OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Erkin A’zam. Piyoda (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifErkin A’zam
Asar nomiPiyoda (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Erkin A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm34KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/11
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Piyoda (hikoya)
Erkin A’zam

Bu oʻrtada kim yomon desangiz — Berdiboy yomon! Berdiboy bemehr, Berdiboy otabezori, onabezori, Berdiboy ukalarini xushlamaydi, ularga yov, ota uyidan ham qochgani qochgan — yomon-da Berdiboy! Nomi yomonga chiqqan. Azaldan. Eskilik sarqiti u. «Hoy, shoshmanglar, birodarlar, unchalik emasdir-ov, nima, enasi buni yomonlikka tuqqanmi, buniyam koʻnglida biron dardi-da’vosi bordir, aytsin, eshitaylik!» deydigan mardumi musulmon qayda! Alam qilar ekan: axir, u ham odam, shu zamonning odami, shu havodan nafas oladi, ikkita munchoqdek-munchoqdek qizalogʻi bor; birovdan kamdir, birovdan ziyod roʻzgʻor qilsa, hech kimdan non-osh soʻramasa, ba’zilarga oʻxshab piyoda yurmasa — eskiroq boʻlsa hamki, mayli-da, tagida uch oyoqli ulovi tayyor! Faqat, faqat...

Mana, u odatdagidek, bozor-oʻcharini kajavaga joylab, endi mototsiklini oʻt oldirmoqqa chogʻlangan edi, kimdir chaqirib koldi:
— Xoʻv Berdiboy!

Ukasi, toʻrtinchi sinfda oʻqiyotganida tugʻilgan, oʻn yoshlar kichik bir tirmizak — Samandar; qavatida oʻziga oʻxshash ikkita shotiri, yuqori guzardan velosiped surib kelyapti.

Berdiboy yonbosh boʻlib mototsikl egariga suyanarkan, gʻijindi: «Parda Qurbonning tarbiyasi-da!»
— Sanam oʻqishga ketyapti! — dedi Samandar shaytonaravasidan tushar-tushmas, bir oyogʻida hakkalab.
— Suyunchi beraymi shunga?!
— Toshkentga! — Samandar battar gʻashiga tegmoqchidek tirjaydi. Berdiboy gʻazabini yashirolmadi:
— Otang-chi, Parda Qurbonning oʻzi-chi, oʻqishga bormasmikan u?!
— Otam supada eski kitob oʻqib oʻtiribdi, — deb javob qaytardi bola parvo qilmay.
— Oʻqisin, koʻproq oʻqisin — imoniga foyda!

Berdiboy mototsiklini tarillatib bozor darvozasidan chiqdi-yu, katta koʻchada qatorlashib oʻtayotgan mashinalar bahona, ikkilangancha turib qoldi. Nihoyat, bir qarorga kelib, bundan uch oy avval «qaytib qadam bossam!..» deya qasam ichib ketgan uylari tarafga soldi yoʻlni.

Bostirma tagida, boʻyin-boshini kattakon eski sholroʻmol bilan tangʻib, qoʻlida rapida, ikki yuzi tandirdan yangi uzilgan kulchadek qizarib-boʻgʻriqib non yopayotgan onasi uni:
— Ebi, oʻzimdi sahroyi ulimmi? Araz-durazing arib-tarqab keldingmi, bolam? — deya, yaxshi tanimagan boʻlib chap kaftini peshonasiga soyabon qilgancha, kulimsirab qarshi oldi. — Ke, ke. Qizginalaring chopib-chopqillab yuribdimi? Oʻzingdi tan-joning sogʻmi? Oyroʻzingdi vaqti xushmi? Tiniq kampir qalay? Oʻtirgandir keng yaylovda kengash qurib?
— Yaxshi, hammaginasi yaxshi, oy kulganday! — dedi Berdiboy sabrsizlik bilan. — Bu, Sanamingiz oʻqishga ketarmish, deb eshitdikmi, apa?
— Uzangi shaylab turibdi-ku, akasi, bilmasam. Shunga toʻrttagina kulcha qilib beray, yoʻlda yeb ketar deb, mana, ertalabdan beri sabil qolgur tandirga bosh suqib yotibman.
— Toshkent deganlari anoyi shahar emas, apa...
— Nima qilay? Yoʻliga xoda solay desam, bu qilobining fe’lini bilasan, keyin uyda qolib suyagimni oqartiradi. Qoʻy, ulim, sen aralashma, borsa borsin, oʻqisa oʻqisin! Binoyiday bitirib kelayotganlar kammi! Oʻziga insof bersin, de. Zamonasi ekan, nachora! Mana, oʻqimay men nima boʻldim? Kunim — kir yuvishu non yopish!
— Apa-a, Toshkent katta shahar, deyapman!

Bu safar onadan sado chiqmadi, U indamay, birin-ketin tandirdan uzgan patirlariga kosadagi suvdan sepib, nariroqqa — yirtiq dasturxon toʻshalgan xontaxta ustiga qalashtirib tashlayverdi.
— Ha, avval borib anov odam bilan soʻrash, — dedi bir mahal.

Samandarning aytgani toʻgʻri chiqdi: Parda Qurbon uzumlarini chumchuq choʻqib bitirgan ishkom tagidagi supada, poʻstakni chappa tashlab, qansharida koʻzoynak, xirmondek boʻlib kitob mutolaa qilib yotardi.
— E-ha, Berdiboy, — deya ogʻir qoʻzgʻalib, istar-istamas qaddini rostladi u. — Keling. Bolalar yuribdimi? Momangiz damlimi?
— Oʻtiribdi. Eski kasali — kechasi oyogʻi ogʻriydi.
— Ihm, ihm. Choʻrt, borish kerak ekan-da bir.

Koshki bu odam bilan tuzuk soʻrashib boʻlsa, soʻzlashib boʻlsa! Yuz ogʻiz gapirsangiz ham javob shu — «Ihm, ihm. Choʻrt, choʻrt».

Nimadan soʻz boshlashni bilmay Berdiboy beixtiyor tomorqaga nazar soldi. Qarovsiz, hammayoq qarovsiz! Olmalarning tagi yumshatilmagan, shoxlari sinib, mevalari yerga toʻkilib yotibdi — molga yem. Devor tagida oʻsgan ikki tup anor — beboshbogʻ gangib yurgan ikki qoʻtir echkiga tayyor ermak. Hovliga tutash keng sayhon suvsizlikdan tors-tors yorilib, ajriqzorga aylangan...
— Anovi yerni chopib, biron nima ekish kerak edi, — dedi Berdiboy azbaroyi gapni yurishtirib olish maqsadida.
— Ihm, chopish kerak, ekish kerak, — deya ma’qullab koʻydi ota.

Kim chopadi, kim ekadi? Erkashotirlari har yoqqa toʻzib ketgan, boyagidek koʻcha changitib, noma’qulning nonini koʻzlab yuribdi. Bir umr choʻt qoqqan odamning oʻzi boʻlsa, endi mana, muk tushgancha eski kitoblarni hijjalab yotibdi — oxiratning tashvishu hisob-kitobi bilan mashgʻul, bu dunyoni suv bossa bosaversin! Erta bir kun boshiga salla oʻrab, soqolini koʻkragiga tushirib namozxonlar qatoriga kirsa ham ajab emas. Anov boloxonada ulfati Barot Qosim bilan bir yonboshlaganda yarim qoʻyning goʻshtiniyu necha-nechalab shishaning tusini oʻchirgan davrlari esida yoʻq...
— Ota, bu Gulsanam... — deb gʻudrandi Berdiboy.
— Oʻqishga ketyapti u. Toshkandga, — dedi Parda Qurbon kitobidan koʻz uzmay. Shoshma, gʻurur bilan aytdimi shu gapni?
— Maylimi? Oʻzi boshyalang yurardi...
— Boshyalang? Qachon? Yoʻgʻ-e, Berdiboy, unday demang!

Bu yogʻini pardozlab oʻtirmadi Berdiboy — borini tiliga chiqardi-qoʻydi:
— Er boʻlsa shu yerdan ham topilar edi...

Ota ajablangan kabi unga bir oʻqraydi-yu, indamadi, tagʻin kitobiga egilib oldi.
— Berdiboy, oʻzingizning singlingiz-a!.. — dedi saldan keyin.

Nos yaxshi-da bunday paytda, tilning tagiga tashla-ab, karu gung boʻlib oʻtiraverasiz! Aytgichingizni boʻlsa aytib oldingiz!
— Mana men, akajon!

Berdiboy yalt etib ayvon tarafga karadi. Deraza tagida yotib hamma gapni eshitgan chogʻi, panjaraga suyangancha, hech narsadan tap tortmaydigan bir vajohat bilan shoʻx-shaddod Gulsanam turardi. Boshyalang! Ana, koʻrdinglar, musulmonpar, aytmabmidim!
— Yoʻl boʻlsin, singlim? — dedi Berdiboy nosini tupurib.
— Toshkentga!
— Toshkentda pishirib qoʻygan ekanmi?!
— Sizga sallalik, Oyroʻzi chechamga paranjilik opkelmoqchiman!
— Xoʻsh, qanday oʻqishga ekan? — dedi Berdiboy uning kesatigʻini eshitmagandek, atay merovsirab. — Oʻqib kim boʻlasiz endi?
— Xudojnik-modeler! Bichiqchi rassom.

Bu soʻzlarni Gulsanam shunday ohanjamali talaffuzda, shunday burab aytdiki, tilginasini sugʻurib olgisi keldi Berdiboy.
— Devor agʻnasa, ichkari agʻnasin, — dedi maqol-matalsiz gapirmaydigan ona tandir boshidan turib orachi-murosachilikka tusharkan. — Mayli, akasi, oʻzimizdan ham chevar chiqsin-da. Bir koʻylak tiktirish — falon pul! Kelib xotiningga, kizaloqlaringga chiroyli-chiroyli narsalar tikib beradi.
— U yoqda kimnikida turasan? — deya soʻrogʻida davom etdi Berdiboy.
— Kimnikida boʻlardi, akam-chi, Muzaffar akamnikida!
— Ha, Xudo uribdi!
— Bu nima deganing, ulim! Bir qorindan chiqqan ukang-a! — dedi onasi supaga yaqinlashib. — Uyat boʻladi. Oʻzingnikini yomonlasang, yotning mehri qochadi, deydilar. — U qoʻlidagi koʻpchib-singib pishgan nondan bir chimdim uzib ogʻziga soldi-da, chala yozigʻliq dasturxon ustiga qoʻydi: — Ol, nondan ol.
— Soʻng Gulsanamga oʻgirildi: — Sen, qiz, bunday aytishib oʻtirguncha, kirib taraddudingni koʻr! Akangdi odatini bilasan: Tiniq kampirdi oʻgitini yeb, oʻgitini ichib katta boʻlgan bu sahroyi ulim!

Yoʻq, Gulsanam zahrini soʻnggi tomchisigacha toʻkmasa, naq oʻlib qolardi!
— Siz, aytaymi... — dedi u Berdiboyga chaqchayib qarab, — Oʻtgan asrdan qolgan odamsiz, akajon!
— Boʻpti! Bu zamonda akalik qolmabdi, ukalik qolmabdi. Buni surishtirmoqchi boʻlgan odam oʻtgan asrga qaytishi kerak ekan, boʻpti, qaytamiz! — dedi Berdiboy gʻaribnolalik bilan. — Otang rozi, enang rozi, biz nima der edik, singlim? Biz bu uydan etak silkiymizu chiqamiz-ketamiz-da!
— Oʻtir, oʻtir! Qoʻzilaring qoʻlingta qaraydi, ikkita issiq patir oʻrab beray, — dedi onasi kiftidan bosib. Soʻng yarim hazil, yarim chin ohangda ginaxonlik qildi: — Doim kelib uyimga bir gʻavgʻo solib ketasan-a, ulim? Hah, sening kindikkinangdi kesgan kampirdi kapaginasi kuysin!

«Kindikkinangdi kesgan kampir...» Momamni aytyapti. Yoqtirmaydi, oʻlgudek yomon koʻradi uni. Kelinligida koʻp sitam oʻtkazgan emish-da. Shu yalmogʻiz kampirdan qutulay, ham ota-onamga yaqin boʻlay, deya qistayverib, axiyri, shahardan uy-joy qildirgan otamga. Biz boʻlsak qolaverganmiz u yoqda — yolgʻiz kampirning qoʻlida, «yalmogʻiz» kampirning qoʻlida... sahroyi boʻlib, oʻgay boʻlib! Endi bular — shaharlik! Endi bularning oti — Muzaffaru Samandar, Gulsanamu Gulandom! Bizniki boʻlsa... Berdi, Berdiboy! Kim berdi, nima berdi, nega?.. Endi apam bu yerni «uyim, mening uyim» deb gapiradi.

Parda Qurbon boʻlsa miq etmaydi, «ha, uying, sening uying» degandek, quloq qoqmay oʻtiraveradi. Chunki roʻzgʻorning tizgini, jami bordi-keldisi apamning qoʻlida! Bu ishlarni koʻring, e, dod-ey!
— Yoʻq! — dedi Berdiboy shitob bilan oʻrnidan turib. — Men ketdim! Boshingizga yostiq qiling patiringizni! Uyimda non yetarli, shukr! Bu yerda bizning bir chaqalik qadrimiz yoʻq ekan, bildik! Endi yelkamning chuquri koʻrsin uyingizni!
— Berdiboy, ihm, Berdiboy! Choʻrt, choʻrt... — deya bazoʻr, tanbalona bir qoʻzgʻalib qoʻydi ota.
— Sizdi bilamiz, yana hech nima koʻrmaganday, labingizga kesak surtib kirib kelasiz uyimga — sizdi bilamiz! — dedi ona zaharxanda bilan.
— Kelsam!..
— Berdiboy! Choʻrt, choʻrt...
— Oʻtgan safar qasam ichmay, suv ichib edingizmi? Yashang!

Oʻtgan safar... Berdiboy toʻlib-toshib kirib kelgan edi bu uyga. Muzaffarboy kepti, ukasi kepti! Toshkentda, institutda domlalik qiladigan ukasi! Xotini bilan kepti. Bir izzatiga yetish kerak! Toki, kelinlari qoyil qolsin, «erimning shunday akasi bor ekan», desin! Berdiboy mototsiklda markazga tushib bozor oraladi, uyiga borib semiz bir qoʻyni yotqizdi. Mehmonlarni olib ketgani kelsa, hovlida qandaydir qiz yuribdi... Boshyalang, sochi qirqilgan. Egnida yupqagina, piyozning poʻstidan ham yupqa-e, yengsiz bir koʻylak, lozimdan-ku darak yoʻq. Kelinlari shu emish! Onasini chetga tortib: «Apa, ayting, — dedi, — boboydi oldida buytib yurmasin!» «Uylama, ulim, boboy qaramaydi». «Qaramasayam...» Anovi arzanda Muzaffarlari-chi, Muzaffarlari? «E, Berdiboy-e, qip-qizil chudaksiz-da!» deydi kulib turib. Xotinini uyga olib kirib och biqiniga solishning, «aka, toʻgʻri aytasan», deyishning oʻrniga!

Onasi rost aytadi: oʻshanda, arazlab ketayotganida ichgan qasami — qasam boʻlmay, suvmidi?! Hah, xom sut emgan banda!

Berdiboy darvozadan chiqqach, hayratidan yoqa ushlab qoldi. Yo tavba, rostdan shu xotin tuqqan onasimi? «Ket! Joʻna! Yana shu uyda qorangdi koʻrsam!..» dedi-ya!

...Rajab bodining hovlisi temirchilar guzarida edi. Berdiboy mototsiklda bogʻ-bogʻot oralab topib bordi. Devor kemtigidan ovoz berib soʻradi: «Toshkentdan billa oʻqigan joʻralari kelgan, oʻshani olib qayoqqadir ketdilar», deb javob qildi xotini.

«Eh, qoʻlimga tushasan-ku hali!» dedi ichida Berdiboy titrab.

Gap shundaki, avval-boshlab Safar shilpiqning temir-taqaga oʻch kenjasi Rajab bodi Toshkentdan shunday bir antiqa tomosha topib keldiki, kuy-qoʻshiqdan tashqari, shappotdek joyidan kino ham koʻrsatar ekan. Qoʻni-qoʻshni, mahalla-koʻy oqshomlari bodining ayvonini toʻldirib tekin kino koʻrgani toʻplanardi.

Keyin bunaqa matah koʻpaydi, rasmga kirdi.

Keyin... qiz-juvonlar hayo atalmish dahmazaga qoʻl siltab, koʻchada ishvakorona qadam tashlaydigan boʻlishdi; yigit-yalangning sochi yelkasiga tushdi, surnaypocha shimu zaifona guldor koʻylak kiymagani qolmadi; Ashur novvoyning kelini uch goʻdagini chirqiratib, «Sevaman! Sevsam nima qilay?» deya shahrisabzlik dorboz bolaga ergashib ketdi. Keyin bir kuni mulla Shodining sochi taqimini oʻpadigan, qushdek hurkak, qoʻydek yuvosh qizi Gulchehra koʻchaga velosiped minib chiqdi, keyin — eh!..

Berdiboyning hayoti oʻshanda buzildi — yettinchi sinfdan beri Gulchehraga oshiq edi! (Qishloqda oyogʻidan chayon chaqib, shahar maktabiga oʻqishga oʻtganidan beri!)

Shu-shu, Berdiboyimizning ashaddiy gʻanimi — Rajab bodi. Televizor degan baloni oʻsha yaramas topib kelgan-da. Berdiboyning barcha «fojia»siga esa ana shu badbaxt sandiq aybdor, shu aybdor!

Rajab bodi qoʻliga tushsa!.. Biroq, tushganda nima deyishi, nima qilishini oʻzi ham bilmasdi.

Rajab bodi qoʻliga tushmadi — uyida yoʻq ekan. Berdiboyning oʻzi boʻlsa, mana qariyb ikki soatdan buyon doʻngning ustida boshiga mushtlab oʻtiribdi. Mototsikli buzilib qoldi... Rayon veterinariya shifoxonasiga kirib yumushlarini bitirdi-da, shitob bilan markazdan chiqib qishloqqa haydadi. Yoʻlning yarmiga kelib, mana shu doʻnglikka oʻrlayotganida la’nati arava pat-pat etdiyu oʻchdi-qoldi. Qani endi oʻt oldirib boʻlsa! Qilmagan hunari qolmadi: nishablikka endirib koʻrdi, «sham»larini qaytadan artib qoʻydi, moylarining yoʻlini koʻzdan kechirdi, tozaladi — qayoqda! Axiyri, bir ish chiqishidan umidini uzib, kajavadagi xurjundan ikki dona bodring oldi-da, karsillata-karsillata doʻngga chiqib oʻtirdi. Oʻtgan mashinaga qoʻl koʻtaradi, hayqirib ovoz beradi — birovi burilib qarasa-chi! Nomusulmonlar! Xurjunni yelkaga tashlab piyoda joʻnayveray desa — manzil olis, xurjun zildek! Kuyovlik chogʻlari — markazdagi veterinariya idorasida ishlardi u paytlar — mana shu oʻn besh chaqirim yoʻldan goho yayov qatnardi. Qalliq oʻyinga oshiqardi! Xayolida oʻtgan kechasining zavqi, nash’asi, yutinib-tamshanib ketaverardi. Endi qayga shoshadi — Oʻsha uy, oʻsha xotin!

Berdiboy tilining tagiga nosni tashlab, shu sabilning kayfini surib, xoʻrsina-xoʻrsina oʻtiraverdi. Bugun chap yoni bilan turganmidi, hamma ishi chappa ketyapti-ya? Umuman, nimaga bunday boʻlyapti? Bari chatok, bari teskari, buzilganmi, bir balo... ilgarigidek emas!

Yoʻq, birdan oʻzgardi hammasi, birdan! Goʻyo u talay muddat — bir yilmi, besh yilmi gʻaflat uyqusida yotdi-yu, uygʻonsa — mana shu ahvol! Goʻyo uning bir yilmi, besh yilmi koʻzi koʻrmay, qulogʻi eshitmay koldi-yu, bir kuni tuzalsa hammasi boshqacha! Odamlar qandaydir oʻzgarib qolgan, lafzu liboslari antiqa, dunyolari antiqa — tanib boʻlsa, oʻlay agar, mana jon! Qarasa — mulla Shodining qushdek hurkak, qoʻydek yuvosh qizi Gulchehra boshyalang, sochini kungurador turmaklab, koʻchada velosiped minib yuribdi! Kuppa-kunduzi! Yo pirim-ey! Toʻrt yil ikkovi bir partada oʻtirgan qiz! «Oʻv, esing joyidami, Chehra! Bu nima yurish? Boshingni yop!» desa, «E, bor-e, tezagangni ter!» deydi!

Oʻshandan boshlab Berdiboy battar aynidi: neki yangilikni koʻrsa gʻijinadigan, dushman koʻzi bilan qaraydigan boʻlib qoldi. Oʻzi-ku azaldan shunday ori nozik, irimchi; xudojoʻy kampirning tarbiyasida yurib, yigit yoshida bamisoli sakson yashar xurofotparast cholning oʻzginasiga aylangan. Ona rost aytadi: «Tiniq momoning oʻgitini yeb, oʻgitini ichib katta boʻldi». Qishloq xoʻjalik bilim yurtida oʻqib yurgan kezlari ham kursdoshlari unga olaqargʻadek, orqavarotdan kulib qarashardi. Harbiy xizmatdan qaytib oʻqishga kirgani uchun u hammaga — aka, yurish-turishiyu oʻzini tutishi anovi yengiltak zumrashalarga oʻxshamas, muallimlar ham unga «Berdiboy aka» deb murojaat qilishar edi. «Aka»lik huquqidan foydalanib, u duch kelgan bolani tergagani tergagan edi. Kaltaroq koʻylak kiygan qizni koʻrsa-ku, jon-poni chiqardi: «Tizzangni yop-e, sharmanda!»

Buxgalterlik boʻlimida Musallam degich sal shaddodroq, ammo ofatijon bir pari bor edi. Shu qiz Berdiboyga qandaydir suykalgandekmi boʻlib, iliq-intiq nigohlar tashlab yurardi. Nihoyat bir kuni u oʻrtaga odam qoʻyib, dardini yetkazganida, Berdiboy koʻpchilikning oldida baralla: «Ih, shu jiblajibonni olaman deb kim oʻlib boryapti!» dedi. Bu gapni eshitgan barcha qiyqirib yubordi. Keyin bilsa, kursdagi jami yigit oʻsha qizga xushtor, xushtori nimasi, birgina boqishiga intizor ekan. Keyin bilsa, uni shunchaki laqillatishgan, mayna qilib kulishgan ekan. Oʻsha qizning oʻzi ham!..

Ay, Gulchehra, Gulchehra! Ay, esini yegan qiz! Nega oʻsha sabilni minding? Nega boshingni ochib yurding — tundek qora zulflaringni Berdiboydan oʻzgalar ham koʻrsin, debmi?.. Oʻshanda boshginangga roʻmolginangni oʻrab, halimdekkina boʻlib yursang, oʻsha, erkakka chiqargan matahga oyoq oshirib minmasang - zaifalik oʻrningni bilsang, qiz bolaga nomunosib oʻsha makruh gapni ogʻzingga olmasang... qoʻling uzayib, oyoqlaring qisqarib qolarmidi, zolim qiz?! Mana, endi Berdiboydan hol soʻra!..

Gulchehra unday-bunday shaharda emas, naq Toshkentda oʻqidi. Kelgan-ketganlarida uchrashib qolishsa, Berdiboyning yonidan xuddi arazlagandek tumshayib, dimogʻ bilan oʻtardi. Keyin-keyin koʻrganda esa, «ha, sinfdosh!» deya qandaydir xazil aralashmi, mazax aralashmi muomala qilishga oʻtdi. U endi erga tekkan, Toshkentning koq belida yashar, chamasi, bir paytlar televizordan koʻrib maftun boʻlgani — xilvat xiyobonlaru oʻzining hoʻv oʻsha sunbul sochlaridek qirqkokil majnuntollarga batamom yetishgan edi.

Televizorda nima koʻp — koʻzni quvnatib, havasni qoʻzgʻaydigan yaltiroq tomosha koʻp! Ayniqsa, sokin Anhor boʻylarida qoʻltiqma-qoʻltiq, navozish ila kezib yurgan yoki soʻlim majnuntollar tagida sirli roz aytishib oʻtirgan «baxtiyor yoshlar»ni koʻrgandan keyin bu juvonmarglarning fe’li buziladi-da. Fe’li buzilsa ham-ku mayli... Toshkent deganlari nuqul ana shunday quvnab-yayrab sayr qilib yuradigan shahar ekan-da, deb oʻylaydi. Shulardan qaerim kam? Oh, Toshkent! Men ham borsam, shularday boʻlib yursam!.. Mana, chamadon tayyor, pishang berguvchi dugonalar ayyor: hech nimang kam emas, oʻrtokjon, oʻlsang oʻliging ortiq ulardan, yur, ketdik! Xullas, bechora ota-onani qon qaqshatib yoʻlga tushadi. Ana shunda, ana shunda: «Esingni yigʻ, hoy qiz, oʻsha sen havas qilgan tomoshagullarning xiyobonu majnuntoldan boshqayam dardlari bordir!» deb yoʻliga koʻndalang boʻladigan sherimard aka kerak!

Bunday akaga qoʻl siltasa, uni hatto masxara kilsa-chi?! E, unaqa singilning boridan yoʻgʻi!.. Ketsa ketsin, daf boʻlsin, izi oʻchsin, nomi oʻchsin! Oʻqib kelib bu kishim yana koʻp nagmalar koʻrsatmoqchi bu yerda — «xudojnik-modeler» emish-a! Axir, shahar senga ammangning uyimi? Yaxshi bor, yomon bor. Yomon koʻp! Koʻza kunda emas, kunida sinadi, singlim! Bilib boʻladimi, boʻyni yoʻgʻon biror nomard bosh-koʻzingni aylantirsa... begona yurtlarga tushding-ketding-da. Ota-onangni, jigargoʻshalaringni koʻrgani kelsang yiliga bir kelarsan. Tobora uzoqlashasan, begonalashasan. Begona — sangi devona, debdilar. Keyin, kimga xatlab beribdi bu dunyoni? Hozir begʻam-beparvo kitob varaqlab yotgan otang bir kuni paq etib... Yetib kelguningcha «etti»si oʻtadi, jon singlim! «Otam»lab armonda qolaverasan! Bunisi ham mayli, deylik. Falokat bosib, biror la’nat orttirsa-chi — isnod, yetti pushtingga yetadigan isnodga botasan! Ey, nima jin urgan-a bu odamlarni? Koʻra-bila...

Berdiboyning vujudi zirqirab ketdi. Ogʻriqdan, ojizlikdan boʻkirgudek nola qilib yubordi u. Nolasi tevarak-atrofga taraldi. Oʻzining tevarak-atrofiga, xolos.

Berdiboy goho oʻzicha orzu qilardi: qani edi, aka-ukalar barimiz bir joyda, masalan deylik momamning bogʻida — dashtda yashasak, bir qoʻra, bir qoʻrgʻon boʻlib! Topgan-tutganimizni kechqurun bir qozonga solsak, birga yesak, birga tursak! Mayli, boboy yotsa yotaversin bizning davrimizda davron surib — yangi kitobini oʻqiydimi, eski kitobini oʻqiydimi, oʻzi biladi. Ota boʻlib boshimizda tursa, dasturxonimizning toʻrini toʻldirib oʻtirsa — kifoya, shuning oʻzi katta davlat bizga. Apam, xayr, chidar uch-toʻrt kun, nima momamni bogʻlab beribdimi bu dunyoga, oʻzining ham oldingi shashti yoʻq... Singillar ham shu yaqin-atrof xesh-hamsoyaga uzatilgan boʻlsa — issiq-sovugʻu yaxshi-yomon kun degan gaplar bor. Oʻ, qani bunday boʻlsa! Ana oʻshanda mehr-oqibat ham, ogʻa-inichiligu ota-bolalik deganlari ham boshqacha boʻlardi.

...Yoʻq, Berdiboy, bu tushingizni suv allaqachon oqizib ketgan! Bilasizmi, biz bugun qanday zamonda yashayapmiz? Endi bizning har birimizga alohida bir qoʻrgʻon kerak! Devorlari shunday baland, oʻzi shunday pinhon qoʻrgʻonki, na otdan boʻylab bizni koʻra olasiz, na osmondan qarab! Bu shunday bir qoʻrgʻonki, goh yuksak yulduzlar orzusida, goh zamindagi mayda bir havaschalar ilinjida oʻrtanib, ba’zan oʻzimiz ham oʻzimizni yoʻqotib, topolmay sarson yuramiz...

Ammo, qoʻrgʻonimiz muttasil xarakatda — ulkan bir kemaning bagʻrida u. Kemadan tushib qolib boʻlmasa — jon shirin, dunyo qurgʻur umidli...

Berdiboy tirishib-toriqib shahar tomonga nazar soldi: nega bordi oʻzi shu yoqqa? Oʻqishga ketadigan boʻlsa ketardi, qorasi koʻzdan yitardi! Bunday alamu azob ham kam edi.

Asta-sekin tevarakni shom qorongʻisi chulgʻab, shahar tarafda chiroqlar miltillay boshladi. Elektr chiroqlar. Goʻyo shular ham paydar-pay koʻz qisib, uni masxara kilardi. Battar alami joʻshdi Berdiboyning. Yaqin yillargacha momosining uyiga chiroq oʻtkazilmagan, bunga istak ham, ehtiyoj ham yoʻq edi. Uylanganidan soʻng xotini qoʻymadi. «Chilla» kezlari edi... «Kechasi tashqari chiqqani qoʻrqyapman», deb turib oldi. Ilgari Berdiboy uyiga elektr oʻtkazsa, xuddi oʻzigagina mahram qandaydir muqaddas sir olamga oshkor boʻladigandek, osuda-osoyishta hayotiga allaqanday gʻanimlar bostirib kiradigandek boʻlib tuyular edi. Axir, hamma baloni shu boshlab keldi-da! Shu boʻlmasa, radio oʻqirmidi, televizor koʻrsatarmidi! Shu boʻlmasa... Berdiboyning boshida bunaqa savdolar ham yoʻq edi. Shu boʻlmasa, tankayu raketa degan vahimalar ham boʻlmasdi. Nega shularni oʻylab chiqardi ekan odamzod? Oʻziga oʻzi balo orttirguncha, tinchgina kunini koʻrib oʻtiraversa nima qilardi?..

Yovuz bir kayfiyatda edi hozir Berdiboy! Qoʻyib bersaki, olamdagi jami elektr chiroqlarniyu radio-televizorlarni sindirsa, majaqlasa, yanchib tashlasa!.. Lekin — odamlar-chi, shularni oʻylab topgan odamlar-chi?! E, hammasining boʻlgani boʻlgan, endi o d a m qilib boʻlmaydi bularni!

Osmonni larzaga solib, yashil-qizil chiroqlarini lipillatgancha samolyot uchib oʻtdi. Qorongʻida allaqanday parranda, toʻrgʻaymikan, naq Berdiboyning tepasida charx urib aylandi, qanotlarining epkini ham sezilgandek boʻldi. Uch-a, qirgʻinga uchragurlar, uch!

Berdiboy jahl bilan ogʻzidagi nosni tupurib, oʻrnidan turdi. Yugurgudek halloslab doʻngdan tushdi, mototsiklining oldiga bordi. Koʻziga u hozir bir uyum keraksiz temir-tersakdek xunuk, dardisar koʻrinib ketdi. Turib-turib, alamidan shartta burildiyu kajavasidagi xurjunni chetga olib qoʻyib, mototsiklni surib bordi-da, sel oʻpirgan soylik — arnaga itarib yubordi. Negadir, kutganidek qattiq taraqlamadi, bir oʻram sim toshga borib tushgan kabi sado berdi, xolos.

Asli, almisoqdan qolgan bu shalaqaravaning sogʻ joyi yoʻq, sovxoz necha yillar burun uni hisobdan chiqarib tashlagan, Berdiboy u yoq-bu yogʻini yamab-yasqab, bozor-oʻchargayu qozon-tovoq orasida minib yurar edi. Ajab boʻldi, shu bahona qutuldi-qoʻydi!

Berdiboy ogʻir bir xoʻrsindi-da, xurjunini yelkalab yoʻlga tushdi.

Tun zim-ziyo, milt etgan shu’la yoʻq, toʻrt taraf biydek dasht, manzil olis, yelkasida zildek xurjun, turtina-surtina bir odam piyoda ketib boradi.

Uzoq yoʻl yurdi u, yoʻl yursa ham moʻl yurdi u. Yura-yura shunday bir goʻshadan chiqib qoldiki...

...«Ajinalar» hech ajablanmay, hatto allanechuk xushhollik bilan qarshi olishdi uni, davraga taklif qilishdi. Hammasining kayfi bor, uning ham qoʻliga darhol piyola tutqazishdi. Notanish bir hayajon ichida, oʻylab ham oʻtirmay ichib yubordi u. Xiyol boshi aylanib, oʻzini unutgan ekanmi, asta yoniga choʻkkan sharpadan sapchib tushay dedi. Sochlari toʻsdek, yarimyalangʻoch bir «ajina». Badaniyu yuz-koʻzida tomchilar mildiraydi — hozirgina anovi suvdan chiqqan. Ie, Rajab bodi ham shu yerda yuribdimi?! Ha, ana, bir dasta kabob koʻtarib kelyapti. Davradan chetroqda, ikki toshning orasiga bosh suqqancha, koʻzlari yoshlanib tutun puflayotgan maykachan kimsa shu ekan-da. «Toshkentdan billa oʻqigan joʻralari kelgan». Davraning izzatli joyi - koʻrpacha ustida yostiq quchoqlab siporoq oʻtirgan anovi notanish yigit oʻsha, Toshkentdan kelgan mehmon boʻlsa kerak. Boshqalari koʻziga birmuncha issiq koʻrinadi, chamasi, rayon markazidan chikqan yosh-yalang...
— E! Parda Qurbon bobomizning ulimi? — dedi Rajab qoʻlidagi kabobni oʻrtaga qoʻyarkan, unga koʻzi tushib. — Qalaysiz, Berdiboy? Yoʻl boʻlsin? Munchoqligami? Kech yoʻlga chiqibsiz-da? Bunday, piyoda? Kamnamoroqmi oʻzi keyingi paytda? Haliyam qishloqda — Munchoqlida? Boʻlimda? Zootexnik?.. Ha-a, malades!

Berdiboy uning birorta soʻrogʻiga churq etmadi, xoʻmrayib oʻtiraverdi. Rajab ham javob kutmadi — Oʻz savollariga oʻzi javob qaytargan edi.
— Bittadan olsak! — dedi u soʻng mehmonga qarab takalluf bilan.
— Ixtiyori ba shumo, deydilarmi...

Quyildi. Hammaga. Berdiboyga ham. Ichdilar. Hamma. Berdiboy ham.
— Sovuqmasmikan? — deb soʻradi mehmon boya suvdan chiqib kelgan «ajina»dan. — Men ham bir tushsammi devdim.

Yelkasiga sochiq tashpab oʻtirgan «ajina» dik etib joyidan turdi:
— He, shu shaharliklar nozik boʻladi-da! Turdik! Hamma! — U sochigʻini toshning ustiga otib, patira-putur suv oralay ketdi.
— Turdik!

Dasturxon boshida Berdiboyni yolgʻiz qoldirib, barcha oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

Rajab bodi boʻshagan sixlarini koʻtarib «koʻra»si tomon ketdi.

Gulxan shu’lasida yalt-yult tovlanayotgan mavjlar, yarimyalangʻoch koʻlankalar. Shalop-shulup, shatir-shutur. Zim-ziyo tunni boshlariga koʻtarib qiyqirishadi, bir-birlariga suv sepib qochishadi... Ajinabazm, tus ajinabazm!

Berdiboy nima kilib oʻtiribdi bu yerda? Qanday kelib qoldi u?

Yelkasida zildek xurjun, qorongʻida tusmol bilan qadam tashlab boraverdi, boraverdi — hech yoʻlning adogʻi yoʻq. Yura-yura shunday bir manzaraga duch keldiki, qarab koʻzlariga ishonolmadi. Soylikka oʻxshash oʻzan. Allaqayoqdan gʻuldiragancha bir quvur suv otilib chiqyapti. Gulxan, qandaydir koʻlankalar, gʻovur-gʻuvur... Berdiboy hangu mang boʻlib qoldi. Nima, adashdimi? Bolaligidan buyon kezaverib tovonlari toʻzigan bu dashtu adirda sira bunday manzilni koʻrmagan, bunaqa manzaraga ham uchramagan edi. Yo, ajinalarmikan? Oʻxshaydi, Ana — suv, gulxan... Momam aytar edi: ajina qorongʻi bir xilvat joyda, yolgʻiz paytingda uchraydi, deb. Toʻgʻri aytib ekan: mana, qorongʻi xilvat joy, bir oʻzim... Uni qoʻrquv bosdi, tizzalarining koʻzi qaltiray boshladi. Soʻng, oʻzini dadillikka olib, doʻngning tepasiga chiqdi-da: «Hoʻ-oʻv!!» deb ovoz berdi. «Nima-a?» degan ovoz qaytdi pastdan. Odamga oʻxshaydi-ku! «Ki-im?» dedi Berdiboy endi dadilroq. «Ajinalar! — dedi haligi odam. Keyin uni choʻpon gumon qildimi, chaqirdi: — Keling, boybobo, kelavering!» Berdiboy asta doʻngdan enib, gulxanga yaqinlashdi. Qarasa — bir toʻp yigit-yalang; ziyofat avjida, davra chortang? Chetroqda ikkita «Jiguli» ham turibdi...

Dasturxonga fotiha qilgandek kaftlarini yuziga tortib, Berdiboy sekin joyidan koʻzgʻaldi. Vazmin odimlab Rajabning tepasiga bordi.

Mana, oʻsha Rajab bodi, qon-qiyomat dushmaning! Qoʻlingga tushdi nihoyat! Gapir gapiraringni, qil qilaringni!..
— Buytib yurguncha, uyginangizga borib, xotinginangizdi oldida televizoringizni koʻri-ib oʻtirmaysizmi? — dedi Berdiboy achchiqqina ohangda chimdib.
— Televizorda nima bor, Berdiboy, dunyoning bor gashti mana shunda-ku! — dedi Rajab uning pichingiga mutlaqo beparvo, allaqanday begʻaraz bir samimiyat va hushchaqchaqlik bilan. — Koʻraman desam, ana — televizor moshinada!
— Soʻng u kaftining koʻzi bilan chap qovogʻini ishqay-ishqay qaddini rostlarkan, choʻmilayotganlar tarafga qarab qichqirdi: — Chori-i, telikni qoʻy — futbo-ol!..

Berdiboyning koʻziga Rajab bodi sirli odam boʻlib koʻrindi. Boyagi shashtiyu gʻazabini bir zumga unutib, daf’atan unga havasi kelib ketdi. Bir hisobda shuniki maza! Yashashni biladi bu: oʻzi oddiy oʻqituvchi, maktabda fizikadan dars beradi-yu, bir qarasangiz — doim qoʻlda nimadir yasab, temir-tersakning ichida yuradi, bir karasangiz — mana bunday dala-dashtda bir chimdim goʻshtni deb tutun puflab yotadi. Alomat! Shu yerga ham olib kelibdi-ya televizorini... Erinmagan banda!
— Siz nima deysiz gapimga, Ravshanjon?
— Toʻgʻri aytasiz, dunyoning lazzati mana shunda, mana shunday ajoyib oʻtirishlaru ajoyib joylar, ajoyib kengliklarda! — dedi kattakon sochiqqa oʻrangancha junjikib ularga yaqinlashgan mehmon yigit. — «Piknik» deyishadi buni, chinakam piknik bu! Bizni ham ana shu narsa boshlab keldi-da boʻtga, Rajabvoy! Umuman, hozir butun dunyoda tabiatga keskin qaytish jarayoni boshlangan. Masalan, tsivilizatsiyaning choʻqkisiga yetishgan Frantsiyadek mamlakatda ham hozir uyda non yopish rasm boʻlgan emish. Doʻkonning nonidan koʻlbola nonni afzal koʻrisharkan-da. Bu hatto antiqa bir mashgʻulot, antiqa bir... taom, tansiq taom hisoblanar ekan!
— Hoʻ-oʻ, kelinglar! Futbol!.. — deb baqirdi Chori.

Choʻmilayotganlar apir-shapir suvdan chiqib, artina-kiyina davraga oshiqishdi. Yerga toʻshogʻlik sholchaning bir chekkasida vagʻillab yotgan moʻ‘jazgina bir qutiga hamma mahliyo! Bir toʻpni deb shuncha odam u yoqdan-bu yoqqa yugurgani yugurgan!..

Murodi hosil boʻlmay pisillab qolgan Berdiboyni yana boyagi badbin, yovuzona kayfiyat chulgʻagan edi. Davrani chetlabroq jilarkan, televizorga yaqinlashganda u, xuddi qoqilib ketganga oʻxshab, uni sekingina bir tepib oʻtdi.
— Oʻ, oʻ, Berdiboy, nima qilyapsiz! — deya chinqirdi oʻrnidan sapchib turgan Chori. — Koʻz bormi?! Yo kayfingiz oshdimi?

Berdiboy pinak buzmay, borib xurjunini yerdan koʻtargan edi, Rajab uning oldiga keldi.
— Ha, Berdiboy? Oʻtirmaymizmi? Nima, yo oborib qoʻyaymi? — dedi u qorongʻilikda turgan mashinasi tomon ishora qilib.

Berdiboy ilkis uni koʻkragidan qattiq itarib yubordiyu bir siltashda xurjunni yelkasiga olib, burilasolib joʻnab qoʻydi.

Kutilmagan zarbdan agʻanab, yerga oʻtirib qolgan Rajab negadir xaxolab kula boshladi. Soʻng orqadan uning gapi eshitildi:
— Mana shunday kelib-kelib turi-ing, Berdibo-oy!..

Yana oʻsha zim-ziyo tun, yana oʻsha toʻrt tarafi biydek dasht, yana oʻsha zildek xurjun, x u r j u n — turtina-surtina piyoda ketayotgan bir odam... Bir olam!

Berdiboy qayoqqa qarab borayotganini oʻzi ham bilmas, negadir bu haqda oʻylamas ham, nuqul halloslab-harsillab oldinga intilgani intilgan edi. Anchadan soʻng qir boʻyida qandaydir chiroq miltillab, chaylaningmi, kapaning qorasi koʻrindi. Oʻsha tomonga burildi u...

Kapadan shabpoʻshini kaftiga urib qoqa-qoqa, yargʻoqbosh bir qariya chiqdi:
— Keling, mehmon. Baxayr?

Salom-alik qildilar. Muddaosini aytdi Berdiboy.
— Munchoqdidanman, deng? Kimdi uli boʻlasiz?.. He, u bizning oshna-ku! Frontga birga joʻnaganmiz. Koʻp ogʻir, ba’mani odam. Hay, uyga kiring, yotib keting. Eski oshnamizning uli ekansiz... Borishim shart, deng? He, bir kecha oʻn kecha boʻlama, borasiz-da shu uyingizga ham!.. Ulov desangiz, anov «pat-pat»ning moyi sob boʻlgan, hafta beri — yotibdi. Nima? Eshak-peshak deysizmi? Eshak nima qiladi bizda, ogʻam! U jonivor ham qirilib bitdi hisob. Padang tomonlarda qolmagan boʻlsa bitta-yarimi... E, ulariyam bir...

Qariya bilan xoʻshlashib, u koʻrsatgan yoʻl boʻylab qorongʻilikka shoʻngʻirkan, taajjubdan Berdiboyning boshi qotdi. Bu yerlarni Oqqoʻton deydimi u. Chillai chor mahalligidan mana shu dala-dashtda oʻsib, bunday joyni eshitmagan ham ekan, bunaqa yerlarni koʻrmagan ham. Bugun oʻzi u bir baloga uchrabdi: nuqul adashadi, nuqul...

Bir mahal uzoqdan nimadir yiltilladi. Yonarqurtdek bir nima. U yaqinlashib kelaverdi, kelaverdi. Kattalashdi. Odamga oʻxshaydimi... Odamning koʻzi shunday yonarkanmi qorongida?! Oʻziyam bahaybatroq koʻrinadi. Orqasida dumsimon nimadir yerga surgalib kelyapti. Ana, yoli ham bor. Ot ekan-da, kalla! Ie, ot ikki oyogʻida yuradimi? Qanaqa maxluq bu oʻzi — vishillaydi? Motorning tovushiga ham oʻxshaydimi? Benzin hidi kelyapti, ha, ha! Mototsikli... Yo pirim, bu nima balo boʻldi?!

Balo, balo!

Berdiboy shunda sezdi: qandaydir soylikka tushib qolibdi. Ikki yoni tik jar. Boyagi soylikning adogʻi emasmi? Oʻshanga tus beradi...

«Balo» hamon bostirib kelmoqda edi. Orqaga qochay desa — u yogʻda anovilar, oldinga yuray desa...

U asta-asta oʻrlikka tomon tislanaverdi — «balo» toʻgʻri unga qarab kelaverdi, u tislanaverdi — «balo» bostirib kelaverdi...

Bu paytda...

Erini kuta-kuta zerikkan Oyroʻzi, katta qizini Tiniq momoga tashlab, kichkinasini koʻtarib, eri bultur qorboʻronda adashib halok boʻlgan beva qoʻshnisinikiga televizor koʻrgani chiqqan, mana, hozir roʻzgʻor yumushlaridan horigan xotinlar oʻtirgan joylarida pinakka ketishgan, tomoshalari poyoniga yetib, ekranda «qorboʻron» boʻlib yotar edi.

...Gulsanam esa, chamadonchasini kiftiga qoʻyib, mulla Shodining nevarasi bilan markazga qarab chopdi. Tonggi avtobusga ulgurishlari kerak!