OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifFarid Usmon
Asar nomiFarrosh va mudroq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Farid Usmon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Farrosh va mudroq (hikoya)
Farid Usmon

Mirodil har kuni sal kam bir chaqirim yoʻl osadi. Ishxonasiga ertalab gʻira-shirada, shoshib, katta yoʻl boʻylab keladi. Onda-sonda yonidan vizillab oʻtgan yengil avtomashinalarga qarab ham qoʻymaydi. Bir xil qiyofada, bir xil koʻrinishda, yelkasini u yoqqa bu yoqqa tashlab, goh supurgisi qoʻltigʻida, goh supurgisiz «ishxona»siga oshiqadi. Egnida qishin yozin bir xil libos. Kostyumi, koʻylagi ustidan kiyib olgan hamma koʻcha supuruvchilar kiyadigan yengi yoʻq toʻq sariq yupka nimcha. Boshida rangi oʻchgan ayvonchasi bor kepka, qora, yumaloq yuziga yarashib tushganday.

U tepalikdan xuddi gʻildirakday pildirab tushib kelardi «Ishxona»siga yaqinlashganda doimiy tanishi Mudroq oʻtiradigan joyga - simyogʻochdan bir qadam naridagi beton tosh yoniga bir nazar soladi-da, beixtiyor ishshayadi va koʻrsatkich barmogʻini koʻrsatib:
— Ha, oʻtiribdilarmi,- deydi. Orqasidan «Oʻzbekiston vatanim manim», deb qoʻyadi. Keyin hech kim yoʻq yerga qarab:
— «Ie, hali chiqmaptilarda»,- deydi-da qoʻlini siltab «ha mayli», deya «ishxona»siga oʻtib ketadi.

Uning «ishxona»si mashinalar aylanib oʻtadigan aylana - doira shaklidagi katta yoʻl. Yoʻlning toʻrt tomonida baland-baland toʻrt qavatli binolar. Bu binolarning oldilarida ulkan chinor daraxtlar, archalar oʻsgan. Undan toʻkilgan yaproqlar yil oʻn ikki oy aylana atrofidagi tekis asfalt yoʻllarga, yoʻl qirgʻoqlaridagi beton ariqchalarga, aylana ichidagi gulzorlarga toʻkiladi. Mirodilning vazifasiga esa mana shu katta yoʻl, yoʻlakcha, va ariqlarni doimo toza tutish, daraxt yaproqlarini sipirib sidirib turish.

Unga bu ish yetib ortadi. Shuning uchun ertadan kechgacha shu atrofda tinmaydi. Tevarak atrofni supuradi, yaproqlarni yigʻishtiradi va qaergadir olib borib tashlaydi.

Biror yoʻlovchi.
— E, hormang!- deydigan boʻlsa, uning «Bor boʻling!- deyishidan avvalgi javobi yuqorida aytganimiz «Oʻzbekiston vatanim manim», jumlasidir. Ana undan keyin u soʻyloq, besoʻnaqay tishlarini koʻrsatib ishshayadi. Xushiga tutsa «Bor boʻling», deydi. Boʻlmasam supurishdan toʻxtab, boshidagi kir, rangi oʻchgan kepkasini oladi-da, qarab qoʻyadi. Shunday paytda uning Mendeleevnikiga oʻxshash taqir silliq boshi koʻzga tashlanib ketadi. Yuzining yapoldosh salqiligi esa bilib qoladi. U bir zum nafas rostlagan boʻladi. Yana kepkasini boshiga ilib xazonlarga tikilgancha supurishga tushadi.

Mirodilning bu atrofda tanish-bilishlari koʻp. Xoʻv gaz suv sotuvchi, narigi betdagi somsapaz bola, tsement, ohak sotuvchi yapoldosh yuz moʻylov, paynetdagi oʻsmir, roʻparadagi goʻsht doʻkonidagi qassob. Qolaversa, shu yerdan oʻtuvchi mahallasidagi qoʻni-qoʻshnilari. U birov «xoʻv» dedimi bas. Bitta javob qiladi. «Oʻzbekiston vatanim manim», deya ishshayib qoʻyadi. Boshqa «ha»yam demaydi, «huv»yam demaydi. Tamom. Shu bilan gapi tugaydi.

U atrofdagi odamlarning birortasi oldiga bormaydi. Borsa, somsapaz oldiga borib puliga biror dona somsa olib yeydi. Goh goh qassobdan uyiga ketishda roʻzgʻorga ikki yuz, puli koʻproq boʻlsa uch yuz gramm goʻsht oladi xolos. Ammo kelaverishdagi haligi beton tosh yonida oʻtiruvchi Mudroq oldiga albatta har kuni bir marta borib qoʻyadi.

Mudroq hammadan keyin «ishxona»siga chiqadi. Uning «ishxonasi» yoʻlakchaga qoqilib qolgan simyogʻochdan bir qadam naridagi beton toshning yoni. Qishin yozin u shu joyni pakka qilgan. Paxtasi chiqib ketgan yirtiq yostiqchasi bor stuliga oʻtirib oladi-da, xontaxtaga saqich, pista, sigareta, gugurt, qurtob nos solingan bonkachalarini teradi. Yana allanimalarni qoʻyib quyosh chiqib yoʻlovchilar u yoqqa, bu yoqqa oʻta boshlaganda tijoratini boshlovchi bu insonning doim boshida yangi doʻppi, egnida kostyum-shim oyogʻida xirom etik boʻladi. Qorindor, salki yuzlari hali hanuz shunday. U kursisining suyanchigʻiga shundoq yonboshini beradiyu, mudrashga tushadi. Xaridor kelsa mushukning koʻziga oʻxshash koʻzlarini ochadi. Nima olyapti qarab turadi. Pulini olib, hisob-kitob toʻgʻri boʻlganiga ishonch hosil qilgach, pulni kostyumi choʻntagiga soladi. Xaridor ketadimi, tamom. Yana uning koʻzlari yumuq. Yana u mudrashga tushadi. Uning «ishi»shu. Narsalarini sotish va kun boʻyi mudrab oʻtirish. U shu zaylda ishlaydi. Birov bilan bir chaqalik ishi ham boʻlmaydi. Birov gapirsa «ha»yam demaydi, «yoʻq» ham demaydi. Qurtob, sigaret, pista u-bu sotadi va mudraydi.

Mirodil Mudroq bilan salkam yigirma yildan beri qadrdon. Qadrdonligi shuki, u komxozga ishga kirganda Mudroq oʻtirgan joylarni ham supurish unga topshirilgan. Uning oʻzi aytishicha «bu professor» oʻtirgan yerlar ham unga qarashli «territoriya». U bu yerlarni supurishga majbur.

U «komxoz»ga ishga kirganda ota-onasi uni endi uylab qoʻygan payt edi. Boshligʻi erta saharda qaerdan qasrgacha supurish kerakligini tushuntirib qoʻydi. Nozik, qatmol serxarakatchan «kuyov bola» hayo huy deb ish boshlagandi. Atrofni supura-supura quyosh yoyilganda Mudroq oʻtirgan joyga yetib kelgan va uyqusirab koʻzlarini yarim yumib oʻtirgan «xoʻja boqqol» oldiga kelib:
— Qani oʻrinlaridan tursunlarchi, «Oʻzbekiston vatanim manim», bu joylarini bir supurib qoʻyaylik!- degandi.

Mudroq yumuq koʻzlarining avval bittasini ochib qaragan. Keyin yosh «yangi» farroshni koʻrganidan taajjublanganday ikkinchi koʻzini ochib hozirgidek paxtasi chiqib turgan eski yostiqchali stulini olib sekin nari oʻtib turgan. Uning qarashlarida ust-boshi bir ahvol, bu yangi farroshni mensimaslik ifodalari bilinib turadi. Mirodil buni sezgan. Indamay joyni supurib, hazonlarni qoʻlidagi qopchiqqa solgan. Gap soʻz qilmay ishini davom ettirib ketavergan. Mudroq keyin joyiga borib oʻtirgan.

Mana, shu birinchi uchrashuvga ham yigirma yilga yaqinlashib qolibdi. Lekin bu ikki inson oʻrtasida munosabatlar, muomalalar hali hanuz oʻzgargani yoʻq. Mirodil Mudroq oldiga keladi. Oʻsha gapini takrorlaydi. Ba’zan chest berib turib: «Oʻzbekiston vatanim manim»,- deya baland ovozda aytadi. Mudroq asta-sekin oʻrnidan turadi. Oʻrindan turish, bezovtagarchilik unga malol keladi. Mirodilga qoshlarini chimirib yov qarash qiladi. Yirtiq, uvadasi chiqqan yostiqchali stulini olib nari turadi. Mirodil supurib boʻlgach, u yana oʻrniga boradi. Stulchasiga oʻtirib bir yon biqini bilan uning suyanchigʻiga tashlanadi. Asta koʻzlarini yumadi. Ba’zan Mirodil mayin yelgan nasimdek uning oldiga sekin keladi. Mudroqning yelkasiga qoʻlini qoʻyib, turib asta «Oʻzbekiston vatanim manim» deb qoʻyadi. Mudroq bari bir bir soʻz demaydi. Ijirgʻannamo oʻrnidan turadi. Mirodil yerni supurib boʻlguncha, changdan oʻzini saqlayotgandek burunlarini jiyirib, boshini xiyol qiyshaytirib yonbosh qiladi. Mirodil axlatlarni qopchiqqa solish uchun engashganda qaerga oʻtirgan boʻlsa, oʻsha yerga borib oʻtiradi. Oʻtiradiyu, koʻzlarini yumib yana mudrashga tushadi. Axlat qopchiqchasini koʻtarib ketayotgan Mirodil gohida unga bir qaraydi. Qaraydi-da, tilini chiqarib uni masxaralagan boʻladi. Buni koʻrib qolgan ba’zi bir yoʻlovchilar kulimsirashib qoʻyadi. Shunda Mirodil sevinganidanmi, nimagadir baland ovozda yana «Oʻzbekiston vatanim manim», deydi va Mudroqqa bir qarab ishshayadi qoʻyadi. Mudroq esa parvoyi-falak. Koʻzini yumgancha, kallasini bir yonga qiyshaytirib stul suyanchigʻiga suyangan holda oʻtiraveradi.

Bir kuni Mudroq oʻtirgan joyida koʻrinmay qoldi. Quyosh ancha koʻtarilgan boʻlsada, u yoʻq edi. Bari bir Mirodil aylana gulzor atrofidagi asfalt yoʻl beton ariqchalar ichi, piyodalar yuradigan yoʻlakchalarni tozalab boʻlib, nihoyat odaticha Mudroq tarafga navbatni berdi. Yumaloq odamning belidan yoʻgʻon boʻlgan boʻyi bir yarim metrlar chamasi beton tosh oldiga bordi. Unga tikilib turdi. Keyin «Qani, tursinlar!-» deb qattiq gapirdi va baland ovozda «Oʻzbekiston vatanim manim»,- deya supurishga tushdi. Hamma yoqni tozalab boʻlgach, ortiga bir qaradi-da, xuddi Mudroqqa ishshayganday ishshayib yoʻliga ravona boʻldi. Bu hol ikki uch kun davom etdi. Toʻrtinchi kuni Mirodil hamma ishlarini qilib boʻlib, uzun sopli supurgisini aylana ichidagi gullar orasiga yashirdi. Ikki yelkasini balandpast qilgancha yurib somsapaz bola oldiga oʻtdi. Somsapaz tandir tepasida oʻtirardi. Mirodilni koʻrib u:
— Somsadan uzaymi?- dedi qoʻliga somsa uzadigan choʻmichini olarkan.
— Shoshilmasinlar,- deb javob qildi Mirodil va somsapazga yaqinroq borish uchun oʻchoqqa suyandi va sekin gapirdi:
— Hov, janoblari koʻrinmay qoldimi-a?!

U Mudroq oʻtiradigan tarafga ishora qildi, koʻzini qisib boshini silkirkan.
— Ha, Toʻxtasin akami? E, u kishining yuragi ushlab qolibdi. Toʻxtamay ketvordilar...

Oʻsmir tandirga engashib, u yoq bu yogʻida qizarayotgan somsalarga qararkan javob qilgan boʻldi.

Mirodil Mudroqning ismi Toʻxtasin ekanini endi bilgandi. Ammo indamadi. Yuziga kaftlarini surtib:
— Xudo rahmat qilsin!- dedi. Boshqa indamadi. Oʻychan holda oʻzi ishora qilgan tarafga qaragancha bir zum jim qoldi. Somsapazning «somsa uzaymi?»- degan takror savoliga javob ham qilmadi. Soʻyloq tishlarini koʻrsatib gʻalati bir holda ishshaydi, keyin:
— Xayr ma’zurni nasiya qilibdi-da - dedi. Dediyu, yoʻliga ravona boʻldi:
— Ertasi ertalab ishxonasiga u yana gʻildiraganday boʻlib keldi goʻyo. Endi u ishni Mudroq oʻtiradigan tosh yonidan boshladi. Odaticha:

— Qani, tursinlar!,- dedi. Soʻng «Oʻzbekiston vatanim manim» deya yerlarni supurishga tushdi. Eng oxirida ishini u shu kungacha har kuni boshlab kelgan yerida yakunladi. Bu endi unga odat tusiga kirib qoldi. Supurgisini yana aylana beton ichidagi gullar ichiga yashirib, kun kech boʻlishiga uyiga qaytdi.