OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifErkin Vohidov
Asar nomiIkkinchi tumor (tragikomediya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Yumor
Mualliflar
   - Erkin Vohidov
Uslub
   - Teatr va dramaturgiya
Shakl
   - Tragikomediyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm77KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/12/12
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ikkinchi tumor (tragikomediya)
Erkin Vohidov

Qatnashuvchilar

Mizrob Mahmudiy — Psixolog, 35—36 Yoshda
Sunbul — Singlisi, 18—19 Yoshlarda
Muattar — Psixoterapevt, 25—26 Yoshlarda
Odiljon — Radiomuxbir, 35—36 Yoshlarda
Matmusa — 22—23 Yoshlarda

Muqaddima

Koʻcha. Skameykada plash, shlyapa kiygan, koʻzoynak taqqan bir odam gazeta oʻqib oʻtiribdi. Yelkasiga reportyor osgan oʻttiz besh yoshlar chamasidagi radiomuxbir uning yoniga kelib oʻtiradi.

Radiomuxbir — (uf tortib) Hech bandai moʻmin radiomuxbir boʻlmasin.

Misli ishq dashtida Majnun
Men sagʻir kuygan bagʻir,
Chang yutib ovoraman,
Ogʻzim taxir, yelkam yagʻir.

Gazetxon — (gazetani qoʻyib) Ha, nega xunob boʻlyapsiz, birodar?

Radiomuxbir — E, nega xunob boʻlmay? Bir haftadan beri bitta olimdan intervьyu ololmayman. Institutga borsam, uyida, uyiga borsam laboratoriyada, laboratoriyaga borsam, — baliq oviga ketgan.

Gazetxon — Ha, sizga qiyin boʻlibdi. (Yana yuziga gazeta tutadi).

Radiomuxbir — Gazetada nima yangilik? Yana Mizrob Mahmudiyning seanslarini yozishibdimi?

Gazetxon — Qiziqasizmi? Mana, oʻqing.

Radiomuxbir — (Oʻqiydi) «Mahmudiyning psixologik seanslari... Yaqinda chet tillar institutining kichik zalida olim Mizrob Mahmudiy lotin tilini oʻrganuvchi talabalar bilan psixologik seans oʻtqazdi. Bu yerda hozir boʻlgan oʻttiz ikki talaba Mahmudiyning sirli ishoralari bilan»... (Gazetadan bosh koʻtarib) Qarang, sirli ishoralari bilan emish... (Oʻqiydi) «Sirli ishoralari bilan chuqur uyquga ketdi, soʻngra institut professori lotin tili morfologiyasidan yigirma minut leksiya oʻqidi. Atoqli tilshunos olimning uyqudagi talabalarga leksiya oʻqishini kuzatib turganlar hayratdan lol boʻlib qolgan edilar. (Gazetadan bosh koʻtarib) Ha-ha-ha! Olim shu mahalgacha talabalarga «koʻzingni och, uxlamay oʻtir», deb kelgan boʻlsa, endi «koʻzingni yum, uxla» der ekanda... Ha-ha-ha! Mana bu teskari dunyoni qarang. (Oʻqishda davom etadi). Sinov komissiyasi oʻtkazgan imtihondan ma’lum boʻlishicha, talabalar besh-olti oʻquv soatida oʻrganish mumkin boʻlgan materialni yigirma minutlik seans vaqtida toʻla va mukammal egallaganlar». (Gazetani qoʻyib). Ana xolos. Menga qarang, birodar, siz Mahmudiyni taniysizmi?

Gazetxon — Biz birga ishlaymiz.

Radiomuxbir — Rostdanmi? Siz ham gipnozchimisiz?

Gazetxon — Biroz....

Radiomuxbir — Ayting-chi, Mahmudiy qanaqa odam? Boʻyi, yuzi, umuman, koʻrinishi qanday?

Gazetxon — Hammaga oʻxshagan, oddiy... taxminan mana menga oʻxshab ketadi.

Radiomuxbir — Hozir uni qayerdan topsa boʻladi? Menga yordam bersangiz sizdan juda minnatdor boʻlar edim.

Gazetxon — U hozir muxbirlarni qabul qilmayapti-da..

Radiomuxbir — Meni qabul qiladi. Biz u bilan bir sinfda oʻqiganmiz.

Gazetxon — (Unga diqqat bilan qarab) Uni hozir koʻrsangiz tanirmidingiz?

Radiomuxbir — Albatta taniyman. U jimittakkina oriq bola edi. Koʻzi yonib turardi. Hech qayeridan tanimasam ham koʻzidan taniyman.

Gazetxon — (Koʻzoynagini olib) Qani, koʻzimga qarang-chi.

Radiomuxbir — (Hayratda) Mizrob! Rostdan senmisan? Sen! Oʻzing! Mizrob, doʻstim!

Mahmudiy — Odiljon emasmisan?

Odiljon — Men, Odiljonman. Mizrob! (Quchoqlashib ketishadi).

Mahmudiy — Obbo Odiljon-ey! Qani, oʻtir-chi, doʻstim, qayoqlarda yuribsan? Koʻrishganimizga oʻn besh yil boʻldi, chogʻi?

Odiljon — Oʻn olti yil! Men yettinchi sinfni bitirib, xabaring bor, politexnikumga ketdim. Undan soʻng universitetda jurnalistika fakulьtetida oʻqidim. Olti yil qishloq gazetasida ishladim. Mana yaqindan beri ra-diomuxbirman. Bu ashqol-dashqollarni koʻtarib seni qidirib yuribman.

Mahmudiy — Mendan soʻrasang — oʻninchini bitirib institutga kirdim. Professor Sobiriyning psixologiya kursida oʻqidim. Hozir oʻsha kafedradaman. Ilmiy ish qilyapman.

Odiljon — Bilaman. Professor bilan orangiz yaxshi emasligini ham bilaman.

Mahmudiy — Raqobat, doʻstim, raqobat.

Odiljon — Uylandingmi?

Mahmudiy — Yoʻq, oila ilmiy ishimga xalaqit beradi deb qoʻrqaman. Oʻzing-chi?

Odiljon —Uylangan edim. Peshonamga sigʻmadi. Uch yil turmush qildik. Yurak kasali bilan nobud boʻldi. Bitta qizim bilan qolganmiz.

Mahmudiy — Attang, attang.

Odiljon — Ota-onang sogʻ-salomatmi?

Mahmudiy — Ular qishloqda. Bu yerda oʻzim turaman. Yaqinda qishloqdan singlim kelgan. Pedinstitutga kirmoqchi. Darvoqe, bu yerda nima qilib oʻtiribmiz. Yur, uyga ketdik.

Odiljon — Men hali sendan intervьyu ham olishim kerak.

Mahmudiy — Intervьyuni qoʻysang-chi. Oʻzimiz bir otamlashamiz, ketdik! (Chiqadilar)

Birinchi Fasl

Mizrob Mahmudiyning uyi. Oʻrtada stol. Chap tomonda ichkari xonaga kiradigan, oʻng tomonda hovlidan chiqadigan eshiklar.

Xonada divan, kreslo bor. Ikki tomon devor boshdan oyoq kitob polkasidan iborat. Toʻgʻridagi derazadan oppoq boʻlib gullagan oʻrik shoxlari koʻrinadi. Stol ustida qogʻozlar sochilgan. Sunbul mashinkada yozayapti. Muattar Mahmudiyning qoʻlyozmasiga qarab aytib turibdi.

Muattar — (Oʻqiydi) «Bir necha yillik ilmiy tajribalar, konkret shaxslar ustida oʻtkazilgan eksperimentlar shuni koʻrsatadiki...»

Sunbul — (tugagan varaqni mashinkadan olib) Xat boshidan oʻqing. Tekshiramiz. Xato yozib akamdan baloga qolmay.

Muattar — (Oʻqiydi, Sunbul mashinkadan chiqqan qogʻozni tekshiradi).

«Hozirgi zamon psixologiya fani insonning ruhiy dunyosiga dadil kirib bormoqda, ajoyib kashfiyotlar qilmoqda. Men yuqorida bayon qilgan xulosalar zamonaviy fanning eng soʻnggi yutuqlaridan kelib chiqadi. Iogann Dafater davri fizionomistlaridan to Krechmer jadvaligacha, Frans Gallning primitiv tajribalaridan Jozef Morenoning psixodramatik teatrigacha... oʻrganish hamda bir necha yillik ilmiy tajribalar shuni koʻrsatadiki...»

Sunbul — Boʻldi. Tanaffus. Qoʻllarim qotib ketdi. (Turib qoʻllarini silkitadi, radioni qoʻyadi. Muzika eshitiladi).

Muattar — Hech boʻlmasa, jumlani tugatib qoʻyaylik.

Sunbul — Haliberi tugaydigan jumla emas.

Muattar — Ilmiy ish oʻzi tugay deb qoldimi?

Sunbul — Siz bilmasangiz men qayoqdan bilay, Muattar opa?

Muattar — Qiziqmisiz, Sunbuljon... Akangiz odam bilan gaplasharmidilar. U kishining doim vaqti ziq. Bir narsa soʻragani kelsak ham ikki ogʻiz soʻz bilan javob berib, haydagandek qilib joʻnatadilar.

Sunbul — Akamning fe’li shu. Jinnilarni tekshiraverib oʻzi jinni boʻlib qolganmi... bir balo... Ikki oydan beri hamma yoqqa e’lon osib yigirma yoshdan oʻttiz yoshgacha boʻlgan sogʻlom savodsiz odamni qidirib yuripti.

Muattar — Savodsiz odamni nima qilar ekanlar?

Sunbul — Eksperiment. Akam odam miyasining xaritasini tuzayapti-ku...

Muattar — Bundan xabarim bor.

Sunbul — Shunga har xil odamlarni tajriba qiladilar. Bechoralarga rahmim keladi. Ularni nima ohanglarga solmaydi akam. Bitta shoʻrlik studentni shu yerda tajriba qildi. Qoʻltigʻidan shipga osib, qirq joyidan nina sanchib qoʻyib yuz mingdan pastga qarab sanatdi. Odamzodning joni qattiq boʻlar ekan, Muattar opa. Bechora churq etmadi-ya.

Muattar — Churq etmagan boʻlsa, demak, ogʻriq sezmagan-da.

Sunbul — Oʻlarki, shuncha nina sanchilsa-yu, ogʻrimasa.

Muattar — Kelganingizga qancha boʻldi?

Sunbul — Ikki oy.

Muattar — Hali psixologik seanslarni koʻp koʻrasiz. Koʻzingiz pishib ketadi. Faqat akangizga sekretarlik qilib, assistentlik qilib kirish imtihonlariga tayyorgarlik qolib ketmasin.

Sunbul — Qolib ketmaydi. Men aytganimni qilaman. Institutga kirmasam qishloqqa qaytib bormayman.

Muattar — Hay-hay, shaxdingizdan qayting.

Sunbul — Rost. Men aytdimmi, qilaman. Oʻninchini bitirishim bilan uzatishmoqchi edi. Toʻpolon qilib hamma yoqni algʻov-dalgʻov qilib yubordim. Ikki yil maktabda ishladim. Sovchilar kelsa, qochish oʻrniga toʻgʻri chiqib oʻzim gaplashaman. «Nima qilib shoʻltirab yuribsizlar? Belida belbogʻi boʻlsa mening oldimga yigitning oʻzi kelsin», deyman. «Voy oʻlay, — qiz emas — balo» deb sovchilar tugunini koʻtarib qochib qolishadi. Mana oyimning dod-voyiga qaramay oʻqishga keldim. Oyimni bilasiz. «Akangni uylanmagani uylanmagan, sen ham yolgʻiz oʻtmoqchimisan?» deb ayyuhannos soldilar. Ularga boʻsh kelsam hozir, kim biladi, beshik quchoqlab oʻtirarmidim...

Muattar — Kelganingiz yaxshi boʻldi. Oʻzingizga ham, akangizga ham. Bu uy uydek boʻlib qoldi. Ayol kishining qoʻli tegmagan joy joy emas-da.

Sunbul — Aslida bu uyning bekasi allaqachon oʻzingiz boʻlishingiz kerak edi.

Muattar — Hazilni qoʻying, Sunbulxon. Biz akangiz bilan faqat ustozu shogird, hamqishloq sifatida koʻrishib turamiz. Men psixoterapevtika kursini tugatayapman. Ba’zi masalalarda Mizrob akamdan maslahat olib turaman.

Sunbul — Qishlogʻimizda sizlarni allaqachon bichib-toʻqib qoʻyishgan. Haqiqatan, sizlar bir-biringizga yarashiqsizlar.

Muattar — Doʻkondan yarashgan kiyimni olib kiyish mumkin. Ertaga yarashmay qolsa boshqasini olib kiysa boʻladi. Hayot boshqa, singiljon. Turmush ancha murakkab.

Sunbul — Xuddi turmush koʻrganlarday gapirasiz.

Muattar — Koʻrmasam ham koʻrgandayman. Men onamdan yosh yetim qoldim. Oʻgay onaning qoʻlida oʻsdim. U tili tez, andishasiz xotin edi. Meni ham, otamni ham koʻp xoʻrlar edi. Men oʻzimdan ham otamning azoblarini koʻrib kuyib ketardim. U bechora olamdan yorugʻlik koʻrmay oʻtib ketdi. Men shaharga ammamnikiga kelib turdim. Shu yerda oʻqidim. Gohi oʻylayman: agar vaqti soati yetib koʻnglimga yoqqan odam bilan turmush quradigan boʻlsam, uni shunday hurmat qilay, shunday e’zozlayki, dunyoda hech bir er hech bir xotindan bunday ardoq koʻrmagan boʻlsin. Men uni har kuni ertalab oʻpib uygʻotar edim, eng yaxshi koʻrgan taomlaridan tayyorlab berardim. Oppoq koʻylaklar kiygizib, choʻntagiga toza, dazmollangan roʻmolchalar solib, shirin soʻzlab, oʻpib ishga kuzatardim, yayrab kutib olardim, toki oila unga quvonch va baxt goʻshasi boʻlsin. Toki olamga kelib rohat koʻrdim, desin.

Sunbul — Oh-oh! Agar yigit boʻlganimda sizni oʻzim olardim.

(Mahmudiy va Odiljon kiradilar).

Mahmudiy — (Koʻchadan gapirib kiradi.) Insonning miyasi, nima desam boʻladi, mana shu qogʻoz (Choʻntagidan haligi gazetani olib yozadi va yeijimlab dumaloq qiladi, soʻng kaftiga qoʻyib koʻrsatadi). Mana shu kaftimda turgan qogʻozda butun olam xabarlari bor. Unda Mahmudiyning seanslari ham, Londondagi ishchilar namoyishi ham, Fisher bilan Petrosyan matchi ham yozilgan. Unda qancha harf bor? Tasavvur qilasanmi? Toʻrt betlik gazetada qancha harf bor? Mana, insonning miyasi shu. Bu yerda (boshiga taqillatib chertadi) oʻn toʻrt milliarddan ortiq murakkab elektron mashina yotibdi.

(U uydagi odamlarga parvo qilmay, berilib soʻzlaydi. Muattar hijolatda, Odiljon ham doʻstining soʻ-zini boʻlolmay noqulay ahvolda. U qizlarga bir-ikki egilib salom beradi). Bu murakkab mashinalarning necha protsenti ishlaydi, qancha qismi informatsiya qabul qiladi, ya’ni insonga aktiv xizmat qiladi deb oʻylaysan? Qani, ayt-chi?

Odiljon — A? Kechirasan, eshitmadim.

Sunbul — Aka, avval mehmonni tanishtirmaysizmi?

Mahmudiy — (Endigina Muattarga koʻzi tushib) E... e... darvoqe... darvoqe... Tanishinglar. Mening sinfdosh doʻstim Odiljon.

Sunbul — Men sizni tanidim, Odiljon aka!

Odiljon — (Qoʻl berib) Yanglishmasam, Sunbul...

Sunbul — Topdingiz. Men oʻsha papkangizga mushukning bolasini solib qoʻygan Sunbulman. (Arazlagan boʻlib) Oʻshanda meni Sunbul debmas, Dunbul deb chaqirardingiz. Mana bular Muattar opam boʻladilar.

Mahmudiy — Moʻminova. Psixoterapevt. (Odiljon bilan tanishtirgach oʻzi qoʻl berib soʻrashadi) Yaxshimisiz, Moʻminova?

Sunbul — «Moʻminova»ga balo bormi? Muattarxon deng.

Muattar — Aytim-ku, Sunbulxon, biz jindak hamkasaba, ustozu shogird, xolos. Xoʻp, men boray.

Sunbul — Qayoqqa borasiz? Mana, akam keldilar. Odiljon akam... Hamqishloqlar birpas gaplashamiz.

Muattar — Uzr, men borishim kerak. Xoʻp xayr, domla Mahmudiy. (Chiqadi. Sunbul akasiga bir xoʻmrayib uning ketidan chiqadi).

Mahmudiy — (Parvo qilmay gapida davom etadi). Shunday qilib, inson miyasining imkoniyatlari cheku-chegarasiz. Uning oʻndan toʻqqiz qismi umr boʻyi ishga tush-masdan qolib ketadi. Men oldinga surayotgan fikrning qisqacha mazmuni shu: inson tugʻilishidan qobiliyatsiz boʻlmaydi. Faqat muayyan sharoitda bosh miyaning ma’lum nuqtalari harakatsiz qoladi. Paganini tugʻilgan yurtda skripka boʻlmaganda, u etik moylovchi boʻlar edi. Mana shunaqa, doʻstim. Sen yelkangga mana bu taqir-tuqurlarni osib yuribsan. Balki sen Stanislavskiy, Nemirovich-danchenkodursan, balki Nьyuton, balki Arximeddirsan. Endi senga bitta sir aytaman — sen shu aytganlarimning hammasisan. Sen Aflotun ham Arastusan, sening qayeringdadir Iskandar Zulqarnayn uxlab yotibdi. Sen Sa’diy va Gyotesan, Ulugʻbeksan, Leonardo da Vinchisan. Ha-ha, doʻstim. Hayron boʻlma. Bitta danakda butun bir bogʻ uxlab yotadi.

Odiljon — Leonarda da Vinchi deganing ancha haqiqatga yaqin. Maktabning devoriy gazetasiga hamma suvratni oʻzim ishlardim. Esingdami, Mamayusuf dangasani rosa boplab chizgan edim. Ha, mendan Arximed chiqmasa ham, Leonardo da Vinchi chiqishi mumkin edi.

Mahmudiy — Ha, doʻstim Odiljon, shunday vaqtlar keladiki, psixologiya ilmi inson qobiliyatlarini toʻla, mukammal ochib tashlaydi. Bosh miyadagi milliard chiroqlarning qaysi biri koʻproq kuchlanishni koʻtara oladi, qaysi biri porlab yonishga quvvati yetadi — ilm ravshan aniqlab beradi. Shunda tugʻilgan goʻdak faylasuf boʻladimi, tosh koʻtaradigan polvon boʻladimi — tugʻilish guvohnomasiga qoʻshib yozib beriladi. Atrofga qara, hozir nima ahvol?

Mana, uzoqqa bormay, oʻz kasbdoshlaringga nazar sol. Muxbirman, jurnalistman deganlarning hammasi muxbir, jurnalistmi? Mana sening boʻlim mudiring, — u mendan intervьyu olgan, juda usta dorboz boʻlishi mumkin edi. Qadam qoʻyishidan bilaman. Hozir kim? Jurnalist. Bu ham mayli-ya, hali pensiyaga chiqqandan keyin yozuvchilik da’vo qiladi. Tomoshani ana unda koʻrasan. Hamma balo shundaki, dastavval miyasidagi kerakli, yuqori volьtli chiroq yonmay qolgan. Uning oʻrniga xira, qora chiroqni yoqib koʻygan. Endi u olamdan tutab, lip-lip qilib, hammaning joniga tegib oʻtib ketadi.

Odiljon — Olimlarning ichida ham darbozlar yoʻq emasdir.

Mahmudiy — Albatta bor. Ammo kelajak bu masalani hal qiladi. Olimlar inson miyasining toʻla xaritasini tuzadilar. Bu xarita shunday katta boʻladiki, u bilan yer sharini oʻrasa boʻladi. Bu xarita gʻuj-gʻuj chiroqlar bilan qoplanadi. Chunki inson miyasining harakatsiz yotgan choʻlu sahrolari, muzliklari qolmaydi. Oʻyla, doʻstim. Biz yer xaritasidan qancha-qancha sahrolarni yoʻqotyapmiz. Ammo mana bu yerdagi (boshini koʻrsatib) dashtu biyobonlarni yoʻqotishni kimoʻylaydi, kim? Yer yuzida odamqadami tegmagan joy deyarli qolmadi. Lekin ongimizda sukunat qutblari bepoyon. Biz dunyoga kelib nima koʻramizu, nima bilamiz? Odiljon, doʻstim! Ba’zan tushlarimda butun dunyo yonayotganini koʻraman. Ha, doʻstim, dunyo yonayapti. Chunki biz undan bebahramiz. Dahshat, dahshat. (Suv ichadi, bir oz oʻzini toʻxtatib) Odiljon, sening ham kechalari uyqung qochadimi?

Odiljon — (Xoʻrsinib) E, nimasini aytasan. Ba’zan oppoq sahargacha koʻzim yumilmaydi. Barno shunday tirikday menga termulib turaveradi. Ertalabgacha u bilan gaplashib chiqaman.

Mahmudiy — (Uning yelkasiga qoʻlini qoʻyib). Oʻzingni qoʻlga ol. Koʻp xayol surma. Bu — gallyutsinatsiya. Hech qisi yoʻq, oʻtib ketadi. Bir ikki seans oʻtkazamiz. Koʻzingga hech qanaqa sharpa koʻrinmaydigan boʻladi. Mening ham ba’zan uyqum qochadi. Osmonga yulduzlarga qarayman.

Ba’zan koʻzga uyqu kelmagan chogʻlar
Koʻkka termilaman, qilaman havas.
Yoʻq, u osmon toʻla yulduzlar emas,
Inson aqlidagi yoniq chiroqlar.
Zuhro porlab turar falak toʻrida,
Oʻsha sayyoradan uzmayman koʻzim.
Deyman, qani inson tafakkurida
Mening kashf etajak yorugʻ yulduzim.

Tasavvur qil, doʻstim! Ikki ming ikki yuzinchi yil. Inson eng olis sayyoralarga borib yetadi. Yerning har qarichi insonga xizmat qiladi. Odam, bashariyat eng murakkab avtomatlar, elektron mashinalarni boshqaradi. U avtomat, u elektron mashinalar oʻz navbatida odamni, bashariyatni boshqaradi. Taraqqiy etgan Demograf mashinalar yer sayyorasi uchun bugun qancha, oʻn yildan soʻng qancha, ellik yildan soʻng qancha odam kerakligini, bu odamlarning qanchasi ayol, qanchasi erkak boʻlishi kerakligini hisoblab beradi...

Odiljon — Bitta savol.

Mahmudiy — Xoʻsh?

Odiljon — Oʻshanda odamni dunyoga keltirish ota-bobolardan qolgan usul bilan boʻladimi, yoki....

Mahmudiy — (Hafsalasi pir boʻlib) E... bachkana boʻlma. Men seni odam deb gapirsam....

Odiljon — Uzr, uzr. Hazillashdim. Gapiraver. Qulogʻim senda. Gapingga mahliyo boʻlib muxbirligim esdan chiqibdi-ku. Sendan intervьyu olishim kerak (reportyorni ochadi.)

Mahmudiy — Qoʻysangchi, oʻsha ashqol-dashqolingni yop. Dunyoda nima yomon — temirga qarab gapirgan yomon. Oldimda mikrofon tursa tilimga gap kelmay qoladi.

Odiljon — Mayli, mayli. Sening aytganing boʻlaqolsin. (Reportyorni ishlatib, mikrofon chiqaradi va Mahmudiydan yashirib stol tagiga qoʻyadi) Mana, yopib qoʻydim. Mizrob, hali bir she’r oʻqiding: «Qani inson tafakkurida mening kashf etajak yorugʻ yulduzim!» Menga juda yokdi. Oʻsha yorugʻ yulduzni haqiqatan kashf etish mumkinmi? (Mikrofonni bildirmay Mahmudiyga toʻgʻrilaydi).

Mahmudiy — (shavq bilan) Endi senga eng muqaddas, hali hech kimga aytmagan, umrim boʻyi (koʻkragiga qoʻlini qoʻyib) mana shu yerimda asrab kelgan orzumni aytaman. Mening niyatim inson tafakkuridagi ana shu yorugʻ yulduzni topish. Buning ma’nosi — insonning hayotidagi, jamiyatdagi oʻrnini topib berish. Men orzu qilaman: shunday odamboʻlsaki, u bugungi hayotimizdan chetda qolgan, gʻirt omi, ongi ilm bilan zaha boʻlmagan, Lokk ta’biri bilan tabula rasa — yozilmagan oq qogʻoz boʻlsa. Men uni antropo-logik, genetik, fiziologik tekshirishlardan oʻtkazsam, tafakkur tarzini oʻzgartirsam, yangi yoʻnalish, yangi dunyoqarash bagʻishlab, yangi dunyoning yangi odamini yaratsam.

Odiljon — Bu misli koʻrilmagan ish-ku...

Mahmudiy — Menda maxsus oʻzim tayyorlagan programma bor. Laboratoriyada bu maqsad uchun moʻljallangan apparatlar toʻlib yotibdi. Endi mana buni koʻr. (Devordagi pardani ochadi. Katta xarita koʻrinadi). Nima deb oʻylaysan?

Odiljon — Oyning xaritasi.

Mahmudiy — Yoʻq, bu inson miyasining xaritasi. Mana bu togʻ tizmalari — xotira chiziqlari boʻladi. Bu yer abstrakt tafakkur vodiysi, mana bu — ishq muhabbat okeani, bu yogʻi kimsasiz choʻlu sahrolar. Hali ilmning qadami bu yoqqa yetib kelmagan. Mana shunaqa gaplar, doʻstim. (Pardani tushiradi. Sunbul kiradi).

Sunbul — Iye, hali shu mahalgacha dasturxonsiz oʻtiribsizlarmi? (Odiljonga) Akam sizni nuqul gap bilan mehmon qilayotgan ekanlar-da. (Darrov dasturxon yozib stol tuzay boshlaydi).

Odiljon — (Reportyorni yigʻishtirib) Ovora boʻlmang, Sunbulxon. Men hozir ketaman.

Sunbul — Bir piyola choysiz qayoqqa ketasiz? Akam oʻzlari shunaqa. Xafa boʻlmaysiz. Olamda nima borligini biladilar-u, uyda nima borligini bilmaydilar.

Mahmudiy — Nega bilmas ekanman. Uyda, mana, sen borsan. Men shuni bilaman, qolganini sen bilasan. Ikkita kofe. (Odiljonga) Mana, doʻstim, oʻn besh yildan beri shunaqa gaplar bilan kallani shishirib yotibmiz.

Odiljon — Sen ulugʻ olimsan, Mizrob. Avliyosan.

Mahmudiy — Eshityapsanmi, Sunbul? (Odiljonga) Sunbul ham eshitsin, bir qaytar.

Sunbul — (Ikki chashka kofe olib keladi). Nima gap?

Odiljon — Men Mizrobga ulugʻ olimsan, dedim.

Sunbul — Toʻgʻri. Ulugʻ olimlar jinni boʻladi, deb eshitganman.

Mahmudiy — Ana xolos!

Odiljon — Hamma olimlar ham Mizrobga oʻxshab ilmning, oʻz maslagining jinnisi boʻlsa mayli edi.

Mahmudiy— (Odiljonga). Kofe yaxshi-a?

Odiljon — Zoʻr!

Sunbul — Muattar opam kofeni mendan ham yaxshi damlaydilar.

Mahmudiy — Kim u?

Sunbul — Moʻminova. Shogirdingiz.

Mahmudiy — E, Moʻminova... Lekin undan katta olima chiqmaydi.

Odiljon — Oʻzi yaxshi qizga oʻxshaydi.

Mahmudiy — E... Ularning hammasi bir goʻr.

Sunbul — Aka, men ketdim. Bugun Muattar opamnikida qolaman. Imtihonlarga tayyorlanaman.

Mahmudiy — Oltinchi bob mashinkadan chiqdimi?

Sunbul — Ozroq chalasi qoldi. Ertaga tugatib qoʻyaman.

Mahmudiy — Haligi maqolani gazetadan qirqib papkaga solib qoʻy.

Sunbul — Gazeta qani? Oʻzingiz oʻqib yurgan edingiz.

Mahmudiy— (U yoq-bu yogʻini qidirib, yon choʻntagidan haligi gʻijimlab dumaloq qilingan gazetani oladi). Mana. Men uni miya qilib qoʻyibman-ku. (Korzinkaga tashlaydi). Bunaqa miyani korzinkaga tashlash kerak.

Sunbul — Ana shunaqa-da...

Odiljon — Hechqisi yoʻq. Menda bu gazetaning nusxasi bor. Beraman. (Qoʻynidan gazetani olib Sunbulga beradi).

Sunbul — Xoʻp. Men ketdim.

Odiljon — (Mahmudiyga) Menga ham ijozat ber. Sunbulxonni oʻzim kuzatib qoʻyaman.

Mahmudiy — Xoʻp, Odiljon. Kelib tur. Endi muxbir boʻlib emas, oʻzing kel.

Odiljon — Xayr.

(Sunbul va Odiljon chiqishadi. Mahmudiy ish stoliga oʻtirib qogʻozlarni tartibga keltiradi, bir nimalar yozadi. Chiroq oʻchib yonganda Mahmudiy deraza oldida turganini koʻramiz).

Mahmudiy — ... Qani inson tafakkurida men yoqajak eng yorugʻ yulduz!

(Radioni qoʻyadi. Diktorning ovozi eshitiladi).

Diktor — ...Uning fikricha, kelajak jamiyat butunlay elektron hisoblash mashinalari ixtiyoriga oʻtadi. Olim muxbirimiz bilan suhbatda, jumladan, quyidagilarni aytdi:

Mahmudiy ovozi — «Kelajakda olimlar inson miyasining toʻla xaritasini tuzadilar. Bu xarita shunday katta boʻladiki, u bilan yer sharini oʻrasa boʻladi. Endi men butun umr asrab kelgan orzumni aytaman. Mening niyatim inson tafakkuridagi yorugʻ yulduzni topish...»

Diktor ovozi — Bu ezgu maqsad yoʻlida sizga sabot va omadlar tilaymiz. Sogʻ-salomat boʻling, Mizrob Mahmudiy... Bugun chorrahalarda yoʻl harakatining buzilishi natijasida...

Mahmudiy — (radioni oʻchirib) Dod, muxbirlar dastidan dod! Ulardan qayoqqa qochib qutulaman? Soʻz ogʻzimdan chiqib ulgurmay, radiodan taralib turibdi-ya! Qachon yozdi, qanday yozdi? (Eshik qoʻngʻirogʻi chalinadi). Ana yana bittasi keldi. Men yoʻqman! Mahmudiy yoʻq. (Teskari qarab quloqlarini berkitadi. Eshik sekin qiya ochiladi. Quloqchinli bosh koʻrinadi).

Quloqchin — It yoʻqmi?

Mahmudiy — Mahmudiy yoʻq.

Quloqchin — (Kiradi. Uning egnida yayeir telogreyka, yogʻ bosgan shim. Qoʻlida sumka). Oltinchi uy shumi?

Mahmudiy — Sizga nima kerak?

Quloqchin — Xolodilьnik tuzatgani keldim.

Mahmudiy — (Qaraydi. Uni boshdan oyoq kuzatadi) Ishqilib muxbir emasmisan?

Quloqchin — Qoʻrqmang. Unaqa odatim yoʻq.

Mahmudiy — (Unga yana razm solib) Ana xolodilьnik. (Quloqchinli odam — yigirma, yigirma ikki yoiiardagi yigitcha. U shoshmasdan telogreykani yechib kresloga tashlaydi. Titilgan yoe bosgan kamzulning yengini shimaradi. Taroq tegmagan patak sochli boshini qashib xolodilьnik yoniga keladi).

Quloqchin — Yo Jamshid, oʻzing sharmanda qilma. (Xolodilьnikni ochadi). Aka, buningiz ishlamaydi-ku.

Mahmudiy — Ishlasa seni chaqirib nima qilardim? Choʻpchak aytisharmidim?

Quloqchin — Olamga kelib bunaqa katta xolodilьnik koʻrgan emasman. (Shoshmasdan xolodilьnik ichidagi ashyolarni olib tepasiga taxlaydi. Bir-ikki turtib, tepib koʻradi. Xolodilьnik ishlamaydi). Aka, bu xolodilьnikning oti nima? Nega buncha katta?

Mahmudiy — (Xolodilьnik ustidan kitobcha olib beradi) Mana bu — qoʻllanmasi. Oʻqib tuzataver.

Quloqchin — Eh, akajon-a, oʻqishni bilsam shunaqa qilib yurarmidim?

Mahmudiy — (Yarq etib unga qaraydi) Yoshing nechada?

Quloqchin — Yigirma ikkiga kirdim.

Mahmudiy — Oʻqishni bilmaysanmi?

Quloqchin — Harflarni bilaman. Qoʻshib oʻqishga yoʻqroqman.

Mahmudiy — Men osgan e’longa koʻzing tushmadimi?

Quloqchin —Qanaqa e’lon?

Mahmudiy — Yigirma yoshdan oʻttiz yoshgacha boʻlgan savodsiz odam menga yoʻliqsin. Yonimdan pul berib oʻqitaman, deb yozganman.

Quloqchin — Afandi ekansiz. (Kuladi).

Mahmudiy — Nega?

Quloqchin — E’lonni savodi bor odam oʻqiydi-da. Menga oʻxshaganlar koʻchada e’lon oʻqib yurarmidi?

Mahmudiy — Gapingda mantiq bor. Beri kel-chi. Isming nima?

Quloqchin — Matmusa.

Mahmudiy — Ota-onang bormi?

Matmusa — Ota-onam yoshligimda oʻlib ketishgan.

Mahmudiy — Qayerda turasan? Matmusa — «Bedananing uyi yoʻq, qayga borsa pitpildiq». Eshitganmisiz?

Mahmudiy — Maktabga borganmisan?

Matmusa — Yetti yil oʻqiganman.

Mahmudiy — Demak, yetti sinf tugatgansan.

Matmusa — Yoʻq, toʻrtinchi sinfni tugatganman.

Mahmudiy — Qanday qilib?

Matmusa — Har sinfda ikki yildan...

Mahmudiy — Tushunarli. Xoʻsh, keyin-chi?

Matmusa — Keyin oʻqituvchi menga qogʻoz yozib bergan.

Mahmudiy — Qanaqa qogʻoz?

Matmusa — Bilmayman. Lekin oʻsha qogʻoz menda bor. (Qoʻltigʻidan tumorcha olib beradi).

Mahmudiy — Bu tumor-ku.

Matmusa — Ichida oʻsha qogʻoz bor.

Mahmudiy — (Tumorni avaylab soʻkadi) Qanday qilib oʻqituvchi yozib bergan qogʻoz tumorga tikilib qoldi?

Matmusa — Rahmatli buvimga, mana bu qogʻozni domlam berdilar, desam, buvim, hoynahoy domlang tumor yozib bergandir, deb shuni tikib berdilar.

Mahmudiy — (Tumor ichidan qogʻoz olib oʻqiydi) «Toʻrtinchi «B» sinf oʻquvchisi Madaliyev Matmusa qobiliyati sust boʻlganligi uchun oʻqishdan ozod qilinib, hunar maktabiga yuborildi. Oʻzlashtirishi: ona tili — ikki, tabiiyot — ikki, tarix — ikki, arifmetika — bir...» (Matmusaga) Hisobdan sal boʻshroq ekanlar-da.

Matmusa — (Uyalgan boʻlib yerga qaraydi) Sal...

Mahmudiy — Hunar maktabiga bordingmi?

Matmusa — Amakim: «Qopga somon tiqish ham hunar boʻladi», deb meni somon bozoriga olib ketdilar.

Mahmudiy — Keyin-chi?

Matmusa — Keyin qayerdan besh tanga chiqadigan boʻlsa, oʻsha ishni qildim. Hammomda goʻlax, temir yoʻlda hammol boʻldim, mardikorchilik qildim. Yamoqchilikni ham bilaman. Botinkangiz yirtilsa bering, oʻzim yamab beraman.

Mahmudiy — Xolodilьnik tuzatishni qachon oʻrganding?

Matmusa — Bunisini aytmayman.

Mahmudiy — Aytasan.

Matmusa — Aytsam haydab yuborasiz-da.

Mahmudiy — Haydamayman.

Matmusa — Boʻlmasa oldin mana bu qogʻozga — keldi, tuzatdi, deb qoʻl qoʻyib bering.

Mahmudiy — (Qoʻl qoʻyadi) Mana, qoʻl qoʻydim. Endi ayt.

Matmusa — Rostini aytsam, men xolodilьnik tuzatishni bilmayman. Umrimda bu ishni qilmaganman.

Mahmudiy — Boʻlmasa, nega kelding?

Matmusa — Men «Hojat» kombinatida ishlayman. Odamlarga har xil xizmat qiladigan joy borku...

Mahmudiy — Maishiy xizmat korxonasi.

Matmusa — Shunaqa. U yerda men kiyim tozalash boʻlimida yuk tashuvchiman. Odamlardan olingan kir engillarni fabrikaga olib boraman, tozasini qaytib olib kelaman. Oʻsha joydagi xolodilьnik ustaxonasida bir oʻrtogʻim bor. Juda yaxshi bola. Shu... shu deng... Yaxshi koʻrgan qizi bilan uchrashadigan boʻlib qolibdi. Shu bugun. Bormasa sira boʻlmas ekan. Direktorimiz juda qoʻrs, baqiroq odam. Yarim kunga javob bermapti. Bola menga aytib qoldi. Qogʻozlaringni menga ber, hammasini oʻzim tinchitaman, dedim. Sen jononning oldiga boraver, xotirjam boʻl, dedim... Xullas koʻndirdim.

Mahmudiy — Xolodilьnik tuzatishni bilmasang, qanaqa qilib uning ishini bajarasan?

Matmusa — Bajarib boʻldim. Toʻrt joyga borish kerak ekan. Ikkita uyda egasi yoʻq ekan, qoʻshnilariga qoʻl qoʻydirib oldim, keldi, deb. Uchinchisi, aksiga egasi bor ekan, ancha qiynadi. Xolodilьnikning atrofida bir-ikki aylanib, egasining koʻzini shamgʻalat qilib turib bir tepdim. Baxtimni qarang, ishlab ketdi. Keyin birpas ichini kavlagan boʻldim-u, qogʻozga qoʻl qoʻydirib oldim. Egasi bechora xursand boʻlib yana qoʻlimga besh berdi.

Mahmudiy — Besh berdi?

Matmusa — Besh soʻm, deyapman. Mana. Buni oʻsha bolaning oʻziga beraman. Jononingga ishkalat olib ber, deyman. Shunaqa, aka. Bu yokda, mana, sizniki ham oson koʻchdi. Xoʻp, men ketdim.

Mahmudiy — Shoshma, Matmusa. Oʻtir (Kreslogo oʻtqazadi va jovondan har xil asboblar oladi. Soʻng oʻsha asboblar bilan Matmusani tekshira boshlaydi. Qalpogʻini yechib, sirkulga oʻxshagan asbob bilan miyasidan gardanigacha, dahanidan peshonasigacha oʻlchaydi. Chambarakka oʻxshagan narsani boshiga kiygizib koʻradi. Lentali metr bilan peshonasining kengligini hisoblaydi).

Matmusa — Nima qilyapsiz, aka? Qalpoq tikasizmi?

Mahmudiy — Menga qara, Matmusa. Aytishingga qaraganda, sen koʻp ishlarni koʻrgansan. Hammol boʻlgansan, oʻt yoqarlik qilgansan. Ayt-chi, koʻp kasb-hunarlarning ichida oʻzingga eng yoqqani qaysi boʻlgan?

Matmusa — Nosfurushlik.

Mahmudiy — Nima sababdan?

Matmusa — Koʻproq pul chiqar edi.

Mahmudiy — Ekstravert. Uchinchi bosqich, toʻrtinchi daraja.

Matmusa — Labbay?

Mahmudiy — Koʻzimga qara-chi. Mana bu nechta? (Yettita barmogʻini koʻrsatadi).

Matmusa — Uch kam oʻn.

Mahmudiy — Ellikdan oʻttizni olsang qancha qoladi?

Matmusa — Ellikdan oʻttizni olsa, qirq... yoʻq... oʻn sakkiz...

Mahmudiy — Ellik soʻm puling boʻlsa, oʻttiz soʻmni ishlatsang qancha puling qoladi?

Matmusa — Yigirma soʻm.

Mahmudiy — Boʻlmasa nega qirq, oʻn sakkiz, deysan?

Matmusa — Pul bilan aytsangiz minggacha ham hisoblayveraman.

Mahmudiy — Matmusa, men seni oʻqitsam nima deysan?

Matmusa — Qoʻysangiz-chi, hazillashmang.

Mahmudiy — Rost aytayapman.

Matmusa — Oʻqishdan gapirmang. Uyqum keladi. (Esnaydi)

Mahmudiy — A’lo darajada somnambula.

Matmusa — A?

Mahmudiy — Men seni koʻproq uyquda oʻqitaman. Qancha koʻp uxlasang, shuncha yaxshi boʻladi.

Matmusa — Yoʻgʻ-e...

Mahmudiy — Mana shu uyda men seni bir yil oʻqitaman. Kiyim-kechak, oziq-ovqating mendan. Haftada bir kun oʻynab kelishingga oʻn soʻm pul.

Matmusa — Bir yilda besh yuzu yigirma soʻm!

Mahmudiy — Barakkala. Hisobga durustsan-ku.

Matmusa — Lekin meni oʻqitaman deb ovora boʻlmang. Menga ataganingizni bering. Men ketay.

Mahmudiy — Oʻqishni hohlamaysanmi?

Matmusa — Dunyoda kim koʻp, oʻqigan koʻp. Menga oʻxshagan savodsiz shaharda yo ikkita, yo bitta oʻzim. Shuncha olimga bitta qoʻychibon ham kerak-da.

Mahmudiy — Oʻzing bilasan. Men seni majbur qilmayman. Lekin oʻn yildan keyin oʻqimagan odamga ish qolmaydi. Ochingdan oʻlasan.

Matmusa — Oʻylaydigan xonasi kelib qoldi. (Oʻrnashib oʻtiradi. Qalpogʻini stolga qoʻyib unga qaraganicha) Nima deysiz, mulla Matmusa? Oʻqiysizmi? Olim boʻlasizmi? Tekin joy, tekin kiyim, tekin osh, yana haftasiga oʻnta soʻm pul. Xoʻsh, mulla Matmusa, shu mahalgacha hech qachon tekindan qaytmagansiz. Bir tavakkal qilamizmi? Yoʻq, shoshma Matmusa bir balosi boʻlmasa shudgorda quyruq na qilur. (Mahmudiyga) Bir narsa soʻrrasam maylimi?

Mahmudiy — Xoʻsh?

Matmusa — Hoynahoy bekorchi odam emassiz. Har kimning tirikchiligi bor. Meni oʻqitib nima qilasiz? Sizga shundan nima foyda?

Mahmudiy — Foydam bilan ishing boʻlmasin. Men ilmiy tajriba qilaman. Senda uxlab yotgan qobiliyatlarni uygʻotaman.

Matmusa — Hali uxlataman, dedingiz-ku.

Mahmudiy — Seni uxlatib qoʻyib qobiliyatlaringni uygʻotaman. Bir yilda sen oʻqimishli, madaniyatli, hamma sohalardan xabardor odam boʻlasan.

Matmusa — Oʻzimizning kombinatga xoʻjayin boʻlamanmi?

Mahmudiy — Boʻlishing mumkin. Tashkilotchilik qobiliyatining bormi?

Matmusa — U nima oʻzi?

Mahmudiy — Biror ishga boshchilik qilganmisan? Biror narsani uyushtirganmisan?

Matmusa — Urushtirganman. Bedana, xoʻroz, it...

Mahmudiy — Sendan boshliq chiqmasa kerak.

Matmusa — Boshliq boʻlgandan keyin tuzukroq mansabda oʻtirish kerak-da. Kombinatga direktor boʻlasan, desangiz, ishontirsangiz, unda mayli, oʻqiyman. Boʻlmasa, yoʻq.

Mahmudiy — Direktor boʻlib nima qilasan? Turgan bitgani gʻalva-ku. Seni men oʻzimga assistent qilib tayyorlayman. Mening yordamchim boʻlasan. Gʻayrat qilsang kelajakda olim boʻlishing mumkin.

Matmusa — Kerak emas, men faqat direktor boʻlsam oʻqiyman.

Mahmudiy — Menga-ku seni olim qilishdan direktor qilish oson. Lekin sen oʻz foydangni bilmayapsan.

Matmusa — Yoʻq, men olim boʻlmayman. Direktor boʻlaman. Shunga koʻnsangiz oʻqiyman.

Mahmudiy — Direktor boʻlishni astoydil istaysanmi?

Matmusa — Astoydil.

Mahmudiy — Men topshirgan mashqalarni astoydil bajarasanmi?

Matmusa — Bajaraman.

Mahmudiy — Boʻpti, qaror qildik. Sen direktor boʻlasan.

Matmusa — Yashang, aka! Oʻqiganim boʻlsin, qoʻlni tashlang.

Mahmudiy — Shoshma. Shart bor.

Matmusa — Qanaqa shart?

Mahmudiy — Shart shuki, ba’zan bir kunda oʻn toʻrt-oʻn olti soatdan mashq, seanslar oʻtkazamiz, qochib ketmaysan.

Matmusa — Qochmayman. Yigit soʻzim.

Mahmudiy — Ikkinchidan. Bu ishimizni senu mendan, mening singlimdan boshqa hech kim bilmasligi kerak. Birovga churq etsang, tilingni sugʻurib olaman.

Matmusa — Churq etmayman.

Mahmudiy — Ana kelishdik.

Matmusa — Mening ham shartim bor.

Mahmudiy — Xoʻsh?

Matmusa — Menga «direktor boʻlasan», deb qogʻoz yozib berasiz.

Mahmudiy — Qogʻozni buncha yaxshi koʻrmasang. Mayli, yozib beraman.

Matmusa — Keyin... rostini aytsam, oʻlgudek poʻstakman, darsingizni bilmay qolsam urmaysiz.

Mahmudiy — Urmayman. (Oʻltirib qogʻozga bir nimalar yozadi).

Matmusa — Boʻpti. Mana endi suyinchisiga bitta otadigan xonasi keldi. (Choʻntagidan nosqovoq oladi va ogʻziga bir kaft tashlab, nosqovoqni Mahmudiyga uzatadi) Nosdan oling, aka.

Mahmudiy — Rahmat, bemalol. Mana eshit. (Oʻqiydi) «Hojat» korxonasining yuk tashuvchisi Matmusa bir yildan soʻng shu kombinatga direktor boʻladi. Komil ishonch bilan imzo chekdim. Mizrob Mahmudiy». Mana ol. Boʻldimi?

Matmusa — «Matmusa Jalilovich», deb yozing.

Mahmudiy — Bor, ana Matmusa Jalilovich boʻlaqolsin. (Yozadi) Endi boʻldimi?

Matmusa — Boʻldi. Men buni tumor qilib taqib olaman.

Mahmudiy — Bilganingni qil. Lekin birinchi tumoring xotira uchun menda tursin. Seni qobiliyatsiz deganlarga kaltak qilamiz. Mana, Matmusavoy, shu bugundan boshlab sen menga shogird men senga ustoz boʻldim. Biz ishni hoziroq boshlaymiz. Borib senga yangi kiyimlar sotib olamiz. Ertaga ertalab birinchi dars. Qani, ketdik.

(Eshikka qarab yuradi. Matmusa ogʻzidagi nosni siyohdonga tuflab uning ketidan chiqadi.)

Parda

Ikkinchi Fasl

Birinchi Manzara

Oradan uch oy oʻtdi. Mizrob Mahmudiyning ish kabineti. Roʻbaroʻdagi ikki derazaga parda tutilgan. Oʻng va soʻl tomondan devorlar kitob javoni bilan qoplangan.

Kichik stolchalarda, jovon polkalarida magnitofon, diktofon va turli akustika asboblari. Oʻrtada katta stol. Ikki yonida ikkita stul.

Stol yonida zalga qarab Matmusa turibdi. U chiroyli yozgi kostyumda. Neylon koʻylak ustidan kostyum rangida och galstuk taqqan. Yangi oʻstirgan sochini chiroyli qilib yonboshga taragan.

Oʻng qoʻlida bir varaq qogʻoz, chap qoʻlida qalam. U qalamni stol ustida turgan kamertonga urib, zalni tinchitadi.

Matmusa — Tinchlaning, oʻrtoqlar! (Qogʻozga qarab) Majlis qarorini ovozga qoʻyaman. Hozir oʻqib eshittirilgan qaror qabul qilinsin, deganlar qoʻl koʻtarsin! (Qoʻl koʻtaradi va qoʻlini tushurmay, xatga qaragancha davom etadi.) Qarshi yoʻq, betaraf yoʻq. Qaror bir ovozdan qabul qilinadi.

Ovoz — Stop, stop! (Parda orqasidan Mahmudiy chiqib keladi. U pijama va yengil finka kiygan. Qoʻlida tayoqcha.) Birinchidan, qaror ovozga qoʻyilganda qogʻozga emas, odamlarga qarash kerak. Mana bunday. (Tayoqcha bilan Matmusaning dahanidan koʻtarib zalga qaratadi.). Garchi odatda qarshi, betaraf boʻlmasa ham tartib yuzasidan shunaqa qilinadi. Ikkinchidan, qarshi va betaraflarni soʻraganda majlis olib boruvchi qoʻlini tushirishi kerak. Qoida shunday. Davom etamiz. (Matmusa tugmalarini yechib, terlab ketgan yuzini, boʻyinlarini pidjakning etagiga artadi. Shu payt Sunbul ikki kosa ovqat koʻtarib kiradi.)

Sunbul — Ertalabdan beri tuz totganinglar yoʻq. Biroz tamaddi qilib olinglar.

Mahmudiy — Vaqt yoʻq! Bizga halal berma.

Sunbul — (Ovqatni stolga qoʻyib, labini yalab turgan Matmusaga rahmdillik bilan qaraydi va chiqaturib) Ovqat sovib qolmasin, aka. Men institutga ketdim.

Mahmudiy — Davom etamiz.

Matmusa — (ikki koʻzi ovqatda) Davom etamiz.

Mahmudiy — (bloknotga qarab) Xoʻsh nimaga kelib toʻxtadik?..

Matmusa — Xoʻsh... nimaga kelib toʻxtadik?

Mahmudiy — Telefonda soʻzlashishni qaytardik. (Bloknotdan punktma-punkt oʻchiradi) Xodimlarni qabul qilishni oʻtdik... Katta boshliqqa choy uzatish... Savol berilganda gapni chalgʻitish... Quyuq va’da berish... Dagʻdagʻa qilganda stolning qayeriga mushtlash... kresloda oʻtirish, qadam tashlash qoidasi... (oʻchira turib toʻxtaydi.) Mana shu yerda kamchilik bor. Qaytaramiz. Qani, mana bu yerga turing.

Matmusa — (ovqatdan zoʻrgʻa koʻzini olib.) A?

Mahmudiy — Yurishni mashq qilamiz. Koridorda qanday yurish kerak? (Matmusa bilgancha yurib koʻrsatadi) Yoʻq. Mana bunday. Yonimda yuring. Qoʻl! Qoʻl qayerda boʻlishi kerak? Mana bundoq! (Qoʻliga tayoqcha bilan urib orqaga qilib qoʻyadi.) Qorin! Qorinni chiqaring! (Matmusa qornini ichiga tortadi.) Chiqaring, deyapman!

Matmusa — (Gʻoʻldirab) Qorinda hech vaqo yoʻq...

Mahmudiy — Darvoqe... Tanaffus.

(Matmusa boshvogʻi yechilgan kuchukday chopib borib stulga oʻtiradi.) Stop-stop! Boshqatdan. Qani, qanday oʻtirish kerak?

(Matmusa boshini egib joyiga qaytadi va asta, gerdayib yurib stolga oʻtiradi. Shoshmay atrofga qaraydi. Yoʻq odamlarga salom beradi. Irjayadi. Soʻng asta qoshiqqa qoʻl uzatadi. Salfetkaga yaxshilab artadi.)

Bu boshqa gap. Qani, oling.

Matmusa — Marhamat...

(U endi ovqatga qoʻl uzatganda Odiljon kirib keladi. U Matmusani koʻrib, tavoze bilan salom beradi.)

Odiljon — Salom...

(Matmusa va Mahmudiy sarosimada oʻrinlaridan turishadi.)

Uzr. Sizlarni bemahal bezovta qildim, shekilli.

Mahmudiy — Hechqisi yoʻq. Kelaver. (Chetga) — Endi boʻlar ish boʻladi. (Odiljonga Matmusani tanishtirib) Bu kishi kombinat direktori Matmusa Jalilovich, bu mening doʻstim Odiljon — muxbir. Tanishinglar.

Odiljon — Tanishganimdan mamnunman.

Matmusa — Men ham... Men ham... Maymunman.

(Mahmudiy uni qattiq turtadi.) Qani, marhamat... (Oʻtirishadi. Mahmudiy javondan shisha va ryumkalar olib stolga qoʻyadi.)

Odiljon — (Shishani ochar ekan) Matmusa Jalilovich, qayerdan boʻladilar?

Matmusa — Itboqardan.

Odiljon — Itboqardan?

(Mahmudiy Matmusani turtadi)

Matmusa — Yangi nomi Aljabriy koʻchasi. (Yod olgan soʻzlarni takrorlab) Aljabriy oʻrta asrning buyuk olimi, riyoziyotchisi va munajjimidur.

Mahmudiy — (Xursand. Matmusaga) U kishining qanday kashfiyotlari bor, degan edingiz?

Matmusa — (darhol) Al-Jabriy oliy riyoziyot tenglamalari ustida bir necha kashfiyotlar qilgan, shuningdek, bu olimning Sirius yulduzlar turkumining mavqei toʻgʻrisida birmuncha farazlari boʻlib, bular hozirgi zamon ilmi koʻrsatkichlariga ma’lum darajada yaqin keladi.

Mahmudiy — (Odiljonga) Matmusa Jalilovich hamma sohadan xabardorlar. (Matmusaga) Siz Odiljonga koʻcha harakatining yangi qoidalari toʻgʻrisidagi fikrlaringizni aytib bering.

Matmusa — Xoʻp boʻladi. Modomiki jamiyat...

Mahmudiy — Uzr, Matmusa Jalilovich, sizlar suhbatlashib oʻtiringlar. Men Odiljonga ham ovqat suzib chiqaman. (Odiljonga) roʻzgʻor oʻzimizga qolgan, doʻstim...

Odiljon — Ovora boʻlma.

Mahmudiy — Ovorasi yoʻq... Men... Hozir...

(Chiqadi).

Matmusa — Modomiki...

Odiljon — Qani, Matmusa Jalilovich, Mizrob kelguncha bittadan otaylik. Sizning sogʻligingiz uchun. (Stakanni uning qoʻliga tutadi.) Qani, oldik (ichishadi).

Matmusa — Br... r... bay-bay-bay, jonvor-ey.

Odiljon — (Uning xarakterini kamtarinlik va odamoxunlik deb qabul qiladi va sidqidildan kuladi.) Matmusa Jalilovich, koʻchangizning eski nomi nima edi?

Matmusa — A... (Shapillatib ovqatlanishda davom etadi.)

Odiljon — Aljabriy koʻchasining eski nomi...

Matmusa — Al-Jabriy oʻrta asrning buyuk...

Odiljon — Aytingiz. Men oʻsha koʻchaning eski nomini soʻrayapman. Nima edi? It... it..

Matmusa — Itboqar.

Odiljon — Taajjub. Nega bunday deb atashgan ekan. Balki bu koʻchada koʻproq it boqilgan boʻlsa kerak.

Matmusa — Esimga tushib qoldi. (Kosani koʻtarib, oxirigacha ichib qoʻyadi) Men ham bir it boqqanman. (Matmusa shira kayf ta’sirida oʻynayotgan rolini esdan chiqaradi.) Oti qoplon. Vo! Ammo lekin bunaqa zoʻr it dunyoda boʻlgan emas. Bir kun Chimkent tomondan bir itboz kelib qoldi. Iti it emas — eshshak. Boʻyi sizdan bir qarich baland.

Odiljon — Yopiray...

Matmusa — Haligini koʻrgan boshqa itlar dumini xoda qilib qoldi. Men chiqib bordim. Necha pul tikasan dedim? Ming soʻm, dedi. Men Qoplonning qulogʻiga: «Akang oʻrgilsin, — dedim, — manovi eshakka tobing qalay?» Qoplon: «Meni qoʻyvor, oʻzim boplayman», dedi. Qoʻyvordim. Bir payt Qoplonim haligi itning mana shu yeridan (Odiljonning gardanidan mahkam ushlaydi) gʻarch tishlab, mana bunday, mana bunday, mana bunday aylantirib... (Odiljonni gir-gir aylantiradi.)

Odiljon — Matmusa Jalilovich, Matmusa Jalilovich...

Matmusa — Yana bir aylantirib, mana shunday uloqtirdi. (Odiljon divanga borib tushadi.)

Odiljon — Matmusa Jalilovich.

Matmusa — Haligi it shoʻrlik laychaga oʻxshab «vang-vang» qiladi ( Odiljon Matmusaning koʻzini shamgʻalat qilib qochmoqchi boʻladi.) Bir payt qarasam itining ahvolini koʻrgan haligi olifta juftakni rostlamoqchi. «Hov, nomard, qayoqqa?» (Odiljon toʻxtaydi) Shunday dedimu, shart yoqasidan ushlab mana bunday qilib oʻtqizib qoʻydim. (Kresloga oʻtqazadi) «Qani, pulni choʻz, nomard, boʻlmasa quloq-chakkangni yorib qoʻyaman». (Qulochkash qilib turganda tarelkada ovqat olib Maxmudiy kiradi.)

Mahmudiy — (Sirning fosh boʻlishidan qoʻrqib) Matmusa Jalilovich, sizni telefonga chaqirishyapti. Narigi uyga...

Matmusa — Telefonga? (Odiljon teskari qarab egnini tartibga solayotganidan foydalanib Mahmudiy Matmusani qattiq chimchilab oladi. Matmusa bir sakrab) Kechirasizlar, men hozir... bir minutga... (Chiqadi.)

Mahmudiy — Kechirasan-da, doʻstim, direktor madaniyatdan sal...

Odiljon — Nega? Aksincha. Matmusa Jalilovich menga juda yoqdilar. Oddiy, samimiy. Bilmagan odam sira direktor demaydi.

Mahmudiy — Shunday.

Odiljon — Endi men boray. Yoʻlim tushib, seni koʻrgani kiruvdim. (Matmusaning sharpasini eshitib) Xoʻp, xayr.

Mahmudiy — Ovqat-chi?

Odiljon — (Deyarli qochib chiqadi) Koʻrishamiz, gaplashamiz...

Mahmudiy — (Bloknotiga yozib qoʻyadi) «Koʻrishamiz, gaplashamiz...» Yaxshi! Matmusa!

(Matmusa bosh egib kiradi)

Odamning har narsa boʻlgani yaxshi. Nima qilib qoʻydingiz?

Matmusa — Oʻzingiz erkin gaplashish kerak degan edingiz-da...

Mahmudiy — Erkin gaplashmay oʻling. Boshliq degan shunaqa boʻladimi? Odiljon sezgan boʻlsa, bu gapni olamga yoysa nima boʻladi? Uch oylik mehnatim bir pul boʻldi. Matmusa — hali oʻsha Matmusa. Essiz mehnatlarim, uyqusiz kechalarim. Boʻldi. Men yanglishibman. Ertaga ilmiy sovetga borib barcha xatolarimni boʻynimga olaman. Siz ham xatoni boʻyningizga oling-da, oʻsha hammolligingizga boring.

Matmusa — Tavba qildim.

Mahmudiy — Boʻldi. Men umrimni bekor oʻtkazmayman. Men katta ishlar uchun yaratilgan odamman! Gap tamom!

Matmusa — Jon aka! Meni haydamang. Men endi qanday qilib hammolligimga boraman? Qoʻllarim oqarib qoldi.

Mahmudiy — Siz — ikki oy oftobda yursangiz — yana oʻsha Matmusasiz. Qiyin boʻlganda — menga boʻldi. Uch oylik mehnatim kul boʻldi — bir, umrlik nazariyam vayron boʻldi — ikki, butun institut oldida sharmanda boʻldim — uch. Siz nima yoʻqotdingiz? Boʻyningizning kirini yoʻqotdingiz, gʻirt omeligingizni yoʻqotdingiz, boshingizdagi patakni yoʻqotdingiz. Boʻpti. Oramiz ochiq. Sizga javob.

Matmusa — Tavba qildim. Minbad tavba qildim. Ikkinchi bunday qilmayman.

Mahmudiy — (Bir oz jahldan tushib) Oʻrningizdan turing. Bir narsani sira unutmangki, boshliq — hamma vaqt boshliq. Idorada ham, uyda ham, koʻchada ham, — ulfatda ham. Siz Matmusaligingizni butunlay unutishingiz kerak. Mana bu yerdan ham, (kallani koʻrsatadi), mana bu yerdan (yurakni koʻrsatadi) chiqarib tashlashingiz kerak.

Matmusa — Chiqarib tashlayman.

Mahmudiy — Hamma ishni boshqatdan boshlaymiz. Divanga yoting. Oyoqlaringizni uzating. Koʻzingizni yuming... (Chiroq oʻchadi) Koʻz oldingizga keltiring, siz katta amaldorsiz...

(Matmusa uyqusida asta divandan turadi. Oʻrgatilgan qadamlar bilan yurib kresloga keladi. Qoʻl, oyoqlarini chalishtirib, boshini bir oz orqaga tashlab asta oʻtiradi. Qoʻngʻiroqni chaladi. Juda bashang kiyingan, boʻyalgan sekretar qiz shaklida Sunbul kiradi.)

Sekretar qiz — Chaqirdingizmi, Matmusa Jalilovich?

Matmusa — Ayting. Kirsin!

Sekretar qiz — Xoʻp boʻladi (chiqadi. Qoʻltigʻida papka koʻtargan, ikki qoʻli koʻksida — xodim kiradi — qulluq qilib turadi.)

Matmusa — (mayin) nega topshiriqni bajarmading? (Dagʻdaga bilan) nega topshiriqni bajarmading?

Xodim— Bir qoshiq qonimdan oʻting...

Matmusa — Chora koʻramiz! Ha, chora koʻramiz! Javob! (Xodim chiqadi. Bir necha qogʻoz koʻtarib sekretarь qiz kiradi. Matmusaning orqasiga oʻtib, bir qoʻli bilan uning sochlarini silaydi, bir qoʻli bilan qogʻozlarini Matmusaning yelkasidan oshirib stolga qoʻyadi. Matmusa yuzlarini bilakka qoʻyib erkalanadi.)

Matmusa — Qayerga qoʻl qoʻyaman, jonim?

Sekretar qiz — Jonim, mana bu yerga qoʻl qoʻyasiz...

Matmusa — (Qoʻl qoʻyar ekan) Bugun ishdan keyin baliq oviga boramiz.

Sekretar qiz — Demak, bugun hayotimda eng baxtli kunim boʻladi.

Matmusa — Jonginam...

Sekretar qiz — Jonginam... Charchadingiz, uxlang, men sochlaringizni silab turaman. (Matmusa erkalanib nozaninning qoʻliga bosh qoʻyib uyquga ketadi, qorongʻulik choʻkadi.)

Ikkinchi Manzara

Bir yil oʻtdi. Mahmudiyning xonasi. U stol yonida yozib oʻtiribdi. Bashang kiyingan Matmusa kiradi.

Matmusa — Salom, ustoz!

Mahmudiy — (Ishdan bosh koʻtarib, unga havas bilan qaraydi) Salom, Matmusa Jalilovich! Kombinatning ishlari qalay?

Matmusa — Korxona ishlari yaxshi ketyapti, ustoz. (Kresloga oʻtirib oyoqlarini chalishtiradi.)

Mahmudiy — Bugun ilmiy sovetda nutq soʻzlashingiz kerak. Bir yillik mehnatimizning hisobotini berishimiz kerak, yodingizda bormi?

Matmusa — Yodimda bor, ustoz.

Mahmudiy — Yigʻilishga shaharning hamma yirik olimlari taklif qilingan. Institutning katta zali toʻla odam boʻladi. Hech bir hayajonlanmasdan, oʻzni yoʻqotmasdan oʻsha ikkalamiz tayyorlagan yozuv asosida qirq minut nutq soʻzlaysiz. Savollar boʻlishi mumkin. Xotirjam javob beraverasiz. Bilmaganingizni uyalmay bilmayman, deb aytavering.

Matmusa — Xoʻp boʻladi, ustoz.

Mahmudiy — Menga savol boʻlmasa, institutga ketdik. Ixtiyorimizda bir soat vaqt qoldi.

Matmusa — Bitta savol bor (Oʻrnidan turib, Mahmudiyning oldiga keladi. Oyoqlarini kerib, qoʻlini choʻntagiga solib turadi.) Mahmudiy — Xoʻsh?

Matmusa — Siz meni shaharning hamma olimlariga koʻrsatib, mana men koʻchada yurgan savodsiz, madaniyatsiz odamdan tayyorlangan direktor, deysiz. Men minbarga chiqib sayrab beraman. Hamma sizga qarsak chaladi. Shundan keyin men yana korxonaga qaytib borib oʻz kursimga oʻtiramanmi? Yana direktorlik qilaveramanmi? Bu haqda siz qanday fikrdasiz, ustoz?

Mahmudiy — Hech kim onasining qornidan olim yoki rahbar boʻlib tugʻilmaydi. Hamma faylasuflar, hamma mutafakkirlar yuksak minbarlardan va’z aytguncha bola boʻlib shataloq otib yuguradilar, talabalar bilan gurpaklashib imtihonlarga tayyorlanadilar, ikki olib yigʻlab yuradilar. Hech kim ularga kecha sen bola eding, tuproq oʻynab yurar eding deb ta’na qilmaydi. Siz ham ta’na eshitmaysiz. Ulardan sizning farqingiz shu boʻladiki, ular mana shu sifat oʻzgarishni oʻn-oʻn besh yilda bosib oʻtsalar, siz bir yilda oʻtdingiz. Siz mashhur odam boʻlasiz, yangi ilmiy dunyoqarash mujassam boʻlgan shaxs boʻlasiz.

Matmusa — Sizning fikringiz shundaymi, ustoz?

Mahmudiy — Ha, shunday.

Matmusa — Endi mening fikrimni eshiting. Men yangi ilmiy dunyoqarash mujassam boʻlgan mashhur shaxs boʻlishni istamayman. Men faqat oddiy kamtarin direktor boʻlishni xohlayman. Bizga oʻxshagan faqirlarga shu ham boʻlaveradi.

Mahmudiy — (Hayratda) Bu nima deganingiz?

Matmusa — Bu shunday deganimki, bugungi majlisingizga men bormayman. Chunki men katta bir korxonaning direktoriman, akademik Pavlov tarjima qilgan it emasman.

Mahmudiy — Tarjima emas, tajriba.

Matmusa — Endi buning ahamiyati yoʻq. Chunki shu soatdan sizning ustozlik, mening shogirdlik muhlatim tugadi. Biz roppa rosa bir yilga kelishgan edik.

Mahmudiy — (Zoʻraki kulib) Durust, durust. Hazilga ham chakana emassiz. Oʻylaymanki, bugungi imtihondan siz a’lo oʻtasiz. Ketdik. Vaqt oʻtmasin.

Matmusa — Menda hazil nima qiladi? Siz meni hazilga oʻrgatibsizmiki, menda hazil boʻlsin. Men siz uchun odam emas, eksperiment quroli, oʻz tilingiz bilan somnambula boʻldim xolos. Siz mening boshimga bosh deb emas, xarita deb qaradingiz. Menga ilm berganingiz uchun tashakkur, ammo meni xor qilganlaringiz, karra jadvalni yodlolmaganimda uch kun och qoʻyganlaringiz esimdan chiqmaydi. Men axir odam edim-ku. Yoki ilmi yoʻq, martabasi yoʻq odam emasmi? Siz bugun meni nega sizlayapsiz? Siz Matmusani emas, direktorni sizlayapsiz, mana bu makentosh bilan bu shlyapani sizlayapsiz!

Mahmudiy — Yo tavba! Bu gaplarni qayerdan oʻrgandingiz?

Matmusa — Bularni men oʻsha vaqtlarda ham bilar edim, lekin shunday silliq qilib aytaolmasdim. Siz faqat tilimni buro qildingiz.

Mahmudiy — Ichingizda shuncha dardingiz bormidi? Afsus, bilmagan ekanmiz.

Matmusa — Siz oʻz ilmingizdan boshqa nimani bilardingiz? Sizga atrofingizdagi odamlar nima-yu, narsalar nima — baribir. Bir yil ichida siz meni qancha oʻrgangan boʻlsangiz men sizni undan ham koʻproq oʻrgandim. Siz ogʻzingizni ochmasingizdan aytmoqchi boʻlgan gapingizni bilaman. Hamma xayollaringiz, hamma niyatlaringiz menga besh qoʻlday ayon. Maqsadingiz meni oʻqitib, ta’lim berib odam qilishmi? Yoʻq! Unday boʻlsa meni yo hunar maktabiga yo biror sirtqi oʻqishga kiritib qoʻyaqolgan boʻlardingiz. Axir men yaxshi bilaman: bu dunyoda birov bekor besh tiyinlik naf yetkazmaydi. Shuning uchun boshida men ajablanib: meni oʻqitishdan sizga nima foyda bor? — degan edim. Endi bilsam siz meni olimlar oʻrtasiga olib chiqib ayiq qilib oʻynatmoqchi ekansiz.

Mahmudiy — (Koʻkka qoʻl choʻzib) Ey parvardigor! Bormisan? Bor boʻlsang, yerga tushib mana bu rasvolikni tomosha qil!

Matmusa — (Qah-qah urib) Siz daxriysiz-ku. Meni ham oʻzingizdek dahriy qildingiz. Avvallari xudodan koʻrqar edim. Endi hech narsadan qoʻrqmayman. Xayr, salomat boʻling, men ketdim.

Mahmudiy — Toʻxta, qayoqqa?

Matmusa — Qayoqqa borishimni endi oʻzim bilaman.

Mahmudiy — Eh, Matmusa, Matmusa! Sen axir odamsan-ku. Nega mening holatimni tushunmaysan? Axir sen bugun majlisga bormasang, men butun umrga sharmandai sharmisor boʻlaman.

Matmusa — Siz sharmandai sharmisor boʻlmang deb, men oʻzimni sharmanda qilaymi?

Mahmudiy — Axir biz qancha mehnat qildik, ancha azoblar chekdik. Shuncha mashaqqatli yoʻlning oxirgi qadami qoldi. Bundan keyin men hech qachon seni... sizni bezovta qilmayman. Soʻnggi qadam, bir qadam xolos...

Matmusa — Soʻnggi qadam. Siz meni oldingizga solib, haydab, mana shu men turgan choʻqqiga olib keldingiz. Oldimda jarlik. Soʻnggi qadam meni jarga qulatib, sizni choʻqqiga olib chiqadi. Yoʻq, bu qadamga men rozi emasman.

Mahmudiy — Eh, nodon, nodon! Yoʻq, men oʻzim nodonman! Esiz mehnatlarim, esiz chekkan zahmatlarim.

Matmusa — (Choʻntagidan bir pachka pul chiqarib stolga qoʻyadi.) Mana buni olib qoʻying. Bu oʻsha mehnatlaringiz, zahmatlaringizning haqi. Men sizdan olgan besh yuzu yigirma soʻm ham shuning ichida. (Mahmudiy hang-mang boʻlib qolgan.)

Endi men boray. Hali zamon boshqarmada majlis boshlanadi. Ertaga ertalabdan yana majlis.

Mahmudiy — (Yolvorib tiz choʻkadi.) Mana shu oqargan sochlarim hurmati, senga bir harf oʻrgatish azobida peshanamga tushgan ajinlar hurmati, menga shafqat qil. Matmusamisan, Jalilovichmisan, goʻrmisan, badtarmisan — ikki dunyoda birovga xor-zor boʻlmagin — oyoqlaringni oʻpay, bir umr xizmatingni qilay — menga shafqat qil. Gapirmasang ham yarim soat oʻsha yerda oʻtirib kel... Jon Matmusa Jalilovich!

Matmusa — Oʻrningizdan turing. Uyat boʻladi. Gapimni eshiting.

Mahmudiy — Nima deysiz? Qulogʻim sizda. Aytganingizni qilay.

Matmusa — Men sizning chekkan mashaqqatlaringizni bilaman. Mayli, oʻsha azoblar haqqi...

Mahmudiy — Oʻrgulay sizdan, Matmusa Jalilovich!

Matmusa — ...Men uchun kechirgan uygʻoq kechalaringiz haqqi...

Mahmudiy — Qurboningiz boʻlay, Matmusa Jalilovich!

Matmusa — ...Mendek gʻofil bandani kamolga yetkazganingiz haqqi...

Mahmudiy — Xizmatingizni qilay, Matmusa Jalilovich!

Matmusa — ...Sizni oʻzimga oʻrinbosar qilib olaman.

Mahmudiy — A?! (Gandiraklab divanga oʻtirib qoladi.)

Matmusa — Ahvolingizga bir qarang. Yuzingizda rang qolmapti. Boshingizga musicha in qoʻysa boʻladi. Olimlik shunaqa mashaqqat boʻlsa, nima qilasiz oʻzingizni qiynab? Undan koʻra menga oʻrinbosar boʻling. Tagingizda mashina, pichogʻingiz moy ustida boʻladi.

Mahmudiy — (Yigʻlab) Gapiring, gapiring, marhamatli xoʻjayin!

Matmusa — Siz doim men bilan boʻlasiz. Menga nutqlar, ma’ruzalar tayyorlab berasiz, eng yaqin maslahatchim boʻlasiz. Men bu nutqlarni baland minbarlardan qoyil qilib oʻqib beraman. Men martaba zinalaridan koʻtarilib boraman, sizning ilmiy ishlaringizga sharoit yaratib beraman. Axir siz olimlar bamisoli gʻarq pishgan shaftolisiz. Sizga mana bizga oʻxshagan tirgovichlar kerak. Men sizga juda yoʻgʻon, baquvvat tirgovich boʻlaman.

Mahmudiy — (Irgʻib oʻrnidan turadi.) Boʻldi, boʻldi. Hammasi ravshan. Bu odam ruhiy dardga yoʻliqqan. Tezda klinikaga olib borish kerak. Men hozir telefon qilaman. Telefon qani? Balki Napoleonlar palatasiga yotqizarmiz....

Matmusa — Oʻzingizni uruntirmang, sobiq ustoz. Mening joyim Napoleonlar palatasida boʻlsa, meni direktorlik lavozimiga koʻtarganlarning joyi qayerda boʻladi? Nodonligimni donolik deb, tavakkal aytgan gapimni bashorat deb atrofimda parvona boʻlayotganlarning joyi qayerda boʻladi? Oʻzingizning joyingiz qayerda boʻladi, Mizrob Mahmudiy!

Mahmudiy — Yoʻqol koʻzimdan, iblis! Menga koʻrinma! (Stoldagi pachkali pulni unga otadi.)

Matmusa — Men ketaman. Lekin koʻzingizga koʻrinmay ilojimyoʻq. Axir men sizga kuyov boʻladigan odamman.

Mahmudiy — Nima, nima?

Matmusa — Hali siz shoʻrlik bu gapdan ham bexabar boʻlsangiz kerak. Biz singlingiz bilan oila quradiganmiz.

Mahmudiy — Boʻlmagan gap! Men omon boʻlsam Sunbulning tirnogʻini ham koʻrmaysan! Chiq uydan!

Matmusa — Oʻzingizni qiynamang, aziz qayin ogʻam.

Salomatligingiz bizga kerak. Singlingiz bilan hamma gapni kelishib qoʻyganmiz. U yogʻini soʻrasangiz biz allaqachon eru xotinmiz.

Mahmudiy — Nima?!

(Shu payt halloslab Sunbul kiradi.)

Sunbul — Aka, nima qilib oʻtiribsizlar? Zal toʻlgan, hamma keldi — sizlar yoʻq. (Oʻlarning avzoyiga qarab) Nima gap oʻzi?

Mahmudiy— (Sunbulga yaqin kelib) Sunbul, singilginam! Menga qara! Mana bu iblis bizga tuhmat qilyapti. Oilamizning sha’niga dogʻ tushirmoqchi. U yolgʻon gapiryapti. Uning gaplari yolgʻon. Shundaymi? Sunbul, gapir! Nega jim turibsan?

Sunbul — (Yigʻlab) Aka, akajon, meni kechiring...

Mahmudiy — (Boshini changallab) Dahshat! Dahshat! Bu qanday sharmandalik! Ey zamin, nega yorilib meni yutib ketmaysan?

Matmusa — Dod-voyning foydasi yoʻq. Undan koʻra aka boʻlib, ota boʻlib bizga oq fotiha bering. Bugungi kafedagi oʻtirishni toʻyga aylantirib qoʻyaqolaylik.

Mahmudiy— (Sunbulni toʻsib) Yoʻq, yoʻq! Singlim, koʻryapsanmi? Bu dahshatli odam. Qarab turib seni baxtsiz qilmayman. Seni unga bermayman. Ket, ket, Azozil! Koʻzimga koʻrinma!

Matmusa — Hali shunaqami? Siz ikki yoshning sof muhabbatiga toʻsiq boʻlmoqchimisiz? Yoʻq! Unaqa zamonlar oʻtib ketgan! Singlingizni toʻrt devor ichida saqlashga haqqingiz yoʻq! Uning erki oʻzida. Uning muhabbatiga hech kim gʻov boʻlolmaydi. (Sunbulga) Sunbulxon, jonginam, men bilan yuring. Bu diqqinafas uydan ketaylik.

Mahmudiy — Haqqing yoʻq. Sunbulning oʻzi rozi emas. U sen bilan ketmaydi!

Matmusa — Ketadi. Ketmay qayoqqa boradi? (Oyoq ostida yotgan pachka pulni olib choʻntagiga soladi.) Mayli, bu sizning toʻyonangiz boʻlaqolsin. Qani, Sunbulxon, oldimga tushing.

(Sunbul tisariladi. Matmusa uni mahkam bilagidan ushlab tortqilab olib chiqadi.)

Sunbul — Aka, akajon, meni kechiring...

Mahmudiy — Dod, xonavayron boʻldim! Xonu-monimga oʻt ketdi, dod!

Parda

Uchinchi Fasl (Xotima Oʻrnida)

Oʻsha xona. Derazadan qor bosgan oʻrik shoxlari koʻrinadi. Mahmudiy yolgʻiz. U pechka yonida oʻtiribdi. U ilmiy ishining soʻnggi sahifalarini yondirmoqsa. Atrofida boʻshagan qogʻoz papkalari.

Mahmudiy — Yon, mening bir umrlik mehnatim, orzu-umidlarim, yon! Sening soʻnggi sahifalaring bilan xayrlashmoqdaman. Men xayolimda tiklagan imorat vayron boʻldi, yonib kul boʻldi.

Men doim tushimda yonayotgan kitoblarni koʻrar edim. Bu ichki tuygʻuning, noma’lum bir sezgining ogohlantirishi, tugʻyoni ekan. Mening umrim yonib oʻtayotgan ekan.

Mana yoshim qirqqa qarab ketdi. Umrning guli boʻlgan yoshlik orqada qoldi. Hey, Mahmudiy, oʻzingga bir hisob ber! Sen faqat mehnatni, institutni, laboratoriyani bilding. Mana bu qoʻlyozmalaringni, mana bu xaritangni koʻrding. Odam tanimading. Ilming, shuhrating — odamlar bilan sening oʻrtangda devor boʻlib qoldi. Matmusa haq. Sen oʻzi oʻragan pillaning ichida qolgan ipak qurtisan. Qurt boʻlganda ham odamlarga nafi tegadigan, ipak beradigan qurt emas, ichidan kapalak chiqadigan qurt boʻlding. U kapalak endi oʻzingning ustingda qanot qoqib yuripti.

(Sharob quyib ichadi.)

Bugun yilning oxirgi kuni. (Kalendarning soʻnggi varagʻini yirtib oladi) Bir yil! U mana shu bir varaq qogʻozday yonib ketdi. (Oʻtga tashlaydi) U bilan birga mening ishonchu e’tiqodim, men muqaddas deb bilgan orzu, maslagim yonib ketdi. Qani, ayt, Mahmudiy, sening maslaging nima edi? Sening e’tiqoding — inson tafakkuriga ishonch edi. Sen uning imkoniyatlari cheksiz deb, bu imkoniyatlar faqat ezgulikka safarbar boʻladi deb imon keltirgan eding. Sen bir johil zotni odam qilib, kamolotga yetkazmoqchi eding. Oqibat nima boʻldi? Joningga qasd qilgan jallodga qilich qayrab berding. Bu qilich endi bir umr boshingda turadi. Vaqtida kelgan oʻlim insonning baxti ekan. Dunyoga ishonching yoʻqolmasdan avval oʻlib ketganing ulugʻ saodat ekan. Odamlarga mehring sovumasdan oldin tanang sovugani yaxshi ekan. Men qirqqa yetmasdan ma’naviy juvonmarg boʻlgan odamman. Endi bu yogʻiga quruk gavdani soyadek sudrab oʻtib ketishim kerak. Nimaga kerak menga bunaqa hayot?

(Odiljon kiradi.)

Kel, doʻstim Odiljon, nega sham koʻtarib kelmading? (Odiljon hayron) Axir qabristonga sham koʻtarib boradilar.

Odiljon — Nimalar deyapsan, Mizrob?

Mahmudiy — Kel, oʻtir! Menga qanaqa yangiliklar olib kelding!

Odiljon — Yangilik shuki, sening Matmusang boshqarmaga koʻtarildi.

Mahmudiy — Matmusam oʻlib, Matmusasiz qolayin, — u qanaqa ishga oʻtdi?

Odiljon — U endi boshqarmada boʻlim boshligʻi, odamlarning taqdirini hal qiladigan joyda oʻtiribdi.

Mahmudiy — Bu hali holva. U institutga rahbar boʻlib keladi-da, meni institutdan haydaydi.

Odiljon — Tavba. Oʻzingdan chiqqan baloga qayga borursan davoga...

Mahmudiy — Kul, xandon tashlab kul. Mening ustimdan butun olam kulyapti.

Odiljon — Kulib emas, kuyib gapiryapman. Esingda bormi, bu tajribangni eshitgan kunim sendan: Matmusa qanaqa odam, insonligi, fazilatlari qanaqa deb soʻragan edim. Shunda sen uni farzinga oʻxshatgan eding. Mana oʻsha farzin, piyodadan chiqqan farzin oʻzingni mot qilib turibdi.

Mahmudiy — Bunday boʻlishini bilsam, uni piyodaligida yanchib tashlar edim. Bir beozor chuvolchang shunaqa dahshatli ajdaho boʻlishini qayoqdan bilay?

Odiljon — Eh, doʻstim Mizrob! Shunday ajoyib olim boʻlibsanu, lekin hali ham oʻsha goʻdakligingcha qolibsan. Sen odamshunos-ruhshunos ekansanu, odamlarni hatto oʻsha Matmusachalik ham bilmas ekansan. Hayotga ilm fazolaridan qarab undagi xas-choʻplarni koʻrmay qolibsan. Bu dunyoda Matmusaga oʻxshagan odamlar koʻp. Ular hamma narsaga manfaat koʻzi bilan qaraydilar. Tabiat ularning ikki koʻzini tarozuning pallasi qilib yaratgan. Ular bu torozuda odamlarni tortadilar. Hayot ularni kim bilan duch qilsa avvalo oʻsha tarozuning bir pallasiga uni, bir pallasiga oʻzlarini qoʻyadilar. Yuqoridagi odamga qulbachchaday xizmat qiladilar, quyidagini esa eshak qilib minadilar..

Mana, sening Matmusang shunaqa odam. Sen shunday odamning tilini burro, oʻzini dono qilding. Sen bergan ilmuning qoʻlida gurzi boʻladi.

Mahmudiy — Men-ku koʻr, nodon ekanman, yaxshi-yomonni bilmaydigan goʻl ekanman, odamlarga nima boʻldi? Nega hech kim uni fosh qilmaydi? Uning darajasi menga ma’lum-ku. Oʻqish, yozish, silliq gapirishni bilgani bilan hali tafakkuri mustaqil xulosalar chiqarishgacha borib yetgani yoʻq. Hatto oliy ma’lumoti yoʻq.

Odiljon — Qishlokda oʻsgansan-ku, devpechakni koʻrganmisan? U oʻzicha yerdan bir qarich ham koʻtarilolmaydi. Matmusa sening yelkangdan oshib balandroq daraxtlarga chirmashib oldi. U hali koʻp daraxtning ildizini quritadi. Devpechak daraxtni boʻgʻishdan oldin u bilan doʻst boʻlar ekan. Sadoqatini bildirib, doʻstlik, mehr, oqibat haqidagi afsonalar bilan uni oʻrab tashlar ekan. Alla aytib uxlatib qoʻyar ekan-da, uyqusida boʻgʻar ekan.

(Sunbul kiradi. Yigʻlab oʻzini akasining quchogʻiga otadi.)

Sunbul — Peshonam qursin, peshonam! Quvgʻindi boʻldim.

Mahmudiy — Quvgʻindi boʻldim? Nima uchun?

Sunbul — Matmusangiz endi men bilan turmas emish.

Mahmudiy — Nima sabab?

Sunbul — Men hayotdan orqada krlgan emishman...

Mahmudiy — Ana! Odiljon, dunyoning ishlarini qara! Bir yil burun shu uyga isqirt kamzulda, yagʻir ishtonda kirib kelgan u zot madaniy, bilimdon boʻlibdilar-u, unga alifbedan tortib ilmi nujumga qadar oʻrgatgan bir institut talabasi hayotdan orqada qolibdi! Sen muxbir boʻlib har kimdan intervьyu olavermay mana bunaqa gaplarni yozsang boʻlmaydimi? (Sunbulga) Oqibat mana shunday boʻlishi kerak edi. Koʻngil koʻyiga yurmoqning jazosi shu.

Sunbul — Nima qilay, aka? U mening qadrimga yetar, deb oʻylagan edim.

Mahmudiy — (Qoʻl siltab) Ey, siz ayollar, sizlarni hech tushunib boʻladimi? Toshdan qattiq ham, ipakdan mayin hamsizning koʻnglingiz. (Odiljonga) Mana shuning uchun dunyodan boʻydoq oʻtib ketaman, deb ahd qilganman.

Sunbul — Bilmadim, gunohim nima ekan? Kun boʻyi xizmatini qilaman, idorasining yozishmalari bormi, ikki ogʻiz gapiradigan nutqi bormi, hammasini oʻzim tayyorlayman. Yana kechalari gazeta oʻqib unga yangiliklarni gapirib beraman. Mana endi mendan koʻra lobarrogʻini topib olibdi. (Yigʻlaydi).

Mahmudiy — Dard ustiga chipqon deb shuni aytadilar.

Sunbul — Boshida sizga shu tajriba zarurmidi? Uni koʻrmay oʻtganimda menga bu balolar yoʻq edi.

Mahmudiy — Hammasiga sabab koʻzning koʻrligiyu peshonaning shoʻrligi.

Odiljon — Mizrob, agar sen oʻzing yasagan qoʻgʻirchoqni oʻzing tiyib qoʻyaolmasang, bu ishni sen uchun men qilaman. Hozir boshqarmaga borib uni shartta hiqildogʻidan tutaman. U hakda boplab felьeton yozaman. (Chiqa boshlaydi.)

Sunbul — Odiljon aka, toʻxtang. Yolboraman, bormang. Odiljon — Nega? Sizni oyoq osti qilgan oʻsha nomardning koʻzini ochib qoʻyadigan vaqt keldi.

Sunbul — Yoʻq, yoʻq! U men bilan turmasa ham mayli. Faqat unga jabr boʻlmasin. Nima qilay, men oʻsha bevafoni yaxshi koʻraman. (Yigʻlaydi.)

Odiljon — (Noiloj qaytib) Men dunyoga podsho boʻlganimda yomonlarning yoniga qoʻshib koʻngli boʻshlarni jazolar edim.

Adolat qoʻlida boʻlmasa shamshir
Pok dillar qismati xoʻrlik va tahqir.
Goʻzallik oʻzini qoʻriqlasin deb
Hatto gulga tikan bogʻlagan taqdir.

(Sunbul hoʻngrab yigʻlaydi.)

Yoʻq, men bunga chidolmayman. Hoziroq borib oʻsha kursiga qoʻngan toʻtiqoʻshni xippa boʻgʻaman.

(Eshikka qarab yuradi. Shu payt Matmusa kirib keladi. U juda horgʻin va parishon ahvolda.)

Matmusa — Ovora boʻlmang, Odiljon aka. Men oʻzim keldim.

Mahmudiy — Nega keldingiz? Yana mening ustimdan kulganimi? Yoki meni oʻzingizga yugurdak tayinlab, shu bilan tabriklagani keldingizmi?

Matmusa — Yoʻq, marhamatli ustozim, men sizni boshqa narsa bilan tabriklagani keldim. Meni boshqarmadan haydashdi. Siz menga tank boʻlishni oʻrgatgan edingiz. U dargohda zambaraklarga duch keldim. Gʻalabangiz muborak boʻlsin, ustoz!

Mahmudiy — Qoyaga tirmashgan tipratikanning ahvoli shu. Koʻrnamakning jazosi shu.

Matmusa — Yoʻq, bu avvalo sizga berilgan jazo. Men kimman? Men faqat siz uchirma qilib chiqargan qushman. Siz bergan qanot birinchi parvozdayoq uzilib tushdi. Siz mening quyrugʻimga qogʻoz yopishtirgan ekansiz.

Mahmudiy — Afsus, ming afsus. Senga ketgan mehnatlarimning yarmini sarf qilganimda maymundan odam yasagan boʻlar edim. Esiz shuncha chekkan zahmatlarim.

Matmusa — Afsus qilmang, siz niyatingizga yetdingiz. Maymundan odam qilolmagan boʻlsangiz ham, mana, odamdan maymun yasadingiz. Men goʻl, savodsiz boʻlsam ham odam edim. Oʻz ungan joyim, oʻz hayotim, oʻz maqsadim bor edi. Siz mening ildizlarimni beshafqat qirqib tashladingiz. Qani u sodda odamligim, qani u Matmusa? Siz meni oʻzimdan oʻgʻirladingiz. Meni oʻzimga qaytib bering, oʻsha Matmusaligimni bering.

Mahmudiy — Mana bu da’voni eshit, Odiljon. Mana bu sayrashga quloq sol! Quloqlaring orom olayaptimi? (Matmusaga) Mening yonib ketgan umrimni menga kim qaytarib beradi? Seni deb yoʻqotgan obroʻ-e’tiborimni kimdan talab qilaman? Yerga bukilgan nomusni qayerdan qaytarib olay? Men hali seni oʻzingdan oʻgʻirladimmi? Sen uch kun soqol oldirmay yursang yana oʻsha Matmusasan. Men boʻlsam sen tufayli tirik oʻldim, bir hovuch tuproqqa aylandim. Eshitdingmi? Endi ket, qaytib koʻzimga koʻrinma!

Matmusa — Qayoqqa boraman? Somon bozorigami? Hammollikkami? Yoʻq. Endi bu qoʻllarim qopga somon tiqolmaydi. U telefon trubkasini ushlashga, stolni mushtlashga oʻrganib qoldi. Men endi yelkamga yuk orta olmayman. Chunki, siz meni tuyaqush qilib qoʻydingiz. Tuya boʻlib yuk tashiyolmayman, qush boʻlib osmonga ucholmayman. (Muattar kiradi, hayron boʻlib hammaga bir-bir qaraydi, soʻng yigʻlab oʻtirgan Sunbulning yoniga kelib uni ovuta boshlaydi.)

Mahmudiy — (Sunbulning yoniga keladi) Qoʻy, singlim, yigʻlama, boshingni koʻtar. Ezilgan yuragimni sen ham ezma. Men yanglishgan ekanman. Bu tuban zotning ongida tafakkur chirogʻini yoqmoqchi edim. Menga chiroq boʻlib koʻringan narsa shilliqqurt ekan. Men vafodor it deb boqqan maxluq boʻri chiqib qoldi.

Sunbul — Mening aybim nima? Men nima gunoh qildim, odamlar? Chin yurakdan mehr bogʻlashning oqibati shumi? Men axir boylik, martaba, shonu shuhrat uchun yaxshi koʻrganim yoʻq-ku. Yengiltak qizlardan emasman-ku. Men mana shu odamni oʻsha eski toʻnida yaxshi koʻrgan edim. Unga butun mehrimni bagʻishladim, hayotda oʻrnini topsin deb ilmu-ma’rifat oʻrgatdim. Mening aybim nima? Odamga ishonganimmi? Shunchalar bashafqatmiding, hayot?

Mahmudiy — Qoʻy, singlim, yigʻlama. Biz endi qishloqqa qaytib ketamiz. Men bu olamning gʻavgʻolaridan kechib endi tinch osudalikda yashayman. Bir parcha yerga dehqonchilik qilib umr kechiraman. Eng halol turmush oʻsha ekan. Ekkan bugʻdoyingdan arpa emas, bugʻdoy chiqishiga ishonib kechalari tinch uxlaysan. (Matmusaga) Senga ham, ey manfur banda, agar koʻkragingda insonlikdan zarra uchqun qolgan boʻlsa shuni maslahat beraman.

Matmusa — Koshki edi shunday qila olsam. Koshki edi avval boshida shu uyga qadam qoʻymagan boʻlsam. Men nodon ilm olib nima qilardim? Chorigʻimni sudrab yuraversam boʻlmasmidi? Har katalakka sigʻib ketadigan Matmusa bugun dunyoga sigʻmay qoldi. Bu olamda menga oʻxshaganlarga kun yoʻq ekan.

Meni kechir, Sunbul, seni baxtsiz qildim. Mana shu, yigirma uch yoshimda oqargan sochlarim haqqi meni kechir. Bu uyga faqat sendan uzr soʻragani keldim. Mening tuban hayotimda yorugʻ nuqta faqat sen eding. Seni ham yoʻqotdim. Men endi odam emasman. Sizga esa, mehribon ustozim, yana bir marta ta’zim qilaman. Mana bu menga bergan tumoringiz. U endi kerak emas. Oling. Oʻzingiz taqib yuring.

(Shaxd bilan chiqadi.)

Sunbul — (Odiljonga) Uni qaytaring.

Muattar — Keragi yoʻq. U hech qayoqqa ketmaydi.

Mahmudiy — Oʻzini bir nima qilib qoʻymasin.

Muattar — Uning taqdiri haqida ilgariroq oʻylasangiz boʻlardi, Mizrob aka.

Mahmudiy — Menga ta’na toshini otmagan bir siz qolib edingiz. Oʻlganning ustiga tepmoq, deb shuni aytadilar.

Odiljon — Yoʻq. Mizrob. Bu ta’na toshi emas, bu haq gap. Men shu daqiqalarda xayolan dunyoni aylanib chiqdim. Inson degani kimu hayot degani nima? Men ham oʻzimni muxbir deb yurgan ekanman. Yuzlab, minglab odamlar bilan suhbat qilib ularning mehnatini, rejalarini yozibman-u, eng muhim bir narsani chetlab oʻtibman. Men odamlarning yuragini, eng muqaddas qalb tuygʻularini, e’tiqodini unutib qoʻyibman. Sen ham, doʻstim, odamzodning yorugʻ yulduzini uning tafakkuridan emas, yuragidan izlamogʻing kerak edi. Yurak esa sen bilan biz oʻylagandan koʻra murakkabroq ekan. Inson miyasining xaritasini tuzish mumkindiru, ammo yurakning xaritasini chizib boʻlmas. Kelajak aqlli mashinalar qurar, lekin ming yilda ham hislik, dardlik bir hilqat yaratolmas.

Sen bir yil davomida bir odamning miyasiga olam haqiqatlarini joylabsanu uning yurak tuygʻulari bilan, dardu alami, orzu armonlari bilan qiziqmabsan.

Mahmudiy — Oʻz yuragiga quloq solgan odamgina boshkalarning yuragini eshitishi mumkin. Men koʻkragimda nima borligini esdan chiqarib qoʻyibman. Muattarxon, siz meni kechiring. Men endi sizni familiyangizni aytib chaqirmayman. Men uchun juda ogʻir shu kunlarda sizning yordamingiz, hamdamligingiz kerak. Shunga men muhtojman. Matmusani hayotga qaytarishda menga yordam bering. Shunda meni ham hayotga qaytargan boʻlar edingiz.

Muattar — U odamogʻir ruhiy xastalikka uchragan. Asablari oʻta toliqqan. Bir necha muddat bizning klinikada davolanadi.

Lekin Mizrob aka, uni bu darddan xalos qilish ancha mushkul boʻladi. Odamlardan ustun boʻlish xayoli uni osonlikcha tark etmasa kerak. Bu kasal keyin ham qaytalab turadi. Shunda odamlar shafqat va mehribonlik koʻrsatib uni oʻz joyiga oʻtqazishlari kerak. Matmusaning takdiri odamlarning qoʻlida.

Odiljon — Sunbulxon, Muattarxon, endi tezroq dasturxon yozinglar. Ha demay yangi yil ham kelib qoladi. Biz bu tashvishli yilni tezroq kuzatib, yangisini kutib olaylik.

(Hammalari kirishib dasturxon tuzaydilar, qadahlar toʻldiradilar. Odiljon sahna oldiga chiqadi.)

Bu hikoyaning yozuvchisi men boʻlaman. Hikoya mana oxirlab qoldi. Lekin uni qanday tugatsam ekan? Mizrob doʻstimning, Muattarxonning, Sunbulxonning, Matmusaning taqdirlari nima boʻladi? Buni men bilmayman. Men hali oʻz yuragimda nimalar borligini bilmaymanu, boshqalarning yuragini qayoqdan bilay?

Tamom.