OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifEshqobil Shukur
Asar nomiHamal ayvoni (she’rlar va doston)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Eshqobil Shukur
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot“Шарқ” нашриёт-матбаа акциядорлик компанияси Бош таҳририяти, Тошкент, 2002
Hajm225KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/12/19
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Hamal ayvoni (she’rlar va doston)
Eshqobil Shukur

Kitobga iqtidorli shoir Eshqobil Shukurning turli yillarda bitilgan she’rlaridan namunalar kiritildi. She’rlarda insonning ruhan ozodligi, kalb kechinmalari badiiy talqin etiladi.

Shoirning she’rlari majoziy sifatlari, xalkning qadimiy ohanglarini oʻziga singdirgani bilan ayricha goʻzal bir manzara hosil kiladi. Soʻfiyona naqllar fikrlar taloshida suvratlanadiki, bu hol nazm hamisha ilohiyotdan suv ichajagiga botinda yana bir karra ishonch uygʻotadi.


Hayotga Qasida

...lahzani ushlab qol, yashab oʻt lahzani...
Qara, qanday moviy shamol yollari,
Qanday shirin uxlar momaqaldiroq.
Muzliklar kulgusi qanday otashin,
Qanday soʻzanalar toʻqiydi chakmoq.
...lahzani ushlab qol, yashab oʻt lahzani...
Qaygʻu chimildigʻin gullatar sevinch,
Kuldan unib chiqar gulkapalaklar.
Shoyi shafaqlarga oʻranar yurak,
Oyning nikoh toʻyin boshlar malaklar.
...lahzani ushlab qol, yashab oʻt lahzani...
Tingla, qanday ohang bastalar boʻshliq,
Va qanday tabassum qiladi zulmat.
Xazon rutubati qoraytirgan yer
Yuziga maysadan tortadi chimmat.
...lahzani ushlab qol, yashab oʻt lahzani...
Barini, barini koʻzlaringda jamla,
Sen bu tiriklikni tingla va angla.
...lahzani ushlab qol, yashab oʻt lahzani...
Sen suvni tinglab koʻr, anglab koʻr suvni
Gunglarning tilida muzlagan ovoz,
Koʻrlarning koʻziga koʻmilgan ranglar
Suvning rangi bilan tovushiga mos.
...lahzani ushlab qol, yashab oʻt lahzani...
Daraxtlarni tingla va angla,
Bir aytgan qoʻshirin takror aytmaslar
Yam-yashil ohanglar, yam-yashil soʻzlar
Moviy cheksizlikda yashil raqs tuzar...
Ammo... men shu lahza umrida koʻrdim:
Shiftidan dard tomgan kasalxonada
Armonday tizilib turar daraxtlar,
Shifokor qabulin kutardi ular...
Shiftiga jon tirmashgan kasalxonaning
Oppoq xalat kiygan xonalarida
Osma ukollarning ostida yotgan
Daryolarni koʻrdim... sariq daryolar...
Kuchli isitmadan qaynab borayotgan
Koʻzlari kirtaygan, oriq daryolar...
Barini, barini koʻzlaringda jamla,
Sen bu tiriklikni tingla va angla
...lahzani ushlab qol, yashab oʻt lahzani...
Toʻrt unsur goʻzali parivash olov
Qaylarga ketmokda havoni kechib?..
Tabassum tovushin, yigʻi ziyosin
Suyak qadahlarda may kabi ichib.
...lahzani ushlab qol, yashab oʻt laxzani...
Qara, qanday moviy shamol yollari
Qanday shirin uxlar momakaldiroq.
Muzliklar kulgusi qanday otashin,
Qanday soʻzanalar toʻqiydi chaqmoq.
...lahzani ushlab qol, yashab oʻt lahzani...

Chanqovuz

Tilim tiyildi mening, soʻzim qiyildi mening,
Poʻlat til topib oldim, havo soʻz topib oldim.
Chanqovuz chanqab koldi –
Koʻz yoshga chayqab oldim.
Chanqagan ogʻzim mening, charnagan* oʻzim mening,
Kalbning yorugʻ qa’ridan sinmas til topib oldim.
Chanqovuz chanqab qoldi –
Dardimga chayqab oldim.
Korachaqmok choʻqilab bagʻrim oʻyildi mening,
Tilim tiyildi mening, soʻzim qiyildi mening.
Poʻlat til topib oldim, havo soʻz topib oldim.
Chanqovuz chanqab koldi –
Olovga chayqab oldim.
1986


* * *
Koʻnglimni toshga yordim,
Toshlar sindi-ya chil-chil.
Suv ichgali koʻzimga
Kushlar qoʻndi-ya bir-bir.
Tushimni suvga aytdim,
Suvlar yondi-ya lov-lov.
Choʻgʻ tergali tilimga
Kishlar qoʻndi-ya birrov.
Dardni yomgʻirga aytdim,
Yomgʻir tindi-ya sim-sim.
Gul tergali kaftimga
Kizlar qoʻndi-ya lim-lim.
Ishqimni oyga aytdim,
Oylar toʻldi-ya gul gul.
Kuy ichgali koʻnglimga
Soʻzlar qoʻndi-ya bir-bir.
1983


Sholi Qoʻriqchisi

Chumchuq, chumchuq, shoʻrtumshuq,
Hoyyo-huyt! Hoyyo-huyt!
Tumshugʻingni toshga tut,
Hoyyo-xuyt! Hoyyo-huyt!
Sholipoya koʻllagan –
Osmonlar choʻkib yotar,
Tillarang baliqchalar
Yulduzga boʻkib yotar.
Hoyyo-xuyt! Hoyyo-huyt!
Shamolga zabon berib,
Sholipoya chayqalar...
Suvning ohangin terib
Kuylab ketar baqalar.
Hoyyo-huyt! Hoyyo-huyt!
Keng uyning bekachiday
Boshda tutlar qappaygan,
Tuyaning oʻrkachiday
Chetda chayla soʻppaygan.
Hoyyo-huyt! Hoyyohuyt!
Kun iplari uzilar
Nurdan koʻpchir qishloqlar,
Qizlar kabi suzilar,
Boʻyga yetgan boshokdar.
Hoyyo-huyt! Hoyyo-huyt!
1983


Suyunchi

Yer kabi kuyoshdan aylanay,
Tunlarim oylarga belanur.
Bir ajab toʻylarga shaylanay,
Yuragim shodlikka uylanur.
Suyganlarim, suyunchi bering.
Aylanay, gullarning tilidan,
Koʻzlarimga ranglar toʻlmoqda.
Yuragimning uzun yoʻlidan
Shirin-shakar kunlar kelmokda.
Suyganlarim, suyunchi bering.
1984


Eng Qadimgi Qoʻshiq

Yulduzlar titrar, hayron,
Osmonning holiga voy.
Qora kengliqdan kechib,
Qiz koʻksiga koʻndi oy.
Qizning marmar tanida
Porillaydi ol durlar.
Ming tola sochga shoʻngʻib,
Chars-churs sinadi nurlar.
Vahm tush ogʻushida
Chayqalib qoʻyar ovul.
Koʻzlarini ishqalab
Uygʻonadi qorovul.
Qizning qoq koʻkragidan
Nur sharqirar misli soy.
Eriydi... Ado boʻlmas
Qiz koʻksiga qoʻngan Oy.
Yulduzlar dor tashlaydi,
Qitiqlanar yuraklar.
Dunyoni sevib qolar
Shivirlashgan teraklar.
Ovulning vujudiga
Oqadi oq yogʻdular.
Yigit Oyga tashlanar,
Koʻlida olov xanjar.
Yulduzlar titrar, hayron,
Osmonning holiga voy
Qizning koʻksida qoldi
Ikkiga boʻlingan Oy...
1983


* * *
Jimgina ishona boshlaysiz menga,
Dard bilan suyana boshlaysiz menga.
Qaro koʻzingizda oppoq bir gunox,
Boshingiz ustida boʻlayin panoh.
Baxtni asragayman oʻzimdan, bir kun
Siz toʻkar baxtdan zoʻr koʻz yoshlar uchun.
Jimgina ishona boshlaysiz menga,
Dard bilan suyana boshlaysiz menga.
Mayin yomgʻirlarga yoyib sochlarni,
Kutasiz qaytajak qaldirgʻochlarni.
Siz ma’yus, iymanib yaqinlashar chogʻ,
Yelkam yelka emas, yetmish ikki togʻ.
Jimgina ishona boshlaysiz menga,
Dard bilan suyana boshlaysiz menga.
1982


Sevgining Bir Kuni

Aylanar ogʻir-ogʻir,
Ogʻir-ogʻir falaklar.
Ogʻir-ogʻir silkinib,
Kuylaydilar teraklar.
Oy soʻnar asta-asta,
Asta-asta yulduzlar.
Asta-asta tebranib,
Kirib kelar kunduzlar.
Uchadi yengil-engil,
Yengil-engil xayollar.
Yengil-engil sochingga
Shoʻngʻiydilar shamollar.
Uylaysan yonib-yonib,
Yonib-yonib oʻtar kun.
Yonib-yonib darichang –
Sajdagohga kelar tun.
Tushlaring shirin-shirin,
Shirin-shirin meni bor.
Shirin-shirin ta’biri:
Uning menu seni bor.
Yashaysan baxtli-baxtli,
Dardli-dardli kutasan.
Dardli-dardli oʻzingga
Shivirlaysan: «Sevaman…
1981

Ruhim

Ahay-aha-hay. Ahay-aha-hay!
Men qushlarning tushlarida koʻrinay,
Men tushlarning qushlarida koʻrinay.
Ahay-aha-hay. Ahay-aha-hay!
Men tillarning gullarida koʻrinay,
Men gullarning tillarida koʻrinay.
Ahay-aha-hay. Ahay-aha-hay!
Men toʻylarning kuylarida koʻrinay,
Men kuylarning toʻylarida koʻrinay.
Ahay-aha-hay. Ahay-aha-hay!
Men koʻzlarning soʻzlarida koʻrinay,
Men soʻzlarning koʻzlarida koʻrinay.
Ahay-aha-hay. Ahay-aha-hay!
1983
* * *
Tegrangda yer boʻlib aylanar zamon...
Yuraklar, tuygʻular qolmishlar sabil.
Qaraysan, qaqshagan derazang tomon;
«Oʻ, yana oʻshami... Oʻsha... Eshqobil».
Qirgʻoqlar qaridi. Oʻchdi izlarim.
Samoviy changlarga aylandi koʻngil.
Faqat eshigingni tirnar koʻzlarim:
«U, yana oʻshami... Oʻsha... Eshqobil».
Ne-ne zamonlarni sanar daqika,
Hayotga ertaklar boʻlolmas kafil.
Faqatgina qoldi bitta haqiqat:
«Oʻ, yana oʻshami... Oʻsha... Eshqobil».
Tegrangda Laylilar ovozalari,
Oydin qaygʻularga tutingan singil.
Qular yuragingning darbozalari:
«U, yana oʻshami... Oʻsha... Eshqobil».
U yogʻi ne boʻlar? Baxtmi, koʻrgulik?
Derazangdan nari bepoyon, bedil
Yastanib yotadi shunday mangulik:
«Oʻ, yana oʻshami... Oʻsha... Eshqobil».
Oʻoʻ yanaa oʻshaami oʻshaa Eshqobiil.
1985


* * *
O, uyatchan namozshomgullar,
She’rning dilbar singilchalari...
Kalbni suyang xayrixoh qoʻllar,
Shom gullari — tun darchalari...
O, uyatchan namozshomgullar,
Qoʻshiq aytay shom chogʻi sizga.
Dardlarimni qoʻyarsiz yoʻllab,
Olis yurtda qolgan bir qizga.
O, uyatchan namozshomgullar,
Qizchalari Bibixonimning,
Oʻlimgamas, shom chogʻi yillab
Men sevgiga berdim jonimni.
O, uyatchan namozshomgullar,
Goʻzallikning pok qizchalari,
Supurmokda koʻksimdan yellar
Sinib qolgan yulduzchalarni.
O, uyatchan namozshomgullar,
Qoʻshiq aytay shom chogʻi sizga.
Dardlarimni qoʻyarsiz yoʻllab
Olisdagi tanishingizga...
O, uyatchan namozshomgullar...
1986


* * *
Suv ustida, suvlar ustida
Yuraklarim chisirlaydi-ey,
Ishq dastidan, hijron dastidan
Suyaklarim qisirlaydi-ey.
Oʻt ustida, oʻtlar ustida
Koʻz yoshlarim daryo boʻldi-ey,
Ishq qasdida, hijron qasdida
Bardoshlarim ado boʻldi-ey.
Tosh ustida, toshlar ustida
Koʻnglim erir oy kabi ma’yus.
Ishq faslida, xijron faslida
Yigʻla, Bahor, mening ismim — Kuz.
Yoʻl ustida, yoʻllar ustida
Oyoqlarim yurak boʻldi-ey,
Ishq kasridan, hijron kasridan
Umrim faqat tilak boʻldi-ey.
1984


Tugallanmaydigan She'r

Bu yurak ming yildan beri yashaydi,
Sizni sogʻinadi, sizni qoʻmsaydi.
Kundan-kun qattiqroq sevgisi kelar,
Toshlarga urilib, suvlarga choʻkib,
Choʻgʻlarga koʻmilib sevgisi kelar.
O, siz bu yurakning vatandoshlari,
Havodoshlariyu, tuproqdoshlari,
Oching eshiklarni, derazalarni,
Axir, bu yurakning sevgisi kelar,
Yanada qashiqrok sevgisi kelar.
Uning tomirlari gullab boradi,
Devorlari nurdan tiklanib borar.
Oching chehralarni, oching koʻzlarni,
Boylangan tillarin oching soʻzlarning,
Axir, bu yurakning sevgisi kelar.
O siz, bu yurakning tuygʻudoshlari,
Xayoldoshlariyu, osmondoshlari,
Sizga qanday aytsin, qandaylar aytsin,
Bu yurakning faqat sevgisi kelar,
Yana-da qattiqroq sevgisi kelar.
1985


Boymoqlida Bahor

Aziz akaga
Boymoqlida maysa nish urar,
Oqshom yoʻlni changitar poda.
Daraxtlarda gullar gurkirar,
Toʻlqinlar tirilar daryoda.
Boymoqlida, qirlar ostida
Koʻz ochadi ming-ming qoʻzichoq.
Yashillangan tomlar ustida
Kelinlarday titrar qizgʻaldoq.
Singillarning sochini oʻynab,
Yengil-engil yelar shamollar.
Kechalari oʻtmishi boʻylab
Yurib chiqar oʻtovda chollar.
«Boymoklida bahor! Boʻlinglar!»
Chorlaydilar bir-birlarini,
Boymoqlida tugʻar kelinlar
Oʻzbekiston shoirlarini.
1981


Koʻpkari

Hayt!» — dedi, uloq ketdi,
Oʻrtada taboq ketdi.
Nogahon el gurillar,
Gurillaydi chang-toʻzon.
Yer oynaday zirillar,
Otlarga qoldi maydon.
Suluv-suluv yellari
Suv oʻtiday chayqaldi.
Yopinchigʻin gullari
Yor yuziday sayqalli.
Yaraqlagan yagʻrinda
Semiz qirlar harsillar,
Tuyoklarning tigʻinda
Qora choʻgʻlar chirsillar.
«Hayt!» — dedi, uloq ketdi,
Oʻrtada taboq ketdi.
Changakday qoʻli bilan
Kuch changallar chavandoz,
Otining yoli bilan
Changni chalar chavandoz.
Qora-qora qomati
Qorayib koʻrinadi,
Lekin chavandoz oti
Koʻzlarda surinadi.
Nogahon el gurillar
Yer oynaday zirillar,
Muzlab qoldi saraton,
Quyosh qorga botadi.
Ichdan yigʻlar chopagʻon
Oti oʻlib yotadi.
“Hayt” – dedi, uloq ketdi,
Qosh ila qaboq ketdi.
Chavandozning koʻnglidan
Shom ila Iroq ketdi.
Birdan kun qoldi qarib,
Qil sigʻmaydi koʻngilga.
Otning gʻamin koʻtarib,
Otsiz qaytar ovulga:
“Oʻtday yongan daraga
Oʻzin tashlagan koʻnglim,
Gurillagan davrada
Uloq tishlagan koʻnglim”.
Endi gʻamli eriga
Soʻz aytmasdan botinib,
Olti oy aza tutar
Chavandozning xotini.
1983


* * *
Men qoʻrqaman majnuntolning arazlashidan,
Shoxlarining titrogʻida yigʻlar «Munojot».
Men qoʻrqaman majnuntolning arazlashidan,
Oʻtinaman, ranjitmagin sen uni, hayot.
Samolarga iltijolar yoʻllayman tunlar,
Koʻzlarimda sokin-sokin chayqaladi dard.
Majnuntolni chetlab oʻtsin arazli kunlar,
Majnuntolning yaprogʻida uxlab qolsin baxt.
Men qoʻrqaman majnuntolning arazlashidan..
1981


Norboy Aka Marsiyasi

Ikki dilga ikki uya qoʻygan qaldirgʻoch,
Koʻl-koʻkaylar quridi, koʻk tomirlar chiridi.
Toshlar tegib bu dunyodan toʻygan qaldirgʻoch,
Qanotingda yozlar kuydi, qahratonlar qaridi.
O, qaldirgʻoch, ikki dilning oraligʻida,
Oy-yulduzlar qotgan kulga qoldi aylanib.
Bu dunyoning bir betining qoraligidan
Yer changidi, osmon esa ketdi loylanib.
Ikki dilga ikki uya qoʻygan qaldirgʻoch,
Sarinjini saylab oʻtgan damlaring qani?
Tiramoxdan koʻylak tikib kiygan kaldirgʻoch,
Qizil-yashil oyga toʻlgan shomlaring qani?
Ikki dilga ikki uya qoʻygan qaldirgʻoch,
Koʻk bulutlar yoʻrgaklaydi faryodlaringni.
Xazonlarning shoʻr suvidan toʻygan qaldirgʻoch,
Yigʻolmaysan tobut qisgan qanotlaringni.
Ikki dilga ikki uya qoʻygan qaldirroch.
1984


Xudbinlik

Yana chegaradan chiqib ketibman,
Xavotir xurjuni keng orqangizda.
Faqat pul ekilgan... Xudbinlik oʻsgan,
Gul izlab yuribman tomorqangizdan.
Yana chegaradan chiqib ketibman...
Tilingiz achishar kuygan qoʻl kabi,
Jilmayib turardi mening chehramda
Mangu qovjiragan haqiqat labi.
Deysiz: «Haddingni bil, har soʻz xavflidir»:
Fakat shu sizdagi bor bunyodkorlik.
Menga chegarani buzmoq zavqlidir,
Sizga esa zavqli ehtiyotkorlik.
1985


Dunyoning Tinchligi

Hilol uxlayottan pashshaxonaning
Bir burjin koʻtarib termiladi tong.
Hilol uxlayotgan pashshaxonaning
Ipiga osilib tebranar osmon.
Qovunlar tarsillab yorilmay turing,
Torlarni tirnamang, chirildoqlar-ov.
Pardada Hilolning uyqusin koʻring,
Koʻring, qanday uxlar tunlari olov.
Yellar daraxtlarni yetaklab kelar
Tongning qoʻli ochgan oq ostonaga.
Yetti iqlimni ham sigʻdirsa boʻlar
Hilol uxlayotgan pashshaxonaga.
1986


Boyqaro. 1501

Emranib-entikib keldim qoshingga,
Besamar kunlarim sochlarin yuldi.
Ogʻir bir savdolar qalqir boshimda,
Mening yuragimda Navoiy oʻldi.
Kuyoshga soʻzim yoʻq. Soʻzim yoʻq oyga,
Sen mening holimga kuyasan, hayot.
Oʻzi botarmidi qop-qora loyga
Oppoq qushlarini uchirgan Hirot.
Qoshingga emranib keldim, oʻzbegim,
Shoiring ketdimi mendan norizo.
Yaxshi boʻlarmidi xalqin, oʻzligin
Shoirning qalbidan topsa podsho.
Oʻzbegim, bilaman hammasin, biroq,
Bilmagandan ogʻir endi bilganim.
Ming bor oʻlganingdan koʻra xavfliroq
Yuragingda shoir bir bor oʻlgani.
1982


Toʻqqizinchi Fevral

Men ertaga oʻlaman, ona,
Agar, sen bu kecha boshimda
Oʻzbek tilidagi qoʻshiklarni aytib turmasang.
Men ertaga oʻlaman, ona,
Agar sening kelinlaring bu kecha
Buyuk shoirlarni tugʻmasa agar.
Men ertaga oʻlaman, ona,
Agar sening baxshilaring bu kecha
Tonggacha tugatolmasa «Alpomish» dostonini.
Men ertaga oʻlaman, ona,
Daraxt shoxlarida qushlar bu kecha
«Lisonut-tayr”ni takror etmasa
Men ertaga oʻlaman, ona.
Uxlay olmadim men...
Boshimda qadimiy qoʻshiklar aytding,
Kelinlaring tugʻdi ulugʻ shoirlaringni.
Baxshilar... Nafasi tiqilib boʻgʻizlariga
«Alpomish» soʻngini aytdilar tongda.
Qushlar... Daraxt shoxlarida titragan qushlar,
Navoiy tilida gapirib chikdi.
Men hech qachon oʻlmayman. ona!
1982


Alla Tarifi

Bolam, bir qoʻshiq bor dunyoda, bolam,
Ilk bora otaday aytayin uni.
U qoʻshiq eng buyuk bir kundir,
Jahon shoirlarin tugʻilgan kuni.
Bolam, bir koʻshiq bor dunyoda, bolam,
Uning oftobidan ruhingni boyit.
U qoʻshiq eng buyuk bir oydir,
Jahon xalqlarining tugʻilgan oyi.
Bolam, bir qoʻshiq bor dunyoda, bolam,
Uning kuylaridan chiqsin-da, tiling.
U qoʻshiq eng buyuk bir yildir,
Jahon Vatanlarin tugʻilgan yili.
Bolam bir qoʻshiq bor, oxanglaridan
Hayot koʻkraklari turadi iyib.
Bolam, u qoʻshiqni ayollar har kun
Quyoshning sutiga oladi chayib.
Bolam, bir qoʻshiq bor dunyoda, bolam..
1985


Ruhning Parvozi

Oy borib, omon qayt, koʻnglim-a,
Tilimning ostida erir qayroqtosh.
Qirq qizning yuragi titrar qoʻlimda,
Yelkamga suyanar qirqta oʻn besh yosh.
Oy borib, omon qayt, koʻnglim-a,
Mehr oʻchogʻida kuyar bu jonim.
Olov sochib turar baxtli qoʻlimda
Bitta vujudimga qirqta vijdonim.
Oy borib, omon qayt, koʻnglim-a,
Yoʻl olib safari bexatarlardan.
Men axir bir ogʻa qirqta singlimga,
Himoya qarzim bor kabutarlardan.
Oy borib, omon qayt, koʻnglim
1985


Mehrinisoga Aytgan Allamiz

Allasin yulduz aytsin,
Tun aytsin, kunduz aytsin,
Ena qiz uxlasin, ena qiz...
Kemaday chayqalar belanchak,
Shamollar soladi halinchak,
Ena qiz uxlasin, ena qiz...
Ochilib-sochilar kechalar,
Erkalar nordon yeb chechalar,
Ena qiz uxlasin, ena qiz...
Qadamlarga kulsin eshiklar,
Goʻdaklarga toʻlsin beshiklar,
Ena qiz uxlasin, ena qiz...
1984


Yangi Yil She'ri

Singlimga
Don kabi sepildi sovuq tumanlar,
Oq qorlarni kiygan yoʻllar chiroyli.
Uylarning koʻzlari derazalarda
Ochilib-sochilgan gullar chiroyli.
Sovuk qotmadingmi singlim, egachim,
- Akajon, jonimdan oʻtmokda ayoz, -
Sehr-afsunlarga yetmadi kuchim,
Qorbobo emasman, Eshqobil, xolos.
Yaldo kechasida bir yilni chekdim,
Ogʻir-ogʻir edi bu kecha koʻnglim.
Onam allalarin eslab entikdim,
Ularni Toshkentda sen aytgin, singlim.
Boladay tinglay deb keldim qoshingga
Unut qoʻshiqlarning qahridan qakshab.
Onam allalarin aytgin boshimda,
Egachim, aytib ber onamga oʻxshab.
— Yangi yil kelmokda, aka, yangi yil!
Yagona bayram bu, gʻamginsiz biroq?
— Meni onam kabi tushungil, singil,
Axir, oʻtgan yilim oʻylatar koʻproq.
Ha, bir yil ruhimdan kechib bormoqda
Goho shod, goh ma’yus pallasi bilan.
Kutmogʻim zarurdir har yangi yilni
Onamning eng shirin allasi bilan.
Yaldo kechasida bir yilni chekdim,
Qarshila, mushtipar soʻzlarni toʻshab,
Onam allasini eslab entikdim,
Egachim, aytib ber onamga oʻxshab.
Bu yil ham soʻng manzil qoshiga borgan,
Ne topib, nelarni yoʻqotar koʻngil.
Sendan akangga deb berib yuborgan
Onamning allasin yoʻqotma, singil.
1985


* * *
Daraxtim, men yana
qoshingga keldim.
Qaytmas kunlarimning xotiri uchun,
Umrimning aytilmas bor siri uchun.
Daraxtim, men yana
qoshingga keldim.
Yaproqlar yuzida oy nuri oʻynar„
Atrofda boʻgʻilib sukunat yigʻlar.
Daraxtim, men yana
qoshingga keldim.
Umrim ertalarga boʻy choʻzayotir,
Oʻtmish kunlarimdan oldim xavotir,
Daraxtim, men yana
qoshingga keldim.
1983


Oʻtmish Bilan Muloqot

Qachon guldiraysan, qachon, tegirmon,
Mungʻayib javdirar boʻshagan sanoch?..
Yuragim, yuragim, boʻla qolgin don,
Qushlar chirqiraydi... Qara, qushlar och.
Eplay olmadik-ku, bironta she’rni,
Shirin va’dalarni ichganmiz oldin.
Qushlar chirqiraydi, kuydirib yerni,
Yuragim, yuragim, don boʻla qolgin.
Angrayar falakning ikki pallasi,
Guldiratar tushlarimni tegirmon.
Qarsillab turibdi qishning chillasi.
Yuragim, yuragim boʻla qolgin don.
1986


Mengim Momoning Yoʻqlovi

Inqilob davrida vatandan surgun qilingan, xorijda oʻz-oʻziga yoʻqlov aytib, dunyodan oʻtgan Mengim momoning giryasi
Togʻdan toshlar qulaydi,
Koʻzdan yoshlar qulaydi,
Qismatning qora qoʻli
Peshonangni silaydi.
Voy, Mengim-a, shoʻr Mengim.
Uvv!.. Uv!!!
Koʻzingda Boymoqlining
Suratlari qotadi,
Kafanda jonsiz tana –
Tirik armon yotadi.
Voy, Mengim-a, shoʻr Mengim.
Uvv!.. Uv!!!
Soylarning boʻylarida
Yirlab uchar ovozang,
Goʻristonga qoʻriqchi –
Oʻqilmagan janozang.
Voy, Mengim-a, shoʻr Mengim.
Uvv!.. Uv!!!
Gʻorlarda uxlar shamol,
Qirlarda yigʻlar shamol,
Shamolning etagidan
Tutib boʻzlaydi xayol.
Voy, Mengim-a, shoʻr Mengim.
Uvv!.. Uv!!!
Xotirangga olisda
Mungli sham charsillaydi.
Ota yurt sogʻinchidan,
Suyaging qarsillaydi.
Voy, Mengim-a, shoʻr Mengim.
Uvv!.. Uv!!!
Qora kunga qora soch,
Yoyar boʻlsa singillar,
Koʻzlarning qirgʻogʻidan
Toʻkiladi koʻngillar.
Voy, Mengim-a, shoʻr Mengim.
Uvv!.. Uv!!!
Togʻdan toshlar qulaydi,
Koʻzdan yoshlar qulaydi.
Qalbingdan bir chuqurga
Oy, quyoshlar qulaydi.
Voy, Mengim-a, shoʻr Mengim.
Uvv!.. Uv!!!
Gʻariblikda, boyvuchcha,
Oʻz-oʻzingni yoʻqlaysan.
Qismatga birinchi bor
Otilguvchi oʻkdaysan.
Voy, Mengim-a, shoʻr Mengim.
Uvv!.. Uv!!!
Huv togʻlardan narida,
Qirlarda lola-shamlar,
Maysalarning bargida,
Durday yonar shabnamlar.
Boysuntogʻning boshida
Qorlari yaltiraydi,
Qoyalarning ming yillik
Suvlari sirqiraydi.
Voy, Mengim-a, shoʻr Mengim.
Uvv!.. Uv!!!
Goʻrim oʻz yuragimda,
Yuraqda bordir Vatan.
Qishlokdan kiyib kelgan
Koʻylagim boʻlsin kafan.
Voy, Mengim-a, shoʻr Mengim.
Uvv!.. Uv!!!
Voy, Mengim-a, shoʻr Mengim. Uvv!.. Uv!!!
1981


* * *
Sochlari sumbul-sumbul...Sochlari...
Kelbat kerib kelayotgan kelinoy,
Oy bilan ochib koʻngil... qoshlari
Oyning kamin toʻlayotgan kelinoy.
Sochingizning savdolari boshimda,
Ichingizda sirlar ketdi siz bilan,
Dardlaringiz qoldi mening toshimda.
Xil’ati taraq-taraq, xil’ati
Yaraq-yaraq kelayotgan kelinoy.
Sarv ila bas boylashib kelbati,
Sarvning kamin toʻlayotgan kelinoy.
Sarv qaddingiz savdolari boʻynimda,
Ochilmagan gullar ketdi siz bilan,
Bir oʻchogʻ choʻgʻ qoldi mening qoʻynimda.
Sochlari sumbul-sumbul... Sochlari...
1985


Tinchlik Hususida Nutq

Bir goʻzal faslda daryoday toʻlib,
Bugʻdoyzorlar boʻylab sharqiraydi nur.
Oʻtgan gunohlarni kechirmoq boʻlib,
Kelasan, olamda salobat, surur.
Biz birga boʻlamiz ertakdagiday,
Kunlar oʻtadilar osoyishta.
Myon baxtning qiroli boʻlib chiqaman
Baxtli kun atalgan namoyishga.
Umrimni toʻldirdi gʻamgin qissalar,
Oy ketding, oylardan qaytgin salomat.
Jilmayib turadi styuardessalar,
Sen yerga qaytasan, nihoyat.
Kaytasan, yarqirar mening boshimda,
Bor tonglar nuridan terilgan gultoj.
Qora gulchambarday yashnar boʻynimda,
Minglab dilbar tundan yigʻilgan bir soch.
Yemgʻirlar shigʻalab yogʻar bagʻrimga,
Togʻlarim yuzidan oʻpar samolar.
Qachonlar xomtalash boʻlgan yerimda
Keza boshlaydilar ulugʻ siymolar.
Biz birga boʻlamiz ertakdagiday,
Kunlar oʻtadilar osoyishta.
Men baxtning qiroli boʻlib chiqaman
Baxtli kun atalgan namoyishga.
1982


Yoritqichlar Hadyasi

Yulduzlar bir tilni oʻrgatdi –
Sinib-sinib suvday sochilguvchi til.
Oy shafaq qoniga iylanib botdi –
Sevgi tandirida qizardi koʻngil.
Avgust kechalarin yagonasida
Men senga dardimni aytaman... Kutgil.
Koʻnglimni beshikday tebratdi
Shafaqning suviga choʻmilgan oq gul.
Yulduzlar bir tilni oʻrgatdi —
Yurakday-yurakday soʻzlari bor til.
Avgust kechalarin yagonasida
Men senga dardimni aytaman... Kutgil.
1983
* * *
Titroq novdalarda uygʻonar hayot,
Sargʻaygan qor kabi erib bitar dard.
Yashil tuygʻulardan chayqalasan shod,
Fevral oʻtib borar, yaqinlashar mart.
Musaffo ruhingni alqaydi qushlar,
Maysalar — hayotning shirin tillari,
Uyqungni toʻldirar eng goʻzal tushlar,
Oyning nurlarini silar qoʻllaring.
Kunlarning chiroyi ochilib borar,
Ochilib borasan kunlarday goʻzal.
Ikki fasl sening koʻnglingga qarar,
Koʻnglingni avaylab qisqarar fevral.
Uning himmati keng, toki sen borsan,
Yigirma sakkiz kun tanti sayyorga.
Kundan-kun goʻzalsan va baxtiyorsan,
Fevral bir juft kunin sochar bahorga.
Havasim sengadir. Shodlik ortmoqda,
Sargʻaygan qor kabi erib ketar dard.
Mening yuragimdan fevral oʻtmoqda,
Sening yuragingga kirib bordi mart.
1984


* * *
Koʻnglim, musichai beozor koʻnglim,
Sevgidan toldingmi, darddan toldingmi?
Koʻnglim, musichai beozor koʻnglim,
Itlar davrasiga tushib koldingmi?
Yetimning koʻziday koʻzing javdirar...
Butun vujudlari iborat tishdan,
Tegrangda xoʻjasiz itlar baqirar,
Suyagin soʻrashib uchargul qushdan.
Hamdam etmoq boʻlding axir oʻzingga
Ne-ne mard insonlar, ne oriflarni...
Ne achchiq quyunlar oʻynar koʻzimda,
Ayolday-qargʻayman tasodiflarni.
Koʻnglim, tashqarida ogʻrir umidlar,.
Suvlardan qaytib ol tilaklaringni,
Muncha, muncha havas qilmasa itlar,
Gulning dardday yumshoq suyaklarini.
1986


Qani Sening Ovozing

Gitaralar yangradi,
Soʻng setorlar ingradi.
Zalda qoʻllar hayqirdilar:
Qani, sening ovozing?
Bombalar portladilar,
Qabrlar dodladilar,
Mikrofonlar titradi notiqlarning soʻzidan,
Qani, sening ovozing?..
Toʻqnashib qoldilar: koʻkda yulduzlar,
Koʻchalarda — biri-biriga oʻtmish,
Biri-biriga kelajak koʻzlar,
Kashf etib olamda soʻnggi ovozni.
Qani, sening ovozing?..
Boʻronlar boʻkirdilar,
Bulutlar toʻkildilar.
Ulkan muz ummoniga aylanadi Yer.
Havolar yirtildilar,
Chaqmokdshr daryoday oqar, guldurar.
Qani, sening ovozing?..
Ovozga aylanadi gunglarning imolari,
Gumburlab portlab ketar sukunat daholari.
Qani, sening ovozing?..
Qani, sening ovozing?!
Chorlayman, boʻgʻzimga tiqilar togʻ-tosh.
Koʻzim qirgʻogʻini toʻlqinlar buzar.
Koʻksimga medalday osilar bardosh,
Ovozga aylanar quloqlar, koʻzlar.
Qani, sening ovozing?..
Qani, sening ovozing?!
Tilimni yedirdim toʻtiqushlarga,
Ogʻiz boʻshligʻimda baqirar yurak.
Umrimni alishdim shirin tushlarga.
Butun xalq yoʻqotgan eng goʻzal ertak —
Qani, sening ovozing?..
Qani, sening ovozing?!
Betxoven qulogʻin ochguvchi ohang,
Tumanlar ortida charsillagan nur;
Sohir koinotda sakkizinchi rang,
Ummonlarning bagʻri boy berishgan dur,
Qani, sening ovozing?..
Qani, sening ovozing?!
Mayliga, bekor gap sevging, dil rozing,
Aqalli bir tovush... Biron kalima...
Qarsillab sinmasdan, chorlar ovozing,
Muztogʻlar ichida qolgan bir kema. —
Qani, sening ovozing?!
Qani, sening ovozing?!
Falaklar kashfidan yiroqmiding sen,
Vijdonlar tashvishga tushmoqda bu kun,
Sening ovozingni chorlayapman men,
Olamni gʻamlardan qutqarmoq uchun.
Qani, sening ovozing?..
1981


Nomukammallik

Chorlading...
Ovozsiz oqqanda yoʻllar,
Chorlading — hilpirab
Bayrokqa aylandi qoʻllar.
Men yoʻq edim.
Chorlading —
Olamning yaqini va olisidan,
Sen koʻp deb jahonning aholisidan...
Men yoʻq edim.
Sevgi!
Tilimga kirma, Sevgi.
Oyogʻingning tirnogʻi bilan
Yuzingni tirna, Sevgi.
(Bir qadam orasi sevgi, nafratning)
Qargʻishlarning shamollari qorayib yelar.
Meni nafratning is bosgan gullariga,
Iforlar deb shodmon koʻmganingda —
Men yoʻq edim.
Kechaning kunduz bilan janjallarida,
Yoʻqolgan kunlarning ichida,
Yoʻqotilgan kunlarni izlab,
Kalaka boʻlardim zarfishonlarga
Meni qora shamol bilan quvlaganingda —
Men yoʻq edim.
Nafrat!
Tilimga kirma, Nafrat,
Qushlarning koʻpchigan patlari bilan
Yuzingni tirna, Nafrat.
Yurakni ikkiga boʻlding olmaday,
Bir yoni chorlasa, bir yoni quvlar,
Bari bir yoʻq edim.
Tumanga aylangan bir sirli oʻgʻri
Kalaka qilardi yoritqichlarni.
Kunduz ozib ketdi, tun ozib ketdi,
Tumanning gupchaygan oʻgʻri xaltasi
Semirib borardi ozgʻin kun-tunda.
Vujud emas, ruhning manfaati deb
Falak mulkin qilar suiiste’mol.
Sevgi...
Tilimga kirgin, Sevgi,
Har kun men keltirgan nurdasta bilan
Nafratni supurgin, Sevgi.
Oʻttiz birinchi dekabr kuni,
Aytganingday —
Ma’yuslik, shodlikning koʻrishuv kuni
Uchrashdik, tomorqada emas,
Yerda yo koinotda emas,
Sevgida uchrashdik, oʻttiz birida,
Men bor edim.
Ertaga yangi yil, - deding sen,
Yangi yilga hali bitta umr bor,
Yangi yilga qadar butun sevgi bor,
Oʻttiz birinchi dekabr tuni,
Aytganingday —
Xotira, umidning tutinish tuni
«12» raqami qil koʻprigidan
Birinchi oy sari oʻtib ketding sen.
Oʻn uchinchi oyga oʻtib ketdim men...
Tuman adashtirar va adashadi.
Sevgi...
Oʻzing bilasan, Sevgi,
Nega qargʻab-qargʻab va kuyib-kuyib
Nafratga dugona boʻlasan, Sevgi.
Tuman yolgʻiz edi, endi oʻgʻrimas,
Oyning mehrobiga qilar ibodat.
Sira seskanmasdi, seskantirardi,
Qoʻlida muzlagan oʻlik yulduzlar,
Tupukka oʻxshardi koʻzidagi yosh.
Boʻshliqda sarbasar uchar, kuyinar
Yuz yilning toʻzgʻigan kuyuk patlari...
Sevgi yuz yil oldinda edi,
Tuman esa yuz yil orqada,
Qotib qolgan edi oʻn uchinchi oy.
Sevgi!
Dunyoni olovli quchoqlaringda
Qaritding, Sevgi!
Endi orqaga qayt, yuz yil orqaga,
Oʻn uchinchi oyni eritgin, Sevgi!
1986


Qariyaning Oʻlimi Xaqidagi Xabardan Soʻng

Qariya: Imonini bersin,
Koʻrinib qolmoqda soʻnggi sarhadlar,
Sitilib ketyapmiz keksa ulfatlar.
Oʻrtayosh: Yoshin yashab, oshin oshadi, lekin,
Pari bilmaganni bilguvchi edi.
Boshimizni qoʻshib turguvchi edi.
Yigit: Suyganlar baxtlidir, u chol davrida,
Toʻy nafasi kelar edi tovushidan...
Bola: Endi eshagini kim minar ekan?..
1981

Zoʻraki Qahqaha

Tishlarimning oʻrtasida,
Ikki qilich oʻrtasida,
Chavaqlanar qahqaha
Ha! Ha! Ha! Ha...
Oyni tishlab oldim men,
Labda yulduzlar qoni.
Aflokda yoʻqoldim men,
Oʻlmagan kimning joni.
Vujudning zanjirbandi
Koʻkrakdagi iloha,
Qobirgʻalarga bandi —
Ha! Ha! Ha! Ha!
Qahkashonlar jim qolar,
Olovlarni kechaman.
Loydan yasalgan qadax —
Yulduzlarni ichaman.
Qahqahaga alishdim
Umrlik armonimni,
Kerak boʻlsa samolar
Tinglaydi farmonimni.
Daraxtlarning ustida
Uxlayman, saqlayman jon.
Men senga sherik emas,
Quvonmagin, Robinzon.
Vujudim chopib borar
Qilday arqon ustida.
Yuragim qolib ketdi
Yomgʻirlarning ostida.
Meni tashlab ketdingmi,
Mehrobday topinganim,
Sevgidan zoʻr iloha?!
Ket, sensiz ham baxtliman.
Ha! Ha! Ha! Ha!
Gullar, nega kulmaysiz,
Yozing gʻamgin koʻngilni,
Arilar topib kelar,
Qochib qolgan qotilni.
Yulduzlarga koʻmaman,
Gʻarib qolgan bu tunni.
Soʻng qitiqlay boshlayman,
Sovuq qovoq qonunni.
Meni tashlab ketmasang,
Garovdagi qaxqaha,
Ikki dunyodan zoʻrman.
Ha! Ha! Ha! Ha!
1982


Muvozanat

Bu tor xona emas, balki bu osmon,
Yulduzlarni gulday sochmoqda shamol.
Yuragimga yetib keldingmi omon,
Eshikka suyanib jilmaygan ayol.
Ruhimda olmalar gulladi toʻlib,
Nogahon gullagan eshik singari.
Taftli qoʻllaringdan tutmoqchi boʻlib.
Yulduzlar qitigʻin qoʻzgʻar qoʻllarim.
Mening dunyolarim qancha betartib,
Sening dunyolaring shuncha sarishta.
Bekasiz samoga bergali tartib
Ortingdan kelmoqda kirq ming farishta.
Bu tor xona emas, balki bu osmon —
Yulduzlar suvidan toʻyingan xayol,
Qushlar tumshugʻida titrab turar tong,
Eshikka suyanib jilmayar ayol.
Ruhimdan buloqlar chiqadi sizib,
Nogoh eriyotgan osmon singari.
Madonna suratin turardi chizib,
Iztirob ranglarin terib koʻzlarim.
Qirq oʻrim sochining vasfiga, illo,
Hofizlar yuragi boʻldi qasida,
Ovruponi berar Mikelanjelo
Oʻrta Osiyoning madonnasiga.
Bu tor xona emas, balki bu osmon,
Oʻn besh daqiqada oy topgan kamol.
Oltmish ming tomirdan sachrab ketar qon
Eshikka suyanib jilmayar ayol.
Koʻzlari ruhimga olovni qalab,
Kiprik-la choʻgʻlarni tortadilar xoʻp.
Qoʻllari osmondan yulduzlar tilab,
Ularning changini artadilar xoʻp.
Pastda zulmat, boʻshliq makon quribdi,
Bu yerda hayotu, u yokda zavol.
Ikki jahonimni suyab turibdi
Eshikka suyanib jilmaygan ayol.
1984


Bobodehqon

Koʻpchigan tuproqda qaqrar saraton,
Bahor tebratadi rangpar havoni.
Olti oy oldinda qaqshar qahraton,
Kuzgacha omon elt olti daryoni.
Boʻronda kemaday turar silkitib,
Atom, neytronlar vahmi asrni.
Ulardan yurakka qoʻyding bekitib
Ikki qoʻlingdagi toʻrtta faslni.
Bahorga sargʻayib qarar saraton,
Yashil changlar sachrar rangpar xavoga.
Olti oy oldinda turgan qahraton
Kuzgacha qon berar olti daryoga.
Kimlar saqlab qolmish koʻngling toʻlmaydi
Sovuq urushlardan koʻlmak naslni.
Bu telba asrga berging kelmaydi
Ikki qoʻlingdagi toʻrtta faslni
1982


Haydov

Qoʻylar bulutlarni ichib qoʻydilar
Maysalarning yashil qoniga qoʻshib.
Issiq yulduzlardan qirlar toʻydilar,
Iyun oʻtib borar hovliqib, shoshib.
Yashil chimildiqning ohori sindi,
Adirlar bevaday qoldi mungʻayib.
Quyoshning boʻgʻzidan uchgan qirindi —
Kuygan oʻt-oʻlanlar yotar sargʻayib.
Choʻlni bogʻlab olib hushtaklariga
Palaxmon toshiday oʻynatar quyun.
Kunlarini oʻrab poʻstaklariga
Qora terga tushib harsillar iyun.
Iyun silkitgancha olov tayogʻin,
Haydaydi pishqirib, haydar beomon
Choʻponu qoʻylarni – dogʻlab oyogʻin –
Iyulning koʻkargan torlari tomon.
1987


Nasiba

Havo changlarini chalib boradi
Choʻponning oʻynoqi zarang tayogʻi.
Xurjuni oylarga toʻlib boradi,
Eshakning qornida oʻynab oyogʻi.
Ortida itlari gʻingshir, hurpaygan
Junlarida koʻpchib pufak yulduzlar.
Choʻponning tayogʻi teshgan osmondan
Koʻziqorinlarday toʻkilar izlar.
Sahro tomirlari titrab qoladi,
Choʻlning ham oʻz baxti bordir har qalay.
Choʻpon koʻkka yuzin yuvib oladi,
Xurjunga qaraydi – xurjun toʻla oy.
1987


Oʻtov

Zap qorindor oʻtov qoʻynida
Bolalarin uxlatdi choʻpon.
Oyoq tirab oʻchoq boʻyniga
Qurbaqaday biqirlar qumgʻon
Changaroqda gʻuj-gʻuj yulduzlar
Gʻingʻillaydi bolarilarday,
Hansiraydi dagʻal kigizlar,
Suykalganda sovuq qotgan oy.
Uvuqlarni – qoq suyaklarni
Tishlab olib, soʻng qochar shamol.
Kaftda ezib iyaklarini
Tepaliklar suradi xayol.
Kunduzlarni oʻchoqqa qalab,
Tun yuziga sepgancha olov,
Muzlab kolgan choʻlni yelkalab,
Bukchaygancha ketmokda oʻtov.
1987


Yomgʻirdan Oldin

Shomdan soʻng, yomgʻirsiz kunlardan oʻksib,
Horib oʻtoviga qaytdi choʻponlar.
Oyogʻi ostiga oy nurin qalab,
Oʻziga oʻt qoʻydi zarhal qoʻtonlar.
Qoʻtonlar yarqirar, yonar tovlanib,
Yogʻdularni quyib naylar ogʻziga.
Ketar maysalarning tushi dogʻlanib,
Yellar kuy puflaydi naylar boʻgʻziga.
Oʻtovning xuzurli quchoqlarida
Oyoqlar chigilin yozar choʻponlar,
Choʻlning zarhal tusli bayroqlariday
Naylarning tizmasi – yonar qoʻtonlar.
Boʻyni, oyogʻidan bogʻlab tashlangan,
Qoʻylar qulogʻiday teshilgan tili,
Ming-minglab naylarning toʻyi boshlandi,
Beshikday tebratib uxlagan choʻlni.
Nurlarda yarqirab yongan qoʻtonlar
Ichra oy yonboshlar — uy tikkan humoy.
Tuynukdan yuragin otdi choʻponlar:
«Xayriyat, xayriyat, qoʻtonladi oy».
1987


Najot

Bulutlar qorlarning qoʻynida uxlar,
Choʻl qisirlar ayoz qamchilaridan.
Qirlar tun betiga ufurgan uhlar
Muzlaydi iztirob tomchilariday.
Choʻpon holdan toydi... Yoʻl muncha uzoq...
Osmonlarga uchib ketganmi oʻtov?
Umidlar muzlaydi, muzlaydi titroq,
Koʻnglida ayoli, bolalar — yettov.
Koʻkyoʻtal tutganday koʻkaradi tun,
Adashgan nurlarning yoʻlini toʻsib.
Muzlayotgan choʻpon yelkalaridan
Ulkan, oppoq bir togʻ chiqmokda oʻsib.
Choʻpon yelkasida – togʻ orasida,
Ikki qoʻllagancha, qaddin etib yoy,
Keng, bahaybat osmon togʻorasida
Choʻgʻ olib yugurib kelayotir oy.
1987


Choʻlda

Tun osoyish qoʻzgʻalib shamol,
Yulduzlarni erkalab ovlar.
Toʻxtamdagi suruvlar misol
Oʻz maylida mizgʻir oʻtovlar.
Men bu yerga yongani keldim.
Maysalarning chiqar oyogʻi,
Yetaklaydi yellar tatamlab.
Chirildoqlar juda sayroqi,
Oy nurlarin yigʻay tutamlab...
Men bu yerga yelgali keldim.
Choʻlning mansabdori boʻlguday
Tikanlar boradi qorinlab.
Oʻtib qolsang hamla qilguday
Hurpayadi tuyaqorinlar.
Men bu yerga koʻrgani keldim.
Yuragimni bunda avaylab
Oymoma nur yoʻrgakka oʻrar.
Sochlariga keng tunni boylab,
Huv oʻtovda bir suluv uxlar.
Men bu yerga suygani keldim.
Men kiraman qizning qalbiga,
Sezib-sezmay qoʻyadi ovul.
Soʻng xoʻrozlar tongning xaqqiga
Uzun-uzun chaladi dovul.
Men bu yerga kuygani keldim.
Tun odogʻi. Oy botib borar.
Yurak botar oy kabi toʻlmay.
Togʻ boshida tong otib borar,
Halovatdan qolaman oʻlmay.
Men bu yerga yongani keldim.
1987


* * *
Shikasta-shikasta gul poshikasta,*
Shokila-shokila kokillari zar,
Sinsila-sinsila sumbullari zar.
Shikasta-shikasta gul poshikasta,
Zor-zor koʻzlarimga toʻldi hovuchim,
Koʻngil ekib borar yirtiq kovushim.
Shikasta-shikasta gul poshikasta,
Koʻzimda nafarmon oy sindi naylay,
Boʻgʻzimni qonatib nay sindi naylay?
Shikasta-shikasta gul poshikasta,
Jon kabi toʻkilib ketdi koʻzlarim,
Choʻgʻlarday sochilib ketdi izlarim.
Shikasta-shikasta gul poshikasta,
Bulbulning ogʻziga toʻldi tovushim,
Koʻngil ekib borar hamon kovushim.
Shikasta-shikasta gul poshikasta...
1987


* * *
Oysulton, Oysulton, xushbaxt boʻlurmiz,
Soching toʻlqinida oylar suzarlar.
Eshilib yulduzlarning zar yollari
Koʻzing osmonini bezarlar...
Oysulton, Oysulton, xushbaxt boʻlurmiz,
Labingdan qon tilar togʻ lolalari.
Toshday sadoqating xaqda kuylaydi
Torlarday titragan tosh tolalari.
Oysulton, Oysulton, xushbaxt boʻlurmiz,
Yostigʻing ichiga gullar toʻladir.
Sening shodlik rangli lablaring bilan
Mening koʻzlarimda dunyo kuladir.
Oysulton, Oysulton, xushbaxt boʻlurmiz,
1987


Roʻzgʻor Butligi

Tongda tandirini yoqar kelinchak,
Suprada yetilar botmon xamiri.
Molxonada «moʻ»lab qoʻyar erinchak
Yelini tirsillab ketgan sigiri.
Choychokda uyalab toʻlronar tutun,
Qoʻradan angrayib qaraydi qoʻylar.
Kelin mamlakatday roʻzrorning butun
Tashvishin koʻtarib yugurib yelar.
Tip-tiniq saharga barri toʻladi,
Shunday ado etar vazifasini:
Kelin tongda turib yirib oladi
Dunyoning bir kunlik nasibasini.
1987


Chimildiq

Chimildiq torlari silkindi,
Kemaday qalqiydi chimildiq.
Shamolga yoy alvon yelkanni,
Xushboʻy havolarga choʻmildik.
Sochala sochingiz, sochala,
Sepini ochingiz, chechalar.
Qudalar noz qilib kerilgan
Qozonning boshida kapkirday,
Kuyovning pulidan tirilgan
Ostonada oʻlgan kampirday.
Sochala sochingiz, sochala,
Sepini ochingiz chechalar.
Otalar eshikda tortinib,
Yoʻl boʻyiga oʻtin qalatar.
Ichkarida kulib, qimtinib,
Yangalari shakar yalatar.
Sochala sochingiz, sochala,
Bizni ham alqang-da chechalar.
Chimildiq torlari silkindi,
Chimildiq, yoʻlga soch gulingni.
Kuyevning qomati koʻrindi,
Yangalar turtadi kelinni.
Sochala sochingiz, sochala,
Sepini ochingiz, chechalar.
Kemaday qalqiydi chimildiq,
Yonadi moy toʻlgan oʻchoqlar.
Toʻyning havosiga choʻmilib,
Qoshini qoqadi boʻydoqlar.
Sochala sochingiz, sochala,
Bizni ham tinglang-da, chechalar.
1987


Olapar

Olaparni shundoq koʻzim oldida
Otdilar — doʻstini bolaligimning...
Onam oʻrgatganday: «Rozi boʻl» dedim,
Shu ilk bor rozilik soʻrashim mening.
Jigarrang, alamlik koʻzlarin tikib,
Olapar vidolar aytarkan besoʻz...
Birdan oʻq otildi. Ortga burildim —
Yelkamga kadalib qoldi ikki koʻz.
Yillar oʻtib ketdi. Oʻz oʻtmishim bor —
Kechganim goh dushman, goho doʻst bilan.
Men endi qarayman bolaligimga
Yelkamga qadalgan bir juft koʻz bilan.
1985


Bibizilol Hikoyati

I

Eri oʻldi Bibizilolning...
Kelinchaklik davri oʻldi,
Belanchaklik oʻylari oʻldi.
Kun — motam. Tun — motam.
Yigʻining qanotlari ulkan,
Kulguning lablari yirtilgan.
Eri oʻldi Bibizilolning...
Oyday toʻlgan damlar toʻkildi,
Soyday koʻzdan gʻamlar toʻkildi.
Kun – yigʻi. Tun – yigʻi.
Tonglar sindi, shomlar soʻkildi,
Oy — yogʻiy. Kun — yogʻiy.
Lahzalar — yogʻiy.
Eri oʻldi Bibizilolning...

II

Yil oʻtdi.
Eri oʻlgan Bibizilolning.
Kelinligi beshiqda oʻlgan,
Orzu-havas toʻshakda oʻlgan,
Diydorlar eshikda oʻlgan.
Kun ogʻir, Tun ogʻrir,
Kuyadi bagʻir.
Ogʻir...
Axir
Yigit oʻlgan.
Eri oʻlgan Bibizilolning.
Sovchilarni yogʻdi toʻrt taraf,
Qup-quruq yelinni sogʻdi toʻrt taraf.
Kun — raddiya. Tun — raddiya,
Bibizilol qasam koʻtardi:
«Agar erga tegsam,
Otam erim boʻlsin», — deya
Soʻngra oʻzga yoʻlga ogʻdi toʻrt taraf.

III

Yillar oʻtdilar.
Eri oʻlib ketgan
Bibizilolning.
Dunyo-da, bechora yosh qolgan,
Er ketgan, koʻksida tosh kolgan.
Er deb erimaydi bu tosh,
Qoʻr yeb qarimaydi bu tosh.
Qarang, qarimaydi bu tosh.
Kun oʻtar. Tun oʻtar.
Yaralar bitar.
Yaralar oʻtmish.
Yaralar – oʻtmish.
Eri oʻlib ketgan Bibizilolning...
Yolgʻizlik jonlarga tegar-ku,
Bu dunyo qonlarga tepar-ku.
Yolgʻizlikning yollari uzun,
Ayol koʻnglin torlari uzun.
Yolgʻizlik, yolingni yelga tut,
Dunyo, ayolingni erga tut.
Tun — xohish.
Kun mayin.
Bibizilol qaror koʻtardi:
«Ishtonim uvada boʻlib qoldi-ku,
Menga ishton olib ber, qayin».
Eri oʻlib ketgan Bibizilolning.

IV

Koʻksingda yotgan tosh eridi,
Koʻzingda qotgan yosh qaridi.
Bibizilol, kasaming qani?
- Qasami qasnoq-da,
Oshni ye, dunyo.
— Eringning toʻshagi yozildi,
Begona oyoqlar bosildi.
Bibizilol, qasaming kani?
— Qasamni qusmokda,
Qistama, dunyo.
— Yigʻilar yigʻilib bugʻlanar, yitar,
Tiling oʻz soʻzidan bulgʻanar ketar.
Bibizilol, kasaming qani?
— Qasami qasami,
Qistama, dunyo.
— Harom oʻlgan qasamingni menga ber.
Oshalmagan oshamingni menga ber.
Bibizilol, qasaming qani?
— Qasami qassobda,
Toshni ye, dunyo.
— Yillar oʻtdilar.
— Avval ham eri boʻlganmikin,
— Oʻsha eri oʻlganmikin
Bibizilolning.

Ikki Holat

U zaminga sigʻmay qoldi. Vujudni qistar,
Parvozga chorlab,
Osmonlarga uchib ketmoqni istar
Zaminni quchoqlab.
U zaminga sigʻmay qoldi. Vujudni qistar,
Parvozga boshlab,
Osmonlarga uchib ketmoqni istar,
Zaminni tashlab.
1980


* * *
Ikkimiz yalpizlar ichida edik...
Beomon oʻrdilar ularni,
Yashil dogʻlar qoldi yuzlarimizda.
Ikkimiz yulduzlar ichida edik...
Benarvon urdilar ularni,
Siniqlari kirdi koʻzlarimizga.
Ikkimiz koʻz yoshlar ichida edik...
Bu achchiq yoshlardan, kuyuk yoshlardan
Gʻiybat bozorlarin bezadi ular.
Ikkimiz sulb[1] toshlar ichida edik...
Bu baxtsiz toshlardan, shoʻrlik toshlardan
Oʻzlariga haykal yasadi ular.
1984


* * *
Yurakni uygʻotib yuboring...
Tinglayin yulduzlar qoʻngʻirogʻini,
Mayin qora oʻtni kechib oʻtarkan,
Shamollarning nafis titrogʻi ila
Yurakni uygʻotib yuboring...
Qora havolarda oydin xoʻrsiniq,
Suygum kelayotir kuyib-kuyib men.
Uyqular oqadi suv kabi tiniq,
Tushlarni tomosha qilay toʻyib men.
Yurakni uygʻotib yuboring...
Suygum kelayotir... Gul kosalarga
Quyib koʻzlarimni ichar yulduzlar.
Parcha-parcha oyday kulgular bilan
Oʻn sakkizga kirib tugʻilgan qizlar,
Yurakni uygʻotib yuboring...
1983


Oraliqlarda

Koʻnglim suvaydosi, koʻzim sayguli,
Zahri ham novvotey, chashmi qiymochim,
Kuygan ustixonda oʻstirgan gulim,
Olam: «vijir-vijir», men: — «hajr-hajr»,
sen — qaldirgʻochim.
Bagʻrimni changallab yuldi charnovuq[2],
O bagʻri shamolim, chiltorim charnar.
Men — qoʻli qup-quruq qolgan chirmovuq,
Olam: — «qurey-qurey», men: — «xorey-xorey»,
sen — yetim turnam.
Koʻnglim suvaydosi, koʻzim sayguli,
Bu zanjir tovushi... aylanmas tilim.
Sen — gʻamning bir qoʻli, baxtning bir qoʻli,
Olam» — «chip-chip-chip», men:”gʻip-gʻip...gʻip...”,
sen — sukut bulbuli.
1986


Inqiroz

Hoʻkizning shoxiga ursa, tubi zirqiraydi.
Xalq maqoli.
Kungira-kungira yillar qadogʻi
Sirqirab-sirqirab yetar suyakka.
Yerning qoʻli yetmas, koʻkning oyogʻi
Hoʻkizning shoxida turgan yurakka.
Tillarim yolgʻon-a, koʻzlarim yolgʻon,
Kel, guldor roʻmolin yoyganda falak.
Hoʻkizning tubida kecha qatagʻon,
Shoxida gumburlab uradi yurak.
Kel...
Sumbula suvlardan soʻraydi nafas,
Shamollar sochlarin eshmas koʻkraqda.
Oltin toʻgʻa hoʻkiz burnida emas,
Shoxlari sanchilib turgan yurakda.
Koʻngira-kungira yillar qadogʻi,
Sirqirab-sirqirab yetdi suyakka.
Mening qoʻlim yetmas, sening oyogʻing
Hoʻkizning shoxida turgan yurakka
1986


Qiz Qoʻshigʻi

Yoriltoshlar yorildi,
Yorilmading sen.
Burim sochlar burildi,
Burilmading sen.
Bu falak yolgʻon ekan,
Uyini — talqon ekan.
Yomgʻiri yoqut emas,
Bor-yoʻgʻi yovgʻon ekan.
Borsa-kelmas evrildi,
Erimading sen.
Qabr toshlar tirildi
Erimading sen.
Bu falak haqrost ekan,
Ermagi — ixlos ekan.
Anjumi inju emas,
Oʻtli tosh, xolos, ekan.
1986


Ulgʻayish

Koʻzlardan bayroqlar oʻsib chiqadi...
Onangning singlingga meros roʻmoli
Sening koʻzlaringdan oʻsib chiqadi
Hilpirab havoli-havoli...
Koʻzlardan bayroqlar oʻsib chiqadi.
Koʻkrakdan bir Vatan oʻsib chiqadi...
Otangning avlodga meros tuprogʻi
Sening koʻkragingdan oʻsib chiqadi
Silkinib zalvorli-zalvorli.
Koʻkrakdan bir Vatan oʻsib chiqadi.
1983


Sehr

Kecha dildan qoldi, qoldi-ya, tildan...
Hilol etagida yigʻlayotgan sen.
Qadimiy oyatlar bitilgan yoʻlda,
Eshqobil emasman endi men.
Dengizlar koʻkarib tortadi chilim,
Baxmal bulutlarni kiyayotgan sen.
Oltin baliqchaga aylandi tilim,
Eshqobil emasman endi men.
Gʻuborli tumanlar chimildigʻida,
Olov qanotida titrayotgan sen.
Qara, koʻzlarimning topildigʻiga,
Eshqobil emasman endi men.
Kecha dildan qoldi, qoldi-ya tildan,
Nafas torlarimda uxlayotgan sen.
Qushdan ildiz oldim, qanotni guldan,
Eshqobil emasman endi men.
1986


* * *
«
Qora xoliga baxsh etgum Samarqandu Buxoroni.
Hofiz
»
Nimani istading, barini berdim,
Bulutlar patiday ketdim sochilib.
Oʻzimni olamday tuganmas derdim,
Koʻkragim boʻshliqday qoldi ochilib.
Barini berdim-ku, men endi yoʻqman,
Hatto tomchi qoni, na bir soʻzi yoʻq.
Yarim ogʻiz ismim boʻlgan chogʻda ham,
Lutf ila tutguvchi qoʻlning oʻzi yoʻq.
Ra’no, barin berdim oʻzimda boʻlgan,
Boqasan koʻp narsa kutib daf’atan.
Koʻkragida faqat bitta musht qolgan
Boshi, oyogʻi yoʻq mustamlakadan.
1983


* * *
Ra’no, bu gullarni uzmogʻim uchun
Oʻn olti yoshimga qaytmogʻim kerak.
(Koʻzim diyorida ochilgan gullar.)
Qogʻoz oʻchoqlarning qahriga oʻtin
Koʻlimda uzilgan gul kabi yurak.
(Sevgining eng soʻnggi gullari titrar.)
Sen uchun yuz yilda xato kilmasdan,
Bu nafis gullarni ekmishdir xudo.
(Koʻzim diyorida ochilgan gullar.)
Oʻn olti yoshimga qaytib bormasdan,
Ularni uzmoqqa haqqim yoʻq aslo.
(Sevgining eng soʻnggi gullari titrar.)
1984


Minnatdorchilik

Eldoshlarim...
Jon desa jon bergan, eldoshlarim,
Aylanayin bergan jonlaringizdan.
Menga Vatan bergan, eldoshlarim,
Aylanay bergan Vatanlaringizdan.
Eldoshlarim...
Menga qoʻsh-qoʻsh koʻngillar bergan,
Juft-juft hurkak singillar bergan,
Eldoshlarim...
Umrimga, koʻnglimga ma’nilar bergan —
Davra-davra ogʻa-inilar bergan,
Eldoshlarim...
Ming bora aylanay himmatingizdan,
Sari ziyodalar boʻlgan davlatingizdan.
Eldoshlarim...
Bir koʻrkam iforlar sochar yoʻlimga,
Bu issiq chehralar, yorugʻ diydorlar.
Avval oʻtib borar mening koʻnglimdan,
Sizga yetib borgan qishlar, bahorlar.
Eldoshlarim...
Koʻnglimga tumorlar taqqan, eldoshlarim,
Koʻnglimga jonimday yoqqan, eldoshlarim,
Eldoshlarim...
Kechadan omonlik tilayman sizga,
Oq daryolar oqsin eshigingizdan.
Kunduzdan omonlik tilayman sizga,
Toʻdanalar boʻlay beshigingizda.
Eldoshlarim...
Menga soʻzlar bergan, menga kuy bergan,
Bir-biriga ulashgan qator toʻy bergan,
Eldoshlarim...
Ming bora aylanay himmatingizdan,
Taqdir suyub bergan davlatingizdan,
Eldoshlarim...
1983


* * *
Mening qoʻlim ochiq, qoʻllarim ochiq,
Kaptarlar don terib yedilar undan.
Mening qoʻlim ochiq, qoʻllarim ochiq,
Yulduzlar qon soʻrib edilar undan.
Mening qoʻlim ochiq, koʻllarim ochiq,
Turnalar argʻimchok soldilar unda.
Mening qoʻlim ochiq, qoʻllarim ochiq,
Yoʻllarning izlari qoldilar unda.
Mening qoʻlim ochiq, qoʻllarim ochiq,
Kun va tun bir-birin topdilar unda.
Mening qoʻlim ochiq, qoʻllarim ochiq,
Qutblar bir-birin oʻpdilar unda.
Mening qoʻlim ochiq, qoʻllarim ochiq,
Erkakka topindi bor ayol unda.
Mening qoʻlim ochiq, qoʻllarim ochiq,
Ilk bor meva tugdi majnuntol unda.
Mening qoʻlim ochiq, qoʻllarim ochiq,
Kezdi suluvlarning qoʻllari unda.
Mening qoʻlim ochiq, qoʻllarim ochiq,
Sening koʻllaringdan ayrilgan kundan!
1982


Sumbula

“Sumbula-yo, Sumbula,
Oʻrab olay gul bilan.
Mening koʻnglim siz bilan-ey,
Siz ketasiz kim bilan?
Sumbula, jon, Sumbula.”
Turnalarim ketmoqdalar koʻz yoshday qator-qator.
Turnalarim ketmokdalar sochlaringizday uzun.
Osmonda bulut boʻlib yigʻlaydi gʻamgin bahor,
Qaldiroqlar qulab ketar koʻkdan yerga siz uchun.
Sumbula, jon, Sumbula.
Siz ketasiz kim bilan?
Oh chekaman, koʻzlarimdan zor-zor oqadi Surxon,
Xayolimning osmonini qoplaydi sirli titroq.
Yurakkinam boʻzlab chiqar tun boʻyi shamday giryon,
Yurakkinam — kemalari qaytmagan yetim qirgʻoq.
Sumbula, jon, Sumbula
Siz ketasiz kim bilan?
Ochiq qolgan qoʻllarimda titrar tola sochingiz.
Ketajaksiz, bir tola soch uzun-uzun xotira.
Kimlarga yor boʻlgʻusidir ul munis qaroshingiz,
Sumbulajon yigʻlar boʻldi hijronlarga asira.
Sumbula, jon, Sumbula,
Siz ketasiz kim bilan?
«Alvido...» deb koʻzlarimning qarogʻidan uchyapsiz,
Turnalarim ketmoqdalar koʻksimdagi osmondan.
Jimgina boshlar egik, kelin boʻlib ketyapsiz,
Aro yoʻlda bir yurak tushib qolar karvondan.
Sumbula, jon, Sumbula,
Siz ketasiz kim bilan?

Baxtning Oʻlchovi

Bir ajab quyoshli kunlar boshlandi...
Har kun yoʻl chetida changlarga botib,
Oʻynab oʻtirar bir yalangʻoch bola.
Dunyoda eng baxtli odam shu bola,
Quyoshni simirar, yellarni ichar,
Hovuchlab tuprokni sochar boshidan,
Kir-chir badanlari yayrab, entikib,
Osmonning moviy chalobin simirar.
(Asta kostyumingni yechib qoʻyasan).
Shappatilab koʻyib qorniga bola,
Tanin qitigʻlagan nur barmoqlarin
Toʻzgʻitib qushlarday haydar nariga.
Quyosh boʻyinlarin qashlaydi uning,
Paxmoq sochlariga koʻmilib ketar...
(Yechasan boʻyinbor, koʻylaklaringni).
Kun uxlar bosh qoʻyib boldirlariga,
Kir-chir tovonlarin yuvadi tuproq...
Baxtli boʻlging kelar shu bola kabi,
Kuyoshli kunlarning ichida baxtli...
Yechasan botinkang hamda shimingni,
Shunda birdan kulib yuborar bola,
Qiqirlab-qiqirlab kulaveradi.
Uyalmasdan shundoq yoʻlning chetida
Kap-katta odamning yechinganidan
Kuladi yalangʻoch, aqlli bola.
Kiyib ololmaysan quyoshli kunni —
Bu baxt oʻlchanmagan sening ruhingga,
Bu baxt ming gaz katta sening tanangdan.
1985


Aruz

Temir xalajidan
Ters oʻtgan momo,
Qurbaqaning butiga shardoz boylab ber endi,
Yigʻlayapman... Yegʻli-yogʻli ilik chaqib berendi,
Kelim-ketim dunyodan
Oʻng oʻtgan momo,
Suruv-suruv qaygʻulardan suluv saylab ber endi,
Ola toshdan qoq yelkamga tumor taqib ber endi.
Temir xalajidan
Ters oʻtgan momo,
Qurbaqaning sol butiga koʻk tomirim boylandi,
Koʻr qurbaqa meni sudrab zindon boʻylab aylandi.
Kelim-ketim dunyodan
Keng oʻtgan, momo,
Talonzada koʻkragimga avrab gulmix qokdilar,
Ichidan qoʻsh daryo oqqan iligimni chaqdilar.
Temir xalajidan
Ters oʻtgan momo...
1987


Qodir Baxshi Yodi

- Ogʻam, aytgin,
Chanqovuzni kim chaldi?
- Chimmat tutib kuyov kutgan kelinlar chaldi.
- Sarbon, aytgin,
Chanqovuzni kim chaddi?
- Qaqshab-kaqshab qumda qolgan qulunlar chaldi
- Singlim, sen ayt,
Chanqovuzni kim chaldi?
- Dalalarda kuyib ketgan oylarim chaldi.
- Ona, sen ayt,
Chanqovuzni kim chaldi?
- Bolalarim tashlab ketgan kuylarim chaldi.
- Elim, sen ayt,
Chanqovuzni kim chaldi?
-Tomirimga qoʻnib oʻtgan bir bulbul chaldi.
-Baxshim, sen ayt,
Chanqovuzni kim chaldi?
-Koʻkragida erk chayqalgan ena el chaldi.
1987


Kuyovmunchoq

Zarpardalar tillo sochib,
Kulgu sochib qiqirlaydi.
Ikki oqkush uchmay-uchib,
Koʻkragingda pitirlaydi.
Sinar baxmal devorlarda
Chasir-chusir titrogʻing,
Koʻzimdagi kaptarlarga
Tizilgan don – munchogʻing.
Soʻzanalar suzilishib,
Sollanadi, yoqadi.
Qirq oʻrim soch tizilishib
Tovoningga oqadi.
Zar kashtalar gullar sochib,
Durlar sochib piqirlaydi,
Ichida mohbaliq qochib,
Koʻylaklaring shitirlaydi.
Xoʻp tortinar, xoʻp qimtinar,
Ochilarkan quchogʻing,
Egningga kaptarlar qoʻnar,
Chirt uzilar munchogʻing.
1987


* * *
Ot aylanib qozigʻini topganda,
Zot aylanib tuzligʻini topganda,
El aylanib oʻzligini topganda,
Sen aylanib qayerlarga ketding, yor,
Kimga arzon, kimga qimmat bu bozor.
Bir boshimda ming-ming savdo oʻynadi,
Koʻz yoshimga ikki dunyo qaynadi,
Koʻpga bergan bir novdasin qiymadi,
Nelar boʻldi, nelar boʻldi, aytgin, yor,
Kimga omad, kimga kasod bu bozor.
Bu yerlarga yulduz tilab keldim men,
Oʻz poyimga oʻtin qalab keldim men,
Kim oʻt yoqsa, oʻchogʻiga toʻldim men,
Chimildigʻing chirqillaydi, kuygan yor,
Kimga omad, kimga kasod bu bozor.
1987


Sotqinlik

“Xamtovoq boʻldimmi yoki it bilan”.
«Avazxon» dostonidan
Osh keltirding bir tovoq,
Bir it menga hamtovoq.
Oh-oh-oh!
Osh ustida yuragim
Ustixon ekan evoh!
Voh!
Kuyib ketdi birpasda
Yelkamda qirk farishta –
Uh!.. Uh!.. Uh!..
Qirq mulla muk tushgancha
Dam solar harom oshga —
Kuf! Suf! Kuf!
«Ustixonni oling» — der,
Yelkamga mingan qirq dev.
Tuf... Tuf... Tuf...
Sovumay titrar hamon
Osh ustida ustixon.
Fuf! Fuf! Fuf!
1987


Sogʻin. Befarzand Ayol

Hoʻoʻsh-hoʻoʻsh... Hoʻoʻsh...
Govmishim, iysin suting,
Bagʻrimda boʻgʻma tutun,
Oq siynamning ostida
Qobirgʻalarim oʻtin.
Hoʻoʻsh... Hoʻsh... Hoʻoʻsh...
Yelinda sut tizillar,
Qoʻsh koʻkragim izillar.
Kuygan sahro — bagʻrimda
Yonar shamol bezillar.
Hoʻoʻsh... Hoʻsh... Hoʻoʻsh...
Bir tirnoqqa zor boʻldim,
Egasiz mozor boʻldim,
Baxti toshga boylangan,
Tosh kabi nochor boʻldim.
Hoʻoʻsh... Hoʻsh... Hoʻoʻsh...
Quyun oʻynar izimni,
Gʻam qovurar koʻzimni.
Govmishim, seni emas,
«Hoʻsh-hoʻsh»layman oʻzimni
Hoʻoʻsh... Hoʻsh... Hoʻoʻsh...
1987


Yetim Bola

«Oʻgʻliga berdi butun kulcha,
Menga berdi kuyuk kulcha».
Bolalar fol'kloridan
Bugʻdoyzorlar shovullar
Tun kelib, kun oʻtguncha,
Oʻgay onam chuvillar,
Bergani kuyuk kulcha.
Kechani kechib chopdim,
Oy tiqildi tomoqqa.
Ustimga bulut yopdim,
Beminnat uxlamoqqa.
Paxtazorlar gurkirar,
Paxta... Paxta — toʻrt tomon.
Oʻgay onam chuldirar,
Bergani yirtiq ishton.
Chopdim quyosh tigʻida
Tovonim tilim-tilim.
Koʻylagim yirtigʻidan
Moʻltirab qarar koʻnglim.
Ich-ichida koʻnglimning
Oʻz onam yigʻlab turar,
Quroq-quroq dilimni
Kuyinib yamab yurar.
Hayot, zamon guvlaydi,
Kunlar qimtinib oʻtar...
Oʻgay onam elakka,
Otam bozorga ketar.
1987


Muhabbat

Manglayimning oʻrtasida
Sochlari tillo yulduz.
Yonar ikki chakkasida
Oydin tun, sargʻish kunduz.
Bir oʻchoq olov yutdim,
Dil gurkirab yondi-ya!..
Oyga osib, kunga tutdim,
Yulduzim oʻygʻondi-ya.
Koʻzlarim qorasida
Sochlari tillo yulduz
Oʻtli dil orasidan
Dildirab qarar bir qiz.
Qizga shafaqni yopdim,
Chayqaladi chimildiq.
Qiz bilan chimildiqda
Tillo sochga koʻmildik.
Oq parda suv ustida
Oqar. Yulduzlar kuyar.
Endi yurak faslida
Bulbullar qaytib kelar.
1987


Xalq Ohangida

Oybulutnnng orasidan oyday kelinlar kelar,
Kunbulutning orasidan kunday kelinlar kelar.
Taram-taram sochlar, mana, boylar koʻngilni,
Qalam-qalam qoshlar yana naylar koʻngilni.
Togʻlarimning toshlarida tonglar yorildi,
Ohlarimning yoshlaridan tunlar tirildi.
Oybulutning orasidan oyday kelinlar kelar,
Kunbulutning orasidan kunday kelinlar kelar.
Darbozada daraxshona olovlar yonsin,
Sochlar sirin sulb, mastona kuyovlar olsin.
Oydin oy ham bagʻringga jim botar biram-ey,
Gulchambarday boʻyningga qoʻl osar joʻram-ey.
Oybulutning orasidan oyday kelinlar kelar,
Kunbulutning orasidan kunday kelinlar kelar.
1987


Xun Ayoli Haqida Qoʻshiq

Osmonga sanchilingiz,
Motamning bayroqlari,
Karo daryo boʻlingiz,
Koʻzlarning karoqlari.
Men yorimdan ayrildim-a,
Men yorimdan ayrildim.
Yelkasiday mahkam deb
Bosh qoʻyaman toshlarga,
Men yomgʻirni yengaman
Yomgʻirday koʻz yoshlar-la.
Daraxtlar qarsillaydi,
Kaldiroqlar boʻkirar.
Oʻrmonning quchogʻidan
Chiqib kelar bugʻular.
Yorimni qaytib bergin,
Bugʻu, Bugʻu, Bugʻujon.
Nayzalarni sindirgin,
Baxtni qilmasin qurbon.
Choʻng Qoya, tashlab yubor
Yelkangdan osmoningni,
Bugʻular jim ketdilar
Tinglamay armonimni.
Qaldiroq gumburlaydi,
Osilar olov tillar.
Ayolning koʻkragidan
Otilar yerga gullar.
Yomgʻirlarning mavjida
Yuvilar qonli tana.
Qora oʻrmon qoʻynidan
Qaytar bugʻular yana.
1987


Potini[3]

Potini-ya, potini,
Bir chaqmoq yulib oʻynar
Tilimning qanotini.
Jim. Jim.
Potini-ya, potini,
Xotiramdan oʻchirdim
Yuragimning otini.
Jim. Jim.
Potiniya, potini,
Ruhim soqov, eldan chikdim
Men yogʻiyga sotilib.
Jim. Jim.
Potini-ya, potini,
Qoʻynimda uxlayotir
Xiyonatning xotini.
Jim. Jim.
Potini-ya, potini,
Tilimni tishlab turib
Chappa quydim otimni.
Jim. Jim. Jim.
1987

Oʻttizinchi Yillar

Kaftlarim toshga toʻla,
Otolmagan toshlarim...
Kimga otay? Kimga otay?
Koʻzlarim yoshga toʻla
Toʻkolmagan yoshlarim...
Kimga sotay? Kimga sotay?
Kiftlarim boshga toʻla
Doʻstdan qolgan boshlarim..
Qayga ketay? Qayga ketay?
Koʻnglim quyoshga toʻla,
Zanjirband quyoshlarim...
Endi netay? Endi netay?
1987


Vido

Qanotidan qon tomchilab
Qushim ketdi, chinni qushim.
Yuragimdan mix tortqilab,
Sugʻurolmay sindi tishim...
Sindi tishim.
Tomogʻimga qultum-qultum
Muz tiqildi — soʻz tiqildi,
Yulduzchalar «qult-qult» etib,
Qaynab yotgan koʻz tiqildi.
Soʻz tiqildi.
Qanotini qora bulut
Qora suvga yuvgan qushim.
Oʻrgimchaklar uyalagan
Bulutlarga toʻldi tushim.
Toʻldi tushim.
Qanotidan qon tomchilab
Qushim ketdi, chinni qushim.
Chinni qushim.
1987


Orol

Koʻk eshakni minibsan,
Koʻk paranji yopinibsan,
Koʻkaylari kesilgan Ayol,
Koʻkrak suti buzilgan Ayol,
Bir el elanadi: qo-ol!
Shoʻr boshing yopinar koʻk bulut.
Tegrangda shamollar tizilar.
Havoda suzadi koʻk tobut,
Koʻm-koʻk kuy koʻklardan uzilar.
Koʻkaylari kesilgan Ayol,
Bovri yurtdan uzilgan Ayol,
Bir yurt yolboradi: qo-ol!
Koʻkaylari kesilgan Ayol,
Joni yerga sepilgan Ayol,
Koʻngli koʻkka toʻshalgan Ayol,
Bir Vatan elanar: qo-ol!
1987


Baxt

Hali kapalaklar kelib oʻynaydi —
Koʻksimda ochildi ajoyib gullar.
Hayratdan biron soʻz topa bilmaydi
Dunyodagi tirik va oʻlik tillar.
Hali shahanshohlar kelib qutlaydi —
Koʻksimda ochildi ajoyib gullar.
Dunyodan endi hech yigʻlab oʻtmaydi,
Hamon bir nur izlab yigʻlagan qullar.
Hali kelinchaklar kelib kuylaydi,
Endi chimildiqqa kirgan suluvlar.
Osmon quvonchidan toʻyib yigʻlaydi,
Ma’budlar boshimdan sochar oq suvlar.
Erta visoliga qarab shoshgayman,
Yongan yuragimni tabriklar yoʻllar.
Sizni va oʻzimni qutlay boshlayman —
Koʻksimda ochildi ajoyib gullar.
1987


* * *
Davlatli begoyim, erkli begoyim,
Biza muruvvat qil, koʻrkli begoyim.
Xudo tumor taqib boshing boylamish,
Bandaga darchasi berkli begoyim.
Ishqing charxi dunni vayron ayladi,
Olam oxirati turkli begoyim.
Bir koʻngilni tashlab ketdim dunyoga,
Menga bu dunyo na, erkli begoyim,
Senga bir koʻngil na, koʻrkli begoyim.
Himmatli begoyim, sulton begoyim,
Sulaymon taxtida hayron, begoyim.
Oʻzing obodsen-u, davlating obod,
Poyingda ikki dun vayron, begoyim.
Bir kulging oʻgʻirlab ketdim dunyodan,
Senga bir kulgu na, xush’on begoyim,
Menga bu dunyo na, sulton begoyim.
1987


* * *
O, mening sumanbar kelinchagim-ey,
Kel, birga kuylaylik,
Zarafshon chimildiqning xushboʻylar choʻkkan
Eng qorongʻi xilvatgohida.
O, mening sarvqomat kelinchagim-ey,
Kel, birga oʻynaylik,
Hudhudlar qanoti — zardevollarning
Oq bulutlar choʻkkan xilvatgohida.
O, mening shakkarlab kelinchagim-ey,
Kel, birga yashaylik,
Yam-yashil tovuslar koʻkarayotgan
Alvon soʻzananing xilvatgohida.
O, mening zarkokil kelinchagim-ey,
Kel, birga sevaylik
Lolalar suykalib jon berayotgan
Hayotni doʻzaxlar xilvatgohida,
Kel, birga sevaylik.
1987


Oydin Qaygʻu

Oʻn olti yoshimning diyorlarida
Qizgʻin shafaqlarni kiygan kunsuluv,
Tunlarning sim-siyoh daryolariga
Daryo sochlarini chaygan tunsuluv.
Tilim sochqi tovush — qanisanuv
Oʻn olti yoshimning diyorlarida
Yalpizlar sutidan toʻygan gulsuluv,
Yulduzlarning tillo kipriklarida
Shokila-shokila yongan dursuluv,
Koʻnglim yetim qush — qanisanuv
Oʻn olti yoshimning diyorlarida
Toshlar chanqovuzin chalgan kuysuluv,
Yuragimning gʻarib shoxchalariga
Oʻttiz xil koʻylagin ilgan oysuluv,
Soʻzmas, bu uzun tush — qanisanuv
Oʻn olti yoshimning diyorlarida
Qizgʻin tomirlarim sochgan jonsuluv,
Qobirgalar qisgan qizraldoqlarning
Ogʻzidagi qulfni ochgan ruhsuluv,
Koʻzlarim boʻsh-boʻsh — qanisanuv
1987


Xayrli Tun

Xayrli tun, sayroq qushlarim,
Xayr sizga, sirli darchalar.
Oy nuriga toʻling, tushlarim, ..
Sokin uxlang, yaydoq koʻchalar.
Xayr sizga, omon boʻling-ey,
Tuyaqushday qotgan gʻaramlar.
Yuragimga mehmon boʻling-ey,
Yuragimdan ketgan sanamlar.
Xayrli tun, kungi kulgular,
Hijolatli xatolar, xayr.
Huv qoraygan oʻtovlar ichra
Qolib ketgan otalar, xayr.
Bugʻdoyzorlar kuyin kashf etgan,
Devonavash shamollar, xayr.
Erlariga oʻgʻil baxsh etgan
Pok parivash ayollar, xayr.
Dalalardan nasiba tergan
Qaro koʻzli singillar, xayr.
Bugungina muhabbat kirgan
Oʻn olti yosh koʻngillar, xayr.
Xayrli tun... Xayrli tun...
1986


Mehrjon kuni[4]

Oʻgʻlim Mehriddinga
Oʻyna yulduzlar bilan,
Oy bilan oʻyna, bolam,
Mehrjon kuni bugun.
Laylakning qanotida
Yoz chayqalib keladi,
Quyoshning koʻkragidan
Sut chayqalib keladi.
Mehrjon kuni bugun.
Qaldirgʻoch qanotidan
Gul toʻkilib qoladi,
Yer-u osmon bagʻriga
Baxt ekilib qoladi.
Mehrjon kuni bugun.
Senga osmonni berib
Qushlar kelib ketadi,
Momong yoqqan tandirlar
Nonga toʻlib ketadi.
Mehrjon kuni bugun.
Oq bulut xurjunidan
Ok bugʻdoylar toʻkilar.
Bugun gul gʻunchasidan
Oyday qizlar tugʻilar.
Mehrjon kuni bugun.
1987

Umumiy Vagon

Shov-shuv, gʻala-gʻovur alahsib kular,
Toliqib ketasan juda, suygulim.
Oydin tushlar koʻrib uxlaging kelar,
Toshday oʻtirgʻichda ochilgan gulim.
Ibosiz shovqinlar, xunuk xurraklar
Tortinchoq ruhingni qiynaydi yomon.
Arosat tilida bidirlab borar,
Umumiy vagonni kiygan olomon.
Xech narsa anglatmas, eslab boʻlmaydi
Tarixday orqada ezilgan yoʻlni.
Chiranib baqirgan koʻzlar koʻrmaydi,
Uyalib qizargan ma’yus bir gulni,
Toliqib ketasan juda, suygulim,
Kim qiyqirar, kimdir soʻkinar yomon.
Shunday otgani tosh boʻladi, gulim,
El emas, birlashsa agar olomon.
Toliqib ketasan... Yelkamga titrab,
Ogʻrinib,- tortinib qoʻyding boshingni.
Turibman tilimni tishimga qayrab,
Olomon beparvo otar toshini.
Tinglayman yuragim urishdan tinib:
O, muncha xoʻrsinib nafas olasan.
Yelkamga dard bilan titrab suyanib,
Shikasta-shikasta uxlab qolasan.
Yelkamga tosh kabi botgan tushlaring,
Gumburlab urilar yuraklarimga.
Oʻz-oʻzidan choʻchib ketgan tushlaring
Mahkam yopishadi koʻylaklarimga.
Yelkamda zilzila, dahshatlar kechar,
Sen qochib kelayapsan yuragim tomon.
Tashvishli tushlarga yangi toʻn bichar,
Soxta shodliklardan toʻygan olomon.
Ruhin oʻzgalarning ruhi-la yamab,
Goʻyo bashang tusda juldur olomon.
Uni arosatning uyiga qamab,
Qayerga eltasan, umumiy vagon?
Yelkamga suyanib uxlaysan, gulim,
Uyqung toʻla tashvish tutunlariga
Suyanib uxlaysan, suygulim,
Osmonning titragan ustunlariga
1986


* * *
Keksa donishmandga ayt endi, Boʻron,
Sen xam shivirlab quy, Momoqaldiroq.
Muqaddas boshpana — chinordan chiqsin,
Axir, bosh urishga yoʻq toza oyoq.
Yigʻlab dardimizni aytaylik unga,
Sen yolbor... Sen yolbor, Momoqaldiroq.
Shunda ham chiqmasa donishmand... Unda
Muqaddas chinorga oʻt qoʻygin, Chaqmok.
1987


Atala

Musofir ayolning koʻzi yoridi,
Atala qilishni bilmas edim men.
Derazada qolgan gulday sargʻaydi,
Atalani kutib musofir ayol.
Ayol uch kun kutdi. Uch kun yigʻladi
Qozonning boshida musofir sevgi,
Toʻrtinchi kun kuldi gʻamgin deraza,
Yigʻining ichida jilmaydi ayol.
Uddaburro chikdi musofir sevgi,
Koʻz yoshdan atala qila bilarkan.
Shundan beri sira she’r yozmayman men,
Atala qilaman, faqat atala.
1988


* * *
Otang seni yoʻqlab Toshkentga keldi,
Endi uygʻon, koʻzingni och, tosh.
Yetmaydimi senga besh yillik oʻlim,
Otang keltiribdi bir xalta koʻz yosh.
Unga yuzingni yuv, yuragingni yuv,
Qara, bosh-odogʻing qop-qora qurum.
Otang yetmish yilni sudrab kelibdi,
Seni qoʻyvormaydi besh yillik oʻlim.
1988


* * *
Tilimni kuydirdi bulbulning suti,
Tanglayimni yoqdi gul ichirgan qon.
Men ikki dunyoni bir hatlab oʻtib,
Ogʻzimga solganim — bor-yoʻgʻi talqon.
Koʻzimni muzlatdi jahannam oʻti,
Koʻnglimni xor qildi bu «gulzor, chaman»
Men ikki dunyoni bir hatlab oʻtib,
Koʻz ochib koʻrganim bor-yoʻgʻi tuman.
Kulogʻim kar qildi haqning sukuti,
Bu sukutmi va yo tilsiz qatagʻon.
Men ikki dunyoni bir hatlab oʻtib,
Eshita olganim bor-yoʻgʻi yolron.
1988
* * *
O, meni yigʻlatma...
Yomon tushlar koʻrib, namozshomgulim,
meni yigʻlatma.
Men poyi pataging boʻlay, qaygʻulim,
faqat yigʻlatma.
Otingdan aylanay, ogʻrima, gulim,
meni yirlatma.
Uh tortsang ustuni qular falakning,
yigʻlatma.
Koʻkrak qafasiga yanglishdan xudo
Ayolning yuragin qoʻygan erkakni,
yigʻlatma.
1988


Yolgʻizlik Va Ishonchsizlik

Qorongʻi boʻshliqda...
Qop-qorongʻida
Bir yurak chayqalib turar muallaq
Oʻlik oy burkanar tirik qaygʻuga...
Bir yurak chayqalib turar muallaq.
Yurakni tortinib urasan: «Kim bor?...»
Bir sado kelmaydi bu mavhumotdan.
Soʻng qattiqroq urib koʻrasan: «Kim bor?»
Na oʻlim tovshi, na bir sas hayotdan...
Qayta-qayta urib yurak devorin
Sen soʻrayverasan: «Kim bor?! Ho, kim bor?!»
Bir sado kelmaydi bu mavhumotdan,
Hatto toʻqillamas la’nati devor.
Soʻng mushtlay boshlaysan alvon devorni...
Soʻng yigʻlay boshlaysan: «Kim bor?! Ho, kim bor?!»
Men unsiz tentiyman yurak qa’rida
Va ayta olmayman: «Men... Faqat men bor!»
Bu gʻurbatxonada tilni tishlayman,
Tashqarida esa dod, faryod:«Kim bor?!»
Ichkaridan men ham soʻray boshlayman.
Bu gʻurbatxonada KIM BOR, HO, KIM BOR?!
1988


* * *
Xafa boʻlib ketdi uyimdan,
Kutgan mehmonlarim ming yildan beri,
Xafaqon ketdilar ma’lum xabarday.
Xotinim tashvishli boqadi menga,
Hamon qaytmayotir ruhim safardan.
1988


Goʻroʻgʻli

Goho botirlarni tugʻar qabrlar,
Goho tugʻadilar yetim qasosni.
Yer ostiga kirsa barcha shoirlar,
Osmondan kutinglar ulugʻ ovozni.
Goho botirlarni tugʻar qabrlar,
Marhumlar dunyosin ijodi kabi.
Yer ustiga chiqar avval shoirlar
Dard tutgan qabrlar faryodi kabi.
1990


Avralgan Ilon

Men gʻamli ilonman, qaygʻuli ilon,
Avralgan chumchuqday chirqiraydirman.
Issiq mehroblarga boshimni qoʻyib,
Sovuq koʻzlarim-la koʻp yigʻlaydirman.
Men gʻamli ilonman, qaygʻuli ilon,
Muqaddas bitik bor oltin boshimda.
Bu bitikni oʻymoq mumkin emasdir
Na qogʻozga, na-da togʻlar toshiga.
Men gʻamli ilonman, qaygʻuli ilon,
Kun boʻyi suyayman soʻnggi ustunni.
Tunlari bitikni oʻymoqlik uchun
Izlarman tashlagan poʻstimni.
Men gʻamli ilonman, qaygʻuli ilon.
1988


Koʻngli Yarim

Koʻnglimning yarmini dunyoga berdim,
Yarmidan boshpana qurdim oʻzimga.
Shundanmi olamda neniki koʻrdim,
Yortiday koʻrindi bari koʻzimga.

Umid

Bir kun kapalakka aylanar bu gul,
Bir kun buyuk ruhga evrilar bu tan.
Ochilmagan gulday bir mushtga koʻngil,
Va erkka yetishgan bir qushga Vatan.

Xun Ibodati

Boʻgʻzimdan qizarib chiqadi quyosh,
Oy qonga belangan — koʻzimdan uchib.
Yer-osmon orasi judayam tordir,
Yer-osmon haqqiga ibodat uchun.
* * *
Juda alam qilar... Koʻp ogʻir botar...
Yashaysan ulkan bir yurak bilan...
Dunyo toshin otib tugatgan zotlar
Endi hujum qilarlar kesak bilan.
1988


Mening Qoʻshigʻim

Men seni boladay suysam, netayin,
Koʻyingda bevaday kuysam, netayin,
Suygunchigim mening, suygunchigim-ay...
Tilimni tishlab man kuyib kuylaram.
Quvongim kelar-da, nega yigʻlaram,
Suygunchigim mening, ovunchigʻim-ay...
Boʻsagʻa suyanib mungʻaysam, kuyma,
Men yigʻlab olayin, sen esa oʻynab.
Suygunchigim mening, suyanchigʻim-ay...
Dunyodan toʻyaram, oʻzdan toʻyaram,
Toʻyib-toʻyib yana seni suyaram,
Suygunchigim mening, kuyunchagim-ay...
Bu koʻngil qoʻymasa, men-da netarman,
Bir kuni senga aylanib ketarman,
Suygunchigim mening, suygunchigim-ay...
1988


Ayroliq

Mening daholarim oʻtdi olamdan,
Uzlatga chekindi magʻlub doʻstlarim.
Zamindan yulinib qolgan hujramda
Oy bilan soʻzlashib yigʻlar koʻzlarim.
Bir oshno izlaydir devona dilim,
Qay taraf qarasam tuman, zalolat.
Kuygan yuragimga yetmaydir qoʻlim,
Yetmaydi oʻzimga oʻzdan malomat.
Qayda dil tovushin tinglar bandalar?.
Bir vola qaytmadi ketgan nolamdan.
Yer ostida tinchlik, yer usti xatar,
Mening daholarim oʻtdi olamdan.
1989
* * *
Hasratli hujramda
Qaygʻudan boʻlak
Hamma ketib boʻldi birma-bir... birma-bir...
Dasturxonda faqat kemtilgan yurak
Va.. bir kosa sabr...
Hasratli hujramda
Zilzila tindi..
Angraygan eshikni yopib qoʻyaman.
Yurakning qolganin yeyman-da, endi
Bir kosa sabrni ichib qoʻyaman.
Xasratli hujramda
Dunyo ham, men ham
Bir-birovdan toʻydik noiloj...
Faqat qaygʻu och-da, qaygʻu juda och!
1989


Ohu

Senga nima boʻldi, jigarim, singlim,
Zil-zambil toshlardan yasagan qanot?
Bir panoh berolmas yettita iqlim,
Kim senga oʻq uzdi bir siqim hayot?
Koʻziga olamning xusni bitilgan,
Koʻksidan suyulgan yulduzlar oqar.
Olam oʻz chiroyi dafn etilgan
Qabrga — yumilgan koʻzlarga boqar.
Kim senga oʻq uzdi, jigarim, yuz oh,
Kimga huzur berar xiyonat isi?
Osmonday begunoh, yerday begunoh
Ular odamzotning soʻnggi singlisi
1989


* * *
Sen bor-yoʻgʻi bir soʻz boʻlmading,
Olloh tuhfa etgan bechora dilim.
Na-da yashamading, na-da oʻlmading,
Gado toʻrvasiga oʻxshaydi qoʻling.
O, mening koʻp gʻarib qushcham, o, dilim.
Seni itlar yedi, bitlar yedilar,
Sohibi notavon bechora dilim.
Yigʻlasang, kulsang ham telba dedilar,
Na hayot siyladi seni, na oʻlim,
O, mening koʻp gʻarib qushcham, o, dilim.
Sen gʻamli buloqsan, men esa sahro
Jaholat ichinda uygʻongan dilim.
Razillar toʻqigan dunyo bu dunyo,
Bu Olloh yoʻlimas, shaytonning yoʻli,
O, mening bechora qushcham, o, dilim...
Men-ku oʻtajakman sezmay, sezilmay,
Lek sening holingga yigʻlarman dilim.
Hali koʻp yasharsan yerdan uzilmay,
Na hayot bor bunda va na haq oʻlim...
O, mening adashgan qushcham, o, dilim...
1989


* * *
Koʻkrakda yoʻlbarslar uyasi,
Olovli qilichlar, chaqmokdar.
Alam qiladi-da, axir qorningda
Xoʻjalik yuritsa qoragʻuloqlar.
Koʻkrakda shaharlar quladi,
Jon soʻqdi oyatday armonlar.
Alam qiladi-da oliy bandaga,
Oyoqqa ilashgan somonlar.
Koʻkrakda yer shari toʻqnashdi
Oʻzidan kattaroq yurak bilan.
Alam qiladi-da, bunday yurakni
Birgalashib yemoq tullak bilan.
Koʻkrakdan turnalar koʻchdilar —
Qoʻshiqning uzilmas karvoni.
Sariq chumolilar tashib ketdilar
Mamontlar yoʻrgaklagan dunyoni.
Koʻkrakdan burgutlar uchdilar,
Changallab uchdilar osmonni.
Alam qiladi-da, ogʻzi burningdan
Quysalar boʻgʻzingdan toʻkilgan qonni.
Hammasiga «mayli», hammasiga «xoʻp»,
Qay dilning yoʻliga qurbon tulporlar.
Bugun tobutimni sindirar «toʻp-toʻp»,
Koʻkrakdan daraxtday oʻsgan choʻqmorlar.
1988


* * *
Olmalar gullagan xilvat koʻnglimda
Bir ayol gullamay yashar jimgina.
Oʻlmas bir qush uya qurdi qoʻynimga,
Uya qurdi oʻlmas bir ilon yana.
Men kimman? Qanoti kuygan tiramoh,
Dunyodan oʻtarman shamolday oqib,
Bir ayol koʻnglimda gullamay yashar,
Bir qush bilan bitta ilonni boqib.
1989


* * *
Voajab! Meni koʻp hayratga solar...
Tilda ming da’vo-yu, dilda hech ma’no.
Oʻzini har kun bir yangilab olar,
Oʻn bor erdan chiqqan xotinday dunyo!
1989


* * *
Koʻksim uzra yetti jahon chayqalur,
Yelkamda yetmish ming zamon chayqulur.
Yigʻlaram, koʻnglimda oʻlgan daryodek
Oʻzani qirqilgan iymon chayqalur.
Kularman boshimda qora toj kibi
Behayo tovlanib shayton chayqalur.
Noqis vujudimga qanot tilasam,
Sulaymon hudhudi hayron chayqalur.
Bu jahon mulkida xarob holimdin,
Ul jahon koʻshkida rahmon chayqalur
1988


Mamatraim Baxshi

Tilingga chipqonlar chiqqanida,
Tylingni chayonlar chaqqanida
Men tabib boʻldim, xalqim,
Men tabib...
Uzolmay ortidan yoshli koʻzingni,
Soʻng manzilga kuzatsang bitta soʻzingni
Men tobut boʻldim, xalqim.
Men tobut...
Men soʻz deb yayradim, soʻz deb qaqshadim,
Yurakni oʻrtaga qoʻyib yashadim.
Yuragim soʻzlarning dasturxonidir,
Yuragim dasturxon, xalqim.
1988


* * *
Maysaga qoʻshilib titramoq uchun
Navoiy boʻlmogʻing shart emas.
Gʻaribga qoʻshilib ingramoq uchun
Yassaviy boʻlmogʻing shart emas.
Insonday... Insonday yashamoq uchun
Baqo boʻlmoqliging shart emas.
Bir bora Vatan deb yigʻlamoq uchun
Daho boʻlmoqliging shart emas.
1990


Sahro

(turkumdan)
O, sahro sarvari
Suv soʻrab keldim...
Bu ogʻoch jasadlar, oʻtin tanalar,
Qumlar daryosida oqurlar qayon?
Shamollar uyasi — boʻm-boʻsh siynalar...
Dil qayda, gul qayda, qayda guliston?
Pir qayda, ruh qayda, qayda ruhiston?
Kuyunga talangan tilanchi koʻzlar,
Oʻyiq kabrlarday nafsidan vayron —
Xudodan boshqasin har neni izlar...
Dil qayda, gul qayda, qayda guliston?
Pir qayda, ruh qayda, qayda ruhiston?
Qayda? Qayda ular? Charchar ovozim,
Bu achchiq shamollar keltirmas sado.
Bir qultum soʻz kutar bechora sozim,
Atrofda... Atrofda saxtiyon sahro...
O, sahro sarvari,
Suv soʻrab keldim...
1990


* * *
Oppoq bulut kiyib oʻtdi marhumlar...
Koʻlimda hamyon-u, egnimda jubba.
Oʻtdilar xayolga, Soʻzga mahkumlar,
Koʻzimda dunyo-yu, soʻzimda tavba.
Oydin kecha edi... koʻp gʻamgin kecha...
Oppoq bulut kiyib oʻtdi marhumlar,
Hayot oʻzicha-yu, xayol ayricha,
Bir koʻngil ustida minglab hukmlar.
Tilimda daryo-yu, dilimda olov,
Ortda — soʻz, oldinda oʻynar raqamlar,
Oyoqda paytava, qoʻlimda yalov,
Holimga kulganday boʻlar marhumlar.
Goho soʻnib qolib, gohida toshib,
Oʻzni jamlay olmay oʻtayotirman,
Holimga qarayman: oʻttizdan oshib,
Oʻttizga boʻlinib ketayotirman.
1990


Zalolat

...Ibodat suvidan...
... Muhabbat qonidan...
Jom kabi simillab toʻlishdi bu dil.
... Oy quyun qa’rida...
... Kecha qoʻrqinchli...
Zulmat sohilida imillaydi yil.
... Tuyalar faryodi...
... Yilqilar nolasi...
Sahrodan osmonga yiqilar.
Oʻn uchinchi oyda qonlarga botgan
Oylarni tugʻdilar yilqilar.
... Ibodat suvidan...
... Muhabbat qonidan...
Toʻla qari jomni koʻtar, ey oʻgʻlon.
... Oy girdob ichinda...
... Kunga yoʻl uzoq...
Holimizni sharhla, ey piri muron.
... Ibodat suvidan...
... Muhabbat qonidan...
Jom kabi simillab toʻlishdi bu dil.
Zulmat sohilida imillaydi yil.
1990


* * *
Qaytingiz qargʻalgan gumroh ayollar,
Eshqobil yerda yoʻq...
Olmalar yetilar gʻamli zirqillab,
Ayolday boʻshalar miltiqlar oʻqdan.
Boshlarda gʻoyalar pishar bilqillab,
Yo rabbim, nahotki... nahot men yoʻqman?..
Oltin shaftolilar chirib uzilar,
Zubarjad boshoqlar darddan toʻliqqan... ,
Dinlar qulab ketar, xalqlar buzilar,
Yo rabbim, nahotki... nahot sen yoʻqsan?..
Bulbullar qafasda loqayd semirar,
Qullar boʻynidagi zanjir toliqqan...
Koʻnglim devorlarin sichqon yemirar,
Yo rabbim, nahotki... nahot men yoʻqman?..
Avlodlar yetilar gʻaribdan gʻarib,
Qaygʻuli koʻzlarda sovib yotar oʻq.
Kimlar Yerni koʻkka qoʻymish toʻnkarib,
Yo rabbim, nahotki ikkimiz ham yoʻq?..
1990
* * *
Qoʻllarim davlatdan boʻshagan sari
Toʻlib boraverar yuragim.
Koʻzlarim zulmatdan boʻshagan sari
Toʻlib boraverar yuragim.
Imonim tuzumdan boʻshagan sari
Toʻlib boraverar yuragim.
Yuragim oʻzimdan boʻshagan sari
Toʻlib boraverar yuragim.
1990


Qadimiy Bitiktoshlarga Yozuvlar

I. Soʻz

Baridan muqaddas soʻz boʻldi faqat —
Tangrilar insondan qizgʻangan daho,
Boshi bir yoqadan chiqqan mamlakat,
Mangulikni yoʻrgaklagan ibtido.
Baridan muqaddas soʻz boʻldi faqat...
Olamdan oʻtganni tuproq ostiga,
Tuproqning ustiga soʻzni qoʻydilar,
Kuyoshdan uyalib, oydan uyalib,
Yalangʻoch yuraklar soʻzni kiydilar.

II. Tashlab Ketilgan Ming Yilliklar

Bechora boʻm-boʻsh uy, ey, sagʻir...
Rauf Parfi
Choʻkkan xarobaday mungʻayib yotgan
Ming yilliklar ichra tirik jon bormi?
Barbod boʻlgan ellar falakka otgan —
Isyon qoldiqlari yo figʻon bormi?
Kim bor, ming yilliklar xarobasida,
Biron-bir nafas yo bir tovush bormi?
Choʻgʻ tishlab zulmatning iskanjasida
Erkinlik qoʻshigʻin aytgan qush bormi?
Sado yoʻq... Sado yoʻq! Na dard, na zorlar...
Soʻz haykalday oʻsgan tosh yelkasidan.
Ogʻzin ochib yotar tilsiz mozorlar,
Barbod boʻlgan ellar xotirasiday.

III. Unutilgan Soʻzlar

Boshingiz ustida yigʻlayman,
Koʻzim qarogʻida tunlarni sanab,
Singan tobutlardan izlayman,
Soʻzlarim izlayman yuragim qonab.
Ruhimda hansirar ogʻir qadamlar —
Soʻnggi darmoniga suyangan sabot.
Sizni tili bilan tuqkdn odamlar
Xotirasi bilan oʻldirsa, nahot...

IV. Bitiktoshlar Homilasi

Ogʻiroyoq toshlarning homilasi — shoirlar,
Uch ming yildan beri dardning tishlari bilan
Ayamay yuragin tishlab kelgan shoirlar.
Toshlarning tor qornida uch ming yildan beri
Yuzlab mashrablar yagona bir she’rni aytar,
Toshlarning toʻlgʻori haqida u she’r...
U she’r...
Ogʻiroyoq toshlarning homilasi — shoirlar...

V. Oʻlmas Askarlar

Koʻz oʻngimdan saf-saf soʻz askarlari,
Mungluq yalovlarni koʻtarib oʻtar.
Oʻtmishning qon yuzli tosh daftarlari
Menga
Bir xalq shaklidagi soʻzlarni tutar:
Qaysining qoʻli yoʻq... Qaysin oyogʻi...
Barining ogʻzigatoʻlgan yulduzlar.
Ma’yus hilpiraydi idrok bayrogʻi,
Kelar suyaklari qisirlab soʻzlar.
Bahaybat oʻyiq bor koʻkraklarida,
Zamonlarning dahshatlari dastidan.
Bir Vatanni tutib kipriklarida,
Bir xalq chiqib kelar yerning ostidan.

VI. Magʻastvi

Magʻastvi, Magʻastvi, buyuk buddaviy,
Har kimda oʻzgacha ruhiy tantana,
Kamolot poyida vujud degan sath,
Sen yoʻlbars qoshiga bording mardona.
Bording, qirmiz toʻlqin vujud sathida,
Shovullab ruhingga bagʻishlar bayot.
Och bars holsiz yotar oyoq ostida,
Oʻmgan tomiringdan toʻkilar hayot.
Sen shunday mardona-mardona bording,
Och yoʻlbars taniga kuch boʻlayin deb,
Yetti bolasiga sut boʻlayin deb.
Goʻzal vujudingdan kechib yubording
Magʻastvi, Magʻastvi, buyuk buddaviy,
Tomiringdan oqkan chechaklaringdan
Ruhning osmoniga uchdi yulduzlar.
Yoʻlbarsning qurigan emchaklaridan
Sut kabi tizillab toʻkildi soʻzlar.

VII. Qoshgʻariy Yodi

Siz nega notinchsiz, Mahmud Qoshgʻariy?
Toshni yorib chiqar ulugʻ yoʻlchilar
Toshlar toʻlgʻogʻiga doya boʻlmasmi
Oʻzbekistondagi tilchilar?
Siz nega notinchsiz, Mahmud Qoshgʻariy?
Tilning chehrasini yorgan qamchilar
Sinmasmi, Erk degan Soʻzga aylansa
Oʻzbekistondagi hamma tilchilar.
Siz nega notinchsiz, Mahmud Qoshgʻariy?
Horitib qoʻydimi adashgan yillar.
Tunlari «Devon lugʻatit turk»da
Qushlarday chugʻurlab chiqmasmi dillar.
Siz nega notinchsiz, Mahmud Qoshgʻariy?
Til — ega, davlar aniqlovchilar
Yigʻlarmi, oʻlgan soʻz uzra «bolam!» deb
Oʻzbekistondagi tilchilar.
Siz nega notinchsiz, Mahmud Qoshgʻariy?
Yuraqday yorilib bormokda toshlar,
Ulardan shoirlar chiqib kelmokda,
Koʻksini toʻldirgan alvon quyoshlar.

VIII. Mutolaadan Soʻng

Aylanar soʻzlarga surinib dilgir
Shafaqlarga toʻlib qolgan kengliklar.
Soʻzlarga surinib tinib-tinchimay
Falak yelinlarin sogʻar yerliklar.
Quroq koʻrpalarga aylanib tushlar,
Olov nafas bilan avrar bizlarni.
Tun va tong oralirida qisilgan qushlar,
Olmaday choʻqiydi qadim soʻzlarni.
Bitiktoshlar dardin koʻzimga bitdim,
Koʻnglimga choʻktirib nolalarini.
Kul boʻlgan bogʻlardan tergani ketdim,
Bobolarning oltin olmalarini.
1984


Mohiyat

Men ham tangrining bir bitigidirman
Va toshga aylanib qolarman bir kun.
Nonday uzilarman, balki, tandirdan,
Sopolda yozuvga aylansam... mumkin.
Va shunda... bilmasman, yerdanmi, koʻkdan,
Suvmi, nurmi boʻlib qaytib kelarman.
Va shunda... dunyodan anglamay oʻtgan
Bitikni – Oʻzimni oʻqiy olarman.
Men ham tangrining bir bitigidirman.
1992


Anjuman

Soʻzlar qiygʻos gullar bu kecha...
Bir jom obi zamga aylanar sabr,
Yashillanib ketar qarri daricha,
Peshonangni silar laylatul qadr.
Bu bogʻda anjuman zamoni yetgan,
Bu muslim daraxtlar jannatdan qiyos...
Tangri qachonlardir tilingga ekkan,

Soʻzlar Gullayotir Qiygʻos Va Qiygʻos.

1994


Mangu Ayroliq Asrlarida

Oltin oyga olma otar Oybodom,
Oybotarda yigʻlab yotar Oybodom.
Oyqizlarning oyparisi Oybodom,
Kunbotardan kuyib oʻtar Oybodom.
Olma yuzli, bodomqovoq Oybodom,
Yoyiq sochi yonar bayroq Oybodom.
Yil botarda choʻkar qora suvlarga,
Bu dunyoda oy kabi toq Oybodom.
Shamol, meni Oybotarga olib ket,
Quyun, meni kunbotarga olib ket,
Hayot, meni Oybodomga olib ket,
Olloh, meni muhabbatga olib ket.
Kunbotarda bir bahodir boʻloyin,
Oybotarda laylatul qadr boʻloyin.
Yilbotarda Ollohday sir boʻloyin,
Oybodomda Oy koʻngli ne biloyin.
Shamol, meni... hayot meni... olloh meni..
Kaygʻu yurti — Oybodomga olib ket.
Oybotarda yigʻlab yotar Oybodom,
Oyga oltin olma otar Oybodom.
1991


* * *
Bunga bir yildan soʻng gullar keladi,
Eshikni yurakday qoqarlar «duk...duk...»
Yalpaygan ostona javob qiladi:
«Eshqobil uyda yoʻq!»
Oʻn yildan soʻng kelar beva shamollar,
Togʻlarning koʻzidan sachrab ketar doʻq:
«Qaytingiz, qargʻalgan gumroh ayollar,
Eshqobil yerda yoʻq!»
Turnalar keladi yuz yildan keyin,
Har biri tumshuqda keltirar bir choʻgʻ.
Va moviy bayroqlar bosh silkir mayin:
«Eshqobil koʻkda yoʻq...»
Bu oʻtar dunyodan ming yil ham oʻtar,
Kelarsan... Yer-osmon botadi terga.
Shunda kesaklardan oʻt chiqib ketar:
«Eshqobil shu yerda!»
1992


* * *
Oʻtdan-da, suvdan-da, topmadim zavol,
Falak kuyindilar toʻkdi boshimga,
Qayerdan kirding sen, farishta ayol,
Qaygʻuli yigirma besh yoshimga.
Bu yoshning tuynuksiz bir hujrasida
Ma’yus oʻltirarsan... Tizzangda kashta...
Ipak eshib yuragining tolalaridan
Qaygʻu gulin chizayotgan farishta.
Yuz yilki, sen ma’yus... Tizzangda kashta,
Yuz yilki, choʻmilmas hurlar tushimga.
Yuz yilki, har kuni yuz bor qaytaman
Qaygʻuli yigirma besh yoshimga.
Yuz yilki, bu yerdan ketolmasman hech,
Bu gʻarib hujrada tugagan yoʻlim.
Tizzangga bosh qoʻyib yigʻlayman kun-kech,
Tizzangda ulgʻayar qaygʻuning Guli.
1991


* * *
Lab tekkizsam karsilladi oy,
Tirnoq ursam charsilladi loy,
Ichsam, ichda olovlandi soy, -
Dil kosasi lim-lim muhabbat.
Qoʻl uzatsam, chaqmoqlar qoʻndi,
Oyoq bossam, soʻqmoqlar yondi,
Mendan yaxshi-yomonlar tondi,
Dil kosasi lim-lim muhabbat.
Koʻksim ichra raqsga tushar jon,
Tirnogʻidan sochi qadar qon,
Oʻldim dedim, oʻlganim yolgʻon,
Dil kosasi lim-lim muhabbat.
Dayri dunning sahnasi hayron,
Ishq elining dahmasi vayron,
Men adashgan qush kabi sayron,
Dil kosasi lim-lim muhabbat.
1992


* * *

R. P.

Tilsiz shovullaydi uzun sochlaring,
Noma’lum shevada inchkir daraxtzor.
Qurbon tilamasdan kamon qoshlaring,
Mening qurbon bergan dunyolarim bor.
Axir, nima kerak, ne kerak, aytgin,
Bir nafas hayotmi, bir piyola qon?
Men sening hukmingga mahkumman, mahkum,
Aqalli bir soʻz top, kambagʻal zabon.
Gʻayridin sukutning dahosi oʻzing,
Yetarli sajdalar, vahmu ibodat,
Zalolat yurtidan izladim toʻzim.
Yurak kattalashar sendan, sukunat,
Tobora kichrayib boraman oʻzim,
Yurak bilan senga boʻlib omonat.
1988


“Men” Tajribasi

(«Tanazzul» turkumidan)
Sugʻurib oldilar ichidan «Men»ni
Hayotning shoh tomiri kabi.
Koʻziga tiqdilar Bugunni,
Kechasi, Ertasi ketdilar sabil.
Dardlar, xotiralar quvgʻindi, daydi,
Tuygʻular egasi oʻlib dovdirar.
Vatan devorlarin tagin kovlaydi
Ichida «Men»i yoʻq gavdalar.

Shoir

Hayot tarozisi — yelkamda xurjun —
Bir koʻz yengil shodlik, bir koʻz ogir ram.
Bu dunyo boʻm-boʻshdir, men esa gavjum,
Kushlar qoʻnalrasi yetim qobirram.
1988


* * *
«
“Suvga choʻkib ketgan. bolam, yoshligim”.
R. Parfi
»
Darichang poyida oʻlganda gullar,
Adashgan darakchi qushlarni kutib...
Umrimni xomtalosh qilganda yoʻllar,
Toʻrt milliard odam yelkada tutib,
Mening yoshligimni olib oʻtdilar.
Muzday derazada qarir nigohing,
Armon toʻshagida oʻylaring qarir...
Silkib tashlaganda falakni ohing,
Buddaning sinigʻi kabi koʻtarib,
Mening yoshligimni olib oʻtdilar.
Koʻz yosh-la suvlaydi gullar qargʻishni,
Hijron panjasida oʻksinar qismat.
Momo Havo jannatda ochgan urushni
Sening eshigingda cheklar muhabbat.
Mening yoshligimni olib oʻtdilar.
Qaqnuslar yulduzlar ushogʻin terib,
Qora shamollarga oq sirlar aytdi.
Yuragingni tinmay aylanaverib,
Buyuk bir Eraning keksaygan payti
Mening yoshligimni olib oʻtdilar.
Qisilib qolganda quyosh darchangda,
Juldur kunlarimga boqqanda gʻarib...
Kuzni kelin qilgan xorgʻin koʻchangdan
Sening bolang kabi kiftda koʻtarib,
Mening yeshligimni olib oʻtdilar.
1988


Portreti Ishlanayotgan Ayol Qoshida

Soʻzmas, bu lablardan choʻgʻlar uzilar,
Jamlab ayol mehri, sabotlarini.
Koʻngilchan qoʻllaring avaylab silar
Tanbal kresloning qanotlarini.
Men esa, shamolday hovliqma, shoshqin,
Bepoyon oʻzini yigʻa olmagan.
Oʻlgan daryolarga bergan-u toshqin,
Oʻzida irmoqning choʻgʻi qolmagan.
Sen ma’yus va goʻzal oʻltirar ekan,
Tanqis bir hayodan yonar boʻyoqlar.
Titrar ikki dunyo birga yaratgan
Yigirma asrning kashfi oyoqlar.
Senga yoʻlay olmas razolat, balo,
Falakning betakror nodir ijodi.
Nega uchib ketmas badbaxt kreslo,
Gʻam, baxtdan ogʻirmi uning qanoti.
Senga munosiblik qilmasman da’vo,
Lekin ulugʻvordir senga havasim.
Qahrabo toshlarga aylangan havo —
Sening huzuringda olgan nafasim.
Dunyoni yagona tilda sayratar
Tegrangda shovullab nurning toshqini.
Adashgan olamni qayta yaratar
Soʻnggi goʻzallikning vazmin bosqini.
Sening lablaringdan tonglar uzilar,
Asrab dunyolarning hayotlarini.
Surating bitguncha uchirma qilar
Koʻling kresloning qanotlarini
1988


Soʻfining Oʻligi

Qorongʻi bir gʻorda bir ilon yashar,
Uyalab yotadi bir qora shamol...
Bir soʻfi murdasi lovullab yotar,
Besh yuz yildan beri ana shunday hol.
Soʻfining oʻligi har kun bir hikmat
Aytadi... Kitobga yozadi ilon.
Besh yuz yil narida yotar haqiqat,
Besh yuz yil berida laqillar yolgʻon.
Gʻor shiftida ulkan oʻrgimchak har kun,
Oʻlikka bir kafan bichar bemalol.
Qari ilon ganjni qoʻriklab yotar,
Har kun yirtib tashlar kafanni shamol.
1990


Suv

Bekor qolganda-chi, ba’zida sekin
Bir-birin tagiga suv quyar.
A. Oripov
Daryolar quridi, koʻllar qatqaloq,
Sahroday qaqraydi koʻzlarimiz ham.
Qiyomatdai oldin haq qilib taloq,
Qadrsiz lafz ila soʻzlarimiz ham.
«Bizlarga suv kerak, katta suv kerak!»
Haq esa soʻraydi toʻlovsiz xunni.
Koʻza sindirganning ra’yiga qarab,
Oshkora xoʻrladik Sayxun, Jayxunni.
Shoʻr tuzga topshirdik takdirimizni,
Hamon beparvomiz, hamon bema’ni,
Dengizga emas-da, bir-birimizning
Tagimizga kuyib ikki daryoni.
1990


Mangulik Lahzasi

Yurakning ichida oʻtiribman jim,
Tushiga qaytaman bu oqshom uning.
Bulbulning patidan juldur koʻylagim
Qonlari sachragan namozshomgulning.
Yurakning ichida mungʻayib, gʻamli...
Janda bulutlarga oʻrab oyogʻim,
Qora suyaklarin qalayman shomning
Shafaq oʻchogʻiga oʻtinday tagʻin...
Yurakning ichida oʻtiribman jim,
Ikki dunyodan-da oʻzimni tiyib.
Vulqonning bagʻrida oʻtiribman men,
Buddaning eng soʻnggi terisin kiyib.
Yurakning ichida oʻtiribman jim,
Men gʻarib mehmoni bu oqshom uning.
Budda terisiga yurak shiftidan
Qoni tomchilaydi namozshomgulning.
1988


Evrilish

Men toshni tabarga urib koʻrmasdan,
Soʻzlarni yurakka urib koʻrganman.
Oʻzimning bir qarich yerim boʻlmasdan,
Senga osmonlarni berib koʻrganman.
Ketding...
Sugʻurdim yurakning ildizlarini,
Oliy tuygʻularni qoʻydim xatarga.
Osmonlar qusmoqda yulduzlarini,
Men urib oʻynayman toshni tabarga.
1988


* * *
Ana, choʻmilmoqka yechinar gullar,
Oynani sindirib sharqiraydi nur.
Erinchoq kerishar mudroq stullar,
Bu yerda qolmogʻing judayam zarur.
Kambagʻal quchogʻin ochadi shkaf,
Latif iltifotdan tuyganday surur.
Javonda kitoblar yuborar kuylab,
Bu yerda qolmogʻing judayam zarur.
Oyogʻing gardini tera boshlar pol,
Va «uh» deb qoʻyadi baxtidan masrur.
Itday toʻrt oyoqlab yalinar stol,
Bu yerda qolmogʻing judayam zarur.
Hayronsan, xonada bor narsalarga
Goh iyib boqasan, gohida magʻrur.
Menga kerak emas, lekin ularga
Bu yerda qolmogʻing judayam zarur.
1988


* * *
Men endi gunohkorman,
Gunohimdan kech, gulim.
Bir qoshiq qonim boʻlsa,
Oʻn qadahda ich, gulim.
Men endi dindorman,
Savobimdan kech, gulim.
Mehrobda tomchi yoshim
Yuz qadahda ich, gulim.
Men endi bir darveshman,
Sen xayrdan kech, gulim.
Xaltamda bir yulduz boʻlsa,
Ming qadahda ich, gulim.
Men endi gunohkorman,
Sen koʻnglimni yech, gulim.
Dilda bir daryo boʻlsa,
Bir qadaxda ich, gulim.
1989


* * *
Kecha... Xona karaxt. Deraza tirik.
Havoni chayqaltar unut bir ovoz.
Ajinaning sochin taraydi oʻtrik,
Ilonday sudralar bunda inqiroz.
Soat va makonning qilichbozligi
Shunchaki ermagi falakning.
Yomoni: bitta yurakning ozligi...
Yomoni: koʻpligi bitta yurakning.
Xona kuygan oyday sovuq va nursiz,
Bu goʻriston ichra huvillar koʻnglim.
Deraza ortida javdirar bir qiz...
Yurakning yolini taraydi oʻlim.
1989


* * *
Yoqut yongʻoqlarni chaqib boʻldingmi,
Afsungar olmaxon, qallob olmaxon?
Tillo chaqmoqlarni chaqib boʻldingmi,
Oʻ, aldamchi bahor... Oʻ, tantiq baxor?
Oltin odamlarni chaqib boʻldingmi,
Muruvvatsiz oʻlim, shafqatsiz oʻlim?
Qon toʻla yurakni chaqib boʻldingmi,
Peshonangga urib, bechora shoir?..
Saxovatli shoir, bechora shoir...
1988


* * *
Soʻzlar kaltiraydi boʻgʻzimda,
Koʻzlarimda muzlaydi humoy.
Hali darz yemagan koʻksimda
Chil-chil sinib ketar oy.
Xayr endi. Aytgan-aytmagan
Soʻzlarimni qilmam himoya.
Nima zarur, nimaga kerak
Oʻlayotgan sevgiga doya.
Ma’zur yoʻkdir mening tilimda,
Asos ham yoʻq endi kurashga.
Muhabbatim mahkum oʻlimga,
Men esa, mahkumman yashashga.
1888


Magʻlubiyat

Umr oʻtayotir, koʻllarim boʻm-boʻsh,
Kunlarim koʻnglimday huvillab kolgan.
Men — tashlandiq uyman, boʻshab yotgan tush,
Qoʻynimda toʻladir yolgʻon... Puch yolgʻon.
Kundan-kun ranjida, xiradir ta’bim,
Koʻnglim tusayverar ovloqlarni.
Qafasdagi shoʻrlik olmaxon kabi
Ermakka chaqaman puch yongʻoqlarni.
Umrim oʻtayotir, koʻnglim ham boʻm-boʻsh...
Men – buyuk urushda yiqilgan bayroq.
Ogʻzim toʻla toshdir, oʻttiz ikki tosh,
Qoʻynim toʻla yongʻoq, bari puch yongʻoq.
1990


* * *
Jahonga sigʻmasak, uyga sigʻmasak,
Kayoqqa ketarmiz, ey dil, qayoqqa?
Na-da gul boʻloldik, na oʻt, na kesak,
Kayoqqa ketarmiz, ey dil, kayoqqa?
Karvonimiz oʻtdi, boʻtalar boʻzlar,
Qayoqqa ketarmiz, ey dil, qayoqqa?
Hech narsa topmadi dunyodan koʻzlar,
Qayoqqa ketarmiz, ey dil, qayoqqa?
Saxtiyon sahroda holimiz xarob,
Qayoqqa ketarmiz, ey dil, kayoqqa?
Karvon hoki turob — tevarak sarob,
Qayoqqa ketarmiz, ey dil, qayoqqa?
1989


Qalb Manzaralari

I

Yo rabbim! Bu dilga ilhom ato qil,
Bu tilni bu dilga tamom ato qil.
Biza bu jon nadir, bu jahon nadir,
Besh kunlik boʻstonda ming vayron nadir.
Vayron tan ekilgan yolgʻon boʻston ne,
Tan donday sochilgan bu goʻriston ne?
Bir yon fosiqlar-u, bir yon gʻofillar,
Nafs bazmidan fosiq gʻofil koʻngillar.
Bazm aro holimdan pirlar norizo,
Goh halol, goh harom jonimgʻa gʻizo.
Ne boʻlib istadim ilohiy orom,
Bir qoʻlim halol-u, bir qoʻlim harom.
Yorabbim! Bu dilga oʻzing quvvat ber,
Bu hayron suvratga subhon siyrat ber.
Yibording…Qaytmoqqa oʻzing navbat ber,
Yorabbim! Xayr qil – hayrat ber.
Men ham bir bandangman, men – zarra, ulgʻayt,
Bomdoddan xuftonga besh karra ulgʻayt.
Kalomdan kalomga yetolsam, shukr,
Osmoningga oyday botolsam, shukr.
Yorabbim! Bu dilga ilhom ato qil,
Bu tilni bu dilga tamom ato qil.

II

Qulingman, men seni bilmogʻ istaram,
Dunyoni salomat koʻrmogʻ istaram.
Oʻt bilan oʻynashib oʻtmogʻda bu dil,
Togʻ bilan qayrashib yitmogʻda bu til.
Sen – daryo, sen – daryo, muazzam daryo,
Adashgan baligʻday qumlogʻda bu dil.
Qulingman, men seni bilmogʻ istaram,
Ruhimni salomat koʻrmogʻ istaram.
Voh, qaqnus bolasi, ey dil, na boʻldi,
Osmonning echlisi singil, na boʻldi?
Men seni dunyoga qushday uchirdim,
Koʻz yosh piyolasi chil-chil... na boʻldi?..
Qulingman, men seni bilmogʻ istaram,
Dilimni salomat koʻrmogʻ istaram.
Koʻksimda qamalib yotibdi bir oy...
Qizgʻaldoq qoniga botibdi bu oy.
Gʻofilman... Men hali hayotdan oʻtmay,
Mening hayotimdan oʻtibdi bu oy.
Qulingman, men seni bilmogʻ istaram,
Ul oyni salomat koʻrmogʻ istaram.

III

«...gul vaqting boʻldi».
Omon Matjon
Ay dil, hushyor boʻlgʻil, sahar vaqti bu,
Oʻz ichu toshingga safar vaqti bu.
Bilmam zavol qaydan va iqbol qaydan
Sen qay sori yursang zafar vaqti bu.
Ay dil, tarab ayla, hursan, ozodsan,
Senga tong, vujudga mahshar vaqti bu.
Tegramda chaqmoqlar gullab yotadir,
Hatto kesakning ham guhar vaqti bu.
Men tillo tovoqda boshim keltirdim,
Ay dil, qabul ayla, samar vaqti bu.
Hikmat uzlatdadur, uzlat yurakda
Jon qushin Ollohga sayrar vaqti bu.
Ay dil, hushyor boʻlgʻil, sahar vaqti bu,
Oʻz ichu tashingga safar vaqti bu.
1993


Koʻngil Qushlari

Koʻzimga qamalgan hayron tushlarni
Qayga haydayapsan, devona shamol?
Koʻksimda donlagan chip koʻr qushlarni
Nega aldayapsan, begona ayol?
Bu qushlar – koʻr qushlar, tugʻma koʻr qushlar,
Oʻttiz yil boqyapman yurak yedirib.
Arslon oʻz bolasin turganday tishlab,
Turar tumshuqlarin dilga botirib.
Ajab, dil rohatda, koʻzlarim qaqshar,
Hayron tushlarimni supurar shamol...
Bu qushlar kasalmand bolaga oʻxshar,
Sen esa, shamolga oʻxshaysan, ayol.
1993


Tongi Bedazor

Tun qizlarin billur koʻz yoshi —
Nur taratib titrar shudringlar.
Qayda mening oʻn olti yoshim,
Dilga kiprik sanchgan kelinlar.
Tong hurlarin xushboʻy nafasi —
Yastanadi yam-yashil havo...
Qayda qoldi gullar va’dasi,
Qayda qoldi oʻn olti navo?
Marvaridlar sochilgan dala
Va shamolda boʻm-boʻsh halinchak...
Qayda menga tabassum ila
Oq shudringlar sochgan kelinchak?
Tong qizlari yam-yashil qushlar...
Yastanadi yam-yashil havo.
Endi boʻm-boʻsh chimildiq tushlar,
Endi unut oʻn olti navo.
1994


* * *
Oyoʻchogʻda dil pishdi hil-hil,
Singrab-singrab sitildi sunbil,
Kelorim ham, bororim ham gil,
Xaloskorim, kulbama kelgil,
Jon ustiga mehmonim boʻlgil.
Changaroq*da oy pishdi, hay-hay,
Kiprigimda dur pishdi, bay-bay,
Oqoʻtovda elanar bir nay:
Najotkorim, kulbama kelgil,
Bosh ustiga mehmonim boʻlgil.
Ilojim-u ilmim — iltijo
Oʻzim quvgʻin dilimga sen jo,
Umrim, she’rim senda mustajob,
Dilga yorim, kulbama kelgil,
Jon ustiga mehmonim boʻlgil.
1994


* * *
Bu koʻngul ustina qorlar yogʻdilar,
Bogʻlarin payhonlab oʻtdi boʻronlar
Aqllar, fikrlar hayron bokdilar,
Uning qaytar vaqti boʻldi yoronlar.
Koʻngul kulbasini obod etgan gul,
Himmatingga qulluq, rahmingga qulluq.
Axir nimani ham koʻrdi bu koʻngul,
Gohida sultonlik, gohida qullik...
Bu koʻngul mehridan toshlar eridi,
Qoʻshiqqa aylandi nolai zorlar.
Sulaymon sururi — safar qaridi,
Uning qaytar vaqti boʻldi, agʻyorlar.
Kimnidir qargʻadi, kimnidir suydi,
Sumbula suviga toʻyingan koʻngul...
Bu koʻngul xokisor katta yoʻl edi,
Oʻzdan boshqa hech kim yurmagan bir yoʻl.
1990


* * *
Yaratganga shukr, bizniki bu tun,
Qora sochlarini yoydi tiramoh.
Sen oyday xotirjam boʻlmogʻing uchun
Zulfing zulmatida sindi necha moh.
Masih nafasiday esar bir shamol
Sochlaringni silab... Momo Havosan,
Men ham maqtanishga tayyorman alhol
Tarqalganim bilan Odam Atodan.
Tangriga ming shukr, bizniki bu tun,
Xudoning himmati doim beminnat.
Bersa baxtini ham beradi butun,
Atrofda yastanib yotibdi jannat.
Shoxlarda olmalar oyday toʻlishgan,
Barkamol vasl uchun tangriga shukr.
Bu kecha bagʻrida yolgʻiz qolishgan,
Muhabbati bilan Eshqobil Shukur.
1994


Tilak

Mening muhabbatim nimaga arzir,
Nimaga arzirdi yonib-kuyganim.
Mehr bu sunnatdir, mehr bu farzdir,
Seni xudo suysin, mening suyganim.
Men bir kuyinchaging, tilovching, xolos,
Senga yoʻlamasin mendagi qaygʻu.
Mendan bu dunyoga bir niyat meros,
Seni xudo suysin, obod boʻl mangu.
1994


* * *
Bu koʻngul dashtini buzma, ay dunyo,
Jontortar maylising tuzma, ay dunyo.
Keldik. Qalb yurtida hurlik va baxt bor,
Qullik ila fitna koʻzda, ay dunyo.
...ay dunyo... ay roʻyo...
San iloh javhari, ma’ruf tuz, ay soʻz,
Ishq ipiga dilni bir-bir tiz, ay soʻz.
Keldik. Boshimizda qancha sinov bor,
San guvoh oʻtarsan, oʻzing – koʻz, ay soʻz,
Osmondan kelgan koʻz oʻzingsan, ay soʻz.
ay soʻz ... ay soʻz... ay soʻz...
Biza muruvvatsan, hikmatsan, ay ruh,
San xudo nazari, himmatsan, ay ruh,
Bu tan bugun obod, ertan xarobot,
Bir tola nur uza abadsan, ay ruh.
ay ruh. ... ay ruh... ay ruh...
1993


* * *
Bu ne tamannodur, bu ne koʻrkam noz,
Suygulim, oygulim, chaqmoqning qizi,
Men odam bolasi, mening umrim oz,
Sizga yoʻkdir oʻlim, mangu yolgʻizim.
Bu ne muruvvatdir, bu ne tarahhum,
Meni oʻtga yuvar chaqmoqning qizi.
Tanda tahlika-yu, ruxda taqaddum,
Siz oyday xotirjam, mangu yolgʻizim.
Bu ne fayzli raftor, bu ne tajalli,
Ruhimning bekachi, chaqmoqning qizi,
Men bir oʻtkinchiman, dunyo ajalli,
Sizga yoʻkdir oʻlim, mangu yolgʻizim.
1993


* * *
Sevgilim, sen gulsan, sevgining guli,
Men esa dunyoning zalvorli toshi.
Poyingda umrimning oʻttiz bir yili,
Oʻttiz bir yoshimda aylandi boshim.
Sevgilim, sen oysan, sevgining oyi,
Uzansam yetmaydi... yetmaydi qoʻlim.
Charxi kajraftorning ray’iga moyil,
Oʻttiz bir yoshimda aylandi dilim.
Nechun parishonsan mening qoshimda,
Soʻlim bir ohangsan, soʻlim bir bayot...
Oʻttiz bir yoshimda, mening boshimda,
Tegirmon toshiday aylandi hayot.
Sevgilim, sen gulsan, sevgining guli,
Senga boʻylay olmas na davlat, na shon.
Poyingda umrimning oʻttiz bir yili
Kechikkan gullarday yigʻlar parishon.
1993


Bir Kun

Bir kun kelar...
Yer farishtalari – soʻlim Musichalar
Osmon yuvgan halol tumshuqlarida
Olib keladilar oʻsha Bir kunni.
O, bizning Bir kun kelar...
Kuyinchak momolar, aziz momolar,
Yoʻrgaklab berarlar oʻsha Bir kunni,
Beshikka belarlar oʻsha Bir kunni.
Bobolar kaftiga toʻlar duolar.
O, bizning Bir kun kelar...
Shunda toʻrtovimiz katta supada,
Dasturxon boshida birga boʻlarmiz,
Suvlarday shaldirab kularmiz,
Toʻrtovimiz toʻrtovora boʻlarmiz.
O, bizning Bir kun kelar...
Fotima chumchuqlar farishtalarday
Bir kunning koʻksiga tumor taqarlar.
Chaqmoqqalb qaqnuslar yoʻlning chetiga
Isiriq tutatib olov yoqarlar.
O, bizning Bir kun kelar...
Nonday halol boʻlar dasturxonimiz,
Quyosh kabi butun boʻlar nonimiz.
Shunda toʻrtovimiz bir-birimizga
Koʻngil ushatarmiz, kulgu ushatarmiz.
O, bizning Bir kun kelar...
Shunda toʻrtovimiz Baxtni koʻrarmiz.
Kuyosh bizga atab tugʻar u kunni.
Mening toʻrt joydagi toʻrtta jonim-ey,
Oxir toʻrtovimiz birga boʻlarmiz,
Suyunchi berarmiz musichalarga.
O, bizning Bir kun kelar...
1988


Buzoqningoʻlimidan Soʻng

Uch kunlik buzogʻi oʻlgan sigirni
Sogʻib olayotir befarzand xotin.
Tuyogʻi zirqirab yigʻlaydi jonvor,
«Hoʻsh-hoʻsh»lab kuylaydi qaygʻuli xotin:
«Kuvshab yegin oʻtingni,
Iyib bergin sutingni.
Sening bolang oʻlibdi,
Xurmo* bolang boʻlibdi.
Hoʻsh-hoʻsh, enam-ov, hoʻsh**.
Qaygʻuni yamlamay yutadi xotin,
Alamni kuvshab yeb yotadi sigir.
Tomorqada esa... Ekin ichidan
Bitta bola izlab ivirsiydi er.
Hovlida huvillar besh xonali uy...
Guvillab koʻpayib borar chumoli...
Uzoqlashib borar xotin bilan er,
Bir yayrab kulishga yetmaydi holi.
Uch kunlik buzogʻi oʻlgan sigirning
Sutin sogʻib oldi befarzand xotin.
Ikki jonvor qalbi chayilgan sutni
Oʻgʻri mushuk ichib ketdi oʻsha tun.
1993


* * *
Qahraton chillasi, yaldo sururi...
Koʻzim dashtlarini koʻmdi kumush qor –
Ruhim chehrasida muzlar qaridi,
Kel endi, koʻksimni yorgil, zulfiqor.
Men ogʻir uyquda... Koʻrpam kumush qor.
Sen meni uygʻotgin, uygʻot, zulfiqor.
1994


Yigʻloq Tosh

Turkistonda “Yigʻloq tosh” degan bir manzil bor. Unda bahaybat qoyatoshning ming-minglab koʻzlaridan simillab suv toʻkilib turadi.
Yigʻloq tosh... Yigʻloq tosh...
Kel, birga yigʻlaylik, yigʻloq tosh, —
Bir tunning ichinda, bir osmon ostinda
Sen bir gʻarib toshsan, men gʻarib bosh,
Kel, birga yigʻlaylik oʻzning dastindan.
Toʻgarak qorongʻi... Toʻgarak – sukut...
Ollohning ohiday oydin bir shamol.
Yigʻiga yetildi koʻz ila koʻngul,
Koʻz yoshga yetildi dard ila zavol.
Senga ming-ming koʻz bermishdir, yigʻloq tosh,
Menga bir koʻngilni bergan xudoyim.
Sen yelga taloshsan, men yerga talosh,
Qismat qattiq ekan, bizlar muloyim.
Ming koʻzing mingta gul, yigʻloq tosh,
Gulob qaynab chiqar buloqday ming gul.
Men esa... Ichiga bir daryo toʻlgan
Mingta yirtigʻi bor uvada koʻngil.
Kel, birga yigʻlaylik, yigʻloq tosh,
Bir ona qorninda, bir yurak ostinda
Egizak koʻzlarday yigʻlaylik...
Kel, birga yigʻlaylik oʻzning dastindan.
1992


Ishq Suhbatlari

– Ay, gul, kiymishing oʻn sakkiz bahor, ay, gul,
Soʻyla, qaysi jahon saning qulingdir?
– Ibtidong tufrogʻdir, intihong ham shul,
Bilsang, yetti olam maning molimdur.
– Ay, sarv, yafrogʻlari ishq uyi, ay, sarv,
Soʻyla qaysi boʻston saning bogʻingdur?
– Ey, sen, koʻnglin ishqi oʻz joniga sarf,
Bir nasim uvoldur senga bogʻimdin.
– Ay, moh, ming kechani yopingan, ay, moh,
Soʻyla, zulfing ichra necha toʻfondur?
– Ey, sen, oʻz-oʻziga topingan gumroh,
Har tola sochimda bir tong nihondur.
–Ay, shams, ming yulduzni iyartgan, ay, shams,
Soʻyla, hayot qayda, oʻlim qaydadir?
– Ey, sen, oʻz-oʻzini etolmagan jam’,
Hayot osmondayu, oʻlim yerdadur.
1991


Kambagʻalning Shodligi

Sen yangi botinka kiyib kelgan kun,
Eski botinkangdan qutulgan kuning...
Xotiningning chehrasidagi
Ship-shiydon kuz gulladi birdan.
Bir zarbda gulladi, botinka emas,
Goʻyo sogʻin sigir keltirganday sen.
Gapdon boʻlib qoldi mungli xotining
Sholipoya uzra och chumchuq kabi.
Oʻ, erkak, yigʻlama, oʻzingni tutgin,
Shodlikdan gullagan xotin qoshida.
Shu kech yozilmadi kechki dasturxon,
Koʻzlarni toʻydirdi yangi botinka.
Tun...
Xotining och, shirin uxlar qoʻyningda,
Yuragingni esa gʻarch-gʻurch tepkilar
Yap-yangi botinka.
1988


Kambagʻal Sevgisining Nomukamalligi

Oltinga oʻxshagan toʻgʻnogʻich,
Marvaridga oʻxshagan munchoq,
Odamga oʻxshagan koʻz boylogʻich,
Koʻz boylogʻich boʻgʻziga tiralgan pichoq.
Qonga botirilgan tilloday tirnoq.
Va
Hech narsaga oʻxshamagan sen.
Qasrga oʻxshagan uy,
Tovusning patiday toʻshaklar.
Jannatga oʻxshagan hayot,
Oʻ, jannat, albatta, oʻlimdan keyin
Doʻzaxga oʻxshagan ayroliq,
Doʻzax ham, albatta, oʻlimdan keyin
Haqiqatga oʻxshagan yolgʻon,
Haqiqat, albatta, oʻlimdan keyin
Va senga oʻxshayolmagan bor narsa,
Bor narsa... albatta, oʻlimdan keyin
Yigʻigami oʻxshash bir narsa...
Bu esa... albatta, oʻlimdan oldin.
1989


Surgun

yoxud Qirmiz momo hamda Qurbon momo bilan muloqotlar (Turkum)

(Ular 30-yillarda surgun qilinganlar va bu davrning bor azob-uqubatlarini boshidan kechirganlar)

I. Haydov

Yuzlab odamlarni otning damiga solib haydab keta boshladilar. Qayoqqa? Yoʻlni qamchilar biladi. Nimaga? Ha, bir boyga yaqinliging bor-da? Iloj qancha, el boʻlgandan soʻng elning boyiga ham, kambagʻaliga ham bir tomiring tutashadi-da. Quloq qilinganlarning orasida keksalar ham, bolali ayollar ham, oʻn besh-oʻn oltiga-da yetmagan ulu qizlar ham, noni reza bolalar ham bor edilar. Biz ketaverdik, orqada el izillab kolaverdi.

Qamchi va yelkamning oraligʻida
Mudhish boʻshliq Vatan kabi huvillar.
Yarim oy tovonim gʻarch botgan tigʻdan
Yer tishlab yotibdi oʻlik ovullar.
Mashrikda yarimsan, Magʻribda yarim,
Rahmati talangan yagona xudoy.
Qaygʻuli oyatday oqar koʻzlarim,
Ikkiga boʻlinib ketayotir oy.
Oyogʻim osmonda, qoʻlim zanjirda,
Meni yutaverar ulkan Yoriltosh.
Minorlar quladi Movarounnahrda,
Hirotda ikkiga boʻlindi quyosh.
Oʻzimning dodimni oʻz koʻnglim tinglar,
Labimdan jon kabi sachraydi «Qur’on».
Bir yurak izlaydi tul qolgan munglar,
Bir xalq izlaganday beva Turkiston.
Ikkiga boʻlinib borar edim men,
Singan kema kabi oʻz qonimga gʻarq.
Ikki xoqonlikka emas-da, ikki
Qullikka boʻlinib borar edi xalq.

II. Bitlar

Biz K...ga borganimizda, u yerga bizdan oldinroq olib borilgan oʻzbeklarni uchratdik. Ularning hammasi kasal edilar. Shunda ham kechani kunduzga, kunduzni yulduzga urib, mashaqqatli mehnat qildilar. Gruzinlar bizga «Eldoshlaringga yaqinlashmanglar, ular eng ogʻir joylarda ishlab, bitlab ketdilar» deb aytishdi.

U bitlar bahaybat bitlar edilar,
Ogʻzi Osiyoda topilmas oʻpqon.
Boshdanmi, oyoqdan yoyverardilar,
Koʻzi Ovroʻpoda ishlangan qopqon.
Quyosh — kechki ovqat yovuz dahoga,
Shafaqlarni yutdi qop-qora tuman.
Yigirma asrda koʻhna dunyoga,
Yangi shajarada qaytdi Ahraman.
U bitlar bahaybat bitlar edilar,
Ogʻzi Osiyoni yutguvchi oʻpqon.
Minorlarni yulib koʻza qildilar,
Va minglab koʻzaga toʻldirdilar qon.
Yutilib borardi xalqlar, elatlar,
Bir oʻpqon olamni choʻchitar edi.
Oʻzidan koʻpaymay qoʻyganda bitlar,
«Daho» oʻz pushtidan urchitar edi.
U bitlar bahaybat bitlar edilar,
Qopqoniga toʻldi xalqlar, vatanlar.
«Daho» — Bitlar xalqlab ketdi — dedilar,
Qutqaring bitlarni, ketdi vatanlab.
Xomiylar yeldilar sermab qilichin,
Oʻlik tanlardan-da izladilar jon.
Soʻng harom bitlarga tahorat uchun
Keltirib berdilar ikki daryo qon.
U bitlar bahaybat bitlar edilar.

III. Palaxmon

U yerda faqat qizlar va ayollar ishlar edik. Bir boʻlak non uchun jonimizni berardik. Oʻsha yokdan tayinlangan brigadir qizlarni ham, ayollarni ham ayamay kaltaklardi. Oyoqosti kilib haqoratlar edi.

Otding-ku bu yurtning oʻgʻillarini,
Toshlarini otding oʻziga tomon,
Mening yuzlab suluv singillarimni
Axir, qayerlarga otding, palaxmon?
Baxmal chimildiqlar qoldi angrayib,
Yirtilgan toʻshaklar yigʻladi yomon.
Yostigʻida oylar ketdi qorayib,
Hurkak singillarim qani, palaxmon?
Har biri bir elga ena boʻlguday...
Ellar enasizdir, yetimdir hamon.
Yuzlab mamlakatni obod qilguday,
Yuzlab singillarim, qani palaxmon?
Tandirlar oʻyildi. Oʻchoqlar oʻchdi.
Yigʻladi, beshikka belangan armon.
Sen yerda qay qonli qoʻllarga tushding,
Xudoning qoʻlidan tushgan palaxmon.

IV. Chorlov

Surgundagilarning koʻpchiligi oʻlimni boʻyniga olgan edi.Lekin ularning bir armoni bor edi. Omonatni oʻz tuprogʻi, oʻz elida topshirish armoni. Oʻlimdayam oʻlim bor-da. Koʻplarning bu armoni ushalmadi. Oʻlayotganlarning hammasining joni sachrab ketdi. Sogʻinib yetolmay oʻlish oʻlim emas, xorliqdir.

Bu yerlardan ketaylik, yurgin,
Qoʻlingni ber, yuragingni ber.
Koʻzlaringni koʻzimga bergin
Va etimga suyagingni ber.
Qaro yer ostida yotganim,
Yashamay ham oʻlmay ketganim,
Qon balchiqqa gullar otganim,
Bu yerlardan ketaylik, yurgin.
Yer ostiga oʻsgan sochlaring,
Koʻkarar tosh tirnoqlaringni,
Qoldirmagin, qoldirma bunda
Moviy arvoh — bayroqlaringni.
Kun koʻrmay, yer bosmay oʻtganim,
Boshi qonga oyday botganim,
Goʻr ichra oʻlolmay yotganim,
Bu yerlardan ketaylik, yurgin.
Oʻlik tirik gʻaribim, yurgin,
Bayroqqa ayt, taxlasin koʻchin.
Qabrdan chiq, koʻnglingni bergin,
Vatan bor-ku oʻlmoqlik uchun.
Koʻk-qizili kuyib yotganim,
Yot tuprokdan toʻyib yotganim,
Yurtni suyib... suyib yotganim,
Bu yerlardan ketaylik, yurgin.

V. Ochlik

Ne kunlar oʻtmadi bu boshdan. Non deb oʻylab kovushlarni tishlab oʻlib qolgan bolalarni oʻz koʻzimiz bilan koʻrdik. Ochlik qirgʻinni keksalar va bolalardan boshlagan edi.

Bir juft koʻz kosasi... Limillar nola,
Osmon — kuyindilar kuydirgan hovuch.
Tutilgan oy emas yeganing, bolam,
Yeganing - egasi yoʻqolgan kovush.
Magʻzi kul bir bugʻdoy qobigʻi - olam,
Zamin — toʻkilmagan bir kosa sabr.
Tandir kesagimas yeganing, bolam,
Yeganing kimningdir suyagi — koʻmir.
Bir juft koʻz kosasi... Toʻkilar nola,
Oʻchar yonayotgan boshoqday quyosh.
Tutilgan kun emas yeganing, bolam,
Yeganing, boshimni yorgan qora tosh.
VI. Naqshigulning Tushlari

Naqshigul, Roʻzigul, Maqsadgul, Norsuluv degan xorazmlik dugonalarimiz bor edi. Naqshigul bir suluv, bir qaygʻuli edi. U har kecha tushida Xorazmni koʻrardi. Biz qaytdik?.. Ular uyoqlarda qolib ketishdi.

Yer guli, Naqshigul, bormisan omon,
Tushovli kiyigim, ma’yus xushroʻyim.
Makka chopib kelar Xorazm tomon,
Ochilgan qabrday huvillar uying.
Sening tushlaringni koʻrdim, Naqshigul:
Tishlab turar eding yurakni mahkam,
Tegirmon quyoshni yanchardi nuqul,
Yanchardi Xorazm oylarini ham.
Har kecha xudodan yurtni soʻrarding.
Zamon choʻqilardi nolalaringni.
Urgʻochi yoʻlbarsday tishlab turarding
Hali tugʻilmagan bolalaringni.
Tishlab turar eding Vatanni mahkam,
Charnovuq labingni yirardi nuqul.
Kirib borayapman tushingga men ham,
Men seni sevaman, qaytgin, Naqshigul.
Tishlab turar eding mahkam millatni,
Zanglagan zanjirni tishlar eding sen.
Qontalash yelkangda koʻrib davlatni,
Koʻzimning ichida yigʻlar edim men.
Xorazmni mahkam tishlab turarding,
Kulguching — yigʻichi, iyaklaring qon.
Ularga qizlik qirq joningni berding,
Qoldi Vatan kabi tishlangan imon.
Tunlar bitiktoshi tushingni topdim,
Oʻzing qaylardasan, aytgin, Naqshigul,
Bekafan tanlarni koʻz bilan yopdim,
Men seni sevaman, qaytgin, Naqshigul.
Qaytgin, bu dunyoda diyorlar oʻldi,
Zora u dunyoda bormisan omon.
Yer-osmon orasi fitnaga toʻldi,
Qaytgin, Xorazmning ahvoli yomon.
1989


Usmon Nosir

Orangizdan yashab oʻtdi bir shoir,
Oʻrtada yuragi — ochildasturxon.
Bir kun salom bermay, qirq yil ichdingiz,
Undan qirq yilgacha yedingiz-ku non.
Orangizdan yashab oʻtdi bir shoir,
Arvohlar sarqitin yolgʻiz yedi u.
Yedi iztirobning sovuq poʻstlarin,
Boʻshab qolganida ochildasturxon,
Shoir oʻyib berdi sizga koʻzlarin.
O, ojiz bandalar, ochkoʻz bandalar,
Shoirning koʻzlari achchiq ekanmi?
Xudo toʻydirmagan och xoʻrandalar,
Sizni shoir koʻz toʻydirarkanmi?
Orangizdan yashab oʻtdi bir shoir,
Oʻrtada yuragi — ochildasturxon.
Undan qirq yilgacha Vatan yedingiz,
Qirq yil chanqoq bosdi sof oʻzbaki qon.
O, ojiz bandalar, ochkoʻz bandalar,
Yetmish qarich ilon qora tillaring.
Xalqning yuragiga oʻch xoʻrandalar,
Uzansa, bir yoqa topdi koʻllaring.
O, ojiz bandalar, ochkoʻz bandalar,
Bir kun salom bermay, qirq yil yedingiz.
Yopilib qolganda ochildasturxon,
«Shoir — xalq dushmani» dedingiz.
Shoir qaytib bordi tangri qoshiga,
Ogʻrinib, kuyinib dardin aytar u.
Ochildasturxonda bir Vatan qoldi,
Tangridan urtoʻqmoq soʻrab qaytar u.
1989


Ikki Dunyo Oraligʻidagi Qofiyasiz Tushlar

* * *
Uch kunlik oy, yoʻrgakdagi oy
Shart kesib tashladi boshimni.
Besh kun oʻtgach, qorongʻi besh kun
Oʻmgan tomirimdan koʻkardi bu gul,
Paygʻambar boshiga oʻxshash ulkan gul.
* * *
Nega yigʻlayapsiz, koʻllarim?
Oyoqlarim,
Nega yulib tashlayapsiz tirnogʻingizni?
Bor-yoʻgʻi uch ming yil yashadik hali
Tosh asrida, temir asrida,
Nega yigʻlayapsiz, koʻllarim,
Oyoqlarim nega yigʻlaysiz?
Hali manzil uzoq Odam asriga.
* * *
Tushlarimning sayoq burjida
Ayanchli tishlarin botirib
Boldirimdan tishlar bir kuchuk.
Kalima qaytarib qochib boraman...
Yopishib qolganday oyoqlarimga
Badtar tishlayverar la’nati kuchuk,
Shaytondan tarqagan la’nati kuchuk.
Qoʻrqib uygʻonaman. Chiroqni yoqdim.
Qaynoq ter yuvadi sovuq hujramni
Xayriyat... gʻaybga qaytibdi kuchuk.
Soʻng qoʻrqib qaradim oyoqlarimga
Endi tushimdamas, oʻngimda koʻrdim:
Kuchuk tishlarining ayanch izlari
Baqrayib turardi boldirlarimda,
Ulardan sirqirab sizar edi qon...
* * *
Hazrati Hizrning boshmaldogʻiga
Uya qoʻyib qaytgan oq qaldirgʻochni
Chaqirib-chaqirib charchar yuragim...
Qonga botgan oyning chimildigʻida
Yulduz tirnogʻi-la soʻnggi terisin
Qaygʻuli-qaygʻuli archir yuragim...
* * *
Osmon balchigʻida notavon qushday
Uchib borayotir xaroba bir uy.
Toptalgan erk kabi, kuygan kitobday
Uchib borayotir xaroba bir uy.
Odamlarni yerga lash-lushday tashlab,
Koʻchib borayotir xaroba bir uy.
1992


Shoir Janozasida Xaloyiqqa Tarqatilgan Yirtishlar

* * *
Qaylardan kelyapsan, qiblaning qizi,
Nega tirnogʻingdan tizzanggacha qon?..
Zarxaltangda qancha oshiq yulduzi,
Oyogʻing ostida necha dil talqon...
Qaylarga ketyapsan, qiblaning qizi?..
* * *
Bu umr oʻtkinchi! Ne qolur bizdan,
Ne murod, bu vujud, bu dil, bu soʻzdan?
Bizni qabul etmas na haq, na fano
Oʻzdan kelibmiz-u, qaytmabmiz oʻzdan.
* * *
Bu jahon mulkida men kim boʻlibman?
Bir yulduz dumidan tushgan oʻlikman.
Bir nafas ato et, bir ishq ato et,
Bu oʻlik dunyodan ketay tirik man.
* * *
Bu gʻarib kulbaga chiroq yoqib qoʻy,
Shamolday oʻtkinchi gʻarib yoʻlovchi.
Men ketdim, mungʻaygan yuragim qoldi,
Gʻarib xarobaga chiroq yoqib qoʻy
1992


Umid Kechasi

Chorladim qadimiy muqaddas ruhni,
Yuragimga qaytdi quvgʻindi kalom.
Yorib chiqqandayman mangu anduhni,
Qoʻllarim tilida yangradi «salom».
Turnalar sukutning bagʻrini yordi,
Qizlar qabogʻida yondi qizgʻaldoq.
Chumchuqlar chugʻurin yutib yubordi,
Koʻkragimda singan momaqaldiroq.
Momolar qirlarga boqdilar — Armon —
Umrning soʻng manzil soʻqmoqlarida.
Bolalar afsona izlar — hayajon —
Daryolarning soʻlim qirgʻoqlarida.
Koʻzlarga toʻkilar endi ohista
Osmon malaklari — yulduzlar bari.
Bu kech darichangdan kiradi asta
Dunyoning qaytmagan paygʻambarlari.
Umid kechasi bu — ... najot kechasi...
Tavof qil samoviy qoʻlchalarini.
Talangan bagʻringga qaytmish barchasi,
Tavof qil, xudoning elchilarini.
Baxshi armoniday toʻlqinli yoʻllar,
Mudroq manzillarni yelpiydi boʻshliq.
Xilpirab bayroqqa aylandi qoʻllar,
Barmoqlarim — qoʻshiq, tirnoqlarim — qoʻshiq.
Togʻlarning koʻksida yurak loladay,
Kelinlar soʻylaydi tilaklarini,
Qishni soʻkib qoʻygan duduq boladay
Osmon yechib tashlar koʻylaklarini.
Qalqiyman yirtilgan bayrogʻim bilan,
Umid kechasi bu... oʻ, xalqim uygʻon.
Armonga aylangan tirnogʻim bilan
Yurak poʻstlogʻiga yozaman doston.
Utgan tunlarimni boʻzlab oʻtkazdim,
Ulfat ermagidan topmay tasallo.
Kel, deb raqibimga gullar tutqazdim,
Quchogʻimdan qochdi muqaddas ollo.
Mening vujudimga uyalar qurgan,
Qoʻyib yubormadim qaldirgʻochlarni.
Doʻstlarning oʻrniga gung boʻlib turgan,
Quchoqlab yigʻladim simyogʻochlarni.
Zamin aylanganday aylandi boshim,
Xayyom qoʻllarimga tutqazdi sharob.
Tunlar qiz oʻrniga quchoqlar meni
Verterni qiynagan buyuk iztirob.
Oʻzbaki dilimni avramoq uchun
Boqdilar ishshayib, boqdilar chirik.
Akang gʻanimlarin qargʻamoq uchun,
Singlim, sen nimaga qolmading tirik.
Taqdir, mard kelmading bu elga bir bor,
Yoqangga qoʻl choʻzar yigirma yoshim.
Oltmish ming faslni qiladi qator
Mening Yer sharidan kattaroq boshim.
Menga nasihatlar sotdi minbarlar,
Tupuklar sachratib, ranglari boʻzdek.
Men seni esladim shu damda muztar,
«Oq oltin» ostida ezilgan oʻzbek.
Yalangʻoch kunlarim, juldur yillarim
Zamonning boʻgʻziga qoldi tiqilib.
Koʻzimda yashagan tutqun ellarning
Soʻnggi tulporlari ketdi yiqilib.
Gohida sotdilar sodiq doʻstlarim,
Taq etib yopdilar darichalarni.
Sotqinni toping, — deb soʻngra oʻzlari
Qoʻyib yubordilar ovcharkalarni.
Men esa, yurakni otdim bemalol,
Yanglishib ketdingmi, o, sodda bardosh.
Soʻngra itga suyak tashlagan misol.
Qilmoqchi boʻldilar uni xomtalosh.
Yana nelarnidir izlay boshladim,
Oʻn soniga yolbor, dedi Pifagor.
Yozgan she’rlarimni otib tashladim.
Ularga kafandir yurakdagi nur.
Siz mening holimga boqasiz hayron,
Ming yillik qonunlar, sizni buzaman.
Valekin, baribir xudo suratin
Oʻzimning rasmimga qarab chizaman.
Takdir sahnasida hayronlar qoldim,
Kimgadir tasallo, kimgadir tabrik.
Lekin, olis ruxdan maktublar oldim:
«Eshqobil, bormisan olamda tirik!»
Chorladim, makonni rad etganda Vaqt,
Lahzaga qaytganda uzun asrlar,
Chorladim, eridi muzlab qolgan Baxt,
Olamga navbatsiz kirdi fasllar.
Chorladim, qadimiy muqaddas ruhni,
Himmating ulugʻdir, borligʻing saxo.
Janglarga chaqirdim sokin qoʻshiqni,
Oʻzing madadkor boʻl, ismsiz daho.
Billur koʻylaklarin yechdi daryolar,
Nayson nafasingda choʻmilmoq uchun.
Mehrobin tark etdi dinlar, xudolar
Qanotingdan oʻsgan bir bayroq uchun.
Hayot, men-ku sendan ortda qolmayman,
Bahor quyoshiga tutay koʻkrakni,
Meni tushuning, deb hayqirolmayman,
Kechiring, izohlab boʻlmas yurakni...
Sevgilim, kulgingning sharafi, shoni,
Bosh urib yigʻlayin oyoqlaringga.
Odamlar yoʻqotgan buyuk dunyoni
Men topib olaman quchoqlaringdan.
Sevgilim, soʻngra biz baxtli boʻlamiz,
Mangu erk beramiz orzu, xayolga.
Kun kelib yonma-yon ta’zim qilamiz
Hurlik askarlarin tuqqan ayolga.
Umid kechasi bu... Najot kechasi,
Koʻzga surt muqaddas qoʻlchalarini.
Talangan bagʻringga qaytmish barchasi,
Tavof qil erkinlik elchilarini.
Qoʻllarimda qalam titraydi yana,
Manguga bor boʻlsin Haqiqat va She’r.
Seni quchoqlayman qoʻrqib jimgina,
Hoʻkizning shoxida titrab turgan Yer.
Quvgʻindi sultonday yellar kezdilar,
Meni olib ketdi uchar gilamlar.
Osmonlarda oppoq qushlar suzdilar,
Yuraklar dogʻini yuvdi shabnamlar.
Yana xotiralar kirib keladi,
Sochlari yelkada yoyilgan malak.
Horgʻin vujudimni sarxush qiladi,
Ulkan toʻyxonaga aylanar yurak.
Gullar yayraydilar keksa dunyoda,
Yomgʻirlar soʻngida mavjlanar toshlar.
Boychechak gullagan Surxondaryoda
Otam oʻzbeklarning toʻyini boshlar.
Men esa, chorlayman qadimiy ruhni:
Himmating ulugʻdir, borligʻing saxo.
Janglarga chaqirdim sokin qoʻshiqni,
Oʻzing madadkor boʻl ismsiz daho!
1981


Mangulikdan Ketgan Darz

Munosib emasman senga hech qachon,
Munosib emasman, nochor va noʻnoq.
Men bugun oʻlimga topshirdim bir jon,
Oʻttiz toʻqqiz jonim qoldi-ku, biroq.
O, yurak bor-yoʻgʻim, seni chaqirdim,
Soʻng otdim agʻyorlar tovogʻi tomon.
Soʻnggi chiroqlarni koʻzdan oʻchirdim,
Ajab tomoshadan kular olomon.
Kecha ogʻir edi. Kecha dilozor...
Yaxshilar, yomonlar, qolmang gʻaflatda.
Har bitta odamning qirqta joni bor,
Bir yurak ichida qirq jon, albatta.
Zotan, aziz doʻstga aytibman vido,
Meni teatrga chorlar olomon.
«Sen nega bizlarni toq qilib qoʻyding?» —
Yigʻilib keladi oʻttiz toʻqqiz jon.
Qaydasiz koʻz yoshlar? Qaydasan, vijdon?!
Chorlayman vahmali, sharafsiz, shonsiz.
Boʻgʻzimga tiqilar oʻttiz toʻqqiz jon,
Yashab boʻlmayapti qirqinchi jonsiz.
1985


Oltin Qoʻzichoq

I

Ona sovliq boʻzlar ogʻzidan
Laxta-laxta qizgʻaldoq toʻkib,
Siniq toshday tiqiq boʻgʻzida
Toʻqqiz oylik oyatlar yuqi.
Bir ingroq toʻldirar boʻshliqni,
Bir karam qilmasmi yaratgan?
Xudo suyub urdi sovliqni
Oltin qoʻzi berib falakdan.
Qargʻishlar tutmasmi borliqni —
Laxta-laxta qora qizgʻaldoq,
Xudo suyub urdi sovliqni —
Tugʻdi yana oltin qoʻzichoq.

II

Sovliq oʻzin har yonga otar,
Goh xudo, goh shaytonga otar.
Oltin qoʻzichoqni soʻyarlar...
Yeliniga toʻladi yurak,
Qip-qizil sut boʻladi yurak.
Oltin qoʻzichoqni soʻyarlar...
Chaynagani odamning oltin,
Sovliq esa, chaynar hayotin.
Oltin qoʻzichoqni soʻyarlar.

III

Oltin qoʻzichoqning soʻyilar chogʻi
Boʻri boʻlgisi keldi sovliqning,
Yoʻlbars boʻlgisi keldi...
Baliq boʻlgisi... Chumoli...
Fil boʻlgisi keldi sovliqning...
Qoplon boʻlgisi keldi...
Qurbaqa boʻlgisi...
Chuvalchang...
Lekin,
Odam boʻlgisi kelmadi sovliqning.
Odam boʻlgisi kelmadi sira.
1988


Urushdan Keyingi Urush

(Turkum)

Asorat

Bulutlar parchasi — koʻk koʻylak yana
Omon chiqayotir qirqinchi qishdan.
Holing nima kechdi, holsizim, onam,
Qaytib bormayapman urushdan?
Kecha xoʻrsinadi, kuyib ketar oy,
Koʻngil siniqlarin yamaysan tushda.
Holing nima kechdi, bir holim, otam,
Qaytib bormayapman urushdan?
Iffat zarpardasi — Sharqning roʻmoli
Suyuq gavharlarga toʻlar tuyqusdan.
Holing nima kechdi, jufti halolim,
Qaytib bormayapman urushdan?
Muhammad paygʻambar gʻazotdan qaytdi,
Suvorov qaytadi qaytganday ishdan.
Che Gevara qaytdi, Robin Gud qaytdi,
Eshqobil qaytmadi hamon urushdan.
1988


Urush

«Opa, Vatan — ulugʻ dard,
Opa, Vatan bogʻ boʻlsin.
She’rda suratin chizsam,
Toʻrt muchasi sogʻ boʻlsin.”
Usmon Azim
Urush!!!
(Baqirib yuborar undov belgilari,
Askarlar tayangan qoʻltiqtayoqday)
Urush...
(Nafas ololmasdan qolar nuqtalar
Qoʻrgʻoshin uch marta teshgan yurakday)
Qiynab qoʻymadimi sizni, otalar,
Goʻdak bolalarning katta soʻrogʻi?
Vatan tuprogʻini hamon tush koʻrar,
Jangchining Berlinda qolgan oyogʻi.
Salomga chap qoʻlni uzatar sekin,
Horgʻin vujudida asabiy titroq.
Oʻng qoʻli vujuddan olisda, lekin
Tinchlik deb zulmatda koʻtargan chiroq.
Urush!!!
(Baqirib yuborar undov belgilari,
Sogʻinchdan qurigan daraxtlarday)
Urush...
(Nafas ololmasdan qolar nuqtalar,
Maydalab tashlagan qorxatlarday)
Siz qaytib keldingiz urushdan,
Qaysingizda oyoq... Qaysingizda qoʻl...
Qaysingiz koʻzdan-u, qaysingiz pushtdan...
Lekin koʻkraklarda hilpiraydi gul.
Vujudsiz oyoqlar yer sharin yorib,
Olgʻa yuguradi, hansirar gʻanim.
Siz-chi, shivirlaysiz qishloqqa borib:
«Sening oyoq-qoʻling sogʻmi, Vatanim».
1985


Oʻzbek Otaning Qirq Uchinchi Yildagi Faryodlari

Yer yigʻlar, osmon yigʻlar,
Koʻksimda toʻnar ohim.
Koʻz — doʻzax, rizvon yigʻlar
Yigʻlaydi siniq mohim.
Dil — ikki jahon yigʻlar:
Voy bolam-a,
Voy bolam.
Toʻlmay ketgan
Oy bolam!
Oʻchogʻimda oʻng-tushlar
Qalovli qorday yonar,
Tunni kiygan boyqushlar
Koʻnglimni choʻqib oʻynar.
Ilonlarning poʻstidan
Iylangan vahma-poʻstak,
Orzularning ustida
Baqrayar kaltakesak.
Voy bolam-a,
Voy bolam!
Oqmay ketgan
Soy bolam!
Qonli kafan hilpirar,
Boʻgʻzimda kuygan shamol.
Tun... Yulduzlar dildirab,
Qoʻynimda muzlar behol.
Itday uvlaydi oqshom
Gʻarib qolgan darchada,
Koʻzimda qon toʻla shom,
Huvillaydi koʻchalar.
Voy bolam-a,
Voy bolam!
Kuysiz singan
Nay bolam!
Azador eshigimda
Qushday osilgan koʻnglim,
Tobutmas, beshigingda
Tebranib yotar oʻlim.
Voy bolam-a,
Voy bolam!
Sut qoʻmsagan
Toy bolam!
Hayot, qoʻrqma, hayot sen,
Yemish boʻlmas, yuragim.
Lek, gumburlab quladi
Osmonimga tirgagim.
Voy bolam-a,
Voy bolam!
Boʻlmay qolgan
Toʻy bolam.
Yer yigʻlar, osmon yigʻlar,
Koʻksimda toʻnar ohim.
Dil — ikki jahon yigʻlar,
Yigʻlaydi singan mohim.
1984


Qirq Uchinchi Yil Qoʻshiqlari

1

Oshlarning ustida har kuni duo,
Qoshlarning ostida mungʻayar vido.
Men tunning titrogʻi, Oyning titrogʻi.
Tilimning uchida yashaydi xudo.
Tushlarim tebratar beshiktebratar,
Koʻzlarim tebratar eshik, tebratar.
Men tunning sukuti, oyning yigʻisi,
Chorlov qoʻllarimni boʻshliq tebratar.
Yoʻllar, koʻzlarimni horitdi yoʻllar,
Jonday soʻzlarimni qaritdi yoʻllar.
Men — hayot ovunchi, sogʻinch sogʻinchi,
Sening diydoringga zor etdi yoʻllar.
Ogʻir sadolarga toʻladir olam,
Tiyra samolarda sinadir nolam,
Nega qucholmayman, oʻpa olmayman,
Axir, yuragimda yuradir bolam.

2

Dard, nidoga aylanar kecha,
Iltijoga aylanar kecha.
Sadoqatli bitta banda-yu
Bir xudoga aylanar kecha.
Koʻzim ogʻrir, yuragim ogʻrir,
Tilim ogʻritadi qoʻshiqni.
Tun xotirjam, koʻngil besabr,
Sovuq oy yondirar boʻshliqni.
Boʻgʻzimni yulduzlar kuydirar,
Umrim ogʻrir, oʻlimim ogʻrir.
Kechamni kunduzlar kuydirar,
Kunlardan ham lahzalar ogʻir.
Tun bezovta, yoʻllar yigʻlaydi,
Yurakka sanchaman qoʻlimni.
Ne qilay, qoʻlimdan kelmaydi,
Oʻldira olmayman oʻlimni.
1986

Toʻlgʻonoy

“Sensiz Oʻzbekiston Oʻzbekistonmas!”

Mirtemir

Yasharding koʻzlarning qarolarida,
Undagi bogʻlarning arolarida.
Sen bir suluv eding sochlari joʻshgan,
Qoshingda hayratlar hayratga tushgan.
Yigʻlarding, o, hech kim yigʻlamas senday,
Kularding, o, hech kim kulolmas unday,
Goʻzal kamalakning yetti rangini
Rad eta olardi shoʻx kulgularing.
Bolalar kuylardilar sening haqingda,
Nolalar kuylardilar sening haqingda:
«Tolim sochlaringning oʻrimi mayda,
Zolim qoshlaringning terimi mayda.
Mayli, vaslingni deb tunlar toʻlgʻanay,
Faqat, meniki boʻl, suluv Toʻlgʻonoy».
Seni koʻplar sevdi, qilolmay toqat,
Goho olam bilan chikdi yuzma-yuz.
Seni koʻplar sevdi, sen esa faqat.
Toʻlishgan oy kabi barkamol, ma’yus.
Goho muhabbat deb bosh koʻtardi musht,
Kimning boshi yoriq, kimning burni qon.
Kimgadir izza-yu, kimgadir olqish,
Sen esa, oʻrtada kuyinchak vijdon.
Oʻsmirlik, gʻayrating, kuchingga sharaf,
Sening huzuringda lol qolar olam.
Sen jangga kirasan tarafma-taraf,
Oʻrtada Toʻlgʻonoy — sevinch va alam.
Toʻlgʻonoy, ketdilar ular urushga,
Endi Vatan deya jangga kirdilar.
Oʻqlar ovozidan titragan tushda,
Sening yoningdagi yurtni koʻrdilar.
Qilgan achchiqlaring qiynaydi goho,
Sendan va olamdan ketar koʻplari.
Sen soʻnggi qarorga kelasan illo:
«Suyukli edilar ularning bari».
Qishloqqa kuyinib sirli oʻtinib,
Xabarlar keladi, ogʻir xabarlar.
Bunda hayot suvi — umid sutini
Har tun emib ketar echkiemarlar.
Sening yuraging ham oʻrgandi qargʻish
Va tunlar falakdan tilashni omon.
Xalqlarni qaqshatdi dahshatli urush,
Sen nega oʻrtada boʻlmading vijdon.
Bu ulkan dunyodan ulkan davlatlar
Foje’ sahnasida keldi yuzma-yuz.
Toʻxtatib qolmoqqa endi ularni
Vijdon boʻlolmadi bokira bir qiz.
Sen tunlar chorlaysan ketganlar ruhin,
Besamar soʻroqqa tutib xudoni.
Oʻsha million-million shahidlar uchun
Gunohkor sanaysan butun dunyoni.
Toʻlgʻonoy, ketdilar ular urushga,
Sening xayoling-la jangga kirdilar.
Oʻqlar ovozidan titragan tushda
Sening yoningdagi xalqni koʻrdilar.
1988


Xotiralar

Meni xotiralar qiynaydi ogʻir,
Befarzand ayolday xotiralar...
Yetimlarday izlar qaynoq bir bagʻir
Koʻzlari shamolday xotiralar.
Meni xotiralar qiynaydi ogʻir...
Qalblari, vasl ila firoqlarini
Yillarim yeb qoʻygan xotiralar,
Yuragimga bosib oyoqlarini
Suyaklari kuygan xotiralar.
Meni xotiralar qiynaydi ogʻir...
Uzun sochlariga olov tutashib,
Shamollar uchirgan xotiralar.
Kipriklari bilan yulduzlar tashib,
Koʻzda suv ichirgan xotiralar.
Meni xotiralar qiynaydi ogʻir...
Yurakdan kuyingan bemorlar kabi
Ogʻir xotiralar birma-bir oʻtar...
Kuyuk tabassumdan yorilib labi
Osmon kafaniga oʻralib ketar...
Meni xotiralar qiynaydi ogʻir...
Koʻzlari shamolday xotiralar...
1989


Men Va Musicha

Manzar qirgʻogʻida muncha qaygʻuli
Javdirab turarsan, singlim musicha.
Meni odam qildi dunyo dogʻuli,
Men ham musichaydim... Koʻnglim musiqa.
Men bunda begona, qanotsiz, daydi,
Yuragim uloqdir, dunyo otchopar.
Toptalgan dilimni obketolmaydi
Manzardan javdirab boqqan mushtipar.
1994


Gung Hikoyasi

Avaz sukunatning bolasi edi,
Singilday suyardi musichalarni...
Tengdoshlari — odam bolalaridan
Itdan qoʻrkqan kabi bezib yurardi.
Takabbur tengdoshlar goho ermakka
Ovlab oʻldirardi musichalarni...
Singillar oʻligin koʻrganda Avaz
Ovozsiz-ovozsiz hayqirar edi.
Bezib xoʻrliklardan, haqoratlardan
Xilvat goʻshalarga ketardi Avaz...
Ovloqda onasi Sukunat bilan
Uzoq gurunglashar, uzoq oʻynardi.
Ovloqda Avazning gʻarib boshini
Mehribon silardi buyuk bir ovoz.
Bunda halok boʻlgan musichalarning
Qanoti ostida kuylari Avaz
1997


“Nasoyim Ul Muhabbat”Ga Sayr

Munojot

Borliq ham yoʻqlikda mutloq oʻzingsan,
Yoʻqdan bor etuvchi xalloq oʻzingsan.
Ojizman, vasfingga biror soʻzim yoʻq,
Bir qutlugʻ soʻz ichra hali oʻzim yoʻq.
Bu xarob koʻngilga davlat ato et,
Rahm qil, rahmligʻ rahmat ato et.
Karimsan, karaming besarhad kengdir,
Bir nazaring ikki jahonga tengdir.
Bu tun koʻr koʻzimga nur tushsa, shoyad,
Dilim hidoyatga yoʻl qoʻshsa, shoyad.
Dunyoga qoʻl berib gunohkordirman,
Vale, karamingdan umidvordirman.
Qay dilda sen yoʻqsan, u dil oʻlikdir,
Eng buyuk ozodlik senga qullikdir.

Bizga Birga Xitob

Bitik bitmoq ersang, ey roviy,
Qoʻlingni yurakka botirib bitgil.
Savob yozmoq ersang, ey osiy,
Manglayingdan oʻzing bir yurib oʻtgil.
Dunyo koʻrmoq ersang, ey soʻqir,
Oʻz koʻzing ichiga bir kirib oʻtgil.
Oshiq boʻlmoq ersang sen oxir,
Qoʻlingni boʻshatib, dil ichra ketgil.

Shayx Uvays Qaraniy

I. OʻTTIZ IKKI TISh DOSTONI

(Ul zot) «Uhud urushida paygʻambarning muborak tishin shahid boʻlgʻonin eshitib, mutobaat (tobe’lik, ixlos) uchun oʻttiz ikki tishin ushotti».

Yurakka qadalib yotgan toshlarni
Birma-bir sugʻurib olganday goʻyo.
Shayx Uvays ushatar durday tishlarin,
Qonga botar tilin ostida dunyo.
Bir parcha nur kelib tekkan Olloxdan
Haqiqatning ramzi bu ulugʻ manglay,
Hamdu sano uchun rasulullohga
Laxta-laxta qondan soʻz qilgan tanglay.
Shayx Uvays tishlarin sugʻurar tezlab,
Havoda qanotday koʻkarar har tish.
Soʻng yetti vodiydan Simurgʻni izlab,
Uchib borayotir oʻttiz ikki qush.

Shayx Boyazid Bistomiy

I. Namoz

«Va sultonul orifin Boyazid Bistomiy namoz qilsa erdilar, qa’qaa alarning koʻksi soʻngaklaridan chiqar erdi».

Mashoyix ogʻrinib qilar malomat:
Shayxda ilm tovushi, ilohiy ovoz,
Koʻksida Ka’basin qurgan diyonat,
Vale Shayx nechukdir oʻqimas namoz.
Uning koʻzlarida islom yulduzi,
Yuzlarida esa xudo nuri bor.
Odammas, haqiqat farzandi oʻzi,
Lek namoz oʻqimas, ul shayxi nomdor.
Mashoyix ta’n qilur, mashoyix soʻroq:
«Sidq qayda, Boyazid, riyozat qayda?»
Shayx esa xotirjam, islomiy bayroq
Kabi qoʻzgʻoladi joyidan:
«Ey siz ulamolar, ta’nadan oldin,
Mulohaza eting, koʻring holimni...»
Deya shayx Boyazid namoz boshladi,
Jon koʻrib qolganday dil jamolini.
Qanotga aylandi, qarang, joynamoz,
Vujud soʻngaklari kuydi beomon.
Shayx «Ollohu akbar» deb berganda ovoz,
Xar tuki tubidan bosh koʻtardi qon.
Mashoyix lol edi. Bu qanday namoz?
Zarbidan chayqalib yotardi falak.
«Ollohu akbar» deb berganda ovoz,
Har tuki tubida qoʻzgʻoldi yurak.

II. Ahvoli Ruhiya

Koʻnglim holi nadur? Yaratgan bilur,
Bu dil Olloh mulki — mendan ziyorat.
Elga hol aytmasam malomat qilur,
Holim aytsam bu el boshlar qiyomat.

III. Me’roj

«Boyazid dediki.Olloh taoloni tush koʻrdim, Soʻrdimki, bor xudoyo, yoʻl sanga ne nav’dur? Dedikim, oʻzungdan oʻtting, yetting».
Mumkindir chaqmoqni tish bilan tutmak,
Til tishlab, dunyoni koʻz bilan yutmak,
Jarayon kelmakdur, mohiyat — ketmak,
Oʻzungdan oʻtmak bu — Ollohga yetmak.
Koʻz yumsang, olamni ayon koʻrmogʻing,
Manglaying ostida falak tirnogʻi,
Besh farzga ishora beshta barmogʻing
Va qonli kemaday dilga minmogʻing,
Oʻz sari yurmogʻing, oʻzga bormogʻing...
Bu dunyo — kelmakdur, mohiyat — ketmak,
Oʻzingdan oʻtmak bu — Ollohga yetmak.

IV. Oshiq

«Oni oʻtgandin soʻng tush koʻrdilar, xolin soʻrdilar. Dedikim, mendin soʻrdilarki, ey qari, ne kelturubsen? Dedim, darvesh podshoh eshigiga kelsa, andin soʻrmagaylarki ne kelturubsen, soʻrgʻaylarki, ne kerak».

Bir parcha non boʻlmas balki soʻzimiz,
Valekin oshiqmiz, oshiqmiz.
Bir qultum suv boʻlmas balki koʻzimiz,
Valekin oshiqmiz, oshiqmiz.
Xayol va hijrondur nonu tuzimiz,
Voh, bul kun oshiqmiz, oshiqmiz,
Netong koʻngil boʻldi rizqu roʻzimiz,
Ertan ham oshiqmiz, oshiqmiz,
Yoʻq boʻlib ketsak-da tamom oʻzimiz,
Soʻng yana oshiqmiz, oshiqmiz.

Shayx Zunnun Misriy

I. Uch Ilm Hikmati

«Zunnun debturki, uch safar kildim va uch ilm kelturdim» (Bular tavba ilmi, tavakkal va muomalat ilmi, nihoyat, haqiqat ilmidir)

Ilm — gadolikni ixtiyor etgan sultondur...sultondur.
Tavba — oxiratga yalangʻoch ketgan insondur, insondur.
Muhabbat — jon qushin talabi, toki sayrondur, hayrondur.
Haqiqat — bir dilda olishgan ikki jahondur, jahondur.

II. Surat Va Siyrat

Voajab! Bir zangi koʻrdim bu dunda,
Ming kecha zulmatin kiygan bir zangi.
U har gal oh ila «Olloh!» deganda,
Botayotgan oyday oqardi rangi.
Voajab! Holing ne, ey osiy banda,
Vujudingda balqmish olamning tongi.
Sen har gal oshiqib, «Dunyo!» deganda,
Tutilgan oy kabi qoraydi ranging.

III. Yashil Oʻlim

Shayxning xazon kuni bahorlar keldi,
Falak yashil bayroq tusiga kirdi.
Koʻk yuzini tutdi soyasiz
Nihoyasiz yashil qushlar, nihoyasiz...
O, shayxning tobuti goʻriston qadar
Daraxtday koʻkarib ulgurdi... (Shajar)
Yorab, ne masofa qondan jongacha,
Shayx koʻkarib ulgurdi goʻristongacha.
Yorab, ne gʻavgʻoda tan ila koʻngil,
Daraxt — Tobut ichra oʻsardi bir gul.
Ikki dunyo aro tilim va tilim
Yastanib yotardi yam-yashil oʻlim,

Ishq Va Talab Qaygʻusi

Shabnamday dilimga yutdim subhini,
Olov uzra sochdim jon tasbehini.
Ey jon, holing xarob, matlabing tarab,
Ey dil, ishq qonidan bir kosa sharob.
Koʻngilning koʻnglagi, kel, ey shabiston,
Sham’ingga koʻmilib kuysin ustixon.
Ishq va talab kelsin qoshu qabokdin,
Ishq nasiba boʻlsin Shomu Irokdin.
Jon uzra chayqalib turar muttasil,
Mansur kabi dorga tortilgan bu dil.

Yoʻqlov

Simurgʻ yuz yil izlab oʻzidan topgan,
Olloh manglayidan erkalab oʻpgan,
Karvonin shaytonning itlari qopgan,
Koʻnglim risolati, qanisan, qani?..
Jonim ibodati, qanisan, qani?..
Qadr kechasida oʻttiz hur tuqqan,
Ming-ming och gadoyni soʻz bilan boqqan,
Dil oʻtida et va suyagin yoqqan,
Koʻnglim risolati, qanisan, qani?..
Jonim ibodati, qanisan, qani?..
Sahroyi quyunga doʻndi bulutlar,
Kemaday chayqalib suzar tobutlar,
Sen omon kabutar, hayron kabutar,
Koʻnglim risolati, qanisan, qani?..
Jonim ibodati, qanisan, qani?..
Bu koʻhna olamga balki qaytmassan,
Yurak yalangʻochlab qayta oʻtmassan,
Yolgʻonchi dunyoga meni sotmassan,
Koʻnglim risolati, qanisan, qani?..
Jonim ibodati, qanisan, qani?..

Yassaviy

Men endi soʻzlasam —
Yashil yalov kiyar unut oyatlar.
Men endi oh ursam —
Jizillab pishadi muzlab yotgan oy.
Men endi yigʻlasam —
Nuhning kemasiday qiblaga tomon
Qaygʻuli-qaygʻuli suza boshlaydi
Shilqillab hoʻl boʻlgan qari joynamoz.
1992


Ovoz

Iztirob tovushi — mening ovozim,
Koʻzlarim — koʻnargan iztirobrangi.
Tan — dilim egovi. Oʻzim-chi? Oʻzim —
Toʻqnashgan kaygʻular jarangi.
Ilk bor ibodatga choʻkkan dinsizday,
Yuragin yopinib oʻqiydi namoz,
Koʻp ogʻir chayqalib namoz oʻqiydi,
Qaygʻuli odamga oʻxshagan ovoz.

Bedil

Koʻp boʻldi oyogʻim yerdan uzilgan...
Bir quloch yuqori yuraman sizdan
Kushday yalangoyoq, oy kabi yayov.
Qadam qoʻyar boʻlsam yerga endi men,
Har bosgan izimdan adashgan gulday
Koʻkarib chiqadi bir dasta olov.
1992


Hech Kim Hamma

Oy va shamol bilan dillashgim kelar,
Singan xum ichidan oʻzimni topdim.
Oʻzimga toʻlaman, ganj kabi toʻla,
Xum sindi. Hammani nogoh yoʻqotdim.
Oy va shamol bilan dillashgim keldi...
Isoning xochimas mening chorraham.
Bir paytlar odamzot hali yoʻq edi,
Bor edik shamol ham, oy ham va men ham.
1996


Fidoyi Xudbin

Aldamchi dunyoni aldagim keldi,
Sizni yoʻlatmasman oʻz soyamga ham,
Olamning soʻngiga yetmagan kabi,
Yetolmaslar mening nihoyamga ham.
Hayot qayda oʻzi? Haqiqat qayda?
Shamolday tarixsiz, rivoyasizman.
Ibtidom, intihom oʻzim bor joyda,
Oʻzim bor joyda men nihoyasizman
1996


Hammol

Oʻlimni kech kuzda qarshilash kerak...
Oʻyilgan koʻngilday uvillar shamol,
Sotilgan sir kabi shovullar xazon,
Kimnidir koʻtarib yurar bir hammol.
Oʻlimni sevgiday qarshilash kerak...
Kimning bevasi bu dilpora shamol,
Kimning sagʻiri bu bechora xazon
Va kimni opichlab koʻtargan hammol.
Oʻlimni singilday qarshilash kerak...
Kulrang shohkosadan toʻkilgan yomgʻir.
Alvon gulkosani etganda poymol
Koʻchadan loʻkillab oʻtar bir hammol.
Oʻlimni kech kuzda qarshilash kerak...
Dildirab yigʻlaydi javragan shamol...
Qorongʻi koʻchada qayga ketmoqda
Oʻz oʻligin oʻzi koʻtargan hammol?..
1996


* * *
Sen qaysi olamning elchisi, ay ruh,
Kelgindi zindonband, ummondan ayru?
Yuzqaro dunyoga yuzing buribsan,
Zulmat chimildiqqa xush kelding, oyroʻ
1996


Ov

Gul sotib oʻtirar qari megajin,
Ilon til oʻynatib chiqar shikorga.
Hushtak chalib bogʻni aylanadi jin,
Osmonga qagʻillar bir soʻqir qargʻa.
Nega?.. Nega?.. Nega?..
Gul sotib oʻtirar qari megajin,
Tili tanglayini chaladi: shaq-shaq.
Har kun bir bulbulning jigarin yeydi,
Qari olashaqshaq, koʻr olashaqshaq.
Nega?.. Nega?.. Nega?..
Gul sotib oʻtirar qari megajin,
Abadiy xizmatkor shaytonga.
Bogʻni hushtak kabi chalib ketdi jin,
Oyogʻi osmonda... Oyogʻi osmonda...
Nega?.. Nega?.. Nega?..
1996


Taslim

Oqqana tovuq xirmon chochdi,
Oʻz sirini oʻzi ochdi.
Oqqana tovuq, oqqana...
Sir ketdi — savlat ketdi,
Botmonlab davlat ketdi.
Oqqana tovuq, shoʻrgina...
Tom boshida tosh terar,
Kim koʻrarga qichqirar,
Oqqana tovuq, koʻrgina...
Oqqana tovuq oq boʻldi,
Uch karra taloq boʻldi.
Elga kulgi — tovgʻa tulki,
Shaqqillab shaloq boʻldi.
Oqqana tovuq «oh» deydi,
Bir ishni bilib qoʻydi.
Shoʻr tovuq tariq yesa,
Bu dunyosi sir yeydi.
Oqqana tovuq, oqqana...
1996


Umr

«
“Asling bilsang obi-gil..”.
Yassaviy
»
Ustimdan koʻrpani sidiradi tong
Goʻdakday yalangʻoch... Ayolday xijil.
Yostiqning ustida sudraladi ong:
Nega tongning qoʻli yam-yashil?..
Vaqtning oʻrogʻiday xoʻrozning dumi,
Qonli qanotida sinib yotar oy.
Nahot, umr shumi? Oʻtmishim shumi?
Loydan yasalgandim... Oqibat ham loy.
Yasanib, ranglanib chikdim dunyoga,
Koʻksimdagi qushim yoʻlimda yoʻldosh.
Shomgacha bu qushni uchirmoq ishim.
Shomgacha sopolni pishirar quyosh.
1996


Uchrashuv

Boychechak chechaklab dunyo tomida,
Ma’yus yoriladi mazlum qizgʻaldoq.
Umrimning xafaqon bir oqshomida
Azal soʻrogʻiday ma’sum qizaloq
Keldi huzurimga sokin, ogʻrinib
Hamal chechagiday gʻamgin, parishon.
Kimdandir bezib u, kimni sogʻinib
Keldi, qizgʻaldokday qizardi oqshom.
—Ilming ne? — dedi u.
—Yashamoq, oʻlmoq.
—Oʻzing kim?
—Dayr aro aqlli daydi.
Ogʻzidan dur sochib kuldi qizaloq:
—Sen, mayda doʻkonning sayyodi, saydi,
—Dasht koʻrmay dallilik, daydilik qayda?
Soʻngra der:
—Doʻsting kim?
—Oʻzimga oʻzim.
—Dushmaning?..
—Va yana oʻzimga oʻzim.
—Oʻzingni bilmasdan tavallo nechun,
Ichingga boqmasdan ochilmas koʻzing.
Yana gʻamgin boʻlib qoldi qizaloq:
—Sen bizdan kechdingmi?
—Oʻzimdan qochdim...
—Qochib nima topding, nimaga yetding?
—«Hechlikda hech narsa» degan fan ochdim.
—Tirik hikmatlarga toʻla eding-ku?
—Birma-bir oʻldirdim, ketdilar sabil...
Qizaloq koʻzida hayqirar qaygʻu:
—Nahotki, qotilsan! Qotilsan, qotil.
—Qiyralgan hikmatlar, qurbon tuygʻular,
Oʻzimniki edi, hukm ham mendan.
—Tangri omonati edilar ular,
Omonat ustida xiyonat sendan.
Orada chayqaldi ogʻir sukunat.
Faqat bitta nafas — yigʻimi, afsus?
Bir yon adashgan nur, bir yonda zulmat...
Ketishga chogʻlandi soʻng qizgʻaldoq qiz.
—Kimsan? — dedim soʻng bor, ketar chogʻda u
Qayrilib, qaradi ma’yus, parishon.
Chehrasida gullab borarkan qaygʻu,
Dedi: «Men vijdonman... quvgʻindi vijdon»,
Boychechak chechaklab dunyo tomida,
Ma’yus yorilganda mazlum qizgʻaldoq,
Umrimning xafaqon bir oqshomidan
Shunday oʻtib ketdi oʻsha qizaloq.
2000


* * *
Ey pir, holim zabun, idrokim xarob,
Horitdi ta’nalar, gʻiybat, olqishlar.
Na kuy taskin berar, na gul, na sharob
Ruhim osmonida muzlagan qishlar.
Aylandim, dunyoga surinib dilgir,
Meni qay toʻdaga otdi palaxmon.
Baxtni istaganim aybimmi axir,
Mehr istaganim yomonmi, yomon?
Bir vaqtlar kaftimda oy porlagani
Tovonimda chaqmoq gullagani rost
Aybimmi, dunyodan qoʻl soʻraganim,
Aybimmi, tegramga boʻlay desam mos.
Keldimmi, ketmasman endi behuda,
Yorab, yiroq tutma meni ilmingdan
Men orsiz yashashdan qoʻrqaman juda,
Men qattiq qoʻrqaman orsiz oʻlimdan.
2000


* * *
«
«Men ilon ogʻzidan shakkar talabman».
Zebuniso
»
Tikondan gul soʻrab gavhar topgan men,
Ilondan bol soʻrab javhar topgan men,
Qabrdan nur soʻrab qamar topgan men,
Meni kechiringlar, mazlum tuygʻular.
Dil ustida dunyo mangu dilozor,
Koʻr koʻzlar har kasdan tilandi diydor.
Bildim, hech yarashmas bizga bu bozor,
Meni kechiringlar, mazlum tuygʻular.
Muazzin tilimda chaqirdi azon,
Qaldirgʻoch koʻksimda tikladi qoʻrgʻon.
Ikki dunyo aro bir dil sargardon,
Meni kechiringlar, mazlum tuygʻular.
2000


* * *
Senda titrab yotar ma’yus oqshomlar,
Shafaqlar yuzimga sachratadi qon.
Quyoshni yelkalab oʻtadi shomlar,
Sen — xotira yurti, Isroil Subhon.
Bir yonda Varaxsha, bir yonda Poykent,
Chalganday halokat surin Isrofil...
Mangu zulumotga choʻkib ketgan kent
Koʻzlaring qa’rida yotar, Isroil.
Buxoroni yubor Aziz Saiddan,
Sogʻinch tariqatin egallagan sen.
Sakkizinchi qavat manzarida jim
Buxoro izladik... Abduvali bilan men.
Bir yon gʻayb eshigi, bir yon bu hayot...
Pirlarning xokidan taralmokda shon,
Subhni yetaklab kelmokda bomdod,
Sen — xotira yurti, Isroil Subhon.
2000


* * *
Assalom xudoning kunduzi,
Meni yoʻrgaklab ol zar rishtalar-la...
Paymonamdan oldin toʻlmokda koʻzim,
Men koʻngil ushatay farishtalarga.
Xudoning kunduzi, senga assalom!
Bir chimdim tuz totgin mening qoʻlimdan.
Paymonada umr, yurakda ilhom,
Diyonat qarzim bor ahli moʻmindan.
Xudoning kunduzi, senga assalom...
1994


* * *
Dilgir oqshomlarda dilimni suyab,
Gavjum koʻchalarda kezarman tanho.
Telbaday oʻzimdan oʻzimni soʻrab,
Hech narsa topmagan oqilman, ammo.
Hayot guvlab oʻtar guldurak otib,
Gʻolib magʻlubman-u, magʻlub gʻolibman.
Bu eski doʻkonga oʻzimni sotib,
Qaytimiga azob sotib olibman.
Za’faron kunduzlar toʻkilib borar,
Qogʻozga toʻkilar tunday koʻzlarim.
Umrim koʻylaklari yirtilib borar,
Qoʻrgʻonin topshirar Kuzga yozlarim.
Qulfli yuragimni qanday ochayin,
Qanday bosay ichda zilzilalarni.
Bilmaslik istarman, bilganim sayin,
Bu koʻhna... bu yangi... mangu asarni.
2000
* * *
Darding bir gʻoʻzadami, koʻzlaring koʻzadami,
Koʻnglingning manzillari toʻydami, azadami,
Oʻzini izlamasdan, oʻzingni topolmassan.
Qoʻllaring jilovdami, yo erking birovdami,
Kul umring gulshandami, gul koʻngling gulxandami,
Oʻzini izlamasdan, oʻzingni topolmassan.
Tulporing shamolmidir, yo boring zavolmidir,
Arobang tillodanmi, xarobang hayodanmi,
Oʻzini izlamasdan, oʻzingni topolmassan.
Bu dunyo kaftingdami, yo xurjun kiftingdami,
Zamona zabtingdami, yo ajal shiftingdami,
Oʻzini izlamasdan, oʻzingni topolmassan.
2000


Tanazzul

Oʻttiz yil suzdim men, qayigʻim hilol,
Yulduzlar yurtida yuragim sarxush
Osmon yelinidan emar edim bol,
Deding: «pastga tush».
Keldim. Dunyo kezdim. Oyogʻim yalang.
Daraxt doʻstim boʻldi. Hoksor singlim —
Yeganim nur edi. Ichganim ohang.
Deding: «pastga tush»
Koʻpchigan davralar. Kibrdor. Bashang.
Nafs poyida aql. Nahsga botgan hush.
Ulfatim xachiru... sirdoshim satang.
Deding: «pastga tush»
Axir qayda qoldi qayigʻim hilol?
Kayda oʻsha daraxt? Qayda oʻsha qush?
Qulogʻim ichidan shivirlar dajjol:
«Yana pastga tush».
2000


Naqshband

(doston)
* * *
Bu –
Semurgʻ qoni bilan yozilgan kitob,
Quyosh tomogʻida pishirilgan taom...
Bu –
Vulqon yuragiga oʻyilgan naqsh,
Bir kosa oʻlimday ichilgan qasam...
Bu –
Shamol koʻylagiga tikilgan kashta,
Chaqmoq shoxlarida yetilgan xurmo...
Bu –
Dengiz devoliga chizilgan tasvir,
Bir qultum hayotday yutilgan daryo...
Bu –
Shudringlar toshiga bitilgan bitik,
Qaqnus yuragida yashalgan oʻlim...
Bu –
Sopol sinigʻida butlangan dunyo,
Qalb ila osmonning tutashgan yoʻli..
Bu –
Haqqush minqorida sayragan tarix,
«Oʻlimsiz hayot bu, hayotsiz oʻlim»...

I

Qasri Hinduvonda...
gʻuj-gʻuj gʻujumlar
Hayrona ochilgan kaftlari uzra
Yogʻdu yogʻmurlari yogʻilgan kuni...
Najotga chorlagan muazzinlarning
Hurlar dovushiday hur ovozlari
Hurriyat kuyiday toʻkilgan kuni.
Bir karvon oʻtardi Hinduvon boʻylab...
Tuyalar ustida oʻrkachlar aro
Zikrdan chayqalgan oylar oʻtardi,
Oyoq tirab yerning uzangisiga
Osmonga uzangan otlar oʻtardi.
Kuyik yollarida chaqmoq oʻynatib,
Oʻlimni tishlagan sherlar oʻtardi.
Sim-simlab, yuragin sim-sim qonatib,
Quyoshda qishlagan pirlar oʻtardi.
Ulkan qanotlari — shamol qishlogʻi,
Osmonni yelkalab qushlar oʻtardi.
Bir karvon oʻtardi Hinduvon boʻylab...
Qari gujumlarning xush salqinida
Sajdaga bosh qoʻyar sersut bulutlar.
Quruqshoq gujumlar gullay boshlaydi,
Gullagani kabi choʻbin tobutlar.
Kesaklar zikr aytar — sachrab ketar oʻt,
Xarsanglar yorilar — ichi toʻla gul...
Xazonlar tirilar maysaday xushnud,
Har qabr boshidan boshlanar bir yoʻl...
Uchayotgan dumli yulduzlar kabi,
Uchardi zikrdan mastona qushlar.
Har dilga mehmonga kelar bir nabiy,
Har dilning bogʻida muhabbat pishar...
Bir karvon oʻtardi Hinduvon boʻylab...
Ma’sum muslimalar homilalari
Halol luqma soʻrab volidalardan
Qursoqda yurakday tepinar edi,
Buyuk Ism aytib hayqirar edi.
Jon sha’mi titragan ja’mi jonvorlar
Bu Ism oʻtiga talpinar edi.
Osoyish bogʻlarda muslim daraxtlar
Ibodat deb safga tizilar edi.
Bir karvon oʻtardi Hinduvon boʻylab...

II

Boboyi Samosiy otdan tushdilar,
Bir chayqalib ketdi Qasri Hinduvon,
Bir buloq koʻz ochdi bosgan izidan.
Hizr hassasidan yoqqanday imon.
Hazrat Mir Kulol ham otdan tushdilar,
Falak xurjunidan toʻkdi yulduzlar,
Manzildan viqor-la tushib keldi oy...
Poyiga toʻshaldi koʻngillar, koʻzlar.
Boboyi Samosiy otdan tushdilar,
Yaktagi yengidan dasta-dasta nur
Yetim Yer ustiga toʻkildi sim-sim,
Qashshoq roʻzgʻoriga yogʻilganday dur.
Samosiy samoni hidladi avval,
Olloh nafasini tuydilar uzoq.
Ruhida yastandi abad va azal
Yuz ming tong nuridan yasab bir chiroq.
Goʻdak hidlaganday onasin koʻksin,
Sezganday paygʻambar boʻyin ummatlar,
Osmonga intilgan sevgi daraxtin,
Shoxlarida gullar buyuk oyatlar.
Samosiy samoni hidladi uzoq...
Va moviy chehrani suyib silagan
Barmoqlar uchidan sizib chikdi dil,
Dunyodan yuz burib diydor tilagan
Barmoqlar uchidan sizib chikdi dil.
Hinduvon tuprogʻin hidladilar soʻng,
Abad shamollarin boʻylar edilar.
Ilhom tovush berdi pirning tilida,
Tuproq hikmatini oʻqib dedilar:
«Bu tuproqdin bir er isi keladir,
Ul er fayzi bilan Qasri Hinduvon
Kun yetib Qasri Orifon boʻladir».

III

Olloh kiprigiga osilib turgan
Yulduzlar haqqi Pir bashorat etdi.
Olloh nafasidan harakat topgan
Oy, Quyosh haqqi Pir bashorat etdi.
Buyuk qiyomatni boshlamoq uchun,
Dunyodan qoq teri oshlamoq uchun,
Amr kutayotgan Isrofil suri haqqi,
Koʻp ma’sum, koʻp moʻ’min ahli jannatga
Rangdor kamalakdan yirtishlar yirtib,
Koʻylaklar tikayotgan Idris haqqi,
Pir bashorat etdi.
Ummatlar diliga umidvor boqqan,
Zulmatlar qa’rida quyoshlar yoqqan,
Olamlar sarvari Muhammad haqqi,
Haqiqat haqqi Pir bashorat etdi.
Halokat tamgʻasi dunyo ustida,
Yolgʻonlar, fitnalar, zavollar qasdida,
Buyuk boshpana — moviy Kuloh ostida
Mangu ilm haqqi Pir bashorat etdi.

IV

Boboyi Samosiy, samoviy Bobo,
Bir zumda Mashrikdan Magʻribga borgan.
Egnida jandapoʻsh, qalbi tojdor bobo
Damida oʻt-suvni oʻynata olgan.
Yirtiq kovushidan tuzagan qanot,
Osmon devorlarin soʻz bilan yorgan.
Boboyi Samosiy, samoviy Bobo
Buyuk Bahouddin tavalludidan
Bashorat bergan chogʻ muridlariga.
Xushxabar sochganda koʻngil udidan,
Hinduvon osmoni, tuproqlariga
Yogʻdular yogʻmurday yogʻilgan chogʻda
Hali Bahovuddin ona qursoqda
Birinchi olamni yashar edilar.
Bir hovuch nur kabi titrar edilar.

V

Boboyi Samosiy, avliyo Bobo
Qasri Hinduvondan qayta oʻtar choq,
Oq changlar toʻzgʻigan somon yoʻlida
Qadim hayot bilan sirlashdi uzoq.
Bir zum tin oldida, soʻngra dedilar:
«Dimogʻimiz sezgan oʻshal er hidi
bu gal bu tuproqdan keldi ortiqroq»

VI

Mangulikning moviy vodiylarida
Zangori va harir toʻlqinlar uzra
Yetaklab suzadi har bir ona yil
Uch yuz oltmish beshta bolalarini.
Odamlar qariydi, kunlar qarimas,
Avlodlarni qaritib, yillar qarimas.
Vaqtning shamolida dunyo ustunlari —
Achchiq kuyundilar uchar sarbasar.
Kunlar bola kelib, boladay ketar,
Yillar ona kelib, onaday ketar.

VII

Uch kundan soʻng Boboyi Samosiyning osmonning oʻngiri etaklariga manglayida oy porlagan goʻdakni quyosh bolasiday obkeb soldilar. Etaklari nurga choʻlgʻangan Bobo uni farzandlikka qabul qildilar.

Oq fotiha berdi Hazrati Xizr,
Oq qaldirgʻoch uchdi boshmaldogʻidan.
Oq fotiha berdi Hazrati Xizr,
Duoga qanotin ochdi qaldirgʻoch.
Bir tabassum berdi Hazrati Xizr,
Oq kulgular toʻkdi momoqaldiroq.
Xush bir nazar berdi Hazrati Xizr
Tuyalar kiftidan oʻsdi juft qanot.
Boboyi Samosiy, muborak Bobo,
Oyatni omonat topshirgan kabi,
Hayotni omonat topshirgan kabi
Goʻdakni topshirdi Amir Kulolga.
Oq fotiha berdi Hazrati Xizr,
Hinduvon yoʻlida eridi toshlar.
Fotihaning imlo tovushlariday
Osmonni qopladi oq qaldirgʻochlar.

VIII

Aslida bu dunyo toʻfon ichinda,
Loyqa sel, koʻr kuyun tugʻyon ichinda.
Har qadam orasi fitna va zavol,
Gʻariblar giryasi giryon ichinda.
Bir koʻngil istadim ayqash tanlardan,
Bir bugʻdoy topmadim somon ichinda.
Yemxoʻrlar yem yigʻib, yemlab yoturlar,
Oʻzlari yemishlar shayton ichinda.
Tishlangan oyoq-la qayga borursan,
Norlardan itlar koʻp karvon ichinda.
Aslida bu dunyo toʻfon ichinda,
Loyqa sel, koʻr quyun, tugʻyon ichinda.
Bir kema istabmen yorga yolbordim,
Bir joynamoz suzdi ummon ichinda,
Har kimga bir goʻr bor zamin qa’rida,
Har kimga bir kema osmon ichinda.
Ey doʻst, kemangga chiq Nuxday mardona,
Aslida bu dunyo toʻfon ichinda.

IX

«Hojamizning onalaridan — Ollox ularning sirlarini muqaddas qilsin — shunday naql qiladilar: «Farzandim Bahovuddin toʻrt yoshli paytida: «Mana bu sigir peshonasi qashqa tugʻadi» dedi. Takdirdan boʻlib uch-toʻrt kundan keyin oʻsha aytilgan sifatdagi buzoq tugʻildi. Hamma taajjubda qolib: «Hazrati Xoja Muhammad Boboning muborak nafaslarining asari zohir boʻldi», — dedilar.

«Bolaning ichida daho yashaydi»*...
Bolaning tilidan gapirar daho,
Bolaning koʻzi-la koʻradi daho...
Bola shamol oʻynab shamol boʻladi.
Yomgʻirga suyunib, yomgʻirga doʻnar
Jajji kaftlarida hayot toʻladir,
Farishtalar uning kiftida oʻynar.
Bolaning ichida tong otmay turib,
Dunyoning ustida yorimaydi tong.
Bolaning koʻzida kun botmay turib,
Shafaq chimildiqqa kirmaydi oqshom.
Dunyodan yuz burib, chillaga kirgan
Daho boshpanasi — bolaning koʻngli,
Jonvorlar, daraxtlar tilini bilgan
Dahoga qiyindir odamlar tili.
Bola dengiz koʻrib, dengiz boʻladi,
Bola osmon koʻrib, osmon boʻladi.
«Bolaning ichida yashaydi daho»,
Yashar yaratganning xush soyasida,
Olam mohiyatday yastanib yotar,
Dahoning gʻaroyib boshpanasida...

X

Guzarlarni qoplar qora tumanlar,
Osmon soyalarin haybati sovuq.
Bari qora kiygan ranglar, chamanlar,
Qorongʻu... Qorongʻu... Yaqin-u yovuq...
Buxoroning ovloq goʻshalarida,
Kecha zulmatida, yolgʻizdan-yolgʻiz,
Hazrat Bahovuddin kezib yurarlar,
Dunyo oʻlib yotar surursiz, nursiz.

XI

Koʻhna mozoriston... Mangu sukunat...
Sukunat ohiday bir qora shamol.
Yulduzlar oʻligi toʻlgan bu xilqat,
Qora hijob ichra yotar bemajol.
Hurlar tovush berar nafasdan yengil,
Oʻyiq qabrlarda uyalar shamol.
Shohkosalar chil-chil, umrlar chil-chil,
Har qabr qa’ridan kuygan qoʻl kabi
Sekin bosh koʻtarar bittadan savol.
Bahovuddin tunni kezib yurarlar.
Tun keza boshlaydi Bahovuddinni
Soʻng ulugʻlar qabri sari borarlar,
Yurak kosasiga toʻldirib dinni.
Bir mozor boshiga bordilar Hazrat,
Ma’yus lipillardi bir xira chiroq.
Chirogʻdon ichiga mash’al qamalgan.
Pilik harakatga muhtojdir biroq.
Soʻngra yetishtilar Ajfarnuy[5] sari.
Mozorda duch keldi ikki suvoriy —
Bir juft qilich bilan baland bellari. —
Isoni kutganday ikki havoriy.
Xazratni eltdilar Muzdoxun[6] tomon
Bir gʻoyib ishorat berdi ziyorat. —
Mozorboshda yana pilik, chirogʻdon
Noayon bir sirdan qilar bashorat.
Qiblaga yuzlanib oʻtirdi Hazrat,
Gʻaybga gʻoyib ketdi ikki suvoriy.
Boʻlinib ketganday surat va siyrat,
Nogahon yorildi Qibla devori.
Shunda paydo boʻldi havoda suzib,
Yashil harir bilan toʻsilgan bir taxt.
Hazratning koʻzlari ketdilar kezib:
Taxtning tegrasida pirlar boʻlmish taxt.
Taxt uzra oy kabi toʻlin balqardi,
Hazrat Gʻijduvoniy — Xojayi jahon,
Poyidan yam-yashil nurlar oqardi,
Nuroniy chehradan yogʻardi imon,
Uning atrofida olti ulugʻ pir,
Oltita osmondan bir-bir farishta.
Yetti osmon boʻylab aytardi zikr,
Hamma zamonlarda har biri ishda,
Hammasi dunyodan ketgan ulugʻlar,
Hazratning qoshida boʻlganda paydo.
Nogoh olovlandi dil ichra choʻgʻlar,
Osmondan zaminga oqdi bir daryo.
Hazratga dedilar Xojai jahon:
Senga mozor uzra koʻrsatildi sir,
Seni kutmakdadir pilik, chirogʻdon,
Suluk piligiga harakat keltir.

XII

Ilohiy jazaba... Munavvar yogʻdu,
Falak yelinidan toʻkiladi sut.
Dilda nur toshqini... Huzur daryosi...
Osmon yorigʻidan yogʻiladi qut.
Har neda tajalli — haqning ma’nosi,
Hazrat Ma’no ichra edilar behud.
Qoshida yer yuzi bugʻdoy donasi
Behudlik ichida yoʻq edi hudud.
Hazrat bexud edi, tan uyasidan
Har tuki uchardi misli bir hudhud.
Munavvar chayqalgan hol ummonida
Singan qayiq kabi choʻkardi vujud.
Hazrat eslamakka yetishmak uchun
Unut kerak edi, Ilohiy Unut.

XIII

Shu tunda joziba yurtida Hazrat
Ilohiy oydinlik, munavvarlikda
Uchrashdi haq doʻsti bir aziz bilan
Sirotday chayqalgan qaltis koʻprikda.
Oydinlik gʻarqida Ollohning doʻsti
Oydin-oydin nigoh toʻkib hazratga:
«Oshinolardan koʻrinasan», — dedi,
Tanish shodlik kabi, tanish hasratday,
Doʻst nafasin sezib, dedilar Hazrat:
- Har nedan bezorman, Unga zordirman,
Doʻstlar nazarining barakotidan
Oshno boʻlmoqlikdan umidvordirman.
* * *
Soʻngra hol soʻradi Ollohning doʻsti
Hol soʻradi ruhning hurriyatidan.
Roʻzgʻor taftish etib dedilar Hazrat:
«Topsam shukr qilgum, topmasam sabr...»
Oydin-oydin edi Ollohning doʻsti,
Sokin-sokin dedi Ollohning doʻsti:
—Yengil yoʻl tutibsen, oʻzga yoʻl tanla,
Boʻynidan zanjirlab nafsing itini
Qaqshagan changalzor qa’riga tashla.
Munavvar nafas bu, oydin da’vat bu!
Xorlik tuprogʻida obodlik bordir.
Hoksorlik oyogʻida azizlik bordir,
Oydin bir tun edi, muazzam bir tun,
Shunday bir hol kechdi koʻprik ustida,
Oylar gʻarq pishgandi Doʻstning koʻzida.

XIV

Hazrat koʻngli xalqdan butkul uzildi,
Dunyodan qoʻl tortdi, bazmdan oyoq.
Savlat va hashamning kuylagin yirtib,
Koʻksidan sugʻurib oldi bir chiroq.
Oʻlik qumlar uzra bir kema suzar,
Hazrat borardilar haq dashti tomon.
Qumlarga oyoqlar hikmatlar yozar,
Har bosilgan izdan gullardi iymon.
Qumlar-da qolardi shovullab, kuylab,
Bu gal oʻzga edi Hazratning shaxti.
Kimsasiz, qaqragan biyobon boʻylab,
Kezib yurar edi jannat daraxti.
Hazrat uch kun yurdi suvsiz va nonsiz.
Ozigʻi — muhabbat, ozigʻi — imon.
Ruhning himmatidan endi gumonsiz,
Daryoga aylanib borar biyobon.
Bir otliq duch keldi toʻrtinchi kuni
Hazratga bir nonni qildi iltifot.
Nonga qaramadi, ishq tandirida
Dilini non kabi pishirgan bu zot.
Kezar... yulduzlarga toʻlar kulohi,
Kurtak otib borar kuygan ud-aso.
Hazrat sahro kezar, hurriyat izlab,
Sahro kezganiday hazrati Muso.

XV

Yetti yil biyobon kezdilar Hazrat,
Yetim yetti yilni obod qildilar.
Oyoqlari — himmat, qoʻllari — himmat,
Har lahza boshiga hikmat ildilar.
Olloh nazar qilgan jonivorlarni,
Ogʻaday, singilday siyladi Hazrat.
Yetti yil ichida yetmish ming zina
Yurakning ustidan tikladi Hazrat.
Muborak yuzlarin uzun kechalar
Hayvonlar iziga surtar edilar.
Yara, jarohatin jonivorlarning,
Dilin yarasiday bogʻlar edilar.
Har kecha koʻzidan yuragin toʻkib,
Buyuk nazar haqqi yigʻlar edilar.

XVI

Bir itga duch keldi, bir tunda Hazrat,
Hol paydo boʻldi-da, muk tushgan kuyi.
Iltijo, yolborish qildilar faqat,
Ollohga yigʻladi tun boʻyi...
Boʻlinar chogʻida tun ila tongning,
Xira tortganida soʻnggi yulduzlar,
Qoʻshilar chogʻida dil ila tanning,
Hazrat it tomonga tashladi nazar.
Nogoh it orqasin yerga qoʻydi-da,
Toʻrttala oyogʻin baland koʻtarib,
Goʻyo yer ustida osmon koʻtarib,
Koʻzin koʻkka tikib nolalar qildi,
Yaratgan yodi-la volalar qildi.
It miskin tovush-la alvon oh bilan,
Tunning chehrasini lolalar qildi.
Hazrat kaftlarini duoga ochib
«Omin... omin...» deya turdilar uzogʻ.
It esa, osmonga nolalar sochib,
Tongning eshigini ochardi bu chogʻ.

XVII

Hazrat yetti yil biyobon kezdilar,
Yetim yetti yilni qildilar obod.
Dildan Xudogacha bir yoʻl qazdilar
Yurak tomiridan yasadi qanot.
Xorlik tuprogʻida obodlik bordir,
Xoksorlik oyogʻida azizlik bordir.

XVIII

Rahmat nurlariga toʻlar tushlari,
Uyqu-tariqatdan yengilgan oʻlim.
Koʻzidan suv ichar iloh qushlari,
Duoga ochilgan yurakning qoʻli.
Hazrat tush koʻrarlar: gʻuj-gʻuj yulduzlar,
Tillo patlarini toʻkar boshidan,
Oyning qayigʻida xotirjam suzgan
Hoja Gʻijduvoniy chiqar qoshidan
Ilohiy tong otar vujud shomida,
Jon kashtasin yoyar bir goʻzal anduh.
Gʻaybning osmonida, gʻayb zamonida,
Yuzma-yuz turadi ikki buyuk ruh.
Vaqt devori qular poyida Dilning,
Fano va baqoda balqar hurriyat.
Har kech tushlarida Bahovuddinni
Gʻijduvoniy ruhi qilar tarbiyat,
Hazrat haqqa oʻtar tun yorigʻidan,
Har kech uyquda ham gullardi urfon.
Tushlar dengizida, oy qayigʻida
Suzib kelar edi Hojai jahon.

XIX

«Dil ba yoru, dast ba kor»
Bu soʻzni

Bu quyma oltinni olmak istadim,
Ichimda mahbus qush ruhoniyatim.

Bu soʻzni

Oy tuya ustida qonagan bagʻirni
Yulduz yorugʻida bilmak istadim.

Bu soʻzni

Chaqmoqlar charxida charxlangan soʻzni
Xom tilim ustiga qoʻymak istadim.

Bu soʻzni

Quyosh bogʻlarida pishgan hayotni,
Xom oʻlim ustiga qoʻymak istadim.

Bu soʻzni

Togʻlar qoʻrgʻon qilib koʻtargan soʻzni,
Koʻzim kulbasida koʻrmak istadim.

Bu soʻzni

Dilim daryosiga yetmagan kabi...
Bu soʻzga yetmadim... Afsus... yetmadim...

XX

Oʻziga oʻt qoʻyib yonar saraton,
Oltin eritadi osmon erkasi.
Tanlardan ter emas, chakkilaydi jon,
Chok-chok yirtiladi koʻkning xirqasi.
Za’faron oʻt ichra tevarak behol,
Qoʻrgʻoshin misoli erib suyuldi.
Shunday kun hazratga piri Mir Kulol:
«Xumdonga oʻt yoqing», — deya buyurdi.
Pirdan xush nasimday esdi bu talab,
Berib sir va sabab ishoratini.
Hazrat xumdon ichra oʻtinni qalab,
Yoqdi poʻstinini — bor davlatini.
Zahmat kechalari tunni yopinmay,
Yopingan davlati yolgʻiz shu poʻstin.
Ipak kunduzlarni bir kiyib koʻrmay...
Kun kecha himmati yolgʻiz shu poʻstin.
Mir Kulol dedilar bu holni koʻrib:
«Xumdonga kiring-da, poʻstinni oling!»
Hazrat der: «Temir ham ketardi erib,
Poʻstin-ku yonadi oʻtindan oldin».
Pir talab etdilar... Bosh egdi Hazrat.
Qalqonday qoʻllari bezadi koʻksin.
Xumdonga kirdilar... Lov-lov oʻt faqat,
Ammo bir tuki ham kuymagan poʻstin.
Mir Kulol dedilar: «Farzand, boqingiz,
Buyuk otash ichra dil va tan oʻtin —
Siz Olloh ishqida kuygan chogʻingiz
Siz bilan tengma-teng yongan shu poʻstin.
Bu poʻstin siz bilan Ishq oʻtin koʻrgan,
Unga kor qilarmi xumdon olovi.
Qayta kuydirilmas, bir bora kuygan,
Olovdan tikilgan Ishqning yalovi.
Darvesh zohirini kuydira olmas,
Namrud otashgohi, dunyo talashi,
Darveshlar qalbidan joy olsangiz, bas,
Sizni kuydirolmas doʻzax otashi.
Bir olov bormokda... Yonar saraton.
Borar quyoshlarga toʻldirib koʻksin.
Olov yurib borar kunbotar tomon,
Egnida bir tuki kuymagan poʻstin.

XXI

Qanday tillashaylik siz bilan, ey xalq,
Nima qilaylikki...
Koʻngil bogʻlariga toʻlgan xazonlarni
Xufiyona zikrning xush shamollari
Bir juft farishtaday supurib sidirsa...
Nima qilaylikki...
Tilimiz soʻqmoqlari
Osmon gullariga koʻmilib qolgan,
Dilimiz ariqlari
Iloh suvlariga limmo-lim toʻlgan.
Qanday tillashaylik,
Qanday dillashaylik siz bilan, ey xalq.
Nima qilaylikki...
Sajdaga bosh qoʻyib bukilgan chogʻda
Yulduzlar yurtida paydo boʻlsak biz,
Osmon qabatlarida sayr etsak sarxush
Va osmon sayr etsa bizning koʻzlarda.
Qanday tillashaylik siz bilan, ey xalq.
Nima qilaylikki...
Koʻhna kulohimiz
Yirtigʻidan uchgan bir ozod shamol
Bizni olib uchsa vaqt gilamida.
Bir zumda xudoning uyiga eltsa...
Nima qilaylikki...
Qizgʻaldoq qoniga botib yashasak,
Suvni olov bilan chatib yashasak,
Qaqnusni kaft uzra tutib yashasak,
Qanday tillashaylik siz bilan, ey xalq.
Nima qilaylikki...
Goho itning izin koʻzga surtgan chogʻ
Daryo toshib chiqsa koʻzlarimizdan,
Shu oyoq izidan topsak bir buloq...
Malomat toʻksangiz boshlarimizdan,
Qanday tillashaylik siz bilan, ey xalq.
Nima qilaylikki,
Lahzada bu dunyoni yashab bitirsak,
Koʻksimiz yorigʻi osmon yorigʻiga oʻxshasa,
Jandapoʻsh kuyigi oyning kuyigiga oʻxshasa,
Vujudning qayigʻi zamon oʻyigʻiga oʻxshasa,
Qanday tillashaylik siz bilan, ey xalq.
Nima qilaylikki...
Holimizga quruq sumbatlar sigʻmasa,
Ta’maning tupugi minnatlar sigʻmasa,
Goʻr boshida kulgan davlatlar sigʻmasa,
Qanday tillashaylik siz bilan, ey xalq.
Nima qilaylikki,
Serhosil daraxtday ruku’ga borsak,
Boʻynimiz ustida qilich dol tursa,
Qoʻynimiz ichida bir shamol tursa,
Qanday tillashaylik siz bilan, ey xalq.
Nima qilaylikki...
Tirnoq yuzi kabi yerning ustiga
Osmonday ulkan bir dilni qoʻygan biz,
Dunyo evaziga haqni koʻrgan biz,
Qanday tillashaylik siz bilan, ey xalq...
Nima qilaylikki...
Tilimiz soʻqmoqlari
Osmon gullariga koʻmilib qolgan,
Dilimiz ariqlari
Iloh suvlariga limmo-lim toʻlgan...
Qanday tillashaylik siz bilan, ey xalq.

XXII

«
«Tolibning ruhoniyat qushi bir sohibdavlatning tarbiyati orqali bashariyat tuxumidan chiqishi zarur»
Sayid Mir Kulol
»
Himmatingga qulluq, ey sohibdavlat,
Toshlar tars yorilib, sachradi hikmat.
Koʻzgavhar yuzidan sidirildi chimmat,
Ruhoniyat qushi tuxumdan chiqar.
Tol tobut quyigi — chakkilladi tan,
Tovon yirtigʻida loʻqqilladi jon.
Koʻzlar tumanida lipilladi shan.
Ruhoniyat qushi tuxumdan chiqar.
Tong tovushi hurlar sibizigʻida,
Nur tomchilar yulduz emizigidan,
Gullar gullab yotar chaqmoq tigʻida,
Ruhoniyat qushi tuxumdan chiqar.

XXIII

Saboh havvolari huvillaganda,
Tong tanglayi — nayzor shovullaganda.
Soʻzona dilimni soʻzga choʻktirdim,
Toʻtyona tilimni suvga choʻktirdim.
Qayroq qoʻllarimda hilol qayrandi,
Soʻngra oyboltaday boshda aylandi,
Sen sari jimgina ketmak istadim,
Dunyo hijobini yirtmak istadim.
Bomdod shafaqlari zardevol tikdi,
Ichida bir koʻngil ichkin ichikdi.
Sopol hovuchimda choʻgʻ olib ichdim,
Vujud koʻzasidan koʻchkiday koʻchdim.
Sen sari jimgina ketmak istadim,
Bu gʻamgin kitobni yopmak istadim,
Hurlar tong pardadan kuylaklar tiqdi,
Dilim tuprogʻiga yulduzlar ekdi.
Koʻr kabi paypaslab uzatgandim qoʻl,
Koʻzimdan toʻkildi yam-yashil bir yoʻl.
Saboh havvolari huvillaganda,
Ruhimda bir ohang shovullaganda.
Sen sari jimgina ketmak istadim,
Bu gʻamgin kitobni yopmak istadim.
1997


* * *
Koʻz yoshini ichib tugatar Xayyom...
Saboh... Shabnam yalab tentirar sabo.
Besh yuz yildan beri bu shoʻrlik xumdon
Bir dilni pishirib tugatmas ammo.
Iblis tuzoq tuzar ruh ila jonga,
Iymonga guldasta tuzaydi aflok.
Toʻrt ming yildan beri ikki ilonga
Har kun dil yedirib ovvora Zahhok.
Yillarni pishirib aylanar quyosh,
Oylarni olmaday yetiltirar Oy.
Ajabmas, qush kabi uchib qolsa Tosh,
Ajabmas, odamday jilva qilsa Loy.
1998


Koinot Va Zarra

Oyning tegrasida toʻfonlar kecharlar...
Qargʻalgan qavmlar, qabih qavmlar
Fitnalar ustida qasamlar icharlar...

...va

Halokat koʻlkalari, ofat aygʻoqchilari
Oyning tegrasida izgʻib kezarlar.
Jodu ilonlari — chaqmoq qamchilari
Falak olmalarin shaxd-la uzarlar.

Uygʻon, Ey Zarra!

Qara, ishtoningning tizzasi yirtiq,
Boshing kal, qoʻlingda temir tarogʻing.
Sen yulduzlar hakda oʻylaysan,
Tovonlaring yoriq, yalang oyogʻing.

Axir

Oyning atrofida toʻfonlar kechayotir,
Qargʻalgan qavmlar qasamlar ichayotir,
Umidvor ummatlar koʻklarga koʻchayotir

Yuksal, Ey Zarra!
...va

Koʻp oʻksik tuyuldi senga xotining,
Alamlar allasi umringdan ortiq.
Oʻlik yulduzlarga toʻldi botining,
Manglaying tirtiqmi, yuraging tirtiq?

Axir

Oyning atrofida toʻfonlar kechayotir,
Soʻzbozlar, pulbozlar va vatanbozlar
Qoʻrchoqboz poyida muk tushayotir.

Yuksal, Ey Zarra!
...va

Musoning hassasi sen koʻrgan daraxt,
Ibrohim otilgan otashdon bu tan.
Sulaymon shamoli sen oʻtirgan taxt,
Sen esa, munchalar gʻaribsan, attang...

Axir

Oyning atrofida toʻfonlar kechayotir...
Vaqtning oʻchogʻida qaynab beshafqat
Zamonlar, insonlar, yuraklar pishayotir,
Senda faqat jimlik, senda faqat toqat

Yuksal, Ey Zarra!

1998


Iztirob Guli

Qay dilda oʻsding sen, iztirob guli,
Ulgʻayib qay osmon tomiga yetding?..
Bir kiftimda hayot, birida oʻlim,
Oʻttiz besh yoshimda sen sari qaytdim.
Soʻyla, yaprogʻi — soʻz, iztirob guli,
Gulbargdan soʻz kabi tomchilaydi qon.
Soʻyla, soʻyla endi, yolgʻizlik quli,
Gulobday yanchilib, ezilgan vijdon.
Nechuk sevib boʻldim seni, bilmasman,
Qayga berkitayin, obketay qayga?..
Yovvoyi toʻdalar qolsa koʻrmasdan...
Madaniy maydalar yoʻq boʻlgan joyga.
Soʻyla... Bagʻri qonim iztirob guli,
Gunglar koʻzlaridan tovshing izlayman.
She’rlar tinglamoqqa yoʻq endi holim,
Sening soʻzlaringni tinglash istayman.
Qay_sori borursan, yolgʻizdan-yolgʻiz, “
Qay din silamoqda gʻarib boshingni.
Yolgʻizim, suratu siyratingda kuz,
Gulga tortgan kabi oʻlim xochini.
Dunyo gullariga chatish emassan,
Soʻyla, nafasingda mazlum tuygʻular.
Vahshiy toʻdalarga seni bermasman,
Kibor maydalarga talosh qilmasman.
Soʻyla... bagʻri qonim... iztirob guli,
Osmon koʻzlaridan tovshing izlayman.
She’rlar tinglamoqqa yoʻq endi holim,
Sening soʻzlaringni tinglash istayman.
1998

Muvaqqat Uy

...va shunday gullaydi ming yildan keyin,
Sevgiday gullaydi yana bir olcha.
Ming yildan keyin ham boʻlmogʻi tayin,
Bir dono qoshida oʻttiz uch gʻalcha.
..va shunday sayraydi ming yildan keyin,
Oltin qafas ichra yana bir bulbul.
Ming yildan keyin ham boʻlmogʻi tayin,
Bir shoir qoshida oʻttiz uch dumbul.
...va shunday keng boʻlar ming yildan keyin
Ma’yus va xokisor shu Yerning bagʻri.
Ming yildan keyin ham boʻlmogʻi tayin
Bir mardning qoshida oʻttiz uch oʻgʻri.
...va shunday gullaydi ming yildan keyin,
Shodlikday gullaydi yana bir oʻrik...
Ming yildan keyin ham boʻlmogʻi tayin
Bir Iso qoshida oʻttiz uch oʻlik.
...va shunday qoladi ming yildan keyin
Ruhlar sayilgohi yana shu osmon.
Ming yildan keyin ham boʻlmogʻi tayin
Bir iymon qoshida oʻttiz uch shayton.
1998


Laylatul Qadr

Tongga kadar menga shafqat qil,
Hukm oʻqima saharga qadar.
To tonggacha gullar muttasil
Yuragimda namozshomgullar.
Qanday yigʻlay, qanday kuylayin,
Toshqinlarga toʻlayapman men.
Bu kechada oʻzim bilmayin,
Oʻzing sari kelayapman men.
Muruvvat qil, bomdodga qadar,
Osmoningdan yogʻilmoqda qut.
To tonggacha bir daraxt boʻlar
Yuragimni koʻtargan tobut.
Tongga qadar menga shafqat qil...
1998


Gina

Ey jon, senda nechuk muncha tamanno,
Aqlim siyratida shuncha tavallo.
Tilimning soʻz deya tergani — yolgʻon,
Sababi, koʻzimning koʻrgani yolgʻon.
Aqlim, har lahzada gʻavgʻo qilursan,
Ruhni tuproq birla savdo qilursan.
Boʻynimga osilib, nozlanar dunyo,
Nafsim nafasidan bezanar dunyo.
Bir oyoq istagi — osmon, mardona,
Bir oyoq istagi — shu qimorxona.
Men qayon borayin ikki tom osha,
Bir vujud sahnida shuncha tomosha.
1998


* * *
(Ulugʻbek malomati)
Shamchiroq istarmen orzumand dilga,
Bu kun ruh tilinda oʻzga talaffuz.
Yoxud ahli Qahfday naq uch yuz yilga
Tanaffus soʻrarmen, katta tanaffus.
Saxtiyon sahroda koʻrinmas karvon,
Qumlar quyunida qulunday qoldim.
Kiyikday qatlga eltilar vijdon,
Yoriltosh, yoril, tosh, yuraqdan oldin.
Qancha yillarimni boy berdim bunda,
Qancha tuygʻularim ketmishlar uvol.
Va osmon qarzini soʻraydi mendan,
Bir javob topmadim chor taraf savol.
1998


Begona

Bir doʻsti gʻaribga dil bersam dedim,
Bu gʻarib dilimga boqmadi hech kim.
Bir yorga koʻzimdan yoʻl bersam dedim,
Koʻzim daryosida oqmadi hech kim.
Bir piri murshidga qoʻl bersam dedim,
Ruhimga chaqmoqtosh chaqmadi hech kim.
Bir noshud qavmga el boʻlsam dedim,
Esh boʻlib qoshimga chiqmadi hech kim.
Siz daryo, mayli, men choʻl boʻlsam dedim,
Bagʻrim sahrosida oqmadi hech kim.
Bir doʻsti gʻaribga dil bersam dedim,
Bu gʻarib dilimga boqmadi hech kim.
1998


«Alpomish» Ohanglarida

Normurod akaga
Namozshomda gulday soʻlgan tarzim bor,
Toʻxta, ey yoʻlovchi, senga arzim bor.
Orbonglagan ot boshida dardim bor,
Koʻnglim kuygan, kuyganlardan qarzim bor,
Kuyib-kuyib suyganlarga arzim bor.
Sendan, mendan davron oʻtdi, toʻrajon,
Bir maydonda maydon oʻtdi, toʻrajon,
Kul kulbadan sulton oʻtdi, toʻrajon,
Gul gulbadan giryon oʻtdi, toʻrajon,
Namozshomda gulday soʻlgan tarzim bor,
Toʻxta, ey yoʻlovchi, senga arzim bor.
Boʻzlay-boʻzlay boʻgʻinlarim boʻshaydi,
Bu dunyosi qimorbozga oʻxshaydi,
Qush qalbingni eshaklari tishlaydi,
Namozshomda gulday soʻlgan tarzim bor,
Toʻxta, ey yoʻlovchi, senga arzim bor.
Suv edim saxtiyon sahro boʻlmisham,
Yer yuza adashgan Zuhro boʻlmisham,
Oq yuvib, oq tarab qaro boʻlmisham,
Bilmay charx raftorin rasvo boʻlmisham,
Namozshomda gulday soʻlgan tarzim bor,
Toʻxta, ey yoʻlovchi, senga arzim bor.
Oʻzga doʻst tutdimmi itlarni, yorab,
Koʻzlarim kuymishlar koʻnglimga qarab,
Dalliman, dunyodan donoliq soʻrab,
Har koʻchmanch shamoldan oshnoliq soʻrab,
Namozshomda gulday soʻlgan tarzim bor,
Toʻxta, ey yoʻlovchi, senga arzim bor.
Dunyo dunyoligʻin etmogʻi ayon,
Bitta boshpanada bulbul va ilon,
Bir koʻngil ichinda rahmon va shayton,
Bosh manzil qayon-u, soʻng manzil qayon,
Namozshomda gulday soʻlgan tarzim bor,
Toʻxta, ey yoʻlovchi, senga arzim bor.
1998


* * *
Qor edim, qalovim topildi, yondim,
Suv edim, olovim topildi, yondim.
Qadr kechasida seni doʻst tutib,
Zor edim, tilovim topildi, yondim.
Nechuk sensiz oʻtdi umr... hayronmen,
Gahi chumolimen, gah Sulaymonmen.
Saodat tunida seni doʻst tutib,
Kul uzra gullagan bogʻ-u boʻstonmen.
Etagingni oʻpib, toʻldim, toʻlgʻondim,
Xor edim, bir tunda gulga aylandim.
Muhabbat tunida seni doʻst tutib,
Oʻlimdan uygʻondim, Yoʻqdan uygʻondim.
Men edim, bir tunda Senga aylandim.
1997


Dalvarzin Momoning Qilichi

Bukchaygan qora uy qoshida
Oʻrmak toʻqib oʻtirar Dalvarzin momo,
Oyning oʻrogʻiga,
Kunning oyogʻiga
Shardoz boylar Dalvarzin momo.
Bu oʻrmakning boshi qayda, odogʻi qayda?
Toʻqilgan oʻrmakning ustidan
Tuyalar karvoni adashmay kelar,
Buddalar keladi, zardushtlar kelar,
Oʻrmak toʻqiyverar Dalvarzin momo...
Zobitlar ellarni qilichlab oʻtar,
Dillarni, gullarni qilichlab oʻtar,
Lekin qilich* bilan Dalvarzin momo
Gilamga gul solib oʻrmak toʻqiydi.
Yer ustida cheksiz uzanib yotar,
Qilichda toʻqilgan rangin kamalak.
Bukchaygan qora uy qoshida
Kamalak toʻqiydi Dalvarzin momo.
1996


Kuyovqoʻrgʻon Va Qizqoʻrgʻonda

Kuyovqoʻrgʻon xarobalari uzra
Olmalar otishga shaylanib turgan
Kuyovlarni koʻrdim ming yil oldingi.
Qizqoʻrgʻonning xarobalari ichra
Muhabbat olmalariga qoʻl choʻzayotgan
Hur qizlarni koʻrdim ming yil oldingi.
Tobora...
Kuyovqoʻrgʻon qarir, Qizqoʻrgʻon qarir,
Zamonlar keksayar, dunyo qariydi,
Qari xarobalar bagʻrida ammo,
Tobora muhabbat yasharib borar.
1997


Qari Qiz

Qaldirgʻochning tashlandiq uyasida
Kashta toʻqib oʻtirar qari qiz.
Ignani matoga urishdan avval
Har gal oʻz koʻngliga bir sanchib olar.
Qaldirgʻochning tashlandiq uyasida
Kashtaga aylanib borar qari qiz.
Xarobalar ichra kulganday bahor
Gullab boraverar bu noyob kashta.
Qaldirgʻoch uyasi chayqalar sarxush
Kechikkan kelinchak chimildigʻiday.
1997


Noʻnoq

U oʻn uch yoshida, suluvlar qolib,
Fotima chumchuqqa oshiq boʻlgan u.
Duoga ochilgan kafti ustida
Moʻ’jaz uya qurdi Fotima uchun.
Shundan beri uning kaftlari ochiq,
Yillarning patiday toʻzmas bu uya.
Quruqshok mangu band, qoʻllari xino,
Dunyo etagidan ushlay olmas u.
Kaft tomirlariga tutashib ketgan
Fotima chumchuqning moʻ’jaz uyasi.
U oʻn uch yoshida, dunyodan qolib,
Ozod Fotimaga oshiq boʻlgan u.
1997


Kamo No Tyomey

Men oʻylarga koʻmilaman
Tuproqqa koʻmilganlar kabi.
Ziyoratga kelganlar, ranjimay keting.
Shoshqin yoʻlovchilar,
Bu tirik qabrni toptamay oʻting.
* * *
Senga yigʻlagim keldi bu kecha,
Osmonday yigʻlasam senga...
Yoʻqsan... koʻzlarim koʻr boʻlib qoldi.
Yomgʻirday yigʻlasam senga...
Oʻrmon daraxtlarin lablarim-la paypaslab,
Bir-bir hidlab chiqyapman tunda.
Qanisan?
* * *
Bu qorongʻu oʻrmon ichida
Qushning uyasiday tor bu chaylada,
Bir kishi ham sigʻmas chaylada
Ikki kishi yashashi mumkin.
Bu chaylada bir kishi yotsa
Tashqarida qolar ikki oyogʻi.
Bir kishi tik turib koʻrsa mabodo,
Boshi oʻyib chiqar chayla qornini.
Bunda ikki kishi yashashi mumkin,
Budda bilan yana bir odam...
1993


Tilla Baliqcha

Koʻnglim daryosida tilla baliqcha,
Tila tilagingni, meni ozod qoʻy.
Mangu xizmatingda yetmish farishta,
Bitta tanbal devni oʻz erkiga qoʻy.
Yetmish farishtangga tillo zubarjad,
Yetmish farishtangga oltin joʻmalak.
Yetmish farishtangga yetmish muhabbat,
Baxtiyor qurbonlik — yetmishta erkak.
Koʻnglim daryosida tilla baliqcha,
Tilagingni tila, meni ozod et.
Olti suyagimdan bitta kemacha,
Ikki qulogʻimdan bir qoʻriqchi it
Yasadim senga deb, tilla baliqcha,
Faqat noʻnoq devni endi ozod et.
Koʻnglim daryosida, tilla baliqcha,
Tila tilagingni meni ozod et.
1994


Musofir

Simm-simm afsun aytar musofir shamol,
Gʻaroyib gʻor kabi ochilar bagʻrim...
Yuz yilki, koʻksimda jim uxlab yotgan
Ulkan tegirmonga qoʻl urar asta
Bu avliyosifat qari musofir...
Bir vaqtlar shu yerda yashagan edim,
Shu gʻor mezboniday dadil va oʻktam.
Unda tirik edi oʻlik tegirmon,
Unda men hammadan baxtiyor edim.
Gʻaroyib gʻor kabi ochilar bagʻrim:
Qimtinib kiradi ikki musofir —
Uysiz, boshpanasiz shamol ham, men ham...
Yaldo kechasida yoʻlda adashdik
Gʻor kabi ochildi egasiz bagʻir.
1997


Jinni Bola

Otadan yetim, onadan yetim Xudoyqul,
Ekkani koʻchat, tergani oʻtin Xudoyqul.
Qor ustida sarpoychan,
Qahratonda qartaygan,
Koʻngli yarim, joni butun Xudoyqul.
Yulduzlarni kapalakday ovlaydi,
Qahratonda tinmasdan,
Muz koʻchada sarpoychan
Ayamasdan oʻz-oʻzini quvlaydi.
Mehrdan butun, aqldan yetim Xudoyqul,
Qish qushlarin koʻzlarida suvlaydi.
Bolalarga oʻynab berar Xudoyqul,
Goh kuylar, goh yigʻlab berar Xudoyqul.
Va oʻziga qismat otgan toshlarni
Qalligʻi otgan gulday terar Xudoyqul.
Usti juldur,
Yalang oyoq, yalangbosh
Bir doʻsti yoʻq Qish bilan oʻynar Xudoyqul.
Qor bosgan bir tunda onam aytdilar:
«Xudoyqulga gul* chiqibdi, issigʻi oʻtkan...»
Shundan soʻng biz uni sira koʻrmadik.
Bildik, Xudoyqulni Gul olib ketgan.
Toʻqson chillasida, ovloq ovulda
Xudoyqul hammadan oldin GULLADI.
1997


Siz Kulol Qizimi Yo Mehr Qizi

Nechuk siz ma’yussiz, nechuk siz hayron,
Bir telba oshiq deb dilingiz vayron?..
Mendan farishtalar chekindi, hay-hay,
Gunohlarim koʻpdir, osiy bandaman.
Oʻzligim oʻzimdan ketar paydar-pay,
Sizning koʻnglingizga bir asrandiman.
Dilyorim, siz meni tark etmang faqat,
Dunyo ketabersin, siz ketmang faqat.
Hech kimga boshimni egmay yashadim,
Lekin har hurlikning oʻz poyoni bor.
Bor-yoʻgʻim siz sari eltib tashladim,
Dunyoda har qulning oʻz sultoni bor.
Dilyorim, siz meni tark etmang faqat,
Dunyo ketaversin, siz ketmang faqat.
Nechuk yigʻladingiz, sulton begoyim,
Nega koʻzingizda dil parchalari?
Saodat eshigin ochsin xudoyim,
Va sizda gullasin ishq gʻunchalari.
Dilyorim, siz meni tark etmang faqat,
Hayot ketaversin, siz ketmang faqat.
Bir kun doʻstlarimdan birovi aytdi,
Ey oshiq, qoʻllaring qaribdi, qara.
Sizni chorlayverib qoʻllar qaridi,
Sizni chorlayverib izladi chora.
Dilyorim, siz meni tark etmang faqat,
Oʻlim ketaversin, siz ketmang faqat.
Siz nurday ochilgan muhabbat guli,
Yorugʻ mehroblardan uchgan ibodat.
Dunyoda hayot yoʻq, demak, yoʻq oʻlim,
Muhabbat bor faqat, buyuk muhabbat.
Ishq guli, siz meni tark etmang faqat,
Dunyo ketaversin, siz ketmang faqat.
1997


Men Hayron, Doʻst Hayron

Shoir Mengnor Ollomurodga
Fasli xazon keldi, daraxtlar hayron,
Darbadar dil yetim qushchaday sayron,
Evrilib kelarkan bu ikki jahon,
Men hayron, doʻst hayron, ikki dil hayron.
Maysalar jon berdi yuraklarimda,
Bir oyat sirqirar suyaklarimda,
Yalov tikib oldim koʻylaklarimdan,
Oʻt chaqnar toshlarim, kesaklarimdan,
Men hayron, doʻst hayron, ikki dil hayron.
Oʻn olti yoshimning diyorlarida,
Bir qizning kuzlari, bahorlarida,
Koʻngilning koʻp intiq diydorlarida,
Oʻtganlarning gʻarib mozorlarida,
Men hayron, doʻst hayron, ikki dil vayron.
Yolbordik, tillari kesik bulbulday,
Soʻnggi singlisini boy bergan ulday.
Kechalar toʻshagi tutagan tulday,
Ogʻalar dogʻida kuygan singilday,
Yolbordik kech kuzda ochilgan gulday.
Men hayron, doʻst hayron, ikki dil hayron.
Lek, sado kelmadi, mozorlar, sizdan,
Bir nasim yelmadi, bahorlar, sizdan.
Koʻngilni garovga qoʻygan edik biz,
Bir dallol chiqmadi, bozorlar, sizdan.
Men hayron, doʻst hayron, ikki dil vayron.
Dunyo bu, yaxshilar, nokaslar oʻtar,
Gul oʻtsa yonidan xor-xaslar oʻtar,
Haromning zavqidan alastlar oʻtar,
Mardlar rizqini yeb goh pastlar oʻtar,
Goh uzun, goh qisqa ne dastlar oʻtar,
Men hayron, doʻst hayron, ikki dil hayron.
Ma’yus momolarim kuylab oʻtgan yurt,
Bobolar yuragin qayrab oʻtgan yurt,
Kelbati osmonni boʻylab oʻtgan yurt,
Men borsam, bir parcha yurak tutgan yurt,
Men hayron, doʻst hayron, ikki dil hayron.
Biz tongni ilgʻadik tunning ta’biridan,
Yulduz terib oʻtdik she’rning satridan,
Yangi oy chiqmoqda pirlar qabridan,
Men hayron, doʻst hayron, ikki dil hayron.
1997


Subhi Sahar

Koʻngilga xush kelding, ey subhi sahar,
Uygʻot uxlab yotgan tomirlarimni.
Moʻ’minlar koʻz yoshi — gavhar shudringlar,
Yuvsin gʻubor choʻkkan bagʻirlarimni.
Bu elga xush kelding, ey subhi sahar,
Bu dilga xush kelding, ey subhi sahar.
Ochay eshiklarni, derazalarni,
Masih nafasingni may kabi ichay.
Olis bolalikda yoʻqotib qoʻygan
Singlimni topganday men seni quchay.
Elimga xush kelding, ey subhi sahar,
Dilimga xush kelding, ey subhi sahar.
Bu tun kimlar qolib, kimlar ketdilar,
Qayda rizq gulladi, qaydadir fitna.
Sen kelding, goʻdaklar isi ham keldi,
Sen kelding, yer-osmon chayildi sutga.
Dilimga xush kedding, ey subhi sahar,
Elimga xush kelding, ey subhi sahar.
1997


Xudoyberdi Chol Hikoyasi

Kun boʻyi takrorladi...
Tun boʻyi takrorladi...
Tili aylandi bitta ismga,
Yuragi aylandi bitta ismga,
ISMga...
Sitilib ketmokda koʻzidan yoʻllar,
Sitilib bitmokda umridan yillar,
«Farzand koʻrsam edi uning ismini...
Oh, uning ismini...»
Takrorlayveradi, takrorlayveradi
Xudosi bermagan Xudoyberdi chol.
Suyakka yopishgan qaboqlaridan
Uzilib tushadi tunlar, kunduzlar.
Umrning burishgan soʻqmoqlaridan
Notugal olamda armonli izlar.
Qarigan eshiqdan dalda kutadi,
Tobutga aylanar beshiksiz «vatan».
Oh degan bir ism tunni yutadi,
Shoʻr takdirga taskin boʻgʻchada kafan.
Hech kim dard izlamas. Hech kim istamas,
Chol bilan soʻzlashar tungi pardalar.
Deraza ortida elas va elas
Tilsiz shivirlaydi ogʻir sharpalar.
Umrida ilk bora yetmish yoshida
Kampiri koʻksiga boshini tashlab
Yigʻladi, yigʻladi, yigʻladi:
«Kampir, juda uzoq yashab yubordik,
Choʻksaydi yillarni tortgan tuyalar.
Kampir...
Ellik yil bagʻrimda jimgina yonding,
Ellik yigʻladi sadoqatlaring...
Kampir...
Jimgina... Jimgina...
Xuddi kelinchaklik davriday sirli
Sevgi nigohlarda yongan kunidagiday,
Jimgina... Jimgina toʻkaverdi yosh,
Koʻzlariga yetdi yurakning zoʻri:
«Yetmishmi... Saksonmi... Yashab beramiz».
Kunlar toshbaqaday ogʻir sudralar,
Huvillagan uyda yolgʻiz chol, kampir.
Ortiqlik qiladi shirin taomlar —
Tugʻilmagan bolalarning nasibasi...
O, ularni sen ye, bevafo qismat.
Xudoyberdi chol tush koʻradi:
Bir kelin. Unda
Yetmish ming kelinning husni, hayosi.
Osmonday roʻmolining bir burji bilan
Doʻppaygan qornini yashirib,
Uyalib choy uzatar cholga.
Jilmayib turadi yonida oʻgʻli...
Soʻng...
Tili aylanar bitta ismga,
Yuragi aylanar bitta ismga...
ISMga...
1985


* * *
Sim-siyoh balchiqqa choʻkib yotar tong,
Nafsning qozonida biqirlaydi ong,
Va Ilondarada, zaxlagan gʻorda
Shamoldan berkinib poʻst tashlar ilon.
Naqadar hikmatni koʻrdim men bunda...
Naqadar oʻlim bu... naqadar hayot.
Naqadar ogʻirdir eng soʻnggi kunda
Bilgan-bilmaganing oʻz-oʻzingga yot.
...Ham yaydoq yaylovga choʻkadi tuman,
Ham toʻzgʻoq tuzoqqa yetim yel choʻri.
Ham jodu jabdugʻin ochar yosuman,
Ham oydan berkinib tullaydi boʻri.
Shunchaki, oʻyini bu ish falakning,
Shunchaki, qimorda bir shashqoldona...
Shunchaki, bir goʻrdan olib yurakni
Yana boshqa goʻrga tiqmoq mardona.
Shunchaki, oʻzingdan oʻzing begona.
Tobutdan tashqari Iskandar qoʻli,
Suvdan chiqqan Zardoʻsht yonadi oʻtda...
Va odam tanasin bevafo bilib,
Itning terisiga berkinar Budda.
Inchunun, koʻz ochiq, qorachigʻlar koʻr,
Inchunun qoʻrquvga yedirilgan dil.
Inchunun, oʻrgimchak toʻqiyotgan toʻr,
Jannat koʻprigiday koʻrinar sabil.

Va....

Maymun terisidan xushbichim tana,
Timsox terisidan nafisroq teri.
Yogʻoch ot ustida borar jimgina
Na-da ilondir u, na-da u boʻri.
Naqadar hikmatni koʻrdim men bunda,
Naqadar oʻlim bu, naqadar hayot…
Birinchi kundan va eng soʻnggi kunda
Oʻz oʻzingga yotsan, oʻz-oʻzingga yet.
1998


Qaytish

Rahmat yogʻmurlari yogʻdi falaqdan,
Paygʻambar kemasi — hayot beshigi.
Bir yorugʻ daricha ochdim yurakdan,
Ochildi saodat, sevgi eshigi.
Uning peshtoqida yam-yashil qushlar
Oʻzidan nur tarab sayraydi oyat.
Guldurak gulduros otib olqishlar,
Bu oqshom dil sari kelibman, shoyad.
Bu oqshom balqarman oy kabi toʻlin,
Rahmat yogʻmurlari yogʻdi falakdan.
Marhamat qilingiz, ey ahli moʻ’min,
Muhabbat eshigin ochdim yurakdan
1998


Bir Kuni

El enasi — Oysihat momo,
Chopon tikib bering menga shafakdan,
Kiftiga Oy, Kundan qoʻshtumor taqing.
Zarrin chiroziga yulduzlar qadang,
Menga kamalakdan bir belqars toʻqing.
Zerikdim, boʻshliqday zerikdim, momo,
Shungami, kuyovday yasangim keldi.
Borlikda bir koʻza suv edim, ammo,
Shu damda olovga uzangim keldi
1998


Ibodat Sururi

Qamalgan qamarlar, endi ozodsiz,
Ilohiy qanotlar qulluq, assalom.
Rizvon qushlariday muharram, shodsiz,
Juft-juft kelinlarday aylangiz salom.
Qoʻllarim eriydi, vujudim erir —
Qarang, qanday erir bu oltin qafas...
Tosh soʻngaklar endi ipakday harir,
Hademay tan abas, yana tan abas.
Farishtalar kutar sizni qaydadir,
Nurdan kashta toʻqib, liboslar tikib.
Daholar shivirlab aytmokda takbir,
Mangu sukunatga ovozlar toʻkib.
Siz suzib borasiz, zulmatlar sinar,
Goʻzal... Qanday goʻzal oylar karvoni.
Osmon qovogʻiga kulgular qoʻnar,
Nurdan toʻydirasiz yetim samoni.
Qarang, qanday erir bu oltin qafas,
Rizvon qushlariday muharram, shodsiz.
Hademay tan abas, yana tan abas,
Qamalgan qamarlar endi ozodsiz.
1994


* * *
Boshqa gapni qoʻying. Odam xalqiga
Koʻp narsa ortiqcha, olifta, bashang.
Uch-toʻrt norasida goʻdak haqqiga
Uzoqroq yashang siz, Uzoqroq yashang.
Dunyodan toʻydingiz, hayotdan toʻymay,
Keling, keng koʻngilni kenglikka toʻshang.
Kuygan onangizni azobga qoʻymay,
Uzoqroq yashang siz, uzoqroq yashang.
Hamisha dunyo tor odam ahliga...
Muncha qaygʻulisiz, munchalar boʻshang.
Kimningdir gʻamiga, kimning baxtiga
Uzoqroq yashang siz, uzoqroq yashang.
«Hech kimman» demang, siz oʻzbek xalqiga
Keraksiz.
Keraksiz oʻylarni tashlang.
Nogoh oʻlmay qolgan millat haqqiga
Uzoqroq yashang siz,
Uzoqroq yashang.
1994


Qadimgi Daftar Yoxud Unutilgan Ohanglar

(turkum)

I. VATAN

(qadimgi bolaning qadimgi qoʻshigʻi)
Oq oʻtovni nortuya
etti marta aylansa,
changaroq osmonida
etti goʻzal saylansa...
Qizil tandir tob yesa,
kunlarim pishsa hil-hil.
Tunlarim kulib tursa,
oy bilan oʻynasa dil.
Oʻzim qaldirgʻoch boʻlsam,
soʻzim suyunchi boʻlsa,
koʻnglimda titrab oʻsgan
qamishlar naychi boʻlsa.
Momomday dashtlarimning
Joni, erkasi boʻlsam.
Bu dashtlar menga toʻlsa,
Men bu dashtlarga toʻlsam.
Oʻzim qaldirgʻoch boʻlsam,
Soʻzim suyunchi boʻlsa...

II. «Irq Bitigi»ga Bitik

Munchalar munglisan,
Kiyikning oʻgʻli,
Choʻlponmi, Usmonmi isming, sirdoshim,
Yetim emchakdoshim, yersiz yerdoshim.
Qanday qaygʻulisan,
Kiyikning oʻgʻli...
Yashil qoya sening yozlik joying — xor,
Qizil qoya mening qishlik joyim — zor.
Koʻzing, qaygʻu uyi,
Kiyikning oʻgʻli,
Qora qush jigaring choʻqilar kun-kech
Topshirib boʻlarmi shu Vatanni hech?...
Hech... hech... hech!!!

III. Sevgi

Quv yelindan sutlar keldi sirqirab,
qanisan-uv?...
Qora boshga qor yogʻdi yarqirab,
qanisan-uv?...
Qizil-yashil kunlar oʻtdi gurkirab,
qanisan-uv?...
Qirq qush boʻlib qirq jon uchdi chirqirab,
qanisan-uv?...
Dil yorildi, daryo oqdi sharqirab,
qanisan-uv?...
Tuproq tanam gul oʻstirdi zirqirab,
qanisan-uv?...

IV. Yonib Ketgan Marsiya Boʻlaklari

Choʻjalari choʻlda qolgan boy bola,
Qulunlari qumda qolgan boy bola,
voyy bola-a...
Qatordagi qora norlar qoqildi,
Kadi sindi, sirqirab sut toʻkildi,
yurak tindi...
Tutqoziqqa boyli bola, boy bola,
Toltobutda joyli bola, voy bola,
voyy bola-a...
Kuyuk koʻngil koʻk kiyganda koʻk kuyar,
Kiyik singil singraganda tosh iyar.
Yoriltoshning sutin ichgan boy bola,
voyy bola-a...
Oʻng boʻsagʻa suyanib oʻgʻling qoldi,
Chap boʻsagʻa suyanib qizing qoldi.
Chaqmoqtoshning choʻgʻin yutgan boy bola,
voyy bola-a...
Eshigingda elanib eling qoldi,
Qayroqtoshning qahrin yutgan boy bola,
voyy bola-a...
Yoriltoshning sutin ichgan boy bola,
voyy bola-a...

V. Qadimgi Shoirning Tugʻilishi

Qahraton qatronidan
Saratonga muz berdim.
Yulduzsiz kechalarga
Kiprikda yulduz berdim.
Kapalak qanotidan
Choyshab yopdim dunyoga.
Musicha hayotidan
Hikmat topdim dunyoda.
Togʻlarim — bobolarim,
Oy manim momom boʻddi.
Koʻzlarimning ichida
Dunyo dunyoga keldi.
Enamday daryolarim
Oq yuvib, oq taradi.
Osmonday yuragimga
Hayot toʻlib boradi.

VI. Fasllar Haqida Ibtidoiy Bitik

Qoya etagida, gʻaroyib gʻorda
Qish meni mehmon qildi
Bir oʻchoq olov bilan...
Koʻzlarimga issiq koʻrinib ketdi
Mening sovuq doʻstim, qadrdonim Qish.
* * *
Kuz oqshomi... Qoraygan toʻqay...
Uzoq-uzoq uvladi boʻri.
Tovushsiz pinjimga berkinar
Qoʻrqib ketgan ma’yus singlim Kuz.
* * *
Tongda meni uygʻotdi qaldirgʻoch,
Soʻng shaldirab kuldilar suvlar.
Derazamdan jilmayib qarar
Qizalogʻim, sevinchim Bahor.
* * *
Olma, anor, uzumga qoʻshib
Yuragimni pishirar oftob.
Dalalarga sochilib ketgan
Tiriklik deb atalgan kitob.
Xavotirli boqar qalbimga
Kuyunchagim, onajonim Yoz.

VII. Kuyov

Otang mendan aylansin,
Enang mendan oʻrgilsin,
Erka Gulsum, jon Gulsum.
Qoʻllarim qadogʻiga
Sochlaring tillo toʻksin.
Oy tugʻar qabogʻingda
Kun tugʻsa, senga tugʻsin.
Otang mendan aylansin,
Enang mendan oʻrgilsin.
Oʻjar Gulsum, jon Gulsum.
Kuyov — yov deb aytdilar,
Topsinlar oʻzga doʻstni.
Seni xoʻp aynitdilar,
Bepisand bilib bizni.
Koʻzimda oʻsgan gulim,
Kulbamni obod ayla.
Novvot qaynatar tilim,
Men kabi kuyov qayda?
Kuyov yovmas, kuyov-tov,
Suyansalar arziydi.
Xasis otang, shum enang
Mendan bir qiz qarziydi...
Otang mendan aylansin,
Enang mendan oʻrgilsin,
Erka Gulsum, jon Gulsum.

VIII. Istibdod

Jangdagi magʻlubiyatdan soʻng eshitilgan nola
Bek boʻlar ullarim qul boʻldi,
Suluv boʻlar qizlarim choʻri...
Alp erlar yuragi yirtildi,
Vo-o, shoʻrim! Vo-o, shoʻrim!
Erk boʻlar Vatanim berk boʻldi,
Zulmatning qahrida quyoshning nuri.
Nafrat, alam bilan kafanim toʻldi,
Vo-o, shoʻrim! Vo-o, shoʻrim!
Gul boʻlar yerlarim kul boʻldi
Toptaldi, xoʻrlandi otalar yeri.
Yer topmay koʻnglimga koʻmildim,
Vo-o, shoʻrim! Vo-o, shoʻrim!

IX. Yoʻqolgan Bitiktoshdagi Yozuv

Er Bilga arazlagan yoʻlbarsga aylandi,
Alam ham ulgʻaytar oʻgʻilni.
Beshik bogʻichlari uzilib ketdi,
Qasos kuchaytadi oʻgʻilni.
Beshik oltin tuyoqli tulporga aylandi.
Erk Er qiladi oʻgʻilni.

X. Qadimgi Kuy

Yayrab oqqan jilgʻa boʻyida
Chanqovuz chaladi qizgina...
Menday yigʻloq aprel oyida
Yigʻlagim keladi jimgina.
Bir uyum oq bulut poyida
Qizgina chaladi chanqovuz, —
Yayrab oqqan jilgʻa boʻyida
Tosh ustida yayraydi tovus.
Soy ichida, jilgʻa boʻyida
Chanqovuz chaladi qizgina.
Menday tashna aprel oyida
Yashagim keladi jimgina...
Yashagim keladi jimm-gina...

XI. Singilga Bagʻishlov

(qabrtoshdagi eski yozuv)
Mushtipar egachim,
Tilovchim mening...
Kimsasiz daladay horgʻin qoldim men
Yaxshi-yomon kunda
Soʻrovchim mening,
Qorongʻi sahroda gʻamgin qoldim men
Ma’yus duogoʻyim,
Mushtiparim-ay,
Qora tumanlarga choʻkmishdir dilim.
Oy kabi olisim,
Nurday xolisim,
Menga tik qarashdan uyalar oʻlim.
Egachim, tilovchim,
Soʻrovchim mening...

XII. Koʻhna Yurt Haqida Yangi She’r

Momolar sirlarin tinglagan tuproq,
Bobolar koʻkragin koʻtargan osmon.
Pirlarning kaftida koʻkargan bayroq,
Onalar koʻzida yigʻlagan doston.
Oʻgʻillar koʻksida chaqnagan chaqmoq,
Oyqizlar koʻnglini gullatgan tuygʻu.
Goʻdaklar dilidan boshlangan irmoq,
Shoirlar yuragin porlatgan qaygʻu.
Daholar manglayin yarqiratgan oy,
Fidolar bagʻridan silqigan bardosh.
Tangri yer yuziga yoʻllagan humoy,
Bobotogʻ bagʻrida tugʻilgan quyosh.
1999


* * *
Hamal ayvonida kuylaydi havo,
Qizgʻaldoq qoʻshini qirlarga tushdi.
Meni yetaklab oʻt, ey Qari Navo,
Yuragim yurtida yulduzlar pishdi.
Adirlar egnida yam-yashil qabo,
Shamol halinchakda ipak bulutlar...
Meni yetaklab chiq, jon singlim Sabo,
Sovigan koʻnglimda chaqnadi oʻtlar.
Yangi koʻylaklarin kiymokda Hayot,
Hamal ayvonida kuylaydi havo.
Meni yashash sari yetaklaydi shod
Qari Navo bilan shoʻx singlim Sabo.
2001


* * *
«
“Qani, nay ber menga, doʻstginam.”
A. Oripov
»
Lablarimda gullayapti nay,
Kurtakladi qoʻlimda rubob.
Kish kechasi hech kimga aytmay
Yoʻlga tushdim, yoʻl juda uzoq.
Qor ustida oʻynaydi oʻlan,
Oq zorlarni yogʻadi koʻksim.
Dardga toʻlgan yuragim bilan
Yuragingga boryapman, doʻstim.
Unutilgan tuygʻular haqqi
Yarim tunda oq qorlar kechib,
Ketib borar ohang daraxti
Muhabbatli qasamlar ichib.
Uzun kecha... Yoʻl undan uzun...
O, qanchalar sogʻindim seni.
Derazangda muz gullar bilan
Tong chogʻida qarshila meni.
2001


* * *
Daryo sohilida sen bilan tanho
Kezardik, tillarang qumlarni kechib...
Shirin va’dalarni ichardik, ammo
Bari qumda izday ketmishlar oʻchib.
Oʻtmishlar, kechmishlar, bari ketmishlar,
Suvlarga oqmishlar hayajonimiz.
Ishq toʻla dillarni yillar netmishlar,
Ikki sohil boʻylab ayro jonimiz.
Qumlarga dafn etdik yoshligimizni,
Sirlar injularin suvlarga berdi...
Begona sohillar chorladi bizni,
Koʻzimizda daryo chayqalib turdi.
2001


Ijod

Sahro qumlarida bir kaltakesak
Yetti yuz yil dumin sudradi, yeldi.
Oqibat tarixi ne boʻldi, desak,
Tugʻildi, yashadi tugʻdi va oʻldi.
Ummonlar qa’rida bitta kapalak
Qirq sakkiz lahzada paymoni toʻldi.
Qirq sakkiz lahzaning shirasin yalab,
Tugʻildi, yashadi tugʻdi va oʻldi.
Shular qatorida bor edi inson...
U Hayot va Xudo ma’nosin bildi.
Oqibat, tarixi boshqa jarayon —
Tugʻildi, yashadi, tugʻdi, tugʻildi.
2001


Ishorat

Ogʻzi hech yopilmas qilichbaliqning,
Boisi: ogʻzidan tishlari katta.
Shunday, qay boʻgʻizga qilich tiralgan
Va qay bir ogʻizga tiqilgan latta.
Tishlari bahaybat qilichbaliqning,
Nafs va ruh ilmiga ishoradir bu.
Bu ham bir hikmati Buyuk Malikning,
Ogʻzin ochib oʻtmak dunyodan mangu.
O, taqdir, hukmda bilganing bilgan,
Meni yerga urma pastlar oldida...
Koʻzlari abadiy yumilib qolgan,
Ogʻzi hech yopilmas kaslar oldida.
2001


Qadimiy Qoʻshiq

Mening manglay sochimni
Tong shamoli qayirdi,
Ayta qolgin, shamoljon,
Jon shamoli qayerda?
Sahar-sahar yuragim
Shudring kechib sayrda,
Ayting endi, saharlar,
Dil sahari qayerda?
Mening qora boshimni
Oqbulut aylantirdi,
Ayta qolgin, jon bulut,
Jon yomgʻiri qayerda?
Mening manglay sochimni
Tong shamoli qayirdi,
Ayta qolgin, shamoljon,
Jon shamoli qayerda?
2001


Kutish

Yuragimning nurli rishtalaridan
Senga deb oʻttiz xil koʻylak tiktirdim.
Uch yuz yillik yongʻoq urugʻlariday
Koʻzlarimni yoʻllaringga ekdim men.
Umrimning parishon borchalarida,
Za’far yaproqlarda dildirar titroq...
Bir tup keksa yongʻoq shoxchalarida
Kaygʻuli hilpirar oʻttiz xil bayroq.
2001


Koʻr Bola

Quyosh dafn etilgan
mening koʻzimda,
Minglab koʻz charaqlab
yotar koʻksimda.
Tovushlar gullarin
teraman gʻamgin,
Qorongʻi bogʻimga
bir bora kelgin.
Ich-ichimda kimdir
yigʻlaydi yum-yum,
Kuygan qorachigʻda
moʻltirar koʻnglim.
Quyosh dafn etilgan
mening koʻzimda,
Qorongʻi bogʻlar bor
axir ichimda...
2001


Doʻkonda

Yaxshi chizishibdi koʻzu qoshingni,
Usti-boshing yaxshi... Kayfiyating chogʻ.
Agar ochib koʻrsak yelim boshingni,
Nima chikar ekan undan, qoʻgʻirchoq?
Boplab ishlashibdi mushting, tishingni,
Oʻtirgan kursing ham yarashgan, biroq,
Nogoh yorib koʻrsak sening ichingni,
Nima chiqar ekan undan, qoʻgʻirchoq?
Savolga ne hojat, senga ham ogʻir,
Qismating qoʻrchoqlik, shunday boʻldirgan
Hech ovoz chiqarmay ishingni bitir,
Nachora, ichingni yelga toʻldirgan
2001


* * *
Mugʻanniy, dardim dudiga
Dutoring duto boʻldi.
Ashki selobim ichib,
Sanavbar sato boʻldi.
Gʻayri Haq suhbatida
Ruhimni halok aylab,
Mazallat gʻurbatida
Ot surmak xato boʻldi.
Gʻaflat uyida mastmen,
Ammo, noumid emas,
Qoʻl choʻzsa piri dastgir
Kofir ham kimyo boʻldi.
Gʻavgʻoi gʻamdin ne gʻam,
Ne gʻam bu malomatdin.
Yaxshim ham, yamonim ham
Atoi xudo boʻldi.
Dayr aro kuylab oʻtdim,
Hech holim bilolmasman..
Kuyim — intiho boʻldi,
Koʻyim — ibtido boʻldi
2001


Abduxoliqning Jaydari Falsafasi

Bilsa baliq, deding, bilmasa xoliq,
Har kasga dil berding, ey Abduxoliq.
Himmatingni koʻrib, tentak dedilar,
Mehringdan suv ichib, kaltak urdilar.
Har tulki, har ilon, har kaltakesak
U bizdan qarzdordir, dedilar, beshak.
Goho boyoʻgʻliga, goho qargʻaga
Ushoq-ushoq koʻngil ushatding nega?
Evaziga olding tuhmat, malomat,
Oqibat sen nodon, ular vallomat.
Desam, shamol kabi shivirladi u:
Birodar, holimga chekmagil qaygʻu.
Olamda boʻlmasa mor, qargʻa, baliq,
Boʻla olarmidim men Abduxoliq?
Ularda bor-yoʻgʻi nafs va riyo bor,
Mening ichimda-chi, soʻngsiz daryo bor.
Ularni nomma-nom bir-bir sanading,
Asli zotlarini aslo bilmading...
Barining ismi bir — OLIQSOLIQDIR,
Shukr, mening ismim ABDUXOLIQDIR.
2001


* * *
Koʻp boʻldi rang-barang ranglar sotgani
Kelmay qoʻyganiga boʻyoqchi Orzu,
Men unga oʻrganib qolgan ekanman...
Lekin, har kun kelar suvoqchi Turmush,
Parishon umrimning chaldevorlarin
Oʻzi bilganicha suvab ketar u...
2001


* * *
Daryolar uygʻondi koʻnglimda mening,
Oʻn ikki oy erir qoʻlimda mening,
Pirlar paydo boʻldi oʻngimda mening,
Men endi dunyoni netarman?..
Oʻynabman yurakni urgancha toshga,
Uchib kirgandayman men oʻttiz yoshga,
Ishoning, men endi boshqaman, boshqa,
Bu yolgʻon savdoni netarman?..
Davlatu zar sizga, dunyolar sizga,
Yer ostiga ketgan daholar bizga,
Dil ishqqa aylandi, oʻzim yulduzga,
Bu oʻlik sahroni netarman?..
Olov qushlar uchdi tilimdan mening,
Rubob yasang endi qoʻlimdan mening,
Qarzim ham qolmadi oʻlimdan mening,
Bu oʻtar dunyoni netarman?..
1993


* * *
Ma’sum maysalarni tiriltguvchi sen,
Muzlagan hislarni ilitguvchi sen,
Buyuk himmatlaring unutguvchi men,
Meni kechir, azizim Hayot.
Umrim fasllarin kuzatguvchi sen,
Beshik ham tobutim bezatguvchi sen,
Haqqingga malomat uzatguvchi men...
Meni kechir, azizim Hayot.
Gʻam va shodlik bilan siylovchi oʻzing,
Seni aybim bilan ayblovchi oʻzim,
Naqadar achchiq va shirindir tuzing...
Meni kechir, azizim Hayot.
2002


* * *
Kuyunchak momolar, aziz momolar,
Boshdan oyogʻimga soching duolar.
Sizning mehringizdan istaydi qanot,
Koʻkrak qafasimda qisilgan hayot.
2002


Ozodlik

1

Sevgimday sevarman seni, Ozodlik...
Sayoq sak emasman, koʻchkin quyunmas,
Uyasiz ilonmas, uya izlagan.
Bir parcha non menga aziz tuyulmas,
Bir parcha yuragim erk deb boʻzlagan.
Qanday yolgʻonlayin... Qanday alday men?
Qoʻllarim rubob-ku, tomirlarim tor.
Oʻsmir yoshimdagi sevgilimday sen,
Oʻlim yoshimdagi koʻksimdagi or.
Sevgimday sevimlim, sirim, Ozodlik!

2

Shodlik ulasharmen dardga, qayruga,
Mashrabday sochilib ketayapman men.
Oʻn olti yoshimda sezgan tuygʻuga
Oʻttiz besh yoshimda yetayapman men.
Tohir Zuhrosini suygani kabi,
Men suymak istadim seni, Ozodlik.
Bitta muhabbat deb kelar har nabiy
Va bitta qaygʻudan koʻkarar shodlik.
Sevgimday sevarman seni, Ozodlik!

3

Dilimda chamanlar boʻlganida xor,
Yelkamdan potirlab oʻsdi qabrlar.
Choʻlponning qoshida chayqalganda dor,
Joynamoz ustida jon berdi pirlar.
Bagʻrimni choʻqilab zulmat gʻajiri,
Qonagan dilimni qorganda loyga...
Soʻnggi kitobini yozdi Qodiriy
Turma tuynugiga osilgan oyga.
Mening varaqlarim qonli varaqlar,
Yuragim shiftidan chakkillaydi qon.
Yoshligim sururin soʻrdi qamoqlar,
Sibir shamoliday uvillar Usmon.
Sevgimday sevimlim, sirim ozodlik!

4

Tumanlar ichinda charsillaydi dil,
Otamning joniday ogʻrir vijdonim.
Meni duo qilgil, mushtipar singil,
Meni duo qilgil, sevgim, armonim.
Yerlarim toptalsa, xoʻrlansa quyosh,
Qoʻlim nayza boʻlsin, tishlarim xanjar.
Tosh boʻlsin koʻzingda miltiragan yosh,
Meni duo qilgil, ma’yus mushtipar.
Boshdan qora kunlar oʻtdi basma-bas,
Sevgiday toʻkildim, suvday toʻkildim.
Shunda ham tobutlar poyiga emas,
Beshiklar poyiga kelib yiqildim.
Sevgimday sevarman seni, Ozodlik!

5

Hayron qoʻllarimni ochdim falakka,
Oyogʻim ostida soʻngsiz paxtazor.
Tashlandiq orolday gʻarib yurakda
Oʻlik kemalarday ming-minglab mozor.
Yoshligim oy kabi balqqan pallada,
Sirlar tabassumday gullagan palla...
Kuyovlik kunlarim qoldi dalada,
Chimildigʻim — dala, kelinim — dala.
Insonlik istadim tun yorugʻida,
Insonlik, Vatanlik, Xalqlik, Obodlik.
Yuragimning rangin chimildigʻida
Bir bor koʻrsam, dedim, seni Ozodlik.
Sevgimday sevimlim, sirim, Ozodlik!

6

Yurak saharida koʻrinish berding,
Quyosh arzandasi, koʻngil hulkari.
Keksaygan otamday men sari yurding,
Non reza bolamday kelding men sari.
Insonlik istarman hayot bogʻida,
Insonlik, Vatanlik, Xalqlik, Obodlik.
Yuragimning rangin chimildigʻida
Mangu koʻrsam deyman seni, Ozodlik.
Sevgimday sevimlim, sirim, Ozodlik.
1998


Mangu Yurt

Iloh manglayingdan oʻpgan xoynahoy,
Senga kamalakdan ipak halinchak.
Boshingda sollanib turar oʻttiz oy,
Hazrati Xizrni koʻrgan kelinchak.
Rahmat nurin sochar Malik Yavmiddin,
Zulfingni taraydi oʻttizta hilol.
Va oʻttiz beshikda diyonat va din,
Sen-da, oʻttiz hurni ulgʻaytgan ayol.
Qoshingdan izma-iz avlodlar oʻtar,
Bu qanday viqordir, qanday oroyish?...
Boshdan oyogʻingga gul sochib ketar,
Yuraklar boshlagan buyuk namoyish.
Bilmasman, ogʻangmi ulugʻ Muhammad,
Quyosh parchalari qaytmishdir yana.
Yuraging — erk qushi, ruhing — haqiqat,
Sen-da, oʻttiz hurni ulgʻaytgan ona.
Iloh manglayingdan oʻpgan hoynahoy...
1994


Hurriyat

Tol beshikka gulday tayangan, singlim,
Sahar-sahar qushday oʻyongan, singlim.
Oʻng tizzangga ul olib suyar boʻlding,
Chap tizzangga qiz olib suyar boʻlding.
Tol beshikka toʻdanalar taqasan,
Tov boshidan sochalalar sochasan.
Uy toʻriga uling qulluq boʻlsin-a,
Dil toʻriga qizing qulluq boʻlsin-a.
Qoʻsh beshikka egiz qamar belangan,
Beshik bogʻi osmonlarga ulangan.
Ot boshida dardim bor, aytib oʻtay,
Eldan niyat qarzim bor, aytib oʻtay:
Xudo qabul qilsin, xush niyat boʻlsin,
Bolangga bosh davlat Hurriyat boʻlsin.
1998


* * *
Goh gʻamgin, goh shodmon oʻtmogʻda umrim,
Azal sahrosida yillar yeladi.
Dayri fano sari ketmogʻda umrim,
Mening gullar sari borgim keladi.
Sumanlar, suluvlar sururdan soʻylar,
Mening har holimga falak kuladi.
Umrim oxiratning haddini boʻylar,
Mening gullar sari borgim keladi.
Yetimga yetarmi yetti himmatim,
Dunyo kimdan oʻtib, kimga qoladi?
Hurlar sari ketar beldan quvvatim,
Mening gullar sari borgim keladi.
Sut va soʻz qarzim bor hayot — onadan,
Vaqt-bevaqt koʻzimga yoshlar toʻladi.
Elchi shamol keldi baytul fanodan,
Mening gullar sari borgim keladi.
Bemor kuz qiziday oʻtmogʻda umrim,
Mensiz ham kun kulib, oylar toʻladi.
Fasli xazon sari ketmogʻda umrim,
Mening gullar sari borgim keladi.
1994


Lahzaning Umri

Paygʻambar eshigin taqillatgan men,
Shaytonni oʻttiz yil laqillatgan men,
Qoʻynida hurlarni soʻlqillatgan men,
Sen axir nimasan? Nimasan, oʻlim.
Qilkoʻprik ustidan oʻynab oʻtgan men,
Bir hurga yetmish xil yurak otgan men,
Yetimga
Yetti qobirgʻamdan tirgak tutgan men,
Sen axir nimasan? Nimasan, oʻlim.
Ogʻzidan yuz bulbul uchirolgan men,
Isoni Ka’baga koʻchirolgan men,
Koʻnglini xudoga ichirolgan men,
Men kimman. Sen esa, Nimasan, oʻlim

Xachir Va Taqdir Oʻyini

(bobolar uslubida)
Adir soʻqmogʻida bir kun xachirga
Nasib etdi duch kelmoklik Taqdirga.
Taqdir bildi: xachir ahvoli yomon,
Koʻnglida betayin onadan gumon.
Xudodan norozi, eldan norozi,
Haqqidan urganmish rizqda tarozi.
Azalning kotibi qalam surganda,
Qorni damlab turgan unga kelganda.
Tuxumga kirar chogʻ, sayrab bemahal,
Kamoliga xoʻroz berganmish xalal.
Homilada shaklin topganda yangi,
Onasin aynitmish buzuq bir hangi.
Ne-ne umid bilan boʻlganda bino,
Padari buzrugin chalgʻitmish zino.
Hullas, xachir holin qora qilmishlar
Oʻzidan avvalroq yaratilmishlar.
Yoʻqsa, dovrugʻ solib olamga bot-bot,
Ne-ne tulporlarni etmasmidi mot.
Takdir dedi: «Eh, bechora xachirvoy,
Arosatda kechgan ahvolingga voy.
Biroz qaribmanmi, yumshadi koʻnglim,
Bir tomonim hayot, birisi oʻlim.
Ikkisini sira kelishtirolmay,
Charchadim, fikrimni yigʻishtirolmay.
Toliqtirar ekan erta-kech bir ish:
Dunyoning soch ila soqolin qirish.
Bugun bir oʻyinga maylim bor mening,
Mayli, qismatingni yangilay sening.
Niyatingni soʻyla, etayin ado,
Istagan suratda boʻlursan paydo».
Xachir tulpordayin kerdi oyogʻin,
Tikraytdi eshakdan meros qulogʻin.
Shunda yoqimsiz sas yangrab yubordi.
Xachirvoy shodlikdan hangrab yubordi.
Xirqiroq tovushi quloqni yedi,
Xachirvoy qiyshanglab Taqdirga dedi:
«Bobo, kam boʻlmasin sira davlating,
Menga ato etgin otning savlatin.
Shoyad, bir hamlamdan boʻlajakdir mot,
Qirchangʻi Boychibor, oʻlaksa Gʻirot».
Taqdir unga himmat nazarin soldi,
Shu dam xachir otlik maqomin oldi.
Egnida egar-la gijinglab beor,
Savlatin saylatdi bozorma-bozor.
Oxir bir uyurga qoʻshdilar uni,
Xachirvoy unutdi xachirligini.
Uyurda otlarga bermay qoʻydi gap,
Oʻzining nasli-yu, nasabin maqtab.
Tumshugʻin koʻtarib tinmay kishnardi,
Hatto egasin ham itday tishlardi.
Zotdan oʻzib qayga borardi axir,
Suratda ot esa, tiynatda xachir.
Uni koʻpkariga soldilar bir kun,
Or talashib koʻrsin, ot boʻlsa deb, chin.
Shunda koʻring shoʻrlik sharmandaholni,
Farqlay olmay qoldi dum va soqolni.
Har qadamda oqsab, surinar edi,
Ketidan yel chiqib chiranar edi.
El esa, ustidan kular edi boz,
Qaydan keldi deya, ot-masxaraboz.
Soʻng uyatga qoʻyib otlar qavmini,
Bahona qildi u arpa unini.
Yana har ne yumush berib koʻrdilar,
Oqibatin faqat firib koʻrdilar.
Gar qoʻshilsa xachir otga aroba,
Bunday arobaning holi xaroba.
Zero, uch kun oʻtmay buzilib, sinib,
Qolarda oʻchoqqa oʻtinga doʻnib.
Xachir-otda tortilsa gar moyjuvoz,
Moy oʻrniga chiqarardi loy biroz.
Oxir uni yaramas deb bildilar,
Goʻshtga topshirishga qaror qildilar.
Xachir holni bilib qochdi adirga,
Yalinib-yolbordi yana Takdirga:
«Bobo, ximmatingga ming bora qulluq,
Otning nomi ulugʻ, suprasi quruq.
Bekorga otlikni qilibman havas,
Men quruq sha’n uchun zormanda emas.
Hukming birla omad kelaveradi,
Menga eshaklik ham boʻlaveradi.
Kichikroq xizmatlik, koʻproq xashaklik,
Kattaroq orsizlik — shu-da, eshaklik».
Taqdir yana himmat nazarin soldi,
Xachirvoy eshakka aylanib koldi.
Fahmsizlik birla chiqardi otin,
Dum ostidan toʻkib or va uyotin.
Har bir ishi noma’quldan nama’qul,
Xachir eshak boʻlmay, boʻldi Ta’maqul.
Yuk tashishga qoʻysalar oʻzi bir yuk,
Uch qadam yurmay agʻnar goʻyo oʻluk.
Suv tashishga qoʻysalar gʻirrom etar,
Ichi oʻtib, idishni harom etar.
Eldan nolib, bosh yana sarak-sarak,
Oyoq suyuq, koʻz esa, olazarak.
Bet qolmadi, bor qadrin yelga sepdi,
Semirib ketgan soʻng egasin tepdi.
Bunday eshak koʻrmagan hamon-hamon,
Na gʻayr eli, na-da ahli musulmon.
Biyday choʻlga eshakni quvladilar,
«Xizmati»ni xivich bilan siyladilar.
Kimsasiz sahroda yana xachirga
Nasib etdi duch kelmoklik Takdirga.
Qora qilmishlarin xoʻp oqlar edi,
Oyoqlarin kerib xachirvoy dedi:
«Bobo, meni kechir, aybdorman beshak,
Menga nomunosib na ot, na eshak.
Qadrim bilmadilar ikki holda ham,
Bir gala fahmsiz, bir toʻp muttaham.
Angladim, Takdirning benazir baxshi
Xachirlik ekanin, xachirlik yaxshi.
Bobo, oʻz holimga qaytargin meni,
Olqishlab oʻtayin bir umr seni».
Taqdir didi: «Eh, bechora xachirvoy,
Oʻyinim soʻngiga yetdi hoynahoy.
Senga bagʻishladim otning savlatin,
Oʻzgartirolmadim biroq siyrating.
Surating turfa xil shaklni oldi,
Ichingda xachirlik tiynati qoldi.
Zohiring yangilash mening xohishim,
Botining tozalash oʻzingning ishing».
Taqdir shunday deya bir imo qildi,
Xachirvoy avvalgi holiga keldi.
Surat ham siyrati moslashdi beshak,
Shoʻrlik xachir na ot boʻldi, na eshak.
2002


Tabassum Xotirasi

Oʻn besh yil muqaddam men sizni koʻrdim
Porloq lahzalarda chaqnadi koʻngil.
Sizning chehrangizda bitta tabassum
Qalbimni yetaklab yurdi oʻn besh yil.
Meni kechirgaysiz tuygʻular uchun,
Hayajonlar haqqi meni kechiring.
Yuragim adashgan xayolday uchib,
Sizning poyingizga borar yashirin.
Sirlashgim keladi siz bilan tunlar,
Yurak-yuragimni ochib tashlasam.
Oʻn besh yil avvalgi xush tabassumlar
Ogʻushida yana yashay boshlasam.
Parishon kechalarda shudringlar kechib,
Siz, men va muhabbat yashay boshlasak,
Yulduzlarning zarhal nurlarin ichib.
Dunyoda alamlar, shodliklar oʻtar,
Ming xil chigʻirigʻin pesh qilar hayot,
Shudringzor dalada bizlarni kutar
Yolgʻiz bir muhabbat — mazlum e’tiqod.
Ming kecha Shahrizod ertagin tinglab
Xayol qanotlarin tikdim niyatdan.
Sizning chehrangizda oʻsha tabassum,
Men uchun yuksakdir abadiyatdan.
Meni kechirgaysiz tuygʻular uchun...
2002


She’r Odamlari

Inson tuygʻulari qariydimi hech,
Bargrezon qoplarmi gul tuygʻularni?
Sizga gulzorlarim ochaman bu kech, —
Hasratim, sevinchim... va qaygʻularni.
Shabiston, nuriston oraligʻida
Shabnamday titranar dunyoi qadim.
Sohir kavkabiston chimildigʻida
Sizga yuragimni ochmoq istadim,
Sizga yuragimni ochmoq istadim.
Men axir oʻzgacha anglayman Sizni,
Siz tuygʻu elchisi, sevgi odami.
Qirq yil sayr etibman yuragingizni,
Orzular vatani, mehr olami...
Gʻoyib daryolarni men Sizdan topdim,
Kuylovchi togʻlarni Sizdan izladim.
Oy musiqa sochgan oydin kechada,
Sizga yuragimni ochmoq istadim,
Sizga yuragimni ochmoq istadim.
Shu togʻlar, daryolar men uchun yetar,
Manglayim silaydi momo oftobim.
Qoʻnglimda begunoh daraxtlar oʻsar,
Shularning barchasi mening kitobim.
Ajab saodatli tunlar bagʻrida
Koʻnglim yulduzlarin sochmoq istadim.
Hayot gullayotgan mehr bogʻida
Sizga yuragimni ochmoq istadim,
Sizga yuragimni ochmoq istadim.
2002

  1. “Sulb” – mustahkam, qattiq ma’nosida.
  2. Charnovuq — qadimda tishni sugʻuradigan asbobni shunday atashgan.
  3. Potini qoʻyish — bolalar oʻyini. Oʻyinga qoʻshilgan bolalarning hammasi bir soʻz ham aytmay, ogʻzini yumib oʻtirishlari shart. Oʻyinning sharti jimlik va gunglik xuddi turgʻunlik zamonidagiday…
  4. Mehrjon kuni — qadimiy bayram.
  5. Ajfarnuy, Muzdoxun — Buxorodagi qadimiy ziyoratgoxlar.
  6. Ajfarnuy, Muzdoxun — Buxorodagi qadimiy ziyoratgoxlar.