OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifErkin A’zam
Asar nomiPakananning oshiq koʻngli (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Erkin A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm115KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/07
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Pakananning oshiq koʻngli (qissa)
Erkin A’zam

Pakananing Oshiq Koʻngli (Boʻy va moʻy oʻstirish tajribasi yoxud ruh tarbiyasi)

1

Hamma balo shundaki, u oʻzi haqida boshqacha fikrda edi. Oʻzini barvastayu basavlat deb bilmasa-da, harqalay, xiylagina ulugʻvor hisoblardi. (Koʻnglida, albatta.) Yurganda jussaeiga yarasha pildirabgina yurmay, salmoq bilan, butini yirtgudek yirik-yirik qadam tashlar, gapirganda mavrid-bemavrid soʻlish olib, salmoq bilan, ta’sirchanlikka intilibmi yoki diqqatni tortish uchunmi, xuddi maxfiy bir sinoatni ochayotgandek pichirlab gapirar edi.

Bari befoyda! U pak-pakana edi. Oʻzini salobatli tutishiyu salmoq bilan odim otishi bir pul: goʻyo yosh bola kattalarga taqlid qilgandek kulgili, bachkana chiqardi. Tovushini ne maqomga solmasin, natija oʻsha-oʻsha — baayni chala puflangan surnay.

Lekin — koʻngli!.. E, bu bir boshqa dunyo ekan. Koʻngil — podsho. Koʻngil — xazina. Koʻngil — balo. Egam uni odamning sirt-siyogʻi, boʻy-basti yoki mol-mulkiga qarab taqsimlamaydi.

Pakana esa oʻziga, tashqi qiyofasiyu turish-turmushiga oʻshal moʻ'jiza dunyodan turib qarardiki, holiga maymunlar yigʻlashi shundan. Achinmay iloj yoʻq. Koʻngilni koʻrgazmaga qoʻyib boʻlmasa! Qoʻyganda ham koʻrgan xaridor avval egasiga nazar soladi: boʻy-basti qanday, aft-angori?

Aksiga — notavon bu koʻngil goʻzallikka behad oshufta, oʻta sevuvchan, mehru muhabbatga tashnai zor edi. Koʻngil daftarining ana shu qismi oʻzi bir doston. Uni varaqlamaslik, uni mensimaslik — shundoq ham kam-kemtik Pakanani battar kamsitish, yerga urish bilan barobar; bu tarixsiz uning hayoti gʻarib, oʻzi esa qiyomat Pakana emas, oddiy bir boʻyi past-pachoq kimsa boʻlib qoladiki, unaqalar olamda son-mingta, har birini ta’riflamoqqa bu tanbal qalamga soʻz qani, siyoh qani!

Pakana yurgan yoʻlida shart-muqarrar kimnidir suyib qolaveradi. Buni qarangki, yo yoshi oʻzidan katta, yo boʻyi oʻzidan uzun sarvqomat qiz-juvonlarga xushtor boʻladi. Uyga keliboq oʻshaning aslidan chandon koʻrkam xayoliy siymosini yaratadi — u rassom — shu bahona nazarga ilinib, izhori dil etmoq payida, ilojini topib uni egasiga tortiq qiladi. Koʻngil bogʻlaganla-ri kutilmagan tuhfadan hayrat-hayajonga tushishadi, minnatdor boʻlib, evaziga unga kulib-kulib boqishadi, rahmatlar aytishadi, lekin... yana uchratganda yo tanimagandek indamay oʻtib ketishadi, yo Pakana ularni ittifoqo boshqa birov bilan koʻrib qoladi. Doim shunday boʻlgan. Zikrxona bu yoqda-yu, halimxona u yoqda. Suv keltirgan xor-zor-u, koʻza sindirgan — aziz. «Ayshni nodon surib, kulfatni dono tortadur». Pakana talay vaqt oʻzini qoʻyarga joy topolmay, «ul bevafo»ning dogʻida kuyib-oʻrtanib yuradi. Yana bir bevafoga yoʻliqqunicha, unga oshiqu beqaror boʻlgunicha!

Bu holningʻ adogʻi, koʻngildagi chandiqning sanogʻi bormikan? Boʻlsa, ishonavering, Pakananing oʻzi-da hisobdan adashadi.

Yoshligida u kinoaktrisalarta ishqiboz edi, Xushroʻy-xushroʻylarining suratini «Kino» jurnalidan qirqib olib, darsxonasi devorlariga yopishtirib qoʻyar, diliga eng yaqin birovining kattakon qilib portretini ham chizgan edi. Keyin oʻshani Toshkentga ham koʻtarib keldi — egasiga hadya etib, bahonada... Bu yerda boshqalariga chalgʻib, bir mahallar koʻzlariga surmai sulaymon boʻlgan siymo allaqaysi ijaraxonada chang bosib qolib ketdi. Hozir oʻsha aktrisa bilan teatrda birga ishlaydi. Uni har koʻrganida yoshlikdagi ma’sum tasavvur va iztiroblari yodiga tushib, pushaymon qiladi.

Bir kuni koʻrgazma-darsxonasiga nima ish bilandir otasi kirib qolgan, chiqib onasiga: «Xotin, oʻgʻlingni tezda uylab qoʻymasak boʻlmaydi, ishlar chatoq», degan. Bu gapni eshitib Pakana yerga kirib ketgudek boʻlgan. Biroq u anchadan keyin, oʻttizlarga yaqinlashganda uylandi. Uylanishi ham hech kimnikiga oʻxshamagan, Pakananing oʻzigagina xos antiqa tarixki, ungada gal kelar.

2

Pakana oʻzining pakana ekanini, bu hol unchalik ham fazilat sanalmasligini ilk bor talabalikda paxta terimiga chiqqanlarida Azizadan eshitgan. Aziza teatrshunoslik boʻlimida oʻqir, juda suluv, otasini benihoya badavlat odam deyishar, hasharchi qizga kunora shahardan tansiq taomlar ortgan oq «Volga» kelib turar edi.

Balli shunga. Badavlat odamning qizi ekaniga qaramay, koʻngildan koʻngilni farqlay bildi. Koʻrkam-koʻrkam ne-ne boʻlajak aktyoru rejissyorlarni dogʻda qoldirib, qay bir fazilati bilan Pakana ana shu dilbarni oʻziga rom qilib olgan edi. Axir, hazil gapmi, gulxan atrofidagi tungi davralarda soatlab ishqiy she’rlarni yoddan oʻqiganida anov qaddi rasolarning yaltiroq tusi oʻchib ketardi-da!

Shunday qizgʻin, muzaffar oʻtgan bir bazmdan soʻng, ovloqqinada entika-entika oʻptirarkan, shaddod qiz nima dedi deng:
— Sal uzunroq boʻlganingizdami, sizni hech kimga bermasdim-a, Pakana aka. Qishloqdanmisiz, rayondanmi, boymisiz, kambagʻalmi — qarab oʻtirmasdan, har qanaqasiga tegib olardim!

Darhaqiqat, qiz durkunroq, quchogʻida mushukvachcha misol tipirchilab oʻyin koʻrsatayotgan yigit esa ushoqqina edi. Koʻrgan odam, talay vaqt koʻrishmagan inoq-bosilqa opa-uka ekan, deb oʻylashi tayin. (Aziza uncha uzun emas, lekin qiz bolaning oʻrtaboʻyi ham novcha koʻrinadi.)

Pakana shu gap bilan oʻrtalarida begonalik devori tiklanganini payqadi.

Ma’shuqasidan ajralgach, odatdagidek, yondi, kuydi, tutadi, biroq gapning mohiyatiga parvo qilmadi — pakanaligiga oʻkingani yoʻq. Zero, shu choqqacha boʻyining uzun-kaltaligi xayoliga kelmagan, qaytaga, ba’zi naynovlarning dovdirligiyu kaltafahmligidan kulib, oʻzining pishiq-puxta, uddaburonligi bilan faxrlanib yurar — qisqasini aytganda, gap tashqi qiyofada emas, ichki dunyodadir degan soxtanamo, nochorroq ruhda tarbiya topgan edi. Endi bilsa — bari safsata. Dunyo — novchalarniki ekan. Dunyo — koʻrkamlarniki ekan. Qolgani bir pul. Aql-farosat degan matohlar huv keyingi oʻrinlarda turadi. Koʻrkamlik, xushqadlik — qariyb baxtdek gap, omad deganlariga tayyor pillapoya, oyoq qoʻysangiz — kifoya. Jismoniy jihatdan biron bir nuqsonli odam, bilingki, koʻpincha baxil boʻladi. Baxilning esa bogʻi koʻkarmas. Ana shunday sarson bir halqa bu.

Magʻlubiyat ketma-ket takrorlanaverdi. Endi Pakana holiga qarab, boʻychanroq qiz-juvondan oʻzini chetga ola boshladi. Shunday qilgani sari ularning jozibasi koʻproq tortar, koʻngli sust ketganlarining aksariyati boʻychan boʻlib chiqar edi. Ular bilan roʻbaroʻ boʻlish nasib etganda esa, uzoqroqdan turib yoki zina-pinaga chiqibmi, iloji boricha tikroq koʻrinishga tirishib, asabiy bir holatda soʻzlashardi. Oʻzida paydo boʻlgan tagʻin bir odatni sezib qoldi. Kim bilan yonma-yon turmasin, beixtiyor zimdan boʻy oʻlchashar ekan: yelkasidan kelamanmi, tirsagidan? Jamoat orasida, koʻcha-koʻyda ham goho tevaragiga razm solib qoladi. Tavba, hammasining boʻyi baland-a! Xudo shunday ham uradimi odamni?!

Keyin-keyin Pakana bir san'atni oʻzlashtirdi. Novcharoq odam bilan uchrashganda orqaga tislanibroq, qiya qarab (odatdagidek pastdan emas) gaplashadi — shunda farq uncha bilinmaydi.

Taajjubli hol: (jussasi kichikroq boʻlgani uchunmi) u azaldan novcha, norgʻul odamlarni yoqtirar, koʻproq oʻshanaqalar bilan doʻst tutinmoqqa intilar edi. Oʻzi singari pakanalarga esa tob-toqati yoʻq, ularni qitmir, mugʻambir bilib, jinidan battar yomon koʻradi. Rassomlik bilim yurtida birga oʻqigan sobiq saboqdoshi, otning qashqasidek elga taniqli hajvchi Obid Asom bundan mustasno, albatta. Avvalo, Obidjon Pakanadan ham pakanaroq, qolaversa, oʻlgudek iste’dodli, kasofat. Uni yaxshi koʻrmay ham, tan bermay ham iloj yoʻq.

Alhosil, paygʻambarimiz bundoq demishlar: «Odamning novchasi ahmoq keladi, Umardan boshqa; pakanasi fitnakor keladi, Alidan boshqa».

3

Boʻyi pastligi tufayli unda-bunda pand yeyavergach, Pakana umuman pakanalik, uning sabablari toʻgʻrisida koʻp boshqotiradigan boʻlib qoldi. Oʻrta boʻydan pasti — to jimit odamlargacha pakana hisoblanadi. Hamma bunaqalarga yarim odam, chala odammi-ey degandek bepisand munosabatda boʻladi: «Kichkina boʻlishiga qaramay...», «Boʻyi bir qarich-u...», «Mushtakkina koʻringani bilan...» va hokazo. Kisqasi, odam hisobida yoʻqdek. Xoʻsh, nima boʻpti? Pakana ham — odam. Faqat qoʻl-oyogʻi ixchamroq-da, xolos. Sizda bor yurak unda ham bor (agar kattaroq boʻlmasa), sizda bor miya unda ham bor (agar zoʻrroq, oʻtkirroq boʻlmasa)! Nima, shu a’zolari ham kichkina boʻlishi kerakmi endi? Tavba! Dunyoga dongʻi ketgan ne-ne ulugʻlar, ne-ne allomalar past boʻyli boʻlgan. Ana — Napoleonni olaylik, Neronni olaylik, Pushkin, Gandi, Lenin, Stalin... eh-he, bu yogʻi mana shu oʻzimizning Obidjonga qadar! Sizlarda-chi, faqat Ulugʻ Pyotru Gulliver! Battar boʻllaring! Bor quvvatni boʻyga sarflab... Xudo boʻy berib aql bermagan galvarslar!

Ammo oʻrtada boshqa nozikligi ham bor. Oʻsha ulugʻlar pakana boʻlganliklari uchungina shunday darajaga yetishganmi? Yoki ulugʻ boʻlganliklari tufayligina biz ularning qaddi-bastiga qiziqqanmizmi? Xullas, xiyla chigal jumboq.

Pakanamizning oʻziga kelsak, bobo-buvilari oʻrtaboʻy oʻtgan. Otasi bilan onasi ham shunday. Ukalari, singillari boʻychan-boʻychan. Oʻzining uch qizi-ku biri biridan shamshod boʻlib oʻsayotir. Birgina Pakana — pakana. «Kimga tortding-a, bolam? — deydi onasi qaygʻurib. — Bolalikdan anoviningni (etyudnikni nazarda tutadi) ortmokdab yuraverib, shunday (pakana deyolmaydi — onada) boʻp qolding-ov».

Ul emas, bul emas, Pakananing yetti pushtidan kimdir pachoqroq oʻtgani aniq. Goho u oʻsha avlodidan norozi boʻlib soʻkib qoladi. Demak, oʻzining ham yetti pushtidan kimdir qaqshamogʻi muqarrar, uni soʻkmogʻi-da muqarrar. Pakana ba’zan ana shu boʻlajak nasli — nevarasimi, chevarasi oldida oʻzini behad aybdor sezadi. Axir, ehtimol, naslning biron bir oʻyin-zamzamasi bilan bu hol, bu qusur aynan undan boshlanayotgandir...

4

Bu dunyoda chorasiz dard yoʻq, oʻlimdan boshqasiga tadbir topsa boʻladi, deydilar. Xoʻsh, boʻyni qanday oʻstirish mumkin, buning yoʻli bormikan? Bor ekan-da. Qayoqdandir eshitdi: har kuni bir kilodan qizil sabzi tanovul etilsa, qad raso boʻlarmish. Pakana shunga amal qilmoqqa bel bogʻladi. Har hafta bozorga tushib, bir toʻrva-bir toʻrva sara sabzi oladi, boshqa taomni yigʻishtirib, sabzixoʻrlik qiladi. Ikki oylardan keyin shu ahvolga yetdiki, sabzini koʻrsa bezillaydigan, koʻngli ayniydigan boʻldi. Bozorga qatnamoqqa ham hafsalasi qolmadi. Qad-qomatda esa biron bir oʻzgarish sezilmasdi: oʻsha 154 sm. — Oʻsha 154. Bir enlik ham siljish yoʻq. Chamasi, bu ham biron bekorchi oʻylab topgan ermak. Yoki oʻsmirlik ortda qolib, suyak-zuvalasi qotib ulgurganidan muolaja kor qilmadimikan? Koʻhna tabobat kitoblarida bitilganidek, «Bir hissa sariq halilaga qizil batilani qoʻshib, bir chimdim omila, bir misqoldan makkai sano va toshbaqa safrosiga aralashtirib, ustiga bir paysadan shaqoqul urugʻi, seylon dolchini va boqilla sepib, soʻng bir diram Abu Jahl tarvuzining danagini tuyib, piyozchasi oʻn yillik nargis suvida qaynatib laylatulqadr kechasi tanovul qilinsa...» qabilidagi tadbirlarga esa ixlos sezmadi — natija chiqadimi, yoʻqmi, umr shu tashvishda oʻtadi.

Xullas, bu ishlarga qoʻl siltadi. Endi «oʻzimiz bilgan» paxtaband choralarni qoʻllamoqdan oʻzga iloj yoʻq edi. Qoramtirga moyil kiyim-boshga zoʻr berdi: odamni sal xipcharoq koʻrsatib, sal...

Bundan ham samara kutilganidek boʻlmagach, qoʻpolroq usulini tutdi. Bir qarich poshnali poyabzal xarid qilib, shunda yura boshladi. Poshna hisobiga oʻsgan boʻy koʻngilni ham andak raso qilarkan. Shunisi chatoqki, qurgʻur, oyoqni rosa qaqshatarkan, sal yurmay akashak boʻlib qoladi. Lekin — nachora, qurbonsiz gʻalaba — Gʻalabami? Toqqa chiqmasangiz, doʻlona qayda!

Koʻp oʻtmay bu usulning misi chiqdi. Jamoat yoppasiga yerposhna poyabzalni urf etgan zamonda bitta uning loʻkillab yurishi kulgili edi. Ilgari qiyo boqmagan jononlar endi poshnasiga qarab ma’noli iljayib oʻtadigan boʻlishdi: bu kuningdan oʻl, kishloqi pakana!

Xayr, jafokor poshna!

Shuningdek, harchand qilmasin, uni birov odam oʻrnida koʻrmasdi. Muhabbat bobidagina emas, oʻzga hollarda ham kamsitilgani kamsitilgan. Koʻcha-koʻyda koʻringani yosh bola deb turtkilaydi, ulfatlar davrasida — tayyor yugurdak. Shularni oʻylaganda oyoq-qoʻllari tortishib, battar kichrayib qolayotgandek, kichrayib yerga kirib ketayotgandek boʻlaverardi. E, mana senga deb moʻylov qoʻyib yubordi. Moʻylov jonivor gurkirab oʻsib berdi. Pakanaboy shunga xursand: biz ham odamga oʻxshadik, salobatliroq boʻldik! Bunisi kamlik qilib, soqol qoʻyib oldi. Soqol-moʻylovli «bola»ga endi koʻrgan hayron. Ie, nima qipti, rassom-da! Rassom bilan kinochiga bir nima deb boʻladimi? Ularga ruxsat bor, ularga hammasi mumkin.

Bu bayram ham koʻpga choʻzilmadi. Har narsaning hisob-kitobi boʻladi. Tabiatda muvozanat qonuni bor. Ana shu buzilsa, bilingki, albatta boshqa bir joydan «teshib chiqadi».

Pakanamiz hali oddinda kutayotgan xavf-xatardan bexabar edi.

5

Darvoqe, bu orada u institutni bitirdi, oʻzining ta’biri bilan aytganda — «Ikki yil Astrobodda surgunda boʻldi», undan qaytgach, bir muddat boshpanasiz sarson-sargardonlikda yurdi, keyin tasodifan uylanib uyli-joyli boʻldi, xotini ketma-ket uch qiz tugʻib berdi. Lekin biror kun «izlash-izlanish»dan toʻxtagani yoʻq.

Institutdan soʻng Pakana olis bir viloyat teatriga bezakchi rassom qilib joʻnatilgan edi. Borib u yerda hech baloni bezatgani yoʻq, ichkilikka oʻrgangani qoldi, xolos. Bezatmoqqa loyiq asar ham sahnalashtirilmadi hisob. Sahnalashtirilganda ham kamxarj tashkilotda mablagʻni tejash maqsadida amal-taqal qilib eski bezaklardan foydalanilardi.

Pakana bu yerda rassomlikni unutib, sohasini butkul oʻzgartirib yubordi, desa boʻladi. Teatr jamoasi koʻpincha dala-koʻyga yallachilikka chiqar, azbaroyi vijdon azobi yoki bekorchilikdan qoʻshilib borgan Pakana gohida ocharchi-boshlovchilik qilsa, gohida ma’murlik vazifasini oʻtar edi. Maishati chakkimas, teatr bezakxonasini uyga aylantirib olgan, ora-chira kolxoz-polxozning buyurtmasini bajarib berib moʻmaygina pul topar, uni aksariyati iste’dodsiz, omadsiz, lekin, aslida Shukur Burhonman-u, bular qadrimga yetmayotibdi-da, degandek zoʻr da’voda yuradigan shoʻrpeshona ulfatlari bilan ichib bitirar edi.

Agar oʻshanda poytaxt teatri viloyat mehnatkashlariga tomosha koʻrsatgani borib, shu dargohda rejissyorlik qiladigan eski saboqdosh ogʻaynisi Xayrulla Hoshimovni uchratmaganida, kim bilsin, «Astrobod»da tagʻin qancha qolib ketardi! Pakana talabalik kezlari Xayrullaning oʻrgamchik spektaklida allaqanday yosh bola rolini ijro etib, doʻstlashib ketishgan edi. Bir shisha araq ustida u Toshkentni qoʻmsab arz qilganida, mehmon: «Xorosho. Bizga kelasan, Bahodir bilan oʻzim gaplashaman», deya bosh rejissyorning nomini qoʻshib va’da berib yubordi.

Xayrulla va’dasining ustidan chiqdi. Pakana yana toshkentlik boʻldi. Moʻ'tabar dargohga ishga joylashdi. Dargoh moʻ'tabarlikka moʻ'tabar edi-yu, Pakanadek sigʻindilar u yoqda tursin, yil sayin kelib turgan yosh iste’dodlarni ham boshpana bilan ta’minlay olmasdi. Nomi ulugʻ — suprasi quruq.

Pakananing yana daydi hayoti boshlandi. Endi ilk yoshlikkagina xos tabiiy kuch-gʻayrat soʻnib borayotgan, qariyb oʻn yilga choʻzilgan och-yupun talabalik begʻamligi ta’sirini koʻrsatmoqda, issiqqina oʻlan-toʻshak, mehribon bir parvarishga ehtiyoj tugʻilgan edi.

6

Pakananing uylanish tarixi ham bir doston, yoʻq, komediya, yoʻq-yoʻq — tragikomediya.

Oʻsha yili koʻklamda oyoqogʻriq bilan kasalxonaga tushdi. Bor oʻrinlar band ekanmi, ittifoqo, nozikroq odamlarga moʻljallangan ikki kishilik xonadan joy tegdi. Uch kun bir oʻzi yotdi. Toʻrtinchi kuni tushdan keyin xonaning haqiqiy egasi keldi. U elliklardan oshgan, barvasta, tepakal armani — Levon amaki edi. Ikki lunji qip-qizil, burni goʻshtdor, chakichli, qovoqlari salqi — vajohatidan yomon odamga oʻxshardi. Qoʻqonda tugʻilib voyaga yetgan, oʻzbekchani suvdek bilar ekan. Koʻpni koʻrgan, hazilkash, hangamachi odam. Darrov inoqlashib qoldilar. Levon amakining yor-birodari bisyor ekan. Qat'iy navbat bilan kelishadi. Xona yelimxaltayu qogʻozxaltaga, koʻklamda tansiq meva-chevaga toʻlib ketgan. Tayyor dastyor Pakana ularni enagayu hamshiralarga ulashib ulgurolmaydi. Bu yoqda Levon amakining choy-poyiga qarashuvi lozim. Kunduzlari begʻam, biyron odam, kechalari belogʻriqdan voy-voylab chiqadi. Aytishicha, umurtqasiga tuz yigʻilgan emish. Boʻynida ham oʻsha savildan bir hovuchi bormi, boshini erkin burolmaydi, butun gavdasi bilan oʻgiriladi. Issiqda ham sharf oʻrab yuradi.

Rahmi kelganidan Pakana kechalari uning bel-boʻynini bosib, umurtqa pogʻonalarini mushtlab, uqalab qoʻyardi. Shunday birpaslik orom chogʻlarida bemor iyib ketar, mehribon xaloskoriga biron bir muruvvat koʻrsatish yoʻllarini qidirib qolar edi.
— Uka, sen endi uylanishing kerak ekan. Qachongacha bunday yurasan? Ke, bir ish qilaylik. Oʻzingga mos, chiroylikkina bir armankani topib beray. Senga aytsam: armankalardan zoʻr xotin chiqadi. Mehnatkash, pazanda, uddaburon. Sizlar aytganday — yozda koʻrpa, qishda koʻrpacha. Pushaymon qilmaysan ammo!
— Oʻsha chiroyli armankangiz menga tegishga rozi boʻlarmikan? — dedi Pakana bir cheti ermak, bir cheti pinhona oʻkinch bilan.
— Koʻndiramiz-da, nima deyapsan! Sizlar-ku begona millatga koʻpam xaridor emassizlar, bilaman. Yo oʻzbechkasidan boʻlsinmi?
— E, unga uy kerak, joy kerak. Teatr...
— Teatringni qoʻyib tur. Uy-joy masalasini oʻzimiz bir yoqli qilamiz, ishing boʻlmasin,

Pakana bir qop goʻshtni alohida hafsala bilan uqalay boshladi. Bilib boʻladimi, juda ishbilarmon odamga oʻxshaydi...
— Uylanardim-u, yaxshirogʻi uchramayapti-da, — dedi u battar tarang qilib. Koʻnglining tubida miltillagan bir ilinj yoʻq emasdi.
— Iya, shahar toʻla qiz-ku! — dedi Levon amaki jigʻibiyron boʻlgandek va shu yerdagi koʻzni qamashtirib yurguvchi hamshira qizlarni misol qila ketdi: — Mana, oʻzimizda qancha! Salima, Ra’no, Gavhar, Arofat... hammasi yaxshi qizlar. Oʻzim gaplashib beraman, agar xoʻp desang. Ayt, qaysisini?

Kuyov boʻlmish, aniqrogʻi, havaskor kuyov shoshib qoldi. Himmatli hamxonasi uni qizlar koʻrgazmasiga boshlab kirgan edi goʻyo: mana, sayla saylaganingni, tanla tanlaganingni! Nochor, notavon odamning koʻziga u bir zum Xizr bobo ham boʻlib koʻrindi: tila tilagingni!
— Toʻgʻri, Ra’no erga tegayotganmish, eshitishimcha,— dedi Xizr bobo Levon amakiga aylanib. — Gavhar ham tuzug-u, lekin... «...senga toʻgʻri kelmaydi. Boʻyi baland».
— Yaxshi ular hammasi. Ammo koʻngildagi emas-da.
— A, bunday de. Konechno, rassomsan, poeziya, fantaziya! — Levon amaki yana tadbir qidirib oʻyga toldi, soʻng astoydil hafsala bilan yostiqqa yonboshlab oldi.— Ke, bunday qilamiz. Shulardan birortasi bilan nikohdan oʻtasan, keyin...
— Nikoh?
— Soxta nikoh-da.
— Soxta nikoh?! — Pakananing yuragi yorilgudek boʻldi.
— Shoshmay tursang-chi! Keyin sizlarni, yosh kelin-kuyovni biror joyga roʻyxatga tirkab, uy olib beramiz. Ikki-uch oy birga yashagandek boʻlasizlar. Shoshmagin-da, nomiga, qogʻozda. Kizni butkul koʻrmasliging ham mumkin, pasporti boʻlsa bas. Pasport nima, besh-oʻn soʻmga yangilab beradi. Qotiramiz. Keyin esa rasman ajrashasizlar. Bahonada uyli boʻlib qolasan, xumpar. Ana u yogʻi xohlaganingga... Uy-joyli odamga lyubboyi jon deydi. Qarasam, bu yurishda, bir boshing bilan hech kim senga uy bermaydi. Tem bolee, teatring. Bersa, yotoq-potoq berar. Senga toʻgʻri kelmaydi. Yaxshi yigit ekansan, menga yoqib qolding. Barmoqlaring shifobaxsh, biotoking bor sen bolaning, jonimga ora kirdi. (Aslida, gavdasi nozikroq boʻlgani bilan Pakananing qoʻllari chayir, sirtdan ozoda koʻrinadigan rassomchilikning qora ishlarida pishib, pay boylab ketgan, xolos.) Senga shunday bir yaxshilik qilmasam, nomardlikka kiradi. Qalay, ma’qulmi reja?
— Ma’qul-u, qiyin ishmi deyman-da. Aql bovar qilmaydi, — dedi afsunlanib qolgan Pakana.
— Lanjlikni qoʻy. Ishning osoni bor ekanmi? Albatta, sovgʻa-povgʻa berib qizni rozi qilish kerak boʻladi. Mayli, bu yogʻini menga qoʻyib ber, oʻzim gaplashaman. Qaysisi tuzuk? Arofat, a? Mehnatkash, kamtar, yuvosh. Vdrug, a?.. — Levon amaki shoʻxlik bilan koʻz qisib qoʻydi. — Sen koʻnsang bas, ishni boshlayveramiz. Qotiramiz!

Pakana indamadi. Hang-mang edi. Taqdir podshosi ularni atay shu yerga yigʻib, ayni lahzalarda kelajak hayoti hal qilinayotganini u hali bilmasdi, bunga sira-sira ishonolmasdi.

Rassom boʻlinmadagi hamshiralar bilan apoq-chapoq boʻlib ketgan, davolovchi doʻxtiridan tortib bu qaqajonlargacha — kattayu kichik barining aksini qoratosh bilan bir taxta-bir taxta qalin qogʻozga solib bergan edi. Hammasi undan minnatdor. Qarangki, qelib-kelib birgina Arofatning rasmini chizmabdi. Oʻzi soʻragani ham yoʻq bir ogʻiz. Ishdan boshqasini bilmay yerga qarab yuradigan, dugonalariga nisbatan xunukroq bu kamgap qizni chizish istagi ham tugʻilmagan edi.

Tavba, Levon amaki u bilan nima deb gaplashdi, nima va’da qildi (keyin ma’lum boʻlishicha, quruq gapdan boshqa hech vaqo), ikki kundan soʻng Arofat xona xoli paytda kirib, gazetaga oʻralgan pasportini Pakananing yostigʻi ustiga qoʻyib ketibdi.

Ertasi kuni Levon amakining oʻziga oʻxshagan tadbirkor bir ogʻaynisi yosh «kelin-kuyov»ni mashinasiga oʻtqazib, xufiya yoʻl bilan birpasda nikohdan oʻtkazib keldi. Qaytganlarida mehribon «ota va qaynota» bir dasta lolayu bir shisha shampanni tayyorlab oʻtirgan ekan... Hammasi osongina hal boʻldi. Xuddi tushda kechayotgandek.

«Ota-bola» oldinma-ketin shifoxonadan tuzalib chiqishgach, Pakana Arofatning oldiga kelib-ketib, qolgan mayda-chuyda qogʻozlarni hozirladi. Keyin ularni eltib uy-joy boshqarmasida kattakon boʻlib ishlaydigan Levon amakining qoʻliga topshirdi. Hafta oʻtmay «kelin-kuyov» asosan qizinikida yashaydigan toʻqson yashar bir oʻris kampirning hujrasiga rasman roʻyxatga tirkaldi. Bir xonayu gaz oʻchoqli bir dahlizdan iborat bu boshpana shaharning qoq markazida, Inqilob xiyoboniga yaqin qisir daraxtlarga koʻmilgan sersoya hovlilardan birida edi. Hovlining toʻrt tarafi mana shunaqa pastqam-pastqam uy-joylar, oʻzidan qolgan qari-qartang istiqomat qiladi. Oʻrtadagi kattakon quvurdan kun-uzzukun suv shaldirab yotadi — teskari favvora. Birov bilan birovning ishi yoʻq. Boshqa nima kerak boʻydoq yigitga!

Pakanaligiga qaramay, uni shu yerdagana rasmona odam deb bilishar, hurmat qilishar edi. Oʻziyam ularga oʻrganib qoldi. Gʻarib-benavo chol-kampirdan nima ziyon! Vakti-vaqti bilan ularning hojatini chiqaradi: doʻkondan ul-bul keltirib beradi, kuyib qolgan lampochkalarini almashtiradi, dazmol-pazmolni tuzatadi. Kim yaxshi — baraka topkur Pasha yaxshi, Pashavoy yaxshi! Yana nima kerak Pakanaga!

Otasi qilmagan yaxshilikni qilgan serhimmat, muruvvatpesha Levon amakiga nima javob qaytarishni bilmay uzoq bosh qotirib yurdi. Oʻylay-oʻylay, uning kaftdek suratini soʻrab oldi-da, bir quloch matoni dastgohga tortib, ikki hafta mobaynida mehr-hafsala bilan ter toʻkdi. Chakkalaridagi jingalaklaridan tepakal boshiga ham koʻchirib, xiyla oro berib, atay yashartirib chizdi. Bezakdor qasnoqqa solingan bejirim portretni koʻrgach, Levon amakining koʻzlaridan yosh chiqib ketdi. «Rahmat, jigarim, rahmat! — dedi Pakanani quchoqlab koʻtarib peshonasidan oʻparkan. — Toʻppa-toʻgʻri chizibsan. Yoshligimda xuddi shunday edim, sochlarim jingala-jingala. Buni hali Marina xolang koʻrsami!..»

Keyinchalik ham talay yil ota-bola boʻlib, bordi-keldi qilib yurdilar. Belogʻrigʻi qoʻzgʻaldimi, Levon amaki kelib, «Sening qoʻling yengil, shifobaxsh», deya Pakanani mashinasiga solib uyiga olib ketardi. Qaytishida qoʻliga konʼyak-ponyak, bunisi Arofatga, bunisi qizaloqlaringga, deb ul-bul berib joʻnatardi. Kampir oʻlgach, uyni biratoʻla Pakananing nomiga oʻtkazib bergan ham, hovli buzilib, oʻrniga tijoratchilar uchun hammom tushadi deganda, Yunusoboddan xonadon olishiga koʻmaklashgan ham ana shu Levon amaki boʻladi.

7

Voqean, Arofat... U ishga oʻtish-qaytishida tutingan singil sifatidami, hojatbaror bir tanish sifatidami, ba’zan «uyi»ga kelib-ketib turardi. Biror qiligʻida yo gap-soʻzida ta’ma ohangi sezilmas, qaytaga, birpas oʻtirib, Pakanaga choy-poy damlab, kir-chirini yuvib berib ketar edi. Uning yakkam-dukkam javoblaridan Pakana uncha-muncha narsani bilib oldi. Arofat chala yetimcha boʻlib, opa-singil oʻgay onaning qoʻlida ekanlar. Oʻgay ona deganda Pakananing koʻz oddiga ertaklardagi bir yalmogʻiz kelib, buni aytganida, «Yoʻq, yaxshilar, — dedi qiz siniq kulimsirab: — Yaxshi boʻllaring deb urishadilar-da». Suhbat asnosi Pakana shuni sezdiki, katta qiz sifatida Arofat shu kunda bamisoli onaning tomogʻiga tiqilgan tosh, chunki singlisiga ustma-ust ikki joydan sovchi kelayotganmish. Koʻrimliroq boʻlsa kerak-da. Soʻrashga iymandi. Koʻnglidagani bilib boʻlmaydigan gʻalati bu mushtiparga ichi achidi. Biron yaxshilik qilay desa, qoʻlidan nima keladi? Mabodo bu qizning niyati boshqa boʻlib, yomonlikka olsa bormi, biror yoqqa qimirlayolmay qolasan, toʻrt tarafing devor, qayoqqa qarasang — Arofat! Xudo saqlasin, xudo saqlasin! Ne-ne orzular bilan yashayotgan koʻngil barbod, yigit umri xazon boʻladi-ya! Agar ta’bi tortganida, shu choqqacha bu qizni sogʻ qoʻyarmidi? Mana, gah desa, qoʻliga qoʻnib turibdi. Oʻzi kelsa, oʻzi ketsa. Yoʻq-yoʻq. Boshimiz kal boʻlsa ham koʻnglimiz nozik. Pachoqqina, tep-tekis, qoʻlga ilinadigan joyi yoʻq, oyoqlar egri, kalta-kalta, yonoq suyaklari xunuk boʻrtib chiqqan... Yoʻq-yoʻq. Lekin, boshini koʻtarib qarasa — tushuniksiz, odamni dovdiratib qoʻyadigan bir anduh choʻkkan koʻzlari!.. Shu uchunmikan, ular oʻzaro kelishib olgandek, koʻpincha bir-birining yuziga qaramay soʻzlashardi.

Shartlashuvga koʻra, «ajralish» fursati yaqinlashar, biroq qizdan churq etgan sado chiqmas edi. Pakananing oʻzi gap ochay desa... yoʻq, aslo, qaysi yuz bilan, nima deb? Figʻoni chiqib, oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi. Qanaqa qiz oʻzi bu? Bir tulki armanining gapiga laqqa tushib, darrov rozi boʻladimi? Pismiq desangiz pismiqqa oʻxshamaydi. Oʻlgudek sodda, hatto laqma. Shu shaharda shunday qizning borligiga, oʻldiring agar, odam ishonsa. Dovdir desangiz — es-hushi joyida, ishiga pishiq-puxta. Saranjom-sarishtali. Ishxonasida ham, Pakana koʻzi bilan koʻrgan odam-da, bir dam tek oʻtirmaydi. Pazanda. Uyidan bir-ikki marta somsa yopib keldi, yeb toʻymaysiz. Xullas, chinakam roʻzgʻorbop xotin chiqadi. Lekin... lekin Pakananing na’mayu tamannoli koʻngli-chi, unga butkul zid-ku bu qiz?..

Tavba, shunday qizga ham oʻrganib qolar ekan odam. Bir-ikki hafta koʻrinmasa, kutadigan boʻldi Pakana. Sezishicha, oyisi bilan arazlashgan shekilli, navbatchilik bahona, bir kecha tunab ham ketdi. Boʻlak-boʻlak yotishdi, albatta. Pakananing bir tuki jimir etgani yoʻq. Oʻlibdimi! Ahmoq emas u.

Odamzodga ishonib boʻlmas ekan. Bir oqshom xizmatdoshlari bilan oshxoʻrlik kilib, kayfi taraq, uyga kelsa — Arofat. Oq jomasini kiyib, Pakananing shimiga dazmol bosyapti. Koʻziga choʻgʻdek koʻrindi. Oʻzini noshukurlikda ayblab, soʻkdi. Yuragi yonib-oʻrtanib ketdi: shunday jonfido mehribonning qadriga yetmay nima qilib yuribman oʻzi men?!

Belidan olib shartta karavotga bosdi. Bigʻillatib.

Boʻlari boʻldi. Bokira ekan. Oʻlding, Pakana!

U birdan hovurdan tushib, karavotning yoniga tiz choʻqdiyu hoʻngrab yubordi:
— Men hoʻkizni kechir, Arofat!

Koʻz yoshlariga belanib yotgan u tomon nima dedi deng:
— Ishqilib, baxtli boʻlsak boʻldi...

Pakananing sarxush koʻzlari shartta ochildi: nima-a, baxtli boʻlsak?..

Ammo endi kech edi.

Ammo bu soʻzlarda begʻubor ma’sumiyatdan boshqa narsa yoʻq edi.

Ertalab Pakana oʻziga oʻzi irkit koʻrinib ketdi. Choynak-piyola yuvayotgan qiz undan battar! Alamini ichiga yutmoqqa majbur. Iloji boʻlsaki, oʻzining yuziga tufursa, burnini tishlasa, gʻajib tashlasa! Ayni tobda yo bu alvastining, yo oʻzining birdan yoʻq boʻlib qolishini, hechqursa, oʻtgan kor-hol mudhish bir tushga aylanishini shu qadar istardiki, evaziga yarim umridan voz kechmoqqa ham rozi edi.

Shundan soʻng Arofat ikki haftacha koʻrinmay ketdi. Bir kech Pakana karavotda kitob varaqlab yotgan edi, qiyshayibgina kirib keldi. Qoʻlida tuguncha. Har xil yegulik.

Qizni koʻrib Pakananing yana avji keldi. Shu kunlar mobaynida botinan uni poylab yurganini angladi. Oʻsha mastliqdagi ishni hushyorlikda ham sinab koʻrish ishtiyoqi tugʻildi. Sinab koʻrdi ham. Yaxshi-i!

Shu tariqa bu hol yana bir necha bor takrorlandi. Ikki tomon ham rozidek, ikki tomon ham jimjit.

Bir gal Pakana teatrdan gʻashlanibroq qaytib kelsa — tagʻin oʻtiribdi. Daf’atan fe’li aynidi. Ogʻziga kelgan shaloq gapini qaytarmay haqoratlab haydadi: «Endi shu yerga qadam bossang!..»

Arofat sumkachasini olib, miq etmay chiqib ketdi. Yopiray, qanaqa qiz-a bu? Burilib bir ogʻiz bir nima desa-chi! «Qayoqqa ketar ekanman? Bu uyda mening ham ulushim bor. Oʻzimning uyim. Ketsang, sen chiqib ket. Meni avrab nikohdan oʻtkazding, nomusimni barbod qilding, endi qayoqqa haydayapsan, nomard pakana?!»

Yoʻq-yoʻq, boshini yerdan koʻtargani yoʻq. Xuddi shunday boʻlishini oldindan bilgandek, gunohkorona burildiyu chiqdi-ketdi. Dardisarning dardisari!

Uni haydab yuborishga yubordi-yu, Pakana keyin qilmishiga pushaymon boʻddi. Vijdoni ezildi. Yana oʻtirib-oʻtirib oʻzini oqladi: «Toʻgʻri qildim. Axir qachongacha!..»

Arofat shu boʻyi kelmay ketdi. Oradan uch oylar oʻtgach, Pakana bir oqshom teatrdan dilgʻash boʻlib qaytmoqda edi. Kayfi buzuq. Boya telefonda gaplashayotganida nogahon boshqa yoqqa ulanib, beixtiyor ikki qizning oʻzaro sirlashuviga xufiya guvoh boʻldi. «Anovi yerpakanani boshiga uradimi, Dilfuz, oʻzing aytgin? Jahongir balo-ond boʻyli, sochlari jingala...»

Pakana metroda ketmoq boʻlib «Paxtakor» bekatiga tushayotsa, chiqib qelayotganlar orasidan kimdir koʻziga issiq koʻrindi. Yoʻlini kesib roʻbaroʻ chiqsi. Arofat. U gʻaribona yerga boqib past ovozda salom berdi.
— Yaxshi yuribsanmi, Arof? Nega kelmay ketding? Qiz koʻzini yerdan uzib, ta’naomuz bir qarab qoʻydi.
— Borsam, tagʻin jahlingiz chiqmasin deb...

Bu gapdan allanechuk iyib ketgan Pakana tirsagidan ushlab uni yoʻldan chetga olib chiqdi.
— Qayoqqa ketyapsan?
— Yotoqxonaga.
— Qanaqa yotoqxona? Nima qilasan u yerda?
— Bir tanishimning xonasida turibman. Vaqtincha.
— Menga qara, nima boʻldi oʻzi? — Pakana uni iyagidan olib oʻziga qaratdi-yu, javdiroq koʻzlardan shuvillab oqayotgan yoshni koʻrib yuragi orqaga tortib ketgudek boʻldi. Soʻng boshdan-oyoq razm solib chiqdi. Aftodahol. Bu qizga bir balo boʻlgan. Yonoqlarining eti qochib, battar turtib chiqqan, burun soʻrraygan. Egnidagi keng, uzun atlas koʻylakning oldi koʻtarilib, orqasi osilib turibdi. Ahvol ma’lum.

Uyidagalar sezib qolib, haydab yuborishibdi. Vassalom.
— Nega mening oddimga kelmading? — dedi Pakana sarosimada boshqa gap topolmay, zil ketib.
— Oʻzingiz, endi kelma, degan edingiz.

Yon-verlaridan u yoq-bu yoqqa yasan-tusan suluvlar oʻtib turar, koʻz qamashar, dil talpinar, orziqar... ular orasida xunugi, balki eng xunugi mana shu qiz edi hozir.

Shunday boʻlgani bilan Pakana yaxshi odam edi, olijanob edi. Ayni tobda ana shu benavo bandai ojizaga nisbatan tugʻilgan shafqat hissi uning serna’ma koʻnglini toʻldirib, qolgan barcha xudbin tuygʻularni siqib chiqardi.
— Oʻzimning xunugi-im! — dedi bandi dili boʻshashganicha uni bagʻriga olib. — Uyga yur.

Arofat indamay ergashdi.

Keyin... ozgina mojaro boʻldi — nomiga, oqibati— shaharda kichkina, qishloqda kichkina toʻy boʻldi. Keyin toʻngʻich qizlari tugʻildi. Shiringina, talpinchoq. Keyin — yana, yana. Xullas, bir vaqtlar nodon qiz bashorat qilmish «ishqilib, baxtli boʻlsak boʻldi».

Pakana baxtlimi? Toʻgʻri, uy-joyi bor, xotin, bola-chaqasi bor. Ammo... xotiniga koʻngli ilimadi-ilimadi. Unga qaragisi kelmaydi, ta’bi tortmaydi. Uni oʻylasa, gʻussa bosadi. Xudoning oʻzi kechirsin-u, uchala farzandi ham mastlikda boʻlgan. Ajabki, biri biridan ziyrak, bijildoq. Demak, anov gap bid'at ekan-da. Necha bor ajralmoqni qasd qildi. Lekin bunday sarishta roʻzgʻorni, beminnat xotinu shirin-shirin qizaloqlarini tapglab qayoqqa boradi? Qizi bor odamning koʻngli yumshoq boʻlarkan...

8

Zamon oʻzgardi, endi qiz-juvon er tanlaydigan boʻlib ketgan. Tanlaganda ham nuqul uzunidan boʻlsa, novchasi boʻlsa bularga! Ham daroz, ham jingalak sochiga-ku nima yetsin!

«Qadrli tomoshabin» Pakana, koʻrsatuvlar jadvali bahona, har xil oldi-qochdilar bosiladigan yengiltakroq bir roʻznomaga obuna edi. Uni qoʻliga olgan zahoti «Sovchi» degan joyiga razm soladi. Goʻzal, xushqomat, zamonaviy, jozibador, latofatli, bilqillagan (oʻzginalarining ta’rifi — «priyatnoy polnota») xonimlarga er yoki jazman kerak ekan. Talabgorning boʻyi 180—190, ammo zinhor-bazinhor 170 santimetrdan past boʻlmasligi shart. Amriqo yoki boshqa biron boyroq arab mamlakatini koʻzlab turgan tadbirkor, korchalon janoblardan boʻlsa-ku, yana ham yaxshi, nur ustiga nur. Lekin eng muhimi — boʻyi, qaddi-qomati! 170 santimetrdan bir miri kam boʻlsayam — chiqit, tuyogʻini shiqillataversin. Novcha boʻlsa-chi, nodonu moltabiat chiqsa ham mayli, toʻnkalik qilsayam marhamat, har kuni itdek ichib kelib tepkilasayam — bosh ustiga! Tavba!

Pakana bu roʻznomani qoʻlga olmasligi, oʻsha sharmanda joyiga koʻz tashlamasligi ham mumkin, albatta. Mumkin-u, birgina narsadan umidvor-da: boʻy-poʻyining ahamiyati yoʻq, pakanasiyam boʻlaveradi, odam boʻlsa bas, degan e’lon chiqib qolarmikan?.. Qayoqda! Hammasiga...

Yoʻq-yoʻq, oʻshanaqasi topilib qolsa, darrov yugurib bormoqchi emas, ilinji boshqa yoqdan. Dunyoda shunday ayol ham borligini bilsa — kifoya. Taskin-tasalli-da.

Pakananing oshiq koʻngli mehrga, muhabbatga zorligini bilamiz. Xotiniga koʻngli yoʻq, unga qaramasligidan ham xabarimiz bor. Demak, yagona yoʻli — chetdan ma’shuqa orttirish. Eski orzu soʻnmoq oʻrniga, yildan-yil alangalanib borayotir. Ammo, notavon koʻngilga qoʻtir — jomashov. Ta’bingizga mos-monandi bu olamda yoʻq. Bor chiroyli ayollarning boshida chiroyli erlari ham boʻladi. Chiroyli, koʻrkam boʻlmaganda ham novcha, qaddi raso boʻladi ular. Novcha boʻlmaganlari esa shunday bir xislat yoki qudratga egaki, ularning qoshida har qanaqa darozi ham qulluqda turadi. Ayni shunisiga qarab chiroyli ayollar ularni tanlagan. Agar ular ishonchni oqlamasa, oqlaydigani topiladi. Har qadamda. Bozor bu!

Pakana ana shunday bozorning molu xaridorlarini koʻp koʻrgan.

Qaysi yilidir, yosh olim yurtdoshi uni qoʻyarda-qoʻymay bir xonadonga ziyofatga olib bordi. Bahavo hovlini, qasrsimon imoratlarni, u yerdagi dabdabayu as'asani ta’riflash shartmikan? Nomini tutib baloga qolmaylig-u, poytaxtdagi nufuzli, koʻchadan kelgan har qanday odam ikki dunyoda ham ostonasiga qadam bosolmaydigan bir bilimgohning yil sayin qabul hay'atida bakovullik qiladigan yoʻgʻon domlasi qanaqa davron surishi mumkin — tasavvur qilib olavering. Ziyofat ham shunga yarasha, kelajagi porloq qoʻsha-qoʻsha dastyor aspirantlar tipirchilab xizmatda edi. Mehmondan mezbon koʻp.

Mayli, gap hozir bularda emas. Chaman gulzor bilan marmar favvora oʻrtasiga joy qilingan edi. Dasturxon boshida yetti-sakkiz chogʻliq odam — er-xotin, er-xotin. Koʻrinishdan ziyoli, oʻziga yarasha mavqeli bu kishilarning bari bir joydan yetishib chiqqan, birga oʻqigan teng-toʻshlar, boshlab borgan doʻstining hamqishloqlari ekan. Olis bir qishloqdan kelib shahri azimda shu qadar tomir otgan bu jamoaga Pakana chinakamiga havas qildi: biz ham oʻzimizni odam boʻldik deb yurgan ekanmiz-da!

Bazmning qahramoni ikkita edi.

Avvalo, hammaning diqqat-e’tibori davra toʻridan joy olgan toʻporisifat kimsada. Eshonga oʻxshab betakalluf qoʻr toʻkib oʻtirgan bu odam oʻsha yoqdagi qandaydir yirik, serdaromad xoʻjalikning egasi ekan. Chamasi, ziyofat «otaxonning poytaxtga yurishi» sharafiga boʻlmoqda edi. Katta-katta fan ulamolarining tandirkabob chaynab, oliy mehmonning ogʻziga tikilib oʻtirishi erish tuyulardi. Nachora, hayot haqiqati shu.

U kishining diqqat-e’tibori esa, davraning yana bir qahramoni, yoʻq-yoʻq, gultoji desa arzigulik Zubaydaxon ismli benihoya sohibjamol juvonda edi; asosan shu bilan soʻz berishib, shu bilan soʻz olishadi, qolganlarniki bor-yoʻgʻi — izoh, ilova, yaltoqlanib kulish, gap ma’qullash, xolos.

Yolchib oʻtirar-oʻtirmas, Pakananing davradagi vazifasi ayon boʻldi-qoldi. «Ulugʻ mehmon»nyng muborak qiyofasini hozircha xomakiroq aks ettirib berishi lozim ekan, esdalikka. Bebiliska ziyofatga sudragan pismiq doʻstning ishi.

Pakana davradan chetroqqa kursi qoʻyib, doim yelkasida yuradigan qalin jilddan bir taxta qogʻoz oldi-da, qoratosh bilan chor-nochor ishga kirishdi. Lekin, qiyofa birpasda bitdi. Tep-tekis, ma’no-ifodasiz manman bir bashara — nimasi qiyin?

Egasi rasmni rosa zehn solib, maroq bilan koʻzdan kechirgach, «Da-a, talant!» deb baho berdi va «bashara»sini davra ahli hukmiga havola etarkan, rassomni yoniga imladi. Uning qoʻlini siqib, e’tirozga oʻrin qoldirmaydigan xufiya bir qat'iyat bilan choʻntagiga nimadir tiqdi-da, «Zubaydaxonni ham!» deya amr qildi.

Boyagisi qanchalik oson boʻlsa, bu tolshiriq shunchalik murakkab, ayni choqda maroqli edi.

Ish asnosi Pakanani nozik bir jumboq band etdi.

Tanishtiruvdan ma’lum boʻlishicha, kattakonlar davolanadigan maxsus shifoxonada boʻlim mudiri lavozimida ishlaydigan bu barkamol xonimning eri yonida mushtdekkina boʻlib nochor ishshayib oʻtirgan, davradagi eng koʻrimsiz, pachoq kimsa ekan. Pakana qattiq taajjublandi. Avvalo, poytaxtdagi manaman degan kiborona oliymaqom bazmlarni bezamoqqa qodir bul aslzoda xonimning huv dala-dashtlarda tugʻilib oʻsganiga aql bovar qilmasdi. Qolaversa, u nega kelib-kelib shunday shumshuk ta’viyaga erga tekkan? Axir, mana, tanlasa tanlagudek maktabdoshu sinfdoshlari bor ekan, hechqursa, ana, qudratli toʻpori...

Bu chigallikning tarixi esa oddiygina. Mana shu hozir qisinib-qimtinib oʻtirgan pachoq kimsa bir paytlar maktabning oldi, davradoshlarning eng zoʻri, eng a’lochisi boʻlgan. (Unda anovi toʻrda taltayib oʻtirgan akamiz maktabda zoʻrgʻa oʻqir, besh karra besh — yigirma besh, desa birov, «Joʻgʻ-e, yellik besh boʻlsa kerag-ov, yekkita besh-ku!» deydigan darajada edi.) Tabiiyki, qizlarning aksariyati shunaqa peshqadamlarga talpinadi. Sirasi, u kezlar Zubayda hali yetilmagan gʻoʻr bir gʻuncha edi. Sevishganlar, odatdagidek, birga oʻqishga keladilar, birga oʻqiydilar. Uylanishgach, musofirchilik, kamxarj roʻzgʻor, «igna bilan quduq qazish» mashaqqatlari azaldan jussasi chogʻroq erni ezgʻilab, yanada pachoq qilib tashlaydi. Azaldan durkunroq, begʻamrok, boʻlgan xushroʻy xotin esa, tuqqani sayin yetilib, ochilib ketaveradi — avlodida shunday xislat bor ekan. Boz ustiga xizmat joyining sharofati bilan katta oxurlarga oʻrganib, dimogʻdor jamoatning teng huquqli a’zosiga, nainki oddiy a’zosi, koʻpincha gultojiga aylanadiki, buni koʻrgan shoʻrpeshona er borgan sari rashku xavotirda oʻrtanib, ich-etini yeb, battar sinib, nihoyat, mana shunday aftoda-abgor holga tushib qoladi. Endi biror oʻzgarish yasash mahol. Fan nomzodi tugul yetuk ulamo boʻlganingda ham, bu soxta-sipo dabdabalardan voz kechib kindik qoning toʻkilgan ma’sum lolaqizgʻaldoq adirlarga chiqib ketganingda ham noming shu — «Zubaydaxonning eri»!

...Rassom bot-bot koʻz tashlab, ana shunday oʻylar ogʻushida, nihoyat, parivash bir ruxsorni qogʻozga koʻchirib bitkazdi. Xoʻrsindi.

Rassomlik yaxshi hunar, gashti bor.

Lekin — pakanalik qandoq yomon, pachoqlik qandoq alamli!

9

Umidli dunyo, Pakana hali-hamon bir kuni moʻ'jiza roʻy berib boʻyim choʻzilib qolar, degan xomxayol bilan yashar ekan, bu orada yana bir baloga giriftor boʻldi.

Koʻza kunida sinar, lekin boshdagi soch bir kunda toʻkilmas!.. Pakana boʻy oʻstirish gʻamida yuribdi, soqol-moʻylovning pardoziga zoʻr beribdi-yu, yana bir muhim narsani nazardan qochirgan ekan. Bir erta oynaga qarab soch tarayin desa, kuni kecha koʻpirib turgan matoh, taroqqa ilinmaydi, barakasi ketgan. Siypab koʻrmoqchi edi, bir tutami yulinib qoʻliga keldi, tagi ochilib qoldi. Koʻzgu esa xuddi masxara qilgandek beshafqat hukmini oʻqib turardi: hayot — ana shunday bamisoli bir bekinmachoq, birodar, kutilmaganda pand beradi. Yoshlik davroni oʻtdi endi, qariding... Qaridim? Qachon? Men hali nimani koʻribman, axir?

Mana, bor umidi — soch ham tamom boʻpti. Bir mahallar, boʻy oʻstirish tashvishida yurgan kezlari koʻrgan tushi bugun chinga, achchiq haqiqatga aylandi. Oʻshanda bir kecha uyqudan yigʻlab uygʻongan edi: tushida boshini silasa, sochi yoʻq emish.

Tez orada bori ham uzoqqa yetmadi, sob boʻldi. Soqol-moʻylovning bunday gʻovlab ketgani bejiz emas ekan: bir joyda koʻpaysa, boshqa joydan kamayishi tayin. Hammasining hisobi bor. Tabiat qonuni deydilar buni, Pakanaboy!

Shu tariqa, boʻy tashvishiga moʻy tashvishi qoʻshildi. Bu bobda ham dono koʻp ekan. Birovi takror-takror ustarada qirdirishni maslahat bersa, boshqasi— guruchning zardobiyu namakob (jaydari tuz boʻlishi shart!) bilan yuvishni, birovi — sarimsoqpiyozni boshga ishqashni, yana biri buqachaning shahvat beziniyu qora qoʻyning qatigʻini surkashni uqtiradi. Kimdir hatto yermoyi — kerosin bilan chayib koʻrmoqni tavsiya qiddi. «Donolar bisotidan bahramand boʻlib» necha kunlab sasib-anqib yurganlari!..

Pakana bu ishga xotinini ham safarbar etgan edi. Uning asl maqsadidan bexabar goʻl xotin yugurib-elib har xil oʻtkir dori-darmon topib keladi deng: majorlar oʻylab topgan kamyob «Banfi»mi, latishlar chiqargan antiqa «Dzintars»mi...

Xullas, qilmagan ilmu amali qolmadi. Befoyda. Bir gal televizorda koʻrsatildi. Amriqolik bir afandi tepakal boshini sigirga yalatgan ekan, gurkirab jingalak soch oʻsib chiqibdi. Pakana oʻz koʻzi bilan koʻrdi: yaltirbosh bir davangir choʻzilib yotibdi, govmish kelib yalayapti. Bu yangilikni oʻzidan ham bedavoroq tepakal xizmatdoshiga aytgan edi, u ensasi qotib qoʻl siltadi: «Boʻlmagan gap! Agar buning iloji topilganida, Gorbachyov bobo allaqachon jingalaksoch boʻlardi».

Pakanamiz shundan keyingina sinalgan usulga oʻtdi. Rassomligi kor kelib, tajribali tepakallar singari mohirlik bilan yon-veridagi soch tolalarini peshonasiga tarab yurdi. Bora-bora bundan ham hafsalasi sovidi. Shamol-shabadada yurib boʻlmasa, qoʻlingizdan taroq tushmasligi kerak.

Shunday qilib, pakanalik yetmagandek tepakal ham boʻlib qoldilar akam. Endi «hoʻ pakana»gina emas, «hoʻ kal» ham deb chaqiriladigan boʻddi. Xudoyam qiziq: birovni topib olsa bas, hadeb shuni tarsakilayverar ekan.

Aslida-ku, gap sochda ham emas, boʻyda ham emas. Zoʻr boʻlsangiz — pakanamisiz, novchamisiz yo tepakalmisiz, jingalaksochmisiz — ahamiyati yoʻq. Noshud-notavon boʻlsangiz esa — bari bahona. Qisqasi, gap omadda. Gap koʻngilda, koʻngilning toʻqligida. Yigit kishining omadini bersin deng. Omadi yor odam qiyofasidaga uncha-muncha qusurga parvo qilmaydi. Buni tabiatning ishi deb, ortiq bosh qotirmaydi. Negaki, bunga vaqt sarflasa, shu bilan mashgʻul boʻlsa, omad ketib qoladi. Uni tutish esa oson emas. Omad yurishmasa, bir quchoq soch ham, terakdek qomat ham bir pul, quruq sumbat, xolos. Boʻyni xudo beradi, soch — boshdagi omonat moʻy, ertami-kechmi, hammadayam toʻkilishi mumkin. Buni debgina qaygʻurmoq — umrning zavoli.

Darvoqe, tepakallik ham husn, soch taramasining bir turi, xolos, degan tushuncha bor. Ba’zilarga yarashganini ayting! Bilsangiz, mashhur kishilar pakana boʻladimi, tepakal boʻladimi, baribir, koʻzga issiq koʻrinaveradi. Shu nuqsonlari ham yoqimli, jozibali, hatto suyumli tuyuladi. Inson — betakror moʻ'jiza, uni aynan qayta yaratish Isoning ham, Musoning ham qoʻlidan kelmas. Mana shu, Obidjon. Uni novcha yoki oʻrtaboʻy holda tasavvur qilib koʻring-chi, nimasi qolar ekan?

Omad deganlari bir mahallar Pakananing ham boshini (toʻgʻri, unda tepakal emas edi) silab oʻtgan.

Pakana rassomlik bilim yurtini tugallash arafasida diplom ishi sifatida «Orzu» atalmish kattakon bir portret yaratdi. Yoshlikka xos gʻayrat va ehtiros bilan ishlangan bu asarga u moʻyqalam tutgan kunidan boshlab rasmini chizib kelgan suluv qiz-juvonlarning eng jozib jihatlarini nazokat ila jamlay bilgan edi. Unda sumbul sochlarini tarayotib, qoʻlida taroq, oʻrtaguvchi bir gʻamza bilan qiyo boqib turgan sohibjamol siymosi aks ettirilgan edi. Kimdir bir baraka topkurning nazari tushib, asar «San'at» jurnali muqovasida e’lon qilindi. Soʻngra uni «Subhidam», «Nozanin», «Taraddud», «Sumbul», «Bokira»ga oʻxshash har xil nomlar bilan, ismi bezakli gazet-jurnal borki, bari koʻchirib bosdi. «Oʻzbekistonlik yosh moʻyqalam sohiblari» degan sarlavha ostida Moskovdagi «Iskusstvo» jurnalida ham chiqdi. Talabalik yotoqxonalaridan tortib, turli doʻkonu sartaroshxonalarning devorlari, tramvay-trolleybuslarning oynalarigacha «Subxidam»u «Taraddud», «Bokira»yu «Noza-nin», «Sumbul»u «Orzu»larga toʻlib ketdi. Deylik, mashhur «Notanish ayol» yoki «Mona Liza»larga oʻxshab!

Asar toʻgʻrisida matbuotda rosa bahs-munozara ham boʻldi. Qiz siymosi chinakam ehtiros va mahorat bilan chizilgani e’tirof etilib, injiq munaqqidlarni rasmdagi boshqa bir holat hayratga solardi. Chunonchi, asarda subhidam pallasi tasvirlangani ayon koʻrinib turibdi, xoʻsh, unda deraza osha tushayotgan toʻlin oy yogʻdusiyu ana shu yogʻduda gʻujton oʻynayotgan yudduzlar tasvirini qanday tushunmoq kerak? Bunda qanday ramziy ma’no bor?..

Rosti, bu savolga Pakananing oʻzi ham joʻyali javob bermogʻi dargumon edi. Shunday chizgisi kelgan — chizdi. Vassalom.

Endi oʻylasa, asarni mashhur qilgan sir ana shu gʻalatiligi, ana shu «xato»sida ekan.

Avom tomoshabin nazarida uning boshqa «xato»lari ham bor edi. Deylik, nega shundoq ofatijon faqat yon tarafidan koʻrsatilgan, nega qiya qarab turibdi, xolos? Yuzini koʻrsak boʻlarmidi... Asalning ozi yaxshi, birodar!

Shuhratning qanoti bor. Asar oʻzi yagona-yu, ta’biga qarab har kim har xil nomlayverganidan u bir emas, bir nechtaga oʻxshab qolgan, binobarin, Pakana bittagina emas, bir necha mashhur asarning muallifiga aylangan edi.

Shuhratning qanoti borligi haqiqat. Oʻsha kezlar Pakananing oyogʻi yerga tegmas, bir kuni koʻchada borayotib hatto boʻyi choʻzilib, osmonga uchib ketayotgandek ham boʻlgan edi. Qaerga bormasin, yonverida shivir-shivir: «Ana, iste’dodli yosh rassom... «Orzu»ni chizgan-chi, huv «Nozanin»ni... Boʻlajak Chingiz Ahmarov deyishyapti...» Unda hech kim pakana demas, pakanaligiga e’tibor bermas edi. Unda anovi Obidjon deganlaridan nom-nishon ham yoʻq edi. Beshogʻochning «dumba-jigar» somsasini chala chaynab, yelkasida oʻzidan katta ishxalta, yer boʻlib «Yoshlik» jurnaliga bezak-pezak chizib yurardi. Bugun endi... Charxning oʻyinini qarang!

Pakana-ku osmondan tushgandek bu shuhratdan taltayib ketgani yoʻq, biroq talay zamon xotirjamlikka berilib, oʻshaning yogʻdusida isinib yurgani rost. Bu yogʻdu shu qadar oʻtkir ekanki, keyin ishlagan rasmlari «Orzu»ning takrori — ikkinchi, uchinchi nusxalari boʻlib chiqaverdi. Shu tariqa oʻrtamiyona bir kosibga oʻxshab qoldi. Aslida oʻzi kiroyi iste’dodi yoʻq ekanmi, «Orzu» anchayin tasodifiy ish boʻlgan ekanmi yoki institutdagi daqqi qolip ta’sir qildimi, kechagi umidli yosh rassom oddiy bezakchiga, yana ham toʻgʻrirogʻi — mana shu Pakanaga aylandi-qoʻydi. Bugungi moʻrt, sarsari tugʻyonlari, oʻzini oʻzi yeb yurishlari, omadsizlik dardi, bari-bari oʻsha — kuzak quyoshi misol yilt etib oʻtmish omonat shuhratning yoʻqlovi, alamzadalikdan, xolos. Oʻzi haqida boshqacha fikrda ekanining ham bir cheti shunga bogʻliq.

Institutda u teatr rassomligi boʻlimida tahsil koʻrdi. Bu yerda boshqa narsa talab qilinardi. Asta-asta rangtasvir, portret turlaridan qoʻli chiqa boshladi. Boz ustiga, omadi oqsab, viloyatga ketib qoldi. U yerdagi koʻlmak muhit tirikchilikning oʻngʻay yoʻllariga yetakladi. Shu yoʻsin — ke-etdi. Bugun endi iztirobda oʻrtanadi: xoʻp, ana, oʻn yillar chamasi oʻqidim, qolgani-chi, qolgan umr qayoqqa ketdi? Ke-etdi. Qulogʻini ushlab. Boshqa amalga noqobil boʻlgach...

U biron bir favqulodda ish koʻrsatib, oʻzining oddiy pakana emasligini, umuman, pakana emasligini isbotlamoqni, elaro nom taratmoqni orzu qilar, zoʻr berib turli-tuman rejalar tuzar edi — shoyad shunda kampisand pakanaligi bilinmay ketsa!

Lekin, nima hunar koʻrsatsin? Omad ketgan. Ketgan omadni qaytarish uchun gʻayrat kerak, shijoat kerak, oddiy umrguzaronlikka xos talay ne’mat va halovatlardan mardona voz kechmoq kerak boʻladi. Buning uchun esa ozgina ragʻbat, ozgina shiddat darkor. Zavq, ilhom darkor. Ilhombaxsh kimsa esa yoʻq. (Ilhomkushi-ku istagancha topiladi.) Uni topmoq uchun yana ozgina omad zarur. Omadsizga it ham qaramaydi.

Xullas, biri biriga bogʻliq, tagʻin oʻsha sarson halqa!

Pakananing shashti singan, oʻzidan koʻngli qolgan edi. Oʻzidan koʻngli qolgan odam — yarim odam, chala odam, odam emas ham deyish mumkin. Axir, boʻy yoʻq, soch yoʻq, omad yoʻq! Dunyodan umidni uzsangiz ham boʻlaveradi, Pakanaboy!

Otaxon dramaturgning navbatdagi ziyofatidan keyin Pakana bunga ayniqsa amin boʻldi.

10

Otaxon dramaturg qoʻli ochiq, dasturxoni ochiq, serhimmat muallif edi. Boʻshgina-boʻshgina «e’jod»larini «goʻshti sizdan, suyash bizdan» qabilida teatrga keltirib tashlar, oʻzi qorasini koʻrsatmay ketar edi. Lekin kattakon mahkamalardan sim qoqdirib bezor qilardi. Shundan soʻnggana biron rejissyor soʻka-soʻka bu xomashyoni qoʻlga olar, aktyorlar bilan koʻpaylashib, soʻka-soʻka uni «odam qatori»ga qoʻshar edi. Ana shunda muallif qayta paydo boʻlib, «u yogʻidan suzing, bu yogʻidan suzing» deya aylanishib qolardi. Keyin, to, asar tayyor boʻlguncha jamoaga bir necha marotaba zaytunu ilik yogʻiga osh qilib, spektaklʼ tayyor boʻlgan kuni torroq davraga, u sahnaga chiqqan yalpi koʻrikning ertasiga keng davraga dabdabali ziyofat berardi.

Keng davraga moʻljallangan boʻ galgi bazm «Bahor» restoranining bahavo, muhtasham tolorida oʻtmoqda edi. Ziyofatga kelgan ham kelgan, kelmagan ham kelgan. Teatrga, umuman, sanʼatga hech bir aloqasi yoʻq, kechagi koʻrikda ham qorasini koʻrsatmagan allaqanday yasan-tusan xonimlaru arbobsifat janoblar. Bamisoli toʻy deysiz. Toʻy-da, axir, otaxonning bayrami, teatr ustidan qozongan gʻalabasining tantanali namoyishi! Ana shuning nash'asini surgani, birga baham koʻrgani kelgan bular. Aksariyatini Pakana ilgarilari ham xuddi mana shunday sipo jamoatda, tekin ziyofatlarda uchratgan.

Dasturxon odatdagidek obod, anvoyi ichimliklar sharshara, yagona kamchiligi — anqoning urugʻiyu bulbulning suti topilmabdi qurgʻur! Anqoning urugʻi — Oʻz nomi bilan anqoning urugʻi-da. Ayniqsa, shu zamonda.

Xomashyoni «odam qilish»da qahramonimiz ham ishtirok etgan, bosh rassomga koʻmaklashuv bahona (aniqrogʻi, u — nozikta’b musavvir — Toʻlikjon hazar qilgandek burnini jiyirib chetga chiqqanda), asosiy xizmatni Pakana bajargan edi. Shunga qaramay, hozir bor-yoʻgʻi noma’lum, poygakroqda bir chetga siqilib oʻtirardi, qolganlar — «sahna»da.

Bazmning tantanali qismini bosh rejissyor ochdi. U asarni deyarli tilga olmay ustalik bilan aylanib oʻtdi-da, jamoadan izn soʻrab, oddiga qatnab yuradigan jikilloq shoir oshnasi hamrohligida tezgina qayoqqadir joʻnab qoʻydi. Boshqa joyda chortangi boʻlsa kerak. Sahna «qutulgan devlar»ga qoldi. Kechagina changini chiqarib soʻkib yurganlar toʻkin dasturxon ustida muallifni koʻklarga koʻtarib maktashdi, «Tagʻin jindakkina ishlansa, «Kelinlar qoʻzgʻoloni»dan oʻtib ketadi», deya bashorat qilishdi. Otaxon toʻrda taltayib oʻtirdi.

Spektaklning bezaklari toʻgʻrisida gap ketganda ta’rif Toʻlikjonga tegdi, albatta. Holvani hokim yer.

Sal oʻtib, shoʻx yallayu raqs boshlangach, ahli bazm hotamtoy muallifni, unga qoʻshib qaerda, nima munosabat bilan oʻtirganini ham esdan chiqarib yubordi. It egasini tanimay qoldi. Teatrdagi mojarolardan siqilib yurgan boyoqish aktyorlar sipolik toʻnini yechib tashlab, yayramoqqa tushib ketishdi.

Chappor urib irgʻishlayotgan baxtiyorlar safidan bir qiz Pakananing diqqatini tortdi. Koʻziga issiq koʻrinadi: kim boʻldi bu? Mehmonlardanmikan? Chehrasi muncha charogʻon, muqomlari bu qadar yoqimli, yarashiqli!

Oʻzi shunday: chiroylilar doim tanish tuyuladi. Ammo sen unga notanish — «charxi kajraftorning bir shevasi».

Pakana koʻz uzmay rom boʻlib oʻtirarkan, oqqush misoli qanot qoqa-qoqa davrani aylanayotib qiz unga jilmayib oʻtdi. Tanish, tanish! Boʻlmasa... Shu mahal qayoqdandir paydo boʻlgan anovi sulloh sayyod — Nurali qizning oldini toʻsib chiqdiyu... Pakana dogʻu armonda qoldi.

Charxi kajraftorning yana bir shevasi!

Kim edi u tanish-notanish dilbar?

Xiylagina ichib qoʻygan Pakana soʻngra chalgʻib, chiroyli xonimlarga sukdana-sukdana, ularning erka, nozli raqslarini kuzata-kuzata, tuyqus xoʻrligi keldi. Tashqarida olamni larzaga solib, odamni gʻaflatdan ogoh etib momaqaldiroq gumbirlayotibdi. Bahor. Yana bir bahor! Bu yerda hamma shod, baxtiyor. Umr oʻtyapti! Unga esa birov qiyo ham boqmaydi, «itmisan, bitmisan» demaydi, ishi yoʻq. Yo rab, bu qanday nohaqlik!

daf’atan bu hurram ziyofatda, bu jamoatda oʻzini ortiqcha, itdek xor, bitdek zor, pachoq, pajmurda kimsadek sezdi. Vujud-vujudini qaqshatgan bir alam bilan boshini mushtlari ustiga qoʻyganini biladi...
— Oʻzginam qoldim sizga, Pakanajon, turing endi!

Boshini arang koʻtarsa — Qamara. Ohanjama soʻmkachasini koʻksiga bosib, oʻn sakkiz yashar nozanin misol nozlanib turibdi. Odatdagidek — boʻyalmagan, bejalmagan joyi yoʻq. Atir-upasidan bosh battar aylanadi. Aktyor xalqi oʻzaro xiyla dangal, betakalluf boʻladi. Upa-elikni me’yoridan oshirib yurishi uchunmi, gʻarkoʻzligiyu bepardaroq qiliqlari uchunmi, bu ayolni ochiqdan-ochiq, yuz-koʻzi oldida shunday deb atasha-i. Oʻzi esa pinak buzmaydi, biror soʻz bilan e’tiroz ham qilmaydi. Kim bilsin yana!
— Bosh ogʻriyapti, Qamara opa. Ayting, meni uyga eltib tashlasin birortasi, — deb gʻudrandi Pakana.
— Voy, boshginangdan opang aylansin, nimalarga ogʻriydi-yo? Turing endi, tasadduq, bizlardan boshqasi qolmadi bu yerda, — dedi Qamara uning qoʻlidan tortib. — Sizni oʻzim olib ketmasam...

Pakana koʻzini ishqab tevarakka qarasa, chindan ham, ularga taajjub aralash tikila-tikila stollarni saranjomlayotgan ikki xizmatchi xotindan boʻlak kimsa koʻrinmaydi. Qolganlar qayoqqa ketdi? Qamara nima qilib yuribdi bu yerda?

Qamara — tugʻmas, koʻp yillar burun eridan ajrashgan boʻlib, teatrning orqasida, bir xonali uyda yolgʻiz yashar edi.

Pakanani uyiga olib kelib, u qildi, bu qildi, epaqaga keltirib oldi. Keyin tun boʻyi unga sigʻinib chiqdi. Xulosasini saharda aytdi:
— Endi yana qachon kutay, jonim? Sendaqasini kamdan-kam koʻrganman...

Qari qanjiq! Bugun bozoring kasod-da. Besh-olti yil ilgari-ku menga oʻxshaganni yaqiningga yoʻlatmasding. Gapini qarang! Buni bekorga anovinaqa deyishmas ekan. Mana, oʻz ogʻzi bilan aytib turibdi — koʻpni koʻrganini, koʻpdan qolganini!

Keyin daf’atan ichi toʻkilgudek boʻlib ketdi. Bu rostdan ham oʻsha Qamarami? Oʻsha mashhur aktrisa Qamara Rahimova? Pakana oʻspirin yoshligida suratlariga sigʻingan, ishqi ilohiy bogʻlagan Qamara? Unga yaqinlashuvni xayoliga ham keltirolmagan Qamara? Qani u, qayoqqa ketdi?..

Roʻparasida qiyshanglab turgan ayolni tanimadi, oʻzini ham tanimadi. Bu qanday shafqatsizlik!..
— Meni nima qilasan, Qamara? — dedi kun koʻrmagan shoʻrlik Pakana uning soʻzlariga ishonib-ishonmay. — Aft-angorimni koʻrib turibsan...
— Zato-o!.. — dedi ayol boshini sarak-sarak qilib.— Kuyinma, tasadduq, maymundan beriroqsan...

Pakana oʻsha kuni balchiqqa botgandek ijirgʻanib, oʻzini maymundan battarroq his etib qaytdi uyiga.

Boʻldi, bas! Boshqa bu yoʻlga kirish yoʻq. Yoshlik, beboshlik davri oʻtdi endi. Havoyi havaslarga chek qoʻymoq kerak. Nasibasida bori shugina ekan, nachora? Bu yogʻi qizlari katta-katta boʻlib qoldi...

11

Yoshlikning oqava nafasi hali oldinda ekanini bilmasdi Pakana. Chin muhabbat hali oldinda ekanini bilmasdi u. Hali Majnun yangligʻ iztiroblar chekajagini-da bilmasdi. Nihoyat, «Orzu»siga yetay deganida uning yana «Armon»ga aylanib qolishidan ham bexabar edi.

Xudoyim yorlaqagan bir kun Pakana ustaxonasidan chiqib nimadir yumush bilan rejissyor doʻsti Xayrulla Hoshimovning huzuriga borayotgan edi, ittifoqo sahna ortidagi torqorongʻi yoʻlaqda oppoq libosi xush qomatini koʻz-koʻz qilmoqchidek yopishib turgan, sermavj kokillari yelkasini toʻldirgan bir qizmi-juvonga roʻbaroʻ kelib qoldi. Nedandir kayfi chogʻ edi, zavqi toshib, oʻylab oʻtirmay uni belidan mahkam quchoqlab oldi. (Teatr olamida bunday qiliqlar koʻpda ayb sanalmaydi.)
— Voy-voy, kimsiz? — deya qiyqirdi qizmi-juvon tipirchilab.

Pakana «oʻlja»sini qoʻyib yubormay, ijigʻ-bijigʻ kutarib yoʻlakning boshiga — yorugʻroq joyga olib chiq-diyu... Oʻshanda uning holatini koʻrgan odam!..
— Voy, sizmidingiz? — dedi qiz nafasini rostlab.— Qoʻrqitib yubordingiz odamni.
— Siz... Oʻshamisiz? — dedi Pakana huv bahordagi ziyofatni eslab, hayratda.
— Siz... Oʻshamisiz? — dedi qiz ham Kumushbibining ohangida takrorlab.
— Me-eni taniysizmi?
— Iya, tanimay nima? Rassomsiz-da.
— Qayoqdan bilasiz? Oʻzingiz-chi, kim?
— Vuy, manovi kishini! Kunda necha bor koʻradigan odam!.. Hazillashmayapsizmi oʻzi? Kelganimga bir yildan oshdi-ya! Safsarman-ku, rassom aka, Safsar Nishonova. «Koʻzgʻolon»da kenja kelin boʻlib chiqaman, esingizdami? Bizdan boshqa hammasining portretini chizgansiz-da, bizni tanimaysiz!

Pakananing esi ogʻib qolgan edi: oʻngimi, tushi?

Roʻparasida aynan «Orzu»dagi sumbul sochli bokira nozaninning oʻzginasi!..

Bir yildan beri koʻzing qayoqda edi, Pakana? Pakana boʻlsang ham odam eding, yigit eding, koʻngling orzularga toʻla edi — koʻzing qayoqda edi, ogʻayni?

Oʻzidan koʻngli qolgan odam atrofga parvo qilar ekanmi? Qolaversa, gavharni tanib olmoq — eshkak eshmoq emas!
— Kechirasiz, men sizni Qamara opa deb oʻylab...
— Achinyapsizmi? — dedi Safsar shoʻxlik bilan. — Qamara opadan yomon ekanmanmi?

Bu — Oʻzingni buncha pastga urding, ey yigit, degani emasmi?

Bu — men ekanimni bilganingda quchoqlamasmiding, degani emasmi?

Bu — qilgan haqoratingga chidaganim uchun rahmat aytgil, degani emasmi?

Bu — gavharni shisha sinigʻidan farqlayolmagan zargar zargarmi, degani emasmi?

Bu — dunyodan bezgan zohid ham koʻzini ochib yuradi, degani emasmi?

Bu — hayf senga, ey befahm, galvars pakana, degani emasmi?

U yogʻini oʻzing tanlab ol, birodar!
— Qachon, qachon chizay rasmingizni? — deb soʻradi Pakana totli tushdan uygʻongisi kelmagandek chippa yopishib. — Hozir desangiz — hozir, hoziroq...
— Mayli, keyin. Boshqa payt. Oʻzim kiraman oldingizga. Hozir Nurali aka bilan bir yoqqa borib kelmoqchi edik. Kelishdikmi? Qoʻlni tashlang!

Pakana joyida mixlanib turib qoldi.

12

«
Dunyomiding, roʻyomiding — bilmadim…
Yoʻldosh Eshbek satri.
»

Pakana darhol bu sirli farishta boʻlib koʻringan qiz haqida ma’lumot toʻplashga kirishdi.

Safsar institutdan keyin birga oʻqigan saboqdoshiga erga tegib, Samarqand teatriga ishga ketgan ekan. Ikki yilmi-uch yil yashab, murosalari kelishmaganmi, ajrashib qaytib kelibdi. Bu orada nima balodir boʻlib eri qamalib ketibdi. Jajji qizchasi bor ekan. Bu yerda ishlayotganiga rostdan ham ancha boʻlganmish.

U yogʻini soʻrasangiz, eri bir vaqtlar Farhodu Tohir rollariga moʻljallab qabul qilingan edi oʻqishga. Xudoyim ham boshqadan (Pakanaga oʻxshash shoʻrtumshuqlardan) qisgan boʻlsa qisganki, manaman degan yigitga atagan borini shunga bergan edi. Baland boʻyli, xushbichim, xushsuvrat, xullas — tayyor Farhodu tayyorgina Tohir! Biroq, toʻrt yil davomida na oʻqish bilan ishi boʻldi, na boshqa bilan. Beshogʻochlik bezorilarga qoʻshilib nasha chekib yurdi, yana koʻp noma’qulchiliklarga bosh qoʻshdi. Bir daf'a shimol yoqdan kelgan bittasini hamtovoqlari bilan oʻrtaga qoʻyib «hashar» qilgani uchun qamalib ketishiga ham salgina qolgan. Bu bezorini oʻqishdan haydasayam boʻlardi-yu, erkak domlalar, ayniqsa, zanchalishroq rektor uni koʻrganda tipirchilagudek boʻlib oʻzi kelib salomlashardi — qoʻlidan har ish keladi-da! Ayollar esa... koʻngli suv ochib ketardi: shundoq yigitlar turganda kimga tekkan ekanman-a! Uning yaramasligini bilishardi, albatta, ammo baribir koʻrganda oʻzlarini yoʻqotib qoʻyishardi. Bilamiz, bilamiz — ablah, ablah-u, lekin yaxshi — yaxshi ablah!

Safsar qanday tushib qolgan uning changaliga?

Safsar ham oʻsha ahli zebolar qavmidan, nima, uning shoxi bor ekanmi?!

Bor, bor! Pakanaga qolsa, u boshqa, butunlay bosh-qa, oʻzgacha!

Nahot, shu choqqa qadar Pakana uni teatrda biror marta koʻrmagan, uchratmagan?

Koʻrgan, uchratgan, ammo zehn solib qaramaganda, e’tibor bermagan. Ayol narsa darrov koʻzga tashlana qolmaydi. Teatrda qiz-juvon koʻp. Hafsalasi sovigan odamga ularning bari — bir xil. Ayol kishi ba’zan qandaydir bir libos kiyadiyu tamoman oʻzgarib, boshqacha boʻlib qoladi. Pakana Safsarni shunday holatda uchratdimikan yo?..

«Dunyomiding, roʻyomiding — bilmadim...»

Ishqu ilhom junbushiga tushgan rassom kelasolib, bisotida ardoqlab yurgan bir taxta nafis xitoyi karton bilan suvboʻyoqlarini hozirlab qoʻydi. Portretdan qoʻli chiqib qolgan odam ishni shundan boshlagani ma’qul. Xomakisini qilib olib, soʻngra moyboʻyoq bilan musovadaga — matoga koʻchiradi. Vaktni ham choʻzishi kerak-ku. «Sen bilan oʻtkazgan dam...»

Qani endi, undan darak boʻlsa! Bir qarasangiz — qizchasi betob, bir qarasangiz — Oʻzi, goho repetitsiya-a yo qayoqqadir oshiqib turgan. Qolgan vaqt mudom Nuralining oldida. «Keyin, keyin. Boshqa payt. Aytdim-ku, oʻzim kiramyn, deb».

«Dunyomiding, roʻyomiding — bilmadim...»

Pakana bu yoqda, koʻzi toʻrt, zor-intizor. Dastgoh tayyor, boʻyoqlar shay. «Ammo sen oʻzgalar bazmi ila band»[1]. Azaldan she’ru gʻazalga havasmand koʻngil, naqd shaydoyi shoirga aylangan, bir paytlar atay yodlanmish sevimli misralar tildan tushmaydi. Uzun yoʻlakka chiqib, Nuralining eshigiga poyloqchilik qilarkan, mushtlari alamdan tugilib ketadi.

«Eh, oʻzgalar nechun seni sevadir?
Sevma sen, odammas ular, axir!
Ularda dard-iztirob na qilar,
Ular faqat kishnab yurgan yilqilar!»
Oshiq yana bir mashgʻulot orttirdi. Bir varaq qogʻozni naycha qilib olib, kuni daroz puflaydi. Sibizgʻa. Boʻzlar, nola aylar. Koʻrgan odam savdoyi, deydi. Koʻrgan odam aqldan ozgan Majnun, deydi. Koʻrgan odam... kuladi, masxara etadi. Sibizgʻa esa boʻzlaydi, boʻzlaydi, nolavor...

Tunu kun xayoli oʻshanda.

«
Esladimmi, labim tamshanur.
Sen bir quvonch, shiddatidan koʻzim yoshlanur.

Oʻljas Sulaymondan.
»

Tunlari toʻshakda xayolan u bilan suhbatlar quradi, xayolan uni quchadi, oʻpadi.

Xullas, oʻn sakkiz yashar shaydo yigitchani koʻrmadim demang!

Biroq, u haddini yaxshi biladi. Biladiki, oʻzi tepakal, pakana, pachoq bir bedavo, tagʻin — bola-chaqali oʻrta yashar odam. U esa — ayni chappor urgan gulday juvon. Bamisoli yer bilan osmon!

Unda bu notavon koʻngil nimani istaydi, muddaosi ne?

Mana shu kal, shoʻrpeshona boshni ul sanamning koʻksiga bir boragina bossa, sanam uning ana shu tolesiz boshini silasa, shunda u tengsiz bu baxtdan yigʻlab yuborsayu sanam ham qoʻshilib yigʻlasa...

Shugina, boshqasi kerak emas. Boshqa armoni qolmasdi dunyoda.

«
Dunyo soʻrarmidim sendan, azizim…
Asqad Muxtordan.
»
«
Ammo sen oʻzgalar bazmi ila band.
»

13

Pakana Nuraliga ochiqdan-ochiq hasad qiladi. Nurali teatrda kamdan-kam koʻrinadi. Yarim hissami, chorak hissami ishlaydi, ammo tayin nima ish bilan shugʻullanishini hech kim aytib berolmaydi. Bir-ikki marta «moxovga oshno» maqomida afisha yozganini biladi Pakana. Allaqayda dallollik shirkatida ishlarmish. Toʻlikjon bilan zoʻr. Toʻlikjon unga indamaydi, qaytaga, xosxonasini boʻshatib bergan. Oʻzi bosh rejissyorning xonasida «yashaydi». Bas deguncha iste’dodli, tirishqoq bu ikki san'at fidoyisi, soqollari oʻsgan, koʻzlari kirtaygan, qotgan non kavshagancha ertayu kech, ba’zan tongga qadar bedor oʻtirib dohiyona asar sahnalashtirish rejasini tuzadi, shundan charchamaydi.

Toʻlikjon ham qiziq. Nomi — bosh rassom. Ammo qoʻli ostidagilar bilan mutlaqo ishi yoʻq: kim bor, kim yitgan, qaerda, nima ish qilyapti. Unga shu rejadosh oshnasi — bosh rejissyor boʻlsa bas, Nuralimi, Eralimi, bilgan noma’qulchiligini qilib yuraversin! Oʻzi betayin boʻlgandan keyin... Oʻzbekcha gap soʻrasangiz, oʻrischa javob beradi. Asl ismi Tolibjon, hamma Tolik, Tolya deb atardi, teatrning oldin qishloq xoʻjalik vazirligida ishlagan, kal boshiga chust doʻppi kiyadigan keksa direktori «Toʻlikjon» deganiga shunday boʻlib ketgan.

Nuraliga kelsak, u ana shu hur, bemalolchilik muhitida yayrab yuribdi. Pakana unga hasad qilishi bejiz emas. Nurali — novcha, Pakana uning, koʻkragidan ham kelmaydi. Lekin rosa qoqichak, ayniqsa, naynovsirab, alvasti sochlarini u yoqdan-bu yoqqa jilpanglatib yurishini koʻrsangiz! Chakakbashara, siyrak soqol-moʻylov sal odam qilib turadi-da. Koʻzlar deng piska bilan ermakka tilib qoʻyilgandek. Egnida — Oʻzini bilgan odam or qiladigan antiqa kiyim-bosh. Hammadan ajralib turay deydi-da kasofat. Ammo oʻzi oʻlgudek xushmuomala, kirishimli. Ovrupocha ta’lim-tarbiya koʻrgan padarqusur zamona zayli bilan zoʻr berib «oʻzbek boʻlmoq»qa tirishadi, mulozamatni kulgili darajada oshirib yuboradi. Salomlashganda terakdek qomatini ikki bukib, mavrid-bemavrid «katta rahmat» deya kaftini koʻksiga qoʻyib turadi. Goʻyo rahmatning maydasi ham boʻladigandek, goʻyo uni xudo nomidan oʻzi oʻlchab-mieqollab beradigandek. Rahmat degin-qoʻy, bachchagʻar, xudoning rahmatiga sen dallolmisan?

Bu kasofatning tagʻin ne bir xislati borki, qiz-juvon unga pashshadek yopishgani yopishgan! Bozori chaqqon. Xushroʻy-xushroʻy ne-ne nozaninlar soʻroqlab keladi, eshigi tagida soatlab kutib oʻtiradi. Pakana ul-bul yumush bilan u xonaga bosh suqib koʻrgan. Oldilarida bir finjon-bir finjon qahva, tamakini burqsitib, boʻlmagʻur gaplardan valaqlashib oʻtirishadi.

Mana shunday ulfatparast, shirinsuxan yigit, aytishlaricha, uyidan bezor, xotinu roʻzgʻoriga qaramas emish. Egizagini oldiga solib, xotini uning ustidan bir-ikki marta direktorga arz ham qilib keldi. Yoshgina, koʻhlikkina juvon tap tortmay nima dermish: «Ikki oydan beri yotmaydi bu nomard!» Nachora, unga ham alam qiladi-da. Ajrashayin desa — «nomard»ning otasi sudmi, prokurormi, ishqilib, rosa puldor, davlatmand; hashamatli hovli-joyni tashlab, ikki goʻdagi bilan qayoqqa borsin? Indamay yuraveray desa — «bu nomard ikki oydan beri yotmaydi», bundan keyin ham yotmasligi mumkin...

«Yoshlikda boʻladi-da, kelin, xafa boʻlmang, qulogʻini choʻzib qoʻyamiz», deya yupatib chiqarib yuboribdi vaqtida oʻziyam shoʻxroq oʻtgan direktor. Aybdor esa yerga qarab munofiqona tirjayib turganmish: «Nu vsyo, Dilya, konchay, pojaluysta, ya je tebya lyublyu!»

Nuralining allaqayda oʻzi shtab-kvartira deb ataydigan xilvatxonasi ham bor emish. U yerda nima savdo — Pakanaga qorongʻi.

Safsar kelib-kelib ana shu kazzobning bozoriga mijoz boʻlgani alamli bedodlik emasmi?!

«
Aldanma, yor, aldamchshar makriga,
Malak boʻlma bevafo ishq shahriga,
Ular seni bir bossa bas bagʻriga —
Seni hech kim sevolmaydi meningdek.

Muhammad Yusufdan.
»


14

Nogahoniy muhabbat Pakananing tashqi qiyofasini ham oʻzgartirib yubordi. Ilgarilari aksariyat moʻyqalam sohiblariga xos bir palapartishlik bilan duch kelgan matohni egniga ilib, iyagiga haftalab ustara tekkizmaydigan odam — sipo, ozoda kiyinadigan, soqol-moʻylovini bahafsala kuzab-bejab yuraditan boʻlib qoldi. Ittifoqo, hech gapdan bexabar gʻaflat bandasi Arofat oʻsha kunlari odatdagidek mehribonlik bilan «Zdorovʼe» jurnalini koʻtarib keldi. Unda boʻy oʻstirishga oid ibratli tavsiyalar chiqqan ekan. Ayni muddao. Shu maslahatlarga amal qilgan bittasining boʻyy bir qarichcha uzayganmish. Bir qarich tugul, bir enli uzaysa ham qaniydi!

Pakana maslahatlardan eng oʻngʻay va serzavqrogʻini tanladi — turnik. Har erta qoʻni-qoʻshniga tomoshayu ovora boʻlib hovlidagi bolalar oʻyingohiga chiqib yurish shart emas. Osongina yoʻli bor ekan. Pakana uylarining orqasidagi eski-tuskilar uyulib yotadigan tashlandiqdan koʻpincha ishxonalarda boʻladigan uzun, yaltiroq kiyim ilgichni topib keldi. Dahlizining eniga moslab ikki yonidagi ortigʻini kesib tashladi. Bir uchidan chiqqan qoʻsh quloqli qalpoqchasini ustaxonada teng ikki boʻlakka boʻldirib, yoʻgʻon mixga yarasha kattalikda teshdirib oldi. Quloqchalarni shiftdan pastroqqa, boʻyiga moʻljallagan holda, ikki devorga mahkamlab mixladi.

Yaltiroq misrangni ana shu quloqchalarga kiygizgan edi, tap-tayyor turnik boʻldi-qoldi, uyga kirgan-chiqqanda bemalol osilib, mashq qilib ketaverish mumkin. Mehmon-izlom kelganda esa, haligi temirni quloqchalaridan chiqarib, bir chekkaga olib qoʻysa ham boʻladi. Ana sizga xonaki mashqu muolaja!

Pakana endi har erta qoʻlbola turnigiga tortanakdek osilib mashq qilar, undan keyin odatdagi badan-tarbiyaga oʻtar edi. Vujudida allaqanday quvvat paydo boʻlib, oʻzini xiyla tetik sezib qoldi. Endi ilgarigi lanjlik, loqaydlik yoʻq, yurish-turishlari dadil, gap-soʻzlari ham qat'iyat kasb etgan, gʻayrat joʻsh urib turibdi, koʻngilda esa — muhabbat alangasi!

Mayli-da, boʻy oʻsmasa ham koʻngil oʻsgani kifoya.

15

Nihoyat, u keldi. «Va’daga vafodor malak»[2]. Pakana boʻlajak asarini oʻzicha oldindan «Umid» deya nomlab, moʻyqalamni qoʻlga oldi.

Safsar uch martami-toʻrt marta bir soatdan oʻtirib ketdi. Qizchasini bogʻchadan olishi kerak, kechqurun — spektaklʼ. U ketgach, atigi bir soatlik mehnatdan Pakana pakkaga yetgan uloqchi otdek sulayib, hozirgina Safsar oʻtirgan qulay savat kursiga choʻzilib qolardi. Har gal shunday. Hayajonu zoʻriqishdan. Boʻlmasa, ortiq gap yoʻq, soʻz yoʻq. Ish, ish.

Gʻalati qiz ekan. Dastlabki taassurotga har doim ham ishonib boʻlmasligi rost. Haligina ochilib-sochilib bir nimani gapirib oʻtiradi-yu, lahza oʻtmay daf’atan sipo tortib, oʻychan, ma’yus, bir nuktaga tikilib qoladi. Pakana esa nima deb gap qoʻshishga hayron. Oʻrtada devor bor — hayajon devori, begonalik devori, nomunosiblik devori... Umid, umid! Sabr, sabr!

Atigi bir necha soatlik bu ishchan, ammo soqov muloqotlardan Pakana Safsar haqida bilganidan ortiq deyarli hech narsa bilolmadi. Gap soʻrasangiz, taajjublangan kabi aftingizga tikilib qoladi, javob bermaydi. Keyin, bir mahal oʻziga kelgandek, bir ogʻizgina «ha» yo «yoʻq» deya negadir ayanchli kulimsirab qoʻyadi.

Lekin bu qizga bejiz koʻngil qoʻymaganini Pakana ish jarayonida, unga, uning yuz ifodalariga tikilib-tikilib qaragan chogʻlarida angladi. Bir payt favqulodda moʻyqalam qoʻlidan tushib ketdi: Safsar gʻoz boʻynini shunday bir ulugʻvorona maqomda burdiki!..

U har gal har xil qiyofa, har xil kayfiyatda, goʻyo boshqa odamga aylanib kirib kelar, oldingiga oʻxshamas edi. «Yangi va yangi, xilma-xil». Barchasi birdek yoqar Pakanaga, lekin — ajabo! — soatlab termilgan, siymosini tasvirga koʻchirayotgan suyukli odamining qiyofasini oʻzi ketgach, harchand eslay, koʻz oldimga keltiray desa, uddasidan chiqolmas edi. Boshqa tanish-bilishlari, hatto koʻcha-koʻyda bir-ikki martagina uchratganlarining ham aft-angori yodida, uniki — yoʻq. Koʻzniki boshqa, koʻngilniki boshqa ekan-da. Ayniqsa, teran oʻrnashgan boʻlsa u!

Yana Pakanani ajablantirgan ham ranjitgan joyi shu boʻldiki, Safsar chizilayotgan suratini koʻrmoqqa biror daf'a ragʻbat bildirmadi. Sababini shunday izohlardi: «Keyin qizigʻi qolmaydi. San'at sirli boʻlishi kerak». Voqean, bir gal gap orasida: «Qushga oʻxshatib chizing, uchi-ib ketayotgan qushga oʻxshatib», degani rost.

Umuman olganda, portret oson bitdi, desa boʻladi. Chunki bu siymo, bu yuz ifodalari Pakanaga yoshligidan tanish, zehniga muhrlanib qolgan, yillar davomida sayqallanib, nurlanib kelgan, sirasi, sal boshqacharoq holatda uni avval ham bir marta «Orzu»sida aks ettirgan edi. Endi u «Umid» boʻlib, barkamol qiyofada jonlanmogʻi kerak.

Ish payti Qamaraning ikki karra kelib ostonada lab qimtib turgani! Niyati ayon bu yosumanning!
— Koʻrib turibsiz-ku, Qamara opa, bandman, — dedi Pakana oʻzi ham kutmagan sovuqqonlik, ayni choqda bir zarda-qat'iyat bilan. — Bizga xalaqit beryapsiz.

Keyin oʻylab oʻzi hayratda qoldi. Shu bir ogʻizgina gap bilan, ortiqcha izohga oʻrin qoldirmay, har ikki tomonga munosabatini bildirib ulgurgan ekan. Bandman! Xalaqit beryapsiz. Bizga! Safsar ikkalamizga.

Koʻrib turibsiz — biz bandmiz. Siz esa atay xalaqit beryapsyaz, Qamara opa! Qamara opa bizga, ikkalamizga xalaqit bermoqchi, Safsar, koʻrib turibsiz!

Asar asosan pardozdan chiqib, yakunlovchi chizgilari qolgakda reja buzildi — teatr jamoasi Namangan safariga otlandi. Odatdagidek, Safsarning fursat topishi qiyin boʻldi.

Shu tariqa, portret ham, boshqasi ham chala qoldi. Nasib etmagan ekan.

Teatr jamoasi joʻnab ketgach, hammayoq huvillab, Pakana shoʻrlik devona boʻlay dedi. Biror bahona bilan ularga qoʻshilib olmaganiga afsuslandi. Kun sanab oʻtkazdi «Dunyomiding, roʻyomiding...»

16

Orzumand Pakanamiz sarguzashtlarining bu yogʻi tasodiflardan iborat. Ularni Pakana ham, biz ham toʻqib chiqarganimiz yoʻq. Zinhor-bazinhor. Aslida tasodiflarga tuliq hayotning tabiiy izmi bu. Faqat, sizu bizga shunday tuyuladi.

Teatr safardan qaytgan kunning ertasiga Pakana ta’tilga chiqib, oyoqogʻrigʻini davolatgani, qarangki, xuddi oʻsha tomonga — Chortoqqa ketadigan boʻlib qoldi. Ta’tili — ma’lum jadval boʻyicha, yoʻllanmasi ham aynan oʻsha kundan edi. Nimasi tasodif buning?

Pakana oxirgi ish kuni kechqurun uyga qaytayotib avtobusda kimni uchratdi deng?

Qoʻlida ogʻirgina tuguncha, Safsar Yunusobodda yashaydigan opasinikiga yoʻl olgan ekan. Buning nimasi tasodif?

Pakana darhol uning qoʻlidan yukini olib, safar qanday utganini, taassurotlarini surishtira ketdi.

Safsar negadir gʻamgin, xomush edi. Behafsala javob kildi. Pakana buni charchoqqa yoʻydi. Safar hayotini kim bilmaydi? Ayniqsa — betartib, toʻpolon jamoaviy safarlarni!

Suhbatlari unchalik qovushmagan boʻlsa-da, avtobusdan tushilgach, Pakana Safsarni manziliga qadar kuzatib quydi. Xayrlashayotib, portretni ta’tilidan keyin, xudo xohlasa, kuzda bitirajaklarini aytdi.
— Shuning bitmagani yaxshi, — deb qoldi Safsar kutilmagan bir shoʻxchanlik bilan. — Bitgan narsalarni xush koʻrmayman. Bitdi degani — tugadi, tamom boʻldi, degani-da, shunaqamasmi? Chalasi yaxshi, doim shuni oʻylab yurasiz. Innaykeyin, bu dunyoda mukammal nima bor oʻzi? Ha, darvoqe, Namangandan men sizga sovgʻa olib kelganman. Nimaligini koʻrganda bilasiz. Oʻylang, qani, topa olarmikansiz?

Pakananing koʻnglida chiroq emas, mash'ala yondi. Murgʻak bir umid bilan qizga tikila-tikila xayrlashdi u.

Kechasi xuddi ana shu manzara — kuzatuv manzarasini Pakana qaytib tushida koʻrdi. Ikkalasi gʻira-shira oqshom pallasi sokin, ikki cheti daraxtzor xiyobon boʻylab ketib borishayotir. Ikkalasi-da shod, baxtiyor. Pakana qarasa — boʻyi unchalik past ham emas, Safsardan tikroq, hatto baland emish! Tuyqus yonlaridan oʻsmir yoshidagi bir yigit-qiz qoʻltiqlashib oʻtibdi. Qizi emish! Besh-olti qadam uzoqlashgach, u orqasiga qarab qichqirarmish: «Baribir pakanasiz-ku, adajon, oʻzingizdan balandi bilan yurib nima qilasiz? Qarang, uningizning oyogʻi choʻloq ekan, choʻloq ekan, choʻloq... Siz — pakana, pakana, pakana...»

Pakana uygʻonib ketib, taajjubga tushdi. Kecha, rostdan ham, yonlaridan novcha-novcha bir yigit-qiz oʻtgan edi.„ Lekin qoʻltiqlashib emas! Shunchaki, gaplashib. Kimdir orqadan nimadir degandek ham boʻldi. Ehtimol, oʻzaro bir gapdir, Pakananing qulogʻiga kirgani yoʻq, u tom bitgan edi oʻsha tobda. Ammo, qizning egnidagi qora las mayka yodida, negadir shunga e’tibor qilibdi. Maykada zardoʻzlik bilan ishlangan ajdar tasviri bor edi...

Arofatning aytishicha, toʻngʻich qizlari Hilola bir sinfdoshi bilan doʻst tutinganmish. Shunchaki. Tagʻin har balo xayolingizga kelmasin. Baland boʻyli, baquvvat bola ekan. Huv, televizorga chiqib dehqonlarga paxta ekishni oʻrgatadigan baroqqosh kishi bor-ku, oʻshaning oʻgʻli. Hilolani har xil xira bezorilardan himoya qilib, qoʻriqlab yurar emish. Qoʻriqchimizning himmatiga balli-yu, lekin... har holda qiz bola, hali yosh... Pakananing gʻashi kelganini koʻrib, Arofat koyib berdi: goʻdak-ku, nimaning fahmiga borardi, ammo esi joyida, oʻziga pishiq-puxta, tashvish qilmang.

Hilolaning egnida ham qandaydir qora mayka koʻrgandek edi. Hozir oʻshanaqasi rasm. Lekin, koʻkragida ajdari bormidi, yoʻqmidi — bunisi noma’lum. Chaqirib soʻray desa... ota-bolaning siri birdan fosh boʻladi. Uyat emasmi? Sharmandalik emasmi? Hilola oʻlaqolsa boʻyniga olmaydi: qara-ang, hammayoq ajdarli maykaga toʻlib ketgan-u!

Biroq, otasini tanigani aniq: bunaqa pakana bu atrofda yoʻq. Iya, oʻzi-chi, oʻzlari?

Yoʻq, bu sir — sirligicha qolajak, uni ochmoqqa hech qaysi tomon jur'at qilmaydi. Tizzasi yirtiq ishtrni yoʻqqa kulgandek boʻlady.

Oʻylay-oʻylay Pakana shunday fikrga keldi: koʻrgan boʻlsa koʻrgandir. Pakana, boz ustiga koʻrimsizgina dadasiningki shundoq sohibjamol bilan yurganini koʻrib qaytaga faxrlansin! Baribir kelib oyisiga aytolmaydi, oʻgʻrini qaroqchi urib turgan boʻlsa! Aytganida nima, qoʻrqamanmi? Oshing halol boʻlsa, koʻchada ich. Birovdan tilqisiqlik, xijolatli joyim yoʻq. Hamma eshitsin, bilsin: men shu ayolni yaxshi koʻrib qolganman, Safsarni yaxshi koʻraman, yaxshi koʻraman, jonimdan ortiq!..

17

«Dunyomiding, roʻyomiding — bilmadim».

Pakana Chortoqdan qaytib, ishga chiqqan kuni mudhish shumxabarga duch keldi.

Teatr dolonidagi marmar ustunning poyida oʻzi yaratgan «Umid» turar edi! Chetlari qora hoshiyaga olingan, berirogʻida bir dasta gul...

Telbalanib qolgan Pakana bu yerda qancha turganini oʻzi bilmaydi. Bir mahal kimdir yelkasidan quchib olib ketdi. Toʻlikjon ekan.
— Da-a, starik, pechalʼno, konechno. Takaya krasavitsa, jalʼ!

Keyin qaerdadir oʻtirishdi, choymi, qahvami ichishdi.

Toʻlikjonning aytishicha... til bormaydi... Safsar oʻzini osib qoʻyganmish! Bu fojiaga oʻn kunlardan oshibdi. Bir erta hadeganda xonasidan chiqavermabdi. Eshikni ochib qarasalar... shu ahvol. Aql bovar qilmaydi. Shunday yosh, goʻzal qiz!

Har xil taxminu tusmol. Birovlar «Dushmani dori ichirgan», dermish. Chamasi, uyidagilar nimanidir yashirishayotir. Asabdan boʻlgan, asabi chatoq edi oʻzi, degan gaplar ham bor. Bir kunmi-ikki kun oldin sobiq eri kelib ketgan ekan. Nega kelgan, oralarida nima gap kechgan — hech kim bilmaydi. Birovning hayoti boshqa birov tubini koʻrolmaydigan quduqda. Attang, biz uni bosh rejissyor bilan Ofeliyaga moʻljallab turuvdig-a! Juda iste’dodli qiz edi. Ta’sirchan, xuddi Turgenevning qahramonlariga oʻxshardi. Nachora — hayot! Qoʻlingdan nima kelardi? Ha, darvoqe, oʻsha kuni durustroq surati topila qolmadi, sening ishingni olib osib qoʻydik, xafa boʻlmassan. Hoshiyani oʻzim yasadim, kerak boʻlsa, sekin qiyib tashlash mumkin. Oʻlik fotodan koʻra bunisi yaxshiroq-da. Jonli, original... («Jonli, original...») Bu yoqda mana shunaqa gaplar, ogʻayni. Xoʻsh, oʻzingdan gapir, dam olish qanday oʻtdi?..

«Dunyomiding, roʻyomiding — bilmadim».

Pakana bir oylar oʻziga kelolmay yurdi. Sira ishonolmas, koʻnikolmas edi bu hodisaga. Goʻyo bu gaplar uydirma, goʻyo Safsar tirik, qayoqlardadir yuribdi, yoʻq, oʻshanda eri, nashavand, ablah eri bilan yarashib, Samarqandga ketib qolgan... Lekin — tirik! Koshki shunday boʻlsa edi!

Portretni olib kelib, Toʻlikjon aytgandek, hoshiyasini qirqib tashladi-da, xonasiga osib qoʻydi. Asar endi qandaydir mukammal bir ma’no kasb etgandek edi. Nogahon uzilgan umr uni goʻyo yakunladi. Oʻzi yaratgan bu xotira ilohaga Pakana soatlab termilib oʻtiradi. Uning dunyoga kelish tarixini, Safsar bilan birga kechgan onlarini qayta-qayta koʻz oldidan oʻtkazadi. Keyin marhumaning oʻzi koʻrmagan, bilmagan soʻnggi kunlarini, soʻnggi lahzalarini xayolan tasavvur qiladi, qoʻrqib ketadi, mislsiz iztiroblarga tushadi. «Oʻsha damlarda biror marta boʻlsin xayolidan oʻtganmikanman?» degan besamar umidlarga boradi. Soʻng bu xudbin oʻydan qochib, oʻzidan ijirgʻanib ketadi. Yana boshdan boshlaydi...

Oʻtirib-oʻtirib, koʻzlariga duvillab yosh keladi. «Uchib ketayotgan qushga oʻxshatib chizing», degan edi. Uchib ketdi... Senga nima boʻldi, Safsar — kech topib, erta yoʻqotgan malagim? Men sendan hech narsa tilamas edim-ku, Safsar, bunga haddim ham, haqqim ham yoʻq edi. Birdan bir tilagim: mana shu yorugʻ dunyoda omon yurgin edi, yashagin edi, Safsar, shuning oʻzi menga dunyo edi. Nega bunday boʻldi? Kimga yomonlik qilgan, kimga ogʻiring tushgan ediki, bu dunyoga sigʻmading, Safsar? Bilaman, biz nomunosib edik; nachora, xudodan oʻzgasiga nolam yoʻq. Lekin koʻnglim senga munosib edi, moyil edi, Safsar, seniki edi u, asli senga atalgan edi.

«Sizga Namangandan sovgʻa olib keldim», deganlaring, ammo nimaligini aytmaganlaring! Nima edi u, Safsar? Ros-dan, menga atalganmidi? Endi hech qachon bilolmasman buni, Safsar. Endi sendan menga yodgor boʻlib armonga aylangan mana shu «Umid» qoladi. Yaxshi kunlaringga atab chizganim, evohki, qora kuningga yaradi, Safsar. Sen bu olamda mendek bir notavon borligini, u senga talpinib yashaganini koʻrib, bilib koʻz yumding, Safsar. Qorachoʻgʻingda ketdim, Safsar, shuning oʻzi men uchun har nedan ortiq. Sen esa mening koʻnglimda qolajaksan, Safsar. Hamma unutar, yor-doʻstlaring unutar, ota-onang unutar, qizing unutar, ammo mening koʻkragimda qolasan. Ketsam, koʻnglimda ketasan, Safsarim! «Dunyomiding, roʻyomiding — bilmadim», bilmay oʻtarman, farishtam! Le-kin shunisi haqiqatki, «sen bor eding — men bor edim dunyoda».

Oradan biror oylar oʻtib-oʻtmay, Pakana uchun yana bir xunuk hodisa roʻy berdi. «Umid» yoʻqoldi! Uni qaysi bir xudobexabar kirib xonadan koʻtarib ketibdi. Pakana zor qaqshab toʻrt tarafga yugurdi, soʻramagan odami qolmadi. Yoʻq, yoʻq.

Kimga kerak boʻldi u, nima uchun? Jumboq. Bu olamda jumboq koʻp, shulardan biri.

Safsardan qolgan yolgʻiz yodgor — «Umid»dan ajralgach, Pakana rasmonasiga kasal boʻldi. Shifoxonada yotib ham chiqdi. Keyin-keyin «Umid»ni xayolan qayta tiklamoq tashvishiga tushdi.

Vaqt oʻtishi bilan har qanday yara bitar ekan. Bitdi. Tabiatan oʻksik yaralgan koʻngilga yana bir dogʻ qoʻshildi, oʻrnashdi.

Dunyomiding, roʻyomiding...

18

Kunlardan bir kun Pakana moyboʻyoq istab badiiy ashyolar doʻkoniga borganida, sira yolgʻiz yurolmaydigan Nuralini, odatdagidek ikkita oʻris qiz bilan koʻrib qoladi. Qizlar «Potom, potom, kak-nibudʼ» deya xayrlashib ketishgach, yolgʻizlikdan qoʻrqib Nurali uni «shtab-kvartira»siga taklif qiladi. U qadar osh-qatiq boʻlmasalar-da, qiziquvchanlik vajidan, qolaversa, pinhona bir ilinj bilan (yigit kishi oʻylamoqqa ham uyaladi-yu... har holda, Safsarga aloqasi bor edi, rahmatlini koʻrgan, bilgan...) taklifga koʻngan Pakana koʻchaning naryogʻiga oʻtib, oziq-ovqat doʻkonidan xarajat qilib keladi. Toʻqqizinchi qavatda joylashgan ustaxonasining eshigiga yetganda Nurali: «Moment! Men sal tartibga solay», deydi ma’nodor qilib. Pakana u yerga kirgach, hayron qoladi: tartibga soladigan narsaning oʻzi yoʻgʻ-u bunda! Oʻrtada oyoqlari chalmashgan pastak dumaloq stol, ikki tarafida ikkita savat kursi, burchakda qup-quruq bahaybat dastgoh, toʻshagi qoʻqib yotgan kengish karavot. Boʻldi, shu. Devorlarda yakkam-dukkam rasmlar, koʻpchiligi Pakanaga tanish — boshqa rassomlarniki, ana, imzolari ham koʻrinib turibdi.

Rassomning ustaxonasi emas, quruqvoyning xilvatxonasi-ku!
— Oʻzingning ishlaring qani? — deb soʻraydi bu yerda ish-ijod sharpasini sezmagan Pakana.
— Oʻzimning ijodimni uyga eltib tashlaganman, — deydi Nurali beparvo iljayib. — Bir qismi koʻrgazmada. Moskvada. Koʻrmaganmisan?

Moskovga borib uning ijod namunalarini koʻrib kelmagan, umuman, pichoqqa ilinadigan biron asarini bilmaydigan Pakananing hayratdan boshi qotadi: shaharning qoq markazidan bunaqa joyni kim berdi bunga? Nima karomati evaziga?
— Ijod-pijodni qoʻyib tur, ke, avval otaylik bittadan, — deydi Nurali besabrlik bilan shishaning ogʻzini ochib.

Ichadilar.
— Qoidasini bilasan-a: birinchi qadah bilan ikkinchisining orasi besh minutdan oshmasligi kerak!

Yana. Takror va takror. Undan-bundan valaqlashib shishani sob qiladilar. Tagʻin ichgilari keladi. Joʻmardligi tutib Pakana choʻntagidagi bor pulini chiqarib beradi.
— Ayn moment! — deydi Nurali pinjagini kiftiga ilib. — Qorovul. Seni tanimaydi. Besh sekundda tushib-chiqaman. Ana, karavotga choʻzilib, damingni olib tur.

Pakana karavot tomon oʻtayotib dastgohning orqasiga tushib yotgan allaqanday kartonga koʻzi tushadi. Nafis xitoyi karton tanish koʻrinadi. Yuragi beusul dukillagancha asta unga qoʻl uzatadi.

Oʻsha!.. Bir chetidagi, jussasiga monand ixchamgina, saranjom imzoning ustidan qalin, qoʻpol qilib «Nur» deb yozilgan. «Koʻrgazma»siga olib kelgan ekan-da... Ablah!

Pakana portretni avaylabgina avvalgi joyiga qoʻygach, titrogʻini bosish uchun kelib stoldagi choynakni joʻmragidan koʻtaradi, sipqaradi. Soʻngra oʻzini osoyishta tutishga urinib, hech nima boʻlmagandek, savat kursiga yastanib oladi.

Nurali shisha qoʻltiqlab keladi. Bir qoʻldan ichadilar.
— Safsar bu yerga kelganmidi? — deb soʻraydi sherga aylangan Pakana toʻsatdan, Nuraliga tik qarab.
— Safsar? Qanaqa Safsar? — deydi Nurali bir xil boʻlib, boʻzargandek. — Ha-a, anovimi, Safsar Nishonova? Jinni. Oʻzini oʻzi qildi u. Har kuni dori soʻrab kirardi oldimga. Ukam dorixonada ishlaydi-da. Yuragi siqilib, hapriqib ketaverarmish. Hayotda aldanganmish-da, eri xiyonat qilganmish. Podumaeshʼ! Bu dunyoda hech kimga ishonib boʻlmasmish. Jinni. Oʻziga oʻzi qildi. Leqin-chi, yaxshi narsa edi. Shuncha urindim, kelmadi. Oʻlgudek tajang, asabiy qiz edi. Opkelganimda-ku... Hayf ketdi, esiz!..
— Oʻlgan odam haqidagi gapingmi bu? — deydi shusiz ham tars yorilay deb oʻtirgan Pakana titrab.
— Qoʻysang-chi! «Oʻlgan odam» emish. Ha, nima qipti? A, oldin tirik edi-ku? Zoʻr edi ammo!
— Nurali! Oʻylab gapiryapsanmi oʻzi? Sen... senga nima boʻlgan? Yo mastmisan?
— Hech nima. Shunchaki, oʻzim.

Qaddi shamshod, basharasi ma’nosiz-ifodasiz, qoʻllarini koʻkragiga chalishtirgancha sovuqqina kulimsirab turibdi. Shunchaki, oʻzi. Oʻzi, shunchaki. Dod!

Pakana shu tobda uning kimligi — mohiyatini aniq anglab yetgandek boʻladi. Bu enagʻar, qoʻlida oʻtmas pichoq, begʻam, yayrab yashaydi. Biror narsaning oqibatini oʻylab oʻzini koyitmaydi. Pichogʻini boʻgʻzingizga qadab, «oʻzim, shoʻnchaki» deb turaveradi. Surbet, yovuz. Tavba, qizlarga shunaqasi yoqar ekan-da? Oʻziga oʻxshagan yoki tekin sarguzasht qidirib yurgan nodonlarga yoqsa kerak-da. Ha, bular boshqa, boshqa tur odamlar.

Pakananing dami ichiga tushib ketgan. Soʻz yoʻq. Nima desin? Dod!
— Nomard ekansan, Nurali! Marazning oʻzginasi!
— Ni-ima? — Nurali kutilmaganda uni bir qoʻllab giribonidan oladi-da, kuchukvachcha misol pitirlatib eshigidan tashqariga otib yuboradi. — Joʻna! Kalta! Lilliput!

Pakana borib tushgan burchagida yotib eshikni tepa boshlaydi. Eshik ochiladi.
— Safsarni ber!
— Nima deyapti bu? Jinni boʻldingmi?
— Portretni opchiq!
— Qanaqa portret?
— Opchiq, deyapman! Boʻlmasa!..

Bir zumdan soʻng qiya ochiq eshik osha toʻrt boʻlak qilib yirtilgan allanima oyogʻi ostiga kelib tushadi. Pakana figʻon aralash uni terib qoʻltigʻiga qistiradi-da, zina tomon yuradi...

Koʻchaga chiqqach, yonida taksiga puli yoʻqligi esiga tushadi. Shitob bilan yelib borayotgan, negadir «shox»siz trolleybusga qoʻl koʻtaradi. Trolleybus toʻxtaydi. Chiqsa, ichida bitta ham yoʻlovchi yoʻq. Vaqt allamahal boʻlib qolibdi-da.
— Jon ogʻayni, meni Yunusobodga eltib tashla, — deb yalinadi Pakana haydovchi yigitga.
— Trolleybus parkka boradi, — deydi daroz boʻlib oʻtirgan haydovchi yoʻldan koʻz uzmay.

daf’atan Pakananing koʻzi peshoynaga yopishtirib qoʻyilgan suratga tushadi. Voajab, «Orzu»mi? Oʻzi bexabar, yana chiqibdi-da bu? Qaysi baraka topkurning gʻaladonidan topila qoldi?
— Ogʻayni, toʻxtat aravangni.
— Ha, keldingmi Yunusobodga? Mana, tush.

Pakana chiroqni yoqdirib, rasmni sinchiklab koʻzdan kechiradi. Allaqaysi tadbirkor shirkat bosib chiqaribdi, tagida ilon yilining taqvimi. Muallif yonidan flomaster oladi-da, rasmning quyi qismidagi «Orzu» soʻzini oʻchirib, «Armon» deb yoza boshlaydi.
— Oʻv-oʻv, nima qilyapsan? Tush hoziroq mashinadan, piyonista!
— Nima qilsam — Oʻzimning ishim, oʻzim ishlagan rasm!
— Nima deb valdiryapti bu? Tush deyapman, hoʻv pakana!
— Ishonmaysanmi? — Pakana qoʻltigʻidagi toʻrt boʻlakni olib, uning oldiga terib qoʻyadi. — Qara, oʻxshaydimi?
— Oʻxshaydi, — deydi yigit bir unisiga, bir bunisiga tikilib. — Sevaraning xuddi oʻzi! Sen uni qayoqdan bilasan?
— Otini nima deding?
— Sevara-da. Birga oʻqiganmiz maktabda. Institutda oʻqimagansan deb, meni tashlab, bir oliftaga tegib ketdi. Yaxshi koʻrardim. Hozir ham yaxshi koʻraman. Ichmaymizmi? Menda bittasi bor. Uyga opketayotuvdim. Esga tushib ketdi-da...
— Yaxshi koʻrgan boʻlsang, haliyam eslab yurgan boʻlsang, tuzuk yigit ekansan. Ke, oldin tanishib olaylik. Mening otim Pakana.
— Pakanaligingni koʻrib turibman, ismingni ayt.
— Ismim ana, yozib qoʻyilgan. Ming aytganim bilan baribir meni pakana deb oʻylayverasan...

Trolleybus yelib bormoqda.
— Qayoqqa ketyapmiz, hoʻv ogʻayni?
— Yunusobodga, uyingga.
— Uyimga trolleybus bormaydi, bu yoqda qoladi.
— Boradi. Bordiramiz! Bu — «yoʻltanlamas»!

19

«Shox»siz trolleybus chindan ham «shox»siz — yoʻl tanlamas ekan. U allaqanday notanish dalaning qoq oʻrtasiga borib toʻxtaydi.

Tun boʻlishiga qaramay, osmon yorugʻ, zangori, pagʻa bulutlar suzib yuribdi. Kuz boʻlishiga qaramay, atrofda bahor nafasi — gul, chechaklar. Qaerdadir jildirab suv oqadi, qaerdaligi noma’lum. Kuzda shunday jildiraydi. Bahorda shunday jildiraydi. Maysalar mayin yelpindida asta shivirlashadi, sirlashadi, hasratlashadi. Odamlarga oʻxshab. Bahorda shunday, bahorda. Kuzda esa kuyib-kuyib yigʻlashadi — xazon, xas-xashak... Ayriliqdan, hijrondan. Odamlarga oʻxshab. Shoirlar shunday deydi, qaydam. Biz aytamizki, koʻngil koʻngilga mos tushsa, ayniqsa, hamdard chiqib qolsa, bas, gulu xazon — baribir, izgʻirinu shabada — baribir, kuzu bahor — baribir.

Hamrohlar roʻbaroʻ, chimzorga yonboshlaydilar.

«Uyga opketilayotgan» matoh oʻrtaga qoʻyiladi.

Shunchaki tasodifiy ulfat emas bular. Hamdard. Sirdosh. Ming yillik qadrdon. Mushtarak koʻngillar. Biri pakana, biri — daroz. (Shunaqalariniyam tashlab ketarkan-da kizlar!..)
— Muhabbat yoʻq ekan dunyoda...
— Bevafo koʻp ekan dunyoda...

Hasratdoshlar — tun, qorongʻi, xilvat, hech kim koʻrmaydi, ayb kilmaydi — baralla ovoz qoʻyib uvlashadi. Oʻrtadagi sabil tugaydi. Dard-hasrat ham ado boʻlgandek sayoz tortib qolyapti. Boz ustiga — zax, nam badanga ura boshlagan.

Pakana eski dardidan soʻz ochadi...
— E, gʻam yema, oʻlimdan boshqasiga chora bor! — deydi «ming yillik qadrdoni» bepisandlik bilan va «oʻlimdan boshqasining chorasi»ni ta’riflay ketadi, Pakana jon qulogʻini berib tinglaydi. — Yur, seni oʻsha yerga olib boray. Hali koʻrasan, mendan ham novcha boʻlib ketmasang!..
— Endi befoyda, — deydi Pakana ishonar-isho-mas, ammo koʻnglida umid chirogʻi lipillab. — Endi Safsar yoʻq...
— Ke, boʻy almashamiz: sen novcha boʻlasan, men — pakana. Chunki menga endi boʻyning ahamiyati yoʻq. Novchamanmi, pakanami — baribir, Sevara tashlab ketgan... Anovi rasmni yana bir koʻray...

Pakana toʻrt boʻlak qogʻozni qoʻynidan olib, chim ustida undan «Armon» yasaydi.

Ikkovlon choʻnqayib oy yorugʻida unga termiladi.
— Bevafo Sevara...
— Shoʻrlik Safsar...

Bir dunyo alam-hasratni dalaga tashlab, «shox»siz trolleybus shaharga qaytadi.

Ajabo, Pakana necha yil yurib bu shahri azimning qoq oʻrtasida shunday alomat goʻsha borligini bilmas ekan.

Hozirgi Mustaqillik maydoniga yondosh tramvay yoʻlini koʻrgansiz, oʻshaning beri yogʻida, eski kutubxonadan yuqoriroq bir xilvatda devorlari baland-baland shunday azamat qoʻrgʻon bino ediki, naqd podsholar davridan qolgan oqsuyaklar chorbogʻi deysiz! Devorlari sirtdan koʻhna (darhaqiqat, ovloq bir joyida «Stalin koʻchasi» deb yozilgan tunuka lavha ham turibdi), yemirilgan-nuragandek koʻringani bilan, hovlining ichiga kirib ogʻzingiz ochilib qoladi. Kech kuz boʻlishiga qaramay, hammayoq gulu gulzor, oroyish-osoyishtalik hukmron. Nimasidir Pakana bir paytlar muvaqqat istiqomat qilgan umumhovlini eslatuvchi, ammo chandon obod, oʻrdadek keng bu qadim chorbogʻ sersoya argʻuvonu koʻrkam joʻkalarga koʻmilgan.

Kiyomatli birodari Pakanani chorbogʻ adogʻidagi dov-daraxt, gulu butalar panasida koʻrinmay turgan nisbatan gʻaribroq, sirliroq pastqam bir kulba sari boshlaydi.

Kulba sohibi xuddi boʻsagʻaga kursi qoʻyib, ularni kutib oʻtirgan ekan. Pakananing gʻamxoʻr homiysini koʻrishi bilanoq uning poyi qadamiga oʻzini yuztuban tashlaydi — qurboning boʻlay degani, ixlos-sadoqatining izhori. Mehmon kiftidan tutib uni tikka qiladi.

Bu — boshi oyna misol sip-silliq kal, ikki chakkasidan yakkam-dukkam soch tolalari yelkasiga parishon osilib turgan — baayni oʻrtasi teshik poʻstakchani ermakka kiyib olgan shoʻx bolakaydek ushoqqina, bagʻoyat koʻhna quriyalik chol.
— Shang shung san xuva chu! — deya u izzatli mehmoniga iltifot izhor etib kaftlarini kindigi ustida chalishtirgancha vazmin ta’zim bajo keltiradi va negadir uning burnidan tortib-tortib qoʻyadi. Suyganimikan?
— Chu xuva san shung shang! — deydi mehmon unga javoban, soʻng Pakanani koʻrsatib allanimalarni ma’ni-dod qiladi.

Nima deb vaysayapti bu? «Jonini olsang olgin-u, boʻiini choʻzib ber», deyaptimi yo — «Suyagi oʻziniki, goʻshti seniki», deyaptimi? Tavba, uncha-muncha odam bolasi tushunolmaydigan chulchutcha tilni bu oddiy aravakash qayoqdan bilaqoldi?

Ajabtovur qariya Pakanaga oʻgirilib, kaftlarini koʻksida juftlashtirgancha negadir hindiycha salom qiladi.

Tilmochning ma’lumot berishicha, quriyacha salom bilan hindiycha salomni chalkashtirgan bu zot Kim Ir Senning xolavachchasi emish, vaqti-zamonida Chan Kay-shini, Mao Szedunni, hatto Stalinni davolagan. Hitlerni ham davolamoqchi boʻlgan-u, samolyotga patta topolmagan. Qoʻli rosa yengil, oʻzini Ibn Sinoning shogirdi sanaydi, Tibbiy muolajalarini mutlaqo tan olmaydi, Dalay-lamani jinidan battar yomon koʻradi, ayni kunlarda esa, Sharqda ma’lumu mashhur hakim Abu Bakr ar-Roziyning tibbiyotga oid qoʻlyozmalarini daraklab yurganmish. Birdan bir kamchiligi, afsuski, ona tilidan boshqa biror tilni bilmas ekan.

Tarjima asnosi Kim Ir Senning xolavachchasi «shundoq-shundoq» degandek ishshaygancha bosh irgʻab turadi.

Tashrifning daromad qismi tugab, nihoyat, asosiy ishga kirishiladi.

Shaxsan oʻrtoq Stalinni davolagan (qiziq, nimasini davolagan ekan — qoqshol qoʻlinimi, bujur betinimi, pakana boʻyinimi yo... bedavo miyasinimi?) tabibi kalonning amri (tarjima orqali, albatta) bilan bemor, ya’ni Pakana shu yerning oʻzida, yoʻlakda qip-yalangʻoch boʻlib yechinadi.

Ibn Sinoning shogirdi bemorni nimqorongʻi bir xonaga boshlab kiradi.

Pakana xona toʻridagi antiqa moslamali baland yaltiroq karavotga zoʻrgʻa tirmashib chiqadi-da, chalqanchasiga choʻzilib yotadi. Nuqul dohiylarni davolagan (Chingizxonu Napoleondan boʻlak — afsuski, bular oldin oʻtgan-da, yoʻqsa, ularni-da davolagan boʻlardi!) zot uning oyoqlarini juftlab qayish bilan chandib tortadiyu karavot adogʻidagi nimagadir mahkam qistirib qoʻyadi. Soʻng xuddi oʻshanday chayir, baquvvat kamarni kuraklari osha qoʻltigʻi ostidan oʻtkazib, bosh tomonidagi allanimaga oʻrnashtiradi. Ana shundan keyin boshlanadi hamma savdoi qiyomat!

Hitlerni davolamoqqa sobiq da’vogar oyogʻi ostiga takkursi qoʻyib oladi-da, bosh tarafda turib, quduqdan suv tortgich uskunaga desakmikan yo goʻshtmaydalagichning dastagiga desakmikan, xullas, shunga oʻxshash bir hallojisimon pishangning chambaragini sekin-asta aylantira boshlaydi. Har aylantirganda bilgan birdan bir oʻzbekchasini takrorlaydi: «Yakshi, yok?» — «Ogʻriyaptimi, yoʻqmi?» deganlari bu kishimning.

Avvaliga qomatingiz tortiladi, choʻziladi, taranglashadi, soʻng nimadir qisir-qisir qiladi — suyaklar, boʻgʻinlar, qovurgʻa, bel chanogʻi, tizzaning koʻzi, toʻpiq; ana keyin koʻzingizda chaqmoq chaqnay boshlaydi, nihoyat, enangizni koʻrasiz — sizni shunday nochor qilib tuqqan enangizni, sizni shunday it azobiga giriftor etgan enangizni! Eng oxirida — pakana emas, jimit — lilliput boʻlib oʻlib ketmoqqa ham roziman deysizu baqirib yuborasiz:
— Yok, yok, yok!..
— Yakshi, yakshi, — deb qoʻyadi jallod hafsalasizlik bilan. Keyin qayoqdandir qoʻlida sham paydo boʻlib qoladi. Ana shu sham yorugʻida tilining tagidan uzun-uzun ignalar olib, duch kelgan joyingizga, yoʻq, aynan jon tomirlaringizga ura ketadi: yakshi — yok, yakshi — yok... Sanchgani-ku mayli, ermakkami burab-burab qoʻyganiga oʻlasiz.

Axiyri, hammayogʻingizni ignaband qilib tashlagach, qimirlamoq u yoqda tursin, hatto damingizni chiqarolmaysiz. Bamisoli Iso paygʻambar, chormixlab tashlangansiz. Ul zoti sharif-ku bu azob-qiynoqlarga e’tiqod yoʻlida mahkum etilgan ekan, siz-chi? Sharmandalik, sharmandalik! Vujudingiz boʻylab zirqiratuvchi toʻk yugurayotir — zir-zir, zir-zir.

Shundan keyin Yakshi Yok muolajaning soʻnggi, nisbatan yengilroq bosqichiga oʻtadi. Kamzuli choʻntagidan dumaloqlangan-dumaloqlangan allanimalarni olib ignalar ustiga oʻrnashtirib chiqadi-da, qoʻlidagi shamga tutashtiradi. Bosh-oyoq gavdangiz boʻylab uchqun chaqnab, chirsillab tutun koʻtarila boshlaydi.

Shu ishlarni chiroqni yoqib yoki qoʻlidagi shamni bir chekkaga qoʻyibgina qilsa boʻlmasmikan, degan oʻy tinchlik bermaydi jafokashga. Jafokor esa beparvo, bilganidan qolmaydi. Axir, u — Kim Ir Senning xolavachchasi, kimsan — Chan Kayshi, Mao Szedun, Stalinlarni davolagan zot! Qolaversa, Ibn Sinoning muxlisi, Roziyning boʻlajak shogirdi!

Nimqorongʻi xonani battar tutun bosadi. Isiriq, oʻzimizning hazorispand! Boyagi azoblardan keyin rohat, maza. Zehningizni mudroq chulgʻaydi.

Koʻzingizni ochsangiz — xona yop-yorugʻ, oyoq-qoʻlingiz kishandan, a’zoyi badaningiz ignadan ozod — boʻgʻinlardagi sal-pal ogʻriqni aytmasa, qushdek yengilsiz! Xona oʻrtasidagi kursiga chiqib olgan moʻ'jizakor tabib qoʻllarini kindigi ustiga qoʻygancha tirjayib qoʻshta’zim bajo keltirayotir: yakshi — yok, yakshi — yok, yakshi — yok.

Oqibati yaxshilik bilan tugagan hamma ish xayrlidir, deydilar. Balki shundaydir. Ammo bu ogʻriq, bu xoʻrliklarga chidamoq!.. Nachora! Bu roʻyi olamda mukammal boʻlmoq oson emas, uning mana shu kabi azobu tashvishlari bisyor-behisob. Ana shu sinoqlarga chidagan, bardosh berganlargina murod choʻqqisiga yetgusi.

Boshqatdan, boshqacha boʻlib tugʻilmoqning iloji boʻlmagandan keyin — nachora? Jon chekmasang, jonona qayda!

Muolaja bahona qatnab yurib Pakana bu yerda kimlarni uchratmadi deysiz! Bu shahri azimga kelib shu choqqacha koʻrgan-bilgan suluv qiz-juvonlarining bari shu goʻshaning fuqarosi boʻlib chiqdi. Bunda faqat taniqli, dongdor odamlar istiqomat qilar ekan. Oʻzbek xalqini zoʻr berib yagona shoʻro qavmiga qoʻshmoqqa uringan baynalmilalchi arbobu el-ulus qatagʻondan qaltirab jon saqlagan qora yillarda «Vatan obod, xalqlar ozod!» deya alyor aytib chiqqan zamonasoz shoirgacha — hamma-hammasi shu yerda. Ularning koʻpchiligini allaqachon oʻlib ketgan, deb yurarkan, qiziq, hammasi shu yerda, shu jannat makonda davron surib yotibdi. (Birovga oʻlim tilamoq gunoh-u, ammo gʻofillik uncha katta ayb sanalmas.)

Pakana ularni taniydi, ular Pakanani — yoʻq.

Ayniqsa, bir gal peshtoqini tomoshapechak qurshagan koʻrkam imorat yonidan oʻtayotib deraza oldida mashhuri jahon Zamiraxonimni koʻrib, hayratidan qotib qoladi: haliyam tirik ekan-da?! Xudo oʻzi kechirsin, uni barhayot chogʻlarida ham — azbaroyi gʻofillik — Oʻlgan hisoblab yurardi. Darhon tarafda uyi, tomoshaxonasi borligini eshitgan, lekin oʻzi allaqachon olamdan oʻtgan boʻlsa kerak, deb oʻylardi. Toʻgʻri-da, oʻziyam xoʻb unutilib yura-yura, hech kutilmaganda qaytadan dovrugʻ taratib, borligin namoyon qilar, turli-tuman dabdabali yubileylar oʻtkazar, radio-televizorni zabt etib qolar edi. El oldiga har safar yangidan yasharib chiqardi — siri bu yoqda ekan-da. Yakshi — yok, yakshi — yok, yakshi — yok...ka, yosh koʻringani bilan kampir odam, qandoq chidash berar ekan? Chidaydi, yasharish uchun, shon-shuhrat kerak boʻlsa, bundan battariga-da chidaydi. Joni qattiq. Joni qattiq boʻlmasa, allaqachon xokiturob boʻlardi. Ana, oʻtiribdi-ku deraza oldida, qoshiga oʻsma qoʻyib! Oʻtgan gal hovlining biqinidagi turnikda mashq bajarib yotgan, Pakanaga koʻzi tushib, negadir boshini sarak-sarak qilgan edi.

Xoʻsh, bu doʻzaxiy muolajalar biron natija berdimi? Berdi. Berganda qandoq! Ammo...

Avvalo shuki, Pakana (endi pakana ham emas, darvoqe) enkayib yurishni odat kilgan — boʻy qurgʻur uzun-da. Oʻzi azaldan xipcha emasmi, battar ingichka tortib, yurganda ichakdek qomatni tutib yurmogʻi dushvor boʻlib qolgan — buralib-buralib ketaveradi. Kisqasi, uzun choʻzilsa, holi nima boʻlishi ma’lum. Innaykeyin, yurgan yoʻlida peshonasiga gʻurra orttiraveradi — novchalik saboqlarini hali yaxshi oʻzlashtirmagan-da. Eng xunugi... aytaveraylikmi... birda qoʻllarini solishtirib qarasa... chapi oʻngidan bir qarich uzun, tizzasiga yetay deydi! Ortiqchasini kesib tashlab boʻlmasa, koʻylak ostiga yashirib boʻlmasa! Padarla’nati Yakshi Yok, sovuqqonlik qilibmi (sobiq Pakanamiz na dohiy, na mashhur qoʻmondon edi-da!) yoki keksalik vajidanmi, muolaja asnosi biron xatolikka yoʻl qoʻydimikan? Havaskor novcha alamini ichiga yutib, noiloj oʻsha nuqsonli qoʻlini choʻntagiga solib yurishni odat qiladi. Novchalik sir-asrorlaridan hali durust bexabar havaskorimizning dam-badam qoqilib-yiqilaverishini aytmaysizmi! Agʻnash chogʻida, ma’lumki, savqi tabiiy jonga ora kirib, qoʻllar himoyaga safarbar boʻladi. Novchaning bir qoʻli esa choʻntagiga «tikib» qoʻyilgan. Gʻurra ustiga gʻurra, «yangi va yangi, xilma-xil».

Endi boʻyni qoʻyib, boshga oʻtaylik. Sip-silliq et avvaliga qoʻtirdek dagʻal tortdi, keyin tigʻiz toʻqay boʻlib jingalak soch oʻsib berganiga nima deysiz! Bamisoli zanjining sochi: na taroqqa keladi, na tuzuk yuvib boʻladi.

Bulari-ku maydi, bir iloji topilar. Fojia shundaki, u oʻzini oʻzi tanimay qolgan. Fikr-oʻylari oʻziniki emas, ovozi oʻziniki emas — Oʻtmas arraning gʻit-gʻiti goʻyo. Qilgan ishi, gapirgan gapi oʻziga yoqmaydi. Gapirsa — xuddi boshqa birov gapirayotgandek, quloq tutsa — boshqa odam eshitayotgandek, ovqat yesa — bosh-qa kishining ogʻzi bilan yeyayotgandek. Kechasi xotiniga yaqinlashganda... boshqa bir odam...

Alqissa, oʻzi sira-sira xohlamagan bir kimsaga aylangan. Hatto rassomligi ham esidan chiqib ketgan, umrida qoʻliga moʻyqalam tutmagandek.

Oʻzi oʻzgargani barobari oʻzgalarning ham unga munosabati oʻzgargan. Koʻrgan-bilganlar masxaraomuz kulib oʻtishadi. Qizlari, xotini allanechuk begonasirab, taajjub bilan qarashadi. Jondan aziz qizlari koʻziga negadir boʻtadek koʻrinadi, bir vaqtlar alvastiga oʻxshagan xotiniga nisbatan esa joʻshqin, tiyiqsiz muhabbat paydo qilgan. Biroq unga yaqinlashay, yaktan boʻlay desa, anovi hol... boshqa odam...

Xullas, Havaskor novchamiz oʻzidagi bu tanosuh — evrilishlardan bezor boʻladi. Boshqa odam boʻlib yurish joniga tekkan. Endi u asliga — mayli, oʻsha badbaxt pakanaligiga qaytishni shundoq orzu qilardiki! Axiyri, qat'iy bir qarorga kelib, anovi moʻ'jizakor maskanga yoʻl oladi.

Qarangki, chorboqqa qadam bosiboq motamning ustidan chiqibdi. Allakim oʻlgan. Ulugʻroq odam boʻlsa kerak, muyulishni (belgi-tamgʻalariga qarab) hukumat moshinalari tutgan, oʻzlari ichkarida — marhum yotgan xonadon yoʻlagida (mavqe-mansablariga qarab) toʻda-toʻda boʻlib bosh egib turishibdi. Mashhur arboblar, kazo-kazolar, nomdor-nufuzdor shaxslar.

Havaskor novchamiz motamxona oldidan beoʻxshov gavdasini tugolmay, naynovsirab, zoʻraki sipo-some bir holatda oʻtadi-yu, tagʻin bir noxushlikka guvoh boʻladi. Nariroqdagi yoʻlak ogʻzida «tez yordam» moshinasi turibdi, ikki zabardast tibbiy ogʻa uydan ustiga choyshab yopilgan zambilni koʻtarib chiqmoqda... Yopiray, mangulik maskaniga qiron keldimi, nima balo?

Bu manzaralardan dili xufton boʻlgan Havaskor novcha chorbogʻ adogʻiga yetib, chap yondagi ayvonchaga koʻzi tushgachgina sal oʻziga keladi. Xayriyat, shodlik ham bor ekan bunda! Gird-atrofini tomoshapechak qurshagan, qoʻgʻirchoqdek yasatigʻliq ayvonchasida bu dunyoning gʻamu gʻurbatlaridan yiroq, mangu navqiron opaxonimiz desakmikan, onaxonimiz desakmikan (garchi buvimiz tengi boʻlsa-da!), kaftlarini juftlashtirgancha, barmoqlarini qisirlatib muqom bilan oʻyin tushmoqda. Angrayib qolgan Havaskorimizga koʻzi tushib, qosh uchirib qoʻyadi.

Demak, oʻzbek san'ati olamida yaqin ayyomda ajoyib bir voqea yuz berajak. Unutilayozgan mashhur san'atkor qaytadan yasharib, yana dong taratajak. Shubhasiz, Navoiy koshonasida yana dabdabali yubiley oʻtadi, yana opaxonimizmi, onaxonimiz radio-televizorda yalla aytib oʻyin tushajak. Uzoq tanaffusli mangu bayram tagʻin baravj davom etajak.

Bemor, yuragi zada, istar-istamas tanish kulbaga qadam bosadi.

Muolajaxona qop-qorongʻi, tutunga toʻla. Chiroqni yoqib, ne holni koʻradi deng!..

Toʻrdagi muolaja toʻshagida allakim hallojiga tortilgan ichakdek choʻzilib yotibdi, ignaga toʻlib-toshgan" a’zoyi badani qop-qora, kuyib kulga aylangan.

Bemor toʻshak sari ikki qadam yuradi-yu, dahshatdan qotib qoladi: Kim Ir Senning xolavachchasi, moʻ'jizakor ta’mirchi Yakshi Yokning oʻzi!

daf’atan miyasiga bir fikr uriladi: ne-ne zotlarni ta’mirlagan bu moʻ'jizakorning oʻzi pakana, s-biq Pakanadan ham pakana-ku!

Bundan chiqadi, kelib-kelib endi, sharti ketib parti qolganda, oʻzini oʻzi... Xoʻb yaxshi, ammo anovi chambarakni kim aylantirib turdi ekan?.. Jumboq, bu gʻaroyib zotning oʻziga oʻxshagan bir jumboq.

Xonani tutgan badboʻyga ortiq chidab boʻlmaydi. Shu damdan boshlab endi bedavo bemor shartta borib derazani ochib yuboradi va oʻzini birpas yopirilib kirayotgan musaffo havoga tutib turadi — bu orada xonadagi tutun tarqaydi — soʻng oʻgirilib qaraydiyu telba boʻlib qolayozadi. Yakshi Yok gʻoyib!..
— Koʻngil qoʻrquvdan choʻkadi. Choʻkkan koʻngil hammasidan, pakanalikdan ham yomon!

Kim bu? Kim u gapirgan? Yakshi Yok oʻzbekchani bilmasdi-ku? U oʻlgan-ku? U yoʻq-ku? Boʻlmasa — kim?

Tovush oʻzidan, oʻzining vujudidan taralayotgandek...

Telbalangan odam joni halqumiga tiqilib chorbogʻdan qochib chiqarkan, qoʻrgʻon darvozasida kimni uchratadi deng? Topolmaysiz. Azizani! Huv oʻsha, ustidan shafqatsiz hukm oʻqigan shaddod qizni!

Darvoqe, u endi qiz emas, qimmatbaho liboslarga oʻrangan, yetilib-toʻlishgan barkamol bir kibor xonim. Oqsuyaklar istiqomat qiladigan mana shu maskanda yashaydi, shu yerga kelin boʻlib tushgan. Otasini badavlat odam deyishardi, badavlat odam qizini badavlat xonadonga uzatgan-da. Rasmi shu.
— Azizaxon, salom! Men Pakanaman. Birga oʻqiganmiz. Esingizdami, huv paxtada nima degan edingiz? Mana, endi qarang!..

Kibor xonim toʻxtab, unga taajjub bilan tikiladi. Tanimaydi.
— Yoʻq, siz Pakana emassiz, bedavosiz! Agar oʻsha oʻzim bilgan Pakana boʻlganingizdami, sizni hech kimga bermasdim-a, jon-jon deb... Kishloqdanmisiz, rayondanmi, boymisiz, kambagʻalmi — qarab oʻtirmasdan, har qanaqasiga tegib olardim!
— Toʻxtang, Azizaxon, men axir...

Xonim — Qamara unga irgangandek bir nazar tashlaydi-da, «Jinni», deydi, soʻng koʻngli toʻlmaydimi, «Nenormalʼniy» deb qoʻshadi va ajab tamanno bilan shoshib uzoqlashadi. Nariroqqa borib, ortiga qayriladi. Shundagina uni tanib qoladi Bedavo: iya, Safsar ekan-ku bu, Safsar!..
— Safsar! Safsar!..

Safsar birdan hovli boʻylab yugurib, hozirgina Bedavo chiqib kelgan mash'um kulbaga kirib koʻzdan gʻoyib boʻladi.

Bedavo katta koʻchaga chiqqachgina oʻziga keladi. Orqasiga burilib qarasa — sir-sinoatga toʻla boyagi qoʻrgʻondan nom-nishon yoʻq, uning oʻrnida allaqanday sovuq temir-beton mahkamalar...

Shu chogʻ yonginasiga tanish, ammo unutilayozgan «shox»siz trolleybus kelib toʻxtaydi. Eshigi ochilib, eski qadrdoni — omadsiz oshiq, Sevaraning shaydosi koʻrinadi. U quchoq yozib kela boshlaydi...

Bedavoni shuncha balolarga giriftor qilib, oʻzi qayoqlarda uloqib yuribdi bu kazzob?

20

Ertasi, yakshanba kuni Pakana uyqudan karaxt boʻlib uygʻondi. Hammayogʻi zirkirardi, lanj. Dil gʻash. Xayolida kechagi aloq-chaloq sarguzasht, aralash-quralash manzaralar. Qaerlarga bordi, kimlarni koʻrdi, nimalar boʻldi — koʻpi esida yoʻq.

Xonani allaqanday boʻgʻiq hid bosgan edi. Isiriqmi? Kim tutatdi ekan? Yakshi Yok... Badanida tanish ogʻriq tuydi.

Dahlizga chiqib, qonim yurishsin deya, qoʻlbola turnigiga osilmoqchi boʻldi. Sakraganida qoʻli moʻljalga yetmay, gup etib burchakka agʻanab tushdi, chakkasi devorga urilib qonadi.

Gursillagan tovushga yugurib chiqqan qizi Hilola ahvolni koʻrib «Voy!» dediyu yengilgina uzalib yaltiroq misrangni quloqchalaridan koʻtarib oldi, eltib derazadan tashqariga uloqtirdi.
— Qurib ketsin!.. Kechagi kuzatib kelgan kim edi?
— Nimaydi?
— Bunaqa basharani umrimda koʻrmaganman. Hiringlagani hiringlagan. Gapirmaydi.

Pakana qiziga qaramoqchi boʻlib boshini koʻtardi-yu, dahshat ichida ortiga tislandi: ajdar, ajdarho!.. Ogʻzini katta ochib, tishlarini qayrab kelayotir... Lahza oʻtib ajdar kichraydi, kichrayib koʻkrakdagi oddiy, beozor tasvirga aylandi. Uning oʻrnida Hilolaning hayrat va xavotir chulgʻab olgan tashvishmand chehrasi namoyon boʻldi. Ana shu chehraga tikilarkan, burchakda dumalab yotgan odam oʻzini tanidi... Taqdiri peshona, tan bermay iloji yoʻq.

Chakkasini ishqab vannaxonaga kirgan Pakana devordagi koʻzguga roʻbaroʻ keldi. Koʻzgudan yonogʻi qon, soqol-moʻylovi qoʻsqi, koʻzlari qizargan, afti irkit, badbashara allaqanday bir ta’viya boqib turardi.

Pakana. Tepakal. Xunuk. Iste’dodsiz. Omadsiz. Baxtsiz. Alamzada... Eh, mana senga!..

Koʻzgu chil-chil darz ketdi, moʻysafidning ajinlari misoli. Pakana qonagan mushtumini kuh-kuhlagancha, Hilola kelib qolmasin deb, shosha-pisha eshikka yelkasini tirab oldi. Shunda qaytib koʻzguga koʻzi tushdiyu nogahon vujudi boʻylab yugurgan ilohiy qon miyasiga urilib, goʻyo mudrab yotgan hujayralarni uygʻotib yubordi.

Moʻysafidning ajinlari misoli darz ketgan koʻzgu mukammal manzara kasb eta boshladi. Uning bir burchagida moʻʼjazgina «Umid» paydo boʻldi. Ajabo, ul baxtiqaroning yonogʻida yosh! Safsar yigʻlayapti... (U yigʻlamay kim yigʻlasin!) Yosh tomchilari bora-bora manzarani toʻldirdi. Ana shu alamli tomchilar orasida — Oʻrtada yuz-qoʻli qonga belangan Alamzadaning oʻzi. «Alamzada».

Rassomni uzoq yillar unutilgan bir titroq chulgʻab oldi.

1991

  1. Alisher Navoiy satri.
  2. Usmon Nosir satri.