OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifErnest Xeminguey
Asar nomiMaestro bilan muloqot
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Ernest Xeminguey
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonIlhom Hafizov (Rus tilidan)
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Maestro bilan muloqot
Ernest Xeminguey

Ernest Xeminguey va Maestro
yoxud bashariy kasblarning eng mushkuli borasida suhbatlar

Minneapolis universiteti jurnalistika fakulteti bitiruvchisi, yigirma ikki yoshli Arnold Samuelson mashhur adib Xeminguey bilan uchrashish istagiga tushadi. U olis Michigan shtatidan yoʻlga chiqib, Floridagacha boʻlgan salkam ikki ming chaqirimli masofani goh piyoda, goh toʻgʻri kelgan ulovlarda bosib oʻtadi.

Yigitcha orzusidagi mashhur adibga roʻpara boʻlarkan, tili soʻzga kelmay bir zum dovdiraydi. Keyin:
— Mister Xeminguey, menga yozuvchilikni oʻrgatsangiz, — deydi dabdurustdan.
— Boʻpti, oʻrgatamiz, — deydi adib miyigʻida kulib.

Soʻngra omadi kelganiga ishonqiramay turgan yigitchani oʻzining mashhur «Pilar» yaxtasiga soqchi qilib olib, kuniga bir dollardan moyana tayinlaydi.

Shundan soʻng Arnold Samuelson rosa bir yil davomida Xeminguey bilan birga boʻladi. U bilan damba-dam baliq oviga chiqib ketib, ochiq dengizda bir necha kunlab suhbatidan bahramand boʻladi. Boʻsh vaqtlarida skripkada kuylar chalib berib, Maestro laqabini orttiradi. Va har gal dengiz safaridan qaytarkan, uychasiga qamalib olib, ustozidan eshitganlarini batafsil qogʻozga tushirib boradi. Ayni choqda oʻzining qissa va hikoyalarini gazeta, jurnallarga toʻxtovsiz yuborib turar, yozganlari hadeganda yorugʻlik koʻrmayotgan boʻlsa-da, niyatidan qaytmasdi.

Nihoyat, «Motor-boating» nomli ovchilar jurnali uning ilk hikoyasini bosadi. Hikoya Xemingueyga ma’qul boʻladi.
— Ana endi sen ham yozuvchi boʻlding, Maestro! — deydi u tirishqoq shogirdini yelkasiga qoqib.

Oradan yillar oʻtib, «Darbadarlar Meksikasi» romanini chiqarishga muvaffaq boʻlgan Arnoldni yana birinchi boʻlib Xeminguey qutlaydi: «Siz bilan faxrlanaman, Maestro!» deya telegramma yoʻllaydi.

«Ernest Xeminguey bilan yonma-yon» nomli navbatdagi yirik asari bosmadan chiqqanida esa Maestro, ya’ni Arnold Samuelsonning oʻzi ham, ustozi ham dunyodan oʻtgan edi...

Quyida Ernest Xemingueyning «Maestro bilan muloqot» asari juz’iy qisqartishlar bilan bosilyapti. Muallif shogirdi Arnold Samuelsonga maslahatlar tarzida yaratgan mazkur asarini birinchi marta «Eskvayr» jurnalining 1935 yil oktyabr sonida e’lon qilgan edi...

* * *

— Unutmang, Maestro, bir oʻtirishda haddan koʻp yozib yubormaslik yozuvchilikning ustuvor qoidasidir. Koʻnglingizda yigʻilib qolgan gaplarni birvarakayiga toʻkib solmang. Hatto qissangizning eng qiziq joyiga kelib qolsangiz-u, davomida nima boʻlishini bilib, koʻrib turgan boʻlsangiz ham, yozishdan tiyila oling. Qogʻoz, qalamni chetga surib qoʻyib, oʻzingizga dam bering. Kechasi miriqib uxlab, ertasiga oʻzingizni tiniqqan his etsangiz, stolga oʻtiring. Biroq ishni kecha toʻxtab qolgan joyidan emas, qayta boshidan koʻchirish bilan boshlang. Har kuni shunday qiling. Asaringiz hajmi kattarib qolgach esa, uning oxirgi ikki faslini diqqat bilan oʻqib chiqib, asar ruhiga kirgach, ularni hafsala bilan qayta oqqa koʻchiring. Haftada kam deganda bir marta qoʻlyozmangizning muqaddimasiga qayting. Hammasini bir boshidan yozib chiqing. Ana shundagina sizda yaxlit asar paydo boʻladi. Qissa bitgach, matndan olib tashlanishi kerak boʻlgan jumlalarni, soʻzlarni qidirib toping. Eng asosiysi aynan nimalarning keraksiz ekanligini anglab yetishda.

Ha, yozuvchilik degani koʻtara ogʻir mehnat. Biroq, ruhingizni tushirmang. Ogʻirlikka ogʻir, lekin iloj qancha. Men, masalan, «Alvido, qurol!»ning birinchi qismini sal kam ellik marta qayta koʻchirganman. Buning uchun qancha sabr-toqat kerakligini tasavvur qilavering...

Yana muhim bir gap, hech qachon oʻzingiz yaxshi bilmagan mavzuga qoʻl urmang. Mutlaqo xayolotni nazm koʻtaradi, nasr emas. Nasrda tasvirlayotgan joyingiz, odamlaringizni yaxshi bilmasangiz, fosh boʻlishingiz muqarrar.

* * *

— Aytaylik, qissangizning bir qismini yozib tugatdingiz. Ertaga nimalar qogʻozga tushishini bilasiz. Lekin, ertadan keyin nimalarni yozishingiz siz uchun qorongʻu... Bundan choʻchimang. Indin yozilajak narsalar ertangi ishingizdan keyin oydinlashadi. Endi mutolaa haqida... Qaysi adiblarni sevib oʻqiysiz?
— Stivensonni, Toroni... Hammasini birdan aytib berolmayman-ku...
— «Urush va tinchlik»ni oʻqiganmisiz?
— Yoʻq...
— Juda yaxshi roman. Albatta oʻqing. Hozir men xonamga oʻtib, birinchi navbatda oʻqib chiqishingiz shart boʻlgan kitoblar roʻyxatini tuzib beraman... Kishida mehnatkashlikdan burun salohiyat ham boʻlishi shart. Mabodo, siz oʻzingizda iste’dod yoʻqligini payqab qolsangiz, qanday yoʻl tutgan boʻlardingiz?
— Qaydam? Kishi oʻzida qobiliyat bormi, yoʻqligini bilishi mumkinmi?
— Aslo. Iqtidor kutilmaganda chaqmoqdek yarq etib chaqnashi uchun yozuvchi tinmasdan mehnat qilishi kerak. Zero, iste’dodingiz boʻlsa, ertami, kechmi oʻzini namoyon etadi. Garchi yozuvchilik barqaror daromad manbai boʻlmasa-da, sizga muntazam ijod qilib turishlikni maslahat beraman.
— Oʻtgan yili men bir qancha shtatlarda darbadar kezdim. Ogʻir yuk ulovlarini boshqardim. Bunaqa hayot tarzi ijodkor uchun yaxshi tajriba maktabi boʻlishi mumkinmi?
— Mumkin. Bu mening ham boshimdan kechgan. Hozir esa oilamga bogʻlanib qolganman. Bundan tashqari oʻz shaxsiyatingizni oʻrganmoqchi, oʻzingizni sinab koʻrmoqchi boʻlsangiz, biror yerda muqim qoʻnim topib, hayotning achchiq-chuchugini totib koʻrishingiz, oʻzligingizni anglab yetishingiz kerak. Oddiy shart-sharoitlardan-da mahrum daydilarning kulbalaridan ham yozishga arzigulik nimalardir topa bilish kerak. «Geklberri Finning sarguzashtlari»ni oʻqiganmisiz?
— Judayam ilgari.
— Yana qayta oʻqing. Bu ajoyib roman Amerika adabiyotining ibtidosidir. Stiven Kreynning «Moviyrang mehmonxona»sini oʻqigan chiqarsiz?
— Oʻqimaganman.
— Mana sizga roʻyxat. Har bir oʻzini hurmat qilgan yozuvchi mutolaa qilishi shart boʻlgan asarlar.

  1. Stiven Kreyn — «Moviyrang mehmonxona», «Ochiq kitob».
  2. Gyustav Flober — «Bovari xonim».
  3. Jeyms Joys — «Dublinliklar».
  4. Stendal — «Qizil va qora».
  5. Somerset Moem — «Bashariy ehtiroslar yuki».
  6. Lev Tolstoy — «Urush va tinchlik», «Anna Karenina».
  7. Tomas Mann — «Buddenbroklar».
  8. Jorj Mur — «Idealizmning inkor etilishi».
  9. F.M.Dostoyevskiy — «Aka-uka Karamazovlar».
  10. Eduard Kammingo — «Mahobatli xona».
  11. Sharlotte Bronte — «Jen Eyr».
  12. Genri Jeyms — «Amerikalik».

Mabodo ushbu asarlarni oʻqimagan boʻlsangiz, badiiy saviyangiz haminqadar ekan. Bu asarlarda yozuvchilik san’atining turli uslublari mujassam. Ular shunday mahorat bilan yaratilganki, romannavislik bundan keyin erishib boʻlmaydigan choʻqqidek tuyuladi.
— Romanni boshlashdan avval uning syujet rejasini tuzib olish, shu reja asosida boblar, fasllarga ajratish kerakligi toʻgʻrisida oʻqiganman...
— Bekor gap. Basharti reja asosida yozar boʻlsangiz, kitobxon sizni bir zumdayoq fosh etib qoʻyadi. Qalamingizni reja emas, mantiq boshqarsa boshqa gap. Ba’zida asaringiz xotimasi sizga oldindan ma’lumdek tuyuladi. Lekin qoʻlga qalam olishingiz bilan hammasi boshqa tomonga ketib qolishi hech gapmas...
— Yozuvchi oʻz faoliyatini gazetalardan, arzon-garov nashrlardan boshlashi kerak, deyishadi.
— Bu safsataga ishonmang. Yozuvchi boʻlishga ahd qildingizmi, pul topishni boshqa bir kasb-kordan axtarishingizga toʻgʻri keladi. Darvoqe, boy boʻlishni istagan kaslar yozuvchilikni havas qilmay qoʻyaqolsin.

...Har kuni mashq qilib turish lozim. Koʻrgan-kechirganlaringizni qogʻozga batafsil tushirib borishga intiling. Masalan, Flober Mopassanga shunday maslahat beradi. Biron narsani, aytaylik, bandargohdagi yuk vagonini, dengiz boʻgʻozida guvillayotgan qasirgʻani, bezovta mavjlanayotgan dengiz suvlarini qalamga oling. Bularning bariga ruhiy taassurotlaringizni singdiring. Agar har kuni mana shunday yozib borishni odat qilsangiz, ularni jon deb oʻqib chiqqan boʻlardim.
— Bir kunda nechtagacha soʻz yoza olasiz?
— Har xil. Ba’zan bir oʻtirishda ancha-muncha qogʻoz qoralab qoʻyaman. Ba’zida bir necha kunlab qoʻlim kelmay, qiynalib yuraman.
— Bernard Shou, yozuvchi oʻzini har kuni kam deganda mingta soʻz yozishga majburlashi kerak, deydi.
— Yoʻq, bu judayam koʻp. Basharti shu zaylda ishlasangiz, koʻp oʻtmay iyigʻingiz chiqib ketib, boʻlar-boʻlmas narsalarni yoza boshlaysiz. Bir kunda besh yuzta soʻz yoza bilsangiz ham, bu bir yilda yuz sakson ming soʻz, ya’ni ikkita katta roman degan gap boʻladi.
— Nima boʻlgandayam yozuvchilikka ishtiyoqim baland. Lekin, har safar yozishga oʻtirarkanman, oʻzimni gʻoyatda nochor, noshud his qila boshlayman.
— Bu hali hech gapmas. Men har gal qoʻlimga qalam olsam, loaqal ikki satr xat bitishgayam ojiz kimsaning holiga tushaman. Yozuvchilik naqadar zahmatli ish. Bashariy kasblarning eng mushkuli!
— Hikoya oʻqishli chiqishi uchun nima qilish kerak?
— Qiziq bir voqeani qogʻozga tushirib, uni ta’sirchan bayon etishni koʻplar eplay oladi. Hamma gap hadeganda koʻzga tashlanmaydigan osuda, joʻn voqealardan qiziqarli, sermazmun, hissiyotli hikoya yarata olishda.
— Asarlaringiz shaxsiy hayotingizdan olib yozilganmi?
— Yoʻq. Men ularni oʻylab topganman... Biror tanishimning yoshi, ismi, nasl-nasabini oʻzgartirib, uni umrida koʻrmagan mamlakat fuqarosi qilib, iloji boricha ishonarli personajga aylantiraman. Uni murakkab voqea-hodisalar girdobiga tashlayman. Qolgani qahramonimning tabiatidan kelib chiqib davom etaveradi. Agar oʻylab topish, kashf etish hadisini egallab olsangiz, koʻnglingizga siqqancha yozaverishingiz mumkin.
— Mendayam shunday iqtidor paydo boʻlarmikan?
— Bu faqat oʻzingizga bogʻliq. Mehnatidan qochmasangiz va yana eng muhimi koʻpchiligimizga tekkan kasallik — buyuk yozuvchilik da’vosini oʻzingizga yaqinlashtirmay, adabiyot zahmatidan rohatlanib izlanaversangiz, kam boʻlmaysiz.
— Kishi toʻgʻri yoʻl tanlaganini oldindan bilishi mumkinmi?
— Mumkin. Koʻpincha ich-ichidan sezib turadi.
— Bilasizmi, men koʻpincha chiroyli soʻz izlab qiynalaman.
— Bu ham koʻpchilikka tekkan kasallik... Siz hamisha atrofingizdagi odamlar, tanish-bilishlaringiz soʻz boyligidan oʻz lugʻatingizni yaratib olishingiz kerak.

Oddiy, joʻn soʻzlar eng maqbul soʻzlardir...