OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Erkin Usmonov. Tuzoq (qissa)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifErkin Usmonov
Asar nomiTuzoq (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Erkin Usmonov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm69KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/23
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tuzoq (qissa)
Erkin Usmonov

Tosh barmoqlari orasida tutayotgan sigaret qoldigʻini kuldon chetiga bosib oʻchirdi-da, roʻparasida turgan yigitchalarga yer ostidan oʻqrayib qaradi va stol ustida yotgan tugunchaga imo qildi:
— Bu nima?

Yigitchalar tezda bir-birlariga qarab olishdi.
— Boya aytganim, oʻlja... — mingʻillab qoʻydi yigitchalardan biri — qoʻl-oyoqlari kalta, koʻzlari oʻynab turadigan Chittak laqabli oʻgʻri.

Tosh och degandek imo qildi.

Yoʻgʻon boʻyniga ingichka zanjir taqqan, sochlari joʻxoripopukka oʻxshagan sap-sariq bola chaqqonlik bilan tugunchaning uchlarini yoyib, yana oʻrniga borib turdi.

Tosh belidan rezin, ba’zilariga ip oʻtkazib bogʻlangan bir dasta eski yuz soʻmlik, ikki yuz soʻmliklarni koʻrib, xuddi bemaza narsa yegandek aftini burishtirdi-da, savolini qaytardi:
— Nima bu?
— Soqqa, — dedi Chittak iljayib.
— Men sendan soʻrayapman, Malla? — ovozini balandlatdi Tosh.
— Bugungi «ov»imiz shu boʻldi, Tosh aka, — deya Malla laqabli oʻgʻri koʻzlarini olib qochdi.
— Qaerdan oldilaring? — unga qattiq tikildi Tosh.
— Chorsu bozori oralab oʻtib ketayotuvdik, — dedi Chittak tirjayib. — Qarasak, bir chol bilan kampir bir-birini «podrujka» qilib ketishayapti. Qoʻllarida roʻzgʻor xalta. Ichida shu bor ekan. Oldik. Shu...

Bu gʻalati suhbatni, Toshning gap-soʻzlaridagi sovuq ohangni sezib, nariroqdagi pastak kursi yonida «durak» oʻynab oʻtirgan bir-biriga juda oʻxshash ikki yigit va qop-qora, basharasi sovuq yigit jim boʻlishdi.
— Qancha ekan? — soʻradi yana Tosh qoshlarini chimirgancha, qoʻllarini qovushtirib oʻtirarkan.
— Bilmadim? — yelka qisdi Malla. — Sanamadik...
— Koʻrinishidan yigirma-oʻttiz ming chiqib qoladi, — gapga qoʻshildi Chittak stol ustidagi pullardan koʻz uzmay.
— Kunlaring endi chol-kampirlarning pensiyasiga qoldimi? — istehzoli kulimsiradi Tosh. — Uyalmadilaringmi?
— Nega uyalish kerak? — tushunmadi Chittak bidirlab. — Ikki qoʻlni burunga tiqib qaytgandan koʻra, yaxshi-ku!
— Yomon! — stolga tap etib urib, oʻrnidan turdi Tosh va yigitchalarga roʻbaroʻ keldi. — Men senlarga nima deganman?

Hech kim javob bermadi.
— Kambagʻal, zoʻrgʻa sudralib yurgan bechora odamlarning pullariga tegmalaring deganmanmi? — koʻzlarida sovuq bir oʻt yaltirab ketdi Toshning. — Gapirlaring!
— Nima deymiz? — xoʻrsinib qoʻydi Malla boshini egib.
— Oʻl deysan, dard deysan! — toʻsatdan baqirib yubordi Tosh mushtlarini qisib. — Eplasang oʻgʻrilik qil, xoʻpmi?.. Boʻlmasa, ana katta koʻcha! Palosmi, namatmi yo kafanlik olishga tushgan chol-kampirning arzimagan pulini oʻmarib kelib, yana oʻlja deb oliftalik qilasan!

Yigitchalar indashmadi.
— Oʻgʻil bola boʻlsalaring, ana, beli sinmagan dollarlarni sanab oʻtirgan boyvachchalarni, koʻzini loʻq qilib xaridorning haqidan urib qoladigan savdogarlarni shilinglar! Olib borib beringlar buni!
— Qayoqqa? — hayron boʻldi Chittak.
— Katta xolangnikiga! — unga yeb qoʻygudek qaragan Toshning taqa moʻylovi asabiy titrab ketdi. — Eslaringda boʻlsin, gadoning dushmani gado boʻladi. Oʻgʻri oʻgʻrilarni shilishi kerak!
— Bir-birimizni demoqchimisan? — luqma tashladi qora yigit oʻrnidan turarkan.
— Sendan hech kim gap soʻragani yoʻq, Qora! — yelkasi osha unga xoʻmrayib qarab qoʻydi Tosh. — Sen bilan meni dogʻda qoldirib ketadigan oʻgʻrilar bor. Boʻyniga galstuk bogʻlaganmi, boshiga shlyapa kiyganmi, ahamiyati yoʻq. Ana oʻshalarni shilish kerak! — u shunday deb yana roʻparasidagi yigitchalarga oʻgirildi. — Bu pullarni kimning sumkasidan olgan boʻlsalaring, oʻsha joyga qoʻyib kelasanlar.
— Tosh aka... Shartmikan? — mingʻilladi Chittak lablarini qimtib.
— Menga qara, Chittak, — Tosh ovozini pasaytirdi, — agar yana bir marta shunaqa gap qilsang, patlaringni bittalab yulib tashlayman...

Chittak ma’qul ishorasini qilib, stol ustidagi pullarni yana roʻmolchaga tugarkan, nariroqda suhbatga quloq solib jim turgan Qora Toshga yaqinlashdi.
— Nima qilayapsan oʻzi, Tosh? — dedi norozi ohangda. — Qayoqqa yuborayapsan bularni? Qaysi kissavur oʻgʻirlagan narsasini joyiga qaytarib olib borib qoʻyadi? Qoʻlga tushib qolishsa nima boʻladi?
— Sen aralashma dedim, — dedi Tosh unga qaramay.
— Oʻzingni kambagʻalparvar, vijdonli qilib koʻrsatmoqchimisan? — kinoyali tirjaydi Qora tilla tishlarini yiltiratib. — Ming tovlanma, sen ham oʻzimiz qatori oʻgʻrisan!..

Tosh unga oʻgirildi-yu, indamadi. Sekin yoniga keldi.
— Yana? — dedi koʻzlarini qisib.
— Boʻldi.
— Yoʻq, boʻlmadi.
— Nima boʻlmadi? — xuddi uni mazax qilayotgandek atrofdagilarga namoyishkorona qaradi Qora.
— Mana bu! — tizzasi bilan uning chotiga tepdi Tosh.

Qora uh degancha bukchayib qoldi va hali boshini koʻtarib ulgurmay, jagʻiga tushgan kuchli zarbdan gurs etib agʻdarildi, ogʻzi-burnidan tirqirab qon otilib, tipirchilagancha yotib qoldi.

Xonadagilar qimirlashga, biron nima deyishga ham hayron edilar.
— Agar yana bitta shunaqa qichiq gap qilsang, chotingni yirib tashlayman, — Tosh shunday derkan, xoʻmraygancha Malla bilan Chittakka qaradi, — endi borib, aytganimni qilinglar. Tomosha tamom.

Yigitchalar shosha-pisha xonadan chiqib ketishdi.
— Hasan, — dedi Tosh bir-biriga oʻxshaydigan yigitchalarga qaramay. Ulardan biri yaqinlashdi.
— Eshitaman, Tosh aka.
— Sen anavi ikkalasining orqasidan sezdirmay bor. Qara! Agar biron oʻyin qilishmoqchi boʻlsa, yaxshilik kutishmasin.
— Xoʻp, aka, — Hasan shunday deya qoziqdagi kalta charm kurtkasini yelkasiga tashlab, eshik tarafga yurdi.

Eshik ochilib, yopildi.
— Husan, — dedi yana Tosh hamon yerda ingrab yotgan Qoraga jirkanganday tikilib.
— Labbay, aka? — Husan unga yuzlandi.
— Sen Qoraga yordamlash, yuz-qoʻlini yuvib olsin.

U shunday derkan, kulimsiragancha gapida davom etdi:
— Juda ishqalab yuvmasin. Qora narsa oqarib ketsa, tanimay qolmaylik tagʻin.
— Xoʻp boʻladi, — dedi Husan Qora tomon yurarkan.

Tosh labiga sigaret qistirdi-da, toʻpponcha shakldagi yondirgichni yoqib oʻt oldirdi va indamay eshikdan chiqib ketdi...

* * *

Shaharning xilvat bir burchagiga joylashgan, sirtdan qaraganda hech kimning diqqatini jalb etmaydigan, deraza oynalari sinib, qiyshayib qolgan katta eshigi tepasiga «Makulatura. Shisha. Plastmassa idishlar qabul qilish punkti» deb qingʻir-qiyshiq harflarda yozib qoʻyilgan koʻrimsizgina imorat va uning oʻnqir-choʻnqir, axlatxonani eslatuvchi hovlisi har joydan yigʻishtirib kelinadigan chiqindi, qogʻoz va idishlar makoniga oʻxshab ketar edi.

Atrofi beton devor-u temir panjaralar bilan oʻralgan bu chogʻroqqina hovli, toʻgʻrirogʻi, isqirt maydonchaning tevaragini changalzor yangligʻ chigal na’mataklar, malina butalari, katta-kichik daraxtlar qoplagani, ular oralab oʻtgan torgina yoʻlkaning adogʻi devor ortidagi Jinariq jarlariga ulanib ketgani va devorning bir qismini, darvoza oʻrnini bajaruvchi panjarali toʻsiqning ochilishi, u yogʻi jar yoqalab xalqa yoʻliga hamda shaharga chiqiladigan hududga olib borishi yetti uxlab hech kimning tushiga ham kirmaydigan gʻayritabiiy manzara edi. Bu narsa bu yerga mashina-mashina chiqindi qogʻozlar-u boʻshagan shisha, plastmassa idishlarni keltirib tashlaydigan haydovchilarning ham xayoliga kelmasdi.

Ana shu pastakkina, omonat uychaning aylanma tor zinalardan tushiladigan yertoʻlasi va u yerdagi manzarani koʻrgan kishining esa esi ogʻib qolishi tayin edi.

Yertoʻla bir necha katta-kichik xonalarga ajratilgan boʻlib, xuddi yerosti qasrining oʻzi desa, toʻgʻriroq boʻlardi.

Shohona bezatilgan hayhotdek mehmonxonaga kiraverishda katta konditsioner oʻrnatilgan, pastak shiftga osilgan billur qandilning koʻzni qamashtirguvchi shu'lasi devorlarga osilgan guldor gilamlarning sathida, oynavand shkafning oynalarida jilvalanar, qaerdandir magnitofondan turk estradasining shoʻx musiqasi quloqqa chalinar, ana shu musiqa hamda burchakdagi kamin ichidagi choʻgʻ va oʻtinlarning allanimadan choʻchigandek asta chirs-chirs etib qoʻyishigina bu yerdagi sirli sukunatni buzayotganga oʻxshardi.

Kamin roʻparasidagi tebranma yogʻoch kresloda doʻndiqqina bir juvonni tizzasiga olib oʻtirgan yoʻgʻon moʻylovli, polvonkelbat yigit ana shu «qabul punkti»ning va ayni chogʻda shu hududdagi kissavurlarning boshligʻi Tarlonning kayfiyati yaxshi emasligi turqidan sezilib turardi.

Shu topda guldor, harir xalatining yoqalari ochiq juvonning xuddi mushukdek oʻziga suykalishi, tarang koʻkraklarini ishqalab, uzun tirnoqli barmoqlari bilan sochlarini tarab, boʻynidan quchgancha oʻpib oʻtirishi ham Tarlonga yoqmas, goh qadahdagi konyakdan hoʻplab, goh sigaret tutatgancha xayolga choʻmib oʻtirardi.

Shu payt kiraverishdagi zina tarafdan kimningdir qadam tovushlari eshitilgandek boʻldi-yu, juvon sergaklandi. Keyin norozi qiyofada oʻsha tarafga qarab qoʻyib, xalatining yoqasini yopish barobarida yigitning tizzasidan tushib, oʻrnidan turdi.

Eshik taqillab ochildi va Toshning yuz bichimlari xuddi mumdan oʻyib ishlangandek chiroyli boshi koʻrindi.
— Ke, kel Tosh! — jilmaydi Tarlon kresloga oʻrnashib oʻtirarkan va shu lahzaning oʻzida yonida maishatini buzgani uchun Toshga chimirilib turgan juvonga ket degandek koʻzlari bilan imo qildi. Juvon uni tushundi-yu, xonaning qarama-qarshi burchagidagi, eshigiga bambuk parda tutilgan xona tarafga oʻtib, koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Tosh juvonning qaddi-qomatiga bir qarab qoʻydi-yu, kulimsirab Tarlonning roʻparasidagi kresloga kelib oʻtirdi.
— Maishatning beliga tepdim shekilli? — shunday deya eshik tomonga ishora qildi. — Xonimning kayfiyati buzildi.
— E-e, uni qoʻyaver, eski paypoqdek gap, — kuldi Tarlon stolcha ustidagi qadahlarga konyak quyarkan, — istalgan paytda yechib, axlatga tashlab yuboriladi. Oʻzingdan gapir! Ishlar qalay?
— Chidasa boʻladi, — Tosh shunday deya qadahlardan birini olib, bir koʻtarishda boʻshatdi-da, likopchadagi parraklangan limondan ogʻziga solarkan, Tarlonga qaradi, — chaqirtirgan ekansan, tinchlikmi?
— Tinchlik, tinchlik, — Tarlon sirli kulimsiradi. — Shundoq oʻzim. Bir basharangni koʻrgim kelib qoldi...
— Nimasini koʻrasan? — iljaydi Tosh labiga sigaret qistirar ekan. — Oʻsha bashara, oʻsha turq!..

Ular bir-birlariga ma’noli qarab, kulib yuborishdi. Keyin bir lahza jim qoldilar.

Tosh juvonning qaddi-qomatiga bir qarab qoʻydi-yu, kulimsirab Tarlonning roʻparasidagi kresloga kelib oʻtirdi.
— Maishatning beliga tepdim shekilli? — shunday deya eshik tomonga ishora qildi. — Xonimning kayfiyati buzildi.
— E-e, uni qoʻyaver, eski paypoqdek gap, — kuldi Tarlon stolcha ustidagi qadahlarga konyak quyarkan, — istalgan paytda yechib, axlatga tashlab yuboriladi. Oʻzingdan gapir! Ishlar qalay?
— Chidasa boʻladi, — Tosh shunday deya qadahlardan birini olib, bir koʻtarishda boʻshatdi-da, likopchadagi parraklangan limondan ogʻziga solarkan, Tarlonga qaradi, — chaqirtirgan ekansan, tinchlikmi?
— Tinchlik, tinchlik, — Tarlon sirli kulimsiradi. — Shundoq oʻzim. Bir basharangni koʻrgim kelib qoldi...
— Nimasini koʻrasan? — iljaydi Tosh labiga sigaret qistirar ekan. — Oʻsha bashara, oʻsha turq!..

Ular bir-birlariga ma’noli qarab, kulib yuborishdi. Keyin bir lahza jim qoldilar.
— Sen oʻgʻil bolasan, Tosh, — dedi Tarlon undan koʻz uzmay oʻtirarkan, chuqur tin olib, — seni mardliging, toʻgʻriliging, hech nimadan tap tortmasliging uchun yaxshi koʻraman. Senga ishonsa boʻladi.
— Erkaklar bir-birini maqtasa yarashmaydi, — dedi Tosh koʻngli nimanidir sezib, — maqsadga koʻch!
— Maqsad shuki... — Tarlon shunday deya lablarini qimtib qoʻydi, — Oʻzingning ham xabaring boʻlsa kerak... Seni qidirib yurishibdi. Hamma melisaxonalarga surating yopishtirib tashlangan.
— Bilaman, — dedi Tosh boshini egib.
— Bilishning oʻzi kamlik qiladi. Sharoitga qarab ish qilish kerak. Qachongacha kalamushdek biqinib yurmoqchisan?

Tosh noma’lum nuqtaga tikilgancha indamay oʻtirardi.
— Men senga oldin ham aytgandim, — Tarlon sigaret kulini qoqarkan, gapida davom etdi, — Oʻsha rejissyorga bekor tekkansan. Mana endi oʻsha hezalak xuddi birov zoʻrlab qoʻygan shallaqi xotindek toʻs-toʻpolon qilib yuribdi. Hali melisaga arz qilgan... Hali sen haqingda maza-bemaza gap-soʻzlar tarqatgan...
— Asli oʻshanda oʻldirib qoʻyaqolmaganimga achinaman, — uning gapini boʻlib, Tosh taassuf bilan bosh chayqadi.
— Bunaqa bemaza gapni gapirma, — uni jerkib tashladi Tarlon, — ikki yil oʻtirib chiqqaning kamlik qilayaptimi senga? Oʻzing bundoq ochilib gapirmasang! Jim yuraverasan...

Tosh unga nimadir demoqchi boʻlgandi, Tarlon qoʻlini siltab toʻxtatdi.
— Bilaman, uchraganga dardingni aytib, diydiyo qilib yurishni yoqtirmaysan. Shuning uchun ham seni hurmat qilaman. Aytmasang ham, hammasini oʻzim aniqlab oldim.

Tosh unga hayron boʻlib qaradi.
— Ha, bilasan-ku, razvedkam qattiq ishlaydi, — iljaydi Tarlon. — Qanaqadir ashulachi qizni deb oʻsha rejissyorga qoʻl koʻtarganingga sira aqlim yetmayapti. Sen bunaqa mayda emasding shekilli?
— Qanaqadir ashulachi qiz emasdi u, — dedi Tosh tomogʻiga nimadir tiqilgandek xirillab.
— Kim boʻlmasa? Oʻynashingmi?
— Yoʻq, singlim Zumradning dugonasi edi, — dedi Tosh oʻychan ohangda, — ikki oycha avval kechqurun oldimga yigʻlab keldi... Farid degan bir rejissyor shilqimlik qilib, tinchlik bermayotganini aytdi...
— Nima, zoʻrlab qoʻyibdimi? — kinoyali jilmaydi Tarlon undan koʻz uzmay.
— Yoʻq, — bosh chayqadi Tosh, — Hollivudda aktrisalar toʻshak orqali ekranlarga chiqishadi debdi.
— Bu nima degani? Hollivudning nima aloqasi bor ekan? — daf’atan tushunmadi Tarlon.
— Maraz bu gapi bilan «Bir kecha qoʻynimda yotasan... Menga oʻynash boʻlasan... Keyin seni televideniega olib chiqaman, kontsertlar programmasiga kiritaman. Kliplarga tushasan, videokassetalar tayyorlataman» demoqchi boʻlgan.
— Ashulachi qiz shunaqa chiroylimi? — unga sinovchan tikildi Tarlon.
— Ha. yomonmas, — dedi Tosh yana sigaret tutatib, — hali yosh. Endi oʻn toʻqqiz yo yigirmaga toʻladi. Talantli qiz deyishadi. Singlim bilan bir sinfda oʻqishgan. Yaqin dugonasi...
— Buni aytding, — dedi Tarlon sabri chidamay, — keyin-chi?
— Keyin, oʻsha qiz...
— Oti nima oʻzi? Barno ekanmi?
— Ha, — dedi Tosh taajjubini yashirmay, — Oʻsha qiz «menga yordam bering, jonimdan toʻydirib yubordi» deb yigʻladi. Otasi nogironlar aravachasida yuradigan bechoraholgina odam ekan. Shundan keyin rejissyor bilan gaplashib qoʻyishga toʻgʻri keldi...
— Uni soʻymoqchi, dorga osmoqchi boʻlibsanmi?
— Boʻlmagan gap. Buni uning oʻzi toʻqib chiqargan, — dedi Tosh jahl bilan.
— Bilmadim, — yelka uchirib qoʻydi Tarlon, — har holda, menga yetib kelgan ma’lumotlarga qaraganda, u melisaxonaga shunaqa deb yozgan.
— U iflosga qoʻlimning uchini ham tekkizmadim, — davom etdi Tosh. — Faqat sheriklarim bilan kechasi u dam olib yotgan uyga bordik. Karovatga qoʻl-oyoqlarini bogʻlatdim. Keyin ogʻziga paypogʻini tiqib, ustidan bir chelak benzin septirdim...
— Oshirib yuborgan ekansan, — kulib yubordi Tarlon.
— Aslida bu ham kam unga, — dedi Tosh lablarini qonatgudek tishlab.
— Keyin-chi?
— Keyin... Keyin ustiga benzin sepib, gugurt chaqdim, — dedi Tarlon oʻsha manzarani koʻz oldiga keltirib. — U boʻlsa xuddi tugʻayotgan xotindek pitirlab, koʻzlari kosasidan chiqib ketay dedi. Yonib turgan gugurt choʻpini ustiga tashlasam boʻldi edi...
— Unga shafqat qilgansan, shunaqami? — jilmaydi Tarlon.
— Yoʻq, — Toshning ovozi boʻgʻiq chiqdi, — osongina oʻlib, qutulib ketishini xohlamadim. Azoblanib yurishini koʻrgim keldi. «Bundan keyin biron qiz yoki ayolga bir ogʻiz gapirsang, shashlik qilib, kuydirib tashlayman. Kulingniyam topisha olmaydi» dedim. Shu xolos...
— Shu xolosmish! — bosh chayqadi Tarlon. — Uni oʻlgandan battar qilib qoʻyib...
— Asli oʻlishi kerak edi, — dedi Tosh alam bilan.
— Balki oʻshanda ustingdan arz qilib yugurib yurmagan boʻlarmidi? Hay, mayli! — Tarlon oʻrnidan turib, qoʻllarini bir-biriga urdi, — boʻlar ish boʻlgan. Lekin melisa senga qidiruv e’lon qilgani chatoq. Mayli, koʻp siqilma. Buni oʻzim tinchitishga harakat qilaman.
— Keragi yoʻq, — dedi Tosh tishlarini qisib, — boshpana berib turganingni oʻzi katta gap. Ishlarim sal tinchisa, ketaman. Rossiyagami, Qozogʻistongami... U yogʻi bir gap boʻlar.
— Ha, u yoqda «Tosh degan «avtoritet» qachon kelarkin?» deb seni quchoq ochib, kutib turishibdi! — dedi Tarlon koʻzlari yonib, — bunaqa ahmoq gaplarni qoʻy. Aytmoqchi, oʻsha rejissyorni koʻrdim. Faridmidi oti?
— Ha.
— Yuragi yomon boʻlib qolibdi, — iljaydi Tarlon, — kasalxonada yotib chiqibdi. Yurganda boshi bir tarafga qiyshayib-qiyshayib ketadigan kasalga uchrabdi. Nervi ishdan chiqqan boʻlsa kerak!.. Innaykeyin, ayollarni koʻrsa teskari qarab oʻtarmish...

Kulib yuborishdi.
— Har holda, ehtiyot yaxshi, — Tarlon birdan jiddiylashdi. — Doʻstdan dushman koʻp, buni bilasan. Boʻlmasa menga shu axlatxonada ishlab, nima zaril? Bir chekkada, xilvatda boʻlgani uchun yuribman. Negaligini tushunarsan?

Tosh ha degandek bosh qimirlatdi.
— Boʻpti, endi maqsadga koʻchaylik, — Tarlon Toshning yelkasiga qoʻlini qoʻydi, — men bor ekanman, hech narsadan choʻchima, ogʻayni. Seni ularga yem qildirib qoʻymayman. Aytmoqchi, yigitlar uyingga borib kelishdi...
— Xabarim bor, — deb qoʻydi Tosh sekin.
— Onang ham, singling ham seni uzoq safarda, biron mamlakatda tijorat qilib yuribdi deb oʻylasharkan, — xushnud ohangda gapida davom etdi Tarlon. — Bu yomon emas. Demak, hech kim sening bu yerda, Jinariqda ekanligingni bilmaydi. Xullas, yigitlar uyingga bir qopdan un, guruch, kartoshka, piyoz, yana allambalolar olib borib, «Tosh aka berib yubordi. Oʻzi tez orada kelib qoladi» deyishgan.
— Rahmat senga, — dedi Tosh unga minnatdorona nigoh tashlab.
— Yoʻq, men senga buni minnat qilayotganim yoʻq, — dedi Tarlon qoʻllarini orqaga qilgancha xonada u yoqdan-bu yoqqa yurarkan. — Biz ogʻaynimiz, shunaqami? Doʻstmiz, hamkasbmiz, toʻgʻrimi? Hamisha bir-birimizni qoʻllab yashashimiz kerak. Kel, shuning uchun beshta-beshta olamiz!

U shunday deya stolcha yoniga borib, qadahlarga «Brendi» quydi-da, bittasini uzatdi.
— Bir vaqtlar Sibir taraflarda lagerda boʻlganimda bir narsani kuzatganman, — gapida davom etdi Tarlon qoʻlidagi qadahda chayqalib turgan ichimlikka tikilgancha. — Bilasan, u yoqlarning shamollari, boʻronlari yomon boʻladi. Shuning uchun daraxtlarni bir-biriga yaqin, zich qilib ekisharkan... Tushunayapsanmi buni? Daraxtlar qattiq shamolda sinib ketmasligi uchun shunaqa biri-biriga suyab oʻstirilgan. Ular yiqilsa ham, yonidagilarga suyanib qolarkan...
— Yaxshi gap ekan, — dedi Tosh havas bilan boqib.
— Kel, shuning uchun olaylik. Biz ham oʻla-oʻlguncha oʻsha daraxtlarga oʻxshab bir-birimizni suyab yashaylik!

Ular qadahlarni toʻqishtirib ichishdi. Limon parraklaridan gazak qilishdi.
— Yaxshi gap aytayapsan-u, lekin baribir haliyam maqsadga oʻtmading! — dedi Tosh ogʻaynisiga yer ostidan qarab qoʻyib.
— Maqsadga shoshilma, — kuldi Tarlon, — undan koʻra ayt, nega Qorani urding?

Tosh hayron boʻlib qoldi.
— Darrov qayoqdan bila qolding?

Tarlon yana kuldi.
— Men senga boya razvedkam qattiq ishlaydi degandek boʻldim shekilli?
— Oʻzidan chiqdi, — dedi Tosh xoʻrsinib. — Agar yana bir marta yuvilmagan qoshiqdek oʻziga aloqasi yoʻq narsaga aralashaversa, mendan oʻpkalab yurmasin. U sirpanchiq bola. Xoin. Men bunaqa shiltalarga ishonmayman!
— Yaxshi-yaxshi, — dedi Tarlon kulimsirab, — bilarkansan... Lekin bilganingni bildirma. Koʻr! Koʻrmagandek yur! Eshit! Oʻzingni eshitmaganga ol! Senga necha marta aytaman buni! — u Toshning avzoyi oʻzgarayotganini sezib, yelkasiga musht urib qoʻydi. — Boʻpti, tumshayaverma! Kel, endi maqsadga koʻchaylik. Sen endi bunaqa ishlarni qoʻy, ogʻayni. Kissavurlik, birovlarning uyini tunash bilan xoʻp shugʻullanding. Endi bunaqa ishlar sening avtoritetingga yarashmaydi...

Tosh ogʻaynisi qandaydir muhim bir narsani aytmoqchi ekanligini sezib unga tikildi...

* * *

Malla bilan Chittak Chorsu bozori oralab borishar, vaqt peshindan oqqaniga qaramay bozor gavjum, chumolidek toʻzgʻigan odamlar orasidan yurish ham, oʻtish ham qiyin edi.
— Bu arining uyasida chol bilan kampirni topishni ayt endi! — dedi Chittak lablarini choʻchchaytirib.
— Toshning gaplarini eshitding-ku? — dedi Malla jiddiy ohangda. — Topish kerak!
— Allaqachon pulim yoʻqoldi deb dod-voy qilib yurgan boʻlishsa-chi? — atrofiga oʻgʻrincha nazar solib qoʻydi Chittak.
— Yoʻq, — dedi Malla, — hech gap boʻlmagan. Sezishmagan. Boʻlmasa «hidi» kelardi.

Ular yon atroflaridagi odamlardan koʻz uzmay ketib borisharkan, Chittak yana gap qotdi:
— Tosh Qorani yomon urdi-a?
— Sen ham shunaqa kaltak yemay desang, bidirlayvermay, tezroq yur! — qovogʻini uydi Malla.

Bozorlarning pana-pastqamlarini oʻgʻrilarchalik yaxshi biladigan odam yoʻq deganlaricha bor. Ular chorak soat oʻtar-oʻtmas yoʻl chetida yetaklashib borayotgan chol bilan kampirni topishdi. Chittak cholning qoʻlidagi sumkadan pul tugilgan roʻmolchani qanday chaqqonlik bilan olgan boʻlsa, shunday epchillik bilan joyiga solib qoʻydi. Bunga hatto Malladek tajribali oʻgʻri ham qoyil qoldi.

Buni sezgan Chittak mamnun iljayib qoʻydi:
— Profession de fua!..

Kulishdi.

Ular bozordagi son-sanoqsiz rastalar oralab, odamlarga turtilib-surtilib qaytisharkan, dugonasi bilan kulishib kelayotgan, sochlari laylakuya, qaddi-qomati kelishgan satang bir xonim bilmasdan Mallaning oyogʻini bosib oldi va hali uzr soʻrashga ulgurmay, Malla uni yelkasi bilan turtib yubordi. Xonim oh degancha nariga uchib ketdi. Agar shu lahzada Chittak ayolning bilagidan ushlab qolmaganda, oyoq ostiga yiqilishi aniq edi.
— Idiot! — dedi xonim lolaqizgʻaldoqdek qilib boʻyalgan lablarini burib va Chittakka qarab shirin jilmaydi:
— Mersi!
— Mersi, pardon, madam, — hiringladi Chittak va ayolning boʻynidagi qiyshaygan sharfini toʻgʻrilab qoʻyib, Mallaga ergashdi.
— Ayol kishigayam shunaqa qoʻpollik qiladimi? — dedi nariroqqa oʻtishgach.
— Ayolmas, qirchangʻi-ku! — xoʻmraydi Malla. — Shunaqalarni koʻrsam, koʻnglim ayniydi...

Ular shu taxlit eski shahar tarafga oʻtib borisharkan, Chittak afsus bilan bosh chayqadi:
— Shundoq qutlugʻ joydan quruq chiqib ketayapmiz-a?
— Boʻlmasa, ana, yana oʻsha chol-kampirning orqasidan chop! — ishshaydi Malla uni mazax qilib.
— Juda boʻlmaganda, mana buning ikkinchisini ham olganimda mayliydi, — iljaydi Chittak kafti orasidagi besh soʻmlik tangadek chiroyli tilla zirakni koʻrsatib.
— Qaerdan olding? — hayratini yashirolmadi Malla.
— Mersi madamdan! — dedi Chittak boshini orqaga irgʻab.
— Boya suyab qolganingda shilib boʻlgan ekansan-da? — sherigining epchilligiga hayron qoldi Malla.
— Nima, tep-tekinga suyab qolaveradi deb oʻylaganmiding?
— Ha, senga gap boʻlishi mumkin emas. Tarlon aka seni bekorga erkalatmaydi...
— U kishining shogirdiman-da, — dedi Chittak maqtanib.

Ikki oʻgʻrivachcha shu taxlit bekat tarafga ketisharkan, tepada, bozor oʻrtasidagi zinalarda turgancha oʻzlarini kuzatayotgan boshqa sheriklari — Hasanni sezishmadi...

* * *

— Gap bundoq, — dedi Tarlon Toshga sinovchan tikilib, — endi mayda-chuyda oʻgʻirliklarni yigʻishtir. Yosh bola emassan. Kattaroq ishlarga qoʻl urishing kerak.
— Masalan? — dedi Tosh oʻgʻriboshidan koʻz uzmay oʻtirarkan.
— Bir odamdan shikoyat tushdi, — dedi Tarlon oʻrnidan turib yana xonada u yoqdan bu yoqqa yurarkan, — yaxshi odam. Temiryoʻlda ishlaydi. Familiyasi Sobitov. Boshqa shaharlarga borib-kelib yurishlarimizga foydasi tegib turadi. Shu akaxonimizga yordam kerak.

Tosh gapning davomini kutib, indamay oʻtiraverdi. Tarlon esa buni oʻzicha tushundi shekilli, izohlashga tutindi:
— Men oʻzim bosh qoʻshgan boʻlardim. Xabaring bor... Hozir har qadamimni kuzatib turishibdi. Shuning uchun seni tanladim. Xullas, oʻsha Sobitovning uchta oʻgʻli bor. Kattasini uylantirib, «dom» olib bergan. U xotini, bolalari bilan alohida yashaydi. Akaxon qolgan ikkitasi bilan turarkan. Endi oʻrtanchasini uylantirib, hovli-joy qilib bermoqchi boʻlgan. Arzon, qulay joy surishtirgan. Topilgan. «Rohat» koʻli tarafdan toʻrt sotixli, imorati chala bitgan uy chiqqan. U a’zamxon degan bir fermerga qarashli ekan. Savdo-sotiq boʻlib oʻtgan. Sobitov ogʻzi qulogʻida xursand, uning qoʻliga kelishilgan ellik ming dollarni qistirgan. Qarabsanki, chuv tushgan...

Tosh qanaqasiga degandek, Tarlonga yalt etib qaradi.
— Ma’lum boʻlishicha, oʻsha uy-joyning hujjatlari chatoq, imorat noqonuniy qurilgan, hatto chizmasi ham BTIda tasdiqlanmagan. Buning ustiga a’zamxoning ukasi bilan oʻrtada talash joy ekan, — kulimsiradi Tarlon. — Sobitov shu yerda gʻoʻrlik qilgan. Ishni boshidan puxta qilmagan. Endi esa pulini qaytarib ololmay yigʻlab yuribdi.
— Shuni olib berish kerakmi? — dedi Tosh oʻgʻriboshining maqsadini tushunib.
— Ha, — bosh irgʻadi Tarlon, — temiryoʻlchi Sobitov buning uchun oʻn ming dollardan kechmoqchi. Qolaversa, hali bizga foydasi tegadigan odam. Biron qoʻshni davlatga chiqib ketayotganimizda qoʻllab yuboradi...

«Ana shunisi ayni muddao» koʻnglidan oʻtkazdi Tosh oʻzining koʻpdan beri boshqa yoqlarga bosh olib ketish rejasini eslab va Tarlonga qaradi:
— Qachonga?
— Iloji boricha tezroq, — dedi Tarlon. — Men Sobitovga shovqin solmaslikni, melisaga arz qilmaslikni tayinladim. a’zamxon aferis hozir Qibraydagi dachasida dam olayotgan ekan. Mana bu yerda manzili yozilgan, — u shunday deb kurtkasi choʻntagidan buklogʻliq qogʻoz olib uzatdi. — Yoningga kimni olish oʻzingning ishing. Mallanimi, Chittaknimi...
— Yoʻq, Hasan-Husanni olaman, — dedi Tosh oʻrnidan turib, — ertaga yoʻlga chiqamiz.
— Iloji boricha ehtiyot boʻl, — dedi Tarlon ham qoʻzgʻalib. — Esingda boʻlsin, sen qidiruvdasan. Niqob kiyib olish eslaringdan chiqmasin!
— Tushunaman. Xavotir olma, — dedi Tosh, — tong otmasdan yoʻlga chiqamiz.
— Unda oq yoʻl, — Tarlon shunday deya yana qadahlarga konyak quya boshladi.
— Yoʻq, rahmat. Boshqa ichmayman.
— Ol, ich! Bunaqa xayrli ish uchun ichilsa arziydi, — qadahni uzatdi Tarlon. — Oʻn ming dollar ham yerda yotadigan pul emas. Qani oldik!

Qadahlarning nozik jarangi burchakdagi magnitofondan taralayotgan yoqimli kuyga yoʻgʻrilib, allaqanday sirli ohangga aylanib ketgandek boʻldi...

* * *

Zumrad uylariga saharlab kelgan leytenant Sharipovni kuzatib qoʻyib, uyga qaytib kirarkan, ayvon derazasidan shu tomonga qaragani bilan yuz-koʻzlaridan nima boʻlganini anglay olmagani sezilib turgan onasiga koʻzi tushib, gʻalati boʻlib ketdi.
— Nima gap ekan, Zumrad? — sochlari barvaqt oqarib, yuzlariga erta ajin tushgan onasi bir nuqtaga tikilgancha soʻradi. — Melisami?
— Yoʻq, — bosh chayqadi qiz, — Oʻgʻlingizning ishxonasidan. Toshpoʻlat akamning oʻrtogʻi... — u shunday deb gap boshladi-yu, keyin nima deyishini bilmay, chaynaldi. — Kecha kartoshka-piyoz, un-guruch olib kelib berishuvdi-ku, oʻshalarning bittasi. Bir xabar olib oʻtay deb kiribdi. Yoʻli shu tomonga tushib qolgan ekan...
— Baraka topishsin, iloyim, — dedi ona hamon tek qotgancha kiprik qotmay turarkan. — Toshpoʻlat akang yaxshimikan ishqilib?
— Yaxshi. Xavotir olmanglar dedi, — shoshildi Zumrad, — hozir uzoqda ekan. Tez orada borib qolaman debdi, — dedi yana u koʻzlariga quyilib kelayotgan yoshni yutib va onasi tomon yurdi. — Kiring, oʻrningizga kiring, oyi. Nega darrov chiqib oldingiz?

U koʻzlari ojiz boʻlib qolgan onasini qoʻltiqlab oʻrniga olib kirib oʻtqizar ekan, ona uning yuz-koʻzi, yelkalarini silab, titroq tovushda dedi:
— Koʻnglim gʻash, bolam. Akangdan xavotir olayapman...
— Voy, nega unaqa deysiz? — Zumrad yolgʻondan kuldi. — Ana, kecha qancha narsa yuboribdi. Pul ham joʻnatibdi. Ming dollar-a? Hazilakam pul emas bu!
— Umridan baraka topsin, — ona siniq tovushda farzandlarini alqay ketdi, — Toshpoʻlatning boshi toshdan boʻlsin... Ikkovlaringning toʻylaringga yetkazsin, qizim!..

Zumrad onasini oʻrniga yotqizib, u yaxshi koʻradigan yagona ovunchoq — kichkina priyomnikni yostigʻi yoniga yoqib qoʻydi-da, hovliga chiqdi. Yugurgancha oshxonaga kirdi, oʻpkasi toʻlib, qoʻllari bilan yuzini toʻsgancha unsiz yigʻlab yubordi.

«Bu qanday koʻrgulik? Buncha peshonamiz shoʻr boʻlmasa? Qanday gunohimiz uchun bunaqa kunlarni ravo koʻrayapti xudoyim?..».

Zumrad es-es biladi. Juda yaxshi, ahil-inoq yashashardi. Ularning oilasiga hammaning havasi kelardi. Otasi taksi haydar, onasi allaqaysi nashriyotda matn teruvchi boʻlib ishlardi.

...Kech kuz edi. Kunlarning birida bir nechta odam koʻchadan bir kishini yomgʻirpoʻshda koʻtarib kirib kelishdi. Keyin bilsa, otasi ekan. Mashinasida jarga uchib ketib, qovurgʻalari sinib, boshi qattiq jarohatlanibdi. Dod-voy boshlandi. «Tez yordam» keldi. Militsiya. Oq xalatli kishilar otasini brezent zambilga solib olib chiqib ketayotganlarida otasi onasini imlab chaqirdi va unga nimadir deb shivirladi. Keyin bilsa, oʻzi oʻlim talvasasida yotaturib, «Oʻzingni, bolalarni ehtiyot qil, Xosiyat» degan ekan. U oʻsha kecha kasalxonada vafot etdi. Operatsiyadan chiqmadi...

Hammasi shundan keyin boshlandi. Onasi yozuv mashinkasi ustida uzun kechalari bosh koʻtarmay yozgani-yozgan edi. Keyinroq bir oʻzi bir nechta odamning oʻrniga ishlaydigan boʻldi. Musahhihlikni ham oldi. Ishdan keyin qolib, nashriyot binosini supurib-sidirib, farroshlik ham qildi.

Zumrad boshlangʻich sinfda oʻqirdi oʻshanda. Maktabni bitirish arafasida turgan Toshpoʻlat akasi esa oiladagi yoʻqchilikni, parokandalikni koʻrib, oʻqishni tashladi. Sabzavot bazasiga yuk tashuvchi boʻlib ishga kirdi. Koʻp oʻtmay uni ikki yashik pomidor oʻgʻirlaganlikda ayblab, ishdan haydashdi.

Shundan soʻng anchagacha koʻchada sandiraqlab yurdi. Allaqayoqlardan pul topib keladigan boʻldi. Zumrad keyin bilsa, kissavur bolalarga qoʻshilib ketgan ekan. Buni shundoq ham ezilib-sitilib yurgan, kecha-kunduz mashinka chiqillatib, koʻzlari borgan sari xiralashib borayotgan onasiga bildirmadi.

Bu orada yoz keldi. Toshpoʻlat akasi allaqayoqlardan eski velosiped topib kelib tuzatdi. Pochtachilikka ishga kirdi. Keyin ma’lum boʻlishicha, u pochtachilik bahona oʻgʻrilarga odamlarning uyi, xonalari qanday joylashgan, qay paytda uyda kim boʻlishini aniqlab berib yurarkan.

Bir kuni melisalar uni koʻchada ushlab, olib ketishdi. Ona-bola chirqillagancha qolishdi. Olti oy deganda mutlaqo oʻzgarib qaytdi. Endi uni tanib boʻlmas, koʻzlari bejo, qandaydir asabiy boʻlib qolgandi.

Oradan koʻp oʻtmay Jinariq tarafdan bir paytlar otasi haydab borayotgan taksining orqasidan oʻzining «Volga»si bilan urib, jarga uchirib yuborgan va qandaydir yoʻl bilan jazodan qutulib qolgan odamning oʻz mashinasi ichida yondirib yuborilgani haqidagi sovuq xabar tarqaldi.

Buni ham Toshpoʻlatdan koʻrishdi. Yana qamalib ketdi. Ikki yil deganda chiqdi.

Asablari qaqshab, gʻam-qaygʻu ezib tashlagan, mudom xatga tikilavergan onasining koʻzi esa oʻtmay qola boshladi. Bu paytda tibbiyot kollejida oʻqiyotgan Zumrad toza yelib-yugurdi, foydasi tegmadi. Onasi yarim yildan keyin koʻrmay qoldi.

Toshpoʻlat akasi qamoqdan qaytgach, hech qaerga ishga kirmadi. Yana avvalgi hamtovoqlariga qoʻshilib ketdi.

Akasining gʻalati odati bor edi. Qaerda boʻlmasin, oʻzi bir tiyinsiz, piyoda yursa ham roʻzgʻorni butlab qoʻyar, goʻshtmi-sabzimi, unmi-guruchmi olib kelib tashlardi. Keyin juda koʻngilchan, kamgap, ogʻir yigit edi.

Bir kuni aka-singil gaplashib qolishganda u qandaydir qabul punktida, bazada ishlayotganini aytib qoldi. Ammo qanaqa joy, qaerda joylashgan, u yerda nima ish qiladi, bu haqda lom-mim demadi...

Ikki oy burun esa... Zumrad oʻsha kunni eslasa, hali-hanuz butun vujudiga titroq yuguradi.

Oʻsha kuni kechqurun konservatoriyada oʻqiyotgan, yosh xonanda sifatida ogʻizga tushib qolgan yaqin dugonasi Barno kirib keldi. Yigʻlab-siqtadi. Toshpoʻlat akasiga qanaqadir Farid Rahimov degan rejissyor tegajogʻlik qilayotgani haqida qaqshab gapirdi. «Agar sizdaqa akam boʻlganda, bu yerga kelib oʻtirmasdim, — dedi. — Men ham Zumradga oʻxshagan singlingizman-ku! yoYordam bering!» deya yolvorarkan, oxirida «Boʻlmasa, oʻzimni oʻldiraman» deb qoʻshib qoʻydi.

Toshpoʻlat akasi Barnoni yaxshi bilar, yaxshi koʻrar, uning otasini ham tanirdi.

Xullas, yoniga ikki sherigini olib, oʻsha shilqim rejissyorning uyiga bostirib kiribdi. Ustiga bir chelak benzin sepib, yoqib yubormoqchi boʻlibdi.

Oʻsha-oʻsha Faridning qorasi oʻchdi-yu dahmazasi keyin boshlandi. U ustma-ust shikoyat qilavergandan keyin, militsiya Toshpoʻlat akasining iziga tushdi. Zumrad Farid Rahimov degan oʻsha qarimsiq rejissyorni oʻsha kezlarda koʻrdi. Uning boshi bir tarafga qiyshayib, u yoq-bu yoqqa qimirlab turadigan boʻlib qolgan ekan. Tibbiyot kollejida oʻqimaydimi, buning nimaligini sezdi...

Toshpoʻlat akasi uydan qochib ketdi. Oʻn-oʻn besh kundan keyin uyga qoʻngʻiroq qildi. «Men safarga ketayapman. Xavotir olmanglar. Onamga qara» dedi-yu gʻoyib boʻldi qoldi. Oradan ikki oy oʻtdi. Militsiyadagilar toza qidir-qidir qilishdi, ammo akasining izini ham topisholmadi.

Faqat... Faqat ikki-uch kun burun Zumrad onasiga dori-darmon olib kelayotib, yoʻl chetidagi mashinada kim bilandir gaplashib oʻtirgan tilla tishli, qop-qora yigitni koʻrdi. Yigit tanishdek tuyuldi. Ammo qaerda koʻrganini eslayolmadi. Keyin, aniqrogʻi bugun kechasi akasining kiyimlarini taxlayotib, uning ba’zi suratlarini tartibga solayotib bir rasmga koʻzi tushdi va gʻalati boʻlib ketdi. Unda besh-olti yigit pivoxonadami, qahvaxonadami, xullas dasturxon atrofida oʻtirishar, akasining yonida Zumrad qaysi kuni koʻchada koʻrgan yigit ham iljayib oʻtirardi...

Oʻsha kuni akasini izlayotgan leytenant Sharipovga qoʻngʻiroq qildi. Bugun ertalabdan nozir yigitning kelishiga ham shu sabab boʻlgan edi aslida.

Bundan tashqari, oʻn kuncha burun Zumradning togʻasi nevara toʻyi qilgan va ertaga dasturxon yoziladigan kuni yarim kechada allaqayoqdan paydo boʻlib qolgan Toshpoʻlat akasi bitta qoʻy, bir qopdan un bilan guruch, pul tashlab, togʻasi-yu boshqalarni hayron qoldirib, yana qanaqadir mashinada gʻoyib boʻlgan edi. Oʻsha kuni jiyanlaridan biri mashinaning «Damas» ekanligi, ammo qorongʻida uning rangini ajratib, nomerini koʻrolmaganini aytdi. Bu narsa ham nozirga qoʻl keldi. Hammasini soʻrab-surishtirib yozib oldi. Toshpoʻlat akasining bu ishiga hayron qolgani haqida gapirdi.

Yoʻq, Zumradning akasini tutib berish niyati yoʻq. Faqat uni koʻrish, onasi bilan uchrashtirish, tavbasiga tayanib, uyda boʻlishini xohlar, uylanishini, shundoq ham huvillab qolgan hovlisi yana toʻlishini istardi xolos.

U leytenant Sharipovga koʻzda yosh bilan shular haqida gapirdi. Nozir yigit boʻlsa uning koʻngliga dalda beradigan bir ogʻiz gap aytdi.

«Jarda mashinasi bilan yondirib yuborilgan va otanglarning oʻlimiga sababchi boʻlgan odamning qotili aniqlandi, — dedi sekin. — Uni oʻzining tugʻishgan ukasi oʻldirgan ekan... Aka-uka koʻpdan beri uy-joy talashib, yoqalashib yurisharkan. Bu yerda Toshpoʻlatning aybi yoʻq. Lekin baribir oppoq emas. U ichki ishlar boʻlimining roʻyxatida turadi. Buning ustiga qochib yuribdi. Shuning oʻziyoq juda koʻp jinoyatlarda uning ham qoʻli yoʻqmikan degan shubhaga asos boʻladi. Ammo oʻzi kelib boshqarmaga borsa hammasi boshqacha boʻlardi...».

Zumrad bu gaplarni eshitib, shunday yengil tortdiki, beixtiyor nozir yigitning boʻynidan quchib olgisi kelib ketdi.

Shu kuni bir yigʻlab, bir kulib vaqt oʻtkazdi. Ammo bu gaplar haqida hech kimga hech narsa demadi...

* * *

Tarlon «qonundagi oʻgʻri»lardan hisoblanmasa ham, jinoyatchilar orasida ozmi-koʻpmi oʻz oʻrniga ega kishilardan sanalardi. Aslida u allaqaysi bir akademikning oʻgʻli boʻlib, onasi oʻlib, otasi yoshgina bir aspirant juvonga uylanganidan keyin uydan chiqib ketgan, oʻsha-oʻsha qaytib bormagandi. Keyin maktab-internatda oʻqidi. Bezoriligi uchun u yerdan haydaldi. Oʻzidan katta kishilarga qoʻshilib, Kajarov dashtlariga, qandaydir arxeologik ekspeditsiyaga yer qazuvchi, yuk tashuvchi boʻlib ketdi. Oʻsha yerda bir xumcha oltin-kumush tangalar topilib qolib, sheriklari bilan talashib, bir arxeolog yigitning boshiga belkurak bilan urib oʻldirib qoʻydi. Aslida u oʻzi urdimi, boshqa birovmi, aniq eslayolmaydi. Hatto organ xodimlari ham bunaqa vahshiyona ishni yoshgina oʻspirin qilishi mumkinligiga shubhalandilar va shunga qaramay, boshqalarni qamoqqa, uni esa tarbiyasi ogʻir bolalar koloniyasiga joʻnatishdi.

Tarlonning koʻzi shu yerda ochildi. Hayot jungliga oʻxshagan bir oʻrmon ekanligini, agar sen oʻz ulushingni yulib ololmasang, boshqalar oʻzingni ham burdalab tashlashlarini, hayotda yo zaring yo zoʻring boʻlishi kerakligini anglab yetdi. Taassufki, uning zari yoʻq. Shuning uchun zoʻrlikka zoʻr berdi. Sport bilan shugʻullandi. Boksni oʻrgandi. Dzyudo, kikboksingga mehr qoʻydi va tezda butun koloniyani qoʻlga oldi. Oʻzi tengi hamda yoshi katta oʻspirinlar u yot desa yotadigan, tur desa turadigan boʻlishdi.

Shunday kunlarning birida u bir necha sheriklari bilan koloniya joylashgan posyolkadagi doʻkonga oʻgʻirlikka tushdi. Bor-yoʻgʻi uch-toʻrt shisha vino, besh-oltita konserva, kolbasa va non olishdi xolos. Ammo doʻkon mudiri, qirq yoshlardagi tannoz xotin «Bir million soʻmlik mahsulot oʻgʻirlangan. Seyfdagi besh yuz dollarni ham oʻmarib ketishgan» deb turib oldi. Buni bolalarning boʻyniga qoʻydi.

Tarlon va uning sheriklarini qattiq jazolashdi. Koloniya izolyatoridan bir qadam chiqarmay qoʻyishdi va oʻsha satang xotinning tuhmati unga yomon ta’sir qildi. Undan bir kuni qasos olishga qasam ichdi...

Oradan yarim yilcha oʻtgach otasi koloniyaga kelib, uni olib ketmoqchi boʻldi. Ammo Tarlon rozi boʻlmadi. Shunday kunlarning birida u yoniga ikki sherigini olib, oʻsha doʻkonga bordi. Qanaqadir bayram arafasi, hamma oʻzi bilan oʻzi ovora boʻlib yurgan kezlar edi.

Satang mudir endi doʻkonni yopib, ichkarida oʻziga oʻxshagan tannoz qizi bilan hisob-kitob qilayotgan ekan. Bostirib kirishdi. Satang dod-voy qilishga ham ulgurolmadi. Uni urib hushidan ketkazib, qizini ogʻzini bogʻlab zoʻrlashdi. Keyin stol ustidagi dasta-dasta pullarni olib, toʻrt tarafga qochib ketishdi.

Tarlonni oradan uch oy oʻtgach, vokzalda ushlab olishdi. U xorij davlatlaridan biriga qochish payida yurgandi. Omadi kelmadi. Uni qamoqqa tiqishdi.

Bir paytlar oʻzi bilan arxeologik ekspeditsiyada ishlab, tilla talashib qamalgan kishilar bilan shu yerda yana uchrashib qoldi. Ularning ikkitasiga qoʻshilib, granit qazilayotgan kondan qochishga muvaffaq boʻldi. Bu safar Rossiya taraflarga yoʻl oldi. Uni oʻshayoqda qoʻlga olishdi. Yana qamashdi va bu gal Sibirga yuborishdi. Qaytganida, oradan bir necha yillar oʻtgan, aksiga olib shaharda qandaydir yomon jinoyat sodir etilgan boʻlib, unda ham Tarlonning qoʻli bor deb yana qamoqqa tiqishdi. Ana shu yerda oʻzi tengi Toshpoʻlat degan yigitcha bilan tanishdi, koʻp oʻtmay aka-ukadek boʻlib ketishdi.

Mana endi, oʻshandan beri Tosh bilan birga. Endi u tulkidek ayyor, qoplondek chaqqon, ilondek aqlli boʻlib qolgan, oʻtgayam-choʻqqayam oʻzini behudaga uravermasdi.

Tarlon otasining oʻlimidan keyin oʻgay onasining oldiga borib, oʻzining haqini talab qildi. U esa Tarlonning ta’rifini eshitgan boʻlsa kerak, qoʻrqqanidan yap-yangi «Jiguli»ning kalitini tutqazib, uydagi bor puli-yu tilla taqinchoqlarini chiqarib berdi. Shundan keyin Tarlon unga, agar miq etmay yursa, qayta uchrashmasliklarini ta’kidlab, chiqib ketdi.

Avvaliga doʻkon ochmoqchi boʻldi. Keyin tinchgina qogʻoz va boʻsh idishlar qabul qiladigan punktni qoʻlga oldi. U bunaqa koʻz ilgʻamas joylardan katta foyda qilish mumkinligini lagerda yurgan kezlariyoq eshitib, qiziqib qolgan edi.

Haqiqatan ham, xazinaga duch kelgandek boʻldi. Bir necha yuk mashinalari shaharning turli burchaklaridagi punktlardan barcha qogʻoz chiqindilarini olib keladi. Tarlon shahar chekkasidan tanlagan maydonchada ular yollangan kishilar tomonidan tozalanib, ajratiladi. Keyin kerakli odamlarning oʻzi qogʻozlarni kombinatga, shisha va plastmassa idishlarni qayta ishlash korxonalariga olib ketishadi. Chetdan qaraganda yoqimsizroq, uncha-muncha odam mensimayroq qaraydigan mashgʻulotga oʻxshab koʻrinadi-yu, aslida jaraq-jaraq pul!

Buning sirini faqat Tarlonning oʻzi biladi. Buni hech kimga, hatto qadrdoni Toshga ham aytmagan. Ustiga-ustak shahardagi bir guruh oʻgʻrilarga ham shu yerdan boshpana berib, qabul punktining ishchisi deb hujjatlashtirib qoʻygan. Ulardan ham yaxshigina choʻtal tushib turadi. Ba’zan bugun Toshga topshirganga oʻxshash «razborka»larga ham aralashadi. Ammo bu ish juda qaltis. Shuning uchun bu safar koʻp sinovlardan oʻtgan Toshga topshirgani ham shundan. Boshqalarga ishonch yoʻq.

Umuman olganda Tarlonning hayoti yomon emasdi. Oʻrikzorda ikki qavatli shohona hovli-joy, shahar markazida besh xonali kvartirasi bor, ammo shunga qaramay u koʻpdan beri biron mamlakatga bosh olib ketish xayolida yashardi. Shuning uchun pul yigʻar, shularni oʻylab kechalari uyqusi qochib ketar, na ichkilik, na tamaki, na nasha, na chertib-chertib, tanlab olib kelinadigan jononlar ham hovuridan tushira olmasdi...

Tarlon shularni xayolidan oʻtkazgan koʻyi sigaret tutuniga koʻmilib oʻtirgan paytda stolcha ustidagi qoʻl telefoni jiringlab qoldi. Telefonni qulogʻiga tutarkan, u tomondagi odamning ovozini eshitib, birdan avzoyi oʻzgardi:
— Bu nima deganing? Nega bilmaysan? Qurilishdan olgan boʻyogʻ-u kafellarni qogʻozga koʻmib, ustidan chiqindi bosinglar, vassalom... Shuniyam oʻrgatishim kerakmi? — soʻkindi u. — Qorovulga besh-oʻn ming qistir. Ana boʻlmasa, qirq-ellik ming ber! Undayam boʻlmasa, soʻyib tashla! Javobini oʻzing berasan! Boʻldi, tamom!..

U telefonni oʻchirib joyiga qoʻydi-da, uf tortib, kresloga suyandi. Asabiylashib kresloni mushtladi.
— Oddiy narsaniyam eplolmaydi soʻtaklar! — dedi tishlarini gʻijirlatib. — Hammangni oyogʻingdan osish kerak oʻzi, hezalaklar!..

Oldiga bambuk parda tutilgan xonadan boya kirib ketgan juvon chiqib keldi va tamanno yurish qilib, unga yaqinlashdi. Tizzasiga oʻtirib, navozish bilan yuz-koʻzlarini siladi.
— Sizga asabiylashish mumkin emas, shef! — dedi erkalanib. — Qanaqadir ahmoq odamlarning ahmoq gaplariga kuyunavermang, jonim!..
— Bu gaping toʻgʻri, Tamara, — Tarlon shunday deya jilmaydi. Keyin ayolning tomogʻidan oʻpib, yuziga shapatilab qoʻydi, — bor, sen saunaga kirib tur, hozir boraman!

Ayol sekin oʻrnidan turib, eshik tarafga yurarkan, Tarlon uning orqasidan xayolchan tikilgancha qoldi...

* * *

a’zamxonning dachasini topish qiyin boʻlmadi. Faqat yoʻl-yoʻlakay bir nechta joyda turgan melisalargina Toshning gʻashiga tegdi. Haytovur toʻxtatishmadi. Boz ustiga ertalabdan havo sovub ketdi. Quloq-burunlarni achitib izgʻirin esib turar, yoʻlda Tosh, Hasan-Husan va haydovchi Styopa oʻtirgan «Neksiya»dan boshqa mashinalar ham koʻp edi.

Chelak koʻtarib ketayotgan bir ayoldan a’zamxonning dachasini soʻrashgan edi, u bu atroflarda ancha taniqli shekilli, koʻrsatib berdi.

Oʻziyam allambalo, ertaklardagi qasrlarga oʻxshagan dangʻillama hovli ekan. Ikki qavatli. Balkonlari bor. Orqa tarafda bogʻ, basseyn. Hammayoq saranjom-sarishta.

Husan devordan oshib tushdi-yu, irillagancha oʻzi tarafga yugurib kelayotgan eshakday itni shartta boʻgʻizlab tashladi. It boʻy baravar sakrab, tipirchilagancha qonga belanib qoldi.

Tosh bilan Hasan sharpadek tovush chiqarmay ichkariga oʻtishdi.

Itning irillagan tovushini, shovqinni eshitgan boʻlsa kerak, uy egasi chiroqni yoqdi. Butun hovli yorishib ketdi. a’zamxon deganlari shu boʻlsa kerak, yoʻgʻon gavdali, basavlat odam balkonga chiqib, u yoq-bu yoqqa qaradi. Keyin chiroq oʻchdi. Hasan sekin eshikni taqillatdi. Yana chiroq yondi. Kimningdir zinalardan tushib kelayotgan asabiy tovushi eshitildi. U ichkari eshikni ochishi bilan semiz baqbaqasiga Husanning hozirgina itni boʻgʻizlagan, qon yuqi hali qotmagan dudama xanjari qadaldi.
— Ovozingni chiqarma! — dedi Tosh sekin.
— Siz...larga nima k...kerak? — dami ichiga tushib ketdi a’zamxonning.
— Uyda yana kim bor? — soʻradi Hasan ovozini pasaytirib.
— Hech kim yoʻq... Oʻzim... — dedi a’zamxon angrayib.
— Ichkariga kir, — dedi Tosh uning biqiniga musht urib.

a’zamxon ihragancha yoʻl boshladi, keyin baqirmoqchi, qoʻni-qoʻshnilarni yordamga chaqirmoqchi boʻldimi, deraza tarafga oʻtgandi hamki, Toshning mushti uni yerga qulatdi.
— Ogʻziga paypogʻini tiq! Kamari bilan qoʻlini bogʻla! — buyurdi Tosh shoshilib. — Keyin tepaga olib chiqinglar!..

Zum oʻtmay ogʻziga paypoq tiqilib, qoʻl-oyoqlari bogʻlangan a’zamxon koʻzlarini ola-kula qilgancha yerda yotardi.
— Gapni choʻzib oʻtirmaylik, — dedi Tosh sovuqqina qilib, — temiryoʻlchi Sobitovdan uy-joyni sotaman deb aldab shilib olgan pulingni olib ketgani keldik. Bunaqa gʻirromlik qilish yaxshi emas, amaki.

a’zamxon nimalardir deb gʻudrandi. Hasan xuddi jirkangandek, uning ogʻzidagi paypoqni sugʻurib oldi.
— Menda hech qanaqa pul yoʻq... — xirilladi jonholatda a’zamxon. — Hech qanaqa Sobitovni tanimayman!..
— Unaqada eslatib qoʻyishga toʻgʻri keladi, — dedi Tosh va yigitlarga imo qildi.

a’zamxonning ogʻziga yana paypoq tiqildi. Husan qoʻshni xonadan dazmol olib chiqib elektrga uladi, keyin Toshning ishorasi bilan a’zamxonning koʻylagini koʻtarib, sap-sariq jun bosgan, semiz qorniga qoʻydi.

a’zamxon koʻzlari qinidan chiqib ketgudek boʻlib, pitirladi. Dazmol surilib yerga tushdi.
— Agar yana bir marta qilt etsang, dazmolni nahs basharangga qoʻyaman! — dedi Tosh unga oʻqrayib.

Dazmol yana uning qorniga qoʻyildi va zum oʻtmay a’zamxon tipirchilab xirilladi.
— Ogʻzidan paytavasini ol-chi! — dedi Tosh.

Hasan buyruqni bajarishi bilan u tupurib soʻkindi:
— Bu... ishlaring uchun... javob berasizlar!
— Avval sen bizning savolimizga javob ber, — dedi Tosh uning ustiga engashib, — gapir, pullar qaerda?
— Pul yoʻq, — dedi a’zamxon yuzini teskari burib.

Tosh uning basharasiga musht tushirdi. a’zamxonning sap-sariq basharasi qip-qizil qonga boʻyaldi.
— Dazmolni bos! — shipshidi Tosh Husanga.

Husan qizib turgan dazmolni shosha-pisha a’zamxonning qorni ustida u yoqdan bu yoqqa sura boshladi.
— Ol!.. Boʻldi! — degandek xirilladi a’zamxon.
— Avval pul! — dedi Tosh xotirjam tovushda.

a’zamxon unga yeb qoʻygudek qarab, ichkari xonaga imo qildi va yorilib goʻshtga aylangan lablari arang shivirladi:
— Shkafning tagidagi polning ichida...
— Ichingdan pishgan ekansan, — dedi Tosh kulimsirab va uning ogʻziga yana paypogʻini tiqib qoʻyib, yigitlarga yordamlashgani ketdi.

Shkaf surilib, tagidagi pol taxtalari koʻz ochib-yumguncha sugʻurib tashlandi. a’zamxon rost aytgan ekan. Pol ostiga tunuka qoplab maxsus ishlangan joy naq xazinaning oʻzi edi. Dasta-dasta pullar, tilla taqinchoqlar, javohirlar...

Hammasi toʻrvaga solindi.
— Bularning hammasini shunaqa muttahamgarchilik bilan, odamlarni qon qaqshatib topganmisan? — soʻradi Tosh a’zamxonga koʻzlarini qattiq tikib.

a’zamxon nimadir demoqchi boʻlib gʻoʻldiradi. Yana paypoqni olishga toʻgʻri keldi.
— Sobitovnikini olib... qolganini joyiga qoʻyinglar... — yolvordi u koʻzlari yoshlanib.
— Bekorlarni aytibsan, — kinoyali iljaydi Tosh va uning ustiga engashdi, — joning qancha turadi oʻzi?

a’zamxon indamay koʻzlarini yumdi.
— Unaqada ellik ming dollar olib, qolgan hammasini ogʻzingga tiqib ketamiz, — dedi sovuq ohangda. — Hazm qilib yotaverasan!
— Kerakmas ... — deya bosh chayqadi a’zamxon.
— Nima kerakmas? Jonmi, pulmi? — tirjaydi Hasan.
— Pul kerakmas... Tirik qolsam boʻldi, — behol shivirladi a’zamxon kuygan qornini silab.
— Agar bu ishning sal isi chiqsa, tamom! — shivirladi Tosh. — Dazmol hech nima emas, qizib turgan qoziqqa oʻtqazib ketaman!..

a’zamxon koʻzlarini nim yumib, xoʻp ishorasini qildi.

...Ular yuzlariga tutgan niqoblarini yechib, qaytayotganlarida allaqachon tong otgan, tuman tarqalib, sharqdagi koʻkimtir togʻlar ortidan quyosh chiqa boshlagan edi...

* * *

Zumrad bilan Barno tufli olish dardida toza shahar aylanishdi. Otchopar-u Chorsu bozorigacha borib kelishdi.

Ikki dugona koʻpdan beri koʻrishmaganlari uchunmi, bir-birlarini sogʻinishgan, shuning uchun sira gaplari tugamas, charchoqni ham sezishmasdi.

Nihoyat, Chorsu bozoridan chiqib kelayotganlarida Zumrad uzoqdan kimgadir tuyqus koʻzi tushdi-yu, ilonni koʻrgan baqadek toʻxtab qoldi. Keyin Barnoni sudragandek boʻlib, «yur, yur» degancha, boshlab ketdi.

Uzoqdan odamlar orasida lip etib koʻringan malla yigitchani qaerdadir koʻrgandek boʻlgandi, shu topda kuni kecha Toshpoʻlat akasi bilan uning yelkasiga qoʻl tashlab suratga tushgan oʻspirin shu ekanligini xotirlab, beixtiyor orqasidan ergashdi.

Malla bilan Chittak ham koʻp oʻtmay buni sezmay qolishmadi.
— Ketvorgan qushchalar ekanmi? — dedi Chittak tanglayini taqillatib.
— Menga oʻzi emas, tilla ziraklari bilan duri, anavisining agar tilla boʻlsa soati kerak, — dedi Malla tishlari orasidan chirt etib tupurib.
— Menga oʻziyam boʻlaveradi! — hiringladi Chittak.
— Koʻzdan qochirma! — shipshidi Malla eskishaharning achchiq ichakdek uzun, tor koʻchalari tarafga burilisharkan orqasiga qarab. — Oʻzlari ham shu tomonga kelayotganga oʻxshaydi...

Ular shu yerda, xilvat torkoʻcha ogʻzida toʻqnash kelishdi.
— Qalaysizlar, oppoq qizlar? — dedi Chittak koʻzlarini suzib.
— Siz soʻragandan beri yaxshi, — dedi Zumrad Malladan koʻz uzmay.
— Balki bironta kafega borarmiz? — dedi Chittak mahmadonagarchilik qilib.
— Yur, Zumrad, ketaqolaylik, — qoʻrqib ketdi Barno begona yigitchalarning bejo koʻzlariga koʻzi tushib.
— Ketganlar qaytib kelmayapti, yaxshi qiz, — tirjaydi Malla Barnoning kelishgan qaddi-qomatiga suqlanib va yoniga yaqinlashdi, — mana bu dur chinakammi yo?..
— Qoʻlingni tort! — dedi Zumrad unga oʻqrayib.
— Hay-hay-hay! Sekinroq, yaxshi qiz, xuddi ovozingizni radiodek oʻchirib qoʻyaman-a? — u yoq-bu yoqqa xavotirlanib qarab qoʻydi Chittak va yonidan tugmachali pichogʻini chiqardi.
— Yaxshilikcha taqinchoqlarni yechasanlar, yo oʻzim quloqlaringga qoʻshib uzib olaman!

Zumrad voqeaning bunaqa tus olishini kutmagandi, dovdirab qoldi va indamay ziraklarini yechib unga tutqazarkan, Chittak shap etib uning bilagiga yopishdi:
— Soat qolmasin, yaxshi qiz, soat!..

Zumrad lablarini qonatgudek tishlab, soatni ham yechib berdi.
— Militsiyaga aytamiz, — dedi Barno yigʻlagudek boʻlib boʻynidagi marjonni yecharkan. — Ma ol, maraz!
— Melisaning prostoyigamas, kattasiga ayting, koʻzidan! — iljaydi Chittak marjonni olib choʻntagiga solarkan va sherigiga qaradi. — Ungacha biz Kanada chegarasigacha yetib olamiz!

Malla sherigini tushundi va ikkovi kutilmaganda ikki tarafga qochib qolishdi. Zumrad shoshganidan qay birining ortidan quvishni bilmay, bir gangidi-yu keyin Malla qochgan tarafga yugurdi. Ammo yetolmadi. U jinkoʻchalar ichida gʻoyib boʻlgan edi.
— Nega baqirmading? Nega indamay taqinchoqlaringni yechib berding? — alamidan qaqshadi Barno.
— Oʻzing-chi, nega oʻzing indamading? — dedi Zumrad rangi devordek oqarib.
— Toʻgʻrisi, pichogʻidan qoʻrqdim, ulardan hamma narsani kutsa boʻladi, — dedi Barno koʻzlari yoshlanib.
— Mayli, kelgan balo-qazo shularga ursin, — dedi Zumrad, — xudo bir asradi...

Ular yana bekat tarafga kelisharkan, Barno hamon dugonasining gʻayritabiiy harakatlarini tushunolmay garang edi.
— Nega oʻzing birdan shu oʻgʻrilarning orqasidan ergashding, Zumrad? — deb soʻradi u qayta-qayta.
— Anavi mallasini kimgadir oʻxshatdim, — dedi nihoyat Zumrad sekin. — Nazarimda, u Toshpoʻlat akamninig qaerdaligini biladi.
— Sen buni qayoqdan bilasan? — hang-mang boʻlib qoldi Barno.
— Koʻnglim sezib turibdi, oʻrtoqjon, — dugonasining yelkasiga bosh qoʻyib yigʻlab yubordi Zumrad. — Faqat sen marjoningga achinma, xoʻpmi?
— Yoʻgʻ-e, oʻzi arzimagan pul turadi. Rangli shishadan yasalgan, — jilmaydi Barno, — chinakam dur boʻlganda, mana deb qoʻliga berib qoʻyarmidim?
— Iltimos, faqat bu voqeani, bu gaplarni hech kimga aytma, xoʻpmi? — yalindi yana Zumrad.
— Xoʻp-xoʻp, faqat yigʻlama.
— Juda qiynalib ketdim, oʻrtoq, judayam... — piqilladi Zumrad.

...Va ikki dugona bir-birlarini quchgancha soʻzsiz turib qoldilar...

* * *

Qabul punktida ertalabdan asabiy vaziyat hukmron edi.

Kimdir chekayotgan sigaretini oʻchirmay tashlab oʻtganmi yo yuk olib kelgan haydovchilar aybdormi, ishqilib xalq orasida «Makulatura» deb nomlangan maydonga oʻt tushgan. Hovli etagiga togʻdek uyulgan tonna-tonna qogʻozlaru son-sanoqsiz baklashkalar gurullab yongan va ajdahodek koʻkka oʻrlagan alanganing bir uchi punkt joylashgan imoratga ham yetib kelgan...

Bu orada kimdir «chaqqonlik qilib» oʻt oʻchiruvchilarni chaqirgan. Yongʻin oʻchirilgan. Lekin oʻt oʻchiruvchilardan birining oʻligi topilgan...

Ana shu narsa vaziyatni yanada murakkablashtirib yubordi.

Shu kuni Tarlon qanaqadir yumush bilan saharlab Chimkentga ketgandi. Ertasiga kelib, tutaqib ketdi. Hammani toʻplab, qisqagina «yigʻilish» oʻtkazdi va bu ahmoqlikni kim qilganini aniqladi. «Makulatura» maydoniga kim oʻt qoʻyganini aniqlab boʻlmadi-yu, lekin oʻt oʻchiruvchini oʻldirgan oʻzlarining odami — Qora boʻlib chiqdi...

Bir qaraganda uni ham ayblab boʻlmasdi. Oʻt oʻchiruvchilardan biri qoʻlidagi yoʻgʻon shlangni sudrab yonayotgan eski binoga kirgan va kutilmaganda yertoʻlaga tushadigan aylanma zinani koʻrgan-u qiziqib u yerga tushmoqchi boʻlgan. Pastda esa Tarlonning «rezindentsiya»si!..

Qora uni koʻrgan-u shu yerning oʻzida orqasidan borib, boshiga temir quvur boʻlagi bilan urib oʻldirgan-qoʻygan...

Qisqasi, xuddi arining uyi buzilgandek boʻldi.

Tarlon yoniga haydovchisi, Tamara va yana bir oʻynashini olib, qoʻliga ilingan kerakli yuklar bilan shahardan chiqib ketadigan, boshqalar esa, ya’ni Tosh, Qora, Malla, Chittak va Styopa «Damas»da uning orqasidan Alvastikoʻprik yaqinida, shahar chegarasida koʻrishishga kelishib, shosha-pisha tarqaldilar...

Vaqt juda ziq edi. Yigitlar koʻz ochib-yumguncha hammayoqni «tozalab» chiqishdi. Aksiga olib, «Damas»ning balloni boʻshab ketgan ekan, dam urishga toʻgʻri keldi.
— Tfu, padariga la’nat! — soʻkindi Tosh asabiylashib u yoqdan-bu yoqqa yurarkan dam urayotgan haydovchi bilan Hasan-Husanga qarab.
— Nasib qilsa, shest sekundda ketamiz, — dedi Malla qoʻliga ilingan narsalarni sumkasiga joylarkan.

Boshqalar boʻlsa jim, Qora qoʻlidagi xivich bilan yerga qanaqadir shakllar chizgan koʻyi, hammasiga oʻzi aybdordek boshini xam qilib oʻtirar, Chittak esa safarxaltasidagi narsalarni kavlashtirish bilan ovora edi.
— Choʻrt poberi! — dedi u bir mahal hushtak chalib. — Marjoni shisha ekan manjalaqining!

Tosh ajablanib u tarafga qaradi. Malla Chittakka qarab kulib qoʻydi va Toshga tushuntirdi:
— Oʻtgan kuni shaharda ikkita oyimcha uchragandi, — dedi tirjayib, — ul-bul narsalarini «sovgʻa» qilib ketishdi.
— Soati tilla ekanmi ishqilib? — xoʻmraydi Chittak qovogʻini solgancha.
— Menimcha toza boʻlishi kerak, — koʻkrak choʻntagidan qandaydir soatni chiqarib qaradi Malla va Toshga uzatdi, — mana koʻring, Tosh aka, probasi bor-a?

Tosh uning qoʻlidagi jajjigina soatni istar-istamas qoʻliga oldi, u yoq-buyogʻini aylantirib koʻrdi-yu, tuyqus avzoyi oʻzgardi.
— Qayoqdan oldinglar buni? — soʻradi Mallaga yalt etib qarab.
— Aytdim-ku, kecha ikkita «chuvixa»ni uchratdik deb... Ikkoviyam yaxshi narsalar ekan, — dedi Malla Toshning yuz-koʻzlaridagi oʻzgarishga e’tibor bermay.

Tosh chiroyli, quyuq qoshlarini chimirib bir unga, bir yana soatga qiziqsinib qaradi. Keyin soatning orqasidagi oʻchinqiragan, sezilar-sezilmas oʻyib yozilgan harflarga koʻz yugurtdi va birdan seskanib ketdi.

Baliqning koʻzidekkina keladigan tilla soatning orqa tarafiga mayda, jimjimador harflar bilan «Zumradga esdalik uchun. Akasidan» deb yozib qoʻyilgan, bir qaraganda, ular yozuvdan koʻra soatga oʻyilgan jimjima naqshlarga ham oʻxshab ketardi.

Tosh soatni barmoqlari orasida tutgan koʻyi serrayib qoldi. Malla ham buni sezdi shekilli, unga hayron boʻlib qarab qoʻydi.
— Qaerda koʻrdim dedilaring ularni? — soʻradi sekin Tosh.
— Chorsuda... Bozor yaqinida... — dedi Malla Chittak tarafga bir qarab olib.
— Qizlarga hech nima qilmadilaringmi? — yana soʻradi Tosh ovozi hirqirab.
— Yoʻq, — bosh chayqadi Malla taajjubi ortib, — shunchaki... Odatdagidek ul-bul narsalarini oldik... — u shunday deb tirjaydi, — ana, bittasining boʻynidagi dur shisha boʻlib chiqdi...
— Shu soat menda turatursin, — dedi Tosh negadir rangi oʻzgarib va uni kafti orasida qisgancha oʻrnidan turib, nari ketdi.

Tosh bu jajji soatni qamoqdan qaytgan yili singlisining tugʻilgan kuni sotib olib, orqasiga yozdirib sovgʻa qilgan, bechora singlisi quvonchdan yuragi yorilgudek boʻlib, hoʻngrab yigʻlab yuborgandi oʻshanda...

Shu topda Toshni tanib boʻlmas, ozgʻin yonoqlari pir-pir uchib, lablari sezilar-sezilmas titrar, bu soat xuddi kaftini choʻgʻ misoli kuydirayotgandek tuyulardi unga.

«Mana, nihoyat oʻz singlimning narsasini ham oʻgʻirlash darajasiga yetibman, — Oʻylardi u qiynalib. — Qanaqa ahvolda ekan hozir shoʻrlik? Turgan gap, soatimni akamning sheriklari shilib ketdi deb oʻylaydi... Men esa... Oyim bechoraning holi nima kechdi ekan? Koʻzlari ochiq, sogʻ boʻlsalar ham mayliydi. Men-ku mayli, xudoga nima yozishgan ekan ular? Bir oʻgʻil, bir aka boʻlib ularga nima karomat koʻrsatdim oʻzi?.. Qanday qilib yuzlariga qarayman? Hamma ularni «Ana, oʻgʻri Toshning onasi!», «Ana, kissavur Toshning singlisi» deb qoʻlini bigiz qilib koʻrsatmaydimi? Nega bunaqa boʻldi? Kim, nima sababchi bunga? Nega bu botqoqqa botib qoldim?.. Mana, ishongan togʻim Tarlon ham qochdi-ketdi. Men qayoqqa boraman? Sheriklarim-chi?!.».

Shu payt Hasan Toshni chaqirdi-yu, uning xayoli boʻlindi. Oyoqlarini ogʻir sudrab oʻsha tarafga yurdi.

Hamma mashinaga chiqdi. Tosh ham haydovchi yonidagi oʻrindiqqa chiqarkan, yelkasi osha orqaga bir qarab, yuragi uvushib dedi:
— Ketdik!..

Mashina pana-pastqam koʻchalar oralab, shahar tashqarisi tomonga yoʻl oldi. Styopa chorrahada turgan «gai»chilar va ularning mashinasini koʻrib, Toshga qaradi. Tosh boshi bilan chap tarafga imo qildi va «Bizning mahalla tomondan chiqib ketamiz» deb qoʻydi.
— Nima keragi bor u yoqqa borishning? — norozi ohangda toʻngʻilladi Qora orqa tarafdan. — Hozir hamma yoqni «ment»lar bosib yotibdi.
— Uyga bir kirib oʻtishim kerak, — gapni qisqa qilib qoʻya qoldi Tosh.

Boshqalar ham bundan norizo boʻlishdi. Kimdir «Shahardan tezroq chiqib ketish kerak» desa, boshqasi «U yoqda Tarlon aka kutib qoladi» deb pisanda qilib qoʻydi, yana boshqasi «Ishqilib, qoʻlga tushib qolmasak boʻldi» degandek ilmoqli gap qildi.
— Bir daqiqaga! — dedi Tosh ovozini balandlatib. — Keyin boshimiz oqqan tarafga qarab ketaveramiz. Men uyga kirib qolib ketmayman-ku, sizlardan ajralib qayoqqa boraman?..

Orqa oʻrindiqlarda unga xoʻmrayib oʻtirgan Qora ham, oynadan tevarak-atrofga xavotirlanib qarab borayotgan Hasan-Husanlar-u, nima boʻlayotganini hali-hamon tushunib yetmaganday dovdirab borayotgan Chittakdan tortib, hurpayib oʻtirgan Mallagacha Toshdan qoʻrqishar, uni Tarlonning oʻng qoʻli sifatida hurmat qilishar, ayni damda unga qattiq ishonishardi. Shu sabab, hamma jim boʻldi.

«Damas» koʻhna mahallaga kirdi-yu, Toshning ishorasi bilan koʻcha yuzidagi eski, rangi uniqib ketayozgan pastak eshik roʻparasida toʻxtadi.

Tosh qariyb uch oydan beri qadam qoʻymagan uyini koʻrib, yuragi orziqib ketdi. Lekin buni sheriklariga sezdirmadi. Mashina eshigini ochib tushib, yoʻl chetida velosipedining qaerinidir sozlayotgan bolakayni koʻrib chaqirdi. Bola hayron boʻlib yoniga kelgachgina uni tanidi shekilli, kemshik tishlarini koʻrsatib jilmayib qoʻydi. Tosh qoʻshni bolaga Zumrad opasini chaqirib berishni aytdi, keyin birdan «Yoʻq, shoshma, yaxshisi mana buni olib kirib bera qol» deb uning qoʻliga dastroʻmolchaga oʻralgan soatni tutqazdi.

Bola yugurib uyga kirdi. «Damas» endi oʻrnidan qoʻzgʻalgandi hamki, eshik taraqlab ochilib, sochlari yelkasiga parishon yoyilgan, sarpoychan yugurib chiqqan Zumrad koʻrindi.
— Tezroq hayda! — baqirdi Tosh haydovchiga.

Mashina shitob bilan oʻngdagi koʻchaga burildi, ammo uning oxiri berk ekanligini koʻrib, Styopaning koʻzi ola-kula boʻlib ketdi.
— Orqaga bur, orqaga! — qichqirdi yana Tosh.

Mashina orqaga burilib, yana koʻcha yuziga chiqdi.
— Gazni bos! Nima, uxlayapsanmi? — jonholatda boʻkirdi Qora.
— Yoʻlga qara! Mashina kelayapti! — unga qoʻshildi Malla atrofga alanglab.

Haqiqatan ham roʻparadan chiqib kelgan bahaybat «Avtolavka» yoʻl oʻrtasiga kelib toʻxtab qoldi. Orqa tarafdan esa, kutilmaganda melisa mashinasining quloqni qomatga keltiruvchi sirenasi eshitildi.
— Qopqon! — baqirib yubordi Qora sakrab oʻrnidan turarkan va Toshga oʻgirildi, — men senga buyoqqa kelmaylik degandim-a?
— Vahima koʻtarma! — dedi Tosh u tarafga qaramay. — Hozir chiqib ketamiz!

Ammo chiqib ketish qiyin, old tarafda «Avtolavka», orqada melisa mashinasi yoʻlni toʻsib turardi. Hamma sarosimaga tushib qoldi. Mashina esa qaysi tarafga yurishni bilmay, vagʻillagancha yoʻlning goh u, goh bu chetiga oʻtar, chiqib ketadigan yoʻl topolmay jigʻibiyroni chiqayotgan haydovchi hadeb ustma-ust signal chalardi.
— Trotuar tomonga yur! — baqirdi Tosh old tomonni koʻrsatib.

Mashina u koʻrsatgan tarafdagi torgina tsement yoʻlka tarafga yurdi-yu orqa gʻildiragi toyib ketdimi, ariqqa tushib, vagʻillagancha toʻxtadi.

Shu payt koʻchani boshiga koʻtarib, megafonning ovozi quloqqa chalindi:
— Tosh!.. Foydasi yoʻq!.. — derdi undan erkak tovushi. — Hammayoq oʻrab olingan! Mashinadan tushinglar!..
— Bekorlarni aytibsan, tiriklay qoʻlga tushadigan ahmogʻing yoʻq! — baqirdi Qora choʻntagidan toʻpponchasini chiqarib.

Boshqalar ham, kim tugmachali pichogʻini, kim toʻpponchasini qoʻliga oldi.
— Vahima koʻtarmanglar, — dedi Tosh xotirjam tovushda, — agar ularga men kerak boʻlsam, tushib qolaman. Sizlar ketaverasizlar!
— Ha, juda qoʻyib yuborishadi! — alam bilan chiyilladi Qora jahl bilan. Shu payt kutilmagan yana bir hodisa yuz berdi. Yoʻl oʻrtasiga koʻndalang toʻxtab qolgan «Avtolavka»ning eshigi ochildi-yu, ichidan oʻnga yaqin qurollangan melisalar sakrab tusha boshladi.
— Finita la komedia! — dedi rangi oqarib ketgan haydovchi bosh chayqab. — Endi foydasi yoʻq!
— Hayda aravangni! — jon holatda boʻkirdi Qora toʻpponchasini havoda silkib. — Agar qoʻlga tushsak, bittangniyam sogʻ qoʻymayman... Ularni bosib boʻlsayam oʻtib ketamiz!..

«Tosh! Bizni eshitayapsanmi?.. Mashinadan tushinglar! Qarshilikning foydasi yoʻq!» — megafondan yana ovoz yangradi.

Koʻcha yuzida bu shovqin-suronni eshitib, qoʻni-qoʻshni toʻplana boshladi.
— Hammasi tamom, — dedi Malla yigʻlamsiragancha, — endi nima qilamiz, Tosh aka?
— Shoshmanglar! — dedi Tosh oʻrnidan qoʻzgʻalib. — Men tushaman. Ularni chalgʻitib turganimda, sizlar xalqani yorib oʻtib ketasizlar!..
— Yoʻq, kemaga tushganninig joni bir, aka, — dedi Hasan tovushi titrab.
— Qayoqqa boramiz? Mashina botib yotibdi-ku! — haydovchi hafsalasi pir boʻlganini yashirmadi.
— Senlarni bilmadim-u, mening qoʻlga tushgim yoʻq! — tuyqus qichqirib yubordi Qora va eshikni surib ochib, yerga sakrab tusharkan, melisalar turgan tarafga ketma-ket oʻq uzdi.

Qarsillagan oʻq tovushlaridan hammayoq larzaga tushgandek boʻldi.

Mashina gʻildiraklarini chirpirak qilgancha yana chiqib ketishga urinib, vagʻillay boshladi.

Qora boʻlsa koʻchaning u betidagi qalin butalar orasiga oʻzini urishga shoshildi-yu ulgurolmadi. Orqa tarafdan otilgan oʻq uni yerga qulatdi. Hammasi koʻz ochib-yumguncha sodir boʻldi.

«Damas»ni qurollangan melisalar oʻrab olishdi. Qonga belanib yotgan Qorani melisalarning oʻzlari koʻtarib, qayoqqadir olib ketishdi. Mashina ichidagilar qurollarini tashlab, qoʻllarini koʻtargancha yerga tusha boshladilar. Hammalarining qoʻllariga kishan solindi va shu yerga yetib kelgan panjarali mashinaga chiqarisharkan, ayol kishining «Aka-a!» degan chinqirigʻi eshitildi.

Bu Zumradning hayqirigʻi edi. Sochlari toʻzgʻigan, oyoqyalang Zumrad xuddi esi ogʻib qolgandek gandiraklagan koʻyi yugurib keldi-yu, Toshning boʻyniga osildi.

Tosh Zumrad deya singlisini bagʻriga bosdi, sochlarini siladi, «Qoʻrqma, hammasi yaxshi» deya oldi xolos.
— Tezroq boʻlaqolinglar! — dedi kimdir.
— Tosh! Mashinaga chiq! — buyurdi melisalardan biri.
— Sizlar ketaveringlar. Biz orqalaringdan yetib boramiz, — dedi leytenant Sharipov ularga ma’noli qarab qoʻyib.
— Bu qanaqasi? — toʻngʻilladi melisalardan biri norozi ohangda. — Bir haftadan beri qopqon qoʻyib, «Avtolavka»da dimiqib oʻtirganimiz yetmagandek, endi tayyor goʻshtni qoʻldan chiqarib oʻtirsak!
— Boraveringlar dedim, — xoʻmraydi leytenant bulbuligoʻyo boʻlib sayrayotgan yigitga qarab. — Tosh uchun men javob beraman!..

Panjarali mashina oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

Yoʻl oʻrtasida esa Zumrad qoʻllariga kishan solingan Toshning koʻksiga bosh qoʻygancha yigʻlab turar, bu gʻalati manzaradan hamma lol-u hayron edi. Qoʻshnilardan kimdir koʻzi ojiz onasini yetaklab chiqayotganini koʻrib, Tosh oʻsha tarafga intilgandi, yonida turgan melisa yigit «Qimirlama!» deya yoʻlini toʻsdi.

Leytenant Sharipov esa qoʻyaver degandek bosh chayqadi.
— Qochib ketmasmikan? — dedi boshqa melisa xavotirlanib.
— Hech qayoqqa ketmaydi, — javob berdi leytenant ishonch bilan. — Toshni oʻzimiz bilan olib ketamiz!

Koʻzlari ojiz onasining ozgʻin qoʻllarini yoygan koʻyi yirtiq kalishini shapillatib oʻzi tomon kelayotganini koʻrgan Tosh chidayolmadi. U tomonga bir-ikki qadam qoʻymoqchi boʻldi-yu, holi kelmadi. Onasining qarshisida tiz choʻkkancha qoldi...

Zumrad bu operatsiya rahbari leytenant Sharipovga, leytenant esa unga qarab qoʻyishdi. Bu birov sezgan, birov sezmagan sirli nigohga yashiringan ma’noni faqat ularning ikkovigina bilishardi xolos...