OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifFaridun Amuzoda Xaliliy
Asar nomiIkki dona pishmagan xurmo (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fors adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Faridun Amuzoda Xaliliy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonShokirjon Olimov (Forschadan)
Hajm30KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ikki dona pishmagan xurmo (hikoya)
Faridun Amuzoda Xaliliy

– Nima qilay qoʻlimdan boshqa narsa kelmasa?! – derdi otam. – Hali bu narsalarni tushunishga yoshlik qilasan. Ammo kattaroq boʻlganingda albatta buni tushunib yetasan. Oʻshanda menga bunday qaramaysan va hozirgiday meni savollarga koʻmib tashlamaysan.

Lekin men endigina oʻn uch yoshga kirsam-da, bularning barchasini yaxshigina tushunardim. Shu sababli bundan xafa ham emasdim, otam aytganiday unga «bunday» qarayotganim hamyoʻq edi.
– Bir kuni kelib sen ham oʻz bolangga nisbatan men qilgan ishni qilib qolishing mumkin, – deb gapida davom etardi otam.

Shundan soʻng baland ovozda qichqirdi:
– Suvni olib kel! Isib ketgandir, axir.

Onam ichidan bugʻ chiqib turgan katta qozonni olib kelib kapamizning oldiga qoʻydi va oʻzi ham uning yonida yerga oʻtirib oldi.
– Darrov kiymlaringni yech!

Koʻylagimni yechishim bilan oyimga koʻzim tushdi. U haliyam issiq suv toʻla qozon oldida oʻtirganicha menga tikilib turar, endigina uyqudan turgan ukalarim va singillarim birin-ketin kelib uning atrofini oʻrab olishgandi.
– Nega indamay oʻtirib olding? Oʻrningdan tur-da, anavi sedarni[1] olib kel!

Shundan soʻng otam xuddi juni olinadigan echki bolasi kabi meni qozonning yoniga tortib, boshimdan bir kosa issiq suv quyib yubordi. Men esa boshimdan olov quyilgandek shunday qichqirdimki, otamning qoʻllari beixtiyor boʻshashib ketdi va men qochib qolishga ulgurdim.

Qoʻlida bir hovuch sedar olib kelgan onam esa kapaning oldida qarab turardi.
– Kuydim, – dedim gʻingshib. – Judayam issiq ekan.
– Issiq boʻlishi kerakda oʻzi, – dedi otam parvo qilmay. – Nima, mana shu ahvolda yuvinmasdan Eronshahrga bormoqchimisan?

Onam ishora bilan: «Sovuq suv, sovuq suv», dedi.

Onam nima demoqchi boʻlganini tushundim. «Ozgina sovuq suv qoʻsh, boʻlmasa», demoqchi boʻlayotgandi.
– Sovuq suv nimaga kerak? – dedi otam. – Hozir bu bolaning badanida mingta kasallik bor. Issiq suv ularning barchasini yuvib ketadi. Buning ustiga teri ostidagi qon ozgina yurishadi. Hech boʻlmasa yuziga bir oz rang-roʻy enadi.

Otamning bu gapiga onam hech narsa demadi. Oʻzi borib bir chelak suv olib keldi-da, qozonning ichiga quydi. Otam gʻazab bilan menga qaradi-da:
– Endi kel, boʻlmasa! – dedi.

Shundan soʻng ikkalalari birgalashib badanimni uch marta sedar bilan yuvishdi va otamning toza langutasi[2] bilan artishdi. Soʻngra onam kapamiz ichkarisidan faqatgina bayram kunlari yoki shaharga borganimizda kiyiladigan oq koʻylagim va keng ishtonimni olib chiqdi. Otam esa oʻzining ashqollari orasidan oʻrtoqlaridan biri unga Chobahordan[3] olib kelgan hind atri shishachasini topib, uni badanimga surkadi. Onam sochlarimni tarab tartibga soldi va qoʻllari bilan ishora qilib: «Endi xuddi kuyovlarga oʻxshab qolding!» dedi va lablarini peshonamga bosib meni oʻpdi. Yuzlarim issiq suvda kuyganiga, buning ustiga uyalib turganimga qaramasdan oʻzimni dunyodagi eng baxtiyor boladay his qildim. Shu holda ich-ichimdan suyunardim va mening baxtiyorligimga hasad qilayotgan ukalarim va singillarimning ustidan kulardim.
– Juda yaxshi, – dedi otam bu holatimdan mamnun boʻlib. – Endi anavi shippaklarni olib kel.

Onam borib oʻzi xurmo daraxti poʻstlogʻidan toʻqigan bogʻichli shippakni olib keldi-da, oyoqlarim ostiga qoʻydi.
– Shippakni nima qilaman?
– Kiyvol! Och-yalangʻoch gadoy ekan deyishmasin, tagʻin.
– Shippak kiymayman. Mana shunday ketaveraman.
– Kiy, dedim senga! Koʻp gapirma! Katta yoʻlgacha uch farsax[4] keladi. Oyoqlaring urinib qoladi. Oʻtir-da kiyvol.
– Shippak kiyib yurishga oʻrganmaganman. Oʻydim-chuqurlarda qoqilib yiqilaman.
– Mana bu ayol bir hafta oʻtirib sen uchun bu shippaklarni toʻqidi. Oʻtirgin-da, kiy!

Onam roʻparamga oʻtirib bir oyogʻimni tizzasining ustiga qoʻydi. Ammo ogʻir boʻlib, oyoqni urishini bilganim uchun tezda oyogʻimni tortib oldim. Lekin onam boshini koʻtarib yuzimga shunday tikildiki, unga ichim achib ketdi va oyoqlarimni shippaklarga tiqishga majbur boʻldim. Onam shippakning bogʻichlarini toʻpigʻimga aylantirib qattiq bogʻladi.

Shippakdan koʻngli tinchigan otam yengil nafas oldi-da:
– Unga bir piyola suv ham ber, ichvolsin, – dedi. – Havo issiq, Eronshahrga yetgunimizcha yoʻlda chanqab qoladi.

Onam yugurib borib suv toʻla meshni olib keldi. Kecha oqshomdan beri chanqab turgan ekanman, nafasim qaytib qolgunicha suv ichdim. Onam esa xuddi shu choqqacha suv ichishimni koʻrmagandek aftimga tikilganicha meni kuzatardi.

Kapamizning oldidan qoʻzgʻalib, yoʻlga tushganimizda kun yorishib qolgan edi. Ukalarim va singillarim haliyam kapamiz oldida menga qarab turishardi. Hatto erta tongdanoq oʻz kapasidan chiqib kelgan Jonbibi ham onamning yonida kapaga suyanganicha meni kuzatib qolayotgandi. Hammadan ham koʻproq onamning yonida turvolib menga qarab qoʻllarini tez-tez silkitayotgan kichkina singlim Mohipeshonani yaxshi koʻrardim.

Abdusattorning kapasi oldida ovulning bekorxoʻjalari – Nabibaxsh va Mehrob qum ustida yalpayib oʻtirganlaricha bizni tomosha qilishardi.
– Yoʻl boʻlsin endi, xudo xohlasa? – deb soʻradi Nabibaxsh.

Gapirishga hafsalasi boʻlmagan otam:
– Shaharga... – dedi-da, gapining qolganini ichiga yutdi.

Men yana bir martagina oʻz kapamizni koʻrib qolish uchun orqamga qaytdim. Onam qora sarikini[5] kiyganicha qumlar ustida oʻtirar, Mohipeshona esa haliyam menga qarab qoʻlini silkitardi. Yana bir singlim va ukalarim esa qotib turishardi. Men ularga qarab qoʻlimni koʻtarishim bilan ukalarim ham tez-tez qoʻllarini silkiy boshlashdi. Ular meni bugun ham shunchaki biz bilan oʻynayapti deb oʻylashardi chogʻi.

Otam choʻlning oʻrtasiga yetgunimizga qadar boshqa gapirmadi. Oftob asta-sekin tepamizga kelgan, Chohbahor tomondan esgan epkin havoni bir oz salqin qilgandi.
– Nambi shamoli[6] kelyapti, – dedi otam. – Qani edi xudo bir yomgʻir yogʻdirsaydi...

U shunday deya na bir parcha bulut, na yomgʻirdan darak boʻlgan osmonga tikildi. Choʻl oldingiday sokin va quruq boʻlib, unda esayotgan kuchsiz shamol kapalarimiz tomondan bir ayolning gʻamgin qoʻshigʻini olib kelardi:

«... Ukaginam, bu yil qahatchilik boʻldi. Bizning aziz vatanimiz qashshoq va nochor... Hali pishib yetilmagan xurmo urugʻining tuproqqa tushishi judayam uvol...»

Men choʻlning narigi tomonida oʻtin terayotgan ovulimiz bolalarini kuzatardim. Doimo jigarrang koʻylak va ishton kiyib yuradigan Murod ham dam engashib, dam turganicha oʻtin terardi. Men uni uzoqdan tanib qichqirdim:
– Hey... Murod!

Murod qaddini koʻtardi-da, meni koʻrib qoʻlini silkitdi.

Otamga esa bu yoqmadi chogʻi:
– Nima ishing bor u bilan? – dedi.

Shundan soʻng otam menga nasihat qilishga tushdi. To choʻlni kesib oʻtgunimizga qadar qayta-qayta qulogʻimga quydi:
– Bolam! Ehtiyot boʻl, ishtoningni tikan-pikan yirtmasin. Sekinroq yur, tagʻin badaning terlab sasib ketmasin. Kel, mening soyamdan yur, oftob hind atrining hidini uchirib ketmasin tagʻin...

Mening xayolim esa choʻl oʻrtasida yashnab turgan bir necha tup yul-gʻun va kunor daraxtida edi. Agar ovulimizning bolalari buni koʻrishganida edi, ulardan qancha sedar yigʻib ketishgan boʻlardi.
– Bu safar kunor bargi termoqchi boʻlsam, choʻlning mana shu tomoniga kelaman, - dedim otamga. Hu anavi tomonga qarang! Kunor daraxtlari...

Otam kunor daraxtlariga bir qarab qoʻydi-da, qadamini tezlashtirdi:
– Tezroq yur! Oftob tikkaga kelib qoldi.

* * *

Kahuriy yoʻliga yetib borgunimizga qadar quyosh hamma joyni qizdirib yuborgan, bogʻichli shippak oyogʻimni ura boshlagandi. Oyoqlarim achishar, shippakning bogʻichi toʻpigʻimni qiyib yuborgandi. Otam boʻlmaganida edi allaqachon bu shippaklarni choʻlning oʻrtasiga uloqtirib yuborgan boʻlardim.

Yoʻl chekkasida qancha turmaylik mashina koʻrinmasdi. Koʻrinishidan baluj boʻlgan bir keksa va ikki yosh kishi ham biz kabi mashina kutib turishardi. Keksa kishi yoʻl chetida oyoq uchida oʻtirar, oʻzining aytishicha bir soatdan beri «biror mashina kelib qolarmikin», deya koʻzi yoʻlda edi.
– Piyoda ketaveraylik, – dedim otamga. – Bunaqada kechgacha ham turaveramiz. Baribir mashina kelmaydi.
– Qayoqqa boramiz? – dedi otam. – Eronshahr senga Jonbibining kapasidek joyda emaski, yugurib borib kelsang! Shahargacha oʻn-oʻn ikki farsax yoʻl axir.
– Unda ovulga qaytaylik... – deyishim bilan otam menga shunday oʻqra-yib qaradiki, gapimning qolgan yarmini ichimga yutib qoʻya qoldim.

Shu choq keksa kishi birdaniga oʻrnidan turdi-da:
– Keldi! – dedi. – Kelayotganga oʻxshaydi...

Yoʻlning narigi uchidan bir qizil mashina oftob nurida yaraqlaganicha biz tomon yaqinlashib kelardi. Bizning oldimizga kelib toʻxtadi. Bu yuk mashinasi boʻlib, uning yukxonasi odam bilan toʻla edi. Erkagu ayol aralash minib olishgan, ular orasida yosh bolalar ham bor edi. Dadam qoʻlimdan ushladi-da, avval meni mashinaning yukxonasiga chiqardi, soʻngra oʻzi ham chiqib oldi.

Mashinada ham otam oʻzining nasihatlarini davom ettirardi:

«U yerga borganimizdan soʻng unday qilma, bunday qil. Behudaga kulaverma, hadeb u yoqdan bu yoqqa sakrayverma. Koʻzlaringni loʻq qilib turma. Xojaning koʻzlariga choʻl boʻrisiga oʻxshab qarama. Oʻzingni moʻmin-qobil kishidek tut. Xuddi beozor bir qoʻzichoqdek. Ammo ehtiyot boʻl, tagʻin boʻyningni egib turaversang seni qoʻlidan hech ish kelmas ekan deb oʻylashmasin. Xaridorlarga oʻzingni echki bolasidek emas, balki qoʻchqordek qilib koʻrsatgin. Tushundingmi?»

* * *

Shu choqqacha Eronshahrning buyum bozorini koʻrmagan edim. Ammo otam koʻrgan edi. Bir safar boʻyra, xurjun hamda onam bilan birga kahur daraxti yogʻochidan yasagan mushtak va chilimlarini, yana bir safar esa burama shoh echkimizni sotgani ushbu bozorga kelgan edi.

Buyum bozoriga yetib kelganimizda kun tushga yaqinlashib qolgandi. Men shunchalik terga botgan edimki, badanimga sepilgan hind atrining hidi ham kamayib qolgan, ishtonimning pochalari esa tuproqqa belangandi. Shular toʻgʻrisida aytmoqchi boʻlib ogʻiz juftlagan edim hamki, otam:
– Meni mahkam ushlab olgin! – dedi. – Yoʻqolib qolma tagʻin.

Oldiniga bozor deganlari mana shu yer ekanligini anglab yetmadim. Faqatgina ayrimlari keng va ayrimlari tor boʻlgan egri-bugri koʻchalarni oralab yurganimizni bildim. Bu koʻchalarning barchasi odam bilan liq toʻla boʻlib, har bir kishi sotgani biror narsa olib kelgan, har bir sotuvchi baqirib-chaqirganicha oʻz molini maqtardi. Bu koʻchalarda odam shunchalik koʻp va tiqilinch ediki, igna tashlasang yerga tushmasdi. Biror joyda muqim turib boʻlmas, odamlar oqimi uni surib boshqa joyga olib ketardi. Otamning qoʻlidan chiqib ketsam, bu izdihomda yoʻqolib qolaman deb qoʻrqdim. Chunki yoʻqolib qolsam, boshqa biror kishi meni oʻzining bolasi oʻrnida sotib yuborishi, otam esa asabiylashganicha quruq qoʻl bilan uyga qaytishi mumkin edi.

Barcha sotuvchilar erta tongdanoq bozordan joy egallab edi. Biz esa qayerdan joy olishimizni bilmay hayron qolgandik.
– Bu gʻala-gʻovurda qanday qilib xaridor topamiz? – dedim.
–Tezroq yur, hozir yetib boramiz, – dedi otam.

Koʻproq xorijda ishlab chiqarilgan buyumlar sotiladigan yerdan oʻtib xilvatroq boʻlgan bir keng koʻchaga yetdik. Ikki chetdagi devorlari somon suvoq qilingan bu koʻcha unchalik ham toza boʻlmay, undan goʻng isi kelib turardi. Koʻchaning u yer-bu yerida mol va ot tezaklari, qoʻy va echki qumaloqlari koʻzga tashlanar, ular odamlar bosib oʻtaverganidan tekislanib koʻcha bilan bir boʻlib ketgan, koʻchadan sassiq hid ufurardi.

Otam ikki semiz qoʻchqorni simyogʻochga bogʻlab qoʻygan bir baluj kishi bilan salom-alik qildi.
– Axiyri olib keldingmi?–dedi baluj kishi.

Otam boshini qimirlatib qoʻydi. Baluj kishi esa menga bir nazar tashlab:
– Mosholloh! – dedi. – Koʻz tegmasin, pahlavonday yigit ekan.
– Menimcha. Hozir oʻn uch yoshga chiqib qoldi, – dedi otam.
– Karvonsaroyga bor, – dedi baluj kishi. – Xaridor kelsa sening oldingga joʻnataman.

Bir oz yurganimizdan soʻng otam:
– Nima deganlarim esingda turibdimi? – dedi. – Xaridorga qarab koʻzlaringni loʻq qilib turma. Bulbuldek sayrashing ham kerak emas. Agar men ishora qilsam gapir, soqovga oʻxshab ogʻzingni yumib oʻtirma.

Shu payt arqoni keksa bir kishining qoʻlida oʻrovli turgan oriq va oʻlaksa echkiga koʻzim tushdi. Echkining koʻzlariga yaxshilab qaradim: koʻzlari koʻpam otam aytganiday emasdi...
– Echkimizni mana shu odamga sotgandim, – dedi otam. – Endi esa mana bu badbaxtning otini ham sotib olmoqchi.

Otam shunday deb yerga tupurdi. Men esa peshonasi oq jigarrang bir otning tishlarini koʻrayotgan, koʻylagini forslarga oʻxshab ishtonining ichiga tiqib olgan kishiga qaradim.
– Otini sotib olmoqchimi?

Otam bu savolimga javob bermasdan:
– Senga tishingni tuz bilan tozalab yuvishingni aytish esimdan chiqib ketibdi, – dedi. – Qani, bir koʻray-chi.

«Tishlarim nimaga kerak ekan?» deb oʻyladim-da, ogʻzimni ochdim.

Otam yuqori va pastki tishlarimni yaxshilab koʻrib chiqdi va bir necha marta afsuslangansimon kallasini qimirlatib qoʻydi-da:
– Judayam sargʻayib ketibdi, – dedi. – Bir nechtasini qurt ham yegan ekan. Nega Jamila senga tishingni tuz bilan yuvishing kerakligini aytmadi?
– Tishlarim nimaga kerak? – dedim ajablanib.

* * *

Birinchi kelgan xaridor tezda jagʻimni ushlab boshimni yuqoriga koʻtardi-da, yuzimga qaradi. Uning yuzi semiz va lunjlari shishgan boʻlib, koʻzlari qoʻrqinchli edi. Men darhol koʻzlarimni yerga qaratdim.
– Ogʻzingni och!

«Ogʻzim nimaga kerak ekan?», deb oʻylayotgan edim hamki u panjalari bilan jagʻimni qattiq siqib ogʻzimni ochib yubordi.
– Eh he! Tishlarining hammasini qurt yeb ketgan-ku?!

U shunday deb jagʻimni qoʻyib yubordi. Boshim yana otam tomonga burilib qoldi.
– Qani qurt yegani? – dedi otam. – Faqatgina bittasi qoraygan, xoja hazratlari! Qolganlari sogʻlom. Oʻttiz ikki tishidan oʻttiz bittasi soppa-sogʻ.
– Yoʻq, elatdosh! Buning menga yaramaydi. Xandon pista qiladigan ishchi kerak menga. Men koʻrgan bu tishlarning bunga kuchi yetmaydi, ikki kunda ogʻzidan toʻkilib tushadi.

U odam oldimizdan keta boshlashi bilan jur’at qilib boshimni koʻtardim va ortidan unga qaradim.
– Xaridor emasman deb aytmaysanmi! Boʻlmasa mana shunday sogʻ-lom tishlari bilan...

U odam otamning gaplarini eshitmadi. Karvonsaroyning narigi tomoniga borib boshqa bir bolaning jagʻini ushlab olganicha uning tishlarini koʻrardi.
– U oʻzi istagan tishlarni hech qayerdan topa olmaydi, – dedim.

Men shunday deya oʻsha xaridor tishlarini koʻrayotgan bolaning yuzini koʻrish uchun boʻynimni choʻzdim. Ammo xaridor judayam semiz boʻlib uning orqa tomonidan boyagi bolani koʻrishning iloji yoʻq edi. Yaqinroq borib koʻrish uchun endi yoʻlga tushgan edim hamki, otam urishib berdi:
– Hadeb u yoq-bu yoqqa sakrayvermay joyingda tur!

Joyimda toʻxtadim. Oʻsha xaridor esa yana qoraygan va qurt yegan tishlarga uchradi chogʻi, indamasdan karvonsaroydan chiqib ketdi. Men oʻsha xaridor tishlarini koʻrgan oʻsmir qiz bola ekanini endigina koʻzim tushgan edi. Qizcha haligina xaridor ushlab siqqan jagʻlarini silar, yuzidan qoʻrqqani koʻrinib turardi. Yosh qiz uni bu yerga olib kelgan, bilmadim, otasi yoki bobosi boʻlgan bir keksa kishi bilan birga tosh ustida oʻtirishardi.
– Sen hadeb u yoq-bu yoqqa sakrayverma! – dedi otam. – Koʻrdingmi, mana bularday jimgina boshingni quyi solib oʻtirsang, koʻproq xaridor keladi.

Shu choq oʻsha qiz bola biz tomonga qaradi, ammo tezda uyalib koʻzlarini olib qochdi va boshini quyi solib oldi. Koʻzlari otam aytganiday, qoʻchqorning koʻzlariga ham oʻxshamasdi. Koʻzlari xijolatga toʻla boʻlib odamdan qochardi.
– Koʻzlari qoʻchqorning koʻzlariga oʻxshamas ekan, – dedim. – Ohuning koʻzlariga oʻxshaydi. Shuning uchun ham xaridorlar uning oldiga koʻproq kelishsa kerak.

Otam menga koʻzlarini olaytirib qaradi-da:
– Ovozingni oʻchir! – dedi. – Anavi kelayotgan odam xaridor boʻladi!

Asta-sekin biz tomon kelayotgan va basharasi qojorlarga[7] oʻxshab ketadigan kishiga qaradim. Ammo otamning gaplari esimga tushib ketib, yana boshimni quyi solib oldim. Xuddi shu holda koʻz ostidan boyagi qizga nazar tashladim. U haliyam boshini quyi solganicha xomush turar, yenglari uzun keng koʻylagi binafsha rangida boʻlib, ustidagi chodirida katta-katta yashil gullari bor edi.

Qojor kishining ovozi yoʻgʻon edi. Bunday xoja meni olib ketishini istamasdim. U oyogʻiga arabiy sandaldan qilingan kovush, ustiga sariq ishton va yengi kalta koʻylak kiyib olgan, bilaklari yoʻgʻon va junli edi.
– Oʻrningdan tur, bir koʻray-chi!

Otam shoshib-pishib dedi:
– Tur oʻrningdan, Suhrob!
– Ismi Suhrobmi?
– Ha, Suhrob. Ammo siz qanday ism qoʻysangiz, tezda oʻshanga koʻnikib ketadi. Keyinchalik qanday ismni xohlasangiz qoʻyishingiz mumkin.
– Oʻzingning oʻgʻlingmi?

Otam boshini quyi solganicha jim qoldi.
– Oʻsha aytganim: oʻn sakkiz mingta...
– Qanaqasiga oʻn sakkiz ming? Bundan ikki oy oldin amakisining oʻgʻlini yigirma mingtaga sotishdi. Hali oʻn yoshga ham kirmagan edi. Nimjon va kuchsiz edi. Buning nima kamchiligi bor ekan?

Qojor qoʻllarimni qoʻllarining orasiga oldi, ularga yana bir bor sinchiklab qaradi-da:
– Yoʻq, – dedi. – Oʻsha aytganim: oʻn sakkiz mingta... Pulni sanayveraymi?

Otam shart oʻtirib oldi. Boshini undan oʻgirdi-da:
– Bermayman, xoja hazratlari, – dedi. – Siz xaridorga oʻxshamaysiz!

Qojor kishi boyagi chol va u bilan birga turgan qiz bola tomon yoʻl oldi. Qiz bola oʻzini tartibga soldi, qojor esa chol bilan gaplasha boshladi. Qiz bolaning narxi toʻgʻrisida savdolashayotgani aniq edi. Ammo qojor kishi u yerdan ham ketdi.
– Bekordan-bekorga hamma bilan savdolashish, soʻngra esa hech kimni sotib olmasdan ketvorish uchun kelgan ekan-da, – dedim.

Qiz bola boshini koʻtardi va men yana bir bor uning koʻzlarini koʻrishga muvaffaq boʻldim. Uning koʻzlari xuddi men oʻylagandek edi.

Qiz koʻzlarini yerga qaratib, yana bir bor yuqoriga qaraganida unga oshiq boʻlgim kelib ketdi. Agar unga oshiq boʻlganimda edi onamning aqiq uzugini sekingina olardim-da, unga taqdim etgan boʻlardim. Ularning kapasi Jonbibilarning kapasi oʻrnida boʻlganda edi, har kechasi unga non eltib bergan boʻlardim. Shunda birgalashib arpa noni yerdik, oshiq boʻlardik va yana arpa noni yerdik...
– Bu issiqda uyqung kelyapti chogʻi? Tur oʻrningdan, hu anavi yerdagi soyaga borib tur.

Oʻrnimdan turdim. Otam oʻsha tomonga qarab yurganda dunyo topgan gadoydek suyunib ketdim. Xudoga ming martalab shukr qildimki, chol va uning yonidagi qizning roʻparasidagi soya boshqa barcha joydagi soyalardan kattaroq ekan.
– Anavi yerga boraylik, soyasi koʻproq ekan, – dedim otamga.

Endi oʻsha qizning roʻparasida oʻtirardik. Ikkalalari cholning langutasini oldilarida yoyib olganlaricha arpa noni bilan xurmo yeyishardi. Men yana xayolga berildim: «Agar ularning kapasi bizning kapamiz yonida boʻlganida edi...»

Shu choq birdaniga avval chol menga qarab ishora qilganini, undan soʻng oʻsha yosh qiz menga qaraganini, soʻngra oʻrnidan turib biz tomon chopib kelayotganini koʻrdim. U oldimizga kelib qoʻlidagi ikkita xurmoni menga uzatdi. Men esa nima qilishni bilmay qotib qolgandim, qoʻllarim uvushib qolgandek harakatga kelmasdi.
– Qoʻlidan olmaysanmi?...

Otam shunday deya qizning qoʻlidan xurmolarni oldi. Qiz esa yana otasi yoki bobosi boʻlgan cholning oldiga qarab chopib ketdi. Otam har ikkala xurmoni menga berdi. Men esa kecha kechasi oyim menga yashirincha bergan bir dunyo arpa noni yeb olganimga qaramasdan shunchalik och-qagan ekanmanki, ikkala xurmoni ham paqqos tushirdim. Ammo uning danaklarini otib yuborgim kelmadi va navbatdagi xaridor kelguniga qadar ularni shimib oʻtirdim. Shu asnoda roʻparamga qarab-qarab qoʻyardim. Chol tizzalarini qorniga yopishtirib olganicha oyoq uchida oʻtirar, langutasini beliga va oyoqlariga oʻrab olgan, koʻzlarini yumganicha mizgʻirdi. Qiz bola esa ba’zida menga qarab qoʻyar, soʻngra yana koʻzlarini olib qochardi. Otam esa menga aslo e’tibor bermas, oʻz oʻy-xayollari bilan band edi. U puldorroq xaridor kelib qolishini kutardi.

Shu choq koʻnglim uning ismi onamnikiday Jamila boʻlishini istab ketdi. Lekin uning onamday gung boʻlishini emas, balki gaplarini imo-ishorasiz gapira olishini istardim. Menda agar Muridxonning[8] yuragidaqa yurak boʻlganida edi albatta uni sevib qolgan, qanday qilib boʻlsa-da, pul topib, oʻzim ana shu choldan sotib olgan boʻlardim. Shundagina biror bir quldor xoja uni sotib olmagan va oʻzi bilan birga olib ketmagan boʻlardi.
– Suhrob! Oʻrningdan tur, Suhrob!

Yana xaridor xojalar kelgan edilar. Ularning ikkitasi yosh, bittasi esa keksa kishi edi. Koʻrinishlaridan judayam badavlat kishilarga oʻxshashardi. Keksa xoja koʻziga koʻzoynak taqib olgan, qoʻlida dastasi kumushdan hassa tutgan, tilla zanjirli soati esa kamzulining choʻntagidan chiqib turardi. Koʻzlari odamga judayam mehribon boqardi. Koʻnglim shular meni sotib olishlarini istab ketdi. Koʻz qarashlaridan bir necha uylari va bir necha mashinalari ham bor ekanligi koʻrinib turardi. Ular sotib olgan bola hech boʻlmaganda mashinada tekin yurishi mumkin edi.

Koʻzlarim «Jamila»ga tushganda uning hayajondan titrayotganini koʻrdim. Xuddi «Jamila» ular meni olib ketishlarini, meni olib ketishsa, bir oʻzi yolgʻiz bu yerda qolib ketishni istamayotganday edi.

Keksa xoja gap boshladi:
– Yoshi nechada?
– Oʻn uch yoshda... Hech boʻlmaganda oʻn ikkida...
– Savodi ham bormi?
– Yoʻq, xoja hazratlari.

Shundan soʻng xojalardan biri dedi:
– Ota-onasi ma’lum halolzoda bola boʻlsa kerak, axir...

Otam shosha-pisha dedi:
– Ha-ha, oʻzimning oʻgʻlim, xoja hazratlari!

Keksa xoja soʻradi:
– Boʻladigan narxi qancha? Necha pul soʻraysiz?

Otam dedi:
– Amakisining oʻgʻli oʻn yashar edi, kichik va nimjon, yigirma mingtaga sotib olishdi... Mana shu ikki oy oldin.

Ulardan biri dedi:
– Amakisiningu xolasining oʻgʻli bilan ishimiz yoʻq. Siz ayting: bunga oʻzingiz necha pul soʻraysiz?

Otam yana tushuntirish berishga tushdi:
– Oʻzimning oʻgʻlim. Onasi qashshoqlik va yetishmovchilik bilan katta qildi. Yeguligiga nima topib berishni bilmadim. Toʻrt muchasi sogʻ. Insof oʻzingizdan, xoja hazratlari...

Xojalardan biri dedi:
– Gapimga quloq soling: biz buni oʻgʻrilik qilgani olib ketmaymiz. Chegaraning u tomoniga – arab amirliklariga joʻnatmaymiz ham. Kondami, choʻl-biyobondami ishlatish niyatimiz ham yoʻq. Biz uni uy xizmatkori qilish uchun olib ketmoqchimiz. U yerda oʻz uyida yashagandek yashaydi, u yerdagilar nima yesa oʻshani yeydi, qanday yotib tursa shunday yotib turadi. Kelajagi ham yaxshi boʻladi... Endi ayting, qancha beraylik?

Otam nima deyishini bilmay qolgandi.

Xojalardan boshqa biri dedi:
– Boʻladigan narxi oʻn beshta. Ma’qulmi?

Otam jagʻini ushlab uni tez-tez qashladi.

Keksa xoja dedi:
– Koʻngling xotirjam boʻlsin. Hech boʻlmaganda bolang oʻgʻri yoki jinoyatchi boʻlib ketmasligini oʻylab bexavotir yashaysan.

Otam dedi:
– Yigirma mingta...

Oldin yosh xojalardan biri, soʻngra ikkinchisi oldimizdan keta boshladi. Keksa xoja dedi:
– Otajon, yaxshilab oʻylab koʻring. Bolangizning taqdirini har kimning qoʻliga ishonib topshirmang. Biz sizga yomonlik istamaymiz.

U shunday dedi-da, ketdi. Endi ularning har uchalasi «Jamila»ning oldida turishar va uning otasi yoki bobosi boʻlgan chol bilan gaplashishardi. «Jamila» gohida boshini quyi solar, gohida xojalar orasidan menga yashirincha qarab qoʻyardi.
– Ey xudo! – dedi otam siqilib. – Oʻzim ham nima qilishni bilmay qoldim. Senga bundan ortiq narx qoʻyishmaydimi deb qoʻrqaman.

Men esa ich-ichimdan xudodan yolvorib soʻrardimki, otam bilan anovi chol men bilan oʻsha qizni birgalikda mana shu xojalarga sotishsa.

Biroq koʻrdimki, «Jamila»ning otasi yoki bobosi boʻlgan oʻsha chol qizni qanchadir narxga sotishga rozi boʻlgan, xojalardan biri esa tez-tez pul sanardi.
– Sotib olishdi shekilli, – dedim.
– Oʻzim ham nima qilishni bilmay qoldim... bilmay qoldim, – dedi otam.
– Unda siz ham meni mana shu xojalarga soting, – dedim. – Yaxshi odamlar ekan, ota.

Xojalar pulni cholning qoʻliga berdilar. Qiz bechora hayajondan titrar, menga qarab-qarab qoʻyardi. Yana shu choq uni sevib qolgim, xuddi goʻzal qiz Honiyni sevib qolgan Muridxon kabi peshonasi oq qahvarang otni choptirib kelib, «Jamila»ni ana u xojalar qoʻlidan yulib olib otimga mindirib, togʻu toshlarga olib qochib ketgim kelib ketdi.
– Endi kech boʻldi, oʻgʻlim.

Oʻsha uchta xoja «Jamila»ni yetaklab karvonsaroydan chiqishdi-da, koʻchalardan biriga kirib gʻoyib boʻlishdi. Chol esa olgan pullarini langutasining bir burchiga tugib olganicha asta-sekin bizning oldimizdan oʻtib keta boshlagandi.

Biz kun botgunga qadar xaridor kutib qolib ketdik. Endi «Jamila» va uning otasi yoki bobosi boʻlgan chol oʻtirgan oʻsha toshning ustida oʻtirardik.

Bizning oldimizga kelgan soʻnggi mushtariylar ikkita xorijlik kishi edi. Ularning har ikkalasi xorijda ishlab chiqarilgan qimmatbaho shimlardan kiyib olishgan, boʻylari ham otamning boʻyidan ancha baland edi. Har ikkala xorijlik xojaning sochlari malla boʻlib, koʻzlariga ham xorijda chiqqan koʻzoynaklardan taqib olishgan, saqich chaynashar edi. Ular oldin sochlarimning orasini tekshirib koʻrishdi, soʻngra koʻzlarimga yaxshilab tikilishdi. Soʻngra koʻkrak qafasim ustiga qoʻllarini qoʻyib:
– Nafas ol! Nafas ol... – deyishdi.

Men tez-tez nafas oldim. Shundan soʻng boʻynimning orqasini koʻrishdi. Hatto otamdan ham uyalmasdan surbetlarcha badanimning hamma joyini koʻrib chiqishdi. Ular bir-birlari bilan oʻzlarining tillarida bir narsalar deb gaplashar va boshlarini qimirlatib qoʻyishardi.
– Mister, koʻrdingizmi? – dedi otam. – Koʻrdingizmi, yolgʻon ayt-madim. Soppa-sogʻ. Tanasida birorta ham kasalligi yoʻq.

Ammo, bilmadim, negadir men misterlarga ham yoqib tushmadim. Ular hech narsa demasdan oldimizdan keta boshlashganida otam uch marta yerga qarab tupurdi-da:
– Oʻsha xorijiy boʻy-bastlaringga tupurdim! – dedi.

Kun botar chogʻida choʻlda yomgʻirdan hech qanday darak yoʻq edi. Endi shimoli-sharq tomondagi choʻldan «hushok» deb nomlangan, daraxtlar va ekinlarni quritib yuboradigan issiq shamol esa boshlagandi. U oʻz yoʻlida choʻldagi qumlarni olib kelib choʻl butarlari va oʻsimliklarining poyalari va shoxlariga urardi.

Men anchagina toliqqan edim, shippagimning bogʻichlari toʻpigʻimni qiyib yara qilib yuborgan edi. Shunchalik terlab, sasib ketgan edimki, ertalab badanimga sepgan hind atrining hididan asar ham qolmagandi. Oq koʻylak-ishtonim tuproqqa belangan edi.
– Kun botar chogʻida bir oz «hushok» esadi, – dedi otam. – Xudoning oʻzi asrasin bizni.
– Oqshomgacha kapamizga yetib olamizmi? – deb soʻradim qoʻrqib.

Otam esa mening savolimni eshitmaganday soʻzlay boshladi:
– Qadimgilarning aytishlariga qaraganda, «hushok» shamoli jannatdan chiqib kelarkan. Ammo u oʻz yoʻlida doʻzaxdan ham oʻtganligi uchun shunchalik issiq boʻlarkan. «Hushok» shamoli esadigan boʻlsa xurmo daraxtlari ustidagi mevalarni qoldirmaydi, hammasini kuydirib nobud qiladi. Xudoning oʻzi rahm qilsin.

Shundan soʻng langutasini boshidan yechib oldi-da, u bilan mening boshim va boʻynimni oʻradi. Soʻngra qadamlarini tezlashtirdi. Shu ketishicha oʻziga oʻzi dedi:
– Pastroq tushishim kerak. Bilmadim, buning boʻy-bastidan qanday kamchilik topishdiykin?... Ertaga narxini pastroq aytishim kerak...


  1. Sedar – Eronning Seyiston va Balujiston viloyatida oʻsadigan kunor daraxtining bargini maydalab tuyish orqali qoʻlda yasaladigan sovun. (Tarj.).
  2. Languta – 1.5 kv.m. oʻlchamga ega matodan iborat boʻlgan languta Eronning Seyiston va Balujiston viloyatida yashovchi baluj xalqining miliy libos turlaridan biri boʻlib, odatda yelkaga yoki boshga tashlab yuriladi, shuning bilan birgalikda sochiq oʻrnida ham ishlatiladi. (Tarj.).
  3. Chobahor – Eronning janubida, dengiz sohilida joylashgan bandargoh shahar. (Tarj.).
  4. Farsax – olti kilometrga teng boʻlgan uzunlik oʻlchovi. (Tarj.).
  5. Sarik – Eronning Seyiston va Balujiston viloyatida yashovchi balujlarda ayollar kiyadigan chodra. (Tarj.).
  6. Nambi shamoli – Eronning dengizga tutashgan janub tomonidan esib, namlik va yomgʻir olib keladigan shamol. (Tarj.).
  7. Qojorlar – XVIII asr oxirlari – XX asr boshlarida Eronda hukmronlik qilgan sulola. Balujlar hojorlar sulolasi vakillaridan koʻrgan jabr-zulmlari tufayli yerli boʻlmagan har bir begona va yoxud qurollangan kishini «qojor» deb atashadi. (Tarj.).
  8. Muridxon – Balujiston aholisining xalq ogʻzaki ijodi va ishqiy qissalaridan biri boʻlgan «Muridxon va Honiy» qissasidagi asosiy qahramon. (Tarj.).