OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Erkin Samandar. Jazo (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifErkin Samandar
Asar nomiJazo (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Erkin Samandar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Jazo (hikoya)
Erkin Samandar

Goʻyo Enaxon ayani katga kimdir mixlab tashlagan. Oʻrnidan turishi uyoqda tursin, yonboshiga agʻdarilishi amrimahol. Mana, hozir u oʻng tomoniga oʻgirilmoqchi, chunki chalqancha yotaverishdan yelka va bellari tarashaday qotib qolgan. Lekin oʻsha «mix» qoʻyib yubormayapti. Qanday boʻlmasin, u yonboshlab yotishi kerak, suyaklari zirqirab boryapti, qolgan-qutgan kuchini yigʻib, oʻngga qayrila boshladi, «mix» bir bahya qoʻyib yuborganday boʻldi. Yana biroz, tagʻin, tagʻin, dedi aya ichida. «Mix» eshitdimi yo oʻziga qandaydir mador keldimi, bir amallab yonboshlab oldi. Yelkalariga jon kirganday boʻldi. Nari surilgan yostiqni boshiga tortib, oʻngʻayroq yotib olishi bilan yana miyasida ari gʻoʻngʻillay boshladi. Koʻpdan oʻzi shunday, ogʻriq sal nari ketdimi, tamom, oʻrnini oʻsha ari — (ogʻriqli xayolning otini aya oʻzicha ari qoʻygan) oʻsha dardisar egallab oladi. Gʻoʻngʻillayveradi, ayani bir koʻchadan ikkinchi, soʻngra uchinchi koʻchaga olib kirib-olib chiqadi-da, oxiri koʻz ilgʻamas ummonga eltib, girdoblarga tashlaydi.

Hozir «ari» uni izi-keti koʻrinmaydigan bu xastalikning sababi ne ekan, degan masalaga yana roʻbaroʻ qildi. Tongsiz tunlardayu tund kunlarda aya bu haqda koʻp oʻylagan. U biladi, tashlangan yaxshi-yomon qadamlarning hisob-kitobi boʻladi. Odamlarga yomonlik qilgan, azob bergan, nohaq birovlarni xoʻrlagan kimsa oxir-oqibat bir ofatga, masalan, ogʻir xastalikka chalinadi. Shuni oʻylab, aya oʻzining butun umrini, bosgan qadamlarini koʻz oldidan oʻtkazadi. Beayb parvardigor, u ham xatolar qilgan, lekin hech kimga yomonlikni ravo koʻrmagan. Hech kimga. Pichoqni avval oʻzingga ur, soʻng boshqaga, degan aqidaga rioya etib kelgan. Shunday ekan, bu bedavo xastalik qayoqdan kelaqoldi?

Eshitgani bor edi, ajdodingda bir yomon oʻtgan boʻlsa, uning kasri avlodidan kimgadir urarmish. Aya oʻzi bilan yetti pushti orasida yomon ot chiqargan biror kimsani bilmaydi. Balkim marhum eri...

U kattakon edi, raykom edi. Ishiga puxta edi. Lekin... oʻtganlarni yomonlashmaydiyu toʻgʻri gap, diydasi qattiq edi. Boʻlar-boʻlmasga qoʻl ostidagilarga koʻp zugʻum oʻtkazardi. Achchiq ustida nohaq qamatib yuborganlari ham boʻlgan. Halol va toʻgʻri soʻz otasi qamalgan qoʻshni qiz oʻziga oʻt qoʻyib yuborgan ham edi. Shunda ham pinagini buzmagandi-da raykom...

Aya oʻsha paytlarda oʻqituvchi edi. Ba’zi ayollar gohida unga kelishardi. Ayting, axir, eringizga, xoʻjayinlarimizda tirnoqcha ham ayb yoʻq, nohaq azob bermasin, deyishardi. Aya eriga aytardi. Dangal-dangal aytardi. Ishimga aralashma, deb siltab tashlardi u. Oilada ham choʻrtkesar, uyda ham «raykom» edi-da.

Ayaning dami ichiga tushardi. Kuchi hech nimaga yetmaganidan ezilardi. Dardlarini xayollarga aytardi, xolos. Bir kitobda oʻqigandiki, koinotdagi hamma narsa, barcha jonzot koʻzga koʻrinmas zanjir bilan bir-biriga bogʻlangan. Yer shari bilan aylana borliqni bir-biriga ulab turadigan bu zanjir zohiran yoʻq, ammo aslida bor, borligini doimo eslatib, koʻrsatib turadi. Deylik, birov birovga tan yo jon azobi berdi yoxud uni oʻldirdi (zanjirdan bitta xalqani uzdi). Shunisi, haqki, uning ketidan oʻzi uzilmay qolmaydi. Mabodo bu dunyoda jazodan qutulsa ham u dunyoda doʻzax oʻtlarida yonishi bor. Nega shuni bilishmaydi, bilishni istashmaydi. Nega?

Erining kasri ayaning bitta oʻziga urgan boʻlsa, mayli, endi umri qancha ham qoldi. Ammo qiziga, Gavharjoniga urmasin. Iloyo, ura koʻrmasin. Lekin qizining fe’l-atvori ham dadasinikiga oʻxshab ketadi. Choʻrtkesarroq. Berahmroq...

Bunday qaraganda aya uni deb yashadi, umrini uni deb oʻtkazdi. Oʻttiz besh yoshida beva qolgach, qizginam birovga baqna boʻlmasin deb boshqa er qilmadi. Yugurdi-eldi, qizini zoriqtirmay el qatori yedirdi-ichirdi, katta qildi. Diplomli qildi. Telefonxonada ishlayapti. Xudo xohlasa, yaqinda toʻyini ham oʻtkazadi. Tuzukkina yigitga non sindirib qoʻyishgan. Soʻng aya ketma-ket nevaralar koʻradi, shirin-shakar oʻgʻil-qizlarning momosi boʻlib, oyoq uzatib yashaydi. Tezroq tuzalib ketaqolsaydi. Ammo yomonlikning kasri... Qizining tashvishi...

Banogoh ust-ustiga hakka chakakladi. Ayaning xayoli qochdi. Sezdiki, u eshik oldidagi gujum shoxasida hakaklamoqda. Irimi yaxshi emas, oʻyladi aya, tom boshida hakka qaqshadimi, tamom, bir koʻngilsizlik boʻlmay qolmaydi. Bunday paytda xushxabar, xushxabar, deb qoʻyish odat. Kulfatni daf etadi, deyishadi.

Ichida uch marta xushxabar, dedi aya. Hakkaning esa chakagi tinay demasdi. Aya oʻrnidan turmoqchi, qandaydir noxushlikdan ishorat berayotgan shumqadamni haydamoqchi boʻldi, ammo «mix» qoʻyib yubormadi.

Hakkaga kimdir, nihoyat, kesak otdi. Kesakning shoxaga taraqlab tekkani, hakkaning potirlab uchib ketgani eshitildi. Bu Gavharjonning ishi, oʻyladi aya, faqat ugina biron nima qilsa, shunday shiddat seziladi. Hali bozorga ketgandi, tezroq kelgani tuzuk boʻldi. Lekin... hakka ne ofatdan darak berib ketdiykin? Oʻz panohingda asra, Xudoyim!

Bir toʻlqinday shopirlab kirib keldi qizi tushmagur. Issiqdanmi yo hakkaga toʻpinganidanmi yuzlari boʻgʻriqqan. Qop-qora koʻzlari yonib turar, goʻyoki u bir oʻq-u kimdir mana-mana otib yuboradiganday tarang edi. Uning hovliqishlarini kuzatarkan aya «Xudoyim, uni oʻzing asra» deb qoʻydi ichida yana bir karra.

Hammasi gʻalati boʻlyapti-da oʻzi. Ishga bormaydigan kuni boʻlsa-da, bugun tong sahardan irgʻishlagancha oʻrnidan turdi. Quvurdan sharaqlatib chelakka suv quydi-da, supurgini olib tashqari otildi. Kallai saharlab uy supuradigan odati yoʻq edi. Koʻchani-ku, umuman supurmas, aya yotib qolgani sabab onda-sonda xas-choʻpdan tozalardi, xolos.

Eshik oldiga suv sepishu koʻchani supurib-sidirishga bugun nega ragʻbat koʻrsatib qoldiykin, yana qushlar uygʻonmasidan oldin-a!? Biron tush-mush koʻrmaganmikan... Ayaning koʻngli mahzun tortdi. Yomon xayollarga berilishning xosiyati boʻlmas, degan fikrga borib, koʻngil osmoniga kelgan qora bulutlarni haydadi.

Quyosh yoyilib-yoyilmay Gavharjon choy damlab, choynakka «doʻppi» kiygizib qoʻydiyu apil-tapil kiyina boshladi.
— Yoʻl boʻlsin, qizim, — hayron boʻlib soʻradi aya.
— Bozorga oʻtib kelaman, — javob berdi Gavharjon shoshib tuflisini kiyarkan.
— Muncha erta... ne olmoqchisan oʻzi?
— Hech nima. Shunday bir aylanib kelmoqchiman.

Aya tagʻin hayron boʻldi. Hali bozorchilarning oʻzlari kelmay turib bozor aylanish... Ayaning nazarida qizi oʻz taniga sigʻmay noaniq bir manzil sari shoshayotgandek edi.

Shu tariqa qizi toʻlqinday shopirlab chiqib ketdi. Mana endi yana boʻronda toshgan oʻsha toʻlqinday shovullab kelib turgani.
— Qassobdan yangi soʻyilgan et opkeldim, ena, — dedi u xaltachani ustalga tap etkizib qoʻyarkan, — selli qozonkavob pishirib beraman hozir. Kasalligingizga shundan zoʻr shifo boʻlmasakan, doʻxtir aytgan edi.
— Voy, qizim-ey, kallai sahardan shuni deb bozorga yugurgilab yuribsanmi hali. Bilasan-ku oʻzing, etni yeyish uyoqda tursin, burnimga isi kirsa koʻnglim behuzur boʻlib ketadi.
— Buning oʻzi ham, isi ham boshqacha. Qumda oʻtlatilgan qoʻzichoqning barrasi. Gul hidlaganday boʻlasiz, ogʻzingizda erib ketadi. Yeysizu oʻrningizdan irgʻib turib ketaverasiz.
— Etni sogʻ odam singdiradi, axir. Menga u ogʻirlik qiladi. Qoʻy, qizim, meni deb qozonga qarama.

Enasining soʻnggi gapini Gavharjon javobsiz qoldirib, keskin burildi-da ichkari kirib ketdi. Bir zumda yengi kalta, gulli xalatini kiyib chiqdi. Shoshganidan tugmalarini ham solmagan, oppoq tani-badani shundoq koʻrinib turardi. Taniday umri ham chiroyli boʻlsa edi, koʻnglidan oʻtkazdi aya, toʻyini koʻrib oʻlsam, armonsiz ketardim.

Gavharjon shu tezlikda oshxonaga kirib qozon-oʻchoqni taxt etib chiqdi. Masalliqni enasi oldida, ayvonda tayyorlashga kirishdi. Xontaxta ustiga choyshab yoyib, ikki bosh oq piyoz keltirib likopchaga qoʻydi. Goʻshtning lahm joyidan kesib kosadagi suvda chayib oldi. Yana ne kerak boʻlsa, barini keltirib, koʻrpacha ustiga oʻrnashib oʻtirdi-da, ishni piyozni archishdan boshladi.
— Ehtiyot boʻl, qizim, — dedi aya, — qoʻling qoʻlingga tegmaydi-ya. Pichoq bilan oʻynashma.

Qizi eshitmaganga olib ishini shu zayl davom ettiraverdi.

Yogʻ hidi burqsib ayvonga urildi. Gavharjon dast oʻrnidan turdi-da, oshxonaga yugurdi. Yogʻning hali dogʻlanmaganini koʻrib, qozonning qopqogʻini yana bosib qoʻydi-da, olovni biroz koʻtardi. Soʻng boshqa ishlarga andarmon boʻldi.

Oʻz xayollari bilan bir boʻlib yotgan aya nimaningdir shitirlaganini sezib eshik tomon boshini burdi.

Shu payt... ayvon eshigi gʻiyq etib ochildi. Aya boshini biroz koʻtarib koʻz soldi. Qiya eshikdan qoʻngʻir mushuk boshini suqqanicha xontaxta ustidagi goʻshtga toʻpinib, mana-mana tashlanay deb turar, chamasi u hid olib oldinroq kelganu gʻujanak boʻlib payt poylar edi.

Aya tanidi. Qoʻshnining mushugi. Bolalagan deb eshituvdi yaqinda. Bir yoʻla yettita tuqqan emish. Egasi esa uzoqqa ketgan. Oldi-sotdiga. Mushuk bolalariga suv-non beradigan kishi qolmagan chogʻi. Bolalalari gʻamida kirgan bu yoqlarga mushuk bechora. Ayaning yuragi achishdi. Qiziga tovush berdi.
— Gavharjon, hov, Gavhar, bu yonga chiq.

Qizi eshitmadi. Goʻshtdan picha berib yubor mushukka, demoqchi edi aya, olib borib bolalarining ogʻziga tutsin bechora.

Oʻljaning xoli qoldirilganini koʻrgan mushuk otilib kirdi-da, bir zumda xontaxta ustida paydo boʻldi. Aya bu gal bor kuchini toʻplab qattiq qichqirdi: oʻvv, Gavhar!

Gavharjon chiqqanida mushuk goʻshtni koʻtargilab ulgurgan, juftakni rostlayotgan edi. Mushuk bu yoqda qolib Gavharjon eshik tomon yugurdi. Mushukdan oldin eshikka yetib boray degandi, ayni shunday boʻldi, borib apil-tapil uni zichlab yopdi. Qopqaga suyangancha «endi qayoqqa qochasan» deganday mushukka bir pas tikilib turdi. Paytdan foydalanib aya dedi: qoʻy, bolam, ozorlama mushukni, gunoh boʻladi, eshikni och-da chiqarib yubor, yaqinda bolalagan ham ekan sadpora.

Gavharjon enasining soʻzlarini yo eshitmadi, yo parvo qilmadi.

Olazarak mushuk qoʻlga tushganini sezib jon holatda oʻzini oshxonaga urmoqchi boʻldi, ammo yogʻ hidi chiqmasin deb Gavharjon uni bekitib qoʻygan edi, koʻrib orqasiga qaytdi. Ogʻzida goʻsht, koʻzlari yongancha deraza va xobxona eshiklariga qarandi, ular ham yopiq edi. Himoyaga chogʻlanib goʻshtni qattiq tishlagancha oʻzini xontaxta ostiga urdi.

Gavharjon qoʻliga ilgan koʻrpachayu sholchalar bilan xontaxta yon-tevaraklarini yopdi. Endi kuning bitdi, oʻgʻri, deganday oyogʻi ostiga gʻolibona qarab qoʻydi.

Aya talvasa ichida yana tushuntirdi: qiynama, mushukni. Qoʻyib yubor, jon bolam, irimi yomon.

Gavharjon enasi tomon keskin oʻgirildi-da, jim yoting, degan ma’noda qoʻlini asabiy silkitdi.

Qulogʻiga gap kiradigan holatda emasdi qizi. Uning koʻz-qulogʻi, fikri-yodi xontaxta ostidagi «yov»da, uni ushlab olish birdan-bir maqsadiga aylangan edi. Shu yoʻlda u davom etdi. Koʻrpachaning bir chekkasini asta koʻtarib, mushukka ingichka yoʻl ochdi, chiqishi hamono uni xippa boʻgʻishga shaylanib turdi. Bu qopqon ish bermagach, shiddat bilan xontaxtani koʻtardi-da oʻzini tappa mushukning ustiga tashladi.

Holdan toygan mushuk bersam qutulaman, deb oʻyladi shekilli, ogʻzidagini tashlab yubordi. Ammo u «kalta oʻylagan» ekan, boʻyniga solingan sirtmoq boʻshalish oʻrniga borgan sayin qisib, omburday boʻgʻa boshladi.

Mushuk tipirchilab-tipirchilab, xiqillab-xiqillab jon berdi. Uning quloqlari och yotgan bolalarning nolalarini soʻnggi bor eshitgan boʻlsa, jon olayotgan «jallod»ni qargʻagan boʻlsa, ne ajab!

Yuragi qon boʻlib ketgan aya yotgan joyida alamli bir toʻlgʻangan edi, «mix» uni qoʻyib yubordi shekilli, chayqalib oʻrnidan turdi-da, oʻzini katdan tashlab qargʻangancha qizi tomon surundi. Dimogʻiga sassiq hid urildiyu oshxona tomon oʻgirildi. Qozonga qara, Gavhar, oʻt olgan boʻlmasin, deb chinqirdi.

Oʻgʻri mushukni biryoqlik qilgan Gavharjon yogʻni olovga qoʻyganini eslab oʻzini oshxonaga urdi. Eshikni ochishi bilan... gup etib olov koʻtarildiyu yuz-koʻzlarini kuydira boshladi.

Ayaning xayoliga negadir lop etib oʻsha qoʻshni qiz keldi. Nohaqlikka chidolmay oʻziga oʻt qoʻygan qiz. Gavharjonga hozir yopishgan oʻt oʻsha qiz suyaklari olovidan tutatqi olgan boʻlsa-chi!..

Ayaning ichidan otilgan dud oshxonadan chiqayotgan tutun bilan qorishib, tomogʻini boʻgʻa boshladi...