OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifErkin A’zam
Asar nomiShoirning toʻyi (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Erkin A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm115KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/07
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shoirning toʻyi (qissa)
Erkin A’zam

Kechagi Kundan Rivoyat

Shaharning qoq markazidagi bu koshonani bino etishda urushdan keyingi yillar harbiy asirlarmi, allaqanday ajnabiylarmi qatnashgan, degan gap yuradi. Tarix, kechagi kun — bamisoli serishva jonon, har kim uni ta’biga moslab olaveradi; davr shamoliga qarab oʻzgaravergani sayin chin haqiqatni aniqlash mushkullashib boradi.

Nemislar qurganmi, samuraylarmi, harqalay, shaharda bunday pishiq, mustahkam imorat sanoqli. Mash'um zilzilada unga zaha yetkazolmagʻani bejiz emas: nemis ham, yapon ham serhafsala, qoʻli gul, rosa hunarmand keladi.

Bu binoning loyihasini Bessarab dashtlarida tugʻilib, noyob iqtidori bilan «bepoyon oʻlkam»ning poytaxtini zabt etgan, uning qoq yuragida «dunyo yoʻqsillarining dohiysi» maqbarasini ham chizmalab bergan bir me’mor yaratgan. Qolaversa, bu kabi tarixiy obidalarning tamal toshini yengiltaklikni jini suymaydigan, har ishda haybatu dabdabaga oʻch moʻylovdor dohiyning shaxsan oʻzi qoʻygan. Bu jabhaga kimlarni jalb qilishni ham bilgan. Asirlar — harbiymi, siyosiymi, joʻngina jinoiymi yoxud oʻzinikimi, begonami — farqi yoʻq, aybi boʻlsa bas. Aybdor shoʻrlik oʻlib-tirilib ishlaydi, shunga majbur. Mehnati bilan gunohini yuvmoqni oʻylamasa-da, mahkumlikni, mahrumlik uqubatlarini shu yoʻsin yengmoq boʻladi.

Moʻylovdor dohiyning moʻljali — bexato. Tasavvur qilish mumkin: tikanakli simtoʻsiq bilan oʻrab olingan bu atrofda, oyoqlarida yogʻochchipta kavush, yagʻir paxtalik kiygan mahbuslar u yoqdan-bu yoqqa zambilgʻaltak surib yuribdi. Bosh koʻtarish yoʻq, oʻzaro soʻz qotish yoʻq. Ish, ish. Vazifa shunday. Zarbdor jabha. Qurilish borayotgan maydonni simtoʻsiq orqali kuzatgan odamning koʻzi tinadi: bu roʻyi zaminda ikki xilgina rang bor ekan-da — oqu qora, ola-bula; yoʻl-yoʻl, yoʻl-yoʻl.

Shoʻrlik mahkumlar nima gunohlariga bu yerga kelib qolgan? Nima qurayotganlarini oʻzlari bilarmikan? Bilishadi, bilishadi — loyihashunos sarkorlari ham oʻzlariga oʻxshagan mahbus. Ozod Sharqda yagona teatr, san'at maskani! San'at maskani mahbuslar qoʻli bilan bunyod etiladimi? Nima ahamiyati bor? Maqsad — aniq, muddao — zoʻr, zarbdor qurilish Oktyabrʼ bayramigacha bitmogʻi shart!

Bitadi, shak-shubhasiz bitajak. Shaharning koʻrkiga koʻrk qoʻshajak, obod, dilkusho manzilga aylanajak. Toʻgʻri, shaharda keyin ham, ayniqsa, zilziladan soʻng koʻplab imoratlar qad koʻtardi, ne-ne sarvqomat binolar boʻy choʻzdi, u «Ozod Sharqning mash'ali» deb jar solindi. Biroq sipo, purviqor koshonamiz oldida bulari xiyla nomukammal — kalta-kultaga oʻrangan zamonaviy qaqajonlarni eslatadi: yengiltak, oson-omonat.

Koshonani bino qilgan oʻsha shoʻrmanglay binokorlar hozir qaerlarda ekan? Vatanlariga omon-eson qaytib borishdimi? Taqdir izmi bilan bu shaharda yashab qolganlari yoʻqmikan? Uqubatlar ichida bino etilgan bu koshonani eslasharmikan, bu maskanda qanday tomoshalar kechishidan xabarlari bormikan?..

Kim bilsin! Keling, biladigan gaplarimizdan soʻylashaylik.

Ulugʻ shoir nomi bilan atalgan bu dargohni tabiatan shoir ruhiga begonadek bir san'at turi zabt etgan. Zamonaviy sanalgan bu san'atga mahalliy xalqning xushi yoʻqroq. Buning uchun xalqni ayblab ham koʻrildi. Ammo... Nima, italʼyanlar beqasam choponli hofizlarning «katta ashula»sini zavq bilan berilib tinglaydimi? Binobarin, bu yerda yangi asar sahnaga chiqsa, shinavanda asosan «shunos»lardan iborat boʻladi. Tomosha chogʻi ulardan ba’zilari mizgʻib-mizgʻib ham olsa kerak, boshqa birlari oʻninchi sinfda oʻqiganda koʻngil qoʻygan qizlarini entikish bilan eslab oʻtiradi. Chiqib ketib koʻring-chi! Madaniyatsiz nodon, toʻpori atalmoqqa kimning tobi bor? Nozik, ingichka san'at bu! Uni tushunmoq, his etmoq uchun nozik, ingichka did darkor! Kim aytadi bizni madaniyatsiz toʻpori deb?!

Koshonaning boshqa shinavandalari ham bor. Bu madaniy Ovrupodan tashrif buyurgan ajnabiy sayyohlar boʻlib, Mafkuraxonim shaxsan tasdiqlagan dastur asosida, safar davomida ular madaniy hordiq chiqarmoq, aslida esa, bir vaqtlar yovvoyi sanalgan osiyoliklarning madaniyat jabhasida, xususan, nafis san'at bobida naqadar yutuqlarga erishganini koʻrmoq uchun bu yerga keladi. «O, da! Bravo, bravo!» Sakkiz oqqush ishtirokidagi (qolgan toʻrttasini olaboʻji yeb ketgan) «Oqqushlar koʻli»ni Eskijoʻva bozori boʻylab bugungi yugur-yugurdan soʻng mudroqu erinchoqlik aralash kuzatishar ekan, italiyalik sayyohlar istehzo bilan kulib, esnab oʻtirishadi.

Koshona odamga liq toʻladigan kunlar ham boʻladi. Katta-katta anjumanlar, atoqli shoiru olimlarning tantanavor roʻzi tavalludlari — yubileylari shu yerda oʻtadi. Kelajakda Chigʻatoydan toʻrt gaz yer tamai ilinjida yurgan yubiley sohiblari toʻylarini mana shu maskanda nishonlamoqni sharafi oliy deb biladilar. Ammo bu ishni hargiz oʻzlari hal etolmaydilar. Kim qay goʻrga koʻmiladi, kimning roʻzi tavalludi qay maskanda, qay tarzda tantana qilinadi — bularni shaxsan Mafkuraxonim belgilab beradi. Bunda u nimalarga asoslanadi — yolgʻiz xudoga, yoʻq-yoʻq, yolgʻiz Mafkuraxonimning oʻziga ma’lum.

Mana, bugun ham, chuchmalzabon Ajoyib domla ta’birini istifoda etganda, she’riyat toqida chaqnoq yulduz misoli chaqnab, nosoz zamon darrasiga duchor boʻlib bevaqt soʻngan Otashqalb shoirning tavallud anjumani... Darvoqe, ortiqcha tafsilotlar bayoniga berilib ketib, tantanali oqshomga kech qolay debmiz.

Bilarsiz, kuzatganingiz bordir, bu kabi marosimlarga asosan bir xil jamoa toʻplanadi. Bugun, deylik, Otashqalb shoirni xotirlamoqqa yigʻilgan ayni shu sara izdihom ertaga uning qon raqibi, raqibi ne, jon kushandasi — Shoiri zamonning zamon ustidan qozongan ulkan gʻalabasini nishonlamoqqa ham hoziru nozir. Xuddi oʻsha janoblar, xuddi oʻsha xonimlar. Koʻpchiligi xizmat yoki burch yuzasidan keladi bu yerga. Ba’zilari anchayin qavmini koʻrmoq yoxud unga koʻrinish bermoq payida boʻladi. Bundagi marosimu ma’raka bir bahona, xolos. Aksariyat pinhona uchrashuvlar, «kelajagi porloq» tanishuvlar, biron maqsadni moʻljallab oʻzini koʻz-koʻz qilishtar, tantanavor ruhdan ruhlanib ish bitirishlar va boshqa-boshqa talay savdolar shu yerda kechadi.

Shakkoklikka berilmay, insof bilan aytadigan boʻlsa, anjuman ahlining kunda-shunda qismidan boʻlak iaydar-pay yangilanib turadigan bir toifasi ham borki, kechayotgan marosim aslida shularniki. Ular bu yerga entikib, orziqib keladi. Qoʻllarida dasta-dasta gul, koʻzlar toʻla yosh, koʻkrak toʻla ehtiros. Ha, balli, chinakam muxlis bular. Asosan yoshlar, zamon zamzamalariyu qismat qingʻirliklarini hali tatib koʻrmagan, oʻqigan kitoblariyu muallimlari aytgan soʻzlarga chippa-chin ishonadigan begʻubor, ta’sirchan talabalar. Anjumanga shakl yasab, unga peshvolik da’vo etayotgan kazo-kazolar shoirning loaqal bir satrini ham bilmagani holda, bu zumrashalar uning butun-butun kitoblarini yod biladi; hayotini, ayniqsa, ishqiy sarguzashtlarini xayoliy-fojeiy boʻyoqlar bilan boyitib, u haqda oʻzlaricha afsonalar toʻqib olgan; she’riyatga havasmandlari boʻlsa, hayotda ham, ijodda ham unga oʻxshamoq orzusida yuradi... Haqiqiy muxlis shunday boʻladi-da!

Yana takrorlaymiz: bu maskanda koʻp tarixlar kechgan, koʻp marosimu tantanalar oʻtgan, tabiiyki, turli-tuman muxlisu shinavandalar kelib-ketgan. Lekin, ming karra aminmizki, hali bu dargoh biz ta’rifiga kirishayotgandek muxlisni shu choqqacha koʻrmagan.

Ulkan naqshinkor qopqa oldida odam siyraklashgan. Kelgani qoʻlidagi shapaloqdek qogʻozni koʻrsatib kirib ketayotir. Anovi yoʻgʻon ustunning panasida payt poylab turgan ajabtovur muxlisimiz boya bir necha marotaba oʻshalar safida oʻzini eshikka urib koʻrdi. Boʻlmadi. Darbon xotin uni koʻrib, koʻzining paxtasi chiqib ketayozdi: bu kim, qanaqa maxluq, qayoqdan paydo boʻldi, bu yerda nima qiladi, kim qoʻydi uni bunday joyga, hey, bu yoqqa qaranglar, odam bormi?..

Bu xotin muxlisimizning qoʻlida anovinaqa pattadan yuz mingtasi boʻlganida ham uni eshikka yaqin yoʻlatmasdi. Chunki... Qoʻlbola aravachada oʻtirgan bu odam nogironlikning jamuljam timsoli edi. Tizzadan kesilgan oyoqlarning poʻntigʻiga kirza etikning qoʻnjidan yasalgan qoplama kiygizilgan, ikkala qoʻlining ham tirsaqdan pasti yoʻq — isqirt, yagʻiri chiqqan qora paxtalikning shalviragan yenglari yuqoriga qaytarilib, bilakka chandib qoʻyilgan. Avji bahorning iliq oqshomi boʻlishiga qaramasdan, gʻaroyib muxlisimi-ning egnida qalin paxtaligu boshida eskidan eski quloqchin; soch-soqoli oʻsib ketgan, qoʻsqi. Tashqi qiyofasidan bu yurtning fuqarosiga oʻxshamaydi, uzoqdan kelgan, juda uzoqdan — musofir. Ammo uning asov baroq qoshlar tagidan boqib turgan oʻtli koʻzlarini koʻrgan odam bir seskanib tushishi muqarrar! Va uni shubhasiz ogʻir bir savol oʻrtay boshlaydi: bu qadar tanish koʻzlar kimniki?

Darbonning javrashi barobari Musofir muxlisning tepasida har yerda hoziru nozir turadigan tanish nusxa tik boʻldi. Musofir muxlis uni darrov tanidi: u tanimay kim tanisin! Oʻsha-oʻsha vajohat, oʻsha-oʻsha butlarini kerib, muskuldor engaklar bir yon, oʻqdek qadalib turishlar, oʻsha-oʻsha qora charm kamzul. Lekin qaribdi, hatto shu ham qaribdi. Lekin hamon charchamoqni bilmaydi.

Musofir muxlis bu nusxaga duch kelmaganiga koʻp zamonlar boʻlgan edi. Ul tinim bilmas Ta’qibkor uni mana shu koʻyga soldiyu tinch qoʻydi. Mana, taqdirda bor ekan, yana uchrashib turishibdi. Balki, bu oxirgisidir.

Ta’qibkor, tabiiyki, uni shaxsan tanimadi, tanimogʻining iloji ham yoʻq edi: u bittagina, bunaqangi qalangʻi-qasangʻi yot unsurning esa urugʻi behisob. Qarigani vajidanmi, zamon oʻzgargani tufaylimi, yo bunday maskanda, bunday ayyomda biror kori hol boʻlmogʻiga asos yoʻqligi uchunmi, qisqasy, uni odatda vokzal-pokzalda tentirab yuradigan mayxoʻr mubtalolardan deb fahmlab, tishlari orasidan vishillab amr kildi:
— Shagom marsh!

Musofir shoʻrlikda qadam bosadigan oyoqning oʻzi yoʻqligidan u chaqqonlik bilan engashdi-da, qoʻlga aylangan tirsaklarini ishga solib aravachasini tislantirdi. Ammo ketmadi, Ta’qibkorga tik boqib soqol-moʻy bosgan dahanini ochdi, oʻzicha nimadir demoq boʻldi, deya olmadi. Bu shoʻrlikning boshqa a’zolari — oyoq-qoʻli qatori tili ham kesilgan edi. Shu choq, Ta’qibkorning qudratli imosi bilanmi, qayoqdandir paydo boʻlgan ikki abjir milisa yigit uni arava-paravasiga qoʻshib dast koʻtardiyu huv nariga, bexavotirroq joyga eltib qoʻydi va kaftlarini qoqa-qoqa yangi imolarga shay boʻlib jangovar joylarini egalladi.

Sal oʻtib maydonga osoyishtalik choʻkdi. Qopqa oldidan ham oyoq uzildi hisob. Musofir muxlis jonho-latda tirsaklari bilan yer tirnab aravachasini qopqa sari haydadi. Qopqaga yetganda bir zum taraddudlanib boʻsagʻada toʻxtadiyu darbon xotin qayoqqadir daf boʻlganini koʻrib shiddat bilan oʻzini ichkariga urdi.

Boyagina bu yerda har qanaqa xavf-xatarga oʻz vaqtida zarba bermoqqa shay turgan Ta’qibkoru uning sodiq yordamchisi — bir parcha qogʻozdan boʻlak hech narsani tanimaydigan dimogʻdor darbon xotin qani, qay goʻrga ketdi ular?

Bu yerga keladigan odam kelib boʻlganiga ishonch hosil qilgach, darbon xotin daf’atan bugun sahnada hech kim hech kimni koʻtarib oʻynamasligini eslab, «Huv otam zamonida oʻlib ketgan bir shoir ekan, endi kim ham kelardi» degan xayolda, qoʻlida doimiy hamrohi — chala toʻqilgan paypoq, ish oʻrnini mas’uliyatsizlarcha egasiz qoldirib, ichkari eshikni qoʻriqlamoq bahona, bekorchilikdan borib tomoshalar toloriga moʻralay boshladi.

Yoshi bir joyga borib qolganiga qaramay hamon oʻzini oʻn sakkiz yashar qizdek tutadigan, «aka, bir qarang» atlasidan kiyib, jilvagar durrani boshiga yallachimonand dol tangʻigan, yuz-koʻziga upayu surmani ayamay chaplagan bu dum-dumaloq xotin koʻp yillar muqaddam xuddi mana shu — hozir oʻzi qoʻriqlab oʻtiradigan qopqadan nozik-nihol bir nozanin boʻlib kirib kelgan edi. Tezda shuhrat qozonib, «oqqushlar koʻli»da bahuzur suza boshladi. Tengdoshlari ich-etini yegan, zimdan unga hasadlar qilgan. Chunki ularga hech kim qaramaydi, uni esa kimsan — shaxsan vasilʼevlar boshiga koʻtarib yuradi!

Ittifoqo, «maqtalgan qiz»ni xudo urdi-qoʻydi: oʻsha zabardast dastyorlar uni yerdan uzmogʻi qiyinlashib qoldi. U, nimadir baloga duchor boʻlib, meshdek semira boshladi. Bu ahvolda uni sahnaga yoʻlatib boʻlmasdi, sahna ortidagi yumushlarga jalb etildi. Bora-bora bu ishlarga ham yaramay qoldi. Odatda, bunaqa vaziyatga tushgan or-nomusli san'atkor bu kasb, bu maskanni butunlay tark etib ketadi. U bunday qilmadi, alam-intiqom oʻtida qovurilib yuraverdi. Yura-yura, bir vaqtlar oʻzi iymana-iymana kirib kelgan mana shu maskanning eshigiga darbon boʻlib qoldi. Endi sobiq dugonalari — bugungi gʻanimlari sahnaga chiqadigan kun, ilojini topsaki, bu dargohga odam kiritmasa! Qopqani vaqtidan oldin tambalab, asta borib sahnaga moʻralaydi: qachon anovi yer yutgurlar sal boʻlsa ham semirarkan, qachon anovi sabil qolgur vasilʼevlarning qoʻli tolarkan?

Musofir muxlis tomosha toloriga kiradigan eshik oddida alamzada darbonni koʻrdiyu yoʻlni shoshilinch chapga soldi. Yuqori oshyonga olib chiqadigan zinaga duch keldi. E, bizga bundan battarroq gʻovlar ham pisand emas! Koʻz ochib yumguncha ikkinchi qavatga yetdi-yu, yana bir baloga uchrab esankirab qoldi: chanqoqbosdi ichimliklar sotiladigan charm peshtaxta oldida, kelib-kelib kim deng, har yerda hoziru nozir Ta’qibkorning xuddi oʻzi qiyshanglagan bir jonon bilan qaymoqlashib turardi. U suhbatdoshiga suykalanib, aftidan, nimanidir shivirlayotganida quvgʻin muxlis uning har yoqni koʻradigan koʻzini shamgʻalat qilib oʻqdek uchganicha ochiq eshiqdan tor-qorongʻi yoʻlak boʻylab ichkariga kirib ketdi.

Bu — tomosha tolorining ikkinchi oshyoni boʻlib, oʻrin-joylar liq toʻla, hatto bir toʻda yigit-qiz toʻsiqqa suyanib tik turar edi. Nogironlar aravachasida abjirlik bilan kirib kelgan sirli muxlisga birov-yarim ajablanib qaragandek boʻldi-yu, soʻng ortiq e’tibor bermay qoʻydi. Oldingi qatorning eng chekkasida oʻtirgan yigit bilan qiz unga alanglay-alanglay oʻzaro nimanidir pichirlashib oldi-da, barvasta yigit shartta oʻrnidan turdi, soʻrab-netib yoki soʻz qotib oʻtirmay, kelib sirli muxlisni aravachasidan dast uzdiyu eltib oʻzining oʻrniga — qizning yonigaoʻtqazdi, oldinda sahnani toʻsib turgan yigitni bir ishora bilan nari jildirdi: mana, endi bahuzur oʻtirib tomoshangni qilaver, ey nogiron muxlis, biz ana shunday joʻmardmiz! Olijanob yigitning oʻzi qizga yaqinroq joyda toʻsiqqa tirsak tirab, sahnaga koʻz tikdi. Nogiron muxlis boshini ogʻir burib bir qaradi-yu, ammo uning na minnatdor ekanini, na ajablanganini bilib boʻldi; asov baroq qoshlar tagidan odamni teshib yuborgudek gʻayritabiiy bir oʻt chaqnadi, xolos.

Gulduros qarsaklar sharsharasi koshonani larzaga keltirdi. Anjumanning tantanadi qismi boshlangan edi. Sahnadagi uzun hay'at stolini hukumatga yaqin shoiru olimlar, kazo-kazo rahbarlar ishgʻol etgan. Orqada — baroq qoshli, chaqnoq koʻzli navqiron yigit — Otashqalb shoirning she’riyatga havasmand yosh rassom chizgan kattakon siymosi.

Anjumanni shoirning yoshlik doʻsti, eng yaqin safdoshi (unga aynan shunday ta’rif berildi) Oqsoqol shoir odatdagi — samimiy desa odamning haqi ketadigan, soxta desa noinsoflikka oʻtadigan mujmal va chuchmal kirish soʻzi bilan ochdi. Shu toʻrt ogʻiz gapni ham u qogʻozdan koʻz uzmay oʻqib berdi; chamasi, buni avval kimdir — Mitrofan Grigorʼevich atalmish istalgan mavzuda istalgancha matn yozib bermoqqa qodir mangu yordamchisi oʻz ona tilida bitib, soʻngra yana kimdir oʻzbekchaga aylantirgan.
— Mening unutilmas doʻstim Otashqalb hozir hayot boʻlganida roppa-rosa sakson yoshga toʻlardi, — deya ma’nodorona gap boshladi Oqsoqol shoir. — Biz e’jod boʻstoniga unutilmas doʻstim bilan bir paytda qadam qoʻyganmiz. Joʻshqin komsomol yoshligimiz birga oʻtdi, shonli oʻttizinchi yillarning qahramonona voqeligini birga tarannum etdik.

Oldingi qatordan kimdir atayin hammaga eshittirib uh tortib yubordi. Hay'atda oʻtirgan bir necha kishining qulogʻi ding boʻlib, koʻzlari aybdorni qidirib qoldi.
— Biz u bilan har vaqt, har joyda birga edik: oʻsha yillarning zarbdor inshootlarini bunyod etishda boʻlsin, sotsializm dushmanlariga qarshi omonsiz janglarda boʻlsin — hamisha! Biz birga e’jod qildik, birga yashadik. Biz u bilan tengdosh-tengqur edik, u mendan atigi bir hafta katta. Afsus va nadomatlar boʻlsinkim, shundoq noyob iste’dod sohibi, ajoyib doʻstim nohaq tuhmatlarga duchor boʻlib, xalq dushmani sifatida olis sovuq oʻlkalarga surgun etildi.

Yon tarafdan kimdir qaltis, omonsiz luqma tashladi:
— Siz-chi? Doʻstingizni himoya qilmadingizmi?

Hay'atda besaranjomlik boshlandi. Oldingi qatorlarga sipo kiyingan norgʻul-norgʻul yigitlar oralab qoldi. Ta’qibkorning shogirdlari.

Oqsoqol zarracha parvo qilmay soʻzida davom etdi: Mitrofan Grigorʼevichning matnida bu kabi gʻalamisona luqmalar nazarda tutilmagan, binobarin, ularga javob ham hozirlanmagan edi.
— Mana, nihoyat, jonajon partiya va hukumatimizning sovet adabiyotiga, e’jod ahliga cheksiz gʻamxoʻrligi tufayli Otashqalb shoirimizning pok nomi oqlandi, mana, bugun tantanavor yubileyi oʻtkazilmoqda. Biz bu kunni ellik yil, ya’ni yarim asrdan koʻproq kutgan edik.

Yana bir «ekstremist»ning sabri chidamadi:
— Yolgʻon, kutganingiz yoʻq!

Hay'atdagilardan kimdir mikrofonni qattiq, tahdidkor ohangda tikillatib qoʻydi. U yer-bu yerda sergak turgan norgʻul yigitchalarning koʻzi battar olazarak boʻldi. Oqsoqol desa degulik shoiri zamon barvasta qomatini minbardan koʻtardi, tilla gardishli koʻzoynagini qoʻliga olib, toʻlqinsimon oppoq sochini asabiy tarzda orqaga taroqladi. Chap yonogʻi gʻazabdan pir-pir uchardi. Galvars Mitrofan! Topgan gapini qarang! Nechevo! Bundan battar hujumlarni koʻrganmiz. Ne-ne kurashlarda yengib chiqdik. Bu gal ham, kerak boʻlsa, gʻalaba kilamiz!

Yoʻq, gʻalaba qilish oson emas ekan. Anjuman ahli bir xil toifa — nuqul haqiqattalablardan iborat demoq soddalik boʻlardi. Luqmachilar orasida demokratiyani shior qilib, elning koʻzida oʻzini har turli magʻzavadan tozalab olmoqchi boʻlganlari ham yoʻq emasdi.
— Otashqalb oʻzidan zoʻr shoirligi uchun Oqsoqol uni hasaddan qamatib yuborgan, degan gap yuradi, ayting-chi, shu toʻgʻrimi?

Oqsoqol batamom dovdirab qoddi. U hammasini kutgan, lekin bu qadar shafqatsiz hujumga tayyor emas edi. Qoʻlida titrayotgan koʻzoynakni minbar peshtaxtasiga qoʻyib, ovoz kelgan tarafga tikildi. Oʻrtaroqdagi qatordan chorpaxil bir bashara unga qarab tirjayib turardi.

Anovi! Hah, haromi koʻrnamak! Shoirlik da’vosida yuradigan, ellikka yetib ham tozaroq biror narsa yozmagan bu yaramas mana shunday ma’rakabuzarligi bilan mashhur edi. Allaqayda yosh havaskorlar toʻgaragini boshqargan bu «murabbiy» u yerda bir norasidani bulgʻab qoʻyib, koʻp sharmandalik boʻlgan, bir toʻp shoir-yozuvchi uning tashkilotdan badargʻa etilishini talab qilgan; ammo Oqsoqol, nodon Oqsoqol koʻkrak tutib shu murdorning himoyasiga chiqqan edi. Chunki uch-toʻrt kun oldin u yigʻlab, tavallo bilan Oqsoqolning huzuriga kelgan, «Oʻzi buzuq ekan, ustoz, amakivachchasi buzib qoʻygan ekan, uylan desangiz — uylanaman», deya ishni bosti-bosti qilishga koʻmaklashishni soʻragan edi.

«Ustoz»ning koʻngli iyidi. Mayli, yigitchilik deb itlik qilib qoʻyibdi. Uylanmoqchi, aybini yuvmoqchi. U prokuraturaga oshirib-toshirib ijobiy tavsifnoma yozib berdi, jamoatchilikning gʻazabini pasaytirdi. Nega? Avvalo, anovi zamonlarni koʻrgan odam, oxirat oldidan qoʻlni sal poklab olgani ma’qul, bu yogʻi endi boʻlgan ish boʻpti, juvonmarg boʻlib ketmasin, dedi. Qolaversa, oʻzi boshliq boobroʻ tashkilotda bundoq sharmandalik sodir boʻlgani elaro ovoza etilmogʻi ravo emas.

Bugun kelib ana shu yuvuqsiz... Xayriyat, odamlarda insof deganidan bor ekan. Oqsoqol tili tanglayiga yopishgudek muztar bir holatda qolganida u yer-bu yerdan uch-toʻrt odam turib, nobakorning tanobini tortib oʻrniga oʻtqazib qoʻydi. Taajjubki, ularning deyarli bari Oqsoqol unchalik xushlamay yuradigan kishilar edi. Tavba, yaxshilik bilan yomonlikning chegarasi bormi oʻzi bu dunyoda?!

Shundan soʻng Oqsoqol shoir «Mitrofanning qogʻozi»ga qaramay, bunday mehribonliklar uchun jonajon partiya va hukumatiga, adabiyotning doʻsti va chinakam homiysi boʻlmish «hammamiz uchun hurmatli zot» — Eng katta rahbarga ahli anjuman nomidan koʻpdan koʻp minnatdorlik izhor etmoqqa ijozat soʻradi. Anjuman ahli bahamjihat oyoqqa qalqib, gulduros qarsaklar bilan uning taklifini olqishladi. Bundan ruhlangan notiq soʻzini endi dadil davom ettirib, «hammamiz uchun hurmatli» Eng katta rahbar, ya’ni oʻzining qadrdon doʻsti muhim davlat ishlari bilan qattiq bandligi sababli, afsuski, bugungi anjumanda ishtirok eta olmayotganini aytib, ehtirom yuzasidan u kishiga hay'atdan faxriy oʻrin qoldirishni taklif qildi. Boyagi yakdil izdihom buni ham gurillab ma’qulladi. Majlis raisi keyin Eng katta rahbarning anjuman ahliga yoʻllagan tabriknomasi hamda hukumat qarorini oʻqib eshittirish uchun soʻzni mamnuniyat bilan Mafkuraxonimga berdi.

Mamnuniyat bilan Mafkuraxonga soʻz berishga berdi-yu, Oqsoqol shoir ichida gʻijinib qoʻydi: «Endi shu manjalaqi bizga katta!» Boyagi hijolatbozlik esiga tushib, xuddi oʻzi mulzam boʻlgandek noqulaylik sezdi. Avvalambor, rosa tarang qilib, shuncha odamni sargʻaytira-sargʻaytira tashrif buyurdilar bu xonim. «Poʻsht-poʻsht» bilan kirgach esa, dam olish xonasida uzunchoq billurdan tamanno etib suv hoʻplarkanlar, «Qani, domlaning oʻzlari keldilarmi?» deb qolsa boʻladimi! Hamma bir-biriga qaragan, hamma xijolat. Shoʻx, hozirjavob madaniyat vaziri toʻqsonlarni qoralab qolgan, qulogʻi ogʻir keksa rassomni roʻpara qilib, vaziyatni yumshatmoqchi boʻldi. «Domlani taniyman, komsomolda ishlaganimda mani chizganlar, — dedi Mafkuraxonim yasama xushhollik bilan rassomga oppoq barmoqlarining uchini tutqazib.— Man yubilyarni soʻravobman...» Yana hamma bir-biriga qaragan, yana hamma xijolat. «U kishi yetib kelolmadilar, — dedi kimdir orqaroqdan jasorat koʻrsatib. — Uzoqdalar, hu-u Uzo-oq Sharqda».

Mafkuraxonim deganimiz asli komsomoldan yetishib chiqqan, keyinchalik talay yil poytaxt tumanlaridan birida partiya qoʻmitasiga yetakchilik qilgan, bir oz muddat madaniyat vaziri ham boʻlgan, mana, olti oydirki, yangi egarga oʻrnashib, mafkura otining jilovini tutgan edi. Qirq besh yoshlar chamasidagi bu xotin soʻzga nihoyatda chechan, birpasda dunyoni agʻdar-toʻntar qilgudek faol tashkilotchi, oqni qora, qorani oq deb isbotlamoqqa ayniqsa mohir edi. U tagi oqsuyak xoʻjalar avlodidan boʻlib, markscha-lenincha ta’limotga azbaroyi mehri zoʻrligidan nasl-nasabini inkor etgan, oʻzi xushbichim, oqbadan, lekin yupqa lablari har qanaqa odamni chimdishga shaygina ayol ediki, mansab pillapoyalaridan yengil-engil hatlab oʻtishiga va nihoyat muhim bir jabhaning quloqboshiga mahkam oʻrnashuviga ana shu sifatlari ham tirgovuch boʻlgan edi.

Otashqalb shoirning nomi oqlanishi munosabati bilan Eng katta rahbar adabiyot ahliga yoʻllagan qutlov maktubini Mafkuraxonim tutila-tutila, soʻzlarini chaynab, zoʻrgʻa oʻqib bera boshladi. U «ikkinchi ona tili»ga rosa usta edi, agar manovini birortasi oʻshanga oʻgirib berganida, turli-tuman minbarlarda sayrayverib alohida bir jarang va qat'iyat kasb etib ketgan qayroqi ovoziga latofatli ayollargagina xos istigʻnoli bir ohangdan tegishicha omuxta etib, sharillatib tashlardi-ya, nachoraki, zamon bugun oʻzgacha!

Moskovu Leningradlarda ta’lim olgan Mafkuraxonim ona tiliga xiyla noʻnoq, ammo bundan sira koyinmas, qaytaga shunisini fazilat deb bilar edi. Aytishlaricha, ona tili deb kuyinib yurgan uch-toʻrt yoshu bebosh ziyolini «partgilami»ga chaqirib gʻoyaviy-siyosiy jihatdan saboq berganida u ana shu afzalligini aytib, maktabda oʻzbekcha oʻqigan opasining bugun uy-roʻzgʻorga oʻralashib uyda oʻtirib qolganiyu oʻzining mana bundoq yuksak martabalarga erishganini misol keltirib gʻururlangan, husn hamda antiqa kiyinish, shuningdek, boshqa shoʻxliklar bobida shaharda dong taratgan past-baland ikki qizining sira oʻzbekcha gapirmasligini shoyon mamnuniyat bilan maqtagan.

Lekin hozir bor-yoʻgʻi bir betlik matnni oʻkib berish asnosida oʻsha manmanligu begonaparastligi burnidan buloq boʻlmoqda edi. Buni matnning asl muallifi, huv burchakda biqinib oʻtirgan Zahmatkash adabiyotshunos ayniqsa qattiq his etmoqda, Mafkuraxonim oddiygina soʻzlarni ham ming bir azob bilan talaffuzga solayotganini koʻrib undan battar qiynalmoqda, «qilgan noma’qulchiligi» uchun xijolat chekmoqda edi. Kechagina oʻzi yozib bergan gaplarni u hozir boshqa kishining ogʻzidan eshitib, xayolan solishtirarkan, matnga talay tahriru tuzatishlar kiritilganini sezdi. Avvalo, oʻrinli-oʻrinsiz «sovet» soʻzi qoʻshilgan edi: «yosh sovet shoiri», «boy sovet voqeligi», «sovet lirik she’riyati». Otashqalb shoir «sovet tuzumini tinmay ulugʻlagan», «shonli oʻttizinchi yillarning qahramonona zafarlarini tarannum etgan» emish! Unda nega qamaldi, nega «xalq dushmani» deb qoralandi?

Mafkuraxonim shoir nomini abadiylashtirish haqidagi hukumat qarorini e’lon qilganida Zahmatkash adabiyotshunosning yana boshi qotdi. Nuqul jinnixonayu tanosil kasalliklari shifoxonasi joylashgan kalta-kulta koʻchalar, shoirning biror satrini bilmaydigan, hatto bilishdan or kiladigan begona qavm istiqomat etadigan bir tupkaning tagidagi xarob mavze... Tiriklarga baribir oson ekan, tiriklar beshafqat ekan, oʻliklarga qiyin, oʻliklar chorasiz, ular oʻzini himoya qilolmaydi.

Mafkuraxonim ogʻir, mas’uliyatli vazifani boshidan soqit qilib joyiga qaytar ekan, orqadan kimdir kelib unga kursi toʻgʻrilab turdi, majlis raisi — Oqsoqol shoir boshchiligida yon-veridagilar «qotirdingiz» degandek yaltoqilarcha jilmayib qoʻl siqib qoʻyishdi. «Opa» ulugʻlarga xos nazokat va vazminlik bilan joyiga oʻrnasharkan, oldingi qatorda oʻtirib bor kuchi bilan chapak chalayotganlar orasidan kimdir koʻziga issiq koʻrindi. Bir zum tikilib qaradi-yu, oʻzini tanimaganga urib koʻzini boshqa yoqqa oldi.

Oʻsha, Tepakal, sevimli kal! Bu yerda nima kilib yuribdi? Qayoqdan paydo boʻldi? Huv yoqdan chiqib kelibdi-da. Oʻshandan beri uchrashishmagan edi. Ye buyam she’riyat muxlisimikan? Yoʻq, bu boshqa narsaning muxlisi! (Balki, bir zamonlar vatandoshlari kavlab ketgan goʻrning bugun nima boʻlganini tomosha qilgani kelgandir?)

Mafkuraxonim Moskov tahsilidan endigina qaytib komsomol markazqoʻmida gurillab yurgan kezlari jingalak sochi old tarafdan siyrak torta boshlagan bu olakoʻz yigitcha shahar tumanlaridan birida bor-yoʻgʻi yoʻrikchi boʻlib ishlardi. Familiyasidagi kavkazcha qoʻshimchani oʻz vaqtida oʻzgartirib, oʻzbekchaga yaqinlashtirib olgan, osmondagi yulduzni ham undirmoqqa shay turadigan bu uddaburon shovvoz «ulugʻ poytaxt» sari qilingan navbatdagi komsomolcha jamoaviy safardan soʻng toʻppa-toʻgʻri markazqoʻmga ishga olindi — hojatbarorligi bilan bir koʻngilga mahkam oʻrnashgan edi.

Shahardagi tumanlardan biriga «opaxon» boʻlib koʻtarilgach, Mafkuraxonim uni oʻziga ikkinchi kotib qilib olib keldi. Qarasa, gap-soʻz koʻpayadigan, qolaversa, uncha-muncha joyga birga borib boʻlmaydi (kimdir qolishi kerak-da ish boshida), shunda kadr tanlashdagi mahoratini namoyish etib, uni shartta tumandagi kattakon oziq-ovqat trestiga boshliq qilib qoʻydi. Six ham kuymaydi, kabob ham. Ham qozon moy, ham choʻmich. U kezlardagi sevikli Tepakali (endi u rasmona kalga aylangan, lekin har jihatdan har qanaqa jingalaksochidan afzal edi) bilan oʻtgan shirin damlarni — birgalikda «ulugʻ poytaxt»ga safarlar, birgaliqda Qora dengiz sohillariga istirohatga borishlarni eslab, Mafkuraxonim gohida bugungi bor mansabu martabasini oʻshandagi ayrim laziz daqiqalarga almashtirib yuborishga tayyor sezadi oʻzini. Ha, boshqalar uning oʻrnini bosolmadi — u oʻlgur hamma qiladigan ishning teskarisini qilardi-da!

Mafkuraxonim peshonasini silagan boʻlib barmoqlari orasidan yana oʻsha yoqqa qaradi. Oʻsha-oʻsha, sira oʻzgarmagan, sadoqatini isbotlamoqqa har dam tayyordek komil ixlos bilan koʻz uzmay tikilib turibdi. Madaniyat vazirligiga ishga oʻtganidan keyin aloqalari sal susaygandek boʻlib yurdi. Bu orada pushtipanohsiz qolibmi, oʻzboshimchalikka berilibmi, Tepakal allaqanday savdo oʻyiniga aralashib, qamalib ketdi.

Bir tarafdan Mafkuraxonimning madad qoʻli qisqalik qilgan boʻlsa, bir tarafdan u oʻsha qisqa qoʻlini ham uzatgisi kelmadi — Tepakal soʻnggi vaqtlarda yosh-yoshlarini topib daf boʻlib ketadigan odat chiqargan edi. Zamon keskin oʻzgarib, ne-ne qurbonliklar evaziga qoʻlga kirgan mansabu martaba bor vujudni qamrab, butkul safarbarlik talab qilib turgan nozik pallada bir zamonlardagi sevikli Tepakali, mana, tagʻin oldidan chiqib qoldi. Bu yerga nimaga kelibdi u? Qayoqdan is oldi ekan? Yoki yana biror baloga yoʻliqib, yordam soʻramokchimi? Balki... balki... Shu tobda Mafkuraxonimni egallab turgan mansabu martabasi, ayniqsa, mana bu kabi tantanavor anjumanlar ruhidan yiroq, unutilayozgan asov bir hayajon chulgʻadi.

Shoirning hayoti va ijodi haqida ma’ruza qilish uchun soʻz Ajoyib domlaga berildi. Bu odam juda koʻhna, yarim asr burun juvonmarg ketib, mana, bugun xotirlanayotgan Otashqalbning oʻzidan ham bir necha yosh katta, koʻp qirgʻinlarni koʻrgan, hammasiga chap berib omon qolgan, ya’ni — kelgan baloga boshqani roʻpara qilib, panasida jon saqlagan, zamon har aylanganda shamolning yelparragi qay tarafga yoʻnalganini ilgʻorlar qatori ilgʻab, oʻsha tarafga bayroq koʻtarib yugurgan, oʻzining bu turlanish-tuslanishlariga ilmiy va siyosiy asoslari hamisha tayyor, benihoya makkor va maddoh bir zot edi.
— Azizlar, bir lahzagina tasavvur qiling-a, — deb boshladi u soʻzini odatdagicha suxandonlik va chechanlik bilan, — qani edi, ul ajoyib Otashqalb, isyondil shoirimiz bir damgina tirilib kelib, mana shu muazzam qasri oliyda bazmi nafis qurmoqda boʻlgan sizu bizning koʻngillarimizni, koʻngillarimiz barobari davramiz toʻrini-da toʻldirib oʻltirsalar, ofarinu tasannolarga koʻmilib davron sursalar ne baxtu saodat boʻlur edi!..

Bu yaltiroq soʻzlar tizimidan sehrlangan gustohroq kimdir nihoyatda ulugʻ bir gap aytildi, deb oʻyladi shekilli, qoʻqqisdan chapak chalib yubordi, boshqalar ham bilib-bilmay qoʻshildi. Xayoli anovi yoqlarga ogʻib oʻtirgan Mafkuraxonimning beixtiyor bunga joʻr boʻlganini koʻrib, hay'atdagi jami kazo-kazo chapakni qoʻllamoqqa majbur qoldi. Bundan ruhlangan ma’ruzachi battar joʻshdi, battar koʻpirdi.

Darvoqe, aytilgan gap ijobat topib, moʻ'jiza roʻy bersayu Otashqalb shoir bir lahzagina tirilib kelsa, xuddi minbardagi bulbuligoʻyoning giribonidan olardi: «Sen haliyam bormisan? Sen haliyam oʻlmadingmi?» Bu holni koʻrib hay'atda oʻtirgan uch-toʻrt zot, pastdan ham ikki-uch odam juftakni rostlab qolishi muqarrar edi. Qochqinlar toʻdasining yetakchisi, hech shubhasiz, Oqsoqol shoirimiz boʻlardi. Negaki, Otashqalbning hayoti va ijodi haqida mohirona toʻqilgan, keyinchalik kitobu darsliklardan, demakki, kechagi va bugungi gʻofil avlod ongidan joy olgan silliq, sipo mazmundagi shirin-shakar afsonaning muallifi shular edi. Keling, ana shu afsonani birgalikda tinglaylik.
— Oʻshanda, shak-shubha yoʻqki, yubilyarimizning oʻng tarafidan adabiyotimizning ulkan yalovbardorlaridan biri boʻlmish uning yoshlik doʻsti, sodiq safdoshi, ajoyib inson va rahbar, benihoya muhtaram ustoz — Oqsoqol shoirimiz oʻrin olgan boʻlur edilar. Voqean, kelgusi haftaning xuddi shu kuni xuddi mana shu maskanda ajoyib doʻstimizning ham tavallud tantanalari nishonlangusi. Marhamat aylagaysiz, azizlar!

Oqsoqol shoir davrdoshu davradosh oshnasinint oda-tiy ta’rif-tavsiflaridan bu gal negadir gʻijinib, xijolat tortib oʻtirardi. Tavba, bugun koʻp narsa koʻziga omonat, uydirmadek koʻrinayotir. Manovi maddoxning bema’ni, koʻpiknamo gaplarini qarang! Shularning ora-sida rostlari ham bormi? Bor. Ular chindan ham Otash-qalb bilan Samarqandda birga oʻqigan, Abram xiyobo-nidagi bir yahudiy «amak»ning ovrupocha jihozlangan navrasm uyida birga ijara turgan, bir satrini u, bir satrini bu toʻqib birga shiru shakar she’rlar yozgan, hatto ilk toʻplamlari birga nashr etilgan, xullas, haqiqatan ham jonajon doʻst, oʻrtoq edilar. Xoʻsh, ana shunday havas qilarli birodarlikning barbod boʻli-shiga kim sabab? Uni buzmoq qasdida dastavval bolta koʻtargan kim, nifoq solgan kim? Kim yo nima bu ikki ajralmas doʻstni qattol yovga, dushmanga aylan-tirdi? Adabiy afsonaga kirmay qolgan hayotlarining bu boʻlagidagi yolgʻonlar nimalardan iborat?

Anovi tolmas safsataboz zavq-shavq bilan davom etardi:
— Shoirimizning chap yonida, yurakka yaqin tomonda, tabiiyki, uning sevikli rafiqasi, oʻzi ta’rif etmish «muhabbat guli» — Ma’shuqaxonim oʻtirgan boʻlur edilar.

Oqsoqolning battar peshonasi tirishdi: he, oʻl-a, befarosat! Bunisining nima keragi bor ekan endi?
— Qani, muhtarama Ma’shuqaxonim, lutfan oʻrningizdan turib elga bir koʻrinish berib qoʻysangiz.

Oldingi qatordan umri pardoz-andoz deb oʻtgan, sochi hamon qop-qora (boʻyalgan), yoshligida oʻlgudek shayton, jikilloq boʻlgani ayon koʻrinib turgan chittak bir kampir joyidan turib, uzoq-yaqinga allanechuk zavq va hafsala bilan rosa ta’zim qilib chiqdi. Oqsoqol koʻzoynagini rostlab oʻsha tomonga tikildi. Iya, kep-ti-da? Hali tirik ekan-da? Oʻlmaydi bu! Umr boʻyi shu yolgʻonga oʻziniyam, oʻzganiyam ishontirib keldi-ya, tavba! Anovi maddoh aytgandek, Otashqalb tirilib kelsa, xudo haqqi, bu jodugarni tanimagan ham boʻlardi. Tosh-kentga koʻchib kelganimizda Jukovskiy koʻchasidagi hov-liga bir-ikki marta oʻzi suykalib borgan edi. Ochiq yotgan qozonni kim yalamaydi, deydilar. Ayniqsa, Otash-qalbga oʻxshagan shoʻx, olov yigit! Kayf-payf bilan bir-ikki bor quchoqlagan boʻlsa bordir. Lekin, zin-hor-bazinhor, bu shilqimxonga koʻngil qoʻygan emas. Koʻngil qoʻyganlari boshqa edi, boshqalar edi. Uni, mana, biz bilamiz. (Bilmaylar ketaylik, iloyim!) Oʻziyam she’r yozarmidi, yalla aytarmidi, ishqilib, shu doiralarda izgʻib yuradigan bu xonimning oʻsha kez-lardayoq ohori ketib boʻlgan, uni oʻpmagan, quchoqlama-gan shoiru shuaro kam edi. Otashqalb shulardan biri, bittaginasi edi, xolos.

U sovuq oʻlkalarga ketib qolgach, koʻpdan ortgan bu sarqit xonim opera aytadigan bir artistgami, undan chiqib allaqanday oʻris polkovnikkami, yana allakim-larga tegib yurdi. Usha kezlarda birov Otashqalbning nomini tilga olsa, artistonasiga qiyshanglab, «Voy, kim edi u?» demogʻi turgan gap edi.

Elligynchi yillar qaytishida — Otashqalb oqla-nib, nomi tilga tusha boshlagan chogʻlarda bir kuni uni yoʻkdab yozuvchilar idorasiga kelgani Oqsoqolning yodida. Ertasi kunimidi, Otashqalbga bagʻishlab kecha oʻtkazilganda minbarda paydo boʻlib, koʻzlariga tupuk surtib, oʻzini marhum shoirning ma’shuqasi deb e’lon qilib yubordi, u tufayli chekkan jabru jafolarini sanay ketdi. Oʻsha vaqtda tashkilotga endigina rahbar boʻlgan Oqsoqol bu yangiliqdan dong qotib qoldi-yu, biroq ogʻiz ochib churq etmadi. Makkor xonim uni al-laqachon qoʻlga olib qoʻygan edi.

Qirqinchi yillarning oxirida ular tasodifan Mos-kovda uchrashib qoli§*(Ma’shuqaxonimning polkovnik eri u yerda harbiy akademiyada oʻqirdi), musofirchi-liqda bir-birlarining koʻnglini xoʻb ovlashgan. Ushanda bu xotin Otashqalbning nomini ham tutmagan, hatto bir ogʻiz eslamagan. Rahbar shoir hozir uni minbar-dan quvib, sharmandasini chiqarsa ham boʻlardi-yu, ana shu andisha til-jagʻini bogʻlab turar — bu makkora allaqachon Alvastixonim (xotini) bilan-da til topi-shib, dugona boʻlib olgan edi. Bilib turardiki, soʻz aytib uni fosh qilgudek boʻlsa, oʻzining sharmandasi chiqadi, sharmandasi ham gapmi, butun rahbarlik, shoir-lik hayoti barbod boʻladi, Bu manjalaqi minbardan tushmayoq, huv bir zamonlar oralarida kechgan siru sav-doni elga oshkor etib, soʻngra uni oshira-toshira du-gonasi Alvastixonimga yetkazishdan ham toymaydi. Al-vastixonim esa, oʻzining qora qilmishlaridan kimsa-si bexabardek, rahbar shoirning sovet oilasini bu-zishga qaratilgan bu axloqsizliklarini zumda tegish-li joyga yetkazadi. Qarabsizki!..

Oddiga qoʻygan maqsadi yoʻlida bu shallaqi hech nar-sadan qaytmasligi aniq, negaki yoʻqotadigan narsasi yoʻq: operachi ketgan, polkovnik ketgan, keyingilari ham birin-ketin tashlab ketayotir. Bu dunyoda nima qola-di — nom qoladi, shon-shuhrat qoladi! Unga erishmoq uchun esa, nomus-ku nomus, jondan-da kechsa arziydi.

Mana, maqsadiga yetdi: mashhur Otashqalbning se-vikli Ma’shuqasi nomini oldi, ijodiy tashkilotda kutubxonachimi boʻlib ishga joylashdi (rahbar shoir-ning oʻlgisi kelibdimi, olmay koʻrsin-chi!), sekin-asta adabiyotning moʻ'tabar onaxonu enagalaridan, muhtaram yangamullolaridan biriga aylandi. Endi bu kabi ada-biy yigʻinlar u kishisiz, u kishining marokdi xoti-ralarisiz oʻtmaydi. («Oh, u meni qandoq sevardi, Ma’-shuqabegim deya yeru koʻkka ishonmasdi!») Bu holga bosh-qalar, eng qizigʻi, uning oʻzi ham allaqachon koʻnikkan, koʻpaylashib toʻqilgan anovi afsonaga ishonib ketgan, ishonish ham gaggmi, uni yangi-yangi tafsilotlar bilan boyitganki, bularsiz endi ul shirin afsona ham, uning boshqa mualliflari hayoti ham shoyon kemtikdir.

—...«She’riyat nadur?» maqolasi biz, adabiyotshunos-lar uchun hali-hamon bebaho qoʻllanmadir... Otashqalbning shoirlik guvohnomasiga aylanib ketgan «Sen-sen» she’rini oʻqimagan she’rxon, uning qoʻshigʻini eshitmagan san'at shinavandasi topilmasa kerak, — deya ogʻzidan bol tomib sayrardi Ajoyib domla. — Ammo ana shu noyob e’jod mahsuli kimga bagʻishlanganini hamma ham bilmasa kerak. Marhabo, Ma’shuqaxonim!

Ma’shuqaxonim yana turib oʻzini koʻz-koʻz qildi.

Oʻl-a, dedi ichida Oqsoqol shoir, bet degan narsa qolmabdi bunda. Endi bu tasqaraning tovusdek tovlanmoqchi boʻlib qiltillashini qarang! Erta-indin oʻlaman deyapti-yu, hamon bir nimadan umidvor. Jilla-qursa, she’rdagi «Ul moviy koʻzlaring soʻzlar» satrini bilmasmikan, eslamasmikan bu donolar? (Oqsoqol shoir Otashqalbning hamma she’rini yoddan bilar, ashaddiy raqibga aylanib, u xalq dushmani boʻlib unutilib ketganda ham unutmagan, deyarli har bir satrining tarixidan xabardor, zero oʻsha tarix, oʻsha kechmishlar oʻzining ham tarixi, oʻzining ham kechmishi edi.) Ma’shuqaxonimni eng zoʻr zarrabinga solib qaraganda ham koʻzi moviy emasligi ayon. Nahotki, shuni farqlamoq uchun ham odamzod fan doʻktiri boʻlishi kerak, tavba! Yoki bu tannozning koʻzi yoshligida moviy boʻlib, «sevikli yori» — Otashqalbning firoqida kuya-kuya qorayib qolganmikan? Afsona. Buniyam boyagi goʻzal afsonaga qoʻshib yuborishlari hech gap emas. Chini qayda, yolgʻoni qayda — topib boʻlmasa!

Moviykoʻz dilbar... Ana, oʻtiribdi. Ma’shuqaxonimning biqinida. Basharasi burishib, bujmayib ketgan, bir zamonlar Otashqalbni entiktirgan moviy koʻzlar endi xira tortib, tussiz boʻlib qolgan. Alvasti! Saksonga kirganda ham buni e’tirof etish erga, erkak kishiga ogʻir, albatta. Lekin umr oxirlaganda, ayniqsa, mana bunday qiyomatli ruh oldida, haqiqat oldida yolgʻiz qolganda borini xolisanlillo boʻyinga olmoq farz: ikki doʻstning birodarligiga gʻanimlik ponasini urgan, ularni qon-qattol raqibga aylantirgan mana shu dovdir goʻzal, mana shu Alvasti emasmi?!

Bu iqror endi kelayotgani yoʻq, Oqsoqol shoir qariyb ellik yildirki, shu narsa esiga tushsa, eziladi, oʻrtaniblar ketadi, noiloj oʻzini boshqa xayollarga uradi, oʻzini oqlamoqqa dalilu isbotlar qidiradi. Yeshlik edi, qon qaynab-koʻpirib turgan davr, Moviykoʻzni Otashqalbdan rashk qilgani, qizgʻangani rost, bunga asosi ham. bor. Bu soʻqir tuygʻu uni doʻstga xiyonatga undadi, shu yoʻl bilan undan ham oʻch olmoq boʻldi, ham she’riyat musobaqasidash ojizligini gʻayirlik bilan niqoblamoqchi boʻldi. Shu tariqa xiyonat koʻchasiga kirildi, hayot-mamot xiyonati. Bu koʻchaga bir marotaba kirgan odam qaytib Chiqmogʻi dushvor, ixtiyorida bir-gina imkon qoladi — ana shu koʻcha boʻylab ichkarilash, ichkarilash, vassalom!

Bu telba ishqning istiqbolsizligini unisi ham, bunisi ham bilardi. Ammo unisi ham, bunisi ham yosh edi, magʻrur edi. Unisi ham, bunisi ham oʻsha kezlar Moviykoʻzdan ajralishni jondan ayrilish deb hisoblardi. Bir tomon unga egalik qila boshlagach, ikkinchi tomonning ishqibozdigini kechirib boʻlmay qoldi. Uchinchi tomonning «ochiq yotgan qozon» ekanligi hisobga olinmadi. Bu qozonning tubida ogʻu borligini na u taraf, na bu taraf koʻra bildi. Yoshlik — Gʻoʻrlik ekani, koʻrlik ekani umr bir joyga borganda anglab yetiladi. Oqsoqol shoir buni xiyla erta fahmladi, ammo endi baribir kech edi: doʻst boy berilgan, iymon lat yegan, she’riyat zamon xizmatiga solingan edi. Toʻngʻiz goʻshti bilan voyaga yetgan Moviykoʻz dilbarga rashk tuygʻusi, or-nomus tuygʻusi yot ekanini, «ochiq yotgan» bu beminnat qozonni keyin ham koʻplar yalaganini u sezgan, azob-iztiroblar olovida qovurilgan, bu koʻchadan chiqishga koʻp bora ahd qilgan, biroq undan chiqish jahannam tubiga ixtiyoriy tarzda qulash bilan barobar edi. Moviykoʻzdan ajralish mansab-martabadan ajralish, oʻtmish-kelajakdan judo boʻlish bilan barobar edi. Hayot-mamot savdosi edi bu. Ixtiyoriy ravishda, istab-intilib erishilgan jahannam edi bu!

«Tikanlar ichra balqqan ul muhabbatning guli sen-sen!» Hozir koshona peshtoqida hilpirab turgan al-vondan tortib qoʻllardagi taklifnomagacha bitilgan shu satrlar aslida kimga atab yozilganini bu yerda yolgʻiz Oqsoqol shoir biladi, yoʻq-yoʻq, tagʻin bir odam — Moviykoʻzning oʻzi ham...

Moviykoʻz dilbar... Otashqalb tirilib kelib bugun uni koʻrsa... Oqsoqol shunga aminki (sobiq doʻstining shiddat-shijoati shunday demoqqa asos beradi), uni koʻrsa, muqarrar, dod deb qochardi, xuddi qaytib oʻlardi!

Bundan koʻp yillar burun, Otashqalb endigina oqlangan kezlar Moviykoʻz (allaqachon Alvastixonimga aylanib ulgurgan edi) makkoralarga xos bir shafqatsizlik bilan oʻsmoqchilab soʻragan: «Menga bagʻishlangan she’ri bor, deb eshitaman, shu rostmi?» Oqsoqol oʻshanda oʻzini sovuqqon tutib, «Boʻlsa bordir, men bilmadim», deb qoʻygan, ammo botinan titrab ketgan: «Demak, yana kimdir biladi. Kim u?»

Otashqalb oʻz qatliga oʻzi hukm chiqargan anovi satrlardagi «muhabbat guli» kim? «Tikanlar» deganda kim yo nima nazarda tutilgan? Bundan ogʻir savollar bormi? Bir shoirni sovuq oʻlkalarga surgun qilib, chiritib yubormoqqa shuning oʻzi kifoya emasmi? Dovdirlikni niqob etgan Moviykoʻz dilbar oʻziga atalgan bu satrlarni muallifning oʻz ogʻzidan (qaerda, qay vaziyat, qay holatdaligi bandasiga qorongʻi — bunisi bir xudoyu bir dilbargagina ayon boʻlsa kerak) eshitmagan va tegishli joyga borib uni sof oʻzbek tilida oʻqib bermagan deb kimga ayta oladi?! Sirtdan merovroq koʻrinadigan Moviykoʻzning aslida kim ekanini, she’riyat muxlisi sifatida adabiy davralarda toʻsatdan paydo boʻlib, ikki doʻstga birday «koʻngil bergani»yu ikkalasini ham koʻyida birday «jinni» qilgani, soʻng u bilan bir yostiqqa bosh qoʻygan oʻsha doʻstlardan biri bu mudhish sinoatdan koʻp yillar oʻtibgina tasodifan xabar topganiyu bilib-bilmay unga qurol boʻlganini anglab yetgach esa, biron bir nimani oʻzgartirmoqqa nochor qolganlari-chi!..

Chizmayu loyihasi birovlar qoʻlidagi, yolgʻon asosga qurilgan bunday hayotga la’natlar boʻlsin! Endi bu imoratning biror gʻishtiga teginib boʻlmaydi — tekkaningiz zahoti bor boʻyi bilan toʻkilib tushadi. Boya anjumanni ochayotib soʻzlagan Oqsoqol gapida nima rostu nima yolgʻonligini bilmasmidi? Bilganda qandoq! Lekin yolgʻon gapirdi — boshqacha gapirolmardi, bosh-qacha gapirmoqqa haqqi yoʻq edi. Hali aytilgan afsona mualliflari goʻyo bir joyga yigʻilib oʻzaro qasam bergan, uydirmalar zanjirini hech qachon uzmaslikka ont ichgan!

Qani, eshitaylik-chi, anovi maddoh yana nimalar deb sayrayapti?
— Bu safga men ajoyib singlimiz, Otashqalb shoirimizning jondek jigari, uning hayoti va e’jodini mehnatkash xalqimizga yetkazishdek mashaqqatli ishda zoʻr gʻayrat namunasini koʻrsatgan latofatli va nazokatli Jiyanbekani qoʻshgan boʻlur edim.

Hay'at stolining etakrogʻida oʻtirgan koʻhlikkina, ma’ruzachi bilib aytgan «latofatli va nazokatli» Jiyanbeka istigʻno bilan bir toʻlgʻanib qoʻydi: e’tiboringiz uchun tashakkur, bizga hali gal keladi, oʻshanda koʻrasiz!
— Vanihoyat, — dedi Ajoyib domla joʻshib, — Otashqalb shoirimizning safdoshi boʻlmish kaminai kamtarinni-da ushbu safga qoʻshmoqqa jur'at qilgali ruxsat etgaysiz, muhtaram ahli anjuman!

Otashqalb tirilib kelsa, yo ikkinchi, yo uchinchi navbatda mana shu odamning yoqasiga yopishmogʻi kerak. Qay bir goʻrlarda saqlanayotgandir, uning ijodidagi millatchilik, istiqlolga intilish ohanglari toʻgʻrisidagi chaquvning hammuallifi xuddi mana shu maddoh! Ajabki, Otashqalbning nomi oqlanayotganda dastlabki ijobiy taqriz — tavsifnoma ham aynan shu qoʻl bilan yozildi. Mazkur zid hujjatlarning boʻlgʻusi tad-qiqotchilari bu gʻalatliqdan hayratlarga tushmaslarmi? Barcha aybni zamonga yuklaganda «munofiklik» tushunchasini ham lugʻatlardan oʻchirib yubormoqqa qudratlari yetarmikan? Shunda bu sharmandali holdan lugʻatlarga oʻt tutashib, yerlar yorilmasmi?!
— Oʻshal, biz hozir xayolan faraz etayotgan hay'atni, tabiiyki, adabiyotimiz va san'atimizning yaqin doʻsti, homiysi, lobar opaxonimiz Mafkuraxonim boshqargan boʻlur edilar!

Bu gapga suyuq-siyrakkina chapak boʻldi. Sevikli Tepakalga qaray-qaray shirin xotiralar ogʻushida oʻtirgan Mafkuraxonimning oʻzi bu lutfga «rahmat» degandek mamnuniyat bilan bosh irgʻadi-yu, mohiyatni kechroq anglab, minbardagi notiqqa yuzlanib bosh chayqadi: xato, siyosiy kaltabinlik! Soʻngra shosha-pisha Oqsoqol shoirdan bu kaltabinning nomini (opaxon bunaqa doʻppi-poʻppi kiyib yuradigan arboblarni yaxshi tanimasdi) soʻrab olib, «Maddoh aka, hov Maddoh aka!» deb chaqirdi va koʻrsatgich barmogʻini tepaga nuqib ishora qiddi; bu harakat ham «birinchi» ma’nosini, ham «eng yuqori» degan mazmunni ifodalardi.

Diydiyo ohangiga tushib ketib, mazmun-mohiyatni allaqachon xayolidan soqit qilgan ma’ruzachi birdan sergak tortib, lekin imo-ishoraning fahmiga bormay olazarak boʻlib qoldi.

«Eng kattamiz, eng kattamiz!» deya jonholatda ship-shidi majlisga mas’ul Oqsoqol shoir xatarning oldini olmoq boʻlib.
— Kattamiz? Kattamiz...
— Eng, eng!
— Ha-ha, albatta. Kattamiz, eng kattamiz ham-da, axir! — dedi Ajoyib domla nafasi ichiga tiqilib, yoʻl qoʻygan qaltis xatosini toʻgʻrilarkan. — Men u kishining muborak nomlarini alohida ta’kidlab aytmoqchi edim.

«Alohida ta’kidlamoqchi emishlar! He, shoir boʻlmay oʻllaring! — dedi Mafkuraxonim ichida bularni xo-tinchasiga qargʻab. — Siyosiy chutʼyo degani yoʻgʻ-a! Xudo bir saqladi. Iya, xudo yoʻq-ku! Yoʻq, yoʻq, xudo yoʻq!»

Ajoyib domla xayoliy hay'atini shu tariqa «eng kattamiz» bilan yakunladi. Shu tobda haqiqiy hay'atda oʻtirganlar birdan «Biz-chi, biz-chi?» degandek mun-gʻayib qarashdi. Roʻyxat «eng kattamiz» bilan tugagandan keyin unga, ma’lumki, hech narsa qoʻshib boʻlmasdi.
— Otashqalb shoirning ona yurtdagi hayoti va e’jodi, oʻilaymanki, bu yerdagi har bir adabiyot muhibiga ma’lumu mashhurdir. Shu bois u-haqda soʻzlab qimmatli vaqtingizni band etmoqchi emasman, — dedi koʻp keraksiz gapni gapirib allaqachon hammani zeriktirgan, ayniqsa, esli-ziyrak odamlarning ensasini qotirib boʻlgan ma’ruzachi. — Ammo, shoirimizning u yoqdagi, ya’ni sovuq va rutubat oʻlkalardagi azobu mashaqqatlarga boy, shu bilan birga sermazmun hayoti, aminmanki, koʻpchilikka ayon emas. Ruxsat etsangiz, azizlar, shu xususda kamina sizlarga andak ma’lumot bersam, zero bu gaplar hali koʻpchilikka notanish yangiliklardir. Xabaringiz bor, bundan bir-bir yarim oy muqaddam ajoyib singlimiz Jiyanbeka boshchiligida bir guruh shoir va adabiyotshunoslarimiz oʻshal olis oʻlkalarga safar qilib qaytdilar. Ular orasida mafkura boʻlimining mas’ul xodimi hamda Zahmatkash adabiyotshunosimiz va boshqalar bor edi, — deya notiq majburiy nomlarni aytdi-yu, xushlamaganlarini tilga olmay ketdi. — Oʻshalardan eshitganimni sizlarga soʻylab bersam...

Pastdan «Borganlar gapirsin, borganlarning oʻzidan eshitaylik!» degan talablar chiqdi. Ajoyib domla xuddi qulogʻi tom bitgandek beparvo, soʻzini davom ettirdi — bunday luqmalarga parvo qilib yashaganida u allaqachon oʻlib ketgan boʻlardi.

U eshitgan bir ogʻiz gapiga, odaticha, oʻzidan oʻn ogʻiz qoʻshib-chatib, koʻpirtirib, Otashqalbning u yoqdagi hayotini odam beixtiyor havas qiladigan shirin bir afsonaga aylantirib, tinglovchilarni allalagudek rom aylab, mahorat bilan soʻzlarkan, Oqsoqol daf’atan oʻkinib ketdi. Oʻylab koʻrsa, nomiga mudom har xil sifatlar tirkab aytilgan-u, hech qachon oddiygina, lekin mohiYatini ifoda etib «shoir» deb atalmagan ekan. Qachon qaramang — «zamon kuychisi», «davr jarchisi», «zafarlar bulbuli», «serzavq shoir», «rahbar shoir», «atoqli shoir», «otaxon shoir», «shoiri zamon», mana, bugun esa — «oqsoqol shoir». Shu tobda u hech bir sifat-pifatsiz, oddiygana «shoir» atalmoqni, aniq-roq aytganda, xor-zorlikda oʻlib ketgan, ammo shoir degan chinakam nomi qolgan Otashqalbning oʻrnida boʻlmoqni shu qadar istardiki!.. Mayli, «xalq dushmani» atalib sovuq oʻlkalarga quvilsin edi, mayli, azob-uqubatlarga uchrab oʻsha yoqda yosh oʻlib ketsin edi, mayli. Nihoyat, bir kuni kelib mana bunday oqlanardi, nomi shon-sharafga burkanardi! Axir, umr boʻyi titrab-qaqshab, yolgʻonlarkqurshovida umrguzaronlik qilgandan koʻra...

Ammo bu oʻtkinchi, muvaqqat bir holat edi, xolos.

Ajoyib domlaning zavq-shavqqa toʻlib hikoya qilishicha, Otashqalb olis oʻlkalarda surgunda yurarkan, bir daqiqa boʻlsin ijodini toʻxtatmagan. Kechayu qunduz oʻtirib yozgani yozgan ekan. (Surgun emas, ijodiy ta’til boʻl-a!) Bir qancha she’ru dostonlar, hatto «Mahbus» degan nazmiy roman ham yaratgan. Lekin, afsuski, bularning birortasi saqlanib qolmagan, chunki shoir yozib tugatar-tugatmas, nazoratchi ma’murlar uni shartta tortib olib, oʻsha zahoti yoqib tashlashar ekan.

Qoʻlyozma yoqishdan charchagan ma’murlar, nihoyat, shoirning ikki qoʻlini bir-biriga bogʻlab-chandib qoʻyadigan boʻlishibdi. Nochor qolgan shoir alamiga chidolmay oyoq barmoqlari bilan yozishni oʻrganibdi. Shunda zolim ma’murlar soʻnggi chora sifatida uning qoʻl-oyogʻini kesib tashlashibdi. Qoʻl-oyoqsiz moʻndi shoir endi tunu kun she’r toʻqib, uni baland ovozda hayqirib qiroat qilar ekan. Bezor boʻlgan ma’murlar, axiy-ri, uning tilini kesib qutulishibdi.

Ana shunday aftoda koʻyga solingan, ammo she’r muhabbatidan voz kechmagan matonatli shoirni surgun muddati tugagach olis yurtdagi temiryoʻl vokzalida gadoy qiyofasida, oldida eski qalpoq, nogironlik aravachasida tilanib oʻtirganini koʻrganlar bor — hayotining soʻnggi yillarida u alam-azoblarga bardosh berolmay akldan ozgan ekan.

Bu gaplarni Ajoyib domla xuddi borib oʻz koʻzi bilan koʻrgandek komil ishonch bilan hikoya qildi.
— Ana sizga insoniy matonatu nazmga muhabbat! — deya afsonasiga yakun yasadi nihoyat. — Demokratiya va oshkoralik zamoni kelib, hozir u yerda — shoirning soʻnggi kunlari kechgan ul tabarruk manzillarda unga kattakon haykal oʻrnatilgan, mana, boya aytgan doʻstlarimiz koʻrib kelishdi, — dedi notiq fikrini tasdiqlatmoq uchun ularni koʻmakka chorlab. Biroq pastda noroziroq bir shovqin koʻtarilayotganini sezib, ma’ruzasini apil-tapil, hamon oʻsha baland pardacharda tugallamoqqa erishdi: — Bu yangligʻ jasoratu matonatga toʻlugʻ nazmiy e’jodga abadul-abad ofarin va tasannolar boʻlgay!

Domla minbardan qaytib joyini egallar-egalla-mas, izidan qogʻoz keldi. «Hurmatli Oqsoqol! Ajoyib domlamiz ma’ruzasidagi ba’zi bir chalkashliklarni bartaraf etish uchun menga soʻz berishingizni soʻrayman. Yosh shoir».

Oqsoqol maktubni yonidagi Mafkuraxonimga koʻrsa-tib, bir nimalar deb shivirladi. Maktubga naridan-beri koʻz tashlagan Mafkuraxonim sahnaning yon tomonida sergak turgan mulozimni koʻrsatgich barmogi bilan imlab chaqirdi va unga tegishlicha koʻrsatma berdi. Hayal oʻtmay oldingi qatorlarda gʻimirlash sezilib, Ta’qibkorning shogirdlari — sarbozvachchalar Yosh shoirni allaqayoqqa boshlab ketishdi.

Rostdir, yolgʻondir, Ajoyib domlaning boyagi afsonasi koʻplarni ta’sirlantirib qoʻygan edi.

Boya biz anjuman tafsilotlariga chalgʻib tomosha tolorining ikkinchi oshyonida yolgʻiz qoldirgan sirli muxlis tevaragida gʻalati jonlanish yuz bergan edi. Yon-verida oʻtirganlar unga tikilib-tikilib qarashar, oʻzaro imlashib, shivir-shivir qilishar edi. Ularning nazarida Ajoyib domla xuddi mana shu zot haqida soʻzlamoqda edi. Hali muruvvat koʻrsatib nogironni oʻrindiqqa oʻtqazib qoʻygan yigit bilan qiz hozir uni chinakam himoyaga olgan, xuddi eski tanishlaridek atrofida parvona edi: ha, bu odam — Oʻsha, bu odam bizga qarashli!

Darvoqe, bu gʻaroyib zot kim va qayoqdan, qanday kelib qoldi bu oliysha’n anjumanga?

Avvalo shuni aytish kerakki, fojialarga toʻla bu chigal qismat toʻgʻrisida batafsil ma’lumot bermoqning iloji yoʻq. Unda inson zoti chidash berolmaydigan azob-uqubatlar, gʻayritabiiy voqea-hodisa va holatlar igu qadar koʻpki, aql bovar qilmogʻi qiyin. Qolaversa, bul mubtaloning oʻzidan gap olmogʻingiz dargumon: til-zabon yoʻq, ong-shuur xiralashgan, es-hush kirarli-chiqarli darajada.

U olis yurtda taqdir zarbalariga uchrab borib qolgan bu kabi mayib-majruh, gʻaribu gʻuraboning hisobi yoʻq. Ularning kimligini, tagi-zotini hech kim surishtirmaydi — baribir emasmi? Buni aksari ularning oʻzi ham unutib yuborgan — baribir emasmi? Ular shu befayz, bequt goʻshalarda umrguzaronlik qilib, qazoi muqarrarlarini kutmoqqa mahkum. Har kim bilganicha, aniqrogʻi, peshonasiga bitilganiyu qurbi yetganicha tirikchilik qiladi. Allaqachon odam hisobidan chiqarilgan bu sobiq mahbuslarda haq-huquq u yoqda tursin, nomiga bir varaq hujjat ham yoʻq. Boʻlganida nima, birov ishonarmidi? Ishonganida nima, unga qaytadan qoʻl-oyoq, til-zabon bino qila olarmidi? «Osmon yiroq, yer qattiq» deganlari shular haqida aytilmaganmikan?

Qahramonimiz — ana shunday baxtiqarolardan biri. U ikki haftacha vagonma-vagon «yurib», kecha poezddan tushdi. Tushdiyu oʻziga oʻxshash qavmlariga yoʻliqib, ularning yordamida vokzal yaqinidagi tashlandiq bir kulbaga joylashdi. Oʻsha, oʻzi koʻnikkan hayotni esga soladigan ayrim manzaralar bu yerda ham bor ekan. Kecha oʻzicha shahar «aylandi», ammo ilvirab uvadasi chiqqan ilma-teshik xotirasida biron bir narsani tiklamogʻi dushvor boʻddi. Kattakon bir xiyobon tegrasidagi koʻhna imoratlar tanishdek koʻrindi-yu, soʻng bunday uyqash binolar oʻzi boʻlgan oʻzga shaharlarda ham bordek tuyuldi. Boshqa joyga kelib qolmadimmi, degan xavotir qiynagani qiynagan edi.

Bugun ertalab sudralib shahar «kezar» ekan, bemador shuuriga gʻira-shira tanish bir maydonda koʻp basavlat odam toʻdalanib turganini koʻrdi. Ular ustiga boʻzchoyshab tortilgan baland bir nimani qurshab olishgan edi. Ana, hay'atda oʻtirganlarning koʻpchiligi bor edi oʻsha marosimda. Majlis qilib, galma-galdan chiqib soʻzlangach, haligi boʻz bir yulqib ochildi. Maydonni gulduros qarsak tutdi. Mato tagidan namoyon boʻlgan manzara chindan ham olqishu chapaklarga munosib edi. Baland taglikda qomatini kerib magʻrur qotgan navqiron yigit oʻyiq chap koʻkragidan sugʻurilgan (bir uchi hali tanada) allanimani alam va iztirob bilan mardonasiga boshi uzra olgʻa choʻzib turibdi. Kaftdagi «allanima» mash'ala yangligʻ yogʻdu taratadi. Yurak, Otashqalb shoirning yonib turgan yuragi!

Marosim qatnashchilari yana talay zamon kimoʻzar qilib soʻzlagach, nihoyat, tarqaldilar. Gal yoʻlovchilarga keldi. Ular ham dastlab mahliyo boʻlib, soʻngra turli-tuman mulohazalar aytib, oʻtdilar-ketdilar.

Birgina Musofir muxlis qoldi maydonda. U to mana bu anjuman boshlanajak fursatgacha oʻsha yerda boʻldi. Ketmadi. Shaharda bugun ochilgan manzaraga tikilib oʻtiraverdi. Kechga qadar. Yuzma-yuz! Otashqatb shoir va Musofir muxlis!

Bu orada anjumanda yana bir kishiga soʻz berildi. Aytishicha, Samarqandda internat maktabda Otashqalb bilan birga oʻqib katta boʻlgan bu odam hozir mamlakat miqyosidagi shaxsiy nafaqada (qonuniy), oʻzi ham basavlat, qanaqadir fan arbobi ekan.

Arbobning soʻzi hech kimning qulogʻiga kirmadi. Boyagi Ajoyib domlaning koʻpirishlari ham baharnav maroqda ekan. Fan arbobi gapni juda olisdan, qariyb Odam Atoning yaratilishidan boshladi, desa boʻladi. Soʻngra oʻziga oʻtgunicha ham xiyla zamon ketdi. Majlis raisi Oqsoqol shoir betoqat boʻlib bir necha bor mikrofonni tiqillatib koʻrdi — befoyda. Oʻzi keksa boʻlsa-da, bunday ulkan yigʻinlarda ezma-churik moʻysafidlarga soʻz bermoq xatarli ekanini u koʻp yillik raislik tajribasidan yaxshi bilardi. Nachora, soʻzga chiquvchilar roʻyxatini oʻzingiz tuzmaganingizdan keyin shu-da, Darvoqe, roʻyxatni oʻzingiz tuzasiz-u, tasdiqlash uchun «yuqori»ga beriladi. Roʻyxat u yoqdan butunlay oʻzgarib, oyogʻi osmondan boʻlib qaytadi. Gʻiring deb koʻring-chi, javobi temirdek ogʻir, qat'iy: «Muhokamaga oʻrin yoʻq, shaxsan Oʻzlari koʻrib berganlar!» Mana, shu laqqi chol ham roʻyxatga «yuqori»ning koʻrsatmasi bilan tirkalgan; u yerdagi kimningdir qarindoshi ekan. Demak, buyam anovi afsonabozlikka sherik — Oʻzimizdan. Holbuki, Oqsoqol shoir aniq biladi: «Birga oʻqiganman, birga yurganman, birga turganman!» deya kekirdagini choʻzib lof urayotgan bunaqa «safdosh»larni, Otashqalb agar tirilib kelsa, hargiz tanimagan boʻlardi. Chunki u talabalik davrida ham, xudo shohid, uncha-muncha odamni nazar-pisand qilmas, uncha-munchasi bilan doʻstlashmas ham — Oʻta magʻrur, hatto takabbur edi.

Hozir Fan arbobi aytayotgan gaplarni shu yerda oʻtirgan hamma bilar, maktab darsliklaridan barchaga ma’lum, chiqib bularni doston qilmoq uchun Otashqalbni koʻrish ham, saksonga kirish ham shart emas edi. «Juda yaxshi bola edi, hamma fanlardan a’lo baholarga oʻqir edi, barcha toʻgaraklaraa faol qatnashar, muallimlarning aytganini bekamu koʻst bajarar, oʻta intizomli, doʻstlariga mehribon, chinakam oʻrtoq edi».

Shoʻrlik Otashqalb! Bu ahvolda qanday qilib she’r yozgan ekansan? Jonsiz bir jasad emishsan-u, otashqalb nomini qanday olding? Bu qadar royish, bu qadar risolaband inson ekansan, nega seni xalq dushmani deb qamadilar, rutubatli oʻlkalarga surgun qildilar? Bundan koʻra, yerga ursa osmonga sapchiydigan tinmagur, shoʻx-shalayim tartibbuzar, olov-otash boʻlganing gʻanimat emasmi edi?!

Tiriklar beomon, tiriklar beshafqat, oʻliklarga qiyin, oʻliklar oʻzini himoya qilolmaydi, ular nochor, qabrlaridan turib yoqangizga chang sololmaydi — hechqursa, shuni inobatga olib insof qilsak boʻlmasmi?!

Oʻlganga qiyin. Zamona zayliga qarab, duch kelgani nomingizni koʻkka koʻtarib puflamogʻi, shishirmogʻi ham mumkin, boshqa bir tovlamachisi chiqib, uni urib yerga kiritib yubormogʻi ham hech gap emas. Har ikkala holatda ham bundan manfaatdor odamlar boʻladi, ular aslida oʻzlarining mavqelari, maqsadlarini himoya qilgan, shuning uchun kuyingan boʻlib chiqadi, oʻlganning nomi esa — bir niqob, bir bahona.

Oʻlgan odamga qiyin, tiriklar beomon, beshafqat.

Hay'atga biryoʻla ikkita talabnoma keldi. Biri — Otashqalb bilan internatda birga oʻsib, pedtexnikumda ham birga oʻqigan, keyinchalik umr boʻyi temir yoʻl ishchisi boʻlgan allaqanday odamdan edi. «Shoir haqida ikki ogʻizgina xotiram bor, shuni soʻzlab bersam», deya izn soʻragan edi.

Ikkinchi qogʻoz yana Yosh shoirdan boʻlib, bu gal u soʻz berilishini qattiq turib, poʻpisa ohangida talab qilgan edi.

Oqsoqol uzatgan bu qogʻozlarni koʻzdan kechirgan Mafkuraxonim Yosh shoirning talabnomasini chetga surib, «Podumaeshʼ, ugrojaet yeshyo!» deya, keyingisiga ruxsat berdi: «Unisi gapirsin, mayli, ishchi ekan».

Oqsoqol oldingi qatorlardan birida joyiga oʻtirolmay sapchiyotgan yosh hamkasbiga koʻzi tushib, nima deyarini bilolmay qoldi. Majlis raisining unga qilgan imo-ishorasini ikki xil ma’noda tushunish mumkin edi: oʻtirib tur, oʻtirib tur, keyin soʻz beraman yoki — koʻrib turibsan, ixtiyor menda emas, menda boʻlganida...

Ixtiyor Oqsoqolning oʻzida boʻlganida ham, kimga soʻz bersa berar, kelib-kelib shuni aslo minbarga yoʻlatmas edi. Otashqalbga otdosh bu tirmizak oʻlgudek iste’dodli, ayni choqsa oʻlgudek beadab, tarbiyasiz, xudo urgan shakkok sifatida nom qozongan edi. U soʻz olgan, u soʻzlagan majlis, bilingki, albatta katta mojaroga aylanib ketadi. Uni «Otashqalbning oʻzginasi, Otashqalbning aynan takrori» deb bejiz aytmaydi-lar. Harqalay, baxti bor ekan, boshqa zamonda dunyoga keldi, boʻlmasa-ku...

Oqsoqolning koʻngli gʻash tortdi. Ertaga oʻzining toʻyida ham mana shunaqa nobakorlar toʻplanib bir gʻalva boshlamasa!..

Ehtimol, umri bino boʻlib bunday oliymaqom anjumanda chiqib soʻzlamoq u yoqda tursin, qatnashib ham koʻrmagan Temiryoʻlchi ikki ogʻiz gapi bilanoq hammani jalb etdi. U soʻzini bu koshonaga qanday qiynalib kirganidan boshladi. Kecha televizor orqali mazkur anjuman haqida eshitibdiyu butun kampirini yetaklab joʻnabdi. Lekin, bu yerga kelib, axir, men Otashqalb bilan birga oʻqiganman, deb harchand tavallo qilmasin, hech kim ishonmabdi. Ayniqsa, eshik tagidagi oʻsma-surmali nazoratchi xotin qattiq turib olibdi. Axiyri, kimdir bir yosh yigit — baraka topsin, oʻziyam Otashqalbga rosa oʻxshab ketarkan, iloyim umri, taqdiri oʻxshamasin — Oʻsha kafillikka olib oʻtkazibdi bu yoqqa. Boʻlmasa, kampirining oddida rosa xijolat chekarkan.
— Mendan oldin bu yerda bir akaxonimiz gapirdi, Otashqalb bilan internatda billa oʻqiganman, yashaganman, dedi. Men ham shoir bilan besh-olti yil billa boʻlganman, lekin bu akamizni sira koʻrmagan ekanman, qarang, — dedi Temiryoʻlchi beozorgina qilib. — Mana, yuqorida oʻtirgan shoirimizni koʻrib turardik uncha-muncha. Ana bu kishini sipo, batartib edi, desa boʻladi.

Sobiq maktabdoshini tanib-tanimay, noqulayroq biror gapni qoʻzgʻab qolishidan yuragi taka-puka boʻlib oʻtirgan Oqsoqol shoir, nihoyat, yengil tortdi: shunisiga ham shukr!
— Men internatda krugliy, e, gʻirt yetim edim. Otamiz ham, onamiz ham vabodan oʻlib ketgan ekan, bir togʻamiz bizni — besh-olti yashar inimiz bilan meni ana shu sagʻirlar uyiga keltirib topshirgan, oʻsha yerda oʻsdik. Inimiz, umri kalta ekan, yil oʻtar-oʻtmas ichburugʻ tegib, bir kechada oʻldi-qoldi. Oʻzimiz internatu texnikumlarda oʻqib katta boʻldik, qirq olti yil temir yoʻlda xizmat qilib, mana, hozir pensiyadamiz.Shoirning otasiyam, onasiyam tirik edi. Lekin ota boshqa xotin olib, ona boshqa er qilib ketgan, bayram-payramda bolalarini koʻrgani kelishar edi. Ular kelganda shoir qayoqqadir qochib ketar, uni hech topib boʻlmas, ota-onasi keltirgan sovgʻa-salomni koʻpincha men olib qolar edim. Men mana shu yerda toʻgʻrisini aytsam xafa boʻlmaysizlarmi? Otashqalb" undoq edi, bundoq edi, degan gapni koʻp eshitganman-da. Boyagi akaxonimiz ham gapirdilar-u, menimcha, u kishi boshqa shoirni gapirdilar-ov. Men bilan oʻqigan shoir butunlay uning teskarisi edi. Shoʻx, tinib-tinchimas, oʻt-olov, oʻz nomi bilan Otashqalb! Ammo oddiygina toʻpolonchi bola emas edi-da u, boshqacha edi, boshqacha! Men sizlarga aytsam, u ota-onasini uncha koʻrgisi kelmasdi. Ular keltirgan narsalarga ham qaramas, ular ketgach, oʻtirib olib xun-xun yigʻlardi. Alomat bola edi. Fahmimcha, ana shunday fe’llari uni shoir qilgan. Lekin u vaqtlarda biz undan shoir chiqishiniyu mana bunday katta tantanalar boʻlishini bilmasdik. Ha, u chindan ham boshqacha bola edi. Bir gal deng, meni ari chaqib oldi, mana bunday mittigina ari. Kelib-kelib koʻzimdan chaqqanini ayting! Birpasda yuz-koʻzim shishib ketdi, dod solib yigʻlayapman. Otashqalb shunda qoʻlidan kelgan mehribonchiligini ayamadi: lovillayotgan joyga tuz bosib turdi, dastroʻmolchasini muzdek suvga botirib malham qilgan boʻldi, kuh-kuhlab koʻrdi — boʻlmadi, keyin yonimga oʻtirib billalashib yigʻlay boshladi. Bu bilan ham koʻngli toʻlmadi shekilli, bilasizlarmi, nima ish qildi? Borib devordagi arining inini kavlab, bittami-ikkitasini tutib oʻzini chaqtirdi. Ana bunisiga nima deysizlar? Kim qiladi bunaqa ishni? Biz oʻzi yurtdosh edik. Ikkalamiz ham Samarqand taraflardan...

Shunday katta, tantanali anjumanda hech kim tanimaydigan allaqanday kishi oʻzini ishchiman deya tanishtirib, soʻzga chiqib, allaqanday arini gapirib oʻtirsa!.. Ensasi qotgan Mafkuraxonim «ayting, bas qilsin» degan ma’noda Oqsoqolni turtib qoʻydi. Oqsoqol mikrofonni tiqillatib ogohlantirmoqchi edi, jamoat guvillab «Eshitaylik, eshitaylik!» deya ovoz berdi.
— Tagʻin bir qiziq voqea esimda, — dedi Temiryoʻlchi bir zumlik sarosimadan soʻng dadillanib. — Bu vaqgda endi pedtexnikumda oʻqiymiz — internat maktabni yaxshi bitirib chiqqanlarning koʻpchiligi shunga oʻtgan edi. Bir kuni shoirning she’rlari kitob boʻlib chiqdi deng, kitob! Koʻrib hech birimiz koʻzimizga ishonmaymiz. Xuddi yolgʻondakam matohday u yoq-bu yogʻini agʻdarib qaraymiz: biror ishkali, sir-piri yoʻklshkan buning? Rasmona kitob ekan, rasmona boʻlmasa, egasi shuning qalam haqiga hammamizni restoranga eltib yayratib mehmon qilarmidi? Qadimgi «Sharq» restoranining oʻrnida «Natsionalʼ» degani boʻlardi. U kezlarda eng zoʻr restoran shu edi. Shoir hammamizni boshlab bordi. U yerda besh-oʻn odam yeb-ichib oʻtirgan ekan, bugun sizlar ham mening mehmonim, dedi. Zalning xoʻjayinini chaqirib, qarorini aytdi: restoranni ichkaridan zanjirlaysan, u bizning ixtiyorimizda, barcha xarajat bizning hisobimizdan! Bazmu ziyofat boshlandi. Hamma yegan, ichgan, sarxush. Bir mahal qoʻshni davrada qiz talashibmi, janjal boshlandi. Shoirning oʻzi davraboshi, koʻpni yedirib-ichirib oʻtirgan «toʻy egasi» sifatida mojaroni tinchitmoqchi boʻlgan edi, anovi badmastlardan birovi unga tashlanib qolibdi. Emishki, yonidagi ma’shuqasi shoirimizga termilib oʻtirganmish, sababi — shoir unga qarab koʻz qisib qoʻyganmish-da. Shoir uncha-munchasidan tap tortmas, janjalga oʻchroq edi — toʻgʻrisini aytaylik-da — haligi badmastning jagʻiga solib yubormadimi!

Boshlandi toʻpolon, boshlandi ur-yiqit. Ular koʻpaylashib shoirga hamla qilayotib — biz hali janjalga aralashmagan edik — shoir bir kursini dast koʻtarib uloqtirgan edi, kursi borib toʻkilibgina turgan pastak qandilga urildi. Qandil chil-chil boʻldi. Qiy-chuv, restoran xizmatchilari aralashgan, baqirgan-chaqirgan. Hayal oʻtmay milisa yetib keldi. Hammamizni, anovilarni ham eltib qamadi. Shunday qilib, bir kecha milisaxonada yotib chiqqanmiz. U yerdan bizni qutqargan ham shoirning oʻzi boʻldi. Kimningdir nomini qoʻshdimi, qolgan-qutgan aqchasini berdimi, ishqilib, ertasi barimizni garovga olib chiqdi. Ketgan jami chiqimu jarimani bir oʻzi toʻladi. Kitob haqidan bir tiyini ham oʻziga qolmagan boʻlsa kerak. Ana shunday mard, tanti edi shoirimiz! Bugun bunday gaplar kimgadir yoqmasligi ham mumkin. Ammo men oʻzim koʻrgan-bilgan narsalarni aytyapman. Xullas, qiziq voqealar koʻp boʻlgan, bari esimda turibdi, kelinglar, hozir vaqtlaringni olib oʻtirmayin. Axir, odam ana shunday shoʻx boʻlmasa, chaqnab turmasa, undan shoir chiqadimi?! Mana, oʻzimizdan qiyos: jimgina, yurardik, shoirga oʻxshaganlarga ergashib. Shoir boʻlmadik-ku! Lekin oʻsha vaqtlarda men uni shoir boʻladi, deb sira oʻylamagan edim. Bu tantanayu bu izzat-hurmatni qarang! Dunyo qiziq ekan-da, bari tushga oʻxshaydi. Odam ishongisi kelmaydi. Kechagina billa unib-oʻsgan doʻsting, joʻrang bugun kelib shunday katta shoir boʻlib, dong taratib tursa! Qaniydi, bu kunlarni uning oʻzi ham koʻrsa edi! Iloyo, ruhing shod, yotgan joying obod boʻlsin, Ollohu akbar! — shunday deb Temiryoʻlchi minbarda turiboq yuziga fotiha tortdi. Beixtiyor junbushga kelgan jamoat ham «Omin!» deya uning duosiga joʻr boʻldi. Hay'atdagilar-gina nima qilarini bilmay serrayib qolishdi. Mafkuraxonim benihoya dargʻazab edi: masjidga aylantirib yubordi-ku bu yerni! Kim edi oʻzi bu odam? Buzgʻunchi gʻalamismi? Gapirgan gaplarini: restoran, ichkilik, janjal, milisa, pul, pora! Ishqilib, bu «ChP» Eng kattamizning quloqlariga yetmasa edi! Anovi yalangoyoq isqirtni kim minbarga chiqardi oʻzi? Oqsoqol shoirmi?.. Darvoqe, m-da, da, da!

Mafkuraxonim yoʻl qoʻyilgan jiddiy xatoni tuza-tish maqsadida Temiryoʻlchiga zarba bermoqqa chogʻlanayotgan edi, Oqsoqol undan beruxsat, sarosimada soʻz navbatini Otashqalbning jiyaniga berdi: u oldingi qatorda shahd bilan oʻrnidan turayotgan Yosh shoirni koʻrib qolgan edi.

Jiyanbeka hay'at stolini atay oldidan aylanib oʻtib, eshila-toʻlgʻona minbarga yaqinlashdi. Tamanno bilan pastga nazar tashlab, bir lahza sukut saqladi. Shoirning jiyaniga xos shoirona sukut.

Jiyanbeka mana shu oliymaqom anjumandagi oliy-sha’n minbarda turib goʻyo yaltirab yotgan sip-silliq yoʻlka boʻylab yaxmalak otdi: u yoqdan-bu yoqqa, bu yoqdan-u yoqqa. «Biza Sibirga borib keldivuza: man, Zaxmatkash domla, mas’ul okamiza va Yosh shoir. Amakimlani qabrligini koʻrib keldivuza: ja obod atrofi panjara minan oʻralgan. Byustlariyam bor. Utta amakimlani ja yaxshi koʻrisharkan, maktabga nomligini berishib-di. Bitta xotin bor ekan, eriyam bor, oʻsha amakimla-ni... amakimlani... bilar ekan, gapirib berdi. Umuman, ja zoʻr boʻldi. Buning uchun Mafkuraxon opavuza-ga, Oqsoqol domlaga koʻpdan-koʻp rahmat. Bizaga sharoit yaratib berishdi. Amakimla ja zoʻr shoir boʻlganla, ja koʻp she’rlar yozganla-de. Biza, butun oilavuza ulani doimo eslab, quvonib yuravuza. Shoʻrlik amakim! Mana shundoq kunlarni koʻrmay ketdila-ya!..» Jiyanbeka daf’atan hiqillab yubordi. Yigʻlagani-ku mayli, jiyan, jigar boʻlgandan keyin eslab yigʻlaydi-da, lekin koʻz-qoshining boʻyogʻi chiqib yuziga chaplashgani chatoq boʻldi. Qurgʻur roʻmolchasiyam stoddagi soʻmkachasida qolibdi, aksiga!
— Amakisini koʻrganmi oʻzi? — dedi Zahmatkash domlaning yonidagi birov. Tars yorilay deb oʻtirgan odamga shu kifoya qildi:
— E, qayoqda! Kechagi goʻdak-ku bu, ona suti ogʻzidan ketmagan. Amakisi qamalganda tugʻilganlar hozir oltmishga qarab boryapti, bu oʻggizning nari-berisida-ku. Amaki-jiyanliklari ham omonatgina. Otashqalbning onasi uni internatga topshirib, boshqa er qilib ketadi. Bu qizning otasi oʻsha erdan. Begonalashib ketishgan. Shoirning nomiyam ta’qibda yurgan yillari ukaxoni «Mening unaqa akam yoʻq» deb yozib bergan, deyishadi, Ehtimol, noiloj qolib shunday qilgandir, u kezlarda bundan boshqa chorasi ham yoʻq edi. Ayniqsa, oʻsaman degan odamga. Bu qizning otasi viloyat ijroqoʻmiga rais boʻlgan. Uch yilmi-toʻrt yil boʻldi olamdan oʻtganiga. Qiz esa oʻzi koʻrmagan-bilmagan shoir amakini qattiq tutgan.
— Shunisigayam rahmat demaysizmi, birodar, shu kunda jon-jigarlar bir-birining koʻziga choʻp suqib yuribdi-ku!
— Rahmat, — dedi Zahmatkash domla. U «rahmat» dedi-yu, «la’nat» ma’nosida aytdi.

Jiyanbeka uni oʻsha safarda joniga toʻygʻizgan edi. Bordilar, keldilar — Zahmatkash domlaning tish-ogʻrigʻi qolmadi. Safar namgarchilikka toʻgʻri kelib, milklari gazak olgan ekan. Shundanmi yoki bu qizning ortiqcha qarindoshlik da’vosi ensasini qotirdimi, ishqilib, uning gapirgan gapiyu qilgan qiligʻi — bari gʻashini keltirdi. Eng xunugi — Jiyanbekaning bu qadar oʻzini urib yurishlari amakisi uchungina emasligi ayon boʻlgan edi. Ta’qib-qatagʻonga uchrab yomonotligʻ boʻlib ketgan amakining nomini tiklash bahona — u bir niqob, u bir mashgʻulot, ermak — sirtdan mehribon, fidokor jiyan boʻlib koʻrinuvchi bu makkora, kishi-bilmas, oʻzining ba’zi ishlarini ham tiklamoqda edi-ki, es-hushli odam bu holni bir qarashdayoq payqardi. Shuni sezib qolgan Yesh shoirning oʻshandagi tutaqishlari! Bu xonim aslo parvo qilgani yoʻq, mas’ul xodim bilan araq ichib, ogʻiz-burun oʻpishib yuraverdi. Oʻgʻri oʻgʻrini qorongʻida topdi bamisoli. mas’ul xodim ham mas’ul idorasida mae’uliyatli qogʻozlarni titkilab oʻtiraverib zerikkan ekan, bu xonimga elakishib, rosa biti toʻkildi. Allaqachonlar xokiturob boʻlib ketgan «dushman» shoirning nima qizigʻi bor unga, bilqillagan jiyani turganda! Amaki, uning xotirasi, turli muhim sanadlar, hujjatlar bir chetda qolib, Jiyanbeka bu yerda asosan yeb-ichish, kimlar bilandir oldi-berdi qilish bilan mashgʻul boʻldi. Mana, endi min-barga chiqib olib gapirayotgan gaplarini qarang! Tavba, mushtdek joniga bu qadar makr-riyoni, bu tovuslik hunarini qanday jo qildi ekan-a? Basharti, Otashqalb bir damga tirilib kelsa — umrini uning hayoti va ijodi tadqiqiga bagʻishlagan odam biladi-da, axir — shunday jiyani borligani koʻrib, nomusdan qaytib oʻlgan boʻlardi.

Jiyanbeka chaplashgan qosh-koʻzini kafti bilan artib, amakijonining xotirasiga bagʻishlangan she’riy mashqini oʻqib berdi. Hozir she’rning saviyasi haqida bahs yuritmoqning mavridi emas, ammo shuni ta’kidlamoq kerakki, nafosatu zarofatdan yiroq bu xom-xatala satrlarnimi yoki uning oʻzi she’riyat boʻlgan muallifinimi ma’qul koʻrganlar ham topilardi. Jiyanbekaning istigʻnoli qiliqlariyu tovush tovlanishlarini maroq bilan, yoʻq, gʻayrioddiy bir haris-lik bilan kuzatib-eshitib oʻtirgan Mafkuraxonim, u minbardan tushar-tushmas, yon tarafda sergak turgan mulozimini chaqirib, bu qizginaning manzil-manoziliniyu nomai a’molini aniqlashni, shuningdek, anjumandan keyin oʻziga roʻpara qilishni topshirdi.

Mafkuraxonim soʻngga yillarda mansab-martaba bilan bogʻliq tashvishlarga koʻmilib ketib, boz ustiga anovi oʻlgur Tepakaldan uzoqlashibmi, huzur-halovatli, qaynoq ehtiroslar qoʻzgʻaydigan ichki hayotdan xiyla sovigandek edi. Biroq oʻzida boshqa bir notanish maylni seza boshladi keyingi paytlarda: yosh-yosh, koʻrkam-kelishgan yigitlarni, kizlarni koʻrsa, koʻngli allanechuk boʻlib ketadi. Buni vido aytib ketayotgan yoshlikning soʻnggi zamzamalari deb sharhlasa ham-ku boʻladi, albatta. Ammo xushroʻy-xushbichim qiz-juvonlarga talpinishi odamni bir oz oʻylantiradi. Shu ragʻbat sababmikan, Ozod Sharq ayolining rutbasini koʻta-rish bahona, koʻp xotinni turli-tuman lavozimlarga «ekib tashladi». Jiyanbekani surishtirib qolgani ham bejiz emas: madaniyat vazirligida bitta muovinlik oʻrni boʻsh, oʻzi she’r-pe’r yozar ekan, qoʻshiq aytib oʻyinga ham tushsa kerak, eng muhimi — qaddi-qomati joyida!

Koʻngli bir baloni sezdimi, oʻlgur Jiyanbeka ham minbarni tark etib hay'at stoli boʻylab borarkan, Mafkuraxonimga qarab qoʻlini koʻksiga qoʻygancha «biz tayyormiz» degandek shiringina tabassum qilib oʻtdi. Boʻldi, bas, muovinlik oʻrni toʻldi, band etildi!

Bu juvon huv sovuq oʻlkalarga borganida, mana, hozir Musofir muxlis sifatida oʻtirgan, u yoqda mayib-mubtalo boʻlib yurgan zotning ham diqqatini tortgan. U bir lahza turgan joyida turmas, hammaga ish buyurar, yoʻl-yoʻriq koʻrsatar edi. Mehmonu mezbon shuning girdida girgitton. Ular avval qishloq maktabiga borib majlis qilishgan ekan, soʻngra bu yerga — Oʻrmon chetidagi, oʻsha zamonlar siyosiy mahbuslar qarorgohi boʻlgan qabristonta kelib, qandaydir qabrni ziyorat etishdi, galma-gal soʻz aytishdi: mehmonlar qoʻyib — mezbonlar, mezbonlar qoʻyib — mehmonlar. Marosimni milisalar toʻdasi qoʻriqlab turardi, Mayib-mubtalo harchand urinib koʻrdi, uni oʻtgani qoʻyishmadi. Bu xabarni dastlab topib kelgan, bir kulbada istiqomat qiluvchi, oʻzidan battar ta’viya xotin har qancha dalolatu tavallo etmasin, uniki ham ish bermadi.

«Shoirning yubileyini bahorda, tugʻilgan kunida oʻtkazamiz» degan mazmunni Mayib-mubtalo huv oʻsha qabr boshida xuddi mana shu juvonning gapidan ilgʻagan edi: «Da, da, vesnoy. Yubiley vesnoy». Ora olis edi, uzuq-yuluq eshitdi, lekin eshitdi bu gapni. Xayriyat, shu a’zosigina omon qolgan. Xayriyat, shundan ham judo qilmoq birovning xayoliga kelmagan.

Mehmonlar — uchmi-toʻrt kishi, ana, yuz-koʻzlaridan aniq-taniq ajralib turishibdi — mezbonlar qursho-vida «gazik» mashinalariga oʻtirib joʻnab ketishdi.. Ularni kimdandir muhofaza etgan milisalar ham qayoqqadir gʻoyib boʻlishdi. Mayib-mubtalo qorda yengil sirpanib, hozirgina marosim oʻtgan qabr boshiga yetdi. Atrofi yaqinda panjara bilan oʻralgan oddiygina qabr. Faqat, ustiga uzunchoq tunuka toʻntarma oʻrnatilib, tunjga boʻyalgan. Undagi rasmga koʻzi tushdiyu qotib qoldi... Yoʻq, sovuqdan emas, yoʻq, alamdan emas, yoʻq, til-zabonsizlikdan emas, yoʻq, mayibu mubtalolikdan emas, yoʻ-oʻq! «Tvoi zemlyaki, tvoi zemlyaki!» Yonida tik turgan mayxoʻr ta’viyaning javrashlari birdan bir yaroqli a’zosi — qulogʻini qomatga keltirgan, ammo uning nidosini nolalarini, tavba, tavba, tilsiz-zabonsiz maxluqqa oʻxshab tushuniksiz, yurak-bagʻirni ezadigan gʻayriinsoniy bir tovushlar chiqarib boʻzlashlarini, qordan, muzlikdan oʻzgasini koʻrmagan qattol yerni tirnab chinqirishlarini mana shu yonida javrab turgan badbashara, yarim telba bir jonzoddan boshqa bu olamda hech kim eshitmas, eshitsa-da tushunmas, tushunsa-da ishonmas, ishongisi kelmas edi!

Javobsiz bu nidolarni qor uyumlari bagʻriga yashi-rib uchirib ketmokda edi.

Mehmonlarning yoʻlini yana ikki kun poyladi. Qarolarini koʻrsatishmadi. Demak, qaytib ketishgan, lekin har birining siymosi Mayib-mubtaloning zaif, xira tortgan, shu bilan birga qaysar xotirasidan mahkam joy oldi. Oʻshanda tasodifan qulogʻiga chalingan kalimalar-chi! «Da, da, vesnoy. Yubiley vesnoy». Aynan qaysi kun ekanini esa undan yaxshiroq biladigan zot bormikan?!

Nihoyat, muzliklar oʻlkasida ham havo ilidi, eruvgarchilik boshlandi. Ana, endi yoʻlga chiqsa boʻladi. Uning maqsadu qaroridan hech kimsa bexabar edi, oʻzidan boshqa! Uzi esa oʻzidan qoʻrqar, ya’ni tanib qolish-laridan bezillar edi. Tanib qolsalar, yana qiynoqlarga soladilar, kesilmagan joylarini yana kesadilar, burdalaydilar! Tanigan odam uning bu ahvolini koʻrib... tanimaydi, tanigisi kelmaydi, tanimogʻi man etilgan! Mayli, nima boʻlsa boʻldi, bundan battari yoʻqsir. Joʻnamoq kerak — ilk va soʻnggi safarga!

Hujradosh ta’viyasi stansiyagacha ergashib keldi: birga ketmoqchi! Mayib-mubtalo uni ura-ura haydadi. Bu olamda faqat shunga kuchi yetadi: shuni urmogʻi, haydamogʻi mumkin, shungagina haddi sigʻadi. Lekin oʻzining vagonma-vagon «yurib» koʻrgan kunlari, xoʻrliklari, besabab, begunoh yegan kaltaklari!..

Musofir muxlis boya yonidagi qiz bergan taklifnomaga termilarkan, milt-milt koʻzyosh toʻkardi. Taklifnomaga tushirilgan rasm xuddi mana shu qasri oliyning tagida olingan desa, ishonadigan zot topilarmikan bu dunyoda?!

Musofir koʻzyoshlari orasidan-da tanidi: ana, ana, sovuq oʻlkani ziyorat qilgani borganlardan yana biri minbarga qarab ketyapti. Qay biri edi bu?

«Obbo, bostirib kelyapti-ku!»
— Qarang, qarang, — dedi Oqsoqol sarosimada Mafkuraxonimni turtib, shu barobari undan madad va najot kutib.
— Kim bu? — deb soʻradi Mafkuraxonim chimirilib, tashabbusni qoʻlga olish-olmasligini bilmay.
— Bu... yomon! Yomon bu! Balo urdi endi.
— Hov yigit, yoʻl boʻlsin? — dedi Mafkuraxonim batamom tashabbusni egallamoqqa majbur boʻlib.— Kim chaqirdi sizni bu yoqqa?
— Soʻzlamoqchiman!
— Soʻzlang, marhamat. Lekin hamma ishning tartib-qoidasi boʻladi. Avval roʻyxatga yozilish kerak, — dedi Mafkuraxonim birinchi sinf muallimiga aylanib. Soʻng, xuddi Yosh shoirni taniydigandek, uning ism-familiyasini biladigandek, Oqsoqolning oldidagi qogʻozga qoʻl choʻzdi. — Qani, bu yerda familiyangiz bormikan, koʻraylik-chi.
— Men ikki marta soʻz soʻrab xat yozdim, — dedi Yosh shoir dadil turib. — Men bugun gapirmasam boʻlmaydi, menga soʻz bering. Hozir demokratiya zamoni!
— Toʻgʻri, demokratiya zamoni, — dedi Mafkuraxo-nim koʻnglida demokratiyasiga la’natlar oʻqib, lekin undan oshkora chekinmoqqa yoʻl topolmadi. — Keling, masalani demokratik usulda hal qilaylik. Zal sizni qoʻllasa — gapirasiz, qoʻllamasa — yoʻq. Kelishdikmi? Ovozga qoʻyaman!
— Boʻpti, — dedi Yosh shoir tap tortmay. — Roziman.

Mafkuraxonim «boshqa» xalq bilan muomala qilib yurgan, bu xalqni bilmas ekan. Hammayoqdan ma’qullovchi xitoblar yogʻilib ketdi: «Qoʻying, gapirsin!», «Eshitaylik!», «Soʻz berilsi-in!»

«Yorqin iste’dod» deb nom chiqargan, Otashqalbga otdosh, oʻzi ham nimasi bilandir unga oʻxshashib ketadigan Yosh shoir shu tobda qaynab turar, ayni portlagudek darajada edi. Dastlab soʻz soʻrab hay'atga xat yuborganida ikki notanish yigit uni tashqariga olib chiqib, rosa asabini qaqshatdi. Novcharoq biri devorga tirab qayta-qayta tirgʻaldi: «Xoʻsh, soʻz berilsa, nimani gapirasan?» «Nega men senga hisobot berishim kerak, kimsan oʻzing?» Xuddi gapni eshitmagandek yana asabni burgʻilaydi: «Nima haqda soʻzlamoqchisan, qani, ayt-chi?» U desa, bu deyishdi, bu desa — u. Tavba, oxiri osongina qutuldi-qoʻydi: «Hoy, musulmonlar, ishoninglar axir, men Uzoq Sharqqa borib, shoir qabrini ziyorat qilib kelganman, shuni gapirmoqchiman». «Boyadan beri oʻjarlik qilmay shundoq demaysizmi, ogʻayni!» dedi «musulmon»lardan biri.
— Men agar bugun^bu yerga chiqib gapirmaganimda, oʻzimni umrbod kechirmasdim! — deya shiddat bilan soʻz boshladi Yosh shoir el oldida ham, oʻz oldida ham Jasur shoirga aylanib. — Mana, necha oʻn yillik qabohat va razolatlardan soʻng, nihoyat, Otashqalb shoirimizning pok nomi chinakamiga oqlanayotir. Bugun shoir haqida bor haqiqatni aytadigan kun! Agar bugun aytilmasa, keyin hech qachon aytilmaydi, shoir nomi yangi-yangi yolgʻonu soxta afsonalarga burkanib boraveradiki, uning pok ruxi oldida bu yerdagi har birimiz gunohkor boʻlib qolamiz. Binobarin, bugun rostini aytadigan kun. Chunki, shoirni koʻrgan-bilgan odamlar, ustozlarimiz, taassufki, yildan-yil kamayib borayotir.

Xoʻsh, bugun bu oliymaqom anjumanda shoir toʻgʻrisidagi tom haqiqat aytiddimi? Boya bu yerda shoirning hayoti haqida soʻzlagan Ajoyib domlamiz ma’ruzalarini, odatdagidek, jozibali qilib boshladilar: «Basharti, moʻ'jiza roʻy bersayu Otashqalb shoirimiz bir damgina tirilib kelsa...» Domla! — dedi Jasur shoir shartta ortiga — hay'atga oʻgirilib, chuchmal ishshayib oʻtirgan Ajoyib domlani koʻzi bilan qidirib toparkan. — Agar siz aytgandek boʻlsa, ya’ni shoir tirilib kelsa, bu yerda boʻlgan gaplarni, avvalambor, sizning ma’ruzangizni eshitiboq, bilingki, qaytib narigi dunyoga ketardi! Axir, hurmatli professor, siz shoirni koʻrgansiz, bilgansiz, nahotki, u haqda biror ogʻiz rost, jonli gap yodingizda qolmagan boʻlsa?! Qolgan, hammaginasi yodingizda, lekin eslagingiz kel-maydi, chunki ularning ustini, zamon oʻzgargani sayin, oʻshanga mos liboslar — totli yolgʻonlar, soxta afsonalar niqobi qoplab olgan. Ana shu niqobni da-dil yirtib bor haqiqatni oshkor qilmoqqa bugun, oshkoralik zamonida ham jur'at etolmaysiz, qoʻrqasiz. Negaki, u niqob oʻzingizning shaxsiy hayotingizga oid koʻp sir-asrorni ham yashirib turibdi. Toʻgʻrimi? Notoʻgʻri boʻlsa, chiqib ayting, mana — minbar!

Ajoyib domla miq etmay hamon ishshayib oʻtirardi: yosh bola-da, har baloni aljirayveradi; gapir, gapiraver, sening gaping — mening...
— Men bu minbarga boshqalarni ham taklif qilishim mumkin. Bugun — kamdan kam nasib etadigan zoʻr imkoniyat qoʻlimizda. Keling, chiqib bor gapni aytib, vijdonimizni poklab olaylik. Yurak yutolmaymizmi? Ha-a, albatta, u yolgʻonlar, soxtagarchiliklar toʻridan qugulib, rostini aytmoqqa yurak kerak, mardlik kerak! Hurmatli doʻstlar, siz bilan biz Otashqalbga oʻxshagan zotlarning qora qismatga duchor boʻlganida koʻpincha zamonni qoralaymiz. Toʻgʻri, zamon nobop kelgan, nosoz kelgan. Ammo, zamon — mavhum tushuncha, uning «parragu vintchalari» oʻzimiz edik-ku! Axyr, toʻrt-besh she’riy toʻplamning muallifi boʻlgan yoshgina shoirni Stalin yoki Yejov qayoqdan biladi, toʻgʻrimi? Demak, Otashqalb-ni tanigan-bilganlar shu koʻyga solgan. Avvalo, she’riyatda ham, shaxsiy hayotda ham oʻrin talashgan yaqin birodarlari qilgan bu qabihlikni! Ulardan ba’zilari hozir barhayot, mana shu yerda savlat toʻkib oʻtirishibdi. Umr-lari bundan ham uzoq boʻlsin, deymiz. Ruxsat bersalaring, aziz doʻstlar, betamizlikka yoʻymasalaring, mening mana shu domlalarimizga bir-ikkita savolim bor edi. Garchi, aminmanki, bu savollarga hech qachon javob ola bilmayman. Ammo, haqiqat baridan ustun, degan gap bor, shunga koʻra, bu savollarni bermasam, men ham xiyonat kilgan boʻlaman. Qolaversa, bir kuni borib bari oshkor boʻladi-ku! Dunyoda abadiy sir qoladigan narsaning oʻzi yoʻq-ku, nima dedingiz, Zahmatkash domla? Gapni oʻzlaridan boshlasak, Ajoyib domla. Siz yaxshi bilgan idoraning qora hujjatgohida saqlanadigan Otashqalbning tergov ishida bir chaquvnoma bor. Unda yozilishicha, Otashqalb xalqini haddan ortiq yaxshi koʻrgan, milliy istiqlolni orzu qilgan, «ulugʻ ogʻa»larni tikanga mengzagan. Axir, ona xachqini yaxpgi koʻrmoqning nimasi ayb? Milliy istiqlolni targʻib qilgani ham haqiqat; xalqini sevgan qaysi farzand vatanini ozod koʻrishni xohtamaydi?! Bundan chiqadi, hammasi bor, boʻlgan gaplar, tuhmat emas, ya’ni Otashqalb aybiga koʻra, toʻgʻri qamalgan. Bugungi nuqtai nazar bilan qaraganda esa, u — chinakam milliy qahramon! «Ulugʻ ogʻa»larning tikanga mengzalgani masalasiga kelsak, ma’lumki, bu — munozarali gap, isbotlash qiyin. Ularni gulga mengzaganda ham, zarur kelganda, baloga qolmoq hech gap emasdi. Xoʻsh, ayting-chi, oʻsha chaquvnomaning «rostgoʻy» muallifi kim edi?

Savolga javob berishi lozim boʻlgan tomon — Ajoyib domla ishshayganicha qoʻlida doʻppisini aylanti-rib oʻtiraverdi: man qattan biliy!
— Otashqalb oqlanayotgan kezlar uning tergov ishida yana bir qogʻoz paydo boʻldi. Ijobiy taqriz, himoyanoma desa ham, oqlovnoma desa ham boʻladi. Unda Otashqalb rosa koʻkka koʻtarib ta’riflanadi, «Shundoq ajoyib shoir dushmanla.rning chaquvi bilan tuhmatdan qamalib ketgan», deyiladi. Demak, u — qamalishiga asos boʻlgan ayblariga zid: na xalqini yaxshi koʻrgan, na milliy istiqlolni orzu qilgan, rostdan ham tuhmat bilan qamalgan anchayin bir jabrdiyda. Demak... biz bugun bu yerda xalqini, vatanini sevgan fidoyi shoirning emas... kimning tugʻilgan kunini nishonlab oʻtiribmiz, oʻylab koʻraylik, birodarlar! Yoki boʻlmasa, bu galgi muallifimizning oʻzi tuhmatchi, shunday emasmi? Qizigʻi shundaki, yygirma yilning nari-berisidagi ana shoʻ ikki taqrizni bir kishi yozgan. Ajoyib domla, siz koʻpni koʻrgan koʻhna odamsiz, ayting-chi, ana shu munofiqning kimligini bilmaysizmi?
— Demagogiyani bas qiling, hoʻv uka, — deb qoʻydi Ajoyib domla hamon ishshayganicha.

Toshdan yaralganmi bu odam? Holbuki, ne-ne qirgʻinbarotlarni koʻrgan, ne-ne balolarga giriftor boʻlgan. Lekin baridan eson-omon oʻtib kelyapi. Demak, mudom mana shunday: qoʻlida doʻppisini aylantirib, ishshayibgina oʻtiravergan, vassalom. Endi navbat minbarda sayrayotgan mana shu mahmadona bolaga kelishini kutadi. Hah, davring kepti, sayrab qol, joʻjaxoʻroz! Ammo ertasini ham oʻylab koʻysang, chakki boʻlmasdi! Poʻkoningdan yel oʻtmaganda, kekirtagingni choʻzasan. Seni ham koʻzingni bogʻlagandek qilib anovi xonaga olib kirsa, tizzasi bilan jon bir joyingga tepib tegishli qogʻoziga imzo chekdirib olsa, ana shunda bilar eding! Bir bora imzo chekdingmi, bas, keyin boʻyin tovlayin desang, mash'um tepki yodingga tushaveradi. Qarabsanki, oʻsha imzoning quliga aylanibsan, oʻsha tepkichilar qatoriga oʻtib qolibsan. Endi oʻzing ham tepishni kasb qilasan: boʻrilar orasida boʻri boʻlib uvlamay koʻrgin-chi! Keyin, yosh bir joyga borganda, bu yoʻldan qaytay desang, orqangga qaramoqqa qoʻrqasan — qilmishlaring, qora ishlaring! Qolaversa, sen va senga oʻxshaganlardan tepki yeganlar endi safiga qoʻshmaydi, hazar qiladi.. Uff!
— Demagogiya? Sizlar yaxshi koʻrgan soʻz bu! Ilojsiz, chorasiz qolganda shuni qurol qilib odamni ayblamoqchi boʻlasizlar.
— Xvatit! — dedi Mafkuraxonim toqati toq boʻlib.— Vaqtingiz bitdi, uka!

U Tepakaldan xufiya xat olib, boyadan beri tipirchilab oʻtirardi.
— Men byuro yoki partiya majlisida gapirayotganim yoʻq, opaxon! — dedi Jasur shoir jasurlik bilan betga chopib. — Mana, xalqdan soʻrang, bir ogʻiz «Bas, boʻldi» desa, hoziroq tushib ketaman!

Pastdan betartib xitoblar eshitildi:
— Gapiraversin! Eshitaylik! Davom eting! Soʻzini boʻlmanglar!

Xalqdan madad olib sherlangan Jasur shoir yangi nafas, yangi gʻayrat bilan gapini davom ettirdi:
— Zahmatkash domla, koʻzingiz tushgandir, oʻsha jinoyatnomada yana ikki kishining koʻrgazmasi bor. Bir ayol bilan bir erkakning. Erkakning koʻrgazmasida Otashqalb «ogʻa»lar qavmiga mansub bir xotinni «Seni yaxshi koʻraman» deya aldab, soʻng tashlab ketgani, doʻstining gunohini yuvish uchun keyin oʻzi unga uylanmoqqa majbur boʻlgani aytiladi. Ayolning koʻrgazmasi negadir qattiq alamzadalik bilan yozilgan. Unda Otashqalb oʻtaketgan bezorilikda va, e’tibor qiling, bevafolikda ayblanadi! Demak, oddiygina, mayli, oʻtaketgan boʻlaqolsin, bezori va bevafodan «xalq dushmani» yasaladi. Xoʻsh, oʻsha «olijanob» erkak kimu «jabrdiyda» xotin kim?.. Koʻpchilikning xabari bor: urush yillari Otashqalb asirlik surgunidan ozod qilib, lozim boʻlsa, jangga yuborilishini soʻrab Stalinga ariza yozadi. «Mazkur ish boshqatdan koʻrib chiqilsin!» degan farmoyish bilan qaytgan ariza shu borada fikr, aslida rozilik soʻrab, rasmiyat yuzasidan, yozuvchilar tashkilotiga kelib tushadi. Oʻsha soʻrovnomaga tashkilot rahbari nima javob qilgan, eshitganmisizlar? «Otashqalbni surgundan qaytarish mumkin emas. U qaytarilsa, uni ayblagan kishilarni jazoga tortish lozim boʻladi. Buning esa, ma’lum sabablarga koʻra, iloji yoʻq». Xoʻsh, uni ayblagan kishilar kim edi? «Ma’lum sabablar» degani nima? Oʻsha yillari kim bu tashkilotning rahbari edi? Mana shu bir toʻp savolga siz javob bersangiz, hurmatli Oqsoqol!

Oqsoqol bu savollarni umr boʻyi kutib yashagan, umr boʻyi ana shu savollarni oʻzi oʻziga berib kelgan. Ammo birortasiga ham joʻyali javob qaytarolmagan. Javob — Oʻzi, yaxshidir, yomondir, oʻzining hayoti. Uni boʻlaklab boʻlmaydi, bor-budi bir-biriga chirmashib ketgan. Yo toʻligʻicha ma’qullash kerak, yo batamom inkor etish lozim boʻladi. Boshqa chorasi yoʻq. Koʻp oʻylab, koʻp kavlab koʻrgan.

Mana bu zumrashaning da’volariga kelganda... Qani edi, shu bolaning oʻrnida sen boʻlsang! Vijdoning pok-pokiza, umring xato-xutolardan xoli. Lekin, sakson yilni shunday toʻgʻri, bexato yashab boʻlmaydi. Iloji yoʻq. Iloji boʻlganda... yoʻq, qayta tugʻilganda ham iloji yoʻq ekan. Gap — hayoting faqat xatolarga qurilmasligida! Hayhot, hayhot... Manovi bola esa hozir uyquda — mast, masrur. Yura-yura buning ham «odam boʻlgisi» keladi. Bir kuni chaqiradilar, nimadir fazilati yo xizmati darkor boʻlib, amal beradilar. Ana keyin qarabsizki — madhiyabozligu qofiyabozlik! Birovlar yoshligingizda oʻt edingiz, olov edingiz, desa, gʻoʻrlik-da, xato qilgan ekanmiz, deydigan boʻladi. Shu tariqa hayotning «tinch okeani»ga tushib suza boshlaydi. Xudo yorlaqab bir kuni Oqsoqol shoirning yoshiga yetganida, allaqanday bir joʻjaxoʻroz oʻrtaga chiqib mana bunday jirillab qolsa, alamidan tutab ketmaydi deb kim kafolat bera oladi? Yoʻq, bu dunyoda bola-chaqali odamnins tayoqdek toʻgʻri boʻlishi yoki kiroyi bir jasorat koʻrsatishi mushkul ekan. Osmondagi parranda ham bir ish qilmoqdan oldin oʻzini emas, bagʻridagi joʻjasini oʻylaydi, oʻzining emas, polaponining taqdiridan choʻchiydi. Nahotki, yovqurlik, sheryuraklik deganlari salt-suvoylargagina xos?..

Oʻzi bugun xudo urgan kun ekan. Ertalabdan beri koʻngli gʻash. Ertalab haykalning ochilishidan qaytayotib, mashina oynasidan oʻziga oʻqdek qadalib turgan bir juft koʻzni koʻrib qoldi. Nimasidir juda tanish bu koʻzlarning egasi yoʻl chetidagi qoʻlbola aravachada oʻtirgan nihoyatda aftodahol bir nogiron edi. Oqsoqolning koʻksida nimadir jizillab ketdi — unutilgan, ammo tanish, alamli nimadir. Boya Mafkuraxonimni kutgani chiqib maydonda nari-beri yurib turganida ham uzoqdan oʻsha oʻtli, otashin nigohlarni tagʻin his etdi, koʻzini olib qochdi, u yoqqa qaramaslikka harakat qildi.

Ajabo, mana shu holat uni umr boʻyi ta’qib etgan ekan: goʻyo kimdir unga shiddat bilan tikilib turibdi-yu, u zoʻr berib koʻzini olib qochadi, oʻsha tomonga qaramaslikka urinadi.

Xullas, bugun ogʻir oʻylar girdobida yurgan Oqsoqol ayni choqda Jasur shoirning oʻqdek yangragan omonsiz savollariga bir nima deb javob qaytarishi mahol edi. Ammo ogʻzidan kutilmaganda shunday bir gap chiqib ketdiki, keyin oʻylab oʻzi ham hayratda qoldi. Murosa qilgisi keldimi yo koʻnglining oʻzibilmas bir xilvatlarida pinhon yotgan dard beixtiyor bosh koʻtardimi, harnechuk, boʻlgani boʻldi.
— Gapiravering, oʻgʻlim, barakalla, — dedi Oqsoqol shoir. — Bu gaplarni bir kuni kimdir aytishi kerak edi-da!

Ul-buldan xabardor jamoat karaxtu lol boʻlib qol-di: obbo, Oqsoqolni bir jin urdi-yov! Uni oʻyin qilyapti yoki mard ekan baribir, degan xayolga borganlar ham boʻldi.
— Javobingiz bizga ma’qul, Oqsoqol! — dedi juvonmarg Jasur shoir zukkolik va shahdamlik bilan, munozarada ustun kelganini ham barala sezdirib. — Haq gapni aytdingiz! Bu yogʻini yana bizdan eshiting. Ma’lumki, hozir sizu biz tantanali anjuman qurib oʻtirgan muhtasham binoni tiklashda bir vaqtlar harbiy asirlar ham ishtirok etgan. Oʻsha binokor mahbuslar, bilganlar biladi, xuddi mana shu hashamatli tomoshaxonaning tagida makon topgan. Otashqalb ham bir muddat shu yerda yotgan. Yer osti ham tomoshaxona, yer usti ham! Qizigʻ-a? Dunyoning ishlarini koʻringki, bir vaqtlar uning qatliga imzo chekkanlar bugun toʻrda oʻtirib qozilik qilyaptilar! Oʻldirganlar — toʻying-da bakovul! Alhazar! Ana shu mute-mayda gumashtalarga bosh-qosh boʻlgan mafkura sohasini oʻsha kezlar kim boshqargan, bilmaysizmi, hurmatli Mafkuraxon opa? (Asabiy hurpayib oʻtirgan «opa»ning vajohatidan faqat bir gapni, faqat bir tilda kutish mumkin edi: «Znatʼ ne znayu i ne xochu!») Dunyoning ishlari qiziq ekan. Shoir surgunda yashagan joylarni ziyorat qilgani borganimizda oʻsha yerlik bir ayol, koʻrganmi, koʻrmaganmi, xudo biladi, xumori tutganidan dir-dir titrab turgan mayxoʻr erining koʻzi oddida Otashqalbga ma’shuqalik da’vo qildi. Mehmonlar sharafiga tuzalgan ziyofat dasturxonidan avvalo mayxoʻr erining gʻamida, umidvor boʻlib bu ishga borgani hammaga ayon edi. Arvohidan qoʻrqmay, shoir toʻgʻrisida boʻlar-boʻlmas choʻpchaklarni toʻqib, ularni mana shu moʻ'tabar minbarga olib chiqqanda siz, hurmatli Ajoyib domla, tagʻin nimalardan umidvor boʻldingiz ekan? Axir, shoirning hayoti va ijodi haqida soʻz yuritishga ayniqsa sizning ma’naviy haqqingiz yoʻqligini, bu ish umrini shunga bagʻishlagan Zahmatkash domlaga tan, shu kishigagina halol ekanini nahotki bilmasdingiz? U kishi bizga, masalan, yolgʻon qabrlar ustida toʻkkan soxta koʻzyoshlarimiz, aniqrogʻi, ular oʻrniga oqqan boʻyoqlar va boshqa narsalardan soʻzlab berardi.

Siz-chi, hurmatli Ma’shuqaxon opa, ma’shuqalik shuhratini endi anovi shimollik beor mayxoʻrning beor xotini bilan tengma-teng boʻlishamiz shekilli? A, labbay? Bilamiz, iloji yoʻq. Lekin — nachora, chillada boʻrining qorni toʻqi boʻlmaydi! Birodarlar, Otashqalbni juvonmarg qilgan bir toʻda riyokor, nomi oklangan kundan e’tiboran uni oʻziga moslamoqqa, hayoti va ijodiga oʻzgartishu tahrirlar kiritib, oʻziniki qilmoqqa urinib keldi. Mana, bugun ham shunga harakat boʻldi. Agar biz ularning da’volariga quloq ossak, ishonsak, shoirning ruhi oldida bugun ham xiyonat qilgan boʻlamiz. Otashqalb — bizniki! Aminmanki, shoirning ruhi hozir mana shu tantanavor tolor boʻylab kezib yuribdi, — deya Jasur shoir qulochini keng yozib negadir yuqoriga, ikkinchi oshyon tarafga ishora qildi.— Ma’lumki, shoirning bor ijodi qoʻlimizda, u himoyaga muhtoj emas — Oʻzini oʻzi himoya qila oladi. Ammo uning hayotini turli uydirmayu afsonalardan tozalash, himoya etish — bizning burchimiz. Chinakam muxlis, adabiyotning chinakam doʻsti shunday qiladi. Qolaversa, Otashqalbning fojiasida bir-ikki odamnigina aybdor sanash kaltabinlik boʻladi. Bandasi ojiz, jon esa shirin. Uni avvalo oʻsha muhit juvonmarg kilgan. U baribir omon qolmasdi. U baribir qamalardi. Oʻsha zamon mantigʻida bundan boshqa yoʻl yoʻq edi. Lekin Otashqalbning qismati sizu bizga saboq boʻloldimi— mana, gap nimada! Aziz doʻstlar, ming bora uzr, shodiyona kunda noxush gaplardan gapirib men bir qadar andishasizlik, balki shakkoklikka borgandirman. Lekin, boya hurmatli Oqsoqolimiz toʻgʻri ta’kidladilar: bu gaplarni bir kuni kimdir baribir aytishi kerak edi-da! Shu ishni bugun men qildim, mayli, uvol-savobi mening boʻynimda boʻlaqolsin! Bugun — Otashqalb shoirimizning toʻyi, she’riyat bayrami, aslida bu tantananing qahramoni she’r boʻlmogʻi lozim edi. Keling, doʻstlar, men soʻzimni unutilmas shoirimizning mashhur she’rini asl holida oʻqib berish bilan yakunlasam:

Tikashar ichra balqkan ul muhabbatning guli sensen.

Kapalakka dil bogʻlagan ham koʻngilning quli sensen.

Bu moviy koʻzlaring soʻzlar, qushim yetim kabi boʻzlar...

Olovim ham sen erursen, ham armonning kuli sensen.

Tshim chaynab yutar boʻlsam, dilimning bulbuli sensen.

Xazon bir gʻunchaning gʻolib, muzaffar qotili sensen.

Sensen, sensen — ozorginam, dildorginam sensen,

Biru borim, gʻaddorginam, beorginam sensen!..

Notiq she’rni oʻqib boʻlgach, negadir shoshilib, shiddat bilan minbarni tark etdi, ovozi ulkan tomoshalar tolori boʻylab qanot qoqqandek sado berib qoldi: «Biru borim, gʻaddorginam, beorginam sensen, sensen!..»

Jasur shoir qahramonga aylanib olqishu chapaklar ostida joyiga qaytarkan, unga peshvoz chiqqanning, qutlagani qoʻl choʻzganning hisobi yoʻq edi. Toʻgʻri gapga tashnalar ham koʻp ekan.

Oqsoqol umri mobaynida juda koʻp xato qilgani ma’lum. Bugun, majlisni yakunlayturib ana shu noxush roʻyxatni tagʻin bir xunuk xato bilan «boyitdi» desa boʻladi. Aslida, Jasur shoirning otashin nutqiyu jarangdor misralaridan soʻng anjumanni davom ettirish xatarli, Oqsoqol uni naridan-beri yopib qoʻya qolishi lozim edi. Yoʻq, qoʻrqdi. Boya beixtiyor ogʻzidan chiqib ketgan gap uchun qoʻrqdi. Oʻsha harom tomiri bu gal ham pand berdi.
— Hurmatli oʻrtoqlar, hozir bu ukamizning joʻshqin soʻzlarini hayratu hayajon bilan tinglab oʻtirib, koʻz oldimda marhum doʻstimning unutilmas siymosi gavdalandi. Otashqalbning oʻzginasi-ya, aynan! Qoʻllarini siltab-siltab gapirishlariyam, she’r oʻqishiyam, hatto ovoziyam — xuddi oʻzi! Qiyofasiyam oʻxshashib ketadi. Yo tavba, deyman, odamzod bir-biriga shunchalik ham monand boʻlar ekan-da! Ammo mening boyagi luqmamni, aftidan, koʻpchilik toʻgʻri tushunmadi. Uning tagida boshqa mazmun bor edi. «Bu gaplarni bir kuni kimdir aytishi kerak edi», dedim, yodinglardami? Ana shunday. Nima deganim edi bu? «Bu gaplarni bir kuni kimdir aytishini biz bilar edik, shuni kutgan edik». Vo, nima demoqchi edim men! Mana, bugun shu gaplar aytildi nihoyat. Unga bizning javobimiz bunday, — dedi Oqsoqol salmoq bilan hay'atda oʻtirgan joʻralariga koʻz tashlab olib va ayni zamonda ulardan madad oʻtinib. — Biz unutilmas doʻstimiz va safdoshimiz Otashqalb shoir hayoti va ijodini bunintdek buzib talqin etishlariga aslo yoʻl qoʻya olmaymiz! Biz boshda tanlagan yoʻlimizdan hech qachon qaytmaymiz! Men bu ukamizni Otashqalbga oʻxshatdim. Oʻxshagani yaxshi, mayli, oʻxshayversin. Lekin Otashqalbning taqdiri oqibati nima bilan tugadi — mana bu tomonini ham oʻylashimiz kerak, hurmatli oʻrtokdar, toʻgʻrimi?

Pastda gʻala-gʻovur qoʻpgan, norozi xitoblar, chapaklar eshitila boshlagan edi. Bu yogʻi poyma-poy boʻlib ketganini hatto Mafkuraxonim ham fahmladi shekilli, Oqsoqolning tirsagidan tutib, qulogʻiga nimadir deb shivirladi. Fikrlari chalkashib, dovdirab qolgan Oqsoqol titrab-qaqshab uning gapini mikrofonda takrorladi:
— Shu bilan yubileyimizning tantanali qismi tugadi. Kelganinglar uchun rahmat. Hozir — katta konsert.

Shu tariqa Oqsoqol shoirning soʻnggi bora raislik faoliyati ham sharafsiz, balki sharmandali yakun topdi.

Anjumanni tanaffussiz davom ettirishga qaror qilindi chogʻi, «muhim ish» chiqib shoshib qolgan Mafkuraxonimni kuzatgan kazo-kazolar tezgina kirib, pastdagi oldingi qatordan joy oldilar. Bu orada sahna aylanib, Otashqalbning shiftdan osilib turgan kattakon siymosi kamalak yogʻdulariga toʻldi, Uning ketidan yuraklarni sel qiladigan jozibali bir ohang taralib, sochi yelkasiga tushgan xipchagina xonanda mikrofon koʻtarib u yon-bu yon borib kela boshladi.
«Tikanlar ichra balqqan ul
muhabbatning guli sensen...»

Azim tolorni tantanavor bir ruh, chinakam bayram ruhi qamrab olgan edi. Zum oʻtmay, «sen»ning oʻzi ham koʻrindi, kamalak jilolariga chulgʻanib yengil navozish eta boshladi. Oʻta ommalashib ketgan bu qoʻshiqqa, chamasi, pastda ham kimdir oʻyin tushmoqda ediki, raqqosa ajib bir takalluf bilan uni sahnaga chorlay ketdi. Zinada ajinasimon bir narsa, uning ortidan esa alvastiga oʻxshash boshqasi qora koʻrsatdi. Ular izidan yosh, munosib izdoshlari — Jiyanbeka...

Qoʻshiq shoʻx pardalariga yetgan, sahnada Ma’shuqaxonim bilan Alvasti bir-biriga qarab beoʻxshov, yarashiqsiz muqomlar qilar, ajabki, dargohi keng xudoyim ahli anjumanga togʻdek bardosh bergan edi.
«Bu moviy koʻzlaring soʻzlar,
kushim yetim kabi boʻzlar...
Olovim ham sen erursen,
ham armonning kuli sensen,
ham armonning kuli sensen...»

Endi bu yerda oʻtirish ogʻir, hatto ortiqcha edi. Endi bu dunyoga toqat qilib-da boʻlmasdi. Shaytanat, xuddi shaytanat!..

Koʻz oʻngida yana oʻsha manzara jonlandi. Keng-katta koʻcha boʻylab u aravachasini yeldirib bormoqda. Ikki yonda baland-baland binolar. Aravacha gʻiddiraklarining gʻirchillashi azamat peshtoklarga urilib, shagʻal toʻkkan misoli bir tarona yaratgan. Ulkan shaharda shundan oʻzga sas-sado eshitilmaydi. Shahar kimsasiz, unda biror tirik jon yoʻq...

Ajabo, tushimi bu yo oʻngida koʻrganmi? Koʻrgan boʻlsa — qachon, qaerda? Kechadan buyon koʻz oldidan ketmaydi shu manzara.

Kelishda u poezddan vaqgi bemahalda tushgan, boyagi manzara kimsasiz shahar boʻylab qilgan «sayohati»ning dardmand xotiradagi birmuncha qabariq tasviri edi.

Shundaymikan?..

Musofir muxlis muruvvatpesha qoʻshnilari — yosh yigit-qizga minnatdorlik izhor etgan kabi bir-bir nazar soldi-da, chaqqon bir harakat bilan oʻrindiqdan sirgʻalib tushdiyu ildam emaklay borib, yoʻlak adogʻiga surib qoʻyilgan aravachasiga oʻrnashdi, tirsaklari — «oyoq»larini ishga solib, joʻnadi.

Endi uni hech qanday kuch toʻxtata olmasdi. Hozir shiddat bilan ikkinchi oshyonning koʻchaga qaragan ayvonchasiga chiqadi (hali kelayotib koʻz ostiga olib qoʻygan), soʻng... Toʻgʻri, evini qilolmay bir nafas qiynaladi, taraddudga tushadi! Lekin bir umrlik azob-uqubatlar, qiynoqlar oldida bu yogʻi oson, bamisoli halinchak uchgandek, yamisoli mukofot... Yagona tilagi — yoʻlda anovi qattol Ta’qibkorga duch kelmasa bas. Darvoqe, endi duch keddi nimayu duch kelmadi nima!

Hech kim hech gapdan bexabar, tavallud anjumani odatdagidek davom etdi, yarim tunga borib tarqadi.

Xoʻsh, keyin nima boʻddi?

...Tepakal divanda horgʻin choʻzilib yotarkan, oʻzini hozir ming qoʻyli boydek, ming qoʻyli boy nima boʻpti, undan-da qudratli, har ishga qodir his qilardi. Boyagina u Sirdaryodagi gadoytopmas bir goʻshada ishchilar ta’minoti boʻlimining boshligʻi edi, endi — kimsan, poytaxtdagi kattakon bir oziq-ovqat trestining xoʻjayini! Tagʻin sal harakat qilsa, bundan-da yuksalishi hech gap emas!

Oʻzini toshoynaga solib koʻz-koʻz etayotgan Mafkuraxonimga tikilarkan, Tepakal taajjub bilan oʻylardi: «Tavba, dunyoning ishlariyam chappa-rasta. Chappa-rasta boʻlmasa, shu qavmga buncha narsaning jilovini berib qoʻyib boʻladimi? Axir, bular haligi mahal qulogʻiga sal shivirlab qoʻysangiz, dunyoda yana bir Oktyabrʼ toʻnta-rishi yasab yuboradi-ku!»

Ular bu eski xilvatxonalarida bundan atigi qirq daqiqa avval uchrashdilar. Entika-entika birin-ketin kirib kelgan oshiq-ma’shuq, diydor koʻrishilmaganiga ikki-uch yil boʻlgan, gap yoʻq, soʻz yoʻq, uchrashgan hamo-no bir-biriga chirmasha ketdi: «Tepakali-im!..» — «Mafkurabegim!..»

...Yelkasida ulugʻ idoralarning tuhfasi — banoras toʻn, oddida — qalpoq bostirilgan achchiqqina choy, doʻppisini bir yonga olib qoʻygan Ajoyib domla qalamini chakkasiga bosgancha teran tafakkurga choʻmib oʻtiribdi. Bugungi kunga mos soʻz qidirmoqsa. Yaqinda boʻlajak ziyolilar qurultoyiga Opaxonning nomidan ma’ruza tayyorlamogʻi darkor. Topshiriq mas’uliyatli! Bugungi anjuman bahona, Opaxon bilan uchrashganlarida u kishi masalaga mutlaq partiyaviy nuqtai nazardan yondashmoq lozimligini yana ta’kidladilar. Ma’qul. Bunday topshiriqlarga «labbay» deb javob bermoq, zamon talablariga mos ohang topib, zimmaga yuklangan har qanday mushkul vazifani doʻndirib qoʻymoq-ku — domlaning odatiy yumushi. Ammo hozir davr boshqacha, dolgʻali keldi qurgʻur. Anovi joʻjaxoʻrozning bugungi poʻpisalari, hay-hay!

«Nichevo, — dedi Ajoyib domla odatdagidek gʻayrat bilan ishga_ kirisharkan. — Bundan battarlarini koʻrganmiz! Oʻsma ketar — qosh qolar, doʻppi ketsa — bosh qolar».

...Qarib quyilmagan darbon xotin oʻzida yoʻq xur-sand: bugun sahnada hech kim hech kimni koʻtarib oʻynamadi! Lekin ertaga uning ahvoli chatoq boʻladi — ishiga mas’uliyatsizlik bilan qaragani, ya’ni shundoq hashamatli koshonaga shundoq ulkan anjuman ketayotgan paytda har xil qalangʻi-qasangʻilar kirib, favqulodda noxush hodisa sodir boʻlgani uchun u vazifasidan chetlatiladi. Vaqti-zamonida mana shu koshonaning toʻridagi sahnada qoʻlma-qoʻl boʻlib yurgan odam, taqdir taqozosi bilan surila-surila eshik ogʻziga kelib qolganidan xabarimiz bor edi, endi u eshikdan tashqariga chiqarib tashlanadi. Bir kuni borib ana shu dongdor sahnada koʻrsatgan xizmatlarini qoʻshib-chatib hikoya qilib bersa, tirmizak nevarasi uning hasad va oʻsma-surmaning zoʻridan erta soʻligan, burishgan aftiga tikilib, «Buvijon, bu ertakmi yo doston?» deb soʻrasa kerak.

...Oʻta mas’uliyatli tadbir chogʻida ishga sovuqqonlik bilan yondashilgani — anjuman minbarini har turli buzgʻunchi unsurlar egallab olgani oqibatida siyosiy-mafkuraviy qoʻporuvchilikka yoʻl ochib berilgani uchun Ta’qibkor hamda uning shogirdlariga qattiq chora koʻriladigan boʻldi. Shogirdlariga ogʻir hayfsan va boshqa intizomiy jazolar qoʻllanib, Ustozning oʻziga iste’foga chiqish tavsiya etildi. Soʻnggi daqiqada uning partiya va vatan oldidagi fidokorona xizmatlari inobatga olinib, koshonadagi boʻshab qolgan darbonlik vazifasi taklif qilindi.

Ta’qibkor jon-jon deb rozi boʻldi. Avvalo, u yoʻllangan joydan hech qachon boʻyin tovlamagan, topshirilgan har qanday vazifani muqaddas bilib, bekamu koʻst ado etgan, qolaversa, bu maskanga kirib-chiqayotganlarga koʻz-quloq boʻlib turish ham, aslida, chakana lavozim emas. Sirasi, gap — lavozimda deganlar xato qiladi, gap — Oʻsha oʻrinda kim oʻtirganida!

...Bu orada yutgan-yutgan Ma’shuqaxonim boʻldi: ham oʻzini yana bir bor doʻstu dushman oddida koʻz-koʻz qilib xumordan chiqdi, ham yayrab-miriqib oʻyinga tushdi. Toʻgʻri, anovi juvonmarg bugun ham bir oz akilladi. Hay, sadqai sar, sening gaping — mening... Erim nomdoru amaldor deb kerilasanlar, paypoq yuvib oʻtgan kuning qursin sen dimogʻdorlarning. Bitta erdan boshqa nimani koʻribsan? Kuyib-tutab oʻllaring, Ma’shuqaxonim yaqinda unvondor ham boʻladi, Mafkuraxonning shaxsan oʻzi va’da qildi!

...Oʻsha kecha uxlagan odam uxlagandir, Jiyanbeka hayajonu ikkilanishlar ogʻushida toʻlgʻanib chiqdi: «Kim boʻlsam ekan — vazirga muovinmi yoki Mafkuraxon opamga qarashli shoʻ'baga mudirmi? Mudirning-ku qoʻli uzun, lekin muovinlik ham chakana emas, nomi zoʻr, ham erkinroq. Madaniy bordi-keldilar bahona, koʻp narsali boʻlib qolish mumkin. Kim boʻlsam ekan-a?..»

...Oʻsha kecha mas’ul bir shaxsning qaynotasi boʻlmish Fan arbobining uyida telefon betoʻxtov jiringlab turdi. «Tabriklaymiz, zoʻr chiqish qilganmishsiz, domla!», «Eshitdik, eshitdik, shoiru yozuvchiman deganlarini ogʻiz ochirmay qoʻyibsiz-u, ustoz, qoyilman!», «Gapni qiyib tashlabsiz ammo, yashang, doʻst!»

Vaqt yarim kechaga yaqinlashganda yuksak martabali kuyovtoʻraning oʻzi yoʻqlab sim qoqdi:
— Qalay boʻldi, dada?
—Qaydam, oʻgʻlim, oʻrtoqlar ketma-ket qoʻngʻiroq qilib tabriklashayotibdi-ku!
— Dada, oʻsha shoiringizni qamalib chiqqan, deb eshitaman. Oti nimaydi oʻzi?
— Oti... oti... Hozir...

...Temiryoʻl ishchisi — Otashqalbning sobiq saboq-doshi oʻsha oqshom xotinidan ayniqsa zoʻr izzat-ikrom koʻrdi. Qarang, xotini shu choqqacha qanday odam bilan yashab kelganini bilmas ekan!

...Zahmatkash domla oʻsha kecha yurak oʻynogʻi boʻlib, mijja qoqmay chiqdi. Stolda ishi behisob, qoʻlyozmalar qalashib yotibdi — yaqinlashmoqqa esa yuragi betlamaydi. Xuddi oddin bir tazarru aytib, istigʻfor keltirib — poklanib olmogʻi zarurdek. Mana, xayriyatki, koʻp yillik orzusi amalga oshdi — Otashqalbning tavallud anjumani, yaxshimi, yomonmi, harqalay, oʻtdi. Biroq koʻngil alagʻda, boshqa ishning boshini tutay yoki yotib dam olay desa, koʻz oʻngida nuqul bir manzara jonlanaveradi: qalin qaragʻayzor chetidagi gʻarib qabristonda gʻaribona mungʻaygan bir qabr. Bir toʻda odam uni zoʻr berib kavlarmish-u, lahmdan gʻishtdan boʻlak hech narsa chiqmasmish. Na bir dona suyak, na bir parcha chirigan matoh, na bir tola soch — faqat gʻisht, gʻisht, gʻisht...

...Jasur shoir bugungi zafar zavqidan sarmast, qattiq uyquda. Suyukli xotini boshida oʻtiribdi. U-da mamnun, u-da masrur, bot-bot shoirning boshini — she’riyat jafolariyu turmushning norasoliklarini mardona-magʻrur yengib kelayotgan toshdan qattiq boshini, shu yoʻlda oqara boshlagan sochlarini mehr bilan silab-siypab qoʻyadi.

Shoir hozir uyquda, mast uyquda. Bugun har qancha huzurlanib uxlasa arziydi — unga halol. Lekin u hali hech gapdan bexabar. Ertadan boshlab u na radioda, na televizorda chiqa oladi. Yaqinda nashr etilishi lozim boʻlgan kitobi bosmaxonada «sochib» yuborilishidan ham u hali bexabar. Indin uni boshligʻi chaqirib, ishdan boʻshash haqida ariza yozib berishini soʻraydi. «Nega?» «Yuqoridan shunday buyruq boʻldi». «Kimdan?» «Yuqoridan!»

Shoir uyquda, mast uyquda. U hozir boshida sochlarini mehr bilan silab oʻtirgan suyukli xotini bir kuni kelib uni tashlab ketishini ham bilmaydi.

Bilganida nima? Shularni bilganidan, shularga tayyor ekanidan bu qismatni tanlamaganmidi! Shoirning hayoti shu, vassalom.

...Oʻsha kecha shaharda ikkita sirli hodisa qayd etildi. Biri — Oqsoqol shoirning toʻsatdan vafot etgani, ikkinchisi...

Anjuman munosabati bilan hukumat bergan ziyofatdan ertaroq qaytgan Oqsoqol shahar yaqinidagi soʻlim yozlogʻida, ikkinchi qavatda joylashgan oynavand ravonda, hordiq chiqarish bahona, savat kursida xayolga choʻmib oʻtirardi. Tomu toshni larzaga solib momaqaldiroq gumburladi, uning ketidan chaqmoq chaqnab, birpasdan soʻng yomgʻir ishvalay boshladi. Koʻklam suvlariga choʻmilgan dov-daraxt noma’lum bir qudratga boʻysu-nib, oh urgancha u yoqdan-bu yoqqa chayqalardi.

Shamol zoʻraydimi yo yana momaqaldiroq boʻlib chaqmoq chaqdimi, roʻparadagi deraza toʻsatdan ikki tarafga sharaqlab ochildiyu ogʻir bir narsa qasira-qusur otilib kirib, naqd oqsoqolning oyoqlari ostiga kelib tushdi. Allaqanday aravacha, unda... unda... Ha-ha, oʻsha, bugun ertalab uchrab, kun boʻyi tinchlik bermagan la’nati nogironlar aravachasi! Unga qapishib oʻtirgan oyoq-qoʻlsiz tasqara bir vujud, baroq qoshlar ostidan koʻzlari olovdek yonib Oqsoqolga tashlandiyu boʻgʻzidan gʻippa boʻgʻib oddi. A-a-a-a-a...

Gʻayritabiiy tovushni eshitib shosha-pisha ravonga chiqqan Alvastixonim cholini koʻzlari olayib, iyagi tushgan holatda koʻrdi. «Esizgina, — dedi unga yaqinlasharkan, — yubileyiga bir haftagina qolganda-ya!..»

Keyinchalik Alvastixonimga aylangan Moviykoʻz dilbarga bir zamonlar topshirilgan maxsus tarixiy vazifa, andak poyoniga yetmay, ana shu tariqa xotima topdi.

Jasadni har xil qilib tekshirib koʻrgan doʻxtirlar «Yuragi yorilib oʻlgan» deb xulosa yasadilar.

Sirli hodisaning yana biri shu ediki, ertalab koshonani aylanib koʻzdan kechirayotgan koʻriqchi yon tarafdagi ayvonchalardan birining tagida gʻalati ashyolarga duch keldi: yargʻoq quloqchin, bir tutam qoʻsqi sochmi-soqol, isqirt paxtalik, yagʻiri chiqqan cholvor, bir poy etikning qoʻnji... Bir poyi tepada — daraxtning shoxida. Unda yana bir tutam sochmi-soqol ham ilinib qolgandek.

Hammasidan qizigʻi — paxtalikning choʻntagidan kecha mana shu koshonada tavalludi nishonlangan, yarim asrcha burun olis sovuq oʻlkada halok boʻlgan marhum shoirning hujjatlari chiqdi.

Shahardagina emas, butun mamlakatda shov-shuv qoʻzgʻagan bu hodisani tegishli tashkilotlar ham hech qanaqasiga sharhlab bera olmadi.

Otashqalb shoirning tavallud anjumani ana shunday oʻtdi.

1994