OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifFozil Tilovat
Asar nomiQora Quzgʻun (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Detektiv
Mualliflar
   - Fozil Tilovat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm257KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/30
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
«Yoshlik» журнали, 2010 йил, 2-3-cонлар


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qora Quzgʻun (qissa)
Fozil Tilovat

«
Togʻam Rahmatilla Oʻroqov xotirasiga bagʻishlayman
»

1

Jinoyat tafsilotlari bitilgan hujjatlarga koʻmilgan tergov xodimi boshini qogʻozlardan koʻtarganida tun yarmidan oqqandi.

Shu payt telefon jiringlab qoldi.

– Allo, Akmal aka? – xotinining tashvishli ovozi eshitildi goʻshakdan. – Haliyam ishxonadamisiz?

– Hozir ketmoqchi boʻlib turgandim.

– Quyuq tuman tushibdi, mashinani ehtiyot boʻlib haydang!

U qisqa-qisqa gudok bera boshlagan goʻshakni bir muddat tutib turdi-da, soʻng joyiga qoʻydi.

Akmal kuni boʻyi sirli jinoyat tarixi bitilgan qogʻozlarga koʻmilib arzirli bir yechim topa olmadi. Tergovchi sifatida qayoqqa borishni ham, nima qilishni ham bilmay boshi qotib turgandi. Endi esa uyga borishi, iliqqina dushga tushib, ozgina tin olishi mumkinligini angladi. Xotinining qoʻngʻirogʻi ayamajuz qishning qahri singan payt bahor daragini olib kelgan qaldirgʻochning tashrifi kabi horgʻin ruhiga iliqlik soldi.

Tashqari anchagina sovuq ekan. U palьtosining yoqasini koʻtarib oldi. Keyin tumanning qalinligidan deyarli koʻrinmay qolgan yoʻlni tusmollab qadam bosgancha mashinasi tomon qarab ketdi...

2

Akmal uyiga kelgach, issiqqina dush haqidagi qarorini bekor qildi. Ovqatga ham ishtahasi boʻlmadi. Qiziq, vujudida charchoq, ruhan toliqqan, qovoqlari zil-zambil boʻlishiga qaramay, nimagadir uxlashga ham hushi kelmadi. Shundan, yotoqxona eshigini ohista ochdi-da, uni kuta-kuta uxlab qolgan xotiniga termulib bir pas turib qoldi. Yoʻlakdan tushgan nur yorugʻida koʻksi ochilib, qora xalati ostidan ich kiyimi oqarib koʻrinib turgan, tim qora sochlarini yelkalari uzra parishon yoygancha uxlab yotgan xotini shu dam koʻzlariga baayni qaldirgʻochga oʻxshab koʻrinib ketdi.

Shu asno xayolidan «yalt» etib bir fikr kechdi: «Uni deyarlik har kech shu alfozda koʻraman. Nega endi, kelib-kelib shu bugun qaldirgʻochga oʻxshatdim? Boyagi qoʻngʻirogʻi bois albatta! Toʻxta-toʻxta! Hm-m-m-m, demak...».

Akmal bir necha kundan beri oʻzini qiynab kelayotgan bir jumboqqa yechim topgandek boʻldi. Jinoyat joyidan topilgan yondaftarcha, toʻgʻrirogʻi «Rom» deya boshlanib, bir necha mantiqsizdek tuyulgan jumlalardan iborat yozuvni koʻz oldiga keltirdi. U bu topilmani bir-ikki koʻzdan kechirib, keyin jinoyatga aloqasi yoʻq, degan oʻy bilan, e’tiboridan soqit qilgandi. Hozir esa, jinoyat tafsilotlaridan topa olmagan mantiqni shu parchagina varaqda koʻrgandek boʻlayapti.

Xayolini bir joyga qoʻyib, fikrini yigʻib, muammoga oydinlik kiritish maqsadida, yotoqxona eshigini qanchalar ohista ochgan boʻlsa, shunday beozor yopdi-da, xonasiga kirib ketdi.



3

Akmal ertalab jinoyatga bogʻliq barcha hujjatlarni olib ketgandi, ammo ishxonaga kelib yondaftarchani stoli ustida unutib qoldirganini sezdi. Xunob boʻlmadi, chunki oʻshanda u daftarchaning bu ishga aloqasi yoʻq degan qat’iy fikrda edi. Hozir esa uni varaqlarkan, unutib qoldirganim yaxshi boʻlgan ekan, deb xursand boʻlib qoʻydi. Keyin, oʻsha jumboq satrlar bitilgan joyni shoshilmay oʻqiy boshladi: «Rom. Burgut bolasi chumchuq oʻxshab yashamas= k|k. Oltin\ chibin nafsi hak-k otsa oʻrgimchak toʻr. tush. Oʻz= bino qil/ uy = devor. yorigʻi+ chayon chiq. nishini sanchimoq boʻla. Oyoq osting. ilon chumchuq polapon. yutmoq payida Kaltakesak dumiga bevafo. Boʻtaloq toʻpi+ ajra/ q... goʻsht/ choʻq...»

Akmal talabalik chogʻi ma’ruzalarni yozib olishga ulgurish uchun qoʻllaniladigan belgilarni xotirasida tiklab, matnni qayta-qayta oʻqidi. Faqat chatilib ketgan soʻnggi soʻzlardan birini hisobga olmaganda jumlalar mazmunini deyarli fahmladi. U qisqartma soʻzlardan hosil boʻlgan ma’noni toza oq qogʻozga quyidagi tarzda ifodaladi:

“Burgutning bolasi chumchuqqa oʻxshab yashamasligi kerak. Oltinliq chibin nafsi hakalak otgani tufayli oʻrgimchak toʻriga tushadi. Oʻzing bino qilgan imorat devorining yorigʻidan chiqqan chayon nishini sanchmoqchi. Oyogʻing ostida oʻrmalab yurgan ilon polaponingni yutmoq payida. Kaltakesak dumiga bevafo. Tuyaning bolasi toʻpidan ajrasa q.... (?) goʻshtini choʻqiydi”.

«Bu haqiqatdan ham kimningdir taqdiriga ochilgan «rom», – oʻyladi tergovchi, keyin oldidagi oppoq qogʻozga: «Folbin kim?» deb yozdi-da, katta soʻroq belgisi qoʻydi. «Bunisi hali noma’lum. Ammo u oʻta zakiylik bilan mijozining qismatini zarbulmasalda ifoda etgani ayon». Akmalning mushohadasi yana bir savolga borib taqaldi: «Mijoz kim?» “Mantiqan olib qaraganda, – fikrlashda davom etdi Akmal, – mijoz yondaftarcha sohibi. Demak, «rom» – sirli jinoyat qurboni, bir kechada dom-daraksiz yoʻqolgan Jobirbekka atalgan”.

Akmal, yuqoridagilardan kelib chiqib, jinoyatni ochish yoʻlini quyidagi tenglamada izohladi: “Yondaftarcha bilan «rom» bir odamga, ya’ni mijozga tegishli. Mijoz – jinoyat qurboni Jobirbek!” deb qogʻozga yana bitta soʻroq belgisini qoʻydi...

4

Endi hurmatli oʻquvchilarimizga hikoyamiz qahramoni Akmal va u tergov olib borayotgan jinoiy ish haqida hiyla toʻliqroq ma’lumot berish payti keldi.

Akmal shahar ichki ishlar boʻlimi tergovchisi. Qorachadan kelgan, boʻydor yigit. Dzyu-do bilan boksdan tashqari, sportning shaxmat turiga oʻta ishqiboz. Oilali, bitta farzandi bor. Yaqinda, eskiroq boʻlsa ham, mashina sotib oldi. Eng muhimi oʻz ishining ustasi. Faoliyati davomida unga topshirilgan biron-bir ish ochilmay qolmagan. Uxlamasa-uxlamaydiki, lekin jinoyatning tagiga yetmay qoʻymaydi...

Shahar ichki ishlar boʻlimi boshligʻining xonasida yigʻilganlar bir necha nomzodlar ichidan ana shu yigitda toʻxtalishdi: “Menga ma’qul!” – dedi koʻzoynakli barvasta kishi. Hamma uning javobini kutib turgandi. Attestatsiya komissiyasi bir ovozdan Akmalning nomzodini shahar IIB jinoyat qidiruv boʻlimi boshligʻi lavozimiga ma’qulladi.

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida bir oy malaka oshirib qaytgan kuni, uni zudlik bilan shahar ichki ishlar boʻlimi boshligʻi huzuriga chaqirib qolishdi. Oʻziga qolsa, yangi haftadan yangi lavozimda ishga chiqmoqchi edi. Oilasi bilan qishloqqa oʻtib kelishni moʻljallagandi. Ammo ota-onasini ziyorat qilib kelish rejasi orqaga suriladigan boʻldi.

– Zudlik bilan poytaxtga joʻnaysiz, – dedi shahar ichki ishlar boʻlimi boshligʻi, salom-alikdan keyin, birrov hol-ahvol soʻragan boʻlib. – Bugun shahrimizdagi nufuzli korxonalardan birining direktori Jobirbekning bir haftadan beri dom-daraksiz ekani haqida ma’lumot oldik. Bizga uning doʻsti Shosalim murojaat qildi.

Aytishicha, Jobirbek «Yoshlik» pansionatida davolanishda boʻlgan. Bir hafta burun xonasidan chiqib ketganicha qaytib kelmagan. Hozircha qoʻlimizda bor ma’lumotlar shular. Sizga pansionat joylashgan tuman militsiyasi koʻmaklashadi.

5

Akmal bu ish shu qadar chigal zkanini dastlab xayoliga ham keltirmagandi. Shu bois poytaxt aeroportidan taksiga oʻtirib, pansionatga ketarkan, xayolini oʻzga bir kechinmalar band etgandi: «Qiziq, kecha ketgandim, bugun esa yana poytaxtdaman. Bu taqdirning tuhfasi boʻlsa kerak!». Axir, bir oy malaka oshirish davrida, bir-ikki saylgohga chiqqanini e’tibordan soqit qilganda, koʻrgani faqat Akademiya hovlisi-yu, mashgʻulot xonalari boʻldi..

Mashina oynasiga yuzini bosib, shaharni tomosha qilib borar ekan, u Toshkentning bundan oʻn yil burungi koʻrinishi bilan bugungi qiyofasini xayolan muqoyasa qildi: «Judayam oʻzgarib ketibdi. Yoʻllar keng, ravon. Yirik, muhtasham binolar qurilibdi».

Talabalik chogʻi, kvartira izlab shaharning aytarlik barcha mahallalariga bosh suqib chiqqan. Shundan shaharni juda yaxshi bilaman deb oʻylardi. Hozir tanimadi. «Ajabo! Bor-yoʻgʻi oʻn yil ichida shuncha oʻzgarish!»

Birda hayrat, birda taajjub bilan Yunusobodga keta-ketguncha u koʻzini tashqaridan uzmadi. Aytgancha, oʻn yillik tanaffusdan keyin malaka oshirish uchun Akademiyaga kelganida ham qadrdon oʻquv dargohini tanimay qolgandi.

Taksi haydovchisi boyadan beri miq etmay shaharga mahliyo boʻlib kelayotgan mijoziga bir-ikki qarab qoʻydi-da, radiopriyomnikning murvatini buradi. Tiniq, dilrabo kuy tarala boshladi. Haydovchining bu ishi Akmalga xush yoqdi. Shu kez, beixtiyor taniqli hofizning «Toshkent» degan qoʻshigʻini esladi:

«Doningni yegan chumchuq qaytib kelar Makkadan»…

Mashina pansionatga yaqinlashib, tezligi sekinlashdi. Akmal qoʻshiq ta’siridan chiqdi. Idrokini endi dom-daraksiz ketgan inson taqdiri bilan bogʻliq kechinmalar band eta boshladi. Jinoyat sodir boʻlgan hududga qadam bosarkan, xayolidan kechgan dastlabki fikr shu boʻldi:

– Tirik boʻlsa qaytadi, qaytmasa izlab topamiz!..

6

Akmal pansionatda «yoʻqoldi» deb taxmin qilinayotgan shaxs bilan bogʻliq barcha tafsilotlarni sinchiklab oʻrgandi. Davolovchi vrach, navbatchi hamshira, hattoki pansionat bogʻboni ham koʻrsatma berdi. Jobirbekning xonada qolgan barcha lash-lushlari ashyoviy dalil sifatida olindi. Xullaski, kriminalistlar, kinologlar, analiz oluvchilar qilishi lozim boʻlgan barcha ishlar bajarildi. Hamma soʻroq qilindi. Qizigʻi shundaki, Jobirbek bir hafta ichida barchaning nazariga tushib ulgurgan, «oqkoʻngil boyvachcha», degan laqab olishga ham muvaffaq boʻlgan, ammo gʻoyib boʻlgan kuni uni hech kimsa koʻrmagan.

– Biram yaxshi odam edi boyaqish, puldor edi, zinhor kekkaymasdi. Martabali edi, ammo kamtarin, poʻrim keyinardi, – dedi pansionat xodimlaridan yoshi oʻtinqiragan bir xotin.

– Qizlarning hammasi unga oshiq edi: barchamiz uning e’tiborini qaratish uchun ming oʻlib ming tirilardik, – dedi, bunaqa gaplarni oshkora, uyalmay aytishi mumkin boʻlgan hamshiralardan, sariq soch, moviy koʻzli qiz Irina.

– Odamga yetmish ikki hunar ham oz ekanini shu yigitda koʻrdim,– dedi bogʻbon, taassuf bilan bosh chayqab. – Essiz,essiz! Rubob chalardi, qoʻshiq aytardi. Kezi kelganda bogʻ ishlariga ham qarashib yuborardi. Hamma narsaga vaqt topardi. Iloyo joni omon boʻlsin!..



7

Shosalim Jobirbekning jon doʻsti, sirini ishongan kishisi. U deyarli har kuni Jobirbek bilan birga boʻlardi. Kezi kelganda shotiri, kezi kelganda maslahatgoʻyi – bir soʻz bilan aytganda omadli doʻstining ortidan soyadek ergashib yurar, sadoqat bilan xizmatini qilardi.

Oʻsha kuni unga telefon qilib, doʻstining gʻoyib boʻlgani haqidagi gapni yetkazishganida, kutilmagan bunday sovuq xabardan esankirab qoldi. Keyin, mashinasini oʻqdek uchirib Jobirbekning hovlisiga keldi.

«Avval xotini, bola-chaqasini bir oz tinchlantirish lozim, degan qarorga keldim. Hali voqeaning mohiyatini bilmay, eslaridan ogʻib qolmasin, deb qoʻrqdim, – dedi tergov chogʻi Akmalning soʻrogʻiga javoban u. – Keyin Toshkentga qarab uchdim. Jobirbekning gʻoyib boʻlganiga uch kun boʻlgan ekan. Pansionatdagilar avvaliga biror yumush bilan shaharga chiqqandir, deb oʻylashgan. Ertasi kuni bir oz tashvishlanishgan. Uchinchi kuni, uning xonasini ochib, shaharga chiqqanida kiyadigan kostyum-shimi shkafda osigʻliq turganini koʻrishgan. Uning sport kiyimida shaharga chiqishi mumkin emas, chunki oʻta madaniyatli inson edi.

Pansionatdagilar, elburutdan vahima koʻtarmaslik maqsadida, stol ustida qolgan qoʻl telefonidan uning uyiga sim qoqishgan. Telefonning yonida yon daftarchasi ham qolgan ekan. Telefon raqamini oʻsha daftarchadan olishgan. Men Toshkentga kelib, Jobirbek borishi mumkin boʻlgan barcha tanishlarnikiga qoʻngʻiroq qildim. Soʻrab-surishtirdim – hech qayerdan topmadim».

Shosalimning koʻzlari namlandi: «Uni yolgʻiz qoʻymasligim kerak edi», – dedi yigʻlamsirab, soʻng, «Ey xudo qayoqqa ketgan boʻlishi mumkin?» deb nola chekib yubordi.

– Siz uni yaqindan bilgan yagona kishisiz. Oxirgi paytlari doimo yonida yurgansiz, ayting-chi, uning dushmanlari bormidi?

Tergovchi, u tomonga bir oz egildi-da, boyagi savolini boshqacharoq tarzda takrorladi:

– Kimdandir shubha, gumoningiz yoʻqmi?

Shosalim, doʻsti bilan kechgan damlarini, yaxshi-yomon kunlarini xotirlay boshladi.

8

Jobirbek oilaning tantiq farzandi boʻlib oʻsdi. Otasi uzoq yillar beton zavodining direktori boʻlib ishlagani bois, u ulgʻaygan roʻzgʻorda yetishmovchilik boʻlgan emas. Shu bois bolalik, yoshlik davrlari betashvish kechdi. Akasi Qodirbekdan farqli oʻlaroq, u hayotga yengil-elpi qarardi. Bu tabiiy hol. Otasi – Murod Shomurodovich, qatagʻon yillarining zulmini boshidan kechirgan, «quloqning oʻgʻli» degan tavqi la’natni boʻyniga osib ulgʻaygan odam edi. Mushtipar onasi bilan, eshikma-eshik yurib tilanchilik qilgan yillarini, ochlik va suvsizlikdan lablari gezarib jon taslim qilgan onaizorini koʻmishga koʻmak soʻrab qilgan ohu zorlarini eslab, ba’zan koʻngli buzilib ketardi. Shunday kezlari umr yoʻldoshi Gulsumbibining yelkasiga qoʻlini qoʻyib;

– Onasi, bizning bolalarimiz, xorlik-zorlik koʻrmaydi. Men tirik ekanman, ularga balo-qazo yaqinlashmaydi! – deya oʻzining mashaqqatli oʻtmishiga oʻchakishib, taqdiri azalning yoʻriqlarini tan olmayotganini sezmasdi.

Kichik oʻgʻil ana shunday tarbiya ta’sirida ulgʻaydi. Ammo katta oʻgʻlining oʻlimi, vaqt izmida emasligini, hayot uning irodasiga boʻysunmasligini koʻrsatdi. Otalik mehri, topar-tutari bolalarini xoru zorlikdan asradi, illo baloi qazodan asray olmadi.

Akasining fojeali oʻlimida erkatoyi Jobirbekni aybladi. Nafaqadagi ota oʻziga munosib oʻrinbosar boʻlib yetishib kelayotgan toʻngʻich farzandining tobuti ustida: «Akang oʻlgandan koʻra sen oʻlsang boʻlmasmidi» deya nola qilganda, Jobirbek bir yoshga ulgʻaydi. Shu-shu otasining koʻzlarida unga nisbatan sovuq bir nazar qotib qoldi. Jobirbek uzoq yillar ana shu qotib qolgan diydani yumshatish payida boʻldi. Otasining poyiga borini toʻkdi, yoshlikdagi shoʻxliklari uchun kechirim soʻrab oldida tiz choʻkdi – foydasi boʻlmadi. Otasining soʻnik, hissiz koʻzlaridan baribir biror ma’no uqmadi. U akasining bevaqt oʻlimi tufayli otaning koʻnglida armon boʻlib qolgan niyatlarini roʻyobga chiqarganida ham, beton zavodining direktori boʻlib tayinlanganida ham ota uning muvaffaqiyatlaridan na quvondi, na tushkun damlarida dardkashlik qildi.

9

Jobirbekning balogʻat davri juda murakkab kechdi. Uyga kech qaytadigan, oʻzi bilan albatta, bir ishkalni boshlab keladigan odat chiqardi. Mahalla-koʻy undan bezor, maktabning ham uning axloqiga bir talay e’tirozlari bor edi. Avvaliga uning qiliqlarini koʻrib-koʻrmaslikka oldilar. Axir otasining hurmati bor. Keyin-keyin uzunquloq gaplar otaning qulogʻiga yetib bordi. Nasihat qildi: «Bolam, nojoʻya ishlaring mening martabamga, yillab misqollab yiqqan obroʻyimga raxna solayotganini anglamogʻing kerak!».

Nasihat kor qilmadi. U oʻz bilganidan qolmadi. Qaysidir bir ovloqda uch-toʻrtta bezorinamo oshnalari bilan ojizroq bir bolani doʻpposlagani, tun yarmidan oqqan payt, mototsikllarini tirillatib odamlarning halovatini buzib, tinchlik bermayotgani haqidagi noxush xabarlar, mish-mishlar yirik zavod direktorining xonasiga qabulxonada navbat kutmay kiradigan boʻldi.

Ota dargʻazab, ona ikki oʻrtada kechayotgan ziddiyatdan dilgir boʻlib yashardi. Maktabni bitiruv kechasi oʻqituvchilar jamoasining kayfiyatida ikki xil holatni koʻrish mumkin edi. Ular birda yigʻlab, birda quvnab ketishardi. Oʻn yil mabaynida farzandidek boʻlib qolgan bolalar bagʻrini tark etayotganiga xafalansalar, shodliklarining boisi ketayotganlar safida Jobirbekning ham borligidan edi chamasi.

Jobirbek poytaxtga ketdi. Oʻqishga kirdi. Odamlar qiziq-da! Jobirbek ularni tinch qoʻysa ham uni eslashdan, gapirishdan charchashmasdi: «Oʻqishga kiribdi, yo piray! Oʻzining «uch»i bilanmi yo mansabdor otasining kuchi bilan kiribdimikin?» deb malomat qilishdi. Taajjublanarlisi shundaki, u institutga oʻz bilimi bilan kirdi. Yaxshi oʻqirdi. Faqat, boʻlmagʻur odatlarini batamom tark etmagandi. Yangi yil bayrami arafasida yana bir ishkal chiqdi. Ishkalmisan ishkal! Devoriy gazetaning bayram sonida kimdir uning nomiga hazil qilib, ikki qator she’r bitib ostiga yarmi xoʻroz, yarmi tovuq suvratini chizgan ekan. Koʻp qatori Jobirbek ham uni oʻqibdi.

Bilimi zoʻr, kallasiga toj kiydirsang yarashgay,

Ishkali koʻp, orqasidan tuxum boʻlib qalashgan!

She’rni oʻqib, achchiqlanmadi. Hatto “zoʻr” deb maqtadi. Klassika boʻlishi uchun faqat bir narsa yetishmaydi, dedi u, keyin choʻntagidan «zajigalka»sini chiqazib, «yaxshi asarlar hamisha gulxanda yongan» deya, gazetani yoqib yubordi.

10

Jobirbek masalasi institut jamoasi oʻrtasida muhokama qilinadigan boʻldi. Otasini chaqirishdi. Komsomol komitetining sekratariga Jobirbek masalasini yoshlar tashkilotining yigʻilishida koʻrib chiqib, institut umumiy yigʻilishiga taqdimnoma kiritish topshirigʻi berildi. Xullas, ayblov mavsumi boshlandi.

– Men hech qanday yigʻilishga bormayman! – alamidan boʻgʻilgudek boʻlib baqirdi ota, telegrammani olib kirgan xotiniga qarab. – Haydashsin! Uning jazosi shu!...

Noilojlikdan «piq-piq» yigʻlay boshlagan onasini toʻngʻich oʻgʻil Qodirbek yupatdi: «Dadamdan xafa boʻlmang. Men borib kela qolaman!».

U oʻsha kech mashinasida Toshkentga joʻnadi. Bordi, majlisda qatnashdi. Vaziyatni yumshata oldi. Jobirbek jamoadan rasman kechirim soʻradi. Rektorat unga nisbatan hayfsan bilan cheklandi. Hamma narsa oʻz joyiga qaytdi, faqat Qodirbek shu ketganicha uyga qaytmadi. Toʻgʻrirogʻi uyga qayta turib, Baxmal dovonida mashinasi halokatga uchradi.

11

Akmal pansionatda qilishi lozim boʻlgan barcha ishlarni qilib boʻlgach, ortga qaytdi. Toshkentdagi qidiruv aytarlik natija bermadi. Kalavaning uchi topilarmikin, deb qilgan barcha urinishlari zoye ketdi. Shosalimning yordamida Jobirbekni tanigan, bilgan odamlar bilan oʻtkazgan suhbatlari ham besamar boʻldi. Hech kim shubhaga asos boʻladigan biror-bir holatni koʻrmagan, gumonga sabab boʻlgudek biron soʻzni eshitmagan.

«Tavba! Butun boshli bir odam yoʻqolsa-yu, hech qanday iz qolmasa. Bugʻlanib ketmagandir, harqalay!». Suhbat, soʻrovlar asnosida Akmalning xayolida nuqul ana shu savollar charx urardi. U bu savollarga javob topa olmay qiynalar, ammo qachondir bu chigallarni yechishiga ishonardi.

Qarshiga qaytib kelgach, qidiruv-tergov ishlarini Jobirbekning oila a’zolari, yaqin qarindoshlari, uni tanigan, bilgan odamlarni soʻroq qilish bilan davom ettirdi. Tom-tom ma’lumotlar yigʻdi. Ish ustida, mahalla-koʻyda, toʻy-oʻcharlarda kim bilan gaplashgan, kim bilan chaplashgan – barcha-barchasini tekshirdi. Zavodlar uyushmasining raisi Zulfiqorovni ayniqsa, alohida nazorat ostiga oldi.

– Mendan shubha qilishlari tabiiy, – dedi Zulfiqorov huzuriga tashrif buyurgan tergovchini ochiq yuz bilan qarshi olib, – chunki, hamma biladi – Jobirbek keyingi paytlarda mening oʻrnimga nomzod sifatida koʻrinib qolgandi.

Odamlar shivirlashib yurgan gaplarni Zulfiqorov ochiqdan-ochiq tan olib gapirayotgani Akmalni bir oz taajjublantirdi. «Hushyor boʻlish kerak» dedi ichida, «Zulfiqorovni «qari tulki» deyishlari bejiz emasga oʻxshaydi».

– Odamlar gapiraveradi! – Zulfiqorov kotibasi choynakni qoʻyib chiqib ketguncha jim turdi-da, soʻng fikrini davom ettirdi: – Bilmaganlari uchun ham gapirishadi. Shuning uchun men ulardan xafa boʻlmayman.

– Agar tashrifim bilan sizni ranjitgan boʻlsam, uzr! – oʻngʻaysizlandi tergovchi, keksa odamning yozgʻirishlaridan bezovtalanib. – Men ham aynan shu tomonini oʻylab oʻzim huzuringizga kelgandim.

– Aksincha, men sizning chaqirishingizni kutgandim. Hattoki, bunga tayyorlangandim ham.

– Tayyorlangandingiz?

– Ha, tayyorlangandim!

Zulfiqorov oʻrnidan turib, ish stoli tortmasidan bir kitob, bir taxlam gazetalarni oldi-da, keltirib Akmalning yoniga qoʻydi.

– Mana bu kitobni Jobirbek oʻtgan yili chop ettirgandi. Mana bu gazetalarda uning bir qancha maqolalari bosilib chiqqan. Bilasizmi, u koʻpriksozlikda beton konstrkutsiyalardan foydalanishning yangi bir usulini ixtiro qilgan.

Akmal kinolarda, badiiy asarlarda olimlarning kashfiyotlari tufayli qanday koʻrguliklarga duchor boʻlganliklari haqidagi voqealarni koʻp koʻrgan, koʻp oʻqigandi. Zulfiqorovning hikoyasi oʻsha tomonga sirgʻalib borayotgandek tuyuldi unga. Shundan hojati boʻlmasa ham, hamsuhbatiga luqma tashlashdan oʻzini tiya olmadi:

– Ixtiro?!

– Ha, chinakam ixtiro! Uning iqtisodiy samaradorligini aytmaysizmi?

– Agar sizni toʻgʻri tushungan boʻlsam, Jobirbekning sirli gʻoyib boʻlishi bilan mana shu ixtiro oʻrtasida bogʻliqlik bor, demoqchisiz?

– Ham ha, ham yoʻq!

“Zulfiqorov koʻpni koʻrgan odam. Faoliyati davomida kimlar bilan muloqot qilmagan u. Hamsuhbatini Amuga obborib, suv ichkizmay qaytarib keladiganlar xilidan. Hozir ham shu oʻyinni oʻynamayaptimikin?”. Akmalning koʻksida shubha gʻimirlay boshladi.

– Kechirasiz, sizni tushunmadim?

– Meni tushunish qiyin. Yakkayu yagona tushungan odam Jobirbek edi. – Zulfiqorov ogʻir «uf» tortib xoʻrsindi. – Siz mana bularga qarang!

Akmal kitob va gazetalarning Zulfiqorov koʻrsatgan joylarini koʻzdan kechirdi: «Aziz ustozim, maslahatchim va suyanchigʻim Zulfiqorovga! Hurmat va ehtirom ila...”

Bu har bir maqola sarlavhasi yonida Jobirbekning oʻz qoʻli bilan yozilgan dastxati edi. Bu Jobirbekning ishi yuzasidan Zulfiqorovga nisbatan tugʻiladigan har qanday shubhani yoʻqqa chiqaradigan asos. Yoki aksincha. Akmal kallasida kechgan bu kabi mulohazalarni, keyinchalik tergov xujjatlariga quyidagicha jumlalarda ifoda etdi: «Bu achchiq haqiqat yoki shiringina hiyla».

12

Gulchehraning Jobirbek bilan birgalikdagi hayoti boldan-da totli kechib kelardi. Ikki farzandlarini oq yuvib, oq tarab totuv yashashardi. Gulchehra gohi-gohi oʻz baxtidan masrur boʻlib, shirin xayollarga berilar, kelishgan, uddaburon, toparmon-tutarmon erining, biri-biridan shirin farzandlarining suvratiga boqib, «Men dunyodagi eng baxtli ayolman!» – deb magʻrurlanardi. Shunday kezlari oyogʻi yerdan uzilib, yettinchi falakda suzib yurgandek sezardi oʻzini.

Bir yil muqaddam nima boʻldi-yu, ikki oʻrtadagi mehr rishtalari uzildi. Oralaridan qora mushuk oʻtdi. Jobirbek uydan bezidi. Gulchehra jizzaki bir ayolga aylandi. Erini har gal Toshkentga safarga joʻnatayotganida ochiq yuz bilan kuzatib, ochiq chehra bilan kutib oluvchi xotin, endi xayrlashish oʻrniga achchiq-tiziq gaplar bilan tuzlar, qaytganida kinoya va kesatiq aralash zahar sochib qarshilaydigan odat chiqardi.

– Nima boʻlyapti oʻzi?

Jobirbek shu savolga duch kelsa, oʻzini tubsiz oʻpqonga qulagandek sezardi: na koʻkdan, na zamindan qoʻnim topmas. Noilojlikdan bu haqda oʻylamaslikka urinardi. Ammo bu bezbet oʻylar xayoliga soʻrab-netmay kirib kelaverardi: “Xotiniga nima yetishmayapti oʻzi?! Istagani muhayyo boʻlsa! Erka, tantiq boʻlib boryapti kundan-kun. Noshukur banda!”.

Tilamchi uzatilgan kaftiga bir nima tashlamaguningcha, huzuringdan nari ketmagani kabi, Jobirbekni ham xotini haqidagi oʻylar sira tark etmasdi. Koʻnglini bezovta qilib turgan shilqim savollarni daf etishga javob topa olmay qiynalardi. Toʻgʻri, Gulchehraning hech nimadan kami yoʻq. Yegani oldida, yemagani ortida. Roʻzgʻor tashvishlari, bichish-tikish, mol-hol, supir-sidir singari yumushlarni unutganiga ham ancha boʻldi. Bu ishlarni hizmatchilar bajarishardi.

Gulchehra bir yil muqaddam toshkentlik bir juvon qoʻngʻiroq qilgan oʻsha kundan beri halovatini yoʻqotdi. Quloqlari ostidan oʻsha masxaromuz ovoz, ayollik sha’nini tahqirlovchi soʻzlar ketmay qoldi:

– Voy, qanaqa ayolsiz, Gulchehra opa! – xuddiki dugonalarday samimiy gap boshlagandi u. – Eringizni sal sovutib, popugini pasaytirib joʻnatsangiz-chi Toshkentga. Toʻshakda naq zilzila-ya!

– Siz kimsiz? – Eri haqida aytilayotgan «maqtov»dan gangib qolgan Gulchehraning topgan gapi shu boʻldi. – Telefon raqamini terishda yanglishmadingizmi, ishqilib?

– Voy, Jobirbek akamning uylarimi shu?

– Ha-a, shu!

– Men eringizni jazmaniman! Sizga jonim achigani¬dan telefon qilayapman. Oilalaringiz buzilmasin, deyman. Kecha Jobirbek akamdan, «buncha ayolga oʻchsiz – toʻshakdagi ishlardan toʻymaysiz, desam, dardlarini yordilar: “Jonim, xotinim bor, ammo u toʻshakda jonsiz tarashaning oʻzi”, dedilar. Opajon, oʻzingizga qarang. Boʻyaning! Agar, lozim boʻlsa, bir-ikkita ishqiy amallar bor – oʻrgataman!.

Notanish raqibasining qolgan gaplarini tinglashga Gulchehra oʻzida kuch topa olmadi. Goʻshakni shaxd bilan otib yubordi. Oʻtirib, rosa yigʻladi! Oʻsha kuni ilk bora bekamu koʻstdek tuyulgan, ammo aldovlari bilan uni shu kungacha laqillatib kelgan hayotga la’natlar oʻqidi. Koʻnglida eriga nisbatan bir adovat uygʻondi.



13

Sakina qilar ishni qilib qoʻydi-yu, koʻngli bir oz ogʻridi. Ming qilsa ham ayol-da, qanchalar rost boʻlmasin, beozor bir xotinning koʻnglini ranjitgani chakki boʻldi. Goʻshakni joyiga qoʻyib, toʻshakda yalpayib yotgan erkakka oʻgirildi:

– Koʻnglingiz joyiga tushdimi?

Ayolning kayfiyatidagi oʻzgarishdan dovdirab qolgan erkak, qoshlarini chimirgancha oʻrnidan turmoqchi boʻlgan jazmanining bilagidan tutib toʻxtatdi.

– Jonim!

– Shu qilib yurgan gunohim uchun hali doʻzahda javob beraman. Bunisi endi ortiqcha! – burgutning changalidan qutulmoqchi boʻlgan polapondek tipirchiladi u.

Erkak oʻzini oqlamoqqa tushdi:

– Kechiring, kechiring meni, jonim! – Keyin bir oz ma’yuslandi. Juvonda achinish hissini uygʻotmoqchi boʻldi: – Meni ham tushuning-da, axir! Nima qilay, oʻzim ayta olmasam? Oʻrtaga odam solishga majbur boʻldim. Hammasi yaxshilikka-ku! Maqsadim, sizdek ofatijon boʻlsin deyman. Toʻshakda tarashadek yotavermasdan, alangalansin, yonsin deyman.

Juvon “yalt” etib unga qaradi. Bu nigohdan koʻp ma’no uqish mumkin edi. Bu qarashlarda, «hali sen meni yondi, deb oʻylayapsanmi? Senga oʻxshagan har bir boyvachchaning ogʻushida yonaversam – kuyib kul boʻlaman-ku! Sen alanga deb oʻylagan bu yonishlar, aslida yasama, ichim tutunga toʻlib ketganini qaydan ham bilasan? Sen kabi ovsarlarning pulini shilib olish uchun yolgʻondakam yonib, yolgʻondakam chirsillayotganimni tushunishga senga yoʻl boʻlsin!» degan haqiqat uchqunlari bor edi. Erkak uni ang¬lamadi. U ortiq shakarguftorlikka hojat qolmaganini payqab, vannaga tomon ketarkan: «Choʻntagimda bir dasta pul bor! Sizga atalgan!» dedi. Soʻng «ol», degan ma’noda kursining suyanchigʻiga tashlangan kostyumiga ishora qildi.

Juvon avvaliga pulni olgisi kelmadi. Hali ham qilib qoʻygan nojoʻya ishini oʻylab, garangsib turardi: «Bechorada nima ayb?» derdi ichida bir ovoz uni qiynoq-qistovga olib: «Sen axir bu muhoraba maydoniga faqatgina oʻzingni qalqon qilish uchungina tushgansan – unutma! Qoidani buzib nima qilasan? Erkaklarning nayzasiga qalqoningni tutib yuravermaysanmi – bir beozor ayolga tigʻ sanchganing nimasi?».

Boʻlar ish boʻldi, degan xulosaga keldi u, oxiratim kuygani aniq, kunligim kuymasin hartugul, deya pulni olishga qaror qildi.

Kostyumning yon choʻntagidan ikkita pasport chiqdi. Hujjatning biri Jobirbekniki, ikkinchisi boshqa bir kishining nomida edi. Pasportlarni joyiga qoʻyarkan, «bunaqa odamlar nafaqat xotiniga xiyonat qilib, boshqa toʻshakka kirishdan qaytmaydi, oʻziga xiyonat qilishdan, boshqa nom, boshqa qiyofaga kirishdan ham toyishmaydi!» degan oʻy kechdi xayolidan. Keyin menga baribir emasmi, dedi-da, narigi choʻntakdan bir bogʻlam pulni olib, sumkachasiga soldi. Tez-tez kiyindi. Stol ustidagi qogʻozga shosha-pisha bir nimalarni yozdi va xayr-ma’zurni ham nasiya qilib, mehmonxonani tark etdi.

Vannadan yelkasiga sochiq tashlab chiqib kelgan erkak, juvonning ketib qolganiga taajjublanmadi. Endi uni yo koʻradi, yo koʻrmaydi. Keyin stol ustidagi xatga koʻz tushdi. Unda kata-katta harflar bilan:

“Toʻshakdagi tarashaning yonishi uchun erkakda biroz choʻgʻ, jichchagina taft boʻlishi kerak, aka!” deb yozilgandi. Erkak, suyuqoyoq juvonning ta’sirchan chiqib qolganidanmi yoki tuzib qoʻygan rejasi boʻyicha yana bir ish silliqqina amalga oshganidanmi, xandon otib kulib yubordi.



14

Gulchehra oʻsha kuni ilk bor Toshkent safaridan qaytgan erining istiqboliga peshvoz chiqmadi. Sovgʻa-salomlarni qoʻltiqlab uyga kirgan eriga istar-istamaygina salom berdi. «Tan-joning sogʻmi?» deb bergan savoliga esa: «Tarashaday tirishib yotibman», deb bema’ni bir javob qaytardi. Jobirbek tushunmadi, ammo oʻylab oʻtiradigan vaqt emas. Koʻpriksozlik boshqarmasiga chaqirtirishibdi. Germaniyadan mutaxassislar keladigan ekan. Uning loyihasi bilan tanishishmoqchi emish. Shundan u uyda uzoq qolmadi. Telefondan xizmat mashinasini chaqirtirdi-da, koʻchaga chiqdi.

Jobirbekdan ruxsat boʻlgach, mashinani oʻqdek uchirib uyi tomon ketib borayotgan Shosalimning qoʻl telefoni jiringlab qoldi. «Obbo, – dedi u tezlikni bir oz pasaytirib, – uyga yetib borolmaydiganga oʻxshayman».

Ammo u yoʻldan qaytmadi, qoʻngʻiroq qilgan Jobirbek emas, Gulchehra ekan.

– Tinchlikmi, yanga?

– Salimjon, sizdan bir nimani soʻrasam...

Gulchehra nimadandir iymanganday jim boʻlib qoldi. Fikridan qaytdi chamasi.

– Soʻrayvering, yanga!

– Siz akangiz bilan hamisha birgasiz. Kecha kechqurun Toshkentda u kishi bilan bir joydamidinglar?

Shosalim nima deyishini bilmay qoldi. Gulchehraning eri haqida birinchi marta soʻrab-surishtirishi: «Nima desamikin?». Borini bor holicha gapirgani ma’qul. Qosh qoʻyaman deb, koʻz chiqarib qoʻymasin tagʻin.

– Ha, kechgacha birga edim. Keyin, mehmonxonada qoldirib, bir-ikki yumushlarimni bitirib keldim.

– Yolgʻiz oʻzlarinimi?

– Ha!

– Qaysi mehmonxonada?

– «Quruvchi».

– Mabodo sizda oʻsha mehmonxonaning telefon nomeri yoʻqmi?

Shosalimda telefon raqami bor edi. Ammo bermadi. Ishkalga aralashmagani ma’qul. «Yoʻq» deyishdan koʻra boshqa usul qoʻlladi.

– Ma’lumotlar byurosidan soʻrab beraymi?

– Yoʻq! Oʻzim soʻrab olarman. Faqat sizdan iltimos, bu haqda akangizga gapirib yurmasangiz!..

Shosalim telefonni oʻchirib, uloviga gaz berdi. Mashinaning ovozi uning soʻzlarini bosib ketdi:

– Oʻzingiz aytmasangiz, Shosalim boshini tigʻga tutadigan ahmoq emas, yangajon!.

15

Viloyat hokimligining katta majlislar zalida tender yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda vohaning bir necha hududlarida qurilishi moʻljallangan yangi koʻprik inshootlarining loyihalari tanlovga qoʻyildi. Viloyat hokimi va markazdan kelgan kazo-kazolar tender gʻolibi boʻlgan loyiha muallifi Jobirbekni qutlashdi. Shu payt hokim koʻpriksozlik boshqarmasi boshligʻiga luqma tashladi:

– Ha, Muhtaram Kalonovich! Nega qarsak chalmayapsiz? Ogʻzingizdagini oldirib qoʻyganingizga xafamisiz yo? Ishlash kerak, ishlash!..

Muhtaram Kalonovich kitob javonidagi oʻsha holat aks etgan fotosuratga boqib, oʻsha voqeani yana bir karra xayolidan oʻtkazdi: “Bu jinqarcha yana yoʻlimga gʻov boʻldi: viloyat kengashiga muqobil nomzodlar emishmiz. Tavba! Kim oʻylab topdi shu muqobillikni, bilmayman! Bir kamim endi shu bola bilan bellashmaganim qoldi. Yangilik yaratgan boʻlsa, yaratgandir. Nima boʻpti? Dun¬yo¬da qanchadan-qancha olim koʻz koʻrib, quloq eshitmagan moʻjizalarni ixtiro qilayapti. Birortasiyam viloyat kengashiga... darvoqe, hamma joyda har hil ataladi-ku, senatgami yoki dumagami urayotgani yoʻq-ku, oʻzini?».

Agar telefon jiringlab qolmaganida, Muhtaram Kalonovich hayhotdek kabinetda hali ancha vaqt qoqqan qoziqdek turib qolgan boʻlardi. Zalvorli stolini aylanib oʻtib, hashamatli kreslosiga choʻkdi-da, istar-istamay goʻshakni koʻtardi.

– Kim bu?

– Muhtaram Kalonovich, goʻshakni oʻzingiz koʻtarganingiz yaxshi boʻldi. Sizda muhim ishim bor edi.

– Qabul kuni shanbada! Roʻyxatga yoziling, mar¬hamat, gaplashamiz!

U yana nimadir demoqchi edi, boyagi kishi uning soʻzini boʻldi:

– Bu sizning foydangizga, saylov masalasida.

Muhtaram Kalonovichga ayni shu kunlarda saylov masalasi bosh masala boʻlib turar, chamasi telefon qilgan odam buni juda yaxshi bilardi. Uzoqdan qoʻngʻiroq qilmagan shekilli, ruxsat boʻlgach, koʻp oʻtmay kabinet eshigidan uning boshi koʻrindi.

Muhtaram Kalonovich hamma narsani kutgan boʻlishi mumkin, ammo buni kutmagandi. Shul bois ham kutilmagan bu tashrif uni dovdiratib qoʻydi: “Siz?” dedi u mehmonni yonidagi kursiga taklif etarkan.

– Ha, koʻrib turganingizdek, men!

– Men bilan qaysi muhim masalada gaplash¬moqchi edingiz?

– Saylovdagi raqibingiz Jobirbek masalasida, – dedi boyagi kimsa, «raqibingiz» soʻziga alohida urgʻu berib. Keyin qoʻshib qoʻydi: – Sizning foydangizga albatta!..

16

Sakina oʻzini izlab kelgan notanish kishilar bilan avvaliga uchrashishni istamadi. Bugun dam oladigan kuni. “Loaqal, bir kun erkaksiz yashayin, izn beringlar, baraka topgurlar!” – dedi u telefon dastasini qoʻyishga chogʻlanarkan.

– Biz siz oʻylagan masalada emas, balki boshqa bir maqsadda siz bilan uchrashmoqchimiz.

– Boshqa masalada? – hayron boʻldi u. – Mening shundan boshqa ish qoʻlimdan kelmaydi.

Shundan soʻng, kelganlar Jobirbek haqida gap¬lashmoqchi ekanliklarini bilib, koʻrishishga rozi boʻldi.

– Kelinglar! Manzilimmi? “Qorasaroy , 193”, – deb u notanish mehmonlarni uyiga taklif qildi.

– Jobirbekni nomini eshitsa xotinlarning ishtonbogʻi yechilib ketadigan boʻlibdi. – Kinoya qildi Sakinaning chogʻroqqina oshxonasidan joy olgan ikki mehmonning biri. – Mana, siz ham biz bilan uchrashmoqni xohlamay turgan edingiz, uning nomini eshitishingiz bilan qaroringiz oʻzgardi qoʻydi.

– Jobirbekning bu frontda ham mashhur ekanini bilmagan ekanmiz, – masxaraomuz jilmaydi ikkinchi mehmon, choy damlashga tutingan Sakinaning kalta koʻylagi ostidan koʻrinib turgan oppoq, silliq soniga ishora qilib.

– Oʻsha muttahamning nomi oʻchsin! – Jigʻibiyroni chiqdi Sakinaning.

– Iy-e, tinchlikmi? U kishi viloyatimizning nufuzli katta amaldorlaridan – hurmatlari zoʻr! – Atayin uni alqagan boʻldi ikkinchi kishi .

– Bir gal ishrat qilgandik. Hotamtoylik qilib qoʻlimga bir dasta pul tutqazdi. Oʻshandayoq koʻnglim sezgandi-ya, olmasam boʻlarkan. Yasama ekan pullari.

– Yoʻgʻ-e, nahotki? U kishining shunaqa qiliqlari ham bor ekanmi hali? – rosmana hayratlangan boʻldi ikkala mehmon.

– Voy, sizni aldab foyda topamanmi? – Sakina choy qoʻyib uzatarkan, hikoyasini davom ettirdi. – Pullarni «koʻk»iga almashtirmoqchi boʻlib, yaxshiyam bankda ishlaydigan dugonamga borgan ekanman. Aks holda, voy-boʻy, sharmandalikni koʻring edi. Hay mayli, muddaoga koʻchaylik, – jiddiylashdi Sakina, – manda nima ishlaringiz bor edi?

– Bilasizmi, oʻsha Jobirbek deganlari haqi¬qatan ham buzuqi bir muttaham odam! Lekin... lekin, nimagadir shu kunlarda oshigʻi olchi. – Mehmonlarning biri soʻzlari Sakinaga qanday ta’sir qilayotganini bilmoq uchun bir muddat jimib qoldi. Keyin choy hoʻpladi. Qarasa, Sakinaning vujudi quloq. Davom etdi: – Shu odam bir akaxonimizning yoʻliga gʻov boʻlib, saylovga xalaqit beryapti. Shunga bir oz yordamingiz kerak .

– Ochiqroq soʻzlayvering, nima qilib berishim mumkin?

– Bitta maktub bitib bersangiz, – tilga kirdi mehmonlarning ikkinchisi, – oʻsha ishrat kechasi bilan bogʻliq voqealarni, yasama pul haqida ham.

Sakina oʻsha kuni Jobirbek xotiniga telefon qildirgani uchun bir xafa boʻlgan boʻlsa, bergan pullari soxta chiqqani uchun xafaligi ochiqdan-ochiq adovatga aylangandi. Shundan u bir oz ikkilandi-yu, lekin taklifga koʻndi. Xatni boshlashga boshladi-da, keyin bir nimani eslab, taqqa yozishdan toʻxtadi. Erkaklar sarosimalanib qolishdi.

– Buning menga zarari tegmaydimi?

– Ishontirib aytamanki, yoʻq! Bu faqatgina uning oʻziga koʻrsatiladi. Nomzodini saylovdan olsa, bas! Shundan keyin bu xatning bir chaqalik qiymati qolmaydi.

–Ungacha-chi?

Sakinaning qochirimi oʻrinli boʻldi. Shu kez mehmonlarning biri: «Ha-ya, unutibman», dedi-da, yuz dollarlik qogʻozdan uchtasini stolning ustiga chiqarib qoʻydi. Sakina mehmonlarni kuzatarkan, yana bir nima esiga tushdi:

– Darvoqe, telefonimni kimdan oldingizlar?

Erkaklar avvaliga bir-birlariga qarab jilmayishdi. Soʻng biri: «Siz bilgan Jobirbekdan!» – dedi. Sakina tushunmay, yelkasini qisdi. Keyin: «menga baribir emasmi», dedi-da, eshigini yopib oldi.

17

Jobirbek Shosalimni doʻst deb gʻoyat qadrlardi. Shosalim viloyat markazidan uzoqroqda oʻsib ulgʻaydi. Oilada yolgʻiz oʻgʻil boʻlgani sabab harbiy xizmatni Qarshida oʻtadi. Keyin ma’lum bir muddat qishlogʻiga ketdi. Uylandi. Otasining qirqini oʻtkazib, er-xotin shaharga koʻchishdi. Beton zavodiga ishga kirdi. Oʻshanda Jobirbek sex boshligʻi, Shosalim uning qoʻl ostida oddiy ishchi boʻlib ishlardi.

Bir sabab boʻldi-yu, Jobirbekning mehrini qozondi u. Oʻshanda kechki payt sexda elektr simlarining qisqa tutashuvidan yongʻin chiqdi. Ish vaqti tugagan boʻlishiga qaramay odamlar koʻplashib oʻtni oʻchirishga muvaffaq boʻldilar. Olovni-ku, oʻchirishga oʻchirishdi, lekin ertaga sexga komissiya kelishi kerak edi. Bu ahvolda sex boshligʻining holiga voy: kamida qattiq hayfsan olishi turgan gap. Shunda, uning joniga Shosalim oro kirdi:

– Ogʻaynilar, – dedi u, oʻzi kabi oddiy-oddiy ishchilarga qarata, – sexning obroʻyi oʻzimizing obroʻyimiz. Agar bir kechaning bahridan oʻtsak, hamma narsani joy-joyiga qoʻyishimiz mumkin. Men kechga qolaman, kim taklifimni qoʻllab-quvvatlasa – qolsin; xohlamaganlardan ranjish yoʻq.

Jobirbekning koʻziga Shosalim shu lahzalarda najot qal’asi boʻlib koʻringandir. Oʻzi bundoq taklifni oʻla qolsa kiritishga jur’at etmas, oʻzining obroʻyi uchun ishchilarni kechki smenada ishlata olmasdi. Ammo bu tashabbusni oddiy ishchi yigitning koʻtargani ayni muddao boʻldi. Kimdir istab, kimdir istamay, lekin hamma oʻsha kecha sexda ishlab chiqdi. Jobirbek ertalabga yaqin hamma ishlar qilib boʻlingach, barchani kechqurun uyida kutajagini aytib ziyofatga chorladi.

Mehmondorchilik juda quyuq boʻldi. Jobirbek kunduzi kelgan komissiya sex faoliyatini yuqori baholaganini aytib, barchaga minnatdorchiligini bildirdi: “Sizning bu fidoyiliklaringizni hech qachon unutmayman”. Keyin uyiga kirib tuguncha qilib bogʻlangan oʻnta chopon koʻtarib chiqdi. «Qoʻying-qoʻying» deyishlariga qaramay barchaga toʻn ulashdi. Mehmonlar ketar chogʻi, hamma bilan quchoqlashib xayrlasharkan, Shosalimning yengidan tortdi-da: «Siz bir muddatga qoling», – dedi shivirlab.

Shundan keyin shu kabi holatlar koʻp bor takrorlandi. Jobirbek har bir yutuqqa erishganida, mansab pillapoyalaridan koʻtarilganida qadrdon jamoasini ziyofatga chorlab, har gal mehmonlarni kuzata turib Shosalimni alohida olib qolardi. Zavodga direktor boʻlgan kuni ham shunday boʻldi. Mehmonlardan ajralib, hovliga qaytib kirishgach Jobirbek uning tirsagidan tutib, hovli chekkasida usti brezent bilan yopib qoʻyilgan mashinaning yoniga yetaklab bordi. Keyin choʻntagidan kalitini chiqazib, uning kaftiga qoʻydi.

– Mashina muborak boʻlsin!

– Mengami? – Shosalim rosmana hayratdan dovdirab qoldi.

– Bu hali hammasi emas! – Jobirbek endi uni ziyofat stoli tomonga yetakladi. – Ertadan boshlab xizmat mashinalarimdan birini qabul qilasiz – oʻng qoʻlim boʻlasiz. Uzoq safarlarga, ayrim shaxsiy ishlarda hamrohlik qilasiz.

Shosalimning boshiga omad qushi, toʻgʻrirogʻi omadning egizak qushlari qoʻngandi. Shundoq qimir etsa, omad qushlari uchib ketadiganday qotdi-qoldi u.

18

Goh u ish bilan, goh boshqa bir yumush bilan Toshkentga qatnashga toʻgʻri kelardi. Keyingi paytlari yoʻl azobi sezila boshladi: «Toliqib qolayapman, halitdan!».

Jobirbek, mashinaning orqa oʻrindigʻida, yonidagi yumshoq yostiqchaga yonboshlagancha xayol surib borardi. Tashvishlar ham koʻpayib ketdi. Tavba! «Katta yoʻlning katta boʻlar muammolari» deb toʻgʻri aytishgan ekan. Na uyda halovat bor, na ishda tinim. Bir tomondan muvafaqiyatlarga erishib zavqlanasan kishi, boshqa bir tomondan dilni xira qiladigan ishlar.

Ayniqsa, bir oy burun saylovlar davrida Muhtaram Kalonovichdek odamning tarafdorlari tarqatgan boʻhton aqlga sigʻmaydi. Nahotki, odam bolasi bir-biriga shu qadar razillik qila olsa?! «Ayniqsa, Muhtaram Kalonovichning saylovchilar bilan boʻlgan uchrashuvda qandaydir uydirma maktubni dastak qilib, meni yomonotliq qilmoqchi boʻlgani shunday odamga munosib ish boʻlmadi. Haliyam, saylovchilarimga rahmat. Hammalari oddiy odamlar, lekin kim qayoqqa yur desa, ergashib ketadiganlardan emas. Ayniqsa, anavi oʻqituvchi amaki sozladi-da!»

Jobirbek Sakinadan noma’lum odamlar yozdirib olib, oʻquvchilarimiz uchun anchadan buyon notanish qolib kelayotgan bir nusxa, Muhtaram Kalonovichning kabinetiga keltirib pullagan maktubni saylovchilarga oʻqib bergach, munozara uchun minbarga chiqqan keksa maktab oʻqituvchisining soʻzlarini esladi.

– Men adabiyot oʻqituvchisiman, – deya oʻzini tanishtirgandi u. – Mavzu berib, oʻquvchilarimga insho yozdiraman. Tekshiraman. Baholayman! Eng yaxshilarini koʻpchilikka oʻqib beraman. Muhtaram Kalonovich, meni kechiring-u, qoʻlingizdagi maktub sizning oʻz oʻquvchingizga yozdirgan inshoingiz boʻlsa kerak. Mavzuni oʻzingiz bergan boʻlsangiz kerak!..

Majlis ahliga ayni shu gap kerak boʻlib turgan ekan, gulduros qarsak chalib yuborishdi.

«Shunday chogʻlari Gulchehra menga tayanch boʻladimi desam, uning munosabati tamoman tushuniksiz. Keyingi paytlari bolalarning ham yurish-turishlari oʻzgargan. Gulchehra ta’sir oʻtkazayapti nazarimda. Lekin, nega? Nima uchun?». Ayniqsa oʻtgan gal Toshkentdan qaytganidagi holat uni tamoman lol qildi. Gulchehra unga qovogʻini solib salom bergani holda, Shosalimga jilmayibgina, «Yaxshimisiz?» dedi. Bolalar-chi, dadam keldilar deb emas, Shosalim amakim keldila, deb koʻchadan yugurgilab kirishganida, Jobirbekning ichidan bir nima «chirt» etib uzilgandek boʻldi.

Jobirbek xayolida kechgan yomon bir oʻydan sapchib tushdi. Bamaylixotir rul boshqarib borayotgan Shosalimga shubhali nigoh tashladi. Keyin oʻz ishidan oʻzi uyalib ketdi: «Unda nima gunoh! U bechora oʻz ishini qilayapti. Gulchehrani yanga deb hurmat qilishi, bolalarimni amakidek yaxshi koʻrishi tabiiy-ku!. Ayb oʻzimda, ish deb, otam¬ning koʻnglini yumshataman deb oilamdan e’tiborimni, mehrimni ayaganga oʻxshayman! Bunga chek qoʻyaman albatta!».

U roʻzgʻori shundoqqina koʻz oʻngida eski devordek nurab borayotganini koʻrib turardi. Faqat uni ta’mirlashga, saqlab qolishiga ishongani holda hozircha vaqt topmayotgandi. Hozir ham qat’iy bir qarorga kela olmadi.

19

Gulchehra odobli bir oila farzandi edi. Dilidagi hadeganda tiliga chiqavermasdi. Oʻzi bilan oʻzi kuyib, jizgʻanak boʻlib yuraverardi. Bu gal ham shunday boʻldi. Eriga dardini dasturxon qilib yozsa, e’tirozlarini aytsa boʻlardi. Garchi erining ishidan koʻngli darz ketgan, endi uni chegalab boʻlmasligi kundek ravshan boʻlsa ham toʻlib ketgan yuragini bir oz boʻshatib olishi mumkin edi! Yoʻq! U yana jim. Soʻz demas, kinoya-yu, kesatiqlarini, zarda-yu iddaolarini nigohlarida jamlab otgani-otgan. Jobirbek esa bu kabi boqishlar tilsimini yecha olmay xunob edi.

Oʻsha notanish juvon qoʻngʻiroq qilgan kunlari siqilib yurgan Gulchehra ota-onasini koʻrgani bordi. Qanchalik yashirmasin, onasi uning ichida bir dard borligini sezdi.

– Roʻzgʻoring tinchmi oʻzi, qizim? – soʻradi ona bezovtalanib.

Gulchehra shu joyda oʻzini tutib tura olmadi. Bir necha kundan beri sassiz yigʻlayotgan yurakning sirini koʻzlari fosh etib qoʻydi! Onasi uning dardlarini ting¬lagach, qizini yupatdi:

– Bu har bir ayolning boshida bor qismat! Erkak kishi uydan yetti qadam uzoqlashdimi, boʻydoq hisoblanadi. Shunga koʻnikishing kerak! Biz-ku, oddiy odamlarmiz, hatto paygʻambarimizning xonadonlarida ham shunday mojaro boʻlgan.

– Qanday mojaro? – Gulchehra ajablanib onasiga boqdi.

– Hazrati Alining xotini Fotima onamiz, bilasan, paygʻambarimizning qizlari boʻlgan. Erlari ustilariga xotin olmoqchi boʻlganlarida, ichlariga bir qaltiroq kiribdi. Bu haqda onalariga, onalari otalariga aytibdilar. Shunda paygʻambarimiz (S.A.V): “qizing chiqib daraxtni quchsin, qaltirogʻi qoladi”, degan ekanlar. Fotima onamiz, oʻshanda bir ulkan terakni quchgan ekanlaru, qaltirogʻlari terakka oʻtgan, deyishadi.

Rivoyat Gulchehraga bir oz boʻlsa-da taskin boʻldi. Onasining soʻzlaridan tasalli topib, uyga qaytdi, xiyonatni kechirdi ham. Lekin, eriga koʻzi tushdi, deguncha, uning oʻzga bir ayolga xotinining hissizligini soʻzlab turgan holatini koʻz oldiga keltirar, oʻz-oʻzidan xomush tortar, istamasa ham eridan jirkana boshlardi: «Nahotki unuta olmasam?». Bot-bot oʻziga ana shu savolni berar, axir bunaqada birga yashashdan ma’no yoʻq-ku, deya dahshatga tushardi. Keyin onasi soʻzlab bergan yana bir rivoyatni esladi.

Odam bilan choʻchqa doʻstlashishibdi. Choʻchqa doʻstini uyiga mehmonga chaqiribdi. Dasturxon yozib, topgan-tutganini oldiga qoʻyibdi. Keyin bir oz maqtov olish ilinjida, «Qanday?» – deb soʻrabdi.

– Hammasi yaxshi, gap yoʻq! – debdi odam. – Faqat, uying bir oz sassiq ekan.

Odamning nonkoʻrligidan choʻchqa jahllanibdi. Ziyofat mushtlashuv bilan tugab, choʻchqaning boshi yorilibdi. Doʻstlik rishtalari uzilib uzoq vaqt yuz koʻrmas boʻlib ketishibdi. Yillar oʻtib, aloqalar yana tiklanibdi. Endi odam uni uyiga chorlabdi. Mehmon qilibdi. Keyin, xijolat ichra soʻrabdi:

– Doʻstim, bir vaqtlar boshingni yorib qoʻygandim. Jarohating bitib ketdimi?

– Jarohat-ku, bitib ketdi, ammo, – deya ogʻir xoʻrsinibdi choʻchqa, – uying sassiq deganing hech esimdan chiqmaydi.

Gulchehra ba’zan erining suvratini qoʻliga olib, «Azizim, nima qilib qoʻydingiz axir? Xiyonatingizni kechirdim, – oʻkirib-oʻkirib yigʻlardi u, – ammo «puf, sassiq», deganingizni unutolmayman, unuta olmayapman!»...

20

Shosalim Jobirbekning yana bir siridan voqif yagona kishi edi. Oʻtgan yili markaziy gazetalardan birining muxbiri zavodga kelgandi. Jobirbek bilan suhbatlashdi. Nimalarnidir yon daftarchasiga yozib olgan boʻldi. Muloqot asnosida, “hamma yoqni betonlashtirib yuboribsiz-ku, tabiat qoʻyniga ham chiqib turasizmi?”, deb soʻradi. Jobirbek bunday ilmoqli gaplarni tezda fahmlardi. Darhol togʻli Yakkabogʻ oromgohlaridan birida dasturxon tuzashlarini buyurdi. Zavod sexlarini aylanib chiqishgach esa, muxbir qizni bir piyola choyga taklif etdi.

Toqqa Shosalimning mashinasida chiqishdi. Ziyofat qizigandan qizidi. Davrada Jobirbek, muxbir va Shosalimdan tashqari yana ikki kishi bor edi. Ulardan biri qoʻrada kabob pishirardi. Ikkinchisi esa qozonda goʻsht qovurib turar, dasturxondagi taomlarni yangilash va boshqa mayda-chuyda yumushlar ham ularning zimmasida edi.

Shosalim oʻrtada oʻtirib qadahlarni toʻlatar, goh direktorni maqtab, goh muxbirni alqab “tost” soʻzlardi. Ziyofat avjida, kallalar ham qizib, oʻrtaga uyat latifalar ham aralasha boshladi.

– Rosa qizib ketdim, – dedi qiz katta piyolani Shosalimga uzatib. – Menga muzdekkina suv bering!

– Chalop tayyorlab bera qolay, issiqning taftini oladi! – dedi Shosalim, qizning javobini ham olmay, chalop tayyorlashga tutinarkan.

– Chalop? U nima? – qiziqsindi qiz.

– Savolingiz menga bir voqeani eslatdi, – dedi Jobirbek, shirakayf koʻzlarini zoʻrgʻa ochib. – Sobiq Ittifoq davrida viloyat rahbarlarining ikkinchi kotiblari, bilasiz, rus millatiga mansub kishilardan boʻlardi. Bir gal ana shu kotib raykom sekratari hamrohligida toqqa chiqibdi. Chorvani koʻribdi. Havo issiq; quyoshning taftidan lohas boʻlib, katta bir toshning ustiga oʻtirib olibdi. Keyin huzurida qoʻl qovushtirib turganlarga qarata: «Takka chikdik azib-yazib. Endi bitta jalab boʻlsa, bi-i-r maza kilardik», debdi.

– Nima, nima? Jalab? – qiyqirib yubordi qiz.

Uning hikoyadan ta’sirlanib ketgani davradagilarga xush yoqdi. Maqsad ham oʻzi shu! Muxbirning koʻnglini ovlash kerak. Korxona haqidagi taassurotlari, aslida mana shunday davrada shakllanadi.

– Ha, jalab, debdi. Oʻzbek tilini buzib gapirar ekan-da! – hikoyasini davom ettirdi Jobirbek, yanada dadillanib. – Xullas, kattaning gapi gap! Bajarish kerak. Raykom sekratari xoʻjalik raxbarini chekkaga tortibdi.

– Qishlogʻingizda jalab bormi?

Xoʻjalik rahbari «yoʻq» degan ma’noda yelka qisibdi: «Oʻzimiz ham onda-sonda Qarshidan opkelamiz! Bittasi boru, oʻrta yoshli xotin, lekin oʻrisga koʻnarmikan – bilmayman».

– Boring. Koʻndiring! – qat’iy buyruq beribdi raykom sekratari.

Xoʻjalik raisi qishloqdagi yakayu-yagona beva ayolni avrab-savrab, sochini qatiqqa yuvdirib, qoshiga oʻsma qoʻydirib olib kelguncha bir oz vaqt oʻtibdi. Viloyat rahbari esa, bot-bot bezovtalanib, «Bir jalab olib kelish shuncha kiyinmi? Bizni xatinlar buni tez bajaradi», deb qoʻyarkan. Nihoyat raisning qorasi koʻrinibdi-yu, raykom sekratarining yelkasidan togʻ qulagandek boʻlibdi.

– Mana, aytganingizni bajo qildik, – debdi xoʻjalik raisi, yoshi yetmishlardan oshib qolgan oʻris amaldorga, oʻrta yosh juvonni roʻpara qilib.

– Nima bu? – soʻrabdi amaldor, koʻzlari ola-kula boʻlib.

– Bumi? – hayron boʻlibdi xoʻjalik raisi. – Bu soʻraganingiz – jalab! – Keyin, beva ayolga hadiksirab qarab, «kechirasan, Potma!» deya uzr soʻrab qoʻyibdi.

– Hey, kalla! – debdi oʻris amaldor.– Chorvada ishlaysan, jalabni bilmaysan? Katikni olasan, chashkaga solasan. Suv kuyasan, lojka bilan chalasan – jalab boʻladi.

Muxbir qiz latifanamo bu hikoyadan qotib-qotib kuldi. Qiyqiriqlar latifaga, latifalar qadahlarga ulanib ketdi.

Ertasi kuni tongda Jobirbek zil-zambil kallasini koʻtarib, oʻzini ilk bor notanish toʻshakda koʻrdi. Keyin bir necha kun oʻzidan oʻzi jirkanib yurdi. Bir-ikki oy oʻtib, oʻsha koʻngilsiz voqeani endi-endi unuta boshlagandi, Toshkentdan muxbir qiz qoʻngʻiroq qilib qoldi.

– Jobir aka, nima ish qilib qoʻydingiz? Men sizga ishonib toqqa chiqish haqidagi taklifingizni qabul qilgandim! – Qizning iddaolaridan Jobirbek yomon bir ish qilib qoʻyganini fahmladi. Ammo, hech nimani eslay olmadi. – Bilaman, kayfingiz baland edi, – nolinishda davom etdi qiz, – men rosa qarshilik qildim. Kuchim yetmadi! – U endi yigʻlamsirab hiqqillay boshladi. – Yuzim shuvut boʻldi, Jobirbek aka!.. Siz huzuringizga borgan hamma ayollarni shunday qilasizmi?

Jobirbekning peshonasidan sovuq ter chiqib ketdi. Tili kalimaga kelmadi – qovoq ariga oʻxshab nimadir deb gʻoʻldiradi:

– Kechiring, kayfchilikda!

– Men sizni ayblamayman, yigitchilikda boʻladi. Tushunaman. Qolaversa, oʻzimdan ham oʻtdi. Toqqa chiqmasligim kerak edi. Men-ku, barisini unutmoqchi edim, ammo…

– Nima, ammo?

– Bola!..

Jobirbekning koʻz oldi qorongʻulashib ketdi. Boshi arining uyasidek gʻuvillar, xayolida yechimsiz savollar charx urardi: “Endi Gulchehraning yuziga qanday qarayman? Bolalarimning-chi? Lekin, mushtipar qizni bu ahvolda qoldirib boʻlmaydi, bolani ham!”.

Oradan bir necha kun oʻtib, Shosalimni Toshkentga joʻnatdi…

21

Jobirbek keyingi paytlari xotinidagi oʻzgarishni payqab Gulchehra oʻsha voqeadan xabar topdimikin, deb choʻchib yurardi. Agar xabar topgan boʻlsa, kimdan degan savol qiynardi uni: “Bu ishlar bosti-bosti boʻlib ketganiga ancha boʻldi. Nahotki jabrini bir umr tortsam!?”. Jobirbek oʻz-oʻzini ayblashdan charchamas, «oʻsha norasidaning uvoliga qoldim” deb qiynalardi u.

Oʻshanda Shosalim Toshkentdan «qiz homiladan kechibdi» degan xabarni olib kelgandi. Jobirbek bir hisobda quvongandi. Hatto operatsiya chogʻida, jarroh qizni bir umrga mayib qilib qoʻyganini, endi birgina orzusi, Toshkentdan bir hovli sotib olib – shunda betashvishgina yashamoqchi ekanini aytib yuborganda ham unchalik ogʻrinmadi.

Ishni batamom bosti-bosti qilish uchun Shosalimni yana Toshkentga joʻnatdi. U ziyofatda xizmatda boʻlgan ikki tanishini bu safar yoʻlga hamroh qilib oldi. Axir 50 ming dollar bilan yakka– yolgʻiz yoʻlga chiqib boʻlarkanmi?

Agar shu voqea boʻlmaganida, Jobirbek Gulchehra bilan allaqachon gaplashib olgan boʻlardi. Munosabatlarini oydinlashtirishni kechiktirib kelayotgani ham shundan. Bir koʻngli, «Voqeani boshdan-oyoq soʻzlab bersam, meni tushunarmikan?» deb oʻylar, bir koʻngli ich-ichida shu koʻngilsiz voqeaga aslo qaytmasam, hech qachon eslamasam, derdi. Keyin, yana mushohadaga berilardi: «Voqeadan uch kishigina voqifmiz – men, Shosalim va qiz. Xotinim uch kishining biridan eshitishi mumkin xolos. Men aytganim yoʻq. Nima deb aytaman, axir? Shosalim? U aytmaydi – unaqa pastkash emas u. Demak, birgina u qolyapti. Lekin, olganini oldi-ku? Kami boʻlsa mendan soʻrashi kerak!... Yoʻq, yoʻq, imonim komilki, Gulchehraning xafagezakligiga boshqa sabab bor! Qanday sabab? Bilmayman, uf-f-f!».

Ana shunday kechinmalar ogʻushida yangi bozor qurilishini aylanib chiqqach ust-boshini qoqdi-da, mashinasi tomon ketayotgandi, roʻparasidan bir loʻli xotin chiqib qoldi.

– Man sanga bir pol ochay, san eshitgin! O-o-o, ruhing bezovta, koʻzlaringda dard, oʻyingda halovat yoʻq! Charchagansan bolama, charchagansan! Ber, ataganingni – ber! Man sanga bir pol ochay.

Jobirbek tabiatan romga ham, romchilarga ham ishonmasdi. Ammo hozir beixtiyor oʻzini romchining izmiga topshirdi. Sanamay pul berdi. Keyin uning loʻlicha javrashlariga astoydil quloq tutib turdi.

– Burgutning bachasi ekansan, chumchuqqa oʻxshab yashaysan, tartanak uyasiga ilashgansan…

Oʻsha yondaftarchadangi bizga tanish jumlalar. Jobirbkning kulgisi qistadi: «Ilon, chayon, tartanak, chumchuq. Nima balo, romchisi tushmagur, zoologiya oʻqituvchisimi, deyman!».

Bir ozdan soʻng mashinada ketib borarkan, rom tafsiloti oʻta ma’nili ekan, degan xulosaga keldi. Keyin, yodimdan koʻtarilib ketmasin, deb yondaftarchasini oldi-da, soʻzlarini qisqartirib-qisqartirib, oʻzi tushunadigan tarzda qogʻozga tushirib qoʻydi.

Jobirbek bu boshqotirmadan keyinroq biror ma’no uqqanmi yoʻqmi – bilmadigu, ammo Akmal jinoyat ishini ochishda, kalavaning uchini ayni shu rom tafsilotlaridan topgandek boʻldi.

22

Akmal tergov ishlarining borishi haqida shahar ichki ishlar boʻlimi boshligʻi mayor Nurxoʻjayevni xabardor qilib turardi. Bugun ham har galgidek xonada uni mayor Nurxoʻjayev, yana fuqarocha kiyimda ikki kishi kutib turishgan ekan.

– Akmal Choriyev, – uni boyagi ikki notanish mehmonga tanishtirdi Nurxoʻjayev, – mazkur jinoyat ishi yuzasidan qidiruv-tergov ishlarini olib borayapti. – Keyin, Akmalga yuzlandi: – Qilingan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot bersangiz.

Akmal jinoyat ishiga oid tafsilotlar tirkalgan papkadagi hujjatlarni bir necha nusxada koʻpaytirgandi. Davradagilarga bittadan tarqatib chiqdi. Soʻng tafsilotlarni birma-bir bayon etishga kirishdi. Tinglaguvchilardan ana u ikkitasi bu payt Akmal bergan tergov hujjatlarini sinchiklab koʻzdan kechirmoqda edi. Sirtdan qaraganda Akmal bilan qiziqmay qoʻyishgandek, uning soʻzlariga e’tibor berishmayotgandek tuyulardi. Shundan Akmal biroz xijolat tortdi. «Ehtimol, ularga xalaqit berayotgandirman», deb oʻyladi ichida. Keyin hujjatlar bilan yaxshilab tanishib olishlari uchun imkon yaratmoq boʻlib, bir muddat soʻzlashdan toʻxtadi. Boyagi kishilar «nega toʻxtadingiz» degandek «yalt» etib unga qarashdi. Akmal soʻzini davom ettirishi lozimligini anglab, voqealar rivojini toʻxtagan joyidan davom ettirdi, mehmonlar yana qogʻozlarga egilishdi.

Akmal bir paytning oʻzida ham yozib, ham suhbatdoshini tinglashga qodir boʻlgan qadimgi yunon faylasufi Sitseron haqida oʻqigandi. Hozir shunday qobiliyat sohibi boʻlgan anavi kishilarni koʻrib, havasi qoʻzidi.

Mehmonlar tergov-qidiruv tafsilotlari bilan tanishib boʻlishgach, nihoyat hujjatlardan bosh koʻtarishdi. Toʻrda, mayor Nurxoʻjayevga yaqinroq turgan, siyrak sochli, koʻzoynak taqqani davra ahliga bir koʻz yugurtirib chiqdi-da, hammaga tegishli degandek, oʻrtaga savol tashladi:

– Toʻplangan ma’lumotlardan kelib chiqib, kimda qanday mulohaza bor – marhamat!

Mayor Nurxoʻjayev yana Akmalga yuzlandi:

– Biz ishning borishini kunda mulohaza qilib boramiz. Vaziyat hozircha toʻlaligicha oydinlashgani yoʻq. Lekin, Choriyevning ayrim xulosalariga umid bogʻlash mumkin, deb oʻylayman.

Boshliq shu soʻzlarni deb, Akmalga «ayt» degan ma’noda bosh irgʻab qoʻydi. Ruxsat boʻlgach, Akmal qidiruv ishlari asnosida voqealarning oʻzi uchun sirli boʻlib tuyulgan uchta muhim nuqtasi haqidagi fikrlarini oʻrtaga tashladi.

23

Tergov davomida Akmal ma’lumot olishga muvaffaq boʻlmagan yakayu yagona odam Jobir bekning otasi Murod Shomurodovich boʻldi. Tabiatan kamgap bu odam, katta oʻgʻli Qodirbekning fojeali oʻlimidan keyin tamoman uzlatga chekingan, oʻzining kichkinagina hovlisida oxiratini kutib yashab kelardi.

Akmal uning huzuriga bir necha bor tashrif buyurdi. Ammo birorta ham savoliga javob olmadi. Xuddi «Soqov ritsar»ning oʻzginasi, nursiz koʻzlarini bir nuqtaga tikkanicha «miq» etmay turaverdi: «Qiziq, shunaqa odam ham boʻlarkan-da!». Murod Shomurodovich haqida oʻylaganida Akmal bir nimani tushunmasdi: «Xoʻsh, Qodirbek uning toʻngʻich oʻgʻli boʻlgan. Lekin, Jobirbek ham oʻgʻli-ku! Mayli, katta oʻgʻlidan ayrildi, taqdir! Ammo, kichik oʻgʻlidan tirik ajralib turibdi-ku! Axir toʻngʻichiga boʻlgan mehru muhabbati kichigiga koʻchishi kerak emasmidi?.. Bunchalar ham qahri qattiq boʻlmasa!? Axir, toʻngʻichiga shuncha yil motam tutib kelayotgan otani kenja oʻgʻlining dom-daraksiz gʻoyib boʻlishi, nahotki zarracha tashvishlantirmasa?»...

Akmal bu ishlarda balki oʻzining qoʻli bordir degan xayolga ham bordi. Lekin darhol bu fikrdan qaytdi. Agar shunga oʻxshash sabablar bilan ayb taqaladigan boʻlsa, koʻpchilikdan shubha qilishga asos yetarli edi. Masalan, Muhtaram Kalonovich. Saylov tufayli Jobirbekdan pand yedi. Adovatlashib qoldi. Toʻgʻri, Muhtaram Kalonovich Jobirbek yoʻqolishidan ikki-uch kun burun bandalikni bajo keltirdi. Lekin uning tiriklik chogʻi tuzgan rejasini gumashtalari oxiriga yetkazgan boʻlishi mumkin-ku! Yoki mana xotini – Gulchehra! Jahllangan kezlari, bolalariga «Huv, yetimcha qolgurlar» deb oʻshqirib berganini qoʻshnilari bir necha bor eshitishgan ekan.

Shularni oʻylab, Akmal shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarishdan tiyilar, sanamay sakkiz demaslikka harakat qilardi. U otaning huzuriga soʻnggi bor kelganida Jobirbekning dangʻillama hovlisi etagidagi eshik orqali unikiga oʻtgandi. Qaytishda yana shu yoʻldan qaytdi. Usti ayvoncha qilib yopilgan chiroyli qilib bezatilgan karovotda Gulchehrani allaqanday qogʻoz parchalarini yoyib, termulib turgan holda koʻrdi. Bir oz oʻngʻaysizlandi. Keyin shunchaki oʻtib ketishni ep koʻrmay, tomoq qirib qoʻydi. Gulchehra bir oz oʻychan, namchil koʻzlarini yerdan koʻtarib, unga tomon oʻgirildi.

– Uzr, yanga! Men otaning huzurlariga kelgandim! – narigi hovliga ishora qildi u. – Irim qilib, kelgan yoʻlimdan qaytgan kunim edi!

– Hechqisi yoʻq, xizmatdagi odamsiz!

Gulchehra qogʻoz parchalarini kafti bilan yashirmoqchi boʻldi. Agar shunday qilmaganida, Akmal ehtimol hoziroq bu hovlini tark etgan boʻlardi. Endi esa, mana shu mayda-mayda qiyqimlardan iborat bir parcha qogʻoz uning e’tiborini oʻziga tortgandi.

– Yanga, azbaroyi qiziquvchanligim uchun uzr soʻrayman avvalo. Termulib turganingiz, u qanaqa varaq. Agar Jobirbekka aloqador qogʻoz boʻlsa – tanishsam degandim.

Gulchehraning avzoi oʻzgardi.

– Bu bizning shaxsiy munosatbalarimizga tegishli bir xat. Uning ishga aloqasi yoʻq chiqar?!..

– Shunday boʻlgan taqdirda ham, ruxsat bering, koʻray!

Akmal yaqinroq kelib qoʻlini uzatdi. Juvon noiloj qolgandi. Oʻzi uchun alamli bu maktubni elga ovoza qilib badtar mulzam boʻlishni istamas, ammo hozir uni tergovchiga berishdan oʻzga chorasi qolmagandi:

– Anavi, toshkentlik jazmanining xati. Toshkentga keta turib unutib qoldirganmi, yoki atayin, – Gulchehra, yana koʻzlariga yosh oldi, – alamdan yirtib tashlagandim.

Akmal kutilmagan topilmadan hayajonlanib ketdi. Bu maktub saylov davrida bir marta yuzaga qalqib chiqqan-u, shu bilan e’tibordan chetda qolgan – Sakina Xadjiyeva ismli ayolning tilidan bitilgan maktub edi. Keynchalik surishtiruvlar davrida Akmal ana shu xat bilan qiziqqan, ammo topa olmagach, uni «Muhtaram Kalonovich oʻzi bilan goʻrga olib ketgan» degan xulosaga kelib, bu dalildan tamoman umidini uzgan edi..

– Bu maktub Jobirbekka qanday tushib qol¬ganini bilmaysizmi?

Gulchehra tergovchi maktubga oʻzgacha bir nazar bilan qarayotganini koʻrib hushyor tortdi:

– Muhtaram Kalonovich bergan boʻlishi kerak!

– Muhtaram Kalonovich?

– Ha! Oʻlimlari oldidan erimni chaqirtirgan edilar!

Akmal miyasiga quyulib kelayotgan savollarga javob topmogʻi lozim edi. Endi savollar yechimsiz qolmasligi aniq, qolaversa, qoʻlida tilsimlar kaliti turibdi.

– Yanga, ruxsat bersangiz, qogʻozlarni ma’lum bir muddatga olib ketsam.

– Butunasiga olaqoling! Bir hisobdan koʻzim¬dan nari boʻlgani durust! – rozilik bildirdi Gulchehra.

24

Akmal avvaliga gapni nimadan boshlashni bilmay kalovalanib qoldi. U shu turishda nufuzli olimlar qarshisida nomzodlik ishini himoya qilayotgan aspirantdek his qildi oʻzini. Nazarida xulosalari oʻta joʻn, e’tiborga molik emasdek tuyuldi. «Qabul qilishmasa-ya», degan bir hadik koʻksini kemira boshladi. Keyin, orqaga yoʻl yoʻqligini fahmladi. Fikrini Gulchehradan oʻsha maktubni olgan nuqtadan boshlab bayon qilishga kirishdi:

– Voqealar rivojining uchta eng muhim nuqtasiga e’tiboringizni qaratmoqchiman: birinchidan, Muhtaram Kalonovich oʻlimi oldidan saylovdagi ashaddiy raqibi – Jobirbekka uni yomon otliq qilishda dastak boʻlgan maktubni topshirgan. Nima uchun, degan tabiiy bir savol tugʻiladi. Nazarimda, umrining soʻnggi damlari vijdoni oldida oʻzini oqlamoqchi boʻlgan. Ikkinchidan, Jobirbek ertasi kuniyoq, marhumni koʻmish marosimidan keyin shoshilinch ravishda Toshkent safariga otlangan. Poytaxtga ketayotgani ma’lum, ammo pansionatga borayotganini hech kim bilmagan. Nega? Bizning taxminimizcha u oʻzini bezovta qilishlarini xohlamagan. Uning tanho oʻzi, guvohlarsiz bajarishi lozim boʻlgan qandaydir yumushlari boʻlgan.

Uchinchi nuqta shuki, hamisha Toshkentga Shosalim bilan birga borib kelib yurgan Jobirbek bu safar uni hamroh qilmagan. Sirli safari haqida, hattoki eng yaqin doʻstiga ham hech nima demagan. Xullas, biz barcha chigil jumboqlarning yechimi – mana shu maktubda deb oʻylaymiz.

Akmal soʻzini tugatgach, hadiksirab davradagilarga koʻz tashladi. Uni eshitib turgan mehmonlar quyi egilgan oʻychan boshlarini koʻtardilar. Yuzlari yorishganini koʻrib Akmal yengil nafas oldi. Quyiroqda oʻtirgan ingichka moʻylabi oʻziga yarashib turgan yigit luqma tashladi:

– Taklifingiz?

– Ikkita nuqtada doimiy nazorat oʻrnatishni taklif qilaman. Birinchisi, Jobirbekning uyi orqali qariyaning hovlisini; ikkinchidan, Shosalimning qishloqdagi uyini doimiy kuzatuvga olishimiz lozim.

– Asos? – koʻzoynakli kishi yuzlandi unga.

– Asosim shuki, Jobirbek bilan otasi oʻrtasida uzoq vaqtdan beri ziddiyat mavjud boʻlgan. Bu haqda hamma biladi. Ota oʻgʻli bilan deyarli soʻrashmay, soʻzlashmay ham qoʻygan. Ammo Jobirbek otasining holidan xabar olishni kanda qilmagan. Kunda-kunora kirib turgan. Farazimcha, u faqatgina shu maqsadda kirmagan. Jobirbekning joni ana shu hovlida yashiringan boʻlishi kerak!..

– Boyligi, demoqchisiz-da? – Mayor Nurxoʻjayev uning soʻziga aniqlik kiritdi.

– Bu balki puldir, balki ixtiro, – dedi Akmal, Zulfiqorovning soʻzlarini eslab. – Xullas, bu eng bexavotir joy. Hech kim shubha qilmaydi. Kar va soqovga aylangan ota esa, bilib-bilmay, ulkan ilonga oʻxshab oʻgʻlining bisotini qoʻriqlab yotibdi.

Jobirbekning Shosalimsiz ish bitirmoqchi boʻlgani esa, bu ikki oʻrtada ziddiyat paydo boʻlganining belgisi boʻlishi kerak. Balki u jon qushchasiga hamla qilmoqchi boʻlgan ilonni qoʻynida asrab yurganini payqab qolgandir. Uni daf etmoq uchun avvalo, tortanak uyasiga chuvalashib qolgan oyoqlarini boʻshatib olmogʻi lozimligini anglagandir. Shuning uchun ham uning Toshkentga soʻnggi safaridan koʻzlagan maqsadi: birinchidan, mana bu maktubni bitgan juvonni topish, ikkinchidan, muxbir qizni uchratish boʻlgan, degan ehtimolimiz bor.

– Muqaddam berilgan ma’lumotlarga koʻra, muxbir qiz bilan orani ochiq qilgan edi-ku? U yana nimaga kerak boʻlib qoldiykin? – ketma-ket savolga tutdi uni viloyat ichki ishlar boshqarmasidan kelgan vakil.

– Jobirbekning xizmat mashinasida Asqar aka degan amaki haydovchilik qiladi. U kishi bir voqeani soʻzlab berdilar. Aytishlariga qaraganda, Jobirbek Toshkentga ketmasidan ikki-uch kun burun zavod mehmonxonasida televizor tomosha qila turib allanarsadan juda dargʻazab boʻlib ketgan. Shosalimni soʻrattirgan. Uni izlab topisha olmagan. Bir oz hovuri bosilgach esa, bu masalaga ortiq qaytmagan.

Biz Toshkent televideniyesi bilan bogʻlandik. Asqar aka tusmollab aytgan soatlarda qanday koʻrsatuvlar efirga chiqqanini aniqladik. Dasturlarni koʻchirtirib keldik. Nogironlar kuni munosabati bilan berilgan bir lavhada, bundan bir yilcha burun muxbir sifatida zavodga kelib-ketgan juvon namoyish etilgan boʻlib chiqdi. Koʻrganlar uni tanishdi. Ikkita nogiron bolasi bor ekan. Ehtimol, oʻshalarni deb shunday ishga qoʻl urgandir.

Jobirbek ham oʻsha kuni ana shu lavhani koʻrib tutaqib ketgan chamasi. Shosalimni izlab qolishi ham shundan boʻlishi kerak! Chunki qiz bilan bogʻliq mojaroni bosti-bosti qilish uchun ellik ming dollar pulni Toshkentga Shosalim olib borib bergandi-da. Demak, shubha tugʻilgan: yo qiz Shosalimni aldagan, yoki Shosalim Jobirbekni chuv tushirgan.

Shosalim soʻroq payti: «Jobirbek pulni xotinim koʻrmasin deb, otasining darvozasi tomonidan chiqarib berdi», – degan edi. Bu esa Jobirbekning bisoti otasining hovlisida ekanidan, Shosalim bundan boxabar ekanidan dalolat beradi.

Vazirlik vakili koʻzidan oynagini olib, dastroʻmolchasi bilan uning shishalarini tozalay boshladi. Bir muddat nimalarnidir mulohaza qilib turdi. Keyin:

– Jobirbek maktubni aynan Muhtaram Kalonovichdan olgani tasdiqlanganmi? – deb soʻradi.

– Yoʻq. Jobirbek bilan Muhtaram Kalonovich palatada yolgʻiz boʻlishgan. Marhumning xotini aytishicha, Jobirbek ketgach erining huzuriga kirganida, uni koʻzlari jiqqa yosh holida koʻrgan.

– Hm-m-m, qiziq! – Vazirlik vakili yana koʻzoynagini taqib oldi. – Judayam qiziq! – Keyin Nurxoʻjayevga yuzlandi u. – Bu ishni tezroq oxiriga yetkazish kerak. Odamlar orasida mish-mish gaplarning urchib ketishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Shundoq ham bir-ikki kurakda turmaydigan uzunquloq gaplar tarqab ketibdi. Ishni tezlashtirish uchun sizlarda hamma imkoniyat bor, deb oʻylayman. Kadrlar masalasida-ku, – u Akmalga ishora qildi, – gapirmasak ham boʻladi. Faqat, manyovr uchun mutaxassis kerak boʻlsa – marhamat!

25

Fuqarocha kiyingan ikki notanish kishining – Akmal ularning ichki ishlar vazirligidan ekanini yigʻin soʻngida bildi – bugungi tashrifi ham aslida shahar aholisi orasida tarqab ketgan turli mish-mishlarning oldini olish,tergov-qidiruv ishlari bilan tanishib, jarayonni tezlashtirishga qaratilgan edi.

Shaharda uch oydirki hammaning ogʻzida shu gap edi. Har kim bu voqeani oʻzichi talqin qilar, har kuni yangidan-yangi taxminlar toʻqilardi: kimdir Jobirbekning taqdiriga azbaroyi qaygʻurganidan, kimdir ermakka oʻchligidan, kimdir oʻta qiziquvchanligidan – xullas, hech kim bu mavzuni chetlab oʻtolmasdi: «Jobirbek chet elga qochib ketganmish!» – saylov payti yuzaga qalqib chiqqan bir juvonning maktubida, uning choʻntagida ikkita pasport koʻrganligi aytilgan ma’lumotni dastak qilib soʻzlab yurdi odamlar avvaliga. Keyin, «hukumat qamab qoʻyganmish – ixtirosini chet elga sotgani uchun», degan farazlar tarqadi. Xullas, shahar kunda bir yangi ma’lumot eshitardi, farazlar bisyor, faqat Jobirbekdan darak yoʻq edi.

– Elning ogʻziga elak tutib boʻlmaydi, – shahar ichki ishlar boʻlimi boshligʻining xonasiga ertalabdan beri tanda qoʻyib olgan mehmonlarning biri devorga osigʻlik soatga bir qarab oldi-da, barchaga qarata dedi: – Toki masalaga oydinlik kiritib, ishni oxiriga yetkazmas ekanmiz, mish-mishlar ulgʻayib boraveradi. Bilingki, bunday asossiz mish-mishlar tergovni ham chalgʻitishi mumkin.

Mayor Nurxoʻjayev mehmonning oxirgi gapidan bir oz sarosimalanib qoldi. Akmal ham uni «Mish-mishlarga chalgʻib, tergov harakatlarini oxiriga yetkaza olmayapsizlar» qabilida tushindi. Faqat mehmon fikrini davomini ayta boshlaganidagina bir oz tinchlanishib, hatto bilinar-bilinmas tabassum bilan bir-birlariga qarab olishdi.

– Umumiy tergov harakatlari natijalaridan qoniqish hosil qildik, – dedi u hamrohiga yuzlanib. Ikkinchi mehmon, boshi bilan tasdiq ishorasini bergach, davom etdi: – Bu haqda vazirga yetkazamiz, Choriyevning taklifini ham ertagayoq general huzurida koʻrib chiqamiz. Balki yordamga ikkita yaxshi xodim joʻnatarmiz.

Akmal shundagina mehmonlar ichki ishlar vazirligidan ekanini fahmladi. Oʻzini shu paytgacha xuddi bolalarday his etdi. Birdan jiddiy tortdi. Lekin ich-ichidan xursand edi u. Chunki vazirlik vakillari uning ishidan qoniqqanliklarini aytishdi. Takliflarini ma’qullashdi. Ayniqsa Akmalning taklifini general huzurida koʻrib chiqamiz, degani juda yoqdi. Axir, generalning nazariga tushish – bu hazilakam gap emas!

Ertasi kuni Toshkentdan ikkita xodim yetib keldi. Mayor Nurxoʻjayev xonasida, Akmal va boyagi xodimlar ishtirokida harakat rejasi tuzildi. Qidiruv ishlari poyoniga yetgunga qadar rejaning maxfiyligi sir tutiladigan boʻldi.

26

Ertalab garajga kelgan Asqar aka zavodga vaqtinchalik Shosalim direktor etib tayinlanganini eshitib hayron qoldi: «Shosalim – direktor?» – aqli shoshib qoldi bu yangilikdan. Axir Shosalim direktor boʻladi, deb kim ham oʻylagandi!? Keyingi bir necha yil mobaynida u umuman zavoddan uzoqlashgandi. Uni Jobirbekning shaxsiy haydovchisi sifatida tanishardi odamlar. «Qiziq zamon boʻldi-da, – oʻyladi Asqar aka, – bir umbaloq oshsang-u, direktor boʻlib qolsang! Omad deganlari shu boʻlsa kerak? Bir hisobdan shunisi ham yaxshi. Sinashta odam!” Shu payt Asqar akaning koʻnglidan ogʻriqli bir fikr kechdi: «Nahotki, Jobirbek shu koʻyi jim-jit boʻlib ketsa!? Qanday yaxshi kishi edi-ya! Unga qancha-qancha yordamlar qilgandi. Institutda oʻqiyotgan qiziga shartnoma pullarini oʻtkazib berib turardi. Oʻgʻlini uylantirganda toʻy xarajatlariga qarashvorgandi. Ey, Xudo, qayda boʻlsa ham omon boʻlsin ishqilib!”, – yuziga fotiha tortdi u. Keyin mashinani oʻt oldirdi-da, tashqariga haydadi.

Chiqaverishda uni dispetcher xotin toʻxtatdi:

– Askar, medosmotr proshyol?

– Da, brosь Nina, otpusti menya! – Shu rasmiyatchilikni odatdagidek chetlab oʻtmoqchi boʻldi u.

– V etot raz seryozno! Askar, idi, vremya ne teryay!

Asqar aka Ninani hech qachon bunday jiddiy qiyofada koʻrmagandi. Shundan vaziyat boshqacharoq ekanini, hatto direktorning haydovchisi boʻlsa ham, qoidaga boʻysunishi lozimligini fahmladi: «Obbo, Shosalim-ey! Tartibni ostonadan boshlabdi, – yomon emas. Intizom – yaxshi!».

Asqar aka mashinani chekkaga chiqarib toʻxtatdi. Keyin, koʻrikdan oʻtish uchun tibbiy koʻrik xonasiga qarab ketdi.

«Asablaringiz joyida emas!» – deyishdi unga. Bir-ikki hafta hordiq olishi kerakligini aytib mashinadan chetlatishdi. Mashinani esa vaqtincha Ilhomjon degan yangi yigit yurgazib turadigan boʻldi.

Asqar akani shifokorlarning kutilmagan xulosasi tang qoldirdi. Bir koʻngli, norozilik bildirmoqchi boʻldi-yu, «balki Shosalim oʻziga sinashta odamni haydovchilikka olgandir» deb fikridan qaytdi. Boʻysunishdan oʻzga chorasi qolmagandi. Faqat mashinasiga bir oz achindi: «Yosh yigit, ustiga-ustak tajribasiz, mashinani asrab minsin-da ishqilib! » – tashvishlandi u.

Shosalimning tibbiy koʻrikka aloqasi yoʻq edi aslida. Haydovchilarning almashtirilishidan-ku, umuman bexabar edi. U bugun ertalab ertachi oʻrnidan turib, ust-boshini tuzatishga kirishdi: oq koʻylak kiydi, rangli galstuk taqdi. Kostyum-shim, qora tuflida u bib-binoyi direktor boʻldi-qoldi. Oʻzini oynaga solib, «Odamni odam qiladigan usti-bosh ekan-da!» dedi. Oʻziga-oʻzi suqlanib turgandi, telefon jiringlab qoldi.

– Tabriklayman!..

Shosalim bu tovushni eshitdi deguncha, qarama-qarshi hislar orasida muallaq qolar: na quvonar, na qaygʻura olardi. Ana shu tovush sohibi tufayli u bugun xayoliga kelmagan yuksak martabaga erishdi. Ammo bu tovush unga kun sayin tubanlashib borayotganligini ham eslatib turardi. Hozir ham xuddi ana shunday holatga tushdi:

– Rahmat! – zoʻrgʻa javob qildi u.

– Nima, xafamisan? – soʻradi sirli ovoz.

– Yoʻq! Aksincha!

– Shosalim, unutma! Sening nomzodingni tasdiqlatish menga oson kechmadi. Mana, endi direktorsan. Bardam boʻl! Zavoddagi ishlar oʻz yoʻlida – sensiz ham zavod ishlayveradi. Shartimiz esingdan chiqmasin – uqdingmi?

Shosalim «Uqdim» deyishga ham ulgurmay qoldi. Qoʻngʻiroq qilgan sirli tovush sohibi goʻshakni qoʻyib qoʻydi.

27

Gulchehra tunni mijja qoqmay oʻtkazdi. Rangi-roʻyi bir ahvol qizchasining sogʻligʻidan xavotirda edi. Keyingi kunlarda, toʻrt yoshli Laylo kechqurunlari alahlab chiqadigan odat chiqari. Uyqusida gapiradi: «dada, ketmang, dadajon!», deb yigʻlamsirab uygʻonib ketardi u. Keyin bir muddat oʻpkasini bosa olmay, xoʻrsinib-xoʻrsinib yigʻlardi-da, yana uxlab qolardi.

– Ey Xudo, gunohlarimni kechir! – zorlanib nola qilardi shunday kezlari Gulchehra, ayriqliq damlari kun sayin kattalashib borayotganidan ma’yuslanib. – Erimga qilgan achchiqlarim, zarda-yu zardoblarim uchun oʻzimni jazola! Norasidalarimga rahimng kelsin, ey Alloh! Dadasini bolalarimning boshiga qaytar. Oʻtinaman Sendan!..

Erining toʻsatdan gʻoyib boʻlib qolgani Gulchehraga dastlab unchalik ta’sir qilmadi: «Oʻlib ketmaydimi? Usiz ham kunim oʻtadi!» – alam va iztiroblarini koʻnglidan kechgan shu sovuq soʻzda ifoda etdi u. Keyin, hafta-oʻn kun oʻtib, jazmanlari bilan uloq chopishib holdan toygan aygʻir eri qaytganida aytish uchun, achchiq-tiziq gaplardan jumlalar tuzib yurdi. U nimagadir erining yoʻqolib qolganiga ishonmas, bularning bari Jobirbek tomonidan oʻylab topilgan hiyla – toshkentlik jazmanlari bilan uzoqroq muddat, olisroq bir joyga borib kelish uchun tuzilgan reja boʻlib tuyulardi.

Oradan kunlar, haftalar oʻta boshladi. Odamlarning birda achinish, birda ochiqdan-ochiq haqoratomuz boqishlari qalbini chil-chil sindirardi. Ayniqsa, oʻgʻli Qodirbek va qizi Layloning dadasini soʻrab bergan savollariga javob topa olmay qiynalardi. Nazarida, Jobirbekning yoʻqolib qolishiga hamma uni ayblayotgandek boʻlib tuyulardi. Nigohlar ta’qibidan qochishga urinar, ammo yashiringani joy topa olmasdi. Keyin fahmlardi-ki, u oʻzini-oʻzi ta’qib qilmoqda edi. Shunday kezlari yigʻlar, iltijo qilar, qani endi foydasi boʻlsa: «Sizni uydan bezdirdim, begim! Joningizdan toʻydirdim, mendan arazlab qayerlarda yuribsiz axir? Ming bor uzr, keling, poyingizni koʻzlarimga surtay – qayti-i-i-ng!»…Yuragini qoplab yotgan muzlar erib, koʻzlaridan sel boʻlib oqardi uning.

Shosalimning vaqtinchalik direktor etib tayinlangani-yu, Asqar akaning oʻrniga boshqa bir yigitning hol-ahvol soʻrab kela boshlagani – avvaliga uni bir oz tinchlantirdi: «Demak, bularning bari vaqtinchalik, erimning topilishiga hali ishonch bor. Har qalay, ostonamizdan oyoqlarini uzishmayapti-ku!» – umidlanardi u.

Yangi haydovchi Ilhomjon haqiqatdan ham Jobirbekning ostonasidan nari ketmasdi. U uzzu-kun shu atrofda aylanib yurar, Jobirbek xonadonining yumushlarini bajarib turishga mas’ul etib tayinlangandi. Shu bilan bir qatorda, uning bu xonadon bilan bogʻliq, amalga oshirishi lozim boʻlgan maxfiy yumushlari bor edikim, endi ana shu xususida soʻz yuritamiz.

Gulchehra qaynatasiga Qodirbek orqali kechki ovqat chiqargandi, u «bobomning toblari qochib qopti» degan xabar olib keldi. Gulchehra darhol Ilhomjonga telefon qilib, otani kasalxonaga olib borib qoʻyishini soʻradi.

Murod Shomurodovichni yuragi bir oz bezovta qilgan ekan. Rangi dokadek oqarib ketgan bu sarkash qariya, xastalikning ogʻriq azoblariga miq etmay dosh berardi. Uni EKG qilishdi. Soʻng obdon tekshirishdi.

– Kasali jiddiy emas, bir haftaga yotqizamiz, – dedi shifokor, Ilhomjonga uning kiyim-boshlari solingan paketni tutqaza turib. – Hammasi joyiga tushib ketadi!

Ertasi kuni qaynatasini koʻrgani Gulchehra keldi. Ota kelini bilan sovuqqina bosh irgʻab salomlashdi-yu, ammo nabiralariga boqib yuzlari yorishib ketdi. Bolalar ham qiyqirishib uning quchogʻiga otdilar oʻzlarini. Gulchehra bir-birlarini koʻrganda bir muddat butun olamni unutib yuboradigan bu uch bolakayni xoli qoldirib tashqariga chiqdi-da, soʻng vrachning huzuriga kirdi.

Vrach Shomurodovlar xonadonidan tushgan bu bemorga alohida e’tibor qaratgan, EKG natijalari, analiz xulosalari, rentgen ma’lumotlarini shaxsan oʻzi nazorat qilib borardi. Muolajani oʻz zimmasiga olgandi. Bu oilaning avvaldan shaharda katta mavqe tutishini, hozir ham barchaning diqqat-e’tiborida ekanini yaxshi bilardi. U xonasiga Gulchehra Shomurodova kirib kelganida oʻrnidan sapchib turib, alohida mulozamat koʻrsatib qarshiladi. Eri tufayli boshlariga tushgan tashvishga hamdardlik bildirgan boʻldi. Keyin Jobirbek haqida yangiliklar bor-yoʻqligi bilan qiziqdi.

– Najot, avvalambor Xudodan, – ma’yuslandi Gulchehra, – qolaversa, organ qidirayapti. Qarindosh-urugʻlar ham tinch oʻtirishgani yoʻq. Bir tomoni Tojikis–ton, Moskva, hatto Malayziyagacha borib kelishdi – darak–lari chiqmayapti.

– Ajabo, butun boshli odam birdaniga yoʻq boʻlib qolsa! Qiziq! – vrach labini choʻchchaytirib, boshi bilan sarak-sarak qilib qoʻydi.– Qayoqqa ketgan boʻlishi mumkin?

Vrach bilan bu mavzuda suhbat qurmoqqa Gulchehrada xohish yoʻq edi. “Qayoqqa ketgan boʻlishi mumkin?”. Hozir hamma shu savolning atrofida aylanardi; faqat, kimdir azbaroyi uning yechimini topa olmay qiynalar, kimdir bu tashvish barchaning tashvishi boʻlib qolgani-yu, oʻzi ham shundan mustasno emas ekanligini koʻrsatish uchungina shu savol atrofida kezinardi. Bu yechimsiz savol bugun barchani qiziqtirayotganini Gulchehra bilardi. U yana bir narsani yaxshi bilardiki, bir toifa odamlar javobning faqat ijobiy boʻlishini xohlashar, yana bir toifa odamlar esa, oqibat qanday boʻlishidan qat’i nazar, savolga javob topsalar bas – vrach ana shu toifadan edi. Shuning uchun ham vrachning bemani savoliga istar-istamay javob qilarkan;

– Qayoqqa ketgan boʻlsalar ham omon boʻlsalar, bas! – dedi gapni qisqa qilib. – Otamning ahvollari qalay? Ilhomjonning aytishiga qaraganda, xavotirga oʻrin yoʻq emish – shundaymi?..

– Ha, ota bardam! Faqat bilasizmi...

Vrach oʻzining shaxsiy mulohazalarini tibbiy koʻrik natijalari sifatida aytish oʻrinlimikin, degan uy bilan bir muddat jimib qoldi. Bu qisqa muddatlik sukut Gulchehraning bezovtalanishiga sabab boʻlganini koʻrgach esa uni tinchlantirdi:

– Qaynatangiz soppa-sogʻlar. Analizlar shuni koʻrsatayapti. Ammo u kishining yuragida zardob yigʻilgan. Bu kuchli bir hayajon bilan qoʻzdan yigʻi boʻlib potrab chiqib ketsa ajab emas. Ehtimol, sogʻinchdandir!..

Gulchehra vrachning gaplarini eshitarkan, qaynotasining doimo birdek – tosh qotgan qiyofasini koʻz oldiga keltirdi. Keyin suhbatdoshining «Ehtimol Jobirbek topilib kelib qolsa – shu voqea roʻy berar?» deb tushundi. Ichida esa, «ehtimoldan yiroq bu» degan uy kechdi.

28

Gulchehra bu xonadonga kelin boʻlib tushgan kezlarini ahyon-ahyon eslab turardi. Birda shirin, birda achchiq xotiralar bilan yodga olardi oʻsha kunlarni. Dastlab, Shomurodovlar xonadonidan sovchi kelganini eshitib, dugonalarining unga havas bilan qarashlaridan sarxush boʻlib yurdi. Keyin Jobirbekni koʻrdi. Tanishdi. Koʻrkamgina, madaniyatli bu yigitga koʻngil qoʻydi. Shirin-shirin orzular qanotida parvoz qilib yurdi. Toʻydan keyin, qaynanasi Gulsum ayaning mehribonliklaridan koʻngli iyib ketgan chogʻlari, birin-ketin ikki farzand tugʻilganida Jobirbek xoʻrozdek dikonglab olamga sigʻmay quvongan paytlari – hayotidan masrurlik hissini tuydi. Faqat toʻngʻich farzandining oʻlimidan keyin, odamovi boʻlib qolgan qaynatasiga nisbatan qalbining allaqaysi burchida tushuniksiz bir his yashardi. U xotinidan boshqa birov bilan deyarli gaplashmaydigan, quvonchni ham, qaygʻuni ham bir xil – beparvo qarshilaydigan bu odamga qanday muomala qilishni, qay taxlit munosabatda boʻlishni bilmay qiynalardi. Bir gal endi kelin boʻlib tushgan chogʻlari qaynatasiga roʻbaroʻ keldi. Shart oʻzini chekkaga oldi-da, taomilga koʻra ta’zim bajo qildi:

– Assalomu alaykum, otajon!

Shomurodov bir muddat kelini boʻlmish oilaning bu yangi a’zosiga qarab joyida qotdi. Keyin eshitilar-eshitilmas qilib: «Vaalaykum assalom, baxtli boʻling!» dedi-da, yoʻlida davom etdi.

«Menga gapirdilar!» – quvonchdan terisiga sigʻmay ketdi u. Ammo xursandchiligi uzoqqa choʻzilmadi. Shu-shu qaynatasidan boshqa birorta ham soʻz eshitmadi. Bir safar qaynonasiga yuragini yordi :

– Otam bizni unchalik xushlamaydilar. Yaxshi gapirib erkalatmasalar ham, nuqul tergab, koyib tursalar ham rozi edim – ovozlarini eshitib tursak bas edi!

Gulsum aya ogʻir oʻyga botdi: “Bolam, – deya gap boshladi keyin u, –otangizdan ranjimangizlar! U kishining dardi yolgʻiz menga va Xudoga ayon. Sizlar bunga aslo e’tibor qilmanglar, xoʻbmi?” – Gulsum aya faqat ikkovlariga tegishli ismsiz bu dardni dasturxon qilmadi. Shu dard bilan olamdan oʻtdi bechora.

Jobirbek oʻzi bilan otasi oʻrtasida tilmochlik qilgan, shu ikki qarama-qarshi sohilni birlashtirib turgan – koʻprik vazifasini oʻtagan onaizorining hurmatini qildi. Qozon-qozon osh tarqatdi elga. Kazo-kazo din peshvolarini chorlab, onasining haqiga duoi fotihalar oʻqitdi. Yil ma’rakasida qabrining ustiga dahma qurdirdi. Qabrni betonlab, chiroyli qora marmar bilan bezadi.

Jobirbek otam dahmani koʻrib koʻngli iyirmikin deb oʻylagandi. Bunday boʻlib chiqmadi. Qabr boshiga kelgan ota unsizgina yigʻladi. Sovuq marmar toshni silab-siypalarkan, nuqul «chakki boʻlibdi» degandek boshini chayqadi. Jobirbek hayron: otasining qiliqlaridan tutaqar, ammo oʻzini-oʻzi bosishga kuch topardi. Chunki otasi hamisha haq boʻlib chiqardi.

Bir kuni Gulchehraning tushiga qaynonasi kirdi. Marhuma toʻshakda yotib Gulchehraga iltijo qilarmish: «Bolam, buncha meni qalin qilib oʻrab-chirmadilaring. Koʻrpalarni olib, ustimni yengillatinglar – nafasim siqilib ketayapti-ku!».

Gulchehra tushini eriga aytgan edi, Jobirbek indamadi. Bu tush bir necha bor takrorlandi. Bir gal uning oʻzi ham shunga oʻxshash bir tush koʻrdi. Shundan soʻng ishchilarni olib borib, onasining qabri ustidan beton va marmar toshlarni qoʻportirib tashladi. Shundan keyingina arvoh ularni bezovta qilmaydigan boʻldi.



29

1964 yili Qarshi choʻlini oʻzlashtirish harakati boshlandi. Tarixda misli koʻrilmagan ishlar roʻy bera boshladi. Amudaryoning suvini 123 metr balandlikka koʻtarib beradigan oltita nasos stansiyasi qurib ishga tushirildi. Choʻlga obihayot keldi. Poyonsiz sahro ulkan qurilish maydoniga aylandi. Mamlakat ahamiyatiga molik bu vazifalarni bajarish, ming-ming gektarlab qoʻriq yerlarni oʻzlashtirish, yangi tipdagi turar joy manzillarini barpo etish uchun – barcha kuch va imkoniyatlar shu ishga safarbar etildi. Bir qator zavod va korxonalar ishga tushirildi. Ana shulardan biri, toʻgʻrirogʻi eng yirigi – beton zavodi edi. Zavodga shu sohaning yosh mutaxxasisi, mahalliy rahbar Murod Shomurodov direktor etib tayinlandi.

Murod Shomurodov oʻz davrining vatanparvar kishisi edi. U astoydil bel bogʻlab ishga kirishdi. Haftalab uyga kelmas, yangitdan tashkil etilayotgan “sovxoz”lar uchun turar-joy manzillari qurish bilan band boʻlardi. Uni «choʻl burguti» deb atashardi. Haqiqatan ham burgutga oʻxshardi: ushlagan joyini uzib oladigan shartaki odam edi u.

Shomurodovning uyiga koʻp bormasligining boshqa bir sababi ham bor edi. Koʻz ochib koʻrgani, suyukli Shohsanami bir necha oydan beri xastalanib, toʻshakka mixlanib qolgan. Murodbek uning shundoqqina koʻz oʻngida qovjirab borayotganini koʻrib oʻrtanardi. Oʻzini ish bilan ovutar, gʻoyibdan; “Shohsanam oyoqqa turib ketdi”, degan xushxabar kelishidan umidlanar edi. Bir kun uyidagilar uni chaqirtirishdi. Qaynonasi rahmatli unga ostonada peshvoz chiqdi.

– Bolam, Shohsanam sizga muhim bir gap aytmoqchi, – koʻzlariga yosh oldi kampir. – Nima desa, xoʻb deng bolam! Oʻtinaman sizdan – biz hammamiz shunga koʻndik!..

Murodbek oʻylab oʻyiga yetolmasdi: «Qanaqa muhim gapi boʻlishi mumkin?». Shohsanamning boshida oʻtirib, uygʻonishini kutdi. Darvoqe, Qodirbek koʻrinmaydi? – alangladi u yoq-bu yoqqa. Oʻgʻliga koʻzi tushmagach, xolalaridan biri olib ketgan boʻlsa kerak, degan xulosaga keldi. Shu payt qoʻliga Shohsanamning sovuqqina barmogʻi tekkanini payqadi. Koʻzlari xotinining nursizlanib qolgan nigohlari bilan toʻqnashdi. Shohsanam zoʻrma-zoʻraki jilmayishga harakat qildi.

– Kelmaysiz, bevafo...

Murodbek umri bino boʻlib, bu qadar samimiy gina eshitmagandi. Bu qadar begʻaraz, yoqimli ranjishni koʻrmagandi. Koʻzlari yoshlandi:

– Agar menga qolsa, yoningdan sira ham jilmagan boʻlardim, jonim!

– Bilaman, – Shohsanam uning xijolat tortishini xohlamadi. – Otam bilan enamga oʻzim aytib edim. Menga bogʻlanib qolmasligingiz kerak. Ish bilan ovunib yurganingiz ma’qul.

Murodbek Shohsanamning toʻzgʻib ketgan sochlarini toʻgʻrilab qoʻydi.

– Menga bir gap aytmoqchi emishsan?

Shohsanamning koʻzidan bir tomchi yosh yuziga dumalab tushdi-da, ogʻzining burchiga borib toʻxtadi. Bemor quruqshib qolgan lablarini hoʻllamoq boʻldimi, tili bilan oʻsha bir qatra suvni artib olib lablarini namladi.

– Men endi tuzalmayman, toʻram!

– Undoq dema – noumid shayton! – uning gapini shart kesdi Murodbek.

– Mening kunim bitgan, – boyagi gapini boshqa bir jumlada takrorladi Shohsanam. Koʻzlarini eriga tikdi: “Sizdan bir oʻtinchim bor!” – uning siniq nigohida ana shu oʻtinch, ana shu iltijo savol alomatida aks etdi.

– Aytganimni qilasizmi?

Murodbek hozir shu damda, shu lahzada Shohsanam «oʻl» desa, oʻlishga tayyor edi. Shuning uchun oʻylab-netib oʻtirmay «ha» dedi.

– Uylaning!

– Nima? – Murodbek tok urgandek bir sapchib tushdi, quloqlariga ishonmadi. Bu borada, shubhaga asos boʻladigan biron ish qilmagandi. Birovga nolingan odam emasdi. Ish bilan ovunib, turmushidagi kemtikni bildirmay kelayotgandi.

– Shohsanam, nimalar deyapsan? Menga sendan boshqa hech kim kerak emas!

– Bilaman! – Shohsanam uning qoʻlini mehr bilan silab qoʻydi. – Shuning uchun ham koʻzim ochiqligida uylansangiz, deyman. Gulsumga uylaning!..

– Gulsumga? – Murodbek esidan ozayozdi. Bu qanday tomosha axir? Gulsum Shohsanamning singlisi-ku! Hali oʻn gulidan biri ochilmagan qizaloq. Oʻzining orzu-havasi, koʻngil mayllari bor, axir! Oʻgʻlimizga munosib onalik qiladi deb, Gulsumning xohish-irodasi bilan hisoblashmaslik bu oʻta xudbinlik-ku! – deb oʻyladi u ichida.

Murodbek ana shu mulohazalarini yotigʻi bilan tushuntirmoqchi boʻlgandi, Gulsum uni toʻxtatdi. Xotinining keyingi gapi barchasidan oshib tushdi.

– Gulsumning sizda koʻngli bor!..

U koʻzida potragan yoshlarni koʻrsatmaslik uchunmi yoki oʻzi aytgan «haqiqat»ning taxir ta’mini hazm qilishga qiynaldimi, boshini oʻgirib yuzini yashirib oldi: “Menga qolsa – Qodirbek oʻksimasa bas!..”.

Murodbek boshqa bir soʻz demadi. Bu fikr ungacha ham rosa chigʻiriqdan oʻtgani, oila davrasida obdon muhokama qilinib, keyin unga havola etilgani aniq edi. Qaynisinglisi Gulsumning Qodirbekni olib qayoqqadir ketgani-yu, qaynotasining qorasi koʻrinmayotgani, ayniqsa mushtipar onaning «biz hammamiz shunga rozi» degan soʻzlari shunday xulosa chiqarishga asos berardi.

– Oʻtinaman, yoʻq demang! – iltijo qildi Shohsanam. – Yolgʻiz yodgorim Qodirbek uchun soʻrayman – Gulsumga uylaning!

Murodbek oʻpkasini bosa olmadi. Unsiz yigʻladi, keyin roziligini bildirib, Shohsanamning qoʻllarini siqib qoʻydi.



30

Ilhomjon oʻsha kuni Murodbek Shomurodovichni kasalxonaga joylashtirib qaytgach, ust-boshini tashlab chiqish bahonasida Jobirbekning uyi orqali otaning hovlisiga oʻtdi. Marhuma Gulsum ayaning burchakdagi hujrasini titib koʻrishi lozim. Shubha uygʻotmaslik va ehtiyotkorlik yuzasidan qoʻl fonarini yoqib hujraga kirdi. Barcha burchaklarni titkilab chiqdi. Aytarlik, e’tiborga loyiq bir nima topmadi hisob. Hafsalasi pir boʻldi. Shu payt uyning burchagiga oʻrnatilgan golland pechkasi uning nigohini oʻziga tortdi.

– Qiziq, – dedi u metallni chertib koʻrarkan. – Hujra devorining narigi tomonida – Murodbek ota yashab turgan uy, ammo, u xonada golland pechning yarmini koʻrmagandim. Qolaversa, tomda tutun chiqadigan moʻri ham yoʻq. Demak, bu oʻziga xos seyf boʻlishi kerak? – Ilhomjon egilib pechning eshikchasini ochdi-da, ichkariga qoʻl suqdi. Qoʻli allaqanday qattiq bir narsaga tegdi. Fonarini toʻgʻrilab egilib, oʻtxonaning ichkarisiga qaradi – kalit teshigini koʻrdi. Keyin har qanday qulfni ocha oladigan maxsus moslamani oldi. Uni kalit teshigiga tiqib, asta-sekin oʻlchamlarini moslab, qulfning tilsimlarini ochib bordi. Soʻnggi operatsiyani bajarib boʻlgan edi hamki, «shirq» etgan tovush chiqdi – golland pechning qoq oʻrtasida tirqish paydo boʻlgandi. Ilhomjon uni tortib ochdi. Seyfdan ikkita papka, toʻrt yuz ming amerika dollari va besh yuz ming soʻm oʻzbek soʻmi chiqdi. Ilhomjon hammasini katta salafan xaltaga soldi. Keyin seyfni hozircha ochiq qoldirib, avval uyni, keyin hovlini tark etdi.

Ertasi kuni ertalab belgilangan vaqtdan bir oz ertachiroq Jobirbeknikiga keldi. Gulchehra qoʻngʻiroq qilgandi. Kasalxonaga oʻtib kelmoqchi ekan.

– Tayyorlanib turing, men hozir! – Ilhomjon qoʻlidagi paketni koʻtarib koʻrsatdi Gulchehraga. – Amakining ust-boshlarini uylariga qoʻyib chiqay.

Gulchehra ishondi, chunki u Ilhomjonning xuddi shu yumush bilan kecha otaning hovlisiga kirib chiqqanidan bexabar edi-da.

Ilhomjon hujraga kirib olib kelgan narsalarini seyfga joylashtirdi-da, boyagi usul bilan uni yana qulfladi. Qaytib chiqqanida Gulchehra ikki bolasi bilan yoʻlga tayyor turishgandi.

31

Shosalimning birinchi ish kuni telefon orqali tabriklarni qabul qilish, shaxsan tashrif buyurganlarni kutish va kuzatish bilan kechdi Ayrim nozikroq mehmonlarni maxsus xonada, chiroyli tuzalgan dasturxon atrofida qabul qildi. Qutlovlarning keti koʻrinmas, Shosalim bu odamlarning koʻpchiligini tanimas, oʻz navbatida oʻzi ham bu doirada unchalik taniqli emasdi.

Bu odamlar qiziq bir toifaga mansub kishilar edi. Ularning nazariga tushish ham, nazaridan qolish ham oson. Ular seni martabang tufayli tanishadi, mavqeing uchun qadrlashadi. Illo vazifadan ketgan kuning batamom unutishadi. Bu odamlarning davrasidan tulki kabi hiylakor boʻlsang joy topasan, boʻriday beshafqat boʻlsang – oʻrin egallaysan. Eshakday xizmatlarini qilsang qoʻnim topasan. Ammo oddiygina bir odam boʻlib bu safda yurishing qiyin kechadi.

Shosalim hozircha bu sirlardan voqif emasdi. Ayni shu damlarda butun dunyo uning tegrasidan aylanayotgandek, butun olam unga tomon tortilayotgandek – oʻzini cheksiz imkoniyatlar sohibidek tutmoqda edi.

Ertasi kuni ishxonaga kela solib, xodimlar boʻlimi boshligʻi Nafisa Jahongirovani huzuriga chaqirtirdi.

– Menga shtatlar jadvali boʻyicha xodimlar roʻyxatini tayyorlab bersangiz. Keyin kelasi oyning birinchi chorshanbasidan attestatsiya oʻtkazilishi haqida buyruq loyihasini tayyorlang.

Shosalim shu qadar sovuq, rasmiy ohangda gapirdiki, Nafisa uni kuni kecha hazillashib, chaqchaqlashib yurgan Shosalimga oʻxshatmadi: “Tovba, nahotki odam shunchalar tez oʻzgarsa?” – deb hayron boʻldi. Keyin bir nima demoqchi boʻlib ogʻiz juftlagandi, Shosalim: “Attestatsiya hammaga birdek ta’lluqli!” – dedi keskin, e’tirozga oʻrin qolmaydigan qilib. Soʻng, boyadan beri turgan joyida qoqqan qoziqday turib qolgan Nafisaga bir oz muloyimlik bilan, favqulodda bunday qarorga kelishining sababini tushuntirgan boʻldi: “Nafisaxon, shunday qilmasak boʻlmaydi. Zavodda mehnat intizomi judayam boʻshashib ketgan. Sababini oʻzingiz bilasiz, Jobirbekning koʻngilchanligidan foydalanib korxonada tekintomoq qalangʻi-qasangʻilar koʻpayib ketdi!”.

Shosalim attestatsiya bahonasida jini suymaydigan uch-toʻrtta odamni, toʻgʻrirogʻi Jobirbekka tegishli odamlarning dumini tugishni maqsad qilgan – shu yoʻl bilan kimning kim ekanini ham koʻrsatib qoʻymoqchi edi. Bu kishilarni zavodda «Jobirbekning odamlari» deb atashardi. Bir muncha imtiyozga ega edi ular. Shosalim ayni shu odamlar bilan chiqisha olmay yurardi. Ziddiyatlar keskinlashgan damlari ham Shosalim jahlini ichiga yutar, Jobirbekning hurmati tufayli keskin choralar koʻrishdan oʻzini tiyib kelardi.

«Jobirbekning odamlari» aslida unga yetti yot begona kishilar edi. Jobirbek qayda bir chor-nochor kun kechirayotgan xonadonni koʻrsa, darhol shu oiladan birovni zavodga ishga taklif qilar, yaxshigina maosh tayin qilib, roʻzgʻorini butlashga imkon yaratib berardi. Yuqoridagi kishilar ham turli davrlarda Jobirbekning muruvvati tufayli zavodda qoʻnim topishgan, asta-sekin zavod sharoitiga moslashib, korxona atrofida kechadigan tashmachilik, umummulkni oʻgʻirlab sotish, mijozga navbatsiz xizmat koʻrsatish evaziga choychaqa undirish, limitda belgilanganidan ortiqcha mahsulot berish singari noqonuniy ishlarga aralashib, oʻz ulushlarini undirib yurishardi. Moʻmay daromad esa roʻzgʻorga ham, ahyon-ahyon uyushtiriladigan bazmi jamshidlarga ham yetib ortardi. Shosalim dastlab ular bilan ulfatchilik qilib yurdi. Keyinchalik bir voqea sabab boʻldi-yu, u bu davradan oyogʻini tortdi. Oʻshanda bir oz shirakayf boʻlib qolgan anavi pakana Alimbek gandiraklaganicha oʻrnidan turdi-da:

– Hamma qadahlar toʻldirilsin, – deb amr qildi. Keyin esa, davradagilarga bir haqiqatni anglatmoqchi boʻlib nutq irod qildi: – Olinglar! Barchamizning valiy-y-y-ney-y-y-matimiz Jobirbek akamni sogʻliqlari uchun ichamiz. Biz hammamiz u kishining oyoqlarini oʻpsak arziydi!.

U muvozanatini yoʻqotib, munkib ketmaganida, hali uzoq sannagan boʻlardi ehtimol. Boshi bilan dasturxon ustiga mukkasidan ketgan Alimbekni yonidagilar ushlab qolishdi. Qadahlar boʻshatildi.

“Qiziq! – Shosalim davra ahliga ajablanib qaray boshladi. – Axir kuni kecha chorigʻini sudrab, zavod eshigidan iymanibgina kirib kelgan bolalar mana shular emasmi? Ilk moyana olganlarida, pulning choʻgʻi balandligini koʻrib shoshib qolgan: “Kassir adashmadimikin ishqilib? Ortiqchasini qaytar, deb qolmasmikin” degan hadik-xavotirda ish kuni tugashini bezovtalanib kutgan, keyin uylariga shamolday uchib, oiladagilari bilan toʻlib-toshgan hayajonlarini baham koʻrgan – oʻsha soddadil yigitlar qani? “

Shosalim davradagilarning joylashish tartibiga razm soldi. Avval e’tibor bermagan ekan. Kechagina bir toʻp boʻlib chekish maydonchasidami yoki oshxonada toʻplanishib turadigan bu jamoada tenglik yoʻqolgandi. Tabaqalanish boshlangandi: endi bazmlarda Alimbek, Tohir naynov, Nosir va Shuhratlar davraning toʻrini ishgʻol qiladigan, tashabbus shulardan boshlanib boshqalar ularga ergashadigan boʻlibdi. Tabaqalanish, ularning zavodda tutgan mavqelarining baland-pastligidan emasdi ammo. Bu davrada kimning qaysi joyda oʻtirishi, zavod atrofida kechadigan moʻmay daromad manbai – «oldi-berdi» poygalaridagi ishtiroki kimning qancha oʻlja topayotgani bilan belgilanardi. Ustomonlikda esa anavi toʻrtta davraboshi qolgan barcha qurdoshlarini ortda qoldirgandi. Davra va yigʻinlarda boshqalar ularni olqishlar, maqtar, bu jamoada tilyogʻlamalilik, aldov, yasama tavoze singari munosabatlar odat tusiga kira boshlagandi.

Bu gal ham bazm odatiy tarzda boshlanib, an’anaviy suratda davom etayotgandi. Birda Alimbekning ishbilarmonligi, birda Tohirning olgʻirligi, Shuhratning mahoratiyu Nosirning «jasorati» tilga olindi. Keyin ogʻizlarda koʻpirgan mana shu koʻpik maqtovlar bir piyola aroq bilan yuvilib, tozargan ogʻiz boʻshliqlari yana koʻpirishga tayyor qilinardi.

Tohir naynov Alimbekning qulogʻiga zgilib nimadir dedi. Shu lahza Alimbek, boyadan beri aroqqa qoʻl urmay oʻtirgan Shosalimga «yalt»etib qaradi: “Naynovning shubhasi oʻrinli!” dilidan oʻtkazdi u. Keyin, vaziyatni bir oz oʻz izmiga solmoqchi boʻlib, yuqoridagi nutqini irod qilmoq uchun oʻrnidan turgandi u boya.

Qadahlar boʻshatilgach Tohir naynov Alimbek bilan ma’noli koʻz urishtirib oldi. Keyin sinovchan koʻzlarini Shosalimga tikdi:

– Siz olmaysizmi? – Shosalimning oldidagi davra boshlanganidan beri qoʻl urilmagan qadahga ishora qildi u.

– Yoʻq, men ichmayman, yigitlar! – davraboshilarning koʻnglida kechayotgan gʻalayonlardan bexabar Shosalim, quruqqina qilib javob qildi.

– Nega? Sababini bilsak boʻladimi?

– Savolda kishini tahqirlaydigan bir ohang bor edi. Shosalim shundan hushyor tortdi: qarasa hamma unga qahrli nigoh bilan boqayapti. U «avvalgi safar ichganimda, Jobirbek sezib qolib rosa tanbeh bergandi» deb rostini aytishi yoki boshqa bir sababni roʻkach qilib vaziyatdan chiqishi mumkin edi. Ammo u bunday qilmadi.

– Sababi oddiy, ichmayman vassalom! – dedi u joʻngina qilib.

– Jobirbek akamning sogʻligʻi uchun ham ichmaysizmi?

– Yoʻq!

Davradagilar sarosimalanib qolishdi. Nosir sariq tutaqib ketdi:

– Vey, Shosalim aka, qorningiz toʻyib qoldimi? Oʻzingiz ham shu odamning orqasidan kar-r-ril-lab yuribsiz. Siz ham u kishining oyogʻini…

“Bir kamim senlarga hisobot berishim qoluvdi, – oʻyladi Shosalim. – Qolaversa, senlar uning oyogʻini oʻpaveringlar, men emas!” Shu lahza koʻksida uni ahyon-ahyon bezovta qilib turadigan bir ogʻriq uygʻondi. Jobirbekdan ginasi yoʻq; u doʻst sifatida hurmatini joyiga qoʻyib kelardi. Ammo zavoddagilar uning qora oʻtmishini bilganlari uchun ham, unga Jobirbekning doʻsti, deb emas, uning shaxsiy haydovchisi deb qarashardi. Alam qilardi! U hamisha barchaga bir haqiqatni anglatmoq istagida yonardi. Hozir shuning mavridi kelgan koʻrinadi.

– Jobirbek – mening doʻstim! Senlar esa uning malayisizlar. – Shosalim oʻzi tomon qarab turgan qahrli nigohlarga nafrat koʻzlarini qadadi. – Senlar uning oyogʻini oʻpsalaring arziydi, chunki u senlarni odam safiga qoʻshdi. Men esam unga kelgan baloga koʻksimni qalqon qilganman. Agar oʻshanda men boʻlmasam, hozir Jobirbek bu oʻrinda boʻlmasdi!

Shosalim gʻolibona qiyofada davradan chiqib ketdi. Boshqalar ogʻzini ochgancha uni kuzatib qolishdi. Magʻlublik alami chidab boʻlmas darajada edi, ammo koʻnikishdan boshqa ilojlari qolmagan edi. Chunki ular bugun Shosalim bilan Jobirbekni bogʻlab turgan ip oʻzlari oʻylagandan ancha mustahkam va pishiq ekanini anglab yetishgandi.

32

Shosalim direktorning kursisiga yalpayib oʻtirgancha bir oydan keyin ana shu yalangoyoq raqiblarining qizarib-boʻzarib zavod darvozasidan chiqib ketishlarini koʻz oldiga keltirdi: «Zap ish boʻladi-da!». Oʻylagan rejasining puxtaligidan zavqlanib mazza qildi u.

Qabulxonaga tapur-tupur qilib oʻn chogʻli odam kiradi. Shosalim gʻala-gʻovurni eshitib tugmachani bosadi. Kotiba kiradi. Ortidan boyagi norozi qiyofalar koʻrinadi. Shosalim hech nimadan bexabar odamday soʻraydi:

– Nima toʻpolon?

– Oʻrtoq direktor! Mana bu – bir guruh bezorilar sizning huzuringizga bostirib kirishmoqchi, – kotiba qulochini yozib, tanasi bilan eshikni toʻsib, ortidagi olomonni ichkariga kiritmaslikka harakat qiladi.

– Qoʻysangiz-chi, Munavvar opa! Bular bezorilar emas, oʻzimizning ishchilarimiz–ku! – deydi u boshliqlarga xos bagʻrikenglik bilan. Keyin: «Qoʻyvoring ularni, kirishsin bemalol, arzlari boʻlsa eshitay!» – deb kelganlarga yuzlanadi:

– Xoʻsh, xizmat?

– Biz ishsiz qoldik! Endi nima qilamiz? – chuvillashadi ular.

– Nega ishsiz qolasizlar? Kim sizlarni vazifangizdan mahrum qildi? Kamina, masalan bu haqda hozir eshitib turibman.

– Bizni attestatsiyadan oʻtkazishmadi! – gʻalayon qiladi ular.

– Ha-a-a, attestatsiyadanmi? Attestatsiyadan birovni birov oʻtkazmaydi. Har kim oʻz bilimi, malakasi bilan oʻtadi bu imtihondan, – deydi u ularni ochiqdan-ochiq masxaralab.

– Endi nima boʻladi? Iloji yoʻqmi? – mulzam boʻlgan toʻda bir pogʻona past tushib, yalinchoq ohangda soʻzlay boshlaydi.

– Men nima ham qila olardim? – atay kamtarinu xokisor tutadi u oʻzini adolatli rahbar ekanini koʻrsatib. Keyin: «Attestatsiya komissiyasining ishiga aralashishga mening haqqim yoʻq» deb boyagi toʻpolonchilarni haydab yuboradi.

Shosalim ana shu voqea roʻy beradigan fursatni koʻz oldiga keltirib yana bir karra zavqlandi. Shu payt eshikdan kimningdir boshi koʻrindi.

– Mumkinmi?

– Kiraver! Kel oʻtir! Menda ishing bormi?

– Men haydovchingizman. Ikki kun boʻldi «Volga» ni qabul qilganimga!

– Asqar aka-chi?

– Tibbiy koʻrikda shifokorlar ruxsat etishmabdi, shekilli.

– Bir hisobda yaxshi boʻpti! – oʻyladi Shosalim.

Asqar aka harqalay Shosalimni bir haydovchi sifatida bilguvchilardan. Shuning uchun ham uni soʻrattirmayotgandi. Keyin oʻzining yangi haydovchisiga sinchiklab razm soldi. Yoshi boʻlsa 25-26 larda. Yelkalari keng – shugʻullangan boʻlsa kerak. Sochini kalta qilib, toza-ozoda kiyinishidan – oliftaligi ayon.

– Oting nima?

– Ilhomjon!

– Jobirbekning xonadonidan xabarlashib turibsanmi? U yoqda nima gaplar? Mana bu ishlar bilan boʻlib, oʻn kuncha boʻldi bora olmadim.

– Xabar olib turibman. Kecha otani kasalxonaga yotqizdik.

Shosalim bu xabardan taraddudlanib qoldi.

– Kecha dedingmi? Hm-m-m, nima qipti otaga?

– Doʻxtirlar yurak deyishayapti, menimcha – asab! Ota bechora oʻgʻlini oʻylayverib esini yoʻqotib qoʻygan koʻrinadi.

– Yana nima boʻldi?

Ilhomjon Shosalimga bir oz yaqin surildi-da, ovozini bir parda pastlab gapida davom etdi:

– Kecha kasalxonaga olib ketayotganimda ota oʻzini gʻalati tutdi. Nuqul burchakdagi hujrani koʻrsatib: «U yoqqa hech kimni kiritma. Pech qizib yotipti – kuydiradi!» deb alahladi rosa.

– Nima? – Shosalim savol berishga berib qoʻydi-yu, kallasiga quyilib kelgan bir fikrdan sarosimalanib qoldi: «Kalavaning uchi topildi! – oʻyladi u. – Nega shu narsa avvalroq xayolimga kelmadi-a? Axir, Gulsum ayaning xonasida katta golland pech bor-ku! Unda olov yonganini hech ham eslay olmayman. Mushtipar ayol, qachon hol-ahvol soʻragani kirsam, sandalida oʻtirgan boʻlardi. Demak!..».

– Boʻpti, ishingni davom ettiraver. Agar kerak boʻlib qolsang garajdan oʻzim chaqirtiraman. Hozircha Jobirbekning xonadonidan xabar olib tur!

Shosalim Ilhomjonning ortidan kuzatib turdi-da, eshik yopilishi bilan telefonga qoʻl choʻzdi. Shosha-pisha allaqanday raqamni terdi. Narigi tomondan javob boʻlgach, «Qilich, bu kech mening shahardagi uyimda uchrashaylik – gap bor”, dedi. Keyin, «Shunqor ham kelsin», deb tayinladi.

33

Akmal «Quruvchi» mehmonxonasidan Jobirbek haqida ma’lumot soʻragan ikkinchi kishi boʻlib chiqdi. Mehmonxona xodimasi uning suratini koʻrib darrov tanidi.

– Bu odamning shaxsi bilan yana kim qiziqqandi? – soʻradi undan Akmal.

– Kimligini bilmayman-u, har holda ayol kishi edi, – javob qildi u.

– Nimalarni soʻragandi?

– Shu odamning bizning mehmonxonamizda tunagan-tunamaganligini, tunagan boʻlsa kim bilan boʻlganligini soʻragandi. Men mijozlarni qayd qilish kitobida faqat uning nomi borligini, ammo belgilangan muddatgacha mehmoni boʻlgani haqida ma’lumot bergandim.

– Bu, hoynahoy Gulchehra boʻlsa kerak! – dilidan oʻtkazdi Akmal. Keyin ayrim noaniqliklarga oydinlik kiritish uchun mehmonxona xodimasini yana savolga tutdi: – Mehmonxonaga kunda yuzlab odam kirib chiqadi. Ularning hammasi ham xotirada saqlanib qolavermaydi. Aynan Jobirbek bilan bogʻliq voqealarning aniq-taniq yodingizda qolganiga sabab nima – shuni tushuntirib bersangiz?

Juvon birdan qizarib ketdi. Boshi quyi egildi. Barmoqlari bilan kuylagining shokilalarini oʻynab, ohista gap boshladi:

– Bilasizmi, judayam koʻzga yaqin yigit edi u. Koʻrkam, xushbichim, ustiga ustak puli koʻp edi. Bizning mehmonxonamizga bunaqa odamlar kamdan-kam kelishadi. – Juvon bir muddat jimib qoldi.

– Shuning oʻzimi?

Juvon tergovchining savoliga darhol javob qilmadi. Oʻsha xushbichim, xushsurat yigitga oʻzida ham mayl boʻlganini, ma’lum bir muddat Jobirbekning ishqiy sarguzashtlari tufayli moʻmaygina daromad olib kelganini roʻyi rost tan oldi.

– U menga ham yoqardi, – dedi u asta iymanib.

Akmal avvaliga Farangisni erkin qoʻydi. U ham tergovchining qulogʻiga lagʻmon ilgan boʻlib rosa obqochdi. Rad qilib boʻlmas dalillarni roʻkach qilgach esa, rangi boʻzarib dovdirab qoldi. Oʻzini bir umr kuzatuv ostida boʻlgandek his qildi. Qoʻrquvdan dagʻ-dagʻ qaltirar, vaziyatni fikr qilmoqqa ojiz edi u. Tergovchi shu qadar koʻp ma’lumotlarni qayerdan va kimdan olganini bilolmay boshi qotgandi.

– Endi Sakina haqida soʻzlab bering! – qantarilgan qartalarni bir-bir ochishda davom etdi Akmal.

Sakinaning nomini eshitib juvon batamom tor-mor boʻldi. Butun vujudini qaltiroq bosdi.

– Meni qamashadimi? – yigʻlamsiradi u.

– Yoʻq, ammo jazo muqarrar! Tergovga bergan yordamingiz esa aybingizni bir muncha yumshatadi.

Akmalning soʻzlari dalda boʻlib, Farangis bir oz tinchlandi. Keyin, endi hamtovoqlarining qayigʻida qola olmasligini, bu teshik togʻora uzoqqa suzishga yaramay qolganini payqadi. Soʻng koʻz yoshlarini artib, oʻzini bir oz tuzatgan boʻldi-da:

– Aytaman, hammasini aytaman! – dedi.

34

Akmal Toshkentga kelgunga qadar guvohlarning koʻrsatmalari, voqeaga aloqador boshqa hujjatlarni obdon oʻrganib chiqdi. Gulchehra bilan Shosalimni soʻroq qilganida bir voqeaning ikki xil talqin qilinishi uning e’tiborini oʻziga jalb etdi.

Gulchehraning aytishicha, Jobirbek bilan oʻrta¬laridagi araz, erining jazmani qoʻngʻiroq qilgan kundan boshlangan:

– Erimning hadeb Toshkentga qatnashidan jazmani bor, deb shubha qilardim, – dedi u.

Shundan soʻng, Gulchehra tabiatiga zid ravishda erining qadamini ta’qib etishga tushadi: oʻsha qoʻngʻiroq boʻlgan kecha erining qayerda tunaganini va kim bilan boʻlganini bilish uchun Shosalimga qoʻngʻiroq qiladi.

– «Quruvchi» mehmonxonasiga kuzatib qoʻydim, – qabilida javob qiladi Shosalim.

Oʻzining aytishicha, dabdurustdan berilgan savoldan dovdirab qolgan: «Chunki Jobirbek faqat «Inturist»da joylashardi, – dedi u soʻroq payti. – «Quruvchi»ga ahyon-ahyon xufyona koʻngil yozishga borib turardi. Ammo uning ishrat qiladigan jononlarini, rosti gap, tanimayman».

Akmal dastlab «Inturist» mehmonxonasining mijozlar qayd qilinadigan kitobini tekshirdi. Jobirbek qoʻnoq boʻlgan sanalarni yon daftarchasiga yozib oldi. Keyin, «Quruvchi»ni izlab topdi. Bundagi daftar bilan «Inturist»dan olgan sanalarni solishtirdi. Aksari mos keldi. Lekin «Quruvchi»da «Inturist»da qayd etilmagan sanalar ham bor edi. Yana bir hol uni qiziqtirdi. Bu – Jobirbekning «Quruvchi»da toʻxtagan kunlari nuqul Farangisning navbatchilik kunlariga toʻgʻri kelgani edi.

– Xoʻsh, Shosalim doʻstining sirini dabdurust berilgan savoldan dovdirab qolib aytib qoʻydi ham, deylik, – shoshilmasdan mulohaza yuritmoqqa harakat qilardi Akmal. – Jobirbek arzon-garov mehmonxonani ishrat maqsadida tanlagan – xoʻp. Mehmonxonaning, toʻgʻrirogʻi Farangisning «xolis xizmat»lari uchun moʻmaygina pul berib turgani holda, mijozlarni qayd etish daftariga ismi-sharifini aniq-tiniq qilib yozdirib qoʻyishi-yu, mehmonxona xizmatchisi nimagadir bu «uchrashuv»larni xaspoʻshlash oʻrniga, uning ismi-sharifi yoniga ochiq-oshkora «plyus bir» degan yozuvni tirkab qoʻygani mantiqqa toʻgʻri kelmaydi.

Akmal Jobirbekning «Quruvchi»da tunagan kunlari nuqul Farangisning navbatchilik kunlariga toʻgʻri kelganidan shubhalanib uni kuzata boshlagandi. «Kalavaning uchi» shu juvonda ekanini ichki bir ovoz tasdiqlab turardi. Dastlab kuzatuvlar unchalik natija bermadi. Farangis ishdan chiqib toʻgʻri uyiga chopardi. Yoʻl-yoʻlakay doʻkondan ul-bul xarid qilardi, xolos. Qoʻshnilaridan biri, uni mushtipar bir ayol sifatida ta’rifladi. Yaxshi baho berdi. Keyin, bir nimadan shubhalandimi, Akmalga yovqarash qildi:

– Shoshma, sen oʻzi nima uchun bu xonadon bilan qiziqib qolding? Kimsan oʻzi? Yoshi oʻtinqirab qolgan amaki jussasiga yarashmagan bir shasht bilan xezlandi hamsuhbatiga. Akmal nima deyishini bilmay bir oz kalovlanib qoldi. Keyin tavakkal: “Shu xonadon bilan taqdirimni bogʻlash niyatim bor”, deb yubordi. Amaki, tinchlandi. Hatto avvalgisidan ham muloyimlashdi.

– Ha, bolasi tushmagur, hoynahoy Nargizga toʻr tashlagan koʻrinasan?!

“Tavba, Nargiz kim boʻldiykin?” Akmal shu oʻy, yasama uyalish, zoʻraki tabassum bilan amakiga «ha» ma’nosida bosh irgʻab qoʻydi. Hozir tavakklachilikdan boshqa chorasi yoʻq edi uning.

– Nargiz, baraka topgur, yaxshi qiz! Opasiga mehribon!

«Ha, Nargiz Farangisning singlisi ekan-da! – Akmalning chehrasi yorishib ketdi. – Hoynahoy, opasi bilan tursa kerak?».

– Siz Nargizga koʻz tashlaganimni qayoqdan bildingiz, oʻta sinchkov ekansiz, ota! – Akmal ogʻzining tanobi qochib, hamsuhbatini maqtagan boʻldi. Maqsadi ma’lumot olish edi. Ota maqtovga parvo ham qilmadi.

– Shu xonadon bilan taqdiringni bogʻlamoqchi ekansan, albatta Nargizni moʻljal qilasan-da. Anovi toʻnka er bilan umri xazon boʻlgan Farangisni tanlamagandirsan, harholda? Yoki... – Amaki qalin oʻsgan qoshlari orasidan unga sinchiklab qaradi. – Yoki nogiron bolalariga otalik qilmoqchimisan?

Akmal nima deb javob berishni bilmay qoldi. «Ha» demasligi aniq, ammo «yoʻq» deyishga ham ikkilanib qoldi: «Choli tushmagur, mehr-muruvvatsiz odam ekansan» deb dagʻdagʻa qilmasin, ishqilib.

– Endi, yaxshimi-yomonmi oʻz oilasi bor! – Oʻylay-oʻylay topgan gapi shu boʻldi Akmalning.

Ammo suhbatning yoʻrigʻidan qoniqmoqda edi u. Farangis haqida anchayin ma’lumot olishga ulgurgandi. “Demak, toʻnkaga oʻxshagan eri, qariqiz singlisi va nogiron bolalari bor ekan” – xayolan Farangisning turmushini chamaladi u. Keyin suhbatdoshi, keksa amaki bilan xayrlashib, undan uzoqlasharkan, xotirasiga muhrlangan uchta soʻzni yon daftarchasiga tushirib qoʻydi: Toʻnka er. Qariqiz singil. Nogiron bolalar...

35

«Qurilish-tijorat bank»ini topish uncha qiyin kechmadi. Nargiz ana shu bankda ishlardi. Akmal atayin payt poylab ishga chiqmaydigan kuni uni soʻrab bordi.

– Siz Nargizning kimi boʻlasiz? – qator qilib terilgan kompyuterlar qarshisida oʻtirgan qizlardan biri qoshlarini ma’noli uchirib soʻradi undan.

Akmal atrofdagi qizlar ham bir-birlari bilan sirli-sirli koʻz urishtirganlarini, keyin quloqlari ding boʻlib, uning javobiga mushtoq turishganini koʻrib atay ovozini bir parda pastlab gapirdi:

– Men tanishiman!

– Uzoq? Yaqin? – shoʻxligini qoʻymasdi qiz.

– Buning nima ahamiyati bor?

– Ha, endi sizga – begona bir erkakka, oʻn gulidan bir guli ochilmagan bokira bir qiz haqida biron-bir ma’lumot berish uchun shaxsingizni bilishim kerakmi, yoʻqmi? – boʻsh kelmadi u.

Qizlar uning soʻzamolligidan yayrashardi. Shu payt bittasi luqma tashladi:

– Tanishlar masalasida, ja-a-a omadi chopgan-da Nargizning!

– Bir koʻrgan tanish, ikki koʻrgan bilish, uchinchisi ajab emaski qovushish boʻlsa-a? – gapga aralashdi qizlarning yana biri.

– Fu-u-u, – dedi boya luqma tashlagan qiz, – anavi zavod direktori soʻrab kelganida ham shundoq fol ochgan edilaring. Qorasini ham koʻrsatmay ketdi.

– San qatdan bilasan – balki uchrashib yurgandir? – Teskari qarab oʻtirgan qizlardan biri oʻgirildi-da, Akmalga koʻzi tushishi bilan, nojoʻya gapirib qoʻydim degandek, boshini chayqab-chayqab yana ishida davom etdi.

– Man sizlarga aytsam, – yoshi kattaroq juvon ikki qoʻlini yonga choʻzib kerishdi, – er degani «bar’er» degani. Koni tashvish. Nargiz toʻgʻri qildi.

Davradagilar Akmalni unutib qoʻyishgandi goʻyo. Oʻzlari bilan oʻzlari bahsga kirishib ketishdi. Akmal esa bir chekkada barchani birma-bir kuzatib, suhbatning magʻzini chaqib turardi. Agar Akmal boshqa bir maqsadda kelganida, oʻrtadagi gap-soʻzlardan ranjigan boʻlardi, ehtimol. Hozir esa ayni shu kabi mulohazalar uning maqsadiga mos edi. Bu payt, boyagi kerishib gap boshlagan xotin, endi qoʻli ishga bormay, yonidagilarga gap uqtirish bilan mashgʻul edi.

– Shunday joyga ishga kiritib qoʻydi. Kami-koʻstiga qarashib turibdi. Bir gal bir xotindan yuz ming soʻm yubortirgan ekan. Rosa maqtangandi – eslaringdami? Har oy yuz ming, yomon emas-a? Yana nima qilsin bechora? Bu noshukur yana yangi tanishlar orttirib yuribdi. Koʻz degani toʻymas ekan-da, tavba!

Akmal Nargizni yaqindan tanish uchun ayni shu ayol bilan gaplashishi lozimligini payqadi: «Koʻp narsani biladigan koʻrinadi. Aftidan, sirdoshi boʻlsa kerak. Nargizga hasad qilayotgani shundoq gap-soʻzlaridan bilinib turibdi».

Kechki soat oltida Akmal unga ishxona ostonasida peshvoz chiqdi. Kichikroq bir kafega taklif qildi: «Samimiy, doʻstona oʻtiramiz, nojoʻya harakat, yomon niyat yoʻq,» – dedi juvonni choʻchitmaslik uchun.

– Unday boʻlsa bormayman, – hazil aralash erkalandi juvon. Keyin: – Malika, – deb qoʻl uzatdi. – Sizniki-chi?

– Akmal.

Malika oʻsha oʻtirishda rosa ochildi. Nargizning qoshiga uchib kelgan baxt qushi oʻzining boshiga qoʻnmoqchi boʻlib turganidan – sevinchi ichiga sigʻmay ketayotganini yashira olmadi. U hali Akmalning kim ekanini bilmas, ammo turqi-tarovatidan katta bir korxonaning rahbari boʻlsa kerak, degan gumonda edi. Akmal shu oʻtirishda Nargiz haqida koʻpdan-koʻp ma’lumotlarga ega boʻldi: Jobirbek keyinroq unga uylanmoqchi ekanini, hozirdanoq poytaxtning eng markaz joyidan 30000 dollarlik hovli joy sotib olganini, uni Nargizning nomiga rasmiylashtirganini – barcha-barchasini gapirib berdi. Ancha oʻtirib qolishibdi, koʻchaga chiqishganida kech tushib, shahar son-sanoqsiz chiroqlar shu’lasiga burkangandi. Akmal Malikaning manzilini yozib oldi. Malika kelajak haqidagi orzulariga shu kech ilk qadam qoʻyishni koʻzlab turardi. Uyga kuzatsa, bir amallab ichkariga taklif qilaman – u yogʻi ming bir kecha, deb maqsadini diliga tugib ulgurgandi. Ammo Akmal u bilan shu yerda xayrlashni ma’qul topdi. Malika buni kech angladi. Akmal taksi haydovchisiga yoʻlkira berib, «bu kishini uylariga oborib qoʻying», deganida rosmana sarosimalanib qoldi. Keyin apil-tapil mashina oynasini tushirdi-da: «Yana qachon kelasiz – yana uchrashamizmi?» – deb soʻradi.

– Endi kelmasam kerak, ammo zarur boʻlib qolsangiz, albatta chaqirtiraman, – dedi.

Malika uni yaxshi anglay olmadi. Hafsalasi pir boʻlib, «hamma erkaklar bir goʻr» dedi-da, mashina oʻrindigʻiga yaxshilab oʻrnashib oldi.

36

Shosalimning qishloqdagi hovlisi shundoqqina kanalning boʻyida joylashgan boʻlib, kanalning naryogʻi keng dashtlik. Past-baland tepaliklar oraligʻidagi toʻqayzorlar qishda quyon, boʻrsiq, yozda oʻrdak ovlanadigan ovloq joy.

Shosalim ham bir koʻngil yozmoqchi boʻldi. Jobirbek bilan boʻlib, keyingi ikki-uch yilda biror marta ovga chiqmadi. Xotiniga tuxum qaynatib, termosga choy damlab qoʻyishini tayinladi-da, Oʻta mergannikiga oʻtib kelmoqchi boʻldi.

Oʻta mergan yoshi saksonlarni qoralab qolgan chol. Uning asli ismi Otabek, azbaroyi merganlikda tengi yoʻqligidan, oʻta mergan degan sifat nomiga aylangan. Yoshligida mohir ovchi boʻlgan. Moʻljalni aniq olishda unga teng keladigan odam boʻlmagan bu atrofda. Shundan ahyon-ahyon qishloq chekkasidagi toʻqayzorda ov qilish uchun tuman, viloyat, ba’zan markazdan kelib turadigan kazo-kazolar uni ham birga olib ketishardi. Ov koʻngildagdek oʻtgan paytlari Oʻta merganni bir talay sovgʻa-salomlar bilan uyiga kuzatib qoʻyishardi. U ishtirok etgan ovlarning zavqi boʻlakcha boʻlardi. Mehmonlar ov qilib bir maza qilsalar, Oʻta merganning oʻq otish san’atini tomosha qilib yana bir mazza qilishardi. Ayniqsa, gulxan atrofida, qoʻr toʻkib oʻtirishgan chogʻlari merganning qiziq-qiziq hikoyalarini tinglash yanayam maroqli boʻlardi.

– Oʻta aka, mana bu toʻqayzorlarning naryogʻida «mergan dara» degan bir joy bor ekan – shu joy mabodo sizning nomingiz bilan atalmaganmi? – Shahrisabzlik mahmon Oʻta merganni savolga tutdi bir gal.

– Yoʻq! Lekin bu daraning shunday nomlanishi mening bobokalonlarim bilan bogʻliq, – deb bir rivoyatni hikoya qilishga tushdi: – Bundan yetti yuz yilcha burun bobokalonlarimdan biri merganlikda kamolot choʻqqisiga erishgan ekanlar. Sohibqiron Temurning nazariga tushib uning qoʻshinida eng mohir oʻqchi – mergan boʻlib xizmat qilganlar. Temurning bir topshirigʻini ado etib, butun dunyoga mashhur boʻlganlari haqida avloddan-avlodga, ogʻizdan-ogʻizga koʻchib kelayotgan bir rivoyat ham bor.

Xizmatchilikda Temurning nomini tilga olish nari tursin, uni eshitgandayoq shipga qadar sapchib tushadigan bu odamlar, toʻqayda ov mahali Oʻta merganning hikoyalaridan hadiksirashmadi. Qolaversa, Oʻta mergan biror sabab bilan bir muddat toʻxtasa, davomini eshitish ishtiyoqida betoqatlanib qolishardi.

– Shunday qilib Temur bobo Ovroʻpani oʻziga boʻysundiribdi! – deya hikoyasida davom etdi u. – Davlatlar Sohibqiron xazinasiga boj-xiroj toʻlab turisharkan. Bir safar oʻlponchilar qip-qizil motam ichida qolgan bir shaharga duch kelishibdi. Bu haqda jahongirga xabar qilishibdi.

– Biz bu shaharni toki motam boshidan koʻta¬ril¬magunicha soliqdan ozod eturmiz! – deb amr qilibdi hukmdor.

Lekin shaharning peshvolari oʻta zakiy chiqib qoli¬shibdi. Endi, har yili oʻlponchilar keladigan mahal, baland minora tepasida qoʻngʻiroq chalinar, odamlar darhol toʻplanib motam marosimi uyushtirar ekan. Shu zayl shahar muttasil yetti yil oʻlpon toʻlamabdi. Bu haqda Sohibqironga arz qilinibdi. Hukmdor oʻsha shahar aholisining birdamligiga qoyil qolib, miyigʻida kulib shunday debdilar:

– Mayli, tilimiz bilan qilgan xatoni mahoratimiz bilan toʻgʻrilaymiz!

Keyin bizzi bobokalonimizni huzurlariga chaqir¬tirib bir topshiriq beribdilar. Keyingi safar bobomiz ham oʻlponchilar safida oʻsha shaharga qarab yoʻlga chiqibdilar. Minora juda baland joyda joylashgan boʻlib, tevarak-atrof uzoq-uzoq joylargacha kaftdek koʻrinib turarkan. Minora tepasida poyloqchilar doimiy qorovullik qilishar, oʻlponchilar mittigina nuqta tarzida koʻzga tashlanishi bilan bong chalisharkan. Bobom hali koʻz ilgʻamas uzoqlikdan oʻq otib, ulkan qoʻngʻiroqning iplarini shart-shart uzgan ekanlar. Qorovullar odamlarni ogohlantirishga ulgura olmay qolibdilar. Hamma mergan bobomning mahoratiga qoyil qolgan oʻshanda!1

– Mistika! Ishonish qiyin!

Viloyat hokimiyati boʻlimi boshligʻi Qoʻchqorboyev bosh chayqab qoʻydi. Oʻta mergan achchiqlandi:

– Ha, albatta, Temur millionta odamning kallasini kesgan, deyishsa – ishonasiz, ammo bu gapga ishonmaysiz...

– Hey, qoʻysanglar-chi, shu siyosatni! – shahrisabzlik amaldor, ularni oracha qildi. – Undan koʻra hikoyaning davomini eshitaylik – juda qiziq ekan!

Viloyat ideologiya boʻlimi boshligʻi Oʻta mergan kabi odamlarni tirnogʻicha ham koʻrmasdi. Lekin hozir u bilan adi-badi aytishib turmadi. Chunki Oʻta mergan shu toʻporiligi, shu choʻrtkesarligi, merganlik mahorati tufayli ilgari markazkoʻmning birinchi kotibi bilan ham bir davrada oʻtirgan odam ekanini bilardi. Shundan alamini ichiga yutdi. Faqat qaytishda hamrohlariga qarata: «Avvallari ovga tozi itlar olib chiqilardi, endi bir koʻppakni sudrab yurish rasm boʻlibdi», deb kinoya qildi.

1. Bu rivoyat bilan bogʻliq joy Polьshaning Krakov shahri boʻlib hisoblanadi. Hozirda ham krakovliklar ana shu voqeani eslashadi. Shaharning oʻziga xos, qoʻngʻiroq ustiga suvoriy haykali tasvirlangan ramzi bor. Bu oʻsha mergan suvoriy mahoratiga xalqning ulkan e’tirofi.

Oʻta mergan mafkura kotibining semizlikdan kirtayib qolgan koʻzlari, tomogʻining ostida xalta boʻlib osilgan bagʻbagʻasiga jirkanib bir qarab qoʻydi-da, keyin hikoyasida davom etdi:

– Xullas, oʻsha mergan bobomiz, qarib-qartayib tugʻilib oʻsgan qishlogʻiga qaytib keladi. Koʻzi ojizlanib, oxir-oqibat hech nimani koʻrmay qoladi. Lekin ov havasidan voz kecha olmaydi. Endi tovushga qarab sharpani ilgʻash va moʻljalni aniq olish hadisini oʻrganadilar. Bir gal oʻgʻillaridan biri bilan ovga chiqadilar.

Oʻta mergan har gal hikoyaning shu nuqtasiga kelganida ma’yuslanib qolardi. Bu safar ham shunday boʻldi. Koʻzlari yoshlanib, tomogʻiga bir nima tiqildi. Ehtimol shunday kezlari oʻzining keksalik chogʻini koʻz oldiga keltirib yuragi hapriqib ketsa kerak.

– Xullas, daraga toshdan-toshga sakrab, oʻynoqlab yurgan saygʻoqlarni ov qilishga borishibdi. Mergan bobom farzandiga bir toshning ustida qimirlamay tur, deb tayinlabdilar. Oʻzlari tevarak-atrofni quloq bilan kuzata boshlabdilar. Shu payt oʻgʻil nimagadir muvozanatini yoʻqotib, yiqilib tushmaslik uchun ovoz chiqarmaydigan qilib, ikkinchi toshga sakrab oʻtibdi. Shu payt «viz» etib oʻq uchibdi. Ogʻir yaralanib, jon taslim qilayotgan farzandining «otajon» degan chinqirigʻi togʻ bagʻrida ancha paytgacha aks-sado berib turibdi.

Mergan bobom oʻq-yoyini toshga urib sindiribdi, yoqasini chok qilib yigʻlabdi. Keyin telbanamo bir ahvolda «bolam-ov, bolam» deb daraning ichiga kirib ketganicha, qaytib chiqmagan ekan...

Oʻta mergan mana shunday xotiralar ta’siridanmi yoki qushuyqu pinakdanmi, xira tortgan koʻzlarini yumib, hovlisining kungay tomonida eski paxsa devorga suyangancha qimir etmay yotardi. Qadam tovushlarini eshitib, boshini koʻtardi:

– Kim bu?

– Men, Shosalimman, mergan ogʻa!

– Ha, senmisan? Kel, bolam! – Oʻta mergan, bir oz oʻnglanib, mehmonga qoʻl choʻzdi. – Koʻpdan beri koʻrinmaysan? Tashvishing koʻpmi?

– Ish koʻpayib ketdi, ota. Oʻzingiz durustmisiz? Hovlida hech kim yoʻq, bolalar qayda?..

– Barisi dalada.

– Ota, miltigʻingizni soʻrab kelgandim. Shahardan nozikroq mehmonlar kelishmoqchi edi. Bir ov qilib yayrasak, degandik.

Oʻta merganga jon kirgandek boʻldi. Ishqiboz odamlar qiziq-da! Bichilgan qul xoʻjasining toʻshakdagi ishqiy sarguzashtlaridan zavqlangani kabi darmonsizlanib qolgan mergan oʻzgalarning ovidan bahra olardi. Miltigʻini beradi. Oʻzi otishga yaramaganidan keyin, boshqalar otsin-da!

– Odamga toʻgʻirlama! – odatdagidek tayinladi mergan miltiqni Shosalimga tutqaza turib. – Ovning uchdan bir ulushini menga olib kelishni unutma, xoʻpmi!

37

Shosalim oʻsha kuni ovda uzoq qolib ketdi. Xotini Salima yurak hovuchlab erini kutib uxlay olmadi. Tun yarmidan oqqanda allaqanday gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir tovushlar qulogʻiga chalinib, tashqariga chiqdi. Hovlisining etagidagi eski hujraning chirogʻi yoniq. Eri eshik oldida papiros tutatib turar, ichkaridagilar nima ish bilandir mshgʻul edi.

“Oʻlja kattaroq boʻlganga oʻxshaydi, – oʻzicha oʻyladi Salima, – goʻsht taqsimlashyapti”. Erkaklarning ishiga aralashgisi kelmadi. Qaytib uyiga kirib ketdi...

Salima Shosalimlarning xonadoniga kelin boʻlib tushgan damlarini oʻylab bir oz yotdi. Hademay eri oʻrtoqlarini kuzatib uyga kirdi. Uni kutib turgani ma’qul. Lekin Shosalimdan hadeganda darak boʻlavermagach turib tashqariga moʻraladi. Hujraning chirogʻi oʻchgandi. Hamma yoq jim-jit. Hayron boʻldi. Keyin ichkari xonaning eshigini ochib bolalarini koʻzdan kechirdi. Kichigi juda besaranjom yotadi. Vaqti-vaqti bilan ustini yopib qoʻymasa, koʻrpasini tepib tashlayveradi. Mijozi issiq. Jahli tez – otasiga oʻxshaydi.

Salima yana oʻsha voqeani esladi. Yangi kelin boʻlib tushgan davrlari edi. Shosalim dalada ishlardi: tong saharlab otasi derazalari ostiga kelib, uning nomini aytib chaqirar, oʻgʻlini uygʻotib ishga joʻnatardi. Salima avvaliga oʻzini majbur qilib, eri bilan bab-barobar turib yurdi. Ammo kuni boʻyi uyqusirab, horgʻin alfozda yurishga uzoq chidamadi. Bir kuni uygʻonishga uygʻondi-yu, ammo oʻrnidan turmadi. Qiziq, Shosalim bunga oddiy qaradi. Hatto, uni bezovta qilmaslik uchun koʻrpadan ohista sirgʻalib chiqdi. Salima kelinlarning tong saharlab uygʻonishi kattalar chiqargan bir qoida – kelinlarni qiynash uchun qaynonalar tomonidan oʻylab topilgan bir bahona ekan, deb oʻyladi. Biz axir erlarimizga boʻysunamiz-ku?! Erim gapirmadimi – demak, saharmardon turishim shart emas! “Sali, senga havasim kelayapti, – degandi dugonalaridan biri. – Oʻzing xon, oʻzing sulton kelin boʻlasan. Qaynanang yoʻq – xohlaganingni qilasan”. Yoʻq, adashgan ekansan, dugonajon. Bu chol ikkita qaynonaning oʻrnini bosadi.

Salima shunday oʻylar ichida yana uxlab qolibdi, kimdir derazani taqillatgandek boʻldi: «Qizim, turing, vaqt allamahal boʻldi”, qaynotasining tovushi eshitildi tashqaridan.

«Ha, ovozing oʻchsin!» – Salima xohlab-xohlamay oʻrnidan turdi. Uyqusiragancha bir muddat oʻtirdi. Keyin tashqariga chiqdi. Qaynotasiga sovuqqina qilib salom berdi-da, supurgi va chelakni olib koʻchaga yoʻnaldi.

Bu qiynoqlarga qanday barham bersam ekan – xayoli shu oʻy bilan band edi uning. Odam bolasining tabiati qiziq, ba’zan irodasizligi tufayli bir parcha non, bir lahzalik huzur-halovat uchun nimalardan kechvormaydi, deysiz. Salima ham tongning shirin uyqusi deb hayotidagi eng katta xatoga yoʻl qoʻydi.

Kechqurun, ovqatdan soʻng uchchovlari qoʻlbola soʻrida televizor koʻrib oʻtirishganida Salima dasturxonni yigʻishtirib oldi-da, uyga kirib ketganicha qaytib chiqmadi. Shosalim hayron: axir hozir qiziq bir filьm boʻladi. Salima koʻrmoqchi edi-ku? Tinchlikmikin? Shosalim shu haqida otasidan soʻramoqchi boʻldi-yu, lekin bir nimalarni oʻylab fikridan qaytdi. Naridan-beri kino koʻrgan boʻldi-da, otasi bilan xayrlashib uyiga kirdi.

– Sizga bir nima boʻldimi? – teskari oʻgirilib yotib olgan xotiniga tegajoqlik qildi u. – Yoki ari chaqdimi?

– Ey-y-y, qoʻying! – U belidan erining qoʻlini olib tashladi. Xotinining bu xatti-harakatidan Shosalimning izzat-nafsiga zahm yetdi.

– Menga qarang, nima boʻlganini ayting yoki yigʻish¬tiring bu tomoshani! Agar rosmona jirkansangiz... – Uning ovozi keskin, hukmi qat’iy edi. – Bundan keyin, hech qachon meni xuddi jirkangandek siltab tashlamang – uqdingizmi?..

Shosalimning qoni qaynagan, ogʻir-ogʻir nafas olardi. Salima, bir oz oshirib yuborganini sezdi. Oʻrnidan turib erining yelkasiga osildi:

– Men sizdan jirkanar ekanmanmi? Axir, butun qishloq qizlari menga havas qilishadi-ku!

Shosalimning birdan koʻpchib ketgan qoni tezgina sovidi.

– Nima boʻlganini aytarsiz endi?

Salimaning sukut saqlab turishidan uning koʻksida yana shubha-yu gumonlar gʻimirlay boshladi. Shosalim qishloqning old yigitlaridan biri ekanini yaxshi bilardi. Kuchli, xushsurat yigit edi, birgina kamchiligi qashshoq yashashardi. Ana shu tomondan ojiz ekanini anglardi.

Yoshligida bu narsa uni hech qachon tashvishlantirmagandi. Ota-onasi kamsuqumgina insonlar – ularni shu holicha sevar, ardoqlardi. Shu paytgacha ularning kambagʻalligini hech kim uning yuziga solmagandi, hali ustidan kulmagandi. Bu 10-sinfda oʻqib yurgan kezlari sodir boʻldi.

«Ochiq dars»da kim boʻlsam ekan degan mavzuda suhbat qurishgandi. Har kim oʻzi tanlagan kasbi haqida gapirdi. Navbat Shosalimga kelganida, sinfdagi olifta Tolib gap qistirdi.

– Shosalim, sen aytmasang ham bilamiz – quruvchi boʻlasan! – Sinfxonaning har joy-har joyidan «piq-piq» kulgi eshtildi.

– Nega endi quruvchi, men zavodda ishlayman!

– Nima, otangning kasbini qilmoqchi emasmisan? Otang axir quruvchi-ku!

Bolalar yana kulishdi. Shosalim esa na Tolibning ilmoqli gaplarini, na bolalarning kulgularini tushunmay boshi qotgandi. Agar shu payt tanaffusga qoʻngʻiroq chalinmaganda, bahs nima bilan tugashini hech kim bilmasdi.

– Tolib! – sabri chidamadi Shosalimning. – Otamning nima ish qilishini men bilamanmi, sen? Boyagi kinoyalaringga balki izoh berarsan – kulish boʻlsa birga kulishaylik!

Tolib ayni shunday vaziyatni kutgandi. Hammaning nigohi hozir ularda. Sinfning eng oldi qizi Salimani oʻziga ogʻdirib olgan Shosalimni ruhan sindirish uchun bundan qulayroq vaqt boʻlmasa kerak.

– Kulishaylik, deysanmi? – zaharxanda qildi Tolib. – Bizga qoʻshilishib kulisha olarmikansan? Otangni quruvchi, deganim... Otang kechki paytlari odamlarning uyida hojatxona qazib yurishidan xabaring boʻlmasa kerak!

– Yolgʻon! Yolgʻon aytayapsan, – Tolibning yoqasidan mahkam changallab silkiladi u. Bolalar darhol ularni ajratib qoʻyishdi.

– Yolgʻon gapirib menga zaril keptimi? Kecha otang bizga chiroyli bir hojatxona qurib berdilar. Tekinga emas albatta.

Shosalim ortiq bir soʻz demadi. Yigʻlamsiragancha otilib sinfxonadan chiqib ketdi.

Kechki ovqat mahali ota tund qiyofada oʻtargan oʻgʻlining koʻnglini koʻtarmoqchi boʻldimi, enasiga qarab: «Nasib etsa, yaqin kunlarda oʻgʻlingga bitta velosaped obberaman», – dedi. U oʻgʻlining shodlikdan irgʻishlab ketishini kutgandi. Bunday boʻlmadi. Aksincha, Shosalimning boshi yanayam quyi egildi:

– Kerak emas, – dedi u eshitilar-eshtilmas.

– Nima? Kerak emas? – hayron boʻldi enasi. – Axir shu matohni deb holi-jonimga qoʻymaysan-ku, bolam!

– Kerak emas, dedimmi – menga hech narsa kerak emas. Velosaped ham, kiyim-bosh ham – hech narsa kerak emas!

Ota-ona Shosalimning dabdurustdan bunchalik tutaqib ketishidan hangu mang boʻlib qolishdi.

– Men sizlardan hech narsa soʻramayman. Menga hech narsa kerak emas. Faqat dadam endi hech kimnikiga borib, hojatxona qurmasalar boʻlgani!

Shosalim shart oʻrnidan turdi-da, yigʻlagancha uyga kirib ketdi. Shu-shu uning yuragida kolxoz bugʻoltirining oʻgʻli Tolib tufayli tugʻilgan nafrat oʻsib-ulgʻayib, oʻziga toʻq kishilarga nisbatan qahr-gʻazab, hasad tuygʻulariga aylandi. Endi har bir puldor odam uning koʻziga Tolib qiyofasida namoyon boʻlar, Shosalim jon-jon deb bu qiyofani momataloq qilishga tayyor edi.

Hozir u shularni oʻyladi. Salima ayni shu tobda, roʻzgʻordagi yetishmovchiliklardan noliydigandek, dasti qisqaligidan zorlanadigandek tuyuldi.

– Ertalab dilim xufton boʻldi, – iymanibgina soʻz boshladi Salima, – otangiz meni uygʻotmoqchi boʻlib uyga kiribdilar. Ich kiyimda yotgandim, ustim ochiq qolgan ekan. Biram uyalib ketdim, otam boʻlsa tikili-i-i-ib turibdilar...

Shosalimning yuragi sanchgandek boʻldi. Hoziroq borib, otasi bilan orani ochiq qilishga tayyor turardi, ammo... «Nahotki, otam oʻz keliniga hirs bilan boqqan boʻlsa? Axir bu sharmandalik-ku! Odam ham shunchalik past ketishi mumkinmi? Balki, Salimaga shunday tuyulgandir!» – Shosalimning koʻziga uyqu kelmadi. Tonggacha ana shunday iztiroblar ichida toʻlgʻonib chiqdi. Ertalab turib tashqariga chiqdi. Otasi odaticha hassasini toʻqillatib shu tomonga kelmoqda ekan.

– Shosalim, turdingmi, bolam?!

– Ha, xoʻrozga oʻxshab likonglamasangiz ham boʻlardi.

Kutilmagan bu gapdan ota tosh qotdi:

– Bu nima deganing, oʻgʻlim?

– Xoʻroz, men qichqirmasam tong otmaydi deb oʻy¬larkan! Siz ham endi bizni ta’qib qilishni bas qilsangiz boʻlardi. Sizsiz ham uygʻona olamiz! – zarda qildi Shosalim

Otaning koʻngli ranjidi. Ammo nima ham qila olardi. Hozir oilaning boquvchisi u. Unga boʻysunish lozim. “Balki, unga haliyam yosh boladek munosabat qilayotganim erish tuyulayotgandir?” – oʻyladi ota. Keyin, asta burilib ketarkan: «Toʻgʻri aytasan, oʻgʻlim, endi aralashmaganim boʻlsin!» dedi.

– Keliningizni ham tinch qoʻying! – otasining ortidan baqirdi Shosalim.

Oʻsha kuni otasi xujrasidan chiqmadi. Salimaning hatto tushlik olib kirishga ham yuzi chidamadi. Kechqurun eri kelgach esa, uni otasidan xabar olishga undadi. Shosalim hujradan oʻqdek uchib chiqdi:

– Sali! – butun vujudi qaltirardi uning. – Otam oʻlib qolibdilar-ku!..

Haqiqatdan ham ota oʻz toʻshagida bir bandcha pulni mahkam siqqancha jon taslim qilgandi. Pulni bolalariga bermoqchi boʻlgan hoynahoy. Salima qilib qoʻygan ishidan keyinchalik, koʻp bor afsuslandi, ammo endi taassuf chekmoqdan ne foyda?! Otadan qolgan pullarni esa olishdi. Otani shu pullar hisobidan koʻmishdi. Shu pullar hisobidan shaharga koʻchib ketishdi. Ushalmagan armonlari ushaldi. Bu pullar otaning uzoq yillar hojatxona qazish evaziga yiqqan bisoti ekani Shosalimning xayoliga ham kelmadi.

38

Sakina eshikni ochib ostonada notanish bir yigitni koʻrib, avvaliga mijozlardanmikan, deb oʻyladi. Chaqirilmagan mehmonning militsiyadan ekanini bilgach, rangi oqarib ketdi. Lablari pirpirab: «Menda nima ishingiz bor – qonunga xilof bir ish qilganim yoʻq» dedi yelkalari titrab.

– Qoʻrqmang, qoʻrqmang! – tinchlantirdi uni Akmal. – Men bor-yoʻgʻi bir masalada siz bilan suhbatlashmoqchi edim. Uch-toʻrt savolim bor, xolos. Agar ruxsat etsangiz...

Sakina shu payt es-hushini yigʻib oldi. Eshik oldida gaplashish oʻzi uchun ham foydali emasligini fahmladi: qoʻshnilar oʻtib-qaytib turishibdi, har nechuk...

– Kiring! – Sakina oʻzini chetga olib, yoʻl boʻshatdi.

– Siz mana bu kishini taniysizmi? – Akmal unga Jobirbekning suvratini koʻrsatdi

– Yoʻq!

– A, Jobirbek ismli kishini-chi?

– Taniyman u loʻttibozni! – Sakina yuzini burish¬tirdi.

– Mana bu maktubni siz yozgansiz – dasxatingizni taniyapsizmi?

– Ha. Oʻsha loʻttibozning boplab bir ta’zirini berish uchun qilganman bu ishni.

– Turgan gapki, sizni bu ishga kimdir undagan. Oʻsha kishilar kimlar edi – tanimaysizmi mabodo?

– Yoʻq. Koʻrsam taniyman. Ular ikki kishi edi. Halol bir odamning vakillari boʻlib kelishgan ekan. – Sakina shu soʻzlarni aytib, birdan tutaqa boshladi. – Shu ishning oxiri voy ekanini oʻsha paytdayoq koʻnglim sezgandi-ya. Nafsim qursin! Qurib ketsin oʻsha loʻttivoz ham... Bir boshimga shuncha gʻavgʻo kerakmidi? – Sakina iztirob ichida, qaltiray boshlagan qoʻllari bilan Akmalning bilagidan tutdi: – Oʻrtoq tergovchi, meni qiynamang. Hamma savollaringizga javob beraman. Faqat, tushuntirib bering – nima gap? Nima voqealar sodir boʻlayapti oʻzi?

Akmal bir zum jim qoldi. Nimalarnidir mulo¬haza qi¬lib koʻrdi. Keyin qat’iy bir qarorga kelib soʻz boshladi:

– Mayli, sizga aytsam boʻladi. Siz Jobirbek sifatida tanigan odam aslida u emas. Jobirbek mana bu odam! – Akmal boyagi suvratni koʻrsatdi hayratdan ogʻzi ochilib qolgan Sakinaga. – Mana shu odam bundan toʻrt oycha burun, izsiz yoʻqolgan. Bu jinoyatga siz bilgan Jobirbekning aloqasi bor, degan faraz bor.

Sakina begunoh bir odamni shuncha soʻkib, qargʻab yurgani uchun oʻzini-oʻzi ayblay boshlagandi. Akmal unga yuzlandi:

– Endi menga anavi sirli shaxs bilan bogʻliq barcha tafsilotlaringizni soʻzlab bersangiz. Keyin men sizga hikoyaning davomini aytaman. Oʻshanda qanchalar goʻl boʻlganingizni, necha bor chuv tushganingizni bilib olasiz.

Sakina boʻlib oʻtgan voqealarni soʻzlar ekan, Akmal tafsilotlarning ayrim joylarini daftarchasiga yozib bordi. Sakina soʻzini tugatgach Akmal miyigʻida kulimsirab qoʻydi:

– Qoyil! Naq tartanak uyasi. Chigal, ammo mohirona toʻqilgan reja.

Shundan soʻng hech nimaga tushuna olmay, garangsib turgan Sakinaga bir haqiqatni anglatib qoʻydi. Shuning oʻzi unga bor haqiqatni anglashi uchun kifoya edi. Haqiqatdan ham Sakina Farangis va Nargizning opa-singil ekani-yu, Jobirbek niqobi ostida yashiringan shaxs Nargizning jazmani boʻlganini bilib, esidan ogʻib qolishiga oz qoldi. Akmal Sakinaning hushini yigʻib olishini kutib turdi. Keyin unga qarab kulib qoʻydi.

– Telefoningizdan foydalansam boʻladimi?

– Bemalol, bemalol! Sakina uni telefon turgan burchakka boshlab bordi. Yoʻl-yoʻlakay esa, “voy ablah-ey, voy loʻttibozlar-ey. Rosa boplashibdi-ku,a meni!” deb mingʻirladi u.

Akmal mayor Nurxoʻjayevga telefon qildi. Ish bitganini, bugunoq uchib borishini ma’lum qilib, goʻshakni joyiga qoʻydi. Keyin Sakinaga yuzlanib: «Kiyining, men bilan ketasiz», dedi kutilmaganda. Sakina bu taklifdan dovdirab qoldi:

– Men? Nega?

– Xavfsizligingiz uchun.

Ikkita noma’lum shaxs Sakinaning eshigini taqillata boshlagan chogʻ ular oʻtirgan samolyot osmonga koʻtarilib boʻlgandi...

39

Shosalimning yoshligidan yuragida chandiq boʻlib qolgan bir dardi bor edi. Nogahon ana shu yaraga tegib ketsang bas, u ogʻriqning zoʻridan anchagacha oʻziga kela olmay yurardi. Uning eng ojiz joyi, ogʻriq nuqtasi ham shu edi. Inson bolasida azal-azaldan bir-biridan ustun boʻlishga, yo zoʻri, yo zari bilan bir-birini kamsitishga moyillik qusuri mavjud. Ikki kurashchi qanot yozib maydonga tushsa, turgan gapki, ikkalasi ham oʻlib-tirilib gʻoliblik uchun olishadi. Ikkisi ham raqibimning kuragini yerga bossam, deydi. Hatto raqibni dast koʻtarib, boshi uzra yuksaltirgan polvonning pirovard maqsadi uni chirpirak qilib yerga uloqtirishdan iborat boʻladi. Atrofda qiy-chuv koʻtarib turgan olomonni aytmaysizmi. Davraning ikki tomonida ham kurash qiziydi: tuygʻular jangi, ehtiroslar kurashi! Har ikki guruh oʻz polvonining qoʻli baland kelishini istaydi. Shavqu zavq borasida raqiblardan ustun boʻlgisi keladi. Xullaski, qaysi tomonga qaramang, ana shu manzaraning guvohi boʻlasiz: puli koʻp, bisoti moʻl odamning auksionda oshigʻi olchi, bilimi zoʻr, idroki benazir olimning fanda omadi chopib boraveradi.

Shosalim oʻzidan toʻqroq, oʻzidan ustunroq kishilarning hammasidan ham hamisha nafratlanavermasdi. Toki uning «tagi past»ligini yuziga solishmasa, oʻsha ogʻriq nuqtasiga tegishmasa – birovga zarari tegmasdi hisob. Kezi kelganda tashabbusini, birda kuchi, birda bilimini ishga solib, shuning evaziga oladigan nasibasi bilan kifoyalanib yuraverardi. Jobirbek bilan munosabatlari ham ana shu asosga qurilgandi. U Jobirbek tang ahvolda qolganida yordamini ayamadi, Jobirbek oʻz navbatida uni yaxshigina siyladi, oʻziga yaqin oldi, u munosib tirgak boʻlishga tirishdi, sadoqat bilan xizmat qildi.

Doʻstidek aziz, ukasidek yaqin boʻlib qolgan Shosalimning xizmatlarini birda kiftiga qoqib, birda boshini silab, yana birda qoʻlini siqib kelayotgan Jobirbek, bir gal bilib-bilmay uning ogʻriq nuqtasiga tegib ketdi.

Oʻshanda Jobirbek xonasida ikkita notanish, ammo koʻrinishidan badavlat, basavlat nusxa bilan nima haqdadir qizishib, bahslashib turardi. Mavzu jiddiy, har ikki tomon bir toʻxtamga kela olmagani asablarning tarang tortilganiyu yuzlarining boʻgʻriqib ketganligidan koʻrinib turardi.

– Jobirbek, haliyam kech emas – shartimizga koʻning, – uzun boʻyli, kampirdahan mehmon, hamsuhbatini soʻnggi bor koʻndirishga harakat qildi. U garchi ohista soʻzlasa-da, gaplarida tahdid ohangi sezilib turardi. – Ixtiroingizni oʻzimizda qoʻllab nima topasiz? Shon-shuhratmi? Molu davlatmi? Ikkisi ham siz uchun sarob boʻlib chiqadi – meni aytdi dersiz. Qolaversa, shuhratni shundoq qoʻlingizga tutqazib qoʻyadigan vallomat yoʻq bizning jamiyatda. Yoki Firdavsiyning «Shohnoma» siga oʻxshab bir hovuch sariq chaqaga baholanadi ishlaringiz...

– Shuning uchun Rafiq akamning aytganlariga koʻning, – nasihatga tushdi hoʻkizdek baquvvat, sochini tap-taqir qilib qirdirgan Shotir ismli sherigi. – Ixtiroingizni xorijga sotsak, – u notoʻgʻri gapirmadimmi, deganday Faqirbekka koʻz qirini tashladi, xoʻjayinning yuzida biron-bir oʻzgarish alomati sezilmagach, gapida davom etdi, – bilasizmi, xorijliklar bu ixtiro uchun qancha toʻlashadi? Davlatdan oladiganingizdan ming marotaba koʻp haq olasiz.

Jobirbek pulni muqaddas biluvchi, Xudosi ham, ka’basi ham pul boʻlgan bu kishilarga oddiy bir haqiqatni – Vatan, el-yurt oldidagi burch kabi tushunchalarni anglata olmasligiga koʻzi yetgandi. Shundan suhbatga batamom nuqta qoʻyishga qaror qildi.

– Janoblar, uzr! Bu davlat idorasi. Bunda qonun-qoida, boʻysunish lozim boʻlgan intizom mavjud. Mavzuga boshqa qaytmaganimiz ma’qul. Chunki mening bu boradagi qarorim qat’iy. Uni hech kim va hech nima oʻzgartira olmaydi...

Shu payt eshik zarb bilan ochilib Shosalim otilib kirdi. Uning bemavrid tashrifi, ustiga-ustak direktorning kabinetiga yotoqxonasiga kirgandek eshikni taqillatmay, ruxsat soʻramay kirishi Jobirbekka sal ogʻir botdi. Mana bu odamlarning oldida izza boʻlgandek sezdi oʻzini: «Hamma narsaning ham chegarasi bor», dilidan oʻy kechdi uning. “Tavba! Odam bolasi nega bunaqa ekan-a? Bir oz puli koʻpayib yoki obroʻyi oshsa – har qanday chegarani bosib oʻtish mukin, deb oʻylaydi”.

– Jobirbek, sizda ishim bor!.. Kechiktirib boʻlmaydigan ish... – Uning qizargan-boʻzargan afti-angori, garchi masala jiddiy ekanidan darak bersa ham, Jobirbek Shosalimning shoshqaloqligidan rosmana ranjidi. Mehmonlari turishga taraddudlanib qolishgandi, Jobirbek, hozir dedi-da, Shosalimga yuzlandi:

– Dunyoda bitmaydigan ish yoʻq. Faqat, hamma ishning oʻz mavridi bor. Napoleon bir naynov generaliga, siz mendan baland emassiz, uzunsiz xolos, degani kabi, keling, har bir narsani mavridida qilaylik. Men hozir mehmonlarni kuzatib olay. Siz bilan keyin gaplashamiz, maylimi?

Bu Shosalimga ochiqdan-ochiq, chiqib turing, degani edi. Boya taqsimot boʻlimi boshligʻidan yengilgina zarba yeb bir oz gandiraklab qolgan Shosalim, hozirgi zarbadan batamom oʻzini yoʻqotib qoʻydi...

40

Mehmonlar Jobirbekning tashqarigacha kuzatib chiqi¬shiga unashmadi. “Bir hisobdan shunisi ham ma’quldir”, oʻyladi Jobirbek. Ortiqcha takallufga arzigulik munosabat yoʻq edi oʻrtada. Shuning uchun qabulxonadayoq xayr-xoʻshlashdi. Keyin kotibasidan soʻradi:

– Shosalim nega qizishib yuribdi? Nima masalada kelgan ekan – bilmadingizmi?

Kotiba har ikki savolga ham yelka qisib «bilmadim» degan ma’noda javob qilgach, Jobirbek :

– Toping, huzurimga kirsin! – dedi-da, xonasiga kirib ketdi.

Agar shu fursatda Shosalim topila qolganida edi, Jobirbek vaziyatdan kelib chiqib ogʻirroq gapirib yuborgani uchun undan uzr soʻragan boʻlardi ehtimol. Ammo izlaganlar uni topa omadilar.

Shosalim nima qilishini bilmay mashinasining yonida tosh qotib turardi. Xayollarga shu qadar gʻarq boʻlgandiki, boyagi mehmonlar unga yaqin kelganlirini ham sezmay qoldi.

– Ha, inim?

Shosalim choʻchib ular tomonga oʻgirildi. Shu damda hech kimni koʻrishga toqati yoʻq edi. Koʻzi qonga toʻlib bu vaziyatdan chiqishning yoʻlini izlardi.

– Avzoingiz chatoq-ku! – Rafiqbek uni yana gapga solmoqchi boʻldi. Keyin shotiriga qarab, ma’noli qilib koʻz qisib qoʻydi: – Doʻstingdan top, deganlari shu boʻladi!

Shosalim noiloj qolgandi. Toʻlib ketgan yuragini yorishdan boshqa chorasi yoʻqligini payqadi: «Harholda, begona kishiga oʻxshamaydi, aks holda Jobirbek bilan doʻstligini qaydan biladi?» – oʻyladi Shosalim .

– Qishloqdan kelishgan ekan. Ikki kundan beri navbat kutib turishibdi. Mendan iltimos qilishuvdi. Shu zavodda ishlasamu, direktorning eng yaqin doʻsti boʻlib, bir mashinani navbatsiz oʻtkazib yubora olmasam – alam qilarkan odamga!

– Shumi muammo? – Rafiqbek Shotirga «bor bajar» degan ma’noda ishora qildi..

– Mashinaning nomeri qanaqa? – Soʻradi Shotir. Shosalim muammosini bu yoʻl bilan yechishni istamasa-da, boshqa iloji yoʻqligidan istar-istamay vaziyatga boʻysundi.

– 19–65 KFA...

Shotir katta darvoza tomonga ketgach, Rafiqbek Shosalimni yoʻl boʻyidagi quyuq daraxtlar bilan qoplangan bogʻning ichkari tomoniga yetakladi. Atrofdagi gʻala-gʻovur, mashinalarning shovqin-suroni bemalol gaplashishga xalaqit berardi.

– Kamina bir narsaga sirayam tushuna olmay taajjubdaman, – uzoqdan gap boshladi Rafiqbek. – Siz salkam direktor darajasidagi odamsiz. Binobarin zavodda oʻz ta’siringiz boʻlishi kerak. Nega endi oddiygina bir taqsimot boʻlimining boshligʻi oddiygina bir iltimosingizni bajarmaydi? Sizni tan olmaslik direktorni tan olmaslik bilan teng-ku! Shunday emasmi?

Rafiqbekning mulohazalari oʻrinli edi. Shosalim uning fikr yuritishiga maftun boʻlib qolgandi. Rafiqbek tufayli oʻzi hech qachon oʻylamagan bir haqiqatni anglagandek boʻldi.

– Koʻzingizni kattaroq ochib, hushyor boʻlmasangiz mana shunday itning orqa oyogʻi boʻlib qolaverasiz. Agar qoʻpol oʻxshatish qilgan boʻlsam, uzr!

– Hechqisi yoʻq. Siz ayni haqiqatni soʻzlayapsiz! – Suhbatdoshining uzrini qabul qildi Shosalim. – Demak, menga ortiqcha huquq bermaslik tashabbusi Jobirbekdan chiqqan. Shuning uchun ham menga hamma uning doʻsti deb emas, oddiy bir shoʻpiri deb muomala qilar ekan- da! Ketaman, mana mashinasi ham boshidan qolsin!

– Qizishmang, inim! – tinchlantirdi uni Rafiqbek. – Boya Napoleonning voqeasini ham bejiz misol qilmadi bu, men seni oʻzimga yaqin olganim bilan, sen mendan pastsan – haddingni bil, degani edi. Shuni fahmladingizmi?

Shosalim bunga e’tibor qilmagandi. Oʻsha tobda, oʻzini tinglamagani, eshikdan quvib solgani uchun ranjigandi. Endi oʻylab qarasa doʻst degani rosa haqorat ham qilgan ekan-ku! Xafachiligi ikki hissa oshdi uning. Ikki oʻrtada doʻstlik rishtalari uzilgani aniq edi. Shosalim bundan buyon nima qilishini, qanday yoʻl tutishni bilmasdi. Shundan, jon kuydirib, uning tashvishini qilayotgan Rafiqbekdan najot istadi.

– Endi nima qilsam?.. Nima maslahat berasiz?

– Avval mening bir savolimga javob bering, – dedi Rafiqbek uning savolini hozircha javobsiz qoldirib. – Ayting-chi, Jobirbekning sizni oʻziga yaqin olishi nimadan – qarindoshingizmi u?

– Yoʻq!

Shosalim bundan bir necha yil muqaddam, sexda yongʻin sodir boʻlganidagi voqeani soʻzlab berdi.

– Ana koʻrdingizmi? Monstrni axir oʻzingiz – mana shu qoʻllaringiz bilan yaratib qoʻygan ekansiz-ku! U boʻlsa sizning dastingizni qisqa qilib qoʻyibdi. – Rafiqbek uning ahvoliga achinganday boʻlib, bosh chayqadi-da: – Rosa goʻl ekansiz, birodar, – dedi, – axir u siz kabi tashabbuskor odamni, qaysikim shu tashabbuskorligi orqasidan amal pillapoyalaridan yuksalishi mumkin boʻlgan odamni oʻz yoʻlidan olib tashlabdi. Ustomonligini koʻring – oʻziga shoʻpir qilib jilovda saqlab yuribdi. Qoyil, siz tashlagan poydevor ustiga oʻziga mustahkam qoʻrgʻon qurib olibdi, vallomat!

Shosalimning koʻzi moshdek ochildi. Ammo endi kech. Endi bundan buyon nima qilishini – qanday yoʻl tutishi loimligini oʻylashi kerak.

– Endi avval qanday munosabatda boʻlsangiz – oʻshanday davom etiraverasiz aloqalarni. Ammo kallani ishlatsangiz, oʻz haqqingizni ajratib olasiz. Doʻstingiz sizdan qanday foydalangan boʻlsa, siz ham shunday yoʻl tuting. Bu «oʻz qalpogʻini oʻziga kiydirish, oʻz qoʻli bilan oʻzini boʻgʻish», deyiladi.

Shu payt daraxtlar orasidan Shotirning qorasi koʻrindi. Yonida qishloqdoshlari ham kelishmoqda edi. Rafiqbek qishloqinamo bu odamlar Shosalimga kelayotganini bilib chekkaladi. Ular bilan salomlashishni ham oʻziga ep koʻrmadi. Bu ham bir hisobdan yaxshi boʻldi: «koʻrib qoʻyishsin, Shosalim qanday odamlar bilan hamsuhbat ekanini.!». Yoshlikdagi sinfdoshi va raqibi, hozirda tumandagi qurilish tashkilotida ta’minotchi boʻlib ishlayotgan Tolib kela solib, uning qoʻlini mahkam siqdi:

– Rahmat, joʻra. Mushkulimizni oson qilding. Borganingda kir, quyuq ziyofat bizdan. Sen bilan faxrlanamiz...

Boyadan beri dili xufton boʻlib turgan Shosalimning chehrasi bir oz yorishdi. Bu Tolibning ustidan qozongan gʻalabasi edi. Ana shu gʻalaba uchun u Rafiqbekka qulluq qilishga-da tayyor edi shu damda. Shunday boʻldi ham: u Rafiqbek gʻoyalarining quliga aylandi.

41

Salima ertalab erini ishga joʻnatib, roʻzgʻor yumushlariga shoʻngʻib ketdi. Avval shaharda yashagan kezlari, oʻzini juda nosogʻlom sezardi. Chordevorning ichida rosa siqilardi. Qishloq – qishloq-da baribir. Roʻzgʻor – gʻor. Ish degani boshidan oshib yotibdi. Ammo charchashga qoʻl tegmaydi. Hammasini oʻzi bajarishi kerak. Eri koʻchadan ortmaydi. Endi zavodga direktor boʻlganidan beri-ku, roʻzgʻordagi erkakbop ishlar ham uning zimmasida. Salima hovli burchagidagi huvillab qolgan katak oldida bir pas toʻxtadi: “Shu katakni kengaytirib bering, deb bir haftadan beri javrayman – foydasi yoʻq, oʻzim yeng shimarmasam boʻlmaydi”.

Salima shularni oʻylab turgandi, darvoza oldiga mashina kelib toʻxtadi: «Volga». «Erimning bunday ertachi qaytadigan odatlari yoʻq edi-ku?» Salima bir oz bezovtalanib darvozaga tomon yura boshlangandi, u yoqdan ikkita notanish yigit ostona hatlab ichkariga kirishdi.

– Assalomu alaykum, yanga! Men Ilhomjon – Shosalim akaning shofyoriman. Mana mardikor yollab keldim, uyda ozgina yumush bor degandilar.

– Ha, kelinglar, kelinglar. Hozir choy damlayman!

– Tashvish qilmang, yanga. Men borishim kerak. Siz mana bu kishiga ishni koʻrsatsangiz bas...

– Ismingiz nima uka?

– Shokir! – Ilhomjonni joʻnatib ichkariga kirgan Salima mardikor yigitni katak tomon boshlarkan, uni gapga tutdi. – Akangiz, he yoʻq, be yoʻq quyonlarimni Oʻta merganga oborib beribdilar. Tavba, nega deb soʻrasam gapirmaydilar. Oʻta merganni taniysizmi?

– Yoʻq. Men bu yerlik emasman.

– Ha, bir chol-da! Yoshligida mergan oʻtgan. Ovchi. Hozir qarib-qartayib qolgan. Miltigʻini ijaraga berib turadi. Akangiz yaxshi ov qiladilar. Oʻsha kuni nima jin urdi-yu, ertalabgacha hech nima ovlay olmabdilar shekilli, quyonlarimizni miltiq evaziga berib yuboribdilar. Quyonlar bolalarning ermagi edi. Quyon obberasiz, deb boshimni qotirishyapti. Mana shu katakni kengaytirib, quyon boqishga moslab bersangiz.

Salimaning tabiatidagi qusurlardan biri – birovga bir nima demoqchi boʻlsa gapni bir qir naridan aylantirib kelardi. Mana hozir ham bir ogʻiz topshiriqqa shuncha izoh. «Quyonxona qurib bering”, desa boʻladi-ku oddiygina qilib, mardikorga tafsilotlarning nima qizigʻi bor?

– Mayli. Siz ishingizni qilavering, yanga! – Shokir yeng shimarib ishga kirishdi.

– Nima kerak boʻlsa mana bu joydan olaverasiz, – Salima omborxonaga ishora qildi. – Taxta deysizmi, mix, sement – hammasi bor.

Shokir ishga tusharkan, vaqt topib Oʻta mergannikiga oʻtib kelishni diliga tugib qoʻydi...

42

Shosalim ertalabga majlis chaqirib qoʻygandi. Sexlarning boshliqlari, laboratoriya, avtobaza va boshqa tizim rahbarlari uning kabinetida toʻplanishgan, ammo belgilangan muddatdan yarim soat oʻtsa hamki, undan darak yoʻq edi. Odamlar betoqat boʻla boshladilar. Hammaning ishi bor axir. Favqulodda ishi chiqib qolgan boʻlsa, qoʻngʻiroq qilib aytib qoʻymaydimi? Yoki tobi qochib qoldimikan? U holda ham ogohlntirishi lozim...

Direktorning kechikishiga boshqa sabab bor edi. U tuni boʻyi mijja qoqmay toʻlgʻonib chiqqanidan, tongga yaqin uxlab qolgandi. Uyqudan bir oz tiniqib turdi. Turdi-yu, ertalab majlis chaqirib qoʻygani yodiga tushdi. Apil-tapil kiynib koʻchaga otildi. Mashnasi hadeganda oʻt olmay, bir oz xunob boʻldi.

– Ha, palakat! – Rulni asabiy siltadi u. – Omadsizlik bir kelsa, qoʻshaloq boʻlib kelaverarkan! Shoshilganda «labbay» topilmaydi, deb shuni aytadilar. – Keyin, mashinasini qulflab katta yoʻlga chiqdi – taksi ushlab, zavodga haydashni buyurdi.

Yoʻlda kechagi dahshatli voqea yana xotirasida jonlana boshladi. Oʻsha bir juft qontalash koʻzlar uni tushida ham, hushida ham ta’qib etishdan toʻxtamasdi. Kecha ham shu hol yuz berdi...

Shosalim reja boʻyicha Qilich bilan Shunqorni Toshkentga joʻnatdi. Ularning vazifasi Sakinani koʻzdan yoʻqotish edi.

– Pulni ayamanglar: Moskvagami, Grozniygami ketsin, gʻoyib boʻlsa bas, – ta’kidladi Shosalim shotirlariga

– Unamasa-chi?

– Unamasa? – Shosalim Shunqorga qattiq tikildi. Bu nigohda «Oʻzing bilmaysanmi?» degan pisanda bor edi.

Qilich boss nima demoqchi ekanini fahmlab:

– Koʻnglingiz toʻq boʻlsin, xoʻjayin! – dedi bir oz yaltoqlanib. – Faqat pichoqni tozalash uchun «qogʻoz»ni moʻlroq bersangiz boʻlgani.

– Bu yogʻidan xotiringiz jam boʻlsin! Anavi juvon gapga kirmasa, unga atalgan pullar ham oʻzingizga qoladi.

– U endi hech qachon gapga kirmaydi! – irshaydi Shunqor.

Bir yoʻla ham elchi, ham qotil sifatida tanlangan bu ikki shaxs ertalabki reys bilan Toshkentga qarab uchdi. Kechga borib Shosalim rejaning ikkinchi qismini bajarishga kirishdi. Otaning chogʻroqqina hovlisiga kirish uncha qiyin kechmadi. E-he, necha yillik umri ana shu hovli bilan bogʻliq-ku! Hovli burchagidagi hujradekkina xona ham unga tanish. Faqat golland pechning sirini hech oʻylab koʻrmagan ekan.

Shosalim ehtiyotkorlik yuzasidan xona eshigini yuqoriga koʻtarib ochdi. Shunday qilsa, gʻiyqillamaydi. Keyin, oʻzini ichkariga oldi-da, eshikni yana oʻsha yoʻl bilan yopdi. Qoʻl fonarini yoqib pechni obdon paypaslab chiqdi. Egilib oʻtxonasiga moʻraladi. Shunda tilsimga yechim topganini fahmladi:

– Pishiqligini qara! Buni hech kim seyf deb oʻylamaydi, – xayolidan oʻtkazdi u. – Men ham shunga oʻxshagan... yoʻq, yoʻq, – fikridan qaytdi u, – umuman oʻxshashi yoʻq bir seyf yasattirishim kerak.

Shosalim oʻtxonadan kalitning teshigini bar¬moqlari bilan paypaslab topdi-da, unga kalitni oʻrnatdi. Oʻngga ikki marta buragandi, pechning oʻrta qismidan «tirs» etgan tovush eshitildi. «Boʻldi! Hammasi tugadi. Jobirbek saltanati quladi!». Shosalim bundan bir yilcha muqaddam boshlagan azob bilan kechgan kurashga bugun soʻnggi nuqta qoʻyishi lozim. Hozir mana seyfni ochadi-da, kerakli hujjatlarni qoʻlga kiritadi. Uni buyuritmachilarga topshirsa, shotirlari Sakinani gumdon qilsa – yopiqlik qozon yopiqligicha qoladi. Shundan keyin uning mushugini «pisht» deydigan odam boʻlmaydi bu dunyoda...

Shosalim pechkada paydo boʻlgan tirqishga barmogʻini tiqib, oʻziga qarab tortgandi seyfning eshigi ochildi. Muzlatgichga oʻxshatib yasalgan ekan: eshik ochilishi bilan ichkarida «chirt» etib chiroq yondi. Shosalim choʻchib tushdi. U seyf toʻridagi koʻzguda oʻzining aksini koʻrgandi. Keyin apil-tapil seyfdagi barcha qogʻozlarni, papkalarni oʻzi bilan olib kelgan sumkaga joyladi-da, seyfni qulflab, tashqariga yoʻnaldi.

Hammasi silliq ketayotgandi. Oynavandli ayvon yonidan oʻtayotib, beixtiyor derazaga qaradi. Oynadan oʻzi tomon tikilgan bir juft koʻzni koʻrdi. Dahshatdan baqirib yuborishiga oz qoldi. Shundan soʻng hovlidan qanday chiqqanini ham, mikrarayondagi uyiga qay taxlit yetib kelgannini ham eslay olmadi. Tonggacha yana tungi lampaning xira yogʻdusida, devorda katta koʻlanka yasab, ketma-ket sigareta tutatib chiqdi. Unga alam qiladigani, tirik odamki bor, yoʻliga gʻov boʻlsa bartaraf etishga qodir edi. Ammo arvohning bir juft qontalash koʻzlari ta’qibidan qochishga joy topa olmay qiynalardi. Illo, bu qiynoqlar doʻzax azobi bilan teng edi.



43

Shokir tushgacha quyonxona uchun joy tayyorladi. Avvalgi katakni buzib, temirini-temirga, choʻpini–choʻpga ajratdi. Keyin quyonxonaning ostki tuproq ishlari bilan mashgʻul boʻldi. Beligacha chuqurlikda hovuzga oʻxshatib oʻra qazidi. Osti va yon atroflarini yaxshilab mustahkam qilmasa – quyonlar yomon, ilma-teshik qilib yuboradi azamatlar. Ish bilan boʻlib, kun tepasiga kelib qolganini ham sezmay qopti. Tepadan shivalab tuproq toʻkilgandek boʻldi. boshini koʻtargandi, qazib chiqarilgan tuproq uyumi ustida biri yetti, biri toʻqqiz yoshlar atrofidagi ikki bolakayni koʻrdi.

– Salom, azamatlar, yordamga keldinglarmi?

– Yoʻ-oʻq! Biz yordamga kelmadik, – bolalarning kattarogʻi Shokirning savolini jiddiy qabul qilgan shekilli, tashrifi haqida batafsil ma’lumot berishga kirishdi: – Ayam aytdila, ovqat tayyor boʻpti... Tushlik qilib olarkansiz.

Bola shu gapni aytib ketishga chogʻlandi: “Yur, Asqar!”. Ukasining esa ketgisi yoʻq edi. Kattasi ukasini qoʻyarda-qoʻymay ketishga undadi. Axiyri, koʻndira olmagach, yuziga bir tarsaki tushirdi. Asqar qoʻlidagi bir parcha nonni yerga otib yubordi-da, oʻtirib olib chinqirib yigʻlashga tushdi. Hovli tomondan Salimaning ovozi eshtildi:

– Bahodir, hoy yashshamagur! Yana ukangni chirqi¬rat¬yapsanmi?

Shokir xandaqdan chiqib, kichkina Asqarni ovutishga tushdi. Agar yigʻlamasa qiziq-qiziq hikoyalar, ertaklar aytib berishga va’da berdi. Asqar yigʻidan toʻxtadi.

– Qachon aytib beyaasiz? – soʻradi u. – Aay aydasangiz yana yigʻyayman!

Shokir uning bolalarcha sodda soʻzlaridan kuldi.

– Mana hozir aytib beraman. Hobil bilan Qobil qissasi: qadim-qadimda yer yuzida bittagina odam boʻlgan ekan. Butun yer yuzida birgina xotini bilan yashar ekan...

– Xotini odammaskanmi? – ularga yaqin kelib ertakka quloq tutib turgan Bahodir luqma tashladi. Shokir bolaning dabdurust bergan savolidan dovdirab qoldi. Keyin, boshidagi xatosini tuzatishga harakat qildi:

– Oʻsha tanho odam xotin olibdi va yer yuzida odam soni ikkita boʻlibdi. Ketma-ket ikkita oʻgʻil tugʻilibdi.

– Odam soni toʻrtta boʻlibdi, – yana gap qistirdi Bahodir .

– Barakalla, – Shokir Bahodirning matemaktik qobiliyatini alqab qoʻydi. Keyin hikoyasida davom etdi: – Bolalarining biriga Hobil deb, ikkinchisiga Qobil deb ism qoʻyibdilar. Ular ulgʻayib voyaga yetibdilar. Hobil aqlli, mehnatkash ekan-u, Qobil tanbal, ishyoqmas boʻlib ulgʻayibdi. Butun borliq, daraxtlar, gullar, qushlar, osmon, yulduzlar – barii-bari Hobilni maqtab, unga tasannolar aytisharkan. Qobilni esa tilga ham olishmas ekan: chunki u gullarni payxon qilib, daraxtlarni sindirib, qushlarga tosh otib yurarkan-da!

Bahodir boʻyniga taqib olgan «rogatka»siga bir qarab oldi-da, keyin koʻrinmasin uchun aylantirib ortiga oʻtqazib qoʻydi.

– Qobil hamisha Hobilning shuhratiga hasad qilarkan. Bir kuni u Hobilni jarga itarib yuboribdi. Endi Hobil yoʻq, hamma meni maqtaydi, deb oʻylabdi u. Aksincha boʻlibdi. Qayerga bormasin hamma undan jirkanar, qotil deb malomat toshini otarkan. Qobil qilgan ishidan pushaymon boʻlibdi. Afsus-nadomat chekibdi, ammo kech boʻlgan ekan.

Mana, sizlar ham aka-uka, inoq boʻlingizlar!

Shokir Asqar uloqtirgan nonni yerdan olib, puflab tuproqqa belangan joylarini tozaladi. Keyin Asqarni koʻtarib oldi:

– Qani ketdik, azamatlar, endi birgalikda tushlik qilamiz...

44

Shosalim «tungi ov»dan qaytgach anchayin hayajonini bosa olmadi. A’zoi badani qaltirardi. Uning ana shu dir-dir titrayotgan tanasi bugun havas qilsa arzugulik hayotga erishgan: qoʻlini qayga uzatsa yetardi. Poyqadamiga barcha eshiklar ochiq, qomati eng qimmatbaho liboslar bilan bezalgan, yumshoqqia keti faqat yumshoq joylarni tusab qolgandi. Sirtdan qaraganda – bir tanaga zarur boʻlgan hamma narsa muhayyo edi. Faqat yuragi bezovta – halovat yoʻq edi dilida.

Shosalimning oʻsha qotillik yuz bergan tundan beri uyqusi behuzur. Ovqatning ta’mini yoʻqotgandi. Yuksak martaba, jaraq-jaraq pul, obroʻ-e’tibor ilinjida Jobirbekka zimdan choh qazib yurgan chogʻlari hozirgidan koʻra baxtiyorroq edi. Undan ham avvalroq doʻstiga begʻaraz xizmat qilib yurgan kezlari turmushi a’lo edi. Avvaliga, «hamma ishlar bitib, qarzlar uzilgach – yurak orom topadi», deb oʻzini aldab yurdi. Mana bugun ana shu qiynoqlarga batamom nuqta qoʻyaman, deb oʻylagandi. Ammo Jobirbekning beozor koʻzlari uni ta’qib etishdan toʻxtaydigan emas. U yuksaldim deb rosa tubanlashganini – sirli bir oʻpqonga qulab borayotganini fahmlay boshlagandi. U voqelikdan koʻz yumib, taqdiriga qasdma-qasd bardosh bilan yashashga qanchalar chiranmasin, kun sayin kuchi tugab, quvvati soʻnib borayotganini his qilmoqda edi.

Qiziq! Yovuz niyat bilan gugurt chaqsang bas, uni alangalatmoq uchun oʻtinchilar koʻpayishib qolarkan. «Koʻr koʻrni qorongʻuda topadi», deganlari shumikin?! Shu boisdan ham yomonlik ketidan yomonlik tugʻilib kelaverarkan-da! Axir... Ehtimol, Jobirbekka nisbatan koʻnglimda gʻaraz gʻimirlagan oʻsha damlarda Rafiqbek uchrab qolmaganida voqealar bu tarzda rivojlanmagan boʻlarmidi?.. Mana bu goʻrsoʻxtalar-chi? Qayoqdan ham topila qoldi? Shosalim Qilich bilan Shunqorni esladi. Pul deganda har qanday qabihlikdan qaytmaydigan nusxalar. Birisi ana shu illati uchun militsiyadan quvilgan, birisi bib-binoyi doʻxtirlik kasbini qilmay, yaloqxoʻrlik yoʻlini tutgandi. Ularni yovuzlik birlashtirdi. Moʻmay daromad topish yoʻlidagi maqsad uyushtirdi. Ayniqsa, Qilich bu yoʻlda hech nimadan tap tortmasdi.

Shosalim Qilich bilan tanishgan ilk kezlarini xotirladi. Nimadir yumush bilan Toshkentga uchgandi oʻshanda. Aeroportdan taksi kira qildi. Taksichi yigit anchayin odamoxun chiqib qoldi. Qiziq-qiziq voqealarni soʻzladi. To yumushlarini bitirguncha, birga yurishi mumkinligini aytib, ana unaqa «xolis» xizmatlarni ham taklif etdi.

Kechgacha birga boʻlishdi. Ishlar tugagach Qilich Shosalimni uyiga boshlab bordi. Koʻpqavatli uyda turarkan. Xotini Farangis koʻxlikkina juvon ekan. Ochiq yuz bilan qarshiladi mehmonni. Yangi, ohori toʻkilmagan sochiq tutdi. Keyin bir pasda dasturxon tuzadi. Shosalim quruq boʻlmasin deb yoʻl-yoʻlakay bozorga tushib chiqqandi. Farangis ana shu mahsulotlardan shunaqangi taomlar tayyorladiki, mazasi Shosalimning ogʻzida qoldi.

Qilich barvasta, polvonkelbat yigit edi. Militsiya formasida tushgan rasmlarida shunaqangi salobatli koʻrinardiki, mana bu shirikayf boʻlib aljirab qolgan kishiga oʻxshamasdi sira.

– Militsiyadan nega ketdingiz? Odamlar bu sohaga ishga oʻta olmay xunob boʻlib yurishadi-ku! – Shosalim ovqat chaynab turib Qilichni gapga tutdi.

U savolga toʻgʻridan-toʻgʻri javob bermadi. Qoʻlidagi qadahni boʻshatdi-da, aroqning achchiqligidanmi yoki savolning taxirligidan – yuzi burishib ketdi.

– Vo, orqam, degan ekan bir kishi. – Qilich, gazakka qoʻl uzatarkan, ham aroqning achchigʻini, ham savolning taxirini bir yoʻla bosishga tutindi. – Orqamiz boʻlganida, oka, hozir ishlab yurgan boʻlardik. Biror-bir rayon milisasining nachalnigi boʻlgan boʻlardim ehtimol...

Agar Qilichning militsiyadan ketishi haqiqatdan ham shu vajdan boʻlsa, savolga qoniqarli javob boʻldi. Ammo u asl sababini yashirdi. Qingʻirligi tufayli mundiridan mosuvo boʻlganini soʻzlamadi. U saylgohlarda, soʻlim maskanlarda sevishgan yigit-qizlarni uyat ishlar ustida qoʻlga tushirib, «biznes» qilganini aytmadi. Jamoat tartibini buzganlikda ayblangan yigit-qizlar burgutning changaliga tushgan musichadekkina boʻlib qolishar, keyin qoʻrquv va sarosima ichra bunday sharmandali vaziyatlardan chiqish chorasini axtarishardi. Eh-he, bir kunda necha bir shunaqa juftlik uning toʻriga ilinmasdi...

Farangis qoʻlida boʻsh tarelka bilan kirib keldi-da, erining oldida toʻplanib qolgan poʻchoqlarni tozaladi. Keyin Shosalim tomonga oʻtdi. Egilib, poʻchoqlarni olarkan, yana boʻliq koʻkraklarini xuddi atayin qilgandek uning yelkalariga suykadi. Tasodifga oʻxshamasdi bu. Chunki birmas, ikki-uch marta takrorlandi bu hol. Shosalimning suyaklari yumshab ketdi. Eri koʻrmayaptimikin, degan oʻy bilan Qilichga koʻz qirini tashladi. Uning parvoyi palak edi.

– Farangis, kel, sen ham oʻtir, – dedi Qilich, xotinining mavjudligini xuddi endi payqab qolgandek.

Farangis erini yuqoriroq chiqardi-da, oʻzi Shosalimning roʻparasiga oʻtirdi. Keyin mehmonga mulozamat yuzasidanmi unga chiroyli bir tabassum hadya etdi.

– Olib turing! – qip-qizil qilib qovurilgan tovuqni unga tomon surdi Farangis.

Shosalim goʻshtni olishga oldi-yu, uni ogʻziga sola olmadi. Qoʻli havoda muallaq qoldi. Eti shirin junjikdi. Keyin yana asta Qilich tomonga koʻz tashladi: «Payqab qolsa-ya!» Farangis esa davrada eri oʻtirganini xayoliga ham keltirmasdi. Stol ostidan chiroyli, bejirim oyoqlarini uzatib, mehmonning tizzasini, keyin chotlari orasini siypaladi. Shosalimning peshonasidan ter chiqib ketdi. Yuragi notekis ura boshladi. Nafasi tiqildi. Erkakligi junbushga kela boshlagan edi hamki, juvon oyoqlarini yigʻishtirib oldi.

– Qanday, maza qildingizmi?

Shosalim nima deyishini bilmay duduqlanib qol¬di.

– Man mazza qildim lokin! – oʻzini stul suyanchigʻiga tashlab kekirib qoʻydi Qilich. – Tovuqning oyogʻini boplabsan!

– Sizga-chi? Sizga ham oyoq yoqdimi?

– Qaysi oyoq?..

Farangis «qoʻlingizdagi» degandek imo qildi-da, keyin mugʻombirona kulib qoʻydi. Shosalim Farangisning oʻynoqi koʻzlariga dosh bera olmay, nigohini olib qochdi. Ammo mugʻombirona savoliga ham javob berishi qiyin kechdi. Shundan bilinar, bilinmas qilib:

– Oyoqqa... Oyogʻingizga gap yoʻq! – dedi ohistagina.

45

Shunqorning bu jinoiy toʻdaga qoʻshilib qolishi ham tasodifiy emasdi. Tabiatidagi tanballik unga faqatgina mana shunday guruhlarda boʻlishini taqozo etardi. U jarroh edi. Ammo bilimi, tajribasini bemor manfaatiga ishlatmay qoʻyganiga ancha boʻlgan. U oʻzining ta’biri bilan aytganda, oʻta kamyob operatsiyalarda ishtirok etar, bu operatsiyalar ba’zan yillar davom etib, oʻlim bilan tugardi. Farqi shunda ediki, uning tigʻiga roʻbaroʻ qilingan «bemorlar» uchun buyurtmachilar kattagina pul toʻlashardi.

Shunqorning daragini Shosalimga keyinchalik Farangis bergandi. U singlisi Nargizning ma’lum vaqt jazmani boʻlgan ekan. Ikkisining chekida yolgʻiz ikkisigina biladigan bir sir – mudhish bir jinoyat bor edikim, buni Farangis bilmasdi..

Sotimboy qadim-qadimdan doʻkondorlik qilib kelgan oila farzandi edi. Tantiqroq ulgʻaygandi. Uydagilarga aytganini qildiradigan xilidan. Shuning uchun ham ota-onasi uni uylash taraddudiga tushib qolgan payt, «oʻlaman sattor, olsam shu qizni olaman», deb turib oldi.

Ota-ona qizning mahallasidan surishtirishdi. Oʻr¬tamiyona bir oiladan ekan. Katta qizlarini bir militsionerga uzatishgan ekan uzoq yili. Hozir tinch, yaxshi yashayotganmish.

– Nachora, – dedi oʻshanda Sotimboyning otasi, – oʻgʻlingni yoshlikdan koʻngliga qarab keldik, bu yogʻiga ham aytganini qilasan endi! Bir kun kelib afsuslanadi-ku, lekin joyiga tushmaydi.

Ona ham taqdirga tan berdi:

– Mayli, omon boʻlsa, qoʻsha qarisa boʻlgani.

Noilojlikdan oʻgʻillarining xohish-irodasiga boʻy¬sungan ota-onaning koʻksida oʻzlarining orzu-havaslari armon boʻlib qoldi. Ular eski tanishlari – univermag xoʻjayini Qulahmadbekning qizini koʻz ostilariga olib qoʻyishgandi. Agar ikki xonadon oʻrtasidagi munosabatlar qarindoshlik rishtalari bilan bogʻlanganida edi, eh-he, shaharda ulardan oʻtadigan odam boʻlmasdi. Eng yomoni Sotimboyning uyidagilari «toʻydan oldin rosa nogʻora qoqishgan» – davra qolmay niyatlarni dasturxon qilib yoyishgandi.

Qulahmadbek shuncha gap soʻzdan keyin Sotimboyni oʻz qizi qolib boshqa qizga uylanitirishganidan ranjidi. Munosabatlariga sovuqchilik tushdi, bordi-keldi barham topdi. Sotimboyning otasi bilan Qulahmadbek davra va yigʻinlarda uchrashib qolgudek boʻlsalar mobodo, uzoqdan bosh irgʻab salomlashgan boʻlishardi-yu, avvalgi iliqlikdan asar ham qolmagandi. Bir gal mana shunday gap-gashtaklarning birida yonma-yon oʻtirib qolishdi.

Bolalikdan bir mayizni boʻlishib yeb kelgan ikki doʻst uchun oradagi tanaffus judayam ogʻir kechmoqda edi. Oradan ancha yillar kechdi, qancha suvlar oqib oʻtdi. Farzandlar bilan bogʻliq voqealar salkam unutildi. Ammo har ikkisi birinchi boʻlib soʻz ochishga or qilib, yana qancha vaqt shu alfozda yurishdi. Farzandlar mavzusi ularni yana birlashtirdi.

– Doʻstim, – deya gap boshladi Sotimboyning otasi, Qulahmadbekning ham gaplashishga moyilligi borligini sezib, – eski ginalarni unutish vaqti kelmadimikin?

– U siz uchun eski gina boʻlishi mumkin, – bir oz xafagezak qiyofada hamsuhbatiga oʻgirildi Qulahmadbek, – ammo mening yaram yangilandi.

– Nechuk?

– Qizimizning turmushi boʻlmadi. Kuyovdan yolchimadik. Hozir yoshgina qizchasi bilan uyda oʻtiribdi! – Qulahmadbek dardini yorib bir oz yengillashdi chogʻi, tund chehrasi yorishdi.

– Mening bundan xabarim yoʻq edi!

Rosmana taassuf bildirdi Sotimboyning otasi. Keyin chuqur «uh» tortdi-da, u ham bir oz yozgʻirdi:

– Ha, Sotimboyni erkalatib oʻstirdik. Yuzimizga oyoq qoʻydi. Na oʻzi baxtli boʻldi, na oʻzgani baxtli qildi.

Bu ikkala oila bordi-keldini yigʻishtirganidan beri bir-birining dardu tashvishlaridan bexabar edi. Hoshimboyning ogʻir «uh» tortishlariyu keyingi gaplari Qulahmadbekni hushyor tortirdi.

– Nega unday deysiz, Hoshimboy? Sotimboyning ishlari yaxshi, turmushi tinch boʻlsa yoki biron muammo bormi?

– Bor-da, – zorlandi Hoshimboy. Keyin bir pas jim qoldi. Soʻng koʻnglida choʻkib yotgan dardu alamlarini toʻkib soldi: – Eldan osh yeganmiz. Yaxshi-yomon kunlariga aralashib yuribmiz, Xudoga shukur! Hozir birov toʻyga aytib eshikdan keladigan boʻlsa, yuragim zirqiraydigan boʻlgan. Kelinimiz bepusht chiqib qoldi chamamda. Sotimboyni farzanddan qisgan!..

Qulahmadbek Hoshimboyning yelkasiga qoʻlini qoʻydi.

– Xafa boʻlmang, doʻstim. Bermagan boʻlsa endi berar. Ja-a, boʻlmasa Sotimboy hali yosh, navqiron! Yana bir uylanar...

Hoshimboy «yalt» etib doʻstiga qaradi. Qulahmadbek uning koʻnglidan kechgan fikrlarni oʻqigandek boʻlib tuyuldi unga. Boyagina uning xayolidan Sotimboyni bepusht xotindan ajratib, Qulahmadbekning tul qiziga qovushtirish fikri «lip» etib oʻtgandi.

Shu suhbat bahona Hoshimboy uyga kelib xotinini huzuriga chaqirdi. Kelinlari Nargiz eshitmaydigan qilib, eshikni mahkam berkitib uzoq shivirlashishdi. Fikri xotiniga ma’qul keldi: «Faqat, – dedi u bir oz ikkilanib, – Qulahmadbek bunga koʻnarmikin?».

– Ochiq gapirmadi-yu, lekin oʻzi shunga ishora qilganday boʻldi, – dedi Hoshimboy, doʻsti bilan boʻlgan suhbatni yana bir karra yodga olarkan. Soʻng xotiniga yaqinroq surildi: – Bu masalada boshqa bir muammo bor – oʻgʻling!

– Agar Sotimboy hali ham shu xotinning etagini tutsa, esi yoʻq ekan uning, axir bir necha bor aytdim, qoʻy shu xotinni, deb. Opasi ham, uzoq yillar farzand koʻrmay-koʻrmay, keyin ketma-ket ikkita nogiron bolani tuqqan ekan. Zotida bor ekan-da! – Ona «betini teskari qilsin» degan ma’noda yoqasiga «tup-tup»ladi. Keyin otasiga masalani keskin qilib qoʻydi: – Shu bugunoq, oʻsha galvars bilan uzil-kesil gaplashing!..

Sotimboy otasining soʻzlarini jim oʻtirib eshitdi. E’tiroz bildirmadi. Nima ham desin axir, Nargizdan koʻngli sovuganiga ancha vaqt boʻlgan boʻlsa. Otasiga bir nima deyishi lozim edi. Hozir ota-ona mushtoq boʻlib uning javobini kutishardi. Shuning uchun, oʻrtada choʻkkan sukut uzoq davom etmadi.

– Men roziman, – dedi u.

Ota-ona quloqlariga ishonmay behad quvonib ketishdi.

– Faqat bir oz vaqt kerak. Keliningiz bunday shart-sharoit, molu davlatni osonlikcha tashlab chiqmasa kerak!

– Mayli, bu tomonidan tashvish chekma! – taskin berdi unga ona. – Olganini olib, ortganini ortmoqlab keta qolsin, sadqai sar – javobini bersang bas!

Sotimboy dilidagini tiliga chiqarmadi. Uning Nargizga hech nima bergisi yoʻq edi. Chunki keyingi paytlarda xotinining oyoq olishi unda shubha tugʻdirgan, kim bilandir don olib yurishini bilardi. Oʻsha odam bilan bir necha bor uchrashdi ham. Bu haqda bir marta soʻragandi, Nargiz: «Birga ishlaymiz, kasalxona ishi bilan shaharga chiqqandik», deb suvdan quruq chiqib ketdi. Sotimboy ham ishongan boʻlib, sirni doʻmbira qilmadi. Ammo Nargizni xiyonat ustida qoʻlga tushirish rejasini diliga tugib qoʻydi. Shuning uchun u otasining soʻzlariga javoban: «Mayli, lekin baribir ozgina vaqt kerak» dedi. Keyin ularning davrasini tark etdi.

46

Nargiz boy-badavlat xonadonga kelin boʻlib tushdi. Dugonalari unga havas bilan qarashardi. U chimildiqqa kirgan kuni bu xonadonga munosib kelin boʻlishga, ayniqsa ota-onasining ra’yiga qarshi borib, oʻz tanlaganiga uylangan mard yigit Sotimboyga vafoli yor boʻlishga ont ichdi.

Qaynona avvaliga keliniga unchalik roʻyxushlik bildirmadi. Keyinroq Nargizning husni jamolini koʻrib, munosabati iliqlasha boshladi: «Hay, juvonmarg Sotimboyni telba boʻlganicha bor ekan», degandi uni erkalab. Keyin, «Iloyo koʻz tegmasin!», deb boshidan isiriq tutatib aylantirgandi.

Nargiz haqiqatdan ham goʻzal bir mahliqo edi. Yuzlari silliq yonoqlaridagi tabiiy qizgʻish rang husniga yanada husn baxsh etib turar, qalin lablari olucha kabi, doimo xuddi boʻyalgandek qip-qizil. Yuqori labining usti mayingina tuk bilan qoplangandi.

Oradan yetti yil oʻtdi. Yaxshi-yomon soʻzlar, quvonch va tashvishli kunlar ortda qoldi. Oʻrtada farzandning yoʻqligi oilaning yagona kemtigi edi. Xuddi ana shu narsa qaynonaning qalbida koʻpdan unutilgan dardu alamlarini qoʻzgʻab turardi. Avvallari kelinining boʻyida boʻlmayotganidan rosa xunobi oshgan boʻlsa, endi uning homilador boʻlishidan choʻchirdi. Taqdiri opasining qismatiga oʻxshab ketayotganidan dilgir edi u. Shundan kelin bilan qaynona oʻrtasidan yana qoramushuk oʻtadigan boʻlib qoldi.

Nargiz ishxonada bir oz taskin topardi. Shundan bir oz ovunardi. Ish bilan boʻlib turmush tashvishlaridan chalgʻir, xayolini qurtdek kemirayotgan kechinmalardan bir muddat xalos boʻlardi.

Nima qilsin bechora? Eri tunov kuni yana xafagezak alfozda keldi: «Doʻstlarimning oldida bosh koʻtara olmay qoldim», deydi. Unga osonmi? Oʻzi tengi, oʻzidan ham yosh juvonlar murgʻakkina goʻdaklarini bagʻriga bosib, ularni erkalab turganlarini koʻrganda yuragi hamisha zil ketadi. Qaratmagan joylari qolmadi. Farzand boʻlmayapti – nachora!

Nargizni bir zum xayol elitgan ekan. Eshigi ochiq turgan xonadan kimdir unga qattiq tikilib turgandek boʻlib tuyuldi. Qarasa, yaqinda ishga kelgan vrach yigit yeb qoʻygudek suq bilan boqib turibdi.

– Nima balo – odam koʻrmaganmi? – Nargiz shaxd bilan yuzini burdi. Koʻzgudagi aksiga koʻzi tushib, fikrini oʻzgartirdi: «Qarasa nima qipti? birovni ayblash oson! Qarasa qaragudekman-da!».

Bu Nargizning oʻzini ta’qib etayotgan koʻzlarga ilk bor yon berishi boʻldi. Keyin yanayam yaqindan tanishishdi. Shunqor edi u. Ismi jismiga monand ekaniga Shunqorning bir xonali kvartirasida ishonch xosil qildi. Oʻshanda Shunqor hiyla ishlatgandi. Koʻchaga chiqib shahar telefonidan «03» ga yolgʻon chaqiriq berdi. Keyin oʻzi bosh boʻlib, Nargizni hamroh qilib oʻsha manzilga joʻnadi. Mashina pastda kutib turdi. U esa Nargizni kimsasiz kvartiraga boshladi. Nargiz ham oʻzini aldanganidan ranjimadi. Chunki oʻzi ham shuni koʻpdan xohlab yurgandi. Mashshoqlar kuy chalishdan oldin sozning simlarini tortib tayyorlagani kabi, Shunqor ham Nargizni koʻpdan ana shu ishga hozirlab kelardi. U turli bahonalar bilan birda bilib, birda bilmay Nargizning tarang tanasiga tegib qoʻyar, chirmanda olovda toblangandek, uning tanasi ham qizib – chalishga tayyor boʻlib bormoqda edi. Chirmanda tobiga kelgach esa bir hiyla bilan Shunqor murodini hosil qildi...

Nargiz Sotimboyga xiyonat qilishni avvallari xayoliga keltira olmasdi. Hozir bu ishni amalga oshirib, sira afsuslanmadi. Oʻylamadi ham. Chunki ahvol shu zaylda davom etaversa, erta-indin hayoti barbod boʻlishini fahmlay boshlagandi. Shundoq ham eri bilan kamdan-kam qovushishardi. Xazon boʻlib borayotgan gul yoshligiga achinib qoʻyardi. Ayniqsa opasi Farangis bilan qilgan suhbatlaridan keyin shunday fikr yurita boshlagandi.

– Menga qara, koʻzingni och! – dedi Farangis bir gal singlisining navbatdagi diydiyolarini tinglab boʻlgach, toqati toq boʻlib. – Qachongacha doʻzax azobida yashaysan?

– Bu nima deganingiz? – koʻzlarini kata-katta ochib opasiga jovdirab tikildi u. – Ajrash demoqchimisiz?

– Yoʻq, singiljonim! U xonadondan ketib nima naf topasan? Ering qaramay qoʻydimi, nu chort s nim! Sen ham bittasini top!

– Opa!

– Nima, opa?! Hozir oʻynab qolsang- qolding. Erta-indin, mendan xafa boʻlmagin-u, it ham qaramay qoʻyadi!.. Ering ham j-a-a-a farishta boʻlib yurmagandir. Tem bolee, choʻntagi toʻla pul boʻlsa...

Suvsizlikdan bir oz soʻliy boshlagan gulning poyiga nam tekkach unda jonlanish paydo boʻlganini sezish qiyin boʻlmagani kabi, Sotimboyga ham Nargizdagi oʻzgarishni payqash qiyin kechmadi. Avvallari gʻamgin, tushkun edi. Qaygʻuli yuzlari silqigan, bir oz shalvirab qolgandi. Endi esa tamoman boshqa ayolga aylandi. Sotimboyga ham mehribon boʻlib qoldi. Qaynonasi bilan ham aytishmas, achchiq-tiziq gaplariga uncha parvo qilmasdi. Turib-turib kuylablar qoladimi-ey.

Bir kuni kechasi erini mahkam quchoqlab, «shunqorim» dedi uyqusirab. Sotimboyning uyqusi qochib ketdi. Xotinining bu qadar mehri toblanib ketganiga hayron boʻldi: «Shunqorim!» dedimi? Bu birovning ismimikan yoki erkalash ma’nosidagi soʻzmi?» – u ancha paytgacha uxlay olmadi. Toʻra degan doʻsti aytib bergan bir hangoma yodiga tushdi:

Toʻra soddadilroq bir oshnasi bilan bahslashib qolibdi.

– Agar sen oʻlsang, xotining mening nomimni aytib yigʻlaydi, – deb uning gʻashiga tegibdi u.

– Nega sening nomingni aytib yigʻlaydi? Ogʻzingga qarab gapir! Sen kim deb oʻylayapsan mening xotinimni? – achchiqlanibdi joʻrasi.

– Ishonmasang ana, xotiningdan soʻra! Avvalo bil-chi, yigʻlarmikin oʻzi? Agar yigʻlasa, – soddadil joʻrasini mazax qilishda davom etibdi u, – shartlashaman, mening nomimni aytib yigʻlaydi.

Yigit oʻchoq boshida kuymalanib yurgan xotinini chaqiribdi: «Potiy! Potiy deyapman!».

– Ha, nima deysiz! – joʻralar oʻtirgan chorpoya yonida paydo boʻlibdi xotini.

– Men oʻlsam yigʻlaysanmi?

Xotini hayron boʻlibdi. Nima deb javob berishini bilmaskan. Shundan: “Voy, nega oʻlasiz? Siz oʻlsangiz men nima qilaman?” debdi

– Men ham shuni bilmoqchiman, men oʻlsam nima qilasan, yigʻlaysanmi, yoʻqmi – shuni ayt?

– Voy, shu arogʻam oʻlsin, tuppa–tuzuk odamni jinni qiladi qoʻyadi...

– Vey, menga qara! Gapni aylantirmasdan ayt, yigʻlaysanmi-yoʻqmi? – masalani keskin qilib qoʻyibdi eri.

– Yigʻlayman, albatta yigʻlayman, – deb javob qilib¬di xotini, shu gapni aytib qutilaman degan ilinjda.

– Nima deb yigʻlaysan? – Xotini bir xayol javob bermay ketib qolmoqchi ham boʻlibdi-yu, ammo joʻralarining oldida erini muztar qilib qoʻyishdan choʻchibdi. Qolaversa, hozir ichib olgan – rosa janjal koʻtarishi mumkin.

– Nima deb yigʻlayman? – yelkasini qisibdi u, – masalan «toʻram» deb yigʻlayman...

– Toʻram?

Tutaqib ketibdi boyagi soddadil yigit, boʻshab qolgan aroq shishasini changallab. Keyin xotinini hovli aylantirib quvlay ketibdi...

Sotimboy shu voqeani esladi-yu, xotinining qoʻlini asta olib pastga qoʻydi. Keyin undan nari surildi. Keyinroq Nargizning ishxonasida Shunqor ismli vrach borligini, xotini bilan apoq-chapoq ekanini surishtirib bildi. Tanish-bilishlari orqali ish izlab yurgan tibbiyot hamshiralaridan birini topib, tez yordam markaziga joylashtirib qoʻydi...

Bir oz vaqt oʻtib Sotimboyning oʻzi izsiz yoʻqoldi. Ota-onasi, yoru birodarlari izlamagan joylari qolmadi. Hech qayerdan daragini topishmadi. Na oʻligi ma’lum edi uning, na tirigi. Nargiz bir muddat erining uyida sir boy bermay yashab yurdi. Keyin, bunday yurish unga ogʻirlik qildi. Barcha mol-mulk qaynotasining nomida boʻlgani, erining oʻlimi rasman tasdiqlanmagani uchun merosdan mosuvo boʻlib, chapak chalib qoldi. Shosalim bilan tanishgach esa, uning Toshkentdan sotib olgan yangi hovlisiga koʻchib oʻtdi...

47

Shosalim oʻzining yashirin rejalarini amalga oshirmoq uchun ana shu guruhni oʻziga sheriklikka tanlamoqchi boʻldi. Oʻsha – Qilich bilan tanishib, uning uyida mehmon boʻlgan kuni, mezbonning kayfi oshib, dumalab qoldi. Farangis erini bir amallab ichkari xonaga kiritib joyiga yotqizib chiqdi. Chiqdi-yu, xomush tortib qoldi. Shosalimning roʻparasiga oʻtirdi-da, qoʻlini iyagiga tirab, koʻzlarini bir nuqtaga tikkancha oʻyga tolib qoldi.

Qiziq! Shosalim nima qilarini bilmasdi, bir nima deyishga soʻz topa olmasdi. Hozir u tomoman boshqa narsani kutgandi. Farangis erini tinchitib chiqqach, boyagi sirli siypalashlar-u, shirin entikishlar davom etadi deb oʻylagandi. Oʻzini shunga hozirlab turgandi. Farangisning oʻt-otash boʻlib alangalanayotgan tafti halitdan uni qizdira boshlagandi. Ammo voqealar rivoji tamoman boshqacha tus oldi. Shosalim kimdir ustidan bir chelak sovuq suv quygandek, jiqqa terga botib shalabbo boʻlgancha, soviy boshladi: “Boyagi shoʻx, qaqildoq xotin shumi? Nima jin urdi uni? Yoki eri bir nima dedimikan? Shunday boʻlsa kerak: bilaman, koʻzimni shamgʻalat qilib, koʻz urushtirib, stol ostidan siypalashib turganlaringni sezib turibman. Kayfim tarqasin, keyin gaplashamiz, degan chiqar. Obroʻning borida etakni yopish kerak!”. Shosalim oʻylay-oʻylay shu toʻxtamga kelgach, ketishga taraddudlandi. Aslida ketgisi yoʻq edi bundan.

– Endi men bora qolay!

Farangis «yalt» etib unga qaradi. Koʻzlarida ayyorona tabassum paydo boʻldi. Hiylasi ish berdi. Agar, shunday tutmaganida tashabbus ham, harakat ham oʻzidan boʻlib, Shosalimning oldida qadri pasayardi. Mana endi hammasini yangidan boshlash mumkin.

– Kech boʻldi, yurasizmi? Qola-qoling, joy yetarli! – istar-istamay mulozamat koʻrsatgan boʻldi Farangis.

– Boray endi, qolish noqulay-da!

– Yigit ketaman deb qoʻrqitayapti, – ich-ichidan kuldi juvon. Keyin oʻyinni shu maromda davom ettirdi. – Mayli, – oʻrnidan turishga chogʻlandi u, – nachora! Zorimiz bor, zoʻrimiz yoʻq. Ja-a-a, ketgingiz kelib turgan boʻlsa – nima ham derdim!

Shosalim xotinning boʻyniga osilib, “ketmang aka!” – deb zorlanishini ich-ichidan istagandi. Bu xayoli xom boʻlib chiqdi. Oʻzini bir pogʻona past olishga majbur boʻldi.

– Menga qolsa-ku, yoningizdan jilgim yoʻq... Ammo, sizni ranjitib qoʻyishdan qoʻrqaman!.. Bilasizmi, sizni koʻrdim-u..

Shosalim boshlagan gapini oxiriga yetkaza olmadi. Uni Farangis hazilga yoʻydi.

– Ajinani koʻrgandek boʻldingizmi? – qiyqirib yubordi juvon. Shu asno oyogʻi Shosalimning oyogʻiga tegib ketdi. Bu tasodifmikin?

Yoʻq! Bu dadilroq boʻlishim uchun ishora, degan ma’no uqdi Shosalim juvonning oyoq harakatlaridan. Keyin asta oʻrnidan turdi. Stolni aylanib oʻtib Farangisning yonidagi kursiga oʻtirdi. Qaltiray boshlagan qoʻllari bilan uning chakkasiga yoyilgan sochlarini surib yuzini ochdi. Farangis uning kaftiga yonoqlarini bosdi. Bu davom et degani edi.

Ikki jinsning bir-birini yaqinroq bilishi uchun tonggacha toʻshakda davom etgan kurashlar oʻrtasida kechgan qisqa-qisqa tanaffuslar yetarli boʻldi. Shu kech Shosalim Farangisning hozir ishsiz yurganini, ikkita nogiron bolasi borligini, militsiyadan ishdan ketgan alamzada eri ijaraga kirakashlik qilib yurganini, turmushlari haminqadar ekanini – barcha-barchasini bilib oldi. Shu kunlarda pulga zoriqib qolgani bois bolalarini borib koʻra olmayotganini aytib koʻziga yosh oldi juvon. Shosalim oʻzining «boss»lik faoliyatini ana shu nuqtadan boshlashga qaror qildi.

– Farangis, oilangdagi muammolarni hal etish uchun, hozir, ayni damda qancha pul kerak, deb oʻylaysan? – Shosalim izn soʻramay uni sensirashga oʻtgandi. Soʻrab nima qiladi: beradiganini berib boʻldi-ku?

Farangis oʻylanib qoldi. Keyin, nimalarnidir chamalagan boʻlib:

– Sakson mingcha boʻlsa... – dedi ogʻzining tanobi qochib.

– Sakson ming? – Shosalim boshini yostiqdan koʻtarib, juvonga qaradi. Farangis jazmanini choʻchitmaslik uchun, fikrini oʻzgartirdi: “Oltmishtalar ham yetib qolar!”.

– Demak, sakson ming soʻm! – Shosalim Farangisning ustiga egildi, koʻziga-koʻzini qadadi: “Sakkiz yuz ming soʻm xohlamaysanmi?” Farangis uni tushuna olmay garang edi. – Sakkiz million-chi? Balki 80 million ham kam-koʻstingni bitqazishga yetmas?!

– Esidan ogʻib qoldi shekilli! – oʻyladi Farangis.

– Yoʻq, menga bunday qarama! Hushim joyida! – tinchlantirdi uni Shosalim. – Shunday odamlar borki, sen aytayotgan sakson ming soʻm ularning nonushtasiga yetmaydi. Birgina kostyum-shimining oʻzi sakkiz yuz ming turadi. Minadigan mashinalari sakson million...

– Ularga tenglashishga bizga yoʻl boʻlsin? – gap nimada ekanini fahmlab, sal oʻziga kelgan juvon, sovuqqina qilib shu soʻzni aytdi.

– Ularga tenglashib boʻlmaydi, aksincha ulardan tortib olish mumkin!

Shosalimning ana shu soʻnggi jumlalari hozirgina barpo boʻlgan jinoiy guruhning ikki a’zosi oʻrtasida tuzilgan harakat dasturining bosh maqsadi etib belgilangandi.

Shosalim ertasi kuni kechga yaqin Qarshiga uchdi. Shu oraliqda bitkazishi lozim boʻlgan bir qator ishlarni oxiriga yetkazdi.

Ertalab Farangisning qoʻliga sakson ming soʻm tutqazgandi, u erining yuvinish xonasida ekanini ham unutib, Shosalimni mahkam quchoqlab oʻtligʻ-oʻtligʻ oʻpichlari bilan minnatdorchilik izhor qildi.

– «Quruvchi» mehmonxonasiga borib uchrashgin, – ta¬yin¬ladi unga Shosalim ketar oldidan. – Aytib qoʻyaman, ishga olishadi

Kun boʻyi Qilichning mashinasida yurdi. Kecha hoʻkizdek ichgan boʻlsa ham, ertalab ancha tetik edi u. Kechagi kayfning ta’sirimi, koʻzlarini osti bir oz salqigan, boyadan beri negadir bir oz xomush tortib qolgandi. Sababini bir oz oʻtib bildi. Qilichning oʻzi yorildi:

– Pulni Farangisga berib chakki qilibsiz!

Shosalim hayratdan dong qotdi: “Pul haqida eriga aytibdi-da! Nima deb aytdiykin?” oʻyladi u. Keyin istar-istamay, nega, deb savol berdi.

– Ha, endi ayol-da! Oʻylamay ishlatvoradi! – Qilich svetoforning qizil chirogʻi yongani bois mashinani toʻxtatdi–da, Shosalimga yuzlandi: – Darvoqe, agar bu kechaga qolsangiz, bitta zoʻri bor – tanishtiraman. Xotinimning singlisi – Nargiz! Nargizmisan – Nargizda oʻziyam, Farangisdan ham zoʻr!

– Qaynisinglingizmi?

– Ha! Ammo-lekin ketvorgan narsa!..

Shosalim bu toifa odamlarni birinchi bor koʻrishi edi. Oʻz juftini qizgʻanmaydigan, manfaat uchun ahli ayolini begona erkakning quchogʻiga tiqadigan odamlar haqida avval eshitgandi. Rost ekan. Mana oʻsha nusxa. Kimdir aytgandi, choʻchqa goʻshtini koʻp iste’mol qiladigan odamlarda rashk hissi oʻlib borarkan. Kecha bu ham muzlatgichda saqlangan choʻchqa yogʻini aroqqa gazak qilib rosa tushirdi. Shundan boʻlsa kerak. Menga baribir emasmi, degan xulosaga keldi u keyin. Shundan endi choʻchimay, hadiksiramay gapirishga tushdi:

– Farangisdan zoʻri boʻlmasa kerak?!

– Bor, bor, ishonavering! Nargiz qayinsinglim undan zoʻr! – Qilich mashinaga gaz berdi. Keyin ma’noli jimlmayib: – Bizda «baldizniki bol» degan gap bor, – dedi.

Shosalim Nargiz bilan tanishuvni keyingi safarga qoldirdi. Ishlar bitgach, Qilich uni aeroportga yetkazdi. Shunda xayrlashishdi. Shosalim mana bu xizmatingiz uchun deb, uning qoʻliga ikki dasta 500 soʻmlik tutqazgandi, Qilich esidan ogʻayozdi. Keyin uni shunaqayam quchoqlab oʻpdiki, oʻnta Farangis ham bunchalik qattiq quchoqlay olmagan boʻlardi.

Oradan oʻn kuncha oʻtib Shosalim yana Toshkentga keldi. Ammo bu galgi safari xufyona – Jobirbekning bundan xabari yoʻq edi. Xoʻjayin xizmat mashinasida Navoiy–Miskin–Nukus yoʻnalishida qurilgan yangi temir yoʻlning ochilish marosimida ishtirok etish uchun Qoraqalpogʻistonga joʻnab ketdi. Shosalim esa paytdan foydalanib – Toshkentga.

Shosalimning Nargiz bilan tanishuvi Keles tomondagi moʻ’jazgina hovlida boʻlib oʻtdi. U bir yoʻla qoʻl-oyogʻi chaqqon Shunqor bilan ham tanishdi. Tanishuv sharafiga Shosalim bozordan bir qoʻy xarid qilib tushdi. Shunqor yeng shimarib uning terisini shildi. Qilich qoʻraga olov yoqish taraddudida, xotinlar oshxonada salat tayyorlash, dasturxon tuzash bilan mashgʻul edilar. Faqatgina Shosalim daraxtlar soyasidagi yigʻma kursida oʻtirgancha, bu jarayonni bevosita boshqarib, bevosita kuzatib turardi.

“Hali bu boshlanishi!” xayolidan oʻtkazdi u. Hali butun bir shahar, qolaversa, butun bir viloyat oyogʻim ostida ana shu taxlit zir titrab turadi! Respublikani keyinroq oʻylab koʻramiz...

Unga shimining poychasida nimadir gʻimirlayotgandek boʻlib tuyuldi – egilib pastga qaradi. Tirikchilik gʻamida pildirab yurgan mitti-mitti chumolilarga koʻzi tushdi. Mana bu odamlarning ham sen jonivorlardan farqi yoʻq, deb u atrofida poyi-patak boʻlib kuymalanayotgan sheriklariga bir qarab qoʻydi. Keyin, stol ustidagi salatlardan bir boʻlak pishloq uzib oldi-da, chumolilarning oldiga tashladi. Luqmaning hidini sezib bir nechasi oʻzini taomga urdi. Mitti jonzotlar oʻljaning ustida talashib ketishdi. Ojizlar quruq qolib, pishloq parchasini bittasi sudrab ketdi.

Ularning xatti-harakatlarini kuzatib, Shosalim hayotiy bir haqiqatni angladi: «Xuddi shunday boʻladi», dedi u oʻziga oʻzi. Bizni manfaat birlashtirdi. Oʻlja esa zoʻrniki boʻladi...

Shosalim oʻrnidan turib qoʻyni nimta-nimta qila boshlagan Shunqorga yaqin bordi:

– Ha, oka! Zerikdingizmi? – Shunqor qoʻyni juda epchillik bilan boʻlaklarga ajratmoqda edi. Shosalim uning san’atiga qoyil qoldi.

– Ofarin, mahoratingizga qoyilman! – hayratini yashira olmadi u. – Birgina pichoq bilan, chopqi ishlatmay butun boshli qoʻyni shuncha mayda boʻlaklarga boʻlib tashlash har kimning ham qoʻlidan kelmasa kerak?!

– Bu-ku, qoʻy ekan, oka! Odamni ham ana shunday boʻlaklarga boʻlsa boʻladi!

Shosalim Shunqorning gapidan seskanib ketdi. Ammo sir boy bermadi. Gapni boshqa yoqqa burdi:

– Qassobmisiz?

– Yoʻq, jarrohman, oka!

«Ha, gap bu yoqda ekan-da!». – Shosalim Shunqor oʻtirgan karovotning bir chekkasiga omonatgina oʻtirdi. Endi choʻchimasdan boyagi gapga qaytdi:

– Murdani nimtalashga nima hojat bor?

– Gumdon qilish oson kechadi. Yana bir gap bor. Uning qanchalik toʻgʻri ekanini bilmadim-u, ammo jarrohlik yoʻli bilan boʻlaklangan jasadni izlab topish qiyin kechar emish.

– Qiziq fakt!

Shunqor uni hayratlantira olganidan quvondi. Shu payt Farangis qoʻlida katta tovoq bilan ularga yaqinlashdi.

– Shunqor aka, jigar, oʻpka, yurak va bir oz goʻsht bersangiz, qovurib olardik. Shashlik tayyor boʻlguncha gazak boʻlib turadi.

– Ma’qul! – Shunqor Farangisning buyurtmasini bajarishga kirisharkan, uzilib qolgan suhbatni davom ettirdi: – Odamlar islom dini tufayligina murdalarni koʻmishni boshlashgan. Avvallari, bilasizmi, nima qilishgan? – U savoliga javob kutmay soʻzida davom etdi: – Avvallari murdalar itlarga tashlangan.

– Yoʻgʻ-e! – ishonqiramadi Shosalim. – Bunisi endi lof boʻldi!

– Boʻlishi mumkin, oka, – eshitganimni aytayapman-da!

– Xoʻsh-xoʻsh, keyin nima qilishgan?

– Odamlar itlar gʻajib tozalagan suyaklarni olib ketishgan. Eng boy-badavlat odamlar esa murdani qaynatib etdan suyagini ajratib olib ketishgan. Shuning uchun ularni «oqsuyak» deyishar ekan. Mana oʻzimizning Sogʻbon – katta itxona boʻlgan ekan shu joyda.

– Menga qarang, alloma! Islomda hujjat bilan gapir, deyishadi. Hujjatingiz bormi?.. – Farangis islomiy ilmdan bir muncha xabardor ekanini namoyish etish uchun emas, koʻngilni xira qiluvchi bu mavzuga barham berish maqsadida gapga aralashdi.

– Hujjat bor-u, koʻmilib ketgan-da!

– Iy-e, joyini bilsangiz kovlab oling!

Shunqor Shosalimga qarab ma’noli kulib qoʻydi:

– Bu voqeani oppoq dodam aytib bergandilar. U kishini tuproqqa koʻmganimizga ancha boʻldi. Suyaklari ham kukunga aylanib ketgan boʻlsa kerak. Kovlab olganim bilan asos boʻlmaydi endi.

Shunqorning hazili sheriklariga yengilgina kulgu ulashdi. Farangis esa tovoqni olib, «shutnik» dedi-da, oshxonaga tomon yoʻnaldi.

48

Shosalim voqealar tizgininni qoʻlga olib, uni bir yoʻlga solmoq boʻlib qanchalar harakat qilmasin, uddasidan chiqa olmasdi. Xayollar uni goh u tomonga-goh bu tomonga olib qochar, u shu ahvolida tartanak toʻriga tushib qolgan pashshaga oʻxshardi: oyogʻini xalos qilsa – qanoti, qanotini ajratsa oyogʻi toʻrga chuvalashardi...

Ertalabki nonushta chogʻi oʻgʻillari bir-biri bilan «Sen Qobil, sen Hobil» deb tortishib qolishdi. Shosalim hayron.

Bolalarning oʻrtasiga tushdi.

– Menga qaralaring, hech kim Qobil emas! Sizlarga oʻzimiz ism berganmiz: biring Bahodir, biring Asqar – uqdingmi? Qobil deganlaring kim?

Bolalar biri qoʻyib biri «Qobil va Hobil» qissasina ayta ketishdi. Bolaning zehni yaxshi-da, hikoyalari juda ta’sirli chiqdi. Gap orasida bu hikoyani mardikor yigit soʻzlab berganini ham qistirib oʻtishdi.

Shosalimning tomogʻidan luqma oʻtmay qoldi. Mardikor yigitdan shubhalandi: «Nima demoqchi? Ishini qilsa boʻlmaydimi? Bolalarga oʻralashib nima qiladi?». U ana shunday oʻylar ogʻushida, mashinani koʻchaga olib chiqdi-yu, darvoza oldida toʻxtatdi. Mashinadan tushib, ichkariga kirdi. Hovli toʻrida quyonxona qurilishini davom ettirayotgan mardikor yigitni imlab chaqirdi. Yigit ishni qoʻyib, xoʻjayinning xuzuriga chopqillab keldi.

– Assalomu alaykum! – itoatkorona bosh egib, uning amriga muntazir turdi u.

Shosalim undan nimalarnidir soʻramoqchi edi – fikridan qaytdi. Shundan: “mashinani artib qoʻy”, dedi-da ichkariga – xotinining huzuriga kirib ketdi.

Shokir mashinani chinniday qilib artdi. Salonni, gʻildiraklarni ham yaltiratib qoʻydi. Keyin, kalit joyida turganini koʻrib, orqadagi yukxonani ham ochib changini artib tozaladi. Yukxona ostiga yozilgan toʻshamani tozalamoqchi boʻlgandi, burchakda qoʻl yetmaydigan joyda qotib qolgan qon dogʻlarini koʻrdi. Toʻshamaning ostini artmay qoʻya qoldi. Shosalim qaytib chiqanida mashina qoʻgʻirchoqdekkina boʻlib turardi. Mashinaga oʻtirarkan qoʻl qovushtirib turgan mardikorga besh yuz soʻm uzatdi:

– Ma, sigareta olasan!

– Rahmat, rahmat! – egilib-bukilib minnatdorchiligini bildirdi Shokir.

Mashina joʻnab ketgach hovli toʻriga oʻtdi-da, xoliroq bir joy topib shimining chovidan kichikkina qoʻl telefonini oldi. Raqamni terib, kimgadir qandaydir ma’lumotlarni yetkazdi.

Shosalim boya ichkariga kirib xotinidan Shokir haqida u bu narsalarni soʻrab-surishtirdi. Uning yurish-turishi bilan qiziqdi. Bolalarga koʻp oʻralashmasin, deb tayinladi.

– Tinchlikmi oʻzi? – soʻradi xotini xavotirlanib.

– Vahima qiladigan hech narsa yoʻq! – tinchlantirdi uni Shosalim. – Oʻzingdan ehtiyot boʻl degan gap bor-ku! Bolalarga bir ertak aytib beribdi. Yoshiga nomunosib narsalarni eshitmaganlari ma’qul. Tarbiyasiga ta’sir qiladi. Ishni bugun tugatsa kerak. Darhol joʻnatib yubor. Oʻralashib yurmasin bu hovlida...

Salima erining hamma topshiriqlarini bosh silkib ma’qullab turdi. Keyin, bu mavzuga qaytib toʻxtalishning hojati qolmagach, andishasini aytdi:

– Doʻstingizdan haliyam xabar yoʻqmi?

– Yoʻq!

Shosalimning bu borada gapirgisi yoʻq edi. Shundan qisqagina javob bilan cheklanib qoʻya qoldi. Salima esa erining bu holatini, doʻsti uchun ich-ichidan qaygʻuradi bechora, yuziga chiqarmaydi, nojoiz bir gap aytib qoʻyishdan choʻchiydi, deb baholadi.

– Gulchehraxondan xabar olganimga ham ikki xaftacha boʻlibdi. Yana bir oʻtib qoʻysammikin? Bechora qaygʻuga botib, ich-etini yeb qoʻygandir.

– Qayda? – dedi Shosalim yuzini jiyrib. – Erining boshini yegan shu-ku! Kunda janjal, achchiq-tiziq gaplar; Jobirbek oʻlgan boʻlsa – oʻshandan qutulgan boʻladi. Anavi mumsik otasidan ham!..

Shosalim bu gaplarni alam va iztirob ichida aytdi. Hozir Gulchehraga boʻlgan gʻarazi yuziga qalqib chiqqandi: Gulchehraning hech qachon uni Shosalim, deb chaqirmagani asabini qoʻzitardi. Hatto bir gal: «Ha, endi Jobirbekning oldida siz Sho-o-h Salim emas oddiygina Salimsiz-da”, degandi hazillashib: «Koʻramiz, — kishi bilmas ijirgʻangandi Shosalim tishlarini gʻijirlatib, – kimning kim ekanini! Mana bugun koʻrinib qoldi. Yana bir necha kun kerak. Shundan keyin uning ostonasiga it ham yoʻlamaydi. Hozircha esa, xotinining xabarlashib turgani yaxshi. Shubha, gumon boʻlmaydi! »

– Mashina yuboraman, mayli, oʻtib kela qol! – Shosalim, koʻchaga chiqarkan, xotinining fikrini ma’qulladi.

49

Jobirbek atrofida kechayotgan voqealarni chuqur oʻylab mushohada qilishni istardi. U tabiatan bosiq, yetti oʻlchab bir kesadigan – shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarmaydigan kishilar xilidan edi. Muhtaram Kalonovichning gapi qanchalik toʻgʻri ekani, muxbir qiz masalasining yechimiga bogʻliqligini bilardi. U Shosalimga qaratilgan aybnomaning xolisona boʻlishini xohlagandi. Shu bois Toshkentga kela solib, ishni televideniyedan boshladi. Nogironlar uyidan berilgan lavhaning muallifini topdi. Soʻrab-surishtirib axiyri, oʻzini markaziy nashrlardan birining muxbiri sifatida tanitgan ayolning manzilini aniqladi.

Farangis unga eshikni ochmadi. Tuynukdan Jobirbekni koʻriboq yuragi orqasiga tortib ketdi. Shosalim bilan maslahatlashmay unga roʻbaroʻ boʻlishni xohlamadi. Umuman u bilan yuzma-yuz kelishni xayoliga ham sigʻdira olmasdi u.

Jobirbek ichkarida kimdir yurganini payqadi. Eshik hadeganda ochilmaganidan “bu oʻsha”, dedi ichida. Keyin kichkina bir qogʻozga: “Oʻtinaman, birgina savolim bor. Mendan choʻchimang – yomon niyatim yoʻq. Telefon qiling!” deb yozdi-da, telefon raqamini qoldirib, xatni eshikninng tirqishiga tiqdi.

Farangis Jobirbekning ketganiga toʻla ishonch xosil qilgach, eshikni qiya ochib, xatni oldi. Oʻqidi. Avvaliga bir muddat nima qilarini bilmay, kalovlanib turdi. Keyin «telefon qilish kerak», degan fikrga keldi-yu, goʻshakni olib shosha-pisha kerakli raqamlarni terishga tushdi.

– Sen uyingdan jilmay tur. Eshikni hech kimga ochma! Bir oz turib oʻzim chiqaman! – dedi Shosalim hayajonini yashira olmay – Farangisdagi qaltiroq unga ham koʻchgandi...

Shosalim Farangisdan bu habarni eshitib, koʻz oʻngi qorongʻulashib ketdi. Jobirbek kalavaning uchini topgandi. Agar ish zaylda ketsa, ertami-indin sharmanda-yu sharmisor boʻlishi turgan gap: u ham oʻz navbatida kimgadir telefon qildi, vaziyatni tushuntirdi. U yoqdan esa:

– Bu sizning muammoingiz! Meni oxirgi natija qiziqtiradi! – degan sovuq javob oldi.

Nima qilish kerak? Shosalimning boshi qotgandi. Ammo u uzoq oʻylay olmasligini ham, tezroq biror-bir xulosaga kelishi lozimligini ham bilardi: «Jobirbekni yoʻldan olib tashlash kerakmikin? Hujjatlarni qoʻlga kiritmay turib bu ishni qilish oʻzing oʻtirgan shoxni kesish bilan barobar-ku! Lekin buni shunday qoldirib ham boʻlmaydi. Qiziq, Farangisga qanday chiqdi ekan? Demak, u men haqimda ham biladi. Toshkentga mensiz ketib qolgani ham shundan!» Shosalimni boshi yorilgudek edi. Baribir bir xulosaga kela olmadi. Avval, Farangisning raqamini terdi. Keyin fikridan qaytdi. Bir oz turib yana telefon qildi...

– Gaplarimga yaxshilab quloq sol, – dona-dona qilib ta’kidladi u Farangisni hushyorlikka undab, – birinchidan uyingdan chiqib ket va hozircha koʻrinmay tur. Telefon avtomatidan Jobirbekka qoʻngʻiroq qilib ertaga kechqurunga uchrashuv belgila. Uchrashuv joyi otchopar! Shunday qilginki, oʻzi tanho kelsin!

– Buni qanday qilaman? – hayron boʻldi Farangis

– Istaganidan ham koʻproq ma’lumot olishini bilsa, aytganingni qiladi: «bu ishlarning boshida xotiningiz turibdi» desang, bas! Hozircha sirlarimizni doʻmbira qilmay turadi. Oriyatli yigit u. Va oxirgisi, hoziroq otchoparga bor. Qilich bilan Shunqorni men kechqurun shahardagi uyimda kutaman!

Shosalim boshqa soʻz demadi. Goʻshakdan qisqa-qisqa gudok eshtilgach, Farangis uni joyiga qoʻydi-da, apil-tapil kiyinib uyni tark etdi.

Qilich bilan Shunqor otchopar va Qarshi oraligʻida yoʻlovchi tashishardi. Shosalim ularning har biriga bittadan “Neksiya” oberib qoʻygandi. Bu bir tomondan ham muntazam daromad, ham tez-tez uchrashib turish imkonini berardi. Shosalim chaqirtirganini eshitib, mashinaning birini pullik toʻxtash joyida qoldirib, ikkinchisida Qarshiga qarab yoʻl olishdi.

Jobirbek kech boʻlishiga qaramay, Farangisni uzoqdan tanidi.

– Xoʻsh, menga nimalarni aytmoqchi edingiz? – salom-alikdan keyin darhol indalloga koʻchdi Jobirbek. – Yasama muxbir sifatida tashrifingiz orqasida qanday sir yashiringan edi? Meni aldashdan maqsadingiz faqat pul undirishmidi yoki... Qolaversa, bu ishlarga xotinimning qanday aloqasi bor? — dedi u bir oz tutoqib.

– Mayli, unday boʻlsa ketdik. Bu koʻchaning gapi emas. Yoʻlda hammasini aytib beraman.

– Shu jumboqqa yechim topish uchun hozir dunyoning narigi chekkasiga borishga ham tayyorman, faqat qayoqqa ketayotganimizni bilsam yomon boʻlmasdi, – deb Farangisga yuzlandi u.

– Boradigan joyimiz shunaqa joyki, – dedi Farangis Jobirbekni yanada qiziqtirish uchun, – unda hamma savollaringizga javob olasiz!

– Unda kimlar boʻladi?

– U yerda xotiningiz va uning jazmaninini koʻrasiz xolos.

– Nima? Gulchehra? – Jobirbek boʻgʻilib ketdi. Bu gapni tasavvuriga sigʻdira olmasdi. Shundan boshini changallab qoldi: «Ishonmayman! Ishonmayman! Hozir, hozir, – dedi u va atrofga alanglay boshladi. – Qayerda telefon bor? Uyga qoʻngʻiroq qilishim kerak?..»

Xotiningiz uyda yoʻq hozir. Ishonmasangiz ixtiyoringiz? – beparvo qilib koʻrsatdi oʻzini juvon. – Qolaversa, mana mening qoʻl telefonimdan qoʻngʻiroq qila qoling!

U sumkachasidan telefon olib uzatdi. Jobirbek tilla topgan odamdek sevinib ketdi: “Hozir telefon qiladi. Goʻshakni Gulchehra koʻtaradi. Kechadan beri miyasini qurtdek kemirayotgan gumonlar barham topadi. Mana hozir sakkiz, uch, yetti, besh...”.

Telefon uzoq jiringladi. Gulchehra goʻshakni olmadi. Olib ham nima qildi? Kun boʻyi uch marta shu raqamdan qoʻngʻiroq qilishdi. Ayol kishining tovushi. Erining yana bir jazmani. Aytishicha undan bolasi ham bor emish. Ishni bosti-bosti qilish uchun Shosalim degan doʻsti orqali pul ham berib yuborgan emish. Hozir yana pulga zoriqqan-u, Jobirbek yordam qilmayotganmish. Gulchehraning bu gaplarni eshitishga ortiq toqati qolmagandi. Yigʻlamadi ham. Birinchi marta emas-ku! Eriga nima kerak oʻzi? Shunchalik mohir uloqchi ekan, mayli yot toʻshaklarda koʻpkari chopib, tulporini sovutib yuraversin. Lekin meni nega badnom qiladi? Oila sha’nini yerga urmasa boʻlmaydimi? Axir, barisiga chidab kelayapman-ku?..

Gulchehraning yuragi sanchgandek boʻldi. Beixtiyor goʻshakni oldi-da, Shosalimning raqamini terdi. U Gulchehraning savoliga dastlab javob berishdan qochib taysallandi. Gulchehra gʻazab qilgach, xuddi noiloj qol¬gandek: «Faqat hech kimga aytmang. Jobirbek boshimni oladi-ya – bilib qolsa», deya yolvorgancha toʻgʻrisini aytdi:

– Ha, ellik ming dolllar oborib berganman!

50

Jobirbek qoʻngʻirogʻiga javob boʻlmagach, tamoman esidan ajradi. Koʻz oʻngida Gulchehraning ikkita qiyofasi namoyon boʻldi. Birinchisi xotinining avvalgi munis, mehribon chehrasi. Ikkinchisi esa bir yildan beri oʻzgarib qolgan, tajang basharasi. Uning miyasi pufakdek boʻm-boʻsh boʻlib qoldi. Hozir uning boʻynidan ip bogʻlab xohlagan tomonga yetaklashing mumkin edi. Shunday boʻldi ham. Xuddi mast odamdek chayqala-chayqala Farangisga ergashdi. Qandaydir mashinaga oʻtirishdi. Keyin uzun yoʻl boʻylab katta tezlikda yelib ketishdi.

Gulchehrani nima jin urdiykin? Nima yetishmaydi unga? Toʻqlikka shoʻxlikmikin yo... Meni, bolalarimizning sha’nini oʻylamaydimi? Hech boʻlmaganda taqvodor ota-onasining hurmatini qilsa boʻlardi? Axir, el oldida qanday bosh koʻtarib yurishadi ular?..

Jobirbek yoʻl boʻyi ana shunday kechinmalar ogʻushiga koʻmilib oʻtirdi. Miq etmadi. Endi uni hech nima qiziqtirmay qoʻygandi Yashashning ma’nisi qolmagandi. Qani hozir avtohalokat roʻy bersa-yu, Qodirbek akasining ortidan narigi dunyoga ravona boʻlsa...

Mashina qandaydir toʻqayzorga kirib toʻxtagandan keyingina Jobirbek bir oz hushyor tortdi. Tevarak-atrof zim-ziyo. Toʻqayzor oyning gʻira-shira yogʻdusida qoʻrqinchli bir manzara kasb etib turadi.

– Nega toʻxtadik? Bu qanaqa joy? – sarosimalandi Jobirbek

– Savollaringizni javobi huv ana u joyda, – quyuq qorongʻulik ichida miltillab turgan shu’laga ishora qildi u. – Tushing, mana bu kishi sizni kuzatib qoʻyadi.

Miltillab turgan shu’la gulxan ekan. Olov yonida yomgʻirpoʻshtni yelkasiga tashlab bir kishi oʻtiribdi. Qoʻlida ov miltigʻi. Shosalim mashina kelib toʻqay boshida toʻxtaganini, hademay Jobirbek bilan yuzma-yuz boʻlishini bilar, ammo oʻrnidan turishga shoshilmasdi. Qadam tovushlari juda yaqin kelgach turdi. Kelguvchilarga yuzlandi.

– Shosalim?!

– Yoʻq, yanglishding, men – Shosalim emasman! Senga itdek ergashib yurgan, bir paytlari obroʻyingni saqlab qolish uchun tuni bilan mijja qoqmagan, sadoqat bilan xizmatingni qilib, oxir-oqibat qadri-qiymati toptalgan soyaman.

– Shuncha gina-kudratingiz bor ekan – avvalroq aytsangiz ham boʻlardi-ku?! Koʻnglingizni ranjitgan boʻlsam uzr soʻrashga hech qachon or qilmasdim. Siz axir, doʻstim edingiz, undan avvalroq – ukam deganman!

– Qoʻysang-chi! Menga boʻlgan munosabatingni qanday ekanini oʻzingni pakana Napoleon-u, meni naynov genaralga oʻxshatib aytib boʻlgansan. Men sen uchun soya boʻlganimni oʻshandayoq anglaganman. Endi asl nusxa boʻlmoqchiman. Sendan esa nusxa ham qolmaydi!

– Shosalim! – zorlandi Jobirbek. – Sizni xafa qilganim rost! Ish ustida nimalar boʻlmaydi deysiz. Ammo siz dastak qilayotgan sabablarning birortasi ham doʻstligimizga rahna solishga arzimaydi! Arzimaydi, axir! Oʻsha musaffo tuygʻularimizni saqlab qolish uchun men hamma narsadan voz kechgan boʻlardim, aytsangiz bas – imkonimdagi hamma narsaga tayyorman!

– Nahotki! Shunchalar joʻmard boʻlsang amalda isbotla! Menga soʻnggi kashfiyotlaring saqlanayotgan joyni ayt!

Jobirbek Shosalimning noma’qulchiliklari obroʻ, martaba, pul uchun deb oʻylagandi. Agar shunday boʻlsa – uning hisobiga hamma narsasini, bisotida borini berishga tayyor edi. Ammo, endi bildiki, uni doʻst sifatida yoʻqotib boʻlibdi. Shundan Shosalimning sovuq yiltiragan koʻzlariga nafrat bilan boqdi:

– Shaytonga yollanibsan-da?!

– Bu yogʻi bilan ishing boʻlmasin. Hujjatlarni berasanmi, yoʻqmi – shundan gapir?!

Jobirbek boshini quyi egdi:

«Qaniydi hozir yer yorilsa-yu, yerga kirib ketsam. Bu kabi razillik, sharmandalik yukidan xalos boʻlsam», degan oʻy kechdi xayolidan. Keyin boshini koʻtardi-da, Shosalimga achinib qaradi.

– Oʻylasam, oʻzimga tegishli boʻlgan hamma narsamni boy berib boʻlibman. Mehrimni, muhabbatimni... Ammo kashfiyotlarimni xalqimga, Vatanimga ataganman – uni bera olmayman, uzr! Senga esa achinaman, Shosalim! Sen haqiqatdan ham soya boʻlgan ekansan, hozir tirik murdaga aylanibsan xolos.

– Bas! – chinqirib yubordi Shosalim. Keyin, achchiqlanib miltiqni unga oʻqtaldi.

– Sen tamom boʻlgan odamsan! Senga achina...

– Bas deyapman, bas!

Shosalim alamdan boʻkirib tepkini bosdi. Oʻq Jobirbekning qornini teshib oʻtdi. Yuzlari ogʻriqdan bujmaydi. Ammo yiqilmadi: qornini ushlagancha Shosalimga tomon yurdi. Oyogʻini sudrab-sudrab bosardi. Oʻq teshib oʻtgan joyidan qon sizib oqmoqda edi. U yaqin kelib miltiqni uchidan tutdi; uni yuragiga qadadi. Shosalim esa dir-dir titrab turar, ikkinchi marta tepkini bosishga kuchi yetadimi-yoʻqmi – noma’lum edi.

– Shosalim! – gapirganida ogʻriq kuchaydi chamasi, Jobirbekning yuzi burishib ketdi. – Gulchehraning xi-yo-na-ti-i rostmi?..

Shosalim nima deyishini bilmay qoldi. Dam sayin hushini yoʻqotib borayotgan Jobirbek esa koʻzi tinib, Shosalimning qiyofasi unga ikkita boʻlib koʻrindi. Biri oʻsha oʻzi bilgan kamtarin, kamsuqum chehra; ikkinchisi esa yovuz va razil bashara. Birisi «yoʻq» dedi, birisi tepkini bosdi. Shosalimning ogʻzidan «yoʻq» degan javob bilan, miltiqning ogʻzidan oʻq degan jallod bir vaqtda otilib chiqdi. Birisi quloqqa, birisi yurakka borib tegdi. Hayot bilan oʻlim orasidagi fursat juda qisqa boʻldi. Ammo haqiqatni bilish – bu dunyodan armonsiz ketish uchun Jobirbekka ana shu qisqa fursat kifoya boʻldi. Shu qisqagina lahzada uning gʻamboda chehrasida, ogʻriqdan bujmaygan yuzida tabassum balqidi. U ana shu qisqagina soniyada oʻzining magʻrur qiyofasini, baxtiyor chehrasini, oʻtkir nigohlarini Shosalimning hissiz koʻzlariga muhrlashga ulgurdi.

Shosalim endi oʻla-oʻlguncha ana shu nigohlar ta’qibiga mahkum boʻlgandi.

51

– Ming marta uzr! Sizlarni kuttirib qoʻydim!

Shosalim faollar zaliga hovliqib kirdi-da, toʻrdagi joyiga oʻtirarkan, yoʻl-yoʻlakay barchadan kechirim soʻradi. Ahvoli haminqadar boʻlishiga qaramay oʻzini bardam, tetik tutishga urindi. Kursisiga oʻtirib joylashib olgach esa, yigʻilganlarni bir-bir koʻzdan kechira boshladi.

– Bugun sizlarni bu yerga toʻplaganimdan maqsad...

U fikrini davom ettira olmay taqa-taq toʻxtadi. Koʻzlari ham bir nuqtaga tikilgancha qotib qoldi. Uzunchoq stol atrofida oʻtirganlar safida umuman kutilmagan bir chehraga toʻqnash keldi: «judayam oʻxsharkan», degan oʻy kechdi dilidan. Ammo yanglishganini anglash uchun koʻp vaqt kerak boʻlmadi. Bu haqiqatdan ham Sakina edi. Zalda Sakinadan tashqari yana bir necha notanish odamlar borligini payqaganida esa Shosalim gʻisht qolipdan koʻchganini fahmladi. Yigitlardan ikkitasi turib unga yaqin kelishdi.

– Shosalim Davronovich! Siz qasddan odam oʻldirishda ayblanib, qamoqqa olindingiz!..

Fuqaro kiyimidagi qidiruv boʻlimi xodimlari unga prokuror sanksiyasini koʻrsatib, qoʻliga zanjir sola boshlaganida, Shosalim bu ikki yigitning oʻziga tanish ekanini koʻrib, badtar tosh boʻlib qotdi: ularning biri haydovchisi Ilhomjon, sherigi – uyida mardikor boʻlib ishlagan Shokir edi.

Bir kun oldin Toshkentda jinoiy guruhning yana ikki a’zosi qoʻlga olindi. Ular fuqaro Sakina Xadjiyevaning uyiga noqonuniy yoʻl bilan bostirib kirishlikda ayblanib xibs qilindilar. Voqeaning asl tafsiloti esa mana bunday edi.

Shosalimning uyida boʻlib oʻtgan yigʻinda Sakinadan qutulish kerakligi toʻgʻrisida koʻrsatma olgan Qilich bilan Shunqor Toshkentga keliboq operatsiyani bajarishga kirishdilar. Ular Sakinaning eshigini taqillata boshlaganlarida Sakina Akmal bilan Toshkent – Qarshi yoʻnalishidagi samolyotda parvoz etmoqda edi.

Akmalni hamrohi bilan Qarshiga kuzatgach, jinoyat ishini ochishga hamkorlik qilayotgan toshkentlik militsiya xodimlari zudlik bilan «Sarob» operatsiyasini amalga oshirishga kirishdilar. Birinchi galda Sakinaning uyida uzoqdan boshqariladigan radiokarnay oʻrnatildi. Bu uni izlab kelguvchilarda Sakina uyda, degan tasavvur uygʻotish uchun qilindi. Eshikning bir burchagiga bilinar-bilinmas mikrofon qoʻndirildi.

Uy atrofida uch joyda pista, qurt va boshqa mayda-chuydalar bilan savdo qiladigan attorlar paydo boʻldi. Bu kichkina «doʻkoncha»lar vaqtincha ijaraga olinib, bu yoqqa koʻchirildi. Sotuvchilar almashtirildi. Ularning oʻrnini fuqarocha kiyimdagi militsiya xodimlari egalladi. Toʻgʻri, keyinchalik doʻkoncha egalariga ma’lum miqdorda konpensatsiya berishga toʻgʻri keldi. Savdoda uquvi boʻlmagan militsiya xodimlari yosh bolakaylarga qurt, saqich, xoʻrozqand va boshqa shirinliklarni tekinga tarqatvorishgan ekan.

Xullas, kutilgan mehmonlar uzoq mahtal qilmadi. Koʻchaning boshida ikkita erkak paydo boʻldi. Ular toʻgʻri Sakinaning pod’ezdiga qarab yoʻl olishdi.

– Ja-a-a, gavjum boʻp ketibdimi bu joylar? – Shunqor attorlik doʻkonlari atrofida toʻplanib turgan odamlarga norozi qiyofada alangladi.

– Hammada ham tirikchilik! – beparvo javob qildi Qilich, uni «chalgʻima» degan ma’noda ogohlantirib. Keyin birga-birga burilib pod’ezdga kirib ketishdi.

Sakinaning eshigi oldida bir pas toʻxtashdi. Ichkaridan muzika sadolari eshitilib turardi: «Uyida ekan», dedi soʻzlari mikrofon orqali magnit tasmaga tushayotganidan bexabar Shunqor. Qilichga yuzlandi: “Taqqillataymi?”. Qilich tasdiq ma’nosida bosh irgʻadi.

Pastdagi doʻkonchalardan birining sotuvchisi, qulogʻiga eshitish moslamasi qoʻndirib olgan, oliftanamo yigit, taqqillash tovushini eshitishi bilan stoli ostidagi magnitofonning murvatini buradi. Oradan besh-olti daqiqacha vaqt oʻtdi.

Musiqani oʻchirdi – uyida ekani aniq! Nega eshikni ochmayapti? – Deyarli shivirlab, Qilichga savol tariqasidami yoki oʻziga-oʻzi gapirgan boʻlibmi, gʻudranib qoʻydi Shunqor.

Balki... – Qilich bir pas oʻylanib turdi-da, keyin fikrini davom ettirdi. – Balki u yolgʻiz emasdir? Demoqchimanki, mehmoni bordir? – u chap qoʻlini musht qilib tugdi-da, oʻng qoʻlining kaftini unga urib koʻrsatdi: –«Paq-puq» – maishat!

– Oʻlgan ekan, kuppa-kunduz kuni!

– Qiziqmisan, – Qilich ketamiz degan ma’noda pastga ishora qilib, – kechroq kelamiz endi, – dedi-da, oʻzi yoʻl boshladi. Zinadan tusha turib, boya boshlab qoʻygan gapini oxiriga yetkazdi: — Maishat bu biznes! Biznes esa vaqt tanlamaydi.

Tashqariga chiqishgach, ikki sherik attorlardan biriga yaqinlashishdi.

– San shu doʻmda turasanmi? – Sotuvchini savolga tutdi Qilich.

– Ha!

– Sakina opangni taniysanmi?

– Ha-a-a, Sakina satangnimi, taniyman!

– Maboda uni bugun koʻrmadingmi? – oʻsmoqchilandi Shunqor.

– Koʻrdim. Boya bir erkak bilan uyiga kirib ketgandi.

– Qanaqa erkak, kimligini bilmaysanmi mabodo?

Sotuvchi yigit ketma-ket berilayotgan savollardan hafsalasi pir boʻlgan qilib koʻrsatdi oʻzini.

– Oka, man gap sotmiyman – biron nima olasizmi oʻzi? Nima, man melisamidim, domga keladigan har bir notanish odamning shaxsini aniqlaydigan. Oddiy erkak – qoʻlida paketi ham bor edi...

Sheriklar bir quti sigareta xarid qilgan boʻlib, attordan uzoqlashishdi.

– Hammasi ravshan. Xonim lazzatlanvottilar! – Ogʻzining tanobi qochib, ma’noli koʻz qisib qoʻydi Shunqor. Qilichning nigohida esa sovuq bir ifoda paydo boʻlgandi bu payt.

– Mayli, oʻlimi oldidan oʻynab qolsin! – dedi u nigohlaridagidan ham sovuq bir ohangda...

Tunda ikki sherik, biri militsioner formasida, biri asboblar solingan sumka koʻtargan JEK xodimi alfozida yana Sakinaning eshigi ostida paydo boʻlishdi. Qoʻshnilarni bezovta qilmaslik uchun, ehtiyotkorlik bilan harakat qilishardi ular. Mabodo, kutilmaganda biron kor-hol roʻy berib qolsa, militsioner formasi va santexnik asbob-uskunalari vaziyatni yumshatuvchi vositalar boʻlib xizmat qilishi kerak edi. Haytovur, eshikni buzib, ichkariga kirish moydan qil sugʻurgandek amalga oshdi. Ammo qoʻl fonarini yoqib, asta yotoqxonaga bosh suqqan edilar hamki, uyning chiroqlari «lop» etib oʻzidan-oʻzi yondi. Qoʻrquvdan tosh boʻlib qolgan qotillarni katta xonada boya pastda attorlik qilib turgan yigitlar qarshiladi. Shunqor asta ortiga tisarilmoqchi boʻlgandi, oshxona va bolalar xonasidan chiqib kelgan militsiya xodimlari qurshovida qimir etolmay qoldi...

52

Farangis it fe’lli juvon edi: gʻizillab oʻtib ketgan mashinaning ortidan vovullab quvlaydigan, keyin «qochib qoldi, qoʻrqoq», degandek magʻrur qiyofada ortiga qaytadigan koʻppakni koʻrganmisiz? Yoki koʻringan kishining akkillab asabini buzadigan, ozgina qarshilik koʻrsatib, havoncha doʻq qilsangiz dumini qisib qochadigan laychani-chi?

Farangis ana shunaqa xilidan edi. Avvaliga Akmalga chap bermoqchi boʻlib, gapni rosa aylantirdi. Akmal ham uning safsatalariga ishongandek koʻrsatdi oʻzini. Oxir-oqibat, fakt va dalillar bilan Farangisni boshi berk koʻchaga kiritib qoʻydiki, uning laychaga oʻxshab pisishdan boshqa chorasi qolmadi: bilganlarini oqizmay-tomizmay soʻzlab berdi. Bu tafsilotlarni biz yuqorida koʻrib oʻtdik, faqat bir nuqta – teleekranda paydo boʻlib qolishi tushunarsiz edi. Axir bu oʻz-oʻzini fosh etishdan boshqa narsa emas-ku!

– Ayollik qildim! – dedi u yigʻlamsirab, Akmalning shu borada bergan savoliga javoban. – Mening ham doʻst-dushmanlarim bor. Omadsizligim, qashshoqligim bilan kimnidir kuydirib, kimnidir kuldirib kelardim. Bolalarimni davolatishga dastim qisqa edi. Shundan mehribonlik uyiga topshirgandim. Shuning oʻzi uchun, boshimga qanchalar malomat yogʻilganini bilmaysiz-da! Hayotim yaxshilanganini, turmushim oʻzgarganini hamma koʻrib qoʻysin debman. Jobirbek koʻrib qoladi, degan oʻy xayolimga ham kelmabdi.

– Moʻmaygina daromad topa boshlaganingizga ancha boʻldi-ku, nega bolalaringizni davolatishni paysalga solib kelayapsiz? – gap qistirdi Akmal.

– Shosalim hamma ishlarni bitkazib Moskvaga yoki Germaniyaga yuborishga va’da qilgan.

– Nega oʻzimizda emas?

«Darvoqe, nega?». Farangis birinchi marta bu savolni oʻziga-oʻzi berdi. Keyin Shosalimning «oʻzimizniki» degan tushunchaga beparvo, ahamiyatsiz qarashini esladi. U sigareta chetniki boʻlsa chekardi, xorijning yorligʻi yopishtirilgan aroqnigina ichardi. Gap televideniye haqida ketsa: «Oʻzimiznikimi? Bir pulga qimmat!» derdi u. «Paxtakor»ning futbolchilarini-ku, yerga urib tashlardi. «Makaronlar» deb masxaralardi ularni: «Chet elning futbol klublariga sotib yuborish kerak bularni. Maradonaning oyogʻini uqalab, Pelega kofe qaynatib yurishsin. Shundan boshqaga yaramaydi bular!» derdi. Shu asno Farangisning yodiga bir voqea tushdi. Kuladigan ahvolda boʻlmasa ham yuziga tabassum yoyildi.

Bir kuni kechki payt uyda Nargiz bilan oʻtirishgandi. «Bormatuxa» qonni koʻpaytirarmish, degan gapni eshitgandan beri opa-singil ahyon-ahyon vino bilan oʻzlarini muolaja qilib turishardi. Shosalim qoʻngʻiroq qilib qoldi. Hozir kelarmish! Apil-tapil dasturxonni qayta tuzashdi.

– Vino ichib turganimizni koʻrsa, rosa izza qiladi, – dedi Farangis shishalarni yashirishga joy izlarkan, – tem bolee, bormatuxa.

– Buning yoʻli bor! – dedi Nargiz, opasidan shishalarni olib, oshxonaga yoʻnalar ekan. Keyin qaysidir bir oʻtirishda boʻshatilgan «Viski» shishasiga vinoni soldi-da, dasturxonga keltirib qoʻydi.

– Bu qanaqa ichimlik? – Shosalim chiroyli «viski» shishasini qoʻliga olib, aylantirib qaradi. – Bunaqasini koʻrmagandim.

– Vino! Texasniki, – dedi Nargiz quruqqina qilib. Keyin Shosalimning ryumkasiga toʻlgʻazib xorijning shishasidan «barmotuxa» quydi.

– Mana buni vino desa boʻladi! – bir koʻtarishda ryumkani boʻshatgan Shosalim tamshanib qoʻydi. – Chet elga gap yoʻq, oʻzimiznikilarnikini ichsang qusging keladi!

Opa-singil «dumbul boyvachcha»ni kuzatib rosa kulishgandi.

Ha, Shosalimning oʻzimizning tibbiyotga ham, oʻzimizning militsiyaga ham munosabati bundan ortiq emas. Shundan «yopiqli qozon yopiqligicha» qolishiga juda ishonardi. “Lekin, hademay qattiq yanglishganini fahmlaydi!” fikridan oʻtkazdi Akmal.

– Endi men nima qilay? – Farangis shu choqqacha qilgan ishini qilib qoʻygan, aytadigan gapini aytib boʻlgandi. Bu yogʻiga nima qilishni rostdan ham bilmas edi.

– Sizmi? – Akmal unga sinchkov nazar tashladi. — Bolalaringizni «Ortopediya» institutiga oboring! Qanday yashagan boʻlsangiz – shunday yashayvering! Kerak boʻlganingizda – oʻzimiz sizni chaqirtiramiz. Bitta xavf-xatar bor – shundan saqlaning!

Farangis hurkak nigohlarini unga qadadi.

– Men bilan uchrashganingiz-u, oʻrtamizdagi gaplarni hech kim – hattoki eringiz yoki Nargiz ham bilmasligi kerak. Aks holda...

– Menga yengillik boʻlarmikin? – Ayolning jovdirab turgan koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi.

– Buni sud hal qiladi. Ammo ma’lumot berganingiz, aybingizga iqror ekaningiz, nogiron bolalaringiz – bularning barchasini sud inobatsiz qoldirmaydi.

Farangis ana shu choʻltoq umid bilan nogiron bolalarining huzuriga yoʻl oldi...

53

Farangisning tergovchiga oxir-oqibat taslim boʻlishi bejiz emasdi. Avvaliga, qiziqarli bir oʻyin tarzida boshlangan bu ish bu qadar fojea bilan yakun topadi, deb oʻylamagandi u. Jobirbek otilgan tunda esa nechogʻli qaltis ishga aralashib qolganini his qildi. Oʻshandan beri yegani tatimay yurgandi. Qachondir bu ishlarning ishkali chiqishidan choʻchib yashab kelardi. Mana, bugun sir oshkor boʻldi...

Farangis oʻsha kecha mashinada yolgʻiz qoldi. Atrof zim-ziyo. Avvaliga bilinmadi; erkaklar ketgach, allaqanday vahimali oʻylar koʻngliga gʻulgʻula sola boshladi. Xuddi, dahshatli filьmlardagidek, hozir mashina oynasida qoʻrqinchli bir bashara paydo boʻladigandek tuyulaverdi. Shosha-pisha eshikning bosqichlarini pastga bosib qoʻydi. Rul tomondagi oynaning yuqorisida barmoq sigʻadigan tirqish qolgan ekan, apil-tapil uni ham koʻtarib zichladi. Koʻngli bir oz taskin topdi. «Tezroq qaytishsaydi erkak¬lar!» koʻnglidan oʻtkazdi u.

Farangis erkaklar hozir erkakchasiga gaplashib olishadi-yu, muammo hal boʻlgach yana Toshkentga qaytib ketamiz, degan oʻyda edi. Nogahon yangragan oʻq ovozi uning oʻylarini chilparchin qildi. Sarosimalanib qoldi. Birgina fikr uni qamrab olgandi: «Jobirbek yashirincha toʻpponcha olib kelgan ekan-u, raqiblarini otishga tushdi». Dir-dir titrab rul tomondagi oʻrindiqqa oʻtdi. Qaltiroq qoʻllari bilan paypaslab kalitni topdi. Mashinani oʻt oldirdi: «Ulgurish kerak!» ta’kidladi oʻziga-oʻzi u. Hozir Jobirbek uchinchi raqibini ham tinchlantiradi-da...

Mashina haydash hadisini olganligi shu joyda qoʻl keldi: Shosalimning homiyligida shofyorlik kursida oʻqib guvohnoma olgandi. Ahyon-ahyon erining «Neksiya»sini haydab yurardi. Shundan hozirgi vaziyatdan qutulishning yagona yoʻli – bu joydan qochib qolish, degan qarorga keldi u. Yoʻlning tashvishini qilmasa ham boʻladi. Mana shu ilon izi kabi uzalgan egri-bugri yoʻl toʻgʻri katta trassaga olib chiqadi. Katta yoʻlga chiqqach, oʻngga burilib, toʻgʻri ketaveradi. Ammo…

Katta trassaga chiqish oson kechmadi. Yoʻl egri-bugri boʻlgani sababli tezlikni oshirib boʻlmas, shundan Farangisning xayolida Jobirbek uni quvlab yetadigandek edi. Damo-dam orqasiga oʻgirilib qarayverganidan, mashina bir-ikki marta yoʻldan chiqib ketdi ham. Katta yoʻlga chiqib olgach esa, yengil tin oldi. Xavf bartaraf boʻlgandek edi goʻyo. «Ammo... Jobirbek bugun boʻlmasa ertaga uni izlab topadi-ku! Bu qonxoʻr meni ham endi omon qoʻymaydi!». Uni hozirgina bir muddatga tark etgan vahimali oʻylar yana qayta bezovta qila boshladi. Uzoqdan ikki viloyat chegarasida joylashgan militsiya posti koʻzga tashlandi.

– Aytaman! Hoziroq postda toʻxtaymanu, Jobirbekning qotilligi haqida ma’lumot beraman! Mayli, uni bir oz chuv tushirganim uchun jazo berishsa ham roziman. Harqalay, nom-nishonsiz oʻlib ketgandan koʻra – shunisi durust!

Farangisning qarori qat’iy edi. Agar ayni shu damda sumkachasidagi qoʻl telefoni jiringlab qolmaganida yoki telefonga javob bermaslik haqidagi dastlabki fikrda qolganida edi, u bir necha daqidadan soʻng oʻzi mansub boʻlgan jinoiy guruhni oʻzi bilmagan holda fosh qilib qoʻyishi turgan gap edi.

– Allo, Farangis! Nima jin urdi seni? Nega mashinani obketib qolding?

Farangis quloqlariga ishonmadi. Erining ovozi. Demak, tirik qopti-da!

– Siz tirikmisiz? Yaralanmadingizmi? Ana u qonxoʻr qani?

– Qaysi qonxoʻr? Shosalimmi?

Qilichning xotini bilan kechayotgan be’mani muloqoti shu joyda Shosalimning toqatini toq qildi. U sherigining qoʻlidan telefonni yulqib oldi-da, unga yeb qoʻygudek boʻlib tikilgancha, qattiq-qattiq gapira boshladi:

– Farangis, qayerdasan?.. Mayli, nega ketib qolding?.. Yoʻq, qaytishingga hojat yoʻq. Toshkentga ketaver! Yoʻldan ehtiyot boʻlsang – bas!

Shosalim gapini tugatgach Jobirbekning yuztuban yotgan jasadiga qarab bir pas tek qotdi.

– Mashinangizda belkurak bormi? – Qilich Shosalimni hushiga keltirdi. – Tezroq koʻmib qutulaylik!

Katta trassaga chiqish oson kechmadi. Yoʻl egri-bugri boʻlgani sababli tezlikni oshirib boʻlmas, shundan Farangisning xayolida Jobirbek uni quvlab yetadigandek edi. Damo-dam orqasiga oʻgirilib qarayverganidan, mashina bir-ikki marta yoʻldan chiqib ketdi ham. Katta yoʻlga chiqib olgach esa, yengil tin oldi. Xavf bartaraf boʻlgandek edi goʻyo. «Ammo... Jobirbek bugun boʻlmasa ertaga uni izlab topadi-ku! Bu qonxoʻr meni ham endi omon qoʻymaydi!». Uni hozirgina bir muddatga tark etgan vahimali oʻylar yana qayta bezovta qila boshladi. Uzoqdan ikki viloyat chegarasida joylashgan militsiya posti koʻzga tashlandi.

– Aytaman! Hoziroq postda toʻxtaymanu, Jobirbekning qotilligi haqida ma’lumot beraman! Mayli, uni bir oz chuv tushirganim uchun jazo berishsa ham roziman. Harqalay, nom-nishonsiz oʻlib ketgandan koʻra – shunisi durust!

Farangisning qarori qat’iy edi. Agar ayni shu damda sumkachasidagi qoʻl telefoni jiringlab qolmaganida yoki telefonga javob bermaslik haqidagi dastlabki fikrda qolganida edi, u bir necha daqidadan soʻng oʻzi mansub boʻlgan jinoiy guruhni oʻzi bilmagan holda fosh qilib qoʻyishi turgan gap edi.

– Allo, Farangis! Nima jin urdi seni? Nega mashinani obketib qolding?

Farangis quloqlariga ishonmadi. Erining ovozi. Demak, tirik qopti-da!

– Siz tirikmisiz? Yaralanmadingizmi? Ana u qonxoʻr qani?

– Qaysi qonxoʻr? Shosalimmi?

Qilichning xotini bilan kechayotgan be’mani muloqoti shu joyda Shosalimning toqatini toq qildi. U sherigining qoʻlidan telefonni yulqib oldi-da, unga yeb qoʻygudek boʻlib tikilgancha, qattiq-qattiq gapira boshladi:

– Farangis, qayerdasan?.. Mayli, nega ketib qolding?.. Yoʻq, qaytishingga hojat yoʻq. Toshkentga ketaver! Yoʻldan ehtiyot boʻlsang – bas!

Shosalim gapini tugatgach Jobirbekning yuztuban yotgan jasadiga qarab bir pas tek qotdi.

– Mashinangizda belkurak bormi? – Qilich Shosalimni hushiga keltirdi. – Tezroq koʻmib qutulaylik!

Shosalim yuzini Shunqorga oʻgirdi. Uning qarashidagi ma’noni Shunqor darhol uqdi. Shundan:

– Yorugʻroq joy kerak! Bor-yoʻgʻi yarim soatda nimtalab tashlayman! – dedi.

Shundan soʻng uchovlon oʻlikni Shosalimning mashinasiga koʻtarib borishdi. Uni yukxonaga joylashtirib, mashinani qishloqqqa qarab haydashdi. Toʻgʻri Shosalimning uyiga borishdi. Hovli burchagidagi kichkina hujrada Shunqor mahorat bilan jasadni boʻlak-boʻlak qilib maydaladi. Qilich nimta-nimta qilingan Jobirbekning tanasini klyonkaga oʻrab mahkam bogʻlab turdi. Jarayonni tashqarida kuzatib turgan Shosalim, xotinining ayvonga chiqqanini koʻrib, hamrohlariga nimadir dedi. Keyin, agar Salima xujra tomonga qarab yurgudek boʻlsa, uning yoʻlini kesib chiqishga shaylanib turdi. Ammo xotini ayvonda bir pas turdi-da, qaytib uyga kirib ketdi.

– Xayriyat!

Shosalim joyidan jilmadi. Sheriklari nimtalangan jasadni mashinaga joylashtirib qaytgach, xujrani koʻzdan kechirdi. Qon izlarini yoʻqotishdi. Endi ketsa ham boʻlardi-yu, Shosalimning yodiga yana nimadir tushdi. Shunqorga allaqanday yumush buyurdi. U nariroqdagi katakka tomon ketdi. Bir ozdan soʻng, qorongʻulik qoʻynidan qoʻlida ikkita boʻgʻizlangan quyon bilan chiqib keldi u...

Shu kech tongga qadar qotillar rosa ter toʻkishdi. Jasadni toʻqayzorning turli joylariga koʻmib chiqishdi. Tong endi-endi oqara boshlagan mahal Oʻta merganning eshigi oldida mashina kelib toʻxtadi. Uyqusizlikdan koʻzlari shishinqiragan Shosalim gandiraklagancha mashinadan tushdi. Miltiq va oʻljadan ulush sifatida olib kelgan ikkita quyonni merganga berib, xayr-xoʻshlashib chiqqach, mashinaning orqa oʻrindigʻiga ogʻir choʻkarkan, Qilichga buyurdi:

– Shahardagi uyga hayda!..



54

Nargiz tong chogʻi koʻcha eshik qoʻngʻirogʻining vahimali jiringlashidan uygʻonib ketdi: «Kim boʻldi bu? Shosalimmi? Axir kelishidan oldin qoʻngʻiroq qilib ogohlantirardi-ku?» U ana shunday kechinmalar ogʻushida turib kiyindi. Ikki tavaqali katta darvozaning tuynugidan qarab mashina pochchasiniki ekanini koʻrib yana hayron boʻldi. Eshikni ochib tashqariga moʻraladi. Rulda opasi oʻtirganidan taajjublandi. Keyin mashinani ichkariga kiritsin uchun darvozani lang ochdi.

– Tinchlikmi, opa! Rang-roʻyingiz bir holda? Nima boʻldi sizga?

Farangis javob berish oʻrniga yigʻlab yubordi. Nargiz yelkalari titrab, oʻksib-oʻksib yigʻlayotgan opasini bir zum oʻz holiga qoʻyib berdi. Yetaklab uyiga obkirdi. Mehmonxonadagi uzunchoq stolda har xil shisha idishlar guldasta tarzida terilib turar, fujerlar qantarilib qoʻyilgandi. Nargiz shishalardan birining ogʻzini burab ochdi. Gazi koʻp ekan, vishillagan tovush chiqdi. Shu dam gaz suvning pufakchalari yuzlariga sachradi. Suvning muzdekkina ekanidanmi yoki bu holat boshqa bir shunga oʻxshash voqeani yodiga soldimi, toʻyqus seskanib ketdi u...

Oʻshanda ham shunday boʻlgandi. Shunqor bilan uning bir xonali kvartirasida xufyona uchrashib, ayshu ishrat qilib yurishardi. Ikkalasining ham bir-biriga nisbatan hech qanday majburiyati yoʻq edi. Nargiz boy-badavlat xonadonning kelini: yegani oldida, yemagani ortida. Istagan narsasi muhayyo. Faqat havas qilsa arzigulik hayotining birgina kemtigi bor edi. Bu kemtikni ham mana shu Shunqor berkitib kelmoqda edi.

Nargiz Shunqordan koʻra aqlliroq, tadbirli va ishratga oʻch. U oʻynashi qoʻyniga kirgan kezlari uning jonini sugʻurib olardi. Eri bilan kechgan sovuq tunlarning hissasini chiqarmoqchi boʻlardi chamasi. Qizigʻi shunda ediki, Shunqor bu kabi poygadan shalvirab qolmasdi. Marraga yetib kelgach, bir oz tin olgan boʻlardi-yu, yana tulporini maydonga solardi. Nargizning serqichiq qiliqlari, baliqniki singari chiroyli tanasining toʻlgʻonishlari – ayniqsa qoʻshilishning eng avj nuqtalarida chinqirib yuborishlari jazmaniga nainki huzur, balki yana ham kuch bagʻishlardi. U oʻzini erkaklarning erkagi deb hisoblar, chunki kunduzgi ishqiy sarguzashtlari kechasi xotinining toʻshagidan uzoqlashtirmasdi. Erlik burchini ham ortigʻi bilan ado etib kelmoqda edi.

Bir gal ikkisi gap talashib qolishdi. Kelishmovchilikka Shunqorning konsertga ikkita bilet sotib olgani-yu, Nargizning yoʻq, deyishiga qaramay, birga tushmoqchi ekanini aytib oyoq tirab olgani sabab boʻldi.

– Bilaman, sen uchun men oddiy bir erkakman, – azbaroyi achchiqlanib yozgʻirdi Shunqor. Keyin fikrini yanayam oydinroq ifodalamoqchi boʻldimi, u yoq bu yoqqa alanglay boshladi. – Mana bu televizor yoki mana bu dazmolga oʻxshash buyumman. Koʻngling tusagan payti foydalanasan... birga tushlik qilishdan hadiksiraysan. Jamoat ichida yonma-yon yurishdan choʻchiysan. Endi bildim, sen mandan or qilasan!..

Nargiz Shunqorning shubhasi asossiz ekanidan kuldi – boshini uning yelkasiga qoʻydi:

– Unday emas, Shunqorim! boshimda erim bor ekanini unutmang.

– Ajrash boʻlmasa!

– Jazmanlik evazigami? Aslo!

– Kerak boʻlsa uylanarman ham...

– Yoʻq! Unda uchrashuvlarimiz bu qadar maroqli boʻlmay qoladi.

– Nega?

– Negami? Oʻrtaga manfaat aralashadi. Zimmaga majburiyat tushadi. Gap-soʻz koʻpayadi. Menga qolsa munosabatlarimiz shu taxlit davom etgani ma’qul.

– Shunday: hissiz... sevgisiz!..

Nargiz avval boshda erkaklik gʻururi junbushga kelib, rosa sapchigan jazmani asta-asta hovuridan tushib borayotganini payqadi. Shuning uchun mavzuga shu oʻrinda biratoʻla nuqta qoʻydi.

– Jonim! Birovga koʻz-koʻz qilish uchun sevilmaydi. Agar sizni yoqtirmasam... – Nargiz tiliga qalqib chiqqan ohangdosh – bir uyat soʻzni zoʻrgʻa tishlab qoldi. Oʻrtada begona kishi boʻlmasa ham bu soʻzni ovoz chiqarib ayta olmadi. Shundan, oʻynashining qulogʻiga egilib asta shivirladi, – boqtirmasdim ham!

Shunqor doʻppini olib qoʻyib, yaxshilab oʻylab koʻrsa bir jihati shunisi durust boʻlib chiqdi. Topish-tutishi haminqadar. Harqalay, Nargizning eridagi imkoniyat unda yoʻq. Shunday boʻlgach, koʻrpasiga qarab oyoq uzatgani ma’qul. Boshqa odam boʻlganida Nargizga oʻxshagan juvonni oʻynatish uchun qanchadan-qancha pul sarflardi. Shukr qilish kerak!

55

Xufiya uchrashuv joyida ularni Sotimboy kutib turganidan bexabar ikki zinokor, har galgidek belgilangan vaqtda visolga oshiqishardi. Nargiz bir muddat ilgariroq keldi. Kaliti bilan eshikni ocharkan, ortidan bir juft koʻz uni kuzatib turgandek boʻlib tuyuldi. Oʻgirilib, hech kim yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, shosha-pisha oʻzini ichkariga urdi.

Oradan oʻn daqiqalar oʻtib eshik oldida Shunqor paydo boʻldi. Eshik ichkaridan ildirilgani bois, kalitni qaytib choʻntagiga soldi-da, qoʻngʻiroq tugmachasini bosdi. Sotimboy ham shu lahza qoʻlidagi mitti videokamerani ishga qoʻshdi. Bir oylik tanafusdan soʻng visolga oshiqib turgan aygʻirning sabrsizlik bilan yer tepinib turishi-yu, har qanday ehtiyotkorlikni unutib ostonadayoq aygʻiriga suykalana boshlagan yoldor biyaning holati magnit lentasiga muhrlandi. Sotimboyga orani ochiq qilishi uchun shuning oʻzi kifoya edi. Ammo zinadan tusha turib, eshik ochiq qolganini koʻrib toʻxtadi. Ichkarida oʻzi uchun noxush bir vaziyatga duch kelishini bilsa ham, oʻtib keta olmadi. Xotinini yana ham sharmandali bir holatda qoʻlga tushirish istagi tugʻildi unda. Ichkariga kirib, eshik zanjirini ildirdi. Yotoqxonadan erkak bilan ayolning bab-barobar harsillashi eshitilib turardi. U qiya ochilib qolgan eshikni ohista surib kattaroq ochdi-da, kamerani ichkariga toʻgʻriladi. Sotimboy shu paytgacha xotiniga xiyonat qilgan odam emasdi. Savdogarlar oilasida oʻsib ulgʻaygan bu yigit pul topishni ham, uni nimalarga sarflashni ham yaxshi bilardi. Zinodan, mayxoʻrlikdan yiroq edi u. Hozir, shaytonning undovi bilan ichkariga kirgani uchun oʻzidan-oʻzi xafa boʻlib ketdi. Xotinini bu alfozda uchrataman deb oʻylamagandi. Ikki zinokorning qilib turgan ishi odam bolasining ishiga sira oʻxshamasdi. Faqat hayvonlargina shunday qoʻshilishadi.

Shunqor tuflisini yechishga ham hafsala qilmagan, shimi ham dumbasining ustida, Nargizni kiyim-kechaklar dazmollanadigan taxtaga choʻnqaytirib qoʻyib, xuddi masiqqan tuyadek murodini hosil qilmoqda edi. Sevgi oʻyini avj nuqtasiga chiqqandi. Nargiz nimadir demoqchi boʻlibmi, hirsdan ola-kula boʻlib ketgan koʻzini orqaga oʻgirdi. Oʻgirdi-yu, dahshatdan baqirib yubordi. Uning chinqiriqlariga oʻrganib qolgan Shunqor esa, beparvo ishida davom etardi. Nargiz uni keti bilan itarib yuborganidagina, gap nimada ekanini payqadi. Sarosimalanib qolganidan nima qilarini bilmay turgan joyida qotib qoldi. Nimadir demoqchi edi, tili kalimaga kelmadi.

– Sen... Sizlar jirkanchsizlar! – Alam va nafratini shu birgina soʻzda ifoda etdi Sotimboy. Keyin, hali shimini koʻtarishga ulgurmagan, dagʻ-dagʻ titrab turgan xotinining jazmaniga yuzlandi: – Doʻnqay!

– Nima? – hayrat va hadik bilan soʻrashga jur’at etdi Shunqor.

– Doʻnqay! Sen bilan hozirning oʻzida hisob-kitob qilaman! – Sotimboy chap qoʻli bilan shimining tugmalarini yecha boshladi.

“Bir hisobdan shunisi ma’qul!” – Shunqor, sarmoyador odamlar bilan oʻchakishib boʻlmasligini yaxshi bilardi. Ayniqsa hozirgi raqibining «koʻcha»ning shunqorlari bilan aloqasi borligini, ahyon-ahyon choyxonada oʻtadigan mahfillarda ishtirok etishini eshitgandi. Sotimboy kuch jihatdan raqibidan ojiz boʻlsa ham, puli bilan Shunqorga oʻxshaganlarning yuztasiga bas kela oladi. Shunqor ayni shu lahzada yigitlik gʻururini pesh qilib, Sotimboyning haqoratomuz ishorasiga boplab javob qaytarishi mumkin edi-yu, ammo ertasini oʻyladi. Oilasi, bolalari koʻz oldiga keldi. Zinokor otaning kasriga ularning jabr koʻrishlarini xohlamadi. U ikki oʻt orasida qolgandi: hozir Nargizning oldida oʻz sha’nini himoya qilib, oilasini xatarga soladi yoki Sotimboyning taklifiga boʻysunib, erkak sifatida jazmanining nazaridan qoladi. Shunqor xatarli yoʻldan kechib, sharmandalisini tanladi.

Sotimboy soʻqimdek yigitning muloyim ipakdek eshilib, choʻnqayib ketini tutib turganini koʻrib undan battar jirkanib ketdi. Tuflisining osti bilan uning oppoq dumbasiga turtdi:

– Tur-e, erkak boʻlmay oʻl!

Shunqorning izzat-nafsi lat yedi. Bundan koʻra oʻsha sharmandali ishning roʻy bergani ma’qul edi: ham sharmanda boʻldi, ham xatarda qoldi. U bir zum garangsib turdi, soʻng sapchib oʻrnidan qoʻpdi. Koʻziga oilasi ham, Nargiz ham koʻrinmadi. Videokamerani yulqib olmoq boʻlib Sotimboyga tashlandi.

– Ber bu yoqqa kamerani!..

Shoxlashayotgan ikkita hoʻkizning jangini bir chekkada onadan hozir tugʻilgan qoʻzichoqdekkina boʻlib kuzatib turgan Nargiz es-hushini batamom yoʻqotgan – shundan nima voqea sodir boʻlayapti-yu, kimning kim ekanini ham farqlamay qolgandi. Timdalashib-yumdalashayotgan erkak¬lardan tisarilib orti bilan dazmol stoliga urildi. Hushyor tortdi. Keyin qoʻliga ogʻir choʻyan dazmolni oldi.

Hozircha nima qilmoqchi ekanini bilmasa ham asta-asta oldga qarab siljiy boshladi. U orada kechgan shu fursat ichida juda koʻp narsadan mosuvo boʻlganini fahmladi. Uyatdan yashirinadigan joy, alamdan qutuladigan bir imkon axtardi. Oʻzini shunday sharmandali ahvolga tushishiga sababchi boʻlgan – mana bu ikki hoʻkiz koʻziga yomon koʻrinib ketdi. Ikkalasini ham majaqlab, boshi oqqan tomonga ketishni xayol qildi. Ogʻir choʻyan dazmolning zarbidan yuziga sachragan qon uni hushiga keltirdi. boshidan tizillab qon otilayotgan Sotimboyning qoʻllari ostidagi raqibining boʻgʻzidan boʻshaldi. Bir pas tek qotib turdi-da, soʻng shilq etib yoniga agʻdarildi. Nargiz ohista chinqirib yubordi...

Farangis Nargiz piyolaga quyib bergan muzdekkina mineral suvdan ichib bir oz oʻzini bosib oldi.

– Bilasanmi, Nargiz, nazarimda uni oʻldirishdi!..

– Kimni? – Shosalimni oʻylab sarosimalandi Nargiz.

– Jobirbekni!

– Ha-a-a, shunga shunchami?! Eringizga qaygʻuryapsizmi debman.

– Namuncha, diydang tosh boʻlmasa? Axir, endi hammamiz xavf ostidamiz. Endi...

– Qoʻysangiz-chi, opa! Rosa vahima qilasiz-da. Xavf bartaraf boʻldi, desangiz – mana bu boshqa gap!

– Qanday qilib?

– Hozir biz uchun Jobirbekning sirlarimizdan voqif boʻlib qolgani eng katta xavf edi. Mana endi undan qutulibmiz. Endi... – Nargiz tiliga qalqib chiqqan keyingi jumlalarni aytmadi. Farangis opasi boʻlsa ham Shosalimni undan olib qoʻygani uchun, opaning singilda ozgina adovati bor edi. Shuning uchun gapni boshqa yoqqa burdi: – Endi siz ham tinch yashaysiz! Muxbir qiz niqobidagi kirdikorlaringiz fosh boʻlishidan choʻchimasangiz ham boʻladi.

Nargiz ham Shosalim bilan tanishgungacha opasining u bilan kechirgan sarguzashtlarini ogʻrinibgina hazm qilib kelardi. Garchi rashki mantiqsiz boʻlsa ham Farangisni undan qizgʻanar edi. Shuning uchun ham opasining muhabbatini qozongan Jobirbekning oʻlimidan zarracha ham qaygʻurmadi. Aksincha, endi mana bu koshonani oʻz nomiga oʻtkazishi, Sotimboyning oʻlimi tufayli uzilib qolgan kayfu safo turmushini davom ettirishi mumkin...

Nargiz bu kabi holatni boshidan kechirgan: qoʻli qonga boʻyalgan juvon ekanini opasi qayoqdan bilsin! Sotimboyning jonsiz tanasidan qutulish uchun kechirgan damlarini-chi? Erining tanasini qism-qismlarga boʻlaklayotgan jazmanining yonida turib qarashib turgan chogʻdagi iztiroblari, qiyma-qiyma boʻlgan odam vujudidan koʻzi tinib yiqilganini opasi bilmaydi. Oʻshandan beri goʻshtni koʻrsa koʻngli ayniydi. Koʻngliga yaqin odami Shunqor bilan ham ortiq shakarguftorlik qila olmadi: bir-ikki unnab koʻrishdi, ammo avvalgilarga oʻxshamadi. Toʻshakka kirishdi deguncha, oʻsha voqealar dahshatidan Nargizning ustidan kimdir sovuq suv quygandek boʻlar – tuygʻulari oʻchardi qolardi.

Shunqor ham shu voqeadan keyin anchagina oʻziga kela olmay yurdi. Halovati yoʻqoldi uning ham. Aytishicha, ketida Sotimboyning tuflisidan qolgan iz muhrlanib qolganek tuyular emish. Koʻrinmaydigan joyda boʻlsa ham, oʻtirib-turganida, odamlar ichida yurganida xuddiki hamma uning orqasiga qarayotgandek, noqulay sezar ekan oʻzini. Ikkisi ham munosabatlari ortiq bunday davom etishi mumkin emasligini fahmlashdi. Urush-janjalsiz, gina-kudratsiz bir-birlaridan uzoqlasha boshlashdi. Ayniqsa, Nargiz uchun bu ayriliq ogʻir kechdi. Erining hayhotdek koshonasidagi farovon hayotidan ajragani yetmagandek, jazmanining kulbasidagi mittigina shodlik ham unga nasib qilmadi.

«Kimningdir oʻlimi deb, oʻz huzur-halovatidan kechadigan ahmoq yoʻq!» Tosh sanamga aylangan Nargizning koʻnglidan shu oʻy kechdi. Yomon gap, nojoʻya fikr ilonni inidan, musulmonni dinidan chiqaradi, deganlari bor gap ekan. Farangis shu topda hissiz but-sanamga sigʻinib, najot istab oʻtirgan ma’jusiyga, Nargiz esa, ulkan bir tosh tanaga oʻxshardi. U opasining yozgʻirishlariga batamom nuqta qoʻymoqchi boʻldimi yoki oʻzining mudhish qotilligini oqlamoqchimi, harqalay keskin bir harakat bilan oʻrnidan turdi:

– Bas! Odam oʻlish uchun tugʻiladi!..

56

Jinoyatchi guruh ustidan olib borilgan tergov ishlari uzoqqa choʻzilmadi. Fakt va dalillar yana bir karra oʻz tasdigʻini topdi. Ish sudga oshirildi. Faqat Shunqor masalasida tergov ishlarining koʻlami bir oz kengaydi. U avval ham toshkentlik bir savdogar yigitning izsiz yoʻqolishi munosabati bilan soʻroq bergandi. Ana shu yechimsiz qolib kelayotgan jinoyat boʻyicha uning ustidan yana bir ish qoʻzgʻaldi.

Shosalim hibsga olingan kuni bu voqea butun shaharga ovoza boʻlib ketdi. Barchaning ogʻzida bir gap: «Yopiray, Jobirbekni doʻsti oʻldirgan ekan. Kim oʻylabdi deysiz?!»

Birgina shu ma’lumot bekorchilikda safsata sotish uchun ozlik qilar edi. Shundan safsatagoʻylar qoʻshib-chatib oʻzlari toʻqigan taxminlarni soʻzlab yurishdi. Emishki, “Shosalim bilan Jobirbekning xotini don olishib yurgan emishlar. Ikkisi bir boʻlib Jobirbekni oʻrtadan olib tashlash rejasini tuzgan emishlar. Shosalim bor-yoʻgʻi ijrochi, aslida bu ishlarning boshida xotini…”.

Gulchehra «mish-mish»lar dastidan koʻchaga ham chiqa olmay qoldi. Tergovga chaqirishgan chogʻlari gʻizillab prokuraturaga oʻtib kelar, boshqa paytlari uyiga qamalib olib, xonasidan tashqariga chiqmasdi. Bir gal otasi bilan erining jasadini koʻrib, tasdiqlash uchun «morg»ga borib keldi. bir uyum suyakni koʻrsatishdi – Jobirbek, deb. Hushidan ketib, yiqilib tushishiga oz qoldi. Atrofdagilar suyab qolishdi. Oʻshandan beri uni hech kim koʻrmadi. Soʻzini eshitishmadi. Bolalarini ham hech qayoqqa chiqarmadi. Faqat Asqar aka ahyon-ahyon ul-bul bozor-oʻchar tashlab ketar edi. Bir kuni kechki payt qaynotasining huzuriga oʻtdi:

– Dada, bunchalar toshbagʻir boʻlmasangiz! Biror nima deng axir! Odamlar men haqimda yolgʻon soʻzlaydilar. Men oʻgʻlingizga qarshi fitna qilmaganman – ishoning! Ammo... u kishining oʻlimiga men ham aybdorman! Kaltabin keliningizni soʻking, uring – kechiring meni otajon!

Yigʻlab-yolvorayotgan Gulchehra boshida qaynotasining qaltiroq qoʻllarini sezdi:

– Meni-chi? Meni kim soʻkib, kim urishadi?! Oʻgʻillarimning zavoliga aslida eng katta aybdor – men-ku! Qodirbekning onasiga ortiqcha mehr bergan ekanman. Shu mehrning qurboni boʻldim. Bolalarimga balo-qazo yaqinlashtirmayman deb, oʻzimga ortiqcha bino qoʻygan ekanman. Mana, jabrini tortayapman! Hech kimning boshiga farzand dogʻini solmasin, tur, bolam, bolamning bolalarini oʻksitma – Xudo seni yorlaqasin.

Otaning koʻzlaridan duv-duv yosh oqdi. Gulchehra uchun bu kutilmagan hol edi.

– Siz oʻgʻlingizni kechirdingizmi? Axir oʻlikxonada...

Ota bir nima demadi. Bir nuqtaga tikilgancha turib qoldi. Keyin yana oʻsha soʻzni takrorladi: «U mening oʻgʻlim emas! Oʻlikxonadagi jasad Jobirbek emas!».

Gulchehra bir zum kalovlanib qoldi. Tagdor qilib aytilgan soʻzning magʻzini chaqqach, «yalt» etib otasiga oʻgirildi.

– Ota... Oʻgʻlim tirik demoqchimisiz? Bunga asos qani?

«Tanasi chirib ketgan ekan. Balki, vujud unikidir, ammo bosh chanogʻi... Uning jagʻida yasama temir tish yoʻq edi...» – oʻyladi ota. Ammo dilidagini tiliga chiqarmadi

– Ota, sizga shunday tuyulgandir? Balki shundoq boʻlishini xohlaganingiz uchun ham...

– Bilmadim! Bilmadim! Harqalay endi men oʻlgunimcha shu umidga tayanib yashayman. Sen esa... – soʻzini davom ettira olmadi. Koʻzlari yana jiqqa yosh bilan toʻldi. – Sen aza ochib, eringdan ajraganingni elga ma’lum qil.

Gulchehra shu bir himoga mahtal turgandi. Otasi aytgan achchiq haqiqat boʻgʻzida tiqilib yotgan yigʻini yetaklab chiqdi. U hoʻngrab yigʻlab yubordi:

– Vo-o-o-o toʻram, vo joʻram! Hay shoh Husan, ay alvido!...

57

Akmal yaqin orada bu qadar miriqib uxlamagan edi. Ertalab tiniqib uygʻondi. Xotini, nonushta tayyorlayapti shekilli, oshxona tomondan uning yengilgina oyoq tovushlari eshitilib turardi. U turib kiyindi. Vannada yuz-qoʻlini yuvib artinarkan, koʻzgudagi aksiga boqib bir fursat turib qoldi: “Oynaga qaramaganimga ham ancha boʻlibdi. Qanchadan-qancha odamlar bilan yuzma-yuz boʻldim. Quvonch va qaygʻularini tinglab hamsuhbat boʻlibman-u, oʻzimga oʻzim qaramay qoʻygan ekanman. Ahyon-ahyon koʻzgu oldida turib, oʻz-oʻzing bilan suhbatlashsang yomon boʻlmaydi”. Jobirbekni esladi. U ham keyingi paytlari ish deb, xizmatchilik deb oilasidan uzoqlashib borgan. Korxona atrofida kechayotgan qingʻir ishlarni sezmagan. Ayniqsa Shosalimning kirdikorlarini payqamagan. Er-xotin yuzma-yuz oʻtirib dardlashmagan. Oqibati esa…

Akmal shu lahza xotini haqida oʻyladi. Munosabatlari avvalgidek iliq emasga oʻxshab tuyuldi. Bir paytlari xotinini uyqudan uygʻota olmay xunob boʻlardi. Oʻrnidan turib, uyqudan koʻzlarini ocha olmay, toʻshakda mudrab oʻtirishlaridan zavqlanardi. Yoshgina qizaloqqa oʻxshab, «yana o-o-ozgina uxlab olay», deb yolvorishlarini xush koʻrar, «shunday qilaversangiz siz bilan gaplashmay qoʻyaman», deb nozlanishlarini yoqtirar edi. Endi ahvol tamoman boshqacha. Ertalab qachon uygʻonib, toʻshakdan qanday sirgʻalib chiqib ketishini ham sezmay qolyapti. «Yo mendan koʻngli sovudimikin?» Xayolida kechgan bu oʻydan seskanib ketdi.

Nonushta uchun tuzalgan stol ustiga oq doka yopib qoʻyilgan. Xotini balkonda, deraza oldida koʻchaga qarab turardi. Arazlagandek orqasini oʻgirib olgan. Bu holat Akmalning koʻnglida gʻimirlay boshlagan mittigina shubhani tasdiqlagandek boʻldi.

Erining oyoq tovushini eshitib xotini unga tomon oʻgirildi.

– Nonushta tayyor! Sizni kutayotgandim.

– Nonushtani qoʻya tur. Bir pas mana shu joyda, sen bilan yonma-yon tursam degandim. Buni qara, kechagina qish edi. Endi mana, hamma yoq yashillikka burkanibdi.

– Ha, bu yil qish choʻzilib ketdi.

Akmalga xotinining gapi ginaga oʻxshab tuyuldi. Qulogʻiga u: «bu safar ishingiz choʻzilib ketdi» qabilida eshitildi.

– Ha, qish ham, ish ham bir oz choʻzildi. – Akmal xotinining yelkasidan quchib, bagʻriga tortdi. – Endi har qanday sharoitda ham seni yolgʻizlatib qoʻymayman!

Xotini uning pinjiga yana yaqinroq surildi. Bu hol Akmalga, boya koʻzgu oldida koʻnglidan kechgan andishalarini aytish imkonini berdi: «nazarimda, mendan qattiq ranjigan koʻrinasan» deb yakunladi u gapini. Erining soʻzlariga jilmayibgina quloq tutgan Nilufar yoqimtoy chehrasini unga tomon oʻgirdi.

– Munosabatlarimizdan koʻnglingiz toʻq boʻlsin.

Akmal nonushta chogʻi oʻgʻlining oʻqishi, roʻzgʻorning kam-koʻsti bilan qiziqdi. Dam olish kuni oilaviy togʻ sayriga chiqamiz deb va’da berdi.

– Ungacha ish yakuniga yetadi. Bugun Xudo xohlasa, sud hukmi oʻqiladi.

Kiyinib ishga otlanarkan, Akmal yoʻlakdagi oyna oldida yana bir zum toʻxtadi. Aksiga termulib qoldi. Sochining ikki tolasiga oq tushibdi – endi payqadi.

58

Sudga kelgan odamlar zalga sigʻmay ketdi. Jarayon uzoq davom etdi. Orqada tik turib qolganlar ham hukm oʻqilmaganga qadar tarqalishmadi. Jinoyat ishi boʻyicha prokuror ayblov xulosasini oʻqib eshittirdi. Oqlovchi esa oʻz himoyasidagi kishilarning jinoyatlarini yumshatish uchun turli vaj va sabablarni roʻkach qildi. Guvohlar bir-bir chaqirilib, koʻrsatmalari tinglandi. Shu ish yuzasidan sudga guvoh sifatida taklif etilgan Nargiz Sotimboyga suiqasd qilganlikda ayblanib, sud zalida hibsga olindi. Jinoyatchilarni nazorat qilib turgan militsionerlar uni temir panjara bilan oʻralgan aybdorlarning qora kursisiga oʻtkazib qoʻyishdi. U Shosalim, Shunqor va Qilichning ortida boshini quyi egib, mungʻayib oʻtirgan opasi Farangis va sobiq dugonasi Sakinaning safidan joy oldi.

Shu payt birinchi qatorda oʻtirgan keksa ayol chin¬qirib yubordi. U yolgʻizgina farzandining hajrida munkayib qolgan, erini tuproqqa topshirib bu hayotda na quvonch va na orzu-umidi qolmagan mushtipar ona – Sotimboyning volidasi edi. Sobiq kelini boʻlmish Nargiz oʻgʻlining qotili boʻlganini hozir bildi. Buni yuragi koʻtara olmadi. Uni sud zalidan olib chiqib ketishdi.

Nihoyat sud hukm oldidan maslahat uchun zalni tark etdi. Odamlar orasida shovur-shuvur kuchaydi. Barcha jinoyatga berilajak jazo haqida gapirardi. Quloqqa tez-tez bir jumla: «Otish kerak bu marazlarni» degan gap chalinardi. Hamma oʻzi bilan oʻzi ovora. Shundan hech kim Asqar aka kichkina qizchani koʻtarib kirib kelganini ham, uni gʻamdan ado boʻlib, dunyoga befarq boʻlib qolgan Gulchehraning qoʻliga topshirib chiqib ketganini ham payqamadi.

Sud zaliga yosh bolalar kiritilmagani uchun Gulchehra uni mashinada haydovchining yonida qoldirgandi. «Oyimga boraman», deb xarxasha qilaverganidan, Asqar aka qizchani tanaffus payti oyisiga keltirib berishga majbur boʻlgan edi.

– Oyi! Oyi-j-on bu yeyda nima boʻlayapti, konseytmi?– qizchasining silkilashlaridan Gulchehra hushyor tortdi. – Oyi, nimaga dadam keymadiya? U kishi kanseyt koʻymaydiyaymi?

Gulchehra qizi tashqarida Asqar akani rosa qiy¬naganini fahmladi. Qoʻlida shokolad paydo boʻlibdi. Hoynahoy, ovunsin deb Asqar aka olib bergan.

– Dadang kelmaydilar, qizim! – Uni yo oʻzini yupatmoqchi boʻlib soʻzladi Gulchehra, – Dadangni ana u odam yashirib qoʻygan. Bizga qaytarib bermayapti!

Qizaloq oyisi koʻrsatgan tomonga oʻgirilib qaradi. «Iye, Shosalim amakisi-ku?!» Bir zum oʻsha tomonga tikilib qoldi. Ehtimol murgʻakkina tasavvurida oʻtgan ayrim voqealar jonlangandir?

Oʻshanda, Shosalim har gal dadasi bilan ketarkan: “Endi men dadangni olib ketaman, maylimi”, deb soʻrardi. Qizaloq yoʻq deb dadasining oyoqlarini quchib olar, Shosalim amakisi evaziga shokolad bergach esa unga ruxsat etgan boʻlardi. Shundanmi, Gulhayo oyisining qoʻlida tipirchilab, kutilmaganda baland ovozda: «Shosam amaki, Shosam amaki» deb unga tomon talpindi. Zal birdan tinchib hammaning nigohi Jobirbekning bevasi oʻtirgan kursiga qadaldi.

– Uni amakim, dema, qizalogʻim. Hatto allakim ham dema, u allanima, allambalo!..

Gulhayo oyisining gaplariga tushunmadi. Tipirchilab uning quchogʻidan sirgʻalib tushdi-da, aybdorlar oʻtirgan tomonga chopqilladi. Yaqin borgach, konvoylardan choʻchidimi yoki temir toʻsiqdan oʻta olmasligini payqadimi, sal berida taqa-taq toʻxtadi:

– Shosam amaki, – dedi u yalinchoq bir ohangda, – siz dadamni yashiyib qoʻydiyizmi? Dadamni topib beying – mana shijga shakayad beyaymi?

Qizaloqning kutilmagan bu chiqishi yuraklarni oʻrtagudek edi. Odamlar ichida oʻtirgan toshkentlik amaki – sanatoriya bogʻboni oʻzini tuta olmadi. Uning soʻzlari Shosalimga tikilgan barcha koʻzlarning, yuraklardagi barcha soʻzlarning hukmi boʻlib yangradi:

– He oyingni sen palidni! – alam va iztirobdan andishani unutib boʻkirib yubordi u. – Uying kuysin, qiztaloq, uying kuysin! Endi hamma bolasining doʻstidan shubhalanadi-ku, maraz! Sening bolalaring bilan endi kim oshnachilik qiladi?! Endi qanday bosh koʻtarib yurasan-a?! – Amaki tutaqqanidanmi yoki nafasi yetmadimi, bir zum jim qoldi-da, soʻng Akmal daftariga koʻchirib yozgan «Rom»ning chatilgani bois tiklanmagan harfini ifoda eguvchi soʻzni aytdi: – Qora quzgʻun!..