OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifEshqobil Shukur
Asar nomiPul sanayotgan odam (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Eshqobil Shukur
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Pul sanayotgan odam (hikoya)
Eshqobil Shukur


«
«Faqat pul, pul!»
Deya kuldim men.
Biroq bir lahza oʻtmay
Sezib qoldim
Oʻzim ham pul haqda oʻylayotganimni.

Isikava Takuboku
»

Bugun uning tugʻilgan kuni... Tasodifni qarangki, uning qizi aynan shu kuni, iyunning oʻn yettisida tugʻilgan. U bugun yigirma yettiga, qizchasi esa yetti yoshga toʻladi. Uyda qoʻshaloq bayram. Qancha doʻstu yorlar ularni tabriklagani kelishadi. Ayniqsa, qizchasi rosa yayraydi. Shoʻx-shaddod, bir gapirib oʻn kuladigan bu qizaloq har gal yangi yil bayramidan soʻng «Mening tugʻilgan kunim qachon keladi?» deb soʻrayverib, ota-onasini bezor qilib yuborgan. Ular uchun yilda ikki katta bayram bor: Oʻttiz birinchi dekabr oqshomi va iyunning oʻn yettisi...

Xotini ertalab unga tort olib kelishni tayinlagan edi. Qiziga atalgan sovgʻalarni ular tunov kun xufiyona tayyorlab qoʻyishgan. Bu sovgʻalarni koʻrgan qizaloq yeru koʻkka sigʻmay qoladi. Ayni shu kuni qizini juda baxtiyor, shodu xurram koʻrish maqsadida u keyingi haftalar ichida tinmay yelib yugurdi, kechani kunduzga urib ishlab, mablagʻ toʻpladi. U metroning oʻzi yurar zinalaridan pastga tushayotganida betoqatlik bilan juda shoshilayotganini his qildi. Lekin nima uchun shoshilayotganini oʻzi tushunolmadi. Kechga dovur hali vaqt koʻp, hammasiga bemalol ulguradi. Shunday boʻlsa-da, ichki bir bezovtalik, ruhiy notinchlik uni gʻayriixtiyoriy tarzda shoshiltirardi. Qayoqqa, nimaga, nima uchun? U bu savollarga oʻzidan javob topolmasdi va javob izlashga toqati ham yoʻq edi.

Aksiga olib metroga tushgan zahoti u boradigan yoʻnalishdagi poezd gʻizillab joʻnab ketdi. Mabodo... Mabodo, u shu poezdga ulgurib qolganida, bekatga bor-yoʻgʻi oʻn besh soniya oldinroq yetib kelganida, hademay oʻzi tushib qoladigan zalolat oʻpqonidan qutulib ketarmidi, balki...

U poezd yoʻlining lahmga kirish jo- yida tepaga oʻrnatilgan elektr soatga qaradi. Ehe, keyingi poezd kelguniga qadar hali besh-olti daqiqa kutish kerak. Xuddi shu besh-olti daqiqa unga cheksizday tuyuldi. Tablodagi soatda esa, zarhal nurlar bilan yoritilgan raqamlar imillashib bir-birlariga navbat berardilar. Lahzalar oʻz yukini tortolmay, adashib, holdan toygan karvon kabi ivirsir edi. «Shu besh-olti daqiqa oʻtmay qolsa-ya... Vaqt xuddi shu besh-olti daqiqaning ichida tinimsiz aylanaversa-ya...» — degan gumon uning koʻngliga yoqimsiz xavotir solib oʻtdi. U kecha qaysidir «oldi-qochdi» gazetada vaqtning toʻxtab qolishi, vaqt jarligi haqida allambalolarni oʻqigan edi. Unda aytilishicha, vaqt jarligiga tushib qolgan odamlar vaqtning boshqa oʻlchamlarida yashashar va gʻaroyib holatlarga tushib qolishar ekan.

U bahaybat marmar ustun yonidagi yogʻoch oʻtirgʻichga borib omonatgina oʻtirdi-da, yana nazorat soatiga qaradi; hali bir daqiqa ham oʻtmabdi. U marmar ustunga suyangan koʻyi, uzun oyoqlarini oldinga uzatib, shimining oʻng choʻntagidan bir bogʻlam pul chiqardi-da, agar pul sanab oʻtirsam vaqtning qanday oʻtganini sezmay qolaman, deb oʻyladi. Nima qipti, buyam bekorchilikdagi yana bir bekorchilik-da. Bogʻlamdagi pullar yuztaliklar edi. U sanay boshladi va pul sanayotganda ich-ichida qandaydir zavqu shavq paydo boʻlib kelayotganini sezdi. «Bir ming bir yuz, bir ming ikki yuz, bir ming uch yuz...» U uzatgan oyoqlarini yigʻib, boshini kelishgan keng yelkalari orasiga tiqib, yarim engashgan holda, tirsaklari bilan tizzalariga tayanib pullarini sanardi. Sanash jarayonida undagi bezovtalik va betoqatlik oʻrnini allaqanday hirsiy surur egallay boshladi. «Besh ming olti yuz, besh ming yetti yuz, besh ming sakkiz yuz...» U metro bekatida navbatdagi poezdni kutayotgan odamlarga, bir-birlariga hazil-huzul qilayotgan yigit-qizlarga, yoʻlkira haqqining koʻtarilishi haqida kuyinib bidirlashayotgan ayollarga e’tibor ham qilmay qoʻydi. «Toʻqqiz ming yetti yuz, toʻqqiz ming sakkiz yuz, va nihoyat, toʻqqiz ming toʻqqiz yuz soʻm!» Soʻng u pullarni tekis taxlab, bir bogʻlam qilib bogʻladi-da, pul changallagan qoʻlini havoda ikki uch bor silkitib qoʻydi.

U yana soatga qaradi: uch daqiqa oʻtibdi. Poezd yana ikki daqiqalardan soʻng keladi. Toʻqqiz ming toʻqqiz yuz!!! Qaniydi shu pullar toʻqson ming boʻlib qolsa... U sanayversa, sanayversa, sanayversa... Hech charchamasa, axir, pul sanashdan ham odam charchar ekanmi! Chunki, pul sanashning ham oʻz zavqi boʻladi. Pul sanayotganingda oʻzingni odatdagidan kuchliroq his qilasan. Yo yana sanasamikin?.. Bor pulini sanab boʻldi, boshqa sanaydigan sariq chaqasi ham yoʻq-ku. Bordi-yu, shu pulning oʻzini qaytarib sanayversa-chi?.. Kelgan joyidan, toʻqqiz ming toʻqqiz yuzning ustidan, oʻn mingdan boshlab sanab ketaversa-chi? Axir... bu oʻz-oʻzini aldash emasmi? Yoʻq narsani bor deb xom xayol qilishdan ne naf? Nima qipti, buyam bir oʻyin, buyam bir koʻngilxushligi. Odamlar boʻsh vaqtlarini karta oʻynab ham oʻtkazishadi-da. U pul sanab oʻz-oʻzini xursand qilsa, buning birovga ziyoni tegarmidi? Ha, buyam bir oʻyin, vaqtni tezroq, huzur bilan oʻtkazish uchun shunchaki bir oʻyin! Qolaversa, pul sanayotganda uni qiynayotgan betoqatlik yoʻqolib, qaytanga koʻngli yorishib, koʻzlari yashnab boryapti-ku.

U bogʻlamdagi pullarini yana bir boshdan qayta sanay boshladi. «Oʻn ming, oʻn ming bir yuz, oʻn ming ikki yuz... Oʻn ming uch yuz...» Uning yoniga oʻrta yashar bir ayol kelib oʻtirdi. Koʻrinishidan ayol shaharga mehmonga kelganga oʻxshar edi. Ayol yigitdan: «Bodomzor» bekatigacha qanday boriladi?» deb soʻradi. U ayolning savolini eshitmadi, hatto uni payqamadi ham. Ayol poezd yoʻnalishini boshqalardan soʻrab bilish uchun oʻrnidan turib nari ketdi. «Oʻn yetti ming uch yuz, oʻn yetti ming toʻrt yuz...» Shu payt poezd guvillab kelib, bekatda toʻxtadi. Moviy rangli vagonlarning barcha eshiklari baravariga ochildi. Metro bekati boʻylab yoqimli ovoz taraldi: «Paxtakor» bekati...» Yoʻlovchilar urinib-turtinib poezdga chiqa boshlashdi. U esa uzun barmoqlari orasidan ketma-ket sirgʻalib chiqayotgan pullarga qarab: «Yana ozgina qoldi, endi sanab oxiriga yetkazay», deb sanashda davom etdi. Yoqimli ovoz yana ta’kidladi: «Eshiklar yopiladi. Keyingi bekat... Mayli ketaversin, hali uning vaqti koʻp. Keyingi poezd bilan ketadi. «Oʻn toʻqqiz ming yetti yuz, oʻn toʻqqiz ming sakkiz yuz!» Poezd joʻnab ketdi. U esa, oʻyinni toʻxtatishni sira istamasdi. Allaqanday noayon zavq va surur uning butun vujudini egallab, ixtiyorini irodasidan tortib olayotgan edi. U oʻzini toʻxtatolmadi, oʻsha bir bogʻlam pulini yana bir boshidan sanay ketdi. «Oʻn toʻqqiz ming toʻqqiz yuz, yigirma ming...» Qaniydi, u pul sanashdan sira toʻxtamasa... Sanayversa, sanayversa... Uning pullari millionlardan, milliardlardan oshib boraversa... U sanayversa... Jonning rohati ekan-ku, bu oʻyin. «Yigirma toʻrt ming uch yuz, yigirma toʻrt ming toʻrt yuz...»

Poezdlar har besh-olti daqiqada uni chorlab har ikki yonidan guvillab oʻtaverdilar, uning esa oʻrnidan qoʻzgʻalgisi ham kelmasdi. U muk tushgancha oʻz mashgʻulotini davom ettirar edi. «Ellik besh ming bir yuz, ellik besh ming ikki yuz...» Uning dimogʻiga gupillab atir hidi urildi. Bir nozanin chap yonidan kelib, unga tiqilibroq oʻtirdi. Shunda uning xayoli bir chalgʻidi-yu, yana pul sanashga tushib ketdi. Boshqa payt boʻlganda-ku, u qizga albatta e’tibor koʻrsatardi, mulozimat ham qilib qoʻyardi. Axir, yigirma yetti yoshli har qanday yigit qoʻltigʻi ostidan turtinib kelayotgan bir suluvga qarab qoʻymay iloji yoʻq. Lekin, hozir u chalgʻimasligi kerak.

«Ikki yuz ellik bir ming ikki yuz, ikki yuz ellik bir ming uch yuz...» U tobora avjga minar va oʻzi qilayotgan ishidan juda rohatlanardi. Endi u puli bor-yoʻgʻi toʻqqiz ming toʻqqiz yuz soʻm ekanligini ham unutib qoʻygandi. Uning vujudini, ruhini, ongini huzurli bir vasvasa butunlay egallab oldi. «Uch million bir yuz ellik ming yuz, uch million bir yuzu ellik ming ikki yuz...»

* * *

Kunlar ketidan oylar, oylar ketidan yillar oʻtib ketaverdilar. Poezdlar kecha-yu kunduz bir-birlariga qarama-qarshi tomonga guvillab oʻtishar, ushbu bekatda bir toʻxtab, nafas rostlab, yana oʻz manzili sari shamolday tinimsiz yelar edilar. Bora-bora hech kim, hatto metropoliten xodimlari ham bekatda, oʻtirgʻich ustida muk tushgan koʻyi pul sanab yotgan odamga e’tibor qilmay qoʻyishdi. U atrofdagilarni butunlay unutdi, atrofdagilar esa uni esdan chiqarishdi. «Toʻqson million bir yuzu oʻttiz ikki ming yetti yuz, toʻqson million bir yuzu oʻttiz ikki ming sakkiz yuz...» U pul sanay turib, oʻzining tobora kuch-qudratga toʻlib borayotganini, endi bir hamla bilan juda koʻp narsalarga ega boʻlishi mumkin ekanligini chuqur his etardi. Bu esa uni yana va yana sanashga undardi. «Oʻn milliard ikki yuzu ellik million ikki yuz, oʻn milliard ikki yuzu ellik million uch yuz...» U barmoqlari orasidan oʻynab chiqayotgan son-sanoqsiz pullar timsolida haybatli qasrlar va koshonalarni, avtoyoʻllarda oqqushday suzib borayotgan eng qimmatbaho avtomobillarni, shohona bazmu jamshidlarni, unga sehrli ishvalar va diltortar nozlar hadya etayotgan, bittagina imosiga ilhaq turgan nozanin oyimchalarni, xullas, uning koʻngil istaklarining mukammal ijobatini ayon koʻrardi. Egalik va Hukmronlik hirsi uni yuksaklarga koʻtarar va mamnun etardi. U oʻzini shu dabdabayu as’asalar, kibri havoyu vasvasalar ustidan yagona hukmronday sezardi. «Ellik milliard besh yuzu yetmish million ikki yuzu yigirma ming uch yuz, ellik milliard besh yuzu yetmish million ikki yuzu yigirma ming toʻrt yuz...»

* * *

Uning soch-soqollari oqarib, yuzini ajinlar qopladi, koʻzlaridan nur keta boshladi. Necha yillar oʻtibdiki, u metroning rutubatli bir bekatida, sip-silliq oʻtirgʻichda oʻtirib, kecha-yu kunduz uyqu betini koʻrmasdan tobora «semirib» ketayotgan raqamlarni sanardi... Sanardi... Avvalgi rohat, huzur, zavqu shavq va nafsoniy surur endi uning uchun ogʻir va mashaqqatli mehnatga aylanib borardi. U hovliqib, hansirab, goʻyoki eng muhim ishga ulgurolmay qoladiganday shoshilib... sanardi. Endi u nimaga, nima uchun va qanday maqsadda pul sanayotganini ham oʻzi bilmasdi. U oʻz hayotini yoʻqotib qoʻyganini ham anglay olmasdi. Faqat sanashi kerak, sanasa boʻlgani, sanashda toʻxtasa bas, oʻladi, tamom boʻladi, butunlay yitib ketadi. U buni yaxshi biladi. U oʻlmasligi kerak!

Poezdlar goho chinqirib, goho guvillab uning ikki yonidan yelib oʻtishar, millionlab yoʻlovchilar yer ostidan yer ustiga qarab shoshilishar, metro lahmlariga qamalib qolgan shamollar tash- qariga, tabiat va hayot sari intilishardi. U esa oʻzligini unutib, qartayib qolgan barmoqlari bilan pul sanardi. «Uch yuz milliard ellik million ikki yuzu oʻttiz bir ming uch yuz, uch yuz milliard ellik million ikki yuzu oʻttiz bir ming toʻrt yuz...»

* * *

Bir kuni u oʻziga kulimsirab tikilib turgan bir bolaga e’tibor qildi. Yetti yoshlar chamasidagi bu bolaning begʻubor chehrasida hayot barq urardi. Uning katta-katta samimiy koʻzlari chiroyli kulib turardi. U shunda oʻzi unutib yuborgan, bir paytlar oʻzi yashab koʻrgan oʻzga bir hayot, boshqa bir olam bor ekanligini gʻira-shira eslaganday boʻldi, qotib qolgan koʻnglida nimadir qoʻzgʻaldi. Lekin, changalidagi titilib, idrab qolgan pullarga koʻzi tushishi bilanoq, tagʻin oʻz ishiga kirishib ketdi. U yana hisobdan adashmadi. Mabodo, shu damda sanoqdan yanglishib ketganida... Yoʻq, yoʻq, u chalgʻimasligi kerak. Boshqa hayot boʻlsa bordir, ammo uning ishlari koʻp, allaqanday mayda-chuydalarga chalgʻib, oʻz vazifasidan kecholmaydi.

* * *

U kundan-kun qarib-qartayib, tobora kuch-madordan qolib borardi. Oʻtirgan holatda ham uning oyoqlari dirillab, pul sanayotgan qoʻllari qaltiraydigan, beli va yelkalari zirqirab ogʻrib, azob beradigan boʻlib qoldi. Uni rutubat va uqubat yemirib borardi. Va nihoyat... Va nihoyat bir kuni uning qulogʻiga kirmay qoʻygan oʻsha yoqimli va jozibali ovoz nogahon yangradi: «Eshiklar yopiladi! Keyingi bekat: "Xalqlar doʻstligi!" Poezd vagonlarining hamma eshiklari taqa-taq yopildi! «Toʻqqiz yuz milliard toʻqqiz yuz million toʻqqiz yuz ming toʻqqiz yuz soʻm!» U pul sanashning oxiriga yetgandi. U bir bogʻlam yuz soʻmliklarni qoqsuyak qoʻllarida changallagan koʻyi atrofiga alangladi va boshqa bir olamga tushib qolganday ichida hayrat ham, iztirob ham baravar uygʻonganini angladi. U sanashdan toʻxtagan edi. Ammo bu paytda poezdning barcha eshiklari yopilib qolgan edi. U bahaybat marmar ustunga suyangan holatda hushidan ketdi.

Birozdan soʻng u olagʻovur tovushlar ichida gʻira-shira oʻziga keldi. Kimdir taassuf bilan ta’na qilardi: «Shunday qarib, munkillab qolgan cholning bir oʻzini koʻchaga chiqarish insofdan emas-da.» Yana kimdir unga qoʻshildi: «Toʻgʻri aytasiz, bu oʻzbekchilikdan emas! Oʻgʻlimi, nabirasimi yonida yursa boʻlmaydimi?..» Tagʻin achinish ohangida bir ovoz eshitildi: «Kim biladi deysiz, balki, shoʻrlik qariyaning oʻzidan boshqa hech kimi yoʻqdir. Boʻmasam, bir oʻzi oʻligini sudrab metroda yurarmidi?..» Yana birov gapga qoʻshildi: «Bechora chol metrogacha qanday keldiykin? Rangini qarang, paxta deysiz, bir tomchiyam qoni yoʻq. Soqoli bilan yuzining rangi bir tus boʻlib qolibdi. Yoshiyam toʻqsonlardan oshgan koʻrinadi.»

U esa oʻzicha gʻudranardi: «Qanaqa toʻqson?.. Axir, bugun yigirma yettiga toʻlaman-ku! Qizim yettini toʻldiradi. Bugun ikkovimizning ham tugʻilgan kunimiz. Kechqurun uyimizga mehmonlar kelishadi. Hozir bozordan tort olishim kerak. Shoshilmasam boʻlmaydi.» U oʻrnidan turmoqchi boʻldi va bir qoʻzgʻaldi-da, ingranib jon berdi. Uning qoqsuyak, rangpar qoʻllari bir bogʻlam uvada yuz soʻmlikni — toʻqqiz ming toʻqqiz yuz soʻmni mahkam changallagan holatda qotib qolgan edi.