OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Farhod Musajonov. Ibrat (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifFarhod Musajonov
Asar nomiIbrat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Farhod Musajonov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ibrat (hikoya)
Farhod Musajonov

Kun ayni qiyomiga yetgan, havo yonmoqda.

Bozordan qaytayotgan er-xotin oʻz koʻchalariga yetganlarida dam olish uchun qoʻshni hovlilardan biri oldidagi yogʻoch kursiga choʻkdilar.
— Bositxon baraka topsin, eshigining tagini gulzor qilib qoʻydi, bizning kabi toliqqanlar oʻtirib nafas rostlaydi, — dedi er. Ayol bosh siltab ma’qulladi, roʻmolchasi bilan peshona terini artdi.

Er oʻrta boʻy, echki soqol, koʻzi kulrang-koʻkimtir, tetik odam edi. Ayol teskarisi — nimjon, koʻrinishi odmi, koʻzlari ma’yus boqardi.

Erning asl ismini mahallada kamdan kam odam biladi. Uni Nasihatxoʻja deb chaqirishadi. Bu laqabni u bekorga olmagan: oʻzini barchadan dono hisoblab, hammaga aql oʻrgatadi — nonvoyga non yopishni, chevarga kiyim tikishni, ustaga imorat qurishni, amaldorga ishni tashkil qilishni.

Barchaga aql boʻlardi-yu, ammo oʻzi hech kimning gapiga quloq tutmas, birorta odamning fikrini eshitishga toqati yoʻq edi. Sababi yana oʻsha — oʻzini hammadan bilimdon sanardi. Mahalla ahli undan bezillab qolgan, negaki, uchratgan odamining yoqasidan boʻgʻib toʻxtatadi-da, ezmalanib nasihatni boshlaydi. Hozir ham ichi yonib, tili qichishib oʻtirgandi, baxtiga, koʻcha etagida Matqovul koʻrinib qoldi-yu, yogʻli oʻljani koʻrgan ovchidek quvonib ketdi.
— Hoy bola, mundoq kel, — dedi buyruq ohangida.

Matqovul omadi chopmagan, noshudroq kimsa edi, toʻxtab salom berdi, soʻng «nima deysiz» degandek savolchan boqdi Nasihatxoʻjaga.
— Senlarning dastingdan oʻladigan boʻlsak oʻlib boʻldik-ku, — achchiq ta’nadan boshladi soʻzni Nasihatxoʻja.

Tomdan tarasha tushgandek bu xurujdan Matqovul dong qotib qoldi.
— Qachon bizlarni tinch qoʻyasanlar? — Nasihatxoʻja endi doʻqqa koʻchdi.

Matqovul arang oʻziga keldi.
— Nima qilib tinchingizni buzibmiz?
— Iya, manavining gapini?! — Nasihatxoʻja shox tashlab oʻshqirdi, — hech narsa bilmagandek nima qilib tinchingizni buzibmiz deydi-ya? Er-xotin Xudoning bergan kuni koʻchani boshlaringga koʻtarib qirilishasan. Qoʻni-qoʻshnilarga na kunduzi tinchlik bor, na kechasi, jonga tegdi senlarning janjallaring!

Matqovul gunohkorona bosh egdi.
— Nima qilay, shunaqa noshukur bandaga yoʻliqqanman.
— Aybni xotinga toʻnkama, qars ikki qoʻldan chiqadi.
— Siz uni bilmaysiz, gʻalvani doim oʻsha boshlaydi. Qachon boshqa erkaklarga oʻxshab roʻzgʻor tebratishni eplaysiz, bolalar och-yalangʻoch, deb quloq-miyamni yegani yegan. Maoshimni bir tiyinigacha qoldirmay qoʻliga olib kelib beraman, uch kunda ado qilib, yana diydiyosini boshlaydi, — Matqovul oʻksib hasrat qildi.
— Gap maoshda emas, yaxshi topib gapiradi, yomon qopib, deydilar. Sen murosani bilmaysan, qoʻrssan. Xotin zoti shirin gapning gadosi. Doʻq urmay, Xudo xohlasa ishimiz yurishib ketadi, deya yotigʻi bilan tushuntirsang, tushunadi, — nasihatni boshladi Nasihatxoʻja.
— Tushunmaydi, gʻirt nodon u, — e’tiroz bildirdi Matqovul, — necha marta aytganman, sabr qil, Xudo xohlasa boyib ketamiz, deb. Koshki gapga quloq tutsa, — Matqovul xoʻrligi kelib nolidi, — ogʻzimni ochishim bilan «uylangan kuningizdan beri, mana yigirma yil boʻlyapti, shu gapni qaytarasiz, boyish oʻrniga kundan kunga battar boʻlyapmiz», deb itdek qopib beradi. Shundan keyin meniki ham tutadi, chidolmay soʻkaman, ta’sir qilmasa, gohida uraman.
— Ana endi siring oshkor boʻldi! Zoʻravonsan, zolimsan! — nafrat bilan hayqirdi Nasihatxoʻja. — Hoy bola, xotinni ursang bir kun seni xudo uradi. Shuni bir bilib qoʻy.
— Nima, unda xotindan qoʻrqib yashash kerakmi. Popugini pasaytirib qoʻymasam, boshimda yongʻoq chaqadi.
— Seni men aqlli-hushli odam desam, gʻirt soʻtak ekansan-ku, — kuyinib davom etdi Nasihatxoʻja, — xotindan qoʻrqmayman degan erkaklar johil boʻladi. Ayol kishi goʻdakdek behimoya. Bekorga zaifa deyishmaydi. Rosmana erkak ayolning hurmatini joyiga qoʻyadi, izzat-nafsini qadrlaydi. Mana biz opogʻoying bilan birga yashab kelayotganimizga oʻttiz yildan oshdi. Shu davr ichida uni bir marta ham chertmaganman, chertish u yoqda tursin, hatto ovozimni balandlatmaganman. Ha, kaftimda olib yuraman. Ishonmasang mana, oʻzining yuz-koʻzi, soʻra oʻzidan, — Nasihatxoʻja xotiniga yuzlandi, — Ayt, seni hech xafa qilganmanmi?

Opogʻoyi yoqinqiramay «yoʻq» degandek bosh chayqadi.
— Uyda janjal chiqishiga avvalo oila boshi — er aybdor, — hukm chiqarayotgandek sovuq ovozda davom etdi Nasihatxoʻja.

Matqovul choʻzilib ketgan nasihatlardan zerika boshlagandi, gapga chek qoʻyishning payiga tushdi.
— Bilaman, er jaraq-jaraq pul topib kelsa yaxshi, men bir qorovulman, topish-tutishim haligidek. Shundoq ekan, ming shirin gapiray, baribir yoqmayman xotinga.
— Yanglishasan! — Nasihatxoʻja qizishib kuchandi, — jaraq-jaraq pul topib kelganing taqdirda ham xotiningni odam oʻrnida koʻrmay xor qilar ekansan, oilangda inoqlik ham, halovat ham boʻlmaydi. Toʻgʻri, ayol zoti borki, yaxshi yeb, yaxshi kiyingisi keladi, yangi chiqqan kiyim-bosh, har xil taqinchoqlarga oʻch boʻladi. Mana, opogʻoying ham haligacha uni olib bering, buni olib bering, deb xarxasha qiladi. Ra’yiga qarab «xoʻp, pul tushsa olib beraman» deyman. «Yoʻq» degan sovuq gapdan nasiya boʻlsa ham shirin soʻz ma’qul. Shunda gʻalva chiqmaydi. Eru xotin san-manga bordimi, tamom, uydan baraka koʻtariladi.

Matqovul Nasihatxoʻjadan qay yoʻsinda qutilishni bilmay, xit boʻldi. Qoʻlini koʻksiga qoʻyib yolvordi.
— Uzr taqsir, men nonga ketayotgandim...

Nasihatxoʻja oʻljasini osonlikcha qoʻldan chiqarmaydigan gʻaddor ovchilardan edi.
— Ba’zi erkaklar boʻladi, ikkiyuzlamachi, — Matqovulning uzriga mutlaqo e’tibor bermay davom etdi u. — Ular xotinga faqat oʻrinda shirin gapiradi, boshqa payt qoʻrslik, dagʻallik qilib zulm oʻtkazadi. Oʻshanaqalar sadqai erkak kesin!.. Men opogʻoyingni rosmana hurmat qilaman. Ba’zi noinsonflarga oʻxshab, butun ogʻirlikni xotinning yelkasiga ortib qoʻymayman. Qozon-tovoqqa, supur-sidirga ham qarashib ketaveraman, uy yumushi erkakning ishi emas, deb qaqqayib oʻtirmayman.

Matqovul ogʻiz ochgani xezlangan edi, Nasihatxoʻja yana imkon bermadi.
— Yana bir toifa quruq savlat dimogʻdorlar bor, xotin sudrab yurishdan nomus qiladilar. Men hech qayoqqa yolgʻiz bormayman. Toʻy-hasham deysanmi, ziyofatmi, tugʻilgan kunmi, konsertu tomoshalargami, hammasiga opogʻoying bilan birga boramiz. Chunki jufti halolimning nafaqat kiyimiyu ovqatini boʻynimga olganman, balki...

Endi Matqovul Nasihatxoʻjaning soʻzini boʻldi.
— Taqsir, magazin yopilib qolmasin, uyga quruq qaysam, xotin ikki yamlab bir yutadi, — rosmana yolvordi Matqovul.
— Borasan, obedga hali bor! — jerkib berdi Nasihatxoʻja, — shoshilmasdan gapni eshit, jindak magʻzini chaq. Nega jon achitib gapiryapman senga? Mendan ibrat olgin, demoqchiman. Bizlardan ibrat olsang, kam boʻlmaysan, oilang bilan tinch-totuv, huzur-halovatda yashaysan, janjal nimaligini bilmaysan...
— Xoʻp, taqsir, ibrat olamiz! — dedi sabr kosasi toʻlgan Matqovul, soʻng, «xafa boʻlsa boʻlar» deb juftakni rostlab qoldi.
— Gapni uqdingmi, xotinni hurmat qil, asl erkak boʻlsang! — Matqovulning ortidan qichqirdi Nasihatxoʻja gapi chala qolganidan achchiqlanib, — tavba, bularga yaxshi boʻlgin, deb nasihat qilsang, eshitish malol keladi!

Nasihatxoʻja sal hovuridan tushib, xotiniga yuzlandi.
— Ancha damingni olvoldingmi, onasi?! Endi turaqol. Men birrovga Bositxonga uchrab ketaman, sunnat qilmoqchi ekan, bilay-chi, qancha guruch damlamoqchi, qancha odam aytmoqchi. Ha, mahalladan bemaslahat ish tutmasin. Sen boraver, onasi, bu yogʻi ozgina qoldi, bir hafsala qilsang, yetib olasan.

Ayol bir emas, ikkita zil-zambil xaltani arang koʻtarib oʻrnidan turdi, oyoqlari chalishib, inqillab-sinqillab yoʻlga tushdi.

— Hoy, ehtiyot boʻl, tagʻin yiqilib oʻt-boʻtingni mayib qilib oʻtirma, — soʻnggi nasihatni berdi Nasihatxoʻja va Bositxonnikiga kirib ketdi.