OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifErkin Norsafar
Asar nomiZulmat va alanga (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Erkin Norsafar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm31KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnalining 2011-yil, 2-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Zulmat va alanga (hikoya)
Erkin Norsafar

Qish fasli. Tong. Koʻk yuzini bulut qamragan, atrofni tutgan yengil tuman oynadek yiltirab, namxush havoning achiqqan sovuq zahri qordan darak berib, dimoqni shisha sinigʻi yangligʻ ayovsiz tilimlaydi. Yalangʻoch borliqning ayanch manzarasidan tom ustida hurpaygan kaptarlar, sovuqdan tayoqdek qotgan torlaridagi kirlari shamoldan tebranayotgan, chetdan kimsasizdek tuyulib toʻrsayib turgan uylar yanada mungʻayib, gʻarib tortgandek. Ahyon-ahyonda esayotgan shabada xiralashib qolgan fonuslar yogʻdusi singan yoʻl boʻylab sochilgan xazonni supurib, uy devorlariga sochadi, sovuqdan junjikib, munkayganicha sudralgan yoʻlovchining etagiga osiladi, mudroq daraxtlarning quyuq kulrang tanasiga suykanib, shoxlarini tebratadi.

Tonggi ibodatga chorlab cherkov qoʻngʻirogʻi baralla bong ura boshladi. Shovqindan goʻyo sovuq zahriga darz ketgandek boʻldi, daraxt shoxlarida mudrab oʻtirgan qargʻalar shovqin solishganicha havoga koʻtarilishdi. Bularning barchasiga beparvo bir toʻda daydilar yoʻl chetida xazon va shox-shabbalar gulxanida isinib oʻtirishardi. Atrofni olovdan taralayotgan koʻkimtir tutunning achimsiq hidi tutgan. Daydilar sovuqdan asranish uchun topgan-tutganlarini egnilariga ilishgan, kir-chir lata-puttalar bilan ochiq-yamoq joylarini obdon oʻrab olishgan edi. Qogʻozga xazonni oʻrab chekishganicha iflos yerga yonboshlab olishib, dunyoda oʻzlaridan boshqa hech kim yoʻqdek baqirishib-chaqirishib gaplashishardi. Ulardan ancha narida, chiqindi idish yoniga kelib toʻxtagan oʻrta hol egni boshdagi oqsoch odamga e’tibor ham berishmadi. Hashamatli uylarning biridan chiqqan munkaygan xizmatkor kampir qoʻlida ikki paqir chiqindini idishga agʻdarib ortiga qaytdi. Daydilar gap bilan boʻlishib, kampirning kelib-ketganini payqamay qolishgandi. Kampir uzoqlashishi bilan haligi odam idishni titkilab, nimalarnidir ogʻziga sola boshladi. Kutilmaganda gulxan atrofida isinib oʻtirganlardan biri sergak tortdi.

– Ie, anavi nusxa kim boʻldi? Nasibamizga sherik boʻlayaptimi, ur uni!

Toʻda birdan oyoqqa turdi. Ulardan biri turtinib-suringanicha avvalroq yetib kelib, non burdalari, yaxshi gʻajilmagan etni yutoqib ogʻziga solayotgan kishiga musht tushirdi. Musht zarbidan qulagan odamni kaltaklab, xumorlaridan chiqishgan daydilar uni oʻz holiga qoʻyishib, chiqindi idishga yopishishdi. Kaltaklangan odam uzun boʻyli boʻlib, aqlli va muloyim boquvchi koʻzlari ostining salqib turgan terisidan yuragi xastaligi bilinib turardi. Inqillagancha oʻrnidan qoʻzgʻalib, labidan oqqan qonni artganicha narida jimgina boʻzarib qoldi.

– Qorangni oʻchir bu yerdan, tekinxoʻr, aristokrat! – deya musht tushirgan daydi unga chirigan kartoshka uloqtirdi.

U odam kartoshkaga qarab qoʻydi. Daydilar kavshanishib, gʻoʻngʻirlashganicha ortlariga, gulxan atrofiga qaytishdi. U odam ham shu atrofda aylanib yurdi, boshqa unga e’tibor ham berishmadi. Biror kishi chiqindi olib kelsa yugurib borishar, talashib-tortishar, mushtlashib, yoqalashishgacha ham borishar, keyin yana jimgina hech narsa oʻtmagandek gulxan atrofida xoxolashib, kulishib oʻtirishardi. Kechga yaqin ularning safi ancha kengaydi. Tun yarimiga borib, havo chinnidek chirsillab, sovuq haddidan oshdi. Nariroqda, daraxt ostida qoʻnishib oʻtirgan haligi kishi daydilarning tez-tez qarab qoʻyishayotganlaridan gap oʻzi haqida ketayotganligini angladi. Daydilardan biri unga «kel» – deya imladi. U oʻrnidan turib, engashganicha olovga yaqinlashdi. Davradagilar surinib, gulxan yaqinidan joy berishdi. Musht tushirgan daydi, oʻrta boʻyli, toʻladan kelgan, katta-katta chuqur koʻzli, yoʻgʻon jagʻini kalta va siyrak tuk qamragan kishi harbiylarning qiyshaygan alyumin idishida qaynoq suv tutdi. Boshqa biri qotgan non boʻlagini, yana biri esa choʻgʻda koʻmib pishirilgan kartoshka uzatdi.

– Mening ismim Pol, – dedi u, – bular Jak, Daniel, Kann, Russo, Dano, Meri xonim… – u atrofidagilarni tanishtirdi. – Isming nima?

– Mishel, – dedi u odam xirqiroq ovozda.

– Bizga oʻzing haqingda gapirib ber, kimsan, ota-onang kim, nima ish qilgansan, mayli, seni qoloq va sarqitlardan iborat jamiyatimiz fuqaroligiga qabul qilamiz, – dedi Pol.

– Mishel Marsel, teatrning yetakchi aktyori edim.

– O, zoʻrsan-ku! Bu yerlarga qanday kelib qolding?

– Olti oy avval ishdan ketdim. Toʻgʻrirogʻi, haydaldim.

– Shunday joydan nega ketding? Tayyor ish, maosh. Biror gunoh qilib qoʻydingmi?

– Shunga yaqinroq.

– Bu nima deganing? Tushuntiribroq gapir!

– Tomoshabin yigʻish uchun teatrda mantiqsiz va mazmun-maqsadi boʻlmagan kassabop spektakllar sahnalashtira boshlashdi…

– Vijdoning bunaqa tuturiqsizlikni hazm qila olmagan. Bu oliftachiliging uchun esa haydashdi, shundaymi, janob sobiq aristokrat?

– Ha.

– Parvo qilma, biz bilan ivirsiyversang, oʻlmasliging uchun hamma narsani hazm qila oladigan boʻlasan.

– Boshqa ish izlamadingmi? – luqma tashladi kimdir.

– Boshqa ish qoʻlimdan kelmaydi-da.

– Teatrda necha yil ishlading?

– Oʻttiz besh yil.

– Esiz oʻttiz besh yil! Ha, nima ham derdik, keragingda foydalanib, keyin ketingga oʻxshatib bir tepishadi, – deya kimdir alamli luqma tashladi. – Kamiga iflos va pastkashga ham chiqasan.

– Arslon balki sirtlon bilan murosa qilar, ammo haqiqiy iqtidor egasi hech qachon oʻzini ajdaho naslidan biladigan oʻlaksaxoʻrlarga bosh egmaydi! Qaygʻurma, bu yerda yolgʻiz sen emassan. Mana, Jak, tengi yoʻq rassom, – Pol shunday deb chuvakkina, uzun soqolli kishini koʻrsatdi. – Butun Frantsiyangdan skripkani ezib chaladigan birorta Russodek odam topib bera olmaysan, – deya kichkina yuzli, moviy koʻzli nozikkina yigitni koʻrsatdi. – Men oʻzim esa quvilgan til-adabiyot oʻqituvchisiman. Darvoqe, oilang bormidi?

– Yoʻq, – dedi Mishel.

– Omading bor ekan!

– Nega? – soʻradi Jak.

– Ayollarga, muhabbatga ishonib boʻlmaydi, – deya ogʻir xoʻrsindi Pol. – Ular tigʻsiz soʻyishadi.

– Toʻgʻri aytasan, yigitcha, – dedi qisiq koʻz, kulchadan kelgan zahil yuzli, oqargan sochlari chakkasiga tushib turgan qarimsiq Meri ismli juvon, tamakidan sargʻaygan kemshik tishlarini koʻrsatib ma’nisiz irshayar ekan. – Ayol xuddi mushukka oʻxshaydi, orqasini kim silasa, oʻshaniki boʻladi. Shuning uchun goʻzalini emas, menga oʻxshagan tasqara, toʻrsayganini top, sendan boshqasini deya olmaydi.

Baralla yangragan kulgi va qiyqiriq tungi sukunatni buzdi.

Bu gapdan soʻng Mishelning yuragini bir oʻy tilib oʻtdi. Ayolning mushukka qiyoslangani unga gʻalati tuyuldi, nazarida qay ma’noda Meri haqdek edi. Koʻz oldidan deyarli har tun bezovta qiladigan cherkovdagi mudhish va ayanchli manzara oʻtdi…

– Ha, mayli-da, – dedi Pol. – Ber idishingni, qaynoq suvdan ich, isiysan.

Oʻsha tun gulxan oʻchmadi, barcha gulxan yaqinrogʻiga yotib, bir-birining pinjiga kirib uyquga ketdi.

Shunday qilib, bir vaqtlar qator rollari bilan sahna va tomoshabin qalbini larzaga solgan Mishelning darbadar kunlari boshlandi; Mishel ham bora-bora daydilarning biriga aylandi. Ularning oʻz hududlari boʻlib, boshqa daydi bu hududga kirishi mumkin emasdi. Ba’zida hudud talashishib, guruhlar oʻrtasida toʻqnashuvlar ham boʻlib turar, bu koʻp hollarda fojiali tarzda yakunlanardi. Mishel ham bu kabi toʻqnashuvlarda qatnashdi, urdi, kaltak ham yedi. Ular talashgan narsa esa biror kattaroq mahalla yoki oshxonaning chiqindixonasi boʻlardi.

Marhamatli bahorning soʻngida, butun yoz va kuz faslining boshlaridagina yuvinib olishar, u yogʻiga shoʻring qurgʻur badanu bosh suv nimaligini unutardi. Bunga shu qadar oʻrganib qolishgandiki, koʻp hollarda sovuqdan erinishib, yuz-qoʻllarini ham yuvishmasdi. Kirlangan, chiqindixonaning badboʻy hidi urib, terdan qotib ketgan egni- boshda yuraverishar, shu sababli odamlar ulardan irganishar, xuddi hayvonga qilingandek munosabatda boʻlishardi.

Mishel ham odamlardan uzoqroqda yurar, ularga havas qilmas, jisman, ma’nan ham ruhan qashshoqlanib bormoqda edi. Bozor va mahalla chiqindixonalarini kezishar, qoʻlga ilingan yemakni iste’mol qilishardi.

Shunday kunlarning birida «ov»ga chiqqan Mishel eskirgan, buzilgan narsa yeb, ogʻrib qoldi. Yurishga madori qolmay, duch kelgan kimsasiz, tashlandiq uyning yertoʻlasiga tushib, matras uvadasi ustiga oʻzini tashladi va bir necha kun shu yerda qolib ketdi. Butun vujudi bezgak tutgandek titrar, qorni ogʻrib, tinmay oʻqchir, ogʻriqning zoʻri va darmonsizlikdan qaro terga tushib ketgandi. Yertoʻla qorongʻi, juda xaroba, tartibsiz ahvolda boʻlib, singan stol-stul, karavot, turli temir-taqa va keraksiz buyumlar bir tomonga uyulgandi. Unda-munda sichqon-kalamushlar yugurgilab, oʻlja ilinjida kirgan mushuklar izgʻib qolishardi.

Mishel koʻngli aynib qayt qildi. Oʻzini juda yomon his qildi, ogʻriqning zoʻridan ingray-ingray hushidan ketdi. Tush koʻrdimi, yo koʻz oldidan oʻtmishi birma-bir oʻtdimi, anglay olmadi.

…Ota-onasining kimligini bilmasdi. Bilgani, eslay olgani: pastqam tosh devorli zax xona, allaqanday chirindi, achimsiq ba’zan bugʻ aralash hidlar, koʻpirayotgan magʻzava, hatto, devorlargada singib ketgan sovunning yoqimsiz hidi, kir-chir yamoq peshband va boʻliq, sovuqdan gezarib, koʻkarib ketgan mehribon qoʻllar tafti. Chiroq yorugʻida harakatlanayotgan devordagi ulkan koʻlankalar. Dorga ilingan hisobsiz kirlar… Murgʻak qalbi idrok eta olgani shu, xolos. Keyin bular oʻrnini cherkov qoʻngʻirogʻi shovqini, quloqni qomatga keltiruvchi uzundan-uzoq duolar egalladi…

Bir oz aqlini taniy boshlagach, rohiba Terezadan cherkov oldida tashlab ketilganini bildi. Shu yerda qolib, bosh rohib, yetmishdan oshib qolgan izuet otaxonning xizmatida boʻldi. Bu inson chindanda taqvodor, solih iymonli kishi edi. Izuet otaxon hayotda toʻgʻri soʻz, halol inson boʻlishni va haqiqat-ezgulik uchun kurashib yashashlikni uning qalbiga singdirdi. Uning oʻgitlariga amal qilgan Mishelning ishi yurishmadi, biri ikki boʻlmadi, butun hayoti yolgʻizlikda oʻtdi…

Unga koʻp mehribonliklar koʻrsatgan bu otaxon olamdan oʻtgach, oʻrniga boshqa rohib keldi. Mishel unga ham avvalgidek itoat va sadoqat bilan xizmat qilib yuraverdi. Kunlardan bir kun ibodatdan soʻng rohib uni bir yumush bilan tanish savdogarnikiga joʻnatdi. Bu savdogarning uyi ancha olisda boʻlib, baxtga qarshi shaharga otlangan savdogarning oʻzi yoʻlidan chiqib qoldi. Mishel rohibning topshirigʻi va omonatini savdogarga topshirgach, yoʻl yarmidan ortiga qaytdi. Odatda, hamisha ochiq turadigan ibodatxona eshigi yopiq ekan, orqa eshikdan kirishga toʻgʻri keldi. Oʻsha tomondagi tosh zina ostida joylashgan ayollar kiyinish xonasi yonidan oʻtib ketayotib, qulogʻiga ayol kishining nozlanib hiringlagan, erkalanib kulgan ovozi va erkak kishining boʻgʻiq hansirashi eshitildi. Ayol ovozi yurakni oʻrtar darajada tanish edi. Qiziqish ustun kelib, shoshishgani bois va ehtiros zoʻridan zinokorlar yopishni unutgan yogʻoch eshikni ochib ichkariga moʻraladi-yu…

Rohibning bagʻrida huzurning zoʻridan koʻzlarini yumib, mushukka oʻxshab miyovlayotgan xizmatkor qiz Mishelni koʻrib avvaliga baqadek qotdi, soʻngra ovozining boricha chinqirib yubordi. Qoʻrqib ketgan semiz, qorindor rohib oʻrnidan irgʻib turmoqchi boʻlib, oʻzini oʻnglay olmay yonboshiga qulab, kalta, semiz oyoq-qoʻllarini beoʻxshov tipirchilatganicha qolaverdi. Bu jirkanch manzara Mishelning koʻz oʻngida abadiy qolib ketdi.

Mishel eshikni bor kuchi bilan qarsillatib yopdi, aslida u oʻz yuragining insonlarga boʻlgan ishonch eshigini yopgandi. U koʻzlaridan hisobsiz yoshlarni oqizganicha boshi oqqan tomonga yugurib ketdi. U aldangandi, ibodatga va muhabbatga toʻla qalbi chilparchin boʻlgan, ma’nan goʻzal ilohiy pok olamida ishonch deb atalmish ulugʻ tuygʻuga darz yetgandi. Eng alam qiladigan jihati, qiz va’dalashgan, izhori dil qilgan sevgilisi edi.

Endi u, hatto, sevishdan ham qoʻrqib qolgandi. Shu tuygʻu bilan qalbiga ayollarga nisbatan nafrat va ishonchsizlik tuygʻusi kirib keldi va keyin tugʻilgan savollarga ham hayotdan shu tarzda javob topib, mazkur qarashlari abadiy muqarrarligicha qolib ketdi…

U yigʻiga monand qandaydir ovozdan seskanib uygʻondi. Tun qorongʻisi ekan. Avvaliga oʻtmishdagi ogʻriqli tushi sabab qaerda ekanini anglay olmay garangsidi. U oʻzini hali ham cherkovdan qochib chiqqan holda, yomgʻir ostidagi loy koʻchada turgandek his qilgan, shu tarzda uygʻongandi. U bu tushlarni koʻp, juda koʻp marotaba, deyarli har kecha: cherkovdan ketib koʻchma tsirk masxaraboziga yordamchi boʻlib ishga kirganda ham; u yerdan ketib teatrda ishlab yurgan kezlari ham koʻrardi. Bu tush ruhiga, jismi-joniga sitilib kirib, qalbi-shuuriga qoʻrgʻoshin suvidek singib ketgandi.

Zax va qoʻlansa hidli, eshik-derazasiz yertoʻla chidab boʻlmas darajada sovuq boʻlib, ichkarida oʻlja talashayotgan ikki mushuk bor ovozda vahima solib miyovlashardi.

Bu yerda oʻlsa mushuk va kalamushlarga yemish boʻlishini oʻylab, oʻz-oʻzidan ogʻrinib ketdi. Oʻrnidan bazoʻr turib tashqariga yoʻl oldi. Madorsizlikdan boshi aylanar, oyoqlari qaltirab, sillasi tobora qurib borardi. Izgʻirin shamoldan qotgan, oy yogʻdusida shishadek yiltillayotgan qorli kimsasiz koʻchalarda tentiray-tentiray amallab gulxan atrofida uxlashayotgan sheriklari yoniga yetib bordi.

Ertasi kuni barcha daydilar tirikchilik ilinjida «ov»ga joʻnashib, Mishel madorsizligi uchun gulxan yonida qoldi. Bir necha bor yuragi bezovta qildi. Bu hayotda orttirgan yagona sadoqatli boyligi edi. Bu oʻsha rohibdan, ilk muhabbatidan keyin...keyin ham hayotida odamlardan yetgan tuhfa edi.

Tuni bilan uxlay olmagani uchunmi charchoq gʻolib kelib gulxan tafti elitdi va koʻzi ilindi. Yana tush koʻrdi. Hatto qiyofasini ham eslay olmaydigan onasi ilk bora tushiga kiribdi. Loʻppi yuzli, toʻladan kelgan istarasi issiqqina ayol ekan. Dardchil nigohi mehr-la boqardi. Tushi boʻlsa-da, Mishel bu kabi mehr bilan boqqan samimiy nigohni butun hayoti davomida topa olmaganligini idrokida e’tirof etdi. Onasi peshonasidan oʻpib, sochlarini silardi. Bir necha tomchi koʻzyoshlari peshonasiga tomdi.

Mishel bolakayga aylanib, onasining koʻksiga yuzini bosganicha oʻksib, toʻyib-toʻyib yigʻlayverdi.

Keyin… keyin ona ma’yus jilmayib borliqqa singib keta boshladi.

– Ketmang, onajon, ketmang! Meni kimlarga tashlab ketayapsiz, – oʻsha mitti bolakay Mishel yigʻlaganicha uygʻondi. Gulxan uchqunlab turar, shamol kuchaygan, peshonasiga tushib turgan sochlarini silab-siypalar edi. Yigʻlabdi, yonoqlari hoʻl edi. Yoshlarini artgan Mishel chuqur xoʻrsinib, gulxanni alangalantirish uchun yon-veridagi shox-shabbalar va allaqanday kitob varaqlari, qogʻozlarni tashlay boshladi. Nogoh qogʻozdagi yozuvga koʻzi tushib, beixtiyor oʻqidi. Ajabo, Amir Temur ismli turkiylar hoqonining frantsuz tiliga oʻgirilgan bitiklari edi:

«Agar inson biror narsani istasa va oʻshanga astoydil harakat qilsa, maqsadiga albatta erishadi! Uning buyukligi, qudrati shunda! Bu zaminda insonning qoʻlidan kelmaydigan ish yoʻq. Faqat ojiz va notavon mahluqsifatlargina bu dunyodan maqsadsiz oʻtadi, hech narsaga urinib ham koʻrmaydi. Baxt harakatda! Eng muhimi, oliy maqsad! Eng muhimi, qat’iy istak va intilish! Bu dunyoda inson qarshisida…

Bitikning shu yeri yirtilgandi. Mishel esladi, yirtib olovga tashlagandi. Qoʻlini yonib turgan gulxanga tiqib, bir necha sahifani tortib oldi, yonayotgan hoshiyalarni oʻchirdi va davomini topib oʻqidi.

…tiz choʻkmaydigan biror kuch, oshib boʻlmas dovon yoʻq! Men nimagaki erishgan boʻlsam, mana shu istak va harakatlar natijasida erishdim! Hammasi insoning oʻziga bogʻliq!

Bu soʻzlar Mishelni qattiq larzaga soldi. Kirlanib qoraygan barmogʻidagi hoshiyasi kuygan parcha qogʻozga qaraganicha qattiq oʻyga toldi.

– Kim u Amir Temur? Kim u turkiy hukmdor? Men uni oʻrganishim kerak. Yoʻq! Uning soʻzlari orqali oʻzimni tanishim, oʻzligimni anglashim kerak!

Mishel shunday deya oʻrnidan turdi va kutubxonaga ketdi. Kutubxona xodimlari va kitobxonlar siyogʻida odamiylikdan nishona qolmagan daydining xatti-harakatini qiziqsinib ham bir oz irganib kuzata boshlashdi. Koʻplab kitoblarni oʻqib, oʻrgangan Mishel Amir Temurning kuch-qudrati va salohiyatda beqiyos boʻlganligini angladi.

– Shekspirning «Romeo va Juletta»si dunyoni hayratga soldi, titratdi, nega men oʻz asarimni yarata olmas ekanman?! – dedi u oʻziga oʻzi.

Yuragida bir oʻt yondiki, kechinmalarini ifodalashga tushib ketdi. Uni na tirikchilik gʻami, na erta va tong qiziqtirardi, yotsa-tursa xayolida shu ish boʻldi, hamma narsani unutdi. U kutubxonadan topgan Karlo Marloning «Buyuk Temurlang» tragediyasi ustida ishlay boshladi.

Daydilar bu ishidan kulishar, «buyuk onlarini sogʻinibdi, oʻsha damlariga qaytmoqchi!» deb jigʻiga tegishardi. Mishel ahamiyat bermadi, ishida davom etdi. Qogʻoz, siyoh va patqalam olishga puli yoʻq edi. Bir tomoni ishlatilgan, gʻijimlangan qogʻozlarni topib, ikkinchi tomoniga yongan choʻpning qorasi bilan yoza boshladi.

Qayta-qayta yozdi, qayta-qayta ishladi. Oradan bir yilga yaqin vaqt oʻtib Mishel tragediya ustida ishlashni tugatdi. Shoh asar bitgani, agar u sahnaga olib chiqilsa butun dunyo ahlini hayratga solishi mumkinligini yuragi, idroki fahm etib turardi. Endi niyatni amalga oshirish qolgandi.

«Kim yordam beradi? Kimdan umid qilsa boʻladi? Yana oʻsha kassabop spektakllar sahnalashtirishni odat qilib olgan turumi yoʻq, sayoz fikrli rejissyorlar va noʻnoq, ammo oʻzini yettinchi osmonda biladigan aktyorlargami?»

U nima qilishni, boshini qay toshga urishni bilmasdi. Rojdestvoni barcha daydilar bayram qilishdi. Mishel esa ularning oʻyin-kulgusini jimgina, ma’yus va xomush kuzatib oʻtirardi. Uni ulugʻ istak maftun qilib, ruhida bezovtalik isyon gulxanini yoqqandi. Shunda u skripkani qiyib chalayotgan Russo, atrofida raqsga tushayotgan daydilarga tikilib qoldi-da, xayoliga kelgan oʻydan quvongani bois qiyqirib yuborib, oʻzi ham oʻyinga tushib ketdi.

Bir yildan buyon mum tishlagan odamning toʻsatdan bunday quvonishi barchani hayratga solgandi.

– Janoblar! – hayqirdi Mishel. – Jamiyatning hech kimga keragi boʻlmagan sarqit qatlam ahli! Biz nega bunday yashashimiz kerak?

– Yashashimizga nima qilibdi? – dedi daydilardan biri oʻyindan toʻxtab.

– Bundan ortigʻini havas qilib oʻzingni azoblama, qoʻlimizdan nima ham kelardi, – dedi Pol.

– Bizlar buyuk ishlarga qodirmiz!

– Qoʻysang-chi! Nima, ustimizdan kulayapsanmi?

– Agar istasalaring biz jamiyat uchun eng kerakli, hurmatli va boy kishilarga aylanishimiz mumkin!

– Kim ham bizni odam oʻrnida koʻrardi? – dedi Meri oʻksinib.

– Agar biz oʻzimizni qadrlamas ekanmiz, kim bizni qadrlardi? Agar biz oʻzimizga kerak emas ekanmiz, oʻzimizni inson deb bilmas ekanmiz, kim bizlarga insonlardek munosabatda boʻlishi mumkin?

– Mishel, sen esingni yebsan, vos-vos boʻlib qolibsan! Xudo bizlarga shunday taqdir bergan! Shunday yashaymiz va shunday oʻlamiz, bu taqdir!

– Yoʻq! Bu bekor gap, xudo hech kimni qul qilib yaratmagan! – Tushunsanglar-chi axir! – jazavaga tushib baqirdi Mishel. –Hammasi oʻzimizga bogʻliq!

– Xoʻsh, nima qilmoqchisan? Nima qilishimizni istaysan? – soʻradi Pol.

– Spektakl qoʻyamiz!

– Kim bilan, mana shu bir toʻda savodsiz, hech kimga keragi yoʻq yalangoyoqlar bilanmi?

– Hali butun olam mana shu yalangoyoqlar bilan hisoblashadi! Shu ham yashashmi, shu ham hayotmi? Oralaringdan kim insondek yashashni, inson boʻlib oʻlishni istaydi? Kim?

– Men! – dedi bittasi va yaqin atrofdan shu kabi e’tiroflar koʻpaydi.

– Ana koʻrdingmi, Pol, muhimi istak bor! Sen aytayotgan mana shu yalangoyoqlardan biri oʻqituvchi, musiqachi, biri bastakor va yana biri rassom. Men hammasini uddalayman, yordamlaring kerak faqat. Soʻz beraman, sizlar jamiyatning eng boy va obroʻli insonlariga aylanasizlar! Iltimos, menga ishoninglar! Bir marta, bir martagina imkoniyat beringlar! Oʻtinib soʻrayman, Pol, biror narsa desang-chi!

Bu gapdan soʻng barcha bir-biriga qarab qoldi.

– Biror narsa chiqishiga ishonmaymanda, – dedi Pol ogʻir xoʻrsinib, ikkilanganicha.

– Bir urinib koʻraylik, nima ham yoʻqotardik. Nima dedinglar?

– Toʻgʻri, – dedi Jak.

– Rozimisizlar? – soʻradi Mishel.

– Rozimiz! – deyishdi barcha baralla.

Ularni bu ishning mohiyati va yakuni juda qiziqtirayotgan edi.

– Unda, Russo, sen musiqa bastalaysan! Jak, dekoratsiya sening boʻyningga! Moʻri tozalovchi Ben, sen chiroq ustasi boʻlasan!

– Uddalay olarmikanman? – dedi Ben.

– Uddalaysan! Men senga ishonaman, sen kuchli insonsan, hammalaringga ishonaman. Sizlar uddalaysizlar!

Mishelning koʻzlari yonib turar, mutlaqo oʻzgarib ketgan, munkaygan, kasalmand avvalgi Mishelga mutlaqo oʻxshamasdi.

– Pol, sen menga ham yordamchi, ham adabiy maslahatchi, boʻlasan. Men rejissyorlik qilaman! Hozir esa men sizlarga yozgan narsamni oʻqib beraman! Xullas, shunday! «Buyuk Temur va Romeo!».

Rojdestvo bir chetda qolib Mishel tragediyani oʻqishga tushib ketdi. Hamma qilt etmay eshitdi. Oʻqib tugatganda yuzlar ifodasi oʻzgarmadi. Ular hayrat botqogʻiga botishgandi.

– Oʻzing yozdingmi, Mishel? – soʻradi Pol.

Mishel siniq tabassum qildi:

– Karlo Marloning «Buyuk Temurlang» tragediyasini ishladim.

– Zoʻr asar boʻlibdi. Ammo biz buni sahnalashtira olamizmi?

– Ha! Uddalaymiz. Shunchaki, oʻz istagimizni ijro etsak boʻldi. Teatrdagilar ham bizdek odamlarda. Odam qilgan ishni, odam qila oladi. Shunday emasmi? Kelinglar birga baqiramiz! «Biz udalaymiz, bu bizning qoʻlimizdan keladi!»

Barcha bu soʻzlarni baland tovushda qayta-qayta takrorladi.

Shundan soʻng ular ishga kirishib ketishdi. Hatto oʻzini tutib yurishni ham unutgan odamlarga sahna madaniyatini oʻrgatish oson kechmasdi. Mishel asabiylashar, baqirar, soʻzlarni qayta-qayta takrorlab, xatti-harakatlarini koʻrsatib berardi. Koʻchadan oʻtib-qaytayotgan odamlar chiqindixona atrofidagi bir toʻda telba, daydilarning gʻalati, qovushmayotgan xatti-harakatini koʻrib oʻzlarini kulgudan tiyisha olishmasdi. Mishel oʻz ishini uddalay olmay qiynalayotgan, tushkunlikka tushib qolayotgan birodarlari koʻnglini koʻtarar, yaxshi gapirib, u yoqdan-bu yoqqa tinimsiz yugurar, ovozi boricha qichqirardi. U bu ishga butun borligʻini bergandi. Tunlari hamma uxlagandan keyin atrofni aylangancha asarning har bir qismiga katta ahamiyat berar, rollarni qayta-qayta oʻzi ijro qilib koʻrar, yangi-yangi yechimlar oʻylab topar, ba’zida topilmalaridan qiyqirib oʻyinga ham tushib ketardi. Keyingi kunlarda u ovqat yemay, kunduzlari bir oz mizgʻiganini inobatga olmasa, uxlamay ham qoʻygandi. Hatto, qattiq charchoq va asabiylashganidan bir necha bora chap koʻksini changallaganicha yiqildi ham. Daydilarning biriga doʻq urdi, biriga yalinib-yolvordi, yana birini umidlantirdi, koʻnglini topib murosa qildi. Bora-bora xatti-harakatlari kelisha boshladi. Mishelning mahorati sabab sahnadagi xayoliy hayot daydilar hayotiga koʻchdi. Gulxan atrofida ham, «ov» vaqtida ham sahna soʻzlari yangradi.

Hademay daydilar xulq-atvorida oʻzgarish yuz berdi: oʻzlariga shaxs sifatida qaraydigan, iloji boricha toza yuradigan boʻlishdi, chiqindixona yemaklaridan irgana boshlashdi. Ular endi turli mayda-chuyda xizmatlar qilishar va topganlarini oʻrtada boʻlishar edi. Yertoʻlalardan birini tozalab, oʻsha yerga koʻchishdi.

Chiqindi qogʻozlar, plakat va boʻyoq chaplangan eski libos va matolardan sahna dekoratsiyasi yaratildi. Ammo Russo yaratgan musiqalardan Mishelning koʻngli toʻlmasdi.

– Unda boshqa yaxshi bastakor top, men ketaman! – dedi chiday olmagan Russo.

– Tushunsang-chi, axir, bu madhiya ham, motam marshi ham emas! Sen portlashing kerak. Isyoning kerak! Agar sen bu ishni uddalay olmasang, barcha mehnatlarimiz bir pul boʻladi! Eshityapsanmi, bir pul boʻladi. Sen qahramonlarning ayta olmagan gaplari, ichki kechinmalarini musiqang orqali tomoshabinlarga ochib berishing kerak. Senda dard bor, chiqar uni! Portlasang-chi, azizim, oʻtinaman, portla!

– Yoʻq, menda bunday iqtidor yoʻq! Tushunsang-chi, qoʻlimdan kelmaydi! Uddalaganimda bunday holga tushmasdim!

– Sen uddalaysan!

– Yoʻq! Meni ortiq qiynama, tegma menga!

Russo boshini changallab nari yurdi, barcha ularga qarab turardi.

– Russo, azizim. Mana, yoshing qirq beshga ham kirib qoʻydi. Na uying, na xotining va na bola-chaqang bor, nahot shu hayot kerak senga? Nahot yoningda yoring, uying boʻlishini, bolalaring yelkangga chiqib oʻynashlarini, sen bilan faxrlanishlarini istamaysan?

Chamasi, bu gap Russoning suyak-suyagidan oʻtib ketib, alamini chandon oʻrtab yubordi.

– Bas qil! Menga aql oʻrgatma! Hech narsani oʻzgartira olmaysan. Sen bir ahmoq odamsan, – dedi Russo ogʻzidan tupuk sachratgancha.

Mishel Russoning yuziga musht tushurdi. Kasalmand, bazoʻr oyoqda turib, keyingi vaqtlarda yuragi tez-tez bezovta qilib toʻshakka mixlanib qolayotgan Mishel zarbasi kutilmagan boʻldi. Russo yerga quladi. Soʻngra oʻrnidan otilib turib, Mishelga yaqin keldi.

– Ur! – deya hayqirdi Mishel – Ur! Nega urmayapsan? Senda gʻurur, hamiyat yoʻq. Hatto musht tushirish ham qoʻlingdan kelmaydi! Qara! Yaxshilab qara! Shuncha odam senga koʻz tikkan, nahot ularning taqdiriga befarq boʻlsang? Nahot shuncha mehnat, harakat va umidni sindirsang?

– Tupurdim hammasiga, tushundingmi, tupurdim. Baribir hech kimligimizcha qolamiz. Qoʻlimizdan hech narsa kelmaydi.

– Sen insonsan axir, dunyoga odam boʻlib kelgansan, tangri bergan imkoniyatlaringdan roʻyobga chiqar, foydalan, inson boʻlib yasha!

– Yoʻq! Men odam emasman, hech kimi yoʻq daydiman. Onamdan ham daydi boʻlib tugʻilganman, tushundingmi, ahmoq, xayolparast!

– Toʻgʻri, balki chindan ham xayolparastman. Toʻgʻri, ahmoqdirman, ammo men seni inson, chin inson qiyofasida koʻrishni istayman!

– Hech narsani oʻzgartira olmaysan, qoʻlingdan hech narsa kelmaydi!

Russo shunday degancha tupurinib ulardan uzoqlashdi.

Oradan bir oy oʻtdi. Mishel ahdidan qaytmadi, ishida davom etdi.

– Pol! Azizim, sen rejissyorlikni yaxshilab oʻrganishing kerak.

– Men maktab koʻrmagan boʻlsam…

– Yoʻq! Muhimi iqtidor, ilohiy iqtidor, – dedi Mishel.

– Nima qilaman, axir sen borsan-ku?!

Mishel javoban siniq jilmayib, yelkasiga doʻstona mehr bilan qoqib qoʻydi.

Tun yarmida Russo qaytib keldi, yonida bir yigit ham bor edi.

– Turlaring tekinxoʻr, yaramas, ishyoqmaslar! Buyuk bastakor qaytdi! Ishlash vaqti yetdi!

Atrofni skripkaning goh mungli, goh shodon nolasi tutib ketdi. Barcha uni mahliyo boʻlganicha tinglardi. Mishelni ikki kishi suyab olib kelishdi.

Russo musiqasini tugatgach, Mishelga yaqin keldi.

– Yengding, qariya! Sen haq ekansan, meni kechir, – deya Mishelning yelkasiga bosh qoʻydi. – Men ketolmadim, kuchim yetmadi.

– Bilardim, azizim, uddalashingni, kelishingni bilardim, – dedi Mishel va uni bagʻriga mahkam bosdi.

Mishel spektakl oxirini Polning oʻziga qoʻyib berdi. Pol chindan ham rejissyora borasida ajoyib va betakror iqtidor egasi edi. Uch oydan soʻng kuz fasli boshlarida spektakl tayyor boʻldi. Spektakl oxirgi marta «badiiy va jamoatchilik kengashi» uchun oʻynaldi. Bu Mishel va Pol edi. Spektakl Mishel kutganidan ham a’loroq chiqqandi. Mishel quvonchidan yigʻlardi, u uddalagandi, ular uddalashgandi. U hammani birma-bir quchdi, oʻpdi, koʻzyoshlarini yuzlariga surtib bagʻriga bosib minnatdorchilik bildirdi. Ertasi kuni spektakl shaharning katta maydonida oʻynaladigan boʻldi. Yuragi bezovta qilayotgan Mishel ular bilan bora olmasdi, yuragi qattiq sanchib, toʻshakka mixlandi. Birodarlariga omad tilarkan dedi:

– Bilaman! Sizlar buni uddalaysizlar! Sizlarni hali oldinda shon-shuhrat kutib turibdi! Sizlar yaratgan bu spektakl hali dunyoni larzaga soladi! Men sizlarni, azizlarim, mana shu yerda gʻalaba bilan qutlab, tabassum bilan kutib olaman! Olgʻa!

Daydilar shahar markazidagi katta xiyobon sari yoʻl olishdi.

Avvaliga koʻp ming sonli olomon hayron boʻlib, kula boshlashdi. Olma, anor, banan, tuxum va meva-cheva poʻchoqlari uloqtirildi.

Daydilar e’tibor bermay sahnani tiklashdi. Ammo ich-ichlaridan qattiq havotir tuyushardi. Bu hol Pol sahnaga chiqib spektaklni e’lon qilganda juda bilindi.

– Yoʻqol iningga, hayvon!

– Isqirtlar, koʻchani bulgʻamasdan yoʻqollaring!

– Fuu, hammayoq sasib ketdi. Chiqindixona shahar oʻrtasiga koʻchibdi, hojatxonangni ham olib kel, ipirisqilar!

Ta’na-dashnomlar, suyak-suyakka qoʻrgʻoshin eritmasidek botib borayotgan oxiri yoʻq haqoratlar…

Guvillayotgan olomon skripka va nogʻoralardan taralayotgan musiqadan soʻng asta-sekin tinchlana boshladi. Bir oz oʻtib olomonning uni-da chiqmay qoldi. Ularni tabora spektaklning mahobati, «aktyor»larning san’ati, musiqa va obrazlarning yorqin talqini hayratga solib borardi. Spektakl tugashi bilan havoni beqiyos olqish, hayqiriq va qarsaklar tutib ketdi. Atrofdan tanga-pullar, gullar yomgʻirdek yogʻila boshladi. Daydilar quvonchlaridan bir-birlarini quchoqlashgancha irgʻishlashar, yigʻlashardi. Xalq esa olqishda davom etardi.

Ilgari nafratlangan, jirkangan odamlar ularga endi qandaydir xayrixoh, hayrat va andak hurmat bilan boqishar, koʻpchilik, hatto, samimiy tabassum ham qilishardi.

Sal ilgari shahar hokimi oʻtib qolgan, spektaklni koʻrib hayratga tushgan va qaytishi bilan odamlariga ularni topish, qoʻllab-quvvatlash va kerakli jihozlar bilan ta’minlash toʻgʻrisida farmoyish bergan edi.

Daydilar qoʻni-qoʻnji sovgʻa-salomga toʻlib yertoʻlaga kirib kelishdi. Oʻzlari tomon mamnun qarab turgan Mishelni koʻrib quvonchdan bor ovozda qiyqirib yuborishdi. Ammo bu quvonch bir muddat oʻtib, mung, oʻkinch va alamli yigʻiga aylandi.

Mishel Marsel oʻz soʻzida turgan, ularning omadiga ishongan va eng soʻnggi daqiqada ham quvonchlariga sherik boʻlish uchun koʻzlarini eshikka tikib, jilmaygancha jon bergandi.

Surxondaryo