OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifErkin Samandar
Asar nomiAfsungar gul (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Erkin Samandar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/23
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Afsungar gul (hikoya)
Erkin Samandar

Uni avval tushida koʻrdi Sabohat. Qizilqoya tepasida u lov-lov yonib turardi. Ufqdan endi bosh koʻtargan quyosh nurlarida barglari choʻmilayotganday edi. Quyoshdanmi yoki oʻzi shundaymi, ular qip-qizil. Yirik-yirik. Boʻylari ham antiqa. Sarvguldan-da baland. Shoxalari boʻldamli. Orasida bulbul chah-chah sayraydi.

Yo, tavba, deydi Sabohat entikib. Qizilqoya yonbagʻrlariga shuncha chiqib bunaqasini uchratmagan edi-da. Yo toshni yorib chiqdimi yo osmondan tushdimi! Bil'aks, uni koʻrmasligi mumkin emasdi. Qizilqoyada u bilmaydigan gul yoki giyoh navining oʻzi yoʻq.

Haftada hech boʻlmaganda u yerga bir borishi bor. Shifobaxsh giyohlar, gullarni terishi bor. Qaysining rangi qanaqa, qaysi qay dardga davo, biladi. Lekin barglari quyosh bilan teng talashgan bunaqa gulni koʻrmagan.

Hayrati ichiga sigʻmay dik etib turadi u. Hoziroq Qizilqoyaga koʻtarilmoqchi boʻladi. Apil-tapil kiyinadi. Tashqariga otilayotib banogoh boshini eshikka urib oladi. Koʻzlaridan oʻt chaqnaydi. Vah, degancha boshini changallaydi. Uygʻonib ketadi.

Toʻshakda ancha oʻtirdi u. Nimaning alomati bu? Qizilqoya... shu paytgacha uchratilmagan gulning koʻzga koʻrinishi... Bu yaxshilikdan bashorat, albatta. Birinchidan gul turfa, olovrang. Qizillik boylik belgisi. Ikkinchidan u eng baland qoya tepasida. Sarbaland bir tole nasib etishi tayin.

Shu xayollar bilan kayfiyati koʻtarilib oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Singlisi Inobat hovlini supurayotgan ekan, koʻziga u avvalgiday sovuq boʻlib emas, balki oʻta yoqimtoy koʻrindi. Hovli supurganida hamisha chang koʻtarguvchi, taqir-tuqur, betartib ishlovchi, shundan Sabohatning asabi qaqshaguvchi edi. Bugun chang-chung yoʻq, hovliga maydalab suv sepgan, supurgini ham erinmay hoʻllagan shekilli, goʻyo yerni siypalayotganday tuyuladi.

Aslida Inobat oʻzi qoʻrsroq, dagʻalroq. Yoʻqsa, Xudo unga qomat ham, husn ham ato aylagan. Lekin uni avaylashni, oʻziga oro berishni bilmaydi, sochlari toʻzgʻib yuradi.

Avval bunaqamasdi. Qishloqning ogʻizga tushgan goʻzallaridan edi. Kiyimiga gard yuqtirmas, husnini yanada orolantirishni bilardi. Idoradosh hisobchi Eshmat unga ilashdiyu bechora qizni sindirdi, uni suyub yurib tuyqus boshqasiga uylanib oldi. Aqldan ozayozdi Inobat. Hech oʻziga kelolmadi. Vaqt oʻtib dil yarasi bitganidan soʻng ham odamovi boʻlib qoldi. Yaxshi joylardan qoʻlini soʻrab kelganlarni rad etaverdi. Erkak zotiga ishonmay qoʻygan edi.

Sabohat bunday emas. Singlisining teskarisi desa boʻladi. U biladiki, odam bolasi har xil. Biri yaxshi, biri battol. Bir yomonning makridan hamma erkaklarni yomonotliga chiqarish xato. Yomondan yaxshi koʻp.

Lekin Sabohatning oʻzi koʻproq yomonlarga duch keldi. Ne-ne orzular bilan bir yostiqqa bosh qoʻygan kishisi nash'avand chiqdi. Tuzalib ketishiga koʻzi yetmagach, ajrashdi. Ikkinchi eri oʻta tanbal ekan. Roʻzgʻor bilan bir chaqalik ishi yoʻq, televizor oldida choʻzilib yotgani yotgan edi. Undan ham ajrashdi. Hozirgisining esa bor-yoʻgʻi bilinmaydi. Qishloqda ish yoʻq deb avval Toshkentga ketdi, undan oʻrusyurtga. Erining yiroqlardan oʻzgarib qaytishiga ishonmaydi u. Qozonda boʻlsa choʻmichga chiqadi-da.

Yana bir armoni bor. Tirnoqqa zorligi. Doktorlarga, tabiblarga qaratib koʻrdi. Foydasi boʻlmadi. Lekin oilada ovunchoq yoʻq emas. Paxmoq bilan Momiq — antiqa it va mushuk. Paxmoqning etidan tuki koʻp, koʻzi arang koʻrinadi, lekin yer ostida ilon yursa koʻradi. Odam ilgʻamaydigan joylarni oladi koʻzi. Sabohat toqqa usiz chiqmaydi. Momiq boʻlsa sichqonning qironi, u bois qoʻni-qoʻshnilarda ham sichqon qolmadi.

Bu gaplar Sabohatning kallasiga bir pasda kelib, bitta joyda turolmaydigan somonchumchuqday pirr etib uchdi-ketdi. Xayolini yana tushida koʻrgan ajabtovur gul egalladi.

U gulning bir karomati boʻlsa kerakki, boshqalariga oʻxshamaydi. Tagʻin koʻkka, quyoshga yaqin. Tabiiyki, shu'lani koʻp shimadi. Demak, shifobaxsh. Koʻp kasalliklarga shifo boʻlishi mumkin.

Dorivor giyohlar xosiyatini Sabohatga qishloq tabibi Fotima aya oʻrgatgan. Bir paytlar qishloqda qoʻtir koʻp tarqadi. Koʻp yuqumli ekan, Sabohatga ham yopishgan. Qoʻtirni davolayman degan doʻxtirlarning qoʻlidan hech ish kelgani yoʻq. Uning davosini oʻsha tabib topdi. Togʻdan qandaydir giyohlarni terib keldi-da bemorlarga ham qaynatib ichirdi, ham taniga surdi. Qoʻtir chekindi.

Tabib qarib qolgan, toqqa avvalgidek bemalol chiqib-tusholmas, toliqib qolaboshlagan edi. Bu ishni «ilonning ogʻzidan chiqqanday shamshod qiz» (tabibning ta’rifi) Sabohatga oʻrgatdi. Boshda oʻzi bilan olib chiqdi toqqa, qay giyoh qaerda oʻsadi, rangi-tusi, xosiyati ne, hammasini bir-bir tushuntirdi.

Sabohat bu yumushga qattiq qiziqib qoldi. Axir, doʻxturning maqtovli dorilari eplolmaydigan dardga oddiy giyoh bas kelib, ofatning tomirini qirqib tashlaydi-ya.

Oldin giyohlarni dam olish kunlari havasga terib yurdi Sabohat. Tabib xizmat haqqi bermoqchi boʻlganida qoʻlini qaytardi. Oʻzi ishlaydigan dam olish uyi xodimlari va hordiqqa kelganlarga tekin hadya qilib yurdi.

Keyin... shahardan kelgan bir erkak tabib uning qoʻliga moʻmay pul tutqazdi va falon-falon giyohlarni terib berasan, dedi. Soʻzini qaytarmadi Sabohat, lekin qoʻlini qaytardi. Tabib qoʻyarda-qoʻymay pulni uning choʻntagiga tiqdi. Soʻng Sabohat pulni sanab koʻrsa, oʻzining uch-toʻrt oylik maoshiga teng.

Zudlik bilan toqqa joʻnadi. Yoniga Paxmoqni ham olgan edi, ikkovlon chopqillashib tabib aytganidan ham ziyoda giyoh terib qaytdi.

Tabib obor, deb adresini berib ketgan edi, topib bordi. Qarasa, dangʻillama hovlisi oldida tumonat odam, navbatda turganlarning sanogʻi yoʻq.

Odamlarni oralab turtinib-surtinib zoʻrgʻa kirdi tabib huzuriga. Keltirganlarini topshirdi. Tabib erinmay koʻzdan kechirib mamnun boʻldi. Yana terib kelasan deb avvalgidan ham koʻp pul berdi. Bu gal Sabohat negadir pulni iymanmay oldi.

Ishi yurishganidan yurishib ketdi. Har xil bahonalar topib, ishga bir kun borsa, uch kun bormay toqqa joʻnayverdi, giyohlarni shahar va qishloq tabibiga, dam oluvchilarga pullayverdi.

Dam olish uyi direktori intizomni talab etganda shartta ariza yozib ishdan boʻshab oldi-da oʻzini butkul oʻsha pulli yumushga urdi.

Endi Qizilqoyadagi bemisl gul tushiga kirgach, oromini tamom yoʻqotdi, uni oʻngida koʻrmoq istagi borligʻini qamrab oldi. Unda bitta emas, ming xosiyat boʻlsa kerak, degan oʻy kallasidan ketmay qoldi.

Vaqtni boy bermay yoniga Paxmoqni oldi-da toqqa joʻnadi.

Aylanma soʻqmoqlardan, sirpangʻich qiyaliklardan, vahimali jar yoqasidan goʻyo qilkoʻprikdan oʻtganday xavotir ichida bazoʻr osha-osha Qizilqoyaga yetdi.

Uning poyida turib tepaga hapqirib tikildi. Koʻkka bosh tirab turgan Qizilqoya avvalgisidan ham mahobatli, bagʻrida ming-ming sirlarni yashirgan afsonaviy Bistun togʻiga oʻxshardi. Unda, albatta, oʻshal sinoatli gul tovlanib turgan boʻlishi kerak. Behudaga tushga kirmaydi bunday narsa.

U qoyaga dadil tirmasha ketdi. Oldida Paxmoq is olib borar, ketida Sabohat oyogʻi ostidagi tor soʻqmoqqa bir koʻz tashlasa, qoyaga oʻn qarar. Yuzini ter bosganini, choʻqir tikanaklar boldirlarini tilganini sezmasdi.

Va nihoyat, tepada olovrang gul koʻrindi. Voajab, tushidagining naq oʻzi. Shoxlari yoʻgʻon. Yaproqlari qip-qizil. Borligʻidan jilo taraladi. Yo qudratingdan, gul degani ham shunchalik fayzli boʻladimi va... tushga kiradimi!

Qalay, deganday Paxmoqqa qaradi Sabohat. U dumini likillatdi. Yurdikmi, oldinga, dedi xuddi odam bolasiga gapirganday jiddiy. Paxmoq koʻzini moʻltiratdi. Olddagi soʻqmoq tagʻinda qaltis degani edi bu. Sabohatning oʻzi ham buni yaxshi biladi. U yoqqa yakka chiqish xatarli. Soʻng... koʻrganini tabibga gapirib berishi kerak. U ne deydi hali. Shu xayolda gulga uzoq tikilib turdi-da orqasiga oʻgirildi. Paxmoq yengil silkindi.

Ertasigayoq Sabohat shaharga tushdi. Tabib dargohiga yetdi. Shifo istab kelganlar avvalgisidan oʻn chandon koʻp, qariyalardan tortib bolalarini yetaklab kelgan juvonlargacha qator-qator navbat poylab oʻltirishibdi.

Kelganini bildirgan hamono tabib qabul qildi. Koʻzi bilan oʻltiratur, degan ishorat qilib, oldidagi oʻnga yaqin bemorni davolashda davom etdi.

Sabohat qarasa, tabibning davolashi gʻalati. Hammaning bir-bir tomirini ushlab koʻradi. Soʻng oldida qatorlashtirib qoʻyilgan giyoh qaynatmalaridan har biriga falon puldan bir-ikki shisha beradi. Qachon va qanday ichishni aytadi. U bechoralar minnatdor boʻlib chiqib ketishadi.

Eshitgani bor, tomirni ushlab koʻp narsani bilishadi tabiblar. Lekin hammaga deyarlik bir xildagi qaynatmalardan berish... Har kimning dardi har xil-ku, axir.

Lekin bilib-bilmay birovni yozgʻirish yomon. Ilm har kimga har darajada beriladi. Tabibning tutimi oʻziga ayondir. Kasallarning keti uzilmayapti-ku. Foydasi tegmasa kelarmidi...

Shu mulohazalarga borib oʻltirar ekan tabib shuncha bemorni bir pasda koʻrib boʻlganini sezmay ham qolibdi. Tabibning hukmron ovozidan oʻziga keldi.
— Hech kimni kiritmang, — dedi dastyoriga.

Xonada ikkovlon yolgʻiz qolishdi. Sabohat toʻrvani ochib dastalangan arslonquyruq, doʻlana, na’matak, kiyikoʻt va boshqa giyohlarni tabibning oldiga qoʻydi. Borakallo, borakallo, deya tabib barini koʻzdan kechirdi va bir necha dasta mingtaliklarni unga choʻzdi.

Shundan soʻng Sabohat Qizilqoya va uning tepasida koʻrgani gʻaroyib guldan soʻz ochdi. Tabibning borligʻi quloqqa aylandi.

Sabohatni boʻlmay eshitganidan keyin ust-ustiga savollar yogʻdirdi.
— Haqiqatda samoga yaqinmi?
— Bosh tirab turibdi.
— Rangi och qizilmi yo toʻq qizil?
— Toʻq qizil.
— Barglari shoda-shodami?
— Marjonday tizilgan.
— Toshni yorib chiqqanmi?
— Menimcha, yorib chiqqan.
— Boʻldi, — dedi tabib qoʻlini bir-biriga qars ettirib urgancha. — Men necha yildan beri kutayotgan gul ana shu. Men ham uni tushimda koʻrganman. Bir kunmas-bir kun unga yetishaman deb ishonardim. Orzuimga endi yetdim hisob. Borakallo, qizim, borakallo!

Sabohatning yuzlari qizarib, koʻzlari chaqnab:
— Bu gul... qaysi dardga shifo? — soʻradi tabibdan.
— Uni iste’mol qilgan odam nafaqat darddan forigʻ boʻlar, balki butkul yasharib ketar, qizim, bekorga uni Yoshlik guli deyishmagan.

Bu gapdan beixtiyor oʻrnidan turib ketdi Sabohat. Nahotki, nahotki?
— Tez toqqa otlan, qizim, oʻshal noyob gulni zudlik bilan olakel, — deya tabib suhbatga nuqta qoʻydi.
— U bir dona-ku, kimga ham yetardi? — deb yuborganini oʻzi sezmay qoldi Sabohat.

Tabib miyigʻida kuldi.
— Toʻgʻri, bir dona, — dedi har bitta soʻzga urgʻu berib. — Lekin shu bitta donadan yuz ming paket gulbarg, shoxlari maydalanib yana shuncha tsallofan xaltacha boʻlurkim, u yasharmoq istaganlarning bariga yetib ortar. Oq yoʻl, qizim, omadingni bersin.

Sabohat goʻyo qanot chiqarganday edi. Qishloqqa oyogʻi yerga tegib- tegmay keldi. Ertagayoq toqqa otlanishi koʻngliga tugib, singlisi va itini ham olaketishni rejalashtirib qoʻydi.
— Men bormay qoʻyaqolay, — dedi Inobat. — Oyogʻim tortmayapti.
— Sening oyogʻing... hech qayoqqa ham tortmagan, — arazladi Sabohat. — Qari qiz boʻlib qolayotganing ham shundan.

Inobat xafa boʻldi. Opasining choʻrtkesarligi koʻnglini tilib oʻtdi. Oʻzini bosdi. Soʻz qaytargudek boʻlsa, opasi yana lovullaydiyu ikki-uch kungacha tarqamaydi dilxiralik. Indamay qoʻyaqoldi. Bormasam, qutulmayman, dedi ichida.

Aksiga olib ertasi tongdanoq koʻkni qora bulut bosdi. Etagi toʻla yomgʻir edi uning. Ikki kun sharillatib quydi. Toʻrtinchi kun quyosh yuz koʻrsatdi.

Ular yoʻlga chiqishdi...

Bu payt tabib boʻsagʻasiga bosh qoʻyib navbat kutayotganlar orasida mish-mish tarqab boʻlgan edi. Togʻda gʻaroyib gul topilganmish. Ming dardga davo emish. Qaynatmasini ichganlar yasharib ketarmish. Oltmishdagi odam qirchillama yigitga doʻnarmish, kampirlar yuzida bitta ajin qolmas emish. Qizlar pariga aylanarmish va hokazo.

Gap tabib boʻsagʻasidan uzoq-uzoqlarga oʻrmalab ketdi.

Bu asnoda bizning qahramonlarimiz ham oʻrmalay-oʻrmalay, nihoyat, Qizilqoya etagiga yetib kelishgan edi.

Oftob charaqlab turar. Osmon goʻyo hozirgina yuvib-artilgan shisha, yaraq-yaraq jilolanadi.

Sabohat qoya choʻqqisiga tikildi va koʻzlari chaqnab:
— Ana, — deb qichqirdi, ovozi jarangli edi. — Koʻrdingmi, Inobat?

Inobat harchand tikilsa ham hech vaqo koʻrolmadi.
— Shabkoʻr boʻlganmisan? — jerkdi singlisini Sabohat. — Ana-ku, huv ana.

Baribir Inobat qoya boshida gul-pul koʻrmadi.
— Yur, — dedi unga hukmron Sabohat. — Yaqin borganda koʻrasan.

Singil istamay unga ergashdi. Aslida uning koʻzlari, lof emas, kunduzi yulduzni koʻrar daraja oʻtkir edi. Nahotki, daf’atan koʻziga bir balo boʻlgan...

Tushda ular qoya poyida edilar.
— Ana oʻshal Yoshlik guli, — dedi Sabohat qoʻlini bigiz qilib. — endi koʻrgandirsan, Inobat?

Singlisi bosh chayqadi. Yoʻq, koʻrmayapman.

Sen koʻrayapsanmi, deganday Paxmoqqa koʻz tashladi Sabohat. Uning ham shashti past edi. Bularni jin urganmi oʻzi?

Inobat boʻlsa oʻz opasini jin chalgan deb oʻylayotgan edi. Aks holda yoʻq gulni koʻradimi koʻzlari!
— Yur, tezroq, paysallasak, hademay kun ogʻadi, — Sabohatning yuzlari lov-lov yonardi.

U yerda gul yoʻq, deb ming aytsa ham opasini ishontirolmasligini oʻylab:
— Chiqmaylik, oʻsha yoqqa, — dedi Inobat yolvorib.
— Nega?
— Sirpanchigʻligini koʻrib turibsiz, opa, muz ustida yurganday bir gap, Xudo koʻrsatmasin...
— Boʻldi, — choʻrt kesdi gapni Sabohat, — seni ergashtirib kelgan men oʻzim axmoq. Sen oʻzi... menga hasad qilib kelgansan. Gulni olib millioner boʻlib ketadi deb ichiqoralik qilyapsan.
— Opa!!!

Sabohat qulogʻiga gap kiradigan holatda emasdi. Paxmoqqa buyurdi: Yur.

Jun ichidan arang koʻrinib turgan koʻzlarini moʻltiratdi Paxmoq, dumini asabiy likillatdi. Bormayman, degani edi bu.

Tfu! Joni xalqumiga keldi Sabohatning. Jahd bilan qoyaga tirmasha boshladi. Paxmoq chopib bordi-da pochasidan tishlab tortdi. Daf boʻl, qichqirdi Sabohat va beri oyogʻi bilan itni shunday tepdiki, u chinqirgancha pastga agʻanab Inobatning oyogʻi ostiga kelib tushdi. Bor kuchini toʻplab choʻqqiga tirmashayotgan egasiga qarab ust-ustiga hurdi. Goʻyo u figʻon qilmoqda edi.

Inobat oxirgi marta opasini toʻxtatmoqchi boʻldi: Bormang, opa!

Sabohat parvo qilmadi. Tikka koʻtarila ketdi.

Inobat ortiq turolmadi. Opasi tomon yurdi. Paxmoq ham ogʻir qoʻzgʻaldi.

Xuddi alpinistlarday choʻqqiga asta-asta tirmashib borishardi moʻ'jiza izlovchilar. Terga bota-bota biri koʻrib, ikkinchisi koʻrmayotgan gul sari yaqinlashib borishardi.

Bir joyga yetganda qoyaning usti xuddi kaftdagiday aniq-tiniq koʻrindi. U yer tap-taqir edi. Nainki gul, sassiq alaf ham yoʻq edi.
— Ana oʻshal gul, — dedi hayajonlanib Sabohat va singlisiga kesatiq qildi, — koʻzlaring endi koʻrayotgandir?

Koʻrmayapman, desa opasi baribir ishonmasligini oʻylab Inobat yelka qisdi. Paxmoq esa orqasiga qarab-qarab qoʻyardi.

Ular osmoni falak ostonasiga kelib qolganday edilar.
— Yur, — dedi Sabohat singlisiga buyruq berib. — Gulni qoʻporishga yordamlashasan.

Yoʻq gulni qoʻporish...

Inobatning xayoliga bolalagidan eshitgani bir gap keldi. Emishki, jin odam koʻziga yoʻq narsani koʻrsatib aldarmish. Aldab-aldab jarga qulatarmish.
— Opa, orqaga qaytaylik, — dedi Inobat ovozini koʻtarib. — Koʻrib turibsiz, choʻqqiga chiqish xavfli, ushlaydigan joyi yoʻq uning. Buning ustiga...
— Bas! — qichqirdi Sabohat, — qoʻrqsang, sen qolaver. Men ketdim.

Paxmoq qattiq hurdi. Ketma, demoqda edi u koʻzlaridan yosh tomardi. Sabohat hech narsaga parvo qilmay choʻqqiga tikka tirmashmoqchi boʻldi. Inobat yoʻlini toʻsdi.
— Bormaysiz, tamom!
— Qoch! — zahrini sochdi opasi va uni siltab tashlagancha koʻtarila boshladi.

Paxmoq oyoqlariga yopishmoqchi edi, uni tepib yubordi. It jon achchigʻida vangʻilladi.

Koʻp koʻtarila olmadi Sabohat. Qoʻli sirgʻaldimi, oyogʻi toydimi, muvozanatini yoʻqotgancha pastga agʻanadi. Uchli xarsangga qarsillab qulab tushdi.
— Opa, opajonim! — chinqirdi Inobat.

It telbalarcha hurdi...