OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifFaridun Amuzoda Xaliliy
Asar nomiGuvohnomasizlar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fors adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Faridun Amuzoda Xaliliy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonShokirjon Olimov (Forschadan)
Hajm75KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Guvohnomasizlar (hikoya)
Faridun Amuzoda Xaliliy

Toʻgʻrisini aytadigan boʻlsam, shu kungacha shaxsiy guvohnoma ham kerakli narsa ekanligini bilmagan ekanman. Ya’ni, bundan bir-ikki kun oldin akam Xayrulloh bilan maktabga otimni yozdirish uchun borgunimizga qadar shaxsiy guvohnoma ham suv, non va kiyim kabi odamning hayoti uchun zarurligini bilmas ekanman. Seshanba kuni Xayrulloh bir necha oydan beri birinchi marta bizning oldimizga keldi. Men bolalar bilan mahallamiz etagidagi jarlikda Abbos va Gʻulomalining xoʻrozlari jangini tomosha qilib turgandim. Akamni koʻrishim bilan shunchalik quvonib ketdimki, xoʻrozlar jangi tomoshasidan ham voz kechib, uning oldiga yugurib bordim. Yuzlaridan oʻpdim-da, u bilan birgalikda kulbamiz tomon yoʻl oldim.

Hali kulbamizga yetib bormasimizdan Xayrulloh soʻrab qoldi:
– Haliyam koʻcha-kuyda sangʻib yuribsanmi, Abdulloh? Bunaqa bekor sangʻib yurma, deb aytmaganmidim?! Xoʻrozbozligu kaptarbozlikni yigʻishtir deb aytuvdimku?! Biror ishning etagidan tutsang boʻlmasmidi?
– Sangʻib yurganim yoʻq! – dedim. – Dadamning oʻrniga ishga chiq-yapman. Bu hafta tungi navbatda ishlayapman, kunduzlari bekorman.
– Unda haliyam maktabga borib otingni yozdirmadingmi?
– Yoʻq. Meni maktabga olib boradigan hech kim yoʻq-ku?!
– Hech kim yoʻq? Oʻzingning oyogʻing singanmi? Maktabga borayotgan shuncha bolani biror kishi ergashtirib borayotgan ekanmi?

Kulbamizning eshigigigacha jim bordik. Uyimizdagilar Xayrullohni koʻrib rosa quvonishdi. Haliyam toʻshakda yotgan, koʻkragi xirillab ovoz chiqarayotgan dadam joyidan bir qoʻzgʻaldi-da, kuldi. Bu paytda oyim bilan singlim Halima dadamga quvvat boʻlsin va koʻkragi bir oz yumshasin deya kartoshka pishirishayotgan edi. Bizni koʻrishlari bilan Xayrullohning oldiga yugurib kelishdi. Kichkintoylarimiz Nosir bilan Malaknoz esa Xayrullohning sumkasini titkilashga tushishdi.

Xayrulloh dadam bilan koʻrisharkan:
– Sizga nima boʻldi? – deb soʻradi. – Kasalmisiz?

Dadam kallasini qimirlatib qoʻydi. Onam esa Xayrullohga dedi:
– Bir oydan buyon tomogʻidan ovqat oʻtmaydi. Toʻshakda mana shunday yotganicha oh-voh qiladi.
– Doʻxtirga bormadilarmi? – deb soʻradi Xayrulloh.

Dadam oʻsha xirillagan ovozda.
– Qayoqqa ham borardim doʻxtir izlab? – dedi.– Qayoqqa?...
– Biror joyga borsangiz boʻlmaydimi? Doʻxtir qahat emas-ku?! – dedi Xayrulloh norozi ohangda.
– Hozir yaxshiman, – dedi dadam. – Agar oʻlmay qolsam, keyingi safar borarman oʻsha doʻxtirga.
– Qani yaxshi boʻlganingiz? – dedi oyim dadamning gapini rad etib. – Hech qanday oʻzgarish boʻlgani yoʻq. Qancha kartoshka pishirib berdim, qancha ovqat yedirdim, hatto qarzga guruch suvidan ham olib ichirdim, ammo kor qilmadi.
– Ishiga ham bora olmayaptilar, – dedim men ham gapga qoʻshilib.

Xayrulloh menga bir qarab qoʻydi. Soʻngra birdaniga bir narsa esiga tushgandek:
– Ertaga ertalab Abdullohni maktabga olib borib, otini yozdirib kelmoqchiman, – deb qoldi. – Siz ham biz bilan yuring, doʻxtirga koʻrsataman.

Dadam koʻrpani boshiga tortdi-da, hech narsa demadi. Xayrulloh Malaknozni tizzasiga oʻtqazib, choʻntagidan qogʻozga oʻralgan ikkita shokolad chiqardi-da, bittasini Malaknozga, ikkinchisini Nosirga berdi. Mening shokoladga havasim kelib qolaverdim.
– Maktabda oʻqib nima boʻladi? Usti yaltiroq, ichi qaltiroq quruq savlatli oliftalardan biri boʻladimi?! Undan koʻra borib biror ishning etagidan tutsa yaxshimasmi?!

Dadam gapini gapirdi-da, yana boshini koʻrpaga oʻrab oldi.
– Olifta deganingiz nimasi? – dedi Xayrulloh. – Maktabda oʻqigan va buning natijasida ma’lum bir darajalarga erishgan shuncha odamning hammasi quruq savlatli oliftalar ekanmi? Siz ham ajab gaplarni gapirasiz!

Xayrulloh shundan soʻng menga bir koʻz tashladi-da, dadamga qarab:
– Xarob kulbalardan iborat boʻlgan bu joyda qashshoq va yalangoyoq bolalar bilan oʻynab yuraversin demoqchimisiz?! – dedi. – Unda kim boʻladi bu? Kontrabandachi yoki giyohvand boʻlishini istaysizmi?... Siz otasi boʻla turib oʻgʻlingizni maktabda oʻqishga undash oʻrniga besavod boʻlib qolaversin demoqchimisiz?! Odam savodning qadriga yetish uchun begona shaharda musofir boʻlib koʻrishi kerak. Ikkita soʻzdan iborat boʻlgan bir enlik xatni yozishdan ojiz boʻlasan. Mingta odamga yalinishingga toʻgʻri keladi.

Xayrulloh bu gaplarni aytmaganida ham men oʻzimcha:

«Nima boʻlganda ham maktabda oʻqish alebastr korxonasida ishlashdan ming marta osonroq, – deb oʻylardim. – Maktabda oʻqishning eng ogʻir tomoni shundangina iborat boʻlishi mumkinki, faqat oʻtirib yozaman yoki xuddi Ahmadga oʻxshab, «dadam suv berdi», «oyim non berdi», deb ovoz chiqarib oʻqiyman. Bor-yoʻgʻi shu! U yerda qoʻllaringni kesib yuboradigan va koʻzingni koʻr qilib qoʻyadigan alebastr ham, ajdahoga oʻxshab boshingda turadigan va hadeb seni soʻkaveradigan ishboshi ham boʻlmaydi».
– Nima boʻlganda ham maktabda oʻqish korxonada ishchi boʻlib ishlashdan yaxshiroq, – dedim.

Hech kim mening bu gapimga ahamiyat bermadi. Hammalari sumkasini ochib, undagi narsalarni chiqarayotgan Xayrullohning atrofini oʻrab olgan edilar.

Har doim Xayrulloh Bandar Abbosdan quruq qoʻl bilan qaytmas, sumkasi sovgʻa-salomga toʻla boʻlardi. U har kelganida hech kimni unutib qoldirmasdi. Bir safar kelganida menga xorijda chiqqan, usti qizil bolalar qoʻl soatini olib kelgandi. Men ushbu soatim bilan bolalar orasida rosa maqtangan, ancha vaqtgacha gʻururlanib yurgandim.

Xayrulloh bu safar oyimga bir roʻmol, Halimaga chiroyli yashil kofta, turmushga chiqib ketgan opam Kanizga ham xuddi ana shu koftadan, dadamga jundan toʻqilgan bir sharf, men, Nosir va Malaknozga esa bir juftdan paypoq olib kelgandi.

Malaknoz erkalanib akamga suykalganicha injiqlik qilar, «menga ham anavi koftadan bering», derdi. Xayrulloh uni qanchalik erkalab, aylanib-oʻrgilsa ham, koʻnmasdi. Axiyri uni bagʻriga bosib, kulbadan tashqariga chiqib ketishga majbur boʻldi. Men ularning orqasidan chiqdim, Nosir ham bizga ergashdi.

Tashqarida kulbalarning oldidan oʻtib ketayotgandim, Xayrulloh:
– Abdulloh! – dedi. – Ertaga ishdan qaytishing bilan tezda uyga kel. Tezroq yoʻlga tushishimiz, qanday qilib boʻlsa ham ertaning oʻzida ishni tugallashimiz kerak. Hozir ham kech boʻlmadimikin deb qoʻrqib turibman. Yana qandaydir bahonalarni keltirib, seni maktabga qabul qilmaymiz, deb turib olishmasin, tagʻin!
– Boʻpti, – dedim. – Ertalab oltida boʻshaymiz.

Shundan soʻng koʻzlarimga yaxshilab tikildi-da:
– Oʻzing nima deysan, Abdulloh? – dedi. – Maktabda oʻqiging kelyaptimi?

Kulib qoʻydim-da:
– Nega endi oʻqigim kelmas ekan?! – dedim. – Nima boʻlganda ham alebastr korxonasidan yaxshiroq-ku!

Akam zilday qoʻlini boshimga qoʻyib, toʻzigan sochlarimni mehr bilan siladi.

* * *

Kechasi ish paytida bir necha bor dastgohning oldida turganligim esimdan chiqib ketdi. Yonimdagi dastgohda ishlayotgan, yoshi oʻzim bilan teng boʻlgan Mustafo:
– Senga nima boʻldi, Abdulloh? – dedi. – Oʻy-xayolga berilib ketding chogʻi? Oshiq-moshiq boʻlib qoldingmi, nima balo?!

Uning bu gapiga kulib qoʻydim-da:
– Yoʻq, ogʻayni, – dedim. – Sen ham juda olib qochasan-da!

Shundan soʻng Xayrullohga oʻxshab yuzimga jiddiy tus berdim-da:
– Oshiqlik qayoqda, – dedim. – Odam birortani sevib qolishi uchun ham hafsala kerak!
– Unda nega xayoling ketib qolyapti?
– Shunchaki... Akam Xayrulloh keldi. Ertaga meni maktabga olib borib, otimni yozdirib kelmoqchi. Ana shuni oʻylab turibman. Akam Xayrullohni tanisang kerak. Bugun ...

Shu payt ishboshiga koʻzim tushib ketdi. U asta-sekin qadam tashlaganicha biz tomon kelardi. Tezda boshimni enkaytirdim-da, oldimga kelib qolgan qoplardan birini koʻtarib aravachaga tashladim.

Tonggacha hech boʻlmaganda bir yuz yigirma qop alebastrni omborga olib borib, terib qoʻyishimiz kerak edi. Agar tonggacha ushbu norma bajarilmasa, soat oltidan keyin ham qolgan qoplarni omborga yetkazishga majbur boʻlardik. Men har doim soat ertalabki oltidan keyin – tungi nav-batda ishlaydigan ishchilar ketganlaridan soʻng ham korxonada qolar, ba’zida alamimdan yigʻlab yuboray derdim. Ayniqsa hozir – Xayrulloh kelgan va meni kutib turgan paytida bu narsa menga alam qilardi.

Yana xayolim maktab, kitob, dars va muallimlarga ketdi...

Gʻulomxon Muhammad doim shunday derdi:
– Bizni maktabga qabul qilishmaydi. Mingta bahona toʻqishadi. Bir safar aytishadiki, sizning yoshingiz katta, yana bir safar aytishadiki, sizning boʻy-bastingiz katta va yosh bolalar bilan sinfda oʻtirishingiz noqulay. Bilmadim, boshqa bir safar aytishadiki, sizlar koʻchmanchisizlar, maktabga ololmaymiz... Gapning qisqasi, bizni oʻzlaridan uzoqlashtirish uchun mingta sababu bahona topishadi...

Ammo boshqa tomondan Xayrullohni oʻylasam yuragim dadillashardi. Chunki Xayrullohning qila olmagan ishi yoʻq edi. Hatto ota-onam va Halabiyobodning barcha katta-kichigi uning gapiga quloq solishardi. Biror ishga qoʻl uradigan boʻlsa, to uni oxiriga yetkazmasdan qoʻymasdi. Har qanday ishning uddasidan chiqardi. Men ham xuddi akamday katta boʻlsam, barcha odamlar men bilan hisoblashishlarini orzu qilardim.
– Hoy bola!... Mudrab qoldingmi, nima balo?! Qoplar uyulib ketibdiyu bu yerda?!

Yana xayolga berilib ketib, ishboshi kelganini sezmay qolibman. Dast-goh chiqib, bir-birining ustiga qalashib ketgan qoplar tomon yugurdim. Ishboshi past ovozda bir narsalar deb mingʻirladi-da, ketdi.

Qoʻrquvdan yuragim yorilayozdi. Agar ertalab soat oltida ishboshi uyga ketishimga ruxsat bermasa nima qilaman? «Agar ruxsat bermasa, – dedim oʻziga oʻzim, – korxonaning orqa tomonidagi devordan oshaman-da, ketvoraman».

Havoning yorishganiga yarim soatcha boʻlgandi. Ammo soat olti boʻlgunicha yuragim qon boʻlib ketdi. Ammo mening baxtimga ertalab ishboshining kayfiyati yaxshi boʻlib, kecha kechasi mening ishni rasvo qilganimni esiga ham olmadi.

Ish haqimni olishim bilan tezda joʻnadim va birpasda uyga yetib bordim. Kulbamizga yetib kelganimda hansirashning zoʻridan koʻkragim achishar, hatto tuzukroq salom berishga ham holim yoʻq edi.
– Senga nima boʻldi? – dedi oyim mening ahvolimni koʻrib. – Nega it quvgan soqovdek halloslab kelding?
– Hech narsa boʻlgani yoʻq, – dedim. – Xayrulloh bilan shaharga, maktabga otimni yozdirgani boramiz. Tezroq yoʻlga tushmasak, kech boʻladi va maktabning eshigini yopib qoʻyishadi.

Non bilan shirin choy tanovul qilayotgan Xayrulloh esa:
– Judayam sen aytganingchalik emas, – dedi. – Hozir oʻtirib biror ogʻiz non yeb olgin, soʻngra yoʻlga tushamiz.

Oyim dedi:
– Otang sizlar bilan bormas ekan, yoʻl-yoʻlakay opang Kanizning ham uyiga bir kirib chiqinglar. Koʻringlar-chi, bolaginam nima qilayotgan ekan...
– Nima qilardi? – dedi Xayrulloh. – Yashab yurgandir-da. Gʻulomalining qovoq-tumshugʻini koʻrishga toqatim yoʻq. Oʻzicha kekkayib ketgan...

Oyim yalingansimon dedi:
– Mayli,bolam! Sen opang uchun borgin. Seni koʻrib xursand boʻladi. Ertalablari Gʻulomali uyda boʻlmaydi. Ishga ketadi.

Toʻgʻrisi bir tomondan oyimga ichim achisa, ikkinchi tomondan opam Kaniz va uning bolalarini sogʻingan edim. Bir necha oydan beri koʻrmagandim.
– Boʻpti, – dedim. – Shaharga borsak unikigayam bir kirib chiqamiz.

* * *

Katta yoʻlgacha piyoda borishga majbur edik. Havo bir oz sovuq edi va uyqum kelardi. Bir necha marta orqamga oʻgirilib esnab qoʻydim.
– Uyqung kelyaptimi? – dedi Xayrulloh.
– Yoʻq, – dedim. – Bu yoʻl judayam uzun ekan. Halabiyobodni olib borib oʻsha choʻlning oʻrtasiga qursinlar deb kim aytgan ekan?! Katta yoʻlning yaqinida qursalar boʻlmaydimi?!

Xayrulloh hech narsa demadi. Goʻyo men unga hech narsa demagandek indamay ketaverdi. Uyqusirayotgan odam har narsa deyaveradi, deb oʻylagan boʻlsa kerakda.

Yarim soat deganda uzoqdan shalogʻi chiqqan bir eski avtobus koʻrinib, «Oq tuproq» bekatiga yetib keldi. Xayrulloh chiptalarni haydovchiga berdi va avtobusning toʻriga qarab ketdik. Bittagina joy boʻsh ekan. Ya’ni, uchta joydan ikkitasiga bizdan oldinroq chiqqan ikki yoʻlovchi oʻtirib olishgan ekan.
– Oʻtir, – dedi Xayrulloh menga.

Xayrullohning talashib-tortishib oʻtirishga toqati yoʻq edi. Ayniqsa, menday bir odam bilan. U menga yaxshilik qilmoqchi ekan, unga e’tiroz bildirib oʻtirishning oʻzi yaxshi emas. U meni itarib yelkamdan shunday bosdiki, boʻsh joyga oʻtirishga majbur boʻldim. Shunchalik charchagan ekanmanki, keyingi bekatga yetmasdan uyquga ketdim.
– Tur, yetib keldik!

Qattiq uyquda ekanman, Xayrullohning ovozidan uygʻonib ketdim. Avtobusdan tushganimizda ham uyqum toʻla ochilmagan, koʻzlarim yumilib-yumilib ketardi. Yurish malol kelar, erta tongning shirin uyqusi hali meni tark etgisi kelmasdi. Oʻsha yerda, maydon oʻrtasida choʻzilib uxlagim kelardi.
– Anavi suv quvuri oldiga bor-da, yuzingni yuvib ol, – dedi Xayrulloh. – Uyqung tarqaladi. Ungacha men biror kishidan maktabning qayerda ekanligini soʻrab olaman.

Quvurdan chiqayotgan suv shunchalik muzday ediki, dadamning iborasi bilan aytganda, hatto Ashobi Kahfning uyqusiga ketgan boʻlganimda ham uyqu-puyqumni uchirib yuborardi. Xayrullohning oldiga qaytib kelganimda u gazetalarini yoyib qoʻygan doʻkondor choldan soʻrardi:
– Amaki, maktab qayerda?
– Maktab? Qanaqa maktab?
– Maktabdaqa maktab! Bolalar oʻqiydigan va ilm oʻrgatadigan maktab.
– Bu yerda maktab koʻp, - dedi chol.- Senga nima kerakligini ayt, men senga koʻrsatib yuboraman.

Xayrulloh meni koʻrsatib dedi:
– Mana buni maktabga bermoqchi edim.

Chol koʻzlarini qisgancha menga tikilib turdi-da, soʻradi:
– Nechanchi sinfda oʻqiydi?
– Birinchi sinf... Ya’ni hali maktabga chiqmagan. Endi otini yozdirmoqchi...

Bilmadim, nimagadir uyalib ketdim va boshimni quyi solib oldim. Koʻz ostidan cholga qaradim. U mening boʻy-bastimga ajablanib tikilardi. U bir oz oʻyladi-da, soʻng dedi:
– Mana shu koʻchadan yuqoriga qarab borsang oʻng tomondan bir koʻcha chiqadi. Ana shu koʻchadan yuz qadamcha yursang, maktabga yetasan.

* * *

Maktabning darvozasi ochiq boʻlib, uning hovlisida bizning Nosirimiz tengi bir toʻda bola qiy-chuv qilganlaricha moʻylovli bir kishi bilan toʻp oʻynashardi. Bolalardagi ushbu shodlik menga ham oʻtganday boʻldi. Birdaniga oʻzimni boshqa bir olamga kirib qolganday his qildim. Bu olamda faqatgina men va ushbu bolalar bor edi. Koʻnglim umrim oxirigacha mana shu yerda qolish va ana shu quvnoq bolalarning oʻyinini tomosha qilib oʻtirishni istab ketdi. Bilmadim nimagadir quvonchning zoʻridan koʻzlarimga yosh keldi va boʻgʻzimga yigʻi tiqildi.
– Abdulloh, Abdulloh! Nega qoqqan qoziqday qaqqayib qolding?

Kallamdagi shirin xayollar pir etdiyu uchdi-ketdi. Xayrullohning ortidan yoʻlga tushdim.

Uchta zinadan yuqorilab, bir yoʻlakka yetdik. Yoʻlakning poli turli rangdagi qadama naqshlar bilan bezatilgan edi. Ikkalamiz yoʻlakka, uning devorlariga va ularning yuzasiga solingan turli-tuman naqshlar va tasvirlarga angrayib qaragancha yurib borardik.
– Hozir qaysi eshikka kirishimiz kerak? – dedim.
– Mana shu eshiklardan bittasiga-da! – dedi Xayrulloh.

Ammo baxtimizga qarshi barcha eshiklar yopiq edi. Biz qay bir eshikka kirishni bilmay turib qoldik.

Xayrulloh ohista yurib eshiklardan birining oldiga bordi. Oldin ushbu eshikka yaxshilab qarab chiqdi, soʻngra unga qulogʻini yopishtirib tingladi. Men ham u yerga bordim-da, Xayrullohga oʻxshab qulogʻimni eshikka qoʻyibtingladi. Xona ichkarisidan ovozlar kelardi.

Oldiniga ovozi yoʻgʻon muallim ekanligi shubhasiz bir kishi nimalarni aytar, soʻngra esa bolalar oʻsha gapni joʻr ovozda takrorlashardi:

Muallim aytardi:
– Kechasi edi.

Bolalar takrorlashardi:
– Kechasi edi.
– Oy bulutning orqasida edi.
– Oy bulutning orqasida edi.
– Oy nurlari...
– Oy nurlari...
– Yerni yoritardi.
– Yerni yoritardi.
– Eh, qanday goʻzal!
– Eh, qanday goʻzal!...

Shu payt birdaniga eshik zarb bilan ochildi-da, men bilan Xayrulloh orqaga qarab uchib ketdik. Eshikni ochgan bola esa xuddi ajinani koʻrgandek qichqirib yubordi-da, orqaga qarab qochdi.

Sinf birdaniga tinchib qoldi. Stulda oʻtirgan koʻzoynakli kishi oldiniga bizga ajablanib qaradi, soʻngra oʻrnidan turib bizning oldimizga keldi. Qoʻrqqanimdan oʻtakam yorilib ketay dedi. Agar koʻzoynakli kishi bizni ta’zirimizni berib qoʻyish uchun sinfning oʻrtasiga olib kirsa nima boʻladi?! Xayrulloh u bilan yuzma-yuz boʻlib qolsin deya yogʻochga oʻxshab qotib qolgan oyoqlarimni sekin-asta orqaga tortdim. Partalarda oʻtirgan bolalardan bir nechtasi piq etib kulib qoʻyishdi.

Koʻzoynakli kishi soʻradi:
– Xoʻsh xizmat. Nima ishingiz bor edi?

Shoshib qolgan Xayrulloh tilga kirdi:
– S... salom... Y... yoʻq! Toʻgʻrisi... janob oʻqituvchi... biz...

Bechora Xayrulloh! Jiqqa terga botgan edi. Shu choq Xayrullohning xijolat chekayotganini koʻrmaslik uchun oʻsha yerdan ketvorgim keldi.

Xudoga shukrki, koʻzoynakli kishining oʻzi unga yordamlashvordi:
– Marhamat qilsinlar! Hech qisi yoʻq.

Xayrullohning yuzlari uyatdan qizarib ketgan edi. U zoʻraki bir kulib qoʻydi-da:
– H... ha, – dedi. – Toʻgʻrisini aytsam... biz mana bu ukamni maktabga qoʻygani kelgandik... Adashib kiribmiz shekilli. Kechirasiz!

Judayam xushmuomala boʻlgan koʻzoynakli kishi esa:
– Hechqisi yoʻq, – dedi. – Siz marhamat qilib idoraga boring: yoʻlakning oxirida, chap tomondan birinchi eshik.

Xayrulloh tezda men tomonga qaytdi. Kulib qoʻydi-da:
– Ishni rasvo qilishimizga sal qoldi, – dedi. – Yaxshiyam kallamizni yoʻqotib qoʻymadik.

Idorada ikkita rais oʻtirgan ekan. Kichikroq stol ortida oʻtirgan rais dedi:
– Buning iloji yoʻq. Birinchidan kech boʻldi, ikkinchidan yoshi judayam katta ekan. Yanayam borib janob Fayzobodiyning oʻzi bilan gaplashib koʻring, balkim qabul qilib qolar...

Fayzobodiy bir narsalarni yozish bilan mashgʻul edi.
– Salom, – dedi Xayrulloh. – Kechirasiz, biz ukamning otini birinchi sinfga yozdirgani keldik.

Fayzobodiy mening boʻy-bastimga bir qarab qoʻydi-da, ruchkasining narigi uchini ogʻziga soldi. Bir oz oʻylandi-da:
– Birinchi sinfga? – deb soʻradi.
– Ha, janob, birinchi sinfga! – dedi Xayrulloh.
– Kech kelibsiz. Maktabda oʻqish boshlanganiga ikki oy boʻldi. Nega ertaroq kelmadingiz?
– Kechiksa ham hechqisi yoʻq, janob. Buning qobiliyati yaxshi. Yoshi oʻn uchda. Kallasiyam yaxshi ishlaydi.

Fayzobodiy bir kulib qoʻydi-da:
– Ha-a, – dedi. – Boʻyining kattaligini aytmasa ham boʻladi. Ammo yoshi toʻgʻri kelmaydi-da! Ukangizni maktabga qabul qilishimizga qonun yoʻl bermaydi.

Shu choq olamning barcha gʻam-gʻussasi Xayrullohning yuzida aks etgandek boʻldi. Bir oz jim qoldi. Soʻngra nochor bilan Fayzobodiyning yuziga qaradi.
– Janob, – dedi. – Toʻgʻrisini aytadigan boʻlsam, biz koʻchmanchilarmiz. Mana shu Tehronporsdagi Halabiyobod mahallasida turamiz. Agar koʻchada bekor sangʻib yuradigan boʻlsa yo men kabi bir ishsiz; yo oʻsha yerdagilarga oʻxshab giyohvand yoki oʻgʻri boʻladi. Endi oʻzingiz ayting: nima qilaylik?

Fayzobodiy nigohini menga qaratdi. Goʻyo Xayrulloh bergan savolga javobni mening savlatimdan qidirayotgandek edi.
– Halabiyobod... – dedi-da, kallasini qimirlatib qoʻydi. Soʻngra:
– Nima desam ekan sizga... – dedi. – Menimcha siz uchun faqatigina bir yoʻl bor: ukangizni kechki sinflarga qabul qilish mumkin... Albatta ungayam kech boʻldi-yu ammo biror yoʻlini qilsa boʻladi.

Soʻngra menga qarab bir kulib qoʻydi-da:
– U yerda oʻzing ham bemalol boʻlasan, oʻquvchilarning hammasi katta yoshdagilar...- dedi.

Uning bu gaplaridan uyalib ketganimdan jilmayib qoʻydim-da, boshimni quyi soldim.
– Kechki sinflar ham mana shu yerning oʻzidami? – deb soʻradi Xayrulloh.
– Ha, mana shu maktabning oʻzida, – dedi Fayzobodiy. – Faqat ukang darslarni qoldirmaslikka va’da berishi kerak. Chunki hozir ham boshqa oʻquvchilardan ikki oy orqada.

Men bunday xushmuomala odamlarning gaplariga nima deb javob berishni ham bilmasdim.
– Xoʻp boʻladi, janob rais! – deb qoʻydim nima deyishimni bilmay.
– Unda bugundan boshlab oʻqishni boshlasangiz boʻladi...

Oldiniga quvonchdan oʻzimni yoʻqotib qoʻyay dedim, ammo keyin birdaniga vujudimni qoʻrquv qopladi. Oʻquvchilar toʻla sinfga kirib borishga yuragim yoʻq edi. Hech narsani bilmay angrayib tursam, hamma mening turqimga qarab kulsa... Ammo Xayrullohga qaraganimda uning yelkasidan togʻ agʻdarilganday yengil nafas olganini koʻrdim. Menga qarab kulib ham qoʻydi.
– Men... Men... Ya’ni bugundan boshlab... janob?...

Fayzobodiy dedi:
– Ha, bugundan boshlab. Albatta, hozir borib avval u yoq bu yoqlaringni tartibga solib, tushdan soʻng soat ikki yarimda mana shu yerga qaytib kelasizlar...

«Demak oldin opam Kanizning uyiga borib yuz-qoʻllarimni yaxshilab yuvaman, – deb oʻyladim. – Soʻngra bittadan daftar va ruchka sotib olib, shu yerga kelaman».
– Marhamat qilib shaxsiy guvohnomangizni bering!

Guvohnomaning nomini eshitishim bilan koʻzimdan olov chiqib ketgandek boʻldi. Xato eshitdimmikin, deb oʻyladim. Xayrullohga qaradim.
– Guvohnoma?!... – dedi Xayrulloh. – Toʻgʻrisi, shaxsiy guvohnomasi yoʻq... Ya’ni janob... haligi... biz... Halabiyobodda hech kimning shaxsiy guvohnomasi yoʻq. Hech kimning, janob.

Tezda Fayzobodiyning yuziga qaradim: qani, Xayrullohning gaplari ma’qul keldimi yoki yoʻqmi? U taajjublanib dedi:
– Guvohnomangiz yoʻq?! Unda nima qilib turibsizlar bu yerda. Maktabniku qoʻya turing. Ammo shaxsini tasdiqlovchi hujjat kerak boʻladigan bu jamiyatda qanday qilib yashaysizlar?! Agar guvohnomasi boʻlmasa...
– Ya’ni guvohnomasi boʻlmasa maktabga qabul qila olmaysizmi? – deb uning gapini boʻldi Xayrulloh.
– Men sizga tushuntirib aytdim-ku! Boʻlmaydi! Boʻlganida edi oʻzim ukangizning roʻyxatga yozib, maktabga qabul qilgan boʻlardim.
– Unda ayting: biz nima qilaylik?
– Bilmadim. Mening qoʻlimdan hech narsa kelmaydi. Siz oʻzingiz yashaydigan tumanga borib, muammoyingizni aytishingiz mumkin. Balkim oʻsha yerda sizga yordam berib qolishar. Tumaningizdagi mutasaddilar: «ushbu janobni maktabga qabul qilish mumkin», deb yozib bersalar boʻldi, men bosh ustiga qabul qilaman! Marhamat!
– Qaysi tuman?
– Tumandaqa tuman! Oʻzingiz yashaydigan tuman. Tehronpors tumani Ta’lim va tarbiya boʻlimiga-da[1] .
– Ya’ni biz Ta’lim va tarbiya boʻlimiga borishimiz kerakmi?
– Xuddi shunday. Bu yerdan uch koʻcha yuqorida. Mana bu koʻchadan borsangiz, chap tomoningizda, uch koʻcha yuqorida.

* * *

Soʻray-soʻray Ta’lim va tarbiya boʻlimini topdik. U yerda odam shunchalik koʻp ediki, agar boyagi maktabda boʻlgani kabi raisning xonasini topamiz deb qulogʻimizni eshikka qoʻysak hamma bizning ustimizdan kulgan boʻlardi.

Xayrulloh bir yogʻoch stulda oʻtirgan mirshablar kiyimidagi kishidan soʻradi:
– Roʻyxatga olish idorasi qayerda?
– Idora mana shu yerda. Nima ishlaring bor edi?
– Mana bu bolani roʻyxatdan oʻtkazishimiz kerak edi. Mana shu idoraga borishlaring kerak deb aytishdi.
– Ana shuni soʻrayapmanda. Boshidan oʻrinbosar janoblariga ishimiz bor edi, desalaring boʻlmaydimi? Ikkinchi qavatga chiqasizlar, oʻngdan toʻrtinchi eshik.

Oʻngdan toʻrtinchi eshikni ochganimizda koʻzoynakli bir kishi boshini qogʻozlardan koʻtarib dedi:
– Marhamat!
– Salom janob! Biz ukamni roʻyxatga yozdirgani keldik. Toʻrtinchi maydondagi maktabga borgandik, bu yerga kelishimiz lozimligini aytishdi.
– Xoʻp, qanday muammo chiqdi?
– Hech qanday muammo, janob. Shaxsiy guvohnomamiz yoʻq.
– Qiziq gapirasiz-a?! Odamning shaxsiy guvohnomasi boʻlmasa, bu narsa hech qanday muammo hisoblanmaydimi?!
– Axir, janob, u yerda – Halabiyobod mahallasida hech kimda guvohnoma yoʻq. Biz koʻchmanchilarmiz, janob. Ukamning savodi chiqsin deb uni maktabga qoʻymoqchiydik.
– Nega shu paytgacha shaxsiy guvohnoma olmadilaring?
– Chunki bizlarga shaxsiy guvohnoma berishmaydi, janob. Mingta bahona toʻqishadi. Bundan tashqari oʻzimiz ham dangasaroqmiz, janob. Madaniyatimiz past, bilimsiz va nodonmiz. Onalarimiz dunyo kimning qoʻlida ekanligini bilishmagan. Oʻzlari uchun, bolalarining bir kuni kelib oʻz yoʻllarini topib ketishlari, boshqalar ularni odam hisobiga qoʻshishlari, ularni maktabga qabul qilishlari uchun guvohnoma olishni bilishmagan.
– Axir bu sabab boʻlolmaydi-ku?!
– Nega endi sabab boʻlolmas ekan? Axir men aytib turibman-ku: bizda bolalar shundayligicha kulbalarda dunyoga kelishadi, oʻsha yerda chang-tuproq ichida katta boʻlishadi va oʻsha yerda oʻlib ketaverishadi. Hech kimning ular bilan ishi yoʻq. «Guvohnomaning bizga nima keragi bor», deyishadi. Ha-ha, janob, ular buni bilishmaydi. Madaniyatlari judayam past...

Men ogʻzim ochilib qolganicha Xayrullohning gaplariga quloq solardim. Xayrulloh bunday oʻtkir va dadil gaplarni qayerdan oldiykin, deb hayratda qolgan edim. Xuddi kitob oʻqigan kishilardek gapiradi-ya!

«Endi ushbu janob Xayrullohning gaplariga javob berolmasa kerak, – deb oʻyladim. – Endi albatta meni maktabga qabul qilish toʻgʻrisida oʻylab koʻradi».

Janob oʻrinbosar:
– Harholda... – dedi-da, soʻngra qogʻozga tez-tez bir narsalarni yozib, Xayrullohning qoʻliga tutqazdi.
– Hozir buni olib borib yonimizdagi xonaga – Ta’lim va tarbiya boʻlimi boshligʻi janob Ma’sumiyga bering. Balkim u biror narsa der.

Yonboshdagi xonaga bordik. Ta’lim va tarbiya boʻlimi boshligʻi qogʻozni oʻqib koʻrdi-da:
– Ha, janob Asqarning aytganlari toʻgʻri, – dedi. – Afsuski bizning qoʻlimizdan hech narsa kelmaydi. Qonunga koʻra, shaxsiy guvohnomangiz yoʻq ekan, sizni biror bir maktabga ololmaymiz. Aks holda boshimizga ortiqcha tashvish orttiramiz.
– Unda siz hozircha ukamni maktabga qabul qilishlari toʻgʻrisida koʻrsatma bersangiz, biz esa shaxsiy guvohnoma olish uchun harakat qilsak boʻlmaydimi?
– Sizga aytdim-ku: biz bunday qilolmaymiz!
– Janob rais, ukam roʻyxatdan oʻtmasdan shundaygina kelib sinf-da oʻtirsa boʻlmaydimi?
– Albatta boʻladi. Erkin tinglovchi sifatida sinfga kirib oʻtirishi, oʻtilayotgan darslarni tinglashi mumkin. Ammo bu holda u bizning oʻquvchimiz hisoblanmaydi va biz undan imtihon ololmaymiz.

Men Ta’lim va tarbiya boʻlimi boshligʻining bu gaplariga tushunmadim.
– Unda nima qilaylik, janob? – dedi Xayrulloh.
– Toki borib shaxsiy guvohnoma olmaguningizga qadar hech narsa qila olmaysiz.
– Janob rais, sizning oʻzingiz shaxsiy guvohnoma berolmaysizmi?
– Men?... Yoʻq, oʻgʻlim! Siz fuqarolik holatlarini qayd etish boʻlimiga borishingiz kerak. Bunaqa hujjatlarni oʻsha yerdan berishadi. Bizning qoʻlimizdan keladigani shuki, ularga bir xat yozib sizning ishingizni tezroq hal qilib berishlarini soʻrashimiz mumkin, xolos. Qolgani bizning qoʻlimizda emas!
– Bu idora qayerda?
– Unchalik uzoq emas. Mana shu koʻchaning oxirigacha borasizlar. Maydondan oʻtganingizdan keyin ikkita chorrahadan ham oʻtasizlar. Oʻng tomonda uch qavatli eski gʻishtin bino bor. Oq taxtada «Fuqarolik holatlarini qayd etish boʻlimi» deb yozib qoʻyibdi... Sizning savodingiz bormi?
– Yoʻq, janob, – dedi Xayrulloh. – Mening ham shaxsiy guvohnomam yoʻq...

Shundan soʻng ikkalamiz Ta’lim va tarbiya boʻlimi boshligʻining xonasidan chiqdik.

Zinlardan tushar ekanmiz, oʻzimga oʻzim derdim: «Bu dunyoda hamma raisning ham raisi bor boʻlsa kerak. Agar shunday boʻlsa, dunyodagi barcha raislarning raisi kim ekan? Uning tuzilishi va qiyofasi qanday ekan?».

Eski gʻishtin binoni topib bordik. Bu binoning gʻishtlariyam, zinalariyam, xonalariyam, derazalariyam, hatto odamlariyam eski ekan. Odamlarining barchasi koʻzoynak taqqan, oriq va keksa edilar. Xuddi oyim aytib bergan ertaklardagi qadimgi odamlardek. Oʻsha odamlardan biri judayam katta – kattaligi odamning yarmicha keladigan bir kitobni ochib olganicha siyoh bilan unga bir narsalarni yozib oʻtirardi.

Shaxsiy guvohnomani ham ana shu kitob kattaligida chiqarish fikrlariga kelib qolmaganiga xudoga shukrlar qildim. Agar odamning shaxsiy guvohnomasi mana shuncha katta va ogʻir boʻladigan boʻlsa, bunday shaxsiy guvohnomani u yoq-bu yoqqa olib borgunicha odamning ona suti ogʻzidan kelardi. «Shaxsiy guvohnoma beradigan idorada odamlar nega buncha qari boʻladilar, kitoblari ham nega buncha katta va ogʻir boʻladi?» deb qancha oʻylasam ham oʻyimning oxiriga yetolmadim.

Men va Xayrulloh raislardan birining stoli oldida turvolib uning qanday qilib yozuv-chizuv qilayotganligini tomosha qilib turganimizda u boshini koʻtarib dedi:
– Eshitaman?

Xayrulloh soʻz boshladi:
– Shaxsiy guvohnoma olgani keldik.

Rais yana boshqatdan yozishga tushdi va pichirlab bir narsa dedi. Ammo uning gapini na men tushundim, na Xayrulloh.
– Bir narsa dedingizmi? – dedi Xayrulloh.

Keksa kishi koʻzoynagining tepasidan unga qaradi-da, ruchkasi bilan oʻng tomonni koʻrsatib dedi:
– Toʻgʻriga borasiz!

Men bilan Xayrulloh oʻzimizni orqaga tortdik va ruchka yoʻnaltirilgan tomonga qarab bordik. Bu tomondagi stol ortida oʻtirgan raisning qiyofasi ham xuddi biz birinchi borgan stol ortidagi raisning qiyofasiga oʻxshab ketardi. Yuzlari va soqollari ham bir-biridan farq qilmasdi. Xuddi bir olmaning ikki yuziga oʻxshashardi. Hayratdan oʻzimni yoʻqotib qoʻyay dedim. Yana bir marta birinchi raisga qaradim. Ularning kiyimlarigina bir-biridan farq qilardi. «Bular albatta egizaklar boʻlsa kerak, – dedim oʻzimga oʻzim. – Aks holda faqatgina bir-birlarining roʻparalarida oʻtirganliklari va har ikkalalari ham shaxsiy guvohnoma tayorlash bilan shugʻullanganliklari uchun qiyofalari bir xil boʻlmagan boʻlardi».
– Eshitaman?
– Shaxsiy guvohnoma olgani keldik.
– Chaqirgunimizcha anavi yerda oʻtirib turing.

Yumshoq stulga oʻtirganimizdan keyin yana boshqatdan bu idoraning hamma joyiga sinchiklab qarab chiqa boshladim. Bu yerdagilarning barchasi bir xil qiyofada boʻlib, barchalari oldilaridagi katta kitoblarni ochib olganlaricha unga bir narsalarni tez-tez yozardilar.

Xayrullohdan soʻradim:
– Bugun shaxsiy guvohnomamizni berishadimi?
– Bilmadim. Oldin bilaylikchi buning uchun nima narsalar kerak ekan.

Biz uning stoli yonida oʻtirgan keksa rais boshini koʻtardi-da, bizga qarab:
– Ismi nima? – dedi.

Men tezda oʻrnimdan bir qoʻzgʻalib qoʻydim-da:
– Abdulloh! – dedim.
– Xudoydod Karam, – deb qoʻshib qoʻydi Xayrulloh. – Abdulloh Xudoydod Karam.
– Unda kim oʻlgan? – deb soʻradi keksa rais.

Men Xayrullohga qaradim, Xayrulloh esa menga qaradi. Hayratdan oʻzimni yoʻqotib qoʻyay dedim. Axiyri chaynalib dedim:
– Kim? Men?!

Keksa rais esa xuddi men bir yomon gap gapirib qoʻygandek tishlarini gʻijirlatdi-da:
– Kim oʻlgan deb aytyapman? – dedi. – Qaysi sanada?
– Hech kim oʻlgani yoʻq, – dedi Xayrulloh. – Biz shaxsiy guvohnoma olgani keldik.

Keksa rais xuddi birov uni soʻkkandek koʻzoynagining tepasidan koʻzlarini oʻqraytirib qaradi-da:
– Nega odamni masxara qilasizlar? – dedi. – Kim shaxsiy guvohnoma olgani keldi?

Yana jiqqa terga botgan Xayrulloh dedi:
– Mana bu, ukam...

Keksa rais yana tishlarini gʻijirlatib:
– Unda onasi oʻlgan kishi kim? – dedi.

Soʻngra baland va asabiy ovozda qichqirdi:
– Onasining shaxsiy guvohnomasini bekor qilmoqchi boʻlgan kishi kim edi?

Bizning roʻparamizdagi stulda oʻtirgan kishi keksa raisning stoli oldiga kelib dedi:
– Men edim, marhamat!
– Qayerda yuribsiz? Kartangizni yozib tugatganimcha bir pas kutib turolmadingizmi?
– Kechirasiz... Fotokopiya olgani ketgandim.
– Ismini nima deb aytgandingiz?
– Mohjon. Mohjon Muhammadiy.

Men yengil nafas oldim va Xayrullohga qaradim. Xayrulloh jilmayib qoʻydi-da:
– Bu yerda oʻlganlarning shaxsiy guvohnomalarini ham bekor qilishar ekan, – dedi.
– Qanday qilib? – dedim.
– Shunday qilib. Shaxsiy guvohnomaning ustiga chizib qoʻyisharkan-da, «omin» deyisharkan!
– Shaxsiy guvohnomalar uvol ketmasligi uchun uni boshqa biror kishiga berishsa boʻlmaydimi? Nargis oʻlganida Safdar uning shaxsiy guvohnomasini boshqa birovga kerak boʻlib qolar deb saqlab qoʻygan edi.
– Safdarni qoʻy, uning aqli kamroq oʻzi.

Shundan soʻnggina ushbu shaxsiy guvohnoma idorasida ishlaydigan raislarning keksa va eski boʻlishlarini tushunib yetdim. Chunki bir kishi odamlarga shaxsiy guvohnoma beradigan boʻlsa, boshqa bir kishi ularning shaxsiy guvohnomalarini bekor qila olmaydida axir. Bunaqada hamma narsa aralashib ketadi-da. Ya’ni biror kishiga shaxsiy guvohnoma bergan rais shaxsiy guvohnomalar va odamlar bir-birlari bilan aralashib ketmasliklari uchun bir kuni kelib oʻsha shaxsiy guvohnomaning egasi olamdan oʻtganida uni oʻzi bekor qilishi kerak. Buning uchun esa koʻp yashashi kerak boʻladi. Aks holda hamma narsa...

Xayrulloh oʻylarimni oxiriga yetkazmadi. Tirsagi bilan biqinimga turtib:
– Tur! – dedi.

Yana oʻsha keksa raisning stoli oldiga borib xuddi onasi oʻlgan bolalardek turib oldik.
– Xoʻsh, nima istaysizlar? – dedi keksa rais.
– Shunchaki... – dedi Xayrulloh gapini yoʻqotib. – Mana bunga shaxsiy guvohnoma olgani keldik.
– Nima boʻldi? – dedi keksa rais. – Shaxsiy guvohnomasini yoʻqotganmi?
– Yoʻq, janob. Umuman shaxsiy guvohnomasining oʻzi yoʻq. Ya’ni boshidan shaxsiy guvohnomasiz dunyoga kelgan.
– Xoʻsh, nega unda endi keldingiz? Biratoʻla xotin olayotgan paytida kelardingiz!
– Endi shu paytgacha shaxsiy guvohnomaga unchalik ehtiyojimiz yoʻq edi. Shaxsiy guvohnoma soʻraydigan odamga ishimiz tushmagandi. Biror kishining ham bizning shaxsiy guvohnomamiz bilan ishi yoʻq edi. Shaxsiy guvohnoma olishga endi kelganimizning sababi shuki, ukamni maktabga qoʻymoqchi edik, ular esa shaxsiy guvohnoma kerak deyishdi.

Shundan soʻng Ta’lim va tarbiya boʻlimi boshligʻi bergan qogʻozni keksa raisga berdi. Keksa rais qogʻozga qaradi, koʻzoynagini bir qoʻzgʻatib qoʻydi, soʻngra qogʻozni koʻzining oldiga olib borib oʻqidi.
– Biz shundayicha shaxsiy guvohnoma berolmaymiz-ku?! – dedi u. – Shaxsiy guvohnoma berishning ham oʻz qonun-qoidasi bor. Koʻchadan kelgan har qanday kishiga shaxsiy guvohnoma beravermaymiz-ku?! Buning necha yoshda ekanligini, kimligini, yaqinlari kim ekanligini qayoqdan bilamiz? Davlatning qonuni oʻyinchoq emas-ku?!
– Men akasi boʻlaman, yaqini ham oʻzimman. Hozir yoshi oʻn uchda.
– Bor-yoʻgʻi shumi? Yoshi oʻn uchda va tamom vassalom?! Hih... Siz uning akasi ekanligingizni biz qayoqdan bilamiz.
– Men buning akasi boʻlmasam, unda kim uning akasi? Men yolgʻon gapirayotganim yoʻq-ku?!
– Nima boʻlganda ham bunisi bizga qorongʻi. Qonun bizning qoʻl-oyogʻimizni bogʻlab qoʻygan. Tugʻilganlik haqidagi ma’lumotnomasini olib keling, balkim biror ilojini qilarmiz.
– Tugʻilganlik haqidagi ma’lumotnomasi ham yoʻq, janob. Oʻsha kulbamizda dunyoga kelgan. Onam doʻxtir-poʻxtirga borgan emas. Kimdan ma’lumotnoma olib kelamiz?
– Boʻlmasa undanam yaxshi! Marhamat qilib turing-da, ketavering!

Xayrulloh yalinishga tushdi:
– Siz bir yaxshilik qiling, janob rais. Axir umrining oxirigacha shaxsiy guvohnomasiz yurolmaydi-ku?! Biror iloji bordir axir?!
– Nega endi oʻylayapsiz bu toʻgʻrida? Dunyoga kelgan paytidayoq shaxsiy guvohnoma olishni oʻylashingiz kerak edi.
– Endi shunday boʻlgan boʻlsa nima qilaylik? Bizga biror yoʻlini koʻrsatib yuboring hech boʻlmasa!

Keksa rais oʻylanib turdi-da, buning bir yoʻlini topgandek:
– Unda mahallangizdan guvohlik qogʻozi olib kelishingiz mumkin, – dedi. – Mahallangizning oqsoqollariga imzo qoʻydiring-da, olib keling. Shunda biror ilojini qilarmiz.
– Axir ularning savodlari yoʻq-ku?! Qanday qilib imzo qoʻyadilar?!
– Unda men nima qilay?! – dedi jahli chiqqan keksa rais. – Boshimni aylantirib tashladilaring-ku! Unda ayting: barmoqlarini bosishsin. Qoʻllari sinib qolmagandir axir?! Hech boʻlmasa barmoqlari bordir?!
– Unda, janob, siz yana bir yordam bervorasiz: oʻsha guvohlik qogʻozini oʻzingiz yozib bering... Axir bunaqa ishlarga bizning aqlimiz yetmaydida!...
– Oʻzim yozib beray? Nima deb yozay? Yoʻq, buni oʻzingiz yozishingiz va oʻzingiz imolashingiz kerak!
– Boʻpti, – dedi axiyri Xayrulloh rozi boʻlib. – Katta rahmat. Ertaga olib kelamiz. Siz ertaga boʻlasizmi?
– Ha, ertaga boʻlaman. Siz oʻsha qogʻozni olib kelavering, men shu yerda boʻlaman.

Hali eshikdan chiqib ulgurmagan edik hamki, keksa rais bizni chaqirib qoldi:
– Esingizda boʻlsin: guvohlik qogʻozini tuman politsiyasi ham tasdiqlashi kerak. Aks holda guvohlik qogʻozi hech qanday kuchga ega boʻlmaydi.

Nimalar deyapti yana? Bizning mahallamizda tuman politsiyasi nima qiladi?!

Xayrulloh orqasiga qaytib keksa raisning stoli oldiga bordi.
– Kechirasiz, janob, – dedi. – Bizning mahallamizda tuman politsiyasi yoʻq.
– Tuman politsiyasi yoʻq?! Unda nima bor oʻzi oʻsha mahallangizda?! Boʻlmasa boshimni koʻp aylantirmang-da, ketavering!
– ... Axir bizning aybimiz nima, janob?!
– Kishi bir joyda yashasayu tuman politsiyasi boʻlmasa?! Axir qanday qilib tuman politsiyasi boʻlmasligi mumkin?! Undan koʻra biratoʻla togʻning ortiga, hech narsasi yoʻq joylarga koʻchib keting-da, bemalol yashayvering!
– Axir sizga aytdim-ku: u yerning oti Halabiyobod, hech narsasi yoʻq. Nega mening gaplarimga ishonmaysiz? U yer Halabiyobod, na suv bor, na non bor, na elektr, na idora, na maktab, na doʻxtir, na tuman politsiyasi, na... hech narsasi yoʻq! Qup-quruq choʻl. Endi ayting: biz nima qilaylik?

Xayrulloh jiqqa terga botgan, rangi oqarib ketgan va ovozi ham titrab chiqardi. Keksa rais ham uning asabiylashayotganini tushundi shekilli, gapni qisqa qilib qoʻyaqoldi:
– Boʻpti, unda guvohlik qogʻozini olib kelavering, biror yoʻlini qilarmiz. Siz hozir boravering!...

Idoraning zinalaridan tushib kelganimizda kuz oftobi koʻchaga oʻzining iliq nurlarini yoygan edi. Oftobning badanga yoqadigan nurlari ostida yerga choʻzilib uxlaging kelardi.
– Abdulloh! – dedi akam xayolimni boʻlib. – Anavi Navroʻzali amakining qizi Gulpari haliyam bormi yoki erga tegib ketganmi?
– Yoʻq, – dedim. – Haliyam bor. Nima ishing bor edi?
– Hech narsa. Mana shu guvohlik qogʻozini yozib beradimi devdimda.

Xayrulloh toʻgʻri aytardi. Gulpari Navroʻzali qizi mahallamizdagi yagona savodli odam boʻlib, toʻqqizinchi sinfgacha oʻqigan, kimki birortaga xatmi yoki boshqa biror narsami yozmoqchi boʻlsa, uning oldiga borardi. Ba’zilar esa kerak boʻlsa-boʻlmasa unga bir narsalar yozdirib yurishardi.

Novvoyxonaning oldidan oʻtib ketayotganimizda oyoqlarim boʻshashib, koʻnglim sust ketdi. Issiq tandir nonning tomoqni qitiqlovchi hidi yoʻlakka yoyilgan, men kabi bir qorni ochqagan odam novvoyxona taxtasi ustiga qoʻyilgan nonlarning barchasini olib bir yamlashda yutib qoʻyay derdi. Ichaklarim quldiray boshlagan edi.
– Aka, – dedim. – Yuring, bittagina non olib yeylik.
– Hozir Kanizning uyiga boramiz-ku, – dedi Xayrulloh. – Agar qorning ochqagan boʻlsa, mayli, birorta non olib beraman.
– Yoʻq, – dedim. – Aytgandek, opamnikiga boramiz-ku. Oʻsha yerda yeyishga biror narsa topilib qolar.

* * *

Mahallamizga yetib kelganimizda kun botishiga ozgina qolgan edi. Shunchalik charchagan edimki, birinchi kulba – Salimxonning kulbasi oldidayoq yerga choʻzilib yotgim va uxlagim keldi.

Oyim bir pushta loy tayyorlab olganicha devor yoriqlarini suvash bilan mashgʻul edi. Tez-tez nafas olar ekan:
– Yoriqlardan shamol kiradi, kulbani isitib boʻlmaydi, – dedi. Soʻngra e’tiborini bizga qaratib dedi:
– Nega buncha kech qolib ketdinglar? Maktabga qabul qilish shuncha vaqtni olarkanmi? Ichkariga kiringlar, dadangning issigʻi chiqqan, olovdek yonyapti boyaqish.
– Axir ertalab doʻxtirga olib boray deganimda koʻnmadilar-ku?! – dedi Xayrulloh jigʻibiyron boʻlib. – Oʻjarliklari tutib qolsa hech narsaga koʻnmaydilar! Agar biz bilan doʻxtirga borganlarida edi, ikkita xapdori ichardilar, ahvollari bir oz boʻlsada yaxshiroq boʻlardi.

Kulbaning ichidan turib Xayrullohning gaplarini eshitgan dadam boʻgʻiq ovozda:
– Qaysi pulimizga dori sotib olarding?! Oʻgʻrilik qilib topardingmi pulni?!...

Dadam yana bir narsalar dedi, ammo men qolgan gaplarini tushunmadim.

Yigʻlamsirab oyim:
– Hozir biror yoʻlini qilmasang boʻlmaydi, bolam, dedi. Bunday yotaversa biror narsa boʻlib qolmasin tagʻin.
– Mayli, oyijon, – dedi Xayrulloh. – Agar doʻxtirga boraman desalar hozir ham olib borishga tayyorman.

Men esa itday charchagan edim. Choʻzilaman-da, uyquga ketaman, deya kulbaning ichiga kirdim. Dadam kallasini koʻrpaga oʻrab olgan edi. Oʻsha holatda xir-xir etib bir narsa dedi-da, jim boʻldi.
– Nima dedilar? – dedi Xayrulloh.
– Hech narsa, – dedi oyim. – Ertalab boraman doʻxtirga dedi.

Qorongʻulikda bir narsalar tikish bilan mashgʻul boʻlgan Halima soʻrab qoldi:
– Otingni maktabga yozdirib keldingmi, Abdulloh?

Mening esa savol-javobga hafsalam yoʻq edi.
– Yoʻq, – dedim. – Ertaga shaxsiy guvohnomangni olib kelinglar dedi.
– Unda holinggga maymunlar yigʻlarkanda!

Halima yana nimalar deganini tushunmadim. Qovoqlarim zil boʻlib, uyqu bosib kelardi.

Endigina koʻzim ilingan ekan hamki Xayrullohning ovozi uy-qumni buzib yubordi:
– Abdulloh, uxlab qolma! Borib manavi guvohlik qogʻozini ham biratoʻla toʻgʻrilab kelaylik.

Ogʻzimni katta ochib esnadim-da:
– Oʻzingiz boraversangiz boʻlmaydimi? – dedim.
– Senam men bilan birga borsang yaxshiroq. Hech yoʻqsa seni koʻrsalar har xil bahona toʻqib yotishmaydi.

Ming mashaqqat bilan oʻrnimdan turdim. Xayrulloh bilan tortishib oʻtirishning foydasi yoʻq edi. Oʻzimni majburlab oyoqda turardim.
– Hech boʻlmasa bir tishlam non yeb ketinglar, – dedi Halima.

Qoʻllaridagi qurib qolgan loylarni tozalayotgan oyim ham unga qoʻshildi:
– Ha, bolalarim, biror burdadan non yeb ketinglar. Hozir sizlarga choy qoʻyaman.

Xayrulloh esa shoshardi.
– Sizning choyingiz qaynagunigacha biz qaytib kelamiz, – dedi. – Ishimiz unchayam koʻp emas.

Soʻngra Halimaga qarab dedi:
– Halima, tur oʻrningdan. Gulparilarnikiga borib kelamiz.

Gulparining otasi Navroʻzalining kulbasi bizning kulbamizdan toʻrtta kulba narida edi. Shimol tomondagi choʻldan esadigan sovuq shamollardan pana boʻlish uchun oʻz kulbalarini bir tepalik yonida qurishgan edi.

Gulpari yoʻq ekan.
– Sakina xolanikiga ketgan edi, - dedi Navroʻzali amaki.

Soʻngra Halimaga qarab:
– Bor, aytib kel, – dedi. – U yerda qiladigan ishi ham yoʻq. Shunchaki bekorchilikdan bir aylanib kelay degandi.

Halima chiqib ketishi bilan Navroʻzali amaki dedi:
– Bu tomonlarga qaysi shamollar uchirdi, Xayrulloh?! Anchadan beri bu tomonlarga kelmay qoʻyganding?!
– Nimayam qila olardim, Navroʻzali amaki, – dedi Xayrulloh. – Kelib-ketish oson emas, yoʻl uzoq.

Navroʻzali amaki bukchayib qolgan belini ushlaganicha kulba burchagida yonib turgan pechkaning ustidan qorayib ketgan chovgumni oldi-da, unga bitta piyola va bitta bordoq qoʻshib bizning oldimizga olib keldi. Menga piyolada, Xayrullohga esa bordoqqa choy quyib uzatdi. «Yaxshi boʻldi, – dedim ichimda quvonib. – Hech boʻlmasa piyoladagi choy tezroq soviydi».

Shu payt Gulpari kulbaning eshigiga osilgan gilamni chekkaga surib ichkariga kirdi va salom berdi. Xayrulloh uning salomiga alik olgandan soʻng:
– Gulpari xonim, bizga bir guvohlik qogʻozi yozib berasizmi deb kelgandik, - dedi.

Navroʻzali amaki soʻradi:
– Qanday guvohlik qogʻozi?
– Mahalladan guvohlik qogʻozi, – dedi Xayrulloh. – Abdullohga shaxsiy guvohnoma berishlari uchun mahalla aholisidan ana shu guvohlik qogʻoziga imzo yigʻishimiz kerak ekan. Idoradan shunday deb aytishdi.
– Kimga imzo qoʻydirasizlar?
– Mahallamizning oqsoqollarigada! Axir shaharga borib guvoh topolmaymiz-ku?!
– Axir bu yerliklarning imzolarini tan olishmaydi-ku?! Masalan, menikini ham! Axir sening guvohlik qogʻozingni imzolashim uchun oʻzimda shaxsiy guvohnoma boʻlishi kerak-ku?!
– Buning uchun shaxsiy guvohnomaning nima keragi bor? Siz Abdullohga shaxsiy guvohnoma berishlari uchun imzo qoʻyasiz, xolos.
– Mening nima toʻgʻrisida gapirganimni tushunmading. Men sizlarning guvohlik qogʻozlaringizni imzolashim uchun oʻzimda ham shaxsiy guvohnoma boʻlishi kerak. Guvohlik berish shunchaki amalga oshadigan ish emas-ku! Buning uchun odamda shaxsiy guvohnoma boʻlishi lozim. Shaxsiy guvohnomasi boʻlmagan yuzta odamning imzosini yigʻib chiqsang ham bu imzolar hech qanday kuchga ega boʻlmaydi.
– Unda nima qilishimiz kerak? Shaxsiy guvohnomasi boʻlgan kishini qayerdan topamiz?
– Mana shuni aytaman-da! Gulpariga shaxsiy guvohnoma olgunimizcha ham biz ana shu muammoga duch kelgan edik. Bu ovoragarchilik bizning boshimizga ham tushgan edi. Siz endi bir necha shaxsiy guvohnomasi boʻlgan bir necha obroʻliroq kishini topishingiz kerak, oʻshalar sizning guvohlik qogʻozingizni imzolay oladilar. Axir oʻzining shaxsiy guvohnomasi boʻlmagan kishi qanday qilib boshqa bir kishiga shaxsiy guvohnoma berishlari uchun guvohlik berib imzo qoʻya oladi?

Xayrulloh bir oz oʻylanib turdi-da:
– Unda Gulpari xonim guvohlik qogʻozini yozib beraversin, soʻngra biror chorasini oʻylab toparmiz, – dedi. – Balkim idoradagilar indamasdan qabul qilib qolishar. Axir biz imzo qoʻygan kishilarning shaxsiy guvohnomalari yoʻq ekan, deb aytmaymiz-ku!

Navroʻzali amaki yana boshqatdan tushuntirishga urindi:
– Men nima deb tushuntirdim senga? Axir davlatning ishi oʻyinchoq emas-ku! Buning uchun hujjat soʻraydi, nusxa soʻraydi, qogʻoz soʻraydi...
– Xoʻp, yozib beraversin, – dedi Xayrulloh ham boʻsh kelmay. – Har holda zarari yoʻq-ku. Balkim qabul qilib qolishar. Boshqa qanday ilojimiz bor?
– Boʻpti, yozaversin – dedi Navroʻzali amaki. – Hozir Gulpari oʻtirib yozib beradi. Yozmasin deyayotganim yoʻq. Ammo bularni quloqlaringga quyib olinglar deb aytyapman. Yana ertaga: «Nega bizdan ikki-uch kuylak koʻproq yirtgan Navroʻzali amaki bularni bizga aytmadi?» deb yurmanglar!

Gulpari qozoz, qalam olib keldi, fonusni yoqdi va otasining yoniga oʻtirdi-da:
– Nima deb yozay? – dedi.

Navroʻzali dedi:
– Yoz: «Guvohlik beriladi shul haqdakim, Abdulloh Xudoydod Karam, Karamali oʻgʻli, bir mingu...» Nechanchi yilda tugʻilgandi, Xayrulloh?
– Bilmadim. Hozir yoshi oʻn uchda... Yozning oʻrtasida tugʻilgandi. Ammo nechanchi yil, qaysi oy, qaysi kunligini bilmayman.

Navroʻzali oʻylanib turdi-da:
– Qaysi oy boʻlishi mumkin? – dedi.

Soʻngra barmoqlari bilan sanadi:
– Bir, ikki, uch, toʻrt, besh... Demak «bundan oʻn uch yil oldin beshinchi oyda tugʻilgan. Shaxsiy guvohnomasi yoʻq». Mana shu! «Unga shaxsiy guvohnoma berishingizni soʻraymiz».

Gulpari otasining aytganlarini tez-tez yozdi. Soʻngra qogʻozni Xayrullohning qoʻliga berdi. Xayrulloh bir oz qogʻozga tikildi va xuddi savodi bor kishilarday uning boshidan oxirigacha qarab chiqdi-da:
– Katta rahmat! – dedi.

Shundan soʻng qogʻozni Navroʻzali amakining qoʻliga berib:
– Navroʻzali amaki, – dedi, – Bitta imzo qoʻyib berolasizmi?...
– Mayli, – dedi Navroʻzali amaki. – Men imzo qoʻyaman. Ammo haliyam oʻsha aytgan gapim. Bu qogʻozdan sizlarga hech qanday foyda yoʻq!

Soʻngra qogʻozni tizzasining ustiga qoʻydi-da, Gulparining qoʻlidan qalamni olib unga judayam ehtiyotkorlik bilan imzo chekdi va Xayrullohning qoʻliga qaytarib berdi.

Xayrulloh shoshganicha tashqariga chiqib ketdi. Men ham piyoladagi choyimni tez-tez hoʻplab ichdim-da, uning ortidan yugurdim. Ammo shu payt Navroʻzali amaki chaqirib qoldi:
– Abdulloh... Abdulloh!

Ortimga qaytdim.
– Mana bu siyohni ham olvolgin, – dedi. – Kimki barmoq bosmoqchi boʻlsa ishlatasizlar.

Tashqari hali unchalik qorongʻi boʻlmagan edi. Bunday paytlarda hamisha koʻpchilik odam bir-birlarini koʻrib hol-ahvol soʻrashish, shuningdek, yurakni siqadigan qorongʻi kulbalariga kirib ketishga majbur boʻlmasliklari va yoki kerosinlarini bekordan bekorga fonusga yem qilmasliklari uchun kulbalarining oldida toʻplanib turishardi.

Ibrohimbek ham kulbasining oldida, bir temir bidonning ustida oʻtirganicha qoʻshni kulbada turadigan qari kampir Gulbibi bilan gaplashib oʻtirardi. Ibrohimbekning ahvoli boshqalarnikidan yaxshiroq boʻlsa-da, shunchalik xasis ediki, qorongʻu tushmagunicha xotini va bolalariga fonusni yoqishga ruxsat bermas edi. Osmonga oy chiqqan kechalarda esa oyning nuri kulbaning ichiga tushishi va fonus yoqib oʻtirmasliklari uchun kulbasining eshigiga tutilgan gilamni koʻtarib qoʻyishlarini buyurardi.

Xayrulloh salom berdi-da:
– Ibrohim amaki, – dedi. – Mana bu guvohlik qogʻozining ostiga bitta imzo qoʻyib yuborasizmi?
– Guvohlik qogʻozing nimasiydi? – dedi Ibrohimbek.
– Hech narsa emas, Ibrohim amaki. Abdullohga shaxsiy guvohnoma olmoqchimiz, xolos. Navroʻzali amaki ham imzo qoʻydi.

Ibrohimbek boshini orqaga tortdi-da, sarak-sarak qilib:
– Yoʻq-yoʻq, Xayrulloh! – dedi. – Men imzo qoʻymayman. Imzoning javobgarligi bor.
– Qanaqa javobgarlik?! Unda nega Navroʻzali amaki imzo qoʻydi?
– U imzo qoʻygan boʻlsa qoʻyaversin. U oʻzini tomdan tashlasa men ham tashlashim kerakmi? Yoʻq, men imzo qoʻymayman. Imzoning javobgarligi bor.

Men ham gapga qoʻshildim:
– Boʻpti, Ibrohim amaki. Imzo qoʻymasangiz barmogʻingizni bosaqoling! Barmoq bossa ham boʻlaveradi.

U menga qarab bir oʻqraydi-da:
– Barmoq bosishning ham javobgarligi bor, – dedi. – Imzo qoʻyish bilan barmoq bosishning nima farqi bor?!

Ibrohimbekning imzosining bahridan kechib qoʻya qoldik.
– Goʻrga! – dedi Xayrulloh. – Durmalikning oldiga boramiz.

Durmalik judayam xushmuomala odam edi. Dadamning aytishiga qaraganda, oldinlari choʻpon boʻlgan, keyinchalik esa choʻponlikni tashlab shu yerga – Halabiyobodga kelib qolgan.

Uning oʻsha oldingi choʻponlik hayotidan birgina nay unga meros boʻlib qolgan edi. Hamisha kun botar chogʻda kulbasining oldida yolgʻiz oʻtirib olganicha oʻzicha nay chalib qoʻshiq aytaverardi. Dadam derdi: «Har doim Durmalik chalgan nayning koʻngilni oʻrtovchi ovozini eshitganimda qishloqda ishlagan oʻsha olis yillarim esimga tushib ketadi. Durmalikning ovozi menga oʻsha olis paxtazorlar va sholizorlarni eslatadi. Oʻsha Goʻrgon choʻllari va dashtlarini esga soladi... Oh, qanday davrlar edi-ya!»

Durmalikning chodiri oldiga yetganimizda har doimgiday bir tuproq tepachaning ustida oʻtirib olganicha nay chalish bilan mashgʻul edi.
– Hormasinlar, Durmalik ogʻo! – dedi Xayrulloh.
– Salom, Xayrulloh Karamali! – dedi Durmalik. – Biz tomonlarga qaysi shamollar uchirdi? Qachon safardan kelding?
– Kecha kelgandim. Indin ketishim kerak. Ertaga mana buni maktabga qoʻyib kelaman. Shunda koʻnglim joyiga tushadi. Bizga oʻxshab yurmasin deymanda!
– Barakalla, Xayrulloh! Musulmonning ishini qilyapsan. Xudo xayringni bersin! Ukalaringga e’tiborsiz emassan. Bu bolalar xuddi beozor va begunoh qoʻzilarga oʻxshaydilar. Agar ularni bir ozgina koʻzdan qochirsang, boʻrining changaliga tushib qolishadi.
– Mana bu yerga bir barmoq bosib yuborasizmi, Durmalik ogʻo?
– Bu nima?
– Hech narsa. Abdullohga shaxsiy guvohnoma olishimiz uchun kerak boʻlgan guvohlik qogʻozi.

Durmalik tezda barmogʻini siyohga botirib qogʻozning ustiga bosdi.
– Mana bu imzo ham sizlarga! – dedi. – Boringlar, iloyim ishlaring oʻngidan kelsin!

Shundan soʻng bir kulib qoʻyib, yana nayni labining chekkasiga qoʻydi-da, odamga oʻsha paxtazorlar va sholizorlarni eslatadigan gʻamgin kuyini chalishga tushdi. U ham nay chalar, ham qoʻshiq aytardi. Shunchalik uzoq nay chalib qoʻshiq aytganidan charchab qolar, ba’zi kechalari oʻsha yerning oʻzida, tuproq ustida choʻzilib uxlab ham qolardi.

Durmalik goʻyo Halabiyobodda ekanligini unutib qoʻygandek, xuddi oʻzini oʻsha qoʻylari va echkilari orasida yurgandek his qilar, u ustida oʻtirib nay chalayotgan ana u tepacha ham oʻsha olis yaylovlardagi tepaliklar emas, balki temir-tersak, chirigan meva-chevalar, janda kiyimlar va singan shishalarning uyumi ekanligini bilmasdi.

* * *

Uyga yetib kelganimizda men charchoqning zoʻridan yigʻlagim kelardi. Bu paytda havo qop-qorongʻi boʻlib ulgurgan, oyim fonusni yoqib dadamning bosh tomoniga qoʻyib qoʻygandi. Nosir bilan Malaknoz uxlab qolishgan, Halima esa qoʻshni ayollar bilan birga mahallamizdan ikki yuz – uch yuz qadam yuqoriroqda boʻlgan axlatxona tomonga ketgan edi. Mahallamiz odamlari ushbu axlatxonada axlatlarni titib, biror narsaga yarab qoladigan turli narsalar topib olishardi.

Kechalari shahar kommunal xoʻjaligi idorasi axlatlarni yoqqanda uning sassiq hidi mahallamizga yoyilardi. Ammo shunga qaramasdan axlatxonaning shu yaqin orada ekanligi yaxshi edi. Oyim aytardi: «Xudoga shukrki, shahar hokimlarining kallasiga ushbu axlatxonani bu yerdan yigʻishtirib boshqa biror joyga koʻchirish kelmagan. Aks holda qora kunimiz bundan-da qorongʻu boʻlardi. Xudoga shukr! Xudoga ming bora shukr!»

Oyim toʻgʻri aytardi. Chunki hamisha u yerdan kunimizga yarab qoladigan biror narsa topsa boʻlardi: hali kiysa boʻladigan yirtilgan kiyimlar va poyabzallar, ishlatsa boʻladigan ruxli va plastik idishlar... Hatto bizga kerak boʻlmaganida ham ularni shaharga olib borib, eski buyumlarni sotish bilan shugʻulanadigan kishilarga berish, ularning oʻrniga naqd pul yoki kerakli biror narsa olish mumkin edi. Ba’zi paytlari axlatxonadagi qutilar ichidan hali urinmagan sabzavotlar va meva-chevalar ham topib olish mumkin edi. Faqat buning uchun odamning koʻzlari xuddi burgutning koʻzidek oʻtkir boʻlishi kerak. Oʻshandagina axlatlar orasidan topilgan bunday «oʻljalar»ga qirgʻiy kabi chang solish mumkin.

Oʻzim ham vaqt topganimda mahallamizning bolalari bilan axlatxonaga borardim. Odamning omadi chopsa qimmatbaho narsalarni ham topishi mumkin edi. Haligacha odamlar Ramon Marzuyi axlatxonadan topib olgan oltin uzuk toʻgʻrisida gapirib, uni oʻzlari topib olmaganlari uchun hasrat chekishadi. Ammo Xayrulloh bizning axlatxonaga borishimizni yoqtirmasdi. «Axlatxonada nima bor sizlarga?! – derdi u jahli chiqib. – U yerdagi narsalardan yo kasal boʻlasiz, yo oʻlasiz!»

Lekin bunga kim ham quloq solardi? Hatto Xayrulloh uyda boʻlgan kunlari ham oyim bilan Halima kechalari sekin bildirmasdan axlatxonadan «xabar olgani» chiqib ketishardi.

Kechki ovqatga non va pomidorimiz bor ekan. Pomidorlarni oyim oʻsha axlatxonadan topib olgan edi. Yuvib, tozalab dasturxonga qoʻyishgan, ammo buni Xayrullohga aytishmagandi. Aks holda u janjal qilishi va yemasligi mumkin edi. Mening esa ovqatlanishga umuman hafsalam yoʻq edi. Oyim bilan Xayrulloh gurungga berilib ketishganda sekingina dadamning koʻrpasi ostiga kirdim-da, hali badanim yaxshigina isimasdan turib uyquga ketdim. Tushimda oʻsha maktabni, birda toʻp oʻynayotgan va yana birda sinfda dars oʻtayotgan oʻsha bolalarni koʻrardim. Soʻngra Ta’lim va tarbiya boʻlimida Xayrulloh ikkalamizning ovorayu sarson boʻlib yurganimiz tushimga kirdi. Janob rais esa hadeb: «Boʻlmaydi! Agar boʻlganida oʻzim yozib berardim», derdi. Soʻngra esa shaxsiy guvohnoma beradigan idorada yolgʻiz turardim, oʻsha egizaklardek bir-biriga oʻxshab ketadigan ikki rais ham oʻzlarining oʻsha katta kitoblarini oldilariga qoʻyib olganlaricha koʻzoynaklari ustidan menga qarab: «Shaxsiy guvohnomangni olib kel, bekor qilamiz!» deyishardi. Men esa qoʻrqib ketganimdan oʻsha ikki raisni koʻrmayin deb koʻzlarimni qattiq yumib olgandim. Ammo yumuq koʻzlarim ortidan ham ularni koʻrardim, ular esa xuddi murdalarning yuzlariga oʻxshab ketadigan basharalarini menga qaratganlaricha oldimga kelishardi. Qancha qochay deb urinsam ham qocholmasdim, maktab bolalari esa mening ustimdan kulishar va joʻr ovozda: «Oʻhhoʻ! Oftob qayoqdan chiqdi...» deyishardi.

Choʻchib uyqudan uygʻonib ketdim. Jiqqa terga botgandim. Oyim bilan Xayrulloh esa haliyam oʻtirib gaplashishardi. Dadam yonimda uxlab yotar, men esa sovqotardim.

Koʻzlarimni yumib oldim. Oyim bilan Xayrulloh men toʻgʻrimda gaplashishardi. Qulogʻimni ding qildim.
– Qoʻying, uygʻotmang, – derdi Xayrulloh. – Mayli uxlasin. Bechora kecha kechasi ham mijja qoqqani yoʻq. Bugun ham bola bechora rosa charchadi. Bugun kechasi uning oʻrniga men borib ishlayman.

Birdaniga korxona esimga tushib ketdi va bugun kechasi Xayrulloh mening oʻrnimga bormoqchi ekanligini eshitib, suyunib ketdim. Toʻgʻrisi, agar oʻzim boraman deganimda ham borolmasdim. Chunki charchoqning zoʻridan a’zoyi badanim mayda-mayda boʻlib ketgandek edi. Ammo shuning bilan birgalikda Xayrullohning indin Bandar Abbosga qaytishi kerakligini eslasam ungayam ichim achib ketardi. Bechora, kecha kelganidan beri mening ishim ortidan yugurib yurardi.

Shu payt Xayrulloh mening oʻrnimga ishga borishi uchun oʻzimni uxlaganga solib nomardlik qilganimni his qildim. Oʻpkam toʻlib, koʻzimdan yosh oqib tusha boshladi. «Goʻrga! – dedim oʻzimga oʻzim. – Charchagan boʻlsam ham, bir amallab oʻrnimdan turaman-da, Xayrullohga: «Senga pishirib qoʻygani yoʻq, nima, mening oyogʻim singanmi, mening oʻzim boraveraman», deyman». Oyoqlarimni yigʻib oʻrnimdan turmoqchi boʻldim. Ammo... eyvoh, oyoqlarimda qimirlashga ham mador yoʻq edi. Oʻrnimdan turishga bir-ikki urindim-da, tinkam qurib yana jimib qoldim va qanday qilib yana uyquga ketganimni bilmay qoldim. Yana koʻz oldimga oʻsha ikki rais keldi. «Karamali oʻldi, shaxsiy guvohnomasini bekor qilgani keldik», deyishdi ular. Soʻngra oʻsha maktab bolalari kelishdi va oʻsha kitoblarini joʻr ovozda oʻqishdi. Durmalik esa tepachaning ustida oʻtirvolganicha bolalar uchun nay chalardi.

Yana uyqumdan uygʻonib ketdim. Endi kulbada na oyim bor edi, na Xayrulloh. Nosir bilan Malaknoz pishillaganlaricha jimgina uxlab yotishardi. Shu choq birdaniga «yana dadam oʻlib qolgan boʻlmasinlar», degan oʻy miyamga yashindek urildi. Qoʻrqqanimdan qaltiray-qaltiray dadamga qaradim. Yoʻq, xudoga shukr, nafas olyapti. Ammo nafas olishdagi xirillashi kuchaygan edi. Gulbibi kampirning bir marta oyimga aytgan gaplari esimga keldi. «Erim vafot qilganida qabristonda dafn qilgani qoʻyishmagandi», degandi u oʻshanda.

«Dadam vafot qilganda uni qabristonda dafn etgani qoʻyishsinda ishqilib! – dedim oʻzimga oʻzim. – Agar qoʻyishmasa uning murdasini nima qilamiz?»

Ogʻzim qurib ketdi. Goʻyo ushbu oʻylar borgan sari meni chanqatayotgan edi. Terlab ketgandim. Oʻrnimdan turib bir piyola suv ichdim-da, yana oʻzimni koʻrpaning ostiga urdim.

Endigina badanim isib koʻzim ilingan ekan hamki dadam chaqirib qoldi:
– Abdulloh!... Abdulloh...
– Ha.
– Tur oʻgʻlim, bir piyolagina suv olib bergin, suvsadim.

Malol kelib koʻrpaning tagidan chiqdim va suv toʻldirilgan suvdonning oldiga bordim. Undan bir piyola suv oldim-da, olib kelib dadamga berdim. Dadam suvni ichib, piyolani menga berdi. Piyolani stulning ustiga qoʻydim-da, yana oʻzimni koʻrpaning ostiga urdim. Bu safar yaxshilab isib olish uchun boshimgacha koʻrpaga oʻralib oldim. Yana koʻzim uyquga ilinishi bilan Durmalik, shaxsiy guvohnoma beradigan raislar va maktab bolalari koʻz oldimga kelishdi.

Endigina uyquga ketgan edim hamki yana kimdir meni chaqirayotganini eshitdim:
– Abdulloh! Abdulloh...

Koʻzlarimni ochib quloq soldim. Yana dadam chaqirayotgan edi. Oʻzimni uxlaganga solib jim yotaverdim. «Yana suv olib kel desalar kerak», dedim oʻzimga oʻzim.

Dadam yana chaqirdi:
– Abdulloh,... Abdullohjon oʻgʻlim...

Qoʻrsligim tutdi. Koʻrpani ustimdan otib yubordim-da:
– Ha, – dedim zarda bilan. – Yana nima deysiz?!

Dadam toʻshakda tirsagiga suyanib yarim turgan holda tomogʻidan zoʻrgʻa chiqayotgan xirilloq va siniq ovozda dedi:
– Manavi yostiqni orqamga qoʻyib ber, oʻtiraman.

Shunchalik jahlim chiqdiki, dadamga bir narsa deb yuboray dedim. Ammo oʻzimni tutdim-da:
– Jimgina uxlayvermaysizmi?! – dedim. – Yarim kechasi nima qilasiz oʻtirib?!

Dadam yarim koʻtargan boshini yana yostiqqa qoʻydi-da:
– Mayli, oʻgʻlim, mayli, – dedi. – Uxlayver, kerak emas!

Shu payt dadamga oʻzimning ichim achib ketdi.
– Turaqoling, – dedim. – Keling, yostiqni orqangizga qoʻyib beraman.

Dadam boshini chayqab «yoʻq» ishorasini qildi-da, boshqa hech narsa demadi. Koʻzlarini chodir oʻrtasidagi ustunga tikkanicha qotib qoldi. Koʻzlari yoshga toʻlgandek koʻrindi. Qilgan ishimga pushaymon boʻldim. Oʻzimni la’natladim-da, oʻrnimdan turib boshiga bordim.

Rangi qogʻozdek oppoq boʻlib ketgan edi. Boshini menga tomon burdi-da, jilmaydi. Koʻzlarida bir dunyo mehr jam boʻlgan edi. Ajin bosgan qoʻlini qoʻllarim orasiga oldim. Muzday edi.
– Dadajon, oyimni aytib kelaymi?

Hech narsa demadi. Yana koʻzlarini ochdi va lablari qimirladi. Ammo ovoz chiqmadi.

Birdaniga badanim muzlab, titray boshladim. Sovuq shamol kulbaning eshigiga tutilgan gilamni chekkaga surib yubordi. Fonusdagi olov lip-lip qildi, ammo oʻchib qolmadi. Badanimga gʻalati bir qoʻrquv oʻrladi va keyin nima boʻlganini tushunmadim. Jinnilardek kulba eshigigiga tutilgan gilamni shart chetga surdim-da, oʻzimni tashqariga urdim.

Birpasda axlatxonaga yetib bordim. Oyim bilan Halima endigina mahalla tomon kelishayotgan ekan.

Oyim meni koʻrishi bilan shoshib qoldi va soʻradi:
– Nima boʻldi, Abdulloh? Nega ranging oʻchib ketgan?

Gapirishga qancha urinmay gapirolmadim. Faqat:
– Oyi, dadam... dadam... – deya oldim xolos.

Shundan soʻng yigʻlab yubordim. Oyim axlatlar orasidan yigʻib olgan narsalarini yerga otib yubordi-da, ikki qoʻli bilan boshiga qattiq mushtlab dod solganicha chodirimiz tomon yugurib ketdi. Halima ham oyimning ortidan yugurdi. Men esa nima yuz berganini bilganim uchun chodirimizga borishga shoshilmadim. Shoshilganimda ham oyoqlarimda mador qolmagan edi.

Oyim bilan Halimaning nola-figʻoni mahallani tutgan edi. Chodirning ichiga kirishga yuragim yoʻq edi. Chodir tashqarisida yerga oʻtirdim. Oyim va Halimaning yigʻi-sigʻilari va nola-figʻonlarini eshitardim. Ammo, bilmadim, negadir mening koʻzimga yosh kelmas edi. Bir necha daqiqa oldin tirik boʻlgan dadamning oʻlganiga ishongim kelmas edi.

Koʻzlarimni osmonga tikdim. Yulduzlar har doimgidan ham yorugʻroq edilar. Xuddi suvga tushib ketgandek, osmon bagʻrida miltirashar va titrashardi.

Mahallamizning kulbalari va chodirlaridan birin-ketin odamlar chiqib bizning kulbamiz tomon kelishardi.

* * *

Xayrullohga qanday qilib xabar qilishganini bilmadim. Kelganida yuzida rang yoʻq edi. Ammo yigʻlamasdi ham. Malaknozni Gulparining, Nosirni esa Durmalikning oldiga joʻnatarkan:
– Bolalarning bu yerda boʻlishlari yaxshi emas, – dedi.

Shundan soʻng menga qarab dedi:
– Oʻrningdan tur, Abdulloh, oʻrningdan tur! Shu boʻy-basting bilan oʻtirvolib yigʻlayapsanmi?! Oʻrningdan tur. Tez-tez ishga kirishaylik.

Shundan soʻng yenglarini shimardi-da, ishga kirishdi.
– Yordam beradigan birorta bormi? – dedi. – Tepalikning orqasiga oʻtaylik, murdani yuvishimiz kerak.

Navroʻzali amaki bilan Rahmon Hamudiy unga ergashishdi. Oʻzimiznikida bir suvdon suv bor edi, yana ikki suvdon suvni qoʻshnilardan qarzga olishdi. Dadamni bir koʻrpaga oʻrab olib ketishdi. Erta tongda uni yuvib boʻlishgan ekan.

* * *

– Agar murdani qabul qilishmasa nima qilamiz? – dedi Xayrulloh.
– Unisi mening boʻynimda! – dedi Navroʻzali amaki. – Axir biz ham odammiz-ku?! Uch-toʻrtta yoshi kattaroq kishi yoʻlga tushaylik. Borib aytamiz: biz ham odammiz, bu ham bizga tegishli odamning murdasi. Sen tashvishlanma, Xayrulloh. Ishimiz toʻgʻri boʻladi, inshoolloh!

Kichik yuk mashinasi boʻlgan Ahmad ogʻo ertalab sotgani suv olib kelganida Navroʻzali amaki unga dedi:
– Ahmad ogʻo, bir savob ish qilgin: mana bu murdani Beheshti Zahro qabristoniga olib borib bergin.

Ahmad ogʻo esa koʻngli chopmay dedi:
– Mashinam rasvo boʻladi. Men musulmonlar uchun suv tashiyman. Rasvo qilsam yaxshi boʻlmaydi.
– Murda toza, gʻusl qildik.
– Murda murda-da baribir.

U shunday dedi-da, suv toʻla suvdonlarini sotish uchun mashinasidan sakrab pastga tushdi.
– Men katta koʻchaga chiqib bir kichik yuk mashinasi topib kelaman, – dedi Xayrulloh. – Qaytib kelgunimcha murda mana shu yerda turib tursin.

Xayrulloh mashina topib kelguniga qadar soat oʻn boʻldi. Mashina kelishi bilan dadamni toza bir koʻrpaga oʻradilar-da, mashinaning orqa tomoniga ortdilar. Navroʻzali amaki bilan Xonmuhammad mashinaning oldiga, Xayrulloh bilan Durmalik esa mashinaning orqa tomoniga, murdaning oldiga oʻtirishdi. Men ham boraman deb qancha oʻzimni urmay, oʻzlari bilan birga olib ketishmadi.
– Borib nima qilasan? – dedi Xayrulloh. – Hali u yerdayam mingta muammomiz bor. Hali bizning oʻzimizni u yerga kirgizishlari noma’lum. Murdani dafn qilish tomoshami senga?! Sen bolalarning oldiga bor, qiynalishib qolishmasin!

Dadamni olib ketishlari bilan chodirimiz tomon qaytdim. Erkaklar oʻsha atrofda tarqalib turishar, ayollarning esa ba’zilari tashqarida, boshqa ba’zilari chodirning ichida oyim bilan Halimaning yonida oʻtirishardi. Endi yigʻi-sigʻi tugagan, pichirlab gaplashishlar boshlangan edi. Hatto oyim bilan Halima ham endi yigʻlashmas, kecha kechasi toʻkkan koʻz yoshlarining oʻrni yuzlariga qora iz solgan edi. Oyim meni koʻrishi bilan soʻradi:
– Ketishdimi?
– Ha, ketishdi, – dedim. – Ahmad ogʻo olib bormadi, nomard! Endi uni nima qilishni oʻzim bilaman.

Shundan soʻng tashqariga chiqib erkaklarning orasida oʻtirdim.

Alebastr korxonasida ishlaydigan Salimxon dedi:
– Oʻlim haq, Abdulloh. Bekorga oʻzingni qiynamagin. Borib shaxsiy guvohnomangni ol-da, maktabingda oʻqigin. Shundagina rahmatli otangning ruhi shod boʻladi.

Shundan soʻng dedi:
– Hozir oʻrningdan tur! Bunday motam tutib oʻtirma. Yur, bizning chodirimizga boramiz. Bir piyola yangi damlangan choydan ichgin, ozgina oʻzingga kelib olasan.
– Yoʻq, Salim amaki, – dedim. – Borgim kelmayapti.
– Nega borging kelmayapti?

U shunday dedi-da, jilmayib:
– Bizning choyimizni koʻrsang borging kelib qoladi, – dedi. – Qani, tur oʻrningdan. Tur bolakay!

Qoʻlimdan tutib kulbasi tomon yetakladi.
– Salim amaki, men shu yerda oʻtiraman. Qaraylikchi, nima qilisharkin: qabristonda dafn etgani ruxsat berisharmikin yoki yoʻq?
– Boʻpti, shuni bizning chodirimizda oʻtirib kutib tursang boʻladi-ku?!

Ortiqcha tortishib oʻtirishning foydasi yoʻqligini angladim. Unga ergashdim. Oʻsha atroflarda oʻynab yurgan Nosir ham bizga ergashdi. Uning ortidan Malaknoz ham yetib keldi. Nosirga qarab dedim:
– Sen qayoqqa?
– Qoʻy, kelaversin, – dedi Salimxon. – Sen ham kel, bolam.

Salimxonning chodiri ichida oʻtirgan chogʻimizda kecha kechasi yuz bergan voqealar koʻz oʻngimga kela boshladi. Bechora dadamga oʻlayotgan chogʻida qanchalik azob berdim-a! Oʻzimga oʻzim derdim: «Agar Salimxon, Xayrulloh yoki oyim men kecha kechasi dadam soʻnggi nafaslarini olayotgan chogʻida uni qanchalik ranjitganimni bilib qolishsa, mening yuzimga tuflashlari va «Baloga uchragur, noloyiq oʻgʻil, otangni sen oʻldirding!» deyishlari aniq».

Oʻzimga oʻzim va’da berdim: «Agar Xayrullohdek katta boʻlsam pul topaman-da, Mashhadga, Imom Rizoning maqbarasiga borib dadam mening gunohimdan kechishlarini soʻrab iltijo qilaman». Bu yerda qancha oʻtirganimni va bunday xayollardan qanchasini surganimni bilmayman. Yaqinlashayotgan mashinaning ovozi xayollarimni boʻlib yubordi. «Kelishdi», dedim-da, chodirdan tashqariga chiqdim. Ammo u harbiylarning «Jip» mashinasi edi. Palov olib kelishgan ekan. Har payshanba kuni mahallamiz yaqinida joylashgan harbiy qismdan bizga palov olib kelishar edi. Biz oldindan tayyorlab qoʻygan kosalarimizni olardik-da, harbiylarning mashinasi oldida qator tizilib kosalarimizni birma bir askarlarning qoʻliga berardik. Ular kosalarimizga palov solib bizga berishardi. Payshanba kunlari biz uchun bayram edi.

Birdaniga koʻnglim sust ketdi va askarlar olib kelgan palovning yoqimli hidi dimogʻimni qitiqladi. Dadam oʻlmaganida edi Nosir va Malaknoz bilan har birimiz bittadan kosa tutgancha qatorga turgan boʻlardik. Ammo hozir buning iloji yoʻq. Dadam oʻlgan, buning ustiga uning murdasini koʻmish uchun joy topilgan yoki topilmaganligi ma’lum boʻlmagan bir paytda men qornimning tashvishini qilsam yaxshi boʻlmaydi. Mening yonimga kelib turgan Nosir esa dedi:
– Abdulloh, borib kosani olib kelaymi? Borib palov olmaymizmi?
– Palovni nima qilasan, ochkoʻz?! – dedim. – Bir kun nafsingni tiyib turolmaysanmi?! Dadam oʻlganligini bilmayapsanmi?! Hamma yigʻlab turgan bir paytda palovga balo bormi?!
– Yigʻlab boʻlishdiku?! – dedi Nosir palovdan koʻngil uzolmay.

Gaplarimizni eshitib turgan Salimxon chodirning ichkarisidan dedi:
– Nega palov yemaskan?! Dadam oʻldi deb hammalaring ochlikdan birin-ketin oʻlishlaring kerakmi?! Bu yoqqa kel, Nosirjon, kel oʻgʻlim. Mana bu kosani ol-da, borib oʻzingga va Malaknozga palov ol. Mana shu yerga olib kel-da yegin.

Men Nosirga qarab oʻqraydim. Xayrulloh boʻlganida edi buning adabini berib qoʻygan boʻlardi. Lekin men Salimxondan hayiqdim. Salimxon meni oʻzi palov yeya olmagani uchun jahli chiqyapti deb oʻylayapti, shekilli.

Nosir bilan Malaknoz xuddi qahatchilikka uchragan odamlar kabi shoshib-pishib palov yeyishayotgandi. Xayrullohning mashinasi kelib qoldi. Mashinaning oldiga chopib bordim. Xayrulloh shunchalik asabiy ediki, ming joyiga pichoq ursang bir qatra qon chiqmasdi. Odamlar ham mashinaning atrofida toʻplanib olishgandi.

Dadamning murdasini qabul qilishmagan edi.
– Nega dafn qilmadilaring? – dedi Salimxon. – Nega qaytarib olib keldilaring?
– Shaxsiy guvohnomasi kerak ekan, – dedi Navroʻzali amaki. – Murdaning shaxsiy guvohnomasi boʻlmasa dafn etishga ruxsat berishmas ekan.

Salimxon asabiylashib dedi:
– Bu toʻpolonda shaxsiy guvohnomani qayerdan topamiz?! Unda siz borib nima karomat koʻrsatdingiz? Shaxsiy guvohnomani qayerdan topamiz, deb aytmadilaringmi?

Boshi gangib qolgan Xayrulloh titroq ovozda dedi:
– Aytdik, ming marta aytdik. Yalindik, yolvordik. Boʻlmaydimi boʻlmaydi, tamom vassalom, deyishdi. Qonun nuqtai nazaridan mumkin emas emish. Nima qilib boʻlsada qoʻyishmadi. Axiyri shaxsiy guvohnoma yoki oʻlim toʻgʻrisida ma’lumotnoma olib kelmasak boʻlmaydi, shekilli. Boshimizga ne kunlar tushdi, Salim amaki!
– Murdaga shaxsiy guvohnomaning nima keragi bor ekan?! – dedi yana asabiylashib Salimxon. – Oʻlgan odam oʻldi, bu narsalar endi nima uchun kerak ekan?!

Men qanchalik oʻylamay, oʻlgan odamning shaxsiy guvohnomasi ularga nima uchun kerakligiga sira aqlim yetmasdi. Shaxsiy guvohnomani oʻlikka qoʻshib qabrga koʻmishmasa kerak, axir?!

Axiyri Salimxon dedi:
– Unda bunday qoʻl qovushtirib oʻtirmaylik. Bir ozdan keyin murda sasib qoladi. Mashinaga chiqinglar, fuqarolik holatlarini qayd etish idorasiga boramiz. Qani nima boʻlarkin?

Murdani Salimxonning kulbasiga olib borib qoʻydilar-da, oʻzlari mashinaga chiqdilar. Xayrullohga dedim:
– Xayrulloh, men ham boraymi?
– Borib nima qilasan?
– Shunday oʻzim. Biratoʻla mening shaxsiy guvohnomamni ham olib kelamiz.

Xayrulloh asabiylashdi, boshini burdi-da, pichirlab bir narsalar dedi va mashina tomon ketdi.

Ortidan yugurdim:
– Xayrulloh, men ham boraymi?...
– Boʻpti kelaqol, – dedi u koʻngayday. – U yerda tomosha bor ekanmi senga?!

Men bilan Xayrulloh mashinaning orqa tomoniga, Navroʻzali amaki bilan Salimxon esa mashinaning oldiga oʻtirishdi. Mashina joyidan burilganicha havoga chang-toʻzon koʻtardi-da, yoʻlga tushdi.

Yana Xayrulloh bilan men oʻsha eski gʻishtin binoning eski zinalarini koʻrib turardik.

Navroʻzali amaki bilan Salimxon oldindan, men bilan Xayrulloh esa ularning ortidan zinalardan koʻtarilib borardik.

Bu safar ikkita shaxsiy guvohnoma olgani kelardik: biri kecha oʻlgan dadam uchun, ikkinchisi hali tirik boʻlgan men uchun.


  1. Ta’lim va tarbiya boʻlimi – Eronda: Xalq ta’limi vazirligi Ta’lim va tarbiya vazirligi deb nomlanib, uning viloyatlardagi boshqarmalari Ta’lim va tarbiya boshqarmalari, tumanlardagi boʻlimlari esa Ta’lim va tarbiya boʻlimlari deb nomlanadi. (Tarj.).