OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifErnest Seton-Tompson
Asar nomiYovvoyi yoʻrgʻa (romandan parcahlar)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Ernest Seton-Tompson
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonTogʻay Murod
Hajm28KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Yovvoyi yoʻrgʻa (romandan parcahlar)
Ernest Seton-Tompson

I

Bu voqea 1893-yilning dekabrida boʻldi. Fermaga kelib tushdim-u, yoʻlovchi soyabon aravada Kanada daryosi boʻyidagi Pinyavetitosga joʻnadim.

Foster men bilan xayrlashayotib, shunday dedi:
— Menga qarang, bordi-yu, la’nati yoʻrgʻaga duch kelib qolsangiz, ayamay otib tashlang.

Yovvoyi yoʻrgʻa haqida ilk bor eshitgan gapim shu boʻldi, yoʻlda esa yoʻlboshlovchim Bernsdan yoʻrgʻaning kechmishini bilib oldim. Dongʻi ketgan yoʻrgʻani juda-juda koʻrgim keldi, ertasiga Jayron bulogʻiga borib, hafsalam pir boʻldi, sababi u yerda yoʻrgʻaning ham, galaning ham daragi yoʻq ekan.

Ammo ertasi kuni Alamozo daryosi orqali yana tepalikdor yalanglikka kelganimizda, oldinda borayotgan Jek Berns birdan otining boʻyniga engashib oldi, menga oʻgirilib, shivirladi:
— Qurolingizni oling! Ana aygʻir!

Men qurolimni qoʻlimga olib, oldinga intildim. Pastdagi soylikda otlar galasi oʻtlab yuribdi, ulkan qora yoʻrgʻa gala yonida turibdi.

Qora yoʻrgʻa bizning havomizni oldi, shekilli, sergak tortdi. Avval boshini, keyin dumini koʻtardi, burun kataklari kengaydi.

Koʻzimga yoʻrgʻa otlarning oti, dashtlarda chopib yurgan jamiki otlarning sarasi boʻlib koʻrindi, shunday noyob jonivorni nobud qilib, bir toʻda masliqqa aylantirishga koʻnglim bormadi.

Jek hadeb vaqtni boy bermasdan tezroq otishimni tayinladi, men atayin imillab turaverdim.

Serjahl hamrohim imillayotganim uchun meni koyidi. Zardali toʻngʻillab: «Buyoqqa bering qurolni!» deya uni tortib olmoqchi boʻldi, men miltiqning ogʻzini osmonga qaratdim, u goʻyo tasodif oqibatidek oʻq yeb ketdi.

Gala bir seskanib tushdi. Qora yoʻrgʻa kishnadi, pishqirib, galani bir aylanib chopdi. Baytallar toʻdalashib, chang-toʻzonlar ichra koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Aygʻir galaning goh u, goh bu yonidan chopib, baytallar keyinida qolib ketmasligini nazorat qildi.

Yoʻrgʻa gʻoyib boʻlguncha undan koʻz uzmadim, uning yoʻrgʻa oyoqlari biron martayam chalkashmadi.

Turgan gap, Jek mening, qolaversa, miltigʻimning, yoʻrgʻaning nomiga koʻp nordon gaplar aytdi, men uning gaplaridan zavq oldim, zoʻr quvonch bilan qora yoʻrgʻaning chiroy va qudrati haqida xayol surib qoldim.

Yoʻq, qandaydir bir baytalni deb shunday yoʻrgʻaning yaltilloq terisiga dogʻ tushirgim kelmadi!

II

Yovvoyi otlarni ushlashning bir nechta xillari bor. Shulardan biri ot ustidan oʻq boʻshatib, uni bir nafas gangitib qoʻyish, vaziyatdan foydalanib boʻyniga sirtmoq solishdir. Buni «otni boʻyin egdirib olish», deydilar.
— Gapir-a! Oʻq yegan yuzlab otlarni koʻrdim, bari qir oshib qochib ketdi, birontayam «boʻyin eggan» mustangni koʻrmadim, — e’tiroz bildirdi yovvoyi Jo.

Gohida, sharoit taqozo etganda galani qoraga haydasa ham boʻladi, agar otlar yaxshi boʻlsa galani quvib yetsa ham boʻladi, ammo, bir qaraganda iloji yoʻqday tuyuladigan yana bir yoʻli boʻlib, bu mustang «tinchidi» yoʻli, ya’ni, uni holdan toyguncha quvib borish yoʻlidir.

Yoʻrgʻalaganda oyogʻi umuman adashmaydigan aygʻirning dongʻi kun sayin oshdi. Uning epchilligi, yoʻrgʻasi, chayir tabiati xususida koʻz koʻrmagan sarguzashtlar gurungi boʻldi.

Uchburchak fermasidan boʻlmish Montgomer chol Kleytondagi Uels qahvaxonasida koʻpchilik oldida, agar shu gaplar chin boʻlsa, unda, shu aygʻirni kim aravaga bosib olib kelsa, ming dollar beraman, dedi. Buni eshitgan necha oʻnlab yosh kavboylar oʻz xoʻjayinlari bilan tuzgan shartnoma muddati tugab, qoʻl boʻshadi deguncha, oʻz baxtlarini sinab koʻrishga ahd qildilar.

Yovvoyi Jo barchani dogʻda qoldirmoqchi boʻldi. Vaqtni boy bermay, xizmat muddati tugamagan boʻlsa-da tuni bilan ovga shaylandi.

Bir oʻrtogʻidan qarz olib, yigirma bosh yaxshi otni, oshxonali aravani kerakli aslaha-anjomlar bilan ta’minladi, oʻzi oʻrtogʻi Charli hamda oshpazi uchun ikki haftalik oziq-ovqat jamladi.

Ular bu gʻaroyib, yengiloyoq yoʻrgʻani «tinchitish»ni qat'iy ahd qilib, Kleytondan joʻnab ketdi. Safarlarining uchinchi kuni Jayron bulogʻiga yetib keldi, tushga yaqin galasi bilan suvlagani kelgan qora yoʻrgʻani koʻrib, ajablanmadilar ham.

Jo bekinib, gala suvlab boʻlguncha qorasini koʻrsatmadi, sababi, suvsagan ot yaxshi chopishini, suvlab, ogʻirlashib qolgani yomon chopishini yaxshi bilardi.

Shundan keyingina Jo pistirmadan chiqib, oldinga yurdi. Buloqqa yarim milcha qolganda mustang sergak tortdi, galasini janubiy sharqdagi butazor togʻ yonbagʻirlariga boshlab ketdi. Jo gala ketidan yalang oyoq boʻlib chopib, ularni yana bir bor koʻrdi, qaytib kelib, aravakashlik qiluvchi oshpaziga janubga, Alamozo darayosiga joʻnashni buyurdi. Oʻzi yana janubi-sharqqa otlanib, gala izini oldi.

Ikki milcha yurib, yana galani koʻrdi. Oyoq uchida otlarga yaqin bordi. Biroq ular yana hadik olib, qochib qoldi. Kun shunday oʻtdi.

Gala halqa boʻlib, janubga yurish qildi, kun ufqqa oqqanda xuddi Jo kutganidek, Alamozo daryosi yaqiniga kelib qoldi. Jo ularni yana bir marta hurkitib, aravasiga qaytib keldi, dam olayotgan oʻrtogʻi otda galani quvishda davom etdi.

Arava kechki ta’tildan keyin Alamozoning oldindan kelishilgan yuqori kechuvi boʻylab yurdi, Jo shu yerda tunash uchun joylashib oldi.

Charli boʻlsa galani quvishda davom etdi. Yovvoyi otlar oldingidek uzilish qochmadi, chunki quvib kelayotganlarning hujum qilmasligiga fahmi yetdi, oqibat , bora-bora oʻz ta’qibchilariga koʻnikib qoldi.

Qosh qorayganda galani poylash yanada qulay boʻldi, boisi, ular orasida bir oq baytal boʻlib, u qorongʻida oppoq boʻy berib turardi.

Osmonda oy balqidi. Charli qaysi yoʻldan yurishni oti ixtiyoriga qoʻyib berdi, oʻzi galani e’tibor bilan kuzatib bordi.

Oppoq baytal boʻy berib yurdi.

Oxir-oqibat, zim-ziyo tunda hech nima koʻrinmay qoldi. Shundan keyingina Charli otidan tushib, ustidan egarni oldi, otni oʻtlagani qoʻydi, oʻzi adyolga oʻranib koʻp oʻtmay uyquga ketdi.

Tong oqarishi bilan Charli yoʻlga ravona boʻldi, yarim milcha yoʻl bosib, gʻira-shiradan oq baytalga keyin galaga koʻzi tushdi. Yoʻrgʻa Charlini koʻrib shiddatli kishnadi, gala yana yelib ketdi.

Yoʻrgʻa birinchi duch kelgan dovonda oyoq ildi, tinimsiz ta’qib etayotgan kim ekanini bilish uchun ketiga burilib qaradi. Nima gapligini bildi, yana tolmas, ravon, yoʻrgʻa qadamlar otib olgʻa talpindi, galani yoʻlchi yulduz misol olgʻa chorladi.

Otlar gʻarbga yoʻl oldi, yana koʻp qochish-quvishlar, yuzma-yuz kelishlar, yana qochishlardan keyin hindular poyloqchilik qiladigan tik doʻnglikka kelib qoldi. Bu yerda ularni Jo poylayotgan edi.

Charli doʻngdan koʻkka oʻrlagan uzun, ingichka tutundan dam ol, degan ishorani tushundi, u ham choʻntak oynasini tutib, javob xabarini berdi. Jo dam olgan otlarda ta’qibni davom ettirdi. Charli tamaddi qilib, dam oldi, soʻng Alamozo oqimi boʻylab yuqoriladi.

Ertasi kuni Jo uzun kun galani ta’qib etdi. Ularni arava borayotgan ulkan yoymada ushlashga urindi. Kunbotarda bir kechuvga yetib keldi, bu yerda Charli uni tetik otlar, tamaddilar tayyorlab kutib turgan ekan.

Jo kechi bilan hatto kechasiyam bamaylixotir ta’qib etdi. Aftidan, gala beozor ta’qibchilariga yanada oʻrganib qoldi shekilli, ularni poylash juda oson boʻlib qoldi. Bundan tashqari horgʻinlik ham ta’sir qildi. Maza oʻtli yaylovlar qaerlardadir qolib ketdi. Ular ta’qibchi otlar kabi somon yemadilar. Ustiga-ustak muntazam davom etayotgan asab tarangligi ham oʻzini koʻrsatdi. Asabiy taranglik yovvoyi otlarning ishtahasini boʻgʻib qoʻydi, ammo tez-tez suvsay boshladilar.

Ta’qibchilar otlarga tez-tez, toʻyib-toʻyib suvlash erkini berdi. Boisi suv ichgan ot chopishda qiynaladi, oyoqlari yogʻochday qotib qolib, nafas olishi qiyinlashadi. Buni yaxshi bilgan Jo otini sugʻormadi. Shu sababliyam holdan toygan gala yaqinida tunagani oyoq ilganlarida oʻziyam, otiyam hali ancha tetik edi.

Tong yorishganda Jo galani osongina qidirib topdi. Ular avval-avval qochdi, soʻng, odimlab yurdi. Ta’qibchilar deyarli gʻolib keldi, chunki bunday olishuvda gala hali horimagan dastlabki ikki-uch kun ularni koʻzdan kechirmaslik kerak edi, poyloqchilar esa buning uddasidan chiqdi.

Jo ertalab galani koʻzdan qochirmay, doimo ularning yaqinida boʻldi. Soat toʻqqizlarda Xoze togʻida Charli bilan oʻrin almashdi. Shu kuni gala bor-yoʻgʻi toʻrt milcha ilgarilab ketdi, qadamlarida oldingi gʻayratdan asar ham qolmadi.

Kechqurun Charli dam olib yotgan otga minib quvishda davom etdi.

Ertasi kuni galaning boshi egilib qoldi, qora yoʻrgʻa, har qancha olgʻa chorlamasin, ta’qib etib kelayotganlar bilan oralaridagi masofa ba’zan yuz qadamgacha qisqarib qoldi.

Toʻrtinchi-beshinchi kunlar ham shunday oʻtdi. Gala yana Jayron bulogʻiga yaqin keldi. Hammasi kutilganday boʻldi: gala keng doira yasaydi, aygʻir esa uning ichida yuradi.

Yovvoyi otlar buloqqa juda chanqab keladi, ovchilar boʻlsa tetik otlarda, koʻtarinki kayfiyat bilan keladi.

Shu kunlarda kechgacha galani suvga yoʻlatmadi, soʻng, Jayron bulogʻiga haydab, toʻyib suvlatdi. Ana endi koʻpni koʻrgan kavboylar tetik va toʻq otlarda yurib, sirtmoqni ishga soladi, chunki suv ichgan otlarni ushlab tushov solish oson boʻladi.

Ishlar haddan ziyod yaxshi koʻchdi, faqat bir nima ularni tashvishga solib qoʻydi: qora yoʻrgʻa hamon temirday mustahkam edi. Uning ravon yoʻrgʻasi aynimagan, dastlabki ta’qib kunlari qanday boʻlsa, hozir ham shunday edi. U hamishadagidek galasini matonat bilan boshqarar, kishnar, chopishda namuna koʻrsatib, ularni olgʻa chorlardi . Ammo otlarning darmoni qurigan edi. Qari oq baytal, kechasi oppoq boʻy berib yuradigan oʻsha baytal oʻlguday charchab, galadan soatlab keyinda qolib ketaverdi. Baytallar chavandozlardan hadiksiramay qoʻydi. Ular hademay Joning qoʻliga tushishga shak-shubha qolmadi.

Barcha tashvishlar sababchisi boʻlmish aygʻir esa hamon yetib boʻlmas dovonligicha qolaverdi.

Joning jizzakiligini yaxshi bilgan oʻrtoqlari u achchiq ustida asov aygʻirni otib qoʻyishi mumkin degan oʻyga bordi. Ammo Joning koʻnglida bunday niyat yoʻq edi.

U aygʻirni haftalab quvib, uning biron martayam yoʻrgʻasidan adashib, oddiy qadamlar bosib yurganini koʻrmadi. Barcha yaxshi chavandozlar kabi Jo ham bu goʻzal otga boqib, undan zavq-shavq oldi. Zavqi yanada zoʻrayib, shunday noyob hayvonni otgandan koʻra, oʻzimning manavi otimni otgan ma’qul degan xulosaga keldi.

Aygʻirga qoʻyilgan mukofotni olish kerakmikan? Jo ikkilanib qoldi. Qoʻyilgan pul chakana emas. Lekin aygʻirning turgan turmushi xazina, u asl zotli zurriyot yaratishi mumkin.

Avvalo, uni qoʻlga olish lozim. Ovni tamomlash vaqti ham keldi.

Jo oʻzining eng yaxshi otini egarladi. Bu ot tomirida janub qoni bor, ammo oʻzi choʻllarda katta boʻlgan baytal edi. Albatta, bir nimasi boʻlmasa Jo bunday ajoyib otni sotib olmas edi.

Bu yurtlarda loko degan zaharli oʻt oʻsadi. Odatda otlar bu oʻtni yemaydi, bordi-yu, bir tatib koʻrsa, uni yana izlab qoladi. Uning mazasi taryokning kayfiga oʻxshaydi, unga oʻch qoʻygan ot koʻp vaqt oʻzini yaxshi tutib yuradi, oxir-oqibat aqldan ozib oʻladi. Bundaylarni mahalliy xalq «lokoga mubtalo boʻlgan mol», deydi.

Joning eng sara otlari koʻzi ham ajabtovur yovvoyilarcha yiltiradi. Sinchilarning aytishicha bu hol kasallik nishonasi emish. Shu sababliyam Jo baytalni mindi. Baytal baquvvat ham tezkor ovning oxiribop.

Jo galaga ot qoʻydi. Arqonni yerga tashladi, yoyish uchun ataylab sudradi, soʻng yana chap qoʻliga yaxshilab yigʻib oldi, ov davomida birinchi marta otini aygʻirga niqtab haydadi.

Aqlsiz chopa-chop boshlandi. Qoʻrqib qolgan baytallar yoʻlni boʻshatib, chor tarafga qarab qochdi.

Joning dadil baytali dasht boʻylab oddiy odimlar otib quvdi, aygʻir oʻzining dongʻi ketgan yoʻrgʻasidan adashmay, yoʻrgʻalab qochdi.

Aql bovar qilmaydigan manzara namoyon boʻldi. Jo ovozi hamda uzangilari bilan baytalini olgʻa chorladi. Baytali qushday uchdi, lekin aygʻir bilan oralaridagi masofa bir dyum ham kamaymadi.

Qora aygʻir shu chopishida shiddat bilan tekislikdan oʻtdi, togʻ bagʻridagi butazorlardan oʻtdi, koʻzni aldaydigan serqum soyga tushib, bir oʻtloqqa chiqib oldi. U yerda uni bir sugʻur qarshi oldi. Jo uning izidan ot qoʻyib boraveradi. U koʻzlariga ishonmadi… nazarida, aygʻir bilan oralaridagi masofa kamayib emas, balki uzayib ketgandek boʻldi. U oʻzicha soʻkindi, otini niqtadi, chu-chulab haydadi, oxir-oqibat, bechorani asabiy holga olib keldi. Otning koʻzlari olma-kesak terdi, boshi uyoqdan-buyoqqa tebrandi, yerga qaray olmay qoldi, yoʻl tanlamay qoʻydi. Oyogʻi favqulodda boʻrsiqning iniga kirib qoldi. Ot agʻanab ketdi, ustidagi chavandozi yerga uchib tushdi. Jo lat yedi, bir amallab oyoqqa turib, dovdirab qolgan otini koʻtarib turgʻizmoqchi boʻldi. Ammo boʻlar ish boʻlgan otning old oyogʻi singan edi.

Jo revolverning bitta oʻqi bilan otning azoblariga barham berdi. Egarni olib, lagerga koʻtarib ketdi.

Yoʻrgʻa hamon yelib, oxiri koʻzdan gʻoyib boʻldi. Buni magʻlubiyat deb boʻlmaydi, chunki ular baytallarni qoʻlga oldi. Jo bilan Charli ularni qoraga haydab borib, egarlaridan arzigulik in'omlar talab qildi.

Jo uchun bu kifoya emas. U aygʻirni qoʻlga olishni orzu qildi. Jo aygʻirning bor fazilatlarini bilib oldi, endi u yangi-yangi rejalar oʻylay boshladi.

III

Yovvoyi Jo ustomon odam edi. U qanday qilib boʻlmasin yoʻrgʻani qoʻlga tushirish payida boʻldi, bunga boshqalar ham qoʻl urganini eshitib, tezda yangi rejalarini amalga oshirishga kirishdi. Jo aygʻirni ushlashda chiyaboʻrilar epchil quyonni, hindular jayronni ushlashda qoʻllaydigan usulni qoʻllab koʻrmoqchi boʻldi. Bu qadimgi usul «galma-gal ovlash» deb ataladi.

Yovvoyi yoʻrgʻa yurgan muzofot oltmish kvadrat milcha keladigan uchburchak shaklida boʻlib, janubi hamda shimolidan daryolar, gʻarbidan togʻlar bilan oʻraladi. Ular, yoʻrgʻa shu muzofotdan boshqa yoqqa ketmaydi, Jayron bulogʻi uning doimiy xonaki joyi boʻlib qoladi, deb oʻyladi.

Jo bu yerlarni yaxshi biladi. Uning barcha buloqlari, gʻorlarigacha bilib oldi. Agar hozir uning ellikta oti boʻlganida edi, ularni jamiki muhim joylarga qoʻygan boʻlardi. Ixtiyorida esa bor-yoʻgʻi yigirmata oti bilan beshta yaxshi chavandozi bor xolos.

U ov boshlangunga qadar otlarni ikki hafta somon berib boqdi. Shundan keyingina ularni ovga qoʻydi, chavandozlarga nima qilish kerakligini tushuntirdi. Ular ov boshlanishiga bir kun qoldi deganda oʻz joylarini egalladi.

Tayin etilgan kun Jo aravada Jayron bulogʻiga yoʻl oldi, chetroqdagi torgina soylikda toʻxtab, kuta boshladi.

Nihoyat, janubdagi adir tarafdan koʻmirday qop-qora aygʻir koʻrindi, u odatdagidek buloqqa yolgʻiz oʻzi ena boshladi.

U avval gʻanimlarim bekinib poylamayotganmikin degan hadikda buloqni aylanib, is oldi. Soʻng soʻqmoqsiz yerlardan buloqqa qarab yurdi.

Jo aygʻirni poylab oʻtirib, iloji boʻlsa uning koʻproq, bochkalab suv ichishini istadi. Yoʻrgʻa tumshugʻini oʻtga endi choʻzgan ham edi, Jo otini niqtab haydab qoldi. Yoʻrgʻa tuyoq tovushini eshitdi, chavandozni koʻrdi-da, yana koʻzdan gʻoyib boʻldi. Tekis yerga chiqib, janubga burildi, qum tepaliklar oralab bor kuchi bilan chopdi, ta’qibchisidan borgan sayin olisladi. Joning oti horib, qumda har qadamda yiqilib turaverdi, oqibat, borgan sayin keyinda qolaveradi.

Yana tekis yerga chiqqanlarida Joning oti oradagi masofani ancha ozaytirishi mumkin edi, lekin enish boshlanib qolib, yana shashtidan qaytdi, oqibat, yanada keyinda qola boshladi.

Ammo Jo yoʻrgʻani quvishda davom etdi, xivichniyam, uzanginiyam ayamadi. Bir mil, ikki, uch… Arribi qirlari koʻzga chalinib qoldi.

Arribida yangi otlar bor, Jo buni biladi, shu sababli kuchiga kuch qoʻshilib ot qoʻyadi. Yoʻrgʻaning tunday qop-qora yollari esa shamollarda yoyilib-yoyilib olislab boradi.

Ana, nihoyat, Arribi darasiga dohil boʻldi. Gʻorda qoravullik qilib turgan kovboy oʻzini panaga oldi, yoʻrgʻa uning yonidan oʻtib ketdi. Yoʻrgʻa shamolday pastga yeldi, soʻng, nishab boʻylab yuqoriladi.

Jo yangi otga minib, avval pastga, keyin yuqoriga ot soldi. Otini niqtab haydab chopaverdi, chopaverdi, lekin oradagi masofani kamaytirolmadi.

Dupur-dupur-dupur… tuyoq tovushlari. Bir soat, ikki, uch soat oʻtdi, oldinda Alamozo koʻrindi, xuddi oʻsha yerda yangi chavandoz kutyapti. Jo baqirib, otini yanada tezladi. qora aygʻir moʻljaldagi yerga qarab chopdi, ammo ikki milcha qolganda nimadandir hadik olganday chapga burildi. Jo yoʻrgʻa qutulib ketishini payqab, holdan toygan otiga yana qamchi bosdi, yoʻrgʻani qanday qilib boʻlmasin, koʻzlangan tarafga burish yoʻlini izladi.

Olishuv haddan ziyod qiyin boʻldi. Joning nafasi qaytib qoldi. Ot har sapchiganda egar terisi gʻijirlayverdi.

Jo koʻndalang yelib chiqib quvdi, yoʻrgʻani hurkitish uchun revolverdan ustma-ust oʻq uzdi, nihoyat, uni chapdagi kechuvga borishga muvaffaq boʻldi.

Ular daryo boʻyiga keldi. Yoʻrgʻa yoʻlidan qolmay yeldi. Jo otdan tushdi. Oti oʻttiz mil chopib darmoni quridi, Joyam holdan toydi. Koʻzlari changdan qizardi, garchi hech nimani koʻrmayotgan boʻlsa-da, Tomga qoʻlini silkib: «Yoʻrgʻani Alamozo orqali kechuvga haydab bor», deya qichqiradi.

Yangi chavandoz tetik, chayir otda oʻnqir-choʻnqir yoyilma boʻylab qora aygʻir ketidan chopdi. Aygʻir oppoq terga botdi, biqini koʻtarilib-koʻtarilib ogʻir nafas oldi, holi tang boʻldi. Baribir chopishda davom etdi…

Tom oldiniga aygʻirga yaqinroq borganday boʻldi, soʻng yana keyinida qoldi. Alamozoda oʻrnini yangi otliq egalladi.

Aygʻir gʻarbga burildi, sugʻurlar makonini yonlab chopdi, kiyim yirtar kaktuslar, tikanli changalzorlar oralab chopdi. Aygʻir ter bilan changdan ola-bula boʻlib ketdi, ammo yoʻrgʻasidan adashmadi. Yoʻlida duch kelgan jardan sakrab oʻtib ketdi. Izidan quvib kelayotgan yosh Kerington ham otini sakratmoqchi boʻldi. Ammo oti bilan qoʻshilib pastga yumalab ketdi… yosh chavandoz bir amallab omon qoldi, ammo oti xarob boʻldi.

Qora aygʻir zafarli yoʻrgʻasida davom etdi…

Jo Gallego cholning fermasi yonida nafasini rostlab poylab turdi. Yarim soat oʻtmay, u yana yoʻrgʻani quvib ketdi.

Gʻarbda Karlos togʻlari koʻzga tashlandi. U yerda ham Joni odamlar yangi otlar bilan poylab turibdi. Buni bilgan tolmas chavandoz aygʻirni gʻarbga burmoqchi boʻldi. Ammo yoʻrgʻa qandaydir bir hayolga berildimi yo koʻngli bir nimani sezdimi, har qalay, birdan shimolga qayrildi.

Jo bor san'atini ishlatdi, qichqirdi, oʻq uzdi, bari bekor boʻldi. Qora chaqmoq adir boʻylab pastladi, Jo uning izidan borishga majbur boʻldi.

Xuddi shu yerda olishuvning eng qiyin ham azob-uqubatli davri boshlandi. Jo yoʻrgʻaga berahm boʻldi, oʻzi bilan otiga esa undan beshbatar beshafqat boʻldi. Kun ayovsiz kuydirdi, qizigan yoyilma uzra oftob tafti jimirladi. Joning koʻzlari yondi, lablari shoʻr, betamiz changdan chirsilladi.

Olishuv davom etdi. Muvaffaqiyatga erishishning birdan-bir yoʻli yoʻrgʻani Alamozodan oʻtadigan kechuvga qaytarish qoldi.

Olishuv boshlangandan buyon Jo birinchi marta qora yoʻrgʻada tolgʻinlik alomatlarini koʻrdi. Dumi bilan yollari avvalgidek yoyilmay qoʻydi, oralaridagi yarim millik masofa yarimlab qoldi.

Yoʻrgʻa baribir olgʻa talpindi, yana, yana yoʻrgʻalab, olgʻa talpindi…

Soatlar ketidan soatlar oʻtdi, yoʻrgʻa hamon olgʻa yeldi. Ammo toʻgʻri yoʻldan burildi. Yigirma milcha yoʻl bosib, kechroq Alamozodan oʻtadigan kechuvga yetib keldi.

Jo yoʻlda tayyor turgan otni minib, aygʻirni yana oʻzi quvib ketdi.

Jo qoldirib ketgan ot entikib, oʻzini suvga urdi, suv ichib-ichib, yumalab oʻlib qoldi.

Jo, qora aygʻir suv ichadi, degan umidda bir oz sekinladi. Ammo uning aytgani boʻlmadi! Aygʻir bor-yoʻgʻi bir hoʻpladi, tevarakka suv sachratib, narigi sohilga oʻtib ketdi. Jo uning ketidan qadam-baqadam bordi. Kechuvda ularni kuzatib qolgan kovboy Jo aygʻirga xiyla yaqin kelib qolganini, hatto yetay-etay deb qolganini koʻrdi…

Ertalab Jo lagerga piyoda keldi. Uning sarguzashti loʻnda boʻldi: sakkiz ot nobud boʻldi, besh odam butunlay holdan toydi, gʻaroyib yovvoyi yoʻrgʻa esa hamon oʻz erkida yuribdi…
— Endi bir nima qilish qiyin! Unga yetib boʻlmaydi. Joyi kelgan vaqtlari la’natining terisini teshib tashlamaganimga achinaman! – dedi Jo, soʻngra, yoʻrgʻani quvishdan voz kechdi.

IV

Soʻnggi safarda ham Kurka Iz oshpaz boʻldi. U ham olishuvni boshqalar qatori qiziqish bilan kuzatib bordi, Joning omadi kelmaganda oʻzicha kulimsirab qoʻydi, qozoniga qarab qoʻyib, dimogʻida mingʻilladi:
— Shu yoʻrgʻani ushlab olmasam, odam emasman!

Yoʻrgʻa tinimsiz ta’qiblar oqibatida yanada yovvoyilashib ketdi. Baribir Jayron bulogʻiga kelib ketaverdi. Buloq yalanglikdagi yakkayu yagona suvloq boʻlib, bir mil tevarak-atrofda gʻanimdan bekinadigan pana joy yoʻq edi. Shu sababliyam yoʻrgʻa yaqin-atrofda tushlarda paydo boʻlib, biron xavf-xatar yoʻqligiga ishonch hosil qilgachgina buloqqa suv ichgani kelardi.

U galasidan ayrilib, butun qishni yolgʻiz oʻzi qishladi. Qari Kurka buni yaxshi bilib olib, rejalarini shunga mosladi. Bir oʻrtogʻining toʻriq baytali bor edi. Qari shu baytalga egar urdi, zanjir, belkurak, yana bir arqon hamda yoʻgʻon qoziq olib, buloqqa ravona boʻldi.

Bir toʻda jayron ulardan hayiqib, pana-panalarga gʻoyib boʻldi. Mollar oʻt uzra yoyilib yotadi, toʻrgʻaylar qoʻshigʻi jaranglaydi. Yerdan begʻubor, qorsiz qish nafasi koʻtarilgan, koʻklam yaqin qolgan…

Tom ushoqqina toʻriq baytalni arqonlab, oʻtga qoʻydi, baytal tumshugʻini koʻkka tinimsiz choʻzib, olis-olis kishnadi.

Qari Kurka shamol qayoqdan esayotganini aniqladi, tevarak-atrofga nazar soldi. Oʻsha oʻzi qazishib yuborgan oʻra haliyam bor ekan. Oʻra ochiq, ichi toʻla sassiq suv, sugʻur, sichqon oʻliklari suzib yuribdi. Suvlagani kelgan hayvonlar oʻra chetidan yangi soʻqmoq ochibdi.

Kurka koʻm-koʻk maysazor yonidagi quyuq qamishzorni ma’qul topib, shu yerga qoziq qoqdi, soʻng, pana boʻladigan katta oʻra qazib, ichiga adyol toʻshadi. Baytal olislab oʻtlab ketmasin deb, arqonni yerga uzatib tashlab, bir uchini ustunga bogʻlab qoʻydi, arqonni tuproq va oʻtlar bilan bekitdi. Keyin oʻzining xilvatgoh oʻrasiga bekinib oʻtirdi.

Tush vaqti-tush vaqti toʻriq baytal yoʻqlab kishnadi. Shunda…shunda, kunbotardagi adirdan javob kishnash keldi… Mashhur yovvoyi yoʻrgʻa osmon fonida qop-qorayib boʻy berdi!

Yoʻrgʻa ravon, alp-alp yoʻrgʻaladi, oyoq ilib, tevarakka hadiksirab alangladi, pishqirib yoʻrgʻaladi. Baytalning yoʻqlab kishnashi yoʻrgʻaning koʻnglida aks sado berdi. Yoʻrgʻa yaqinroq kelib, yana kishnadi, birdan sergaklandi, aylanib katta doir yasadi, burni bilan shubhali hid ovladi.

Shunda, toʻriq baytal yana kishnadi. Yoʻrgʻa yana bir bor doira yasab, u ham kishnadi. Baytalning javob kishnashi yoʻrgʻaning koʻnglidagi bor hadiklarni yoʻq qilib yubordi. Yoʻrgʻaning yuragi yonib ketdi!

Yoʻrgʻa gijingladi, toʻriq baytal – Sollining oldiga keldi, burniga burnini tekkizdi. Xuddi shu payt orqa oyogʻi sirtmoqni bosib oldi. Tom arqonni birdan tortdi, mustang sirtmoqqa ilindi. U vajohat bilan koʻkka sapchidi. Tom bundan foydalanib aygʻirning oyogʻidan arqonni ilondek ikki aylantirib oldi.

Mash'um koʻrgilik aygʻirning kuchiga kuch qoʻshdi. U yana sapchidi, ammo sirtmoqdan oyogʻini tortib ololmadi, yerga gʻaribona, magʻlubona agʻanab tushdi.

Chuqurdan qari Tomning munkaygan xunuk jussasi koʻrindi. U tabiatning noyob molini tezroq qoʻlga kiritish uchun shoshildi. Otning qudrati ushoqday zaif bir cholning aql va hunari oldida ojiz boʻlib qoldi. Yoʻrgʻa pishqirdi, ozodlik uchun jon-jahdi bilan olishdi, ammo besamar boʻldi, sirtmoq oyoqlariga chayirday yopishib oldi.

Tom aygʻirning old oyoqlariga ham sirtmoq soldi. Soʻng, arqon bilan aygʻirning toʻrtta oyogʻini bitta qilib qoʻshib tortdi. Dargʻazab yoʻrgʻa, axtalangan choʻchqaday ojizona sulayib, yotib qoldi. Bechora soʻnggi darmoni qolgunicha tipirchiladi, oʻpkasi toʻlib keldi, oʻksik zarbidan a’zoyi badani zir-zir qaltiradi, yuzlaridan marjon-marjon yoshlar oqdi…

Tom aygʻirning holini koʻrib, koʻnglida gʻalati bir nima paydo boʻldi. Ilk bor sirtmoq bilan hoʻkiz ushlaganida boʻlganidek, bosh-oyogʻi zir titradi. Bir necha daqiqa joyidan qimirlay olmay, oʻzining noyob bandasiga termulib qoldi.

Koʻp oʻtmay cholning hayajoni soʻndi. Oʻta mash'um ishni bajargan baytalga egar urdi, yangi arqon olib, yoʻrgʻaning boʻyniga soldi. Baytalni aygʻirning oldiga qoʻydi. Tom yoʻrgʻa endi ketolmasligini bilib, arqonni boʻsh qoʻymoqchi boʻldi, shunda, xayoliga favqulodda bir fikr keldi. Oʻylab qarasa, gʻoyat zarur bir ish esidan chiqayozibdi. Garchi sharoit boʻlmasa-da, shu ishni bajarishga kirishdi.

Gʻarb odati boʻyicha yovvoyi yoʻrgʻaning badaniga kim birinchi boʻlib oʻz tamgʻasini bossa, yoʻrgʻa oʻshaniki boʻladi. Yaqin yigirma milda hayvonlarni tamgʻalaydigan asbob topilmaydi, nima qilsa boʻladi.

Qari Tom tadbirkor edi. U baytalning taqalarini birin-ketin qarab koʻrdi. Taqalarning birovi xiyla boʻshab qolgan edi. Tom shu taqani belkurak bilan qoʻporib oldi.

Yoymani aylanib oʻtin terib keldi. Koʻp oʻtmay olov lovilladi. Tom taqani bir uchidan qoʻlroʻmol bilan oʻrab ushlab, olovga toblab qizartdi. Keyin taqa qirrasini aygʻir bechoraning chap yagʻriniga uch marta bosib oldi, yagʻrinda kurak iz misol dagʻal tamgʻa qoldi.

Yoʻrgʻa qizigan temir badaniga tekkanda seskanib ketdi. Ish koʻz ochib yumguncha boʻlib oʻtdi. Shunday qilib, yovvoyi yoʻrgʻa insonga qaram boʻlib qoldi.

Endi yoʻrgʻani uyga olib ketish qoldi. Tom sirtmoqni boʻshatdi. Yoʻrgʻa oyogʻi boʻshaganini sezib, butunlay erkin boʻldim deb oʻyladi, joyidan sapchib turdi, talpindi, ammo yana agʻanab tushdi. Yoʻrgʻaning old oyoqlari qoʻshib bogʻlab qoʻyilgan, u faqat sapchib-sapchib yurishi mumkin edi.

U qochishga koʻp intildi, ammo har safar qoʻshaloq bogʻloqlik oyoqlari xalaqit berib, yumalab tushaverdi. Tom baytalni minib, yoʻrgʻani uyga olib joʻnadi. U yoʻrgʻani yetakladi-yu chu-chulab haydadi, turli yoʻllar qilib koʻrdi, ammo qaysar, badjahl aygʻir, oppoq ter koʻpiklarga botgan aygʻir boʻyin egmadi. Aygʻir yovvoyilarcha kishnadi, qahr bilan pishqirdi, ozodlik yoʻlida telbalarcha toʻlgʻandi.

Olishuv shafqatsiz, olis davom etdi. Yovvoyi yoʻrgʻaning yarqiroq sagʻirlari qon aralash terdan qorayib ketdi. Behisob yiqilib-turishlar, besamar olishuvlar yoʻrgʻaning shunday tinka-madorini quritdi, u uzun kun davom etgan quvgʻinda ham bunchalik horib tolmagan edi.

Aygʻir goh u yoniga, goh bu yoniga tinimsiz talpindi, shiddatli sapchishlari borgan sayin zaiflashib bordi, burnidan otilayotgan koʻpiklar qonga belandi.

Berahm, zoʻravon gʻolib chol esa sokin bir kayfiyatda aygʻirni chu-chulab haydadi, yurishga majbur qiladi.

Aygʻir bilan chol har bir qadam uchun olishdi, nishab yerdan daraga endi, yana ham pastdagi daralarga eltadigan soʻqmoqlar boshiga yetdi. Bir vaqtlar yoʻrgʻaga qaram boʻlmish yaylovning shimoliy chegarasi xuddi shu yerdan oʻtadi. Olislardan toʻsiqlar hamda fermalar koʻzga tashlanadi. Qari Tom tantana qiladi.

Yovvoyi yoʻrgʻa qolgan bor kuchini yigʻib ozodlik yoʻlida jon-jahdi bilan yonbagʻir boʻylab yuqoriga talpindi. Yana, yana yuqoriladi, badaniga botayotgan arqonga ham, uni toʻxtatib, iziga qaytarish uchun uzilgan oʻq ovoziga ham parvo qilmadi, u ozodlikka talpindi…

Yovvoyi yoʻrgʻa yana, yana yuqoriladi, ana, tik qoyaga koʻtarildi. qoyadan pastga — havoga sakradi, ikki yuz futcha uchib yurdi, yana, yana pastlab… toshga borib tushdi. U jonsiz sulayib qoldi, ammo... ozod boʻlib qoldi!.