OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Erkin Usmonov. Txarad (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifErkin Usmonov
Asar nomiTxarad (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Erkin Usmonov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/01/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Txarad (hikoya)
Erkin Usmonov

«
Ana shu yoʻl yoqalab boraversang, bir daraxtga duch kelasan. Yodingda tut, u oddiy daraxt emas.
«O’zbek xalq ertaklari»dan
»

Namozshomga yaqin havo aynidi.

Koʻk yuzini yagʻir, uvada bulutlar qoplab, kuchli shamol turdi. Dov-daraxtlar titrab-qaqshab, yoʻlkalar mayda-chuyda shox-shabbalaru bargu xazonlarga toʻldi. Qaerdadir, yopilmay qolgan deraza darchasi boʻlsa kerak, oynaning qarsillab singani quloqqa chalindi. Bu ham yetmagandek, chiroq oʻchib qoldi. Tevarak-atrofga allanechuk vahimali va rutubatli zulumot choʻkdi va ana shu sim-siyoh osmon bagʻrini tilkalab chaqmoq chaqdi, yeru koʻkni larzaga solib, momaqaldiroq gumburladi. Qor aralash yomgʻir yogʻa boshladi...

Tun yarmidan oshgan, subhi kozib pallasi edi chamasi, endi koʻzim uyquga ilingan ekan, xotinim uygʻotdi.

«Kimdir derazani taqillatayapti», — shivirladi vahimali tovushda.

Oʻrnimdan turib derazadan qaradim. Qorongʻulik qoʻynida hech narsa koʻrinmas, faqat yomgʻir tomchilarining shitir-shitirigina eshitilardi xolos. Xotinim tomonga qarab, «hech zogʻ yoʻq» dedimu, shu payt qandaydir qoʻllarning deraza tokchasini timdalab, oynani ustma-ust chertgani aniq-tiniq qulogʻimga chalindi. Tok urgandek seskanib ketdim.

«A... a-na!» — yana shivirladi xotinim tili zoʻrgʻa aylanib.

Apil-tapil choponimni yelkamga tashlab, qoʻlchiroqni oldimda, koʻcha eshikni ochib tashqariga chiqdim.

Asfalt yoʻl yuzasi katta-kichik koʻlmakchalarga toʻlib toshgan, izgʻirin yanada kuchaygandek edi. U yoq-bu yoqqa alangladim. Koʻchada hech kim koʻrinmadi. Koʻnglim xotirjam boʻlib uyga kirayotgan ham edimki, deraza oynasining yana tiqillagani eshitildi. Qaradim. U shundoqqina eshigimizdan bir-ikki quloch narida oʻsgan daraxt shoxlari edi.

Bizni va yon qoʻshnimiz Musurmon togʻaning eshigini quchib olgudek tarvaqaylab ketgan daraxt shoxlari har shamol esganida devorlarni, deraza tokchasiyu kesakilarini paypaslar, haqiqatan ham xuddi kimdir oynani taqillayotganga oʻxshab ketardi.

Xotinim xavotirlanib qaradi shekilli, deraza pardasining shitirlab surilgani eshitildi. Eshikni tambalab, uyga qaytib kirdim. «Hech kim yoʻq, daraxt shamolda chayqalib, shoxlari derazaga tegayotgan ekan», deya xotinimni tinchlantirgan boʻldim. U «qurib ketsin, oʻtakamni yorib yuborayozdi» deya yana oʻrniga borib yotdi.

Men xotinimni tinchitdimu, lekin shu tobda negadir oʻzimning halovatim yoʻqola boshlaganini sezdim. Uyqum qochgan edi. Sigaret tutatib tashqariga chiqdim. Zina yondoriga omonat oʻtirib cheka boshladim. Negadir, xotinimni daraxtni «qurib ketsin» deya qargʻagani kulgimni qistatdi. Chunki, eshigimiz yonida oʻsgan u daraxt sira «qurib ketadigan»ga oʻxshamasdi.

Juda gʻalati daraxt edi. Uning koʻchatini bir vaqtlar, bundan oʻn-oʻn besh yilcha muqaddam vokzal yaqinida bir notanish kimsadan bir shisha vinoga almashib olgandim. Uni uyga olib kelgan kunimni ham yaxshi eslayman.

Erta bahor... Bulutli oqshom edi... Vokzal maydonidagi qahvaxonaga sigaret olgani kirgandim. Sigaret olib chiqib kelayotganimda soch-soqoli joʻxori popugiga oʻxshagan, afti-basharasi shishib, kulrang koʻzlaridan hech bir ma’no uqib boʻlmaydigan bir irkit kishi roʻparamdan chiqqan, chekishga sigaret soʻragan va gap orasida koʻchat sotmoqchi ekanligi, agar istasam, bir shisha vinoga almashishi mumkinligini aytgandi. Koʻchat jonivor esa, yirtiq gazeta boʻlagiga nari-beri oʻralgan koʻyi qahvaxona zinasi yonida tashlandiq, choʻltoq supurgidek boʻlib yotardi.

Turgan gap, men uning qanaqa daraxt koʻchati ekanligini surishtirgan, notanish kishi esa soʻyloq tishlarini koʻrsatib tirjayib qoʻygan va «Yaxshi daraxt, juda chiroyli oʻsadi» degandi. Va men oʻsha oqshom uni uyga olib kelgandim va ertasigayoq eshigimizni roʻparasidagi ariq boʻyiga ekib qoʻygandim. Ochigʻini aytsam, uning qanaqa daraxt ekanligiga ham unchalik qiziqmagan, koʻchatga yoxud uning egasiga rahmim kelganidanmi, shunchaki yerga qadab qoʻygandim, xolos. Shu bois, xuddi notanish kimsa aytgandek boʻlib unib chikqanida ham unchalik ajablanmadim.

Koʻchat kutilmaganda tez ildiz otib, oʻsib ketdi. Oʻsha koʻklamdayoq, tirnoqdek-tirnoqdek, xuddi charmdan qirqib olingandek, qattiq-qattiq yaproqlar chiqardi, keyin na gulga, na mevaga oʻxshagan, qon tomchilarini yoxud mayda-mayda qizil yulduzchalarni eslatguvchi kurtaklar tugdi va eng qizigi, oʻsha yerining oʻzida ignadek-ignadek oʻtkir va ingachka tikanlar ham paydo boʻldi.

Eng ajablanarli yeri shundaki, unga na issiq, na sovuq ta’sir qilardi. Juda chidamli, ayni choqda allanechuk gʻayritabiiy daraxt edi u. Uning uchun na yoz saratoniyu qish qahratonini, na kuz xazonrezgiligiyu bahor tarovatining mutlaqo ahamiyati yoʻkdek tuyular, goʻyo mangulikka qoʻyilgan haykal yangligʻ savlat toʻkib turaverardi. Yanayam kizigʻi, uning ustida toʻlib-toshib sayrash u yokda tursin, shox-butoqlariga bironta qush qoʻnganini yo uya qurganini eslayolmasdim. Shuning uchun boʻlsa kerak, yon qoʻshnimiz Musurmon togʻa uni soʻkkani-soʻkkan, meni koyigani-koyigan edi.

«Qayoqdan topib keldingiz, bu kasofatni? — derdi u norozi ohangda. - Na meva qilsa, na soya tashlasa! Na bundoq qarab odamni bahri-dili ochilsa!.. Juda bexosiyat daraxt koʻrinadi, kesib tashlab qoʻyaqolaylik, zora oʻtinga yarasa!...»

Men esa kulib qoʻyaqolardim. «Ha endi, bir daraxt, Xudo yaratgan tabiatning bir ne’mati-da!» — derdim.

Musurmon togʻani boʻlsa, battar jigʻibiyroni chiqardi.

«Yoʻq, bu Xudo qargʻagan daraxt! — derdi u figʻoni oshib. — Qaysi kuni masjiddan shomni oʻqib qaytayotsam, uzoqdan xuddi barzangi odamga oʻxshab koʻrinib ketdi. Xuddi boshiga shapka kiyib, sekin ... siznikiga yo biznikiga kirib borayotgan kissavurga oʻxshaydimi-ey!...»

«Unaqa demang, Musurmon aka, — derdim qoʻshnimni hovridan tushirishga urinib. — Daraxtning yaxshi-yomoni boʻlmaydi. Faqat yo manzarali, yo mevali boʻladi xolos...»

Koʻshnim ham oʻziga yetgancha qaysar odam edi.

«Toʻgʻri, mulla yigit! — toʻngʻillardi u qovogʻini uyub. — Lekin, buningizni na mevasi bor, na manzarasi!...»

Xullas, men u yokda oʻz ishlarim-yumushlarim bilan andarmon, Musurmon togʻa boʻlsa bu yoqda xunobi chiqib yuraverdik. Daraxt esa oʻsaverdi va koʻp oʻtmay oʻzining chigal va sertikan shoxlari bilan Musurmon togʻaning ham, bizning ham eshiklarimiz, derazalarimiz tepasini qoplab oldi.

Aslini olganda, Musurmon togʻa yomon odam emasdi. Oʻlgudek kamtar va kamsuqum bu odam bilan koʻp yillik yon qoʻshni boʻlsakda, kunda-kunora uchrashib tursak-da, uning nihoyatda murakkab hayotini, naq ajalning ogzidan omon chiqqani haqida hech nima bilmasdim va buni eshitganimda ochigʻi juda hayratga tushgandim.

Esimda bor, Musurmon togʻaning katta kuyovi bilan bir davrada oʻtirganimizda u shirakayflik bilan qaynotasining «tarjimai holi»ni uch-toʻrt ogʻiz soʻz bilan «chizib» qoʻyaqolgan edi.

Ma’lum boʻlishicha, Musurmon togʻaning bobosi oʻris askarlari shahar ahli uyquda yotgan paytda Toshkentga bostirib kirgan yili asir olingan va otib tashlangan, keyinchalik xuddi shu narsa Musurmon togʻaning otasiga ham «tamgʻa» qilib bosilgan va u ham oʻttiz yettinchi yili qamalib, bedarak ketgan ekan. Ana oʻsha voqea-hodisalarning davomi yoxud natijasi oʻlaroq, Musurmon togʻa ham urushdan keyin bir necha yil oʻtgach qamalib, yigitlik davrini Rusiya oʻrmonlarida oʻtkazgan ekan...

Kim bilsin, balki bu gaplarni uning kuyovidan eshitmaganimda, Musurmon togʻa qismatidan butkul bexabar qolarmidim deya oʻylab qolaman. Chunki, u kishining oʻziga qolsa, bular haqida ikki dunyoda ham ogʻiz ochmagan boʻlurdi...

Endilikda boʻlsa, umr boʻyi roʻshnolik koʻrmagan ana shu keksa tarix muallimi (taqdirning «achchiq hazili»ni qarang!) uchta qizini allaqachon uzatgan va hayhotdek hovlida kasalmand xotini bilan tavfiqona hayot kechirib yurardi.

Faqat bir narsani sira tushunolmasdim. Musurmon togʻa qanchalar koʻngilchan va mehribon odam boʻlmasin, ikkovimizning uyimiz roʻparasida oʻsgan, oti ham, zoti ham notayin, ana oʻsha bechoravash daraxtni yoqtirmas, unga sira tobi-toqati yoʻq edi.

... Axiyri boʻlmadi. Qaysi bir yili ikkovimiz uni arralab tashladik. Uylarimizning oldi ochilib, kun tushadigan boʻlib qoldi. Lekin, Musurmon togʻaning bu quvonchi uzoqqa bormadi. Bir yil oʻtar-oʻtmas yana koʻkarib chiqdi. Yana kesdik. Ildizlarini kavlab, chopib tashladik. Lekin uning ilondek choʻzilib, bir-biriga chirmashib ketgan qop-kora ildizlari juda chuqur tomir olib ketgan ekan. Oʻsha-oʻsha hafsalamiz sovib, oʻz holiga tashlab qoʻygandik. Yaqinda, Musurmon togʻa yana hasratini boshladi.

«Bu daraxtingiz yaxshilik keltirmaydi», — dedi u bir kuni gapdan-gap chiqib. — Agar sezgan boʻlsangiz, yon-verida bironta daraxt unmas ekan...»

Ana shu gapdan keyin oʻylanibroq qoldim. Chindan ham, shu gʻalati daraxt oʻsaboshlagandan beri, darvozamiz yonida na olcha, na olma, na boshqa daraxt koʻkaribdi...

«Nega bunaqa?» desam, Musurmon togʻa «Ildizlarini ochganimizda koʻrdingiz-ku, toʻrt tomonga oʻrmalab yotibdi. Boshqa daraxtlarning rizqini qiyib, gullab-yashnab oʻsaveradi-da!» deya ma’yusgina kulimsiradi va qoʻshib qoʻydi.
— Xuddi, Shoʻro hukumatiga oʻxshab! ...»

Men oʻsha topda, «Xoʻp, Shoʻro hukumatidan toʻygan ekansiz-da!» deb yuboray dedimu, tilimni tishlab qoldim. Bu jabrdiyda moʻysafidning yarasini yangilagim kelmadi.

... Xudi oʻsha kunlarning birida uyimizga tanish tabiatshunos ogʻaynim kelib qoldiyu u ham bu daraxtni aniqlay olmadi.

Faqat, «Yoʻq, bu — bizning iqlimda oʻsadigan daraxt emas. Gaplaringta qaraganda, u boshqa daraxtlarning quvvatini soʻrib olib, istagan joyga moslashib ketaverarkan. Shunaqa tur daraxtlar bor deb eshitgandimu, sira koʻrmagandim» dedi.

«Oti nima»» desam, yelkasini qisib qoʻydida kulib, «Buni daraxt desang, asakang ketadi. Shuning uchun «Txarad» deb atagan ma’qul» deb hazillashdi. Ma’lum boʻlishicha, «Txarad» degani «Daraxt» soʻzining teskari oʻqilishi ekan. Kulishdik.

Maktabda oʻqib yurgan kezlarimiz biz bolalar ham shunaqa, teskari «gaplashish»ni odat qilib olgandik. Masalan, men, «Yalaq» desam, ogʻaynim «Roʻz!» deb javob berardi. Bu, bizning «Qalay?», «Zoʻr» deya hol-ahvol soʻrashishimiz edi.

Shu-shu, bolalarcha shoʻxlik bilan aytilgan bu soʻz oʻyini yoqib qoldiyu, oʻzimcha unga «Txarad» deb nom qoʻyib oldim...

«Txarad» bir qaraganda, hech ziyon-zahmati yoʻq, beozor, ba’zan anchayin ojiz va notavon daraxtga ham oʻxshab koʻrinardi. Lekin boshqa, biz bilgan, oʻnlab-yuzlab daraxtlar orasida bari bir «oq qargʻa»dek boʻlib ajralib turar, oʻzining sertikan shoxu butoqlarini qanot yangligʻ yozgancha boʻyiga ham, eniga ham oʻsib borardi. Koʻpda hech kim unga e’tibor ham bermasdi. Nima koʻp, biz bilgan-bilmagan, tanish-notanish dov-daraxtlar koʻp. Kim ham ularning yoniga kelib, sinchiklab qarab oʻtirardi, deysiz?!...

Lekin, Musurmon toga bundan mustasno edi. U «Txarad»ni yoqtirmasdi va buni yashirib ham oʻtirmasdi.

Bir kuni ishdan qaytayotsam, qoʻshnim jigʻi-biyroni chiqib, daraxtning atrofida aylanib yuribdi.

«Nima gap, Musurmon togʻa?» — desam, «E-e!» deya behafsala qoʻl silkidi. «Hech shu daraxt bilan chiqisholmadingiz, til topisholmadingiz-da!» deb hazillashgandim, jahli chiqib ketdi.
— Bu padari la’nat, oʻzimizning shaftolimi, oʻrikmi boʻlsayam koshkiydi, — dedi u boʻgʻilib. — Na otining, na zotining tayini yoʻq! Hali peshinda qarasam, ishkomning tagidagi siymon yoʻlka darz ketib yorilib yotibdi. Nimaykan desam, ana shu badbaxtning bosh barmoqdek ildizi hovlimizning oʻrtasidan turtib, teshib chiqibdi...
— Be, shunga shunchalikmi? — dedim Musurmon togʻani tinchlantirib, — va yana hazilga yoʻydim. — Ildizi koʻchadan oʻtib, uyingizni tagidan hovlingizgacha chiqqan boʻlsa, zoʻr ekan-da?!
— E, qoʻyib bersangiz ertaga tomga ham ildiz otadi, — dedi Musurmon togʻa astoydil ranjib. — Xapa boʻlmangu, buningiz daraxt emas, naq balo-qazoning oʻzi! Jami boshqa daraxtlarning qonini soʻradi... Oʻzini shu yerlarning xoʻjayini deb his qiladimi-ey! Duch kelgan tomonga tomir otadi-ya! Tagʻin, gʻoʻdayib turishini aytmaysizmi?
— Mayli, bir yoʻlini qilib yoʻqotarmiz, — dedim nima deyishni bilmay.
— Be, yoʻqotib boʻpsiz endi uni, mulla — siniq kulimsiradi Musurmon togʻa, — Agar tagidan portlatib yo ildiziga benzin qoʻyib yoqib yuborilmasa... bilmadim, yoʻqotish qiyinov!.

Musurmon togʻaning bir burda yuziga qalqib chikqan noumidlik sharpasini sezib ajablandim. «Nahotki, hafsalasi pir boʻlgan boʻlsa?» — degan xayollarga ham bordim.

Musurmon togʻa koʻnglimdan kechgan oʻyni sezdi shekilli, sekin qoʻshib qoʻydi: «Oʻzi eshitmasinu... lekin, bu badbaxt daraxt hammamizdan koʻproq yashaydiganga oʻxshaydi...»

Uning bu gaplaridan ham hayron boʻldim, ham kulgim qistadi.
— Eshitadi, eshitadi, — dedi Musurmon togʻa. — Hamma daraxtlar eshitadi. Ular ham tirik jondek bir narsa-da, mulla. Oʻsadi, gullaydi, meva qiladi, qariydi, quriydi, oʻladi... Lekin, bu bedavoning joni juda qattiq ekan...

Shu bilan suhbatimiz tugadi. Oradan kunlar, haftalar, oylar oʻtdi. Tabiiyki, Musurmon togʻa ham, men ham «Txarad» haqidagi oʻsha kungi gap-soʻzlarimizni unutib yuborgandik. Mana endi boʻlsa, bugun, yarim kechada, aynan ana shu daraxt derazamizni timdalab, chertib, hammaning uyqusini buzib turibdi.

Beixtiyor oʻrnimdan qoʻzgʻalib, yana koʻcha tarafga yurdim. Koʻcha-koʻyni qor bosgan, sovuq izgʻirin hamon zabtiga olar, daraxtlarning novdalaridan tortqilab, soʻngti za’faron yaproqlarini yulqib, chirpirak qilib uchirar, faqat qorongʻulik qoʻynida tosh haykatdek qotib turgan «Txarad»ning mayda-mayda barglarigina qilt etmayotganga oʻxshar, goʻyo dargʻazab shamol ham bu bedavo daraxtni, uning sertikan shoxlarini chetlab oʻtayotgandek edi...

Daraxt tagiga keldimu, birdan uning ham notinch ekanligini ichki bir tuygʻu bilan his qildim, «Txarad» ham allanechuk besar-bezovta edi. Uning ayqash-uyqash shoxlari ham alamli shivirlar, goʻyo tanasi qaqshab ogʻriyotgandek qisirlar, qoqsuyak qoʻllarga oʻxshash novdalarini choʻzib devorlarni paypaslar, timdalar, goʻyo iltijo qilayotganga, unsiz faryod chekayotganga oʻxshab ketardi.

Shundagina, «Txarad»ning ham qarib qolganini sezdim. Endi u ham boshqa daraxtlar kabi shamolning xurujiyu hujumlaridan qoʻrqqandek shox-butoqlarini koʻkka choʻzib yolborar, oʻzining taqdiri shamol deb atalmish koʻzga koʻrinmas kuchning shafqatsiz qoʻllarida ekanligini sezgandek, dagʻ-dagʻ titrab turardi...

Shu tobda, negadir unga rahmim ham kelib ketdi. Ammo, ayni shu lahzalarda oʻzim ham ojiz va nochor edim. Faqat, «Txarad»ning unsiz faryodiga quloq tutish, soʻzsiz hamdard boʻlishdan boʻlak narsa qoʻlimdan kelmasdi...

* * *

Ertalab gʻaflat bosib uxlab qolibman. Shosha-pisha ishga otlandim. Endi xonamga kirib borgandim hamki, telefonga chaqirishayotganini aytishdi. Hayron boʻlib goʻshakni qoʻlimga oldim. Xotinim ekan. «Tez keling!» — dedi u yigʻlamsiragan tovushda. — Qoʻshnimiz Musurmon togʻa qazo qilibdilar...»

Parishon ahvolda uyga qaytdim. Sira ishongim kelmasdi. Kecha ertalab koʻrishgan, odatdagidek, hazil-huzul qilib, birpas gurunglashgandik. Bugun boʻlsa, endi bu gap!.. Bilib boʻlmas ekan-da, odamni. Yo kechagi ob-havo ta’sir qildimikan? Kim bilsin, balki tundagi rutubatni yuragi koʻtarmagandir, degan xayolda koʻchamizga kirib keldim. Ammo, hammasi oʻylaganimdan koʻra boshqacharoq boʻlib chiqdi.

Musurmon togʻa bilan bizning eshigimiz roʻparasidagi daraxt - «Txarad»ning chirib ketayozgan tanasi agʻdarilib yotar, uch-toʻrtta yosh-yalanglar esa arra va boltalar bilan uning shox-butoqlarini butashmoqda edi. Hech vaqoga tushunolmay qoldim.

Ma’lum boʻlishicha, machitda bomdodni oʻqib qaytgan Musurmon togʻa ostonadagi qorni kurayotgan ekan, tuyqusdan daraxtning katta bir shoxi sinib ustiga tushibdi. Musurmon togʻa boyaqish hali oʻzini oʻnglab olmasdan turib, daraxtning oʻzi ham gʻirchillab ustiga yiqilibdi...

Kimdir «umurtqa pogʻonasini ezvoribdi» desa, kimdir «boshini majaqlab tashlabdi» derdi. Boshqa birov esa «u ham emas, bu ham emas, baxtsiz tasodif» deganga oʻxshash gap qildi.

Nimayam deysiz, odam bolasining taqdiri azaldan qochib qutulolmasligi-ku, tayin gap. Lekin Musurmon togʻaning kutilmagan oʻlimi qismatmikan, yozuqmikan yoki shunchaki baxtsiz hodisamikan? ... Har nima boʻlgandayam men bu koʻngilsiz hodisa uchun oʻzimni ham aybdordek his qildimu, oʻzimni qaerga qoʻyishni bilmay, gangib-kalovlanib qoldim.

Qoʻni-qoʻshnilar Musurmon togʻaning eshigi yoniga, yoʻl yoqasiga uzun harraklar oʻrnata boshlashdi. Qandaydir chapdast yigitlar yuk mashinasida tobut keltirib yoʻl chetiga qoʻyishdi. Ichkarida xotin-xalajning yigʻi-sigʻisi quloqqa chalinib qolardi. Birin-ketin ola-quroq izdihom janozaga yigʻila boshladi...

Uch-toʻrt yigit «hoy-hoy»lashib shox-butoqlari chopilib, qoʻli-oyogʻi kesilgan odamga oʻxshab qolgan «Txarad»ni koʻtarib, yoʻl chekkasidagi butalar orasiga olishayotganini koʻrib, men ham ularga yordamlashgani oshiqdim.

Va shu payt ... uni yerga tashlayotganimizda, ariq chetida boʻy choʻzib turgan, qizgʻish novdalarini ignadek-ignadek tikanlar qoplagan pastakkina butaga koʻzim tushdi-yu, qotib qoldim.

Yoʻlning berigi tomonini yorib chiqqan bu nihol ham — «Txarad» edi...