OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifFaxriddin Sodiq
Asar nomiYaxshi odam (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Faxriddin Sodiq
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yaxshi odam (hikoya)
Faxriddin Sodiq

Havo ochiq. Harir pardalar ortidan tushgan quyosh nuri e’tibor bilan qaragan kishiga betakror moʻ’jiza boʻlib koʻrinadi. Xonadagilar esa bunday moʻ’jiza haqida oʻylashmaydi ham — tabiatdagi tabiiylik shunday.
— Keling, keling bobo. Marhamat, choydan iching.
— Rahmat, rahmat, bolam.
— Choydan iching, bobo, ish boʻlsa... boʻlar!
— Nimasini aytasan, otang rahmatliyam yaxshi odam edi. Sen ham ilgaridan boʻladigan bola eding. Boʻladigan boshidan ma’lum. Otang ham, amaki, togʻalaring ham...

Bobo kutilmaganda mungʻayib, xijolat tortib, moʻltirab qoldi.
— Bobo, zamon bugun shiddatli. Odamlar saralanayapti. Kun ish bilganniki. Endi har kim ham tulumini oz-moz chayqash kerak. Boshqa iloj yoʻq.
— Ha-a... Oʻgʻlimam shunday degandi. Keyin oxirgi majlisingda aytgan ekansan. Endi xatolar kechirilmaydi, deb odamlarga yotigʻi bilaan tushuntirgan ekansan.

Fermerlar uyushmasi raisi birdan sergak tortdi. «Qilt» etib yutindi-da, kreslosiga qaytadan yastanib oʻtirdi. Yuz ifodasiga boshqacha mazmun qalqdi.
— Shu desang, kichik oʻgʻlim... yoshlik qilib qoʻyipti. Kimdir xotinidan xabar yetkazgan ekan. Daladagi ishini tashlab, traktiri bilan uyga shoshaveribdi-da.
— Kelinga nima qipti?
— Yoʻq, hech gap yoʻq. Ikkiqat. Oʻgʻlim shunga ilinibdi-yu, shoshibdi-da.

Fermerlar uyushmasi raisi biror bir xavf daragini sezib achchiqlana boshladi.
— Bobo, bunday bir... ochiqroq gapiring! Nima boʻpti, nima qoʻyipti. Odamning diqqatini muloyimgina qilib koʻtarib... oxiri devorga urasiz shekilli.
— Oʻgʻlim, endi nima qilaman, raisga nima deyman, deb uyga qamalib oʻtiripti. Traktirini boshqa bir traktir bilan sudratib olib kelipti.
— A? Traktor? Traktorga nima boʻpti? Oʻzimam gaplaringizdan oʻylab turuvdim. Hozir bilasizmi, traktor bilan osmonning narxi bir...
— Men aytdim, bunday yotma, dedim. Borib bir boshidan ayt, tushunadi, dedim. Sizni hamma biladi. Toʻgʻrimi, sizni hamma yaxshi odam, deydi.
— Sizlamang endi... Boʻlar ish boʻlib...
— Boshda senlaganim uchun xijolat boʻp turuvdim oʻzi.
— Traktorga nima boʻpti, traktorga?
— Judayam katta gap emas. Oldingi kichik oyoqlaridan biri... Shu, yoshlik qilipti-da. Bu yoqda kelinim. Kelin boyaqish ikkiqat.
— Traktordan gapiring.
— Bir oyogʻi sinib ketipti. Bola yoshlik qilib, shoshib, tutlardan biriga qadalib qopti.

Endi bobo fermerlar uyushmasi raisining koʻziga shunday koʻrinib qoldiki, buni tasavvur qilsak, odam zotiga oʻxshatishning iloji yoʻq. Oʻshqira boshladi.
— Qani oʻzi? Mulla Marayim qahramon boʻp, sizni joʻnatib, yotiptimi oʻzi?
— Unga aytmay oʻzim keldim, rais bobo.
— Kepsiz, yaxshi qipsiz. Endi borib oʻgʻlingizga ayting. Traktorni tuzatib joyiga qoʻysin-da, toshini tersin. Hozir ish izlagan traktorchining soni ming.
— U yogʻiniyam oʻyladik, rais bobo. Nima qilay, qoʻlimizdan kelmasa. Roʻzgʻorni shu oʻgʻlim shu traktiri bilan tebratib turadi. Biror boshqa joydan kep yotgan narsamiz yoʻq. Davlatga rahmat, pensamni vaqtida olib turipman.
— Boʻpti-boʻpti. Traktorni sudratib tashlab ketsin, boʻldi. Oʻzi biladi, majlisda aytuvdim. Kim bitta xato qilsa oʻzi bilib ishini topshirsin, deganman. Ortiqcha gap ortiqcha.

Boboning jussasi kichrayib qoldi. Qizarib ketgan raisning gaplarini jim, moʻltirab eshitdi.
— Bir marta kechiring endi. Menam ilgari traktirchi boʻlganman. Bunday paytlarda, temir ekan-ku, deyilardi. Odamning qadri bilinardi.
— Boo...bo. Endi mayda gap qilmang. Borib lapashang oʻgʻlingizga ayting. Boyagi aytganimday qilsin. Boʻpti endi...
— Endi unday demang, rais bobo. Sizga kenglik yarashadi.
— Qani oʻzingiz ayting, nima qil, deysiz?
— Bir marta kechiring. Hozir bilasiz, ishsiz qolish qiyomat. Chetga borib ishlab kelaman, deydi, men joʻnatmayman. Qoʻrqaman. Kelin birinchisiga ikkiqat.

Rais oʻrnidan turib ketdi.
— Boʻpti, bobo, siz boravering, ertaga oʻgʻlingiz kelsin. Oʻzi bilan gaplashaman. Siz baribir boshqa zamonning odamisiz.
— Shunday ketolmayman-da, rais bobo. Undan keyin, kelganimni oʻgʻlim bilmasligi kerak. Bir martaga kechirdim, deng. Oʻziyam boʻlari boʻldi, koʻrsangiz achinasiz.

Gap-gap bilan boboni rais oʻzi xonasidan chiqarib qoʻydi. Aftidan hamma zahrini uning oʻgʻliga asrab qoʻygandek boʻldi. Harqancha boʻlmasin, kechirdim, demadi.

Oʻzini gʻijimlangan qogʻozdek sezib qolgan bobo qabulxonadan chiqqach yoʻlakda qotib turib qoldi. U hech qachon hech kimdan oʻzini ortiq sanamagan, hech kimdan ortiqcha izzat talab qilmagan... lekin, shu yoshgacha hali hech kimdan bu qadar tahqirniyam koʻrmagandi.

Shaxd bilan qayrildiyu imkonsizlikning chegarasi boʻlgan jur’at bilan raisga qaytadan yuzma-yuz boʻldi. Fermerlar uyushmasining raisi boboning koʻzlariga qarab hayiqdi. Bu koʻzlarda, bu nigohlarda oʻziga juda tanish boʻlgan his mujassam edi.

Oʻzini zoʻrgʻa tutib turgan boboning ovozi qaltirab chiqdi.
— Koʻp narsa soʻradim, rais, sendan yana bir narsa soʻrayman.
— Soʻrang, soʻrang...
— Xudo... hattoki Xudo odamga... sanoqsiz xatolarini tuzatish uchun ajaligacha... ajaligacha imkon berarkan. Shuni bilasanmi?
— Xoʻsh, xoʻsh...
— Gapni boʻlma, soʻraydiganim shu: sen Xudodanam zoʻrmisan, a, Xudodanam zoʻrmisan?

Javobini ham kutmay, xonaga qanday shaxd bilan kirgan boʻlsa shunday chiqib ketdi.

...Ertasiga sozlangan traktorida daladagi ishini qilib kelgan oʻgʻli raisni maqtadi. Odamlar u kishini bekorga yaxshi odam deyishmasakan, dedi.

Bobo koʻzlarini beixtiyor oynalari kirchil deraza tomon olib qochdi.