OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifErkin Usmonov
Asar nomiQarmoqqa ilingan hikoya (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Erkin Usmonov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qarmoqqa ilingan hikoya (hajviya)
Erkin Usmonov

Xolxoʻja axiyri qoʻymadi.

Bu safar baliq oviga chiqadigan boʻldik. Men-ku, tabiatan sayohatu sarguzashtlarga suyagi yoʻqroq odam emasmanmi, «Nasib qilsa koʻramiz», deb qoʻyaqoldim. Bu «yoʻq»dan koʻra, «ha»ga yaqinroq javob ekanligini sezgan Xolxoʻja suyunib ketdi. Lekin, Joʻravoy akani koʻndirish azobul-azobga aylandi. Xolxoʻja uning uyiga borgan ekan, oldiga solib koʻchaga haydabdi. Axiyri, men chiqishimga toʻgʻri keldi. Qani endi koʻnsa! «Oʻlaman sattor, ovdan ogʻiz ochmang! Ovga yuragim dov bermay qoʻygan. Sulaymon ovchining «kuchugi» bilan oʻsha uchrashuvimizdan beri yurak oʻynogʻi boʻlib qolganman», deydi.

U dedim, bu dedim. «Toʻqayga bormaymiz, toqqa chiqmaymiz. Shundoq daryo sohilida oʻtirib, kechki payt qaytamiz. Oqar suvning boʻyida odamning dardlari forigʻ boʻladi», deya gapni goh uzoqdan, goh yaqindan oldim. Joʻravoy aka uf tortdi, gardanini qashlab oʻylanibroq qoldi, keyin «Negadir koʻnglim notinch, Xolxoʻja yaramas yana bir baloni boshlamasa goʻrgaydi», deb mingʻirlab qoʻydi. Men «Hech vaqo boʻmaydi. Daryo boʻyida dam olib kelasiz, koʻnglingiz ham tinchiydi», dedim. Xullas, Joʻravoy akani koʻndirdik.

Yakshanba kuni saharlab yoʻlga chiqadigan boʻldik. Odatdagidek, yana uch kishi. Oldinda qarmoqlarni xuddi miltiqdek yelkasiga tashlab olgan Xolxoʻja, orqada ichiga chuvalchang, chigirtka, ninachi, yana allambalo xoʻraklar solingan shisha bankani koʻtarib olgan Joʻravoy aka, oxirida boʻlsa men. Yelkamda ichiga non, konserva, qozoncha, tovoq, bir necha shisha aroq va boshqa narsalar joylangan safar xaltasi. Hayyo-huyt deb Uchtepa tomonga yoʻl oldik.

Oftob endigina Yakkaqoya togʻlari ortidan bosh koʻtargan, tevarak-atrof qushlarning chugʻur-chugʻuriga, ari va tillaqoʻngʻizlarning gʻingʻir-gʻingʻiriga toʻlib toshgan soʻlim bir tong edi.

Uchovlon uzun-qisqa boʻlib ke-e-t-dik!.. Hali yuramiz, hali yuramiz. Tepangda tiniq osmon, tevaragingda goʻzal tabiat bagʻrini ochib, biz nomini bilib-bilmaydigan gullaru chechaklar atrini sochib, ukpardek mayin oʻt-oʻlanlar tovoningni yalab, muzdek shabboda yuz-koʻzlaringni siypalab turgan bunaqa lahzalarda charchoqni ham sezmas ekansan kishi.

Bir tepalik tagida toʻxtaganimizda Xolxoʻja «Beshta-beshta olvolamizmi?» deb yelkamdagi xaltaga imo qilgandi, Joʻravoy aka sargʻish qoshlarini chimirib, «Borishda ham, kelishda ham «olvolish» yoʻq. Iching, oʻshaqda, baliq tutib oʻtirganimizda kuydirgingizga icharsiz», deb toʻngʻillab qoʻydi.

Boshqa yoqlarda bilmadim-u, bizning shaharga oʻxshagan qishloq, qishloqqa oʻxshagan shaharchamizda kattalarning gapi yoshlar uchun qonun. Azaldan shunaqa boʻlib kelgan. Shuning uchun miq etmay, yana yoʻlga tushdik.

Bir mahal qarasam, Boʻtanasoy kunchiqar tarafda qolib, biz kunbotar tarafga ketyapmiz. Adashmadikmi, degan xavotirda «Soy uyoqda edi shekilli», degandim, Xolxoʻja koʻzlarini quvlik bilan qisib, «Marshrut oʻzgardi, shoir», deb iljayib qoʻydi. Keyin Joʻravoy akaning oʻziga qadalgan norozi qarashini sezib, darrov gapiga «tahrir» kiritdi: «Soydagi baliqlarning mazasi yoʻqmish. Dallidaryoga borib qoʻyaqolamiz!»

Joʻravoy aka «Bunaqa kelishmagandik-ku?» degan ma’noda tomoq qirib qoʻygandi, Xolxoʻja hazilga yoʻydi: «Nima farqi bor, aka? Yarmiga kelib qoldik. U yoqqayam shuncha yuriladi, bu yoqqayam shuncha yuriladi!»

Nimayam deymiz? Xolxoʻja koʻpni koʻrgan, tajribali ovchi. Qayoqda nima borligini bizdan koʻra yaxshiroq biladi. Shuning uchun indamay, unga ergashib, «Dallidaryo qaydasan?» deya yana yoʻlga tushdik.

Xolxoʻjaning aytishicha, Dallidaryo quyiladigan yerda, Yakkaqoya yaqinida koʻpchilik bilmaydigan bir sharshara bormish! Agar oʻsha sharshara tagiga kirib chelak ushlab turilsa bas, baliqlarning oʻzi «manaman, akaxon» deb oqib kelaverarmish!
— Xuddi «Baliq doʻkoni»ning oʻzi! — dedi Xolxoʻja iljayib. — Xohlang unisini tanlang, xohlang bunisini!..
— Nega oʻsha yoqqa bora qolmadik? — soʻradim astoydil qiziqib.
— Yoʻq, — dedi Xolxoʻja oʻziga yarashmagan jiddiy ohangda va bosh chayqab qoʻydi, — bu, gʻirrom ov hisoblanadi. Biz ovchilar mard va halol kishilarmiz. Chumchuq otsak ham, ilon tutsak ham halollab olishimiz kerak! Innakeyin, shoir! Baliq ovining oʻziga yarasha gashti boʻladi. Qirgʻoqqa qarmoq tashlab qoʻyib oʻtirishga nima yetsin! Mazza! Xuddi lotereya oʻyini boʻlayotganga oʻxshaydi. Hozir menga yutuq chiqib qoladi deysan, yuraging taka-puka boʻlib kutasan. Lekin omad sherigingga kulib boqadi. Zoʻr-a?!.
— Oʻsha laqqa baliqni tutgan qarmogʻingni olvolganmisan? — soʻradi Joʻravoy aka Xolxoʻjaning oldi-qochdi gaplariga ishonib-ishonmay.
— E, akaxon, menikidaqa qarmoqlar hech kimda yoʻq, — yelkasidagi qarmoqlarga imo qildi Xolxoʻja. — Atayin, Toshkanga borib, sport doʻkonidan tanlab olib kelganman. Qarmoqlarni barmoqdayidan tortib, zirapchadayigacha bor. Iplariga gap yoʻq! Laqqa tugul, akula ham uzolmaydi!..

Joʻravoy aka uning quruqlanishidan ensasi qotib kinoyali kulimsirab qoʻydi. Xolxoʻja esa, odatdagidek parvoyi-palak, oʻtgan yili qarmogʻiga bir yoʻla ikkita baliq ilingani haqidagi hikoyasini boshlab ketdi.

Xolxoʻjaning hikoyasini tinglab ketaverib, Dallidaryo boʻyiga qanday yetib borganimizniyam sezmay qolibmiz.

Daryo odatdagidek jimgina mavjlanib turar, toshloq sohilda bizdan tashqari yana besh-oʻnta baliqchilar u yer-bu yerda jimgina baliq tutib oʻtirishardi. Xolxoʻjaning mashhur ovchiligiga shu yerda tan berdim. Chunki oʻtirganlarning deyarli hammasi uni yaxshi tanisharkan. Baliqchilarning biri u bilan qoʻl silkib salomlashsa, boshqasi bosh irgʻab, uchinchisi esa gazetadan yasab olgan qalpoqchasini silkib qoʻydi.

Biz ham yuklarimizni yerga tashlab ovga hozirlana boshladik. Xolxoʻja xaltamdagi aroqlarni olib boʻgʻzigacha qumloq sohilga tiqib qoʻydi-da, «Xoladilna» deb jilmayib qoʻydi. Topqirligiga qoyil qoldik. Keyin u ov uchun joy tanlagani ketdi. Joʻravoy aka bilan men qarmoqlarni yoyib tayyorlashga kirishdik.

... Nihoyat, ov boshlandi. Xolxoʻja baliq ovining ham xoʻp hadisini olgan ekan. Ov paytida gaplashmasdan jim oʻtirish, boshqalarga halal bermaslik, xoʻraklarni qanday tayyorlash, baliq ilingan paytda hovliqib qolmaslik, sergak boʻlish haqida ancha-muncha yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatdi.

Xolxoʻjaning qarmoqlari maqtangancha bor ekan. Iplarining uzunligi oʻttiz-qirq quloch keladi, pishiqligi naq trosning oʻzi!

Boshladik! Joʻravoy aka birinchi, undan quyiroqda men, eng oxirida Xolxoʻja oʻtiribmiz. Tevarak-atrof allanechuk sukutga choʻmgan. Bu jimjitlikni faqat toʻlqinlarning erinibgina sohilga shaloplab urilishiyu, oppoq baliqchi qushlarning ora-chora qiyqirib uchib oʻtib qolishigina buzadi, xolos. Baliqdan boʻlsa darak yoʻq. Qarasam, Joʻravoy aka charchaganmi yo zerikdimi, haytovur yonboshlab olibdi. Men ham koʻylagimni yechib tashlab, labimga sigaret qistirib endi chalqancha yotmoqchi edim, bir mahal Joʻravoy aka qirgʻoqqa sanchib qoʻygan qarmoq choʻplarining biri qimirlayotganini sezib qoldim. Oyoq uchida yugurib bordim-da, Joʻravoy akaga yaqinlashdim.
— Sizniki qimirlayapti! — dedim shivirlab.
— Qimirlamaydi, — shangʻilladi Joʻravoy aka halovatini buzganimdan achchigʻlanib. — Hozir tashladim. Qayoqqa qimirlaydi?

Atrofdagi baliqchilar uning tovushidan ranjib, bosh chayqab qoʻyishdi.
— Ana, qarang! — dedim suv sathida koʻrinib-koʻrinmay likillayotgan poʻkakka imo qilib.

Joʻravoy aka daryo tarafga qaradi-yu, sapchib oʻrnidan turib ketdi. Qarmoq dastasiga yopishdi. Haqiqatan ham, uning qarmoq ipi xuddi varrak ipidek tarang tortilgan koʻyi toʻlqinlar orasida nari borib, beri kelib sohildan uzoqlashmoqda edi.
— Ol qulim, degaysan Xudoyim! — dedi Joʻravoy aka birdan tovushi titrab. — Kattasi ilinganga oʻxshaydi, Shokirvoy! Buni qarang!

Qarmoq ipini ushlab boqsam, uzilgudek tarang, ipning suv ostidagi narigi uchida allanima qarmoqdan qutulishga urinib tipirchilamoqda edi. Baqirib yuborishdan zoʻrgʻa oʻzimni tiydim va qoʻlimga uch-toʻrtta mayda tosh olib qumloqda choʻzilib yotgan Xolxoʻja tarafga otdim.

Yalt etib qaradi. «Buyoqqa keling!» deb imladim. Xolxoʻja xuddi choʻgʻ ustida oyoq yalang yurayotgandek sakrab-sakrab yetib keldi. Mohir ovchilarga xos sovuqqonlik va jiddiylik bilan qarmoq ipini ushlab koʻrib, «Oʻxoʻ!» deb qoʻydi, keyin bizni nari surib, sekin ipni sogʻa boshlarkan, Joʻravoy akaga shipshidi: «Bir kilodan oshiq keladi. Boshlanishi yomonmas! Faqat ipni ancha joygacha sudrab ketibdi. Endi, se-ke-en... avrab-aldab, mana bundoq qile-eb... qirgʻoqqa olib kelvolmasak, qarmoqdan chiqib ketishi mumkin...»

Joʻravoy aka «xoʻp boʻladi» degandek bosh irgʻadi va oʻz oʻljasini oʻzi qoʻlga kiritish ilinjida qoʻlini choʻzdi. Xolxoʻja ham uning zavqini soʻndirgisi kelmadi shekilli, qarmoq ipini qoʻliga tutqazdi: «Xuddi osmondagi varrakni ipidan sekin tortib tushirayotgandek harakat qilsangiz bas!..»

Joʻravoy aka xursandlikdan lab-lunjini yigʻishtirolmay, bizning havasimizni qoʻzgʻab ishga kirishib ketdi. Xolxoʻja boʻlsa tizzasigacha suvga tushib unga yordamlashdi. Alhol, qarmoq ipini tortib, oʻljani qirgʻoqqa chiqarishdi... Uni koʻrdimu, oʻzimni tutolmay piq etib kulib yubordim, Joʻravoy aka «Tfu, padariga la’nat!» deya toʻngʻilladi.

Ma’lum boʻlishicha, Joʻravoy akaning qarmogʻiga baliq emas, oʻrtacha likopchadek keladigan kulrang-qoramtir tusli chigʻanoq ilingan ekan.

Xolxoʻja boʻlsa, parvoyi-palak, belidagi ov pichogʻini olib, chigʻanoq kosalari tishlab qolgan qarmoqni chiqararkan, xushnud ohangda dedi:

— Nichevo, yaxshilab tozalab loklansa, quling oʻrgulsin kuldon chiqadi!
— Olaqol, mendan senga padarka! — norozi ohangda toʻngʻilladi aka teskari qarab.
— Hechqisi yoʻq, Joʻravoy aka, bunaqa umidsizlanish yaxshi emas. Ov shunaqa boʻladi. Goh undoq, goh bundoq! — dedi Xolxoʻja va qoʻlidagi chigʻanoqni xuddi yongʻoqdek ikki pallaga ajratib shagʻal ustiga tashladi.

Joʻravoy aka shundan keyin hafsalasi pir boʻlib, betiga gazeta tashlab yotib oldi. Xolxoʻja ikkovimiz yana ovga kirishdik.

Bir mahal daryoning oʻrtasida motorli qayiq koʻrinib qoldi-ku! Undagi ogʻziga tunuka karnay tutib olgan kishi xuddi toʻtiqushdek bir xil: «Hurmatli ovchi oʻrtoqlar! Daryoda choʻmilish ma’n etiladi! Suvga axlat tashlanmasin! Baliq faqat belgilangan joydagina tutilsin! Hayotingizni xavf ostiga qoʻymanglar! Ehtiyot boʻlinglar! Sizlarga yaxshi xordiq tilaymiz!» qabilidagi gaplarni takrorlagan koʻyi oʻtib ketdi. Oʻtishga oʻtdi-yu, hamma ishni rasvo qildi. Qarasam, motorli qayiq ortida qolgan toʻlqinlar bir-birini quvalab sohilga bosh urdi va qaytishda boya Xolxoʻja «xolodilna» deb boʻgʻzigacha qumga sanchib qoʻygan aroqlarni daryo tarafga surib ketsa boʻladimi! Shartta oʻzimni suvga otdim. Bitta shishani arang ushlab qolishga ulgurdim. Agar Xolxoʻja yugurib kelib meni suvdan tortib olmaganda, kim biladi deysiz, aroqlarning orqasidan daryoning tagiga kirib ketarmidim?
— Jinnimisan, shoir? — baqirdi Xolxoʻja jon-holatda. — Nima, oʻlging kelyaptimi?
— A-roq ketdi-i-i! — dedim tovushim qaltirab.

Bizni koʻrib Joʻravoy akayam yaqinlashdi.
— Oqizib ketdimi? — dedi u ham yigʻlagudek boʻlib.
— Ketdi... — dedi Xolxoʻja ham boʻshashib va odatdagidek iljayib qoʻydi. — Shoir ham orqasidan ketishiga sal qoldi!
— Xudo bir asrabdi, — dedi Joʻravoy aka bosh chayqab va boyagi motorli qayiq ketgan tarafga qarab toʻngʻilladi, — «Yaxshi xordiq tilaymiz!» emish-a...
— Joʻravoy aka, keling, koʻp siqilmang, — dedi Xolxoʻja xushchaqchaq ohangda. — Kelgan balo oʻsha aroqqa uraqolsin! Undan koʻra, kelinglar, shoir Shokiralini bir oʻlimdan qolganini nishonlab qoʻyaqolamiz!

Joʻravoy aka «mayli» degandek qoʻl silkidi. Xolxoʻja xuddi shu ishorani kutib turgandek, shartta xaltani agʻdardi, koʻz ochib-yumguncha dasturxon tuzadi, haliyam qoʻlimda mahkam ushlab turganim — aroqni tortib olib ochdi, istakanlarga quydi. «Ovimiz baroridan kelishi uchun» ichdik. Ustiga «Skumbriya» deb yozib qoʻyilgan konservadan gazak qildik. Qiziq boʻlarkan! Daryo boʻyiga baliq tutgani kelgan odamlar baliq konserva yeb oʻtirsa juda kulgili koʻrinarkan. Nailoj, boshqa nimayam qilolardik?

Shundagina, saqlab qolganim, bu yagona aroqni nafaqat meni omon qolganim, balki Joʻravoy akaning qarmogʻiga chigʻanoq ilingani haqqi, ovimiz baroridan kelmayotgani va daryo yutib yuborgan ikki shisha aroqning alami haqqi ichayotganimizni sezdimu, gʻalati boʻlib ketdim.

Nega shunaqa? Nega har safar biz ovga chiqqanimizda qanaqadir hangoma boʻladi? Boshqalar jimgina baliq tutib oʻtirishibdi-ku? Nega bizni ishimiz sira oʻngidan kelmaydi?..

Ana shunaqa alamli savollarga javob izlagan koʻyi sigaret tutuniga koʻmilib oʻtirarkanman, yonimizga yaqinlashib salom bergan va Xolxoʻja bilan quyuq soʻrashayotgan odamniyam payqamay qolibman.

Qarasam, roʻparamizda peshonasiga gʻovvoslarning oldi oynavand, tepasida naychasi bor rezina qalpogʻini qoʻndirib, oyogʻiga qurbaqaning panjasiga oʻxshash katta, yapaloq rezina kalish kiyib olgan xabashlardek qop-qora yigitcha tirjayib turibdi.
— Tanishinglar! — dedi Xolxoʻja. — Bu bola eski tanishim Ixtiyoriddin boʻladi!
— Ixtiyondr, — uning soʻzlarini toʻgʻriladi yigitcha.
— Bunisi, laqabing. Otang qoʻygan ot bor-ku? — qoshlarini chimirdi Xolxoʻja. — Ixtiyondrga balo bormi?
— Ha, endi, oʻrischasiga-da, — iljaydi yigitcha.
— Ismni oʻrischasi, oʻzbakchasi boʻlmaydi, kallasi yoʻq. Oʻrislarniki oʻrischa, oʻzbaklarniki oʻzbakcha boʻladi. Odamni otiyam tarjima qilinarkanmi? Toʻlavoyni Toʻlik deganday! Unaqa axmoq gaplarni gapirma!
— Xoʻp, Xoʻja aka, — kuldi yigitcha va gapni boshqa yoqqa burdi, — kun tikkaga kelib qoldi, bittayam baliq tutmadinglarmi?
— Tutib yeb boʻldik, — gʻoʻngʻilladi Joʻravoy aka.
— Shuni alamiga ichayotgan ekansizlar-da? — xiringladi yigitcha.
— Kattalarning ishiga aralashma! — uni jerkib berdi Xolxoʻja. — Bir litr aroq daryoga tushib ketdi...
— Rostdanmi? — dedi Ixtiyondr.

Hech kim indamadi.
— Olib chiqib beraymi? — dedi yana u.
— Qanaqa qilib olib chiqasan? — hayron boʻldim men.
— Shundoq shoʻngʻiymanu, olib chiqaman!
— Ehtiyot boʻl, yana oʻzing ham aroq shishalariga oʻxshab... — dedi Xolxoʻja.
— Xavotir olmang! Bu yerlarni besh qoʻlday bilaman, — maqtandi yigitcha va koʻzlarini quvlik bilan qisdi, — evaziga nima boʻladi?
— Nima xohlaysan? — soʻradi Xolxoʻja.
— Shishasiga 2000 soʻmdan berasizlar...
— Esing bormi oʻzi? 1000 soʻmlik aroqni endi 2000 soʻmga sotvolamizmi? — jahli chiqib ketdi Joʻravoy akani.
— Boʻpti, olib chiq! Men toʻlayman! — dedi Xolxoʻja.
— Mana bu boshqa gap, — dedi yigitcha va sohilga tushib niqobini kiydi-da, daryoga shoʻngʻidi.

Qiziqsinib biz ham sohilga keldik. Ixtiyondr bir koʻrinib, bir koʻrinmay qolar, goh xuddi qora baliqday lop etib suv ichidan chiqib qolar, keyin qoʻlini silkib «yoʻq» ishorasini qilar va ogʻzidagi naychasidan suv purkab yana suvga shoʻngʻirdi. Shu koʻyi ancha quyiga qarab suzib ketdi.
— Ixtiyoriddin «odam amfibliya»! Topib chiqadi! — dedi Xolxoʻja.
— Topmasayam mayliydi, — dedi Joʻravoy aka, — qaysi axmoq 2000 soʻmga oʻzining arogʻini sotvolib ichadi?
— Qoʻyaversangiz-chi, buyam bir gap-da! — iljaydi Xolxoʻja.

Ixtiyondr suzib ketdi. Biz qoldik. Bir mahal Joʻravoy aka hoy-hoylab qoldi. Qarasak, Xolxoʻjaning ancha naridagi yoʻgʻon qarmogʻi lopillab turibdi. Oʻsha tarafga yugurdik. Lekin ulgurolmadik. Qarmoq choʻpi sanchib qoʻyilgan joyidan chiqib suvga otilib tushdi. Xolxoʻja shalop-shulup qilgancha suv kechib arang ushlab qoldi-yu, birdan siltanib yiqildi. Qarmoqqa ilingan baliq uniyam sudrab ketayotgan edi. Yordamga otildik. Haqiqatan ham katta baliq ilingan edi. Xolxoʻjaning poʻlat simdek pishiq qarmoq ipi uzilgudek tarang tortilgan, ipning narigi uchi esa suv ostida koʻrinmasdi. Baqir-chaqir qilib oʻljani tortib olishga kirishdik. Buni koʻrib boshqa baliqchilar ham yugurib kelishdi.
— Akulaga oʻxshaydi! — dedi Joʻravoy aka hansirab.
— Yoʻq, choʻrtan! Esosidae oilasidan! — dedi Xolxoʻja bilagʻonlik qilib. — Erkagi. Harakatidan sezyapman. Taxminan, 60 kilocha bor!

Bir mahal qarasak, Ixtiyondr daryo oʻrtasida bizga qarab qoʻl silkiyapti.
— Aroqni topganga oʻxshaydi, — dedi Joʻravoy aka.
— Obbo! Baliq bolaga hujum qilmasa boʻldi, — dedi baliqchilardan biri.
— Ixtiyoriddin! Qoch u yerda-an! — qichqirdi Xolxoʻja qoʻlini ogʻziga karnay qilib.

Ixtiyondr uni eshitdimi-yoʻqmi, birdan suv sathidan gʻoyib boʻldi. Bu yoqda Joʻravoy aka bilagiga oʻrab olgan ip uzilib ketaman deydi, uyoqda Ixtiyondr tipirchilaydi. Axiyri boʻlmadi. Ixtiyondr bir nima deb qichqirdiyu, qoʻllarini silkigancha suv yuzida koʻrinmay qoldi.
— E, esiz, butilkani tushirib yubordi shekilli! — dedi Joʻravoy aka.
— Uni qutqarish kerak! — dedi boshqa bir baliqchi vahimali ohangda.

Xolxoʻja oʻylab oʻtirmasdan, gavdasiga yarashmagan chaqqon harakatlar bilan oʻzini suvga otdi va birpasda hozirgina Ixtiyondr koʻringan joyga suzib bordi va oyogʻini osmondan qilib suv ostiga shoʻngʻidi. Biz boʻlsak, yuragimizni hovuchlab bu yoqda turibmiz. Qandaydir bir necha daqiqa bir soatga choʻzilib ketganday boʻldi. Nihoyat, Xolxoʻjaning kallasi, keyin yelkasi, innakeyin u qoʻltiqlab olgan Ixtiyondrning boshi koʻrindi. Suyunib ketdik.

Joʻravoy aka bilagiga oʻrab olgan Xolxoʻjaning qarmoq ipini boʻshatarkan, norozi ohangda dedi:
— Choʻrtan ham uzib ketganga oʻxshaydi!

«Shu paytda choʻrtanga balo bormi», degandek unga qarab qoʻydim.

Xolxoʻja Ixtiyondrni sudragan koʻyi sohilga olib chiqdiyu, oʻzini qum ustiga tashladi. Hamma birdan gurr kulib yubordi. Ixtiyondrning choʻmilganda kiyiladigan kalta ishtoni yechilib boldiriga tushib yotar, oʻzi boʻlsa bundan bexabar, aftidan nima boʻlayotganini tushunmasdi.

Ma’lum boʻlishicha, Xolxoʻjaning barmoqday keladigan qarmogʻi Ixtiyondrning ishtoniga ilashib qolgan ekan. Boz ustiga qarmoq ipi pishiq emasmi, bola bechora chiqib ketolmagan. Biz boʻlsak, buyoqda 60 kilolik «Esosidae» choʻrtani ilindi deb, jon-holatda tortib yotibmiz, u boʻlsa ogʻzi-burni suvga toʻlib, uyoqda ishtonini qarmoqdan chiqarolmay garang, pitirlab yotgan ekan...

Toza kulishdik. Boyagi koʻngilgʻashlik ham, daryo domiga yutib yuborgan aroqlaru, bugungi baroridan kelmagan ovimiz ham unutildi-qoʻydi...

Shu yerlik Xolxoʻjaning tanish baliqchi ogʻaynilari dasturxon tuzashdi. Anchagacha «uxa» shoʻrvani xoʻplab, hangomalashib oʻtirdik. Qaytishimizda, har birimizga uchtadan bilakdek-bilakdek baliq sovgʻa qilishdi. Yoʻq, desak, qoʻyishmadi. «Ovdan quruq qaytish yaxshi emas», deyishdi...

* * *

Ochigʻi, men bu hangomalarni unutib yuborayozgandim. Qaysi kuni xonamda sigaret tutatib xayolga choʻmib oʻtirarkanman, tuyqusdan yozuv stolim ustidagi chigʻanoq pallasidan yasalgan kuldonga koʻzim tushdi-yu, beixtiyor oʻsha kungi ovimizni, Dallidaryoni, Joʻravoy akaga ilingan chigʻanoq, suvga choʻkkan shishalar va Xolxoʻjaning qarmogʻiga ilingan Ixtiyondrni eslab ketdim.

Va oʻsha kuni oʻzim hech narsa tutolmay qaytganim yodimga tushdi. Endi oʻylab qarasam, ovdan quruq kelmagan ekanman. Mening qarmogʻimga hikoya ilingan ekan.

Qanaqasiga, dersiz? Shunaqasiga-da! Siz yuqorida oʻqigan hangoma ana oʻsha kuni mening qarmogʻimga ilingan hikoya boʻladi...