OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifFozil Iskandar
Asar nomiQoʻshyurak (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Fozil Iskandar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonNizom Komil
Hajm57KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qoʻshyurak (hikoya)
Fozil Iskandar

– Ke qoʻy, Zinaxonim, «nima buyurasiz?» deb boshimni qotirma. Uni opke, buni opke demayman. Qanaqa shirin taom, qanaqa zoʻr ichimlik boʻlsa, opkelaver. Joʻralarim bilan bi-ir bitimiz toʻkilsin. Tezlashtir!

Nima demoqchi edim-a? Ha! Adgurning yuragi ikkita degan gapni oʻylab topgan odamni uchratsam, oʻlay agar, onasini uchqoʻrgʻondan koʻrsataman! Mish-mish tarqatgani bilan xotini oʻgʻil tugʻib berarmidi! Lekin uni baribir topaman, chunki kimligini koʻnglim sezib turibdi. Biz tomonlarda ham shunaqa gʻalamis odamlar uchrab turadi.
– Qiziq-da, – deyishadi oʻrtoqlarim, – oltita oʻq yeb tirik yuribsan, tagʻin oʻqlardan bittasi yuragingni teshib oʻtgan. Demak, yuraging ikkita-da, Adgurbek, shuni doʻstlaringdan yashirib nima qilasan?
– Hoy, musulmonlar, – deyman men jigʻibiyron boʻlib, – yuragim bitta! Agar hadeb gapiraversalaring, shunisiyam tars yoriladi. Axir, hammamiz doʻstmiz, birga oʻsganmiz, nechchi yildan beri tuz-namakmiz, nahotki shu bema’ni afsonaga ishonib yursanglar?

Toʻgʻri, oltita oʻq yeb tirik yuribman, sababi – joni qattiq urugʻdanman. Bu – bir. Ikkinchidan, yuragimdan oʻtgan oʻq yurak qisilgan, taranglashgan paytida oʻtgan, deyarli tegmagan, bir chetini yalab ketgan, xolos. Hozirgi tibbiyot fani buni aniqlagan: yuz yilda bir marta shunaqasi ham boʻlib turarkan. Oʻq yuz yilda bir marta taranglashgan yurakdan oʻtarkan, tushunyapsizlarmi, qisilib turgan yurakdan! Shunda odam oʻlmay qolarkan. Bu endi... bir soʻmlik lotoreyaga «Volga» yutishday gap.

Lekin buni hammaga tushuntirish osonmi? Qahvaxonadan odam oyogʻi uzilmaydi. Ularning birortasi baribir ana shu ahmoqona savolni beradi-da:
– Adgurbek, yuraging ikkita emish, shu gap rostmi?

Tirik yurganim uchun oʻzimni oqlaguncha ona sutim ogʻzimga keladi shunaqa paytlarda. Xoh ishoning, xoh ishonmang – bir kuni ataylab kushxonaga bordim. Bizdan uzoq emas, Mayakda. Nomi chiqqan qassobimiz Misrop amaki oʻsha yerda ishlaydi. Yoshi saksonni qoralab qolgan, ammo-lekin bizga oʻxshagan yoshlardan oʻntasini bir choʻqishda qochiradi, nimagaki har kuni ertalab issiqqina qonni piyolaga limmo-lim qilib simirvoladi.

Borib dar¬dimni ayt¬dim, xuddi otam bilan gaplashayotganday, shunaqa-shunaqa... bezor boʻp ketdim, dedim.
– Mardona ish tutganingdan xabarim bor, mulla Adgur, – dedi u bamaylixotir. – Otangday odamdan boshqacha oʻgʻil dunyoga kelishi mumkin emas edi. Oyingni ham yaxshi bilaman. Ming qilganda ham oʻzimizning esherlik ayol-da. Durkun, oyoq-qoʻli chaqqon, aka-ukalari hali ham oʻsha yerda yashaydi, devday-devday yigitlar. Endi anovi masalaga kelsak, qassob sifatida shuni aytishim mumkinki, umrim bino boʻlib qoʻshaloq yurak u yoqda tursin, hatto qoʻshaloq taloqqa ham duch kelmaganman. Toʻgʻri, ming toʻqqiz yuz oʻttiz oltinchi yili oshqozoni ikkita qora buqani bir marta koʻrganim rost.
– Misrop amaki, – dedim men, – ming toʻqqiz yuz oʻttiz oltinchi yilda siz koʻrgan oshqozoni ikkita qora buqaning mening hozirgi ahvolimga nima aloqasi bor? Oʻsha ming toʻqqiz yuz oʻttiz oltinchi yildagi oshqozoni bir juft qora buqa boshqa narsadan darak bergan, ya’ni bir yil oʻtib oʻttiz yettinchi yil keladiyu Stalin hammani yamlamay yutadi, degani bu. Gap mana shunda.
– Men buni sezganman, – dedi Misrop amaki, – buqaning kuragiga qarab ochilgan fol ham shunga ishora qilgan. Lekin oʻshanda miq etmaganman – zamon chatoq edi. Qisqasi, jigarim Adgurbek, toʻrt oyoqli jonivorlar ustidan bor bisotimni oʻrtaga qoʻyib hukm chiqarishim mumkin: oʻzing bilasan, qassob xalqida mol-bisotdan qahatchilik yoʻq. Ammo ikki oyoqlilar toʻgʻrisida bir nima deyolmayman. Bu masalada senga birorta yaxshiroq doʻxtir yoki Beriyaning qassoblari yordam berishi mumkin. Ana, xiyobonlarda munkillab boʻlsa ham sayr qilib yurishipti, otning kallasiday nafaqa olishadi. Xohlasang, bitta-ikkitasini koʻrsatib qoʻyaman. Lekin birortasiyam aybini boʻyniga olmaydi-da.

Mana endi, birodari azizlar, garchi bu narsa hozir rasman tavsiya etilmasa ham, nima sababdan Beriya jallodlarini bot-bot eslab turishimni fahmlagandirsizlar. Menday odam-a! Siyosiy jihatdan yetuk barmen! Axir, bu muttahamlar goʻzal Abxaziyamiz boshiga ozmuncha kulfat yogʻdirishdimi! Biz buni ming yildan keyin ham unutmaymiz.

Oʻttiz yettinchi yilda amakim Adzyubja qishloq fuqarolar kengashining raisi ekan. Bir kuni shahardan odam kelib, kolxozchilarni ma’ruza eshitishga toʻplashni buyurgan. Amakim kolxoz raisi bilan birga ikki yuztacha odamni klubga yiqqan. Xayriyatki, koʻpchilik kelmagan. Haligi odam xalqaro vaziyat toʻgʻrisida gapirib boʻlganidan keyin, tomdan tarasha tushganday:
– Kolxozlashtirish siyosati xato boʻlgan. Sizlar shunga qarshi bosh koʻtarishingiz kerak, biz sizlarni qurol bilan qoʻllab-quvvatlaymiz, – degan.

Koʻryapsizlarmi qanaqa igʻvo boshlaganini! Shunisiga shukrki, bu vaqtga kelib dehqonlar oq-qorani ajratadigan boʻlib qolishgan ekan, notiqning gapiga «xoʻp» ham deyishmaydi, «yoʻq» ham deyishmaydi. Jimgina tarqalishadi. Hangoma ana shundan keyin boshlanadi. Ikki kechada majlisda qatnashganlarning hammasini – kolxoz raisi bilan fuqarolar kengashi raisini ham hibsga olishadi. Goʻyo bular kolxoz tuzumiga qarshi qurolli qoʻzgʻolon koʻtarishga urinishganmish.

Soʻroq varaqalariga qoʻl qoʻymagani uchun urib amakimning bir koʻzini koʻr qilishadi. Ammo u bunga achinmaydi. Hamqishloqlarini majlisga sudrab borganiga ich-etini yeydi, xolos. Lekin amakim bunaqa boʻlishini tush koʻriptimi? Shunisi qiziqki, «majlisingga tupurdim» deganlarga tegmaydilar. Faqat yigʻinga kelganlarni qamaydilar. Hammasi oʻn yil-oʻn yilga kesiladi, birortasiyam Sibirdan qaytib kelmaydi. Lekin amakim qaytadi. Aytdim-ku, joni qattiq urugʻdanmiz, deb. Ammo koʻzi...

Mayli, umri uzoq boʻlsin, bu yogʻi yigirmanchi s'ezd yaqinlashyapti. U vaqtlarda amakim biz bilan birga yashardi. Ota oʻrnida ota edi, chunki dadam urush tugaganidan soʻng oradan ikki yil oʻtar-oʻtmas qazo qilgan. Mana, yigirmanchi s'ezd ham boʻlib oʻtdi. Oʻsha kunlari Achandaradan kenja amakimning oʻgʻli kelib qoldi, oʻzi oʻqituvchi.
– Amaki, – dedi u ikki kaftini bir-biriga ishqalab, – bizning davrimiz keldi. Koʻzingizni chiqazgan oʻsha tergovchini menga roʻpara qiling. «Al qasosul-minal haq» degan gap bor.
– Qoʻysang-chi, – deya qoʻl siltadi amakim, – qiziqqon yigitsan, sen bitta koʻzning oʻzi bilan tinchimaysan. Men koʻzimga emas, oʻzim majlisga sudrab borgan anovi shoʻrliklarga achinaman.
– Amaki, – dedi amakivachcham xunobi oshib, – sizda ayb yoʻq, tarix aybdor bunga. Lekin biz, jiyanlaringiz, siz uchun qasos olishimiz kerak.

Amakim churq etmadi, amakivachcham uyiga qaytib ketdi. Unda men yosh bola edim. Hash-pash deguncha yigirma ikkinchi s'ezd ham yetib keldi, umridan baraka topsin! Bu vaqtda armiyada xizmat qilardim, darrov amakimga xat yozdim. «Amaki, – dedim xatimda, – yana bizning davrimiz keldi. Sovet desantchisi, jangovar tayyorgarlik a’lochisi sifatida tergovchingizni tergab qoʻyishga tayyorman!»

Baribir amakimni koʻndirib boʻlmadi. Sal oʻtmay bu bevafo dunyoni tark etdi u. Sibirda muzlab oʻlgan hamqishloqlarini kechayu kunduz oʻylayverganidan keyin nima ham boʻlardi? Balki ularning «Biz raisga nima yomonlik qiluvdik?» degan ta’nalari amakimni qabrida ham tinch qoʻymay, bezovta qilayotgandir.

Men buni unuta olamanmi? Vodiydagi qishloqki bor, barisi qatagʻon qilingan edi. Endi boʻlsa, «Beriyachilikni shuncha chaynaganimiz yetar! Achchiqichakday choʻzaverishning nima keragi bor?», deyishadi.

Gapni qarang! E, men buni ming yildan keyin ham unutmayman!

Mayli, endi oʻzimning dardimga qaytaylik. Toʻgʻri, Misrop amaki menga dalda berdi. Lekin baribir qulogʻim tinchigani yoʻq. Qahvaxonaga kelganlar hanuz oʻsha qoʻshyurak toʻgʻrisida soʻrab-surishtirishaveradi. Moskvaga borib, birorta pixi qayrilgan professorni topsamu undan «odamda ikkita yurak boʻlmaydi» degan ma’lumotnoma yozdirib kelsammikan? Ba’zan shunaqa boʻladiki, qahvaxonaga kirganlarning ayrimlari jilpanglab yonimga kelib, qulogʻini koʻksimga bosadi – ikkinchi yuragimning tepishini eshitmoqchi boʻladi-da, zanchalish! Yoʻq, boraman Moskvaga, ma’lumotnomani opkelib, bir nusxasini mana shu devorga yopishtirib qoʻyaman! Oʻqi, deyman, koʻzmi yo poʻstakning yirtigʻimi, deyman haligidaqa xirapashshalarga.

Shundoq xayollar bilan yurgan kezlarim, aksiga olib, qahvaxonaga keksa bir odam kirib keldi, yonida xotini ham bor. Oʻtirib, konyak bilan qahva buyurishdi. Qarchigʻaynigoh yigitman-da: erkagi koʻzimga nuqul professorga oʻxshab koʻrinaveradi. Chidayolmadim:
– Ma’zur tutasiz, – dedim yoniga borib, – mabodo professormasmisiz? Yo qiyofangiz shunaqami?
– Ha, professorman, – dedi u.

Xotini ham jilmayib, erining gapini tasdiqladi.
– Kechirasiz-u, qaysi sohadan?
– Tibbiyot fanlari doktoriman.
– Tibbiyot fanlari professori hammi?
– Ha. Nimaydi?

Darhol diydiyoni boshladim:
– Odamda ikkita yurak boʻladimi?
– Shu choqqacha uchratganim yoʻq, – dedi u, – lekin hayotda hamma narsa boʻlishi mumkin.
– Ie, bu qanaqasi? – dedim taajjublanib. – Tibbiyot fanlari doktorisiz, shu fanning professorisiz, nahotki, savolimga aniq javob berolmasangiz?
– Hayotda hamma narsa boʻlishi mumkin, dedim-ku!
– Shuning uchun ichadi-da bu odam, – deya luqma tashladi xotini bir tuki oʻzgarmay.

Hafsalam pir boʻldi. Endi mayli, bor gapni aytaman. Sizlarga aytmasam – kimga aytaman, harqalay, bir joyning odamimiz, otalarimiz ulfat boʻlgan. Menga shuning oʻzi kifoya. Begonalardan eshitmaganlaring ma’qul, unaqalar qoʻshib-chatib, boshqacha yetkazadi.

Biror kalimam yolgʻon boʻlsa – til tortmay oʻlay! Oʻshanda ham mana shu qahvaxonada ishlardim. Bir shumqadam Archandarada katta buvim qazo qilgani xabarini olib keldi, ya’ni oyimning onasining opasi. Men uni «katta buvi» derdim.

Shu kishi toʻqsonga kiriptiyu omonatini topshiripti. Juda kuyindim: beozor, muloyim kampir edi-da, bolaligimda ularnikiga koʻp borardim.

Tabiatim gʻalatiroq – keksa odam oʻlsa achinaman. Yoshlarga ham achinaman-u, unchalikmas. Fe’lim shunaqa-da. Miyamga bir fikr oʻrnashib qolgan – uzoq yashagan odam yorugʻ dunyoga oʻrganib, mazaxoʻrak boʻlib qoladi, oʻlgisi kelmaydi. Yosh yigit esa hali hayotning nash'asini surmagan, oʻlimdan ham tap tortmaydi. Oʻzini oʻtga-choʻqqa uraveradi.

Desant qoʻshinlarida xizmat qilib yurganimda bir doʻstim boʻlardi. Ismi Viktor. Oʻris. Aka-ukaday edik. Gavdali boʻlgani uchun Buqa deb laqab olgan edi. Zoʻr yigit edi-da lekin. Qoʻrquv nimaligini bilmasdi. Har qanday qaltis vaziyatda ham «Xudo hofiz!» deb turaverardi.

Oʻsha doʻstim halok boʻldi, xudo rahmatiga olsin. Parashyuti ochilmay qoldi. Mendan keyin oltinchi boʻlib sakragan edi. Bundoq boshimni koʻtarsam – toshday uchib kelyapti. Yonimdan oʻtayotganida «Xudo hofiz, Adgurbek!» deganini eshitib qoldim. Onamni, ikki farzandimni oʻrtaga qoʻyib ont ichaman – xuddi shunday dedi! Shundoq dediyu zum oʻtmay tosh-metin zaminga urilib, chilparchin boʻldi.

Kuyganimdan jinni boʻlayozdim. Shunda «zampolit» chaqirib qoldi:
– Adgurbek! Hukumat topshirigʻi bor. Kubaga joʻnatish uchun koʻngillilarni yigʻyapmiz. Borasanmi?
– Boraman, albatta, – dedim hech ikkilanmay. – Eng yaqin doʻstimdan judo boʻldim. Bu yerdan endi bosh olib ketganim tuzuk.

Ayni «Karib tangligi» boshlangan kezlar edi. Kubada qariyb ikki oy turdik. Esda qoladigan biror narsani koʻrganim ham yoʻq – bizni kazarmadan chiqazmas edi-da. Lekin sal yozildim, doʻstim fojiasini bir oz unutganday boʻldim. Mana, oradan shuncha vaqt oʻtdi, lekin doʻstimning haligi iborasini hanuz unutolmayman: «Xudo hofiz!» Shunday desam, dardim yengillashganday boʻladi. Kelinglar, doʻstlarim, endi Viktorning xotirasi uchun ham bittadan otaylik... Ha qurgʻur, nima deyatuvdim? Oʻtlab ketdim-a...

Qisqasi, Achandarada katta buvim olamdan oʻtipti. Ish tugashiga yarim soat qolganda savdodan tushgan pulni direktorga topshirib, oilamiz boshiga tushgan musibat sababli barvaqtroq ketmoqchiligimni aytdim.
– Bemalol, – dedi direktor, – boraver. Lekin sen bilan bir masalada gaplashib olishim kerak. Ke, birpas oʻtirib, qittay-qittay otaylik, keyin ketaverasan.

Hozir ichishga balo bormi! Achandarada katta buvim oʻlib yotgan boʻlsa! Butun oilamiz bilan shoshilinch yoʻlga chiqishimiz kerak-ku.

Lekin iloj qancha? Birinchidan, direktor. Ikkinchidan, yoshi ancha katta. Qadahlarga konyak toʻldirdi. Ichmadim, labimni tekkizib qoʻyaverdim. Gapiryapti, eshityapman. Nuqul valdiraydi. Uch yil oldin boʻlib oʻtgan gaplarni kavlashtiradi. Goʻyo oʻshanda bir qarindoshini xafa qilgan emishman. Birinchidan, men buni allaqachon unutvorganman. Ikkinchidan, uch yil jim yurib, endi nima qilasan oʻlgan ilonning boshini qoʻzgʻab? Xullas, chakagini zoʻrgʻa yopdim, uzr soʻrab, oʻrnimdan turdim.
– Mayli, oq yoʻl, – dedi u. – Birpas oʻtirib, men ham uyga ketaman.

Hozirgiday esimda, soat kechki oʻn birdan oshganda qahvaxonadan chiqdim. Ozgina yurgandan keyin xiyobon yonidan oʻta boshladim. Atrof qop-qorongʻi. «Gorsovet boʻlmay oʻl, – dedim ichimda. – Chiroq oʻrnatib qoʻysang xotining taloq boʻladimi! Nuqul maqtanishadi: «Falon joyda GES ishga tushdi, pismadon joyda GRES ishga tushdi». Shaharning esa ahvoli bu!

...I-y-y! Anovi stol yoniga oʻtirganlar – GDRlik nemislar. Faqat shampan buyurishadi. Ular faqat bizning shampanni tan oladi. Boshqa hech narsani tan olishmaydi. Stolga bitta shampanni qoʻyvolib, ertalabgacha ham oʻtirishaveradi.

Oʻtgan yili GDRlik ikkita nemis bilan tanishib qolganman. Ikkalasiyam yosh. Er-xotin. Uyimiz yonidan oʻtayotib, shamollatish uchun xotinim dorga yoyib qoʻygan ayiq terisiga koʻzlari tushib qopti. Ayiqni uch yil burun Suxumi GESi atrofidan otib olgan edim. Haligi nemisning xotini – ular oʻrischani chala-chulpa bilisharkan – hovliga kirib, surishtira boshlapti: «Nimaning terisi bu?»

Qoʻshnilar ularni biznikiga boshlab kirishdi. Nimasini aytasiz, ayigʻimning terisi nemis marjasiga benihoya yoqib ketipti-da.
– Marhamat, – dedim men, – odatimizga binoan shuni sizga sovgʻa qilaman.

Suyunib ketishdi. Eri menga hadya etish uchun bilagidagi tilla soatini yecha boshlagan edi, hay-hayladim:
– Unaqa qilmang. Modomiki biznikiga kiribsizlar, men sizlarni mehmon qilishim kerak.

Xotinim dasturxon tuzay boshladi. Men muzlatgichdan stolga uchta shampan olib qoʻydim. Mehmondorchilik qildik. Darvoqe, xotinim terini hadya etib yuborganimni eshitib yengil tortdi, lekin sir boy bermadi.
– Boshimizga uramizmi terini, – dedi u. – Oʻziga chang tortadi, tozalab ulgurolmayman... Yaxshisi, palos olamiz.

Loʻli-da xotinim, palos jinnisi. Lekin men mehmonlarga terini chin koʻngildan sovgʻa qildim.

Chaqchaqlashib oʻtiribmiz. Ichamiz, tamaddi qilamiz, yana ichamiz. Mehmonlarning kayfi osha boshladi. Bir mahal mehmon xotin oʻrnidan turib kelib tizzamga oʻtirvoldiyu choʻlpillatib oʻpa ketdi – yoqib qoldim shekilli-da. Ularning odati shunaqa ekan, men bilmasam. Eri beparvo oʻtiripti, xotinim esa – hangu mang. Bir tomoni, ular mehmon – bir narsa deyolmaydi. Ikkinchi tomondan, erini chet ellik ayol oʻpib yotipti. Shoʻrlik tamom boʻldi – na koʻzini uza oladi, na qoʻlidan bir ish keladi! Kulaverib ichaklarim uzilayozdi.
– Nega qarab turibsan, – dedim oxiri, – oʻp senam erini!

Xullas, rosa yayradik. Mehmonlar chuldirab qolishdi. Qarasam, yana ichgilari bor, lekin stolga boshqa shampan qoʻymadim. Tovonlariga qolmayin tagʻin, dedim-da – GDR boʻlgani bilan, harqalay, xorijliklar.

Ular qoʻzgʻalishdi. Haligi terini yaxshilab oʻradim. Nemis marja nuqul «Germaniyadan nima joʻnataylik?» deydi. Xotinim qulogʻimga abxazchalab shivirladi:
– «Drezden» qandilini soʻrang. Hozir urf boʻlgan.
– Jim! – dedim men. – Hech narsa kerak emas.

Koʻchaga chiqdik. Taksi tutib, ularni oʻzlari yashayotgan «Tbilisi» mehmonxonasiga eson-omon eltib qoʻydim.

Anovi nemislarni koʻrib, tagʻin gapdan chalgʻib ketdim. I-y, ana! Aytdim-ku, ular faqat shampanni tan oladi, deb. Ofitsiantka bitta shampan qoʻyib ketdi. Bu yogʻi – tongotar...

Xullasi kalom, qahvaxonadan chiqib, qorongʻi xiyobon yoqalab ketyapman. Soat oʻn birdan oʻn besh-yigirma daqiqalar oʻtgan. Shu payt orqamdan qandaydir moshina quvib yetib, taqqa toʻxtadi. Uning ichidan birov «Adgur, chiq moshinaga!» deb qichqirdi.

Qarasam – oq «Volga», lekin kimnikiligini bilmayman. Ehtimol, oʻrtoqlarimdir, dam olish uchun dala-palaga chiqib ketishayotgan boʻlsa, meni ham opketmoqchi boʻlishgandir. Oilamizda koʻngilsizlik, hozir borolmayman, eshitgan quloqqa yaxshimas, deyish uchun moshinaga yaqinlashdim. Qarasam – tamom notanish odamlar. Obbo! Darrov fahmladim – ish chatoq, janjalning isi kelyapti. Lekin men ham anoyi emasman.
– Chiq, – dedi bir yigit orqa eshikni ochib.
– Nega chiqaman? Sizlarni tanimasam...

Shunday deb, oldinga yurdim – moshinaning raqamiga qaramoqchi edim. Ol-la! Yoʻq. Moshinada raqam yoʻq. Yuragim shuv etib ketdi, ammo oʻzimni yoʻqotmadim. Yashirib nima qilaman, yonimda toʻpponcha bor. Tez-tez yurib yoʻlkaga chiqvoldim; yoʻlkaning naryogʻi chakalakzor, chap berishga qulay.

Eshitib turibman – orqamdan kelishyapti. Ana, toʻxtashdi. Uch yigit yoʻlkaga chiqdiyu baravariga oʻq uza boshladi. Oʻn qadam naridan yetti-sakkiz marta oʻq uzildi, shulardan ikkitasi koʻkragimning u yogʻidan kirib, bu yogʻidan chiqib ketdi.

«Oʻldim», dedim. Qarasam, oyoqda turibman, tez uzoqlasha boshladim; tevarak-atrof qorongʻi, ular uchta. Yoʻq, dushman bilan bu yerda jang qilib boʻlmaydi, muyulishda telefon budkasi bor, temirdan. Oʻsha yerda jon saqlashim mumkin, qolaversa, melisaxona ham yaqin, oʻq ovozini eshitib, chopib kelishadi.

Haligilar yiqilmaganimni koʻrib, angrayib qolishdi. Shundan foydalanib muyulishga qarab yugurdim. Lekin ular yana es-hushlarini yigʻib olishdi. «Toʻxta! Toʻxta!» deya baqirgancha tagʻin ota boshlashdi. Ikki oʻq yana badanimni teshib oʻtdi.

«Shoshma, enagʻarlar, sovet desantchisi otish qanaqa boʻlishini koʻrsatib qoʻyadi senlarga!» dedim ichimda. Bu paytda muyulishga yetvolgan edim, shartta toʻpponchani chiqardim. Qurolim borligini koʻrib, uchalasi ham yerga yotvoldi. Telefon budkasini pana qilib, dushmanni nishonga olmoqchi boʻlsam... evoh, qoʻlimni koʻtarolmayman-da! Oʻng qoʻlim yaralangan ekan. Alamimdan yigʻlavoray dedim.

Ana, badanimdan toʻrtta oʻqni oʻtkazvorgan itemgan gʻalamislar roʻparamda yotipti, qani endi, qurolimni ishlatolsam! Nima qilish kerak? oʻanimlarimni sarosimaga solish uchun asfaltga uch marta oʻq uzib, yana qochishga tushdim. Ilojim qancha? Oʻz chamamda yana bitta oʻqqa chidayman, u yogʻiga – yo razzoq...

Qochganimni koʻrib, yana quva boshlashdi. Oʻqi tugadi, deb oʻylagan boʻlishsa kerak-da. Qochyapman, quvib kelishyapti. Lekin menda oldingiday tezlik yoʻq. Hazil gapmi – toʻrtta oʻq yeganman. Ular yana baravariga pangʻillatishdi. Tagʻin bitta oʻq u yogʻimdan kirib, bu yogʻimdan chiqib ketdi.

Xudoga shukr, deyman ichimda, melisaxonagacha oz qoldi. Binoga yaqinlashganimda ichkaridan oltitacha melisa yugurib chiqib, otishmaga quloq sola boshladi. Koʻrgan odam, quvnoq bir taronani tinglayaptimi bular, deyishi aniq edi. Oʻq ovozi chiqqan tomonga yugurish qayoqda! Ana sizga sovet melisasining ahvoli...

Meni koʻrishlari bilan shartta ushladilar-da, toʻpponchani tortvolib, qoʻlimga kishan sola boshladilar.
– Nega qoʻlimga kishan solasizlar? – deya baqira boshladim. – Qochmayman. Anovi muyulishda raqamsiz oq «Volga» turipti. Undan uch kishi tushib, meni oʻldirmoqchi boʻldi!

Shu gapni aytib boʻlishim bilan haligilardan biri burchakdan moʻralab qoldi.
– Ana! Ana u! Ushlanglar! – deb qichqirdim.

Qayoqda! Melisalar – parvoyi falak. Birdan moʻralagan odamning oʻzi muyulishdan chiqib, biz tomonga qarab yura boshladi. Hayratdan baqa boʻlib qoldim, lekin baribir yana baqirdim:
– Meni moshinaga chaqirgan shu! Eng koʻp oʻq uzgan ham shu! Ushlanglar!

Melisalar qurshovi battar toraydi, anovi odam shoshmasdan yonimizga keldi-da, xuddi Kennedining qotiliday, choʻntagidan toʻpponchani chiqazib, ogʻzini qoʻltigʻimga tiradi.
– Ovozingni oʻchirasanmi, yoʻqmi! – shunday deyishi bilan qarsillab oʻq ham uzildi.

Eng qizigʻi, shu oʻq tanamda qolgan ekan, boshqalari u yogʻimdan kirib, bu yogʻimdan chiqib ketgan edi. Qotilimga hech kim tegmadi. Shunda bir sirni anglaganday boʻldim. Ha-a-a! Sotilgan ekan bularning bari!

...Uzr, ogʻaynilar. Zinaxonim, hoʻ anovi burchakdagi stol yonida oʻtirgan besh kishini koʻryapsanmi? Oʻshalarga beshta shampan eltib ber, boshlari ogʻrib turganga oʻxshaydi. Lekin kim joʻnatganini aytma. Kecha koʻpaytirvorishgan-da, hechqisi yoʻq... Oʻzimizning yigitlar...

Ha, nimaga keluvdim? Esimga tushdi. Payqadim – hammasi sotib olingan. Mendan boshqa odam boʻlganda oldinroq sezardi. Men hozir payqadim. Ishonuvchanman-da!

Keyin meni navbatchi leytenantning oldiga olib kirishdi. Qarasam, tanish yigit, qahvaxonaga ming marta kirgan. Xudo yetqizdi, dedim. Ishqilib, buyam sotilmagan boʻlsin-da. Lekin yonida bir mayor ham turipti, koʻzim tushgandayoq turqi yoqmagan edi. Leytenantga boʻlgan voqeani qoʻshmay-chatmay gapirib berdim. Uning men tomonga ogʻayotganini sezgan mayor oraga suqildi:
– Yolgʻon! – deb baqirdi u. – Sen melisa xodimlariga qurol bilan hujum qilgansan, bu qilmishing uchun javob berasan!

Yo parvardigor! Kishanli qoʻllarim bilan yoqamni yirtdim – hamma yogʻim bilch-bilch qon.
– Nima deyapsiz, oʻrtoq mayor? – dedim titrab-qaqshab. – Qurol bilan hujum qilibman-u, birorta oʻqim hech kimga tegmapti-da, a? Oʻzim oltita oʻq yedim-ku!

Mayor asabiylasha boshladi, chunki leytenant menga xayrixohlik bilan qarab turardi.
– Nayrangbozlik qilma bu yerda! – Mayor shunday deb, yuzimga tarsaki tortib yubordi. Voy iblis-ey! Koʻzimga qon toʻldi, chidab turolmadim: yaroqsiz oʻng qoʻlimni chapi bilan koʻtarib turib kishan bilan boshiga shundoq tushirdimki, mayor guppa agʻdarilib, hushidan ketdi. Oʻshanda meni nega oʻldirib qoʻyishmadi – bilmayman. Yoʻq, bilaman – oʻzi oʻladi, deyishgan. Ehtimol, leytenant xalal bergandir – bir narsa deyishim qiyin. Saldan keyin oʻzimga kelib qarasam, moshinada ketyapman, qoʻlimda kishan yoʻq.
– Qayoqqa olib ketyapsizlar?
– Tinchlaning, – dedi oq xalat kiygan bir yigit. – «Tez yordam» bu, kasalxonaga olib ketyapmiz.

Oq «Volga»dagi anovi firibgarlarning sovuniga kir yuvgan odam oq xalatga ishonadimi?

«Xudo hofiz, Adgur, hammasi sotilgan, bu yogʻiga hushyor boʻlish kerak!» degan gap oʻtdi koʻnglimdan.

Rostdan ham kasalxonaga olib kelishdi. Atrofimda doʻxtirlar girdikapalak, kim sotilgan, kim sotilmagan – qayoqdan bilaman! Ammo, dushman ortidagi haqiqiy desantchilarday, qat'iy qarorga keldim: oʻzimni behush koʻrsatib kuzataman, quloq solaman, vaziyatni oʻrganaman.

Qoʻying-chi, rentgen-mentgen, aravachada u yoqdan-bu yoqqa, goh tepaga, goh pastga deganday... Doʻxtirlar oʻlmayotganimga hayron. Biri «Ertalabgacha yetmaydi», desa, birovi «Balki tuzalib ketar», deydi.

Mening miyamda boshqa oʻy: «Xudo hofiz, eng muhimi – hushni yoʻqotmaslik...»

Doʻxtirlar nima uchun oʻlmayotganimni muhokama qila boshlashdi. Shunda birinchi marta «qisilish», «taranglashish» degan atamalarni eshitdim.

«Oʻq yurak qisilgan paytda oʻtgan boʻlishi kerak» degan xulosaga kelishdi ular.

Operatsiya stoliga yotqizishdi, darhol oʻzimni hushiga kelgan odamday tutdim.
– Oʻrtoq doʻxtir, – dedim moʻltirab, – men toʻliq narkoz berishingizga rozi emasman.
– Ie, ie, – dedi doʻxtir, – oʻziga kep qopti-ku. Men umuman narkoz bermoqchi emasman – oʻq yuzada, shundoq kesib olib tashlayveraman.
– Unda yaxshi, boshlang.

Qisqasi, oʻqni olishdi, kesilgan joyni bogʻlab, palataga joʻnatishdi. Yana oʻzimni hushdan ketganday koʻrsatdim. Sotilgan doʻxtirlar meni oʻladi deb oʻylayotgan boʻlsa, oʻylayversin.

Olib kelib, alohida palataga yotqizib qoʻyishdi. Ie, men ministr¬manmi, nega alohida palataga yotqizishadi? Bunda bir gap bor. Uyquga ketganimda bir balo qilishadi. Guvohlarsiz. Yana koʻzimni yumib oldim.

Besh daqiqalardan keyin yoshgina hamshira kirib keldi. Qoʻltigʻimga harorat oʻlchagichni tiqmoqchi. Koʻzni ochishga toʻgʻri keladi.
– Yaxshi qiz, – dedim ovozimga muloyim tus berib, – yaqindagina mana shu yerimga toʻpponcha tiqishgan edi, balki yetar?
– E, shunaqami, – dedi hamshira, – boʻlmasa, bu yogʻingizga qoʻyamiz.
– Yoʻq, oldin oʻzingizga qoʻying.
– Ie, nega endi? – Qiz astoydil hayron boʻldi. Oʻzini ma’suma qilib koʻrsatmoqchi. Lekin mening talabim ham toʻgʻri-da: sotilganmi, sotilmaganmi – bilmasam.
– Gap shundaki, yaxshi qiz, – dedim jiddiy ohangda, – oʻlchagich qoʻltigʻimda portlab ketsa, urugʻlarim sizni tinch qoʻyishmaydi, yarim umringiz qamoqda oʻtadi!
– Nimalar deyapsiz, yo tavba! Nega portlaydi? Hozirgina qutichamdan oldim.
– Almashtirib qoʻygan boʻlishlari mumkin...
– Boʻpti, oldin oʻzimga qoʻyaman.
– Lekin bilib qoʻying, – deya ogohlantirdim uni, – portlab ketsangiz, men javobgar emasman.

Hamshira oʻlchagichni qoʻltigʻiga suqdi, u yoq-bu yoqdan gaplashib oʻtirdik.
– Voy shoʻrlig-ey, – dedi u bir mahal, – ne koʻylarga solishibdi-ya sizni? Judayam gumonsiraydigan boʻlib ketibsiz.
– Sekin aytasizmi! Raqamsiz oq «Volga» yoningga kelib toʻxtasa, undan uch kallakesar otilib chiqib baravariga senga oʻq uza boshlasa, melisadan panoh izlab oʻsha yoqqa yugursang-u, arang ularning oldiga yetib borganingda qotil bamaylixotir senga yaqinlashib, qoʻltigʻingga toʻpponcha tirasa, yana «Ovozingni oʻchirasanmi, yoʻqmi!» deb turib tepkini bossa, melisalar esa miq etmasa, oʻzlarining odami-da – men gumonsiramay kim gumonsirasin!

Oʻn besh daqiqa suhbatlashdik. Men atayin shoshmayapman. Modomiki ular oʻz ishlariga panja orasidan qarashga oʻrgangan ekan, demak, portlatgichlari ham kechikib portlaydi. Lekin qizdan xotirjam boʻldim. «Bor-yoʻgʻi hamshira boʻlsa, shuniyam sotvoladimi!» deyishgandir-da.

Qiz haroratimni oʻlchab, hang-mang boʻlib qoldi: oʻttiz oltiyu olti. Shunaqa ekaniga shubham yoʻq edi.
– Mana, endi ishondim, sofdil, halol qiz ekansiz, – dedim unga. – Ayting-chi, nega meni xuddi ministrday alohida palataga yotqizishdi? Menga oddiy palata ham boʻlaverardi.
– Hamma palata band, – deb javob berdi hamshira. – Sigʻmaganlari yoʻlakda yotipti.
– Ha, barakalla. Ahvol shunaqa ekan, menga bunday sharafning nima keragi bor? Oddiy barmenman. Gorkomning instruktori yoki gortorgning inspektori boʻlganimda boshqa gap edi.
– Bu palatada bir kasal yotuvdi, – dedi qiz. – Ikki soat oldin oʻldi. Boshqa odamni yotqizishga hali ulgurganimiz yoʻq.
– Ie, bu yerda yotganlarning hammasi oʻladimi?
– Yoʻq, ahyon-ahyon.

Ahyon-ahyon emish! Baribir ta’bim tirriq boʻldi.
– Iltimos, navbatchi doʻxtirga ayting, meni umumiy palataga oʻtkazsin.
– Boʻpti, aytaman, – dedi hamshira, – lekin ruxsat bermasligi aniq, hozir tungi soat uch – bemorlarni bezovta qilish mumkin emas.
– Mayli, bir soʻrab koʻring.

Keyin uyim qaerdaligini tushuntirib, ertalab birrav kirib xotinimni ogohlantirib qoʻyishni iltimos qildim. Tagʻin oyoqni uzatvorsam, bexabar qolishmasin.
– Sizga jin ham urmaydi, – dedi hamshira. – Joningiz temirdan ekan, shuncha jarohatdan keyin ham haroratingiz oʻzgarmasa-ya! Sizni olib kelganda koʻp doʻxtirlar oʻladi, deyishgan edi.
– Sotilgan oq xalatlilarning ba’zilari hozir ham shu fikrda. Lekin siz bor ekansiz, ular niyatiga yetolmaydi.

Qiz chiqib ketdi. Koʻnglimni yana gʻulgʻula bosdi: agar navbatchi doʻxtirni ham sotib olishgan boʻlsa, u meni umumiy palataga oʻtkazishga ruxsat bermaydi. Ortiqcha guvohning nima keragi bor?

Mayli, xudo hofiz. Birdan rahmatli katta buvim esimga tushib ketdi. Uyimdagilar mendan xabar topmaguncha janozaga joʻnashmaydi. Marhumani chiqarishga na oyim, na xotinim, na singillarim bormasa – qip-qizil sharmandalik. Urf-odatni oyoqosti qilgan boʻlamiz. Katta buvim bizsiz ham koʻmiladi, albatta. Ammo qarindosh-urugʻ, el-yurt oldida isnodga qolamiz.

Hamshira qaytib kelib, ruxsat bermadi, dedi. Biluvdim. Endi oʻzimni hech kimdan shubhalanmayotganday tutaman.
– Ha, mayli, yaxshi qiz. Faqat ertalab biznikiga kirib oʻtish yodingizdan chiqmasin.
– Tashvishlanmang, – dedi hamshira. – Albatta kiraman, aytaman. Oʻzim oʻsha tomonda turaman.
– Endi uxlasam boʻladi. Uxladi, deng. Shunaqa deng.
– Yaxshi yotib turing. – Qiz shunday deb, chiqib ketdi.

Yaxshi yotib turing, emish. Hozir eng muhimi – uxlab qolmaslik. Keyin nima boʻldi, deng? Chamasi yarim soatlardan soʻng eshik asta ochilib, palataga oq xalat kiygan bir odam kirdi. Bitta-bitta bosib tepamga keldi; tikilgancha qarab turipti, turipti, turipti. Nafasim ichimga tushib ketgan. Lekin oʻng oyogʻim zarbaga tayyor. Sal bejo harakatni ilgʻadimmi, «karate» qivoraman. Qarabsizki, birinchi guruh nogironi boʻp turipti-da. Har holda desantchiman. Bizni ham u-bu narsaga oʻrgatishgan.

Yoʻq, tegmadi, deraza yoniga qoʻyilgan stulga borib oʻtirdi. Qotibroq uxlasin deyapti-da. Keyin bemalol... ukolmi, poroshokmi... Oʻzlari bilishadi. Saldan keyin koʻz qirini tashlasam, boshini burib, yana tikilib qarayapti. Keyin birdan oʻrnidan turdi-da, men tomon yura boshladi. Asablarim chidamadi. Oʻzimni noxos uygʻonib ketgan kishiday koʻrsatib:
– Toʻxta! Kim kelyapti?! – deb baqirdim.
– Ie, yov-vosh, yov-vosh, – deydi. Qiziqchi ekan. – Sekinroq, kasallarni uygʻotvorasiz. Nafasingiz toʻxtab qolganday tuyuldi, shunga...
– Nafasim toʻxtagandan keyin ham bir kishiga kuchim yetadi! – dedim.
– Qalay, tuzukmisiz?
– Nuqul uyqu bosadi, hayronman.
– Uxlang, uxlang, – dedi u, – qon koʻp ketganda shunaqa boʻladi oʻzi.

Keyin indamay chiqib ketdi. Hozir sira iloji yoʻq, bemor vaziyatni nazorat qilib turipti, deya kimgadir hisob bermoqchidir-da.

Unga nima deyishgan, bilmayman, bir mahal yana kirib keldi, yana tikilib turipti. Men ham oʻzimni uxlaganga solib yotaverdim. U yana haligi joyiga borib oʻtirib, boshini deraza rafiga qoʻygancha xurrak ota boshladi. E-e, ovora boʻlasan, menga bunaqa nagʻmang oʻtmaydi. Oʻaflatda qoldirmoqchi-da. Ertalabgacha erinmay xurrak otib chiqdi.

Sahar payti deraza orqasidan xotinimning ovozi eshitildi. Sapchib turdim, oq xalatli «qotil» ham shartta turib, yoʻlimni toʻsdi:
– Yoting, darrov joyingizga yoting!

Bir tepib burchakka uchirvordim. Keyin derazani lang ochib, xotinimga qichqirdim:
– Soppa-sogʻman! Buvimning ma’rakasiga boraveringlar! Mening nomimdan ham qabriga bir siqim tuproq tashlanglar! Qaerdaligimni oʻrtoqlarimga aytib qoʻyinglar! Qolganini keyin gaplashamiz!

Xotinim yigʻlab yotipti:
– Qidirmagan joyimiz qolmadi. Oʻlikxonalarga ham bordik, melisaxonalarga qoʻngʻiroq qildik.
– Zab qoʻngʻiroq qiladigan joyni topibsanlar! – dedim. – Yoʻlga chiqaveringlar, oʻrtoqlarimga xabar berish yoddan koʻtarilmasin!

Haligi kishi oʻziga kelib, meni deraza oldidan karavotga qarab tortqilay boshladi. Bu gal tarxashlik qilmadim. Oʻzim borib yotdim.
– Qiziq odam ekansiz-ku, – deydi, – ertalabgacha mijji qoqmay tepangizda oʻtirsam-u, mukofotiga tepki yesam! Bu qanaqasi?
– Uzr, – dedim men, – koʻz yummay xurrak otadigan odamni shu choqqacha koʻrmaganman-da.

Ikki soatlardan keyin ogʻaynilarim kelishdi. Bir quchoq gul, xachapuri, tovuq-povuq, yana allambalolar koʻtarib kelishipti, xuddi tomogʻimdan ovqat oʻtadiganday. Bosh doʻxtir bilan davolovchi doʻxtirni ham iydirishipti. Endi koʻnglim toʻq – menga hech kim tegmaydi.

Ertasiga yaqin doʻstlarimdan biri gap topib keldi:
– Adgur, surishtirdim, tagiga yetdim. Senga melisa xodimlariga qurol bilan hujum qilgan, degan aybni tirkab, otishga hukm chiqarishni moʻljallashyapti. Lekin sen qoʻrqma – Muxusdan Moskva¬gacha barcha doʻstlar oyoqqa turgʻizilgan. Eng oldin vaqtdan yutish kerak, buning uchun sen kasalxonada iloji boricha koʻproq yotishing lozim. Bu yerdan seni qamoqqa olib ketisholmaydi. Hammaga, haroratim joyida, deb valaqlayverma. Shu bugundan boshlab ahvoling ogʻirlashgan. Davolovchi doʻxtiringni qoʻlga oldim. Kasalxonadan qirq besh kunsiz chiqazmaydi. U yogʻini yana koʻramiz. Moskvadagi oʻrtoqlar zoʻr advokat yollashdi. Mahalliysi toʻgʻri kelmaydi – bari sotib olingan.

Oradan koʻp vaqt oʻtmay, doʻstim kasalxonaga moskvalik advokatni boshlab keldi. Boʻlgan voqeani gapirib berdim.
– Parvo qilmang, Adgurbek, – dedi advokat, – melisangiz nima boʻpti! Bulardan kattaroqlarini ham pusurgan buzoqday qilib qoʻyganman. Ammo qurol olib yurganingiz uchun bir yarim yilga kesilasiz.
– Shuni milliy an'anaga aylantirvorsa boʻlmasmikan?
– Yoʻq, boʻlmaydi, – dedi advokat. – Nima boʻladiyu nima boʻlmaydi – mijozlarimga oldindan aytib qoʻyaman, shuning orqasidan non yeyman-da.
– Savdolashib nima qilasan, – deya gapga qoʻshildi doʻstim. – Otilib ketgandan koʻra bir yarim yil yotib chiqqaning yaxshimasmi?
– Boshqa tomoni ham bor, – dedi advokat, – tartibni buzmasangiz, bir yil oʻtirasiz, xolos. Bundan tashqari, «Karib tangligi» davrida Kubada xizmat qilganingiz, jangovar tayyorgarlik a’lochisi boʻlganingiz ham bizning foydamizga...

Vaqt-soati yetib, kasalxonadan chiqdim. Bir haftadan keyin sudim boʻlishi kerak. Oliy sud bilan aloqasi bor ogʻaynim hovliqib kepqoldi.
– Ish chatoq, Adgurbek, – deydi, – ertaga kunduzi soat ikkida shoshilinch sud majlisini oʻtkazishmoqchi, senga mahalliy advokat tayinlashmoqchi.
– Mahalliy advokat? Nega endi? Men raddiya beraman bunaqa sudga!
– Yoʻq, – dedi oʻrtogʻim, – ular aynan shuni kutishyapti. Agar raddiya bildirsang, oʻta xavfli jinoyatchi sifatida hibsga olishadi. Doʻstlaringdan ayirish uchun. Binobarin, bunday qilakoʻrma, zudlik bilan moskvalik advokatni chaqirish kerak, shu bugun kechasi yetib kelsin. Oldin Aeroflotga qoʻngʻiroq qil, Moskvadan uchadigan kechki reyslarni bekor qilishgan, eshitishimcha.
– Nima balo, ular Aeroflotni ham sotib olganmi?
– Unaqamasdir. Dam olish mavsumi tugagan-da, yoʻlovchilar oz, shu sababli bekor qilgan boʻlishlari ham mumkin.

Aeroflotga qoʻngʻiroq qildim. Rost, kechki reyslar toʻxtatilgan. Ha, mayli, Adler bilan gaplashib koʻray-chi.
– Parvozlar – jadval boʻyicha. Samolyot kechasi keladi Moskvadan, – deyishdi u yerdagilar.

Xayriyat-e! Moskvaga, advokatga qoʻngʻiroq qildim. Buyurtmani oʻrtogʻim berdi, goʻshakni men ushlab turdim: telefon idorasida ishlaydiganlar ham sotilgan-da.
– Yaxshi boʻldi qoʻngʻiroq qilganingiz, – dedi advokatim. – Hoziroq uchaman, Adlerda kutib olinglar.

Ertasiga hammayoqning titigʻini chiqazdik. Sudya advokatim shu yerdaligini eshitib tipirchilab qoldi. Ishimni mahalliy advokatga oshirib boʻlishgan ekan, oʻqiyotganmish. Oʻrtoqlarim aytishdi. Advokatlar idorasiga kirsam, koʻzoynak taqqan bir ipiriski boshini koʻtarmay oʻqib oʻtiripti.
– Tur-e! – dedim. – Qorangni koʻrmayin! Uchta institutni tugatgan moskvalik mashhur advokat mening ishim bilan ikki oydan beri shugʻullanyapti, sen sotvolgan diploming bilan bir-ikki soatda nimaning fahmiga yetarding!

Qisqasi, doʻstlarim bilan birga soat ikkida boshlanadigan sudni kutyapmiz. Advokatim boʻlsa shahar aylanib yuripti, nega bunaqa qiladi – hayronman. Ogʻaynilarimdan birining moshinasi xizmatda. Goh Oliy sudga, goh prokuraturaga, goh gorkomga borishadi. Nimadir boʻlayotganini sezaman-u, nimaligini aniq bilmayman. Nahotki, firibgarlar advokatimni ham sotib olishsa? Sud boshlanishiga ozgina qolganda, hartugul, paydo boʻp qoldi.
– Adgurbek, va’da – va’da, – dedi u, – seni qutqaraman. Lekin biz ularni ayblay olmaymiz, negaki orqalarida katta kuchlar turipti. Himoyani boshqa yoʻlga burishga toʻgʻri keladi. Oʻq uzgan odamlarni sen tanimaysan, uqdingmi? Busiz ham sudya senga qarshi, ammo men uni dabdala qilaman.

Bundan chiqdi, melisalarning koʻzi oldida «Ovozingni oʻchirasanmi, yoʻqmi!» deb turib qoʻltigʻimning tagidan darcha ochmoqchi boʻlgan odamni men tanimasligim kerak. Bu yogʻi qandoq boʻldi? Jinoyatchi jazosiz qolaveradimi? Jahlim chiqdi. Lekin oʻrtoqlarim koʻplashib hovrimdan tushirishdi. Nachora! Advokatim nima degan boʻlsa, sudda oʻsha gapni gapiraverdim.

Sud jarayonida meni otuvga hukm qilmasliklari ma’lum boʻldi, biroq iblis sudya, kayf holda, bezorilarcha qurol ishlatgan deb, sakkiz yilni moʻljallab turipti!

Xoʻsh, xalq maslahatchilari kimlar deng: bir ayol bilan bir erkak. Erkagi «Besamar mehnat» artelida ishlarmish, qulogʻi garang. Ayol esa tikuv fabrikasining ilgʻorlaridan, ikki ogʻiz oʻrischani bir-biriga qovushtirolmaydi. Shahrimizda oʻtgan sud majlislarining hammasida shu tikuv fabrikasining ishchilari maslahatchi boʻlgan. Nimaga aynan tikuv fabrikasiga yopishib olishgan – bilmayman. Hamma joyda boʻlganidek, u yerda ham oʻgʻirlik qilishadi.

Bor umidim advokatdan. Lekin balo ekan! Avvalo, tergov ustidan kuldi: noxolis va savodsizlarcha olib borilgan, dedi. Bunaqa firibgarlik hatto Texasda ham topilmasmish. Ma’lum boʻlishicha, tergovchi mening generallargagina yarashadigan toʻpponchamni jinoyat ishidan olib tashlab, uni qandaydir amaldorga sovgʻa qilvoripti. «Parabellum»ni almisoqdan qolgan allaqanday «Valter»ga almashtirib qoʻyipti. Meni tanimaydigan odamlar oldida rosa uyaldim. Bunaqa «Valter»ni bizda qishloq qorovuli ham qoʻliga olmaydi. Keyin goʻyo otishma joyidan topilgan oltita boʻsh piston ham namoyish qilindi. Demak, menga oltita oʻq tekkanini inkor etisholmaydi. Ammo gapning nishabini shunga opkelishdiki, goʻyo men oltita oʻq uzganman, ular ham menga oltita oʻq uzishgan. Advokatim rosa kulgi qildi:
– Bu yogʻi qiziq boʻldi-ku, – dedi u, – otishmami bu yoki Pushkin bilan Dantesning duelimi?

Ayblanuvchi jinoyatchilarni nishonga olmagan, melisani chaqirish maqsadida osmonga qaratib otgan, degan gapni ham qoʻshib qoʻydi.
– Qani, oʻzlaring aytinglar, – deya davom etdi u, – yaqin oʻtmishda desantchi boʻlgan, jangovar tayyorgarlik a’lochisi hisoblangan, «Karib tangligi» vaqtida oʻz ixtiyori bilan Kubaga borgan shundoq yigit... quturgan bezorilardan birortasini ham nishonga ololmapti-da, a? Ularning shaxsiyatini xolis tergov kelgusida aniqlasa kerak...

Demak, gap himoyaning dastlabki rejasi tomon ogʻyapti.
– Muhtaram sudyaning soʻzlariga qaraganda, bizning desantchilarimiz otishni bilmaydi! Xalq tinchligini qoʻriqlashga da’vat etilgan shonli armiyamizga tuhmat emasmi bu?!

Prokuror oʻrnidan turib, «Sudyaning gaplarida tuhmat yoʻq, kavkazcha talaffuzi sababli moskvalik hamkasbimizga shunday tuyulgan», dedi.

Advokatim oʻtirgan joyidan javob qaytardi:
– Tuhmat bor, buni qayd etib qoʻyishni soʻrayman!

Shunday qilib, u yutib chiqdi. Aytgani boʻldi. Meni bir yarim yilga kesdilar, bir yil oʻtirdim.

Drand turmasiga olib borishgan edi. Qarasam, nazoratchi – bir oʻrtogʻimning amakisi.
– Adgurbek, hammasidan xabarim bor, – dedi u, – bilaman, senda ayb yoʻq. Lekin qoʻlimdan nima keladi, men bir kichkina odamman...
– Rahmat, Tengiz amaki, – dedim, – hech narsa kerak emas. Menday odamga ikki ogʻiz shirin soʻz kifoya.
– Ammo bir masalada yordamim tegishi mumkin. Oldingga keladiganlarga navbat ham, muddat ham yoʻq.
– Rahmat, Tengiz amaki, yaxshiligingizni unutmayman.

Ana shunday gap-soʻzlardan keyin meni kameraga eltib qoʻyib, oʻzi iziga qaytdi.

U yoq-bu yoqqa alanglashga ulgurmasimdan norgʻul bir yigit soʻrisidan qichqirib qoldi:
– Salom, Turshak! Koʻpdan beri kutaman-a seni, Turshak!

Qarasam – notanish.
– Ogʻayni, birovga oʻxshatyapsan. Meni ismim Adgur.

Yonidan oʻtib, joyimga borib oʻtirdim.
– Yoʻq, Turshaksan! – deydi shangʻillab. – Tashqarida nima gaplar, Turshak?

Yo tavba! Haqorat qilyaptimi bu yo rostdan ham birovga oʻxshatyaptimi? Yonimda oʻtirgan odam engashib qulogʻimga shivirladi:
– e’tibor berma – esi kirdi-chiqdi. Hammaga oʻzicha nom qoʻyib olgan.
– Esi kirdi-chiqdi boʻlsa, nega bu yerda yotipti, jinnixonaga bormaydimi?
– U – ham tentak, ham jinoyatchi. Parvo qilma, hammaga laqab qoʻygan, dedim-ku.

Oʻshanda turshak nimaligini bilmasdim.
– Turshak degani nima oʻzi? – deb soʻradim haligi odamdan.
– Oʻrikqoqi. Oʻrta Osiyoda boʻladi.

Voy xumpar-ey! Turshak emishman. Ozgʻinroq boʻlsam ham mayli edi. Jinniligi rost, shekilli. Ke, qoʻy, shunga ham siqilib oʻtiramanmi? Oltita oʻqqa chidagan – Turshakka ham chidarman.

Shu alfozda oʻn kundan beri yashayapmiz. Kamerada yoshgina, nimjonroq bir yigit ham bor. Temiryoʻl melisasida ishlagan ekan.

Qamalishining tarixi bunday. Gorkiy shahriga bir tonnacha mandarin olib ketayotgan provodniklarni qoʻlga tushiripti. Mandarinni musodara qipti, provodniklarning ustidan dalolatnoma yozib, uni Batumiga, ish joylariga joʻnatmoqchi boʻpti. U yosh, tajribasiz, provodniklar esa pixini yorgan odamlar.
– Boʻlar ish boʻldi, – deyishipti ular, – mandarinni musodara qilding, yetadi. Akt yozmay qoʻyaqol. Falonchiga ikki ming soʻm qoldirib ketamiz, shuni olib, boshligʻing bilan «arra» qilinglar.
– Unaqasi ketmaydi, – deydi bu, – menga sadaqangiz kerak emas, akt yozaman.

Oʻzini bozorga solyapti, deb oʻylashipti ular. Lekin bu halol-pok yigit ekan, dalolatnomani yozib, joʻnatvoripti.

Oradan birmuncha vaqt oʻtgach, haligi provodniklar yana paydo boʻpqolishipti, ikkalasi ham gʻirt mast, melisa yigitga yopisha ketishipti:
– Sen yaramas, pulni olishga olib, bu yogʻini rasvo qipsan, sudga beramiz seni!

Rostdan ham sudga berishipti. Ma’lum boʻlishicha, provodniklar oʻsha gapni boshliqning oldiga kirib ham aytishgan. U koʻngan. Ertasiga boshliq yigitni chaqirib, dalolatnomani soʻragan, yigit, joʻnatvordim, degan. Boshliq indamagan. Shundan keyin ma’lum muddat yopigʻliq qozon yopigʻligicha turgan. Sir sudda ochilgan. Boshliq provodniklarning boshligʻiga qoʻngʻiroq qilib, – ular har doim bir-birini qoʻllaydi-da, – aktni yirtib tashlang, degan. Provodniklar qoldirgan pulni choʻntakka urgan. Batumidagi haligi boshliq bilan «arra» qilmoqchi boʻlganmi, yoʻqmi – bu yogʻi menga qorongʻi.

Xullas, u boshliq bu boshliqdan yo oʻz ulushini ololmagan, yoki boʻlmasa, nafsi hakalak otib, dalolatnomani provodniklarga koʻrsatgan-da, ulardan pul talab qilgan. Pulni olgan ham. Provodniklarga esa alam qilib ketgan.

Ular bu yoqda qoldirgan pullarini qaytarib olish uchun kelsa – pul yoʻq. Melisa yigitning boshligʻi yelkasini qisib, bema’ni xodimim aktni oʻzboshimchalik bilan joʻnatvoripti, deb turavergan. Keyin provodniklar sudga bergan.

Boshliq ishni bosti-bosti qilvorsa boʻlardi, albatta. Aksiga olib, oʻshanda Shevardnadze poraxoʻrlikka qarshi kurash boshlagan kezlar ekan. Sudu prokurorlarga sichqonning ini ming tanga boʻlib ketgan-da oʻshanda. Shuning uchun ular eski gunohlarini xaspoʻshlash, oʻzlarini halolu pok koʻrsatish maqsadida, qoʻlga tushganlarni arzimagan gunohi uchun ham uzoq muddatlarga kesib yuboravergan.

Boshliqni ham, yigitni ham hibsga olib, ularga sakkiz yildan beriladi. Noinsof boshliq, pulni xodimim bilan «arra» qilganmiz, deydi. Ozroq muddatga qamaydi, deb oʻylagan-da haromi. Men bir narsaga hayronman. Oliy ma’lumotli sudyalar, prokurorlar pulni olgan odam ikki dunyoda ham dalolatnomani joʻnatmasligini nahotki bilmasa? Biladi. Gap boshqa yoqda. Qoʻrqoq oldin musht koʻtaradi.

Mana, oʻzimga oʻxshagan begunoh bir shoʻrlik, melisa boʻlishiga qaramay, kamerada oʻtiripti. Anovi tentak qachonlardir melisada ishlagani uchun shunga tirgʻalgani tirgʻalgan. «Etik» deb laqab qoʻyvolgan.

Yigitga ichim achiydi – bekordan-bekorga oʻtiripti. Uyida yoshgina xotini, bir yoshli bolasi qolgan. Haligi jinoyatchi boʻlsa bunga kun bermaydi. Jahlim chiqsa ham chidayman. Meni oltita oʻq bilan oʻldirisholmapti-yu, ammo asablarimni ishdan chiqazishipti.

Bir kuni ertalab, nimadan boshlanganini ham sezmay qolibman, tentak mahbus shoʻrlik bolani boʻgʻib yotipti. Har galgiday silkitib-silkitib qoʻyvoradi, deb oʻylabman-da. Qarasam – melisa yigitning koʻzlari ola-kula boʻlib ketyapti.
– Hoy, nima qilyapsan! – deya borib ajrata boshladim. – Qoʻyvor, oʻldirib qoʻyasan-ku!

Tortaman-tortaman, qani ajratolsam! Hoʻkizday baquvvat ekan. Rosa urindim – qoʻyvormaydi. Yigitning yuzi koʻkarib ketgan. Chidayolmadim. Keyin... iyagi ostiga desantchasiga musht soldim.

Guppa agʻdarildi. Borib soʻrimga oʻtirdim. Ha, asabim ishdan chiqqani rost. Tentak boʻlsa shu yotgancha yotipti. Xavotirlana boshladim: oʻlib qolgan boʻlsa-ya! Xudo koʻrsatmasin – sudyamga bayram boʻpketadi-ku. Yoʻq, oʻlmagandir. Qattiq nokaut, xolos.

Taxminim toʻgʻri chiqdi – oʻn besh minutlardan keyin asta boshini koʻtarib, emaklagancha soʻrisiga qarab ketdi.

Shu yotgancha kun boʻyi turmadi – tushlik ham qilmadi, kechki ovqatni ham yemadi. Devor tomonga oʻgirilgancha qimir etmay yotaverdi. Nafas oladi, xolos. Yuragimga yana gʻulgʻula tushdi. Yiqilganda boshi lat yedimikan?

Uni «esi-kirdi chiqdi» degan odam tagʻin qulogʻimga shivirladi:
– Sanchastga xabar berish kerak.
– Shoshmaylik, – dedim men, – balki oʻziga kepqolar.

Sanchastga xabar qilish xavfli. Agar tentak nima boʻlganini gapirib bersayu dushmanlarim buni eshitib qolsa, meni oʻldirish evaziga ozodlikni va’da qilishadi unga. Albatta, ozodlik qayoqda, lekin tentak – tentak-da, ishonadi.

Endi shunisidan qoʻrqa boshladim. Oldinroq yuz berishi mumkin boʻlgan boshqa xatar ham bor: oʻzini goʻllikka solib yotgan boʻlsa, kechasi turib boshimga bir narsa bilan tushirib qolishi mumkin. Yana, xuddi huv kasalxonadagiday, tun boʻyi uxlamasligim kerak. Qanaqa qismat bu! Shunday boʻldi – ertalabgacha mijja qoqmadim. Ahyon-ahyon boshimni koʻtarib qarab qoʻyaman – yotipti arslonning oʻligiday.

Faqat ertalab oʻrnidan turdi. Asta men tomonga yura boshladi. Nima qilsam ekan? Yakkama-yakka mushtlashishdan qoʻrqmayman. Lekin hozir menga janjalning keragi yoʻq. Dushmanlarim eshitib qolishidan xudo asrasin. Roʻparamga kelib, boshini egdi:
– Turshakvoy, qattiq urding-da lekin.
– Axir, sen ham uni oʻldirib qoʻyishingga sal qoldi-ku. Bilsang, seni otilishdan asrab qoldim.
– Jinni ekansan, Turshak (men jinni emishman!), melisalar oʻzingni aspalasopinga joʻnatishiga bir bahya qopti-ku, buning yonini olib nima qilasan!
– Qiziqsan-a. Biz sudya emasmiz-ku, axir. Sotilgan firibgarlar bilan halol odamlarni farqlay bilish kerak. Bu melisa halolligi uchun sakkiz yilni boʻyniga ilib qoʻyishipti, oʻlganning ustiga tepganday, sen uni boʻgʻsang...

Tentak oʻylanib qoldi.
– Baribir qattiq urding, Turshak.
– Endi, ogʻayni, uzr, – dedim, – asab chatoq, qizishib ketibman.

Shunday qilib, yarashvoldik. Turmada faqat kuchni tan oladi, boshqa hech narsani tan olishmaydi. Moʻmin-qobilgina boʻlib yurdim. Oʻsha kuni manovi tentak urganim uchun emas, xafa boʻlganidan teskari qarab yotgan ekan.

Vaqt-soati kelib meni lagerga joʻnatadigan boʻlishdi. Yana nazoratchi Tengiz amaki bilan yuzlashdim. Xayrlashayotganimda iltimosimni aytdim:
– Tengiz amaki, kamerada ilgari melisada ishlagan bir yigit yotipti. Menga oʻxshagan jabrdiyda. Anovi esini yegan oʻldirib qoʻymasa deb qoʻrqaman. Uni boshqa kameraga oʻtkazsangiz yaxshi boʻlardi-da.
– Boʻpti, Adgurbek, – deya darrov rozi boʻldi nazoratchi. – Shu bugunoq oʻtkazaman. Xotirjam boʻl. Bu bizning xatomiz...

Qolgan muddatni lagerda oʻtkazdim. Ha, darvoqe, ozodlikka chiqqanimdan keyin haligi melisaning oilasini qidirib topdim. Menga ularning shikoyat arizasiga SSSR Prokuraturasidan kelgan javobni koʻrsatishdi. Bosh prokuror yordamchilaridan biri imzo chekkan. Oʻsha imzo miyamga muhrlanib qolgan. Javob bunday: «Gruziyada jinoyatchilikka qarshi kurash kompaniyasi davom etayotgani sababli ishni qayta koʻrib chiqish maqsadga muvofiq emas. Imzo». Mana, mamlakatdagi ahvol, ogʻaynilar!

Bir odam nohaq jabrlandi. Qonun boʻyicha, unga bir yoki ikki yil berishlari, hatto shartli jazo tayinlanishi ham mumkin edi. Vaqtida xabar qilmagani uchun. U melisa xodimi sifatida, falonchi-falonchilar menga pora bermoqchi boʻlyapti, deb kerakli joyni ogohlantirishi lozim edi. Tajribasizligidan shu ishni qilmagan. Xoʻsh, endi dodini kimga aytadi: arshi a’lodagi Ollo taologami?!

Xullas, lagerdaman. Xotinimdan xat kelib turadi. Bir xatida, sening oʻrningda falonchi ishlayapti, deb yozipti. Yo alhazar! Axir, bu odam bir necha bor direktorimning oldiga kelgan, ikkalasi rosa pichirlashgan edi-ku! Lekin men qiziqmaganman. Birovlarning ishiga aralashish odatim yoʻq. Mana, endi hammasiga tushundim.

Oʻshanda, jon talashib yotganim uchunmi, direktorim meni koʻrgani kasalxonaga biror marta ham kelmaganiga ahamiyat bermagan ekanman. Odatimizga xilof! Keyin boshqa narsa yodimga tushdi: ishdan yarim soat barvaqtroq ketmoqchi boʻlganimda uch yil oldingi gapni qoʻzgʻab, meni ushlab turdi. Sotib olingan anovi melisalar bilan kelishib qoʻygan-da, qayoqqa joʻnatadi! Balki ular hali oq «Volga»ning raqamini yechib ulgurmagandir? Ishdan har kungi vaqtda ketishim kerak!

Hamma gapni fahmladim-u, chidab yuribman. Faqat ikkita odamda alamim bor. Biri – jonim evaziga mening oʻrnimni birovga sotgan direktor, ikkinchisi – «Ovozingni oʻchirasanmi, yoʻqmi!» deb qichqirgan va soʻnggi oʻqni uzgan iymonsiz odam.

Bir daqiqa, ogʻaynilar... Zinaxonim, hoʻ anovi stol, oxiridan uchinchi. Nima ichishyapti, koʻrmayapman. Sekin borib razm sol. Agar konyak boʻlsa – bitta arman konyagi, vino boʻlsa – toʻrt shisha vino. Oʻsha navidan. Ba’zi ofitsiantkalar odam ogʻziga olmaydigan vinoni eltib beradi. Sen unaqa emassan, bilaman. Mening pulimni qizgʻanma! Keragi yoʻq! Doʻstlar uchun yashaymiz, mehmon kutish uchun yashaymiz. Yana nimaning ilinjida yashash mumkinligini men tasavvur ham qilolmayman...

Lekin ish paytida, peshtaxta yonida turganimda bir qultum ham ichmayman, birovga tekinga gugurt ham bermayman. Odatim shunaqa! Dam olganimda esa kayf-safoni kindigigacha yetkazaman.

Ba’zilar uy jihozlarini har yili almashtiradi. Xitoylar toʻgʻri aytadi: jir bitgan-da!

Bir kuni qoʻshnim «Yur, Adgurbek, uyimni bir koʻrib qoʻy», deb qoldi. Kirdim. Eng katta xonaning oʻng tomoni – yerdan shiftgacha kitob, chap tomoni ham yerdan shiftgacha kitob. Oʻngdagi kitoblarning muqovasi butkul qizil, chapdagi kitoblarning muqovasi butkul yashil.
– Yopiray! – dedim yoqamni ushlab. – Leninning Kremldagi kabinetiga kirib qoldimmi?
– Yoʻq, – deydi qoʻshnim, – zal bu. Hozir moda shunaqa.
– Hoy, chulchut, – dedim jahlim chiqib, – shuncha kitobni nima qilasan? Oʻqimasang, alifni kaltak deyolmasang!..

Xafa boʻldi. Toʻgʻri gap tuqqaningga yoqmaydi. Xotinim ham oʻn yildan beri quloq-miyamni yeydi: jihozlarni yangilaylik, jihozlarni almashtiraylik!
– Oʻchir! – deyman har gal. – Uch xonali uying bormi? Bor. Bolalaring toʻqmi? Toʻq. Maktabga qatnayaptimi? Qatnayapti. Uying¬ga toʻrtta odam kelsa, oldiga qoʻyadigan narsang bormi? Bor. Karavoting tagida qoshiqday-qoshiqday besh-oltita poyabzaling turiptimi? Turipti. Otam urushda yurganida oyimning bittagina tuflisi bor edi. Ustaga bersa, ishga kalishda borardi. Men buni unutarmidim? Hech qachon unutmayman. Mana endi tovuqmiyang bilan oʻylab koʻr: oyim kimu sen kim?

Yoʻq, men yangilikka qarshi emasman. Lekin me’yorida boʻlsin-da. Bizda ham hamma narsa bor: gaz plitasi deysizmi, vannaxona deysizmi... Tirikchilikka nima zarur boʻlsa, bor-da ishqilib. Ammo dabdabaning nima keragi bor? Koʻz-koʻz qilishning nima keragi bor? Keragi yoʻq! Men buni hazm qilolmayman. Mayli, otamdan qolgan javon qanday turgan boʻlsa, turaversin. Otam zamonida devorga osilgan gilam osigʻligicha qolaversin. Osh-non soʻrayotgani yoʻq-ku!

Bir tanishim, ismini aytmayman, falon pulga xotiniga poʻstin olib beripti. Qalinligi bir qarich. Xoʻsh, yil-oʻn ikki oy oftob charaqlab turadigan yurtimizda bunaqa poʻstinning nima keragi bor? Mart oyida oʻsha xotin poʻstinini kiyib, dafn marosimiga boripti. Koʻz-koʻz qilmoqchi boʻlgan-da! Issiqdan dimiqib, hushidan ketipti. Qani, endi oʻzlaring aytinglar: motamsarolar bunga qarasinmi, oʻlikkami? Ana sizga maqtanchoqlikning oqibati! Xitoylarning gapida jon bor: jir bitgan, yogʻ bosgan bizni!

Yana oʻtlab ketdim-a... Xullasi kalom, qamoqdan chiqdim, bir haftacha ogʻaynilarim bilan kayf-safo qilib yurdim, keyin ular bilan birga taksiga oʻtirib, mana shu qahvaxonaga keldik. Bir oʻrtogʻimdan direktorni chaqirib chiqishni iltimos qildim.

Direktor istar-istamas yonimizga keldi.
– Tabriklayman, – dedi u, – xudoga shukr, qutulib kepsan.
– Rahmat, lekin senda ishim bor.
– Qanaqa ish?
– Taksiga chiq, – dedim eshikni ochib. – Chernyav togʻiga boramiz, oʻsha yerda gaplashamiz.

Oʻzini orqaga tashlay boshladi.
– Menga qara, – dedim, – koʻp jilpanglama! Bormasang, nima qilishimni bilasan-a?!

Toqqa yetdik. Bir chetga tortib, butun kirdikorlarini aytib berdim. Boʻyniga olmaydi. Eng qizigʻi – koʻzimga ham qaramaydi.
– Senga tegmayman, – dedim pirovardida, – onang bor, singillaring, bolalaring bor. Qora kiyib yurishmasin. Ularda ayb yoʻq. Bitta yoʻli shuki, mening qonim evaziga oʻrnimni egallagan anovi odaming bilan birga ariza yozib, ishdan boʻshaysan! Men ba’zilar singari qon toʻkmasdan sening oʻrningni boshqa birovga sotaman. Joningdan umiding boʻlsa, shartim shu!

Xullas, muammoni tinchgina hal qildik. Direktorni gumashtasiga qoʻshib qahvaxonadan uloqtirib tashladim. Oʻrniga doʻstlarimning tavsiyasi bilan insofli, bama’ni bir odamni oldik.

Mana, yana eski joyimda ishlab yuribman. Sizlarga oʻxshagan yigitlar keladi, quchoqlaydi, tabriklaydi. Men yoʻqligimda qahvaxonadan oyoq uzib ketishgan ekan.

Hammasi joyida, lekin... anovi «Ovozingni oʻchirasanmi, yoʻqmi!» deb qoʻltigʻimga oʻq uzgan odamni nima qilay?

Qiynalaman, iztirob chekaman. Ammo nachora? Shahar kichkina, yiliga uch-toʻrt marta bir-birimizga duch kelamiz. Meni koʻrsa, tanimaganday, yoʻlning narigi betiga oʻtib ketadi. Uyalganimdan men ham oʻzimni shunday tutaman. Qancha chidash mumkin? Oilam, bola-chaqamni oʻylayman. Uni oʻldirib, huv ota-bobolarimiz qilganiday, oʻrmonga bosh olib ketolmayman-ku! Shunga kuyaman, lekin yonib ado ham boʻlmayman.

Yil sayin u firibgarning unvoni oshib ketyapti. Katta leytenant edi, hozir – mayor. Ishonchim komilki, «Adgurning yuragi ikkita» degan gapni oʻsha tarqatgan. Suiqasdni eplayolmagani uchun oʻzini oqlashi kerak-ku. Lekin menga qoʻshyurak degan moʻ'jizaning keragi yoʻq! Bittayu bitta yuragim bor – ana shu zirqiraydi faqat...

Hamqishloqlarini majlisga sudrab borib, ajalga roʻbaroʻ qilgani yuragida armon boʻlib ketgan amakim goʻrida tinch yotganmikan? Qadrdonim Viktor barq urib turgan yoshligini, xuddi ochilmagan parashyutday, qabrga olib ketdi. Dushmanim esa ayshini surib, unvonlar olib yotipti.

Shuning uchun boʻsh vaqtlarimda yaxshi odamlarga talpinaman, qaygʻuni unutish ilinjida doʻstlarim bilan chaqchaqlashib, kayf-safo qilaman, tanish-bilishlarni ikki-uch shisha ichimlik bilan siylab turaman.

Nimasini aytay, biz tugʻilmasimizdanoq xomtalash boʻlgan bu dunyoda yana qayta tugʻilishni orzu qilishga arziydigan hech narsani koʻrganim yoʻq. Oʻlat tarqalgan zaminni bezab turadigan birdan-bir narsa – erkaklar oʻrtasidagi birodarlik, ana shuning uchun ichamiz! Bu olamda sotilmaydigan va sotib olinmaydigan narsa ham boʻlishi kerak-ku, axir! Kelinglar, oʻsha narsa uchun qadah koʻtaraylik!