OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifFaridun Tonkaboniy
Asar nomiYashasin, tanballik! (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fors adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Faridun Tonkaboniy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonIlhom Zoyir (Rus tilidan)
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yashasin, tanballik! (hikoya)
Faridun Tonkaboniy

Odamzoddan tanbali boʻlmaydi. U toʻrt oyoqlab yurishni xohlamagani uchun ikki oyoqlab yurishni afzal koʻrgan. Chunki toʻrt oyoqda yurganda boʻynini choʻzishi, boshini koʻtarib turishi, yurganda qoʻlini silkitishi noqulay boʻlardi. Ikki oyoqda yurishi esa, boshini tik tutib, boshqa jonzotlardan oʻzining ustunligini koʻrsatib qoʻyish uchun imkoniyat yaratdi.

Inson hayvonlarni, masalan, otni qoʻlga oʻrgatishining sababi – u shunchaki yayov yurishga eringanidan edi. Otda yurish yaxshi-da. Xoʻsh, inson qayiq va kemani nima uchun ixtiro qilgan? Albatta, oʻzi suzishni istamagani uchun. Yalqovligi suzishga xalaqit bergan-da. Keyin desangiz, unga eshkak eshish ham malol kelgan va u yelkanli qayiqni yaratib, moviy toʻlqinlar qoʻynida, quyoshning zarrin nurlarida tovlanib turib yana oʻylagan: shu yelkanni koʻtarib-tushirish ham bir dahmaza. U shu zahoti motorli qayiqni ixtiro qilib yuborgan-u, birpas oʻtib yana yalqovligi tutgan, chunki bandargohga kirib, yoqilgʻi olishga navbatda turishga erinib, oʻzining tinchligini oʻylab, yuradigan mashina kashf qilgan.

Egarda loʻkillab yurganda boʻgʻimlari, faytonda yurganda beli ogʻrigan va erinchogʻlik bilan avtomobil bilan temir yoʻlni oʻylab topgan. Keyin oʻnqir-choʻnqir yoʻllarda avtomobilda soatlab yurish, avtomobilga yoqilgʻi quyish, moy me’yorini tekshirish, gʻildiraklarni almashtirish, tasmani, amortizatorni sozlash va boshqa ishlarni bajarishdan erinib, samolyotni yaratgan.

Samolyotga ham qanoat qilmagan. Uni uchish yoʻlakchasiga toʻgʻrilash, havoga koʻtarilgandan keyin qoʻnish uchun aerodrom qidirish, aerodrom topilgach, qoʻnishga ruxsat tekkuncha uning ustida aylanib yurishga erinib, vertolyotni yasagan va bu uning tanballigigiga juda ham mos tushgan. Chunki uchuvchi xohlasa – joyidan uchib ketadi, xohlasa, joyiga qoʻnadi.

Samolyotning yumshoq oʻrindigʻida oʻtirib, unga ichimlik, xohishiga koʻra kitob, gazeta, jurnal berishdi, musiqa qoʻyishdi, kino koʻrsatishdi. Eng asosiysi – masofa, piyoda bir yilda yetadigan manzilini bir necha soatda bosib oʻtadi. U shu soatlarga ham qanoat qilmadi, tanballigi tutdi. Endi u ovoz tezligida uchadigan samolyot ixtiro qildi. Ana, koʻrdingizmi, bu olamda odamzoddan tanbal va chidamsiz jonzot yoʻq.

Har qanday boshqa ixtirolarni oling, u xoh katta, xoh kichik boʻladimi, bari inson tanballigining mahsulidir. Kir va idish-tovoq yuvish mashinalari, kimyoviy koʻylak, bir marta foydalaniladigan likopchalar, qogʻoz qadahcha va dastroʻmolcha, lift. Ha, ha, eng ishonchli misol, bu – lift. U liftni zinapoyalar orqali yuqoriga koʻtarilishga eringani uchun kashf qilgan. Axir, tanballikning chegarasi bordir? Xoʻp, liftda yuqoriga koʻtarildi, endi qayoqqa boradi? U shunday ishyoqmaski, qarang, pastga ham liftda tusha boshladi.

Siz nima deb oʻylaysiz, insonga eng zoʻr lazzat va quvonch beradigan mashgʻulot nima? Yeyishmi? Ha, toʻgʻri – yeyish! Inson bu sohada ham tanballigidan voz kechmadi. Oʻziga ovqat tayyorlashga erinchogʻligi sabab, restoranni oʻylab topdi. Endi buni qarangki, oldiga keltirib qoʻyilgan ovqatni pichoq, sanchqi, qoshiq yordamida yeyishga erinib, buterbrodni yaratdi. Toʻgʻri, buterbrodning rolini kamsitmaslik kerak, chunki u insoniyatning eng buyuk kashfiyotidir.

Inson shunday zotki, oʻrnidan turishga, bir-ikki qadam yurishga, doʻstlari bilan suhbatlashishga, oʻz ishlarini tartibga keltirishga erinadi. Buning uchun u xat bilan pochtani yaratdi. Bu narsalarni yaratishga yaratib qoʻydi-yu, yana tanballigi tutdi. Endi u xat yozib, pochtaga borib marka olishi, uni hoʻllab xatjildga yopishtirishi (toʻgʻri, keyinchalik u markali xatjildlar ixtiro qildi) va xatni pochta qutisiga tashlashi kerak edi. Bu yumushlarni bajarishga erinchogʻligi tutib, telefonni bunyod etdi. Telefoni borlar, albatta, xat yozmasligi, oʻtirgan joyidan xohlagan kishisi bilan gaplashishi mumkin-da. Bora-bora telefon orqali savdoni yoʻlga qoʻydi, sotib olish, sotish, oʻqish, oʻqitish, hatto telefon orqali sevish va nikohdan oʻtishni amalga oshirdi. Ha, ha, dunyoda eng tanbal jonzot sevgidan oladigan lazzatni yalqovlikdan ustun qoʻyaolmadi. Sevgilisi bilan uchrashmagani yetmaganday, unga xat ham yozmadi va shunchaki telefon qilib qoʻyaqoldi. Ochiq gap-da, men bir narsaga hayron boʻlaman, ba’zi bir odamlar oʻzlarining tanballiklari bilan tabiatni ham aldamoqchi boʻladilar. Masalan, har bir bolani alohida tugʻishga, alohida ter toʻkishga erinib, bir yoʻla ikkita, uchta, hatto beshtalab tugʻishadi. Ayting, bu tanballik boʻlmay, nima?

Qayoqqa qaramang, tanballik bilan bekorchilikka koʻzingiz tushadi. Oddiygina oʻzingizning ish stolingizga qarang. Inson ruchkani siyohdonga botirishga erinib, oʻzi yozar ruchka yaratdi. Keyin bu ruchkani siyohga toʻldirishga sabri chidamay, sharikli ruchkani kashf etdi. Bu ruchkada yozilgan xati koʻziga xunuk koʻrinib, yozuv mashinkasini oʻylab topdi. Bu ham unga yoqmadi, tugmachalarni bir-bir bosishga erinchoqligi tutdi. Shunda u avval elektr yozuv mashinkasini, keyin barmoqlariga koʻproq dam berish uchun elektron yozuv mashinkasini yaratdi. Bitta matnni ikki-uch marta qayta yozishga erinib, kopirka qogʻozni ixtiro qilganiga nima deysiz?

Tanballik qursin, inson u yoq-bu yoqqa yurib yangiliklardan xabardor boʻlishga erindi. Shunda u gazetani oʻylab topdi. Gazeta – bu inson eng yalqov paytlarida yaratgan kashfiyotlaridan bittasi. Chunki shinamgina uyda, divanda choʻzilib yotib, bir necha varaq qogʻozni varaqlab, dunyoda boʻlayotgan yangiliklardan xabardor boʻlish yaxshi-da. Lekin inson uchun bu ham yoqmadi va radioni yaratib qoʻydi.

Radio – odamni yanada tanbalga aylantirdi. Gazeta oʻqishda bir ozgina harakat bor edi, radio eshitishda-chi, yoʻq, choʻzilib yotaveradi. Ha, choʻzilib olib, ovoz chiqadigan qutiga termulish ham jonga tegarkan. Lekin zerikkanda oʻrindan turish, kiyinib tashqariga chiqish, qaysidir avtobusga osilish, navbatda turib chipta sotib olish va kinoteatrga kirib kino koʻrish ham erish tuyilarkan odamga. Shunda inson buning ham yoʻlini topdi va televizorni yaratdi.

Televizor oʻzining odatiy xizmatidan tashqari ota-ona, buvi va buva rolini ham bajarardi. Televizor – oʻqituvchi, eng yaqin doʻst, oʻyinda sherik yoki raqib, u qiziqchi va olaboʻji edi. Agar odamlar biror muammo ustida bosh qotirishga qoʻllari tegmay, toʻgʻrisi, tanballiklari tutsa, televizor darrov bu mavzuda qiziqarli suhbat uyushtirib bera olardi. Ba’zida odamlar tili uchida turgan gapni aytib ham qolar, ba’zida aravani quruq olib qochib, zeriktirardi ham. Shunga ham shukr qilmoq kerak. Chunki inson uchun eng ogʻir yumush – bu fikr qilmoq. Fikrlash, oʻylash – bu tanballikning eng oliy belgisi. Televizor esa odamni oʻylashdan, fikrlashdan qutqardi.

Masalan, oʻnta tugmani oʻtkazish va yechish – bu igna bilan quduq qazishday gap-ku. Lekin buni bir tugma bosish bilan saranjomlash mumkin. Asosan shoshib turganda bu juda qoʻl keladi. Bu, shoshqaloqlik, shoshqaloqlik esa tanballik bilan chiqisholmaydi, deyishingiz mumkin. Lekin men shoshqaloqlikning zaruriy tomonlarini nazarda tutib aytyapman. Masalan, tabiat qoʻyniga chiqishga shoshayotgan boʻlsangiz, tugmalarni bir-bir oʻtkazishda qoʻlingiz titraydi yoki toyib ketaveradi. Shu paytda «zanjirli yopqich» siz uchun moʻ‘jiza koʻrsatadi. Boshqa sohalarda ham tanballik namunalarini koʻrish mumkin.

Tarixni olib koʻraylik. Inson oʻtgan zamonlarda ham tanbal boʻlgan. Oddiy sadoqdan paykonni olib kamonga qoʻyishga, keyin kamon ipini tortishga, nayza otishga yoki dushman boshi uzra qilich oʻynatishga erinib, miltiqni ixtiro qilgan. Lekin har otgandan soʻng miltiqni yana oʻqlash joniga tegib, avtomat va pulemyotni oʻylab topgan. Endi dushmanlarini bitta-bitta oʻldirishga sabri chidamagan, nimagaki, buning uchun koʻp vaqt va koʻp harakat sarflanadi. Qarang, buning ham yoʻlini topib, zaharli gaz bilan bombani yaratdi.

Endi iqtisodiyotga bir nazar tashlasak. Toʻgʻri, inson hamma ishni qilishga erinadi. Ekish, oʻrish, pishirish, tikish, qurish va boshqa qilinishi kerak boʻlgan ming bir ishlarni bajarish osonmi? Shunda odamlar bir joyda yigʻilishdi va ularning orasidan bir tanbali chiqib, dedi: «Kelinglar, bunday qilamiz: sen non yopasan, sen poyafzal tikasan, sen temir eritasan, sen daraxt kesasan, sen uy qurasan. Men esa sizlar qilgan ishlarning hisob-kitobini yuritaman. Sen yaxshi ishlading, sen yomon ishlading, deb ajrim chiqaraman».

Shu yoʻsin insoniyat tarixida mehnat taqsimoti degan buyuk inqilob yuz berdi va u rivojlanib-rivojlanib... hozir esa toʻxtab qolgan. Lekin tanballik hamisha yoʻl topgan va topadi.

Shu tariqa avtomatlashtirish yuzaga keldi.

Siyosat olamiga moʻralaylik, keyin siyosatchilar bizdan nolib yurishmasin. Inson jamoat ishlarini bajarishga yalqovligi tutib, shaxsiy ishlarini tartibga keltirish maqsadida vakillar tanladi. Vakil degani ham odam, demak, u ham tanballar sirasiga kiradi. Ular bir necha odamni yigʻib, jamoat ishlarini amalga oshirishni buyurishdi. Lekin oʻsha bir necha odam ham tanbal emasmi, oʻz yelkalaridagi yukni bitta odamning boʻyniga yuklashni oʻylab topdi. U odam xohlaydimi-yoʻqmi, koʻpchilikning xohishini bajarishi shart. Turgan gap, u odam charchaydi va bu ishdan bosh tortadi, kezi kelganda qochadi. Odamlar uni aldadi, ha, ha, aldadi, xohlaganda jinni ham qilishdi (Yomon narsalarni oʻylamang! U paytlarda gazetada «tasodifiy hodisalar» rukni yoʻq edi!).

Kelinglar, endi omad va omadsizlikka toʻla siyosatni tinch qoʻyaylik-da, koʻngilxushlik olamiga sayohat qilaylik.

Insonning eng yaxshi koʻradigan ermagi nima deb oʻylaysiz? Albatta, ichish! Odam yangi qit’alarni ochishni, yovvoyi va xavfli oʻrmonlarda sayr etishni, choʻqqilarni zabt etib, bundan zavq olishni yoqtiradi, lekin bunga tanballigi xalaqit beradi. U bu narsalardan oladigan zavqini uyida oʻtirib olishni afzal koʻrdi va mayni kashf etdi. Hech bir mubolagʻasiz aytish mumkinki, may insoniyatning eng omadli kashfiyoti hisoblanadi. Sen hech narsa qilmaysan, mayning oʻzi sen uchun hamma ishni qiladi. U soatlab yurishingga, raqs tushishingga, kulish, yigʻlash, baqirishingga kuch beradi, xayolingga nima kelsa shuni bajarishingga koʻmaklashadi. Keyin tushkunlikka tushmasliging uchun seni boʻshashtiradi, tinchlantiradi va turgan gapki, uxlatadi (o, bunaqa holatni inson qanchalar yaxshi koʻradi!).

Aytgancha, hozirgina esimga tushdi! Agar inson tanbal boʻlmasa, nima uchun uyqu dorini oʻylab topdi? Nimagaki, uxlaganida u yonidan-bu yoniga agʻdarilishga eringani uchun shu dorini kashf etgan.

Gapdan chalgʻidik, axir gap koʻngilxushlik haqida borayotgan edi-ku. Xoʻsh, inson nimadan koʻproq lazzat oladi? Hech kimga sir emas, sport insonga juda katta lazzat bagʻishlaydi. Sportchilar insoniyatning eng chaqqon va abjir vakillari hisoblanadi. Oʻzi sport bilan tanballik bir-biriga zid-ku, deyishingiz mumkin. Lekin biz mutlaqo boshqa narsani nazarda tutmoqdamiz. Menimcha, sportchi eng tanbal kishi. Agar u tanbal boʻlmasa, nimaga togʻlarga chiqish uchun koʻtarib-tushiradigan moslamalar, arqon yoʻllar va boshqa uskunalarni oʻylab topdi?

Ha, men aytmoqchi edimki, inson shunchalar yalqovki, agar u biror ishni qilishni istamasa, oʻsha zahotiyoq shu ishni qilmaydi, agar biror ishni qilishni xohlasa, bu ishni qilish uchun oʻziga biror qulaylik yaratishni oʻylab topadi. Suhbat sport haqida ketyaptimi, bir misol keltiray. Siz har kuni ertalab badantarbiya bilan shugʻulanasiz, toʻgʻrimi? Ajoyib kunlarning birida oʻrningizdan turib, oʻzingizga oʻzingiz shunday deysiz: «Bugun badantarbiya qilishga kech boʻldi». Ertasi kuni esa oʻylaysiz: «Bugun nimagadir kayfiyatim yoʻqroq, yaxshisi badantarbiya qilmay qoʻyaqolay». Indiniga yana bahona bor: «Kecha kechqurun ozgina otgan edim, bugun badantarbiya qilishga hushim yoʻqroq». Shu yoʻsin, siz ertalabki badantarbiyadan voz kechasiz.

Agar siz sport bilan shugʻulanmaydigan boʻlsangiz-u, lekin birdan unga xohish tugʻilib qolsa: «Yaxshi, bugun juma – haftaning oxiri, dushanbadan boshlayman», deb oʻzingizni yupatasiz.

Agar siz dutor chalishni oʻrganmoqchi yoki matematika bilan shugʻullanmoqchi boʻlsangiz, oʻzingiz biror muddatni belgilab oling: «Oy boshidan boshlayman!» deng. Qish boʻlsa, «Bahorda boshlayman!» deng.

Xoʻsh, endi falsafa tomonga ham bir qiyo boqaylik-da, keyin oʻzimiz ham safsata sotishni bas qilaylik (davom ettirish menga ham yoqmayapti).