OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifErkin Malik
Asar nomiGul ishqibozi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Erkin Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Gul ishqibozi (hikoya)
Erkin Malik

Hoji ota sheriklari bilan nahor oshidan chiqib, kelgan joylarining bundoq rejasini olsa, kampiri davolanayotgan kasalxona juda yaqin ekan. Kampiri tushmagur koʻrgani boraman desa, nuqul unamaydi. «Uyalarmish. Tavba, u uzatilmagan qiz-u, men uylanmagan yigitmidim, odamlardan uyalib. Gapini qaranglar».

Otaning shoʻxligi tutdi. Moshinadan tushib qoldi. Tushdi-yu, kasalxonaning haybatini koʻrib, xato qilganini biddi. Kampirini qaerdan topadi? Na boʻlimini va na yotgan xonasini bilsa. Obbo... Hali darvozasi ham ochilmapti.

Quyosh endi tigʻ urib kelardi. Xayolida kasalxona gʻarq uyquda yotgandek koʻrindi. E, soʻrab-soʻrab Makkani topishganida, bitta kampirimni topolmaymanmi? Alloh oʻzi mehribon...

Gʻayrati qoʻzidi otaning. Bundoq qarasa, darvoza yonidagi kichkina eshik ochiq ekan. Daydi itlar kirib ketganidan bildi. Hoji ota ham oʻsha eshikdan kirib bordi. Qorovul dong qotib uxlab yotardi. Uygʻotishga koʻzi qiymadi. Bir odam qoʻlida ketmon bilan gul sutorib yurardi. Ota oʻsha yoqqa qarab yurdi. Haligi odam yerdan tosh olib, itlarni tirqiratdi. Koʻzi otaga tushib qoldi-da:
— U, boboy, — dedi baqirib, — uyingizda eshik bormi, kirgandan keyin yopadi-da.

Tavba, ota kasallarni uygʻotib yubormay deb hassasini yerga yumshoq bosib kelyapti-yu, buning shangʻillashini qarang. Na salom bor, na alik.
— Uzr, oʻgʻlim, men itlardan keyin kirdim, bu eshik shundoq ochiq turarkan deb oʻyladim.
— Yotibdimi anovi shishib... Qorovulmish, he, oʻrgildim...
— Ma’zur tutasiz, oʻgʻlim, kattalar boʻlimi shu yoqdami?
— Ha, borovring.
— Ayollar boʻlimi qaysi tomonda?
— Ayol-erkagi yoʻq, bari aralash-quralash.

Hoji ota koʻp qavatli binoning marmar zinali eshigiga borganida ichkaridan bir xotin chelak koʻtarib chiqib qoldi.
— Assalomu alaykum, qizim, — dedi dili yorishib, — Men kampirimni qidirib...

Otaning gapi ogʻzida qoldi.
— Kirovring, aytishadi, — dedi ayol beparvogina. Tavba, odamlarga bir narsa boʻlganmi oʻzi, na salom berishadi, na salomga alik olishadi-ya. Ayb oʻzida, saharmardondan kelib nimaydi, birovning dardi erta kirsa, kech chiqmas.

Shu payt zinada oyoq tovushi eshitildi. Hoji ota shu tarafga oʻgirildi, bir, ikki qadam yurdi ham. Bir yosh qiz tepadan yugurib tushdi-da, otaning yonidan «lip» etib oʻtdi-ketdi. Ota ogʻzini ochgancha qolaverdi. Nimadir tepaga chiqdi. Ota tavakkal deb tepaga koʻtarildi. Oʻng tarafdagi eshik ochiq ekan. Boʻsagʻadagi lattaga oldin poyabzalini, keyin hassasini artib, gilam poyandozni bir-bir bosib, toʻrga qarab yuraverdi. Shu payt oʻrtaroqda oq xalatlik ayol koʻrindi. U otaning yaqin kelishini chidam bilan kutib turdi.
— Assalomu alaykum, — dedi ota shipshigandek qilib, — men kampirimni qidirib keluvdim, — deb ismi va familiyasini aytdi.
— Unaqa xotin bizda yoʻq, boshqa boʻlimdan qidiring, — dedi ayol sovuqqina kilib. Shu payt otaning koʻzi guldonga gul qoʻyayotgan bir erkakka tushdi. U otaga yelkasi osha qarab turardi. Soʻngra u ildam yurib keldi-da, hoji ota bilan kutilmaganda qadrdonlardek soʻrashdi.
— Koʻzimga issiq koʻrinyapsiz, mabodo Chinozdanmasmisiz?

Ota kulib, «yoʻq» degandek bosh chayqadi. Lekin yigitning samimiy iltifotidan, kimgadir oʻxshatganidan xursand boʻlib ketdi.
— Mabodo Xizrmasmisiz? — deya yana murojaat qildi yigit, keyin zina tomon boshladi. Quchogʻida bir dasta gul.

Ota yigitga qiziqsinib, boshdan-oyoq sinchiklab qaradi. «Hoynahoy shu yerning bogʻboni boʻlsa kerak. Anovi sherigi gullarni sugʻoryapti. Bunisi kasallarning bahri dili ochilsin deb guldonlarga gul qoʻyib chiqyapti. Tavba, unisining muomalasi qandogʻ-u, bunisiniki qandoq?»
— Xizrmisiz deganimga hayron boʻlmang, — dedi yigit tabassum bilan, — men har kuni uyqudan oldin tushimga Paygʻambarimiz (alayhissalom) kirsinlar, deb, Xudoyimga yolboraman, keyin erta bilan yana yolboraman, bugun Xizr bilan koʻrishtirgin, deb. Xizr buva ham odamning koʻziga eski qadrdonidek issiq koʻrinar ekan-da. Chinozdanmisiz deb soʻraganim, oʻzim chinozlikman.

Chol ovozini balandlatmay kuldi.
— Siz ham menga bir zumda oʻgʻlimdek boʻp qoldingiz, shu ikkovimizdan birimiz Xizrmiz-ov?
— Siz shu yerda oʻtirib turing, men manovi gullarni guldonlarga qoʻyish bahonasida, opoqimning qattaliklarini bilib kelaman, — dedi yigit.

Hoji ota yengil soʻlish olib, oʻrindikqa oʻtirdi. Bir beminnat dastyorni roʻpara qilib qoʻygan Allohga shukrona aytdi. Koʻp oʻtmay yigit qaytib keldi.
— Qarang, — dedi oʻsha samimiyat bilan, — opoqim bizzi boʻlimda ekanlar. Navbatchi xotindan soʻrab bildim. Yuring...

Yigit otani eshigi ochiq turgan bir xonaga boshladi.
— Qani, otam, oʻtiring, menga bir duo bering, bugun tushdan keyin ketaman, lecheniyalarim tugadi, — dedi u otani yuqoriga oʻtkazib.
— Ie-e, siz bu yerda ishlamaysizmi? Men sizni...
— Yoʻq, men gul ishqiboziman, — deya ustoli ustidagi kitobga oʻxshagan narsani olib, otaga namoyish qila boshladi yigit. — Qarang manovi gullarni, bari hovlimda oʻsadi. Bular mening oʻgʻil-qizlarim. Bular ham gul-da, a ota, — deya qiqirlab kuldi yigit. — Bola gul deganlar-ku. Men afgʻon urushida boʻlganman. Tirik borsam, faqat gulchilik qilaman, deb niyat qilgan edim. Axir bizda gul yaxshi kunlarga olib boriladi-da, nima dedingiz, ota? U yoqlarda gul koʻrmadim, bechoralar urishovrib gul ekishni ham eslaridan chiqarib yuborgan koʻrinishadi.

Ota albomdagi gullarni koʻrib, yigitning bolalardek begʻuborligidan zavqlandi, ta’sirlandi. Keyin uni duo qildi.

Yigit koʻrsatgan boshqa bir xonadan kampirini topdi. Kampiri xonada yolgʻiz ekan. Bahavo ayvonchaga chiqib, suhbatlashib oʻtirishdi. Bir mahal pastdan gul ishqibozining ovozi yangradi:
— Assalomu alaykum, otaxon, assalomu alaykum, opoqi, qalay mazza qilyapsizlarmi?

Ota, «ha» degandek yigitga koʻl siltab jilmaydi.
— Hah, oʻlsin, tomi ketgan, — deb kampiri yuzini teskari burdi. — Ertadan kechgacha salom berovrib, mulozamat qilovrib kasallarning joniga tegib ketadi. Odam degan sal ogʻir boʻlsa-da...

Ota ichida «qaniydi hammaniyam shunaqa tomi ketsa» dedi-yu, kampirini topgunicha boʻlgan sarguzashtlarini aytib oʻtirmadi.