OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifErkin Usmonov
Asar nomiBoʻri bolasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Erkin Usmonov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Boʻri bolasi (hikoya)
Erkin Usmonov

«
Emaklaydi boʻri jim-jit,
Oʻljaga intiq...

Usmon Azim
»

Yakkaqoyalik Sulaymon ovchi haqida eshitgandi-mu, oʻzini koʻrmagandim. Yaqinda tasodifan uchratib qoldim.

Laboratoriyamiz mudiri, professor Qurbonovning safardan qaytganini eshitib, uyiga oʻtgan kunim edi. Mashinamni yoʻl chekkasiga qoʻyib, yoʻlakka kirdimu, shu tarafga kelayotgan ikki kishini koʻrib toʻxtadim. Biri, pakanasi — professor, ikkinchisi — oq-sariqdan kelgan, barvasta qomatli, shopmoʻylov kishi — keyin bilsam, Sulaymon ovchi ekan.

Ochigʻi, u tasavvurimdagiga nisbatan boshqacharoq boʻlib chiqdi. Jahli tez, chapanitabiat, oʻziga yetgancha qaysar odamlar toifasidan ekan. Shunaqa fe’lli odamning professor Qurbonov bilan topishib, aka-ukadek qadrdon boʻlib qolganiga hayronman. Professor mutlaqo uning aksi edi. Bir qop yongʻoqdek shaldir-shuldir, bolalardek sodda, darveshtabiat bu odam qiziqmagan sohaning oʻzi yoʻq. Chogʻroqqina hovlisiga har balo gullaru daraxtlarni ekaverib, koʻchatlarni bir-biroviga payvand qilaverib, oʻzi aytmoqchi naq «jungli»ga aylantirib yuborayozgan, hovli etagiga qator qafaslar oʻrnatib, u yerda toʻtiqushu sa’valar, kakligu tovuslar boqib, hammani hayratga solib yuradigan ajoyib inson edi.

Xullas, ostonada koʻrishdik, hol-ahvol soʻrashdik. Professor Sulaymon ovchini menga tanishtirdi, keyin gap orasida uni oʻzining iltimosini yerda qoldirmaganini aytib, maqtangandek ham boʻldi.

Sulaymon ovchi uning gapini eshitib bosh chayqadi.
— Shu ishni bekor qildingiz, domlajon. Men sizga Yakkaqoyaning eng old itini topib berardim.
— Be-e, qoʻysangiz-chi, azizim, — kuldi professor, — endi-i... bir dil ketdi-da!...
— Bilmadim, bilmadim, — afsuslangannamo ohangda dedi Sulaymon ovchi. — Shu paytgacha boʻrivachchani boqilganini eshitmaganman...
— Juda boqiladi-da! — iljaydi professor, — buyam bir eksperiment-da! Xoʻsh, siz ayting-chi, mulla yigit, — menga yuzlandi u, — nega tsirkda dahshatli timsohlaru bahaybat fillarni, yirtqich arslonu yoʻlbarslarni qoʻlga oʻrgatishadiyu, nima uchun boʻrini oʻrgatisholmaydi?

Men «bilmadim» degandek yelka qisdim. Chunki hanuzgacha ularning gap-soʻzlariga tushunolmay, lolu hayron turardim.
— Boʻrining qoni boshqa boʻladi, domla, — dedi Sulaymon ovchi sargʻish qoshlarini chimirib.

Professor esa unga gʻolibona nazar tashlab qoʻydi-da, yana menga yuzlandi:
— Bilasiz. Fanda «Adaptatsiya» degan narsa bor. Lotincha ibora bu. Ya’ni, biologik organizmning yashash sharoitiga moslashib ketishi... Mana koʻrasiz, Sulaymon aka, boʻrivachchangiz ham «adaptatsiya qonuni»ga boʻysunadi.
— Men unaqa kitoblarni oʻqimaganman, domla, — bosh chayqadi Sulaymon ovchi. — Har holda, bu boʻri bolasi, kuchuk emas!
— Ana, ana! — iljaydi professor. — E’tiboringiz uchun boʻrilar ham itsimonlar oilasiga kiradi.
— Bilmadim, bilmadim, — dedi Sulaymon ovchi bosiq ohangda, — faqat aytib qoʻyay, azbaroyi eski qadrdonligimiz hurmati, yuzingizdan oʻtolmadim. Lekin, ehtiyot boʻling! Boʻri, har qalay boʻri!..
— Unaqada laqabini Boʻrivoy qoʻyaman! — qah-qah urdi professor.

Sulaymon ovchining tund chehrasiga ham beixtiyor tabassum qalqdi.
— Bilganingizni qiling! Lekin oʻsha gap, gap. Mabodo fikringizdan qaytsangiz, ayting, buni olib ketib, oʻrniga zoʻr boʻribosar olib kelib beraman.
— Oʻsha kuchuklaringiz oʻzingizga siylov! Xavotir olmang, hammasi yaxshi boʻladi, — dedi professor. — Bugun qolsangiz boʻlardi-da, mana shogirdimiz keldilar, oshni qiyib qoʻyadilar. Shiyponda gurunglashib yotardik!
— Yoʻq, rahmat, osh boʻlsa qochmas, — dedi Sulaymon ovchi. — Oʻzingiz koʻrdingiz. Togʻlarniyam oʻziga yarasha tashvishlari toʻlib-toshib yotibdi. Qaytishim kerak. Elektrichkaga yetib ola qolay.

Men yalt etib professorga qaradim.
— Men vokzalga tashlab oʻta qolaman!
— Yoʻq, kerakmas, oʻzim, — dedi Sulaymon ovchi xurjunini yelkasiga ilib.
— Yoʻq deganingiz nimasi, Sulaymon aka, — dedi professor. — Bu kishi oʻzimizning yaqin ukaxonlardan. Kelajagi porloq biolog. Tashlab qoʻyadilar.

Ular xayrlashishdi. Sulaymon ovchi ikkovimiz mashinaga mindik.

Yoʻl-yoʻlakay, na u kishi ogʻiz ochdi, na men biron nima deyishga botinolmadim. Ovchining salobatimi, oʻychan chehrasimi, nimadandir norozi qiyofasimi, bunga izn bermadi.
— Domlangiz xoʻp alomat odam-da, — dedi u nihoyat oʻz-oʻziga gapirgandek. — Bilsangiz kerak, har yili besh-oʻn kun Yakkaqoyada dam olib qaytadi. Otga mingashtirib toqqa olib chiqaman, ov qilamiz, allambalo oʻt-oʻlanlar teradi, allamahalgacha muk tushib yotib kitobini yozadi... Bu safar aynidi. Uch-toʻrt kun burun kechqurun daradan oʻtib kelayotib allanimaning gʻingshigan tovushini eshitdim. Otim ham hurkib orqaga tisarildi. Qoʻlchiroqni yoqib qarasam, yoʻl oʻrtasida mushukchadek boʻri bolasi ingillab u yoqdan-bu yoqqa yuribdi. Hayron boʻlib oʻsha tarafga yaqinlashdim. Boʻri bolalari uch-toʻrt haftalik boʻlgandan keyin inlaridan oʻrmalab chiqadigan boʻlib qoladi. Ona boʻri esa bu paytda nariroqlarga keta boshlaydi. Menimcha, bu boʻri bolasiyam onasiga ergashib suvlagani chiqqanu adashib qolgan boʻlsa kerak. Shartta ushladimu, xurjunga solib uyga qaytdim. Ana shu boʻrivachchaga professorning ishqi tushdi-qoʻydi-da! «Boqaman» deydi. Xudoning zorini qildim, qani unasa! Qarasam juda hafa boʻladigan. «Siz shaharga ketavering, ikki-uch kundan keyin oʻzim olib boraman» deb arang koʻndirdim. Shaharga qaytgan zahoti teligrom joʻnatdi, sim qoqdi. Axiyri qoʻymadida-e! Bugun xurjunga solib olib kelishga majbur boʻldim...
— Nima, boʻri bolasini qoʻlga oʻrgatish shunchalar qiyinmi? — soʻradim undan.
— Ha, qiyin, — dedi Sulaymon ovchi jahl bilan. — Boʻri kuchuk yo mushuk boʻlsaykan, oʻrgatilsa! U vahshiy. Baribir bir kun boʻriligini qiladi.
— Unaqada qaytarib olib ketaqolmabsiz-da, — dedim achingandek boʻlib.
— Domlangizning fe’lini bilasiz-ku, naq yosh bolaning oʻzi! Darrov arazlaydi. Shuning uchun qoldira qoldim. Mayli, besh-oʻn kun boqib koʻrsinlar-chi!..

Sulaymon ovchi bilan vokzal maydonida xayrlashdim. Oʻsha-oʻsha uni qaytib koʻrmadim.

Oradan uch-toʻrt oycha vaqt oʻtdi. Bir kuni professor Qurbonov «Ertaga uyga oʻting, Sulaymon ovchi keladigan», deb qoldi. Bordim. Ovchi endigina kelib turgan ekan. Dasturxon yoniga oʻtirdik, hol-ahvol soʻrashdik, bir piyola choy ustida u yoqdan-bu yoqdan suhbatlashdik. Gap orasida professor maqtangannamo ohangda, «Boʻrivachchani koʻrasizmi?» deb qoʻydi. Oʻrnimizdan qoʻzgʻaldik.

Boʻri bolasi hovli etagidagi eng chekka qafasda ekan. Koʻrinishidan yuvoshgina kuchukka oʻxshardi u. Bir qaraganda, uning qiyofasidan boʻri nuqsi sezilmas, faqat yelkasidagi zangsimon, sargʻish junlari tikkayib, irillab qoʻyganda va tugmachadek-tugmachadek koʻzlarida choʻgʻdek sovuq bir oʻt sharpasi yilt etib oʻtgandagina naslini eslatib yuborardi, xolos.
— Qalay, bizni «Tuzik»? — dedi professor jilmayib.

Sulaymon ovchi unga hayron qarab qoʻydi.
— Nima, laqabini «Tuzuk» deb qoʻydingizmi?
— Yoʻq, «tuzuk»mas, «Tuzik», «Tuzik»! — kuldi professor. — Yaxshilab boqayapmiz. Faqat meni qoʻlimdan ovqat yeydi, zangʻar! Ishtahasi yomonmas! Haligi, kuchuk-mushuklar yeydigan «Chappi», «Viskas» degan narsalarmi-ey, kalbasami, kanservami, paqqos tushiradi!..

Sulaymon ovchi qafasning pastakkina eshikchasini ochib yuborgandi, «Tuzik» uning yoniga yugurib keldi, dumini qisib, atrofida aylandi, keyin xuddi bir nima tilanayotgandek ovchining etiklarini iskab, yalay boshladi.

Sulaymon ovchi esa koʻzlarini katta-katta ochgan koʻyi unga bir lahza tikilib qoldi-yu, keyin jahl bilan boʻri bolasining tumshugʻiga tepdi, u ingillagancha ancha nariga borib tushdi. Keyin qochib qafasning qorongʻi burchagiga suqilib oldi.
— Nega tepasiz? — baqirdi professor jonholatda.
— Essiz... Tamom boʻpti... — dedi Sulaymon ovchi chuqur xoʻrsinib va eshikchani ochib tashqariga chiqdi.

Boshqa bir ogʻiz ham gapirmadi. Ovqat paytida ham «Tuzik» yotgan qafasga koʻz qirini tashlagancha tund qiyofada oʻtirdi, bundoq ochilib gaplashmadi...

... Ertasiga professor yigʻlagudek qiyofada ishxonaga kirib keldi.
— Sulaymon ovchi «Tuzik»ni olib ketib qopti, — dedi u tovushi titrab.
— Qanaqa qilib olib ketadi? — tushunmadim men.
— Siz ketganingizdan keyin anchagacha gaplashib oʻtirdik. Oʻtib qoldi. Ertalab gʻaflat bosib uxlab qolibman. U tong oqarmasdanoq «Tuzik»ni xurjunga solib, olib chiqib ketib qopti...
— Hech kim indamabdimi? — soʻradim yana.
— Kim nima deydi? — dedi professor parishon qiyofada. — Uyda yangangiz bor edi. Uyam sezmabdi. E, essizgina, endi qoʻlga oʻrganayotgan edi-ya!..

Men yosh bolaga oʻxshagan bu moʻysafidni qanday qilib ovutishni bilmay lolu hayron oʻtirardim...

Hikoyam shu bilan tugashi mumkin edi. Lekin yana bir tasodif yuz berdiyu, unga soʻnggi nuqta topgandek boʻldim.

Xizmat safari bilan togʻliq tumandan qaytayotgan edim. Avtobusimiz yonilgʻi olgani yoʻl yoqasida toʻxtadi.

Tevarak-atrof xuddi ushatilgan xolva boʻlaklarini eslatuvchi togʻlar, qoyalar... Yaqinginadan soyning sharqirashi quloqqa chalinadi... Men deraza yonida shularni tomosha qilib oʻtirarkanman, yoʻl chetida borayotgan yolgʻiz otliq koʻzimga issiq koʻringandek boʻldi. Qarasam, Sulaymon ovchi. Avtobusdan tushdim. Koʻrishdik. U yoq-bu yoqdan suhbatlashdik.
— Domlangiz mendan hafa boʻlib yurgandir? — dedi u gap orasida ma’yusgina kulimsirab.
— Yoʻq, nega? — dedim men va oʻrni kelib qolgani uchun soʻradim. — Oʻshanda nega oʻzingiz «Tuzik»ni olib ketib qoldingiz?
— Bilmadim, — dedi ovchi yelka qisib. — Negadir koʻzimga juda xunuk koʻrinib ketdi. Yaloqi itlardek oyogʻimga soʻykalandimi-ey, dumini likillatib, tilandimi-ey!
— Uni nima qildingiz?
— Avvaliga togʻga qoʻyib yubormoqchi boʻldim. Asliga qaytar, deb oʻyladim. Qarasam, ochidan oʻladigan. Boʻriligini unutib yuborgan-da... Boshqa boʻrilar gʻajib tashlashi ham hech gapmas.
— Keyin nima qildingiz?
— Otib tashladim, — dedi Sulaymon ovchi sovuqqina qilib.

Negadir seskanib ketdim.
— Nima?.. Nega? Nima uchun? — soʻradim oʻzimni bosishga urinib.
— Chunki, u boʻrilikka isnod keltirdi, — xoʻrsindi Sulaymon ovchi va qoʻshib qoʻydi, — mayli, salomat boʻling, mulla yigit. Domlangizga salom ayting. Mendan hafa boʻlmasinlar. Tushunishlari kerak!..

Biz shu yerda ajralishdik. Sulaymon ovchi otiga qamchi bosib togʻ yoʻliga qarab ketdi. Men esa avtobusimiz tomonga yurdim. Orqa tarafga yana bir marta oʻgirilib qaraganimda, endi Sulaymon ovchi yoʻq, togʻ koʻksiga sanchilgan yolgʻizoyoq yoʻlgina oqarib koʻrinib turardi, xolos...