OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifFarhod Jilon
Asar nomi«Oltin qon»dagi toʻy (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Uygʻur adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Farhod Jilon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHabibulla Zayniddin
Hajm52KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/23
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Oltin qon»dagi toʻy (hikoya)
Farhod Jilon

Azaldan bordur elning panohi,
Ozodlik najoti—quyoshi, mohi.
Qasos oʻti taqdirda bori,
Toʻsolmas yoʻlimizni devlar ilohi!

Miloddan avvalgi 330 yil yoz kunlarining biri edi. Musaffo osmon uzra quyosh charaqlardi. Poyonsiz choʻl xuddi osmon bilan omuxta bir juftlikday bir-biriga toʻymay boqishib turganday tuyulardi. Samo va quyosh bu choʻlga azaldan eng yaqin sirdosh, hamroh boʻlib kelmoqda. Necha-necha qahramonlik dostonlari yaraldi; polvonlar oʻz karomatlarini koʻrsatib el dongʻini doston ayladi; elning tinchligi, salomatligini asrash uchun oʻz jonlarini fido qilib qanchadan-qancha mardu maydonlarning muqaddas qonlari shu choʻldagi yulgʻunlar ostiga singib ketardi!...

Adogʻi koʻrinmaydigan dasturxonday yastangan tekislikdagi emin-erkin oʻtlab yurgan bir uyur yovvoyi otlar toʻsatdan hurkib, uchgandek chopgan koʻyi olislardagi adirliklarda gʻoyib boʻldi. Koʻm-koʻk boʻliq oʻtloqzorda oʻynoqlab yurgan bir necha kulrang quyonlar ularning tuyoq tovushlarini eshitgandan keyin, uzun quloqlarini ding qilib bir yerda qotib qolishdi-da, oʻsha zahotiyoq sakrashib har tomonga qochib ketishdi. Nariroqdagi quyuq oʻrmon ichidan jon holatda yetti-sakkiz juft jayronlar dupurlashib chiqib yana choʻl boʻylab qochishda davom etishardi. Ajab, bu jonivorlar nimadan shunchalik hurkib ketishdiykin? Ha, sayyod! Xuddi shu payt jayronlarni quvib bir suvoriy chiqib keldi. Qoni qizib ketgan ot goʻyo qanotli dulduldek guvullab shitob bilan chopib borar, tuyoqlarining ham yerga tegib-tegmayotganligini bilib boʻlmasdi. Oʻynoqi choʻl shamoli tulporning yoli va uzun dumini uchirib, oʻynatardi. Chavandoz yigit oldiga egilib otning boʻyniga yopishib olgandi. Jayronlarning charchab qolganlari bir-birlab oʻz toʻpining ortida qola boshladilar, toʻp oldida chopib ketayotgan jayron serkasi roʻparasidagi uncha baland boʻlmagan taqir togʻ tomonga yoʻl oldi. Uchqur tulpor oʻq yetgudek oraliqqa borib qolganda jayronlar togʻ bagʻriga yetib qolgandilar. Sayyod ularning togʻ ortiga oʻtib ketishining oldini olish uchun darhol tizginini qoʻyib yuborib, paykonni oldi-da, oyoqlari bilan uzangiga tiranib egardan koʻtarildi va oʻqni oʻljasiga qaratib kamon ipini torta boshladi. Xuddi shu chogʻda jayronlar nima uchundir yoʻnalishlarini yana oʻzgartirib, shiddat bilan ortga burilib, jar yoqalab chopa boshladi. Bu paytda togʻ tumshugʻi tomonda bir toʻp suvoriy lashkarlar koʻrindi. Sayyod yigit kechikkan edi, u oʻqni qaytadan sadogʻiga solib, kamonni yelkasiga osgancha bir qoʻlida tizginini tortib, yana bir qoʻli bilan otining boʻynini silab, toʻxtashga da’vat qildi. Soʻngra tizginini yanada qaattiqroq tortdi. Magʻrur tulpor qadamini noiloj astalatgan holda oldingi ikki oyogʻini bir bora baland koʻtarib tushdi, soʻngra qizib ketgan koʻzlarini norozilik bilan olaytirib toʻxtadi.

Togʻlar orasidan toʻsatdan chiqib kelayotgan ellik-oltmish chogʻli lashkarlar otlarini yeldirib, sayyod yigit turgan tarafga yaqinlab kelayotgandi. Ularning hammasi toʻliq qurollangan boʻlib, bir qarashda olis yoʻldan yoki muhorabadan qaytayotgandek koʻrinardi. Nayza uchlari va dubulgʻalarida kun nuri gʻira-shira chaqnardi, suvoriylar yaqinlashgan sari ularning chiroylari va baland koʻtarilgan yakka tugʻning belgisi aniq koʻrina boshladi.

Sayyod yigit ularga tikilib qaradi va oʻz-oʻziga:
— Bars Tegin! — deb qoʻydi.

Dubulgʻa va sovut kiyib saf oldida kelayotgan qaddi-basti kelishgan yigit haqiqatdan ham xoqonnining toʻngʻich oʻgʻli Bars Tegin edi. Koʻtarilgan oʻsha yolgʻiz tugʻ Bars Teginning ehtimol tugʻi, lashkarlar esa, uning xos soqchi navkarlari edi. Sayyod yigit ismini aytayotib xoqon oʻgʻlining oldiga bordi va unga ot ustida bosh egib ta’zim qildi-da:
— Xoqonimizning toʻngʻich oʻgʻli Bars Tegingʻa baxt va omad yor boʻlsin! – deb salom berdi.
— Qut boʻlsin sengʻa ham, botir yigit! – deb javob qaytardi Bars Tegin, — isming nedur? Bul choʻlda yolgʻiz ne qilub yurmushsen?
— Ismim Arslon, shikor qilub yurgumdur, shahzodam, — dedi sayyod yigit tabassum ila boqqan koʻyi muloyimlik bilan.

Shu payt yuzboshi Arslonga qarab buyruq ohangida oʻdagʻayladi:
— Shahzoda Tegin hazratlari oldinda oʻzungni qanday tutodursen?! Otdin tush!

Arslon uning doʻq bilan qilgan poʻpisasiga pisand qilmay:
— Xoqon oʻgʻloni otdin tushub bosh egkanlarni botir deb hisoblamaydur, elga sodiq fidokorlarni qadrlaydurlar, — dedi.

Bars Tegin qiziqsinib Arslonga tikilib qaradi.
— Sen shunday fidokormu? – soʻradi u.
—Oʻn yil muqaddam sizning padari buzrukvoringiz Tungo Bilga xoqon a’lo hazratlari qizilboshlarga qarshi qoʻshin tortub chiqgʻonda mening otam ham shul qoʻshunda jangchi boʻlgʻon erdi, — dedi Arslon, — otam fidoyilik birlan muhoraba qilgʻonligʻi bois xoqon hazratlari otamni butun qoʻshun oldinda «Alp Qayum» deb e’lon qilgʻon erkanlar va barcha jangchilarigʻa otamni shul nom birlan atashni buyurgʻon erkanlar. Otam hozir chilangarlik bilan shugʻullonodurlar, xoqon hazratlari uchun qurol-yarogʻ yasaydurlar, meni bolaligimdinoq Vatan va xalqimga qalqon, xoqon hazratlaringʻa sodiq navkar boʻlishga oʻrgatgʻonlar.
—Sizlar ne boisdan xoqongʻa ushmuncha inoyat koʻrsatadursizlar? – soʻradi Bars Tegin uni sinchkovlik bilan sinab koʻrmoqchi boʻlib.
—Fuqarolarning xoqongʻa sodiq boʻlishligʻi oning odilliq, haqqoniyat birlan hukm yuritgʻoni, el-yurtgʻa tinch-osoyishta hayot, obod-farovonliq, inoq-ittifoqliq baxsh etayoturgʻonindandur, — deb javob berdi Arslon.

Bars Tegin bu oddiy sayyod yigitning bunday samimiy soʻzlarini eshitib unga yanada qiziqib qoldi. Arslonning shamol va oftobda kuyib biroz qoraygan chehrasiga, endigina sabza urgan moʻylari oʻziga juda yarashib tushgandi. Uning keskin turilgan tim qora tutash qoshlaridan qaysarlik va mardlik alomatlari shundoq aks etib turardi. Qattiq qimtilgan lablaridan, ayniqsa lablarining burchagida bilinar-bilinmas koʻrinib turgan nim tabassumidan uning oʻta gʻururli yigit ham ekanligi, jigargoʻshalikka ustuvorligi, uning keng yelkali va alp qomatidan butkul mardlik, jasorat va kuch yogʻilib turganligini ham payqash qiyin emas edi. Yigit mingan toʻriq tulpor hanuz bir yerda tinim turmay hadeb olgʻa intilar, yer tepinar, pishqirib, uyoq-buyoqqa aylanardi.

«Qanday botirona koʻrinish!» deb oʻyladi Bars Tegin unga zavqlanib qarab, yana soʻradi:
—Nechun shikorgʻa oʻzung birlan burgut yoxud shunqor olib chiqmading?

Arslon bu savolga ham hech bir dovdiramay dadil javob berdi:
—Bungʻa hojat yoʻq erdi. Mening bugun shikorgʻa chiqishim faqat ot ustunda turib kamondin oʻq otishni mashq etish, otimni jangavorliqgʻa oʻrgatishga qaratilgʻon erdi.

Bars Teginning bu choʻl farzandiga tobora ixlosi ortib borardi. Uning oʻzini tutishidan va har bir aniq va dadil javobidan xushomadga qilcha oʻrin qoldirmagan samimiylik aks etib turardi.
—Maqbul ota oʻgʻil! Yaraysen! – dedi oxiri Bars Tegin Arslonga jiddiy qarab, — Oʻgʻil degan shunday boʻlmogʻi kerak. Koʻrinishingdan sen ham otang kabi qahramon jangchi boʻladurgʻongʻa oʻxshaydursen, men bungʻa inonurmen.

Halol va joʻshqin mehnatga, erkin hayotga odatlangan oq koʻngil choʻl farzandi bunday maqtovlarga koʻnikmagani uchun biroz oʻngʻaysizlangandek boʻlib, Teginga qarashga botinolmay qoldi va nima deyishini ham bilmay koʻzini undan qochirib, suhbatga qiziqsinib qarab turgan navkarlarga nigoh tashladi. Navkarlar ham endi unga nisbatan oʻzlarida samimiy hurmat va dil izhorlari paydo boʻlganligini qalban his etishardi. Ularning ba’zilari bu mardona yigitga madad bergilari ham kelgandek doʻstona bir tarzda bir-birlariga qarashgan koʻyi kulimsirab, boshlarini irgʻishib qoʻyishdi. Bars Tegin ham qarab kulib qoʻydi-da:
—Emdi sen nechun mening qaerdin kelayoturgʻonligimni, ne qilub yurgʻonligʻimni soʻramaydursen? — deb yana kutilmagan savolni qoʻydi va shu onda uning javobini kutmayoq jiddiy qiyofada soʻzida davom etdi, — bilib qoʻy, botir yigit, elimizgʻa bir kuchli dushman bostirub kelmoqda. Bul dushmanning ismini Iskandar Zulqarnayn deyishodur. Ul olis-olis yerlardagʻi, koʻpgina togʻu toshlar, choʻlu sahro, biyobonlar ortindagʻi Yunon degan elning xoqonidir. Bul yovuz xoqon kunbotishdagʻi talay ellarni muhosara etmishdur va emdilikda narhi qon kechub, tuman-tuman kishiliq ulkan qoʻshin birlan Turon zaminingʻa hujum qilib chegaradagʻi ellarni qirgʻingʻa olmoqda. Eshitishimizgʻa qaragʻanda Turonning yuragi boʻlmish Shamirkent shahrini kunfayakun qilub, koʻp xalqni, koʻp qarindosh elatimizni qirgʻingʻa olub emdilikda bul yoqlargʻa bosturub kelayoturgʻon ermish.

Arslon bu gaplarni eshitib koʻzlaridan birdan gʻazab uchqunlari chaqnab ketdi.
—Mumkin ermas, ichkarilab kirolmaydur! – deya baqirib yubordi u oʻzini tutolmasdan.

Bars Tegin oʻsha noxush voqealarning, oʻz soʻzining ta’siriga berilgan holda yana soʻzida davom eta boshladi:
—Men bu bahodir navkarlarim birlan chegaradagʻi ahvolni borib oʻz koʻzim birlan koʻrdum. Hozir shul yerdin kelayoturmiz. Ul yerda Iskandarning elchisi birlan koʻrishdum. Elchi bizning taslim boʻlishimiz kerakligʻin talab qilmush. Men angʻa «Muhoraba maydoninda koʻrishgʻaymiz» deb javob berib qaytmushmen.
—Muhorabagʻa meni boshlab boringʻiz, men sizning aytgʻon yeringgʻizdin qat’iy chiqmagʻaymen! – deb keskin javob qildi Arslon hayajon bilan.

Bars Tegin notanish sayyoddan shunday javob kutganday, unga mamnunlik bilan qaradi.
—Yaxshi! – dedi shahzoda, —xoqonning muhorabagʻa chorlovchi farmoni e’lon qilingʻonda qoʻshungʻa bor. Seni muhoraba gʻoʻligʻa boshlab kirgʻaymen. Dushmanning qilich, nayzasi oldinda oʻzungni qanday tutushligʻingni koʻrayin.

Shundan keyin ovozini koʻtarib Arslonga ham, navkarlarga ham barobar qaratib inod qildi:
—Biz alargʻa oʻz qudratimizning nelargʻa qodir ekanligʻin albatta koʻrsatub qoʻygʻaymiz! Yovuz bosqinchi Iskandar yetmish togʻ botirlarin bir koʻrub qoʻysun! Halok boʻlgʻon jafokash qarindosh elatlarimiz uchun ham illo qasos olgʻaymiz! Alarni tor-mor kelturmagʻunumizgʻacha muhorabadin aslo qaytmagʻaymiz.

Arslon endi Bars Teginga zavqlanib qaradi. Teginning yoshi Arslondan koʻp katta boʻlsa uch-toʻrt yosh kattaroq koʻrinardi. U gʻoyat kelishgan yigit edi, ayni chogʻdagi gʻazabnok chehrasi, dubulgʻasi ostidan chiqib turgan jingalak qoʻngʻir sochlari, his-tuygʻuli qoʻy koʻzlari, maysadek oʻsgan mayin qisqa soqol-moʻylari uning shubhasiz yanada haqiqiy botir va chin jasorat sohibi ekanligidan ham darak berayotganday edi.

Bars Tegin toʻsatdan Arslon tomonga keskin burilib shunday dedi:
—Mengʻa qara yigit, baxtingni sinaydurgʻon vaqtgʻada emdi koʻp qolmadi. Muhorabagʻa birgʻa borgʻaymiz, botirlik koʻrsatsang sen mening eng yaqin doʻstumgʻa aylanodursen, magar qoʻrqoqlik qilsang...

U soʻzini toʻxtatib, Arslonning koʻzlariga mixdek tikilib qaradi va oʻng qoʻli bilan qilichning dastasini tutib turib, har bir soʻzini dona-dona etib takrorladi:
—Magar qoʻrqoqlik qilsang adabingni oʻzum bergʻum!

Shahzoda bu gapni aytganda uning chiroyi butkul oʻzgacha surli tus oldiki, jangda qoʻrqoqlik qiladiganlar undan soʻzsiz hech qanday yaxshilik kutmasligi kunday ravshan koʻrinib turardi.
—Ketdik yigitlar! – dedi Bars Tegin va oʻynoqlab turgan tulpor otini quyundek uchirib ketdi. Navkarlar ham nayzalarini hamda atrofidan nur taratib chiqib kelayotgan tong quyoshi va boʻri boshi tasviri aks ettirilgan bir necha zarrin popuklik koʻk ipak tugʻni baland koʻtarishgan holda uning ortidan ot qoʻydilar.

Arslon tobora olislab ketayotgan jangovar suvoriylarning ortidan biroz qarab turgandan keyin, nimadir yodiga kelganday boʻlib darhol otini choptirib, Tegin ketgan yoʻldan boshqa bir manzilga qarab yoʻl oldi. U uzoq yoʻl bosdi. Choʻl oxirlashganda olisda yashil bogʻlar koʻrindi. Arslon mahallaning chetidagi daraxtzorlikka kelib otidan tushdi. U daraxtlar orasida oʻtlab yurgan bir otni va sharillab oqayotgan suv boʻyida oʻychan oʻtirgan bir qizni koʻrdi. Arslon birdaniga oʻynab ketgan yuragini bosib olish uchun qizning orqasidan biroz qarab turdi. Soʻngra goʻyo tushida koʻrayotgan parizodni choʻchitib yubormaslikka tirishayotgandek maysazorlarni avaylab bosib, bir otlab, ikki otlab asta-sekin qizga yaqinlashdi. Qizning vujudi yengilgina titrab ketdi, koʻrinishidan uning yigitni allaqachon koʻrganligi va oʻzini ataylab koʻrmasga olib oʻtirganligi sezilib turardi, uning oqayotgan tip-tiniq suvga qarab turgan katta-katta koʻzlari visol onlaridan yanada charaqlab ketdi. Arslon suv boʻyiga kelib uning yonida toʻxtadi va mayin ovoz bilan:
—Bolqiz! – deb chaqirdi.

Qiz boshini koʻtarmadi. Arslon yelkasidan kamonini olib yerga qoʻydi-da, qizning yoniga oʻtirdi. —Bolqiz, – dedi u yana qizga yer ostidan qarab, —men vaqtida kelolmadim... kechikib qoldim, uzr... Qiz indamagandan keyin oʻz aybini boʻyniga olgan ohangda yana qoʻshib qoʻydi. —Tan olamen qarshinggʻizda gunohkormen. Sizni kuttirib qoʻydim. Sizdan yana bir bor uzr soʻraydurmen.

Qiz xuddi sakrab urushga tayyorlangan shoʻx kiyikdek boshini bir yoʻla koʻtardi-da, yigitning haddan tashqari muhabbatga toʻla muloyim koʻzlariga tikilib qaradi. Qiz oʻzining xafa boʻlganligini bildirishga harqancha tirishsada, istarasi issiq hamda koʻrkam chiroyining iliqligini aslo oʻzgartolmadi, gʻuncha lablarini kulib yuborishiga yoʻl qoʻymaslikka tirishsa-da, hiloldek qalam qoshlarini chimirib turishga urunsada, buloqdek otilib turgan otash koʻzlari tabassumidan oʻzini qochirolmadi.
—Shunchalik ham kuttirib qoʻyar ekansiz, shuni oldinroq oʻylasangʻiz boʻlmasmudur yigit? — dedi u oʻzining yoqimli ovozi bilan Arslonni yanada dovdiratib.
—Menga qarang, Bolqiz, men sizgʻa hammasini gapirib berurmen, — dedi Arslon yalingansimon qizga termulib va bir qoʻlini koʻksi ustiga qoʻydi, — men oʻzimiz kelishgʻon vaqtni unutib qolgʻonim yoʻq... bilodurmisiz, bugungʻi kunni qanchalik tashnaliq-intizorliq ila kutgʻonimni!
—Unday ersa nechun kechikdingʻiz? – takror soʻradi Bolqiz..

Arslon sevgilisini taslim etishga tirishib gapira boshladi:
— Koʻrishish vaqtimiz kelgunga qadar paykon otishni mashq qilish uchun shikorgʻa chiqqandim. Oʻzinggʻiz bilodursiz, paykon otish mashgʻulotin bir kun ham toʻxtatub boʻlmasdur. Oʻlja quvib choʻl ichkarisingʻa kirib ketubmen. Boz ustingʻa, — deb soʻzini davomlashtirdi Arslon qaytadan jiddiylashib, uning koʻzlari yana boyagi choʻldagidek chaqnab ketdi, — men shu choʻlda valiahd shahzoda Bars Tegin birlan uchrashib qoldim. Ul chegara yerlaringʻa borub kelubdi. Iskandar degan bir ajnabiy xoqon bizning zaminimiz sari qoʻshin tortub elimizgʻa bostirub kelayoturgʻon ermush. Buni Bars Tegin oʻz ogʻzi birlan aytmush.
— Men sizgʻa shuni aytmoqchi erdum, — dedi Bolqiz.
— Ne? Bu haqda siz ham bilodurmusiz? — hayron boʻlib soʻradi Arslon. Qiz tasdiq alomati boshini irgʻab qoʻydi.
— Otamdin onglodim, — dedi u, — kecha uyumizgʻa bir lashkarboshi kelub erdi. Ul kishi otam birlan shul haqda gaplashishayotgʻanlarin onglab qoldim, bugun saharda bir navkar xoqonning yorligʻin kelturub otamni oʻrdagʻa boshlab ketmush.

Bolqizning otasi Qora Boqshi xoqonning yaqin odamlaridan boʻlib, yoshlikdan tortib jang ishlarida toblangan sarkarda edi. U donishmand va bilimdon odam boʻlganligidan, xoqon tomonidan unga «Qora Boqshi» degan nom ism qilib berilgandi.
—Muhoraba boshlansa siz ne qilodursiz? – deb soʻradi Bolqiz Arslondan nigohini uzmagan holda.
—Bars Tegin birlan muhorabagʻa birgʻa boradurgʻon boʻlib kelishib qoʻy-mushmen, — dedi Arslon.
—Sizning mana shunday javob berishinggʻizni bilardim, — dedi Bolqiz. Endi uning nafaqat koʻzlarigina emas, balki lablari ham kulimsirab turardi.

Arslonning shu topda Bolqizning ipakdek yumshoq qoʻngʻir sochlarini qoʻliga olib oʻynagisi, uning tong shafagʻidek qirmizi yanoqlaridan oʻpgisi, eng shirin sevgi soʻzlarini qulogʻiga ohista pichirlagisi kelardi. Lekin, allaqanday zoʻr kelgan gʻoyibona sehrli bir kuch uning bunday qilishiga yoʻl qoʻymasdi. Yigit oʻzining kuchli qoʻllarini qizga uzatolmasdi. Har qanday holatda ham dadillik bilan faqat haqiqatnigina soʻzlashga odatlangan choʻl oʻgʻloni endi qizning koʻnglini olgudek biror soʻz ham topolmasdi.
—Qora Boqshi koʻpni bilodurgʻon tajribalik odam. Ikkovimizning toʻy qilishimizgʻa qoʻshilurmu? — dedi u oxiri xoʻrsinib.

Bolqiz darhol javob qaytarolmadi. U, otasining bu ishga qoʻshilolmasligini bilardi. Qora Boqshi oʻz qizining bir oddiy sayyod yigit bilan ahdlashib yurganligini bilgandan keyin, ancha xafa boʻlgandi. U hatto bir marta Arslonning otasiga: «Bolqiz yobgʻuning qizi, uning munosibi oʻrda ichidan boʻlishi kerak!» degan ekan. Bu gapni oʻshandayoq Arslon Bolqizga bildirgan edi. Shundan buyon Bolqiz otasidan oʻzini chetga olib yurardi. Keyin, u bu dardni ichiga sigʻdirolmay onasiga yigʻlab turib: «Otam Arslonni yomon koʻrmasunlar, ul vijdonliq, aqlliq, botir yigitdur. Men oni tushunodurmen, magar ul xoqonning xizmatingʻa kirsa qat’iy kerakli odamgʻa aylanodur» deb yolborgandi. Onasi qizining koʻzyoshlarini koʻrib yuragi achishdi. U oʻzining arjumand qizining nidoli hasratini koʻrib turib, uning koʻnglini yanada oʻksitishni istamasdi. Shunga koʻra, u mehr ila qizning yuzlarini yuvib tushayotgan koʻzyoshlarini surtgan koʻyi iliq onalik bagʻriga bosdi. «Otang birlan bu haqda gaplashib koʻrgʻaymen qizim» deb qizga tasalli bergandi. Shundan buyon, Bolqizning qalbida «oʻlmagan jondan umid» degandek, qalbida umid uchqunlari chaqnay boshlagan esa-da, biroq otasining hanuzgacha oʻz shashtidan tushmaganligini koʻrib yana xotirjamligi yoʻqolardi. Kunlar, oylar shu tarzda oʻtardi.

Bu gaplarni u qanday ham Arslonga ayta olsin! U parishonlikda turgan mas’um koʻzlarini yigitdan qochirib, boshini quyi soldi-da, oʻz chiroyiga yana avvalgidek xush tabassum berishga tirishdi va gapning oxirini hazilga burish xayolida oldidan sharillab oqib borayotgan boʻzsuvga engashib, qoʻlining uchi bilan Arslonning yuziga suv sochdi. Ammo Arslon bu hazilni qabul qilmadi. U Bolqizning qoʻlini tutib olib, termulib turgan koʻzlari bilan unga boqdi.
—Ayting-chi, Bolqiz, — deb oʻz savolini takrorladi u, otanggʻiz rozimudurlar? Yana ayting-chi nechun kamgap boʻlib qoldinggʻiz?
—Magar otam rozi boʻlmasalar-chi, unda ne boʻladur? — dedi Bolqiz.

Umidsizlik ilkida ehtiyot va xavotir ila past ovozda aytilgan bu soʻz Arslonga bamisoli toʻsatdan chaqmoq chaqnagandek ta’sir qildi.
—U holda sizni olib qochamen! — dedi u hech bir ikkilanmasdan qat’iylik bilan.
—Sizning mana shunday deyishingʻizni bilardim, — dedi Bolqiz oʻychan koʻzlari bilan olis kengliklarga koʻz tashlab. Soʻng u Arslon tomonga burilib, uning yengini qattiq tutib oldi va koʻzlariga tikilib, yolborgan ohangda shoshilib gapida davom etdi:
—Lekin siz otamni aybgʻa buyurmagʻaysiz, otam garchi qaysar ersalar-da, ammo oqkoʻngil odamdurlar... Alar xayrixohlik bildurodurlar... Onam alarga yotigʻi birlan tushuntiradurlar. Otamning jahllari tez ersada koʻngillari yumshoq odam. Meni juda yaxshi koʻrodurlar. Mengʻa qarang, Arslon, mengʻa qarasanggʻizchi, gaplarimgʻa inoning, otam keyinroq sizni albatta yaxshi koʻrib qolodurlar... Siz otamdan xafamisiz?
—Yoʻq, albatta yoʻq — dedi Arslon chuqur tin olib, — men alarni hurmat qilamen... Sizning otangʻiz boʻlgʻonin uchun hurmat qilodurmen.
—Oh, Arslon, —dedi Bolqiz boshini uning koʻksiga qoʻyib, —siz nechogʻli yaxshi insonsiz!

Ular otashli sevgi lazzati ilkida goh hayajonlanib, goh munglanib, oʻzlarining kelgusidagi turmushlari toʻgʻrisida uzoq-uzoq gaplashdilar, bir-birlariga ahdu paymonlar qildilar.

* * *

Tunga Bilga xoqon Iskandar Zulqarnaynga qarshi yurishga otlanishga farmon bergan kuni tong sahardanoq oʻrda oldiga qoʻshin va ularni kuzatuvchi er-ayol, yosh-qarilar toʻplanisha boshladilar. Kuzatuvchilarning ham koʻplari qurollangan edilar. Hammadan keyin Bars Tegin oʻz navkarlarini boshlab oʻrda ichidan tizilib chiqdi. Oq boʻz tulporga minib kelayotgan Bars Teginga xaloyiq hurmat bilan yoʻl boʻshatib berishardi. Navkarlarning oldingi qatoridan joy olgan Arslon hadeb olgʻa intilib turgan toʻriq tulporning tizginini tortib-tortib qoʻyib, intizorlik koʻzlari bilan kishilar toʻpi ichidan kimnidir izlardi. Oxiri u kishilar orasidan oʻz otasini koʻrdi. Soch-soqollari qordek oqargan sobiq peshqadam jangchi Alp Qayum faxrlangan holda oʻgʻliga qarab turardi va «koʻrdinglarmu, mening oʻgʻlimni!» degandek ketayotib, boshini egib hurmat bildirdi. Xoqonning buyruqlari e’lon qilingandan keyin naqsh-nigorli sarishta ravoq atrofida qurollangan otlik tarxonlardan tashkil topgan hurmat posbonlari saflanib turishardi. Bars Tegin navkarlarini boshlab ularga yaqinlashib kelib, qurolli suvoriy ayollar safiga qatorlashdi. Arslon ayollar qoʻshinining oldingi qatorida Bars Teginning oq yuzli, sariq sochli goʻzal xotini Kumush Tuzun va uning yonida qalam qoshli koʻrkam Bolqizning turganligini koʻrdi. Ular yoqimli kulimsirab, qoʻl ishorasi bilan Tegin va navkarlarni qarshi oldilar.
—Bolqiz, siz ham chiqdingʻizmu? — deb yubordi Arslon unga yaqin kelib.
—Bizni muhorabadan qoʻrqadi deb oʻylagʻon boʻlsangʻiz kerak, shunday ermasmu botir yigit?!.. Ortinglardan biz ham muhorabagʻa borgʻaymiz, — dedi Bolqiz tabassumli koʻzlari bilan unga tikilib.

Bars Tegin navkarlari bilan kelib tarxonlarning oldidan joy oldi.

Xuddi shu paytda burgʻularning surli ovozi yangrab, nogʻoralarning gumbir-gumbir sadolari hammayoqni tutgandi. Tunga Bilgaxoqon, yobgʻu va lashkarboshilarning hamrohligida ravoqqa chiqdi. Uning bir yonida xotini Oy Bilga xotun, yana bir yonida maslahatchi va yobgʻu Qora Boqshi hozir boʻldi. Barcha odamlar chuqur sukutda xoqonning soʻzini kutib turishardi. Barchaning nigohlari xoqonning kelbatli zabardast qaddi-bastiga qaratilgandi. Xoqon egniga tovar toʻn kiygan, boshi chekkasiga tovar roʻmolni oʻrab olgan edi. Uning quyuq oʻsgan sargʻich soqol-moʻylariga endigina oq oralay boshlagan. Aql va bilim nuri singgan moviy koʻzlari baroq qoshlari ostidan odamlar toʻpiga ishonch va gʻayrat bilan boqib turardi. Xoqonning qoʻshin va fuqaroga qarata qisqacha boshlagan safarbarlik haqidagi nutqi bamisoli momaqaldiroqdek yangrab, haybatli ovozi olis-olislargacha eshitilib turdi:
—Shavkatlik va yengilmas botir lashkarlarim! Aziz fuqaro! Bugungi kunda bizlarga qattol yogʻiylardin ozor chekgʻon mazlum birodar ellar umid va najot koʻzlarin tikib turodurlar. Muqaddas ona Vatanimiz tuprogʻingʻa va oning mehnatsevar elining tinch-osoyishta turmushin paymol etmoqqa, qulliqqa giriftor etmoqgʻa qasd qilgan yovuz, dogʻuli qonxoʻr dushmanning shum qadami zaminimizni debsamoqda. Alarning Iskandar Zulqarnayn degan xoqoni tobora elimiz ichkarisingʻa qoʻshin tortib kelmoqda, — dedi u. — Men koʻktangrining xohish irodasila elimizning daxlsizligʻin saqlash uchun ul yovuzlargʻa qarshi muqaddas janggʻa safarbar qilingʻonimizni va otlongʻonimizni e’lon etmushmen.

Alar bizni yengolmaydurlar. Biz qat’iy yengʻaymiz. Zafar biz tomondadur! Koʻktangrining irodasi shunday. Togʻ bizning otamiz, yer bizning onamiz. Togʻ ota bizgʻa suyanchiq boʻlur, yer ona bizgʻa kuch-quvvat bagʻishlagʻay.

Tungo Bilga xoqon qilichini qinidan shartta sugʻurib olib uni boshi uzra baland koʻtargan holda oʻz soʻzini qoʻshinlarni jangga chorlovchi soʻzi bilan yakunlashtirdi:
— Koʻkda tangri, yerda botir! Olgʻa azamat shunqorlar!..

Shundan keyin tumanlagʻan tigʻlar baland koʻtarildi, tumonat koʻkrak qalblaridan otilib chiqqan shior yeru koʻkni zilzilaga keltirdi:

Koʻkda tangri, yerda botir!

Burgʻular va nogʻoralarning sadosi ostida Tungo Bilga xoqon qoʻshunni yurishga boshladi. Kuzatuvchilar ancha uzoqqacha ularning ortlaridan ergashib bordilar. Soʻng asta-asta ortda qoldilar.
—Yoʻlinglar qutlugʻ boʻlsun, azamatlar! Illo olingʻiz, ammo oldurmanggʻiz! – degan hayqiriq ovozlar chor atroflardan yogʻilib turdi.

Arslon Bars Teginning navkarlari qatorida tulporini yoʻrttirgan koʻyi ketib borayotgan esa-da, fikri-zikri otasi bilan Bolqizda edi. Bolqiz bilan xayrlashuv oldida u bilan alohida xayrlashmaganligidan koʻngli yarim boʻlib qolgandi. Shu payt toʻsatdan Bolqizning chaqirgan tanish ovozi eshitildi. Bu ovoz uning qulogʻiga oqib goʻyo yuragiga kirganday boʻldi. U shu zahoti safdan chiqib otini toʻxtatdi va qoʻshinning ortidan ot yeldirib kelayotgan Bolqizni koʻrdi. Bolqizning tulpori shamoldek yelib kelib Arslonning otiga yondoshib toʻxtadi. Qizning koʻksi nafis ipak koʻylakning ostida bir koʻtarilib, bir pasayib turardi. Yanoqlari va lablari hayajondan biroz qoni qochgandek koʻrinardi. Yosh qalqib turgan ohunikidek xumor koʻzlari yigitning mardonalik aks etib turgan qora koʻzlariga intizorlik bilan tikilib boqardi. Oxiri u indamasdan qoʻynidan chiroyli kashtalangan shoyi dastroʻmolchani chiqardi-da, qoʻllari bilinar-bilinmas titragan holda Arslonning qoʻliga mehr bilan tutqazib qoʻydi hamda majolsiz ovoz bilan:
—Tangri sizni oʻzi asrasun, muhabbatimizni umoy asrasun! Nusrat sizgʻa hamisha yor, koʻk tangri, yer tangri, madadkor boʻlsin! — dedi-da, yigʻidan oʻzini bazoʻr toʻxtatib tulporini ortiga burdi va quyundek yeldirib ketdi.

Arslon turgan joyida goʻyo sehrlangandek qimir etolmay va hatto bir ogʻiz ham soʻz aytishga ulgurolmay qizning ortidan yana biroz qarab turdi. Soʻngra lashkarlar safiga yetib olish uchun otlarini yoʻrttirib ketishayotgan navkarlar safi orasidan oʻz oʻrnini egalladi.

Qoʻshinlar mevazorlik bogʻlarni, bugʻdoyzorlarni, yilqi, qoʻy va qoramollar, podalar oʻtlab yurgan baxmaldek yashil yaylovlarni kesib oʻtib poyonsiz yastangan choʻlga chiqdi. Oʻz yoʻllaridagi har qanday toifadagi qabilalarni bostirib, vayron etib kelayotgan qudratli dushman bilan boʻladigan hayot-mamot janglari ham qadam-baqadam yaqinlashmoqda edi. Dunyoga dongʻi ketgan choʻl tulporlarining tuyoqlari haybatli dupurlardi. Tungo Bilga xoqon oʻzining epchil va baquvvat oq oti ustida shukuh ila oʻtirgan holda yeldek uchib borardi. Uning koʻzlari xuddi Iskandar Zulqarnayn bilan tezroq toʻqnashmoq uchun shoshilayotgandek hamon olgʻa tomonga qarardi. Xoqonning shu topda nimalarni oʻylayotganligini taxmin qilish qiyin edi. Shunday boʻlsada, ulugʻvor, magʻrur qiyofasiga qarab, oʻziga va qoʻshiniga ishonchining qat’iyligini fahmlash mumkin edi.

Xoqonga birdam yondoshib, birdam ortda qolib kelayotgan Qora Boqshi adogʻsiz ufqqa koʻz tikib xayolga choʻmdi. U, Bars Teginga ergashib kelayotgan Arslonga bir necha bor koʻz tashlab qoʻydi. Bolqiz bilan bu yigit oʻrtasidagi bogʻlanishni Qora Boqshi xushlamasdi. «Bu masalani qanday qilib bir tarafli etish kerak? — deb oʻylardi u, — Arslon bilan bevosita gaplashib, uni bul ishindan qaytarish lozimmu? Ahvolgʻa qaragʻanda, shunday qilmay ham boʻlmaydurgʻondek koʻrinodur». Ammo Qora Boqshi oʻylab-oʻylab shu joyga kelganda elni himoya etish va asrash uchun fidoyi boʻlib ketayotgan bir yigitga bunday gʻayri muomalada boʻlishdan oʻzida biroz oʻngʻaysizlikni ham his etardi. Shu bois u ichida: «Muhoraba tugagandin keyin bir gap boʻlur, tangrining oʻzi yoʻl koʻrsatur» deb qoʻydi-da, hozircha bu boradagi masala ustida ortiq oʻylamaslikka harakat qildi.

Arslon ham ayni vaqtda Qora Boqshining ichidan kechayotgan bor oʻylarini uqub olmoqchi boʻlgandek goh-gohida unga qarab qoʻyardi. «Muhoraba yakunlangandan keyin bu borada Bars Teginga soʻz ochamen, — deb oʻylardi u. Ul Qora Boqshi yobgʻu bilan gaplashib, oni koʻndirishgʻa oʻtinamen. Kerak boʻlsa, oʻzim ham borub angʻo bosh egamen. Magar rad etsa Bolqizni olib qochamen». Shu qarorni koʻngliga tugub qoʻygandan keyin, Arslon ham bu haqda endi oʻylamaslikka qaror qildi. U tez-tez qoʻlini qoʻyniga tiqib, Bolqiz esdalik etib bergan boyagi dastroʻmolni yuragiga qattiq bosib qoʻyardi. Qoʻshin ancha yoʻl bosgandan keyin, bir keng balandlikka kelib toʻxtadi. Tungo Bilga xoqon shu yerda bargoh qurishni buyurdi. Uch yuz kishilik xabargirlar boʻlimi otlarini qora terga tushirib qaytib keldilar va Zurqarnaynning zarbdor qismi yaqinlashib qolganligi toʻgʻrisidagi xabarni yetkazdilar. Xoqon bu xabarni eshitgandan keyin yobgʻu, tarxon, yobogʻu, lashkarboshilarni huzuriga chorlattirib jiddiy mashvarat oʻtkazdi. Mashvaratda bir boʻluk lashkariy qismni dushman yoʻlini toʻsish va ularga qarshi zarba berishga yoʻllash uchun qaror qabul qilindi. Xoqon bu vazifani toʻngʻich valiahd oʻgʻli Bars Teginga topshirdi va uning ixtiyoriga harbiy tayyorgarlikdan oʻtgan, ammo jang koʻrmagan yosh yigitlardan tarkib topgan toʻrt ming otliq lashkariy qismni topshirdi. Biroq, bu ishning nechogʻli xatarli ekanligiga koʻzi yetgan harbiy tajribada ustuvor, donishmand, boobroʻ yobgʻu Qora Boqshi soʻz oldi:
—Tangri tugʻmush Tungo Bilga xoqon a’lo hazratlari, — deya murojaat qildi u vazminlik bilan, —Siz Zulqarnaynning yoʻlini toʻsmoqgʻa jang koʻrmogʻon, oning sabogʻin olmagʻon butunlay yoshlarni janggʻa safarbar qilmoqdadursiz, yoʻllamoqdadursiz. Bunday hol xatoliq boʻlib yana noxush oqibatlargʻa olib kelishi ehtimoldin yiroq ermasdur, deb oʻylaydurmen. Mening fikri ojizimcha ersa muhorabagʻa aslida yoshi ulugʻroq, urush ishlarinda tajribalari bor boʻlgʻon odamlardin yoʻllansa maqsadgʻa muvofiq boʻlur edi... — dedi qat’iy dadillik bilan. Bu fikrga davrada oʻtirgan barcha lashkarboshilar bir ovozdan qoʻshildilar.

Xoqon yobgʻuning donishmandligiga yanada iqror boʻlgan koʻyi biroz oʻylanib turgach, shunday dedi:

—Maqbul, hurmatli muhtaram yobgʻu janoblari, siz darhaqiqatanda toʻgʻri soʻz aytmushsiz. Binobarin, Bars Tegin ixtiyoringʻa ana shunday urush saboqlaringʻa ega boʻlgʻon tajribaliq jangchilardan bir tuman suvoriy va yana shunday besh ming kishilik piyodalardin iborat qoʻshin ham biriktirulsun. Biroq, bu boʻlajak muhorabada albatta yosh jangchilar ham ishtirok etmoqliqlari, oʻz baxtu omadlarin sinab koʻrmoqliqlari beshak darkordur. Sizning oʻzingʻiz alargʻa ham mahoratinggʻiz, ham maslahatingʻiz birlan yoʻlboshchiliq qilsanggʻiz yanada nur ustigʻa a’lo nur boʻlur erdi.

—Men rozimen, — dedi yobgʻu Qora Boqshi.

Mashvaratdan keyinoq Qora Boqshi Bars Teginga maslahatchi boʻlib, dushmanning yoʻlini toʻsish uchun yurib ketdi.

Bars Tegin yoʻl boʻyi oʻz lashkarlarining ruhiy kayfiyatlari qanday kechayotganligini bilmoqchi boʻlib, tez-tez unga-bunga nazar tashlab qoʻyardi. U kuzatgan sari askarlar ruhining ustunligiga ishonch hosil etib borardi. U otini biroz sekinlatib, orqadan kelayotgan Arslonga yondoshdi va baland ovozda soʻradi:

— Qanday, yigit? Ikki shoxlik Iskandar Zulqarnaynning askarlarin toʻngʻizni otgʻondek ota alodurmusen?
— Arslon bu savoldan biroz ranjigandek qiyofada Bars Teginga qarab qoʻyib:
— Biz ikkovimiz choʻlda uchrashgʻon oʻshal kun mening qobonni qanday otishligimni koʻrmagʻon erdingʻiz. Emdi ikki shoxlik qiyotlarni qanday otishligʻimni, qanday chopishligʻimni muhoraba maydonida albatta koʻrgʻaysiz, shahzodam! — dedi vazminlik bilan xotirjam holda.

Bu soʻzlardan Bars Teginning koʻngli togʻday koʻtarildi. U mamnuniyat bilan Arslonga qarab qoʻydi. Xuddi shu vaqtda bir xabargir ot yeldirib kelib, dushmanning ilgʻor qismi old tomonda — qorasi koʻrinib turgan oʻsha ulkan togʻning narigi chetida toʻxtaganligini xabar qildi. Bars Tegin qoʻshinini shu yerda toʻxtab dam olishga buyurdi. Bu paytlarga kelib qosh ham qaraya boshlagandi.

Tegin donishmand Qora Baqshi maslahati boʻyicha, tun yarimlarigacha shu yerda kutub turib, soʻng tunda qoʻqqisdan xujum qilish toʻgʻrisida maslahat berdi. Belgilangan vaqt yetib kelganda askarlar otlarining tuyoqlarini qoʻy terlari bilan mahkam oʻrab, hech qanday tovush chiqarmaslikka harakat qilib, mutlaqo maxfiy tarzda yogʻiy qoʻshinlari qaror topgan lashkargohga qarab yoʻl oldilar.

Tun yarimlaridan oqqan, hammayoq zimziyo edi. Aygʻoqchilar dushman lashkargohida hech qanday jonli harakatdan asar ham yoʻqligi, poyloqchilikda turgan yogʻiy navkarlari ham allaqachon oʻz vazifalarini unutib qoʻyganliklari haqidagi xabarlarni yetkazdilar. Donishmand Qora Boqshi va Bars Tegin bu holni bir ogʻizdan qutluq, saodatli onlardan darak berayotganligi, koʻkktangri, yer tangrilari ham ularga bul muhorabada madadkor ekanliklaridan beshak beli deb bildilar.

Bars Tegin yetakchiligida suvoriy va piyodalardan iborat qoʻshinlar moʻljallangan togʻ yonbagʻriga yetib olganlaridan keyin, otlarning tuyoqlaridagi qoplamalarni yechib tashlab, qilichlarini qinlaridan yalangʻochladilar-da, otlarining jilovlarini boʻshatib piyodalar bilan birgalikda yov ustiga boʻrondek tashlandilar. Dushmanning oldingi qism qoʻshinlari bu kutulmagan va toʻsatdan qilingan hujumdan esankirashib, oʻzlarining tillarida allanarsalar deb qichqirishardi. Zulqarnayn lashkarlari hali hal etuvchi urush holatida turganlariga u qadar ishonqiramagan esalarda, lekin har ehtimolga qarshi qurol-yarogʻli jangovor holatda yotishgan edilar. Ular yotgan yerlaridan sakrab turishib nari-beri otlanishga shoshildilar. Bu vaqtda Tegin lashkarlari goʻyoki qor boʻronidek yopirilib keldilar. Chor atroflarda dahshatlik ur-yiqitlar shiddatli tus ola boshlar, otlarning tuyoqlari ostidan otash uchqunlari chaqnardi. Ot toʻyoqlarining dupur-dupurlari, kishnashlari, qurol-yarogʻlarning bir-birlariga urilib chiqqan «jarang-juring» ovozlari, dod-faryodlari falakka oʻrlardi. Bu muhoraba uzoq davom etmadi. Zulqarnayn askarlari bardosh berolmay lashkargohlaridan chekina boshladilar. Biroq, vaqt allaqachon qoʻldan ketib, halokat muqarrar boʻlib borardi. Tegin jangchilari yogʻiylarni tutday toʻkkan koʻyi qadam-baqadam qorongʻu choʻl tomonga qisib bormoqda edi. Nihoyat yogʻiylar bunday umidsiz jangdan voz kechib, jonlarini saqlab qolmoq niyatida bor-yoʻqlarini gʻoliblar ixtiyorlariga tashlab choʻlga qarab qochishga tutindilar.

Jang otashida qizib ketgan Arslon tulporini quyundek yeldirib butun safning oldiga oʻtib ketdi va hech narsaga qaramay jon-jahdi bilan qochib ketayotgan bir yunon sipohiga yetib olib, qilichini boshining ustidan baland koʻtargancha, bor kuchi bilan serpadi. Arslonning keskir egri qilichi yunonlik sipohni yelkasidan kindigigacha boʻlib tashladi. Yunonlik suvoriy navkar egardan yerga qulab tushdi. Uning beliga qistirib olgan katta charm hamyon ham kesilgan boʻlib, uning ichidan talon-taroj qilib yigʻilgan oltinlari qonga belanib yerga sochildi.

Xuddi shu paytda donishmand Boqshi dushmanning pistirmasiga tushib qolishdan xavotirlanib, lashkarlarni yogʻiylarning ortidan ortiqcha ta’qib etishdan toʻxtatishga buyruq berdi.

Tong suzila boshlagandi. Quyoshning ilk nurlari tun pardasini yirtib atrofni yorita boshladi. Yigitlar dushmanni quvishdan toʻxtab ortga qaytdilar. Dushmanning qoldiq qismlari qochganlari holda adirliklar orasida gʻoyib boʻldi.

Tong toʻliq yorisha boshlagandi. Arslon otidan tushib qilichidagi qon dogʻlarini oʻzi chopib tashlagan boyagi yunonlikning choponiga surtib tozalab qiniga soldi. Bu paytda uning yonidan oʻtib ketayotgan bir toʻp askarlar qonga belanib yotgan oltinlarni koʻrib:
— Bul nedur? — deb soʻrashdi.
— Bul oltin qon, — dedi Arslon va otining tizginidan yetaklab oʻz manzillari tomonga qarab yurib ketdi.

Ana shundan e’tiboran mazkur tunda kechgan jang yerlaridagi ulkan togʻ «Oltin qon» degan nomda atala boshladi.

Jangdan keyin Bars Tegin yobgʻu Qora Boqshi bilan bamaslahat endilikda harakat yoʻnalishini muhokama qildi. Ular Iskandar Zulqarnaynning qasos olish uchun jang boshlashi muqarrarligiga e’tiborni qaratdilar va shu munosabat yuzasidan ehtiyotkor boʻlib, choʻlga chiqmay, «Oltin qon»da lashkargoh qurib, xoqonni kutishga qaror qilindi.

Darhaqiqat qilingan taxmin oʻz isbotini topdi. Ertasi kun tong saharda «Oltin qon»dagilar ufqda zoʻr qoʻshinning qorasini koʻrdilar. Minglagan suvoriylar saf tortib «Oltin qon» tomonga shiddat bilan ilgarilamoqda edilar.

Bars Tegin bilan donishmand yobgʻu oʻz lashkarini ikki qismga boʻlib, bir qismini «Oltin qon»ning soy tomoniga maxfiy pistirmaga qoʻydilar. Yana bir qismiga Arslonni boshliq etib, dushmanga qarshi yoʻlladilar. Arslon boshchiligidagi jangchilarning boshlaridagi baland qalpoq parlari xuddi lochin qanotiday haybatli koʻrinardi.

Iskandar Zulqarnayn lashkarboshilari yobgʻulari va xos qoʻriqchilarining hamrohligida bir baland tepalik ustida turib boʻlajak jang maydonini kuzatardi. Bu yerdan ikki tomonning otlari bir-biriga yaqinlashib kelayotgan poyonsiz tekislik kaftdek koʻrinib turar, undan narida «Oltin qon» togʻi yuksaklikka boʻy choʻzib yotardi. Bulutsiz musaffo osmon uzra esa bir necha kalxat va bir toʻp qargʻa-quzgʻunlar boʻlgʻusi jangdan oʻzlariga oʻlja kutib, doira hosil etib parvoz etishardi.

Iskandar Zulqarnayn toʻxtovsiz olgʻa bosib kelayotgan bir yarim ming chogʻli suvoriylarga qarab: «bu ozgʻina bir toʻp odam ne qilmoqchidur?» Ushmuncha qudratlik qoʻshinni yengmoqni xayol qilodurlarmu? Yoki alarning boshqa bir hiylasi dagʻi bormudur? — deb oʻylardi. Yunon podshohining koʻm-koʻk koʻzlari uygʻur askarlariga mensimaslik bilan qarab turardi. Choʻl tomondan urayotgan izgʻirin shamol uning ikki shoxli dubulgʻasi ostidan siqib turgan sap-sariq uzun sochlarini uchirardi. U qaddini tik tutib, oʻz lashkarlarining gʻalabasini koʻrishga hozirlanib turardi. Oʻrta dengiz boʻylaridan tortib to shu yerlargacha boʻlgan talay janglar davomida u faqat yengishga, magʻlub qilishgagina odatlanib qolgan edi. Boshqacha boʻlishini esa aslo xayoliga ham keltirolmasdi. Holbuki, koʻp oʻtmay u jang maydoniga jiddiylashib qaraydigan boʻldi. Uning koʻz oldida kutilmagan gʻalati ishlar yuz berardi.

Uygʻur askarlari maydonga keng yoyilib, otlarini uchirganlari koʻyi oldinga qaratib kamonlardan merganlik bilan bexato oʻq uza boshladilar, yunon askarlaridan bir necha kishi ot ustidan qulab tushdi, yana bir necha ot chopgan holda oʻmbaloq oshib tushgan boʻyi yotib qoldi. Otsiz qolgan askarlar boshqa otlarning oyoqlari orasidan oʻrmalab turishib jang maydonidan qocha boshladilar. Oʻqlar ketma-ket uchib kelmoqda. Yunonliklar ham oldinma-ketin yiqilib yer tishlamoqda edi. Oxiri Zulqarnayn askarlari yaqinlashib kelib, endigina paykon otishga mumkinchilik yaratilgan mahalda, uygʻurlar chaqqonlik va chapdastlik bilan otlarini ortlariga burib oʻqday uchirib ketdilar. Yunonliklar ularni nechogʻlik zoʻr berib quvib yetishga urinishmasin aslo yetisholmasdi. Uygʻurlarning otlari goʻyo qanot chiqarib uchayotganday quvgʻunchilarni borgan sari ortlarida qoldirib ketishayotgandi. Qochuvchilar toʻsatdan ortlariga qaratib yana shunday merganlik bilan bexato paykon ota boshladilar. Quvguchilar yana tutday toʻkilishga boshladilar.

Zulqarnayn uygʻurlarning bunday ajoyib mahoratiga hayratlanib, yonida hozir boʻlib turganlarga shunday dedi:
— Bu odamlar oʻqni oldindan qanday merganlik bilan otsalar, orqadin ham xuddi shunday ustalik bilan otisharkan, alar boshqalargʻa aslo muhtoj boʻlmay, oʻz ozuqasini oʻzi topib yeydirgʻonlar erkanlar: alarning qoʻlundin oʻlja aslo qochub qu-tu-lol-magʻay-dur! Alar qachon xohlasalar, oʻshal chogʻda otub yeydurlar!

Arslon boshliq yigitlar va ularni ta’qib etayotganlar «Oltin qon» togʻiga yetib borganda soy ichidan toʻsatdan Bars Tegin va Qora Boqshi boshliq qoʻshinlar yashin tezligida otilib chiqib, dushman qoʻshinining yon tomonidan xujumga oʻtdi. Qochayotgan yigitlar ham darhol ortlariga burilib dushman ustiga boʻrondek yopirilib tashlandilar. Ikki tomon davra olishib, aralash-quralash boʻlib ketdilar. Ur-yiqit, dahshatli qirgʻin-barot boshlandi. Otlarning ayanchli kishnashi, jangchilarning shovqin-suroni, yogʻiylarning yirtqichlardek hayqirishlari, oʻz tillarida allanarsalar deb baqirishlari, Bars Tegin lashkarlaridagi: «Koʻkda tangri, Yerda botir!» Tangrilar bizlargʻa yoru, madadkordur! U-ur — u-u-ur,» hayyo-hay na’ralari maydon uzra yangrar, qonlar sel boʻlib oqardi. Taqir-tuqurlar, nogʻora, karnaylarning ovozi, qilich va qalqonlarning zarb bilan sharaq-shuriq urilishi yeru koʻkni larzaga keltirardi. Otlar hurkib pishqirar, jang qizigandan qizir, shamshiru oyboltalarning osmonga chaqqonlik bilan chiqib tushishidan qanchadan-qancha boshlar yerga dumalar, tuproqqa qorilib, ot tuyoqlari ostida toptalardi. Ayovsiz va bexato uchgan oʻqlar bahodirlarning yurak-bagʻrini tilka-pora qilar, es-hushini yoʻqotgan, egasiz, ba’zilari yaralangan tulporlar qon kechib, oʻzlarini har yonga urar, chiqib ketishga joy topisholmas edi. Egarlaridan yiqilgan yarador jangchilarning esa son-sanogʻi yoʻq edi! Ular hasrat bilan nido qilar, armon bilan jon berardilar. Hamma yerlar murdalar bilan toʻlib borardi. Bu yerda shunday jang boʻlgan ediki, Zulqarnaynning oʻzi ham umrida bunday jangni aslo koʻrmagandi! Har ikki tomon mislsiz qahramonlik koʻrsatib, jon-jahdi bilan olishdilar. Odamlar bir-birlarini qilichlar, nayzalar bilan urishardi, ba’zilari ot ustida bir-biri bilan xezlashib, soch-soqollaridan tortishar, giribonlaridan olib boʻgʻishardi, bir-birini egardan yulib olib yerga uloqtirib tashlashardi...
—Bardam boʻlinggʻiz, oʻgʻlonlarim! Soʻzsiz biz yengʻaymiz! Gʻalaba biz tomondadur! – deb dalda bergʻan holda sado qilardi Qora Boqshi va talay janglarda chiniqqan kuchli qoʻli bilan qilich serpab dushmanni qirishda davom etardi.
—Ur! — urr! — deb baqirardi Bars Tegin jangchilarning gʻayratlariga gʻayrat qoʻshgan koʻyi keskin janglar boʻlayotgan joylarga shoʻngʻib kirib ketardi.

Vatan butunligi, fuqaro osoyishtaligi yoʻlida jonlarini fido aylayotgan oʻz elining azamat botir shunqorlari uchun bunday da’vatlar ortiqcha edi. Ularning har biri goʻyoki gʻazablangan sher edi. Mana qora qosh, qora moʻyli kelishgan alp qomatli yigit Bugʻro Tungo dushman safiga yorib kirib qilichini chaqqonlikda charxpalakdek oʻynata boshladi. Zulqarnayn askarlaridan biri chekkasiga qilich tegib ot ustidan oʻmbaloq oshib yerga quladi, yana biri tigʻdan yorilgan qornini tutib, qora yerda yumalagancha chinqirib jon talashardi. Bu paytda bir toʻp yunonlik yogʻiylar Bugʻro Tungoga yon tomondan otilishib kelishdiyu, biroq ulgurisholmadi. Qoplondek shiddatkor, lochindek epchil bu yigitning oʻzi oʻsha yunonliklarning ustiga boʻrondek tashlanib, ikki yogʻiyni biryoqlik qilib, uchinchisining otini agʻdardi-da, qolganlarini koʻz ochib-yumguncha yashin tezligida yer bilan yakson etib tashladi. Aka-uka Qutlugʻ Temur va El temurlar ham xuddi shunday janglar olib borishmoqda edilar. Ularning kattasi Qutlugʻ Temur bir necha martalik janglarda oʻzini koʻrsatgan, chiniqqan dovyurak botir jangchi edi. U qilichvozlik qilganda raqib tomonni boimkon qadar holsizlantirib, oʻzining kuchini tejab payt poylab ustalik bilan hujum qilardi va har safarda ham qilichvozlikda gʻolib chiqardi. Inisi El Temur oʻn yetti – oʻn sakkiz yoshlarda boʻlib, uning ilk bor jangga kirishishi edi. U hayajonlangan holda duch kelgan yerga qilich serpar va hanuzgacha biror gʻanimni mahv etolmayotganidan alamzada boʻlib, yanada jiddiylashardi. U, hadeb olgʻa intilib dushman safiga ichkarilab kirishga urinardi.
—El Temur! — baqirdi akasi, —ichkarilama, mening ortimdan yur!

Lekin, bu chaqiriq qoni qizib ketgan yosh jangchining qulogʻiga qani edi kirsa. U oxiri bir dushmanni yiqitdi-da, birdan gʻayratlanib ketdi va akasini ortda qoldirib bir toʻp dushman oldiga ot yeldirib borgan koʻyi qilichini ishga soldi. Uzun soqollik, gavdalik yunon gʻanimi bir zarbadayoq uning qilichini qaytarib yubordi. Temurning hali kuchga toʻlmagan nozik bilagi orqaga silkinib ketdi. Shu ondayoq uning biqiniga bir yoʻla ikki nayza sanchildi, yelkasiga qilich urildi va u xuddi tagidan chopib tashlangan chinordek otidan quladi.
—El Temur! — deb qichqirdi Qutlugʻ Temur va bostirib kelayotgan dushmanlarni jon achchigʻida qira boshladi. U ha deb inisi yiqilgan yerga yetib olishga intilardi. Ammo, bu paytda uning oʻzini ham dushmanlar qurshab olishgandi. Unga yordamga yetib kelgan toʻrt nafar jangchi yigitlar yogʻiylar bilan jangga kirishib ketdilar. Chop-chop, ur-ha-ur yanada shiddatli tus olib ketdi. Qoboq botir ikki yunonlikni saranjomlashiga oʻzi ham har tomondan urilgan qilichlarning zarbidan bosh-koʻzi qonga belandi, koʻktangrini yod etishga ham ulgurolmay jon uzdi, uchinchisiga qilich serpamoqchi boʻlib turganda uchib kelgan nayza orqasidan teshib oʻtib koʻkragidan chiqib qoldi. Otush mergan hali olisdan ot solib kelayotgandayoq kamon bilan ikki yunonlik gʻanimni qulatgandi. Yaqin kelgandan keyin, qilichini ishga solib yana bir yogʻiyni biryoqli qildi. Ammo shu onda uning oʻzi ham qurshovga tushib qolib, qilich zarbidan yaralandi va ona yer uchun mardlarcha qurbon boʻldi. Va lekin, Qopon halok boʻlishiga, uning oʻrniga Qotmish oʻgʻlon yetib keldi; Ozoq yiqilsa, Bormon iz bosib kelib, jang alangasida yanada avj olib ketdi. Jang davomida Arslon ham oʻzining haqiqiy arslonligini koʻrsatdi. U egardan koʻtarilib butun bor kuchi bilan oʻnga, soʻlga chapdastlik bilan qilich serpay boshladi. Uning qilichi zarbidan dushmanlar yer tishlar, yaralanganlari jang maydonidan qochishardi. Ayrimlarining boshlari tanlaridan judo boʻlib, ot tuyoqlari ostida toptalardi.
—Arslon, Arslon! — deb baqirdi Bars Tegin Zulqarnayn askarlarini ketma-ket yakson etib, olgʻa siljishda davom etarkan, unga va lashkarlariga boʻsh kelmaslikni aytib dalda bergan holda bahodirona olishishda davom etdi. Nihoyat dushman qoʻshini tob tashladilar va bunday raqiblarga bas kelishlariga koʻzlari yetmay, jang maydonidan chekinishga, soʻng saflari parokanda holda qochishga tutindilar.

Iskandar Zulqarnayn boyagi tepalik ustida turib jangning borishini kuzatardi. U, ahvolning bu tarzda yomonlashganini koʻrib, yonida hozir boʻlib turgan bir qizil soqollik lashkarboshiga yangidan qoʻshin tortib uygʻurlarning yoʻlini toʻsishni buyurdi, lashkarboshi zahiradagi bir qism qoʻshinlarni boshlab hujumga oʻtdi.

Bars Tegin va Arslon oʻzlarining gʻolibona muhorabalari bilan gʻoyat ruhlangan yigitlarini boshlab, ularga toʻgʻridan qarshi chiqqanlari holda yanada qahshatgʻich zarbalar berdi. Oʻh-hoʻ! Botirlarning botirlarini ana endi koʻringlar!
—Ur-ro!
—Ur! — deb hayqirishardi yigitlar. Ular xuddi aslo toʻxtatib boʻlmaydigan toʻfondek oʻz yoʻllarida uchraganlarning hammasini yer bilan yakson qilib borishardi.

Yunon qoʻshinining qizil soqollik lashkarboshisi uygʻur askarlariga qarab ta’riflab boʻlmaydigan vahimada titrab ketdi.
—Bular odammudur yoxud devlarmudur! —deya baqirib yubordi. Bu orada Arslon uning ikki xos qoʻriqchisini chopib tashladi va uning ortidan quvib yetib olib, boʻynidan shartta tutib oldi-da, bir siltab goʻyo uloqni uloqtirganday egardan yerga otib urdi. Qizil soqollik lashkarboshi oʻrnidan turguncha Arslon uning tomogʻiga nayza urib yerga mixlab tashladi. Qora Boqshi Arslonning misli koʻrilmagan ajoyib botirlik bilan jang qilayotganini koʻrib oʻzini tutolmasdan:
—Yashavor oʻgʻlim, asl oʻgʻil erkansen, barakalla azamat, — deb baqirib yubordi. Shu topta u Arslonning Bolqiz bilan munosabat bogʻlaganligiga norozi boʻlganligidan oʻzida xijillik his etdi. «Hali ham boʻlsa, Arslongʻa bu haqda biror qoʻpol gap qilub qoʻymagʻonim xoʻp yaxshi ish boʻlgʻon erkan, — deb oʻyladi u, — bu azamat darhaqiqatda tarxon boʻlushliqgʻa loyiq yigit erkan».

Iskandar Zulqarnayn quyundek ilgarilab kelayotgan uygʻur lashkarlariga sarosima bilan qarab turardi. Uygʻur lashkarlarini xuddi yuksak samo boʻshligʻidan oʻlja ustiga otilib tushayotgan burgutlarga oʻxshatardi. Endi ularni toʻsib qolishning hech qanday iloji yoʻq edi.

Oxiri Zulqarnayn shoshilinch otlanib, magʻlubiyatdan ruhan tushgan qoʻshinini boshlab chegaradan chekina boshladi.

Tungo Bilga xoqon uch kun davom etgan shiddatli janglardan gʻalaba bilan qaytib kelgan qoʻshinlarini «Oltin qon»dagi borgohda qizgʻin qarshi oldi va muhorabada oʻzlarini koʻrsatgan jangchilarni butun qoʻshin oldida tantanali tarzda taqdirladi. Halok boʻlganlarga matom marosimini oʻtkazishga qaror qilindi. Qora Boqshi bilan Bars Teginning tanishtirishlari va jangda qatnashgan barcha jangchilarning bir ogʻizdan tasdiqlashlari orqali Arslon alohida in’omu tahsinga hamda tarxon degan unvonga sazovor boʻlib, bir qism qoʻshinga qoʻmondon ham boʻldi.

Bu safardagi jangdan keyin Iskandar Zulqarnayn uygʻurlarga qarshi urushni davom ettirish niyatidan voz kechib, Tungo Bilga xoqon bilan sulh tuzdi.

Sulh muzokaralari oxirlashiga poytaxtdan aziz mehmonlarning kelganligini xabar qilishdi. Bars Tegin darhol ularning oldiga peshvoz chiqib, oʻz volidai muhtaramasi Oy Bilga xotun, umr yoʻldoshi Kumush Tuzun va donishmand Qora Boqshining qizi Bolqizlar Toʻgʻon Tegin boshchiligidagi mehmonlarni izzat-hurmat bilan kutib oldi. Tashrif buyurganlarning ichida Arslonning otasi peshqadam jangchi Alp Qayum ham bor edi. Ular «Oltin qon»dagi gʻalaba xushxabarini eshitib, gʻolib qoʻshinlarni qutlash uchun bu yerga kelgan edilar.

Shu kuniyoq Bars Tegin onasi va xotini bilan maslahatlashgandan keyin, Alp Qayum bilan birgalikda Arslonning elchisi sifatida yobgʻu Qora Boqshining huzuriga kirdilar. Qora Boqshi ularga doʻstona kayfiyatda mamnuniyat bilan rizolik bildirib, quda va elchiga bittadan shoyi toʻn tortiq qildi. Shundan keyin barchalar birgalikda tangri tugʻmush Tungo Bilga xoqon va Oy Bilga xotun huzuriga borib ularning oldidan oʻtishdi, xoqon bilan xotun ham bunday quda-anda boʻlishga rozi boʻlishdi. Bu tadbir barchaning koʻnglidagi maqbul ish boʻlgan edi. Donishmand yobgʻu Qora Boqshi Arslonning shu qadar mard, jasurligidan chuqur faxr ila ta’sirlangani uchun uning munosib kuyov boʻlishligiga rasman iqror boʻlgandi. Unga Bilga xoqon el-yurt uchun jonini ham ayamaydigan bunday botirning oʻrdaga yaqin boʻlishini ma’qul koʻrdi. Bars Tegin Arslon bilan biroz vaqt oʻtib qimiz ichishib manguga ayrilmas doʻst boʻldilar. Botirlarning qadrini botirlar biladi degandek, ular toʻy marosimini ham aynan mana shu «Oltin qon»da oʻtkazishga kelishdilar.

Shunday qilib, dabdabali toʻy boʻldi. Yigitlar Arslonga kimxob toʻn kiydirdilar. Qizlar Bolqizga oltin va munchoqlardan yasalgan gultojni kiydirishdi. Murod-maqsadlariga yetgan yigit bilan qiz cheksiz baxt tuygʻusida maysazor ustiga hozirlangan joyga ketib oʻtirishdi. Bars Tegin bilan Kumush Tuzun ularga hamrohlik qildilar. Musiqa, kuy-qoʻshiqlarning avjida toʻy maydonida jamuljam boʻlganlarning barchasi yigit-qizni shod-xurramlik bilan tabriklashdi:
—Sheryurak botir Arslon tarxongʻa qut boʻlsin!

Goʻzal Bolqiz baxti kulub qut boʻlsin!

Jangchilar oyoqlarga (qadah) may toʻldirib noʻsh etishdi. Bir toʻda yigit-qizlar qoʻlni-qoʻlga berishib, shoʻx kuy-qoʻshiqlarga joʻr boʻlib, yer tepingan koʻyi ham zafar sururidan sarmast, ham bahodir barno basavlat kuyov va goʻzal baxtli kelinning sharafiga uyushib oʻyinga tushdilar...

Ulkan-ulkan chodirlarga boʻlinib oʻtirishgan hurmatli oqsoqollar ham gʻalaba nashidasidan behad masrur holda qimizxoʻrlik –goʻshtxoʻrlik qilib, botir yigitlarni olqishlashar, maqtashardi va qachonlardir oʻzlari ham xuddi shularday Vatanni yovlardan qoʻriqlagan yosh chogʻlarida qatnashgan qonli janglarini maroq bilan eslashardi.