OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Erkin Malik. Dovonda (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifErkin Malik
Asar nomiDovonda (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Erkin Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/23
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Dovonda (hikoya)
Erkin Malik

Biz mingan «Neksiya» Kitob bilan Samarqand oraligʻidagi Tahtiqoracha dovoni tomon borardi. Kechasi qor yoqqan, odamlar birinchi qor bilan bir-birlarini qutlar edi. Asfalt yoʻl hali sovub ulgurmagan, qor erib, bilchillab yotibdi. Haydovchilar ham, mashinalar ham hali sirgʻanchiq yoʻllarga oʻrganmagan. Osmon bulut, havo unchalik izillatmaydi. Ana shu iliqlik tufayli dovon sari yurgan edik. Xayolimizda dovon yoʻllari erib yotardi goʻyo. Tavakkal bilan dovon ostidagi postga ham yetib keldik. Yoʻl ochiq. Demak, tepada xatar yoʻq. U tarafdan ham moshinalar tushib kelyapti. Toqqa qor koʻproq tushgan boʻlsa kerak deb oʻylagan edik, hamma joyga bir tekisda tushibdi. Qatnov odatdagidan kamroq. Yoʻlni oʻzimizniki qilib, xotirjam chiqib boryapmiz.

Archalar shoxi qordan egilgan. Bahaybat qoyalarning qor tegmagan qovurgʻalari bulutlar orasida goh koʻrinib, goh koʻrinmay qoladi. Tabiatning bu mahobati oldida oʻzimizni juda zaif sezamiz. Yurak junbushga kelib, gurs-gurs uradi. Bunday paytda har qanday odam Allohning qudratini oʻylaydi, beixtiyor tafakkur qila boshlaydi.
— Qaranglar, - dedi yoʻddoshlarimizdan biri oʻylarimni uqqandek, - Xudoyim necha millionlab tonna suvni osmonu falakka koʻtarib qoʻyibdi. Birdaniga tashlab yuborsa bormi, hay-hay-y-y-y... Oʻzi mehribon, zarralarga boʻlib, goh yomgʻir, goh qor qilib yogʻdiradi...
— Ha, - dedi boshqasi ham hayajonini yashira olmay, - «Yerni bir toʻshak, togʻlarni esa yerni tutib turuvchi qoziqlar qilib qoʻymadikmi», deb bejiz aytmagan.
— Tasavvur qilinglar-a, - dedim men ham jim turolmay, - oxiratda mana shu qudratli togʻlar bamisoli tuyaning junidek titilib, uchi-i-ib yurar ekan...

Dovon yoʻli aylanma. Bir aylanmadan boraturib, narigisini koʻrib boʻlmaydi. Bunday paytda haydovchilar koʻpincha tavakkal qilishadi. Sezgilari, taxminlari oʻzlaridan oldinda yuradi. Koʻz oldlarida bola-chaqalari turadi, qolaversa, biz kabi yoʻlovchi mijozlarni ham oʻylash kerak. Shunday paytlari Xudo bergan umrning qanchalik omonat ekanini his qilishadi.

 Taxminimizcha, keyingi burilish bizni dovonga olib chiqishi kerak edi. Undan u yogʻi pastga tushish... Nimagadir haydovchilar chiqishdan tushish qiyin, deyishadi. Ha, odam bolasi ham shunaqa, safari qariganidan keyin...

Bizni dovonga olib chiqadigan navbatdagi burilish boshqalaridan ancha tik kelishini bilar edik. Ikki ming metrgacha koʻtarildik. Bu yogʻiga ham chiqishga ishonchimiz komil edi. Qarshimizdan mashina kelmay qoʻydi. Bir tomondan yurishimizga qulay boʻlgani bilan, boshqa to-mondan yurakka xavotir solardi.

Ana, dovonga olib chiqadigan burilishga ham yetdik. Burildigu, oʻzimizni yoʻqotib qoʻydik. Haydovchi yigit juda chapdast, oʻktam ekan. Xuddi mashina orqaga ketib qolsa, koʻkragi bilan tutib qoladigandek bagʻrini rulga berib, gazni bir me’yorda ushlay boshladi. Vahima qilib sal tezlatsa bormi, gʻildiraklar chirpirak boʻlib, yoʻldan chiqib ketishimiz, sekinlasa, orqaga ketib... u yogʻiga tilim bormaydi... Yoʻlda uchragan mashinalar dovondan oʻtolmay, ortga qaytganlari ekan. Ha, aldanibmiz. Chekkaga chiqaylik desak, bir qarich ham joy yoʻq. Roʻparamizda «mardmisan, yurib koʻr» degandek bitta moshina zoʻrgʻa sigʻadigan yoʻlak. Usti muz. Hozirgina Alloxning qudratini ulugʻlab kelayotgan tillarimiz aylanmay qoldi. Bir mashina sirgʻanib, orqasi bilan toʻgʻri biz tomonga tushib kelardi. Kelib urilsa bormi, biz boshqasiga... Xayriyat, Alloh asradi, bizga tegmay oʻtdiyu koʻpchilik yopishib, toʻxtatib qolishdi. Ajabo, bizning mashina hamon oldinga bosardi. Bu narsa menga dalda boʻldi. Tilim kalimaga kelib qoldi. Oʻtirgan joyimda xuddi mashinani oddingga undagandek, bor ovozda: «La havla vala quvvata, illa billahil aliyul Az-i-i-i-m» deb toʻxtamay tasbeh ayta boshladim. Haydovchi yigit tinmay: «Ha, toychogʻim, ha, sherim, boʻsh kelma, aylanay sendan, boʻlaqol, meni sharmanda qilma, oʻzingni yaxshi koʻraman«, deb yolborar, mashina chambaragini tinimsiz silab-siypalar edi. Men boʻlsam: «Hay bola tushmagur, Xudoga yolborsangchi, axir bu bir parcha temir-ku», degim kelar, koʻzim yoʻlda edi. Nazarimda, mashinaning gʻildiraklari muzlamaga yopishib qolganu, pastga emas, yuqoriga qarab sirgʻalar, qandaydir kuch mashinani tepaga qarab tortar edi. Muzlama tuzogʻiga tushib, nima qilarini bilmay turgan yoʻlovchilar bizni hayron kuzatishardi. Goʻyo biz dor ustida tomosha koʻrsatayotgandek... Chunki ular chiqolmagan dovonga biz chiqib borardik.

Xayriyat, xatar ortda qoldi. Dovonga chiqib oldik. Hozirgina koʻrganlarimiz xuddi tushga oʻxshardi. Dovonda oftob charaqlardi. Subhanalloh, deb mashinadan tushdik. Bu yerdagi manzara yuragimizda hamon titrayotgan qoʻrquvni bir oz nari surib, oʻziga tortdi. Tepamizda koʻm koʻk osmon. U naqadar tiniqva naqadar cheksiz... quyosh qoʻl choʻzsa yetgudek yaqin. Voh uning nurlari... qarab boʻlmaydi, yashindek koʻzni oladi! Ammo issigʻi yoʻq. qor koʻrpalari ustida kumushdek yaltiraydi. Bu maftunkor olam yana Qur'on oyatlarini yodga tushiradi: «Ustilaringizda yetti qavat mustahkam osmonni bino qildik. Va doimo charakdab turuvchi chiroqni - queshni paydo qildik». Ha, biz quyoshning bulutlardan tepada charaqlab turganini koʻrib turardik. Hozirgina ustimizda xoʻmraygan bulutlar endi oyogʻimiz ostida qolib ketgan. Ular hov olis-olislarda boʻy koʻrsatayotgan togʻ choʻqqilari qadar yastanib, choʻli malikni eslatar edi. Ammo bu choʻli malik bezovta, qoʻy podalaridek yurib, dovonga koʻtarilib kelar edi. Naqadar ajib manzara. Bulutning harakatini yerdan emas, tepadan turib kuzatish...

Biz bulutlarning bizgacha yurib, chiqib kelishini sabrsizlik bilan kuta boshladik. Ha, oʻzimizni bir bora bulutlar ichida koʻrishni xoh-lab qolgan edik. Ana, ularning oldi momikdari chuvalib, dimogʻimizga nam havo urildi. Shu payt boshqa bir moʻ‘jiza roʻy berdi. Shundoq tepamizdan, osmonu falakdan bir shamol tushib keldiki... shoshib oʻzimizni qoya panasiga oldik. Sovuqdan qaltirab ketdik. Oyogʻimiz tagiga kelib qolgan bulutlar xuddi oqqushlardek hurkib, pastga qarab qanot qoqardi. Toʻlgʻonib, chayqalardi. Bulut koʻrpasi olis-olislargacha qimirlab ketdi. Koʻm-koʻk osmondan oʻqtin-oʻqtin tushib kelayotgan kuchli shamol bulutlarni dovondan nari haydardi. Demak, ular oʻz suvlarini vohaga toʻkishi kerak. Hukmi ilohiy shunday! Sovqotdik. Mashina ichiga kirib oldik. Shunda haydovchimiz Husniddin shoirona lutf qildi:
— Boshqa sayyoraga kelib qolmadikmi, akalar?

Qanaqa «boshqa sayyora», ukam?! oʻzimizning sayyora-ku bu! Koʻrmaganmizmi hech? Koʻrganmiz, faqat ibrat koʻzi bilan boqmaganmiz! Aslida, har qadamda moʻ‘jiza, oʻzimiz e’tibor qilmaymiz, xolos.

Dovondan pastlab, Zarafshon vohasi tomon tushib borardik. Oldinda Samarqand...