OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Faxriddin Sodiq. Tasavvur (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifFaxriddin Sodiq
Asar nomiTasavvur (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Faxriddin Sodiq
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tasavvur (hikoya)
Faxriddin Sodiq

Buvisi nevarasiga aytayotgan navbatdagi matalini tugatayapti:
— ... Shunday qilib, elning ogʻzida gap qopti: kuchuk, egamning bolalari koʻp boʻlsin, har biri bir burdadan non bersayam, qornim toʻyadi, der ekan. Mushuk boʻlsa, qaniydi, egamning bolalari yoʻq boʻlsa, borlariyam tezroq oʻlib qolsaydi, ular yeydigan narsalar menga qolardi — qornim toʻyardi, dermish.

Buvi jim boʻlib qolgan nevarasini allaqachon uxlab qopti, deb oʻyladi va oʻzi ham uxlashga yotdi.

Hech qancha vaqt oʻtmay buvisi uyquga ketdi. Bola esa allamahalgacha uxlay olmadi. Negadir uyqusi oʻchdi. Keyin-keyin qanday uxlab qolganini oʻzi ham bilmaydi.

Buvisining oʻsha matalidan soʻng bolada mushukka nisbatan (shundogʻam u kichkinaligidan mushukdan qoʻrqadi) qoʻrqinchli nafrat kuchaydi. Kuchukka nisbatan esa murgʻak qalbida yangicha — cheksiz-chegarasiz muhabbat paydo boʻldi. Toʻrt yashar bolaning shuuriga shu tariqa muhabbat ham, nafrat ham ayni bir paytda joylandi.

Oylar oʻtdi. Bir kuni akasi qaerdandir koʻzi ochilgan qop-qora kuchukcha olib kelib berdi. Shunda bola oʻzining bu paytga qadar ovinib yurgan dunyosidan tashqariga chiqdi. Endi uning qiziqish doirasi kengaygan va odamzodning doimiy ehtiyoji — kimgadir mehr koʻrsatish va shu mehrning aks ta’siri natijasi boʻlgan tengsiz zavqning koʻnikmasi bilan ovinib qoldi. Doʻndiqqina, qop-qora kuchukchaning ikki qoshida bilinar-bilinmas oqlik bor edi.
— Koʻrayapsanmi, qoshining rangini, bunday alomati boʻlsa, kuchukka Toʻrtkoʻz deb nom berish kerak, uni Toʻrtkoʻz deb chaqir — ikki kunda otiga oʻrganadi, — dedi akasi. Bola uchun esa, toʻgʻrisini aytganda, kuchukchaning oti nima boʻlishi ahamiyatsiz edi. Yoʻlbars boʻlmaydimi, Qoplonmi, Tuzik boʻlsayam baribir emasmi, muhimi, uning kuchukchasi borligi edi. Kunlar oʻtib, kuchukcha bilan bola bir-biriga juda oʻrganib qolishdi. Bola har kuni ertalab va kechqurun sigir sogʻayotgan onasidan chelakni olib, shishachasiga sut soladi — Toʻrtkoʻzga beradi. Toʻrtkoʻz qorni toʻygach, dumini likkillatib bola bilan oʻynaydi, u yoqdan bu yoqqa yuguradi, hazillashib tishlamoqchi boʻladi.

Bir oy oʻtib kuchukcha koʻzga koʻrinarli boʻlib, bolaning chin ovunchogʻiga aylanib ulgurdi. Negadir ana shunda unga qandaydir kasal tegdi. Borgan sari ulgʻayib — doʻmboqlashib borayotgan kuchukcha ikki-uch kunda anchagina ozib qoldi. Shuning barobarida bolaning koʻngli ham ancha choʻkdi. Otasi bilan akasi kuchukchani oʻzlaricha davolagan boʻlishdi. Nimalarnidir ichirishdi.
— Yaxshi boʻladi, — dedi otasi, — ichini bir tozalaydi-da...

Ertasigayam kuchukning ahvoli yaxshilanmadi. Oʻsha-oʻsha — ovqatniyam tuzukroq yemaydi.
— Bolalar kasal boʻlsa, ularni doʻxtirga olib borishadi-ku, ota, — dedi bola. — Toʻrtkoʻzniyam oboraylik, davolasa boʻladi-ku uniyam.
— Doʻxtir kuchuklarni davolamaydi, oʻgʻlim, sen xafa boʻlma, yaxshi boʻp ketadi.

Bola aynan shundan: dunyoda kuchuklarni davolaydigan joy yoʻqligidan aziyat chekardi. Toʻrtkoʻzning koʻzlaridagi mungli ifodani koʻrmaslik uchun u har narsaga tayyor edi. Qaniydi qandaydir iloji boʻlsa.

Yarim kechasi negadir bolaning uyqusi qochdi. Hovlidagi chiroq yoniq, oqshom tinch. Yoz yaqinlashib qopti — chigirtkalar unda-munda chirillab qoʻyadi. Bola hovlidagi supada oʻtirib, birdan nimanidir eslaganday boʻlib atrofga alangladi.
— Toʻrtkoʻz, Toʻrtkoʻz, — deb pichirlab chaqirdi.

Shu paytgacha u qay mahalda chaqirmasin, kuchukcha chopib kelardi. Kechagina oqshom chaqirgandayam keluvdi. Hozir esa yoʻq.

Bola Toʻrtkoʻzga yogʻoch kartondan uycha yasagandi. Negadir kuchukcha kechalari unda yotmas, nuqul kuli olingan oʻchoqda yotardi.
— Toʻrtkoʻz, Toʻrtkoʻz, — takrorladi bola. Kuchukdan yana darak boʻlmadi. Bolaning vujudiga allanechuk seskanish va qoʻrquv oʻrmaladi. Sochidan tirnogʻigacha jimirlab yoyildi. Oʻchoq tomon qorongʻi edi. Pichirlab Toʻrtkoʻzni yana chaqirdi. Ichkaridan kerosin, yana bir qancha balo-battarlar solib qoʻyiladigan tomchadan kuchukchaning zaif gʻingshigani eshitildi. Bola quvonib ketdi. Sovqotibdi, deb qoʻydi oʻzicha, boʻlmasa oʻchoqda yotishi kerak edi. Devorni paypaslab oʻchoq boshini yoritadigan chiroqni yoqdi. Va beixtiyor engashib oʻchoqqa qaradi.

Seskanib ketdi, qoʻrquvdan oyoq-qoʻliga qaltiroq yugurdi.

Oʻchoqda — Toʻrtkoʻzning har kungi joyida qop-qora mushuk yotardi. Mushuk oʻzini ichkariroqqa tortib xurpaydi.

— Pisht, — dedi bola, — kuchukchani shu quvib chiqargan.

Unga javoban mushuk zaifgina miyovladi, bola qayta-qayta haydayvergach kuchsiz «px-x-x» degan ovoz chiqardi.
— Pisht, — dedi bola qaltirab, — oxirgi marta aytayapman.

Uning «oxirgi marta aytayotganini» mushuk, albatta, tushunmasdi. Bola shu qoʻrquv ichida hayron qoldi. Odatda, mushuk zoti odamni koʻrsa zirillab qochardi. Oʻzini sal chetga olib, kosov bilan mushukni turtdi. Shunda mushuk ayanchli miyovladi va pixillab panjasi bilan kosovga changal soldi. Bola sovuq terga tushdi, qaltirogʻi biroz kuchaydi. Kosovni mushukning beliga bor kuchi bilan urdi.
— Mi-yoyoyoyov, — qorongʻi sukunat mushukning ayanchli ovozidan zirilladi.

Bola kosovni mahkam ushlaganicha orqaga tisarildi. Qoʻrquv bilan pichirladi:
— Toʻrtkoʻzni sen quvdingmi, ablah!

Mushuk oʻchoqdan chiqa boshladi. Uning ahvoli rostdan ham ayanchli edi: oldingi oyoqlari bilan sudraladi, keyingi oyoqlari ishlamay qolgan — falaj edi. Bolaga qarab pixillab qoʻyar, hurpayishga urinar, buning uddasidan chiqolmasdi. Bola bor kuchi bilan yana bir tushurdi.
— Mii-i-yoyoyoyov!

Boladagi qoʻrquv va nafrat kuchaydi. Yigʻlashni oʻylagani ham yoʻq edi — koʻzlariga yosh toʻldi. Endi oʻzidagi ishonch uchungina pichirlardi:
— Toʻrtkoʻzni sen quvdingmi, ablah, mana, mana...
— ...mi-i-yoyov, pxx-x-xx, mi-i-yoyoyov.

Mushuk bolaga qarab-qarab, oʻsha ayanchli tarzda, faqat biroz sekinroq sudralishda davom etardi. Hovliga yotqizilgan tsementga chiqib oldi. Oʻzi old oyoqlari bilangina zoʻrgʻa sudraladi-yu, bolaga qarab pixillaydi.
— Mana senga!

Bola bor kuchi bilan mushukning qoq boshiga tushirdi.

Mushuk kallasini toshga tiragancha qotdi.

Dahshat ichida qaltirayotgan bola kosov bilan uni turtib koʻrdi. Mushuk bir-ikki qimirladi.
— Mana, mana, mana!

Yana turtib koʻrdi — oʻlganiga ishondi.

Keyin kosov bilan turta-turta hovli chetidagi anorning tagiga olib borib tashladi. Qaytdi-yu negadir qoʻrqmay qoʻydi.
— Toʻrtkoʻz, Toʻrtkoʻz, — deb kuchukchasini chaqirdi.

Toʻrtkoʻz dumini likkillatib chiqib keldi. Tuzalayotganga oʻxshaydi, deb qoʻydi bola oʻzicha. Endi undagi qaltiroq — qoʻrquv butunlay yoʻqoldi. U tushuniksiz mamnuniyat bilan uxlab qoldi.

Kuchukcha esa yana besh kun moʻltirab yurdi — tuzalmadi...