OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifErkin Usmonov
Asar nomi«Bermud uchburchagi» (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Erkin Usmonov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Bermud uchburchagi» (hajviya)
Erkin Usmonov

Korxonaga yangi ishga tayinlandimu, oʻzim uchun birinchi kashf qilgan narsam, boshligʻimizning xonasini orqavarotdan «Bermud uchburchagi» deyishlarini bilib olganim boʻldi.

Nima uchun u yerga kemalaru samolyotlarni yutib yuboradigan joyning nomini qoʻyishganini anchagacha tushunolmay yurdim. Chet eldan, xizmat safaridan qaytgan kunim hammasi ma’lum boʻldi-qoʻydi.
— Safar qalay oʻtdi? — iljayib qarshi oldi boshligʻimiz.
— Juda yaxshi. Taassurotlar zoʻr, — javob berdim men.
— «Yurgan daryo» deganlari shu-da! Barakalla! Xoʻsh, nimalar olib keldingiz? — yana soʻradi u.
— Sizga koʻpdan-koʻp salomlar olib keldim...
— Uni qoʻyaturing, — soʻzimni boʻldi boshligʻimiz, — yana nima?
— Yana?.. Rangli fotosuratlar... Kitoblar... — dedim hech nimaga tushunolmay.
— Yana? — qovogʻini uyib menga sinovchan tikildi boshligʻimiz.
— Yana... yana oʻzimga bitta charm kurtka oldim...
— Ana shulardan gapiring! — chehrasi ochildi boshligʻimizning. — Yana nima?
— Yana... Manavi diplomat sumkani oldim, — dedim tizzamdagi sumkani koʻrsatib.
— Qani, qani, koʻraylik-chi? — dedi boshligʻimiz qoʻllarini choʻzib va stol ustiga qoʻyib sumkani ochdi. — Voy-boʻ! Zoʻr-ku! Timsoh terisidanmi deyman? Yaxshi, yaxshi. Bu nima?
— Avtoruchka, — hayron boʻldim men. — Uchida kichkina chiroqchasi ham bor ekan, kechasi yozsa ham boʻlarkan...

Boshligʻimiz avtoruchkani «shiq» etib ochib, yozib koʻrdi.
— Zoʻr, zoʻr! Yaxshi yozarkan. Shunda sizning hisobotingizga imzo chekamiz-da endi. A?..
— Mayli, mayli, — dedim men hamon garang boʻlib.

Boshligʻimiz yana sumkani kavladi.
— Bu nima?
— Bu... Hisoblash mashinasi. Kalkulyator. Hisoblagan raqamlaringizni aytib turarkan...
— O, dahshat-ku! — xushnud jilmaydi boshligʻimiz. — Gugurtdekkina ekan. Yaxshi, yaxshi. Endi maoshu mukofot pullaringizni shunda hisoblaymiz-da? A, labbay?
— Mayli, mayli, Sayfi Soqievich, — dedim boʻshashib.
— Bunisi-chi?
— Bunisi qalamtarosh ekan. Havasim kelib oldim. Juda safarbop ekan. Qaychisiyam, pichogʻiyam, tirnoq tozalaydigan egoviyam, vino poʻkagini ochadigan buramasiyam, otvyortkasiyam bor ekan...
— Ana shunaqasidan qidirib yurgandim, — dedi boshligʻimiz qalamtaroshni tortmasiga solib. — Rahmat sizga! Bu-chi?
— Bunisi yon daftarcha ekan. Yozib boʻlgandan keyin shundoq barmoqlaringiz bilan silasangiz, yozuvlar oʻchib ketarkan, — tushuntirdim men.
— O, zoʻr, zoʻr! — dedi boshligʻimiz qihillab kulib. — Chet elliklar balo-da! Qoyilman! Endi shu daftarchaga «Shularni hurmatli boshligʻimiz Sayfi Soqievichga sovgʻa qilaman», deb yozib berasiz-da, uka! Esdalikka!
— Mayli, — dedim men hafsalam pir boʻlib va yozib berib, uning xonasidan ship-shiydon boʻlib chiqib ketdim...

Yoʻlakda bir xonada oʻtiradigan hamkasbim koʻrindi.
— Ha, qalay, yaxshi keldingizmi?
— Rahmat, — dedim xoʻrsinib.
— Qalay boʻldi? Nimalar olib keldingiz? — yana soʻradi u.
— Hech vaqo, — dedim qisqagina qilib.
— Ie, qaerga borgandingiz oʻzi? — ajablandi hamkasbim.
— «Bermud uchburchagi»ga, — dedim alam bilan.
— A? — iljaydi hamkasbim va qah-qah urib kulib yubordi. — Ha-a, tushunarli, tushunarli. Men ham «Bermud uchburchagi»ga uch-toʻrt marta borib kelganman!
— Hammasini yutib yubordi, la’nati, — dedim men hasrat bilan, — diplomat sumkaniyam, avtoruchka, kalkulyator, qalamtarosh, yon daftarchayam qulogʻini ushlab ketdi.
— E, siz oson qutulibsiz, ogʻayni, — iljaydi hamkasbim, — men oʻtgan yili xizmat safaridan qaytganimda «Bermud uchburchagi» bitta kostyum-shim bilan videomagnitafonni yamlab yuborgan edi.
— Ana xolos! — deb yubordim men.
— Bunisi holva, — davom etdi hamkasbim, — «Bermud uchburchagi» avvalgi bosh buxgalterimizning oʻzini yutvorgan!
— Yoʻgʻ-e? — hayron boʻldim men. — Qanaqasiga?
— Buxgalter boyaqish safardan sovgʻa-salomsiz kelgan ekan.
— Nima qibdi?
— Nima qibdimish? — kuldi hamkasbim. — Keyin ketdi. Oxir-oqibat, ariza yozib boʻshab ketishiga toʻgʻri keldi...

* * *
Mening ariza yozishimga hojat qolmadi. Keyingi xizmat safaridan kelganimda Sayfi Soqievichning oʻzi yoʻq edi. Aytishlaricha, «Bermud uchburchagi» bu safar uning oʻzini yutib yuborgan emish...