajablanib, oʻsha yoqda kasal-pasal boʻlib qoldimikan, degan gumon bilan yurishgan ekan. Tezda bu yerga yetib kelishibdi. Ahvolni koʻrib, avval hayron, soʻngra dargʻazab boʻlishibdi: bu qanday shafqatsizlik, bu qanday qabohat! oʻsha kuniyoq zudlik bilan ishxonalaridan vakolatnomayu kafolatnoma uyushtirishibdi. Biroq, shifoxona ma’muriyati bu qogʻozlarni inobatga olmabdi: boshqa joydan boshqa koʻrsatma kelgan ekan.

Nihoyat, yigirma kunlardan keyingina unga javob beriladi. Kutilmaganda ruxsat tekkani bois, yonida birga ketadigan hech kim yoʻq, oʻzi yolgʻiz ekan.

Oqibati shu boʻlibdiki, ijara uyiga ketayotib, metroning oxirgi bekatiga kelganda, «Bu oʻzimning uyim-ku, nega boʻshatar ekanman?!» deya da’vo kilib turib olibdi...

Yana oʻsha mirgʻazablar, yana oʻsha oq xalatli norpolvonlar, yana em... Keyin...

4

...Dafn marosimidan ezilib qaytdim.

Shoʻrlikning soʻraydigan kiroyi kimsasi yoʻq — besoyib; amakisimi, togʻasi bor ekan, u ham yetib kelolmadi shekilli, shahardagi qabristonlardan biriga dafn etildi.

Mozordan qaytishda ba’zi birovlar oʻlimi tafsilotini muhokama qilishdi: oʻshandoq joyda qanday roʻy berishi mumkin bunday hodisa, beparvolik, sovuqqonlik; nahotki, hech kim koʻrmagan boʻlsa; arqonni qayoqdan topdi ekan... Marhum Samarqandga olib joʻnagan oʻsha muhim hujjat haqida gap bordi, har xil tusmol-taxminlar aytildi, bahs boʻldi: qoʻlyozma chindan ham kashfiyotmidi; qaerda qoldi ekan; taqdiri nima kechdi; nahotki, shunday noyob hujjat yoʻqolgan boʻlsa... Bu borada hech kim tayinli biror gap aytolmadi.

Keyin kimdir marhumning fe’l-atvoriga oid ehtiyotsizroq bir gap qilgan edi, dafn ahli oʻsha kishiga baravariga oʻqrayib qaradi.

5

Uyga kelgach, Malikani koʻrib yana bezovta boʻldim. Bu hodisani unga aytgim kelaverdi. Ammo... tilim bormadi. Kelib-kelib endi, rashkka oʻrin qolmagan boʻlsa-da (qabohat-ku bu!), aytolmadim. Koʻrqdim, nimadandir qoʻrqdim. Hanuz qoʻrqaman...

Lekin, oʻsha tushdek qorboʻron kechasini hayotimizdan oʻchirib tashlab boʻlmasligiga ham aqlim yetadi. Ushanda bizga unutilmas bir himmat koʻrsatgan kimsani eslab esa koʻngil taskin topgandek boʻladi.

1989