OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifFayzulla Salayev
Asar nomiQamish qayiqchalar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Fayzulla Salayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 3-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qamish qayiqchalar (hikoya)
Fayzulla Salayev

Ayvon xarilarida uyalagan qaldirgʻochlarning «vijir-vijir»i uygʻotib yubordi. Atrof nim qorongʻi. Yana biroz mizgʻish niyatida koʻrpaga burkandim. Eshik ochilib, polda oyimning shippagi shipilladi. Koʻrpa koʻtarildi.

− Yozning issiq kunida bunchalik oʻranmasang. Tur, bolam, akangning mazasi qochib qoldi. Darmon opangga borib kelmasang boʻlmaydi. − Oyim tuni boʻyi uxlamagan shekilli, ovozi horgʻin eshitilar, qaboqlari shishinqiragan edi. − Tez bor, oʻgʻlim! Akang qiynalib ketdi. Uyini bilarsan, Beshtomda, «Zarif traktorchiniki qaysi» desang, hamma koʻrsatadi.

Apil-tapil kiyinib, tashqariga otildim. Akam ayvonda koʻrpasidan yarim chiqqanicha yonboshlab yotar, boshini bir qoʻliga tirab, oʻxchiq aralash yoʻtalardi. Yuzi-koʻzi qizarib ketgan… Salomimga soʻlgʻin bir qarash bilan javob berdi.

Kanal boʻyidagi yoʻldan velosipedga «qamchi bosdim».

Beshtom − qoʻshni ovul. Kattagina-yu, nechundir shunday nomlanadi. Bizning ovul − Qoʻshterak bilan mana shu kanal bogʻlab turadi Beshtomni. Ilgari yoʻl ancha aylanish edi. Toʻgʻridan mana shu kanal olingach, beshtomliklarga qulay boʻldi. Ular kolxoz markazi va Koʻkkoʻldagi maktabga mana shu yoʻldan qatnaydilar. Bu kichik uch ovul kolxoz markazidan ancha olis boʻlgani uchun ularga bir hamshira − Darmon opa birkitilgandi. Uning ishxonasi yoʻq, bemorlarga uyma-uy yurib qarardi.

Zarif traktorchining uyi xuddi biznikiday kanal boʻyida ekan. Uyining toʻgʻrisida xuddi biznikiday poyapul . Zarif aka ishga chogʻlanayotgan boʻlsa kerak, traktori yonida kuymalanib yurardi. Kelishimning sababini bilgach, qizini chaqirib chiqdi.

Darmon opa qizgʻish-sargʻish ranglar qorishgan atlas koʻylak ustidan yashil nimcha kiyib, tillarang simli roʻmolini ingichka iyagi tagidan tangʻib olgan edi.

Velosipedga mingashib oldik. Yoʻl sertuproq boʻlgani uchun men haydolmadim. Strelizatorni menga tutqazib, velosiped rulini Darmon opaning oʻzi oldi.

− Qaysi akang ogʻridi?

− Mening bir akam bor. Qodir akam.

− Ha-a, sen hali Salima xolaning oʻgʻlimisan? Tunov kuni armiyadan kelgan akangmi mazasi qochgan?..

Darmon opa jim qoldi. Chunki bir oylarcha avval dadamning vafot etganini bilardi u. Dadamning hech qanday kasali yoʻq edi. Bir kuni kechqurun daladan qaytdilar-u, yuvinib, dasturxon boshida yonboshlaganlaricha… qayta turmadilar. Kutilmagan yoʻqotishdan qarindoshlar dovdirab qolishdi. Qodir akam xizmatning soʻnggi oyini oʻtayotgan edi. Uni marosimga chaqirish hech kimning xayoliga ham kelmabdi. Ertasiga xola-amma, amaki-togʻalar maslahatlashib, akamga xabar berishmaydigan boʻlishdi. «Biratoʻla xizmatini tugatsin endi. Marosimdan avval boʻlsa boshqa gap edi» deyishdi. Oyimning dardi bolaladi. U deyarli har kuni akamni eslar, «yurakkinasi yoriladi endi bolamning» deb, koʻzyoshlarini daryo qilardi. Mana, besh kun boʻldi akam uyda. Oyim qaygʻurganidek uning yuragi yorilmadi. Oldiga yigʻlab chiqib, hushsiz yiqilgan oyimni dast koʻtarganida koʻzidan toʻkilgan yosh oldin oʻzining, keyin oyimning yuzlarini yuvdi. Oldiga kelgan ta’ziyachilar bilan sovuq-salqi soʻrashib, uch kun uyda yotdi. Toʻrtinchi kun oʻzi yolgʻiz baliqqa ketib, mana shu dardga chalingani…

− Nechanchi sinfda oʻqiysan, polvon? – Ertalabki salqindan boʻlsa kerak, ovozi titrabroq chiqdi Darmon opaning.

− Beshinchiga oʻtdim.

− Soldat ham kasallanarkan-da, a, polvon? – Aftidan Darmon opa mening xomush tortib qolganimni sezib, koʻnglimni koʻtarmoqchi edi.

− Qaydam…

Hademay uyga yetib keldik.

− Aynonay doʻxtir qizimdan! – Oyim Darmon opa bilan achomlashib, oʻpishib koʻrishdi. − Shu desang, qizim, kecha baliqdan kelib, qoʻl-oyogʻi oʻt bilan olov. Naq qirq daraja. Uxlaydi − sapchib uygʻonadi. Uxlaydi − choʻchib tushadi. Yoʻtal aralash oʻxchigani yana ortiqcha… Baraka topgur qizim, seniyam tong bilan bezovta qildik…

− Hechqisi yoʻq, bezovtaligi bor ekanmi?.. − Darmon opa shippagini pastda qoldirib, akamning karovati tomon yurdi.

Akam uxlayotgandek koʻzlarini yumib yotar, xoʻrsiniqqa oʻxshatib nafas olardi. Hamshiraning qoʻli peshonasiga tekkach choʻchinib koʻzini ochdi. Loqayd nazar bilan atrofga alangladi. Kechagina soppa-sogʻ akamning bunday ahvolga tushib qolganini koʻrib xoʻrligim kelib ketdi.

− Ana-ana. Yana alahsirayotir, jon qizim. Yoki kuyukdanmikan, dadasiga kuyadi-da endi esligim… − Oyim yigʻlab yubordi, men ham…

Darmon opa oyimga tasalli berib, akamning qoʻltigʻiga termometr qoʻydi. Yoʻq, akam alahsiramayotgan ekan.

− Darmon, senmisan? – Bilinar-bilinmas miyiq tortdi u. − Men tuzukman, yaxshiman!

Darmon opa jilmayib salom berdi.

− Xizmatni yaxshi bitirdingizmi?!

− Rahmat! Oʻzing qalay... bitkazdingmi oʻqishingni?!

Akam entikib, bazoʻr gapirayotgan boʻlsa ham, ancha tetiklashgandek edi. Uning lablarida tabassumga oʻxshagan yengil bir toʻlqin kezinar, Darmon opaning yuz-koʻzida ham qandaydir bir yoqimli yogʻdu borday edi. Buni koʻrgan oyim yigʻini yigʻishtirib, choy qoʻygani ketdi.

− Ozodjon, mollaringga oʻt-choʻp solmading-ku bugun! – Oshxonadan qichqirdi oyim. Uning ovozida qandaydir mamnuniyat bor edi.

Uyga kelsam, oyim Darmon opa bilan supada choy ichib oʻtirishardi. Oyim shu orada tuxum qovurib ham ulguribdi.

Darmon opa oyim bilan xayrlashayotib, akamni quyosh urganligini aytdi. Armiyada salqin yurtlarda boʻlgani uchun bizning issiqni koʻtarolmaganmish.

− Hozir oʻzim «Tez yordam»ga qoʻngʻiroq qilaman. Uch-toʻrt kun ichida otday boʻlib ketadi. Sira bezovta boʻlmang, xolajon! – deb oyimni ovutdi.

Oyim endi oʻzini qoʻlga olgan, hatto biroz xursand ham edi. Dadam vafotidan keyin uni birinchi marta xushnud koʻrishim.

Akam kasalxonada bir haftacha yotib chiqdi. U ancha ozgan, biroq oʻzini yengil his qilardi. Oyimning «hay-hay»iga qaramay bogʻdagi ishlarda menga qarashardi.

Bir kuni akam qoʻlimga lapa tutqazdi.

− Boshim yana ogʻriyapti, − dedi u peshonasini tirishtirib, − mana shu xatda dorining nomi bor. Darmon opangga oborsang, berib yuboradi!

Qaydasan Beshtom deb velosiped popishagini bosdim, jonivor yelday uchdi. Uylarida Darmon opadan boʻlak hech kim yoʻq ekan. Lapani qoʻliga tutqazdim.

− Akam berib yubordi. Dori berarmishsiz!..

− Qachon chiqdi?

− Tunov kuni. Kechadan oldingida.

Darmon opa negadir ingichka qoshlarini chimirib qoʻydi. Lapani ochdi. Mana senga dorining nomi, ikki varaq qogʻozga zoʻrgʻa sigʻib turibdi. Kim biladi, balki boshining qanday ogʻriyotganini ham yozgandir.

Darmon opa xatni lablarini sezilar-sezilmas qimirlab oʻqidi. Nigohlari jiddiy edi. Ikkinchi varaq-qa oʻtgach, qoshlari orasi ochilib, kipriklari tutashganday boʻldi, lablaridan boshlangan tabassum yonoqlariga yoyildi.

Men velosipedim «shox»larini silagancha angrayib qolibman.

− Ha, sen nega turib qolding?

− Dori…

− Ha-a, aytganday, esim qursin... − Darmon opa yugurgilagancha uyiga kirib ketdi. Zum oʻtmay qogʻozchalarga oʻralgan dorilarni olib chiqdi…

Ertasiga akam ovuldagi oʻzgarishlarni koʻrib kelaman deb ketdi. Ertalab ketgan odam kun oqqanda qaytdi. Uning ruhi tetik edi. Men bilan kechgacha beda oʻrdi.

* * *

Bir kuni tushdan keyin akam Koʻkkoʻlga ketdi. Vaqt oʻtkazish uchun qarmoq olib, kanal boʻyiga chiqdim. Uyimizdan ikki yuz qadamcha yuqorida, kanalning biz tomon qirgʻogʻida kichik tolzor boʻlib, uzoqlardan ham koʻzga tashlanib turardi. Tolliqning bir chekkasiga joylashib oldim. Borgan paytda unchalik emasdi-yu, kechqurunga qarab «tort-tort» avjiga chiqdi. Yem ilib tashlaysan, besh-oʻn minut oʻtmaydi. Poʻkak avvaliga oʻynaydi, keyin yarmi suvga botganicha kanal oʻrtasiga qarab keskin suzadi. Tortasan, tirsak boʻyli laqqa yo sazan!..

Quyosh ufqqa tegar-tegmas paytda yoʻl tomonda yigit kishining doʻrillgan sasi eshitildi. Darov tanidim − akam. Yonidagi − Darmon opa. Nima uchundir ularga koʻrinish berishdan uyaldim. Qarmoq dastagini qirgʻoqqa suqib, oʻzimni boʻyonlar orasi − panaga oldim.

− Uf-f, charchab ketdim. Mana shu yerda bir nafas dam olaylik!

− Siz-a charchagan?! Hali dunyoning u burchiga yetmadik-ku?

− Xoʻp de, Darmon. Birpasgina oʻtiramiz-u…

Akam velosipedni mendan ikki qadamcha nariga yotqizdi. Keyin Darmon opa bilan yetaklashib kelib, tollarning quyuq shoxlari orasidagi toʻnkaga oʻtirdilar. Botayotgan quyosh aksi suv yuzida jimir-jimir oʻynar, qizarib-boʻzarib oʻtirgan Darmon opaning yuz-koʻziga tushib, uni yanada chiroyliroq koʻrsatardi. Ular nima uchundir jimib qolishdi. Darmon opa sokinlik bilan oqayotgan suvga tikilganicha oʻtirar, akam atrofdan choʻpmi, kesakchami olib, suvga itqitar, hosil boʻlgan toʻlqinlarni tomosha qilardi. Uzoq davom etgan jimlikni Darmon opa buzdi:

− Gaplaringizga ishonmayman! Rost boʻlsa, yozardingiz. Aqalli bir tabrik ham yubormadingiz-a, bayramlarda… − Darmon opa yigʻlagudek kuyunib gapirardi.

Akam qoʻlidagi kesakni zarb bilan suvga urib, qiz tomon yuzlandi. Uning qoʻllaridan ushlab, koʻzlariga tikildi.

− Nahotki, nahotki Darmon, xatlarimni olmagan boʻlsang?!.

− Yoʻq, hech nima olganim yoʻq! Xudo haqi!..

Darmon opa labini tishlab jimib qoldi. U akamning koʻzlariga sinchkovlik bilan tikilar, ingichka qoshlarini chimirib, allanimalarni eslashga harakat qilardi.

– Boʻldi! Tushundim, hammasini bildim. Sizga ishondim, Qodir aka!

U yosh bolaning yigʻi orasida soʻzlaganidek, entika-entika gapira boshladi… Hammasiga aybdor Sotim poʻshta ekan... Darmon opa uning oʻgʻli taklifini rad etib, sovchilarini qaytargach…

− Tumshugʻini yoraman oʻsha ukkiyapaloqning!.. – Akam gʻazab bilan oʻng qoʻlini musht qilib, oʻz tizzasiga urdi. Uning qoʻllari qaltirar, gʻazab bilan gavdasini har tomonga tashlar, soʻkmasa ham eng qoʻpol soʻzlarni ishlatib oʻshqirardi. – Onasini koʻrsataman, oʻldiraman oʻsha qiltiriq bolasini!..

Bir mahal oʻzining qiz bola oldida ekanligi esiga tushdimi, birdaniga tinchidi. Beozor bir tovushda:

− Men esam, xatlarimni javobsiz qoldirishing sababini soʻrashga botinolmay yuruvdim. Darmon… − dedi. Akam qizning oldiga tashlab qoʻygan soch oʻrimini barmogʻiga oʻray boshladi. − Kap-katta qiz boʻlib qopsan. Esingdami, Xivaning avtobusida yigʻlaganing?..

− Qoʻrqqandim-da, kim biladi oʻshanda sizlar boʻlmaganda… − erkalandi Darmon opa.

Akam qoʻllarini qizning yelkasidan oshirib, gavdasini oʻziga tortdi. Darmon opa ham qarshilik qilmadi. Ular xuddi mening kuzatayotganimni bilishganday endi shivirlashib gaplasha boshlashdi.

Darvoqe, men nega gap oʻgʻirlab oʻtiribman. Oʻzimdan-oʻzim qisinib ketdim. Onda-sonda chigirtka chirillab qoʻyadi, «ketar vaqt boʻldi» degandek. Qimirlasam, kanalga kesak yumalaydi. Ular tomonga qaramaslik va quloq tutmaslikni shart qilib, biroz kutishga qaror qildim. Oyoqlarim ogʻrib ketdi. Kechqurun ish boshlaydigan chivinlar ham izillay boshladi. Ketmasmikanlar, degan umid bilan yana oʻsha yoqqa qarashga majbur boʻldim.

− Voy-vuy, buncha chiroyli boʻlmasa! Kimdan oʻrgandingiz? Xuddi qayiqning oʻzi-ya! − Darmon opa qamish yaprogʻidan yasalgan qayiqchani qoʻliga olganicha bolalardek quvonar, suvga qoʻyvorib, tagʻin qoʻliga olardi. – Suzishini qarang, Qodir aka, xuddi katta qayiqlarday…

− Qoʻyvoraver! Mana, yana bittasi tayyor!

− Bilasizmi, Qodir aka, qaysidir bir yurtda qizlar suvga gulchambar oqizarkanlar. Kimning gullari uzoqqa suzsa, umri uzun, baxtli boʻlarmish…

− Kel, bizlaram… Qayiqchalar oqizamiz!

− Keling, faqat kattaroq yaproqdan, nari-beri toʻlqinga dosh beroladigan qilib yasab berasiz. Yoʻ-yoʻq, har kim oʻz qayigʻini oʻzi yasaydi!

Darmon opa ham bir zumda qayiq yasashni oʻrganib oldi. Keyin ikki qayiqni yonma-yon qoʻyib, oqizib yuborishdi. Qiz qayiqchalarni hayajon bilan kuzatar, suvni qoʻllari bilan toʻlqinlatib, ularni kanal oʻrtasiga haydashga intilardi. Qayiqchalar mening toʻgʻrimdan ham bir-biriga tekkanicha qoʻshaloq boʻlib, oqib oʻtib ketishdi.

− Darmon, Darmonim mening! – Akam tik turgan qizni quchdi. − Istaysanmi, men senga har kuni qayiqchalar yuborib turaman! Xuddi shu paytda kutgin! Har kuni…

− Qayiqchalar?!

− Ha, qayiqchalar! Ularga qoʻshib yuragimni…

Ular oʻpisha boshlashdi. Koʻzlarimni chirt yumdim. Quloqlarimga barmoqlarimni tiqdim. Bir mahal «endi ketishgandir-ov» degan umidda koʻzimni ochdim. Hali ham shu yerdalar. Yana toʻnkaga oʻtirishibdi.

Tizginga tizib, suvga tashlab qoʻygan baliqlarga ilon keldimi, suvni shoʻpirlatib, tipirchilab qoʻyishdi. Birdan qarmoq esimga tushdi. Voy, dastak koʻrinmaydi-ku! Boʻynimni choʻzibroq moʻraladim. Poʻkak butunlay yoʻq, ip teran tortilgan edi. Yuragim hapqirib ketdi. Toʻrt qadamcha yoʻlni bir sakrashda oʻtib, qiyshayib qolgan dastakni sugʻurib olib, tortdim. Baliq katta boʻlsa kerak, ip suvni yorib, u yoqdan-bu yoqqa tortilar, baliqning suvdan chiqqusi yoʻq edi.

− Qiyalab tort, qiyalab! Hozir ipni uzasan…

Akam chopib kelib, qoʻlimdan dastakni oldi, baliqni oʻzi suvdan chiqardi.

Tirsak boʻyli sazan boʻyon va takasoqollar orasida tipirchilar, akam uni ushlashga harakat qilardi. Darmon opa joyida turganicha xandon otib kular, kulgidan koʻzlari yoshlanib ketgandi.

− Qachon kelding bu yerga? – soʻradi akam baliqni ushlab, oʻziga kelgach.

− Hozir… Boya qurib ketgandim qarmoqni. – Oʻyimga kelgan bahonadan xursand boʻldim, oʻzimga qoyil qoldim.

Bu voqeadan soʻng Darmon opani yanada yaqin seza boshladim oʻzimga. U ham koʻrgan joyda biror narsa deb hazillashib qoʻyar, oyimga salom aytib qoʻyishimni ta’kidlardi. Uyga kelgan paytda oyim bilan u yoq-bu yoqdan suhbatlashib oʻtirishni yaxshi koʻrardi. Oyim unga oʻrganib qoldilar. Ikki-uch kun koʻrinish bermasa, «doʻxtir qizim nega kelmay qoʻydi» deb, sogʻinchini yashira olmasdi.

Akam armiyadan avval biror ish qilib qoʻysa, oyimga chaqib bermasligimni uqtirib, va’damni olmaguncha qoʻymasdi. Negadir bu safar unday qilmadi. Men oyimga chaqmasam-da, ularni kuzatishni davom ettirdim. Nega shunday qildim, bilmayman. Ularni kuzatish, ikkisini bir yerda uchratish menga qandaydir zavq bagʻishlardi. Quvonardim, Darmon opaga erkalangim kelardi.

Akam tolzorda kelishilganidek, har kuni qayiqchalar oqizib turdi…

Hammasi akam ishga kirgandan keyin boshlandi. Bir kuni kechqurun ovqatdan keyin oyim gap boshladilar:

− Bugun dalaga rais keldi. Ayaydi-da, achinadi. Dadang ikkalasi qanday inoq edilar. Qalandarning traktorini oʻgʻli haydaydi deb, hech kimning qoʻlini tekkizmay qoʻyibman, deydi. Kuzda va’da qilingan «Moskvich»ni ham oʻgʻlingga beramiz, deydi…

− Qoʻying, oyi. Men kolxozda ishlamayman. − Oyimning gapini boʻldi akam. − Dadamning adoyi tamom boʻlgani ham yetar kolxozning ishini deb.

− Tavba degin, bolam! Mard odam musibatni Xudodan koʻradi, nomard atrofdagilardan…

− Oyi, xudoyu boshqalarni tinch qoʻying! – Ovozini koʻtardi akam. − «Moskvich»mas, «Volga» berishsa ham… Vaqti yoʻq, soati yoʻq, bayrami, yakshanbasi yoʻq…

Xullas, akam koʻp oʻtmay rayon markaziga ishga qatnay boshladi. U ertalab velosipedda ketganicha kechqurun qaytardi. Unga achinardim. Borishda yetti, qaytishda yetti, kuniga oʻn toʻrt chaqirim yoʻl bosish oson emas-da velosipedda. Yana hamma qatori ishlash…

Dastlabki kunlari akamning charchagani shunday koʻrinib turardi. Ishdan kelgach, hech kim bilan soʻzlashmas, nari-beri ovqatlanib, yigʻma karovatini koʻtarib, boqqa oshiqardi, uyquning tadorigini koʻrardi. Bu hol uzoq davom etmadi. Ikki haftacha oʻtgach, akam chiniqib ketdi shekilli, ishdan kayfi chogʻ qaytadigan, mening ishlarimni surishtiradigan boʻldi. Biroq u negadir Darmon opa bilan uchrashishga harakat qilmasdi. Bu kunlari Darmon opa deyarli har kuni tushda uyimizga kelar, oyim bilan yoʻl-yoʻlakay, ba’zan choy ustida suhbatlashib ketardi. U menga yoqimli bir tuygʻu bilan qarar, koʻzlari nimadir istab jovdirardi. Men endi hamma narsaga tushunardim. U mendan oʻshandagi dorining nomi yozilganga oʻxshagan biron lapa kutardi.

− Qiz bola ham bunchalik koʻhlik boʻlarkan-a, odobini aytmaysanmi! Onasini koʻru qizini ol, demishlari shu-da! Gulsara bekorga toʻyboshi boʻlib yurgani yoʻgʻakan. – Darmon opa ketgach, oʻziga-oʻzi gapirib, nima uchundir bosh chayqab qoʻyardi oyim.

Akam koʻp oʻtmay kanal boʻyiga borib, qayiqchalar joʻnatishni ham unutdi. Qayiqchalar oqizilmagan birinchi kuniyoq yuragimning allaqaerida uvishiq his qildim. Balki esidan chiqqandir? Eslatsammikan? Yoʻq, unaqada ularni kuzatib yurganim ochilib qoladi. Koʻz oldimda uyi oldidagi poyapul yonida suvga termulganicha parishon oʻtirgan Darmon opa gavdalanadi. Akamning yubormasligiga aniq koʻzim yetgach, oʻzim oqizdim qamish qayiqchalarni. Ertasiga ham, indiniga ham…

Bir kuni akam ishdan vaqtliroq qaytdi.

− Ozod, chopgin! Oyimni aytib kel! Uyga mehmon kelarmish, degin! – Buyurdi u. – Velosipedga teginma. Magazinga borishim kerak. Yoʻlakay olib kelay desam, bir tiyinsiz chiqibman.

Mehmonlar ikki yigit va uch nafar qiz boʻlib, ikkita bir-biriga oʻxshash kajavali mototsiklda kelishdi. Yigitlarning ozgʻin va chayir gavdalari, sochlaridan yaqinda harbiydan qaytganlari sezilib turardi. Akam yigitlarni «quroldoshlarim», qizlarni «hamkasblarim» deya tanishtirdi oyimga. Keyin nomlarini bir-bir sanab chiqdi. Kun issiq boʻlishiga qaramay, akam mehmonlarni ichkari uyga taklif qildi.

Men odatdagidek, mehmonlarga xizmatga shoshildim. Akam yoʻldan qaytardi:

− Boshingni suqma xonaga. Bor, oyingga qarash!

Oshxonaga qaytdim. Oyim oʻchoq boshida parishonxotir oʻtirar, tutundanmi, piyoz archiganmi, koʻzlarida yosh qalqirdi. Meni koʻrib beparvogina:

− Kel, bolam, - deb qoʻydi.

Bir mahal oshxonaga boʻsh choynak koʻtargan akam, ketidan boya «Karomat» deb tanishtirgan qiz kirib keldi. Karomat roʻmolini yechib tashlagan, qop-qora sochlari yelkalarini toʻldirib turardi. U choy damlab chiqib ketdi. Oyim nimanidir sezdi shekilli:

− Uyatmasmi, bolam, dadangning tuprogʻi sovumasdan turib… − deb tutilib qoldi.

− Shu yoshingiz bilan kampirning gapini gapirmang, oyi! – dedi akam bamaylixotirgina. − Dadam qaytib kelarmidi ichmasam… Undan koʻra Karomat bilan tanishing! Idoramizda ikkinchi bugʻoltir. Menam oʻqiyman, zaushniy…

Oyim indamadi. Akam sigaretini tutatib, chiqib ketgach, burnini tortib, koʻz yoshlarini yengiga artdi.

Akam shu kuni yarim tunda mehmonlar bilan birga ketdi. Ishxonasi yotoqxona berganmish. Kiyimlarini olib, biratoʻla ketdi. Ketayotganida chidab turolmadim:

− Aka, balki Darmon opamga biror gapingiz bordir? Men aytib qoʻysam…

− Nima?! – Akamning kayfdan suzilgan koʻzlari yirtilib, gʻazabdan chaqnadi. Negadir tariqcha ham qoʻrqmadim undan.

− Darmon opamga nima deyin?!

Akam kutilmaganda xandon otib kulib yubordi.

− Ey, galvars! Ey, xumkalla!.. Hoh-hoh-ho! Demak, boʻsh emaskan-da bu qovoq! – Taqir boshimni shapatiladi u. – Senga baribirmasmi, Darmon boʻlmasa, Karomat! Ishqilib chechasiz qolmassan, axir! Shuni ayt qishloqi opachangga-a! – Akam yana kulganicha oʻt oldirilib, uni kutayotgan mototsikllar tomon loʻkilladi.

Yigʻlab yubordim. Nega yigʻlayotganimni aniq bilmasdim. Goʻyo koʻkrak qafasim koʻzyoshi va yana allaqanday ogʻir narsalarga toʻlib ketgan, yigʻlaganim sari ulardan qutulmoqda edim.

− Ha, bolam? Hali senga ishonib akangni yotoqxonaga joʻnatib yursam… Aytdi-ku, axir, hafta sayin kelib turarmish… Qoʻy, yigʻlama, bolam! – Oyimning titroq tovushidan uning ham yigʻlayotganini sezish qiyinmasdi.

Ertasiga tushda Darmon opam yana keldi. Men uning koʻziga qaray olmadim. Ichkari kirib, kitob oʻqishga unnadim. Kitob sahifasida nigohim soʻzdan-soʻzga sakrar, xayolimda qorishiq fikrlar gʻujgʻon oʻynardi…

Nega men ularni kuzatdim? Nima uchun qayiqchalar joʻnatdim? Qanday haddim bor edi bunday qilishga? Balki oʻsha qayiqchalar bormaganida Darmon opam ilgariroq sezarmidi akamning bunaqaligini… Bugun aytaman, hammasini gapirib beraman. Ularni poylab yurganimni ham, qayiqchalar joʻnatganimni ham! Yalinib-yolvoraman, kechirim soʻrayman!..

Darmon opa oyim bilan xayrlashib, deraza oldidan kanal tomon oʻtib ketdi. Tashqariga otildim. Poyapul ustida ketidan yetdim.

− Darmon opa, toʻxtang, iltimos! Bilasizmi, men, men sizni… − Tomogʻimga allanarsa tiqilib gapirolmay qoldim. – Bilasizmi…

U menga qarab ma’yusgina jilmayib turar, men aytmoqchi gap uni qiziqtirmayotgandek edi. U strelizatorini yerga qoʻyib, menga intildi. Yuzimni issiq kaftlari orasiga olib, koʻzlarimga tikildi.

− Gapir, polvon!

− Men… men sizni aldadim, Darmon opa! Qayiqchalarni…

Darmon opa pastki lablarini tishlab jim qoldi. Uzun va qora kipriklari orasida yosh tomchilari paydo boʻldi.

− Aytmay qoʻyaqol!.. – Haligi munchoqdek tomchilar yonogʻiga tushdi. Keyin iyagi tomon bir-birini quvlab oqa boshladi. – Rahmat senga, uka! – Darmon opa ortiqcha gapira olmadi. Meni bagʻriga tortib, titroq lablari bilan yosh quyilayotgan koʻzlarimdan oʻpdi. Men uning mehr ufurib turgan ogʻushida yigʻidan toʻxtolmasdim.

− Yigʻlama, uka! – dedi u. Avval mening, keyin oʻzining yoshlarini artdi. – Shunga ham yigʻimi, a, polvon? – U jilmayishga harakat qildi.

− Darmon opa, kechiring meni! – dedim uning koʻzlariga tik qarayolmay.

− Nimani? Sen nima gunoh qilding?!

− Qayiqchalarni… − deyoldim soʻligʻimni bosolmay.

− Nima qayiqchalar?.. Endi oqizmay qoʻymoqchimisan? – dedi u jiddiy ohangda. − Men esam, har kuni kutaman qayiqchalaringni!

U strelizatorini olib, sekin mendan uzoqlashdi. Yigirma qadamcha yurgach, qoʻlini koʻtarib, roʻmolchasini silkidi.

− Mayli, ertagacha! Qayiqchalaringni esa kutaman!

Men oʻsha kuni kechqurun Beshtomdagi opamga odatdagidan bir necha marta koʻp qamish qayiqchalar oqizdim…

1978
Nukus shahri.