OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Farid Usmon. Sigareta (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifFarid Usmon
Asar nomiSigareta (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Farid Usmon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sigareta (hikoya)
Farid Usmon

Yigitning qaddi qomati kelishgan. Yelkalari tekis. Boʻyinlari toʻla. Yuzlari oqishdan kelgan. Bosh yalang. Oppoq chehrasiga yarashib turgan qirtishlanmagan soqollari yuziga munosib, koʻrgan odamning gʻashini keltirmaydi. Egnida oppoq futbolka. Juda ham oppoq. Uning oppoqligini kiyib olgan qora shalvari yana ham boʻrttirib yuborgan.

Orqasidan qarab borsangiz shalvarining poychasida, oʻng boldirida qizil doira ichida 90 yozuvi bor. Yozuv sariq rangda yozilgan. Oyogʻida yangi kalish. U toza, kechami, ertalabmi sipirilgan asfalt yoʻlkadan bir maromda shipillab bormoqda.

Chap tomonda katta yoʻlni toʻsib turgan archalar, shakldor tutlar, turli tuman oʻsimliklar olami. Yam-yashillik. O’ng tomonda oʻn qadamda qad koʻtargan koʻp qavatli binolar sahni. U tomon ham daraxtlar va yam-yashil giyohlar bilan bezangan.

Yigit oʻng qoʻlidagi sigaretani miriqib-miriqib chekadi. Qoʻlini har zamonda labiga olib borganda sigareta chekilayotganidan oʻzida yoʻq mamnun boʻlib qoʻyadi. Chekayotgan sohibiga tovushi chiqmasa ham rahmat aytadi. Tez-tez, koʻproq huzurlanib chekishini yaratgandan yalinib yolvorib soʻrab ham turadi.

Sohibining qoʻlida u yoqqa bu yoqqa chaypalib chekilib borarkan ikkovlon doʻstlar, tekis asfalt yoʻlkadan, endi rangli plitkalar yotqizilgan chiroyli, zamonaviy tarzda qilingan yoʻlakka chiqishdi. Sohibining oyogʻidagi «shalap-shalop» qilib kelayotgan kalish yangi sahnda «ship-ship» deyishga oʻtdi. Bu sigaretaga yoqib tushardi. Yoʻl chiroyli edi. Kalish esa sohibining odimiga mos chiroyli shipillar bu narsa sigareta joniga orom bagʻishlardi goʻyo.

U sohibining barmoqlari orasidan atrofga qararkan, tozalik va yam-yashillikdan bahri dili ochilib ketdi. Zavq-shavqqa toʻlib toshgan qalbi «kel, bir maromiga yetkazib qoʻshiq ayt,» der, lekin sohibi uni chekayotganidan istiholaga borardi.

Birdan sigaretaning yopiq koʻzlari rangli plitkalar ustiga shundoqqina yoʻlka chekkasiga yashil oʻsimliklar biqiniga uyub toʻkilgan axlatlar devasiga tushdi.
— Yo tavba,- dedi u oʻziga oʻzi. - Nahotki shunday chiroyli, koʻrkam joyga axlat toʻkishsa. Qolaversa bu yoʻl boʻlsa. Yoʻlovchilar oʻtsa. Yashil oʻsimliklarning narigi tarafi katta asfalt.

U yerdan mashinalar gʻizillab oʻtib turibdi. Katta yoʻlning u betida xoʻjayinlar ishlaydigan joy. Bu axlatlar ulardan yashirincha, koʻrsatilmasdan ular koʻrishmasin deb yashil toʻsiqlarga suyab toʻkilibdi-da. Esiz. Esiz. Qanday odamlar qilgan-a buni?! Xayf odam-e!

Sigaretaning hozir koʻzi tushgan bu manzaradan kayfiyati buzilgan edi. Sohibiga bagʻishlayotgan huzurdan olayotgan uning halovatlari bir zumda puchga chiqdi. U endi betoqat boʻla boshladi. Uning betoqat boʻlayotganidan bexabar sohibi sigaretani labiga olib bordi-da, bir ikki qattiq-qattiq soʻrdi. Sohib miyasida gʻujgʻon oʻynayotgan oʻylarini jilovlamoqchi boʻldimi, shunday qildi. Bu orada sigaretaning yoniq koʻzlari sohibi oʻn qadam oʻtmasdan yana bir axlat uyumiga tushdi.
— E tavba,- dedi u ichida. – Odamlarga nima boʻlgan oʻzi?! Ahmoq pahmoqmasmi ular. Shaharning qoq markazida nima manzara bu?! Ularda insof bormi oʻzi?! Hammayoq, toza, chiroyli boʻlsayu, axlatni shu chiroyli, pokiza joylarga toʻkishsa. Nima degan gap bu?! Kimlar ular, axir?! Odammi? Yo... Tozalik, ozodalik qadriga yetishmasa-ya?!

U oʻz yogʻiga oʻzi qoʻgʻirilib miyasiga kelayotgan oʻylarni hali yigʻishtirib ham ulgurmagan ediki, sohibi uni labiga qoʻndirdi-da, qayta-qayta soʻra boshladi. Chekib-chekib, lekin toʻla chekib ulgurmasdan uni barmoqlari orasiga oldi va hatto yon-veriga ham qaramay turib rangli plitkalar ustiga tashlab ketaverdi. U chala chekilgan holda yoʻl ustida qoldi. Dabdurustdan toza, chiroyli yoʻlka ustiga tushib qolganidan bechora sigareta afsusda edi.
— Nima qiliq bu?,- dedi u ketib borayotgan sohibi ortidan, uning oq toza futbolkasi va qora shalvari, shalvarining oʻng poychasidagi sariq rangdagi «90» yozuviga qarab qolarkan.
— Endi bunisiga qanday chidash mumkin?! Kelib-kelib shu yerga tashlaysanmi-a, nomard. Nomard ekansanu. Nomard boʻlmasang shunday qilarmiding.

Sigareta ochiqchasiga sohibini sansirashga tushdi. Toza yerga tushib qolganidan xijolat tortib oʻziga oʻzi gʻudranardi.
— Tashlar ekansan, ahmoq. Huv, yoʻlda duch kelgan oʻsha axlatlar oldiga irgʻitmaysanmi? O’sha joylar menga tuzuk edi. Koʻzga darhol koʻrinmas edim. Bu yer toza boʻlsa, oʻtganki odam albatta xoʻmrayib, bir qarab oʻtadi. Koʻzlarga yomon koʻringanim qoladi. Yoki oʻtlar ichiga irgʻitib yubor edi. He, qoʻling singur. Ahmoq! Yaramas!

Sigareta shunday soʻzlar bilan haligina doʻst tutingani, bir nafas boʻlsada hamdard, hamnafas boʻla olgani sohibini boʻralab soʻkib turgan edi, qaerdandir, orqadanmi, oldindanmi bir tufli paydo boʻldi. U kelishtirib uni tepkan edi, sigareta uchib borib archaning tagiga suv oqadigan ariqchaga borib tushdi. Bu yer endi unga oʻtgan ketgandan, koʻzdan xilvatroq edi.

— Hayriyat-ey, dedi u chuqur bir «uf» tortib. Shu «uf» tortishda uning koʻzidagi yiltirab turgan nuqtaga oʻxshash choʻgʻ tuproqdagi namga tegib oʻchib boʻlgan edi.