OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifEva-Lis Vario
Asar nomiQabringizga olib ketolmaysiz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fin adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Eva-Lis Vario
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonD. Asqarov
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qabringizga olib ketolmaysiz (hikoya)
Eva-Lis Vario

Ikki narsa aniq edi. Bezil amaki boy edi. Bezil amaki qashshoq edi.

Butun oiladagilarning fikri shunday edi. Ular pulga muhtoj boʻlgan paytlarda u haqda dunyodagi barcha haqoratli soʻzlarni ishlatishardi. Yuvosh Klotilda ham boʻynidagi duri eskirib qolgani uchun yangisini sotib olishni istagan kuni uni oddiygina qilib Skruj Bezil deb atadi. Hali puli toʻliq toʻlanmagan «Aston Martin»ini urib olgan Persival Bezil amakini qoqsuyak, qashshoq, ziqna, yaramas va shu kabi bir qator «bezakdor» soʻzlar bilan ta’rifladi! Qolganlar ham u haqda lugʻatda bor-u yoʻq soʻzlarni ishlatib boʻlishgandi.

«Shuncha puli bor odam bunchalik ziqna boʻlmasligi lozim», dedi Persivalning onasi, «Lekin u haqda yomon soʻz aytma. Qulogʻiga yetib borishi mumkin».

«U boyligini qabriga olib ketolmaydi», dedi Persivalning opasi sochlarini tararkan, «Men yangi moʻyna palto sotib olish uchun pul soʻragandim, u «Paltoni nima qilasan? Hozir yoz-ku», dedi. U xasis».

«U boyligini qabriga olib ketolmaydi» degan soʻzlar Bezil amakining oldida ham tez-tez aytiladigan boʻlib qolgandi.

«Buncha boylikni qabringizga olib ketarmidingiz, Bezil amaki», deyishardi ular. «Nega shahar chetidan keng hovli olib yashamaysiz? Biz mehmon boʻlib borardik. Qanday zoʻr boʻlardi. Boyligingizni narigi dunyoga olib ketolmasligingizni oʻzingiz ham bilasiz-ku».

Bezil amaki oʻzini qulogʻi ogʻir odamdek tutib, ularning barcha soʻzlarini eshitgandi. U oʻzining qizgʻanchiq, xasis, ziqna, yaramas, bir chaqa ustida doʻmbaloq oshadigan, boylikka oʻch, yemay toʻplaydigan odam ekanligini bilib olgandi. U bundan ham battarroq soʻzlarni eshitgandi. Baribir, parvoyi falak edi. Faqat, «U boyligini qabriga olib ketolmaydi» degan soʻzlar uning asabini qoʻzirdi.

U Transvaalda oltin topilgan paytda oʻsha yerga borib boyib ketgandi. Odamlar uning rohatda yashash uchun ancha qarib qolganligini aytishardi. Ular nimani ham bilishardi? U hammaga «yoʻq» deb rohat qilardi. Odamlar tsirkdagi hayvonlarga oʻxshashadi, oʻylab qolardi u koʻpincha, ularning minglab talab-istaklari oldida boshqa narsalarning qadri yoʻq.

U faqat bir marta «xoʻp» degandi. Oʻshanda, singlisi undan aqli noqisroq oʻgʻli Vernerni oʻz yoniga olishni soʻragandi. «U sening yordamching boʻladi», degandi singlisi Maud. Verner unga barcha ishlarda yordam bermasa-da, har qalay Bezil amakining yugur-etimi sifatida uning yonida yurganidan xursand edi.

Bezil amaki boyligiga mos boʻlmagan kichkinagina uyda yashardi. Verner hovlidagi daraxtlarga qarar, tamaki doʻkonidan qogʻoz olib kelar, boʻsh paytlarida esa tirnoqlarini tekislab oʻtirardi. U Bezil amakiga «Siz boyligingizni narigi dunyoga olib ketolmaysiz», demasdi, chunki unga boylikning qizigʻi yoʻq edi.

Bezil amaki shuningdek, Vernerdan hamkorlari, bank va shu kabi ishlarga xat tashuvchi sifatida ham foydalanar, zero u pochtaga ham, telefonga ham ishonmasdi. Verner qalin xatjildlarni u yoqdan-bu yoqqa tashib oʻrganib qolgan, ularning ichida nima borligiga qiziqib ham koʻrmasdi. Bezil amakining advokati, hisobchilari va bank xodimlari ham bu kishining antiqa biznes usuliga koʻnikib qolishgandi. Boylar oʻzlari istaganlaridek ish qilishlari mumkin.

Bezil amakining yana bir antiqa ishi shu boʻldiki, u soppa-sogʻ yurgan paytidayoq Verner bilan duradgorlik doʻkoniga bordi va oʻzi uchun tobut yasashga buyurma berdi. U tobutning kattaroq boʻlishini aytdi.

Yoshi Bezil amaki bilan teng boʻlgan duradgor unga narxi arzonroq, randalanmagan tobut yasab beradigan boʻldi. Randalangani ikki barobar qimmat edi.

«Oʻzim randalab olaman», dedi Bezil amaki. «Yoki Verner, hali vaqtimiz koʻp. Men ertaga oʻlmoqchi emasman. Unda uydagilar xursand boʻlib ketishadi. Men rohatlanishni yoqtiraman».

Bir kuni ertalab u Vernerni advokati oldiga joʻnatdi. Buni eshitishi bilan butun oiladagilar Bezil amaki pulini kimga vasiyat qilib qoldirishi toʻgʻrisida mojaro boshlashdi. U bu haqda keyinroq aytishini bildirdi. «Bu haqda boshqa soʻz ochmanglar», dedi u.

Bu voqea uy bekasi ertalab choy keltirayotib, Bezil amakining abadiy uyquga ketganini koʻrishidan oʻn yil ilgari boʻlgandi. Oʻtgan oʻn yil davomida u rohatlanib yashadi. Oiladagilar uni bezovta qilishmadi, uning sarmoyasi toʻxtovsiz oʻsib bordi.

Faqatgina doim pulga oʻch Persival uning choyiga zahar solib qoʻyishni oʻylab yurar, faqatgina Bezil amakining oʻlimi uning bu rejasini toʻxtatib qoldi. «Baxtli oʻlim», deyishdi butun oiladagilar. «Qiynalmasdan jon beribdi».

Ular amakilariga qanday mehribon boʻlishganini eslay boshlashdi va uning merosiga koʻproq kim haqli ekani haqida bahs boshlab yuborishdi. Har bir kishi oʻzining qanday mehribonliklar koʻrsatgani va faqat oʻzi merosga haqli ekanligini aytib qichqirardi.

Ular advokat bilan maslahatlashishdi. U Bezil amakining vasiyatini aytdi. Koʻmish marosimi zudlik bilan oʻtkazildi. Tobut uy orqasidagi bogʻda. Verner uning qaerdaligini bilardi.

«Boshqa hech narsa demaganmi?»

«Xoʻsh», dedi advokat, «u koʻmish marosimiga shahardagi eng yaxshi doʻkondan eng yaxshi mahsulotlarni sotib olishinglarni aytgan. Foz va kurka, mol va qoʻy goʻshti, vino va viskilar oliy sifatli boʻlishi kerak». Advokat xonasida yana bir xatjild borligini, unda nima yozilganini bilmasligini, koʻmish marosimi tugagandan soʻng uni ochib oʻqib berishini aytdi.

Hamma qimmatbaho qora koʻylak sotib oldi va marosimga tayyorgarlik qizib ketdi.

Faqatgina Verner Bezil amakiga boshqa tobut sotib olmaysizlarmi, dedi. Bogʻdagi tobut yomgʻirda qolib buzilib ketgandi. Lekin unga hech kim quloq solmadi. Baribir, yer tagida qolib ketadigan narsa, yangi tobutning nima keragi bor?

Shunday qilib, yigʻi-sigʻi bilan Bezil amakini koʻmishdi. Oiladagilar uy bekasi tark etayotgan kichkina uyga yigʻilishdi. Bezil amaki unga anchagina naqd pul bergan va uni qanday qilib koʻpaytirish mumkinligini oʻrgatib ketgandi.

Ular Vernerdan uy endi uning nomida ekanligini eshitib ajablanishdi, lekin gʻazablanishmadi. Bezil amaki unga ham ozroq pul bergan va uni qanday ishlatishni oʻrgatgandi. Oiladagilar Verner shu pulga rozi ekanini eshitib yengil tortishdi. Verner koʻp pul ushlab oʻrganmagan, koʻp pulga muhtoj emasdi.

Nihoyat, advokat xatjildni ochganida uyga jimjitlik choʻkdi. Uning ichida Bezil amakining qoʻli bilan bir satr gap yozilgan qogʻoz bor edi:

«Pullarimni oʻzim bilan olib ketdim».

Bu qanaqasi boʻldi? Uning million-million puli bor edi-ku!

Ha, deyishdi, hisobchilar, bank xodimlari. Bezil amaki oʻtgan oʻn yil davomida bor boyligini naqd pulga aylantirib ketgandi. Lekin ularni nima qilgan? Buni hech kim bilmasdi.

Bu haqda Vernerdan soʻrab koʻrish hech kimning xayoliga kelmadi. Verner oʻn yil davomida bankdan olib kelgan hamma xatjildlarni Bezil amakining tobutiga yopishtirib chiqqandi. Avval u xatjildlarni tobutning hamma tarafiga va ostiga yopishtirgandi. Soʻngra esa Bezil amaki buyurganidek, tobutga qalin matoni mayda mix bilan qoqib tashlagandi.

Vernerning boshi yaxshi ishlamasa-da, qoʻl-oyogʻi chaqqon edi.

U buyurilgan ishni a’lo darajada bajargandi.