OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Faxriddin Sodiq. Bola (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifFaxriddin Sodiq
Asar nomiBola (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Faxriddin Sodiq
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Kitob dunyosi», 2013 yil 13 fevral 3 (150) - sonidan olindi
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bola (hikoya)
Faxriddin Sodiq

Ona kenjasini – endigina toʻrt yoshdan oshgan bolani yana togʻasinikiga joʻnatib yubordi. Togʻasining uyi uzoq emas – bir chaqirim ham chiqmaydi. Qishloq joy emasmi, bola kichik boʻlsa-da, yaqin atrofni besh qoʻldek biladi, togʻasining uyi ham shunday tanish. Bolaning bu yerda turgisi yoʻq, lekin bunaqa paytlarda uyiga qaytib ketib ham boʻlmaydi. Hozir uyiga bormay turgani tuzuk. Biroz vaqt oʻtishi kerak, keyin akalaridan birovi kelib olib ketadi, agar kelishmasa, shu yerda yotib qolishga toʻgʻri keladi. O’ziga qolsa-ku bu yerda yotib qolgisi yoʻq, lekin, nailoj...

Kechki ovqat mahali togʻasining xotini iddao bilan erini turtdi.
– Mushtday bola, tagʻin oʻzicha noz qilib qoʻyadi, qarang, turishini qarang!

Togʻasi ogʻir-bosiq odam edi, xotinining bu taxlit gaplariga javoban shu paytgacha e’tirozli nazar bilan qarab-qarab qoʻygandi, endi boʻlmadi.
– Bir gapirding, ikki gapirding, boʻlar endi. Qoʻy, ishing boʻlmasin, bola-da, bir narsaga tushunib, bir narsaga tushunmay turipti oʻzi.

Keyin bolaga qarab, ovozini yumshatdi.
– Ol, olaver, ovqatingga qara, jiyan!

Bola sekin kosadagi ovqatga qarab, qoshiqni tutganicha undagi yovgʻon shoʻrvani aralashtirdi – sovutmoqchi boʻldi. Togʻasi ovqatni tezda yedi-da, xoʻjalikda kechki majlis borligini aytib qoʻzgʻaldi. Bola yana yolgʻizlikni his qildi. Bunday yolgʻizlik unga tanish edi, tanishki, uncha-muncha emas.
– Turishiyam otasiga oʻxshaydi, opa, qarang, qarab turishini, qoshiqni ushlashini...

Xolalaridan biri unga qarab olib, onasiga shunday deganidan keyin togʻasining xotini kechiktirmay bolaga navbatdagi tanbehga oʻtdi:
– Ovqat yeyayotgan mahali boshqaning kosasiga bunday termulib qolmaydi. Aytdim-ku, mushtdaygina boʻlsayam, buni tushunmaydi odam – katta kishilarga oʻxshaydi. Ammanggayam hayron qolaman, eri uyiga ichib keldi, deguncha shunisini biznikiga qarab gʻizillatib yuboradi. Bir joʻnat-ikki joʻnat, boʻldi-da.
– Nega shunday qiladi, oʻzi opa, a, ammam? – deb soʻradi xolasi onasidan.
– Nega boʻlardi, shu kichkinam hech boʻlmasa, otasining ichib kep janjal qilganini koʻrmasin, deydi ekan-da. Otangga bir kuni shunday deb turganining ustidan chiqib qoluvdim. Janjalni koʻrsa qoʻrqib, qoʻrqoq boʻp qolarmishmi-ey.
– Aaa, – deb qoʻydi xolasi bir narsani tushunganday boʻlib.
– Bunday qilmasligi kerak, – togʻasining xotini gapida davom etdi, – koʻrishi kerak, otasining asli qandayligini koʻrishi kerak. Tagʻin oʻqimishli emish u kishi. Hayf, u kishiga shuyam. Ovqatingga qara, dedim, ovqatingni yut!
– Boʻldi endi opa, bolaning nima aybi bor. Boʻldi endi, ol, jiyan ovqating sovib qoldi.

Bola togʻasining oʻgʻliga najot koʻzi bilan qaradi.
– Sen nimani bilarding, – togʻasining xotini kosasini qoʻlga olib ovqatini yeyarkan, yana gapira ketdi, – toʻgʻri aytdim, koʻrishi kerak, bilishi kerak bola, qara turishini, yana shumshayib qarab qoʻyadi.

U kishi boshqalarning norozi qarashlariga e’tibor ham bermadi.
– Goʻr boʻladimi, kattarsa, bu ham bir piyanista boʻladi-da, otasiga oʻxshab. Opasining ehtiyotlashiga oʻlasanmi yana, bir opke-ikki opke...

Bola juda ochqagan edi, lekin birdan toʻqqa oʻxshab qoldi. Ovqatining yarmi kosada qolib ketdi. Dasturxon yigʻishtirildi – odatdagidek, hamma televizorga andarmon boʻlib qoldi. Bola besaranjom edi, oʻtirolmadi, hamma koʻz qoqmay koʻrayotgan kinoning uning uchun qizigʻi boʻlmadi. Sekin oʻrnidan turib eshikka qarab yurdi, derazaning koʻzlariga qaradi – qop-qorongʻi.
– Ha, jiyan qayoqqa?
– Tashqariga chiqib kelay, – dedi bola shundoq eshikning oldiga yetib.
– Qoʻrqmaysanmi?
– Qoʻrqib boʻri yermidi? Sal chetroqqa bor! Yeydigan boʻriyam yoʻq boʻlsa...

Bu gaplarni oxirigacha eshitib-eshitmay bola tashqariga chiqib ketdi. U atrofga qararkan, tunning zulmatidan seskandi. Shu seskanish aralash oʻziga-oʻzi pichirladi: «baribir qoʻrqmayman».

...Birozdan keyin bolaning uyidagilari kimdir chaqirganini eshitib qolishdi. Biri tezda hovliga chiqib keldi – togʻasi ekan.
– Amma, pochcham uxladimi, ishqilib. Tagʻin janjal qildimi?
– Ha, uxladi, qattiqroq gapiraver, endi uygʻonmaydi, pishillab yotipti narigi xonada.
– Tashqariga chiqaman, degandi, kep qolar, deb qaraymiz-qaraymiz, yoʻq, jiyan kep qoʻyipti-da uyingizga, qoʻrqmaganini qarang, a, amma!
– O’zim ham shoshib qoldim, bir narsa hovlining burchida qorayib keladi, kuchuk vovillab oldiga bordi-da, sekin gʻingshib qoldi, tanidi kim boʻlsayam deb turuvdim, qarasam... jiyaning! Yoʻq, qoʻrqmadim, deydi. Akam yaxshimi, checham, oʻzlaring yaxshi yuribsizlarmi, kel, oʻt manavi yoqdan, oʻt... yaxshiyam senlar borsanlar, jigarlarim...

Bola esa bu paytda uxlab yotardi. Tushida uyidagilar bilan shahardagi parkka borganmish, otasi hammani chiroyli bezatilgan stol atrofiga oʻtirgʻizib, kabob olib beripti, bola toʻyib-toʻyib ovqat yeyayotgandi.

...Birozdan keyin onasi terlab yotgan bolaning hoʻl boʻlib ketgan sochini silab-silab artib, uni sekin oʻz joyiga yotqizdi. Bolaning alahsirab, nimalarnidir gapirganiga yoki gapirmoqchi boʻlganiga e’tibor bermadi.