OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Erkin A’zam. Ta’ziya (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifErkin A’zam
Asar nomiTa’ziya (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Erkin A’zam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm28KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/23
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ta’ziya (hikoya)
Erkin A’zam

Ushbu hikoyaning dastlabki nomi «Doʻppi» edi. Shunday she’ri borligini eslabmi,
uni Muhammad Yusufga bagʻishlamoqchi boʻldim. Asarning sarlavhasi oʻzgargach
esa, shoir nomi bilan yonma-yon turishi xunukroq tuyulib, fikrimdan qaytdim. Ajabo...
Bugun hikoyani suyukli inimntg unutilmas xotirasiga bagʻishlamoqdaman.
Muallif
Oʻzbekning xonadonidan doʻppi topilmasa-ya!
— Mana, — deya enam nihoyat kaftlariga urib qoqa-qoqa, kizaklarini torta-torta, qirralari uringan nimdoshroq bir doʻppini koʻtarib chiqdilar ichkaridan. — Uy emas bu, karvonsaroy. Doʻppining bozoridan oʻtib boʻlmasdi-ya! Otang Toshkanddan bir toʻqqizini ortib kelgan edilar, qani endi? Tunov kuni ukang bir toʻda joʻrasi bilan kelib, anovi hamsoyaning ta’ziyasiga kiramiz, deb bitta-bitta kiyib ketdi. Bi-irontasi qaytib kelgani yoʻq. Oʻzing-chi, kelar ekansan, mana shunday toʻy bor, ta’ziya bor, chamadonning tagiga tashlab kelay demaysan. Doʻppi jonivorning hamku pisandi qolmadi, yaxshi-yomon kunda kiyilmasa, boshiga iladiganni bozordan toping! — Enam javrashdan toʻxtab, mashinaning kalitini barmoqlarida betoqat aylantirib turgan otamga yuzlandilar: — Boshingizdagini ulingizga bering, siz mana buni kiyasiz.
— Iya, shunday boʻldimi? — dedilar otam yasama itoat bilan ohorli doʻppini menga uzatib. — Alining jandasi Valiga, yangisini akam kiyar ekanlar-da, mayli, mayli.
— Oʻzingizning eskingiz. Shungayam jon deng.
— Jo-o-on! Boʻldimi?
— Noz qilishlarini, hoʻ shoʻ-oʻr! Shuyam yoʻq edi, bobom bozordan opkeldi, debdilar.
— Arablarning oʻzi bosh kiyimga uncha ahamiyat bermas ekan — na toʻyda, na azada, — dedim shoʻx munozarani boʻlib.
— Shu uchun aytadilar-da, mullaning aytganinigina kil, deb. Buni endi kimga tushuntirarding? Bosh-yalang borsang, kofir deydi — xuddi doʻppi kiygan zahoti odam musulmon boʻlib qoladiganday! Ota-bobomizdan qolgan urf-da, ulim. Bir vaqtlar shuni kiyish ham jasorat edi. Nega shapka kiymaysan, nimaga sha’ma bu, maqsadingni bilamiz, deb shoʻri quriganlarni koʻp koʻrganmiz.

Yoʻq, gap bosh kiyimda emas, aksincha — doʻppi kiyib musulmonlik da’vo qilib, itoatkor boʻlib, okibati mana shunday kunga qolganimizdan bahs ochmoqni oʻyladim-u, fikrimdan qaytdim. Oʻrni emas, mavridi ham emas. Ranjiydilar. Axir, qariyb qirq yillik kommunist, yoʻldan qaytib, besh yashar nevaralari bilan birga oʻtirib, arab yozuviyu arab tilini mustaqil oʻrganayotgan odam, nimaningdir tagiga yetgan boʻlishi kerak-ku!

Otam «jiguli»ning eshigini ochib, maslahat soldilar:
— Ta’ziyali joy toʻrtta. Xoʻsh, qaysisidan boshlaymiz? Eng uzogʻidan, a? Safarovdan, ustozingdan.
— Qanaqa ustoz?
— Salim Safar-chi, muxbir? Qaydam, «Bizning shogird qalay yuribdi?» deb seni koʻp surishtirardi.
— Salim Qaror deng!
— A, oʻshaning familiyasi Safarov edi-da. Shoʻroda kotibligida majlis qarorlarini qoyilmaqom qilib yozgani uchun Salim Qaror boʻlib ketgan. Laqabday gap, muxbir boʻlganiga taxallus deymiz.
— Ie, oʻldimi? Nima, kasalmidi?
— Qarigandan keyin nima qiladi — Oʻladi-da. Tagʻin kim bilsin, har xil gap yuradi. Oʻgʻlining jabriga ketdi, deganlar ham boʻldi. Yolgʻiz oʻgʻil, erkaroq oʻsgan. Boʻlmasa, shunday odamning farzandi, nobop chiqdi. Xotinini urib gʻilay qilib qoʻydi. Bir yilmi, ikki yil qamoqdayam yotib keldi. Ukkagʻar bobo aralashmadi, koʻrgani ham bormadi. Er-xotinning orasida nimalar boʻlmaydi, falokat-da buyam, yarashib ketar, oʻrtada jujuqlari bor, neki qilgan boʻlsa — Oʻzining shoʻriga, qoʻyinglar shuni, deb bir ogʻiz arz qilib borganida-ku, har qalay, el-yurt ichida obroʻsi bor, bu yogʻi mahalliychilik, hammayam odam — chiqarib kelardi oʻgʻlini. Yoʻq. Bir soʻzli-da, printsipial. Ana, oʻgʻil chiqib ham keldi, xotini bilan yarashdi. Bippa-binoyi. Gʻilay boʻlsayam — koʻz ochib koʻrgani, boz ustiga oʻzginasining qilmishi. Orada, sadqai sar boʻlib, bobo oʻlib ketdi. Aytishlaricha, qaynona-kelinning gʻidi-bidisi ham koʻpaygan. U tomon: «Oʻl sen gʻilay, ulginamni qamatib keng yaylov qilib oʻtiribsan», degan, bu tomon: «Oʻzi-dan boʻldi-da, koʻzim shahlo edi», degan, u tomon battar gʻazablagan: «Ulimning joyida boʻlganimda, sen mochaxarni urib bu koʻzginangniyam chiqarardim!» Shu-da, eski savdo.
— Qiyomat odam edi, — dedim Salim Qarorni eslab.
— Qiyomat ham gapmi! — dedilar otam xayolchan, mashinani ortga tisariltirayotib. — «Oʻn yettinchi yil-ning yettinchi noyabrida — xuddi inqilob kuni tugʻilganman, Oktyabrga tengdoshman, asli otim ham yo Oktyabr, yo Inqilob boʻlishi kerak edi», deb yurardi. — Keyin, nash'a qilgandek, gapda davom etdilar otam: — Tavba, sendan oʻn yoshlarcha kichik boʻlaturib, qaysi yilu qaysi oyda tugʻilganimni men aniq bilmayman-u, sen enangdan soʻrabsanmi?!
— e’tiqod-da, ota, dogmatik e’tiqod.
— Ha, sen aytgan e’tiqodning kuchini shu odamda koʻrdim. Bosma harfga chippa-chin ishonardi. Bir varaq qogʻozga bosma qilib «Ukang hukumatning siyosatiga qarshi», deb yozib bersang, jonajon inisiga xoda koʻtarib chopishdan ham toymas edi. Shundanmikan, bu oʻramda minmagan mansabi qolmadi. Rayqoʻmu ijroqoʻmda ishladi, avval kolxozga, keyin Shoʻroga rais boʻldi, hosilotlik qildi, milisadayam yurdi-yov. E, qolmadi. Oxiri mana shu — muxbirlik. Lekin, qulluqxonadagi gapni aytish kerak: shuncha amallarda yurib, na davlatning, na mardumning biron xasiga xiyonat qilgan. Boʻlmasa, qanday ogʻir yillar edi u! Urushdan keyingi qahatchilik zamonida oʻz amakisi «Bola-chaqam ochdan oʻldi», deb yigʻlab borganida omborxonaning eshigini tambalab, «Bugʻdoy yoʻq, davlatniki bu!» deb quruq qaytargan, deydilar. Ana shunday berilgan odam edi. Zamonasozlikni bilmagan sira. Talay yillar oʻgʻlini xatna qildirmay yurdi. Rostmi-yolgʻonmi, enasini janozasiz koʻmdirgan, degan gap ham bor. Aniq aytolmayman — men Toshkandda, oʻkishda edim. Ishonch-e’tiqodning mahkamligini qara! Oʻzi, bor-yoʻgʻi chalasavodlik kursini bitirgan. Lekin «Kapital» deysanmi, zamonaning siyosati deysanmi, koʻzini yumib aytib tashlardi. Dammasi mustaqil mutolaayu ishtiyoqning zoʻridan! «Oʻn toʻrt yoshimdan marksistman», der edi, ukkagʻar. Oʻldi.
— Marksistlar ham oʻlar ekan, — deb qoʻydim shunchaki, gapning maromiga qarab.
— Hammayam oʻladi. Lekin, senlarning tiling bilan aytganda — «ularning porloq xotirasi dillarda abadiy qoladi», shundaymi?

Beozor kinoya aralash bu gapga indamay qoʻyaqoldim.

Tuman markazidan oʻtib bormoqda edik. Koʻcha gavjum. Qovun-tarvuz qoʻltiqlagan, xalta-xulta ortmoqlaganlar qaytyapti. Yakshanba, bozor-oʻchar.

Koʻzim shularda-yu, xayol parishon. Xotiralar qatidan bir qiyofa chiqib keladi. Sarupo moshrang libosda. Boshda stalincha shapka, serchoʻntak stalincha kamzul, baqaloq galife shim, dagʻal matodan etik. Kishin-yozin. Bir yonda kattakon bloknot, koʻqrak choʻntakda qator rang-barang avtoruchqa, etikning qoʻnjida bir dasta gazet-jurnal.

Bu odamni boshqa qiyofada koʻrmaganman. Ustozim...

Koʻp yillik gap bu. Biror yigirma yillar boʻldi-yov.

Yozgi praktikamni tuman roʻznomasiga oldim. Roʻznoma muharriri, uzoqroq qarindoshimiz Juma aka yoʻllanmamni koʻzdan kechirgach, «She’ringni Toshkentda yozasan, uka, kasbing jurnalist, hayotga yaqin boʻlishing kerak, qora ishni ham oʻrgan», deya meni partiya turmushi boʻlimiga biriktirib qoʻydi. Boʻlim mudiri Salim Qarorni chaqirib tayinladi: «Oqsoqol, mana shu bolani quloq-boshini tortib, kuzgacha havodan gazet yasaydigan qilib berasiz».

Salim Qaror deganlarini men ilgari katta-kichik majlis-mashvaratlarda uchratgan, koʻzimga juda ulugʻvor koʻrinib, savlatidan hurkib yurar edim. Joʻngina bir odam ekan. Moʻmin, muloyim. Kimning oʻgʻli ekanimni eshitgach esa ochilib ketdi: «Otangiz bilan birga ishlaganmiz, jiyan. Kolxoz vaqtida. Otangiz qoʻlimda tabelchi edi». Keyin ham, oʻsha davrga oidroq biror nimadan gap ketganda, «Otangizdan soʻrang» deb qoʻyadi-gan boʻldi.

She’r yozishimni bilib, armon bilan uh tortdi: «Biz ham yoshlikda yozar edik. Biz gʻazal mashq qilar edik. Qofiyasini toʻgʻri keltirolmay, bu yoqqa oʻtib ketdik-da. Otangizdan soʻrang».

Qopdek bu odamning bir vaktlar she’r, ayniqsa, gʻazal bitganiga sira ishonolmasdim. Odatdagi maqtanchoqlikka yoʻydim. Qaysi muxbirni soʻramang, yoshligida albatta shoirlikni orzu qilgan, ammo turmush sharoiti toʻgʻri kelmay, qolib ketgan. (Goʻyo shoirlarga birov alohida sharoit yaratib beradigandek!)

Oʻlgudek ishchan ekan Salim Qaror. Stoldan bosh koʻtarmaydi. Ertalab oldida bir toʻp gazeta, choynakda choy, koʻzoynagini burniga qoʻndirib, ishtiyoq bilan mutolaa qiladi, qizil qalamda belgilar qoʻyadi. Keyin muk tushib, mehnatkashlarning xatlaridan turli-tuman maqola yasaydi. Tushlikni aytmasa, tashqari chiqish yoʻq, dam olish yoʻq, chaq-chaq yoʻq. Toʻnkaning oʻzi.

Erinmagan bu kimsaning qorasiga tikilib oʻtiraverib siqiliblar ketaman, xunobim oshadi. She’rimni yozay desam — ilhom yoʻq. Ilhom parilari Toshkentda qolgan: Keyin, qora mehnat uchungina yaralgan bu zotni gʻaflatda qoldirib, chekish bahona, qoʻshni xonaga bosh suqaman. Qishloq xoʻjaligi boʻlimi bilan madaniyat boʻlimi shu xonada. Dunyoning zavqu lazzati ham shu yerda. Chorsi xonaning chor burchini egallagan ulfati chor allaqachon ikki yuz qatordan materialni tayyorlab «hukumatdan qarzini uzgan», endi hangoma bilan mashgʻul.

Toʻrda oʻtirgan shoʻx-shalayim Nazir aka qoramni koʻrib:
— Ke, ke, Stalin bobomning nevarasi, — deydi darrov yuziga tashvishli tus berib. — Nima boʻldi senga? Rang koʻr, hol soʻr. Ukkagʻar Stalinning zulmidan bari. Qalay, oʻtiribdimi oʻzi? Uni dev ham urmaydi, qirgʻindan qolgan-da. Beri kel-e, ukam-e, toza tamom boʻpsan-a. Seni oʻzim davolab qoʻymasam... — U yonidagi temir sandiqdan shisha oladi. — Mana shundan jindakkina otib yuborsang, odam boʻlasan-qolasan. Nima, deysanmi? Talmovsirama. Dori bu, dori — qultamitsin. Qult-qult yutasan — tamo-om, olam guliston! Qarabsanki, gullar ochilgan, bulbullar sayragan, ilhom bulogʻi joʻshib turibdi! Yo, bobongdan qoʻrqasanmi? Toʻgʻrisini ayt, boʻlmasa oʻzim urib yuboraman. Tagi sayozroq oʻzi. Ha-a, malades, ur! Ye hayot, yo mamot! Chakkidan yala, chakkidan. A, shoir degani mana bunday boʻpti-da. Anovi Stalin senga ham oʻrgatyaptimi, «She’rni qoʻy, goʻngni yoz, xashakni yoz», deb? Yozma! Meni desang, yozma shuni, uka! Shu ukkagʻarning gapiga kirib, bizlar goʻngu xashak boʻlib qoldik, yetar. Boʻlmasa, mana, Poʻlatdan soʻra, bir daftar she’rim bor meniyam! Hammasi gulu bulbul, ishqu muhabbatga bagʻishlangan. Lekin endi, koʻrib turibsan — goʻng, xashak... Oʻzi yozsin, oʻlmaydi. Joni qattiq uning. Stalin bobong bir oʻzi bir kunda sakkizta gazet chiqaradi. Yuqoridan buyruq kelsa — bas!

Nazir aka lof qilayotgani yoʻq, oʻzim guvohman. Togʻdagi chorvachilik xoʻjaligida amalga oshirilayotgan partiyaviy-siyosiy tadbirlarni roʻznomada yoritish zarur boʻlib qoldi. Oʻsha kuni rayqoʻmda qanaqadir majlis chiqib, Salim Qaror toqqa borolmadi. Ertasi kelib, xoʻjalik rahbari bilan telefon orqali besh minutgina soʻzlashdiyu mashinkaxonaga kirib, ikki soatda ikki sahifa narsa tayyorlab chiqdi. Ogʻzaki, aytib turib! Qoyil qolmay iloj yoʻq. «Besharchadan besh saboq». Qiziqsinib oʻqib qaradim. Xuddi borib oʻz koʻzi bilan koʻrgandek jonli, batafsil. Dalilu mulohazalar joy-joyida, xulosalar asosli, shiddatvor. Birorta ham nuqsoni yoʻq. Gap shunda-da: birorta ham! Bari barchaga ma’lum, toʻppa-toʻgʻri, sip-silliq gaplar. Lekin — har kimning ham qoʻlidan kelavermaydi. Ustozim shu hunarning piri ekan, bilsam.

Ish boshlaganimning ikkinchi haftasimidi, u menga topshiriq berdi. Shoyi toʻqish fabrikasidagi ochiq partiya majlisidan ixchamgana reportaj yozib kelishim darkor. Bordim, qatnashdim, yozdim. Bu daqqiyunuslarga bir koʻrsatib qoʻyay deb, bor iste’dodimni ishga solib yozdim. Mudirimning tahriridan keyin oʻqib koʻrib esa dod deb yuboray dedim. Soch yulib oʻtirib topgan oʻxshatishu sifatlashlarim, majoziy iboralarim... qani?! «Falon kuni falon joyda falon mavzuga bagʻishlangan falonday majlis boʻldi. Yigʻilishda falonchi-falonchilar soʻzga chiqib, falon-pismadon dedilar. Majlis ahli falonday qaror qabul qildi. Bu — jonajon partiya-hukumatimizning tarixiy qarorlariga toʻliq hamohangdir». Qolgan gap shu. Xuddi bir dasta gulni silkib-silkib bargini toʻkib tashlagandek. Ayniqsa, ilova qilib qoʻygan soʻnggi jumlasini oʻqib jonim chiqqudek boʻlaman: shugina majlis ahliki «hamohang qaror» qabul qilgan ekan, yuqorida oʻtirgan partiya-hukumatning nima keragi bor?! Hamonki, qaror «hamohang» boʻlmoga oldindan ma’lum ekan, shuncha odamni ovora qilib majlis chaqirishdan murod nima?!

Muharrirga arz qilib kirgan edim, Juma aka: «Nichevo, partiyaviy uslub shunaqa boʻladi, oʻrgan», deya yuzimga suv sepib chiqarib yubordi. Qoʻlimdan kelgani shu boʻldiki, kechqurun yashirincha bosmaxonaga tushib, nomimni oldirib tashladim. Axir, buni koʻrgan birov-yarim: «Yozganing-ku Salim Qarornikidan farqi yoʻq ekan, Toshkentda pashsha qoʻrib nima qilasan?», demaydimi?!

Asta-sekin yuksak she’riyatu badiiy vositalar xayolimdan koʻtarilib, bor muhitga moslasha boshladim. nsof bilan aytish kerak: yaxshimi, yomonmi, ustozimdan ul-bulni ham oʻrgandim.

Ana shunday saboqardan birini eslasam, hamon oʻzimni kulgidan tiyolmayman. Salim Qaror qayoqqadir ketganida bir maqola tayyorlab, bosmaga topshirdim. Ertasi uni roʻznomada oʻqib, vahimaga tushib qolmaydimi ustozi!
— Siyosiy xato, siyosiy xato! — derdi u boshini changallab. — Kapamiz kuydi, jiyanjon! Endi nima qildik? Kelib-kelib Juma Turdievich betobliklarida... «Partiya qarorlari» debsiz. Qaysi partiya: sotsial-demokratlar partiyasimi, eserlar partiyasimi yo kadetlar?! «Jonajon Kommunistik partiyamiz» deb yozishimiz kerak, bildingiz! Buni rayqoʻm oʻqisa-a, ikkovimiz ham, Juma Turdievich ham!.;

Tushlik chogʻi bu noxushlikni Nazir akaga bildirgan edim, u kulib yubordi:
— Chepuxa! Bor-e, enagʻar, demaysanmi! Bu devoriy gazetangni kim oʻqirdi? Oʻqisa ham — chepuxa!

Xayriyat, rayqoʻm bizni chaqirmadi. Yo, u yerdagilar ham Juma Turdievichga oʻxshab oʻsha kunlar betobmikan...

Salim Qaror bilan korrektura oʻqishganimiz bundan ham qiziq. Korrektor qizimizning toʻyi boʻlib, bir oqshom roʻznomaga navbatchilik qilgan mudirimga koʻmaklashgani qoldim. Men qoʻlyozmani kuzatib boraman, u kishi bosmaxonadan kelgan nusxasini ovoz chiqarib oʻqiydi. Solishtiramiz. Ustoz hijjalab-hij-jalab oʻqiyapti-yu, men kulib yubormaslik uchun sonimni chimchilab oʻtiribman.
— «Jo-na-jon Kom-mu-nis-tik... bosh harf bilan, ikkita «m»... par-ti-yamiz-ning ta-ri-xiy...iy... qa-ror-la-ri-dan ruh-la-nib, vergul... a-za-mat par-ran-da-bo-qar-lar yuk-sak zafar quchdilar... «Quchdilar»mi? Ha-a, ana shunday. Sergak boʻling-a, jiyanjon...

Salim Qaror yigʻin-pigʻinga ketganida men deraza oldida uzoq-uzoq turib, koʻchadan oʻtayotgan qiz-juvonlarni tomosha qilaman. Turib-turib xoʻrligam keladi, oʻzimni oʻzim soʻkaman. Bu nima yurish, axir? Diqqinafas xonada, undan-da diqqinafas bir odam bilan, diqqinafas bir muhitda, hech kimga keraksiz, siyqasi chiqib ketgan gaplarni chaynab, talantimni xor qilib, «dalaga nuri chiqarildi», «koʻprik qurildi», «brigada planini bajardi» deb oʻtirguncha, praktikaga Toshkentning oʻzida qolib, xushhavo chamanlar aro Madinamni qoʻltiqlab, unga she’ru gʻazal oʻqib yurmaymanmi! Ahmoq, nodon! Hayotni oʻrganarmish, hayotga yaqin boʻlmoqchi emish! Mana hayot!.. Joʻralar qachon kelarkin-a, derazaning tagida mashinasini bip-biplatib? Bugun choʻmilgani sharsharaga bormoqchi edik... Ketaman-ku, kuz kelsin, ketaman! Goʻngu xashaging oʻzingga siylov, qaror-parorlaring bilan qoʻshmozor boʻlgur Salim Qaror!

...Tuman markazidan oʻtib olmazorga qayrilayotganimizda otam gapirib qoldilar:
— «Shogirdimiz bizni boplab bir qoʻlga tushirganda» deb yurardi rahmatli. Nimaligini aytmasdi.

Usha voqeani gʻira-shira xotirlab, soʻrayman:
— Ota, enasini janozasiz koʻmdirgan u, dedingiz boya. Shu odam namoz-pamoz oʻkirmidi oʻzi?
— Oʻqigan boʻlsa oʻqigandir, birov koʻrgan emas. Dafn-ma’rakalarga qatnashardi-yu, janoza payti chetga chiqib turardi. Nima boʻlgan edi oʻshanda?
— E, esda yoʻq...

Esda bor. Salim Qaror kechki navbatchilikka qolganida qarashib yurgan kunlarim edi. Bosmaxona oxirga sahifani tayyorlab bergunicha birpas hovlini aylanay deb chiqib, qaytib kelsam — eshik berk. Qattiqroq siltab itargan edim, zanjiri omonat ekanmi, sharaqlab ochilib ketdi. Qarasam... birov yerga muk tushib yotibdi. Ustozim, Salim Qaror! Sharpani sezib, u apil-tapil yerdan nimanidir yigishtirib olib, stoli tagiga urib yubordi. Joynamozmi? Keyin belini ushlagancha inkillab oʻrnidan turdi-da, hadaha stol ustida yotgan allanimani kafti bilan bosdi va sath boʻylab surib borib, bilintirmaygina choʻntagiga solib qoʻydi. Qizil narsa, hujjatga oʻxshaydi...
— Keling-keling, jiyanjon, sahifa hali tayyor boʻlmabdi, — dedi Salim Qaror gunohkorona ohangda va nolish bilan ilova qildi: — Qurgʻur bel ogʻriydi. Shunga birpas yonboshlab olay deb...

Gapni olib qochishini! Namoz oʻqir ekansan, ochiq oʻqiyvermaysanmi, menga nima? Bundan chiqdi, kunduzlari meni nariga xonaga chiqarib yuborib... Uzoq-uzoq qolib ketsam ham indamasliganing sababi bu yoqda ekan-da, hah, mugʻambir! Lekin, anovi nimarsa edi? Nega tura solib shunga yopishdi?..

Oʻsha oqshom Salim Qarorni tanib boʻlmay qoldi. Allanechuk jonsarak, yaltoqi, odatdagidan sergap. Uzi choy damlab, menga manzirat qilgan. Sahifalarga toʻliq imzo chekib boʻlindi hamki, uyga ketishga shoshilmaydi. Zarofatdan yiroq koʻringan toʻnkamijoz kimsa, mendan she’r tinglab charchamaydi. Oʻtgan-ketgan hangomalardan soʻz ochadi. «Otangizdan soʻrang-da». Ketayotganimizda, bobom tengi odam, ustozim, bir qadam uyimizga kajavali mototsiklida eltib qoʻymoqni taklif qildi... Taajjub!

Salim Qaror ertasi ishga kelmadi. «Betobman», debdi sim qoqib. Ikki kundan keyin otpuska soʻrab oʻgʻli orqali ariza yubordi.

Bebosh qolganimni koʻrib, muharrir meni intiq boʻlib yurganim — madaniyat boʻlimiga oʻtkazdi. Shoʻxshan ulfatlar davrasida yurib, kuz kelib qolganini sezmabman. Sevimli Toshkentimga joʻnadim.

Salim Qarorni boshqa koʻrmadim. Keyingi yili kelganimda redaktsiyaga kirib surishtirsam, «Shu ukkagʻarni sen bir balo .kilib ketding-ov, shoir, — dedi kulib Nazir aka. — Oʻsha boʻyi qaytib ishga chiqmadi. Koʻz qurgʻur xat ishiga yaramay qoldi, deb boshqa sohaga oʻtib ketdi. Bogʻdorchilik brigadasiga qorovul deb zshitaman. Koʻcha-koʻyda koʻrinmaydiyam». Bu jumboqdan boshim qotdi.

Unutilmas ustozim haqida bilganim mana shular. Keyin-keyin u xotiramdan ham koʻtarilib ketay degan ekan, bugun kelib...

Bogʻkoʻchalar boʻylab bir oz aylangach, devorlari nuragan, xarobroq hovliga yetib mashinadan tushdik. Ota-bola sipo tortib, qiyshayib qolgan qadimiy darvoza orqali «keling-keling»siz, toʻppa-toʻgʻri hovliga kirib bordik. Etakdagi egri oʻsgan olma tagida odam koʻrinib, oʻsha yoqqa yurdik.

Zarang yerga toʻshalgan sholchada ikki-uch kishi «manqa» gurung qilib oʻtiribdi. Borib biz ham choʻkkaladik. Toʻrda, yuzlari qat-qat ajin, qabariq koʻzoynak taqqan koʻhna bir moʻysafid chilchoʻp oyoqlarini betakallufona chalchaytirgancha yostiqqa yonboshlab mudrab yotibdi. Beriroqda undan tetikroq yana bir qariya, toʻxtab-toʻxtab sherigiga gap beradi. Poygakda doʻppi-belbogʻli kayvonisifat bir yigit. Gap-soʻzlaridan — marhumning jiyani. Oʻgʻli negadir koʻrinmaydi.

Bosh irgʻab salom-alik. Duoi fotiha. Keyin bafurja hol soʻrashuvga oʻtildi.

Fursatdan foydalanib men hovli-tuzga koʻz yugurtirdim. Doʻppidekkina, tor. Mahalliy sharoitga sira toʻgʻri kelmaydi, bamisoli shaharhovli. Vaqti-zamonida birmuncha obodroq boʻlgan uy-joy ham endi xarob, fayzi ketgan. Hammayoq patarot, olmalarni qurt kemirib yotibdi, kuzaki mevalarini gʻubor bosgan, kahrabo tusda.

Kayvoni jiyan mendan qachon kelganimu necha kunga kelganimni soʻradi.
— Ukaning shu odatlari ma’qul-da, — dedi soʻng otamga yuzlanib. — Kelasolib darrov el-ulusning mavlid-ma’rakasini koʻzlaydilar. Uzim koʻrganman-da bir-ikkida. Sogʻ boʻlsinlar. Rahmat. Savob. — Keyin, bir zum tin olgach, marhumning egasi sifatida, bu yerda oʻtirganlar necha bor eshitgan, yana eshitajak, oʻzi ham necha bor takrorlagan, tagʻin takrorlayajak oʻlim tafsilotini, taomil boʻyicha, endi bizga soʻzlay boshladi: — Bilmadim, bippa-binoyi yurgan edilar. Oʻsha kuni deng, bir-ikki joyga ta’ziyaga ham boribdilar, qaytishda bozor-oʻchar qilib keptilar roʻzgʻorga. Baloday. Hech kimning xayoliga kelmagan. Soʻngra deng, bu endi peshin namozidan keyingi gap — Samievning oldiga joʻnabdilar, direktorning. Shundan shu yoqqa. Piyoda. Oyoqlarida bodlari bor edi, keksa odam. Samiev bir vaqtlar qoʻllarida traktorchilik qilgan ekan, shuni orqa qilganlar chogʻi-da. Mana, oʻzlaring koʻrib turibsizlar: hovli katalakday, boz ustiga, yarimchasi yoʻlga tushmoqchi. Gap oʻzimizniki-yu, qaynona-kelinning ham sobiqasi kelishmayroq qolgan. Shunga, ullariga bir parcha yer soʻramoqchi boʻlganlar-da, yangamizning aytishicha. Samiev nima depti deng: «NKVDda ishlaganingizda otamni qamatgansiz, sizga yer yoʻq». Nokasning gapini qarang! Shuncha zamon oʻtib, eski alaming endi, sovxozga direktor boʻlganingda esingga tushdimi, nomard! Qamatgan boʻlsa, otang biron ayb qilgandirki, qamatgan-da. Qolaversa, amakimiz milisada ozroq ishlaganlaridan xabarim bor edi-yu, — eski shapkalarini hoʻv yillari, bolalik-da, biz kiyib yurgich edik, — lekin NKVD-pnkvdsini eshitganimiz yoʻq.

Mudrab yotgan koʻhna chol daf’atan jonlanib, luqma soldi:
— E, oʻ vaqtlar oʻning bari bir edi.
— Birmidi, bir emasmidi, otasini tus amakim qamatganini kim isbotlaydi, bobo, qani?! — dedi tarafgir jiyan cholga «hujum» qilib. — Samievingiz u vaqtlar enasining qornidayam boʻlmagandir. Hay, mayli, nimayam derdik endi! — Soʻng bizga oʻgirilib, uzr soʻragandek, gapini aybdorona ohangda davom ettirdi:— Amakimizni bilasizlar: sal haligiday, qizilroq edilar. Boz ustiga deng, keyingi vaqtda bu yerdagi gʻurbatlardan siqilibroq yurgan ekanlarmi, otashin boʻlib, anovi gaplarini aytibdilar: «Oʻn toʻrt yoshimdan marksistman». «Bor, oʻsha Marksingga bor, Marksing yer bersin!» debdi-ya enagʻar Samiev. Boʻlgan gap shu. Qaytib keptilar, yangamizga picha hasrat qilgan boʻlib, anovi supaga yonboshlabdilaru jonlari chiqibdi...

Xuddi shuni kutib turgandek, alhol qiziq ish boʻddi. Gʻir-gʻir esayotgan beozor shabada toʻzonga oʻxshab bir guvrandiyu girillab uchib kelgan qandaydir doʻppi tepamizdagi olma shoxiga ilinib qoldi. Shamol tagʻin bir gʻayrat koʻrsatgan edi, shohdan uzilib, pastak devor osha qoʻshni hovli tomon parvoz qiddi.

Irgʻib turib devor sari taYapingan jiyanni beri-roqda oʻtirgan qariya toʻxtatdi:
— Hah, qoʻying endi, Mardonboy, halizamon bolalaringiz koʻtarib chiqadi. — Keyin miyigʻida kulimsiragan boʻlib dedi: — Rahmatlining boshida doʻppi koʻrganimiz yoʻq edi oʻzi.

Jiyan qaytib joyiga choʻkkalarkan, xijolatomuz il-jaydi:
— Yangigina edi. Hali kiyilmagan. Amakim shapka kiyardilar. Rasmiga deb osib qoʻygan edik-da.

Shundagina ayvondagi dorga tashlab qoʻyilgan ki-yim-kechakka diqqat qildim. Marhumning usti-boshi. Oʻsha, koʻzga tanish moshrang liboslar. Oʻsha kattakon bloknot, oʻsha rang-barang avtoruchkalar.

Chekkarokda, ustun qozigʻida shumshayibgina bir dona oq yaktak osilib turibdi. Chamasi, doʻppi shuning tepasida boʻlgan. Omonatroq ilingan ekanmi qoziqqa...

Harchand urinmayin, rahmatlini bu yaktak, bu doʻppida tasavvur qilolmadim. Oʻ koʻproq anovi liboslarga loyiq edi. Galife bobo...

Keyin — xayr-xoʻsh. Xudo rahmat qilsin. Joylari jannatda boʻlsin. Qolgan umrlari bizlarga — tiriklarga nasib etsin...

Kayvoni jiyan kuzatuvida ota-bola hovlidan chiqdik.

Qaytyapmiz.
— Endi Bogʻbologa, — dedilar otam mashinani markazga yetmay yuqoriga burib. — Xalilovnikiga. Yaqinda ukasi mototsikddan uchib oʻldi. Alomat yigit edi, qoʻli gul. Xalilovning uyini bilarsan, hoʻ-oʻ terakzorning orqasida. Asom zoʻrga hamsoya-da.
— Qaysi Asomni aytyapsiz? — deb soʻradim pari-shonhol. — Asom degan sinfdoshim boʻlardi...
— Koʻnglingga olmagin-u, ulim, Asom zoʻrniki unutgan boʻlsang, ancha begonalashib qolibsan.

Koʻnglimga olmadim. Toʻgʻri-da, balki oʻsha men aytgan Asomdir. U ham bolaligida oʻlgudek zoʻmu zoʻravon edi.

Yoʻdda gap aylanib, tagʻin Salim Qarorga koʻchdi.
— Boya shu odamni e’tiqodli edi, deb ta’rifladik, ota. Menimcha, u bor-yoʻga oddiygina qoʻrqoq boʻlgan, xolos.
— Gapingda jon bor, ulim, — dedilar otam. — Stalin zamonida yurak oldirib qoʻygani rost. Uni Termiz turmasida bir hafta kigizga oʻrab jabrlaganlar. «Kigiz jazosi» degan shunday bir qiynoq usuli boʻlar ekan. Oʻz ogʻzidan eshitganman. Kolxoz davrida bir kecha xirmonjoyda yotib qolib, mastlik bilan yigʻlab hasrat qilgan edi. Bilasanmi, uni nimada ayblaganlar? «Stalin»ga «betayin»ni qofiya qilgani uchun. Salim Qaror shoir edi-da, oʻ-oʻ, qanday shoir! Gʻazal yozardi, keyin shuni oʻzi qoʻshiqqa solib aytardi. Eshitganmiz-da. Biz unda bola edik.

Salim Qarorning «Biz ham yoshlikda yozar edik. Keyin, qofiyasini toʻgʻri keltirolmay...» degan armonli soʻzlarini xotirladim. Gap bu yoqda ekan-da.
— Ehtimol, oʻshanda, kigizga solib kiynaganlari-da, chidayolmay aygʻoqchilikni zimmasiga olgandir? Haligi bobo bir nimaga sha’ma qilganday boʻldi-ku?
— Boʻlsa bordir, ulim. Neki sir-asrori boʻlsa, oʻzi bilan olib ketdi endi. Narigi dunyosi obod boʻlsin, deymiz-da, boshqa nimayam derdik? Rasmi, oʻlganning orqasidan bunday gaplar gapirilmaydi. Ikkovimiz ham gunohga botib boʻldik. Oʻzi qiziq-da: shularni naql qilmasang, yaxshi-yomonni qanday farqlaysan? Tiriklardan gapiray desang — igʻvo, gʻiybat sanalsa... E-e, ulim, zamonasi ne-ne vallomatlarni mayib qilmadi! Mana shu Asom zoʻrni olaylik...

Xayolim chuvalashib ketdi.

Bogʻboloning dongʻi ketgan sarv teraklari boʻy koʻrsatib qolgan edi.

Otamning naqllari qulogʻimga uzuq-yuluq chalinadi:

—...NKVDning odamlari eshikda poylab turibdi. Qayoqdandir buni sezadi. Jon vahmi mansabning mazasiga qoʻshilib, gʻaladondan dumaloq muhrni oladiyu koʻzini chirt yumib yutib yuboradi. Keyin shartta orqa derazadan tashlab qochadi. Shu ketganicha oʻn besh yillar deganda qaytib keldi. Qanday de? Kapitan libosida. Koʻkraklarida turli-tuman nishon... Ukasini, oʻz ukasini qamatib yuborib, oʻrniga oʻtirdi. Uning xotiniga uylandi. Koʻp xushroʻy juvon edi, Zaynab degich. Raislik qildi. Hoʻ-oʻv yaqin yillarga dovur. Uka qaytib keldi.. Abgor... Oʻn yilcha oyoq-qoʻlidan ajralib, shol boʻlib yotdi. Qilma — toparsan, deganlari shu-da.
— Kimni gapiryapsiz, ota?
— Asom zoʻrni-da, Asom zoʻrni. Sulaymonga yazna-pochcha boʻladi. Sulaymon esingdami, uyimizga kelib turardi-ku? Choʻloq, yurganda bir oyogʻi gʻirchillaydigan? Senga yogʻoch ot yasab bergan edi bolaligingda...

Asom zoʻr, Asom zoʻr... Ha-a, esladim, esladim... Keling, bunisi yanagi galga qolsin.

1991