OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifErni Krusten
Asar nomiShirin xotiralar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Eston adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Erni Krusten
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonNazira Joʻrayeva (Rus tilidan)
Hajm25KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shirin xotiralar (hikoya)
Erni Krusten

Oʻsha unutilmas tongda xotinim kutilmaganda odatdagidan barvaqtroq turdi. Mana, yaqinda bir yostiqqa bosh qoʻyganimizga ham oʻttiz yil toʻladi, shu oʻtgan davr ichida loaqal biror marotaba boʻlsin, meni bir on nazaridan hech chetda qoldirgan emas. Uyda uning taraq-turuq qilib yurishidan ayniqsa ta’bim tirriq boʻlib ketdi. U eshiklarni taqillatib, derazalarni tars-turs qilib ochar, stullarni esa ayamay u yoqdan-bu yoqqa surar edi. Tavba, hech tushunolmayman: bu ishlarini ohistagina, shoshmasdan qilsa boʻlmasmikin yoki bugun mendan barvaqtroq turganiga shunday qilyaptimikin-a? Bular kamlik qilganday, goh polga choʻtkani tushirib yuboradi, goh vangʻillatib radioni qoʻyadi, goh gʻingʻillab xirgoyi qiladi. Ustiga-ustak hushtak chalganiga oʻlasizmi...

«Tavba, xuddi bezori koʻcha bolasiga oʻxshaydi-ya! Nevara koʻrganiga oʻn kun boʻlgan kishiyam oʻzini shunday tutadimi-a!» — oʻyladim gʻazabimni ichimga yutib, soʻng jahl bilan adyolni ustimga tortdim-da, uxlashga harakat qildim. Agar qoʻqqisdan changyutgich shigʻillab qolmaganda, koʻzim ilinib, bir oz orom olgan boʻlarmidim. Har qalay bularning hammasiga tishimni tishimga qoʻyib chidasam boʻlardi-yu, lekin odatdagi vaqtim boʻlgani uchun oʻrnimdan turib ketdim. Soat roppa-rosa sakkiz edi.

Boloxonadan tusharkanman, uy koʻtarilganda anqiydigan hid burnimga gup etib urildi. Hammayoq chip-chinnidek tozalangan. Pillapoyayu, uning panjalaridan tortib polgacha yogʻ tomsa yalagudek. Dahlizning burchaklarida skipidar qoʻshilgan togʻoralar bilan issiq suv solingan chelaklar turardi. Xotinim endi deraza pardasini dazmollab boʻlib, uni osmoqchi boʻlib turgan edi. Hamma ishlarini tugatgach, kiyindi-yu, soʻng har qanday zarur ishi boʻlishiga qaramay, yangi tugʻilgan bola uchun belgilangan xonaga kirmasligimga qasam ichirib, bozorga joʻnadi. Bu xona boshqa xonalarga qaraganda moʻ‘jazgina boʻlsa ham, juda yorugʻ — oynasi katta, issiq va shinam edi.

Xotinimning biror narsani esdan chiqazib, yarim yoʻldan qaytib keladigan odati bor edi. Bu gal uning joʻnab ketganiga ishonchim komil boʻlgach, yangi tugʻilgan bola uchun jihozlangan xonaning eshigini nihoyatda ehtiyotkorlik bilan ochdim. Stol ustida doka va paxtadan tashqari, goʻdak uchun kerakli boʻlgan narsalar – pushti paxmoq adyoldan tortib, to antiqa jajji qalpoqchagacha bor edi. Ochiq derazadan xonaga muzdek shabada kirardi, burchakdagi hozirgina yoqilgan pechdan harorat taralardi. Quyosh chiqqanda edi, hammayoq charaqlab ketgan boʻlardi.

Kechqurun shivalab yomgʻir yogʻib oʻtgandi. Ertalab havo bulut, havodan endigina kurtak yozayotgan yaproqlarning xushboʻy hidi anqirdi. Chamasi, havo oʻyga choʻmgandek – nima qilishini bilmayotgandek edi.

Bu hol uzoqqa choʻzilmadi. Xotinim qoʻlida bir dasta gul bilan qaytib kelganda, havo ochilib ketdi, soat oʻn birlarda bizning xonamiz quyosh nurlaridan munavvar boʻlgandi.

Quyosh jamol koʻrsatib, zarrin nurlari derazamdan moʻralaganda, bugun atayin bashangroq kiyinishga jazm qildim. Qanday baxt-a! Men jon-dilidan sevib, doimo gʻamxoʻrlik qiladigan sodiq xotinimning men haqimda qaygʻurmay, uning yoʻl-yoʻrigʻisiz oʻzim bir qarorga keldim. Oʻylab qarasam, oʻttiz yil mobaynida yakka oʻzimning birinchi marta bir qarorga kelishim ekan.

Moʻ‘jazgina yorugʻ boloxonadan zap vaqtida tushibman-da, kuyovim qaynanasini tugʻruqxonaga birga olib kelgani kelgan ekan. Xotinimning quvonchi ichiga sigʻmay, nuqul shoshilardi. U chaqaloqqa atab olingan narsalarni qoʻltigʻiga qistirgancha, ketidan eshikni berkitib olishimni uqtirib, gʻizillagancha chiqib ketdi.

Uning ortidan qarab qoldim. Tavba, uning buvi boʻlganiga hecham ishongim kelmasdi. Sochini qarang-a, oppoq paxta boʻlib ketibdi. Bundan bir oz ranjigan boʻlsam-da, miyigʻimda kulib qoʻydim, hayotimizda biror marotaba boʻlsin hech san-manga bormaganmiz, mening aziz xotincham – aql oʻrgatuvchim bugun hech qanday pand-nasihat qilmay chiqib ketdi. Menga dakki bergani ham, hech qanday yumush buyurgani ham yoʻq..

Yarim soat mening ixtiyorimda edi. Nima qilish keragu, nima qilmaslik kerakligi oʻzimga havola. Baxtga qarshi, men uchun tamomila begona bu koʻngilsiz vaziyatda durustroq biror narsa oʻylab topolmadim. Toʻgʻrisini aytsam, bir oz kayfiyatim buzildi. Nihoyat, chor-nochor uzoq, dilni orziqtiruvchi daqiqalar ichida – nevaramni uyga olib kelganlariga qadar uy ichida u yoqdan-bu yoqqa tanda qoʻya boshladim.

Men derazadan mashina darvozamiz oldiga kelib toʻxtaganligini koʻrdim-u, shosha-pisha ularning istiqboliga yugurib, xuddi eshik ogʻasidek eshikni lang ochib yubordim. Eng oldinda chaqaloqni koʻtarib olgan xotinim, uning ortidan esa qizim bilan kuyovim kelishardi. Nafsilamr, koʻrgan kishi ularni baxtiyor hisoblasa-da, biroq haddan tashqari ularning jiddiyliklarini koʻrib hayron qolardi. Yangi tugʻilgan goʻdak yotqiziladigan xona eshigi oldida nevaramga hurmat-la ta’zim qildim-da, «xush kelibsan» deb almoyi-aljoyi qiliqlar qildim.

Bu ishni oʻzimga goʻdakning diqqatini tortish uchungina qildim. Maynabozchilikni iqim suymay, oʻzimni gʻoyatda jiddiy kishi hisoblasam-da, uning diqqatini tortish uchun har narsa qilishga tayyor edim.

Shu zahotiyoq barcha urinishlarimning behuda ekanligini payqab qoldim. Ha, butun qilayotgan harakatlarim behuda edi! Nima qilgan boʻlsam ham, baribir menga parvo qilishmadi. Men hozir ortiqcha odam edim. Mening bor-yoʻqligim bilan ularning ishlari yoʻq edi.

Bunga toʻla ishonch hosil qilgach, boqqa soqolimni olgani chiqib ketdim. Shirin his-tuygʻu oʻrnini achchiq iztirob egallab oldi. Meni xoʻrlashdimi, a? Ha, bu xoʻrlash edi. Eng ajablanarlisi shu ediki, baribir men oʻzimni gʻoyatda baxtiyor hisoblardim. Qiygʻos gullagan olchaning oppoq gulli novdasi men tomon choʻzilib turardi. Nazarimda u, xuddi men tomonga uzatilgan mayin qoʻldek tuyulib, kimdir: «Bu yer baxtga toʻliq, kel, quchaman», deb shivirlayotganga oʻxshardi.

Tez orada oq tunli yoz kunlari boshlanishi haqida xayol sura boshladim. Iztirob chekib, butunlay tushkunlikka tushgan paytingda xayol surmasang, qay mahal xayol surasan? Shumurt oppoq gullab, salqin bahor tunlarida dilni qitiqlab taraladigan muattar hidi haqida xayol surarkanman, beixtiyor quvonchdan qalbim joʻshib ketdi...

Nihoyat, yana uyga qaytib yangi tugʻilgan goʻdak yotgan xonaning eshigini ochdim-u, stol ustidagi paxta bilan dokaning yanada koʻpayib ketganligiga koʻzim tushdi, chaqaloqni koʻrishdan umidim boʻlmasa-da, loaqal ovozini eshitarman, degan xayolda ichkariga kirdim.

Xotinimga:
– Jonginam, bir oz sayr qilib kelmoqchiman, nima deysan?– dedim.

Shunday dedim-u, yalt etib kuyovimga qaradim. Uning shu topdagi holatini koʻrib, bir vaqtlar qachonlardir mening ham boshimga tushgan kunlarni eslab, unga rahmim kelib ketdi. Bu yosh ota bir chekkada dovdiragancha, qisilib-qimtinib ayollarning navbatdagi buyruqlarini kutib turardi.

Shu ondayoq xotinim qizimga:
– Borniy kislota qayerda? – deya murojaat qilib qoldi.
– Borniy kislotami? – savolni qaytardi qizim eriga qarab qoʻyarkan.

Boshimga kuyovimning kuni tushmaganiga xudoga shukur qilib, eshikni yopib qoʻydim. Oradan chorak soat oʻtar-oʻtmas nihoyatda puxta oʻylab olganimdan soʻng, shu daqiqada baxtimni yana bir bor sinab koʻrmoqchi boʻldim.

Shu soniyadayoq yana yangi tugʻilgan goʻdak xonasining boʻsagʻasida paydo boʻldim-da:
– Kechirasan, sayr qilib kelishni ortiq orqaga surolmayman,– dedim ovozimni balandlatib.

Odatda xotinim uydan chiqishim oldidan kiyimimni sinchiklab koʻzdan kechirar, biror yerini toʻgʻrilash yoki choʻtka bilan tozalash kerakmi, degan maqsadda tekshirar edi, soʻng choʻntaklarimni kavlab, ularda nechta dastroʻmolim borligini aniqlab, eng tozasini berib yuborardi, bu ishlarga oʻrganib qolgan ekanman.

Kuymanchiq xotinim hoziroq hamma ishini tashlaydi-yu, yugurgancha dahlizga chiqib, gʻamxoʻrlik bilan menga tanqidiy koʻz ila boshdan-oyoq nazar tashlagach, bir chekkada avvalgi ishlarini qiladi, deb oʻylagandim.

Baxtga qarshi, ne koʻz bilan koʻrayki, uning butunlay parvoyi falak edi.
– Men biror soat aylanib kelaman,– dedim toqatim toq boʻlganini bildirib, xotinimning e’tiborini jalb qilish uchun.

Buni qarangki, shu ondayoq nevaramning qoʻngʻiroqday ovozini eshitdim.

Bu ingichka ovoz aftidan, yosh onani – qizimni esankiratib va qoʻrqitib yubordi, kuyovim esa quvonch-la hamda gunohkor kishidek iljayardi, xotinim boʻlsa:
– Voy, mening doʻndiqcham, voy, mening jajjigina polaponim!– deya chaqaloqni erkalardi.

Ishonchim komilki, bu jajjigina polapon har qalay men emasdim, Ha, xudo haqqi, ishontirib aytamanki, men emasdim!

Xotinim qanchadan-qancha shirin-shakar soʻzlar aytib, karavotcha xizmatini oʻtayotgan oppoq savat ustiga engashdi, ma’lumki, chaqaloq yo kutilmaganda dunyoga keladi yoki uy egalari karavot keltirib qoʻyishga hamda chiroyli nom topishga ulgurolmaslaridan tugʻiladi.

Xotinimning hozirgi fe’l-atvori meni qiyin ahvolga solib qoʻydi. Gʻazabim qaynab, eshikni lang ochdim-u, xotinimning gʻashiga tegish uchun zarda bilan:
– Aylanib, bir oz kechiksam, xavotirlanma,– deb ogohlantirib qoʻydim.

Yoʻq, hech qanday javob boʻlmadi. Ortiq mening ularga keragim yoʻq edi. Boshim ochiq, qayga bormoqchi boʻlsam toʻrt tomonim qibla, ochigʻi, tariqcha boʻlsa-da, bu meni xursand qilmasdi. Biroq orqamdan koʻcha eshigi qarsillab yopilib qolgandagina oʻzimni qafasdan uchib chiqqan qushdek yengil his etdim.

Atrofga havas-la boqardim. «Avvallari bular qayerlarda edi?» oʻylardim koʻchaning ikki betidagi va atrofdagi bogʻlardagi zarang daraxtining qiygʻos gullaganini payqaganimdan hayratda qolib. O, zarang daraxtlar! Oltinrang daraxtlar! Ular shunday barvaqt gullaydiki...

Qalbim sevinchga toʻlib-toshardi. Oʻzimcha gʻingʻillay boshladim. Qoʻqqisdan miyamga bundan oʻn yil oldin kuylanadigan qandaydir eski qoʻshiq kelib qoldi. Bir necha soʻzlarini yodimdan chiqazgan ekanman, yangi soʻzlarni oʻylab topishga toʻgʻri keldi. Bekordan-bekorga sandiroqlab yurib-yurib, nihoyat, duch kelgan bir avtobusga birdan sakrab chiqib oldim. Zarracha boʻlsa-da, bu meni tashvishga solmadi. Chunki yer dumaloqligini, undan tashqariga chiqib ketib boʻlmas-ligini hamma qatori men ham bilaman.

Yarim soat yoʻl yurganimdan soʻng bilsam, shahar markaziga yetib qolibman, avtobusdan tushdim. Tushki vaqt boʻlib qolgandi, koʻcha qayerlargadir shoshayotgan odamlar bilan gavjum. Bularni koʻrgach, klubga borib ovqatlanuvchi eski oshnam esimga tushdi. Bundan ikki yil avval xizmat qilib, pensiyaga chiqmasimdan oldin biz koʻpincha tushlikni birga qilardik. Bugun qoʻqqisdan meni koʻrsa, rosa hayratdan dong qotsa kerak, men boʻlsam xursandlik-la bir stakan vino ustida uydan qochganligimni hikoya qilib beraman.

«Demak, uydan «quyon» boʻlibsan-da?» – deydi u hech qanday gina-kuduratsiz samimiy miriqib kularkan.

«Ha, juftakni rostladim», – deyman oshnamga uning begʻaraz doʻstona kulishidan zavqlanib.

Klub tomon boriladigan yoʻldan shunday xayol surib borardim. Gapning ochigʻini aytsam, u haqida oʻylasam, yuragimning alla-qayerini xuddi tikan tirnayotgandek boʻlardi. Banogoh, juda zarur boʻlib qolsam-u, meni qidirishsa... Shunda koʻz koʻrib, quloq eshitmagan ish boʻladi, buni qarang-a, men yoʻqolib qolsam-a. Toʻsatdan gʻoyib boʻlganim bilingach, har qalay xafa boʻlishsa kerak. Ana unda tomoshani koʻrasiz. Xotinim darhol militsiyaga: «Erim yoʻqolib qoldi!» deb qoʻngʻiroq qiladi-yu, belgilari shunday-shunday deya tushuntira ketadi... Ya’ni koʻrinishdan dunyoni suv olsa toʻpigʻiga chiqmaydigan yuvosh odam deydi. Biroq oʻn yilda bir jahli chiqadi, shunda hech kimni, shu jumladan, oʻziniyam ayamaydi, deydi.

Besh yildan beri hali biron marotaba achchiqlanganimni bilmayman. Demak, shu yil ichida har qanday noma’qulchiliklaru beadabliklarga hamda uydan tashqarida boʻladigan pastkashliklarga va uyda tirnoq ostidan kir izlashlariga chidab, lom-mim demay keldim. Turgan gapki, janjalni yoqtirmasligim, yumshoq koʻngilligim meni oʻyinchoq magaziniga kirishga majbur etdi. Nimadir sotib olib, uyda biror koʻngilsizlik kutib turgan boʻlsa, shu zahotiyoq olgan narsamni roʻkach qilaman-da, nevaram uchun oʻyinchoq magaziniga kirganligimni aytib, ogʻizlarini ochirmay qoʻyaman.

Bu arzimagan ishga koʻp vaqtim ketmaydi, deb oʻylagandim, yon-verimdagi oʻyinchoqlarning azbaroyi koʻpligidan qay birini olishni bilmay, miyam gangib qoldi. Gangib qolganimni sezgan yoshgina, qaddi-qomati kelishgan sotuvchi qiz hojatimni chiqarish uchun men tomon kela boshladi. Kerakli narsani topolamanmi-yoʻqmi deb nevaramning yarim oyligini unga shipshitib qoʻydim. Uzoq oʻylab, nihoyat, rezinkadan yasalgan chiyillaydigan kuchukchani xarid qilib choʻntagimga soldim.

Bir necha daqiqadan soʻng klubga kirib keldim. Hamma joy band. Restoranni sinchiklab koʻzdan kechirdim, biroq men axtarayotgan eski oshnam oftobda isinish uchun tashqariga chiqib ketgan koʻrinardi. Birga ishlagan vaqtimizda ikkimiz shunday qilardik.

Endi chiqib ketishga chogʻlanib turgan ham edimki, nogahon bir pari paykar tamannoli qadam tashlagancha toʻgʻri men tomon kelaverdi. Tavba, xuddi farishtaning oʻzi-ya, munchayam goʻzal! Koʻzlarim chaqnab, agʻraygancha qarab turgan edim, oʻsha sohibjamol farishta birdan otimni aytib chaqirib qoldi. Men uni tanimaganligimdan, oʻzimcha poyma-poy chuldirab qoʻydim. Aftidan, juda kulgili holga tushgan boʻlsam kerak, shuning-chun, qiz xandon otib kuldi-da, qoʻlimdan tutgancha uzoqdagi burchakda bir qiz bilan yigit oʻtirgan stol tomonga boshlab ketdi.

Bu yoshlar meni tanishar ekan-da, deya koʻnglimdan oʻtkazdim-u, soʻng, nihoyatda ehtiyotkorlik-la suhbatlashishni koʻnglimga tugib oʻtirdim. Eski oʻqituvchilarning peshanasiga shunday yozilgan boʻlsa, qayga ham qochib qutulardi deysiz; aql-hushlarini topib, katta boʻlib qolgan oʻquvchilar darhol taniydilar, siz boʻlsangiz har vaqtdagidek ularni uzoq eslashga harakat qilasiz. Yoshlar doimo sizga qarshi til biriktirgandek boʻlishadi, siz boʻlsangiz, himoyachisiz yakka qolasiz. Vaqtdan yutish uchun bamaylixotir koʻz-oynagingizni arta boshlaysiz, biroq hamma vaqt ham bu qoʻl kelavermaydi.
– Gapning sirasini aytsam, bu yerga eski oshnamni uchratarman degan umidda kirgandim,– dedim hamon atrofga alanglarkanman.
– Eski oshnangiz oʻrniga uch nafar yoshlarni uchratdingiz,– dedi meni stolga taklif qilgan qiz. Qolgan ikki yosh uning gapini ma’qullab kuldi.
– Haq gapni aytyapsiz,– javob berdim hamon hech narsaga tushunolmayotgan boʻlsam-da, shubha bilan ularga qarab.
– Eshitishimcha, pensiyaga chiqqanmishsiz-a?– soʻradi yonimdagi yosh yigit.
– Afsuski, shunday!– dedim boshimni irgʻatgancha uning gapini ma’qullab xijolatdan qutulish uchun xiyol koʻzimni suzgancha:– Mening yosh doʻstlarim qalay?– dedim.

Meni stolga taklif qilgan qiz, shu yil universitetni tugatamiz, deb javob qildi.

Hech narsaga tushunolmay hayratdan dong qotgancha hamon xayolga choʻmib oʻtirarkanman, lop etib miyamga bir fikr keldi. Bundan ruhlanib ketdim.
– Ha,–dedim yana tusmollab,– bundan besh yil avval yosh bola edingizlar, oʻshanda oddiygina qilib nomingizni aytib chaqiraverar-dik.
– Hozir ham avvalgicha aytavering,– dedi yonimda oʻtirgan qiz.
– Yoʻgʻ-e, endi unday deb boʻlmas.
– Nega endi boʻlmas ekan?– ajablanib soʻradi qiz.–Agar siz hozir ham mening ismimni oddiygina Xelga deb atasangiz, boshim koʻkka yetgan boʻlardi.

O, Xelga! Shu zahoti koʻz oldim yorishib ketgandek boʻldi. Axir bu qizni juda yaxshi tanirdim-ku, shunaqayam chiroyli kuylardi, uning ajoyib ovozi bor edi. Esimda, oʻqishni bitirish kechasi bolalarni ancha-muncha qayin daraxtini kesib tashlaganligi uchun koyigan edim, shunda qizcha darhol jiddiylashib, qizarib ketgandi. «Tantana-ku, yaxshi, lekin shuncha daraxtni nobud qilib tashlash shartmidi?» – degandim oʻshanda.

Attestat olishgach, qiz meni qidirib topdi-da, guldastasi ichidagi eng katta va chiroyli sallagulni olib menga taqdim etdi. Shu ondayoq sallagulni koʻkragimga taqib olganimda bormi, bilmadim yuragim qay koʻyga tushardi?

Biz shu oʻtgan kunlar haqida soʻzlashdik, men oʻsha oʻqishni bitirish kechasidagi toʻsatdan guldiragan momaqaldiroqni esladim. Men bularning hammasini balki soʻlib qolgan qanchadan-qancha qayinlar tufayli juda yaxshi eslardim, biroq yosh doʻstlarim bularning hamma-hammasi butunlay yodlaridan chiqib ketganligini aytdilar. Birinchi momaqaldiroq! Qanday qilib uni eslaridan chiqarganikinlar-a? Stolimiz oldida qorachadan kelgan, chakka soqol qoʻygan yigit paydo boʻlgunga qadar, taxminan, yarim soat u yoq-bu yoqdan gaplashib oʻtirdik. Burunlari ostidagi ingichka moʻylovi qop-qorayib turar, koʻrinishidan juda johilga oʻxshardi. Menga koʻzi tushgani hamon yeb yuborgudek oʻqrayib qarab qoʻydi.

Men uni tanimay, qoʻrqqanimdan bu daroz yigit shu soniyadayoq bezorilarcha jigʻimga tegib yo biqinimga tushirib, surobimni toʻgʻrilab qoʻymasin, deb irgʻib oʻrnimdan turib ketdim. Keyin bilsam, chakka soqol qoʻygan yigit bezori emas, balki oʻquvchim ekani meni tamoman hayratga soldi. Uning ismi Xarald edi.

Ma’lum boʻlishicha, yosh doʻstlarim shahar chekkasiga koʻngil yozgani chiqmoqchi ekanlar, Xarald esa ijaraga mashina olib, uni haydab kelgan ekan.

Xelga mendan biz bilan birga borishni istamaysizmi, deb soʻrab qoldi. Sayohat uzoqqa choʻzilmaydimi deb surishtirib oʻtirmasdanoq, mashinalarida menga ham ortiqcha oʻrin topilsa, oʻzimni gʻoyatda baxtiyor hisoblashimni bildirdim.

Albatta, mashina besh kishilik boʻlgani uchun menga ham joy topildi.

Qorachadan kelgan daroz yigit rulga oʻtirdi, menga esa Xelga bilan yonma-yon oʻtirishga toʻgʻri keldi. Bu safarimizni sizga batafsil bayon qilib berolmayman, albatta. Axir oʻzingiz bahorning, yosh ulfatlarning, ijaraga olingan mashinaning qanday boʻlishini mendanam yaxshi bilasiz. Agar siz ularga mening buva boʻlganligimni, ustiga-ustak nafaqa-daligimni aytsangiz bormi, buni shu ondayoq tan olgan boʻlardim. Nafsilamr, shuni bayon qilishim mumkinki, shundoqqina yonimda yoshgina qizcha yoqimli chuldirab oʻtirgan bir paytda miyamga kelgan fikrlar va koʻnglimni qitiqlagan his-tuygʻularni aytib bersam boʻlarmidi? Mening yoshimdagi har bir kishi ham faqat xayol ogʻushiga berilishni yoqtirmay, qanday qilib boʻlsa-da, hamrohlarining koʻnglini ovlab ketishga urinardi. Shu topda oʻzimni xuddi yoshlardek abjir va shoʻx his qilardim. Oʻz-oʻzimga men erkinman, hech kim meni qidirmaydi, yangi tugʻilgan goʻdakning sharofati bilan xohlagan paytimda qaytaman, qayerga borganligimni kim ham bilib oʻtiribdi deysiz, derdim.

Bir ozdan soʻng goʻzal oʻrmon chekkasidagi koʻlning boʻyida toʻxtaganimizda quyosh botay deb qolgandi, hamon koʻnglim tinchimay bezovtalanardim.

Yoshlar baliq tutadigan qarmoqlarini olvolgan ekanlar. Koʻp oʻtmay ulardan biri – chakka soqol qoʻygan yigit qamishlar orasidagi bir solni koʻrib qoldi-yu, unga chiqib suzib ketdi. Uning oʻrtogʻi esa suvga qarmoq tashlab, qayin ildizlari oʻrtasiga oʻtirib oldi. Biz esa qizlar bilan gulxan yoqishni oʻz zimmamizga oldik. Shu yerda, gulxan yonida uyimni qoʻmsab qoldim. Qilgan ishimdan pushaymon boʻla boshladim, biroq yonimdagilardan uyalganimdan bu xayollarni tezda miyamdan chiqarib tashlashga harakat qildim.

Kun yarmidan oqqanda Xelga hech qanday soʻzsiz menga qoʻlini uzatdi. Uning qoʻlidan tutdim. U lom-mim demadi, biroq ma’yuslanib oʻtirganligimni fahmlaganini darhol sezdim.
– Hechqisi yoʻq,– deb qoʻydim.

Egri-bugri qirgʻoq hamda qamishzor bilan oʻralgan moʻ‘jazgina suvning tip-tiniq suvi toʻlqinlanib ketdi-yu, qop-qora sharpa koʻrindi. Bu soldagi Xarald edi.
– Yuring, oʻtin topib kelamiz,– dedi qiz.

Uning soʻzini ikki qilgim kelmadi. Bir-birimizning qoʻlimizni ushlagancha, miq etmay tepalikka chopqillagancha chiqa boshladik. Nihoyat, tepalikning eng choʻqqisiga chiqib oldik. Qayerdandir, olis-olislardan itning uvillagani eshitildi. Nogahon, qiz taqqa toʻxtadi-da, shundoqqina qarshimga kelib, koʻzlarini yerga tikkancha:
– Agar shu bahor tuni, shu koʻl, atrofdan eshitilayotgan sirli tovushlar boʻlmaganda edi, xudo haqqi, hech qachon bu soʻzlarni aytishga jur’at etolmagan boʻlardim,– dedi.

U his-hayajon bilan aytayotgan soʻziga javob kutgandek, bir oz jimib qoldi.
– Ha, bugungi tun nihoyatda oʻzgacha,– dedim hayajonimni bosib.
– Mening birinchi sevgim Siz boʻlgansiz,– dedi Xelga bir oz jimlikdan soʻng mayin ovozda.

Qaylardadir, tepalik ortida tentakqush sayradi. Boyatdan beri boshini quyi solib turgan qiz nigohini menga tikdi. Bir-birimizning qoʻlimizdan tutdik, qizni bagʻrimga tortdim. Boshqa iloj yoʻq edi. Shundoqqina bir-birimizning nafasimizni his qilib turgan bir paytda bu ajib bahor tunini totli boʻsa ila oʻtkazishga haqli edik, biroq afsuski kutganimizdek boʻlmadi, falokat bosib koʻkrak choʻntagimdagi rezinadan yasalgan kuchukcha chiyillab yubordi.

Xuddi er-xotinlik ahdu paymoniga xiyonat qilib, ta’nayu malomat soʻzlari eshitilayotgandek, qoʻqqisdan sarosimaga tushib qoldim. Shunday koʻngilli daqiqada bu oʻta kelishmagan tuygʻu edi. Qiz bu holatimdan oʻzini tutolmay qah-qahlab xandon otganda, uyalib xijolatdan yerga kirib ketay dedim. Tepalik ortida sayrayotgan tentakqush jimib qoldi. Mana, ertak ham tugadi...

Gulxan yoniga qaytib kelganimizda tip-tiniq suv ustidagi qora sharpa gʻoyib boʻlgandi, sol qamishlar orasida chayqalib turardi, qirgʻoqdagi yigit, xuddi bezovta sherdek u yoqdan-bu yoqqa hayajonlangancha yurardi. U Xelgani bir chetga chaqirib oldi, qarasam, bir-birlariga zoʻr berib nimanidir tushuntirishga urinyaptilar, hafsalam pir boʻlib, oʻrmondan olib chiqqan oʻtinlarni soʻnayotgan gulxanga tashlamay qoʻydim. Tez orada biz ortimizga qaytdik.

Quyosh endigina borliqqa zarrin nurlarini sochayotganda mashina uyimning darvozasi oldiga kelib toʻxtadi. Qaytayotganimizda hamrohlarim qovoqlarini uygancha, menga uncha roʻyxush bermay keldilar, biroq xayrlashganimizdan soʻng hammalari birdan jonlanib ketdilar. Hatto Xarald ruldan tushib, menga:
– Kechirasiz, sizga dagʻallik qildim, boshqa ilojim yoʻq edi, sizdan rashk qildim,– dedi.

Qandaydir bolalarcha soddadillik bilan iqror boʻlib aytilgan bu soʻzlar menda yigitga nisbatan mehr tuygʻularini uygʻotdi. Negadir unga oʻzimni juda yaqin olib, shu tobda u bilan dardlashgim kelib ketdi.

Men kuldim-da, soʻng: «Shu on yondim hijron oʻtida...» deya kuylay boshladim.

Nazarimda, meni toʻgʻri tushunishdi. Mashina joyidan qoʻzgʻalganda, Xelga:
– Kelasi bahor yana tentakqush sayraganda koʻrishamiz!– deya qichqirdi.

Nihoyat, ehtiyotkorlik-la hech kimga sezdirmay, bir kecha tark etgan uyimga kirdim. Hamma uxlab yotgandir deb umid qilsam-da, yana koʻz yoshlari-yu, ta’nali soʻzlar bilan kutib olsalar-a, deb yuragim poʻkillay boshladi. Biroq men oʻylaganchalik boʻlmadi. Mening muloyim, sochlari oppoq shoʻrlik xotinim koʻrarga koʻzi yoʻq boʻlgan changlarni zoʻr berib artish bilan ovora edi, hozir nevarasini olib kelgandan buyon esa changlarni avvalgidan ming chandon yomon koʻrib qolgan edi.

Men unga «horma» dedim. U indamadi, biroq bir ondan soʻng ajablangancha:
– Sen ham bugun kallai saharlab turib olibsanmi?– deb soʻradi.
– Ha,– deb javob berdim oʻzimni ovsarlikka solib, soʻng hamma gapni ochiq aytishni ham, yolgʻonlashni ham bilmay tezroq joʻnab qoldim.

Endi koʻzim ochildi, koʻpgina narsalarga aqlim yetadigan boʻlib qoldi, mendagi bu yangi xislatlar meni xotirjam va bardam qildi. Nevaram uxlardi, qizim esa oppoq karavot yonida bedor oʻtirgancha hajmi nihoyatda katta boʻlgan «Yosh bolalar ovqati va gigiyenasi toʻgʻrisida»gi kitobni oʻqib oʻtirardi. Xonaning bir burchagida esa pinakka ketgan yoki oʻy-xayollar ogʻushiga berilgan kuyovim tizzasiga «Onalik ilmi» kitobini qoʻyib oʻtirardi.

Oʻzimning boloxonamga chiqdim, derazamni ocharkanman, yangi, shirin xotiralar xayolimni oʻgʻirladi. Qulogʻim ostida hamon Xelganing: «Kelasi bahor yana tentakqush sayraganda koʻrishamiz!» degan soʻzlari jaranglardi. Kelasi bahorda! Yoʻq, uchrasholmaymiz. Keyincha, uyimizda yangi chaqaloq tugʻilganda uchrashsak, bu boshqa gap.