OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Evan Xanter. Uchqun (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifEd Makbeyn
Asar nomiUchqun (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Kriminal belletristika
Mualliflar
   - Ed Makbeyn
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov (rus tilidan)
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Uchqun (hikoya)
Ed Makbeyn

Moʻylovi hafsala bilan taroshlangan kulrang kostyumli sotuvchi judayam iltifotli edi. Eddi uni diqqat bilan tinglar, ora-orada Meriga qarab qoʻyardi: u qanday fikrda?

-Ishoning,-gapida davom etdi sotuvchi,-sizlar firmamiz xizmatidan foydalanayotgan yagona farzandsiz oila emassiz. Istasangiz, sizlar qilmoqchi boʻlgan ishni allaqachon amalga oshirgan oilalarni sanab berishim mumkin.

-Kechirasiz, biz hali nima qilmoqchiligimizni aytmadik-ku,-dedi Eddi.

-Albatta, janob Stivens, sizni tushunaman. Lekin shuni unutmangki, agar bu ishni qilmasangiz, keyin afsuslanasiz.

Meri qovogʻini uygancha bosh irgʻadi.

-Biz soch va koʻz rangini tanlashimiz mumkinligini aytdingiz. Shu toʻgʻrimi?

-Shak-shubhasiz,-ta’kidladi sotuvchi.-Menimcha, sizlarning koʻrinishingizga jigarrang koʻz, malla soch mos tushadi.

-Yuz terisining rangini ham oʻzimiz tanlay olamizmi?-soʻradi Eddi.

-Albatta, janob Stivens. Yuzining rangini ham oʻzingiz tanlashingiz mumkin.

-Zoʻr ekan!-dedi Meri.

-Bilmadim...-ikkilanib javob qaytardi Eddi.

-U rostdan ham oʻsadimi? Xuddi haqiqiydek?-soʻradi Meri sotuvchidan.

-Albatta, xonim. Firmamizning ajralib turadigan xususiyati ham aynan mana shunda. Biz sizga hayotning birinchi haftasini boshlagan modelni beramiz. Model avtomatik ravishda oʻsadi. Bir necha yillar davomida metall kattalashib boradi. Yengil va egiluvchan plastik metalga mos ravishda choʻzilib boradi. Yillar oʻtgach, yuz qiyofasi ham oʻzgaradi.

-U qanchalik oʻsadi?

-Bu sizlarning istagingizga bogʻliq. Aksariyat mijozlar oʻgʻil bolalar uchun olti fut, qizlar uchun besh fut boʻyni tanlashadi.

-Biz oʻgʻil bolani xohlaymiz,-dedi Eddi.

-Ha,-bosh silkidi Meri.

-Yaxshi, buning qiyin joyi yoʻq,-jilmaygancha javob berdi sotuvchi.-Istasangiz, bugun oʻgʻil bolani olishlaring mumkin, yanagi safar esa qiz bola olasizlar.

-Biz oʻgʻil bola olamiz,-dedi Eddi qat’iylik bilan.

-U holda, janob Stivens, sizlarda oʻgʻil boʻladi. Modelning yana boshqa xususiyatlari haqida ham bilishni istaysizlarmi?

-Hm...-dedi Meri va jim boʻlib qoldi.-Uning fe’l-atvori qanaqa boʻladi? Aytmoqchimanki...

-Uning fe’l-atvori a’lo! Siz ongi top-toza mukammal mashinaga ega boʻlasiz. Modelda elektron xotira bor. Elektron xotira qurilmasi miya mexanizmi bilan birlashtirilgan. Boshqacha qilib aytganda, u faqat sizlar oʻrgatgan narsanigina biladi. Ishonavering, oʻzingiz ham uni haqiqiy boladan ajratolmaysiz.

-Bunga ishonchingiz komilmi?

-Tushunmadim?

-Uni haqiqiysidan ajratib boʻlmasligiga ishonchingiz komilmi? Men qoʻshnilar uning bola emas, robot ekanligini bilib qolishlari mumkinligini nazarda tutyapman.

Sotuvchi ovozining boricha kulib yubordi.

-Janob Stivens, sizga aytdim-ku, aksariyat qoʻshnilaringiz haqiqiy bola oʻrniga robot bola boqishadi, siz esa hali ham menga ishonmayapsiz. Hattoki farzandi bor oilalar ham hozirda bizning modellarimizni sotib olishyapti.

Eddi ikkilangancha Meriga qaradi. Meri asabiylashib pastki labini tishladi, soʻng eriga qarab bosh irgʻadi.

-Rozimiz,-dedi Eddi shosha-pisha.

-Yaxshi, yaxshi!-Sotuvchi darhol shartnoma qogʻozini oldi va ruchkasini uzatdi.-Xoʻsh, sochining rangi qanaqa boʻlsin?

Oradan ikki hafta oʻtar-oʻtmas, Stivenslarning uyiga modelni olib kelishdi. U xuddi haqiqiy chaqaloqdek edi. Er-xotinlar uni koʻrib oʻzlarida yoʻq xursand boʻlishdi. Dastlabki kunlari ularning chaqalogʻi yigʻlamadi, ammo Eddi bu kamchilikni birpasda bartaraf qildi. U model xotirasiga kerakli ma’lumotni kiritgach, chaqaloq yigʻlaydigan boʻldi.

-Biz ehtiyot boʻlishimiz kerak,-dedi Meri bir kuni.

-Nimaga unday deyapsan?

-Uning xotirasiga ma’lumot kiritishda ehtiyot boʻlishimiz kerak. Hozirgi koʻrinishi olti oylik goʻdak uchun mos holatda. Buni qara, yaqinda u gapira boshlaydi.

-Ha. Buni oʻylamabman.

-Qoʻshnilarimiz sezishdimikin?

-Menimcha, yoʻq.

-Qaerdan bilasan?

-Ular ajablanishmadi.

-Lekin... men homilador emasdim-ku.

-Bilaman. Ammo ular hozircha hayron boʻlishmadi.

Meri karavotchada uxlab yotgan goʻdakka nigoh tashladi.

-Hammasi yaxshi boʻladi-a, Eddi?

-Ha. Albatta, azizam.

-Aytmoqchimanki... biz uni haqiqiy farzandimizdek yaxshi koʻramiz. Bilasan-ku, u... mashina.

-Biz uni yaxshi koʻramiz, azizam,-javob qaytardi Eddi oʻychanlik bilan.

-Ishonching komilmi?

-Ha.

Stivenslarning yon qoʻshnisi janob Jeffris bola haqida eshitgach, Eddini uyiga chaqirdi va portveyn ichishni taklif qildi.

-Portveyndan yaxshiroq narsa yoʻq, Eddi. Boladan yaxshirogʻi ham yoʻq. Uni yoqtirib qolasizlar.

-Uni yaxshi koʻraman,-dedi Eddi.

-Shoshmay turing, hali u katta boʻlsin, oʻshanda koʻrasiz...

Eddining lablari ucha boshladi va u qoʻlidagi qadahni stol ustiga qoʻydi.

-Nim…ma?

-U gapirishni, yurishni boshlasin, oʻshanda koʻrib zavqlanasiz.

-Ha,-dedi Eddi yengil tortib.

-Kichkintoyning ismi nima?-soʻradi janob Jeffris va ayyorona iljaydi.

-Robert,-dedi Eddi.

-Robert,-takrorladi janob Jeffris.-Yaxshi ism.

-Otamning ismi ham Robert edi.

-Judayam yaxshi ism,-yana qaytardi janob Jeffris.

-Boʻpti, menga ruxsat, Meri kutib qoldi.

-U katta boʻlgach, sizlarga ancha yaxshi boʻladi,-dedi janob Jeffris iljaygancha.-Tushundingizmi?

Eddi Robertning koʻzida gʻalati bir narsani sezib ozgina tashvishlandi. U bu haqda hech kimga indamadi. Bir kuni kechqurun u divanda kitob oʻqib oʻtirardi. Kutilmaganda kitobdan boshini koʻtardi va oʻgʻlining diqqat bilan unga qarab turganligini koʻrdi.

-Nima boʻldi, oʻgʻlim?

-Hech narsa, dadajon. Oʻylanib turuvdim...-Uning ogʻzidan chiqqan soʻzlar olti yoshli bola uchun odatiy edi.

-Nimani oʻylayotuvding?

-Koʻp narsalarni, dadajon.

Eddi yelkasini qisdi. Keyin esa Robertning oʻng koʻzida yorqin uchqunni koʻrdi.

-Yonimga kel-chi.

Robert oʻrnidan turib dadasining oldiga keldi. Eddi Robertning yuz-koʻziga diqqat bilan razm soldi. Ba’zi-ba’zida uning oʻng koʻzida uchqun chaqnardi. «Bu ichki qurilma. Axir oʻgʻlim robot-ku», oʻyladi u.

-Nima gap, dadajon?-soʻradi Robert.

-Hech narsa. Shunchaki koʻzing osti tilingandek tuyulgandi.-U Robertning silliq va elastik yelkasiga kaftini qoʻydi.

Eddi va Meri farzandlari esli-hushli ekanligiga ishonishardi. Ular unga faqat yaxshi narsalarni oʻrgatishar, u haqiqiy komil inson boʻlib yetishishiga shubha qilishmasdi. Ammo ular oʻgʻillarining tarbiyasini tashqi ta’sir buzishi mumkinligidan xavotirlanishardi. Ular Robert maktabga borguniga qadar uning fe’l-atvorini shakllantirib boʻlishlariga umid qilishardi. Ular farzandlarini sevishar, undan faxrlanishardi. Janob Jeffris, janob Anderson, Klarklar, d’Allessonlar, Makkartilar oilasi, politsiyachi, chevar va baqqol-ularning hammasi Robertni tanishar, uni koʻchada koʻrib qolishsa jilmayib qoʻyishardi.

Eddi Robertning oʻng koʻzidagi uchqunni butunlay unutib yubordi. Keyingi paytda bu uchqun deyarli sezilmay qolgandi. U bu haqda Meriga aytdi va u ham tashvishlanmay qoʻydi. Er-xotinlar Robertni tarbiyalashda davom etishdi. Ular farzandlari yaxshi inson boʻlib yetishishini chin dildan istashardi.

Ammo ular Robertning beshafqat va yovuz boʻlib qolganini koʻrib qoʻrqib ketishdi. Buni birinchi boʻlib Eddi bilib qoldi. U bir kuni ishdan uyga qaytdi. Hovliga kirib, eshikni sekin yopdi.

-Meri!-chaqirdi u xotinini. Hech kim indamadi. U hayron boʻlgancha yelkasini qisdi.-Robert!

Bu safar ham hech qanday javob boʻlmadi. Eddi sarosimaga tushib qoldi. Birdan garaj orqasidan Robertning ovozini eshitib qoldi. U garajga yaqinlashdi.

-Oʻldirish kerak! Oʻldirish kerak! Bu jonzotni oʻldirish kerak!

Eddining a’zoi badani seskanib ketdi, u joyida qotib qoldi va koʻzlarini yumdi. Uning oʻgʻli Robert qurbaqani oʻldirayotgandi. Qurbaqaning butun badani teshib tashlangandi. Robert qoʻlidagi pichoqni qurbaqaning duch kelgan joyiga sanchayotgandi. Uning qoʻllari qonga belangandi. U xirillagancha bitta gapni takrorlardi:

-Oʻldirish kerak! Bu jonzotni oʻldirish kerak!

Eddi bu noxush manzaraga chidab turolmadi, oʻgirilib, indamay uyga kirib ketdi. U ichkariga kirib yuz-qoʻlini yuvdi va Merini kuta boshladi. Meri kelgach, u hammasini aytib berdi.

-Nima qilishni ham bilmay qoldim... U buni qaerda oʻrgangan boʻlishi mumkin? Kim oʻrgatgan? Uni soʻkdingmi?

-Yoʻq.

-Kimdir unga salbiy ta’sir koʻrsatyapti.

-Kimdir unga qotillik qilishni oʻrgatgan,-dedi Eddi.

Robert uyga kechqurun kirib keldi. Uning qoʻllari toza qilib yuvilgan, yuzida tabassum bor edi.

-Salom, oʻgʻlim!-dedi Eddi.-Kun boʻyi qaerda eding?

Robert jilmaygancha uning yoniga kelib oʻtirdi.

-Bogʻda bolalar bilan toʻp tepdik.

Eddi koʻzlarini katta-katta ochdi va dahshat bilan Meriga qaradi. Merining yuzi bujmayib ketdi: «Oʻn ikki yoshli oʻgʻlim yolgʻon gapiryapti». Oʻsha kech ular Robertning berahmligi va yolgʻonchiligiga qarshi kurashishga qaror qilishdi. Ular qoʻshnilari farzandlarining robotligini bilib qolishlarini xohlashmasdi. Shu bilan birga oʻgʻillarining miyasiga kim bunday ogʻuni quyganini aniqlashni ham istashardi. Ular qoʻshnilarni boʻlishib olib, Robertga kim salbiy ta’sir koʻrsatayotganligini aniqlamoqchi boʻlishdi. Ammo qoʻshnilarning hech biri bunday ish qilmaganliklari ma’lum boʻldi.

«Robertning ongini kim zaharlagan? Nega? Nima uchun?» deb oʻziga oʻzi savol berardi Eddi va birortasiga ham javob topolmasdi. U janob Jeffris bilan gaplashib qoldi.

-Oʻgʻlingizdan tashvishdamisiz?

-Ha. Menimcha... kimdir uning tarbiyasini buzyapti.

-Qoʻysangiz-chi, Eddi.

-Yoʻq,-dedi Eddi.-Kimdir uning ongini zaharlagan. Kimdir unga oʻldirishni oʻrgatgan.

Hayratdan janob Jeffris koʻzlarini katta-katta ochdi va Eddi uning koʻzlariga tikildi.

-Rostdanmi?

-Ha, ha,-dedi Eddi.

-Unga oʻldirishni oʻrgatishibdimi?-soʻradi janob Jeffris.

Eddi janob Jeffrisning koʻzlariga qaragancha javob qaytardi:

-Ha. Tirik jonzotni oʻldirishni oʻrgatibdi!

-Hechqisi yoʻq, endi hammamiz tirik jonzotmiz!-xitob qildi janob Jeffris va xoxolab kuldi.

Eddi indamay ortiga qaytdi. U janob Jeffrisning koʻzida ham xuddi oʻgʻlining koʻzidagidek uchqunni koʻrgandi.

U hovliga kiriboq bor ovozda qichqirdi:

-Meri! Meri! Meri!

Meri boshini changallagancha oʻtirardi. U bir oz oldin boshqa qoʻshnilar bilan gaplashib kelgandi. Eddi xonaga kirganida u ma’yus nigohini eriga qaratdi.

-Meri,-dedi Eddi,-biz hoziroq bu yerdan ketishimiz kerak. Janob Jeffris, d’Allessonlar, Klarklar...

-Makkarti, politsiyachi va Steynlar, baqqol, anavi sotuvchi...-Meri kaftlari bilan yuzini berkitdi.-Bari befoyda, Eddi. Befoyda!..

-Oʻng koʻzida uchqun chaqnaydi... Uchqun!

-Ha, ha...-dedi Meri.

-Robotlar. Ularning hammasi robot ekan! Hammasi.

Eddi Merining oyoqlariga oʻzini tashladi va yuzini uning tizzalariga qoʻydi. Ikkisi ham Robertning xonaga kirganini sezishmadi. Uning koʻzlari chaqnar, qoʻllari esa qaychini mahkam changallab turardi.