OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifFitz Jeyms O'Breyn
Asar nomiOlmos linzadagi sohibjamol (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Fitz Jeyms O'Breyn
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHulkar va Nilufar Muhammedovalar
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Olmos linzadagi sohibjamol (hikoya)
Fitz Jeyms O'Breyn

I

Bolaligimdan tabiat qoʻynida xayol surishni yaxshi koʻrardim. Xayol ogʻushida boʻlib, tabiatning eng kichik zarralaridagi hayotni koʻrgim kelardi. Xayolan oʻzim oʻsha kichik zarrachalardagi hayotni koʻrganday boʻlaman. Bora-bora bu holat meni batamom oʻziga maftun qildi. Oʻn yoshga toʻlgan kunimni aniq bir iliqlik bilan eslayman. Aynan oʻsha kuni amakilarimdan biri menga mikroskop sovgʻa qildi va uning moʻjiza ekanligiga ishondim.

Bu olamning goʻzalligi hamon meni hayratga soladi. Oyim achib qolgan murabboni toʻkib tashlabdi. Hovliga nimanidir izlab chiqdim-u koʻzim achib qolgan murabboga tushdi. Murabboning bir tomchisini olib mikroskop tagiga qoʻydim. Murabbo moʻjiza toʻla bogʻ boʻldi. Mikroskopning sehrli linzalari menga jajji daraxtlarning shoxlarida osilib turgan mevalarni koʻrsatardi. Men goʻyo oʻsha lahzada yangi bir jannat bogʻiga roʻpara kelgandek boʻldim. Albatta, bu sir haqida hech kimga soʻz ochganim yoʻq. Hayotim butunlay mikroskop bilan bogʻliq boʻlib qoldi va oʻzimni bu moʻjizakor kuchga bagʻishlashga qaror qildim. Mening bu qarorim, tabiiyki ota-onamga yoqmasdi. Oilamiz boy-badavlat boʻlgani uchun ishlashimga umuman hojat yoʻq edi. Ammo yoshim 20 ga yaqinlashavergach, ota-onam menga biror kasbni tanlashing shart, degan talabni qoʻya boshlashdi. Nufuzli kasbni egallash oʻrniga allaqanday boʻlmagʻur narsa ustida bosh qotirishim ularga yoqmas, bu oilamizning obroʻsiga ham toʻgʻri kelmasdi. Oʻylab-oʻylab Nyu-Yorkda tibbiyot boʻyicha oʻqishga qaror qildim. Bu shahar uyimizdan ancha olisda edi. Bu esa albatta, vaqtimni oʻzim istagan narsaga bagʻishlashga imkon berardi. Agar oʻqish pulini vaqtida toʻlasam bas, uydagilar dars qoldirayotganimni mutlaqo bilmaydilar. Eng asosiysi, bu shaharda ajoyib-gʻaroyib mikroskoplarni sotib olishga, qolaversa, butun dunyo olimlarining ilmiy anjumanlarida qatnashishga, tubsiz savollarimga javob topishga yetarli vaqtim boʻlardi. Orzularimni amalga oshirish uchun qoʻlimda yetarli darajada pul va vaqt boʻlishidan xursand edim.

Men joylashgan uy kattagina edi, shu sababli xonalardan birini laboratoriyaga aylantirdim, xonani qimmat jihozlar bilan toʻldirib tashladim. Shu bilan birga menga kerak boʻlgan, ayniqsa, ishimga taalluqli buyumlarni ham xarid qildim. Yil oxiriga kelib esa mikroskop ustasi boʻlib ketdim. Mikroskopning turlari-yu ularning ikir-chikirlarini toʻlaligicha oʻzlashtirdim. Qimmatbaho mikroskopimning linzalari hayot haqidagi savollarimga javob berishga ojizlik qilardi. Asbobimning chegaralangan kuchi tabiatda hali ham jumboqlar borligidan dalolat berar va mening savollarimni izohlab berishga kuchi yetmasdi. Tunlari bilan adoqsiz savollar yechimini topib bera oladigan linzali kuchli asbob topishni orzu qilardim. Bunday linza kichik zarralardagi rivojlanishni koʻrishga imkon berishi lozim edi. Men oʻzim orzu qilgan mukammal linzaning yaratilishiga amin edim. Ishga jiddiy kirishib, dastlabki ikki yilni linzani yaratishga sarfladim. Turli xil narsalarni tajriba qilib koʻrdim, oddiy shishadan tortib, kristal-u qimmatbaho toshlar ham qolmadi, biroq men kutgan natija yoʻq edi. Ota-onam tibbiyot sohasidagi erishgan «muvaffaqiyatlarimni» koʻrib jahllari chiqdi. Axir men biror marta darsga bormagandim-da. Buning ustiga tajribalarim uchun anchagina pul sarflab qoʻygandim. Otam dargʻazab boʻlib, meni qattiq soʻroq qildi. Men esa boshimni egganimcha indamay turaverdim. Tavba qilib, bundan buyon oʻqishga jiddiy kirishaman, deb ularga va’da berdim. Oʻsha lahzalarda ham koʻz oldimdan faqat oʻtkir linzali mikroskop oʻtar, ota-onamning tazyiqi ham meni bu ishdan sovutolmasdi.

Kunlardan bir kun laboratoriyamda tajriba oʻtkazayotganimda, eshik taqillab qoldi. Ostonada Julis Simonning turganini koʻrdim. Simon mendan bir qavat yuqorida turardi. U taqinchoqlar, qimmatbaho buyumlar bilan shugʻullanadi, oʻziga toʻq kishi. Shunday boʻlishiga qaramay, Simonning qandaydir menga noma’lum boʻlgan siri bor edi. U har doim nimadir sotib yurar, qoʻlida qimmatbaho rasm, haykalcha yoki kamyob boʻlgan qandil koʻrardim. Simonning nima uchun bunday qilishini tushunmasdim. Chunki u sira pulga muhtoj emas, uning koʻpgina oʻrtoqlari Nyu-Yorkdagi badavlat oila vakillari edi. Simonning uyiga boyvachchalar tez-tez kelib turishar va ular soatlab ulfatchilik qilishlariga guvoh edim.

Men Simonni laboratoriyamga taklif qilganimda, negadir qattiq hayajonda edi.
— Bilasanmi, ogʻayni, men hozir dunyodagi eng dahshatli narsani koʻrib kelyapman! — dedi u.

Men taajjublandim. U nafasini zoʻrgʻa rostlab, gʻayritabiiy va sirli kuchga ega boʻlgan ayolnikiga borganini aytib berdi. U bir ayol oʻliklar bilan gaplasha olishini va odamlarning fikrlarini oʻqiy olishini aytib, meni lol qoldirdi. Simon ayolni tekshirish uchun qogʻozga oʻzi haqida savollar yozgan, Valpes xonim esa savollarga toʻgʻri javob bergan. Bu ayol haqidagi ma’lumot menda ajib bir fikr uygʻotdi. Balki u mukammal, toʻla-toʻkis boʻlgan linzalarni yaratishga yordam berar? Ana shu umid bilan ikki kundan soʻng uning uyiga bordim. Valpes xonim Simon ta’riflaganidek, istarasi sovuq, johil yuzli boʻlib, menda umuman iliq taassurot qoldirmadi. U meni mehmonxonaga boshladi. Katta stol atrofidagi stullardan biriga oʻtirgach, xonim soʻradi:
— Nima maqsad bilan kelding?
— Men gaplashmoqchi boʻlgan odam ancha yil oldin hayotdan koʻz yumgan! — dedim men.
— U otangmi?
— Yoʻq, u kashfiyotchi olim edi.
— Qoʻlingni stol ustiga qoʻy.

Bir necha daqiqadan soʻng xonani qorongʻulik egallay boshladi, biroq Valpes xonim chiroqni yoqmadi. Asta-sekin jarangli tovushlar quloqqa chalindi. Oldin stol, keyin stullar, soʻngra pol, hattoki derazalar ham taqilladi. Valpes xonim qarshimda haykalday oʻtirar edi.
— Omading bor ekan, bugun ular ancha sergak, sen gaplashmoqchi boʻlgan odamning ismini qogʻozga yozishing mumkin, — dedi u.

Men tezda yon daftarchamdan varaq yirtib oldimda, olimning ismini yozdim va qogʻozchani xonimga koʻrsatmay agʻdarib qoʻydim. Kutilmaganda Valpes xonimning qoʻllari shunchalik qattiq qaltiradiki, hatto stol joyidan siljib ketdi. U ruhning kelganini va xat yozish uchun qogʻoz soʻrayotganini aytdi. Stol ustiga qogʻoz va ruchkani qoʻygach, qogʻozchaga nimadir yozildi. Tezda qogʻozchani olib oʻqidim. «Men shu yerdaman, savolingni ber» deb tagiga Livenxok deb imzo qoʻyilgandi. Koʻzlarimga ishonmasdim, chunki yozuv men yozgan ismning oʻzginasiniki edi. Valpes xonimning Livenxok kim ekanligiga qiziqmasligiga ishonchim komil edi. Toʻgʻri-da, mikroskopni kim ixtiro qilganini bu ayol qayerdan ham bilsin? Tezda savolimni boshqa varaqqa yozdim. «Mukammal linzalarni qanday yaratsa boʻladi?» Livenxok shunday javob yozdi: «140 karatli olmos top. Unga kuchli elektr zaryad ber. Elektr olmosning atomlarini oʻzgartiradi. Soʻngra bu toshdan mukammal linza yaratsa boʻladi».

Valpes xonimning uyidan kayfiyatim tushib qaytdim. Bunday kattalikdagi olmosni qayerdan topaman? Uni topgan taqdirda ham sotib olishga qurbim yetmaydi. Uyga yaqinlashganimda, Simonning yorugʻlik taralib turgan derazasiga koʻzim tushdi, tepaga koʻtarildim. Uning eshigini taqillatdim, sado yoʻq. Eshikni itarib koʻrdim, ohista ochildi.

Simon chiroqqa engashib nimadir qilardi. Xayolim 140 karatli olmosda boʻlgani uchun uning holatini loqaydlarcha kuzatardim. Soʻngra oldiga yaqinlashib stolni chertdim. U oʻgirildi, meni koʻrdi-yu qoʻlidagi narsani choʻntagiga solib qoʻydi, negadir yuzlari qizarib asabiylasha boshladi.
— Nimaga qarayotganding? — deb qiziqib soʻradim. U javob berish oʻrniga, oʻtirishga taklif qildi.
— Simon, men Valpes xonimnikidan kelayapman, — deya gap boshladim.
— Xoʻsh, davom et! — dedi u.
— U menga mukammal linzani yaratish uchun bir necha yoʻl-yoʻriqlarni aytdi. Agar 140 karatli olmos topsam, bu ishni uddalayman, — dedim. Shunda Simonning qoʻllari titrab ketdi, yuzidan asabiylasha boshlaganini payqash qiyin emas edi.
— Senga olmos kerakmi? 140 karatli olmos — mening xazinam. Men uni senga ikki dunyodayam bermayman, uni olishing uchun meni oʻldirishingga toʻgʻri keladi.
— Nimalar deyapsan, Simon. Men ilmiy muammom boʻyicha Valpes xonimdan yordam soʻrab borgandim. Buning uchun menga katta olmos kerakligini aytdi. Senda bunday katta olmos boʻlmasa ham kerak. Agar boʻlganida sen bu yerda yashamas eding, — dedim muloyimlik bilan. Uning nima haqida gapirganini oʻsha vaqt payqamadim. Unga tikilib qaraganimda, yuzlari negadir terlaganini koʻrdim.
— Oldin yuzingni bir artsang boʻlarkan, Simon!

U indamay choʻntagiga qoʻl solib dastroʻmolchasini olayotganida nimadir taq etib yerga tushdi. Ikkalamiz ham unga tikilib qoldik. Yerga tushgan narsa chiroq nurida oppoq boʻlib yaltirab ketdi. Koʻzlarimga ishonmadim, bu olmos edi, aynan menga kerak boʻlgan 140 karatli olmos. Simon uni qizgʻangandek choʻntagiga soldi. Men boyagi gaplarini endi tushundim va hech narsani koʻrmagan kishidek:
— Kel Simon, vino ichamiz. Hammasini unut, uyda ikkita shisham bor, tozasidan, nima deding? — deya taklif kiritdim.
— Zoʻr fikr, — dedi u qoʻllab-quvvatlab.

Uyga kirib shishalarni javondan olayotganimda ham xayolim olmosda edi. Shu topda uni qoʻlga kiritish yagona maqsadimga aylangan edi. Shishalarni unikiga olib chiqdim. Biz icha boshladik, birinchi shisha tugagach, Simonni uyqu elita boshladi, u mast boʻlib qolgandi. Men esa aynan shu daqiqalarni kutayotgandim, chunki uning bisotidagi qimmatbaho buyumni qoʻlga kiritishim uchun imkon tugʻilgan edi.

U bilan ikkinchi shishani tugatgach, xayrlashib xonamga keldim. Mening butun diqqat-e’tiborim olmosda boʻlgani bois, hatto vino ham ta’sir qilmadi. Koʻzlarimni yumib uxlashga harakat qilsam-da, sergak edim. Uni gumdon qilish rejasini tuza boshladim. Simonning uyida ishni bajarish uchun barcha asboblar mavjud edi; uyqu dorisi, uzun katta pichoq. Soat kechasi 3 ga yaqinlashgach, unikiga koʻtarildim, ajabo, men eshikni qanday yopgan boʻlsam, shundayligicha turibdi.

Simon qotib uxlab yotardi. Dastlab choʻntagiga qoʻl soldim. Olmosni olgach, qoʻlimdagi pichoqni koʻkragiga sanchmoqchi boʻldim. Shu payt zina tarafdan qadam tovushlari eshitildi. Sharpa Simonning eshigiga yaqinlasha boshladi. Qoʻrqqanimdan oshxona tomonga qarab yugurdim. Oshxona eshigi ortiga berkinib, Simon yotgan xonadan koʻz uzmas edim. Qadam tovushlari eshik oldida toʻxtaganday boʻldi. Men qaltirab turardim, ammo eshik ochilmadi. Kimdir eshik oldiga adashib yaqinlashdi-yu keyin uzoqlashdi. Xayriyat! Men Simonga yaqinlashdim. Ajabo, uning yuragi urmas edi, men ishonqiramay uni tekshirib koʻrdim, Simon allaqachon bu yorugʻ dunyoni tark etgan edi. Oradan ikki-uch kun oʻtgach, uning oʻlgani qoʻshnilarga ma’lum boʻldi. Shundan soʻng tergov boshlandi. Hamma qoʻshnilar qatori men ham soʻroq qilindim. Aybsiz ekanligimni bilishgach, qoʻyib yuborishdi. Oradan biroz vaqt oʻtib, sud tibbiy ekspertiza natijasi ma’lum boʻldi. Oʻsha kecha Simon vinoni me’yoridan ziyod iste’mol qilgani ma’lum boʻldi. Ortiqcha ichimlikni yuragi koʻtara olmagan, shekilli.

II

Simonning oʻlimidan soʻng kunu tun olmosga ishlov berdim. Nihoyat, men kutgan linzalar tayyor boʻldi. Suv tomchisini shisha idishga quyayotganimda, qoʻllarim negadir qaltirab ketdi. Ehtiyotkorlik bilan linza qurib qolmasligi uchun suvga ozgina yogʻ tomchisini qoʻshdim. Shishaning tagidan kuchli yorugʻlik tushirdim va olmos linzalardan qaray boshladim.

Bir necha daqiqagacha suv tomchisida hech narsa koʻrinmadi. Soʻngra sof, oq nur taraldi. Ehtiyotkorlik bilan mikroskop linzasini suv tomchisiga yaqinlashtirdim. Asta-sekinlik bilan oq nur oʻzgara boshladi. U yerda ajib manzara — bulutlar, daraxtlar, chiroyli gullar paydo boʻldi. Butun manzara qizil, yashil, pushti, tilla, kumush ranglarning qorishmasiga oʻxshardi. Daraxtlarning shoxlari mayin shabadada tebrana boshladi. Hamma joyga koʻz yugurtirdim, turfa rangdagi mevalar, gullar...

«Qiziq, bironta ham hayvon yoʻq bu yerda» deb oʻyladim. Atrofni sinchiklab kuzatdim. Shu payt daraxt va butalar orasida bir narsaning tebranayotganiga koʻzim tushdi. Butalarning tillarang shoxlari sekingina koʻtarildi va qarshimda men hali xayolimga keltirolmagan, umrimda uchratmagan maftunkor sohibjamol paydo boʻldi. Ha, u nihoyatda goʻzal edi, tiniq yuzi, koʻm-koʻk shahlo koʻzlari, uzun sochlari yelkasida toʻlgʻonib turardi. U kamalak rangdagi daraxtlardan uzoqlasha boshladi. Goʻyoki suvda suzayotgan gulday u ham havoda sayr qilayapti. U xuddi shamolda tebranayotgan qoʻngʻiroqlarning jarangli ovozini eslatardi. Sohibjamol kamalak ranglari tovlanib turgan daraxtlar tagiga bordi. Daraxt shoxlari egilib, uni oʻz mevalariga koʻmib tashladi. U jajji qoʻllari bilan mevani olib yeya boshladi. Qaniydi, oʻsha lahzada uning oldiga borib, mana shu oʻrmonda u bilan birga yursam, sayr qilsam... Uni topishim kerak, tabiatning nodir mavjudoti meni oʻziga shaydo qildi-qoʻydi. U suv tomchisidan hosil boʻlgan mahbuba emasmikan? Laboratoriyamdan yugurib chiqib, oʻzimni karavotga tashladim va uxlab qolgunimcha koʻzimdan yosh tomchilari quyulaverdi.

Men uni koʻrish uchun har kuni mikroskop oldiga kelardim. Xonamdan umuman chiqmasdim. Ishtaham yoʻq, uxlolmayman. Sevgilimni koʻrish uchun mikroskop oldiga borganimda, u joyida oʻtirardi. Kutilmaganda dahshatli oʻzgarish roʻy berdi. Uning yuzlari nursiz, oʻzi esa zoʻrgʻa yurardi. Sochlaridagi, koʻzlaridagi nur, tarovat yoʻq, betobga oʻxshaydi. Uning yoniga kirib yordam berish uchun qalbimni, jonimni hadya etishga rozi edim. Qanday dard unga azob berdi ekan? Qiz kuchli ogʻriqdan qiynalardi. Ma’shuqamni yaralangan qalb bilan soatlab tomosha qildim. Daqiqalar imillab oʻtmoqda. U borgan sari nimjonlashib boraverdi. Unga qoʻshilib oʻrmon ham oʻzgarib borar, daraxtlar jozibasiz, quruq edi. Toʻsatdan bir necha kun suv tomchisiga qarashni unutib qoʻyganligim yodimga tushdi. Mikroskop bilan ovora boʻlib, suv tomchisini butunlay unutibman. Mikroskop tagidagi oynaga qaragach, hammasiga tushundim. Suvni qurishdan asrash uchun unga yogʻ tomchisini qoʻshmaganim yodimga tushdi. Suv qurib boʻlgan ekan. Ana shuning ta’siri tufayli suv parisi soʻnayotgan yorugʻlikning soʻnggi nurlari ostida yotardi. Uning nimjon tanasi qurib, yuzi ajin bilan qoplangandi. Keyin u butunlay koʻrinmay qoldi. Hushimni yoʻqotib qoʻyib ancha vaqtdan soʻng oʻzimga keldim. Koʻzimni ochsam, mikroskop boʻlaklari ustida yotibman. Olmos linzasi singari miyam ham boʻlaklarga boʻlinib ketganday edi. Joyimga zoʻrgʻa sudralib borib, koʻz oldimdagi sirli dunyoni tark etdim.

Bir necha oylardan soʻng pulim tugadi. Odamlar meni batamom tentakka chiqarishdi. Ha, ular meni «Linli tentak olim» deb atashadi. Hech bir kimsa Livenxokning ruhi bilan gaplashganimga ishonmaydi. Ular Julis Simon voqeasini, mukammal linza yaratish uchun uning olmosini oʻgʻirlaganligimni ayta boshlasam, ustimdan kulishadi, hech qachon suv tomchisi ostidagi goʻzal hayotni koʻrganligimga ishonishmaydi. Biroq men olmos linza haqiqatini bilaman. Odamlarning nima deyishlari men uchun ahamiyatsiz. Eng muhimi, men sizlarga olmos linzalar tarixini hikoya qilib berdim.

«Ma’rifat» gazetasidan olindi.